…Qarsak ovozlaridan seskanib ko‘zlarini ochdi.
…Peshonasi va chakkalaridan sovuq ter oqardi.
…Quloqlari shovqindan g‘uvillardi.
…Qayerdaligi, ovoz qayerdan kelayotganini bilish uchun quloq tutdi. Ovoz yana o‘sha, prezident saroyi tomondan kelardi.
…Qorong‘i tushganidan xabari bo‘lmadi. Derazaning narigi tomonidan, qorong‘i bo‘shliqdan har kun takrorlanadigan o‘sha uzun, horg‘in tunning azobi bo‘ylanib turardi.
…Qarsak tovushi tushlariga kiravergani uchun oqshom kirishini istamasdi. Uxlasa yana o‘sha mudhish tushlar komiga tushishidan qo‘rqardi. Hammadan ham o‘sha tushlarning tobora ortib boruvchi shovqin-suronidan qo‘rqardi.
…Ammo bulardan aslo qocholmasdi. Yostiqni otib, to‘shakka uzangani hamono uyqu uni o‘z domiga tortar, hech narsani sezmay qolardi. Uyquga ketganini asablarni ezuvchi o‘sha qars-qars ovozlardan payqardi. Keyin ovozlar kuchayib, miyasi g‘uvillay boshlardi. Uning nazarida kechalar tobora uzayib borardi. Uning nazarida bir kuni kelib, hayot faqat kechalardan iborat bo‘lib qoladigandek edi. Qarsakli tushlar tobora kuch-qudratini yemirib yaqinlashayotgan o‘limning sirli, mubham xabarchisidek ko‘rinardi. O‘lim xavfi uning botiniga oqib kirardi.
…Inson umri oldindan belgilangan bo‘lsa, nega taqdirlar bir-biridan farqli? Nega kimdir dunyoviy shon-shuhratga, boshqa birov esa, nom-nishonsiz yo‘qolib ketishga mahkum? Nega birov o‘zi tug‘ilgan yurtdan chiqib ketishni bedavo dard deb biladi, boshqa birovga esa keng jahon torlik qiladi?
…Umr cheklangan bo‘lsa, inson nega dunyoning kelajagidan xavotirda? Axir u kelajakda yashamaydi-ku? Kelgusi yillarni ko‘rmaydi-ku?
Uning tushunchasida insonning umr bo‘yi qilishi mumkin bo‘lgan ishlarning eng qadrsizi o‘lim edi. Balki oddiy oqim bilan kelganida o‘lim uni bu qadar qo‘rqitolmasdi. Chunki u o‘z qismatidan ortig‘ini yashashni istamasdi.
Ipak qurti kapalakka aylanganidek insonning ham qaysidir jonzotga aylanib qayta dunyoga kelishidan, yana dunyoning zulmig, zalolatiga aralshib ketishidan qo‘rqadi.
…U qismatini bir marta yashab o‘tgandi. Yana o‘sha kunlarga qaytishni, unga berilgan umrni qayta yashab o‘tishni istamasdi. O‘tmishini eslaganda, hayajondan ichi qurib qolardi. O‘zi yashagan umrning katta-kichik tashvishlarini yana bir karra boshdan kechirish uchun o‘zida kuch topolmasdi. Bir paytlar qadrdon deb bilgan o‘tmishi endi o‘ziga ham qo‘rqinchli bo‘lib tuyulardi, o‘zi yashagan, o‘zi yo‘qotgan umrni issiq-soovug‘i, yaxshi yomon kunlari bilan faqat o‘tmishning o‘zida ko‘rishni istardi.
…Suvning, shamolning shovullashi, yovshan hidi hatto ko‘k yuziga oilib qolgan bir parcha bulut uni beixtiyor o‘tmish sari chorladi. Umrining qaysidir sahifasiga o‘xshash onlar, daqiqalarni yashab o‘tganida, xotirasi jonlanar, xuddi o‘tmishga qaytgandek bo‘lardi. Goho tushida ham yashab o‘tilgan davrlarga qaytardi. Keyin darhol sapchib uyg‘onib ketardi.
Qarsak ovozlari uyqusiga kirganidan so‘ng, hayot oddiy oqimidan chiqar, hamma narsa o‘z qiyofasini o‘zgartirardi. Tushlarning tahlikasi nainki kechalar, hatto kunduzlari ham tinch qo‘ymasdi.
…!!!
…Kimdir uni chaqirgandek bo‘ldi. Cho‘chib tushdi. Bu chaqiriqda ham uni o‘tmishga bog‘lab turgan rishtalar bor edi.
…O‘tmishga qaytishdan qo‘rqqani uchun quloqlarini berkitib oldi. Qishloqqa qaytganida, bolalik chog‘i o‘ynagan madonchalar ekinzorga aylanganini ko‘rib, xotirasida o‘tmish manzaralari ostin-ustun bo‘lsa ham, bezovtalanmas, aksincha bu o‘zgarishdan sevinardi.
Faqat qarsakli tushlar qishloqda ham uni tinch qo‘ymasdi. Boshini yostiqqa qo‘yishi bilan qishloqning kimsasizligidan, tanholigidan, sokinligidan ayrilib, shaharda uning tinchini o‘g‘irgan dahshatli tushlar og‘ushiga qaytardi.
… Kecha zulmatida axlatni titib nimadir topmoqchi bo‘layotgan qariyaning sharpasi ko‘z o‘ngidan ketmasdi. Bu qariyani o‘zi bir martagina ko‘rgandi.
…Qariya bir qo‘li bilan axlat titar, boshqa biri bilan qarsak chalardi. Ammo axlat titsa-da, qariyaning fikri-zikri chapak chalayotgan qo‘lida edi. Xuddiki, qarsak ritmining buzilishidan qo‘rqardi. Odamlar chap qo‘li bilan axlat qutisini titkilab, o‘ngini haovoda uchib yumayotgan qariyaning yonidan e’tiborsiz o‘tib ketishardi. U esa tik turgancha, qariya axlatdan topib olgan bir parcha mog‘orlagan nonni kostyumining cho‘ntagiga solib, karsak chala-chala uzoqlashib ketguniga qadar bu antiqa manzarani kuzatib turardi.
…Kasallik uni to‘shakka mixlab qo‘ygach, hamma narsaga befarq bo‘lib qoldi. Qarsak ovozlarini eshitishdan qo‘rqqani uchun televizorni ham yoqmasdi. Ammo televizorning o‘chiq ekranidan ham qarsak chalayotgan qo‘llarning sharpasiga ko‘zi tushib, asablari o‘ynardi.
Avvallar goh-gohida ishdan chiqib, shaharning chekkasidagi, dengiz sog‘ilidagi villasiga borar, o‘sha yerda tunab qolardi. Dengiz va yolg‘izlikdan tasalli istardi go‘yo. Ammo…
…Shamolli havoda dengiz guvillardi. Dengiz shovqini uni vahimaga solar, qo‘rqitardi. Shamolsiz kunlarda esa, yarim kechadan keyin sohilga otilgan to‘lqinlarning yengil shovuri g‘ussaga toldirardi.
…Kechalar hayajon ichida o‘tardi. Uning nazarida ko‘zlarini yumishi bilan u yotgan yerni suv bosib, karavoti, o‘rin-ko‘rpasi bilan dengizga g‘arq bo‘ladigandek edi. Ko‘zlarini yumishi bilan dengizning sho‘r suvi ta’mini lablarida his etar, cho‘kib ketishdan qo‘rqib, birdan uyg‘onardi.
Ta’m sezmay qolgandi. O‘zi yeb-ichgan narsalarda oldingidek lazzat yo‘q edi.
…Bir vaqtlar u inson narigi dunyoni faqat tushda o‘tkazishini o‘ylab sevinib ketardi. Axir inson uyqu o‘rniga butun hayotini zulm va mashaqqatlar ichida kechirishi mumkin-ku? Yana pulga muhtoj bo‘lishi, kamag‘allikda yashashi mumkin-ku?
…Biroq, keyingi paytlarda dengiz va yolg‘izlik bilan yuzma-yuz qolgan villasida ham tushlar uni holdar toydirardi. Ko‘zlarini yumishi bilan qarsak tovushi tushlarini to‘ldirardi. Shu yaqin atrofdan kelgan bu ovozlar muntazam chapak chalaverib, qo‘llari yag‘ir bo‘lib ketgan bir dasta olomonni xayolan ko‘z o‘ngiga keltirsa-da, u ovozdan boshqa hech narsani eshitmasdi. Qarsak ovozlari uni tobora ichiga kirib boraverdi.
…Qarsak ovozlari tushiga kirganida, boshqa ovozlarni bosib ketar, hech narsani eshitgani qo‘ymasdi. Bu ovoz jengizning shovqinini ham, sohilga intilgan xafif to‘lqinlarning hovurini ham yutib yuborardi.
Qarsak ovozi mudom va uzluksiz davom etardi. Uni dahshatga soluvchi bu ovoz tugay demasdi. Qarsaklar beto‘xtov davom etardi. Atrofida, xotirasida uni bu dunyoga bog‘lab turgan xotiralarida mavjud har qanday ovozlar mana shu qarsaklarga taslim bo‘lar va ortga chekinardi.
…Bu tushlar yana cho‘zilishidan, qarsak tovushlari uni aqldan ozdirishidan qo‘rqardi.
…Derazaga yaqinlashib, dengizga qaradi. Suv sathidagi oy aksi ko‘zlarini qamashtirdi. Uning nazarida dengiz mast edi, chayqalishdan charchagani uchun biroz tin olishni, xayolga tolishni istardi go‘yo.
…Faqat suv ko‘pikli, to‘lqinlar oppoq edi.
…Qarsak ritmiga tushgach, dengiz ham o‘z ohangini yo‘qotgandi.
“Qiziq, o‘yladi u, – suvda suzayotgan baliqlar ham bu ohangni eshita olisharmikin?”
14-18 noyabr 2000
Kipr, Kaziogusa
Ozarboyjonchadan Rustam Jabborov tarjimasi