Virjiniya Vulf. Adibaning kundaligi

1919 yil[1]

Dushanba, 20 yanvar

Men daftar xarid qilish imkoniga ega bo‘lgach, bularning barini ko‘chirib yozaman, shuning uchun yangi yilga oid ikir-chikirlarni tashlab ketayapman. Bu safar gap mablag‘da emas, ikki hafta to‘shakka mixlanib qolganim sababli Flit-stritga safar qilolmayman. O‘ng qo‘lim xuddi xizmatkor qizning kun oxirida qo‘li og‘rigandek zirqirayapti. Qizig‘i, iboralarni tanlashda ham xuddi shunday hafsalasizlikni sezyapman, holbuki, aqliy jihatdan bir oy avvalgiga qaraganda ancha yaxshi qurollangan bo‘lishim kerak edi. Sug‘urilgan tishim meni ikki hafta to‘shakka mixlab qo‘ydi, buning ustiga shunchalik charchadimki, boshimga og‘riq kirdi. Og‘riq goh chekinar, goh yanvardagi tuman kabi bostirib kelardi. Keyingi bir necha haftada menga kuniga bir soat yozishga ruxsat berildi. Ertalablari yozmaganim uchun L.[2] uyda yo‘q paytida huquqimdan qisman foydalanishim mumkin, yanvar uchun ham qarzlarim bor. Biroq kundalikdagi qaydlar badiiy nasr hisoblanmaydi, zero, hozirgina o‘tgan yilgi kundaligimni o‘qib chiqdim va satrlarning qayroq toshli yo‘ldan chayqalib va ba’zan chidab bo‘lmas darajada og‘ib yo‘rg‘alashidan hayratga tushdim. Harqalay, agar men yozuv mashinkasidan tezroq yoza bilmaganimda, to‘xtab, o‘ylab qolganimda, kundaliklarim umuman dunyoga kelmasdi; uslubimning ustunligi oddiylikda – to‘satdan bir nechta tasodifiy fikrlarni o‘rtaga tashlaysan, keyin o‘ylab ko‘rsang fikrlar arzimasdek tuyuladi, vaholanki, vaqti kelib ular durdona bo‘lib chiqishi ham mumkin. Agar Virjiniya Vulf ellikka kirib, bu daftarlar ko‘magida xotiralar yozishga qaror qilsa-yu, biror jumla ham tuzolmasa, men unga hamdardlik bildirib, kamin borligini eslataman, unda ruxsatim bilan xonim bu sahifalarni ko‘pdan-ko‘p qizil ko‘zli qora kullarga aylantiradi. Hozir esa uning istiqbolda yoziladigan asarlariga havasim kelyapti, ular uchun men xomashyo tayyorlayapman! Yana nima haqda orzu qilish mumkin? Bu fikr meni ayrim hadiklardan xalos qildi. Qisman yoshi o‘tayotgan xonimning foydasi uchun (hech qanday raddiyalar qabul qilinmaydi; ellik yosh – ulug‘ yosh, holbuki, men uning norozi bo‘lishini oldindan bilaman va hali keksa emasligiga aminman), qisman yangi yilga mustahkam poydevor qurish maqsadida, kelayotgan tarki dunyo qiladigan haftamda mening do‘stu qadrdonlik munosabatlarimning hozirgi holati, do‘stlarimning tabiati, ishlari va kelajak haqidagi bashoratlari haqida yozmoqchiman. Haqiqatga qanchalik yaqinlashganimni ellik yoshli xonim aytadi; ammo bugunga yetar (bor-yo‘g‘i o‘n besh daqiqa o‘tdi).

Payshanba, 27 mart

L. so‘nggi ikki kecha-kunduzni “Tun va kun”ni[3] o‘qish bilan o‘tkazdi. Tan olishim kerak, nihoyat bugun ertalab u chiqargan hukm meni juda quvontirdi; asar ta’rifiga nima deb qo‘shimcha qilishni ham bilmayman. Fikrimcha, “T. va k.” “Sayohat”ga[4] qaraganda ancha yetuk, yaxlit asar va bu bejiz emas. Nazarimda, go‘yo hech vaqoga arzimas kechinmalar uchun o‘zligini qurbon qilgan, degan ayblovlardan oqlanish uchun qo‘limdan kelganini qildim. Ishonchim komilki, asar qayta nashr etilmaydi. Harqalay, ingliz adabiyoti asl holatida betakrorligi va samimiyati tufayli zamonaviy adabiyotlar bilan raqobatga oson dosh beradi, deb o‘ylashga moyilman. L. bu mushohadani juda rutubatli deb hisoblaydi. Uning mohiyati kecha aytganlariga juda mos. Harqalay, doim odamlar bilan ishlashga, o‘ylaganingni so‘zlashga to‘g‘ri kelsa, ma’yuslikdan qanday qutulasan? Men umidsizlikni tan olmayman; biroq bu ajabtovur holat; va agar mavjud javoblar mos kelmasa, boshqalarini izlash kerak, ammo almashtirish uchun hatto tasavvuringda ham hech vaqo bo‘lmay turib, eskisidan voz kechish achinarli hol, albatta. Lekin marhamat qilib ayting-chi, masalan, Arnold Bennet yoki Tekkerey qanday javoblar taklif etishadi? Axir ijobiy javoblar – ziddiyatlarning xayrli yechimi – o‘z qalbingga nisbatan  jilla qursa ozgina hurmating bo‘lsa, qabul qilinishi mumkinmi? Xullas, mashinkada dilni siyoh qilib, sharaqlatib yozishni tugatdim, shu sahifani yakunlagach, Jeraldga[5] dushanba kuni uchrashuv belgilayman. Chamamda, “Tun va kun”ning ikkinchi yarmini yozib tugatgunimga qadar hali hech qachon ishimdan bunchalik quvonmagandim. Bu asar meni biron marta ham “Sayohat” bilan bo‘lgani kabi toliqtirmagan va agar muallifning xotirjamligi hamda manfaatdorligi yaxshi alomat bo‘lsa, u holda menda hech bo‘lmaganda bir nechta odamga zavq berish imkoniyati mavjud. Qiziq, qachonlardir kitobni qayta o‘qib chiqa olarmikanman? Nahotki men yozganlarimni qizarmay va qayergadir bekinib olishni istamay o‘qiydigan zamonlar kelsa?

Shanba, 12 aprel

Kecha mening kun tartibim talab qilsa-da, tezroq kitobni yopib Londonga jo‘nagim kelgani uchun tugatolmaganim “Moll Flenders”dan[6] yana o‘n daqiqa o‘g‘irlayman. Biroq Londonga, ayniqsa, shaharning oq cherkov va qasrlariga Xangerford ko‘prigidan turib Defo nazari bilan qaradim. Uning ko‘zlari bilan gugurt sotayotgan kampirlarga nazar soldim va Sent-Jeyms xiyobonining ivirsigan yo‘laklaridan yugurishayotgan qizlar “Roksana”[7] va “Moll Flenders” sahifalaridan chiqib kelishayotganga o‘xshardi. Ha, Defo chindan buyuk ijodkor, oradan ikki yuz yil o‘tib ham menga shunday kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Buyuk yozuvchi-yu, ammo  Forster[8]  uning birorta asarini o‘qimagan! Kutubxona oldida Forsterga duch keldim. Biz do‘stona qo‘l siqishdik; kamina hamisha uning ich-ichidan mendan hayiqishini his qilaman, chunki men aqlli, zamonaviy ayolman. Buni yana his etarkanman, unga Defoni o‘qishni tavsiya qildim, xayrlashib uyga qaytayotganimda “Bikers”dan Defoning yana bir jildini sotib oldim.Seshanba, 21 oktyabr

Bugun Trafalgar jangi[9] kuni, kechagi kun esa “Tun va kun” nashrdan chiqqan sana sifatida xotiramda saqlanadi. Ertalab men o‘zimga tegishli olti nusxani oldim va darrov beshtasini tarqatdim, o‘ylashimcha, ular allaqachon do‘stlarimning qo‘lida bo‘lsa kerak. Nahotki asabiylashayotgan bo‘lsam? Biroz, asabiylashishdan ko‘ra ko‘proq hayajonlanyapman. Birinchidan, kitob tayyor, u yozib bitirildi, chop etildi; ikkinchidan, biroz o‘qib ko‘rdim va u menga ma’qul keldi; uchinchidan, ishonchim komilki, men uchun fikrlari qadrli insonlarga ham u yoqadi va bu ishonchimni, agar ularga kitobim yoqmasa ham, o‘zimga kelishim bilan boshqa biror nima yozaman, degan taskin bilan mustahkamlayman. Albatta, agar meni Morgan, Litton[10] va boshqalar qo‘llab-quvvatlashsa, o‘zim haqimda yaxshiroq to‘xtamga kelaman. Siyqa gaplarni gapiradigan odamlar bilan uchrashish zerikarli. Ammo men nimaga intilayotganimni bilaman va bu safar o‘z imkoniyatimdan nihoyatda unumli foydalanganimni his qilayapman; demak, donishmandlardek tin olib, omadsizlikni Yaratgandan ko‘rish huquqiga egaman.

Juma, 5 dekabr

Yana bir necha kunni o‘tkazib yubordim, ammo kundalik vaqt o‘tishi bilan asta-sekin jonlanmoqda. Ta’kidlashim kerakki, qaytganimdan so‘ng biror marta ham yunoncha kitobni qo‘lga olmadim; umuman, taqriz berishim kerak bo‘lgan kitoblardan boshqa deyarli hech nima o‘qimadim va bu vaqtim o‘zimga tegishli emasligining isbotidir. Tanqidchilik meni qanchalik domiga tortib borayotganini anglaganimda, qo‘rqib ketayozdim. Haddan tashqari zo‘riqqanimdanmi yoki boshqa sabab tufaylimi oq qog‘ozni rad etayotgan miyam adashgan bolaga o‘xshab qoldi – goh uyda sanqiyman, goh yig‘lash uchun baland zinapoyaga chiqib o‘tiraman. “Tun va kun” meni hamon qo‘yib yubormadi, juda ko‘p vaqtim zoye ketmoqda. Jorj Eliot taqrizlarni sira o‘qimagan, chunki asari haqidagi tortishuvlar ishlashiga xalal bergan. Men uni tushuna boshladim. Gap maqtov yoki tanqidni yurakka yaqin olish haqida emas, biroq ular meni bugungi kundan ajratib qo‘yadi, orqaga qarab nimanidir tushuntirishga yoki, aksincha, tushunishga majbur qiladi. O‘tgan hafta “Veyferer” jurnalida o‘zim haqimda zaharxanda fikrlarga ko‘zim tushdi; bu hafta Olayv Xezeltayn[11] ko‘nglimga malham bo‘lgudek narsa e’lon qildi. Ammo men K.M.[12] ta’kidlaganidek, ikkinchi Jeyn Ostin bo‘lgandan ko‘ra, o‘z yo‘limdan borishni afzal ko‘raman.

 

1920 yil

Dushanba, 26 yanvar

Men o‘ttiz sakkiz yoshdaman; nima ham derdim, hech shubha yo‘qki, yigirma sakkiz yoshdaligimdan ko‘ra baxtliroqman; bugun esa kechagidan-da baxtliman, chunki miyamga yangi roman uchun yangi shakl g‘oyasi keldi. Tasavvur qilaman: biri ikkinchisi orqali ochiladi – xuddi yozilmagan romandagi kabi, ammo o‘n sahifada emas, balki ikki yuz yoki shunga yaqin hajmda – axir erkin va yengil yozilmaydimi, men aynan shunga intilmoqdaman-ku; shakl va marom birdek saqlanishida, barcha-barchasi singdirilishida aniqlik paydo bo‘lmaydimi? Faqat inson qalbini boy berib qo‘ymasmikanman, deb ikkilanaman, dialogning jilovini mahkam tutib turish darajasida yetarli malakaga egamanmi? Tushunaman, bu safar barchasi boshqacha kechadi; hech qanday yog‘ochu g‘ishtsiz; muttasil nimqorong‘ilik, lekin qalb, ehtiros, tafakkur tumandagi gulxandek yarqiraydi. Faqat shu tarzda barchasiga: quvonchga, tartibsizlikka, yengiltaklarcha sakrab o‘tishlarimga joy topish mumkin. Obrazlarni risoladagidek boshqara olamanmi – mana shunga shubham bor; lekin “Devordagi belgi”, “Sh.b.”, “Yozilmagan roman”[13] qo‘l ushlashgancha birgalikda raqs tushishayotganini tasavvur qilyapman. “Birgalikda” nimani anglatishini hali bilmayman; hozircha mavzu tanlaganim yo‘q; biroq ikki hafta burun o‘zim tasodifan topgan shakl menga ulkan imkoniyatlar eshigini ochganini sezyapman. O‘ylashimcha, xavf la’nati xudbinona “men”da; fikrimcha, Joys va Richardsonning ijodiga raxna solayotgan sabab shu – muallif keragicha moslashuvchan va serqirra bo‘lmog‘i lozim, shunda o‘zining “men”idan asar devorlarini bunyod etadi, ammo o‘zi devorga aylanmaydi, aks holda Joys va Richardsonda bo‘lgani kabi devor muallifga xalaqit berib cheklab qo‘yadi. Men o‘z ishimni yaxshi bilganim uchun bu tuzoqlarga ilinmayman, deb umid qilaman. Nima bo‘lganda ham tusmollab harakat qilaman, tajribalar o‘tkazaman, ammo bugun ko‘zim ochilgani rost. Yozilmagan roman g‘oyasini yengil rivojlantirayotganimga qaraganda, tanlaganim to‘g‘ri yo‘l. 

Shanba, 10 aprel

Kelasi hafta, omadim chopsa, “Jeykobning xonasi”[14] nomli asarimni boshlamoqchiman. (Bu haqda ilk bor yozayapman). Bahorni tasvirlamoqchiman; e’tibor bersam bu yil daraxtlar bargiga hech kim ahamiyat bermayapti, axir barglarning hammasiyam uchib ketgani yo‘q – hech qachon zarang daraxti tanasi temirdek qoraymasdi – ular hamisha muloyim, yorqin rangda bo‘lardi; bu tusni umrimda birinchi marta ko‘rishim. Aslida biz qishni o‘tkazib yubordik; xuddi mavsum tunda kechgandek; endi esa oftobli kunlar qaytdi. Mana men ham derazam oldidagi zarangda mayda soyabonchalar paydo bo‘lganini sezmay qolay debman; qabristonda maysalar eski tosh lavhalar uzra xuddi ko‘m-ko‘k suvdek o‘rmalaydi.

Seshanba, 11 may

Kelgusidagi misollar uchun shuni qayd etish kerakki, yangi kitobni o‘ylaganingda, ijodiy quvvat buloq kabi yoqimli qaynab turadi, ma’lum vaqt o‘tgach esa, u tinib odatiy ish boshlanadi. Shubha paydo bo‘ladi. Keyin ko‘nika boshlaysan. Taslim bo‘lmaslik qarori va yangi shaklni oldindan his qilish har narsadan mahkamroq tutib turadi. Men biroz tashvishdaman. Nazariyani eplay olarmikanman? Ishga kirishayotganingda, o‘zingni qarshingda yastanib yotgan o‘lkada ilgari ham bo‘lgan sayohatchidek his qilasan. Bu kundalikda menga zavq berolmagan narsalar haqida yozishni istamayman. Ammo yozish hamisha qiyin.

Chorshanba, 23 iyun

Bu safar to‘g‘risini tan olishim uchun o‘zimni yengib o‘tishga majburman: Konradning oxirgi kitobi menda yaxshi taassurot qoldirmadi. O‘zing benihoya hurmat qilgan adibdan kamchilik axtarish (biroz) iztirobli. Biroq yaxshi nasriy asarni yomonidan farqlay oladigan biron kimsa uchramayapti, bu haqda o‘ylamasdan turolmayman, boz ustiga Konrad ingliz tilini yaxshi bilmaydi, asli xorijlik, bu ham yetmagandek ayolning nodoniga uylangan; u bir vaqtlar tuzukkina uddalagan ishiga yopishib olmoqda va go‘yo beo‘xshov melodrama yaratmoqchiday so‘zlarni ustma-ust qalashtirib tashlamoqda.

“Qutulish”ning[15] tagiga imzoimni qo‘yishni istamagan bo‘lardim. Ammo biron kimsa fikrimga qo‘shilarmikan? Baribir kitob haqidagi fikrim qat’iy. Bo‘lmag‘ur asar. Agar bu biron yosh adibning – yoki do‘stimning – asari bo‘lganida ham yon bosmasdim. Axir yaqinda Marri[16]ning pesalarini rad etib, K. nasrini maqtagan va Oldos Xaksli[17] haqida yakuniy maqola yozgan men emasmidim; axir Rojer[18] abadiy qadriyatlarni baland ovozda qoralaganida, mening kasbiy “shaxsiyatim”ni yaralamaganmidi?

Payshanba, 5 avgust

Tushlikdan so‘ng “Don Kixot”ni o‘qib o‘tirib, nima haqida o‘ylaganimni bayon etishga urinib ko‘raman, u zamonlar nasriy asarlar o‘choq atrofiga yig‘ilishdan boshqa ermagi bo‘lmagan kishilarni ovutish uchun yozilgan. Mana, ayollar urchuq yigirib, erkaklar xayol surib o‘tirishibdi va shu payt ularga xuddi katta yoshli bolalarga aytilayotgandek, xushkayfiyat ulashuvchi maroqli ertak so‘zlab beriladi. Menimcha, “Don Kixot” uchun turtki ham shu bo‘lgan: har qanday usul bilan bo‘lsa-da ovuntirish, zavqlantirish. Kamtarona fikrimcha, go‘zallik va tafakkur kishini g‘aflatda qoldiradi. Xizmatkorlar kitobning mazmunini ang­lab yetishlari dargumon, ular “Don Kixot”da biz ko‘rgan narsalarni payqashmaydi. Aslida, g‘amu hasrat, satira o‘zimizga tegishlimi yoki bizga chetdan taklif etilganmi yoki bular buyuk obrazlar qatiga singdirilib, qaysi avlod vakillari nazar solishiga qarab o‘zgarib turadimi – javob topishga qiynalaman. Tan olishim kerakki, asarning katta qismi zerikarli – kichikroq qismi, birinchi jildning so‘ngidagi kichik parcha bizga zavq berish uchun yozilgan. Shunchalik kam gap oshkor etilib, shunchalik ko‘p fikr berkitilganki, xuddi muallif bu mavzuni davom ettirishni istamagandek – men eshkakchi qullar ketishayotgan sahnani nazarda tutayapman. S.[19] men endi tushungan go‘zallik va hasratni bilganmikan? Ikki marta “hasrat” haqida gapirdim.

Nahotki davrimiz uchun shu muhim bo‘lsa? Va harqalay buyuk asar shamoli hilpiratgan yelkanlar ostida olg‘a intilish maroqli – birinchi qismda shunday. Fernando–Kardino–Lyusinda[20] syujeti aslida o‘sha davrda rusum bo‘lgan qasrdagi hayot lavhalariga oid epizod, biroq men undan zerikib ketaman. Yorqin, kuchli, qiziqarli va harqalay bekamu ko‘st, sof va zerikarli. Servantesda hamma narsa zohir; istasangiz suyuqroq ko‘rinishda; ayniqsa xuddi hayotdagidek qora va kulrang soya tashlovchi tirik insonlar kuchli taassurot qoldiradi. Misrliklar esa, aksariyat frantsuz yozuvchilariga o‘xshab, buning o‘rniga jindekkina qiyom berishadi, bu qaytaga tozaroq va quyuqroq, ammo ichida havo yo‘q, biqiq. Yo Xudo! Nimalarni yozayapman! Mudom shu obrazlar. Har sahar “Jeykob” ustida ishlayman va har tong navbatdagi to‘siqni yengib o‘tish kerakligini his etaman, uni ortda qoldirib, yo‘limni tozalab, to‘siqni nariga uloqtirgunimga qadar, yuragim tovonimga tushgudek bo‘ladi.

 

1921 yil

Seshanba, 1 mart

Men kitob o‘ta fikrtalab chiqayotganidan noroziman. Mabodo uslubiy tahrirlarim materialga mos kelmasa-chi? Yoki uslubim o‘zgarmasmi? Nazarimda, u doim o‘zgarib turadi. Ammo buni hech kim sezmaydi. Hozircha hatto o‘zim ham tayinli gap aytishim dargumon. Aslida, menda ichki me’yor tuyg‘usi bor va u vaqtimni qanday sarf qilishimni belgilaydi. U buyuradi: “Bu yarim soat rus tiliga bag‘ishlanadi”, “Bu vaqtni Vordsvort­ga bag‘ishla”. Yoki: “Malla paypoqlarni yamash vaqti keldi”. Menda bu me’yoriy kod qanday shakllangani haqida tasavvur yo‘q. Ehtimol, u tartib-intizomli ajdodlarimdan merosdir. Zavqlanish to‘g‘risida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Hatto kundalik yozish ham bosh qotirishni talab qiladi – to‘g‘ri, bu rus tilichalik miyani zo‘riqtirmaydi; rus tiliga sarflanadigan vaqtimning yarmini men olovga tikilgancha ertaga nima haqda yozishimni o‘ylab o‘tkazaman. Misol uchun bog‘da yurgan missis Flenders[21] haqida o‘ylayman. Agar Rodmellda bo‘lganimda qirg‘oq bo‘ylab sayr qilib barini miyada pishirib olardim va ilhomim jo‘shib turgan bo‘lardi. Nima bo‘lgandayam, hozirgina Ralf, Karrington va Brett[22] ketishdi; men biroz bo‘shashdim; biz tushlik qilib shahar boshqarmasiga boramiz. Bog‘dagi missis Flenders haqida o‘ylamoqchi emasman.

Yakshanba, 9 aprel

Keyingi safar xato qilmaslik uchun kasallik alomatlarini qayd etish joiz. Birinchi kun o‘zingni baxtsiz his qilasan, ertasiga – baxtlideksan. “Nyu steytsmen”[23]da Iltifotli Qirg‘iy[24]ga ro‘bara keldim; u harqalay ahamiyatli shaxs ekanimni his etish imkonini berdi (menga o‘zi aynan shu kerak o‘zi) va “Simpkin-Marshall”[25]dagilar kaminaga yana ellik nusxa buyurtma uchun telefon qilishdi. Demak, kitob tarqalmoqda. Endi o‘zimga yoqmagan tanqid va do‘stlarimning pichinglariga dosh berishim kerak. Ertaga biznikiga Rojer keladi. Barchasi shunchalik zerikarliki! Buning ustiga men boshqa hikoyalarim qolib, sentimental ruhda yozilgan “Arvohli uy”[26] chop etilganidan afsusdaman.

Payshanba, 18 avgust

Yozadigan narsa yo‘q, faqat chidab bo‘lmas bezovtalik haqida yozish mumkin. Mana men, o‘z qoyasiga zanjirband, mehnatdan mosuvo, hadik, g‘azab, qaqshagan asab va miyamga o‘rnashib olgan fikrlardan azoblanishga mahkum ayol. Bugun sayr qilolmayman, ishlash ham mumkin emas. Qaysi asarga kirishmay, yozgim kelayotgan bir maqolaning parchasidek u miyamda charx uraveradi. Butun Sasseksda mendan baxtsizroq odam yo‘q; yoki mendek cheksiz zavqlanish imkoniyatini his etib, bu imkoniyatni yuzaga chiqarolmagan odam topilmasa kerak. Oftob sarg‘ish ekinzorlarga va uzun pastqam omborlarga quyilmoqda (aniqrog‘i, to‘kilmoqda); qani endi changga botib terlagan ahvolda o‘rmonlar oralab yursamu, mushak­larim charchoqdan qaqshasa, fikrlarim esa xushbo‘y lavanda hididan shifo topib, ertangi ish uchun tiniqlashib, teranlashsa. Shunda barini e’tiborga olib, qo‘lqopday yopishgan jumlalarni o‘ylab topardim; keyin esa tuproq yo‘lda tepkiga zo‘r berardimu, bayonim o‘z-o‘zidan davom etaverardi; so‘ngra quyosh botgach uyga qaytardim-da, tushlikdan so‘ng yo mutolaaga, yo she’riyatga biroz sho‘ng‘irdim, vujudim go‘yo borliqqa singib, undan qizil va oq gullar unib chiqardi. Ana! Asabim deyarli qaqshamayapti. Bechora L. o‘zining o‘t o‘rar mashinasi bilan goh yaqinlashib, goh uzoqlashayotgani eshitilmoqda; menga o‘xshagan xotinni aslida qamoqqa tiqish kerak. Qopmasligim uchun! Axir u kecha kun bo‘yi meni deb London bo‘ylab halloslab yugurdi. Lekin agar sen Prometey bo‘lsangu, qoya mustahkam, so‘nalar qonxo‘r bo‘lsa, na minnatdorchilik, na muhabbat va na boshqa oliyjanob hislarga o‘rin qolmaydi. Avgust besamar o‘tmoqda.

Faqat mendan-da ko‘proq azoblanayotgan kishilar to‘g‘risidagi o‘y tinchlantiradi va bu, bilishimcha, xudbinlikning kuchayganidan dalolat. Hozir, agar imkon topsam, rutubatli yaqin kunlar rejasini tuzish bilan shug‘ullanaman.

Dushanba, 12 sentyabr

“Kabutar qanotlari”ni[27] o‘qib chiqib mulohazalarimni yozayapman. Uning so‘z o‘yinlari yakunda shunchalik mukammallik kasb etadiki, ijodkorni yo‘qotib qo‘yib, uning o‘rnida voqeani bayon etayotgan oddiy odamni ko‘rasan. Va yana o‘ylashimcha, u tanazzul hissini tuymay qo‘ygan. Haddan ziyod soddalashgan. Xuddi uning o‘zi manavini qanday eplasam ekan, deyayotgandek tuyuladi ba’zan. Hamma tanazzulga yuz burganda asl ijodkor undan chekinadi. Sira faollashma va bu qaytaga kuchliroq taassurot qoldiradi. Oxir-oqibat, barcha hiyla-nayrang va shoyi dastro‘mollar bilan ko‘rsatilgan tomoshadan so‘ng buning ortida kim turganini payqamay qolasan. Shu tarzda, mohirona so‘z o‘yinlaridan keyin, Milli[28] g‘oyib bo‘ladi. Genri Jeyms harqalay oshirib yuboradi. Hech kim bu kitobni ikkinchi marta o‘qiy olmaydi. Diqqatning bir maromda ushlab turilishi kishini qoyil qoldiradi. Hech qanday ortiqcha yoki bo‘sh jumla yo‘q, ammo ko‘p narsa jur’atsizlik yoxud vijdon yoki boshqa biror sabab tufayli yo‘qqa chiqariladi. Tan olish kerak, yaxshi tarbiyani namoyon etish va shu tarbiyaga biroz yuzaki munosabatda bo‘lishga amerikacha intilish seziladi.

 

1922 yil

Juma, 17 fevral

Hozirgina fenatsetin qabul qildim – ya’ni “Dushanbami, seshanba edi”[29] haqida bir nashrda chiqqan ko‘ngilni biroz xira qiluvchi taqriz mazmunini Leonard so‘zlab berdi. Avgust sonida ijobiy taqriz kutib turganimda bu ayniqsa alamli bo‘ldi. Hech kimga ma’qul kelmaganga o‘xshaydi. Lekin baribir xursandman, tanqidga nisbatan falsafiy qarashni o‘rgandim. Bu erkinlikni his qilish imkonini beradi. Nimani xohlasam shuni yozaman, bas. Bundan tashqari, Xudo haqqi, men mushohadali bo‘lishga qodirman.

Chorshanba, 26 iyul

Yakshanba kuni L. “Jeykobning xonasi”ni varaqladi. Uning fikricha, bu eng sara asarim ekan. Uning ilk so‘zlari – “asar favqulodda yaxshi yozilgan”. U shu asar tufayli bahslashib ketdi. Uni betakror asar deb atadi; kitobning boshqa hech bir asarga o‘xshamasligini ta’kidladi; aytishicha, unda odamlar xuddi sharpalardek ekan; yana aytdiki, bu asar ajabtovur; uning fikricha, menda dunyoqarash yo‘q ekan; qahramonlarim qo‘g‘irchoqqa o‘xsharkan, ularni qismat u yoqdan-bu yoqqa sudrarkan. U qismat kishilar ustidan hukm yuritishiga ishonmaydi. O‘ylashicha, keyingi safar men o‘z “usulim”ni bir-ikki personajimda qo‘llashim kerak ekan; kitob uning nazarida qiziqarli va ajoyib, benuqson (balki bazm sahnasi istisnodir) va hammaga tushunarli. Xastalik shuurimni shunchalik loyqalatdiki, aytganlarining barini yozib ololmadim; men hayajon va hissiyotlar og‘ushidaman. Umuman aytganda, mamnunman. Biroq bizga kitobxonlar fikri noma’lum. Shubham yo‘q, men (qirq yoshimda) o‘ziga xos ifoda yo‘lini topdim; men uchun bu juda qiziq, maqtovlarni kutmasdan shu yo‘lda davom eta olishimni his etayapman.

Chorshanba, 16 avgust

“Uliss”ni o‘qib chiqib taassurotimni yozib qo‘yishim kerak. Ikki yuz sahifadan oshdim – bu hali uchdan biri ham emas; dastlabki bir-ikki bobini – qabriston sahnasiga qadar – o‘qiganda hayratlandim, ta’sirlanib, lol qoldim, keyin esa ajablanib, toliqdim, g‘ashim kelib o‘smirlarcha oxiri yo‘q soch tarashdan hafsalam pir bo‘ldi. Tom[30], buyuk Tom ham bu romanni “Urush va tinchlik”ka tenglashtiradi! Nazarimda, savodsizlarcha yozilgan qo‘pol kitob; yozishni o‘z bilganicha o‘rgangan nochor kishining asari, biz esa bunaqalarning qanchalik g‘amgin, xudbin, bezbet, qo‘pol va o‘taketgan betamiz ekanini bilamiz. Agar go‘shtni pishirish imkoni bo‘lsa, uni xomligicha yeb nima qilasiz? Yana o‘ylashimcha, Tom kabi kamqonlik bilan og‘risang, qonning tusida go‘zallikni ko‘rasan. Bu ma’noda sog‘lom inson bo‘lganim uchun ko‘p o‘tmay yana mumtoz adabiyotni tusab qoldim. Buni esa keyinroq o‘qirman. Mening tanqidimda murosa alomati bo‘lmasligi kerak. Ikki yuzinchi sahifani belgilash uchun betlarning orasiga qog‘ozcha qo‘ydim.

O‘zimga kelsak, mudom fikrlarimni kovlashtirib, “Missis Dellouey”[31] uchun biror nima topishga urinaman. Ba’zi narsalar menga yoqmayapti. Juda tez yozayapman. Qisqartirish kerak. Choserni ham biryoqlik qilish kerak va sentyabrning boshida birinchi bobni yakunlashim zarur. O‘sha paytga kelib, ehtimol, yana yunon tili bilan shug‘ullanarman, demak, istiqboldagi rejalarim tayin, “Jeykob”ni Amerikada rad etib, Angliyada e’tirof etishmasa ham, men faylasuflarcha befarqlik bilan o‘z yerimni shudgor qilaveraman. Ular butun mamlakat bo‘ylab hosil yig‘ishadi, bu esa ijodimga foyda berib go‘yo uni oqlayotgandek bo‘ladi. Lekin menga oqlashning keragi yo‘q, zero, men “Lit. Sup.”[32] uchun yozmayman.

Chorshanba, 6 sentyabr

Kitobimning[33] toshbosma qoralamasini kunora bosmaxonadan keltirishadi, agar bularga berilib ketganimda o‘zimni osongina tushkunlikka duchor qilardim. Hozir bu yengil va silliq asardek o‘qiladi; so‘zlar qog‘ozga tegar-tegmas bo‘lib turibdi; va menga chinakam hayotga aloqasi yo‘q nafis tasavvurlaringni yozgansan, deyishsa ajab emas. Nahotki shunday deyishsa? Nima bo‘lganda ham, tabiat sekin-asta meni yaxshi bir narsa yozish arafasidaman, degan xomxayolga ishontirmoqchi bo‘layapti; teran, arzirli, yengil va tirnoqlardek qattiq, olmos kabi porloq bir nima yozishga chog‘lanayotgandekman.

“Uliss”ni oxirigacha o‘qib chiqdim va o‘ylashimcha, muallif maqsadiga erisholmagan. Iqtidor bor, albatta, lekin haminqadar. So‘z haddan ziyod ko‘p. Yoqimsiz. Da’vo katta. Odobsizlarcha yozilgan, nafaqat umumiy, balki adabiy ma’noda ham shunday. Menimcha, yuqori saviyali nasriy asarda uslublar qalashib ketmasligi kerak; nag‘malarni me’yoridan oshirish xavfli. Ko‘z oldimga maktabning g‘o‘r bir o‘quvchisi keldi, uning g‘oyalari ham, quvvati ham bor, ammo o‘ziga ishonmasligi va xudbinligi sabab chegaradan chiqib, olifta, nozikta’b, sershovqin, qo‘pol kimsaga aylanib, mehribon insonlarni achinishga, befarqlarni esa, g‘ijinishga undaydi; yoshi ulg‘aygach uning o‘zgarishiga hamma umid qiladi; ammo Joys allaqachon qirqqa kirganini inobatga olsak, umidlarning ushalishiga ko‘zim yetmaydi. Men e’tiborsizlik bilan bir martagina o‘qidim va bu yetarli emas, albatta; vijdonimga qarshi borib, asarning yaxshi jihatlariga keragicha ahamiyat bermadim. Behisob mayda o‘qlarning tegib kuydirganini his qildim, lekin bu, masalan, Tolstoyning to‘g‘ri yuzingga  bergan qaqshatqich zarbasiga tenglasholmaydi; baribir uni Tolstoy bilan qiyoslash kulgili.

Payshanba, 7 sentyabr

Shularni yozganimdan so‘ng, L. menga “Uliss” haqida Amerikaning “Neyshn” jurnalida e’lon qilingan juda sermazmun taqrizni berdi, unda ilk marta roman mazmuni tahlil qilingan edi va bu ish mening yozganlarimga nisbatan ancha ishonarli tarzda amalga oshirilgandi. Lekin baribir ilk taassurotning afzalligi va haqqoniyati bo‘lakcha; shunday ekan men o‘z fikrimdan voz kechmayman. Ba’zi boblarini yana bir marta o‘qib chiqish lozim. Ehtimol, zamondoshlar asl go‘zallikni baholashga qodir emasdirlar; biroq, fikrimcha, go‘zallik ularni lol qoldirishi kerak; men esa lol qolmadim. Aksincha, g‘ashim keldi; aybdor esa Tom, uning maqtovlari meni o‘qishga majbur qilgan.

Dushanba, 15 oktyabr

Hozir butun vujudim bilan Rijents-parkdagi jinnilik sahnasiga[34] kirishganman va uni qo‘limdan kelgancha haqqoniy tasvirlashga urinib, har tong elliktacha so‘z qoralayapman. Keyin buni ko‘chirishimga to‘g‘ri keladi. O‘ylashimcha, rejam boshqa asardagiga qaraganda ancha puxta. Ammo uni oxiriga yetkaza olmayman, deb qo‘rqaman. G‘oyalarim ko‘p. Va shu paytgacha o‘ylaganlarimning baridan foydalana oladigandekman. Shubhasiz, men ilgarigidan ancha erkinroqman. Nazarimda, faqat missis Delloueyning fe’l-atvori shubha uyg‘otadi. Uning fe’li juda qo‘rs, haddan ziyod yorqin va yuzakidek tuyulishi mumkin. Ammo uni qo‘llab-quvvatlash uchun yana son-sanoqsiz boshqa xarakterlarni kiritishga qurbim yetadi. Bugun yuzinchi sahifani yozib tugatdim. Tabiiyki, men hozircha o‘z yo‘limni tusmollab ko‘rdim, harqalay, o‘tgan avgustga qadar shunday bo‘ldi. O‘zim yer osti jarayoni deb ataydigan usul – zaruriyatga qarab o‘tmish haqida oz-oz bayon qilish mohiyatini anglashim uchun bir yil kerak bo‘ldi. Hozircha bu mening eng muhim kashfiyotim; va bunga shunchalik ko‘p vaqt sarflaganim, nazarimda, Persi Labbokning[35] go‘yo bunday narsalarni ongli tarzda bajarish mumkin degan farazining soxtaligini to‘la isbotlaydi. O‘zingni baxtsiz his qila boshlaysan – bu rost, bir oqshom men hatto asardan voz kechishga qaror qildim, keyin esa go‘yo yashirin buloq otilib chiqqandek bo‘ldi. Yo Tangrim, o‘zing asra! Hali buyuk kashfiyotimni qayta o‘qimaganman, ehtimol, unda hech bir o‘ziga xoslik yo‘qdir. Bu muhim emas. Tan olaman, shu asarimdan umidim katta. Va men uni yozaman, chin so‘zim, ruchka qo‘limdan tushib ketguncha yozaman. Jurnalistika va boshqa barcha yumushlar ijodimga yo‘l berishga majbur.

Rus tilidan Eshqobil Vali tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2016 yil, 1-son

_______________

[1] Kundalikdan parcha. Manba: Vulf V. Dnevnik pisatelnitsы. Seriya: Moy XX vek. – Moskva: “Vagrius”, 2009. – 496 s.

[2] Leonard Vulf – Virjiniya Vulfning turmush o‘rtog‘i (Izohlar tarjimonniki).

[3] “Tun va kun” – V. Vulf romani.

[4] “Sayohat” – V. Vulf romani.

[5] Jerald Dakvort (1870–1937) – ingliz noshiri, V.Vulfning tug‘ishgan akasi.

[6] “Mashhur Moll Flendersning quvonch va iztiroblari” (1722) – ingliz yozuvchisi Daniyel Defoning (1660–1731) sarguzasht romani.

[7] “Baxtli joriya yoki Roksana” (1724) – Daniyel Defo romani.

[8] Edvard Morgan Forster (1879–1970) – ingliz yozuvchisi va adabiy tanqidchisi.

[9] Trafalgar jangi – 1805 yildagi Trafalgar burnidagi dengiz jangi nazarda tutilmoqda, unda admiral G.Nelson halok bo‘lgan.

[10] Jayls Litton Strechi (1880–1932) – ingliz yozuvchisi, biografi va adabiy tanqidchisi.

[11] Olayv Xezeltayn (1877–1950) – adiba, tanqidchi, taxallusi “Jeyn Deshvud”.

[12] Ketrin Mensfild (1888–1923) – ingliz tilida ijod qilgan Yangi Zelandiya adibasi.

[13] “Devordagi belgi”, “Shohona bog‘”, “Yozilmagan roman” – V.Vulf hikoyalari.

[14] “Jeykobning xonasi” – V.Vulf romani.

[15] “Qutulish” – Jozef Konrad romani.

[16] Marri D. Midlton (1889–1957) – ingliz yozuvchisi, dramaturg, tanqidchi.

[17] Oldos Xaksli (1894–1963) – ingliz yozuvchisi.

[18] Rojer Fray (1866–1934) – ingliz rassomi, badiiy tanqidchi.

[19] Migel de Servantes (1547–1616) – buyuk ispan yozuvchisi.

[20] Servantesning “Mug‘ombir idalgo lamanchlik Don Kixot” romani personajlari.

[21] Missis Flenders – D.Defoning “Mashhur Moll Flendersning quvonch va iztiroblari” romani personaji.

[22] Dora Karrington (1893–1932), Doroti Brett (1883–1977) – ingliz musavvirlari; Ralf Partrij – D.Karringtonning turmush o‘rtog‘i.

[23] “Nyu steytsmen” – ingliz jurnali.

[24] Iltifotli Qirg‘iy – adabiy tanqidchi Desmond Makkartining (1877–1952) laqabi.

[25] “Simpkin-Marshall” – nashriyot va kitob do‘koni.

[26] “Arvohli uy” – V.Vulf hikoyasi.

[27] “Kabutar qanotlari” – amerikalik adib Genri Jeyms (1843–1916) romani.

[28] Milli – “Kabutar qanotlari” romani personaji.

[29] “Dushanbami, seshanba edi” – V.Vulfning hikoyalar to‘plami.

[30] Tomas Sternz Eliot (1885–1965) – ingliz-amerika shoiri.

[31] “Missis Dellouey” – V.Vulf romani.

[32] “Times Literary Supplement” qisqartmasi – adabiy haftalik, “Tayms” gazetasining ilovasi.

[33] “Jeykobning xonasi” romani nazarda tutilyapti.

[34] “Missis Dellouey” romani haqida so‘z yuritilmoqda.

[35] Persi Labbok (1879–1965) – ingliz yozuvchisi va adabiyotshunosi.