Viktor Vasilev. Tal tilsimoti (hujjatli qissa)

Shohmot tarixiga nazar tashlab, XX asrning elliginchi yillarida qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan Mixail Tal singari katta shov-shuv uyg‘otgan boshqa shohmotchini topish qiyin (zero, shohmotda hamisha iste’dodlar ko‘p). Albatta, XIX asrda shohmot osmonida yulduzday bir yonib-o‘chgan afsonaviy Paul Morfi va chempionlik unvonini himoya qilishdan bosh tortgan. Robert Fisher bundan mustasno. Baribir, hech bir shohmotchi Talday o‘z zamondoshlarini hayajonga solmagan.
Talning mutaxassislarni hayratda qoldirgan kutilmagan shiddatli parvozi, boshqa grossmeysterlarning butun umriga yetadigan boshni aylantirib qo‘yadigan g‘alabalari guldastasi (Tal bu g‘alabalarga erishishi uchun atigi uch yil sarfladi), nihoyat, eng muhimi – uning o‘ziga xos o‘yin uslubi, qaysiki xavf-xatardan hayiqmay, haddan ziyod tavakkal, haddan ziyod tajovuzkor yurishlari nafaqat shohmot muxlislarini, balki uncha-munchaga maqtov aytavermaydigan grossmeysterlarga ham zavq-shavq bag‘ishlardi. Siz yana Talning o‘ziga xos qiyofasini eslang: qirg‘iy burun, qisiq ko‘zlari bilan odamga teshib yuborguday tikilganda yirtqichona qiyofa kasb etardi, buning ustiga, raqibi o‘ylayotgan vaqtda Alyoxinga o‘xshab bir oz egilib, o‘ljasiga tashlanishga tayyorgarlik ko‘rayotgan kalxatday aylanardi.
Matbuot, ayniqsa, xorijlik jurnalistlar Talning ajoyib g‘alabalarida, uning tashqi qiyofasida qandaydir tilsimot borligini ta’kidlashdan charchamasdi. Unga darhol o‘xshatishlar topishdi: “Iblis”, “Qora qoplon”, “Paganini”… Bunda uning tashqi ko‘rinishi italyan bastakoriga o‘xshashi va bitta torda “iblisona” mahorat bilan o‘ynashi, ya’ni qilga osilib qolgan vaziyatlarni yuzaga keltirishi, keyin g‘olibona chiqib ketishiga ishora bor.
Kimlardir Talning raqiblarini gipnoz qilib, ularga magnit kuchlari orqali noaniq rejalar tuzishga ta’sir etayotgani to‘g‘risida jiddiy gapira boshladi. Chunonchi, Bronshteyn: “Tal Messing va Kuni kabi o‘zgalar fikrini o‘qiy oladi”, degandi.
Mana shunday tarzda “Tal tilsimoti” degan ibora paydo bo‘ldi va uning sir-sinoatini yechishga ko‘plab bilimdonlar ham behuda urinib ko‘rishdi. Xullas, Talning g‘alabalari shohmotning boqiy muammolarini hal etadigan yangi uslub paydo bo‘lganidan darakmi yoki takrorlanmas o‘ziga xos iqtidorga tabiat in’om etgan aql-zakovat mahsulimi, degan savollar doirasida bahslar qizib ketdi. Shu tariqa shohmot ahli Talning ajoyib g‘alabalarini katta quvonch bilan kutib olayotganlar va unga “noto‘g‘ri” yurishlari evaziga ham yutuqlarga erishayotgani uchun xavotirlanib, andak ishonchsiz, hatto kinoya bilan qarayotganlardan iborat toifalarga bo‘lindi.
Hozir, Tal jahon chempioni unvonidan mahrum bo‘lganidan buyon o‘nlab yillar o‘tgandan keyin o‘sha vaqtda uning nomi bilan bog‘liq g‘ayritabiiy voqealar bo‘lmaganday yoki o‘ylab topilganday tuyuladi. Aslida, shunday iste’dodli “bolakay” bo‘lganmidi? Pushkin nomli teatrda jahon chempionligi uchun bo‘lgan o‘yinda Botvinnikni yengganida uni hayajonlangan minglab tomoshabinlar olqishlashganmidi? Sipohlarini ketma-ket qurbon berish evaziga kuchli taassurot qoldiruvchi g‘alabalar qozonib, mamlakat chempionati va nufuzli xalqaro musobaqalarda g‘olib chiqqanida ham ayrimlar Talning qurbonlari o‘zini oqlamaydi, yurishlari noto‘g‘ri, deya bo‘g‘ilib qolguncha tushuntirishmaganmidi?
Odamzodning tabiati qiziq, o‘tgan voqealar haqida fikr-mulohaza yuritganda ularning mantiqiy yakuniga e’tiborini qaratmaydi. Shu bois hozir kimlargadir Talning jahon chempionligigacha bosib o‘tgan yo‘li va uning o‘yin uslubida o‘ziga xoslik yo‘qday tuyuladi. Hatto uzoq yillar Talga murabbiylik qilgan Aleksandr Koblents (u Botvinnikka qarshi ikkala o‘yinida ham yordamchi-murabbiy bo‘lgan) shunday degandi: “Hech qanday “Tal tilsimoti” bo‘lmagan”.
Biz bunday fikrlarni inkor etishga urinib ko‘ramiz. Haqiqatan ham Talning o‘yin uslubiga ishonchsizlik va istehzo bilan qaragan toifalarning baralla ovozi ayrim shohmot mutaxassislarining “Talning o‘yinida hech qanday iblisona jihat yo‘q, aksincha, farahbaxsh, hayotiy nekbinlik mujassam yurishlar ijodkori, agar taqqoslash lozim bo‘lsa, u shohmotda Paganini emas, Motsartdir”, degan fikrlarini butunlay bosib ketardi. Chindan ham yosh Tal xatarli yurishlar qilardi, u bilan bo‘lgan o‘yinlarda ikkala tomonga ham (e’tibor bering, ikkala tomonga ham) xavf birday tahdid solardi. Biroq Talning ajoyib yechimi haqida gapirilganda iblisona topqirligi, jodugarday “devor ortidagi narsalarni” ko‘rishi qayd etilardi. Aslida, Talning sipohlar qurboni bilan boshlanadigan har bir chiroyli hujumi o‘yindagi vaziyat taqozosi bo‘lsa ham ularda nekbin shohmot san’ati va inson ijodiy qobiliyatining cheksiz imkoniyatiga ishonch mujassam edi.
Tal bilan bog‘liq bahs-munozaralar ayrimlarda kinoya, istehzo uyg‘otgan bo‘lishiga qaramasdan zamondoshlarining ma’lum qismi uning yangi uslubi, yangi g‘oyalarini tan olishdi. To‘g‘ri, Tal o‘yinlari unga shubha bilan qarovchilarga oziqa berardi. Chunki Talning o‘yin davomidagi chiroyli yurishlariga mutaxassislar keyinchalik raddiya topishardi. Axir, shohmot o‘yini masala yoki mansuba emas, yechimida biror xatolik o‘tsa, uni tamoman yo‘qqa chiqarib bo‘lmaydi. Zero, shohmot o‘yinida ikki aql-zakovat va fe’l-atvor egasi nafaqat taxta uzra, balki ruhiy jihatdan ham kurash olib boradi. Shu bois Talning sipohlar qurboni bilan boshlanadigan ajoyib yurishlari shohmotning qat’iy me’yorlariga mos kelmagani uchun ularga tavakkalchilik tamg‘asini bosish nojoizdir. Afsuski, hamma narsaga shubha bildiruvchilar Tal tantanali g‘alabalarga erishgan chog‘larda ham uning ijodiy uslubiga ishonchsizlik bilan qarashdi.
1954 yilda Misha Tal Vladimir Saygin ustidan g‘alaba qozonib, o‘n sakkiz yoshida sport ustasi talabini bajardi. Ammo ayrimlar bahs o‘yinlarini tahlil etmasdan turib, Talning g‘alabasidan shubhalanishdi. Holbuki, Saygin kuchsiz usta hisoblanmasdi, uning ustidan qozonilgan g‘alaba sport ustasi berish uchun yetarli asos edi. O‘sha g‘alabagacha ham mutaxassislar o‘rtasida “Rigada iste’dodli bola bor, istiqboli porloq” degan gaplar tez-tez takrorlanib turardi. Shunga qaramasdan uning birinchi katta g‘alabasi shubha ostiga olindi. Siz buni eslab qoling, bunday holatlar hali ko‘p bor takrorlanadi. Chunki Tal musobaqalarda birin-ketin g‘olib chiqaveradi, bilimdonlar esa ajablanib yelka qisishdan charchamaydi.
Ikki yil o‘tib Misha Tal XXIII mamlakat chempionatida ishtirok etdi va g‘oliblar – Taymanov, Averbax hamda Spasskiydan atigi bir ochko kam jamg‘ardi. Bu birinchi marta chempionatda qatnashayotgan shohmotchi uchun ulkan natija! Muhimi, Talning o‘z uslubi va kuchiga ishonchi mustahkamlandi, hujumkor o‘yinlari tufayli minglab muxlislar mehrini qozondi.
O‘sha chempionatdan keyin u haqda, jumladan, shunday yozishgandi: “Tal ijodiy uslubida benihoya nekbinlik ustun turadi. U ko‘tarinki ilhom bilan tez va hujumkor o‘ynaydi, g‘oyalari chuqur bilimidan oziq oladi. U boy berilgan vaziyatlarda ham o‘yinni saqlab qolish mumkinligiga ishonadi, nafis himoya usullarini topaverib, raqibini charchatib yuboradi”.
Shubhasiz, Tal uslubiga berilgan ajoyib baho. Lekin undan keyin shunday so‘zlar ham bor: “Talning dunyoqarashi keng emasligi ko‘zga tashlanadi. Bular – shiddatli hujumlar, kuchli yurishlar, “qopqonlar”… Uning o‘yinida ko‘r-ko‘rona tavakkalchilik ko‘proq, qurbonlari har doim ham vaziyat taqozosidan kelib chiqavermaydi”.
Ko‘r-ko‘rona tavakkalchilik… Vaziyat taqozosi… Siz bu so‘zlarni ham eslab qoling, Talning o‘yinlariga hali bunday nisbatlar ko‘p beriladi. Darhaqiqat, Tal vaziyat taqozosiga bo‘ysunavermasdi. Biroq, siz bu xislati uchun unga ta’na qilishga shoshilmang.
Yana bir yil o‘tdi. Yosh sport ustasi mamlakat chempioni bo‘ldi. Tahsinga loyiq g‘alaba! Baribir uning g‘alabasi oddiy sport natijasi sifatida qolib ketdi. Holbuki, Tal chempionatda sakkiz nafar grossmeysterlarga ham qarshi o‘ynadi. Ularning besh nafari – Bronshteyn, Keres, Petrosyan, Taymanov, Tolush (naqadar taniqli grossmeysterlar?!) mag‘lubiyatga uchradi va ular qaysidir sharhlovchining ta’biri bilan aytganda, Talning grossmeysterlar davrasiga kirishi uchun ovoz berishdi, ikki nafari durang o‘ynab betaraf qoldi, atigi bittasi qarshi chiqdi. Sakkiz imkoniyatdan olti ochko. Bu – Talning taniqli, hatto mashhur grossmeysterlar bilan uchrashuvlarda to‘plagan ochkosi!
Yangi chempion o‘zining g‘ayrioddiy, tavakkalona va chiroyli o‘yinlari bilan ajralib turdi, bu uni muxlislarning yoqimtoyiga aylantirdi. Talning mazkur chempionatdagi ayrim o‘yinlari matni dunyodagi ko‘plab shohmot gazeta-jurnallarida e’lon qilindi.
Bu g‘alabadan keyin ham ayrim bilimdonlar Talning o‘yiniga ishonchsizlik bilan qarashda davom etishdi. Zalda muxlislar Talning har bir g‘alabasini gulduros qarsaklar bilan qarshi olishganda, shubha bilan qarovchilar istehzoli kulib qo‘yishdi. Hatto Tal Paul Keresni qaqshatqich mag‘lubiyatga uchratganda ham ularning fe’lida o‘zgarish bo‘lmadi. Holbuki, bu g‘alabaga qurbonlar evaziga emas, o‘yin oxirida uzoqni ko‘zlagan yurishlari tufayli erishgandi.
Keyingi, 1958 yilda o‘tgan mamlakat chempionatida Tal bolakay bo‘lib emas, nomdor shohmotchi sifatida qatnashdi. Yangi chempionning asal oyi tugagandi, endi hamma unga qarshi ehtiyotkorlik va butun kuchlari bilan o‘ynashdi. Baribir u birinchi bo‘ldi!
Ikki marta ketma-ket mamlakat chempioni bo‘lish ungacha Botvinnik, Keres va Bronshteyngagina nasib etgandi. Ammo mish-mishlar yashovchan – yana pichir-pichir boshlandi: Talga omad kulib boqdi… Nahotki Spasskiyday shohmotchi yutuq vaziyatida unga o‘yinni boy berib qo‘ydi? Nahotki Geller unga qarshi o‘yinda qo‘pol xato qildi? Nahotki… Nahotki… Mana shunday “nahotki”lar ko‘p bora takrorlandi. Tal ketma-ket g‘alabalarga erishayotganidan qat’i nazar, ayrimlar uchun hali-hanuz omadi kulgan, qadimiy o‘yinning qat’iy qoidalarini buzayotgan, lekin taxta uzra “jazo”lardan “sirg‘alib” chiqib ketayotgan shohmotchi edi.
1958 yilning avgust oyida Xorvatiyaning Portoroj shahrida jahon chempionatining saralash musobaqalaridan biri bo‘lgan mintaqalararo turnir o‘tkazildi. Buni qarangki, Tal yana birinchi! O‘sha yili Myunxenda tashkil etilgan XVII jahon olimpiadasida Tal yuqori natija ko‘rsatdi – o‘n besh imkoniyatdan o‘n uch yarim ochko jamg‘ardi. So‘ngra u navbatdagi mamlakat chempionatida birinchi-ikkinchi o‘rinni bo‘lashib oldi (dastlabki “omadsizlik”!), keyin Syurixda bo‘lgan xalqaro musobaqada bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.
Endi Talning g‘alabalariga shubhalanishga asos yo‘qday, chunki u ishonarli, muhimi, barqaror muvaffaqiyat qozonayotgandi. Biroq siz Belgrad gazetasida e’lon qilingan da’vogarlar musobaqasi qatnashchilari va ularning yordamchi-murabbiylari bilan o‘tkazilgan savol-javobga e’tibor bering. Bu savol-javoblarda barchani qiziqtirayotgan masala – musobaqa yakunida o‘rinlar qanday taqsimlanishi to‘g‘risidagi taxminlar yozilgandi.
Bizni Talning imkoniyati qanday baholangani qiziqtiradi. Xullas, taxminlar shunday: uni Petrosyan – ikkinchi, Gligorich – to‘rtinchi, Benko – to‘rtinchi, Olafsson – uchinchi, Averbax (Talning yordamchi-murabbiyi) – birinchi-ikkinchi (hattoki u ham Talning birinchi o‘rinni yakka o‘zi olishiga ishonmagandi), Matanovich (Gligorichning yordamchi-murabbiyi) – to‘rtinchi o‘ringa qo‘yishgandi. Bondarevskiy (Smislovning yordamchi-murabbiyi), Boleslavskiy (Petrosyanning yordamchi-murabbiyi), Larsen (Benkoning yordamchi-murabbiyi) va Darga (Olafssonning yordamchi-murabbiyi) birinchi-ikkinchi o‘rinlar egalarini yozishgandi, lekin ular qatoriga Talni kiritishmagandi…
Albatta, har kim ham shohmotchilar kuch-imkoniyatlarini baholashda yanglishishi mumkin, biroq “xizmat yuzasidan” Tal ijodi bilan yaqindan tanish Averbaxdan boshqa hech qaysisining uni toj uchun asosiy da’vogar deb hisoblamagani ajablanarli holdir. Axir, Tal musobaqalarda ketma-ket g‘olib chiqayotgandi-ku?! Ehtimol, ular Tal chaqqon harakat qilsa ham “qilichi” grossmeysterlar sovutini teshishga ingichkalik qiladi, deb o‘ylashgandir.
1960 yilning bahorida Tal Botvinnikka qarshi jahon chempionligi uchun dona surayotgan vaqtda bundan ham qiziq holat yuz bergandi. O‘shanda ayrim sharhlovchilar dunyodagi eng kuchli ikki shohmotchi toj uchun bahs yuritayotganini unutishgandek, shohmotdagi barcha tartibsizliklar uchun Talni ayblay boshlashdi. Ulardan biri Tal oddiy vaziyatlarni o‘ynay olmaydi desa, ikkinchisi durangning uddasidan chiqolmasligini ta’kidlardi, uchinchisi sipohlarni qurbon qilishdagi yengiltakligi, qaysarligi uchun koyirdi… Shunga o‘xshash ta’nalar bahs oxiriga boribgina tindi. Negaki, Talning jahon chempioni bo‘lishi oydinlashib qolgandi.
Ha, Tal jahon chempioni! Bu bilan u barchaga o‘z uslubining to‘g‘riligini, hech bo‘lmaganda, sipohlar qurboni bilan boshlanadigan yurishlari majmui kurash qonuniyatiga bo‘ysunishini isbotladi. Endi “Talga o‘xshab o‘ynamaslik”, uning qurbon berish bilan bog‘liq yurishlarini “kavlashtirib” xatoliklarni topish, vaziyatlarni to‘g‘ri baholay olmasligini aytish mumkin edi, biroq Tal o‘yin uslubini butunlay inkor etish insofsizlikdan boshqa narsa emasdi.
Oradan bir yil o‘tdi. Yosh grossmeysterlar jahon chempioni unvoniga o‘rganmasdan turib, toj bilan xayrlashdi. Yana Tal shohmot sipohlarini yengiltaklik bilan qurbon qiladi, degan gap-so‘zlar yangi kuch bilan yuzaga qalqib chiqdi. Avvaldan Talning ijodiy uslubiga ishonqiramay qaraganlar, uning sport natijalari pasayib borayotgani uchun o‘z fikrlarini baralla aytishdi: Talning muvaffaqiyatlari omadga bog‘liq edi…
Biz uning g‘alabalari shukuhi uzoq davom etmaganini inkor etmagan holda sportchi Talning shohmot rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini, bir sharhlovchi tili bilan aytganda, qadimiy o‘yin qoidalariga “yovvoyi qon” quyganligini e’tirof qilmoqchimiz. Hatto shohmot san’ati qutbining qarama-qarshi tomonida bo‘lgan Tigran Petrosyan ham “Tal shamoli”ga o‘zining “elkanli qayig‘i”ni moslashiga to‘g‘ri kelganini ta’kidlagandi.
Xullas, nima sababdan Talning o‘yin uslubi ko‘plab zamondosh grossmeysterlari ijodiga juda tez ijobiy ta’sir etganini va ayrim taniqli shohmotchilar unga ishonchsizlik bildirganini anglash uchun avvalo Tal uslubi mohiyatini chuqur o‘rganish kerak. Buning uchun birinchi navbatda Tal fe’l-atvorini tushunish lozim. Hammaga ma’lum haqiqat bo‘lsa ham yana takrorlashimiz zarur: nafaqat grossmeyster Tal, balki har qanday shohmotchining o‘yin uslubini uning fe’l-atvoridan ayri holda o‘rganish mumkin emas. Zero, har bir uslub inson fe’l-atvorining mahsulidir.

“MEN YoSh ISTE’DODMAN…”

Misha Tal g‘oyat iste’dodli bola edi. Odatda “g‘oyat iste’dodli bola” deyilsa, odamlar sergak tortishadi. Bu bola ham rang-barang tovlanayotgan “sovun ko‘pigi” emasmikin, deya o‘ylashadi. Keyin… Keyin… “sovun ko‘pigi” yoriladi. Xayriyat, Misha bilan bunday bo‘lmadi. U oilada erkatoy bo‘lsa-da, “g‘oyat iste’dodli bola” sinovidan bir qadar muvaffaqiyatli o‘tdi. Zero, bu sinovdan mutlaqo asoratsiz o‘tish mumkin emas.
U uch yoshida o‘qishni bilardi. Xotirasi misoli magnitafon lentasi: eshitgan gapini eslab qolardi. Sevimli mashg‘uloti – biror sahifa matnni o‘qib, keyin uni yoddan so‘zma-so‘z aytib berishni yoqtirardi.
O‘z qobiliyatini namoyish etib, boshqalarni hayron qoldirish va ulardan maqtov eshitish – g‘oyat iste’dodlilarga xos xususiyat. Misha ulg‘ayganda ham bu odatini tashlamadi. Kunlardan bir kun u shohmot bo‘yicha mamlakat chempionatining uchta yarim finali barcha o‘yinlari matni yozilgan to‘plam sotib oldi. Bir necha soat ichida bu o‘yinlarni taxtada matn bo‘yicha ko‘rib chiqdi. Keyinchalik undan so‘ralganda shu o‘yinlardan istalganini yoddan takrorlab berardi.
Bolaligidagi xotira o‘tkirligi unga ulg‘ayganda ham sodiq do‘stday vafo qildi. Syurixdagi musobaqadan keyin xotirasi o‘tkirligini sinab ko‘rishi uchun bahona topilgandi. U ketma-ket ikki marta seans berdi, har birida 38 nafardan shohmot havaskorlariga qarshi dona surdi. Tal ikkala seansda ham juda yirik hisobda g‘alaba qozondi.
Ikkinchi seansdan keyin tadbirning homiylaridan biri – Mayer ismli shohmot ixlosmandi Talga yaqinlashdi. U seans paytida Talni yutgani uchun kayfiyati chog‘ edi.
– Bilasizmi, – dedi unga Tal, – bitta vaziyatda men yaxshiroq o‘ynasam bo‘lardi.
Mayer hayron qoldi:
– Siz men bilan bo‘lgan o‘yinni eslab qoldingizmi?
Hayron qolish navbati Talga keldi:
– Mening o‘yinimni eslab qoldingizmi, dedingizmi? Men barcha o‘yinni eslab qolganman.
– Garov o‘ynaymiz, – darhol taklif qildi Mayer va suhbatni tinglayotgan kishilar tomon yuzlandi.
– Roziman.
Tal qog‘oz olib, shohmot taxtasiga qaramasdan barcha 38 o‘yin matnini bitta yurishini qoldirmasdan yozib chiqdi…
Mishaning otasi ham favqulodda qobiliyat egasi edi. Katta Tal vrachlik diplomini Peterburgda olgach, Yevropa mamlakatlarini kezdi. U ko‘p tillarni bilardi. Uzoq yillar Rigadagi kasalxonada ishladi, shu shaharni yaxshi ko‘rardi. Hech qachon kasallarni ajratmasdi: bankirmi, qorovulmi birday muolaja qilardi. Ismi sharifining talaffuzi qiyinroq jaranglardi – Nexemiya Mozusovich. Shu boisdan unga “Doktor Tal” deya murojaat etishardi. Xushqomat, istarasi issiq, quyuq sochiga oq oralagan doktor Tal tashqi ko‘rinishining o‘zi bemorlar kayfiyatini ko‘tarardi.
Doktor Talni istagan odam kechasi ham bezovta qilishga haddi sig‘ardi. U ranjimasdan, po‘ng‘illamasdan o‘rnidan turardi. Ba’zan juda charchab qaytgan bo‘lsa, telefonning jiringlashi uni uyg‘ota olmasa, go‘shakni rafiqasi Ida Grigorevna ko‘tarardi. Bu ochiq ko‘ngil ayol ham bemorlar bilan qanday gaplashish kerakligini yaxshi bilardi.
– Nima? Uxlay olmayapsizmi? Yuragingiz bezovta qilayaptimi? Hozir doktor Talni uyg‘otmasak bo‘larmidi? U juda charchab kelgandi. Siz qand bo‘lagiga bir-ikki tomchi validol tomizib shiming, o‘tib ketadi. Bu zararli emas, ertalab doktor Talning qabuliga kelasiz. Yettinchi xona, to‘qqizdan yettigacha…
Ida Grigorevna bolaligidan rasm chizish va musiqa chalishga qiziqardi. Mishadagi mehribonlik, ko‘ngilchanlik, suhbatijonlik xususiyatlari otasidan o‘tgan bo‘lsa, uning “badiiy jihatlari” – musiqaga qiziqishi, o‘zini tutishi, sipoligi, o‘yinda go‘zallikka intilishi onasidan “ko‘chgan” desak yanglishmaymiz.
Urush boshlanganida Misha besh yoshda edi. Rigaga nemis bosqinchilari qadam qo‘ymasdan bir kun avval butun oila bombadan saqlanish maqsadida yerto‘laga tushishdi. Havo hujumi to‘xtagani bildirilgandan keyin ham hech kim joyidan qimirlamadi. Boshga tushgan musibat barchaning irodasini sindirgandi.
Kutilmaganda ona o‘rnidan turli va xotirjam dedi:
– Qani, azizlarim, turinglar. Vokzalga borishimiz kerak. Ehtimol, poyezdga ulgurarmiz.
Doktor Tal hech qanday e’tiroz bildirmadi. Chunki u mushkul vaziyatlarda xotinining aytganini qilardi va bunga hech qachon afsus chekmagandi. U vrachlik anjomlarini olish uchun uyiga bir zumga kirib chiqdi.
Xayriyat, ular oxirgi poyezdga ilinishdi. Vagon shunchalik tiqilinch ediki, faqat turishga joy bor edi. Doktor Mishani yelkasiga mindirib olgandi, bu bolakayga zavq-shavq bag‘ishlayotgandi. Ba’zan Misha o‘qituvchi qo‘shnisining qizi Mimi qolib ketganiga achinib qo‘yardi. Mimining ota-onasi yuklarini aravachaga joylab, vokzalga kelishgandi. Lash-lushlarini tiqilinch vagonga joylashtirishga urinishayotganda odamlar ularni kaltaklashiga sal qoldi.
– Voy xudoyim-ey, shunday paytda lash-lushlarga balo bormi? – dedi Ida Grigorevna. – Hammasini tashlanglar.
Yo‘q, ular lash-lushlaridan voz kecha olishmadi. Yuklarini yana aravachaga ortishib, uyga qaytishdi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, ular o‘lim bilan yuzma-yuz kelish uchun uylariga qaytishgan ekan.
– Misha, Mimi bilan xayrlash, – dedi sekingina dadasi. – Endi sen uni hech qachon ko‘rmaysan.
Agar Misha Talda o‘tkir xotira bo‘lmaganda ham o‘sha lahzani, o‘sha so‘zlarni bir umrga eslab qolardi.
Yo‘lda poyezdni bir necha bor bombardimon qilishdi. Shunday kezlarda Ida Grigorevna o‘g‘lini gavdasi bilan to‘sib, panaroq joyga chopishardi. Doktor Tal esa o‘z vazifasini bajarardi – yaradorlarga, bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatardi. Cho‘zilib ketgan og‘ir safardan keyin Uraldagi tuman markazi Yurlaga yetib kelishdi.
Doktor Tal Yurladagi kasalxonada bosh vrach bo‘lib ishlay boshladi. Ularni kutubxonaning katta o‘quv zaliga joylashtirishdi. Ida Grigorevna tezda kerosin lampani ishlatishni, kartoshka ekishni, po‘stin kiyib, kigiz etikda yurishni o‘rganib oldi. Mishaga Yurla yoqib qoldi. Yozda u bobosi bilan zamburug‘ terishga borardi, qishda esa chana uchgani-uchgan edi.
Misha maktabga borgan vaqtda, har qanday uch raqamli sonni uch raqamli songa yoddan ko‘paytira olardi. Ikki kun o‘qigach, uni 3-sinfga o‘tkazishdi. Maktab direktori viloyat ta’limi bo‘limiga xat yo‘llab, Misha Talni 4-sinfga o‘tkazishga ruxsat berishlarini so‘radi. Negadir xatga javob kelmadi va Misha 3-sinfda o‘qishni davom ettirdi.
Nexemiya Mozusevich o‘g‘lining barcha shumliklarini kechirardi. Chunki u yomon niyatda hazil-huzul qilmasdi. Doktor Tal haftada bir-ikki marta Yurla kasalxonasi hamshiralariga lektsiya o‘qirdi. Misha lektsiya paytida orqa qatorda o‘tirib, dadasining gapini qiziqish bilan tinglardi. Bir kuni ertalab doktor tunda ishlagan hamshiralarga lektsiya o‘qidi va kasallarni ko‘rgani ketdi. Tushlikda shu lektsiyani boshqa guruhga o‘qishi belgilangandi. Doktor tushdagi lektsiyaga o‘z vaqtida yetib kelolmadi va tashkilotchi lektsiyani qoldirmoqchi bo‘ldi. Shu payt bir dasta qog‘oz ko‘tarib olgan kichik Tal stol yoniga yaqinlashdi.
– Mana, – dedi u, – dadam menga lektsiyasini yozib berib, sizlarga o‘qib turishimni tayinladi.
U akasi Yashkaning daftaridan yirtib olingan oppoq qog‘ozlarga qarab, ertalabki lektsiyani so‘zma-so‘z takrorlashga kirishdi. Lektsiya tugashi arafasida eshik ochildi va doktor Tal ostonada o‘g‘liga qarab qotib qoldi.
– Dadajon, hozir tugataman, – dedi Misha hech narsa bo‘lmaganday. Biroq hayron qolganidan qotib turgan dadasiga qarab o‘zini to‘xtata olmay kulib yubordi…
Ha, kichik Tal ko‘pchilik oldida gapirishni yaxshi ko‘rardi. Keyinchalik, talabalik yillarida ham yig‘inlarda konferanse vazifasini mamnuniyat bilan zimmasiga olardi. U kelajakda estrada artisti bo‘lish haqida jiddiy o‘y surardi.
Bu yaxshi-ku, dersiz. Afsuski, haddan ziyod maqtovlar, ko‘kka ko‘tarib ardoqlashlar, oxir-oqibat hali hech kimga naf keltirgan emas.
Darhaqiqat, Misha ham ko‘rsatilayotgan hurmat-e’tibor foydali ekanligini erta angladi. U olti yoshidan boshlab koyimoqchi bo‘lganlarga e’tiroz bildirardi:
– Meni koyish mumkin emas. Axir, men yosh iste’dodman…
Ammo haqiqatdan ko‘z yumib bo‘lmaydi: Misha Tal ochiq ko‘ngilligi, beg‘arazligi, do‘stlariga sadoqati va o‘z manfaatlarini har doim umumishga bo‘ysundirgani uchun maktabda ham, institutda ham hurmati baland edi.
1944 yilning oxirida Tal oilasi Rigaga qaytdi. Shahar ozod qilinishi bilan kasalxonani tiklash uchun doktorni chaqirishgandi. Ularning xonadonida harbiy shtab joylashgani sababli, Tal oilasi bir qavat pastga – general istiqomat qilayotgan xonadonga vaqtincha ko‘chib kirdi. Bir kuni general xonasiga kirar ekan, qo‘liga gazetani buklab ushlab, xaritani diqqat bilan kuzatayotgan bolakayga ko‘zi tushdi.
– Qad rostlang! – beixtiyor buyruq berdi general va o‘z so‘zining ta’sir qilganidan hayron qoldi.
Bolakay gazetani tashlab qaddini rostladi, barmoqlarini tekis qilib qoshi yoniga keltirdi:
– Salomatlik tilayman, o‘rtoq general!
– Erkinsan! Vaziyat to‘g‘risida axborot ber.
Misha radioda berilgan harbiy vaziyat to‘g‘risidagi axborotni so‘zma-so‘z takrorladi. General axborotni oxirigacha diqqat bilan tingladi va Mishani ko‘tardi:
– Zo‘rsan-ku, og‘ayni!
– Men kechagi axborotnomani ham bilaman, – beozor jilmaydi bolakay. – Aytib beraymi?..

“ShIShADAN BO‘ShATILGAN JIN”

Serg‘ayrat, zehnli, nozikta’b Tal nimaga qiziqsa, butun borligini baxshida etardi. Uning uchun hamma narsa ahamiyatli edi. Musiqaga judayam qiziqardi, matematikani judayam yaxshi ko‘rardi. Futbol o‘ynashni judayam yoqtirardi: beshinchi sinfda o‘qib yurgan vaqtidan boshlab institutning uchinchi bosqichigacha darvozabon bo‘ldi.
Ota-onasi tinib-tinchimas farzandining qiziqishlariga qarshilik ko‘rsatishmasdi. Faqat ularni Misha nimaga qiziqsa, o‘sha narsaga mukkasidan ketib shug‘ullanishi xavotirga solardi. Ammo musiqa bundan mustasno. Negaki, doktor Tal oilasida musiqaga hurmat-e’tibor kuchli edi. Doktorning o‘zi skripkada, Ida Grigorevna royalda, amakisi Robert violonchelida ajoyib kuylar ijro eta olishardi.
Shuning uchun Misha royalda kuy chalishga qiziqib qolganda hamma uni musiqachi bo‘ladi, deb o‘ylagandi. Axir, u bu borada ayrim natijalarga erishishga ulgurgandi. Kim biladi deysiz, shohmot muxlisi bo‘lgan doktor kichik o‘g‘liga shu o‘yin sirlarini o‘rgatmaganda, ehtimol dunyoda bitta o‘rtamiyona musiqachi ko‘payardi, lekin dunyoda bitta buyuk shohmotchi yetishib chiqmasdi.
Mehribon doktor o‘sha kezda shohmot uchun dahshatli jinni shishadan chiqarib yuborganini xayoliga ham keltirmagandi. Qolaversa, bunday bo‘lishida ona o‘zini aybdor sanardi. Ha, u aybdor, xato qildi, bunday bo‘lgani uchun o‘zini sira kechira olmasdi. Nahotki tajribali va sezgir ona Misha uchun shohmot – kurash, kuch-bilimini sinash va albatta g‘alaba qozonish maydoniga aylanib qolishini oldindan ko‘ra olmadi?
Tez orada ona kelayotgan “xavf”ni sezdi va uni bartaraf etish uchun choralar ko‘rdi. Endi ona o‘g‘lining futbol o‘ynashiga qarshilik ko‘rsatmasdi, aksincha, o‘zi Mishani maydonga olib borib qo‘yardi. Chunki futboldan kech, shimlari yirtilgan, tizzalari shilingan holda kelsa ham bu Mishaning musiqa bilan shug‘ullanishiga xalaqit qilmasdi: yuvinishi hamono royalda kuy ijro etishga kirishardi.
Shohmot esa sekin, lekin bexato ta’sir etuvchi “og‘u” bo‘lgani uchun Mishani zabtiga olganda uni na musiqa, na boshqa narsa qiziqtirardi. Ammo o‘sha kezlar Ida Grigorevna yillar o‘tib, Mishaning shohmotdagi yutuqlari ovozasi musiqa o‘qituvchisining maqtovlarini bosib ketishini xayoliga ham keltira olmasdi.
Ammo shohmotning ham “matematika” deb atalgan raqibi bor edi. Maktabda Mishaning matematikadagi noyob qobiliyatiga darhol e’tiborni qaratishdi. U matematik masalalarni nafaqat tez yechardi va albatta o‘ziga xos yechim topardi. Matematik masala va viktorinalar tanlovida Mishani yengib bo‘lmasdi. Matematika uning kurashga chanqoqligini qondirardi: oldiga qancha qiyin muammolar qo‘yilmasin, raqamlarga qarshi “jang”da g‘alaba qozonardi. Bu unga yoqardi, masalalarni yechish jarayoni zavq bag‘ishlardi. Chindan ham Misha matematikani judayam yaxshi ko‘rardi.
Kim biladi deysiz, ehtimol dunyoda bitta ajoyib yoki o‘rtamiyona matematik ko‘paygan, o‘z navbatida bitta buyuk shohmotchi kamaygan bo‘lardi, agar… Rasmiyatchi matematika o‘qituvchisini Mishaning ko‘pxonali sonlarning ildizini yoddan chiqarishi hayratlantirmasdi, aksincha, daftariga uchburchak shaklini chiroyli chizmagani avzoyini o‘zgartirardi. Mishaning daftariga siyoh tomgan, masalalar yechimini to‘la yozmagan, xullas, qildan qiyiq topardi. Avvaliga “uch”lar, keyin “ikki”lar qo‘yildi.
Mishaning qaysarligi tutdi. Ataylab daftariga siyoh tomizardi. O‘qituvchining bu borada haqligini bilgani sayin zardasi qaynardi. Keyin bir voqea ro‘y berdi, matematika va shohmot o‘rtasidagi raqobat uzil-kesil tugadi. Tal qandaydir masalani yodida yechdi va javobini daftariga yozdi. O‘qituvchi masalaning yechimi yozilmagani uchun javob shunday ko‘chirib olingan deb hisobladi. Bundan Misha qattiq xafa bo‘ldi va matematika darslariga kirmay qo‘ydi. Oxir-oqibat Mishani boshqa maktabga o‘tkazishdi, lekin matematika bilan bog‘liq qiziqish nihoyasiga yetgandi.
Alqissa, shohmot yo‘li tozalandi. (To‘g‘ri, Misha yuqori sinflarda ijtimoiy fanlarga, ayniqsa, adabiyotga judayam qiziqib qoldi. Ammo adabiyotga qiziqishi shohmotga bo‘lgan ishtiyoqidan ustun kela olmadi.)
U shohmotga egilib o‘tirganda bir tutam jingalak sochi qisiq ko‘zlari ustiga tushib turardi. Bu ko‘rinish ko‘pchilikda kulgi uyg‘otardi. Yurish haqida o‘ylaganda hamma narsani unutardi, hatto shohmot o‘ynayotganini ham. Qo‘llari fikrlariga monand harakatlanardi: ko‘zi ojiz shohmotchi kabi yurmoqchi yoki urmoqchi bo‘lgan donalarni paypaslab qo‘yardi.
Bu odati raqiblariga xalaqit berardi. Yuqori sinf o‘quvchisi bir gal u bilan shohmot o‘ynayotganda Mishani ikki qo‘li bilan o‘zi o‘tirgan stulni ushlab o‘tirishga majbur qildi. Tal olti yurishgacha chidadi. Keyin taxtadagi donalarni sochib yuborib, xonadan chiqib ketdi.
U tengdoshlarini, o‘zidan kattalarni, tanishlarni, notanishlarni yutish uchun tinmay shohmot o‘ynardi. Sinf, maktab musobaqalarida qatnashardi. O‘quvchilar saroyida, hovlida, uyda, darsda, tanaffusda dona surardi. Sira shohmot o‘ynab charchamasdi.
Mishaga omad kulib boqqandi: o‘quvchilar saroyida ajoyib inson qo‘l ostida shug‘ullanardi. Yanka Kruzkop ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lib, shohmotning ashaddiy muxlisi edi. U shohmotdan ustunroq faqat bolalarni sevardi. Kruzkop kayfiyat kishisi bo‘lgani uchun shohmotda go‘zallikni yoqtirardi, shu bois sport ustasi darajasiga erishmagandir.
Ustozi Mishaning sodiq va oqibatli shogird bo‘lishini darhol fahmladi. Tez orada Misha Tal ham oddiygina yutishni emas, chiroyli g‘alaba qozonishni judayam istashini anglab qoldi.
Endi u Veydenbaum ko‘chasidagi uy yerto‘lasida joylashgan Riga shohmot klubiga tez-tez boradigan bo‘ldi. Misha birinchi darajali shohmotchilarning dona surishlarini tomosha qilish, ular bilan gohi-gohida o‘ynash, keksa muxlislarning “jangovar o‘yinlari” haqidagi hikoyalarini tinglash uchun ko‘p narsadan voz kechardi. Kechroq qolsa, klubga onasi yoki amakisi Robert kelib bolakayni sudraganday olib ketishardi.
Doktor Talning kichik o‘g‘li mehribon va yoqimtoy bola bo‘lishiga qaramasdan ulg‘aygan sayin o‘ziga xos fe’l-atvorga ega ekanligi sezila boshladi. Misha har ishning uddasidan chiqishiga, muvaffaqiyat qozonishiga ishonib qolgandi. O‘zingga yuqori baho berish uyda, maktabda, ishonchli odam nazorati ostida sezilmasligi mumkin. Lekin hayot dengizida mustaqil suzganingda yomon oqibatlarini ko‘rsatadi. U buni bilmasdi va jabrini tortardi.
Meja bog‘ida sayr etar ekan, uning cho‘milgisi keldi. Bog‘ ko‘lining yomon “odat”lari bor. Bu haqda Misha ham eshitgan, ammo… Tal hech narsadan qo‘rqmaydi! Xayriyat, onasi botiniy sezgirligi bois yaqinlashayotgan xavf-xatarni anglab qoldi va o‘g‘li tomon shoshdi. Misha oqim o‘ramasiga tushib qolib, toshlar bilan o‘raga tushib ketayotganda qo‘lidan onasi ushladi. Oqim Mishani chayqaltirgani uchun uzoq vaqt kasal bo‘lib yotdi.
O‘ylarsiz: bu unga saboq bo‘ldi. Bir necha yil o‘tgach, doktor Tal xotini va kichik o‘g‘li bilan Qora dengiz bo‘yiga dam olishga bordi. Misha talaba edi, mamlakat birinchiligining chorak finalida o‘ynagandi, sport ustasi unvonini olishga ulgurgandi. Xullas, jiddiy yigit bo‘lib, ota-onasining faxriga aylangandi.
Sochi yaqinidagi maskanda ikki kun maza qilib dam olishdi. Bulutli Boltiq bo‘yidan kelgan mehmonlarga Qora dengizning issiq iqlimi va mayin shabadasi orom baxsh etardi. Uchinchi kuni dengizda po‘rtana avjiga chiqdi. Rigalik uch mehmon cho‘milish maskanidan yigirma metr uzoqroqda joylashishdi. Doktor Tal xotini bilan dengizda oldinma-ketin ko‘tarilayotgan to‘lqinlarni tomosha qilardi. Shundoq yonlarida yotgan Misha esa ermak uchun toshlarni irg‘itib, ikkita mahalliy bola bilan suhbatlashardi.
– Po‘rtanani qara! – dedi ulardan biri hayajonlanib. – Sizlarda bunday po‘rtanalar bo‘lmasa kerak.
– Nima? – dedi rigalik qoshlarini chimirib. – Bolakaylar, shuni po‘rtana deb atayapsizlarmi? Mana, ko‘rib qo‘yinglar.
Misha shu zahoti o‘rnidan turib dengiz tomon chopdi. Bu voqea shunchalik tez sodir bo‘ldiki, ona qo‘rqqanidan baqirishgagina ulgurdi. Shu vaqtda to‘lqin Mishani bir necha marta aylantirib, qirg‘oqqa uloqtirdi. Uni zo‘rg‘a hushiga keltirib, mehmonxonaga eltishdi. Harorati qirq darajagacha ko‘tarildi. Doktor miyasi chayqalgan, degan tashhis qo‘ydi. Xullas, Mishaning salomatligi bir oz tiklanishi bilan Rigaga qaytib ketishdi.
– Yashka, darvozabonlik chin so‘zim, bu judayam yaxshi uloqtirish bo‘ldi, – deya Misha qarshisida o‘tirgan akasiga voqea tafsilotini tushuntirardi.
Ida Grigorevna esa harorat o‘lchagichni silkitib, boshini chayqardi.
Oradan yillar o‘tdi. Portorojda mintaqalararo musobaqa davom etardi. Qatnashchilardan biri – musobaqa peshqadami dam olish uchun cho‘milish maskaniga keldi va besh metrlik minoraning ustiga chiqdi: maqsadi – yuqoridan atrofni kuzatish edi. Shu payt uning yoniga bitta jurnalist kelib, kinoya qildi:
– Nima bo‘ldi, birodari aziz? Shohmot taxtasi uzra dadil hujumga tashlanasiz, bu yerda cho‘chiyapsizmi?
Jurnalist so‘zini tugatar-tugatmas Tal minoradan sakradi va suvga qorni bilan tushdi. Kun bo‘yi ko‘ngli aynib yursa ham mamnun edi: u sha’nini yerga urmadi!
Bu o‘spirinning fe’l-atvorini muxtasar tarzda qanday ifodalash mumkin? Ehtimol, o‘zini katta olish, hamma narsani eplayman, har ishni uddalayman deya mag‘rurlanish, benihoya o‘yinga tashnalik, g‘alabaga chanqoqlik, bu xislatlari uchun izzattalablik. Lekin manmanlikka o‘rin bermaslik, birodarlik tuyg‘usini ulug‘lash (u mamlakat chempioni bo‘lgandan keyin ham fakulteti jamoasi tarkibida universitet musobaqalarida qatnashardi). Siz bularga cheksiz nekbinligi, hazil-mutoyibaga moyilligi, konferanse bo‘lish orzusini qo‘shing. Nihoyat, qon-qardoshlarga mehribonlik. Qaysi musobaqada bo‘lmasin, Moskvadami, Shveytsariyadami Tal uydagilari bilan telefonlashmasdan uyquga yotmasdi. Mixail Tal kimlar bilan kelayotgan bo‘lishiga qaramay, onasini ko‘rgan zahoti yoniga borib, uni o‘pib qo‘yishdan sira uyalmasdi, ayniqsa, bunday xislat bilan hamma bola ham maqtana olmaydi!

“MEN HECh KIMDAN QO‘RQMAYMAN!”

Misha o‘quvchilik davrida qatnashgan barcha musobaqalarni sharhlashga hojat bo‘lmasa kerak. Ularning soni juda ko‘p. U bunday musobaqalarda e’tiborga molik muvaffaqiyatga 9-sinfda o‘qib yurganida erishdi: birinchi shohmot darajasi talabini bajarib, kattalar o‘rtasidagi Riga chempionatiga yo‘llanma oldi. Shunisi qiziqki, chempionatda sport ustasi Koblentsni yutdi. O‘sha yili Latviya chempionatida ishtirok etib, o‘n birinchi – o‘n ikkinchi o‘rinlarni bo‘lashib oldi.
Go‘yo Tal katta yo‘lga chiqib olgandi. Lekin uning keyinchalik ham jiddiyligi bilan nom qozonmaganini eslasak, o‘sha o‘n to‘rt yoshidagi bu xususiyati to‘g‘risida gapirish ortiqcha. Musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rishni bilmasdi, o‘yinlarni tahlil qilishga sabri chidamasdi. Bunday ishlar o‘rniga o‘n-yigirmata partiyani o‘ynab tashlashni afzal ko‘rardi, nari borsa, umumiy hisobda kim g‘alaba qozongani qiziqtirardi.
Raqiblarining uzoqni ko‘zlagan g‘oyalariga e’tibor bermas, u bu g‘oyalarni sezmasdi. Faqat taxtada sipohlarni qurbon qilish mumkin bo‘lgan vaziyat yuzaga kelganda ko‘zlari yonib ketardi.
Unda o‘sha vaqtda uslubiy tayyorgarlik, vazmin fikr-mulohaza yuritish umuman yo‘q edi. O‘yinlarda katta ustunlikka erishguncha dadil dona surardi. Keyin birdan o‘yinga bo‘lgan qiziqishi so‘nardi, go‘yo ushlab olgan balig‘ini daryoga qo‘yib yuborib, qaytadan ovlashni istardi. Bo‘shatilgan baliq ikkinchi bor qarmoqqa kam ilinganday, Tal musobaqalarda yengiltakligi tufayli ko‘p ochko yo‘qotardi.
Xullas, u ko‘proq duelboz rolida chiqishni yoqtiradigan aktyorga o‘xshardi. Misoli “Romea va Juletta”dagi Merkutsio. Ammo u o‘z rolini qoyillatib ijro etardi. Ayniqsa, o‘yinda tashabbusni o‘z qo‘liga olsa, vaziyat topqirlikni talab qilsa, izlagan muhitini topganday yayrab ketardi va raqiblarini qil ustida ushlab turardi.
Qanchalik jangovar bo‘lmasin, tez ranjirdi, tez ta’sirlanardi, tezda qizishib ketardi. O‘z xatosi tufayli yutqazib qo‘ysa, ezilib yurardi va bunday kezlarda raqiblariga nishon vazifasini o‘tardi. Bir gal saralash musobaqasida peshqadamlik qilardi va vaziyati yaxshi bo‘lib turganda bo‘g‘ma motni ko‘rmay qoldi. Bu xato unga shunchalik ta’sir qildiki, qolgan o‘yinlarning barchasida kurashsiz taslim bo‘ldi.
Biroq har qanday mag‘lubiyat Talning irodasini sindirmasdi. Bolakay raqiblarini hurmat qilishni bilardi. Agar halol o‘yinda mag‘lubiyatga uchrasa, keyingi uchrashuvda bor kuchini ishga solardi.
Yosh Talning (ulg‘aygandan keyin ham) sevimli mashg‘uloti tezkor shohmot edi – bunda yechim uzoq kutdirmaydi va asosan aniq bitta reja bilan o‘ynaladi. Tez fikrlash qobiliyatiga ega Tal blits-o‘yinlarda o‘zini ko‘rsatardi.
Shunday musobaqa borki, unda tezkor shohmot ustasi hisoblangan Tal tseytnot (vaqt tangligi)ga tushib qolardi. Gap jamoalararo musobaqa haqida bormoqda. Bu tasodifiy hol emas. Birodarlik tuyg‘usini ustun qo‘ygan Tal jamoaviy o‘yinlarda o‘ziga xos tavakkal yurishlardan voz kechardi, do‘stlariga pand berib qo‘ymaslik uchun qiynalsa ham uzoq o‘ylardi, vaziyat ustunligini sekin-asta oshirib borishga harakat qilardi. Albatta, Tal ham muvaffaqiyatsizlikka uchrardi va ular o‘z asoratini qoldirardi.
1951 yilning yozida Latviya o‘smirlar jamoasi mamlakat birinchiligida qatnashardi. Litva jamoasi bilan bo‘lgan o‘yinda Tal Rosimovichga qarshi dona surardi. Jiddiy qiyofada o‘tirgan Misha o‘yinga berilib ketdi, piyodasini qurbon qildi va vaziyati yomonlashdi. Shu vaqtda u hushiga keldi, jamoa uchun o‘ynayotgani esiga tushdi… Qanchalik urinmasin tseytnotda o‘yinni topshirdi.
O‘yindan keyin jamoa sardori Talga biror narsani qurbon qilishni qat’iyan taqiqladi. Shunday ham u qattiq azob chekayotgandi. Bundan keyin vaziyat ustunligiga erishish uchun o‘ynashga va’da berdi. U so‘zining ustidan chiqdi, lekin bu jamoa uchun qimmatga tushdi: Tal qolgan to‘qqiz o‘yinda atigi uch yarim ochko jamg‘ardi. Afsuslanarlisi, uchta o‘yinni tseytnotda yutqazdi.
Yana shunday voqea bo‘lgandi: Tal o‘zi istamagan holda jamoadoshlarini qattiq ranjitdi. Bu kelgusi yili Rostovda o‘smirlar o‘rtasidagi mamlakat birinchiligi yarim finalida yuz berdi. Oxirgi turda peshqadamlar – Ukraina va Latviya jamoalari uchrashgan bo‘lsa, uchinchi da’vogar – rossiyaliklar Turkmaniston jamoasiga qarshi o‘ynardi. Tugallangan o‘yinlar natijasiga ko‘ra ukrainaliklar 3:2 hisobida oldinga chiqib olishdi. Endi Latviyaning finalga chiqishi davom etayotgan Tal o‘yiniga bog‘liq bo‘lib qoldi: buning uchun u durang qilishi kifoya edi, o‘shanda rossiyaliklar barcha o‘yinni yutganda ham ochkolar bo‘yicha latviyaliklarga yeta olishmasdi.
O‘yinda vaziyat teng, Talning durangga erishishi uchun muammo yo‘q edi. Biroq, o‘yin qiziqarli tus olishi mumkin bo‘lgani uchun Tal durang taklif qilmayotgandi, u qizg‘in kurashga kirishishni qo‘msardi. U hushyorlikka undovchi qalb ovoziga quloq soldi, tezda yo‘lakka chiqdi va qo‘shni zalda o‘ynayotgan rossiyaliklar natijasini surishtirdi. Kimdir unga turkmanistonliklar yarim ochko olganini aytdi. Balki u yanglishgandi yoki noxolis niyatda haqiqiy hisobni yashirgandi. Chunki rossiyaliklar barcha o‘yinda yutgandi. Misha yolg‘on xabarni eshitib xursand holda joyiga o‘tirdi: endi o‘ynasa bo‘ladi, hatto yutqazsa ham hech narsa qilmaydi, finalga chiqish masalasi hal bo‘lgandi. Siz ham sezib turibsiz, Tal o‘sha o‘yinda yutqazdi. O‘yin varaqasiga yengilganini yozayotgan vaqtda achchiq haqiqatni bildi va jamoadoshlariga og‘ir zarba berganini tushundi.
Bu unga umrbod unutilmas saboq bo‘ldi. O‘shandan keyin ko‘plab jamoaviy musobaqalarda – mamlakat chempionati, talabalar o‘rtasida jahon birinchiligi va shohmot olimpiadalarida qatnashdi, u har safar jamoada sermahsul o‘yin ko‘rsatdi.
Tal 1952 yilning yozida Rigadagi 16-o‘rta maktabni tugatib, Latviya universitetiga kirish uchun ariza berdi. Bir necha kundan keyin hujjatlarini qaytarishdi: hali u 16 yoshga to‘lmagandi. Oliy ta’lim vazirligidan ruxsat olishga to‘g‘ri keldi. Buni qarangki, bahorda kattalar o‘rtasida Riga chempioni bo‘lgan Tal hali “bolakay” ekan.
U maktabni tugatsa ham sho‘xligini qo‘ymadi. Kirish imtihonida “Evgeniy Onegin” romanidagi “Qattiq koyimasdi sho‘xlik qilsa ham, dala boqqa olib ketardi har dam” misralaridagi “dala” so‘zini, o‘zicha zamonaviylashtirib “bola” deb o‘qidi. Bu sho‘xligi bahosining pasayishiga olib keldi, javobi “to‘rt”ga baholandi. Qolgan imtihonlardan “besh” olgani uchun universitetga kirdi.
1953 yilda Tal birinchi katta muvaffaqiyatiga erishdi – u Latviya chempioni bo‘ldi. Shuningdek, mamlakat jamoaviy birinchiligida muvaffaqiyatli dona surdi. Final musobaqalarida ikkinchi taxtada o‘ynab, sport ustasi Kasparyan bilan bir xil ochko to‘pladi. Muhimi, chiroyli g‘alabalarga erishdi. Chindan ham Tal sport ustasi unvoniga munosib o‘yinlar ko‘rsatayotgandi, unga bunday “imtihon” topshirishga ruxsat berishdi. “Imtihon” oluvchi vazifasiga sport ustasi Vladimir Saygin tayinlandi.
Shu vaqtgacha shohmotchi Talning fazilatlari haqida emas, zaif tomonlari to‘g‘risida fikr yuritdik. Shu bois sizni uning 16 yoshida Respublika chempioni bo‘lgani va sport ustasi unvoniga da’vogarlik qilayotgani ajablantirayotgandir.
Bunday qarama-qarshi fikrlar o‘rinsiz. Chunki Tal shohmot o‘ynayotgan vaqtda vaziyatni chuqur baholamayotgani, himoyalanish talab etiladigan yurishlarni yoqtirmasligi, chidamsizligi (u tez yurib, raqiblarini tseytnotga tushirardi) ko‘zga yaqqol ko‘rinib turardi. Fazilatlariga kelsak, ularni ko‘rish, aniqlash qiyinroq, barchasi bittagina “iste’dod” degan so‘zda ifodasini topgan. Haqiqatan ham Tal ajoyib tarzda yutganda, qiyin vaziyatlardan “sirg‘alib” chiqib ketganda, tabiiy iqtidori namoyon bo‘lardi.
Biz uning bolaligidan ajoyib xotiraga ega bo‘lganligini bilamiz, bu fazilati shohmotda juda asqotardi. Ehtimol, chigal vaziyatlarda barcha yo‘llarni xayolan ko‘rishda Talga teng keladigan raqib yo‘q edi. U vaziyatlarni xayolan shunchalik chuqur tahlil qilish qobiliyatiga ega ediki, boshqalar xohlaganlarida ham buning uddasidan chiqa olishmasdi. Faqat u bunday teranlikda narsalarning asl ranglarini ajratmagan, boshqacha aytganda yurishlar ketma-ketligining ba’zi oqibatlarini ko‘rmagan bo‘lishi mumkin. Biroq Tal o‘yindagi vaziyatlarda yuzaga keladigan yurishlarni raqiblariga nisbatan yaxshiroq hisoblardi.
Uning shohmot qobiliyatidagi o‘zgalarni jalb etadigan fazilatlari: o‘yin paytida xayollarga erk berish, ijodkorligi, topqirligi edi. O‘rtamiyona shohmotchilar, ayniqsa, havaskorlar o‘zlarining chiroyli kombinatsiyani amalga oshirgan o‘yinlarini eslashlari qiyin. Lekin Talning har qanday musobaqadagi istalgan o‘yinini eslab, undagi chiroyli yurishlarini yoki qurbon bilan bog‘liq kombinatsiyasini ko‘rsatsa bo‘lardi. Go‘yo u kombinatsiya havosidan nafas olardi. Tal o‘yinning goh u joyida, goh bu joyida kutilmagan yurish qilardi, raqiblarini chalg‘itadigan “qopqon” qo‘yardi yoki chiroyli tarzda “tuzoq”qa tushirardi.
Siz bunga uning tavakkal o‘yinga moyilligini, xatardan hayiqmasligini, hayron qolarli darajada tez dona surishini qo‘shing, shunda sabr-bardoshli, bilimli, oddiy havaskorga yutqazishi mumkin bo‘lgan bu tajribasiz va chidamsiz, lekin hiylakor va uddaburon o‘smirning nima uchun sport unvonlariga ega shohmot ritsarlarini qulatganini tushunasiz.
To‘g‘ri, o‘sha vaqtda Talda keyinchalik bahs-munozaralarga sabab bo‘ladigan o‘z o‘yin uslubi, o‘ziga xosligi hali to‘la shakllanmagandi. Lekin yosh Talning o‘yinlarini diqqat bilan tahlil qilsangiz, uning o‘z o‘yin uslubi, o‘ziga xosligi shakllana boshlaganini ko‘rsa bo‘lardi.
Shu o‘rinda Talning 1953 yilda o‘tkazilgan mamlakat jamoa birinchiligida Grushevskiyga qarshi ishlatgan kombinatsiyasini alohida ta’kidlashimiz lozim. U mazkur musobaqada ham bundan-da chiroyli kombinatsiyalarni amalga oshirdi. Lekin aynan o‘sha kombinatsiyasida Talning o‘zigagina xos jihatlari yaqqol ko‘zga tashlanadi.
O‘shanda Tal o‘yin o‘rtalarida raqibi unga tuzoq tayyorlayotganini sezib qoldi. O‘ziga xos tafakkuri yordamida tuzoq oqibatlarini chuqur tahlil qilishga kirishdi. “Xo‘p, – deb o‘yladi u, – tuzog‘iga ilinsam nima bo‘ladi”. U xayolida barcha yo‘llarni ko‘rib chiqdi va raqibi ilg‘ay olmaydigan “teranlik”da yechim borligini ko‘rganda quvonib ketdi. Oddiy qilib aytsak, Tal kutilayotgan kombinatsiyaga javob zarbasi borligini topdi. Ya’ni, tuzoqqa qarshi tuzoq. Bu ajoyib! Raqibi bu tuzoqni ko‘rdimikin? Har qalay uni bunga undab ko‘rish kerak.
U chalg‘ituvchi yurishi bilan raqibiga kombinatsiyani boshlashiga imkon berdi. Grushevskiy uzoq o‘ylab o‘tirmadi: sirti yaltiroq kombinatsiyasiga mahliyo edi. Keyingi yurishlar Tal “yozgan” stsenariy bo‘yicha davom etdi: Tal qurbonlikni oldi, Tal chekindi, Tal lashkarlari qocha boshladi. Raqibi g‘alabasi tantanasiga hozirlanayotganda birdan qochayotgan sipohlar orqaga o‘girilishdi va ta’qibchilariga ajal urug‘ini sochishdi.
Bir yildan keyin Talning o‘spirinlar jamoaviy musobaqasida Visotskisga qarshi o‘tkazgan o‘yinida ham shunday holat takrorlandi. Tal raqibi sipohlar qurboni bilan bog‘liq kombinatsiyaga undayotganini sezib qoldi. U vaziyatni tezda chamaladi va raqibi “mina” tayyorlab qo‘yganini ko‘rdi. Aytaylik, “mina” portlaydi, keyin nima bo‘ladi? Ma’lum bo‘ldiki, Visotskis undan keyingi yurishlarni o‘ylamagan. Chuqurroq tahlil qilgan Tal raqibining rejasini chippakka chiqaruvchi yurish borligini ilg‘adi. Yana Tal itoatkorlik bilan raqibiga bo‘ysundi. Yana pona ponani bo‘lib tashladi, kombinatsiya kombinatsiyani yo‘qqa chiqardi! Bu usul, ya’ni yiqilayotgan polvonday raqibini o‘ziga tortish va uni qulatish Talga yoqib qoldi.
Ehtimol siz, mo‘ylovi sabza urmagan o‘spirin unga taniqli sport ustasi bilan o‘ynashga ruxsat berilganini eshitgach, jiddiy tayyorgarlikni boshlab yuborgandir, deb o‘ylayotgandirsiz. Aytaylik, Saygin o‘yinlari matnini ko‘rib chiqqandir? Yo yangi debyutlar tayyorlagandir? Yoki o‘zi uchun qiyinroq endshpil holatlarini tahlil etgandir? Tal uni ham, buni ham, uchinchisini ham qilmadi. U o‘ziga qattiq ishongani va yengiltak o‘ylarga berilgani uchun bo‘lajak uchrashuvga juda oz tayyorgarlik ko‘rdi. Keyinroq bildikki, Tal shunday qilsa bo‘lar ekan.
Biz bunda Tal fe’l-atvoriga xos bir jihatni yaqqol ko‘ramiz: u tinkasi quriguncha ishlashga, kecha-kunduz demasdan shohmot hikmat-bilimlarini o‘rganishga tayyor, agar tahlil etilayotgan o‘yin yoqsa, qiziqarli bo‘lsa. “Hayot go‘zal, mehnat huzur bag‘ishlaydi”. Bu naql uning ko‘nglidagi gap edi.
Xullas, yosh Tal zarurat tug‘ilganda sog‘lom fikr taqozo etadigan ishlarni bajarishga o‘zini majbur qila olmasdi. U qalbida tabiat tuhfa etgan iqtidor to‘lib-toshayotgani uchun o‘ylab ko‘rishi lozim bo‘lgan ishlarga ham e’tibor bermasdi. Lekin shunday davr keldiki, yolg‘iz iste’dodning o‘zi aravani tortishga qurbi kelmay qoladi. Qachondir shunday bo‘ladi? Hozircha Tal uchun “muvaffaqiyat” va “mehnat” tushunchalari biri ikkinchisidan juda yiroq, g‘alaba qozonish uchun ko‘tarinki kayfiyat bo‘lsa bas.
Saygin bilan o‘yini Riga shohmot klubida o‘tkazildi. Bu uchrashuv, ayniqsa, Tal tengdoshlari o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otdi. O‘yin davomida Misha o‘rnidan sakrab turib, kimningdir oldiga kelar, hazil-huzul gaplarini aytib kulishib olardi. Boshqacha aytganda, uchrashuv quvnoq va erkin muhitda o‘tdi.
To‘g‘ri, yakkama-yakka uchrashuv boshlarida quvonishga asos yo‘q edi: birinchi o‘yin durang bo‘ldi, ikkinchi o‘yinda Talning tavakkal qurboni raqibiga sifat ustunligini berdi va tez orada tor-mor etildi. Ammo keyingi o‘yinda Misha nishonni bexato urib zavqlandi: shohga hujum qilib, Saygin sipohlari qatorini sochib yubordi va 47-yurishdayoq uni taslim qildi. Keyin ketma-ket to‘rtta durang, nihoyat 8-o‘yinda g‘alaba!
Shunday qilib, sakkiz o‘yindan keyin Tal hisobda oldinga chiqib oldi. O‘n birinchi o‘yinda hisob tenglashdi. Tal o‘yinda katta ustunlikka erishgandi, sabr bilan hosilni yig‘ishtirib olish o‘rniga o‘rtoqlarini xursand qilish uchun chiroyli ko‘ringan kombinatsiyani boshladi. Afsuski, buning oxiri voy ekan.
Hisob tenglashib, uchrashuv tugashiga bor-yo‘g‘i uch o‘yin qolganda Tal xavotirga tushdi, hatto yengil-elpi tayyorgarlik ko‘rgani uchun afsuslandi. Ammo keyingi ikki o‘yinda raqibini yengdi, oxirgisida durangga kelishdi va uchrashuvda zafar quchdi – 8:6.
Bunday g‘alabani nishonlamaslik mumkin emas. Shunday ham Tal xonadonida Mishaning 5-6 nafar o‘rtog‘i har kuni tamaddi qilardi (ota-onasi kichik o‘g‘lining uyni mehmonxonaga aylantirganiga ko‘nikib ketgandi), o‘sha kechqurun keldi-ketdining oxiri ko‘rinmasdi.
Baxtiyor yosh sport ustasi rosa yayradi: mansabdorlarning g‘ashiga tegadigan so‘zlar qo‘shilgan taqlid va hazil qo‘shiqlar kuyladi (doktor Tal o‘g‘liga xavotirlanib qarab qo‘yardi), xotira quvvatini namoyish etdi, royalda musiqa ijro qildi. Xullas, o‘zining haqiqiy iqtidori shohmotda emas, estradada ekanini ko‘rsatishga urindi.
Vazmin Saygin bunday quvnoq shohmotchini birinchi marta ko‘rayotgani uchun hayron qolib o‘tirardi. Doktor Tal payt poylab, Sayginni chekkaga taklif qildi va dilidagi gapini aytdi.
– Siz Kuprinning “Marabu” hikoyasini eslasangiz kerak. Shohmotchilarni laylaksimon qushga o‘xshatishi o‘rinsiz bo‘lsa ham yaxshi hikoya. Bizning Marabu qushimiz sizga yoqdimi? Tinib-tinchimas bu bizbizak, shohmot taxtasiga tikilib qachon shug‘ullanar ekan? Uning yengiltakligi ba’zan meni tashvishga soladi. Iltimos, u bilan gaplashib ko‘ring, shohmotga jiddiy yondoshish lozimligini uqtiring.
Saygin nozik topshiriqni astoydil bajarishga chog‘lanib, o‘spirinni chekkaga tortdi.
– Sen meni yutding va bayram qilayapsan, – deya gap boshladi u. – Endi sport ustasi bo‘lding, mamlakat chempionatining chorak finalida o‘ynaysan, ehtimol yarim finalga chiqarsan. Yarim finalda o‘ynash oson emas. Hatto kimdandir yarim ochko olish ham qiyin. Xolmovga o‘xshaganlarni yutishning o‘zi bo‘lmaydi. Ular bilan durang qilish ham katta gap. Shu bois sen har bir musobaqaga, har bir o‘yinga jiddiy hozirlik ko‘rishing kerak. Sen…
Tal tinglar ekan o‘zicha o‘ylardi: “Siz meni bekorga qo‘rqityapsiz. Men hech kimdan qo‘rqmayman! To‘g‘ri, o‘ziga qattiq ishonish yaxshi emasligini bilaman, men shunday yaratilgan bo‘lsam ne qilay? Agar burdalab tashlasangiz ham hech kimdan qo‘rqmayman! Siz dadamning gapiga kirib (u hammasini ko‘rib turgandi), bekorga shu ishga qo‘l urdingiz. Men shunday yaratilganman”.
Shunga qaramay, u Sayginning “tarbiyaviy soati” tugashini jimgina kutdi va sakrab turib royal yoniga borib dedi:
– Xonimlar va janoblar! Yana siz uchun kuy chalib beraman…
Saygin kulib qo‘ydi va qo‘lini siltadi.
Tez kunda tantanali marosim ertaroq o‘tkazilgani ma’lum bo‘ldi. Grossmeyster Averbax boshchiligidagi unvon berish komissiyasi Talga sport ustasi unvonini rasmiylashtirishga shoshilmadi. Sababi, ularni Talning g‘alabasi shu unvonga loyiqligiga ishontira olmabdi. Ular bu masalani qo‘shimcha dalil-tasdiq bo‘lguncha qoldirishgandi. Tal ularga shunday asos yaratib berdi.
Negaki, ko‘p o‘tmay Rigada mamlakat jamoaviy birinchiligi tashkil etildi. Tal “Daugava” jamoasi tarkibida birinchi taxtada o‘ynadi. Ilgari u Petrosyan, Taymanov, Averbax, Korchnoy, Vasyukov, Aronin, Lisitsin, Kan, Chistyakov, Suetin kabi bilimdon raqiblar bilan taxta ortida yuzma-yuz uchrashmagandi. Albatta, yosh Tal bunday jiddiy sinovlarga hali dosh bera olmasdi. Lekin u bitta grossmeyster ustidan g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldi. Tal o‘yin boshida Averbaxga bitta piyodasini qurbon qilib, uni chalg‘itishga urinib ko‘rdi. Grossmeyster san’atkorona himoyalanib, tashabbusni o‘z qo‘liga oldi. Baribir, Tal vaqt tangligida bitta sipoh ustunligiga erishdi va unvon berish komissiyasi raisini mag‘lubiyatga uchratdi.
1954 yilning oxirida o‘n sakkiz yoshli Tal unvon berish komissiyasidan o‘ziga sport ustasi unvoni berilgani to‘g‘risida bildirishnoma oldi… Endi “Shohmot kataklari qaroqchisi” (unga shunday laqab to‘qishgandi) kemasining yelkanlarini ko‘tarib, ochiq dengizga chiqishga tayyorgarlik ko‘ra boshladi.

KATTA VOQEALAR ARAFASIDA

Shunday qilib, Tal sport ustasi! Kuchli raqiblar bilan ham dona surishdi va bu uchrashuvlar o‘z samarasini berdi. Boshqacha aytganda, “balog‘atga yetish” fursati kelgandi. Ammo Talning shohmot uslubi shakllanish jarayonida edi. Hamon uning o‘yinlari mo‘tadil emasdi, qiziqarli vaziyatlardan tez ta’sirlanishi to‘liq kuch bilan o‘ynashiga imkon bermasdi. Bundan tashqari (tasavvur qiling, bu ham ahamiyatli ekan), uydagilarining mehribonligiga o‘rgangan Tal boshqa shaharlarga borganda, oddiy turmush qiyinchiliklariga tayyor emasligi sezilib qolardi.
1955 yilning may oyida Vilnyusda mamlakat birinchiligining chorak final musobaqasi o‘tkazildi. Qatnashchilar orasida sport ustalari – Xolmov, Sokolskiy va Estoniya, Belorussiya, Latviyaning bir qator kuchli shohmotchilari bor edi. Musobaqa boshida Sayginning ogohlantirishi bejiz emasligini esladi: Tal o‘n turdan keyin besh ochko jamg‘argandi.
Bilmadik, Misha musobaqani qanday yakunlardi, biroq voqealar rivojiga uning onasi aralashdi. O‘g‘lining ishlari yomonligini sezgan ona yordamga shoshildi. Ajoyib tonglardan birida Ida Grigorevna Misha yashayotgan mehmonxona xonasining eshigini ochdi.
Ozib ketgan Misha shohmot taxtasida qaysidir o‘yinni tahlil qilardi. Onasini ko‘rishi bilan quchog‘iga otildi.
– Misha, ishlaring qalay?
– Oyijon, yomon. Ertalab och qolayapman, mehmonxonaning restorani tushda ochiladi. Tuflim oyog‘imni qisayapti. Keyin, juda zerikayapman.
– Shundaymi, o‘g‘lim, tufli muammosi oddiy yechiladi: poylarini almashtir, sen ularni noto‘g‘ri kiyibsan. Nonushta masalasiga kelsak, hozirgina Ayvar Gipslisning mehmonxona qarshisidagi qahvaxonaga kirib ketayotganini ko‘rdim. Endi boshqa zerikmaysan, chunki men sen bilan qolaman. Qani, ayt-chi: endi yutamizmi yoki xunob bo‘lib yuraveramizmi?
– Albatta, yutamiz!
Haqiqatan ham u dilgirligini unutib, keyingi yetti turda olti ochko jamg‘ardi. Natijada Tal Xolmov va Neydan ortda qolib, Chukayev bilan 3-4-o‘rinlarni bo‘lashib oldi.
Mazkur musobaqada diqqatga sazovor o‘yinlar, hatto yurishlar bo‘ldi. U o‘n birinchi turda Gipslisga qarshi qora donalar bilan o‘ynadi. Talning musobaqa jadvalidagi mavqei yomonligini bilgani uchun Gipslis ochiqchasiga durangga o‘ynay boshladi. U Talni bunday natija qanoatlantirmasligini sezgani uchun raqibining o‘zini baloga giriftor etishini kutardi. Bu ham raqibga ruhan ta’sir etish usuli.
Tal raqibining niyatini darhol angladi. Ammo to‘g‘ri tashhis qo‘yish hali kasallikni davolash degani emas. Bu aqidani doktorning o‘g‘li yaxshi bilardi. Nima qilish kerak? Har holda, boshni kundaga qo‘ymaslik lozim. Tezkor o‘yin ustasi bo‘lgan Tal bitta yurishni qilish uchun qirq daqiqa o‘yladi!
U vaqtni behuda sarflamagandi. Tal raqibini izdan chiqarish uchun qanday ruhiy zarba berish haqida o‘yladi. U atay taxtada juda chigal – hatto qoralar uchun mag‘lubiyat vaziyatni vujudga keltirdi. Hamma ayyorlik shunda ediki, bu vaziyatda oqlar aniq yurishlar qilib, tezroq tashabbusni o‘z ixtiyoriga olishi lozim, aks holda qoralarning qarshi hujum uyushtirishiga imkon tug‘ilardi. Misha aynan shu pallada Gipslis keskin o‘yinga tayyor emasligini va dastlabki qarorini o‘zgartira olmasligini fahmlagandi. U yanglishmagandi, Gipslis avvalgiday ehtiyotkor va sust o‘yinni davom ettirdi. Bundan foydalangan Tal tanaffusgacha o‘yindagi tashabbusni o‘z qo‘liga oldi va kechiktirilgan vaziyatda yutuqni ta’minlovchi yagona yo‘lni topdi.
Bu o‘yinning e’tiborli tomoni shundaki, Tal ruhan ta’sir etishning nozik jihatlarini yaxshi tushundi va undan unumli foydalana bildi. Bundan ham muhimi, Tal ixtiyoriy ravishda taxtada o‘zi uchun yomon vaziyatni yuzaga keltirgandi. U bu ayyorlikni o‘spirinlarga xos hisob-kitob bilan emas, balki faxriylarga xos sovuqqonlik bilan amalga oshirdi. Biz buni eslab qolaylik, chunki qahramonimiz ijodiy uslubini o‘rganishimizga, tushunishimizga yordam beradi.
Mamlakat chempionati yarim final musobaqalaridan oldin Tal Latviya – Rossiya jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda ishtirok etdi. Uning Veltmander bilan o‘yinida qiziq voqea ro‘y berdi. Tal taxtaga qarab ajoyib vaziyatga erishganini ko‘rdi va odatdagiday o‘yinga qiziqishi susaydi. Umuman olganda, Laskerning “Eng qiyini – yutuq vaziyatda yutish”, degan iborasi Tal tabiatiga juda mos edi. Talvasaga tushgan Veltmander jon achchig‘ida kisht berdi. Endi shoh chekinsa bas, keyin raqibni bir necha yurishda tor-mor qilish mumkin. Ammo Talni bunday yakun qanoatlantirmasdi, o‘z asab tolalarini tarang torttirishi lozimday murakkab yurishlarini boshlab yubordi. Xatolikka yo‘l qo‘yib, arang durangga erishdi.
Kim biladi, ehtimol bu durang bir necha g‘alabaga tatiydi. Nihoyat, Tal jiddiy musobaqalarda sabr-bardoshsiz ko‘p narsaga erishib bo‘lmasligini angladi. Qisqasi, Tal ulg‘aygandi.
1955 yilning oxirida Rigada XXIII mamlakat chempionatining yarim finali bo‘ldi. Musobaqada Boleslavskiy, Korchnoy, Furman, Borisenko, Ilivitskiy kabi usta shohmotchilar qatnashdi. Atigi besh yil ilgari Boleslavskiy jahon chempioni Botvinnik bilan yakkama-yakka o‘ynash huquqini qo‘lga kiritish uchun Bronshteynga qarshi dona surgandi. O‘n to‘qqiz yoshli Tal ham ana shunday e’tiborli davrada o‘ynash uchun qo‘yilgandi.
Tal hech kimdan qo‘rqmasdi, taxta ortidagi raqibining obro‘siga e’tibor bermasdi. Albatta, taxta ortidagi raqibiga! Holbuki, u nomdor shohmotchilarni chuqur hurmat qilardi: David Bronshteynni ma’naviy ustozi hisoblardi, Paul Keres, Rashid Nejmetdinovning mohirligi va hujumkorligini, boshqa shohmotchilarning ham o‘zlariga xos jihatlarini qadrlardi. Shu bois Talning har bir musobaqadan keyin kimningdir o‘zidan yaxshiroq o‘ynaganini e’tirof etgani bejiz emas. Masalan, 1957 yildagi chempionatdan keyin g‘olib chiqqan Tal musobaqada Bronshteyn yaxshi o‘ynaganini va u birinchi bo‘lishga haqli ekanligini ta’kidladi. Toj da’vogarlari musobaqasidan keyin Keresning hammadan ko‘ra chiroyli o‘ynaganini aytdi.
Xullas, Tal musobaqagacha va undan keyin ham raqiblariga hurmat bilan munosabatda bo‘lardi. Lekin ularga qarshi o‘ynashga otlanganida bu hurmatini paltosi bilan binoga kiraverishdagi ilgakda qoldirardi.
Yaxshi xislat! Buning uchun Misha otasidan minnatdor bo‘lishi lozim. Chunki doktor Tal bemorlarni ajratmasdi.
– Vazir ham, aravakash ham men uchun bir xil bemor, – derdi doktor Tal. – Har birini davolash uchun sidqidildan kirishishim kerak. Hech bir bemorga imtiyozli xizmat ko‘rsatmasligim lozim.
Doktor mana shu nuqtai nazarini o‘g‘li Mishaga singdirishga harakat qildi. U bu ishni shunchalar ustamonlik bilan amalga oshirdiki, keyinchalik Mishaning fe’l-atvoridan bir oz xavotirga tushdi. Lekin doktor xavotirga tushmasa ham bo‘lardi. Misha har doim do‘stlariga yordamlashish, o‘zgalarni, ayniqsa, keksalarni hurmat qilish ruhida voyaga yetdi.
Kunlardan bir kuni grossmeyster Tal shunday hikmatli gap aytgandi: “Shohmotda yagona bir xato bor, bu raqibni ortiqcha baholashdir”. Bir qarashda bu gap mantiqqa ziddek tuyuladi. Aslida ham raqibning kuch-imkoniyatlariga haddan ziyod e’tibor berish yaxshilikka olib kelmaydi.
O’Genrining omadsiz iqtidorli bokschi haqidagi hikoyasini eslang: u ko‘chadagi janjalda jahon chempionini nokaut qiladi, ringda esa raqibining unvonini eshitgach, dovdirab qoladi, ayovsiz kaltaklanadi. Shohmotda ham nomlar va unvonlar sehrli kuchday ta’sir etadi.
Bir so‘z bilan aytganda, Tal o‘z kuchiga qattiq ishonardi. O‘ziga ishonchi va iqtidorining nekbinligi Tal shohmot qiyofasining asosini tashkil qilardi. Aynan o‘ziga qattiq ishongani uchun Tal musobaqalarda nomdor shohmotchilarga qarshi dadillik bilan qaltis hujumlar boshlardi. Albatta, o‘ziga ishonch, qaltis yurishlarni sinab ko‘rishga intilish ayrim o‘yinlarda mag‘lubiyat ko‘chasiga yetaklardi, ammo bu shakllanayotgan uslubning oldini olib bo‘lmaydigan arzimas yo‘qotishlari edi. Moliyachilar ta’biri bilan aytganda, ko‘rilgan katta foyda bu yo‘qotishlarni qoplardi.
O‘yinlarga yengiltaklik bilan tayyorgarlik ko‘rayotgani o‘z ta’sirini o‘tkazayotgan bo‘lishiga qaramay, u musobaqa tugashiga bir tur qolganda g‘oliblikni naqd qilib qo‘ydi. Chunonchi, Tal Borisenkoga qarshi o‘yinga trolleybusda kelayotgan vaqtda tayyorgarlik ko‘rdi. O‘z-o‘zidan ayonki, trolleybus o‘yin boshida yangi yurishlarni qo‘llashni o‘ylaydigan joy emas. Tal buni tezda angladi. Holbuki, o‘ylagan yurishi mohiyatan yomon emasdi, ammo yuzaga keladigan vaziyatlar chuqur tahlil va aniq reja tuzishni taqozo etardi. Bunga Talning toqati yo‘q edi. Natijada, u yanglishdi va qiyin ahvolga tushib qoldi. To‘g‘ri, oz vaqt qolganiga qaramay Tal raqibini rosa gangitdi.
Xushfe’l va ochiq chehra Borisenko vaqt tangligi (tseytnot)da o‘yinga berilib ketib, kulgili qiliqlar qilardi: goh qalamini chaynardi, goh chimirilib tebranardi, goh turib shimini ko‘tarardi… Kulgiga moyil Tal uchun bu xatti-harakatlarning bittasi ham xoxolashiga yetardi. Shunga qaramay, u raqibini ranjitib qo‘ymaslik uchun bor kuchi bilan kulib yubormaslikka tirishib, jiddiy qiyofada o‘tirardi. Natijada, Tal butun diqqat-e’tiborini o‘yinga qarata olmadi va o‘yinni kechiktirishdan oldin xato yurish qilib, sipohini tekinga berib qo‘ydi. Shu choq u o‘ziga keldi, ammo bo‘lar ish bo‘lgandi, yengilganini tan oldi.
Shuni tan olish kerakki, Riga yarim final musobaqalarida Talning sayqallanayotgan o‘ziga xos uslubi ko‘zga yaqqol tashlandi. Grushevskiy, Visotskis, Gipslis bilan bo‘lgan o‘yinlarini eslang: ularda Tal vaziyatdan “kelib chiqmagan” qaltis yurishlarnigina emas, balki o‘zining ahvolini yomonlashtiradigan chalg‘ituvchi yurishlarni ham sinovdan o‘tkazdi. Shohmotda ilk qadamlar tashlay boshlagan davrida ham necha bor bolalarcha o‘jarlik bilan yaroqsiz deyilgan shunday yurishlarni qo‘llab, jabrini tortgan-ku. Endi u shunday yurishlar ba’zi hollarda foydali bo‘lishi mumkin; degan xulosaga kelgandi. Ilgari u qaltis yurishlarni qiziqish tarzida omadini sinab ko‘rish maqsadida qo‘llardi, endi esa ularni sayqallashtirib, uslub darajasiga yetkazgandi. Shu ma’noda uning Lebedev bilan o‘tkazgan o‘yini diqqatga sazovor.
Bu o‘yin shunday davom etayotgandiki, kitobiy yurishlar qilinaversa, durang bilan yakunlanardi. Talning musobaqa jadvalidagi mavqei yaxshi, Lebedev esa “himoya qo‘rg‘onini” mustahkamlashga ulgurgandi, durangga jon deb ko‘nardi. Lekin bizga ma’lumki, Talga o‘yin jarayoni zavq bag‘ishlashi kerak. U shunday o‘ynab ochko olishni emas, chiroyli yutishni istadi. Go‘yo yosh bug‘uning boshi qichiganda shoxlash uchun ko‘ringan narsaga tashlanganday.
Nima qilish kerak? To‘g‘ridan-to‘g‘ri hujumga tashlanish foydasiz. Qanotlardan hujumga o‘tib ham biron natijaga erishish qiyin. Faqat bitta yo‘l – raqibni qarmoqqa ilintirish bor. Buning uchun unga xo‘rak tashlash lozim.
Tal shunday qaltis qarorga keldi. U o‘ta murakkab, o‘zi uchun noqulay, ammo imkon tug‘ildi deguncha qarshi hujum uyushtirish mumkin bo‘lgan yo‘nalishni tanladi. Uzoq vaqt “jar yoqasida” himoyalanishiga qaramay, oxiri uning niyati ro‘yobga chiqdi: taxtadagi qurbonlar bilan bog‘liq chigal vaziyatlarda Lebedev o‘yin tizginini yo‘qotdi va talafotga uchradi.
Uning yarim finaldagi g‘alabasi ko‘p narsani anglatardi. Avvalo, Talning iste’dodi ochilganidan, o‘yin sayqallashganidan darak berardi. Bir qarashda hazilkash, qaltis yurishlari bilan dadil o‘ynaydigan bu yigitcha yengiltabiat ko‘rinsa-da (ehtimol, atay shunday qilar), qalbida bir dunyo donolik, g‘ayrat va ishchanlik pinhon ekan. Tal o‘yinlari, xususan, Lebedev bilan bo‘lgan o‘yini uning o‘ziga xos jo‘shqin va murosasiz uslubi shakllanganini ko‘rsatdi.
Endi unga sport ustasi Aleksandr Koblents murabbiylik qilardi. Shuni ta’kidlashimiz lozimki, Koblents yosh shohmotchilar bilan mashg‘ulot o‘tkazayotgan paytda bu serg‘ayrat yigitcha favqulodda iqtidor egasi ekanligini darhol tushundi. U Tal xonadoniga tez-tez kelib maslahatlar berardi, Mishani Saygin bilan bo‘ladigan o‘yinga tayyorlagandi.
Vazmin, uncha-buncha narsaga pinagini buzmaydigan Koblents jo‘shqin shogirdining batamom aksi edi. Shu bois uning Talga katta foydasi tegdi. Aynan Koblentsning murabbiylik davrida Tal jiddiylashdi. Hatto, yaqinlashayotgan mamlakat birinchiligiga oldindan hozirlik ko‘rishga kirishdi. E’tibor bering, Koblents tavsiyasiga ko‘ra bo‘lg‘usi raqiblarining boshqa yarim finaldagi o‘yinlari matnini ko‘rib chiqdi.
Baribir Tal bolakayligicha qolgandi! Birinchidan, u nihoyasiga yetgan o‘yinlar matnini ko‘rib chiqardi. O‘yin boshidagi yurishlarni tahlil qilmasdi. Ikkinchidan… 19 yoshli Misha Tal 1956 yilning yanvarida Neva bo‘yidagi shaharda bo‘ladigan mamlakat chempionatiga oz emas, ko‘p emas, faqat birinchi o‘rinni egallash uchun jo‘nadi!
Shunisi qiziqki, to‘rt turdan keyin uch ochko jamg‘argan Tal musobaqada yakka peshqadam bo‘lib oldi. U birinchi turda Antoshin bilan durang o‘ynagach, keyingi o‘yinlarda sipohlarini qurbosh qilish evaziga Xasin va Simagin ustidan chiroyli g‘alabalarga erishdi. Biroq keyingi Boleslavskiy bilan o‘yinda pand yeyishiga oz qoldi, u piyodasini asossiz qurbon qilgandi. Vaqt tangligida boshni aylantiruvchi qurbonga bog‘liq yurishlarni boshlab yuborgani joniga oro kirdi, Boleslavskiy barchasiga qo‘l siltadi va durangga roziligini bildirdi.
Xullas, bolakay rosa yayradi! Kimdir uni hushiga keltirishi kerak edi. Bu vazifani bajarish boshqa yosh qatnashchi – Boris Spasskiy zimmasiga tushdi.
Tal Neva bo‘yidagi shaharda shohmot muxlislari hurmatini qozonishga ulgurgandi. U o‘sha kunlar ko‘tarinki kayfiyatda yurardi, mamlakatda tanilib borayotganidan xursand edi. Bir kuni ko‘chaning belgilanmagan joyidan kesib o‘tdi. Militsioner to‘xtatib, jarima to‘lashini aytdi. Aksiga olib, Tal pulsiz ko‘chaga chiqqandi. Shunda cho‘ntagidan “Oqshom” gazetasini oldi, uning to‘rtinchi sahifasida Tal – Simagin o‘yinini aks ettiruvchi surat bosilgandi. Militsioner suratni ko‘rib jilmaydi va Talning hurmati uchun o‘ng qo‘lini qoshi yoniga keltirib ruxsat berdi. Bu yoqimli munosabat Talga huzur baxsh etdi.
Spasskiy bilan o‘ynayotgan vaqtda Tal zaldagi tomoshabinlar o‘z hamshaharlariga ishqibozlik qilayotganini ko‘rdi va bundan xafa bo‘ldi. Bexosdan injiqligi qo‘zg‘oldi va o‘ziga ham “yosh iste’dod” deya munosabatda bo‘lgan davrlar esiga tushdi. Umuman olganda, Talning Spasskiy g‘alabalariga va uni “yorqin yulduz” deyishlariga g‘ashi kelardi. Mazkur musobaqada ikkala yosh shohmotchi 3,5 tadan ochko jamg‘arib, qo‘sh peshqadam bo‘lib turgani vaziyatni yanada keskinlashtirgandi.
Ilk muvaffaqiyatlardan boshi aylanganidanmi, tomoshabinlarning raqibiga ishqibozlik qilayotganiga g‘ashi kelganidanmi yoki yengiltakligi tutib ketganidanmi Tal o‘zining o‘yin uslubiga yot mujmal yurishlarni qo‘llab, yomon ahvolga tushib qoldi. Spasskiy o‘sha paytlar ham ustunlikdan qanday foydalanish kerakligini yaxshi bilardi. U o‘yinni oqilona davom ettirib, osongina g‘alaba qozondi.
Tal o‘sal holga tushdi. Chunki u o‘yindan keyin o‘zining sharafiga olqishlar yangrashiga ko‘nika boshlagandi. Shu daqiqada esa olqishlar raqibini sharaflayotgandi.
Bu o‘yin Talning popugini pasaytirdi, moviy osmondan yerga tushirib qo‘ydi. Musobaqaning qolgan o‘yinlarida g‘oliblik gulchambarini o‘ylamagan holda dona surdi. Muhimi, o‘ziga xos uslubda – “sarguzashtsevar” nomiga munosib tarzda o‘ynadi. Natijada, 17 imkoniyatdan 10,5 ochko to‘plab, Polugayevskiy va Xolmov bilan 5-7 – o‘rinlarni bo‘lashib oldi. Agar uning chempionat finalida birinchi marta o‘ynaganini va g‘oliblar – Averbax, Spasskiy va Taymanovdan atigi bir ochko kam jamg‘arganini hisobga olsak, bu yaxshi ko‘rsatkichdir.
Albatta, bu gaplar sport natijasiga tegishlidir. Uning ijodiy jihati-chi? Talning musobaqadagi o‘yiniga doir bitta mulohaza bizga ma’lum: “U nekbin, vaziyatlarni ziyrak baholaydi, shuningdek, tavakkalchiligi bor, tayyorgarlik ko‘rmasdan hujumga tashlanadi”. Bu mulohaza muallifi – P.Romanovskiy.
Endi G.Levenfishday bilimdonning fikri bilan tanishing: “O‘n to‘qqiz yoshli rigalik Tal chempionatning yorqin qatnashchisi bo‘ldi. U yuzaga kelgan vaziyatlarda qanday o‘ynash kerakligini yaxshi biladi va boshlayotgan kombinatsiyasini hayratlanarli darajada tez hisoblaydi. Tal har doim murakkab va shiddatli o‘yinga intilgani uchun muxlislar ishonchini qozondi… Ko‘pchilik qatnashchilar vaqt tangligidan qiynalishdi, Talda esa vaqt serob: u raqibining yurishini poyladi (barchasi oldindan hisoblangan!) va zerikkanidan qo‘shnilarining o‘yinlarini kuzatdi. Vaziyatni baholashda, vaziyatdan kelib chiqib hujumni o‘zgartirib yuborishda bir oz oqsayapti, bu o‘spirinlarga xos tabiiy hol. Ammo iste’dodi yaqqol ko‘zga tashlanyapti”.
Ikkala fikr ham yoqimli, lekin Talning o‘zi o‘yinidan qoniqmadi. U chempionat arafasida o‘z kuchiga ishonchi behuda emasligini sezdi (har qalay hali yengiltaklikdan qutulmagan, tajribasiz, vaziyatlarni chuqur tahlil qila olmaydigan davrda birinchi o‘rinni ko‘zlash bolalik orzusi, xolos). Tal ayrim o‘yinlardagina o‘z g‘oyalarini oxiriga yetkaza oldi, qolganlarida shoshma-shosharligi, qiziqqonligi va tajribasizligi pand berdi.
Yosh shohmotchining o‘z o‘yinidan qoniqmayotgani uning o‘ziga katta talablar qo‘yganini anglatardi. Darhaqiqat, unda kamolga yetayotgan qudratli kuch bor bo‘yi bilan yuksalayotgandi. Shu bois Tal kelgusi yiliyoq dunyodagi yetakchi shohmot mamlakati chempionatining g‘olibi bo‘ldi.
Xullas, Mixail Tal o‘zining hayratlanarli shohmot muvaffaqiyatlari ostonasida turardi, bor-yo‘g‘i uch yil o‘tib, u shohmot tojiga erishadi. Ha, Tal tilsimoti boshlanayotgandi!..

VAZIYaT TAQOZOSI – KURASh ASOSI

Tal tilsimotining mohiyati shunda ediki, shohmot donalari o‘yinning boshidan oxirigacha muallif o‘ylagan rollarni ijro etmasdi. Uning o‘yinlarida bir qarashda tasodifiy, mantiqqa zid yurishlar qilinardi. Chunki u dastlabki qarorini o‘zgartirib, birdan boshqa tomonga tashlanardi. Misoli sarkash daryo kabi o‘zanlarini o‘zgartirib turardi. Sharhchilar uning o‘yinlarida har bir sipoh yoki piyoda oldindan ko‘zlangan maqsadga izchillik bilan xizmat qilmasligini tanqid ostiga olishardi. Shuning uchun Talning o‘yini bir maqsadga yo‘naltirilmagan, deyishganda tanqidchilar qaysidir jihatdan haq edi. Negaki, u o‘yin paytida “vaziyatdan kelib chiqmasdi” va tayyorgarlik ko‘rmay hujumga tashlanardi. Ba’zan omad kulib boqqani uchungina mag‘lubiyatdan qutulib qolardi. Ha, tanqidchilar ham haq, ham nohaqdirlar. Haqligi – yuzaki qaraganda Talning g‘alabalari har doim bahstalab va ishonarli bo‘lmasdi. Nohaqligi – uning o‘yinlari yuzaki qaraganda shunday tuyulardi. Aslida, uning yurishlari bir maqsadga bo‘ysunmayotganday ko‘rinsa-da, g‘oyasi nihoyasiga yetgan o‘yinlarida yurishlar mantiqiy tizim, aniq qoidalar asosida amalga oshirilganini anglash qiyin emasdi. Axir daryolar o‘zanlarini har qancha o‘zgartirmasinlar, dengiz tomon intiladilar.
Ba’zan shohmotchilar haqida gap ketganda, ularga keskin yurishlar qiladi, kombinatsiyani yoqtiradi, vaziyatni saqlaydi, Alyoxin uslubida, Kapablanka uslubida, Botvinnik uslubida o‘ynaydi, deya ta’rif beriladi. Lekin Keresga o‘xshash har jihatdan yetuk shohmotchilar ham borki, ularning uslubini bitta qolip bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Negaki, uning kombinatsiyalari vaziyatni saqlash talablariga qat’iy bo‘ysunardi. Uni mumtoz usul, ayrimlar qayd etganday Botvinnik usuli ham deyish mumkindir, biroq bu ikki shohmotchining o‘yinlari bir-biridan farq qiladi.
Shunday ekan, shohmotda uslub nima? Bu savolni oddiy deb bo‘lmaydi. Albatta, ta’rifimiz mukammalligiga da’vo qilmagan holda shohmot uslubi deganda uning o‘ziga xos ijodi va yuzaga keladigan vaziyatlarni o‘zi yoqtirgan tarzda yechishini tushunishimiz kerak, deyishimiz mumkin.
Shohmotda uslublar ko‘p, lekin ular orasida aniq chegaralar bor. Tabiiyki, kimdir vaziyat ustunligiga erishishni, boshqasi kombinatsiya ishlatishni yoqtirardi. Birinchisi, oz-ozdan vaziyatni yaxshilab ustunlikka erishishni istaydi. Ikkinchisi, qulay fursat topib, piyodasini yoki sipohini qurbon qilish evaziga g‘alabaga intiladi. Bu vaziyatga qarab o‘ynaydiganlar kombinatsiyani bilmaydi, kombinatsiya axtaradiganlar vaziyatga qarab o‘ynay olmaydi, degani emas. Axir har kimning o‘rgangan muhiti bor, u shu muhitda o‘zini yaxshiroq sezadi. Aqli to‘lishgan Talni kombinatsiyani yoqtiruvchilarning yorqin vakili desak yanglishmagan bo‘lamiz.
Alyoxin jahon chempioni bo‘lmasdan avvalroq, Lasker u haqda shunday degandi: “Alyoxinning malakasi kombinatsion o‘yinlarda tobiga yetdi, u shunday o‘yinlarni yoqtiradi. Qolgan barcha yurishlar tayyorgarlik, xolos. Esankiratib qo‘yadigan yurish, qo‘qqisdan zarba berish – Alyoxinning o‘rgangan muhiti. U raqibining shohi xavfsiz joyda turgan vaqtda kayfiyatsiz dona suradi, raqib shohiga hujum boshlaganda yayrab ketadi. Unga taxtada qancha ko‘p dona bo‘lsa, shuncha yaxshi. Hujumkor o‘yinga payt poylash uchungina vaziyatni saqlab turishga harakat qiladi”.
Bu ta’rif Talning ijodiy uslubiga ham mos keladi. Agar Alyoxin “yoshligimda har qanday qiyin vaziyatdan ham kombinatsiya yordamida qutulish mumkin deya o‘ylardim” degan bo‘lsa, Tal jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritgandan keyin ham bunday fikrni rad etmasdi (yaxshimi yoki yomon – bu boshqa masala). “Talning qanday g‘alaba qozonishini bilishni istaysizmi? – degandi bir kuni Bronshteyn. – Juda oddiy: u sipohlarini markazga jamlaydi, keyin ularni qayerdadir qurbon qiladi…”
Chigorin va Alyoxinday zabardast ijodkorlar davomchisi, Laskerday shohmot jangchisi xislatiga ega, Bronshteyn va boshqa keskin o‘yinlarni yoqtiruvchilarning kombinatsion g‘oyalaridan ibrat olgan Tal o‘yin paytida favqulodda dadil, tavakkal va tajovuzkor dona suradi, u har bir o‘yinda nafaqat yaxshi yurishni, balki eng kuchli yurish qilishni istaydi.
Tal uchun shohmot faqat kurashdan iborat emas. U barchani jalb etadigan vaziyatlar yuzaga keltirganda nafis yechimlar topib, o‘yinni yakunlashni xohlaydi. Chindan ham Tal uchun yutish emas, qanday yutish muhim ahamiyatga ega.
Boshqa grossmeysterlar ham keskin, shiddatli o‘ynashadi, imkonini topdi deguncha chiroyli kombinatsiyalar uyushtirishadi. Shu bois Talning boshqalardan nimasi bilan farq qilishiga, uning shohmot san’atiga qanday ulush qo‘shganiga aniqlik kiritish maroqlidir.
Birinchi navbatda Talning tavakkal o‘yinlarga moyilligi yaqqol seziladi. Tal nafaqat tavakkal qiladi, balki tavakkal o‘yin uslubining asosiy jihatini tashkil etadi.
1959 yildagi da’vogarlar musobaqasi yakunlangandan keyin Moskvadagi shohmot gazetasida Tal bilan bo‘lgan musohaba e’lon qilindi. Unda shunday savol ham bor edi:
– Shiddatkor o‘yin tavakkalni taqozo etadi. Sizning o‘yinlaringizda noo‘rin tavakkallar ham bo‘ldimi?
Tal bu savolga shunday javob bergan:
– Bu qaysi birini noo‘rin tavakkal deyishga bog‘liq. Men o‘zim to‘rtinchi davrada Smislov bilan o‘yinda qarorimning to‘g‘riligiga to‘laligicha ishonmagandim. Durang qilishga qulay imkoniyat bor edi, lekin men vaqt tangligida g‘alabaga erishish mumkin deb o‘yladim. Ehtimol, tahlilchilar mening o‘yinlarimda shunday holatlar bo‘lganini ko‘plab topishar. Ammo bunday nufuzli davrada tavakkal qilmaslikning o‘zi mumkin emas…
Talning tavakkal o‘yinlarga tashnaligini uning fe’l-atvori bilan bog‘liq deyish mumkin. Chunki u tabiatan yangilikka o‘ch edi. Uning ba’zi o‘yinlarini sirli olamlarga qo‘yilgan ilk qadamlarga qiyoslasa arziydi. Har bir yurish oqibatini o‘ta noziklik bilan ilg‘ashiga qaramasdan u hamisha qilichini qayrashni yaxshi ko‘radi, binobarin, o‘yin paytidagi hujumlari ko‘pincha vaziyat taqozosidan kelib chiqmasdi, balki o‘zining ahvolini yomonlashtirardi, sipohlarini zarba ostida qoldirardi.
Nimaga? Yaxshisi o‘tmishga nazar solaylik.
O‘tgan asrning yigirmanchi yillarida ko‘pchilik buyuk grossmeysterlar shohmotga durang xavfi tahdid solmoqda, degan xulosaga kelishdi. Negaki, o‘yin saviyasi shitob bilan oshib borardi, g‘alaba qozonish qiyinlashib ketgandi.
1921 yilda Lasker tashvishlanib shunday yozgandi:
– Shohmotning o‘z sirlarini butkul oshkor etishiga oz vaqt qoldi. Qadimiy o‘yinning masalasi hal bo‘ladigan soat tobora yaqinlashmoqda. Zamonaviy shohmot durang deb atalmish ajal qo‘lida halok bo‘ladi, bu xavfning muqarrar g‘alabasi shohmot masalasini uzil-kesil hal qiladi.
1927 yilda boshqa shohmot dahosi – Kapablanka bundan-da tashvishli fikr bildirgandi:
– Keyingi paytlarda shohmotga qiziqishim so‘nib bormoqda, chunki ishonchim komil, bu o‘yin yaqin orada poyoniga yetadi.
Qanchalik noxush bashoratlar?! Yaxshiyam, davr bu bashoratlarni inkor etdi. Yana shu narsa ayonki, ko‘pchilik o‘yinlar rangsiz, lekin to‘g‘ri yurishlardan keyin durang bilan yakunlanmoqda. Kim g‘alaba qozonishni istasa, keskin choralar ko‘rishga majbur bo‘lmoqda. Bunday usullardan biri o‘z vaziyatini yomonlashtirish evaziga raqibni ravon yo‘ldan chekkaga – yurilmagan so‘qmoqlarga olib chiqishdir.
Bu mavzuni Talning o‘zi shunday davom ettirgandi:
– Agar ikkala raqib ham g‘alaba ishtiyoqida yonmasa, ular to‘g‘ri o‘ynashyapti (buni “yaxshi” ma’nosida yoki “yomon” ma’nosida ham tushunsangiz bo‘ladi). Bu holatda xato qilish ehtimoli yo‘qoladi, raqiblar bemalol dona surishadi. Hammasi aniq yo‘nalishlar tanlansa, 18–20 yurishdan keyin raqiblar o‘ylagandek o‘yin durang bilan yakunlanadi.
Ammo yutish lozim bo‘lganda, nima qilish kerak? Axir, raqib hujum xavfini sezishi bilan qarshi chora-tadbirlar ko‘radi. Vaziyat zaifligidan foydalanish darkordir? Qaysi raqib vaziyatini zaiflashtirardi?! Shu bois hozirgi kunda raqiblardan biri yoki ikkalasi ham barchaga tanish yo‘nalishdan voz kechib, atayin “qorong‘i ko‘chalar”ga kirishni xohlaydi, qaysiki bu yo‘lakda faqat bir kishiga yo‘l bor. Bugungi kunda ko‘pchilik shohmotdagi ko‘paytirish amallarigina emas, logarifmlarini ham yaxshi biladi. Endi raqibga ikki karra ikki besh ekanligini isbotlashga to‘g‘ri kelmoqda…
O‘z-o‘zidan ayonki, murosasiz o‘ynash uchun nafaqat zamonaviy shohmot bilimi, balki jismoniy, ruhiy tayyorgarlik ham muhim ahamiyatga ega. Shunday tayyorgarligi bo‘lmagan shohmotchining xato qilish ehtimoli oshadi. Shunga qaramay bunday murosasiz o‘yinlar “grossmeysterlar duranggi”ga nisbatan ko‘proq taassurot qoldiradi.
Ikki karra ikki besh ekanligini isbot qilish… Qanday ajoyib vazifa?! Demak, g‘alabaga mantiqiy va aniq (ikki karra ikki to‘rt) bilangina emas, balki atayin qilingan qaltis yurishlar (ikki karra ikki besh) evaziga ham erishish mumkin.
Bu xulosa yangi emasligini zakiy o‘quvchi yaxshi biladi. O‘z vaqtida Emmanuil Lasker ham shunday yo‘l tutgan. Shu o‘rinda Rixard Retining quyidagi fikrini esga olishimiz lozim:
“Men Laskerning musobaqalardagi o‘yinlarini tahlil qilar ekanman, dastlab u juda omadi yurishgan shohmotchi bo‘lgan degan xulosaga keldim. Ayrim musobaqalarda barcha o‘yinda g‘alaba qozonganiga qaramay, teng yarmida vaziyati yomon bo‘lgani uchun yutqazishi ham mumkin edi. Bejiz Lasker raqiblarini gipnoz qiladi, deyishmaydi. Buni qanday tushunish kerak. Lasker muvaffaqiyatlari sirini bilish uchun uning ko‘plab o‘yinini qaytadan tahlil qilib chiqdim. Menga shu narsa ayonlashdi – Lasker o‘yin boshida bo‘sh yurishlar qilib mushkul ahvolga tushadi, keyin yutqiziq holatda bo‘lishiga qaramasdan g‘alaba qozonadi. Bunda uning hamisha omadi chopadi, degan taxmin o‘zini oqlamaydi. G‘alati tuyulsa ham buning bitta javobi bor. Lasker ko‘p hollarda ongli ravishda bo‘sh o‘ynaydi.
…Shohmot yurishlari sayqal topgan hozirgi kunda xotirjam o‘ynasangiz durangdan qutulishning iloji yo‘q. Bunday natijadan qochish uchun Lasker nazariy jihatdan xato yurishlar qilib, o‘yinni jar yoqasiga olib boradi. Haqiqatan ham raqibi bexavotir joyda o‘zi qil ustida turadi, biroq, benihoya topqirligi tufayli o‘zi jar yoqasida qolib, raqibini tubsizlikka uloqtiradi. U shu tariqa g‘alaba qozonadi, qaysiki xotirjam dona surish orqali bunday natijaga erishib bo‘lmaydi”.
Lasker tasodifan bu o‘yin uslubini tanlamagandi, biroq, uning izdoshlari yo‘q edi. Chunki bu usul maktabda o‘rgatilmaydi. To‘g‘ri, Alyoxin ham raqiblarini chalg‘itish san’atini mukammal egallagandi. Jumladan u: “Raqiblaringizni bunchalik tez yengishingizning boisi nimada?” – degan savolga: “Men raqiblarimni har bir yurishda mustaqil fikrlashga majbur qilaman”, – deya javob qaytargandi.
Shuni ta’kidlashimiz lozimki, Alyoxin, vaziyat taqozosiga ko‘ra, sipohlarini qurbon qilardi. Ana shu jihati bilan Laskerdan keskin farq qilardi deyish mumkin.
Hozirgi kunda grossmeysterlar vaziyat zaifliklariga xotirjam qaraydigan bo‘lishdi. Chunki tashabbusni qo‘lga olish yoki sur’atdan yutish uchun shohmotning azaliy qoidalaridan chetga chiqish – biron narsani “qurbon” qilish evaziga raqibni “istehkom”ni tark etishga undash mumkinligi yaqqol sezilib qoldi. Shunday kurash usulini amaliyotga Tal joriy qildi. U bu kurash usulini nomdor shohmotchilarga qarshi ham muvaffaqiyatli qo‘llay oldi.
Bunga yorqin misol: uning jahon toji uchun Botvinnik bilan bo‘lgan 17-o‘yindagi f2-f4 yurishidir. Mazkur bahsga bag‘ishlangan kitobda Talning o‘zi bu yurish haqida shunday yozgandi:
“Barcha sharhlovchilar oqlarning ushbu yurishi haqida fikr yuritganda “vaziyatga zid”, “aqlga sig‘maydigan” kabi o‘xshatishlarni ishlatishdi. Go‘yo oq donalarni surgan o‘yinchi eng oddiy shohmot adabiyotlaridan ham bexabar, chunki ularda f2-f4 yurishi oqlar vaziyatini yomonlashtirishi aniq qilib yozib qo‘yilgan. O‘quvchilar meni nokamtarlikda ayblashmas, o‘sha yurishni qilayotgan vaqtimda barcha bilgan fikrlar xayolimdan o‘tgandi. Ammo shu narsa aniq – vaziyatga zid f2-f4 yurishi qilindi. Nimaga?”
So‘ngra Tal nima uchun ushbu yurish qilinganini tushuntiradi. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur yurishni Botvinnik chippakka chiqarishi uchun katta tomonga rokirovka qilishi lozim. Bunda ikki tomonga ham keskin o‘yin uchun imkoniyat tug‘iladi. Talning maqsadi shu ekan.
Tal boshqa bir maqolasida, o‘zining “vaziyatga zid”, “aqlga sig‘maydigan” mazkur yurishi to‘g‘risida shunday yozgandi: “Kim tezroq, keyin ma’lum bo‘ladi, muhimi kurash boshqacha davom etadi”. Ilg‘agandirsiz, shu yurishdan keyin Talning vaziyati yomonlashdi, lekin o‘yin boshqacha yo‘nalish oldi.
Uning tavakkal yurishi o‘zini oqlarmikin? Avvaliga barchasi yo‘qqa chiqadiganday tuyuldi. Negaki, Botvinnik ikkita piyoda yutdi va vaziyatini yaxshilab oldi. Ammo o‘yindagi kurash Botvinnikka noqulay yo‘nalishda davom etdi, bu uning juda ko‘p vaqtini oldi va tseytnotga tushib qoldi. Vaqt tangligida Botvinnik qarshi hujumni ko‘rmadi va taslim bo‘ldi.
– Bir-biriga uzviy bog‘langan, mantiqiy yurishlarni yoqtiradigan shohmot muxlislariga bu o‘yin yoqmasligi mumkin, – deb yozgandi Tal keyinroq. – Lekin bu o‘yin ruhiy kurashlarni, ikki tomonga ham hayajonli lahzalarni tortiq etadigan va “sahna ortidagi yashirin bahslarni” yoqtiradigan shohmotchilarning e’tiborini qozonishi turgan gap.
Ruhiy kurash – Talni birinchi navbatda shu qiziqtiradi. Negaki, u o‘yin paytida atayin o‘z vaziyatini yomonlashtiradigan yurishlar qilsa, ruhiy omillar ta’sirini hisobga olardi va tezda samarasini ko‘rardi. Darhaqiqat, Tal o‘yin rejasini tuzib, bir qarorga kelishdan avval raqibining ruhiyatiga bog‘liq ko‘plab omillarni tahlil etardi: u qaysi vaziyatlarni yoqtirmaydi, himoyalanishni yaxshi ko‘radimi yoki hujum qilishni, musobaqa jadvalidagi o‘rni qanday, tavakkalona yurishga xohishi bormi, o‘zini ko‘r-ko‘rona hujumga tashlanishdan tiya oladimi, o‘ylashga fursati qancha qolgan va hokazo.
Ruhiy holatlar ta’sirini ko‘p bor ta’kidlagan Alyoxin Kapablanka bilan o‘ynagandan keyin shunday degandi:
“Shohmotda ruhiyat muhim ahamiyatga ega. Mening Kapablanka ustidan qozongan g‘alabamning asosiy omili ham ruhiy jihatdan ustunligimda edi. Umuman, uchrashuv boshlanguncha raqibning fe’l-atvorini chuqur o‘rganish kerak. Shunda o‘yin asablar, shaxsiyatlar va oriyatlar kurashiga aylanadi…”
Albatta, shohmot ustalari ruhiy omillarni hisobga oladi, lekin hammasi ham ruhiy omillardan foydalanish uchun qaysidir donasini qurbon qilishga ko‘zi qiymaydi. Tal esa istalgan vaziyatda donalarini qurbon qilishga tayyor edi. Shu bois u ko‘pincha vaziyat taqozosiga zid yo‘l tanlardi. Ha, Tal aynan shu mantiqning, ya’ni kurash mantig‘ining xizmatini sadoqat bilan bajarardi.
Shohmotchilarning omadi shundaki, ular o‘tgan uchrashuvlarning yozuvlariga qarab o‘yinda qanday yurishlar qilinganini keyinchalik ham ko‘rishlari mumkin. Ammo qurigan gul olisdagi chamanzorning holati haqida to‘liq ma’lumot bera olmaganday, o‘yin matni ham raqiblarning uchrashuv davomidagi ruhiy holatlarini, tavakkalona yurishlarini, keskin kurashlarini ko‘z oldingizda gavdalantirmaydi.
Siz uyda Tal o‘yinlari matnini tahlil qilayotib, uning asossiz ravishda sipohini qurbon berganini payqab qolasiz. Na chora, siz haqsiz. Ammo bu o‘sha o‘yin havosidan nafas olmagan, uyda bemalol tahlil qilayotgan shohmotchining fikri. O‘yindagi voqealar rivoji, yuzaga kelgan vaziyatdagi kurash mantig‘i nuqtai nazaridan esa Talning sipoh qurboni bilan boshlanuvchi hujumi asosli va uning g‘alabasi tasodifiy emas.
O‘yin matni tahlilida siz faqat qilingan yurishlarni ko‘rasiz (albatta, bu yaxshi ma’lumot), lekin o‘sha vaqtdagi raqiblarning ruhiy holatini ko‘z oldingizga keltira olmaysiz. Tal esa sipohini qurbon qilayotgan paytda raqibining qaysi yurish ostiga “mina” qo‘yilgan ekan deb xavotirlanib turganini sezgan. Bundan tashqari, Tal shu yurishdan keyin raqibining tashvishlanib qancha vaqti qolganini bilish uchun soatga qarashini his qilgan. Nihoyat, u raqibining xavf-xatarlar yashiringan vaziyatlarni yoqtirmasligini, bunday holatlarda ishonchli dona surishga qodir emasligini hisobga olgan.
XXV mamlakat chempionatida Averbaxga qarshi qora donalar bilan o‘ynayotgan Talning vaziyati yomonlashdi, lekin u hech kutilmaganda 12-yurishda otini ikkita piyodaga qurbon qildi va tashabbusga erishdi. Agar bu qurbonni tahlil tarozisida o‘lchasangiz, asossiz ko‘rinishi turgan gap. Albatta, bu fikr faqat nazariy tahlil hosilasi. Bunda raqiblarning fe’l-atvori, o‘yin uslubi, musobaqa jadvalidagi egallab turgan o‘rni, nihoyat, shu yurishdan keyin boshlanadigan o‘yinning rivojlanishi hisobga olinmagan.
Agar Tal hisobga olgan shu omillarni kompyuterga joylasangiz, “elektron miya” ham otning qurboni shu vaziyatdagi eng yaxshi yurish degan xulosaga kelardi.
Mazkur o‘yinni sharhlagan grossmeyster Xolmov shunday yozgandi:
“Shubhasiz, bu o‘yin sirtqi shohmotda bo‘lganda, qoralar chigal vaziyatga olib keluvchi otning qurboni bilan bog‘liq yurishni qilmasdi. Ammo yuzma-yuz o‘yinda, ayniqsa, qulog‘ing tagida soat chiqillab turgan paytda bu yurish raqibni esankiratib qo‘yadi”.
Endi shu qurbon haqida fikr bildirgan grossmeyster Bronshteyn so‘zlariga e’tibor beraylik:
“Averbaxga qarshi qora donalar bilan o‘ynagan Tal 12-yurishga kelib mushkul vaziyatga tushib qoldi. Shunda qoralar 12… Oe4!! Yurdi. Men qoralarning rejasini boshqacha baholay olmayman, bu yurishga ikkita undov belgisi qo‘yish kerak. Holbuki, Talning o‘zi bu yurishga “?!” belgilarini qo‘ygan. Bu yerda gap sipoh qurbonining to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligida emas, balki Averbaxning o‘yin uslubida, u hamisha vaziyat barqarorligiga erishish uchun o‘ynagani sababli, mazkur yurishdan keyin o‘zgacha yo‘nalishni tanlashga majbur bo‘ldi. Har ikki tomon uchun keng imkoniyat beradigan bunday vaziyatlarda uchrashuvning natijasi ko‘p jihatdan kim tezroq aniq yurishlar topishiga va qaysi shohmotchiga shu o‘yin uslubi yoqishiga bog‘liq”.
Biz bilamizki, Talga shunday keskin vaziyatlar yoqadi. Averbax esa o‘ziga yoqmagan vaziyatga tushgani uchun dovdirab qoldi, xatolikka yo‘l qo‘ydi va qarshilikni to‘xtatdi.
Talning ruhiy zarbasiga asoslangan bu o‘yin musobaqaning eng yaxshi o‘yinlaridan biri bo‘ldi (darhaqiqat, jahonning sobiq chempioni Eyve keyinroq Talning bu o‘yindagi sipoh qurboni bilan boshlangan hujumi to‘g‘ri ekanligini isbotladi). Axir, uchragan mutaxassis bu o‘yinda Talga omad kulib boqqani to‘g‘risida (chindan ham Averbax yomon o‘ynadi) aytishi mumkin edi (aytishdi ham). Ko‘pchilik Averbax mushkul ahvolda qolganini, ya’ni xato qilmasligi mumkin emasligini tan olgisi kelmasdi. Shu jihatdan olib qarasak, Talning bu g‘alabasida qonuniyat bor.
Bir gal Tal omad to‘g‘risida gapirar ekan, shunday degandi: “Har bir shohmotchi musobaqalarda o‘z omadining yaratuvchisidir”. Tal omad kelishini inkor etmagan holda uning kelishi uchun kurashish lozimligini, ya’ni omad kuzir kartaday shohmotchilarga tarqatilmasligini ta’kidlayapti. Boshqacha aytganda, o‘yin paytida shunday sharoit yaratish kerakki, albatta, sizga omad kulib boqsin.
Shu bois Talning vaziyat mantig‘iga xilof, lekin kurash mantig‘iga mos ravishda o‘yinni davom ettirishi natijasida erishgan g‘alabalari ustida har doim bahs-munozaralar boshlanishiga hayron qolmaslik kerak. G‘olib Talga baribir kimdir xatosini ko‘rsatishga va mag‘lubiyatga uchrashi muqarrarligini isbotlashga tayyor turardi.
Chunonchi, 1959 yilda toj da’vogarlari musobaqasida Smislov bilan durangga erishgani ham qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lgandi. Bu o‘yinda Tal sipohini qurbon qilgandan keyin qiyin ahvolga tushib qoldi. Lekin tushkunlikka tushmay raqibi oldiga muammo ketidan muammo qo‘yaverdi. Smislov hushyorligini bir zumga yo‘qotishidan foydalanib, hal qiluvchi zarbani berdi: Tal ruxini ham “hadya” etib, kishti-qoyimga erishdi.
Albatta, bu o‘yin yakunini sharhchilar turlicha baholashdi. Nihoyat, Smislov 33-yurishda Talni mushkul ahvolga solib qo‘yishi isbotlandi. Ammo bu xulosaga kelish uchun bir hafta vaqt ketdi. Holbuki, Smislovning ixtiyorida bir necha daqiqa bor edi, xolos. Shu o‘rinda sport ustasi Zagoryanskiyning fikrini keltirishimiz joiz: “Tal bilan bo‘ladigan o‘yinda ustunlikka erishish g‘alaba degani emas. Uning topqirlik bilan tirishib o‘ynashini sindirish, ustunlikni g‘alabaga aylantirish uchun xato qilmasdan o‘yinni davom ettirish kerak”.
Yaxshisi, Botvinnik – Tal uchrashuvining 6-o‘yinidagi ot qurboni bilan bog‘liq yurishni esga olaylik. Bu yurish mutaxassislarda bir-biriga qarshi qancha fikrlarni uyg‘otdi. Bir sharhchi esa hind himoyasida o‘ynashni yaxshi ko‘rgan istagan shohmotchi qurbon qilingan bu otni olishini ta’kidladi. Boshqa bir bilimdon Talning bu yurishi o‘yinni durangga olib kelishini isbotlashga urindi. Goldberg esa Talning bu yurishidan keyin uning mag‘lubiyati muqarrarligini aytdi. Ot qurbonidan keyingi yurishlarni chuqur tahlil qilgan Konstantinopolskiy Tal sipohlarining taxtadagi vaziyati yomon emas ekan, degan xulosaga keldi.
Botvinnik – Tal uchrashuvi tamom bo‘lsa-da, o‘sha yurish bilan bog‘liq munozaralar davom etaverdi. Bu raqibini muammolar iskanjasiga solib qo‘ygan Tal g‘oyasi to‘g‘riligini isboti emasmi?
Shohmot kurashi – ikki o‘yinchining faqat shu sohadagi bilimdonliklari musobaqasi emas. Agar shunday bo‘lganda shohmot millionlab odamlarning mehrini qozonmasdi, balki nari borsa, insonlar aqli va qalbiga ta’sir eta olmaydigan oddiy o‘yinlardan biri darajasiga tushib qolardi. Aslida, shohmot musobaqasi – bilimlar, ruhiy holatlar, asablar kurashi, bunday bahsda g‘olib chiqish uchun shohmotchi butun ma’naviy va jismoniy kuchini safarbar etishi kerak. Shohmotning ko‘pchilik his qilgan sehrlovchi kuchi, jozibasi shohmotchilarning teran ruhiy holatlarida va shu tuyg‘u natijasida kelib chiqadigan keskin kurashlarda mujassam.
Tal tug‘ma shohmot kurashchilari sirasiga kiradi. U o‘yin paytida eng qiyin va hatto ilojsiz vaziyatlarda ham tushkunlikka tushmaydi. Bu Tal kurash uslubining asosini tashkil qiladi. Negaki, u tavakkal yo‘nalishlarni tanlar ekan, yuzaga keladigan xavf-xatarlarni sovuqqonlik bilan bartaraf etishga shaylanardi, mag‘lubiyatga uchrashi mumkinligi ham xavotirga solmasdi. Uning shu sovuqqonligi qurbonlar bilan bog‘liq ajoyib yurishlarni boshlashiga zamin yaratardi. Boshqalar bu vaziyatda hech narsa qilib bo‘lmaydi, deb turganda shiddatli hujumni boshlab yuborardi.
Hamma gap shundaki, Tal navbatdagi tavakkalga qo‘l urar ekan, bu yurishi yangi imkoniyatlar eshigini ochishini yaxshi bilardi. U mana shu yashirin imkoniyatlardan foydalanib, raqibiga hal qiluvchi zarba berish haqida o‘ylardi. Ko‘pincha kutgan natijasiga erishardi. Go‘yo Tal yuzaga kelgan vaziyat yadro qatlamiga singib ketardi va uning quvvatidan g‘alaba qozonishga kuch olardi.
Tal yanglishmasmidi? Agar u hisob-kitobda adashib, vaziyati tobora yomonlashsa, hatto tayinli biror yurish topilmay qolsa-chi? Yoki raqib chiroyli o‘ynab uning rejalarini chippakka chiqarsa-chi? Unda nima bo‘lardi? Javob juda oddiy: Tal yutqazardi… Boshqacha natija bo‘lishi mukin emas. Axir, xato qilmaydigan shohmotchilar bo‘lmasa, shohmotdagi shunday go‘zalliklar yaratilarmidi?
Ammo Talning mag‘lubiyatlari ham g‘alabalari singari yorqin taassurot qoldirardi. Chunki Tal kurashsiz taslim bo‘lmasdi, sipohlarning bor imkoniyatlaridan foydalanib, so‘nggi nafasigacha qarshilik ko‘rsatardi. U raqiblariga qopqon ketidan qopqon qo‘yardi, ko‘z ilg‘amas zaif nuqtalarni izlab topardi, chekinsa ham zarba berardi, imkoniyat tug‘ilishi bilan qarshi hujum uyushtirishga tayyor turardi. Go‘yo bir naqlda aytilganday: “Jangovar guruh o‘lsa o‘ladi, lekin taslim bo‘lmaydi”.
Har qanday raqib ham shunday ruhiy, davomli jiddiy sinovga dosh bera olmaydi. Agar kimdir da’vogarlar musobaqasigacha sobiq jahon chempioni, endshpilda mahorat bilan dona suradigan Vasiliy Smislovga qarshi bir sipoh kam bo‘lsa ham dadil qarshilik ko‘rsatish mumkin desa, u shohmotning azaliy qoidalarini tahqirlaganlar qatoriga qo‘shilardi.
Tal xuddi shunday ikki o‘yinda taslim bo‘lmadi va bir yarim ochko jamg‘ardi! Bu gipnozmi, omad? Shunday fikrlar bilan tanishmiz. Aslida Tal qarshilik befoyda deyilgan o‘yinlarni davom ettirar ekan, bir sipohi ortiq bo‘lishiga qaramay Smislovning asta-sekinlik bilan dona surishini, mustahkam himoyani yorib o‘tishga harakat qilmasligini hisobga olgandi. Bir o‘yinda Tal kishti-qoyim bilan jon saqlab qolgan bo‘lsa, ikkinchisida raqibini kombinatsiya iskanjasiga oldi, natijada aqlga sig‘maydigan ish bo‘ldi, u g‘alaba qozondi.
Ishonchimiz komil, shohmot tarixchilari Talning bu ikki muvaffaqiyatini munosib baholaydilar. To‘g‘ri, ularda chuqur o‘ylangan chiroyli yurishlar qilinmagan, lekin bu ikki o‘yin haqiqiy shohmot muxlislarini e’tiborsiz qoldirmaydi. Sababi Tal bu o‘yinlardan birida durangga erishib, ikkinchisida yutib shohmotda kurashish imkoniyatlari cheksizligini, har bir xato ham mag‘lubiyatga olib bormasligini yaqqol isbotlagan.
Shohmot bilimdonlaridan biri P.Romanovskiy 1960 yildagi suhbatlarida shunday ta’kidlagandi: “Talning o‘yin uslubi shohmot san’atidagi yangi yo‘nalishdir. Chunki hozirgi kungacha yuqori malakali shohmotchilar hujumga o‘tish uchun barcha sipohlarini safarbar etardilar, Tal esa butunlay yangi – qurbon berish evaziga hujumga o‘tishni taklif qilayapti. Shunisi e’tiborga molikki, Talning qurbonlari ba’zan voqealarni tezlashtirmaydi, balki hujumga zamin hozirlaydi. Tabiiyki, tezkor hujumni kutayotgan shohmotchi uchun bu hol mantiqqa zidday, shubhali ko‘rinadi”.
Shunday qilib, biz Talning shohmot kurashiga qanday yondoshishini va uning asosiy jihatlarini bilib oldik. Shu bois ta’kidlashni istardim, chuqur tahlillarga asoslangan zamonaviy shohmot kurashi va nazariyasining oxirgi yutuqlarini jamlagan yangi usulning paydo bo‘lishi tasodif emas.
Hozirgi bezovta davrda tabiat, dunyo haqidagi tasavvurlarimiz kengaydi, fizika, kibernetika va yadroviy energiya sohasidagi yutuqlar, koinot sari parvozlar, biologiyadagi hayratomuz kashfiyotlar inson tafakkurining mahsuli bo‘lgan shohmotga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmadi. Bu shohmot ustalarini kurashga yangi nuqtai nazar bilan qarashga undadi va ular sehrli o‘yinning imkoniyatlari to‘liq ishga solinmaganini ko‘rdilar. Ular angladilarki, g‘alaba qilish uchun shohmot kurashiga yangicha yondoshish, ishlatilmayotgan imkoniyatlardan, shu jumladan, raqib ruhiy holatlariga bog‘liq zaxiradan unumli foydalanish uchun o‘ta nozik va vaziyatga qarab o‘zgarib turadigan usullarni tanlash zarur.
O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, agar teng kuchli raqiblar o‘yin boshidan aniq yurishlar qilishsa, durang muqarrar. Chunki o‘yin boshida kuchlar teng bo‘lgani uchun aniq yurishlardan keyin bu nisbat o‘yin oxirigacha ham o‘zgarmaydi. Demak, qizg‘in kurash boshlanishi va raqibning xatoga yo‘l qo‘yishiga sharoit yaratish uchun kimdir muvozanatni buzishi, ya’ni oldinga emas, balki yonga yoki orqaga qadam qo‘yishi darkor.
Xullas, kimlardir tomonidan ichki hissiyotga asoslangan, boshqalar tomonidan inson ruhiy holatiga bog‘liq deb nomlangan shohmotdagi yangi uslub shu tariqa amaliyotga kirdi. Balki bu uslub shohmot san’ati taraqqiyotining uzviy bir qismi bo‘lgani uchun yuzaga chiqdi. Bu uslub tarafdorlari, birinchi navbatda, Tal Alyoxinning: “Shohmot – nafaqat bilim va mantiq”, degan taraqqiyparvar fikrining naqadar to‘g‘riligini isbotlashga kirishdi.
Shunisi muhimki, ichki hissiyotga bog‘liq bu uslub shohmot kurashidagi mavjud imkoniyatlarni – ruhiy va hatto falsafiy xususiyatlarni qamragani uchun o‘ta hujumkor va murosasizdir. Fikrimizning tasdig‘i uchun qiziqarli dalillar keltiramiz. 1953 yilda da’vogarlar musobaqasining g‘olibi bo‘lgan Smislov 28 imkoniyatdan 18 ochko jamg‘argandi, u to‘qqiz o‘yinda yutgandi. Tal esa 1959 yili da’vogarlar musobaqasida 28 imkoniyatdan 20 ochko to‘plab, g‘olib chiqdi va u o‘n olti o‘yinda g‘alaba qozondi. Havas qilsa arziydigan natija! Albatta, bu “shohmot o‘yinini tez orada duranglar o‘ldiradi”, deya karomat qilgan grossmeysterlarni hayratga solgan bo‘lardi.
Inson ruhiy holati yoki ichki hissiyotga bog‘liq deb nomlangan bu uslub XX asrdagi Xose Raul Kapablanka kabi buyuk shohmotchilarning juda to‘g‘ri va o‘ta hisob-kitobli o‘yinlariga qarshi o‘laroq vujudga keldi, deyish mumkin.
“Kapablankaning o‘yini aniq, mantiqli va asosli, – deb yozgandi Lasker. – Uning o‘yinlarida tuzoq qo‘yadigan, g‘ayritabiiy yoki zo‘rma-zo‘raki yurishlar uchramaydi. Durang yoki yutuqqa o‘ynayotgani, yutqazib qo‘yishdan qo‘rqib dona surayotgani shundoq ko‘rinishidan sezilib turadi. Chigal vaziyatlarni, tavakkal yurishlarni yoqtirmaydi. Oldindan har bir yurishining oqibatini o‘ylaydi. O‘yinlarining teranligida shoirlik ehtirosi emas, matematiklarning hisob-kitobi mujassam. Kapablanka mustahkam vaziyatga erishish mantig‘iga tayanadi. U asosli narsalarni qadrlaydi. Masalan, vaziyatni mustahkamlash, zaif nuqtaga hujum uyushtirish… Tavakkalni yoqtirmaydi, uch-to‘rt yurishda mot bo‘ladigan vaziyatlarga shubha bilan qaraydi”.
Talning o‘yini gullagan davrida tamoman buning aksi edi! Uning o‘yinlarida yashirin tuzoqlar bisyor bo‘lsa-da, yuz qiyofasi, xatti-harakati asl niyatini oshkor etmasdi. Chigal vaziyatlarni, tavakkal yo‘nalishlarni yoqtirardi. Har doim ham qilayotgan yurishining qanday oqibatlarga olib kelishini bilmasdi. Aksincha, u o‘tib bo‘lmas chakalakzorga qadam qo‘yganini yaxshi bilardi. Bu chakalakzorda uni nimalar kutayapti, nogahoniy xavf-xatarlarni qanday bartaraf etishni taxmin qilardi, xolos. Uning o‘yinlarida matematiklarning hisob-kitobi emas, shoirlik ehtirosi jo‘sh urardi (esingizdadir: ikki karra ikki besh bo‘ladi deganimiz!). Tal vaziyat mantig‘iga bo‘ysunavermaydi, afsuski lozim bo‘lmaganda ham vaziyatini zaiflashtirishga tayyor turardi. U tasodifiy omadga (agar shohmotda shunday tushuncha bor bo‘lsa) suyanadi, hamisha kutilmagan imkoniyatlardan foydalanib qolishga harakat qiladi.
Tal o‘yinidan o‘rnak olinglar, deyishimiz mumkinmi? Albatta, yo‘q. Chunki shohmot qonun-qoidalarini buzishdan oldin, avvalo ularga amal qilishni o‘rganish lozim. Bizga ma’lumki, shunday qiyin so‘qmoqni tanlagan o‘ta iste’dodli Tal ham o‘z vaqtida katta talafotlar ko‘rgan. Lekin uning isyonkor o‘yin uslubi qadimiy shohmotni yashartirdi, mavjud mutaassiblik, ko‘r-ko‘ronalik, siyqa qolipchilikka qaqshatqich zarba berdi va shohmot ahlini ayrim an’analarini qayta ko‘rib chiqishga undadi.
Ehtimol, Tal o‘yin uslubini, uning ruhiyati, qahramonligi va xatolarini anglashingizda Laskerning quyidagi fikrlari sizga yordam berar: “Shohmotda musavvirlik sezgisi mujassam. U ijodkorlik sezgisi bor o‘yinchilarga ilhom bag‘ishlaydi, juda oddiy, hammaga ko‘rinib turgan va lekin kuchli yurishlar qilishga undaydi, shu tariqa nozik kombinatsiya yaralishiga olib keladi. Bu tuyg‘u va iste’dod, ba’zan buyuklikning voyaga yetishiga ko‘maklashadi, shu bilan birga ularni o‘rtamiyona shohmotchilar ham yo‘l qo‘ymaydigan xatolarni qilishdan muhofaza etmaydi”.

“BU NOMNI ESLAB QOLING!”

XXIII chempionat yakunlangandan keyin ko‘p o‘tmay Tal o‘zining talabalar o‘rtasida jahon birinchiligida ishtirok etadigan mamlakat terma jamoasi tarkibiga kiritilganini bildi. Mamlakat shohmot sharafini himoya qilish mas’uliyatli vazifa. Buning ustiga Tal hamisha jamoaviy musobaqalarda tirishqoqlik bilan o‘ynashini bilamiz. Haqiqatan ham o‘ta mas’uliyat bilan dona surgan Tal final bosqichida 5 imkoniyatdan 4 ochko jamg‘arib, uchinchi taxtada maxsus sovringa sazovor bo‘ldi. U birinchi bor xorijga chiqqandi. Hali yosh, ko‘pchilik tanimasdi. Ammo uning o‘yinlari darhol nazarga tushdi. Xususan, Tal tomonidan tor-mor etilgan belgradlik Ivkov shunday yozgandi: “Tal! Bu nomni eslab qoling!”
Ko‘p o‘tmay Talni mamlakat birinchiligida qatnashayotgan Latviya o‘smirlar terma jamoasi murabbiyi sifatida ko‘rdik. Shungacha ham u g‘alaba va muvaffaqiyatsizliklari faqat o‘ziga tegishli emasligini his qila boshlagandi. Chunki u har bir mas’uliyatli musobaqadan keyin nafaqat universitet, balki zavod, korxonalar jamoasi, oddiy muxlislar oldida hisobot berardi. Muhimi, u o‘zini hech qachon yolg‘iz qolganday sezmasdi.
Shu vaqtgacha g‘amxo‘rlikdan bahramand Tal boshqalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishi kerak edi. O‘n to‘qqiz yoshli murabbiy bu ishga astoydil kirishdi. Jamoa a’zolaridan biri – Valentin Kirillov musobaqaga qatnashayotgani uchun universitet imtihonlarini topshirishni istamadi. Tal uning qarorini o‘zgartiribgina qolmay, imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rishiga yordamlashdi. Keyinchalik u yigit ham Talga musobaqalar oldidan o‘yinlarni tahlil qilishga ko‘maklashadigan bo‘ldi. Misha bolalar bilan berilib ishladi, qo‘lidan kelgan yordamini ulardan ayamadi. U jamoaviy o‘yinlarni yoqtirardi, bunday musobaqalar o‘ziga ko‘p narsa berganini tan olardi.
1956 yilning noyabrida Tbilisida bo‘ladigan XXIV mamlakat chempionatining yarim finalida qatnashish uchun yo‘lga chiqdi. Shunday mas’uliyatli musobaqaga jo‘nar ekan, u birinchi bor o‘z kuchiga ishonqiramadi. Sababi, o‘sha yili u kam o‘ynagandi. Odatda yiliga 80–90 ta rasmiy o‘yin o‘tkazadigan Tal Tbilisi yarim finaligacha atigi 31 ta o‘yinda dona surishgandi. Tbilisi musobaqasidagi raqiblari kuchli edi: Petrosyan, Furman, Polugayevskiy, Antoshin, Gurgenidze… Aksiga olib u musobaqa arafasida xastalanib qolgandi.
Kutilganidek, musobaqada Tal bir tekis o‘ynamadi. Musobaqa tugashiga to‘rt tur qolganda 15 imkoniyatdan atigi 8 ochko jamg‘argandi. Hatto, shu musobaqada qatnashayotgan Koblentsning ahvoli unikidan yaxshi edi. O‘shanda Tal Koblentsga shunday hazil qilgandi:
– Maestro (u ustoziga shunday murojaat qilardi), biz o‘rinlarimizni almashamiz shekilli, siz finalga borasiz, men murabbiyingiz bo‘laman.
Ammo Tal keyingi o‘yinlarda ketma-ket g‘alaba qozonib, 5–6-o‘rinlarni bo‘lashib olib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
– Iloj qancha, maestro! Har kim o‘z vazifasini bajaradigan bo‘ldi, – dedi Tal musobaqadan keyin ustoziga.
– Mayli, mayli, – dedi u javoban. – Vazifang ilgariday bo‘lgani bilan raqiblaring boshqa bo‘ladi. Shuning uchun ko‘pam quvonaverma.
Chindan ham 1957 yilda mamlakat chempionati finaliga kuchli grossmeyster va ustalar to‘planishgandi. Bunday kuchlilar davrasi har kimni ham qiziqtirardi. Ustiga-ustak, musobaqa Moskvada o‘tkazilayotgandi. Moskvaliklar Tal haqida eshitgan, biroq uning o‘yinlarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishmagandi.
Xullas, hayajonlanishga asos yetarli edi. Biroq Tal Tbilisidagi ketma-ket g‘alabalari shukuhi bilan yashayotgandi, ishonchsizligidan asar ham qolmagandi. Aksincha, u Moskvada nimaga qodir ekanligini ko‘rsatish ishtiyoqida yonardi.
Har kuni kechqurun Temiryo‘lchilar madaniyat saroyi shohmot muxlislari bilan gavjum bo‘ldi. Albatta, ularni birinchi navbatda yigirma yoshli rigalik ustaning o‘yinlari jalb etayotgandi. Buning ustiga har doim musobaqani yomon boshlaydigan Talning o‘yini qovushdi: dastlabki to‘rt o‘yinda ham g‘alaba qozondi! U Moskvaga o‘yinga tashna holda kelgandi va o‘ziga erk bergandi.
Tal shohmot o‘ynashni jon-dilidan yaxshi ko‘rardi. Endi u katta yo‘lga chiqqan vaqtda bu ishtiyoqi qaynab-toshib borayotgandi. Musobaqa arafasida u Koblents bilan kechqurun Riga ko‘chalarida sayr qildi. Sayr nihoyasida Koblents Mishaning ko‘zlariga tik boqib qat’iy dedi:
– Endi uxlash kerak!
Misha boshini egib ma’qulladi:
– Albatta! Endi raqs tushish uchun yugurmaymiz-ku.
Murabbiy xotirjam uyiga jo‘nadi. Allaqancha vaqt o‘tgach telefon qo‘ng‘irog‘i jiringladi: bezovta ona Mishaning qayerdaligini so‘radi, u hozirgacha uyga qaytmabdi.
Koblents Mishani axtarish uchun ko‘chaga chiqdi. Yo‘l ustida shohmot klubiga kirdi, shashkachilarning tezkor musobaqasi o‘tkazilayotgan ekan. Demak, Tal bo‘lishi mumkin emas. U ketishga chog‘landi, shu payt bir necha yigitning kimnidir pana qilishga urinayotganini sezib qoldi. Bu Koblentsda shubha uyg‘otdi, u yigitlarni oralab o‘sha tomonga intildi… Ha-ha! Misha unga aybdorona tikildi va xijolat chekkanidan kulib qo‘ydi. Shohmotda bo‘lmasa shashkada-da, ishqilib, unga o‘ynasa bas…
Chempionatda Aronson uning birinchi “qurboni” bo‘ldi. Oq donalarni surgan Aronson gollandcha himoyada yaxshi o‘ynadi, qator to‘g‘ri yurishlar qilingach, Tal vaziyatni tenglashtirdi. Biroq u vaziyatga zid ish qildi va farzin qanotida tashabbusni to‘lig‘icha raqibiga berdi. Buning evaziga kombinatsiya dovuli avjiga chiqdi. Shunday “ob-havo”da Talning ovchi kemasi Aronsonning og‘ir karvon kemasiga nisbatan tezroq harakatlanardi. Chigal vaziyatda chorasiz ahvolga tushib qolgan Aronson yengilganini tan oldi.
Ikkinchi raqibi tajribali grossmeyster Taymanov edi. Tal uning o‘z rejasiga haddan ziyod mahliyo bo‘lishini, raqibi rejasiga unchalik e’tibor bermasligini yaxshi bilardi. Demak, unga qarshi eng yaxshi qurol – qo‘qqisdan zarba berish. U birinchi imkoniyat tug‘ilishi bilan “qopqon” qo‘ydi, ajablanarlisi Taymanov unga osongina ilindi.
Tal hamisha Bronshteynga katta hurmat bilan qarar: bu buyuk shohmotchini o‘ziga ustoz deb bilardi, o‘yinlarini tahlil qilganda zavqi kelardi. Ammo o‘ynayotganda Tal uchun raqibining obro‘si bir pul edi.
Shunga qaramay Tal o‘yin boshlangunga qadar durang o‘zanida suzishga tayyordek ko‘rindi.
– Quyushqondan chiqma, – dedi unga ehtiyotkor Koblents, – ikki o‘yindan ikki ochko olding. Tavakkal qilishga hojat yo‘q, ayniqsa Bronshteynga qarshi…
O‘yin boshlanguncha Tal dono maslahatlarga amal qilishga moyilday ko‘rinardi. Ammo o‘yin soati yuritilishi bilan kurash zavqi domiga olardi va oldindan qabul qilingan qarorlar butunlay esidan chiqardi. Bu safar ham shunday bo‘ldi. Tal yana o‘yinga qiziqib ketdi va u bundan afsuslanmadi.
Uch imkoniyatdan uch ochko! U musobaqada yakka peshqadam! Xullas, uydagilarga telefon orqali xushxabar aytishga asos bor. Ota-onasi xushxabarni eshitib, quvonishni ham, xafa bo‘lishni ham bilmay qolishdi. Ularni Mishaning muvaffaqiyati bir jihatdan tashvishga soldi.
– Dimog‘ing ko‘tarilmasin, o‘zingni qo‘lga ol, – deya maslahat berdi doktor.
Zafarli odim davom etdi. Tal to‘rtinchi turda Bannikni chiroyli tarzda mag‘lubiyatga uchratdi. Keskin vaziyatda Bannik Talni chalg‘itish maqsadida markaziy piyodani surishga imkoniyat yaratdi, bu yurishdan keyin kombinatsiya boshlamoqchi edi. Tal “tuzoq”qa tushdi. Ajoyib. Keyin nima bo‘larkin? Shu vaziyatni chuqur tahlil qilgan Tal raqib kombinatsiyasini chippakka chiqaruvchi yo‘lni ko‘rdi. Ha, Tal, odatdagiday, raqibidan ko‘proq yurishni ko‘ra oldi.
Piyoda oldinga surildi. Keyingi yurishlar raqiblar tomonidan tez bajarildi. Chunki ikkalasi ham o‘z hisob-kitoblarining aniqligiga ishonishardi. Dastlab, vaziyatni tahlil qilmagan muxlislar tashvishli shivirlashdi:
– Tal qarmoqqa ilindi!
Nihoyat, taxta ustidagi “otishma”lar tugadi, tutun tarqaldi. Ko‘rishsaki, Bannikning vaziyati og‘irlashgan.
Musobaqa boshida Tal muxlislardan uzoqroqda – uchinchi stolda o‘ynadi. O‘spirin o‘ziga qancha bino qo‘ymasin, hali birinchi stolda o‘ynashga haqli emasligini yaxshi bilardi. Endi u peshqadam sifatida birinchi stolda dona sura boshladi. Bu unga xush yoqdi, raqiblari esa xuddi peshqadamga qarshi o‘ynayotganday dona surishdi. Afsuski, to‘rtinchi g‘alaba musobaqa boshidagi oxirgi quvonch bo‘ldi. Keyin ko‘ngilsizliklarga navbat keldi.
Korchnoy bilan durang o‘ynadi, bu yaxshi. Chunki unga qarshi hujum uyushtirib, hali hech kim baraka topmagan. Keyingi turda ko‘tarinki o‘ynagan Nejmetdinov Talni sust himoyalanishga majbur etdi va chiroyli g‘alaba qozondi.
Keyingi olti turda Tal beshta o‘yinni durang qildi, bitta o‘yinni boy berdi. Bu sharhchilarga Talning o‘yini barqaror emasligi va mag‘lubiyatni “ko‘tara” olmasligi to‘g‘risida yozishga dastak bo‘ldi. Birinchi e’tiroz adolatli edi, lekin yosh sport ustasidan barqaror o‘yin talab qilishi mumkinmi? Ikkinchi e’tiroz bilan bahslashsa bo‘ladi.
Haqiqatan ham Tal musobaqa o‘rtasida yomon o‘ynadi. Bu uning tushkun kayfiyati bilan bog‘liq. Lekin bu tushkun kayfiyat Nejmetdinovdan mag‘lubiyatga uchragandan keyin emas, balki Antoshin bilan durang o‘ynagandan so‘ng paydo bo‘ldi.
Koblents o‘yin oldidan Talni sayrga olib chiqqanda u betoqat bo‘lganini eslaydi.
– Vaqt sekin o‘tyapti, – deydi Tal asabiylashib, – tezroq o‘yin boshlansaydi.
U Nejmetdinovdan mag‘lubiyatga uchragandi, tezroq o‘zini ko‘rsatgisi kelayotgandi.
Tal o‘yinda hujumkor vaziyatga erishdi, bu holatda u yanada xavfli. U uzoq kutdirmay hujumga tashlandi. Mana piyodani berdi, keyin filga ruxni almashtirdi. Motning hidi kela boshladi. U yana ikkala otini ham qurbon qildi, ammo motni topa olmadi. Matbuot xodimlari xonasida tezkor g‘alaba yo‘li topildi, zaldagi muxlislar ham bu yo‘nalishni fahmlashdi, faqat Tal taxtaga tikilgancha chuqur o‘yga tolgandi. Baribir u motni ko‘rmadi. Bu juda achinarli hol. Agar u kombinatsiyani nihoyasiga yetkazganda, o‘yin musobaqaning eng yaxshi o‘yini sovriniga da’vogarlik qilardi. U istar-istamas boshqa yo‘nalishni tanladi, bu yurishlarga Antoshin himoya vositalarini topdi va raqiblar durangga kelishishdi.
Tal qatnashchilar xonasiga kirganda kimdir unga gap tashladi:
– Misha, mot qilishing mumkin edi.
– Mot yo‘q edi.
– Mot bor edi, mana ko‘r.
Darhol unga motga olib boruvchi uncha qiyin bo‘lmagan yo‘nalishni ko‘rsatishdi. Kechga borib yana hafsalasi pir bo‘ldi. Chunki uxlash oldidan juda qisqa va chiroyli mot qiluvchi kombinatsiyani topdi.
Ha, unga murakkab vaziyatlarga ham pand bermagan ishonchli quroli – nozik kombinatsiyalarni ilg‘ash qobiliyati, taqdir hazilini qarang, bugun pand berdi va Talning ruhi tushib ketdi. Buni tushunish mumkin. Axir, Talga nozik kombinatsiyalarni oldindan ilg‘ash qobiliyati murakkab vaziyatlarda ham xotirjam dona surishiga ilhom bag‘ishlardi. Antoshin bilan o‘yinda esa kombinatsiyaning chalkash so‘qmoqlarida raqibi emas, o‘zi yanglishdi.
Talning ruhi tushdi va bir oz muddat jangovar kayfiyatini yo‘qotdi. Shunga qaramay o‘n birinchi turdan keyin 7 ochko to‘plagan Tal musobaqa jadvalida Bronshteyn, Petrosyan, Spasskiy va Xolmov bilan birgalikda 2–6 o‘rinlardan joy oldi. Ushbu musobaqada chiroyli o‘yin ko‘rsatayotgan Tolush 7,5 ochko bilan oldinda borayotgandi.
O‘n ikkinchi turda Talni yangi dilsiyohlik kutib turardi: u Boleslavskiy bilan o‘yinni qiyin vaziyatda kechiktirdi. Peshqadamlar guruhida borayotgan sport ustasi shunday vaziyatda nima qilardi? Hech bo‘lmaganda ranjishi kerak. Talda esa hayajondan asar ham yo‘q edi. Bu kech Mishada hali o‘spirinlik yengiltakliklari o‘tib ketmagani sezilib qoldi.
Bir so‘z bilan aytganda, qahramonimiz o‘yindan keyin visol uchrashuviga jo‘nadi. Boshqa qatnashchilar shirin tush ko‘rayotgan vaqtda Tal sport intizomiga rioya qilmay Moskva ko‘chalarida xushtori bilan kezardi. Belarus vokzali yonida Tal odatiga ko‘ra belgilanmagan joydan ko‘chani kesib o‘tdi. Nazoratchi unga tanbeh berganda mag‘rur Misha aybiga iqror bo‘lgisi kelmadi. Natijada, hujjat tekshirildi. Misha pasportini mehmonxonada unutgandi.
Shunday qilib, Misha xushtori bilan nazoratchilar xonasiga borishiga to‘g‘ri keldi. Navbatchi yosh leytenant kirib keluvchilarga norozi qarab qo‘yib, o‘z mashg‘ulotini davom ettirdi: u shohmot taxtasidagi vaziyatga tikilgancha o‘ylanib qoldi.
Tal shohmot taxtasiga qarab kulgudan o‘zini tiya olmadi: leytenant uning Boleslavskiy bilan kechiktirilgan o‘yinini tahlil qilardi! Aftidan, radio orqali kechiktirilgan o‘yin to‘g‘risida axborot berishgandi. Uning bitta yurishidan keyin Tal mulohazasini aytmasdan turolmadi. Leytenant javob berish o‘rniga chuqur xo‘rsinib taxtani o‘zidan nari surdi va erinib so‘radi:
– Familiyangiz?
– Tal.
– Yana bitta Tal?
– Kulmang, – dedi Misha, – yana bitta emas, men o‘sha Talman.
Ko‘p o‘tmasdan ular birgalikda kechiktirilgan o‘yinni tahlil qilishga kirishishdi. Tal mehmonxonaga ertalab soat yettida qaytdi…
Tartib posbonining yordamiga qaramay Tal kechiktirilgan o‘yinda mag‘lubiyatdan qutulib qololmadi. Endi Tal yettinchi o‘ringa tushdi. Ammo u o‘n uchinchi turdan boshlab ketma-ket g‘alaba qozona boshladi, xuddi yarim finaldagiday qolgan to‘qqiz o‘yinda yetti ochko to‘pladi.
Musobaqaning jo‘n qoidasi: “Kuchsizlarni yut, kuchlilar bilan durang o‘yna”. Tal o‘zining chiroyli o‘yinlari bilan bu aqidani inkor etdi. U musobaqani yaxshi yakunlabgina qolmay, asosiy raqiblarini o‘z yo‘lidan olib tashladi.
O‘n uchinchi turda Tal Petrosyanni yengdi. Muhimi, u keskin kurashlardan keyin endshpilda taslim qildi, hech qanday tavakkal yurishlarsiz. Keyingi ikki turda bir yarim ochko to‘plagan Tal Bronshteyn va Tolush bilan birgalikda 2-4-pog‘onadan joy oldi. Uchalasida ham 9,5 tadan ochko. Petrosyan yettinchi o‘ringa tushib ketdi. O‘n ochko jamg‘argan Keres yakkapeshqadam edi. O‘n oltinchi turda Tal Keres bilan o‘ynardi…
Ochig‘ini aytganda, ko‘pchilik Tal Petrosyan va Keresga qarshi o‘ynaguncha uning muvaffaqiyatlariga shubha bilan qarayotgandi. Ular o‘z fikrini Talning Aronson, Taymanov va Bannik ustidan qozongan g‘alabalari yetarli asosga ega emasligi bilan izohlashardi. Biroq uning Petrosyanni endshpilda mag‘lubiyatga uchratgani, ayniqsa, Keresni endshpilda nozik yurishlardan keyin yutgani ko‘pchilikka Talning peshqadamlar orasida tasodifan yurmaganini tasdiqladi.
Darhaqiqat, Talning Keres ustidan qozongan g‘alabasi tahsinga loyiq. Bu g‘alaba katta mahorat talab qiladigan endshpilda ro‘y bergani bilan e’tiborlidir. Shu o‘yin nihoyasiga yetayotgan paytda matbuot xodimlari xonasiga grossmeyster Flor shoshilib kirdi. Ko‘plab yaxshi o‘yinlarga guvoh bo‘lgan faxriy shohmotchi hayajonda edi. U darhol taxtaga donalarni terib, o‘yindagi vaziyatni tahlil qildi va boshini chayqab, keyinchalik el og‘ziga tushgan so‘zlarini aytdi:
– Bu bola uzoqqa boradi!
Tal keyingi raqibi Aronin bilan durang o‘ynadi. Uning uchun bu yarim ochko g‘alabadan muhimroq edi. Chunki ikkalasi ham chiroyli yurishlar qildi. Tal shohga hujum qilish uchun farzini bilan ruxni urdi. Keskin o‘yindagi chiroyli yurishlari uchun ikkalasi ham “Chiroyli o‘yini uchun” beriladigan sovrin bilan taqdirlanishdi. Eyve bu o‘yinni “shohmot tarixidagi eng chiroyli durang”, deya ta’rifladi.
Chempionat nihoyasiga yetib borardi. Oxirgi tur oldidan uch hokimiyatchilik vujudga kelgandi: Bronshteyn, Tal va Tolush 13 ochkodan to‘plashgandi. Keresda yarim ochko kam edi. Smislov va Xolmov 12 tadan ochko jamg‘arishgandi. Ko‘rib turganingizdek, g‘oliblik uchun kurash keskin tus olgandi. Buning ustiga oxirgi turda Tal va Tolush o‘zaro uchrashishardi.
Endi o‘zingiz musobaqaning oxirgi kuni zalda qanday qiziqish uyg‘onganini tasavvur qilavering. Yosh Talning dadil, yorqin, hisob-kitobli og‘ir karvon yurishlardan yiroq jangovar o‘yinlari shohmot muxlislari yuragini zabt etgandi. O‘sha kuni muxlislar o‘rtasida so‘rov o‘tkazilganda, ular Talga muxlislik qilishini yashirmagan bo‘lishardi. Axir, Talning har bir hujumkor yurishi, ayniqsa, ular tavakkalga asoslangan bo‘lsa, tomoshabinlarni rosmana hayajonga solardi.
Talning shuhrati oshib borardi. Madaniyat saroyiga chipta ololmagan muxlislar uni ko‘rish uchun eshik oldida to‘planib kutib turishardi. Musobaqaning oxirgi kuni Tal Koblents yordamida muxlislar orasidan bazo‘r o‘tdi. Qarashsa, uning paltosidagi hamma tugmalari uzilib tushibdi.
Agar Tal so‘nggi turda darhol durangga kelishsa ham hech kim uning orqasidan tosh otmasdi. Chunki bu natija unga kamida birinchi o‘rinni bo‘lashib olish imkonini berardi (Bronshteyn uchun Xolmovni “bo‘ysundirish” oson ish emasdi), muhimi, grossmeysterlik talabini bajarib, dastlabki ballga ega bo‘lardi. Ko‘rib turganingizdek, vaziyat durang o‘ynashni talab etardi. Albatta, Koblents ham shunday maslahat berdi.
Ammo… ishtaha o‘yin paytida keladi! Ha, shohmot donalari harakatga kelishi bilan Koblentsning bir kun ovora bo‘lib tikilgan imorati qulab tushdi. Har doimgiday sipohlarini chiqarar-chiqarmas Tal hujumga tashlandi. Keskin kurash kimning foydasiga hal bo‘lishi noma’lum, faqat qiziqqonlik, xavotirga soluvchi tavakkalga tashnalik hukmron…
Raqib ham jangovar kayfiyatda, o‘zini keskin kurashlarga chog‘lagandi. Qirq olti yoshli Tolush uchun bu chempionat so‘nggi yorqin asarday edi. Hali u shu choqqacha hech bir musobaqada bunday shijoatli, zavq-shavq bilan dona surmagandi. Tal bilan o‘yinda Tolushning necha yillik orzusi ushalishi mumkin edi: yo bugun chempion bo‘ladi, yo hech qachon bu unvonga erisha olmaydi. Axir, uning yoshida qaytadan chempionatning chig‘iriqlaridan o‘tib kelish oson emasdi.
Shunisi qiziqki, Tolush musobaqa davomida Talning grossmeysterlarni ajoyib tarzda tor-mor qilganini ko‘rgani uchunmi o‘yin boshidayoq o‘zini ham halokatga mahkumday sezdi. Tolushning sustkashlik bilan o‘ynayotganini ko‘rgan Tal fursatni boy bermay shoh tomondan hujum uyushtirdi.
Oxirgi tur o‘yinlari zalda pashsha uchsa eshitilgudek sokinlikda o‘tdi. Bronshteyn – Xolmov uchrashuvida durangning “hidi” kelayotgani uchun muxlislar butun e’tiborini musobaqa erkatoyi o‘yiniga qaratishdi. Esingizdadir, “har bir shohmotchi musobaqada o‘z omadini o‘zi yaratadi”. Aynan shu vaqtda Tal o‘z omadiga zamin yaratmoqda edi. Oqlar 30-yurishni amalga oshirganda zal chuqur nafas oldi. Tal markaziy piyodasini qurbon qilib, filini zarba ustida qoldirgandi. Tolush qanchalik ehtiyotkorlik bilan himoyalanmasin, Talning har yurishi qattiqroq iskanjaga olardi. Bu holat uzoq davom etmadi, nihoyat grossmeyster qo‘lini Talga uzatdi, uni g‘alaba va chempionlik unvoni bilan tabrikladi.
Boshqa o‘yinlar davom etayotgan bo‘lishiga qaramay, muxlislar yangi chempionni gulduros qarsaklar bilan olqishlashdi. Mamlakat chempionatlari tarixida birinchi bor sport ustasi chempion bo‘ldi, buning ustiga u o‘z o‘yin uslubiga jalb etuvchi shohmotchi edi. “Tal. Bu nomni eslab qoling!” Endi bu nom shohmot koshonasi sirlaridan ogoh har bir muxlis qalbida jaranglaydi.
Ko‘plab tabriklarni eshitib, Misha mehmonxonadagi o‘z xonasiga kirdi. Ust kiyimlarini yechib, kresloga cho‘kdi. Birdan uni g‘am bosdi. Hammasi tamom, endi o‘yinga tayyorlanishga ham, hayajonlanishga ham hojat yo‘q. Shunda u o‘zining juda qattiq charchaganini angladi. Tong shomdan aqlliroq, deb bejiz aytishmaydi. To‘yib uxlagach, u yana avvalgi Talga aylandi.
Tongda g‘alabalar tug‘iladi… Siz bir lahza o‘smirlik qiyofasini saqlab qolgan, andak sodda, hazil-huzulga moyil, lekin o‘z kuchiga pahlavonlarday ishonadigan o‘spirinni ko‘z oldingizga keltiring. U o‘ylayotgan vaqtda xo‘mraygan qiyofaga kiradi, tundlashadi. Ammo o‘yin tugashi bilan kurashga qaratilgan diqqat-e’tibori o‘rnini quvnoq kayfiyat egallaydi. Go‘yo uning tashqi qiyofasi: “Marhamat, mendan nimanidir so‘ranglar, tortinmay bahslashinglar, siz o‘ylagan yo‘nalishning noto‘g‘riligini isbotlab beraman”, deyayotganday tuyulardi.
O‘sha tantanali tongda mamlakatning yangi chempioni juda band edi: tashriflar, tabrik telegrammalari, xatlar…
Telefon jiringlaydi. Rigadagi gazetaning bitta muxbiri hamkasblarini dog‘da qoldirishni istaydi:
– Kayfiyatingiz qanday?
– Boshim nurga to‘lgan!
– Juda charchagandirsiz?
– Barchasini boshqatdan boshlashga tayyorman!
– Yaqin kunlarda nima bilan mashg‘ul bo‘lasiz?
Jiddiy savol, Tal ham jiddiy javob beradi:
– Diplom ishi yozaman. Mavzumi? Ilf va Petrovning “12 stul” romanidagi hajviyot.
O‘z muvaffaqiyatidan shodlangan, shuhrat mayidan sarmast, xushchaqchaq Misha Tal o‘sha damda shunday kayfiyatda edi. Alohida hollarda yuz berganday, u bir kechada mashhur bo‘lgandi. Talga bag‘ishlab, maqolalar yozish boshlandi, ular tanqiddan holi emasdi, asosan yosh chempionning bir tekis o‘ynay olmasligi ta’kidlanardi, umuman olganda maqtovlarga yo‘g‘rilgandi. Hatto David Bronshteyn uni yorqin, kelajagi porloq iste’dod, deya ta’rifladi. Misha ma’naviy ustozining maqolasini o‘qir ekan, nimadir esiga tushdi: “Yosh iste’dod”, deb miyig‘ida kulib qo‘ydi.
Uning o‘yin uslubi tan olindi. Bitta maqola muallifi sport ustasi “shikoyati”ni keltirgandi: “Hamma narsa qorong‘i, barcha sipohlar zarba ostida turgan, ikkiyoqlama hujum uyushtirilayotgan vaziyatlarni Tal bilan o‘ynash maroqli deb bo‘lmaydi”.
To‘g‘ri, hali ham uning g‘alabasiga shubha bilan qaraydiganlar topilardi, lekin ularning ovozi endi mamlakat chempioni va grossmeyster Talning obro‘siga ziyon yetkaza olmasdi. Bu vaysaqilar gaplari Talning asabiga tegardi, xolos. U Riga vokzalida yuzlab muxlislari qurshovida qolganida barcha ko‘ngilsiz voqealarni unutdi.
Go‘yo omad yulduzi o‘spiringa kulib boqayotgandi. Ammo taqdir unga og‘ir zarba tayyorlayotgan ekan. Oilaning tayanchi va faxri bo‘lgan doktor Talning bexosdan tobi qochdi. Mishaga chempionlik oltin medali topshirilgan vaqtda, doktor Tal o‘zi uzoq yillar ishlagan kasalxonaga davolanish uchun yotqizildi. U o‘g‘li Moskvadan qaytgan kuni kasalxonadan vaqtincha chiqdi va davolanish uchun yana qaytdi.
Mishaning otasiga bo‘lgan hurmatiga allaqachondan o‘g‘il-ota munosabatlari mezonlari torlik qilardi. Uning uchun doktor Tal nafaqat ota, vallomatlik timsoli edi. Og‘ir daqiqalarda u o‘ziga-o‘zi savol berardi: “Dadam shunday holatda qanday yo‘l tutardi?”
Ota va o‘g‘il o‘rtasidagi o‘zaro hurmat mustahkam edi, chunki doktor Tal ashaddiy shohmot ishqibozi bo‘lib, Mishaning har bir bellashuvi natijasi uchun tashvish chekib yurardi. Shunga bog‘liq ko‘plab qiziqarli voqealarni eslashimiz mumkin. Chunonchi, Vilnyusda bo‘lgan chorak final musobaqasida Tal Gipslis bilan kechgan o‘yinini og‘ir vaziyatda kechiktirdi. Tungi uchlarda dadasi unga telefon qildi. Ida Grigorevna Mishani uyg‘otgisi kelmadi. U yutuqqa eltuvchi yo‘lni topganini aytganidan keyingina o‘g‘lini uyg‘otishga jazm etdi. Misha otasining gaplarini diqqat bilan tingladi va samimiy minnatdorlik bildirdi. Telefon go‘shagini qo‘yar ekan, jilmaydi, sababi, “yutuqqa eltuvchi yo‘l” halokatni tezlashtirardi.
Mishaning o‘pkasi shamollab otasi yotgan kasalxonaga davolanish uchun keldi, faqat u bir qavat pastga joylashtirildi. U otasi vafot etganini eshitganda toshday qotib qoldi. Hamdardga muhtoj onasi yonida o‘tirib: “Yig‘lagin, o‘g‘lim, – deya bo‘zlardi. O‘g‘il esa tosh qotgandi”.
Ikki oycha Misha hech narsa yemadi. U sekin-asta so‘nib borardi. Shaharda Mishaning ruhiy xastalikka chalingani to‘g‘risida mish-mish tarqadi. Bu haqda uni ko‘rgani kelgan do‘stlaridan biri bilmasdan aytib qo‘ydi.
– Shunday degin, – beozor kulimsiradi Tal.
Ertalab uning imzosini tasdiqlash uchun notarius vakili keldi.
– Salom, – dedi u Misha xonasiga kirar ekan, – men notariusman.
– Salom, – deya aks javob bo‘ldi, – men Napoleonman!
Notarius vakili esankirab qoldi va xonadan chiqdi. Ertasi kuni butun Riga ahli Tal buyuklik vasvasasiga yo‘liqqanidan xabar topdi. Shu vaqtda doktorlar Mishada qanday qilib hayotga qiziqishni qaytadan uyg‘otish mumkin, degan masala ustida bosh qotirishardi. Bexosdan onalik sezgisi yo‘l ko‘rsatdi. Shohmot, faqat shohmot uni darddan xalos etishi mumkin.
– Bilasanmi, Yasha, – deya ona atay qattiqroq ovozda katta o‘g‘liga murojaat qildi, – ikkinchi may kuni shahar klubida an’anaviy blits-musobaqa o‘tkazilar ekan.
– Musobaqada Misha ham qatnashsa bo‘lardi, – deya javob qaytardi Yakov. – Agar u istasa mashinada olib borardim.
Misha sekin boshini o‘girdi:
– Jasad qachon olib chiqiladi?
Ida Grigorevna seskanib ketdi: nahotki shunday hazillashib bo‘lsa? Ammo g‘isht qolipdan ko‘chgandi. Musobaqa boshlanadigan vaqtda Yakov ukasini taksiga ko‘tarib olib chiqdi va shohmot klubiga ko‘tarib olib kirdi. Albatta, kasal qatnashchilar musobaqaga qo‘yilmaydi, lekin vrachlar Ida Grigorevna g‘oyasiga xayrixohlik bildirishdi.
Musobaqaga tashna mamlakat chempioni darmonsiz bo‘lishiga qaramay raqiblariga tashlandi va o‘n to‘qqiz o‘yinda ham g‘alaba qozondi! Endi dori-darmonga hojat qolmagandi: Tal kuchga kira boshladi.

ULKAN BAXT

Musobaqalarda chempionga qiyin bo‘ladi. Bu ko‘hna haqiqatni XXV mamlakat chempionatida qatnashayotgan Tal ham his qilib turdi. Misha uchun bu chempionat muhim ahamiyatga ega edi. Birinchidan, Rigada o‘tkazilayotgandi. Ikkinchidan, birinchi–to‘rtinchi o‘rinlarni egallaganlar jahon chempionatining mintaqalararo musobaqasiga yo‘llanma olardi. Axir, jahon chempionligi uchun bahsga kirishish, shunday nufuzli musobaqaga borish va unda o‘z kuchini sinab ko‘rish yosh Talni qiziqtirmasligi mumkin emasdi.
Chempionat qatnashchilari ixtiyoriga Fan saroyining katta zali berildi. Har o‘yinda zalda ikki mingga yaqin muxlis kelardi. Ular o‘z hamshaharlari uchun ishqibozlik qilgani kelganini bildirishga urinishardi, bu Talni noqulay ahvolga solib qo‘yardi. Muxlislarning haddan ziyod ishqibozligi Talni g‘alati ahvolga solsa ham uni har doim kurashchan kayfiyatda bo‘lishga undardi.
Qur’aga ko‘ra Talning birinchi raqibi Tolush bo‘ldi. Muxlislar bu raqiblarning o‘yinidan ko‘p narsa kutishgandi. Ular yanglishmadi. Tolush o‘yin boshida kichik xatolikka yo‘l qo‘ydi, Tal esa darhol hujumga o‘tdi va chiroyli g‘alaba qozondi.
Tal kutilganday Bronshteyn bilan durang o‘ynadi va Boleslavskiyga yuzma-yuz keldi. Uning bu grossmeyster bilan shaxsiy hisob-kitobi bor. Ma’lumki, uni Boleslavskiy o‘tgan chempionatda chiroyli tarzda mag‘lub etgandi. O‘yin boshida o‘ch olinishi muqarrarday tuyuldi. Chunki Tal vaziyatini yaxshilab olgandi va bitta piyoda yutishga erishgandi. Keyin esa yengiltaklik bilan dona surdi. Qiyin vaziyatga tushgan bo‘lishiga qaramay, Tal hamon hujumga tashlanardi, xotirjam Boleslavskiyni bu hamlalar tashvishga solmasdi. Ko‘p o‘tmay u Talni mag‘lubiyatini tan olishga majbur qildi.
To‘rtinchi turda biz sharhlagan Averbax bilan o‘yin bo‘lib o‘tdi. Xullas, o‘tkazilgan yetti tur o‘yinlaridan keyin tal 4,5 ochko jamg‘ardi. Bu yomon natija emasdi. Ammo keyingi ikki o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi. Ayniqsa, Talga ikkinchisida osongina vaziyatda xatolikka yo‘l qo‘ygani jon-jonidan o‘tib ketdi.
Yana rigalikning uslubi yaroqsizligi va uni o‘yin paytida chuv tushirish qiyin emasligi to‘g‘risidagi gap-so‘zlar ko‘paydi. Ammo Tal tushkunlikka tushmadi. To‘qqizinchi turda tor-mor qilingan Tal murabbiyi Koblentsga xushchaqchaq ohangda dedi:
– Marra yaqin qoldi, sur’atni oshiramiz – qolgan to‘qqiz imkoniyatdan sakkiz ochko to‘playmiz, hammasi joyida bo‘ladi.
Koblents javob berish o‘rniga aftini bujmaytirdi. U mo‘jiza ro‘y berishiga ishonmasdi. Holbuki, unga Tal mo‘jiza yarataman deb aytayotgandi. Ammo mag‘lubiyatdan achchig‘i chiqqan Tal musobaqa oxiridagi an’anaviy o‘yinlarini boshladi.
Uning jangovar kayfiyatini birinchi bo‘lib grossmeyster Kotov o‘zida his qildi. Qora donalar bilan o‘ynagan Tal boshni aylantiruvchi yurishlarini boshladi, toliqqan Kotov oxir-oqibat qo‘pol xatolikka yo‘l qo‘ydi.
Keyingi turda Taymanov bilan o‘ynagan Tal bitta piyoda ortiq holatda o‘yinni kechiktirdi. O‘yin davom ettirildi va farzinli endshpil holatiga o‘tildi. Shunisi qiziqki, Tal o‘yindan keyingina bunday holatlarning durang vaziyat ekanligini bildi. Taymanov esa bunday holatlarning durang ekanligini bilgani uchun shunday vaziyatga o‘tgandi. Xullas, ular xotirjam dona surardi: biri bunday vaziyatda yutuq yo‘qligini bilmasdi, ikkinchisi bunday holatda yutqazmasligiga ishonchi komil edi. Ammo xotirjamlikni Taymanovning o‘zi buzdi. U uzoq vaqt o‘ylab o‘tirmasdan farzinlarni almashtirdi va taxtada o‘zi uchun yutqiziq vaziyatni yuzaga keltirdi.
Polugayevskiy bilan durang o‘ynagach, Tal yana grossmeysterga – Gellerga qarshi dona surdi. Zalda muxlislar shovqini bosilmagani uchun o‘yin asabiy holatda kechdi. Chunki hamma tushunardi, bugun uni Geller to‘xtata olmasa, chempionlikka da’vogar Tal bu poygaga qo‘shilishiga imkoniyat tug‘ilardi.
Qora donalar bilan o‘ynagan Geller ispancha o‘yinda yangi yurish qo‘lladi. Tal oldindan tayyorlangan qopqonga tushmaslik uchun antiqa yo‘lni tanladi. O‘yin juda keskin tus oldi. Buning ustiga Geller har bir yurishida zarbalarni bartaraf etishga chora izladi.
Avvaliga Tal ruxini filga qurbon qildi. Buning evaziga erishilgan tashabbus imkoniyatlari tugayotgan vaqtda Tal ikkinchi ruxini qurbon qilishga tashladi. Geller o‘ylab-o‘ylab ikkinchi qurbondan voz kechdi. Chunki bu holatda kuchli hujum ostida qolardi. Ammo u shu qarorga kelishi uchun 40 daqiqa vaqt sarfladi. Tal esa hujumni to‘xtatib, yaxshiroq vaziyatga erishish uchun filini otga almashtirdi. Pistirmali so‘qmoqlardan eson-omon o‘tishga urinaverib toliqqan Geller juda oddiy vaziyatda juda qo‘pol xatolikka yo‘l qo‘ydi.
Shunday qilib, Geller Talning shaxdam odimini to‘xtata olmadi. Uch nafar grossmeysterdan uch ochko olgan Tal peshqadamlarga tobora yaqinlashdi. Demak, kurash hali oldinda! Keyingi turda Furmanni mag‘lubiyatga uchratgan Tal 10 ochko to‘plab, 2–3-o‘rinlarni Spasskiy bilan bo‘lashib turardi, peshqadam Petrosyan atigi yarim ochko oldda edi, xolos. Ularni Bronshteyn va Gurgenidze ta’qib etishayotgandi.
Chempionatning saralash musobaqasi ekanligi o‘yinlarga munosabatini yanada oshirdi. Endi musobaqaning qanday yakunlanishi ko‘proq asablarga bog‘liq bo‘lib qoldi. Musobaqalarda “jar yoqasida” yurishga o‘rganib qolgan Tal esa hayajonlanmasdi. Og‘ir daqiqalarda asabi pand bermasligiga uning ishonchi komil edi.
To‘g‘ri, u o‘n yettinchi turda har qancha urinmasin, Krogiusni taslim qila olmadi va boshqa peshqadamlar kabi marra sari yarim qadam siljidi. Ammo o‘n sakkizinchi tur mavjud vaziyatga o‘zgartirish kiritdi. Chunki shu turda Petrosyan Boleslavskiy bilan durang o‘ynadi, Tal esa Gipslisni tor-mor qildi va ochkolar bo‘yicha peshqadamga tenglashdi.
So‘nggi tur oldidan musobaqa jadvalining yuqori pog‘onasi quyidagi ko‘rinishda edi: Petrosyan va Talda 11,5 ochkodan, Bronshteyn – 11; Spasskiy va Averbaxda – 10,5 ochkodan. Oxirgi turda peshqadamlar o‘zaro uchrashardi: Tal Spasskiy bilan, Petrosyan Averbax bilan. Xullas, XXV mamlakat chempionatining oxirgi turi qatnashchi va muxlislarning uzoq vaqt yodida qoladigan bo‘ldi. Albatta, birinchi navbatda ikki yosh grossmeyster – Tal va Spasskiy qarama-qarshiligi esga olinsa kerak.
O‘yin boshidagi dadil yurishlar Spasskiyning keskin kurashga chog‘langanini ko‘rsatdi. U debyutdayoq murakkab vaziyatlarni yuzaga keltirishga urindi. Qora donalar bilan o‘ynagan Tal raqibi da’vatini qabul qildi va Nimtsovich himoyasida juda kam qo‘llaniladigan, ya’ni piyoda ye4 xonasiga suriladigan yo‘nalishni tanladi. Bu piyoda oqlarga bir oz mushkullik tug‘dirib, keyin “qahramonlarcha halok bo‘lardi”.
To‘la yopiq, demakki kombinatsiya boshlashga imkoniyat qoldirilmagan bu o‘yin teng kurashlarda davom etardi. Hech bir tomon tashabbusni qo‘lga ololmayotgandi. Bunday ziq o‘yinlarni yoqtirmaydigan Tal deyarli teng vaziyatda raqibiga durang taklif qildi. Spasskiy taklifni rad etdi. Ehtimol, musobaqa jadvalidagi o‘rni uni kurashni davom ettirishga undagandir. Balki bunday vazmin kurashlarni yoqtirmaydigan Talning bardoshi yetmaydi deb o‘ylagandir.
Taklifning rad etilishi Talni ranjitdi. “Xato qilishimni kutayapti”, deya o‘yladi u alam bilan va o‘sha zahoti yanglishdi… Spasskiyning og‘ir sipohlari yagona ochiq yo‘lni nazorat ostiga oldi. Tabiiyki, kechiktirilgan o‘yinda Spasskiy ustunlikka ega edi.
Kechqurun Tal Koblents bilan kechiktirilgan o‘yinni ko‘rib chiqayotgan vaqtda muxlislar telefon qilishib, tashvishlanib so‘rashardi:
– Misha, siz Spasskiyning mana bunday yurishiga tayyormisiz?
– Misha, agar Spasskiy bunday yursa, siz nima qilasiz?
Oxir-oqibat telefonni uzib qo‘yishga to‘g‘ri keldi. Tahlil ertalabki beshgacha davom etdi. Koblents stolga bosh qo‘ygancha uyquga ketdi.
Misha kechiktirilgan o‘yinni davom ettirishga xotirjam yo‘l oldi: oqlarning g‘alabasini ta’minlovchi aniq yo‘nalish yo‘q edi. Ko‘p marta bo‘lganidek, Tal o‘yinxonaga qadam qo‘yar ekan xayoliga: “Spasskiy biz ko‘rib chiqqan yo‘llardan boshqa xavfli yo‘nalish topgan bo‘lsa-chi”, degan fikr keldi.
Spasskiy bir stakan kefir ko‘targan holda stolga yaqinlashdi, yuzidan kam uxlagani va toliqqani ko‘rinib turardi. “Demak, ular ham tun bo‘yi kechiktirilgan o‘yinni tahlil qilishgan va g‘alabani ta’minlovchi aniq yo‘nalishni topa olishmagan”, deya o‘yladi Tal. Lekin u Spasskiyning yo‘lda Petrosyanga “Bugun chempion bo‘lasiz”, deganidan hali bexabar edi.
Ehtiyotkor Petrosyan indamadi, hatto kulib ham qo‘ymadi. U o‘ziga katta baho berganlarga ishonchsizlik bilan qarardi.
Mana ikki yosh grossmeyster yuzma-yuz o‘tirishdi. Ertalab bo‘lishiga qaramasdan televideniye orqali kechiktirilgan o‘yinlarga bag‘ishlangan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reportaj uzatilayotgandi, zalda muxlislar ham ko‘p edi. Hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, butun Riga ahli taxtada davom etayotgan “spektakl”ning qanday tugashini kuzatib turdi.
Dastlab Talga qiyin bo‘ldi. Uning shohi raqib og‘ir sipohlari zarbasidan qochib yurdi. Spasskiy o‘z ustunligini sekin-asta oshirib bordi, hatto yutuq vaziyat ham vujudga keltirdi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, bu vaziyatni ikkala raqib ham ko‘rishmagan ekan.
Ko‘p o‘tmay o‘yinda ruhiy jihatdan hal qiluvchi bosqich boshlandi: kuchlar nisbati tenglashgan, oqlar hujumini kuchaytira olmasdi. Tal buni dildan his qildi, biroq ehtiyot choralarini ko‘rdi. Spasskiy esa hujumga berilib ketganidan o‘zini xavfdan holi deb bildi. U bir-ikkita arzimas noaniq yurishlar qildi va ikki tomon uchun o‘yinni keskinlashtirish imkoniyati tug‘ildi. Go‘yo qochib borayotgan askar birdan o‘girilib, qilichini yalang‘ochlab, hujumga tayyorligini bildirdi.
To‘g‘ri, Spasskiyning vaziyati hali Talnikiga nisbatan yomon emasdi, lekin ilgarigiga nisbatan og‘irlashgandi. Buni tushungan Spasskiy xo‘rsinib durang taklif qildi.
Tal javob berishga shoshilmadi. U har xil tuyg‘ular og‘ushida qoldi. Chunki u bunday holatda Spasskiyning tuzatib bo‘lmas xatoga yo‘l qo‘yishini bilardi. Shu bois Spasskiyga ichdan achindi. Ammo kurash qoidasi shu: yutqazgan alam chekadi. Bundan tashqari, u sport axloqiga rioya etishi lozim edi. Chunki shu o‘yinning natijasi ikki qatnashchining qanday o‘rinni egallashiga ta’sir etardi, ya’ni Spasskiy mag‘lubiyatga uchrasagina Averbax va endigina grossmeyster talabini bajargan Polugayevskiy faxrli to‘rtlikka kirardi.
Bir muddat mulohaza qilgan Tal dedi:
– O‘yinni davom ettiraylik.
Ob-havo o‘zgaradigan vaqt yetdi, oq shoh o‘z qarorgohida bezovtalana boshladi. Shu vaqtgacha oq shoh mustahkam qo‘rg‘onida jangni xotirjam boshqarib turgandi, endi uning o‘zi raqib sipohlarining nishoniga aylandi.
Vaziyatning bunday keskin o‘zgarishini kutmagan Spasskiy hayajonlanganidan qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi. Endi uning shohi kishtlar zarbidan daydib qoldi. Mana ruxi jangdan chiqdi, mana raqib farzini hal qiluvchi kishtni berdi. Bunday muvaffaqiyatdan xursand bo‘lib ketgan muxlislar Talni o‘rtaga olib chiqib, birgalikda havoga otishdi va qo‘llarida ko‘targancha tashqariga yo‘nalishdi…
Spasskiy-chi? Afsuski, ba’zan shohmot ham shafqat nimaligini bilmaydi. Shunday og‘ir daqiqalarda uning ko‘nglidan nimalar kechayotganini faqat yaqin kishilari bilishi mumkin edi. Bu mag‘lubiyat Spasskiyning barcha umidini puchga chiqardi, ikki tur oldin peshqadamdan atigi yarim ochko ortda qolayotgandi, yakunda esa kuchli to‘rtlikka ham kira olmadi, 5–6-o‘rinlarni Polugayevskiy bilan bo‘lashdi, xolos…
Talning g‘alabasidan keyin mintaqalararo musobaqada qatnashish huquqini qo‘lga kiritgan Averbax zalda yo‘q edi, u Spasskiyning g‘alabasiga ishongani uchun kechiktirilgan o‘yinlar borishini ko‘rishga kelmagandi. Averbax qandaydir ish bilan mehmonxonadan chiqdi va ko‘chada ikki kishining Tal – Spasskiy o‘yinini qizg‘in muhokama qilayotganini ko‘rdi.
– Kechiktirilgan o‘yin qanday yakunlanganini bilmaysizlarmi? – deya so‘radi u. – Tal mag‘lubiyatdan qutulib qoldimi?
– Nima? – deya ajablanishdi rigalik muxlislar. – Mag‘lubiyatdan qutulib qoldimi!? Siz aqldan ozibsiz, Tal yutdi!
Averbax shaytonga hay berib o‘yladi: bu tomi ketgan muxlislar hech qachon bir qolipga sig‘maydigan mish-mishlar tarqatishadi-da…
Petrosyan Averbax bilan durang o‘ynagani uchun Tal yana chempionat g‘olibi bo‘ldi. Ikkinchi g‘alabasi hayratda qoldirarli darajada yuz berdi. Endi mulohazago‘y har bir odam Talning o‘tgan chempionatdagi g‘alabasi tasodifiy emasligini tushunib yetgandi. Bu g‘alaba Talning o‘z davrining buyuk shohmotchisi ekanligini isbotladi.
“Tal tasodifan g‘alaba qozonadi”, “unga omad haddan ziyod kulib boqadi”, degan gap-so‘zlar yashovchan ekan, Tal ikkinchi bor chempion bo‘lgandan keyin ham tinmadi. Ular nafaqat Geller bilan, balki shov-shuvga sabab bo‘lgan Spasskiy bilan o‘tkazgan uchrashuvini ham esga olishardi. Yana Furmanning yutuq vaziyatda vaqtni o‘tkazib yuborib, o‘yinni boy berganini ta’kidlab qo‘yishardi.
To‘g‘ri, shunday bo‘lgandi. Lekin Talni tanqid qilayotganlar har doimgiday o‘yinni har taraflama, bor bo‘yi bilan o‘rganmasdan, o‘zlariga kerakli qismini yulib olib, shunga qarab butun o‘yinga baho berishayotgandi.
Furman bilan o‘yinda Tal mumtoz yo‘nalishlardan birida vaziyat ustunligiga erishdi va bitta piyoda yutib oldi. Bundan tashqari, Furman vaqt tangligiga tushib qoldi. Lekin shoshqaloq Tal vaziyat ustunligini sekin-asta amalga oshirish o‘rniga tavakkal kombinatsiyasini boshlab yubordi. Bu kombinatsiya rux va farzin qurboni bilan bog‘liq edi. Tal avvaliga ruxini filga almashtirdi, endi farzinni zarba ostida qoldirmoqchi bo‘lganda bu kombinatsiyaning oxiri voy ekanligini ko‘rib qoldi. Biroq Furman bu xato yurishlarga to‘g‘ri javob topguncha ko‘p vaqt sarfladi. O‘z xatosini tushungan Talga raqibining belgilangan vaqtda kerakli yurish qila olmasligi taskin berdi. Chindan ham 37-yurishda Furmanning vaqti tugadi.
Axir, Tal o‘zining chiroyli o‘yini bilan Furmanning vaqt tangligiga tushirdi-ku! Axir, Tal yashirin zarbalari, tuzoqqa tushiruvchi yurishlari bilan Furmanni har qadamda uzoq o‘ylashga majbur qildi-ku! Afsuski, Tal uslubini tan olmaslik an’anasi davom etdi. Ikki yil o‘tib, shohmot bilimdoni B.Vaynshteyn shunday yozgandi:
“Aslida o‘yin shunday kechgandi. Geller keskin kombinatsiyalardan keyin sifat ustunligiga erishdi. Hali bu yutuq degani emas. Taxtada sipohlar kam qolgandi, Geller zal bo‘ylab xotirjam sayr qilardi. Hozirgiday esimda, u Kotov bilan jilmayib gaplashdi. Birdan Tal yurish qilganini ko‘rdi, u xotirjam stol yoniga keldi, o‘ylab o‘tirmasdan ruxini zarba ostida qoldirdi…”
Naqadar oddiy izoh. Go‘yo kutilmagan zarbalar, tuzoqlar, xavflar bo‘lmagan, grossmeyster Geller shunday kelganu ruxini zarba ostida qoldirgan. Go‘yo Geller xotirjam sayr qilgan, jilmayib suhbatlashgan, hech bir hayajonsiz bemalol dona surgan. Go‘yo chuqur o‘ylar va qarama-qarshi ruhiy holatlar bilan kechadigan shohmot kurashida qatnashchining tashqi qiyofasiga bir zumgina nazar tashlab, uning ichida nimalar bo‘layotganiga aniq baho berish mumkin? Axir, Geller Talni g‘alabasi bilan tabriklash uchun qo‘l uzatganda ham kulib turgandi, ehtimol u shohmotchilarning o‘yin oxiridagi bu olijanob odatini hurmat qilgani uchun o‘zini samimiy ko‘rsatishga uringandir. Zero, bo‘lib o‘tgan keskin kurashlarni uning yuzidagi tabassumiga qarab unutish, ichki holatiga baho berish mumkin emas.
“Talning rosa omadi chopgan” degan gap-so‘zlarni eshitaverganidan obro‘li shohmotchilar ham uning ayrim g‘alabalari hech bir qolipga sig‘masligini, g‘alati va tushunarsiz ekanligini ta’kidlab qo‘yishardi. Xolisanlillo aytsak, chindan ham Tal o‘yin davomida raqiblari oldiga boshni aylantiradigan muammolar qo‘yardiki, ularni yechish oson emas edi.
Qolaversa, Talni bunday gap-so‘zlar ranjitmasdi. Chunki uning o‘yin uslubi Moskva va Rigadagi ikkita katta imtihondan o‘tgandi. Endi u keskin va tavakkal o‘yinlar orqali yuqori natijalarga erishish mumkinligiga ishonch hosil qilgandi. O‘sha kezlarda Talning qat’iy xulosasi shu edi: Tavakkalsiz g‘alaba yo‘q!
Uning shohmotdan boshqa ishlari ham yurishib ketdi. Mamlakat chempioni universitetning davlat imtihonlarini “a’lo”ga topshirdi, “Ilf va Petrovning “12 stul” romanida hajviyot” mavzusidagi diplom ishini muvaffaqiyatli yoqladi. Shunisi tahsinga loyiqki, Tal romandagi Ostap Bender timsolida juda ko‘p o‘ziga xos ijobiy xislatlar topdi, ularni jamoatchilik ham e’tirof etdi.
Universitetni tamomlagan Tal Qora dengiz bo‘yiga yo‘l oldi. Onasi o‘g‘lining dam olishiga umid bog‘lagandi. Ammo Misha dam olish uyiga borishi bilan Donetskdan kelgan talabalarning badiiy havaskorlik jamoasiga qo‘shilib, konferanselik qildi, o‘xshatma qo‘shiqlar kuyladi. Bu qo‘shiqlarning ko‘pchiligini o‘zi to‘qirdi. Jamoa dengiz bo‘yida dam oluvchilarga kontsertlar uyushtirib turishdi.
Misha xursand edi. U tanilib qolgandi, kontsert boshlanishi va chiqishlaridan keyin yangragan qarsaklar ko‘nglini ko‘tarardi. Muhimi, artistlik qobiliyatini sinab ko‘rishi uchun imkoniyat tug‘ilgandi. Bundan tashqari, shohmot muxlislariga lektsiyalar o‘qidi, seanslar berdi.
Ammo talabalar terma jamoasi tarkibida Varnada o‘tkazilayotgan jahon birinchiligida qatnashishi mumkinligini eshitishi bilan yo‘lga otlandi. Uning shohmot o‘ynash imkoniyatidan foydalanmasligi mumkin emasdi.
Varnada Tal birinchi taxtada o‘ynadi, o‘n imkoniyatdan 8,5 ochko jamg‘ardi. Ajoyib natija! Bu musobaqa iyulda bo‘lgandi, u avgust oyida Portoroj shahrida boshlanayotgan mintaqalararo musobaqaga keldi. Ha, Tal jahon chempionligi uchun kurashga kirishdi.

“MENGA IShONIShINGIZ MUMKIN…”

Nekbin Misha qanday maqsadni ko‘zlab Portorojga yo‘l olgandi? Savolni soddalashtirsak: u yigirma bir yoshida jahon chempioni bo‘lish haqida jiddiy o‘ylaganmidi? Agar o‘tgan ulug‘ shohmotchilarni esga olsak, ular uchun jahon chempionligiga erishish umrning mazmuni bo‘lgan. Demak, shunday ishga jazm etishga yosh Talning ma’naviy haqqi bormidi? Sehrli o‘yin uchun nima ish qilgan ediki, shohmot uni zo‘rlarning zo‘ri deb tan olsa?
Biz Talni Tal demasak ham bo‘lardi, agar u ma’naviy va sport kurashi nuqtai nazaridan jahon chempionligiga o‘zini haqli deb hisoblamasa. To‘g‘ri, hozircha u mana shunday kuchli tarkibli musobaqada qatnashishni juda-juda xohlardi. Uning kuchlilarga qarshi dona surish ishtiyoqini tushunsa bo‘ladi.
Portoroj – Adriatika dengizi bo‘yidagi dam olish maskani. Qatnashchilar ixtiyoriga ajoyib plyaj, voleybol maydoni va tennis korti berib qo‘yildi. Tez orada Tal zerika boshladi: u voleybol va tennis o‘ynamasdi, badiiy havaskorlik guruhlari yo‘q, yumshoq kursida yastanib o‘tirib xayol surishni esa xushlamasdi. Bir so‘z bilan aytganda, uning yaratilgan sharoitdan ko‘ngli to‘lmadi: odamlar kam, vaqtichog‘lik qilishga imkoniyat yo‘q. Koblentsga esa bu sharoit ko‘ngildagidek edi: endi shogirdi shohmot o‘ynab vaqtini o‘tkazadi.
Musobaqa nizomiga ko‘ra, dastlabki besh o‘rinni egallagan qatnashchi da’vogarlar musobaqasiga yo‘l olardi. Mamlakatimiz shohmotchilariga shart yanada og‘irroq edi: chunki Xalqaro shohmot federatsiyasi (FIDE) qaroriga ko‘ra, da’vogarlar musobaqasida bir davlatdan to‘rttagacha qatnashchi ishtirok etishiga ruxsat berilgandi (keyinroq bu qaror bekor qilindi). Agar Smislov va Keresning allaqachon da’vogarlar musobaqasida qatnashish huquqini qo‘lga kiritganini e’tiborga olsak, Portorojda Bronshteyn, Tal, Petrosyan va Averbaxdan iborat to‘rtligimiz qolgan ikki yo‘llanma uchun kurashishiga to‘g‘ri kelardi. To‘g‘ri, o‘yinlar boshlangandan keyin qatnashchilar iltimosiga ko‘ra FIDE mazkur da’vogarlar musobaqasi yo‘llanmalari sonini beshtadan oltitaga, shu bilan bir vaqtda mamlakatimiz shohmotchilariga beriladigan o‘rinni to‘rttadan beshtaga oshirdi.
Birinchi turda Tal o‘zi uchun notanish kolumbiyalik Degreyf bilan uchrashdi. Dastlabki yarim soatda fotosuratchi va kinooperatorlar xotirjamlikni buzib turishdi. Yaxshiyam, Degreyf ikkinchi yurish ustida yarim soatcha bosh qotirdi. O‘yin o‘rtalariga kelib Tal o‘z rejasini amalga oshirdi va 29-yurishda Degreyf taslim bo‘ldi. Ikkinchi turda Sabo ustidan vaziyat ustunligiga erishib, g‘alaba qozondi.
Uch turdan keyin Tal 2,5 ochko to‘plab, yakkapeshqadam bo‘lib oldi. Ammo to‘rtinchi turdan keyin musobaqa jadvalida orqaga surildi. U bu turda Matanovich bilan uchrashgandi. Belgradlik grossmeyster oldindan tayyorlab kelgan yo‘nalishni qo‘lladi, Tal og‘ir vaziyatga tushib qoldi. Asta-sekinlik bilan vaziyatni yaxshilagan vaqtda xatolikka yo‘l qo‘ydi va og‘ir holatda o‘yinni kechiktirdi. Deyarli butun tun bo‘yi Tal va Koblents himoyalanish choralarini izlab chiqishdi.
O‘yin davom ettirilganda shuncha harakat zoye ketgani ma’lum bo‘ldi. Chunki Matanovich kuchsiz yurish yozgan ekan. Yana Tal vaziyatni tenglashtirdi. Biroq o‘sha o‘yinda taqdir u bilan hazillashgisi keldi, shekilli. Yaxshi bilasiz, Talning o‘quvchilik yillarida yurishni o‘ylayotgan vaqtda sipohlarni ushlab qo‘yish odati bor edi. Aynan shu o‘yinda u bolalikdagi odatini takrorladi.
Durang vaziyatda Tal birdan “a” katakdagi piyodani surish bilan Matanovichni qiyin ahvolga solib qo‘yish mumkinligini ko‘rdi. Shu piyodani surish o‘rniga boshqa g‘oyalarga chalg‘ib ketdi. Piyodaga qo‘l cho‘zganda kech bo‘lgandi. U qo‘lidagi piyodaga, keyin raqibiga bir oz tikilib joyiga qo‘ydi. Kutilgandek, ko‘p o‘tmay yengildi.
Tal o‘z odatidan juda qattiq ranjidi. Buning ustiga mahalliy matbuot vatandoshining mahoratini maqtashga tushib ketdi. Hatto bitta maqola “Matanovichning qahramonligi” sarlavhasi ostida bosilib chiqdi. Bu sarlavhani ko‘rganda Talning kayfiyati tushdi.
Boshqacha aytganda, Tal chexiyalik grossmeyster Filip bilan o‘yinga g‘alaba ishtiyoqida bordi. Ispancha o‘yinda debyutdan chiqmasdanoq shoh tomonida keskin kurash boshlandi. Qora donalarni boshqargan Filip mustahkam himoya qo‘rg‘onini tiklashga ulgurgandi. Bu murakkab vaziyatda oqlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujumga o‘tadigan yo‘lagi yo‘q edi. Shunda Tal shohini yurdi va sipohini qurbon qilishga imkoniyat tug‘ildi.
Filip ham bu yo‘nalishni ko‘rdi, yarim soat o‘yga cho‘mib, durang taklif qildi. Endi Tal o‘yga cho‘mdi. U qurbonning to‘g‘riligiga yuz foiz ishonmay turgandi. Lekin raqibining yuziga qarab, tashvishlanayotganini va hayajonlanayotganini ko‘rgach, bu qurbonning shubhali ekanligidan xursand bo‘ldi.
Bunday holatda Tal qanday yo‘l tutganini anglayotgandirsiz: u taklifni rad etdi. Keyingi yurishdayoq uning fili qora shohni himoya qilib turgan piyodaga tashlandi. Qurbonning natijasi yaxshi edi: fil uchun ikki piyoda va hujum. Muhimi, asabiy holatga tushgan Filip ilgarigiday aniq va qat’iyat bilan himoyalana olmasdi. Xullas, Talning ruhiy tajribasi o‘zini oqladi, ko‘p o‘tmay raqibi o‘yinni topshirdi.
Keyingi uch turda: filippinlik Korroso, mezbon Gligorich, bolgariyalik Neykirx bilan durang o‘ynadi. To‘qqizinchi turda Tal barchaga ochko ulashayotgan kanadalik Fyushterni yengdi, keyin argentinalik Rossetoni. Aynan Rosseto bilan o‘yini muxbirlarga gipnoz to‘g‘risida yozishlariga bitmas-tuganmas “oziq” berdi. Qora donalar bilan o‘ynagan Tal eski hind himoyasida yaxshi vaziyatga erishdi, piyodasini qurbon qilib, jiddiy xavf sola boshladi. Keskin o‘yinlarni yoqtiradigan Rossetoga ham bu vaziyat ma’qul keldi. Hatto u piyoda ustunligiga ham erishdi va fursatdan foydalanib, durang taklif qildi.
Omad yulduziga ishongan Tal bu taklifga rozi bo‘lmadi. U o‘z vaziyatini yomonlashtirish hisobiga o‘yinni yanada chigallashtirdi. Nihoyat, himoyalanaverib, charchagan Rosseto o‘yin tizginini yo‘qotdi va tezda mag‘lubiyatga uchradi. O‘yindagi halokat ko‘pchilikka tushunarsiz tuyuldi (xorijda hali Talning o‘yiniga ko‘nikishmagandi) va bu muxbirlarning “Tal raqiblarini gipnoz qiladi” deb yozishlariga dastak bo‘ldi.
Keyingi raqibi – qora donalar bilan o‘ynagan Benko sitsiliancha himoyada mustahkam qo‘rg‘on barpo etdi va u yuz qiyofasi bilan hech qanday xo‘rakka aldanmasligini bildirdi. Shunga qaramay Tal farzin tomonda piyodalarini faollashtirib, uni chalg‘ita oldi. Hal qiluvchi lahzalarda Tal raqibidan ko‘proq yurishlarni ko‘rdi va piyoda ustunligiga erishdi. Keyin o‘yinni yutuqli ruxli endshpil holatiga o‘tkazdi. Benko taslim bo‘lish o‘rniga, nochor vaziyatda qarshilikni davom ettiraverdi. Tal tomoshabinlar suhbatiga e’tibor bermay jimgina vaziyatni tahlil qildi. So‘ngra piyodasini farzinga chiqarish o‘rniga, tomoshabinlarni hayron qoldirib, ikkinchi tomondagi piyodasini olg‘a surdi. Benko raqibining kinoyasini tushundi va soatini to‘xtatdi.
O‘n beshinchi turda Tal Larsenni mag‘lubiyatga uchratib, ochkolar bo‘yicha peshqadam Petrosyanga tenglashdi. Lekin u keyingi turlarda Panno, Olafsson, Petrosyan va amerikalik Shervin kabi kuchli shohmotchilar bilan o‘ynashi kerak edi. Biz bilamizki, Tal musobaqa oxirida doimo kuchli o‘ynaydi.
Panno bilan uchrashuvi Talning shohmot faoliyatidagi eng murakkab o‘yinlaridan biri bo‘ldi, desak yanglishmaymiz. Raqiblar ispancha o‘yinni tanlashdi, qizig‘i Panno yurishlarga kam vaqt sarfladi. Rigalik shohmotchi raqibining XXIV mamlakat chempionatidagi Tal – Antoshin o‘yinidagi yo‘nalishga o‘tishni xohlayotganini sezib qoldi.
Albatta, argentinalik shohmotchining bu yo‘nalishda tuzoq tayyorlagani yaqqol ko‘rinib turardi. Tal uzoq o‘ylab o‘tirmadi, “nima bo‘lsa bo‘lar” degan qarorga keldi. Axir, u ham bu yo‘nalishda bitta yangi yurishni sinab ko‘rmoqchi edi.
O‘yin o‘rtalarida taxtada juda murakkab vaziyat yuzaga keldi, ikkala yosh shohmotchi ham xavflardan hayiqmay bir-biriga kombinatsiya borasidagi mahoratini namoyish etishdi. Panno 19-yurishda farzinini rux va ikkita yengil sipohga berdi. Shundan keyin Talning taxtadagi vaziyati keskinlashdi. Bronshteyn vaziyatga qarab tashvishlanib turgan Koblentsning yelkasini qoqib, ko‘nglini ko‘tardi:
– Juda tushkunlikka tushmang, oldinda hali uchta tur bor.
Ammo Tal kombinatsiya oqibatini raqibiga nisbatan chuqurroq o‘ylagan ekan. Qoralarning donalari taxtada sochilgancha qolib ketdi va Panno bir qancha moddiy talafotga uchradi. Keyin argentinalik shohmotchi jon-jahdi bilan himoyalandi, bir-ikki marta Talga tuzoq qo‘yishga samarasiz urinib ko‘rdi.
O‘yinda ikkala raqib ham katta kuch yo‘qotdi. Pannoning yuzida ter yiltirardi, Tal ham juda charchagandi. Biroq har doimgiday mana shunday qaltis vaziyatlarda Talning aqli ziyrak ishladi, asabi pand bermadi. Tal 35-yurishda raqibining tuzog‘idan aylanib o‘tdi. Panno esa 41-yurishda xato qilib durangga kelishish imkoniyatini qo‘ldan chiqardi.
O‘yin kechiktirilganda, Tal hali uni yutish mumkinligiga ishonch hosil qilmagandi. Koblentsning unga dastlabki savoli shu bo‘ldi:
– Ahvoling qalay?
– Menimcha durang, – deya javob berdi Tal.
– Nimani kutayapsan? – sabrsizlik bilan xitob qildi Koblents. – Taklif qil!
Tal esa jilmayib, boshini chayqadi.
Ular tonggacha kechiktirilgan o‘yinni tahlil qilishdi va yutish mumkin degan xulosaga kelishdi. Ertalab kechiktirilgan o‘yin vaziyatiga Tal yana bir bor nazar tashladi va bugun Olafsson bilan o‘tkaziladigan uchrashuvda “dam” olgisi keldi. O‘n beshtadan yurishlar qilingach, bitim muzokaralarini boshlash mumkin. U bo‘lsa shu orada bir-ikkita o‘ylamasdan yurish qilib qo‘ydi.
Mana shu damlarda Talning yengiltakligi va o‘ziga bino qo‘ygani yarq etib ko‘zga tashlandi. U o‘yladiki: Tal durangga rozi ekan, demak o‘yinni davom ettirishga hojat yo‘q. Aynan shu damda Olafsson boshqacha fikrlashi mumkinligi uning xayoliga ham kelmasdi.
Tal tezgina bir-ikki dona almashtirdi, 15-yurishni qilgandan keyin Olafssonga an’anaviy savolni berdi:
– Siz yutuq uchun o‘ynayapsizmi?
Endi joyidan turmoqchi edi, raqibining xotirjam javobi yangradi:
– Ha!
Shundan keyingina Tal taxtadagi vaziyatni diqqat bilan qarab chiqdi va o‘zining holati yaxshi emasligini, xolis baholaganda yomonligini payqadi. O‘z holatidan ranjigan Tal yana bir-ikkita xato yurish qildi. Qisqasi, kechiktirilgan vaziyat yutqiziq edi. Olafsson o‘z yurishini yozdi. Demak, Tal ikkita kechiktirilgan o‘yinni davom ettirishi kerak: birida g‘alaba qilishga kichik imkoniyat bor, ikkinchisida durang o‘ynashga imkoniyat izlashi lozim.
To‘g‘ri, o‘yinni durang qilishga kichik bo‘lsa ham ilinj qolgandi, bu ilinj raqibining ruhiy holatiga bog‘liq edi. Tal angladiki, oddiy va to‘g‘ri yurishlar qilinsa, Olafssonning yutishi muqarrar. Shunday ekan mantiqqa zidroq yo‘nalishni tanlash kerak. Buning ustiga Olafsson yurishni yozish oldidan 45 daqiqa o‘ylagandi. Shu bois endigi yurishlarini uzoq o‘ylay olmaydi.
Mana shu xususiyatlarni hisobga olgan Tal bir qarashda aqlga sig‘maydigan yo‘nalishni tanladi: qora shoh oqlarning oldi ochiq piyodalari tomonga emas, qarama-qarshi tomonga yo‘l oldi! Shohning bu harakatini tushunsa bo‘lardi, chunki to‘g‘ri yurishlar qilib o‘yinni saqlash mumkin emasdi. Olafsson o‘yinning bunday davom etishiga darhol ko‘nika olmadi, buning ustiga shohning har bir yurishi tahdid solayotganday tuyulaverdi.
Shuni ta’kidlashimiz kerak, Tal va Koblents tahlil paytida kechiktirilgan ikki o‘yindan bir ochko olish ham yaxshi natija deb o‘ylashgandi. Rejalashtirilgan bir ochko Panno bilan o‘yindayoq osongina qo‘lga kiritildi. Qizig‘i, Tal bu o‘yinda yengil g‘alaba qozondi.
Navbat Olafssonga kelgandi. Ruhiy kurashda hamma narsa, hatto o‘zni tutish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Tal zudlik bilan yurishlarini qilar, keyin o‘yin natijasi ahamiyatsizday zal tomonga xotirjam qarardi. Bu holat g‘alabasini rasmiylashtirish uchun kelgan Olafssonni hayajonlantirdi. U qora shoh kutilmagan tomonga yurilgach, o‘n daqiqagacha o‘yga cho‘mdi. Endi keyingi o‘nta yurishini qilishi uchun bir-ikki daqiqagacha vaqti qolgandi. Qisqasi, bir ozdan keyin Olafsson xatolikka yo‘l qo‘ydi va tayyor yutuqni qo‘ldan chiqardi.
Ertangi kuni chiqqan mahalliy gazetalarda shu o‘yindagi tub burilishga alohida to‘xtalishdi, turli sifatlashlar ishlatildi: “ayyor Tal”, “topqir Tal”, “ustamon Tal” va albatta “baxtiyor Tal”. Baxtiyorlik… Ammo shu durangga erishish uchun qancha asab, qancha quvvat ketganini faqat Tal va Koblents bilardi.
So‘nggi tur oldidan Tal 13 ochko jamg‘argandi, u Gligorich va Petrosyandan yarim ochko o‘zib ketgandi. Petrosyanning o‘yini tugagandi, unga Benko tenglashdi. Gligorich esa Fisher bilan durang o‘ynab, ikkinchi o‘rinni naqd qilib qo‘ydi.
Tal Shervin bilan o‘ynayotgandi. Gligorich durangga imzo chekkach, Talni ham shunday natija qanoatlantirardi. Debyutdan chiqib, yaxshi vaziyatga erishgach, zalga qarab Koblentsni ko‘rdi. Murabbiyi asabiy holda o‘tirardi. U o‘jar shogirdi yana bir baloni boshlashidan xavotirda edi. Buni anglagan Tal kulib qo‘ydi. U o‘jarligidan emas, balki butun nigohi bilan durang qilishini so‘rayotgan murabbiyining jig‘iga tekkisi keldi. U Koblentsni ko‘rmaganga olib, oldin piyodani, keyin ruxni yurdi, shundan so‘ng Shervinga durang taklif qildi. Ko‘plab nufuzli musobaqalarda g‘olib chiqqan grossmeyster Shervin keksaygan bo‘lishiga qaramay, hali yoshlarga munosib raqib ekanligini ko‘rsatishga urindi…
1958 yilning 10 sentyabrida Portorojda oxirgi tur o‘ynalgan bo‘lsa, yana yigirma kundan keyin Myunxenda XIII olimpiada boshlandi. Mamlakat terma jamoasi zabardast grossmeysterlardan tashkil topgandi: jahon chempioni M.Botvinnik, sobiq jahon chempioni V.Smislov, shuningdek, P.Keres, D.Bronshteyn. Zaxirada – M.Tal va T.Petrosyan. Bu tarkibdagi jamoaning ishonarli g‘alaba qozonishini oldindan bashorat qilish mumkin edi.
Ehtimol, olimpiadalar tarixida birinchi marta mamlakat chempioni va mintaqalararo musobaqa g‘olibi bo‘lgan grossmeyster zaxira o‘yinchilar safiga kiritildi. Bu Tal ko‘nglining bir chetini xira qildi, lekin u o‘zidan katta hamkasblarining hurmatini joyiga qo‘yishni bilardi. Buning ustiga u zaxiraga nomigagina yozilgandi. Axir, u olimpiadada 15 o‘yin o‘tkazdi.
U Myunxenga ko‘tarinki kayfiyatda kelgandi. Ayni damda Tal shohmotdagi istalgan qiyin muammoni yechib tashlay olaman degan kayfiyatda edi. Ha, u hammaning e’tiborini qozondi, turli qit’alardan kelgan shohmotchilar bilan tanishdi. Olimpiadaning jangovar “havo”si g‘alaba uchun o‘ynaydigan Talning ruhiyatiga juda mos tushgandi.
Olimpiada kunlari Myunxenning 800 yilligi nishonlanardi. Tal birinchi kundan shaharni tomosha qilmoqchi bo‘ldi. Jamoa vrachi barchaning yaxshi dam olishi lozimligini uqtirardi. Ammo Talning ishtiyoqi zo‘r keldi. U bir juft tuflisini derazadan tashqariga tashladi va bildirmasdan mehmonxonadan chiqdi. Shaharda rosa sayr qilib, yana bildirmasdan mehmonxonaga chiqdi. “Topqir Tal” o‘zining sho‘xligidan mamnun jilmayib qo‘ydi.
O‘yinlar Milliy muzeyning kontsert zalida o‘tkazildi. Qatnashchilarni muxlislardan tortilgan ip ajratib turardi, xolos. Muxlislarning yaqinligi kimgadir xalaqit bergan bo‘lishi mumkin, lekin bu Talga qo‘shimcha quvvat bag‘ishladi. U Myunxenda ajoyib o‘yin ko‘rsatib, beshinchi taxtada yaxshi natijaga erishgani uchun maxsus sovringa sazovor bo‘ldi. Axir, Tal 15 imkoniyatdan 13,5 ochko to‘pladi!
Uchta durangga erishganlar orasida belgradlik keksa grossmeyster Trifunovich ham bor edi. U san’atkorona himoyalanishi bilan dong taratgandi. O‘yin oldidan Trifunovich shunday dedi:
– Qani, bolakayni bir imtihon qilay-chi. Hozircha, Tal undoq, Tal bundoq degan gaplarni eshityapman…
Faxriy shohmotchining o‘zini imtihon qilishga chog‘langanini eshitgan Tal keng miqyosda hujum ketidan hujum uyushtirdi, qopqon ketidan qopqon qo‘ydi, ammo Trifunovich barchasiga chora topdi. Xullas, Tal mustahkam himoya qalqonini yorib o‘ta olmadi.
Bitim imzolangach, Trifunovich mamnun holda dedi:
– Bilasizmi, Portorojda g‘olib chiqqaningizni eshitganimda ishonmagandim. Endi bilsam haqiqatan ham siz bilan o‘ynash qiyin ekan. Xolisanlillo aytsam, men uzoq vaqtdan buyon bunaqa yaxshi o‘ynamagandim.
Tal olimpiadada omadi yurishib turganini sezgani va o‘ziga qattiq ishongani uchun bir necha yo‘nalishlarni sinab ko‘rdi. U oq donalar bilan Tringovni yutdi, keyingi turda qora donalarda Faxtliga qarshi shu yutqiziq yo‘nalishni tanladi. Avstriyalik Lokventsga qarshi o‘zining Matanovich bilan bo‘lgan o‘yinidagi yutqiziqqa olib boruvchi yo‘nalishini takrorlashdan cho‘chimadi.
Boshqacha aytganda, Talning tomirida shohmot kurashiga tashnalik qaynab oqmoqda edi. Albatta, bunday o‘yinlar o‘ziga qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘dirdi. Ba’zan u jamoa sardori Kotovning jig‘iga tegish uchun vaziyatni atayin chigallashtirardi. Holbuki, to‘g‘ri o‘ynab ham raqibini yutsa bo‘lardi. Axir, raqiblari undan shunchalik cho‘chib qolishgandiki (Tal bundan unumli foydalanardi), ular Talning har bir yurishida kombinatsiya yashirin deb o‘ylashardi va hech qanday qarshiliksiz tuzoqqa tushishardi.
Oxirgi kun terma jamoamiz shveytsariyaliklar bilan uchrashdi. Bu vaqtgacha jamoa birinchi o‘rinni egallab bo‘lgandi. Shu bois Tal raqibi Valter bilan tezgina durang o‘ynab, qahvaxonadagi televizorda Londondan olib beriladigan mamlakatimiz futbolchilarining angliyaliklarga qarshi uchrashuvini ko‘rmoqchi edi.
Qora donalarni suradigan Tal tezroq javob yurishini qilish maqsadida ko‘tarinki kayfiyatda o‘z joyini egalladi, axir har bir daqiqa g‘animat. Ammo javob berishning iloji yo‘q edi: Valter birinchi yurishni qilish uchun o‘n daqiqacha o‘ylandi. Havaskorlar futbol jamoasining sobiq darvozaboni o‘zi o‘tirgan stulda bezovta pitillardi. Valter ikkinchi yurishni qilishga shoshilmadi. Shunda Tal bugungi futbol uchrashuvini tomosha qilolmasligini anglab yetdi. Keyin ko‘nglida ovchilarning his-tuyg‘usi uyg‘ondi va o‘ljasi iziga tushdi. 34-yurishda Valter o‘zining samarasiz himoyalanishini to‘xtatdi.
Myunxen olimpiadasida Tal barchaning yoqimtoyiga aylandi. Matbuot uning suhbatijonligi va ochiqko‘ngilligini ta’kidlashdan charchamasdi. Xorijlik sport ustalarini tor-mor qilayotgan paytda uning beg‘araz hazil yurishlari va har qanday keskin yo‘nalishni dadil qo‘llashi barchaga yoqib tushgandi.
Jahon chempioni Mixail Moisevich Botvinnik bilan yaqindan tanishuv Tal uchun muhim ahamiyat kasb etdi va unutilmas saboq bo‘ldi. Myunxenda Tal Botvinnikning kechiktirilgan o‘yinlarni naqadar chuqur va san’atkorona tahlil qilishini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. Bir necha marta Botvinnik bilan ayrim vaziyatlarni tahlil qildi, ko‘p narsani o‘rgandi. O‘sha vaqtda jahon chempioni unga e’tiborini qaratdimikin? Ko‘p o‘tmay shu chapdast shohmotchi bilan og‘ir “jang”ga kirishishni xayoliga keltirdimikin?
Ehtimol, Botvinnik shu haqda o‘ylagandir. Chunki olimpiadadan keyin Tal jahon chempionligiga asosiy da’vogar ekanligi to‘g‘risida yozishdi. Xususan, Tal o‘yinlarini diqqat bilan kuzatib yurgan sobiq jahon chempioni, mashhur grossmeyster Maks Eyve o‘z fikrini quyidagicha izhor etdi:
– Tal – shohmot olamidagi ulkan yangilanish. Menga ishonishingiz mumkin: uzoq yillik shohmot faoliyatimda ko‘plab iste’dodlarni ko‘rganman.
Bilishimcha, unga ishonishdi…

“HAMMASI JOYIDA!”

Tal oktyabr oyi oxirida Myunxendan qaytdi, 1959 yil yanvarida esa Tbilisida o‘tkaziladigan XXVI mamlakat chempionatida qatnashishi kerak. U keyingi paytda ketma-ket musobaqalarda ishtirok etgani uchun qolgan ikki oyda dam olgisi keldi. Lekin u tinch yura olarmidi? Musiqa va adabiyotga qiziqishi har doim ham shohmot faoliyatiga mos tushavermagani uchun o‘qituvchilik qilgisi kelib qoldi. Ko‘p o‘tmay Riga maktablaridan birida rus tili va adabiyotidan dars bera boshladi. Shunisi qiziqki, u tezda o‘quvchilar ishonchini qozondi. Dastlabki darslardan birida sinfxonaga kirar ekan, tokchada donalari terilgan shohmot taxtasini ko‘rdi. Doskaga vazifani yozib, shohmot taxtasiga nazar tashladi. Ko‘rdiki, vaziyat o‘zgargan, kimdir qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ygandi.
— Dars vaqtida ham bunday yomon o‘ynash mumkin emas, — dedi-da, hech narsa bo‘lmaganday darsni davom ettirdi. Shohmot taxtasidagi donalar boshqa qo‘zg‘almadi.
Bolalarga yangi o‘qituvchi yoqib qoldi, musobaqa-tadbirlarga qatnashgani uchun darslar tez-tez surilib tursa ham uni hurmat qilishardi. Tez orada Tal maktabda ishlashga haqqi yo‘qligini tushundi: u ko‘plab darslarni o‘tkazib yuborayotgandi.
U jurnalistikaga qiziqa boshlagandi. Latviya yoshlar gazetasiga kelgan maktublar asosida kichik-kichik feletonlar yozib turdi. Bu ish qiziqarli va yoqimli edi, ustiga-ustak, uning hazil-huzulga moyilligi o‘z yo‘nalishini topgandi. Ammo uzoq muddatli safarlarda bo‘lib turishi bu ishning ham beliga tepdi.
1959 yildan Rigada “Shaxs” shohmot jurnali chiqarila boshlandi. Tal tahrir hay’ati a’zoligiga kiritildi. Dastlab u yangi vazifasiga istehzo bilan yondoshdi, axir, 22 yoshli yigitni ham tahrir hay’atiga kiritishadimi? Kulgili! Keyinroq o‘ylab ko‘rsa aynan shohmot jurnali o‘zibop joy: shohmotni sevadi, jurnalistikaga qiziqadi, hech kimga po‘ng‘illamasdan ishga kirishgani ma’qul.
… Tbilisida Talni jiddiy sinov kutayotgandi. Chempionatga bag‘ishlab chiqarilgan shohmot byulletenida uning ahvoliga xolis baho berilgandi:
“Agar qadimiy latifadan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, Talning XXIV chempionatdagi dastlabki muvaffaqiyati tasodif, ikkinchi bor oltin medal olishi manfaatlarga (chempionat Rigada o‘tkazilgandi) mos edi, ammo Portorojdagi mintaqalararo musobaqa va Myunxendagi XIII Olimpiada uning birinchi o‘rinni egallashi odat tusiga kirganini ko‘rsatdi va bunga hamma narsaga shubha bilan qaraydiganlar ham ko‘nika boshladi. Hatto yetakchi grossmeysterlarimiz ham musobaqalarda Bronshteyn, Kotov, Smislov, Keres, Botvinnik, Averbax, Geller va Taymanovning navbatma-navbat g‘olib chiqishiga chidab kelishayotgandi, endi ular yo uzil-kesil Talning yakkahokimligini tan olishadi, yoki bu masala bo‘yicha boshqacha fikrlari borligini aytishadi”.
Azaldan shohmotda kim yakkahokimlik qilmasin, bu o‘yinga xos jahd-jadal bilan kurashish ishtiyoqi uning tan olinishiga yo‘l qo‘ymagan. Buning ustiga Tbilisida o‘z davrining buyuk shohmotchilari to‘planishgandi. Keyinchalik Tal o‘zining “Sipohlar jonlanganda” kitobida shunday yozgandi: “Mark Taymanov agar men qatorasiga uchinchi bor chempion bo‘lsam, shohmotni butunlay tashlashga va’da bergandi”. Chempionatda qatnashayotgan sport ustalari ham kuchli ekanligini hisobga olsak (ulardan ikkitasi — Polugayevskiy va Xolmov tez orada grossmeyster bo‘lishdi), Tal oldida jiddiy vazifa turganini anglash qiyin emas edi.
Tal ham unga qarshi jiddiy o‘ynashim kerak deb o‘ylaydigan oddiy chempion emasdi, ayni paytda u yosh, serg‘ayrat va jahon shohmot tojiga da’vogar sanalardi. Shuningdek, u ayrimlarga isyonkor va qo‘pol ko‘ringan shohmotga yangicha yondoshish g‘oyasini ularning xohishiga qarshi o‘laroq o‘z o‘yinlari misolida isbotlab kelayotgandi. Shu bois har bir qatnashchining qalbida qaysar “bolakay”ni tartibga chaqirib qo‘yish istagi yashiringandi, desak mubolag‘a emas.
Hamkasblarining kayfiyatini Tal dastlabki Yuxtman bilan o‘yindayoq his qildi. Aslida bu uchrashuv ikkinchi tur o‘yini edi, chunki Tal xastalanib qolgani uchun musobaqaga kechikib kelgandi.
Yuxtmanni “soha mutaxassisi” deyishardi. Uning eng ishonchli quroli: bo‘lajak o‘yinga oldindan aniq yo‘nalish tanlardi. Bunday raqiblar Talga ham yoqardi, axir ular o‘yin paytida zeriktirishmaydi. Demakki, Yuxtman uchrashuvga tayyorlanish chog‘ida Talning kombinatsiyalar mulkiga ijozatsiz kirgan va o‘zini u joyda xotirjam sezayotgandi. Bu rigalikka yoqmayotgandi. Shu bois Tal o‘yin boshlanishi bilan ochiqdan-ochiq hujumga o‘tdi. Yuxtman bilan shunday o‘ynash xavfli edi. Nozik ruhshunos hisoblangan Tal o‘z hissiyotiga ortiqcha bino qo‘yib yubordi va buning uchun jazolandi.
Keyingi uch turda Tal 2,5 ochko to‘plab, ahvolini bir oz o‘nglab oldi. Beshinchi turda Keres bilan uchrashdi. Keres navbatdagi yurishini qilgach, zal sahnasida xotirjam aylanib yurdi. Tal javob yurishini qilib, Keres oldiga kelib dedi:
— Sizning yurishingiz!
Keres joyiga o‘tirib, vaziyatni tahlil qildi va dedi:
— Mayli, men roziman.
U hayron bo‘lib raqibiga qaradi. Keres uning “Sizning yurishingiz” degan so‘zini durangga taklif deb tushungan ekan. Talning shohmot taxtasidagi donalari noqulay joylashgandi, bunday vaziyatda durang taklif qilish insofdan emasdi. U Keresdan kechirim so‘rab, durang taklif qilmaganini tushuntirdi. O‘z navbatida Keres buni Talning zug‘umi sifatida qabul qildi, aftini bujmaytirdi. Keyin Tal o‘yinni durang qilishi uchun jon-jahdi bilan dona surishiga to‘g‘ri keldi.
To‘qqizinchi turda Tal peshqadamlar qatorida edi. O‘sha kun Tbilisiga Ida Grigorevna uchib keldi, Misha telefon orqali o‘zini yomon sezayotganini aytgandi. Musobaqa o‘tkazilayotgan Rustaveli nomli teatr binosiga kiraverishda unga grossmeyster Flor uchradi.
— Yaxshiyam, onasi o‘z vaqtida yetib keldi, — dedi u. — Misha yomon o‘ynay boshlayotgandi, bugun Nejmetdinovga yutqazayapti.
— Nima deyapsiz? Men keldimku, shu munosabat bilan ham o‘yinni yutmaydimi? Bo‘lishi mumkin emas!
Ona zalga kirdi. Misha sahnada o‘ktam yurardi. U mamnun jilmayib qo‘ydi: ona o‘g‘lining yurishiga qarab, ahvoli qandayligini aniq bilardi. Bir ishning tagiga yetmaguncha qo‘ymaydigan Ida Grigorevna Florni izlab topdi va tantanali ravishda dedi:
— Grossmeyster, kimning gapi to‘g‘ri ekan? Borib ko‘ring, u yutayapti!
— Kim yutayapti? Mishami? Uning vaziyati ilojsiz!
— Men takror aytaman, u yutayapti!
— O, onalar! — deya Flor xitob qildi va hisobotni yozish uchun matbuot xonasiga shoshildi.
Ajablanarlisi, ikkalasi ham haq edi. Chindan ham Talning vaziyati ilojsiz, lekin u yutgandi! Qora donalarda o‘ynagan Tal sitsiliancha himoyada og‘ir vaziyatga tushdi. 12-yurishda Nejmetdinov piyodasini qurbon qilib, kuchli hujum uyushtirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ammo aniq reja ostida hujumni davom ettirmagani uchun qora shoh taxtaning boshqa tomoniga o‘tib bekindi. Taxtada vaziyatlar bir xil endshpil yuzaga keldi, biroq Nejmetdinov hamon g‘alaba ishtiyoqida dona surardi va u qo‘pol xato qildi.
O‘ninchi turda Tal Averbaxni mag‘lubiyatga uchratib, ochkolari sonini 6,5 taga yetkazdi. Spasskiy va Taymanov 7 tadan ochko jamg‘argandi. Kasal bo‘lgani uchun bir necha o‘yinni o‘tkazib yuborgan Petrosyanning imkoniyatini baholash qiyin edi. O‘n birinchi tur oldidan Tal Tbilisi televideniyesiga chiqish qildi. Darvoqe, u suhbat davomida shunday dedi:
— Men odatda musobaqaning birinchi yarmida peshqadamlik qilavermayman, shu bois bundan keyin qanday o‘ynashni ham bilmayman.
U bu so‘zlarining tezda tasdiqlanishini xayoliga ham keltirmagandi! Keyingi turda Gufeld bilan o‘yinda yengiltakligi tutib, shohini hujum ostidagi tomonga rokirovka qildi va buning jazosini chekdi. Ammo keyingi yetti turda biror marta mag‘lubiyatga uchramay besh yarim ochko to‘pladi.
O‘n sakkizinchi turga kelib Talda 12 ochko edi. Odatda shuncha ochko musobaqada birinchi o‘rinda borishga yetardi. Chunonchi Portorojda 17 turdan keyin shuncha ochko to‘plab, oldinda borayotgandi va ta’qibchisi Petrosyandan yarim ochko o‘zib ketgandi. Bu yerda esa shuncha ochko bilan doimiy raqobatchisi Petrosyandan yarim ochko ortda qolayotgandi.
O‘n sakkizinchi turda Petrosyan sport ustasi Nikitin bilan o‘ynardi, Tal esa o‘zi uchun noqulay raqib — tolmas kurashchi grossmeyster Korchnoyga qarshi dona surardi. Petrosyan debyutdan chiqqach, yaxshi vaziyatga erishdi. Buni ko‘rgan Tal tavakkal qilishga majbur bo‘ldi. Tashabbusni olishga berilib ketgan paytda muhim markaziy piyodasi nazoratsiz qoldi. Noilojlikdan yengilganini tan oldi. Shu turda Petrosyanning durangga imzo chekkani uni yanada ranjitdi.
Musobaqa g‘olibi aniq bo‘lgandi. Oxirgi turda Petrosyan durangga imzo chekib, g‘olibligini rasmiylashtirdi. Tal esa qora donalar bilan o‘ynab Xolmovni gangitishga rosa harakat qildi, u har safar zarbaga chap berishga ulgurdi. 13-yurishda Tal otini qurbon qildi, keyin farzinini zarba ostida qoldirdi. Zalda shov-shuv boshlandi, o‘yga cho‘mgan Xolmov boshini ko‘tarib Taldan so‘radi:
— Kimdir taslim bo‘ldimi?
Farzinni urish shart emasdi, Xolmov ham o‘ziga ortiqcha tashvish orttirgisi kelmadi. Tal yarim ochko bilan kifoyalandi va Spasskiy bilan 2-3-o‘rinlarni bo‘lashib oldi.
Shunday qilib, birinchi “muvaffaqiyatsizlik”. Bu natijani hech kim, hatto Talning o‘zi ham to‘g‘ri ma’noda muvaffaqiyatsizlik deb atay olmasdi. Chunki musobaqada hammadan ko‘p 9 marta g‘alaba qozongandi, 8 nafar grossmeysterdan 5 ochko olgandi. Buning ustiga u musobaqada erkin va ishtaha bilan o‘ynadi.
To‘g‘ri, ayrim o‘yinlarda Tal yengiltaklik qildi, o‘ziga ortiqcha bino qo‘ydi. Bunga Gufeld bilan bo‘lgan o‘yinini misol keltirish mumkin. Ammo uning yaqindagina yigirma ikki yoshga to‘lganini unutmasligimiz lozim…
Tbilisi musobaqasida Tal ko‘plab o‘yinlarni kechiktirgani uchun unga da’vogarlar musobaqasida yordam berishga endshpilning nozik bilimdoni Averbaxni taklif etish g‘oyasi tug‘ildi. Koblents bu g‘oyani qo‘llab-quvvatladi va Averbax bilan olib borilgan muzokaralar muvaffaqiyatli tugadi.
Da’vogarlar musobaqasi oldidan Tal Syurix va Moskva shaharlarida yana bir karra sinovdan o‘tdi. Syurixda xalqaro musobaqa tashkil etilayotgandi. Bu Talning umridagi birinchi nufuzli musobaqa bo‘lib, unda chempionlik oltin medali uchun kurashish yoki kuchli to‘rtlikka kirish kabi tashvishlar yo‘q edi. Musobaqaning shiori bitta: chiroyli o‘ynash. Tal tezda bunday musobaqalarning o‘ziga xos ajoyib xususiyatlari borligini sezdi va katta qoniqish bilan dona surdi.
Aytish mumkinki, Talning chiroyli o‘ynash xohishi shveytsariyalik muxlislarning istaklariga to‘la mos keldi. Tal Syurixda 15 imkoniyatdan 11,5 ochko to‘plab, birinchi o‘rinni egalladi va “Eng ko‘p g‘alaba qozongani uchun” maxsus mukofoti bilan taqdirlandi (u o‘n o‘yinda yutgandi).
Syurixda undan tashqari bo‘lajak da’vogarlar musobaqasining besh qatnashchisi — Keres, Gligorich, Fisher, Olafsson va Benko ham ishtirok etdi. Tal musobaqada o‘zining kuch-bilimini har jihatdan sinovdan o‘tkazdi. Asosiy e’tiborini yuzaga keladigan vaziyatlarda qanday kurashish lozimligiga qaratdi. U yanada ochiqchasiga o‘ynashga qaror qildi, o‘z vaziyatini yomonlashtirish hisobiga o‘yinni keskinlashtirish to‘g‘ri-noto‘g‘riligini tekshirib ko‘rmoqchi bo‘ldi. Musobaqa tavakkal qilish nafaqat foydali ekanligini, balki zarurligini yana bir karra tasdiqladi.
Talni Syurixda darhol yoqtirib qolishdi. Uning chiroyli g‘alabalari tilga tushdi, ayniqsa, Keller bilan o‘yini matni jahonning barcha shohmot nashrlaridan joy oldi. Tezkor o‘yini, topildiq yurishlari, har qanday raqibga qarshi mardona kurashi, nihoyat, uning quvnoqligi, suhbatijonligi muxlislarga yoqmasligi mumkinmidi?
Keller bilan o‘yinda Tal piyodasini, otini qurbon qildi, keyin ikkinchi otini, ikkala ruxini! Muxlislar jazavaga tushdi. Ko‘pchiligi kelib Talning qo‘lini siqib tabrikladi, shunday chiroyli o‘yinlarni sog‘inib qolganini aytishdi, uning xotiralarda yashayotgan qadimiy ustalarday dona surganini ta’kidlashdi. Ammo har biri ketish oldidan ehtiyotkorlik bilan bitta savol berishdi: qurbonlar to‘g‘rimidi?
— Bilmayman! — deya javob berdi Tal ochiq ko‘ngillik bilan. — Endi buning qanday ahamiyati bor? Keller o‘yin paytida aniq javob yurishlari topolmadi. Demak, qurbonlar o‘zini oqladi. Tal jilmayib, qo‘shimcha qildi: Muhimi, muxlislar xursand bo‘ldi, o‘zining aytishicha, Keller ham o‘yindan qoniqish tuygan. Shunday ekan, qurbonlarning unchalik to‘g‘ri emasligi to‘g‘risida gapirish kerakmi?..
Tal juda yaxshi kayfiyatda Rigaga qaytdi va Latviya terma jamoasining boshqa a’zolari bilan Moskvada boshlanadigan II Spartakiadaga tayyorgarlik ko‘rishga kirishdi. Ammo bir kun kechqurun qorin qismida qattiq og‘riq turib azob berdi. Bir necha kundan keyin buyragi og‘rigani ma’lum bo‘ldi, vrachlar qo‘shimcha ravishda ko‘richagi ham sanchiq bergandir deya taxmin qilishdi.
U o‘zini juda yomon his qila boshladi. Ketma-ket sanchiq berganda, hatto shohmotni ham chetga surardi. Talning Spartakiadaga borgisi kelmadi, chunki jamoa uchun kerakli ochkolarni ololmasligiga ko‘zi yetgandi. Ammo o‘rtoqlarini hech bo‘lmasa ma’naviy jihatdan qo‘llab turish uchun birga borishini iltimos qilishdi. Bunday iltimosni Tal rad eta olmasdi.
Spartakiadada Tal birinchi taxtada o‘ynab, birorta uchrashuvda ham g‘alaba qozonmadi?! Yolg‘iz taskin shu: o‘rtoqlariga to‘g‘ri debyut tanlab, kechiktirilgan o‘yinlarni tahlil qilib, jamoasiga foydasi tegdi. Ammo jamoa yetakchisi muvaffaqiyatsizlikka uchrayotganiga qaramay, unga bo‘lgan hurmatini saqlab qoldi. Har kechqurun uning xonasida konfet, mevalar paydo bo‘lardi. Bu ko‘ngilni eritardi va Talni tushkunlikka tushishiga yo‘l qo‘ymasdi.
Musobaqa yakunlangach, qatnashchilarni to‘plab majlis o‘tkazildi. Shunda Spartakiada tashkilotchilaridan biri so‘rab qoldi: “Kayfiyatlaringiz, ahvollaringiz qanday?” Tal zudlik bilan javob berdi: “Hammasi joyida!” Samimiy kulgi yangradi.
Ammo Talning xushchaqchaqlikni davom ettirishga holi qolmadi. U uyga qaytishi bilan vrachlar darhol operatsiya stoliga yotishi lozimligini aytishdi. 20 avgust kuni Talning ko‘richagini operatsiya qilishdi, 2 sentyabr kuni esa Moskvaga uchdi, chunki 4 sentyabr kuni boshqa qatnashchilar va yordamchi-murabbiylar bilan birgalikda da’vogarlar musobaqasiga jo‘nab ketishi kerak edi.
Riga aeroportida onasi o‘g‘lini kuzatar ekan, ogohlantirdi:
— Mishenka, qattiq kulma, operatsiya iplari uzilib ketadi.
Ona nimani nazarda tutayotganini yaxshi bilardi. Chunki Tal Spartakiadada to‘liq muvaffaqiyatsizlikka uchramasin, operatsiya stolidan yaqinda turgan, shuning uchun musobaqada Smislov, Keres, Petrosyan va Gligorich bilan raqobatlashishga kuchi yetmaydi deya taxmin qilishidan qat’i nazar, hamon u xushchaqchaq va g‘am-tashvishdan holi edi. Tabiatan nekbin Tal har doimgiday musobaqada omad yulduzi porlashiga qattiq ishonayotgandi.
Nihoyat, da’vogarlar musobaqasining birinchi bosqichi o‘tadigan Sloveniyaning Bled shahriga yetib kelishdi. Atrofi tog‘lar bilan o‘ralgan, bir yonida ko‘l suvi yaltiragan kurort shahar. Aynan Bledda Alyoxin jahon chempioni bo‘lgandan keyin Kapablanka muxlislariga, shohmot ishqibozlariga bejiz shu unvonga erishmaganini isbotlagan. Alyoxin shu shaharda o‘tkazilgan yirik xalqaro musobaqada birinchi o‘rinni egallagan, u o‘shanda ikkinchi o‘rin egasidan 5,5 ochko o‘zib ketgandi, hamon bu natija rekordligicha turibdi. Ana shu musobaqa “Toplitse” mehmonxonasida uyushtirilgandi.
Shaharga bog‘liq bu xotiralar har bir qatnashchiga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlashi lozim edi. Tal esa kayfiyatini buzaman desa yetarli sabablar topardi: operatsiyadan turgani uchun uni hech kim jiddiy raqib sanamayotgandi. Mahalliy gazetada Talning chiroyli kombinatsiyasi chop etildi, uning tagida shunday izoh berilgandi: “Tal operatsiyagacha shunday o‘ynardi”. Biz oldinroq eslatganimizdek, o‘tkazilgan so‘rovda hech bir qatnashchi va yordamchi-murabbiy (albatta, o‘zining yordamchi-murabbiyidan tashqari) Talni musobaqa g‘olibligiga ravo ko‘rmagandi. Xolis aytadigan bo‘lsak, operatsiya asorati musobaqaning dastlabki kunlari o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazdi.
Agar tashqi omillar uni tushkunlikka tushirsa, biz Talni Tal demasak ham bo‘lardi. To‘g‘ri, u salomatligidan, matbuotdagi maqolalardan biroz ranjirdi, lekin tushkunlikka g‘arq bo‘lmagandi. Aksincha, u sabrsizlik bilan shohmot taxtasi uzra kurash boshlanishini kutardi. Axir, u o‘z oldida turgan o‘ta mas’uliyatli muammolarni yechishga chog‘lanayotgandi.
…Qarshisida nomdor raqiblar. Bir yil jahon chempioni bo‘lgan Smislov. U ikki bor da’vogarlar musobaqasida g‘olib chiqqan, uch bor Botvinnik bilan tengma-teng dona surishgan. O‘yinda uzoqni ko‘zlaydi, endshpil bilimdoni.
Paul Keres — har taraflama yetuk. Debyut, mittelshpil yoki endshpilmi, kombinatsiyali o‘yinmi yoki vaziyat ustunligiga erishishmi unga bari bir, barchasida raqibiga xavf tug‘dira oladi. Oxirgi yigirma yilda jahon chempionligi uchun oldin Alyoxinning, keyin Botvinnikning asosiy raqibi sanalib kelindi, shiddat zaxirasining chegarasi bormikin? Endi u shoshilmasa bo‘lmaydi, qirq uchga kirdi, aynan shu omil g‘ayrat bag‘ishlar…
Tigran Petrosyan shunday muvaffaqiyatlarga erishdiki, har bir mag‘lubiyati tasodifga yo‘yilmoqda. Uni Tbilisidagi g‘alabasi yanada ruhlantirgan. 1956 yildagi da’vogarlar musobaqasining birinchi yarmidan keyin Maks Eyve u haqda shunday degandi: “Agar Petrosyan oz-moz kombinatsiya qo‘llay boshlasa, u bilan shohmot o‘ynab bo‘lmaydi”.
Nihoyat, Svetozar Gligorich — Talning Portoroj va Syurixdagi noqulay raqibi, ikkala musobaqada ham atigi yarim ochko ortda qolgandi. Myunxen olimpiadasi qahramoni, birinchi taxtada Botvinnikdan ko‘proq ochko to‘plagandi. Buning ustiga, mezbon, albatta uni muxlislar ko‘proq qo‘llab-quvvatlaydi.
Friderik Olafsson, Pal Benko va o‘n olti yoshli Robert Fisher-chi? To‘g‘ri, yetakchi grossmeysterlardan kuchsizroq raqib, lekin ular ham Portorojda Bronshteyn va Averbax kabi nomdorlarni ortda qoldirishdi.
Albatta, Mixail Talning bu raqiblarning har biriga qarshi qo‘llaydigan o‘ziga xos quroli bor. Afsuski, kasalligi tufayli musobaqaga tayyorgarlik davrini shifoxonada o‘tkazdi. Buning ustiga, raqiblari: “Jin ursin, Tal hamma musobaqada g‘olib chiqaveradimi?” — deya g‘ashlari kelib turibdi.
Har bir raqibining kuch va imkoniyatlarini chamalab, Tal qanday xulosaga keldi? Xulosasi mantiqqa zid bo‘lsa ham tabiati va o‘yin uslubiga mos edi: bunday musobaqada g‘olib chiqish uchun har bir o‘yinda tavakkal qilish kerak! O‘z nuqtai nazarlariga asoslangan o‘ta mas’uliyatli bu qaror o‘sha musobaqa uchun yagona va to‘g‘ri qaror ekanligini keyingi voqealar rivoji tasdiqladi. Chunki o‘z oldiga yuksak maqsad qo‘ygan Keres Talning asosiy raqibiga aylandi…
Keyingi musobaqalarda bo‘layotgani kabi Talni birinchi turda ko‘ngilsizlik kutib turgan ekan. Uning raqibi Smislov edi. Taqdir hazilini qarang, ular shohmot taxtasi ustida ilk bor xorijda uchrashishdi. Tal o‘yin oldidan mag‘lubiyatini sezganday, Averbaxga o‘zini ko‘ngilsizlik kutayotganini aytdi. Balki kasaldan keyingi darmonsizlik ta’sirini ko‘rsatgandir yoki kimningdir zarbasi sportchilarga xos jangovar kayfiyatini uyg‘otishini istagandir, har qalay bir narsa aniq — Tal Smislovga qarshi bo‘sh o‘ynadi.
Smislov esa ajoyib tarzda dona surdi. Oq donalarni boshqargan Smislov sitsiliancha himoyada asta-sekin rivojlanadigan yo‘nalishni tanladi, bu keskinlikka intiladigan Talga yoqmasdi. Buning ustiga o‘yin tezda endshpilga o‘tdi, shuni Smislov xohlab turgandi. Tal qiyinchilik bilan himoyalandi. Avvaliga bu ishni yaxshi uddaladi, keyin charchagani uchun diqqatini tezda jamlay olmadi. Hatto unga Smislovning donalarni yurgandan so‘ng burab qo‘yish odati ham xalaqit bera boshladi. O‘yinni og‘ir vaziyatda kechiktirdi. Davom ettirilganda, Smislovning endshpildagi bilimdonligi qo‘l keldi. Taslim bo‘lishdan boshqa chora qolmadi.
Bu o‘yinda Tal sobiq jahon chempionining ushlagan joyidan uzish kurash uslubiga guvoh bo‘ldi. Endi u faqat o‘z uslubida o‘ynashi lozimligiga, raqiblarining og‘ir karvon yo‘nalishlarni tanlashiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligiga yana bir karra imon keltirdi.
Bu turda Fisherning Keres ustidan qozongan g‘alabasi katta shov-shuv uyg‘otdi. Petrosyan Olafssonni yengdi. Faqat Gligorich — Benko o‘yini durang bilan yakunlandi. Birgina durang. Da’vogarlar rosa tishlarini qayrab kelishgan ekan. Naqadar o‘tkir tishlar… Ikkinchi tur yanada murosasiz kechdi: durangga kelishilmadi.
Tal Gligorichning eski hind himoyasida o‘ynashni yoqtirishini bilar, shu bois ma’lum yo‘nalishda shoh tomondagi chekka piyodani oldga surdi. Bu yangi yurish sur’atni yutqazishga olib kelardi, lekin keskin vaziyatlarda Gligorich chalg‘idi, oldin sipohini, keyin o‘yinni boy berdi. Keres Smislovni yengdi, Petrosyan esa Fisherdan ustun kelib, peshqadamlikni qo‘lga oldi.
Uchinchi turdagi raqibi Keres inglizcha o‘yin boshida 5-yurishdayoq uni ilonizi so‘qmoqqa yetakladi. Ikki tomon ham uzoq o‘yga cho‘mdi. Ammo Keres 25-yurishda durang taklif qildi. Tal taklifni rad etdi va raqibini keskin hujumga o‘tishga chalg‘itish maqsadida filini orqaga surdi. Taklifi rad etilganidan ranjigan Keres o‘zini hujum qilishdan to‘xtata olmadi, keyin taxtada olatasir boshlandi: qora ot ajoyib tarzda markazda qurbon bo‘ldi va voqealar tez rivojlandi. Tez orada Tal ot evaziga uchta piyoda ustunligiga erishdi va hujumini saqlab qoldi. U zarbada turgan to‘rtinchi piyodani olsa, g‘alabani naqd qilib qo‘yardi. Albatta, Tal buni ko‘rdi, lekin avval ruxlarni almashtirgisi keldi. Bu xato edi, keyin Tal yana yanglishdi. Tajribali Keres darhol tashabbusni o‘z qo‘liga oldi, kechiktirilgan o‘yin davom ettirilganda g‘alaba qozondi.
Tushkunlikka tushishga asos bor edi. Go‘yo, Talning uslubi kuchlilarga qarshi ish bermaydi, degan g‘amgin bashoratlar to‘g‘ri chiqqandi. Uch turdan bir ochko to‘plash kam. U oxirgi o‘rindagi Gligorich yonidan joy oldi.
Ammo keyingi turlar Talning dastlabki muvaffaqiyatsizliklardan tushkunlikka tushmaganini, hamon nishonni to‘g‘ri ko‘zlayotganini ko‘rsatdi. Bledning toza tog‘ havosi Talning kuchiga kuch qo‘shdi, uning kun sayin jangovarligi oshib bordi. U keyingi turlarda Olafsson, Fisher va Benkoni yutdi, oraliqda Petrosyan bilan durang o‘ynadi.
Birinchi davra tugadi, Tal xorijlik to‘rt shohmotchini ham yengdi va o‘z ahvolini o‘nglab oldi. Endi u Petrosyan va Keres bilan birgalikda 1—3-pog‘onalardan o‘rin egalladi. Tavakkal o‘zini oqladi! Sakkizinchi turda Smislov bilan o‘yinda tavakkal yana quvonch keltirdi.
Shoh oldi piyodasining surilishiga Smislov mustahkam mudofaa qo‘rg‘oni barpo etuvchi Karo-Kann himoyasini tanladi. Tal 5-yurishdayoq markazni raqibiga berdi. Lekin Smislovning bitta piyodasi yakkalanib qolsa-da, sipohlari faol harakatlanardi. Bunday vaziyatlar Smislovga yoqmasdi.
U yanglishmadi. Markaz ochilgach, murakkab o‘yin boshlandi. Tal o‘yin davomida vaziyat taqozosiga ko‘ra yaxshi endshpilga o‘tishi mumkin edi. Bu qarorni vaziyat taqozo etayotgandi, kurash mantig‘i esa boshqa yechim topishga undayotgandi. Axir, Talning qarshisida endshpil bilimdoni o‘tirardi. Smislovga kombinatsiyaning o‘nqir-cho‘nqir so‘qmoqlari yoqmaydi. Xullas, Tal fil qurboni bilan bog‘liq murakkab kombinatsiyani boshlab yubordi.
Taxtada shunday vaziyat vujudga keldiki, u uzoq yillar ko‘plab mamlakatlarning shohmotchilari diqqatini tortdi, hayajonga soldi. To‘g‘rimikin? Yanada aniqroq aytsak: Talning qurboni o‘zini oqlarmikin? Smislov uni chippakka chiqara olarmikin? Oqlarga ham, qoralarga ham turli yo‘nalishlar tavsiya etildi, nihoyat Talning qurboni to‘g‘ri ekan degan xulosaga kelindi. Smislov zo‘r berib himoyalandi, lekin taniqli grossmeyster Kostich to‘g‘ri ta’kidlaganday: “Tal raqiblari oldiga mushkul muammolarni qo‘yadi, ularga bugun javob berish kerak, ertaga kech bo‘ladi”. Smislovning “bugun”gi javobi sipohni qaytarish bo‘ldi, ammo gunohni yuvish uchun qilingan bu qurbon raqibining hovurini tushirmadi. Bir necha yurishdan keyin Tal muxlislarning olqishlari ostida farzinini qurbon qildi va Smislovning 26-yurishda taslim bo‘lishdan boshqa chorasi qolmadi.
Bu g‘alaba Talni juda ruhlantirdi. Tal uslubiga xos bu o‘yin tashkilotchilar tomonidan e’tirof etildi va maxsus sovringa loyiq ko‘rildi. Muhimi, Smislovni hali hech kim shunday yutmagandi. Endi Talning uslubi kuchsizlarga qarshi o‘zini oqlaydi, deb yurganlar mum tishlashdi.
Sakkizinchi turda Keres Fisherni yutdi. Petrosyan esa Olafssonga yengildi va u shu turdan keyin shitob bilan marra sari intilayotgan Tal va Keresga raqobatchi bo‘lolmay qoldi. O‘yini qovushmayotgan Smislov esa Talga yutqazgandan keyin yana bo‘shashdi va peshqadamlardan ortda qolib ketdi.
Ha, Keres — Tal raqobati boshlandi. Bu raqobatga so‘nggi turdagina nuqta qo‘yiladi. Raqobat boshlangan sakkizinchi turdan keyin Keres va Tal 5,5 tadan ochko to‘plashgandi. Ular to‘qqizinchi turda o‘z hisoblariga yarimtadan ochko qo‘shishdi. O‘ninchi turda esa yuzma-yuz uchrashishdi.
Izzattalab Talning “qasos o‘ti”da yonayotganini aytish shart bo‘lmasa kerak. Bu sirdan voqif Keres ruhiy jihatdan Talga nisbatan qulay sharoitda edi.
Birinchi imkoniyatdayoq Tal ikki sipohini qurbon qilib, tashqi jihatdan chiroyli, lekin ochiqdan-ochiq tavakkal qurbonini boshladi. Ruhiy kechinmalar ta’sirida bo‘lgan Tal bu qarorga kelishi uchun bor-yo‘g‘i 10 daqiqa sarfladi. Keres puxta o‘ylanmagan hamlalarni bartaraf qildi, Tal yana tor-mor etildi…
Nafaqat Averbax va Koblents, balki shu shaharda yaqin qadrdon bo‘lib qolgan Petrosyan ham Talga yengiltakligi uchun dashnom berdi. Tal esa erinchoqlik bilan po‘ng‘illadi: g‘oyaga qaranglar, qanday go‘zal edi-ya? Ammo uning ichini mushuk timdalardi.
Poygada Keres bir ochko oldinga o‘tdi. Keyingi turda Tal Olafssonni yutgandan keyin oraliqdagi masofa qisqardi (Keres Petrosyan bilan durang o‘ynagandi). Tal bu o‘yinda raqibga tashabbusni topshiradigan, lekin keskin vaziyatlar yuzaga keladigan yo‘nalishni tanladi. Olafssonning hujum qilishiga yo‘llar ko‘p edi, ayyor Tal aynan shu jihatga umid bog‘lagandi. Ko‘plab yo‘llardan to‘g‘risini tanlash uchun Olafsson uzoq o‘ylandi, lekin u ichdan tseytnotga tushayotganini sezib turardi. Unga soat tovushi “hujumga!” deganday buyruq berdi va qora donalar olg‘a intildi. Vaqt tangligida Olafsson xayolini jamlay olmay tashabbusni qo‘ldan chiqardi va keyin qanchalik himoyalanmasin mag‘lubiyatga uchradi.
O‘n birinchi turda Tal Petrosyan bilan bitimga kelishdi, Keres Benkoni yutdi va o‘rtadagi farq yana oshdi. Qatnashchilar musobaqa dovoniga yaqinlashayotgandi. Shu vaqtgacha muvaffaqiyatsizlik fojia emas, keyingi o‘yinda ahvolni yaxshilash mumkin desa bo‘lardi. Endi esa kun sayin har bir ochkoning, hatto yarim ochkoning qadri oshib borayotgandi.
O‘n uchinchi turda Tal qora donalar bilan Fisherga qarshi o‘ynashi kerak. Ma’lumki, Fisher Karo-Kann himoyasini xushlamaydi, Tal avvaliga shu debyutda o‘ynamoqchi bo‘ldi, keyin fikridan qaytdi. Chunki Karo-Kann debyutida tashabbusni olish imkoniyati kamroq, bu Talning o‘z ixtiyori bilan kichik katakka kirishiday gap edi. Nima bo‘lsa bo‘lar, sitsiliancha himoya: Fisher oq donalar bilan shu himoyaga qarshi o‘ynashni yoqtirardi, Tal esa qora donalarda ko‘proq qo‘llardi!
Tal “s” xonadagi piyodani bir qadam oldga surdi va qo‘llarini olmasdan zimdan Fisherga qaradi, keyin kulimsirab piyodani oldinroqqa siljitdi. Naynov Bobbi Fisher stulga cho‘kib, Talga bezovta tikildi. O‘yinda sitsiliancha himoya bo‘lishini bilganda ko‘zlari quvonchdan chaqnab ketdi.
U erta quvongandi. Tal Fisherga o‘zi yoqtirgan yo‘nalishni tanlashga imkon berdi, lekin yurishlar ketma-ketligini ustalik bilan o‘zgartirib uni chalg‘itdi. Debyutdan to‘la chiqmasdanoq oq shoh bir necha qora sipohning nishoni ostida qolgandi. Fisher qanchalik himoyalanmasin, Tal motga olib boruvchi chiroyli kombinatsiyani topdi.
Bledni tark etib, uchinchi davra o‘tkaziladigan Zagreb shahriga yo‘l olinganda Keresda o‘n, Talda to‘qqiz yarim ochko edi. Tal shirin xotiralar bilan Bled shahridan ketdi. Shu shaharning toza havosi operatsiyadan chiqqan holsiz taniga darmon bo‘ldi, kuchiga-kuch qo‘shdi, umuman olganda musobaqaning birinchi qismini yomon yakunlamadi.
Yo‘lda Tal bahona topildi deguncha Bobbi Fisherning jig‘iga tegardi. Quvnoq va hayotga oshifta Talning shohmotdan boshqa qiziqishlari ham ko‘p: musiqa, adabiyot, kino va hokazo. Ajablanarlisi, kamgap, badqovoq, o‘ta qobiliyatli bu yigitning esa butun fikri-yodi shohmotda edi…
Zagrebda o‘yinlar sakkiz yuz tomoshabinga mo‘ljallangan Zobitlar saroyida o‘tkazildi. Bu vaqtga kelib musobaqaga qiziqish oshgandi va zal muxlislar bilan to‘lardi. Hayajonlangan muxlislar o‘zlarining yoqimtoylari — Keres, Tal, albatta Gligorichning har bir yaxshi yurishini qarsak chalib olqishlardi, bu ko‘tarinki kayfiyat qatnashchilarga ham o‘tardi. Xullaskalom, uchinchi davraning birinchi o‘yinidayoq Keresning asablari dosh bermadi, u Fisherga filini “sovg‘a qildi”. Chunki shu vaqtda Tal Smislov bilan o‘yinda nochor holatdan kishti-qoyim yordamida sirg‘alib chiqib ketgandi.
Tal o‘yin boshida hafsalasiz dona surdi. Albatta, bu kechirilmas hol. Chunki Talday nozik ruhshunos raqibining ikkinchi turda tor-mor bo‘lganini eslab shaylanishini bilishi kerak edi (Darhaqiqat, Smislov yillar o‘tib iqror bo‘lgandi: men muloyim ko‘rinsam ham ko‘nglimda suvoriy yashaydi, u farishta emas…) Afsuski, Tal raqibining jangovar kayfiyatini anglaganda kech bo‘lgandi. Smislov har bir donani tegishli xonaga astoydil burab-burab qo‘yardi. Chindan ham u ajoyib o‘ynadi, sipohlari bilan qoralarning farzin tomonini yorib o‘tdi va fil yutib oldi.
Shu vaqtda topqir va asablari metin Tal emas, boshqa shohmotchi bo‘lganda allaqachon qurolini topshirardi. Biz bilamizki, Tal har doim xavf-xatarga tik boradi, buning ustiga, sipohdan ayrilish unga yangilik emas. U jar yoqasida turib aql bovar qilmas topqirlik bilan himoyalanardi. Oq bayroq ko‘tarilishini kutayotgan Smislov esa ichdan o‘yinning bema’ni tarzda cho‘zilayotganidan ranjib qo‘yardi.
Eng qizig‘i, mo‘jiza tufayli omon qolgan qora donalar talvasaga tushmasdi (bu qanday bedodlik?), yana oqlarga tahdid solib qo‘yardi. Buning ustiga tseytnot soyasini tashladi, uzoq davom etgan kurashdan toliqqan Smislov yanglishdi. Fursatdan foydalangan Tal ruxini qurbon qildi va farzin ta’qibidan qochgan oq shoh taxtaning burchagidan panoh izladi… Belgilangan besh soat tugadi, hakamlar kechiktirilgan vaziyatni yozish uchun xatjild tayyorlashdi, Smislov esa boshini changallagancha taxtadan ko‘z uzmasdi. Nihoyat, u taqdirga tan berdi — durang.
Tal Keresga yetib oldi. Aniqroq aytsak, Keres Talni kutib turdi. Har qalay shu o‘yindan keyin mahalliy gazetalardan birida yozilgan hisobotda Talga yangi nisbat berilgandi: “Baxtiyor Baxtiyorovich…”
Uning o‘zi kuchli taassurot qoldirgan bu durangni oddiy omadga bog‘lamasdi. Chunki Tal “baxtli tasodiflar” yuz berishi qimmatga tushishini yaxshi bilardi (chunonchi, Smislov bilan erishilgan durangdan keyin u mehmonxonaga oyog‘ini sudrab kirib bordi). Ammo “o‘z omadining yaratuvchisi” ko‘pchilikning yodidan baxti kulgan erkatoy sifatida joy oldi, na chora, bu taassurotlarni o‘zgartirishning iloji yo‘q.
Fisher bilan bo‘lgan o‘yindagi “halokat” Keresga salbiy ta’sir etdi. Keyingi uchta turda atigi bir ochko oldi. Og‘ir o‘yinni durang qilganidan ruhlangan Tal esa olg‘a intildi. O‘n oltinchi turdan boshlab u yakkapeshqadamlikni qo‘lga kiritdi va musobaqa oxirigacha bu o‘rinni hech kimga bermadi. Birinchi o‘ringa Gligorichni yutgandan keyin ko‘tarildi, o‘n yettinchi turda Keresdan ustun keldi.
Bu g‘alabaning qimmati baland edi. Agar Keres g‘alaba qilganda u musobaqa jadvalini boshqarardi. Ehtimol, ketma-ket uchinchi g‘alaba Tal ruhini butkul sindirardi. Ammo hal qiluvchi o‘yindagi mag‘lubiyat Keresga salbiy ta’sir o‘tkazmasdan qolmasdi. Shunday bo‘ldi ham…
Musobaqa jadvalidagi mavqei Talning xotirjam dona surishini taqozo etardi. Shu bois u o‘yin boshlanishi hamon raqib qarorgohiga tashlanishni juda-juda istab turgan bo‘lsa ham, hayotida birinchi marta aql bilan ish yuritishga, o‘zini tavakkal yurishlardan tiyishga qaror qildi. Ehtimol u qarorining uddasidan chiqardi, biroq bu safar boshiga balo orttirishni istayotgan Keres jangovar kayfiyatda edi. Tal dastlabki qarorini o‘zgartirib, raqibiga o‘z yarog‘i bilan javob bergisi kelib qoldi.
Keresning hujumlari tobora xavfli tus oldi, qora shoh oq donalar qurshovida qoldi. Har yurishda mot tahdid solayotganiga qaramay Tal sovuqqonlik bilan himoyalandi. Bir zumgina Keres hushyorligini yo‘qotib, jinday xatolikka yo‘l qo‘ydi, Tal darhol tashabbusni o‘z qo‘liga oldi va qarshi hujumga o‘tdi. Ikkala tomonga vaqt tangligi xavf solib turgan paytda Tal tez va soz o‘ynadi. Alohida ta’kidlashni istardik, bu uchrashuvda Tal ham ruhiy, ham sport natijasi nuqtai nazaridan ajoyib g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Bu g‘alabadan keyin peshqadamlar raqobati nihoyasiga yetmadi, hali Keresning ijodkorona ruhi so‘nmagandi, lekin bu nihoyaning boshlanishi edi. Chunki Keresga o‘n yettinchi turda yetkazilgan jarohat musobaqa oxirigacha bitmadi. Ammo buyuk grossmeysterning qahramonligiga tan berishimiz kerak, u keyingi besh o‘yinda to‘rt yarim ochko to‘pladi! Afsuski, Keresning fojiasi shunda ediki, uning raqibi ham sur’atni bo‘shashtirmadi.
Zagreb bosqichining oxirgi kunida muxlislar kutilmagan tomoshaga guvoh bo‘lishdi. Negaki, oldingi ikki o‘yinda Talga yutqizgan Benko “Meni Tal gipnoz qilib yengayapti, shu bois keyingi uchrashuvda qora ko‘zoynak taqib dona suraman”, deya ko‘pchilikka jiddiy tarzda uqtirayotgandi. Shov-shuv ilinjida yuradigan jurnalistlar Benkoning gapini darhol ilib olishgandi, bu kutilmagan mojaroni keltirib chiqarishi, ustiga-ustak, do‘stona ruhda o‘tayotgan musobaqa muhitiga salbiy ta’sir etishi mumkin edi.
Tabiiyki, muxlislar bu gaplar qanday tugashiga qiziqib qolishgandi va Benko ko‘pchilikning diqqat-e’tiborini o‘ziga tortdi. Mana Benko o‘z joyiga jiddiy qiyofada o‘tirdi, cho‘ntagidan namoyishkorona qora ko‘zoynagini oldi va kulib ham qo‘ymay burni ustiga qo‘ndirdi. O‘n-atrofdagilar qimirlab qo‘yishdi, Benkoning qilig‘idan ajablanishmadi: grossmeyster o‘z so‘zining ustidan chiqdi, bunga Tal qanday javob berar ekan?
Hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, javob yurishi Talga xos topqirlikdan kelib chiqqandi va bu Benkoni toshday qotirib qo‘ydi. Bu holat tashqaridan qaraganda qiziqchilar tomoshasiga o‘xshardi, shohmot nuqtai nazaridan esa o‘yinda qo‘llangan “yangilik” deyish mumkin edi. Go‘yo Benko Talning oldindan tayyorlab qo‘ygan “tuzog‘i”ga ilingandi. Chunki Tal ham joyiga o‘tirgach, tomoshabinlar e’tiborini tortish maqsadida namoyishkorona cho‘ntagiga qo‘l solib Petrosyandan so‘rab olgan qora ko‘zoynagini oldi va shoshilmasdan taqdi. Buning ustiga tomoshabinlarni kuldirish uchun ular tomonga qarab qo‘ydi. Tomoshabinlar qah-qah otib kulishdi, o‘z ishidan mamnun Tal ham sezilar-sezilmas jilmaydi, faqat Benkoning afti burishdi. Endi vaziyatni qaytarishga kech edi, Benko o‘yin davomida halaqit bersa ham ko‘zoynagini yechmadi. Albatta, bir oz o‘tgach Tal, g‘ashini keltirayotgan ko‘zoynakni cho‘ntagiga tiqdi, lekin tomoshaning davom etishini istayotgan ayrim muxlislar undan ko‘zoynakni qayta taqishini bir necha bor qichqirib so‘rashdi. Kutilgandek, Benkoga qora ko‘zoynak yordam bermadi, u yigirmanchi yurishdayoq yutqiziq vaziyatga tushib bo‘lgandi.
Yigirma birinchi turdan keyin da’vogarlar Zagreb bilan xayrlashib, Belgrad sari yo‘l olishdi. Xayrlashuv kechasida Talga uchinchi davrada yaxshi natija ko‘rsatgani uchun “Xabar” gazetasining maxsus sovrini topshirildi. U Zagrebda hammadan ko‘p olti ochko jamg‘arib, umumiy ochkolari sonini 15,5 taga yetkazdi. Keres hisobidagi ochkolar soni 14 ta edi. Mahalliy gazetalardan biri musobaqaga bag‘ishlangan hisobotiga shunday sarlavha qo‘ygandi: “Etti grossmeyster Belgradga, Tal esa Botvinnik tomon yaqinlashayapti!”
Musobaqaning yakunlovchi qismi Belgraddagi ikki ming muxlisga mo‘ljallangan Kasaba uyushmalari saroyida o‘tkazildi. Bu yerda Talning Smislov bilan o‘tkazgan to‘rtinchi o‘yini keskinligi, tang holatlarning cho‘zilgani va qiziq yakunlangani oldingi uchta o‘yindan ham ko‘proq taassurot qoldirdi. Smislovni tushunish qiyin emasdi, uchinchi o‘yinda mag‘lubiyatdan sirg‘alib chiqib ketgani uchun xuddi ikkinchi o‘yindagiday mag‘lubiyatga uchratib, Talning ta’zirini berib qo‘ymoqchi edi.
Tal-chi? Uning “nayzabozlik” qilishga sabablari bormidi? Aslo! Hozir u ochiq tortishuvdan ko‘ra stol atrofida tinchlik muzokaralarini boshlashi yaxshiroq edi. Ammo marra yaqinlashgan sayin Talning oldga intilishi odat tusiga kirgandi. Kutilgandek, u debyutdan chiqar-chiqmas qanday yo‘lga tushganiga qaramasdan olg‘a intildi.
Jangovar kayfiyatdagi Smislov bu gal Karo-Kann himoyasini emas, qoralar uchun faolroq sitsiliancha himoyani tanlagandi. Tez orada markazda va shoh tomonida to‘qnashuvlar yuz berdi. Keyin Tal hech bir asossiz qurbon qildi. U bu yurishni qilar ekan, girdobga tushib qolishini bilardi. Ammo u o‘zini to‘xtata olmadi.
Sipoh ustunligiga erishgan Smislov avvaliga xavflarni bartaraf etish bilan shug‘ullandi. Tajribali shohmotchi bu vazifani muvaffaqiyatli uddaladi, ammo tseytnotga tushdi. Tal esa bor kuchini ishga solib, kombinatsiya bo‘ronini boshlashdan charchamadi. Smislov chigal vaziyatda yanglishdi: oldin arzimas xatoga, keyin navbatdagisiga yo‘l qo‘ydi. Ruxini asossiz yurib, shohini sodiq mulozimidan ayirdi. Nihoyat, Tal 41-yurishda kutilmagan zarba berib, Smislovni taslim qildi.
Rosti, qaroqchilarga xos o‘yin bo‘ldi. Tal o‘zini jar yoqasida emas, tubsizlikka tushib ketdim deb o‘ylagandi. Shu bois o‘yindan katta qoniqish tuydi. Axir shohmotning azaliy qonunlariga asosan sipohsiz qolgan va buning ustiga, vaziyati nochor tomon nafaqat g‘alaba qozonishni, balki o‘yinda durangga erishishni ham o‘ylashi mumkin emas. Ajablanarlisi, Tal buning aksini isbotladi.
Bunday o‘yinlar shohmotning azaliy tushunchalarini o‘zgartirib yuboradi. Mazkur o‘yinda Tal har bir sipohi va piyodasining foydali ish qobiliyati juda yuqori edi. Uning kam sonli armiyasi “jang” maydonidagi barcha muhim nuqtalarni egallab, jiddiy xavf solib turdi. Balki shohmotdagi omad tushunchasi shunday o‘yinlarga xosdir, biroq Talning o‘zi buni boshqaroq izohlashga haqlidir: “Sizning ham omadingizni bersin, raqibingizni yakson qiling! Mendek tavakkal o‘ynab, sipoh va piyodalarsiz qoling, lekin tushkunlikka tushmang, sizni ham Xudo yorlaqaydi!”
Smislov ustidan qozonilgan g‘alaba kutilmagan oqibatlarga olib keldi. Keyingi turda muvaffaqiyatsizlikdan achchig‘i chiqqan Smislov ajoyib tarzda o‘ynab, Keresni mag‘lubiyatga uchratdi. Tal esa Gligorich ustidan navbatdagi g‘alabasiga erishdi va yigirma to‘rtinchi turga kelib, Keresdan ikki yarim ochko o‘zib ketdi.
Go‘yo g‘oliblik masalasi hal bo‘ldi, qolgan turlarda rasmiyatchiliklarni ado etib, marraga qadam qo‘yilsa bas. Ammo Talning kayfiyatida o‘zgarishlar yuz berayotgani ko‘zga tashlandi. Chunki Tal tabiatan kurashda, raqobatda o‘zligini namoyon qiladigan shohmotchilar qatoriga kiradi. U musobaqalarda peshqadamning izidan tushsa, yo hech bo‘lmaganda ta’qibchisining qattiq-qattiq nafas olayotganini eshitib tursa tani kuchga to‘ladi, ijodkorligi qaynaydi, ehtiroslari jo‘sh uradi. Aksincha, hammasi hal bo‘lgan vaqtda g‘oliblikka qo‘l uzatishi oson kechmaydi. Sochidan tirnog‘igacha kurash o‘tida yonadigan, tavakkal yurishlarni qotiradigan Tal musobaqa mavqeidan, bilim va tajribasidan unumli foydalanish kabi oddiy ishlarni har doim ham qoyillata olmasdi.
Shu bois Talning Keres bilan bo‘ladigan o‘yin oldidan kayfiyatidan shikoyat qilganidan ajablanmasligimiz lozim. Averbax va Koblents unga to‘g‘ri maslahat berishdi:
— Durangga o‘yna!
— Oq donalar bilan durangga o‘ynash, — hayron qolib yelka qisdi Tal. — Noqulay, noqulaygina emas, uyat.
G‘alabaga o‘ynash uchun na xohish, na rag‘bat bor edi. Juda charchagandi: har o‘yinda jar yoqasida yurdi, bu joyda xotirjam dam olib bo‘lmaydi!
Talning ikkilanib o‘ynayotgani debyutdayoq sezilib qoldi. Raqibining shashti pastligini payqagan ziyrak Keres temirni qizig‘ida bosdi. Raqibi hiqildog‘idan olgandan keyingina Tal apil-tapil himoyalanishga o‘tdi. O‘yin kechiktirildi, lekin Keres g‘alabaga erishishi uchun yana qirqtacha yurish qildi.
Peshqadamlar raqobati qaytadan boshlandi. Keyingi ikki turda Tal Olafsson va Petrosyan bilan durang o‘ynadi, Keres esa Petrosyan bilan bitimga kelishdi, Benkoni mag‘lubiyatga uchratdi. Yigirma yettinchi tur oldidan Tal bir ochko oldinda edi. Bu turda Tal rosa xunobi chiqib yurgan Bobbi Fisherga qarshi qora donalarni surardi. Fisher Talni yutib xumorini yozishga tayyorgarlik ko‘rayotgandi.
Ertalab Talning xonasiga kirgan Petrosyan Karo-Kann himoyasida o‘ynashni maslahat berdi.
— Yo‘q! Baribir Bobikning sitsiliancha himoyadagi yaxshi ko‘rgan yo‘nalishida o‘ynayman.
Shundan keyin Averbax va Koblents o‘sha yo‘nalishni tahlil qilishga kirishishdi. Ko‘rishdiki, 9-yurishda qoralar piyodani yutishi mumkin, lekin tashabbus oqlarga o‘tib ketadi. Bunday o‘yin Tal uslubiga tamoman zid, Petrosyanning fikri esa o‘zgacha bo‘ldi:
— Qanday yaxshi markaziy piyoda? Himm… Ehtimol, men uni olardim.
Ular tushlik qilishga chiqishdi, lekin shu piyoda Talga tinchlik bermadi. Tal joyiga o‘tirgach, Fisherga qaradi. Uning yuzidan qasos o‘tida yonayotgani shundoqqina sezilib turardi. Birdan Talning xayoliga shu fikr keldi: “O‘yinda nimalarni yo‘qotmaganman, o‘sha piyodani olaman”. Bu Talning mazkur musobaqadagi so‘nggi yengiltak qarori edi.
Engiltak qarorning jabri uzoq kutdirib qo‘ymadi. Bir necha yurishdan keyin qoralarning donalari to‘zg‘ib qoldi. O‘z soati yetib kelganini sezgan Fisher shoshib-pishib o‘ynashga tushdi. Ehtimol, Fisherning mana shu shoshqaloqligida, ya’ni iloji boricha tezroq yutishga intilishida Talga najot borday edi.
O‘z ixtiyori bilan shunday og‘ir ahvolga tushib qolgani uchun Tal achinayotganmidi? Tasavvur qilasizmi, yo‘q! Nekbin Tal g‘alaba isi kelib turgan bu vaziyatda Fisherning ko‘zlari qo‘g‘irchoqlar do‘koniga kirgan bolakayning ko‘zlariday o‘ynashiga va o‘sha paytda hal qiluvchi zarbani berishiga umid bog‘layotgandi.
O‘yin tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Axir, Keresning Talga yetib olish imkoniyati tug‘ilayotgandi! Nafaqat tomoshabinlar, balki boshqa qatnashchilar ham bu o‘yinning qanday borayotganini sergaklik bilan kuzatib turishdi. Petrosyan ularga yaqinlashdi, oldin taxtadagi vaziyatga, keyin raqiblarga qaradi va boshini chayqagancha uzoqlashdi. Hamisha qovoq solib yuradigan Keres hayajoniga erk bermay stol yoniga keldi. Taxtadagi vaziyatga bir zum qarab, tuyg‘usini oshkor etmay xotirjam o‘z joyiga ketdi. Zalga jimlik cho‘kkandi, Tal vaziyatga tikilgancha o‘z-o‘ziga takrorladi: “Baribir yengaman!”
O‘n sakkizinchi yurishdan keyin Talning oldida ikkita yo‘l qoldi. Birinchisi, u Fisher qurbon qilayotgan sipohni oladi, bunda qoralar vaziyati yomonlashadi, lekin o‘yinda murakkablik saqlanadi. Ikkinchisi, farzinlar almashtiriladi, bunda rangsiz endshpilda durangga umid qilishi mumkin. Albatta, ikkinchi yo‘l g‘alvasiz o‘yinga olib kelardi, lekin shu vaqtda Keres Gligorich ustidan yaqqol ustunlikka erishib bo‘lgandi. Tal dastlabki qarorini tanladi — sipohni urdi. Bir necha yurishdan keyin qaltis vaziyat yuzaga keldi, Fisher ruxini yursa, Talning ahvolini yanada yomonlashtirardi.
Bu kurashning avj nuqtasi edi. Javob yurishini kutayotgan Tal, xuddi hamma narsa unga befarqday sahnada sayr etardi. Aynan shu payt uning aktyorlik qobiliyati ish berayotgandi! Uning har bir asab tolasi tarang, lekin sahnada yuz qiyofasini ham o‘zgartirmasdan xotirjamday sayr qilardi. Tal sayr qilardi, ammo hozir u burchakdan bu burchakka bezovta yugurgisi kelardi.
Stol yonidan o‘tar ekan Fisher blankasiga ko‘z qirini tashladi, u chiroyli qilib yozilgan javob yurishini Tal ko‘rishi uchun atayin qog‘ozni ochiqroq joyga surganday bo‘ldi. Bu nimadan darak? Mayli, u istaganday bo‘lgani ma’qul. Tal blankaga qaradi, Fisher aynan o‘zi xavfsirayotgan yurishni yozganini ko‘rdi.
U shu zahotiyoq Fisher o‘z yurishini sinovdan o‘tkazayotganini sezdi! Ha-ha, Fisher o‘z yurishining to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini Talning holatiga qarab bilib olishni istayotgandi. Albatta, bu o‘n olti yoshli sodda Bobbining kattalarga xos bachkana qilig‘idan boshqa narsa emasdi (Fisher ulg‘ayganda oldin donani joyiga qo‘yishni, keyin yurishni blankaga yozishni talab qiladi).
Xullas, o‘zini qanday tutishi kerak? Aftini bujmaytirsinmi? Bu Fisherga dalda berish bilan barobar. Jilmaysinmi? Sinchkov nigoh yolg‘onligini sezishi mumkin. U umuman boshqa yo‘lni tanlaydi. Fisher aks javobni kutib unga tikilib turardi. Go‘yo Talning yuzi toshga aylandi, hatto kiprigini ham qimirlatmasdan, hech narsa bo‘lmaganday sayrini davom ettirdi. Raqibi pinagini buzmay o‘tib ketgach, o‘yga tolgan Fisher o‘zi qo‘ygan tuzoqqa o‘zi tushdi.
Fisher yurish qilganini ko‘rganidan keyingina Tal jilmayib qo‘ydi. Chunki Fisher dastlabki qarorini noto‘g‘ri hisoblab, boshqa sipohini yurgandi. Bolakay boshqa qo‘g‘irchoqni tanlagandi…
Nihoyat, o‘yin Fisherning vaziyati judayam yomon holatda kechiktirildi. Joyidan toliqib turgan Talni muxlislar qurshab olishdi, ulardan biri o‘yin o‘rtalaridagi o‘z vaziyatini baholashini so‘radi.
— Juda yomon, ammo yutqiziq holat deb aytib bo‘lmasdi.
— Agar oq donalar bilan siz o‘ynaganingizda-chi? — sinchkov nazarda so‘radi u. — O‘sha vaziyatni qanday baholardingiz?
Tal ayyorona kuldi:
— Unda nega raqibim o‘yinni topshirmayotganidan hayron qolgan bo‘lardim.
Musobaqa nihoyasiga yetayotgandi. Talda o‘n to‘qqiz yarim ochko bo‘lib, Keresdan bir ochko ko‘p edi. Oxirgi turda Tal Benko bilan, Keres Olafsson bilan o‘ynardi.
Ertalab Averbax o‘zining tinib-tinchimas hamkasbiga “oq yo‘l” tiladi:
— Misha, hayajonlanma, xotirjam o‘yna.
— Yura, tashvishlanmang, — jiddiy javob qaytardi Tal, — barchasini o‘ylab qo‘yganman. Shoh gambitida o‘ynayman, otni chiroyli tarzda qurbon qiladigan yo‘l bor ekan. Mana ko‘rasiz…
Tal o‘zining seansda qo‘llagan yo‘nalishidagi yurishlaridan birini qilib, taxtada tushunarsiz, xavotirli vaziyatni yuzaga keltirdi. Hayajonlangan Averbax, hech narsaga e’tibor bermay vaziyatni jiddiy tarzda tahlil qilishga kirishdi. Toliqqan Koblents esa stulga cho‘kib, yuragini changalladi:
— Jonimda jon qolmadi!..
Do‘stlarini tashvishga solgan Tal 14-yurishda vaziyat qanday bo‘lishidan qat’i nazar, durang taklif qilishga so‘z berdi.
U sitsiliancha himoyaning keskin yo‘nalishida ustunlikka erishdi va va’dasiga binoan durang taklif qildi. Ammo debyutni yomon boshlagan Benko jangovarligini namoyish etib, o‘yinni davom ettirishini bildirdi.
Yutuq vaziyatga erishishi uchun Tal yetti-sakkiz yurish qildi. U o‘yga cho‘mdi. Bir necha yurishlik muqarrar g‘alabaga olib boruvchi yo‘nalishni ko‘rdi, biroq o‘z so‘zining qadrini saqlash uchun o‘yinni durang qilgisi keldi. Tal Benkodan boplab alamini oldi, unga yutqiziq vaziyatda kishti-qoyim bilan o‘yinni durang qildi.
Da’vogarlar musobaqasi o‘z vazifasini bajarib, jahon chempioniga uning navbatdagi raqibi kim bo‘lgani to‘g‘risida bildirishnoma jo‘natdi. “Mixail Tal, mamlakatimiz yosh shohmotchilarining ajoyib vakili, keskin, sezgisiga asoslanib dadil o‘ynaydi, kurashda ruhiy ta’sir etish usulini mohirona qo‘llaydi”, — bildirishnomada shunday so‘zlar ham yozilgandi.

IKKI KARRA IKKI — BESh?

“Grossmeyster o‘z uslubini o‘zi belgilashga haqli emasmi? Agar bu uslub unga muvaffaqiyat keltirib turgan bo‘lsa-chi? Kimgadir suvoriyga o‘xshab hujum qilish, boshqaga kutilmagan qurbon berish bilan raqibni shoshirish, uchinchiga sezdirmay tuzoq qo‘yib, tseytnotda “hiqildoq”dan olish yoqadi. Shunday shohmotchilar ham borki, tasodifiy omadga ishonishmaydi, o‘yinning ich-ichiga kirishadi, vaziyatni yaxshilab borishga o‘ynaydilar, agar vaziyat durangni taqozo etsa, undan bo‘yin tovlamaydilar.
Oxirgi usul juda ommaviylashgan deb bo‘lmaydi. Chunki o‘ylab ish ko‘rishi ehtiyotkorligidan emas, qo‘rqoqligidan kelib chiqadi. O‘yindagi qiziqqonlik, buni ko‘klarga ko‘tarib maqtovchilar ko‘plab topiladi! Ehtimol, ushbu fikrlarni yozayotgan muallif yanglishayotgandir, lekin aniq hisob-kitobli kombinatsiyaga asoslangan chiroyli o‘yin uslubi kabi oddiy ko‘rinadigan, ehtiyotkor va anchayin jangovar uslub ham yashashga haqli”.
Bu so‘zlar kimning qalamiga mansubligini topish uchun uzoq o‘ylash shart emas, ularni o‘zining haqligiga qattiq ishongan kishi yozgan, hech joyda Tal nomi yozilmagan bo‘lsa ham so‘zlardagi ishoralar tili aynan uning uslubiga qaratilganini anglash qiyin emas. Shunday ekan bu muallifning shohmotdagi nuqtai nazari, ijodiy qarashi va qaysidir ma’noda o‘zining fe’l-atvorini ifodalagan yuqoridagi so‘zlar Talni fikr-mulohaza yuritishga undashi lozim edi. Axir, bu so‘zlar uncha-muncha bilimdonga emas, balki buyuk shohmotchi, jahon chempioni Mixail Moiseevich Botvinnikka tegishlidir.
Da’vogarlar musobaqasidan yarim yil oldin yozilgan bu so‘zlarni eslaganda Tal o‘yga tolardi. U yana ko‘p narsalarni eslab o‘yga cho‘mardi. Ba’zan xayollari chuvalanib ketardi. Yo‘q, bu Botvinnik bilan yuzma-yuz uchrashadigan kun yaqinlashayotganidan hadiksiragani uchun emas, uni jahon chempioni bilan o‘ynash cho‘chitmasdi. Talni mavjud vaziyat, ya’ni o‘ziday yosh shohmotchining Botvinnikday ustozning ulug‘ unvoniga tajovuz qilishi, intilishi hayajonlantirardi.
Botvinnik… Keyingi o‘ttiz yilda mamlakatimiz va chet elda o‘tkazilgan ko‘plab nufuzli musobaqalar uning nomi bilan sharaflandi.
Mixail Botvinnik Tal dunyoga kelmasdan besh yil oldin mamlakat chempioni bo‘lishga ulgurgandi, Tal tug‘ilgan 1936 yilda Nottingem shahrida o‘tkazilgan nufuzli musobaqada Kapablanka bilan 1—2-o‘rinlarni bo‘lashib olib, Alyoxin, o‘sha vaqtdagi chempion Eyve, Reshevskiy va boshqa taniqli grossmeysterlarni ortda qoldirgandi. Alyoxinning bevaqt o‘limi u bilan Botvinnik o‘rtasida jahon chempionligi uchun uchrashuv o‘tkazish to‘g‘risida olib borilayotgan muzokaralarning muvaffaqiyatli yakunlanishiga xalaqit bergandi.
Alyoxin vafotidan ikki yil o‘tgach, 1948 yilda Botvinnik oltinchi jahon chempioni bo‘ldi. Tal yo‘lida uchragunga qadar Botvinnik avval David Bronshteyn, keyin Vasiliy Smislovning toj uchun bo‘lgan da’volarini chippakka chiqargandi. To‘g‘ri, Smislov ikkinchi urinishda Botvinnikni taxtidan tushirgandi, ammo bir yildan keyin o‘tkazilgan javob uchrashuvida alamli tarzda yengilgandi.
Jahon chempionligi uchun kurashda Botvinnikka uzoq yillar raqib sanalgan Salo Flor allaqachon shohmot jurnalisti bo‘ldi, Eyve va Reshevskiy toj da’vogarlari safidan chiqdi, Bronshteyn va Smislovning esa uni boshqa bezovta qilishga toblari kelmayapti. Ellikni qoralayotgan Botvinnik bo‘lsa toliqish nimaligini bilmay olg‘a intilyapti, hamon shaxdam qadam tashlayapti.
O‘yinni chuqur tahlil qilish, har bir vaziyatni nozik anglash, sabr-bardosh bilan uzoqni ko‘zlash, zimmasiga tushgan vazifani mardona bajarish, mehnatsevarlik , nihoyat, salomatligiga, jismoniy quvvatiga jiddiy e’tibor berish — bular Botvinnikday ulkan iqtidor egasining ayrim sifatlari xolos. Bunday sifatlar o‘zida bo‘lishini ko‘plar istashardi, lekin ular taqlid ham qila olishmasdi. Butun bir avlod mamlakat shohmot maktabining yorqin yetakchisi Botvinnikka qarab dona surishni o‘rganishdi, uning o‘yin uslublarini o‘zlashtirishga harakat qilishdi.
Mana shunday ulkan iqtidor egasiga Tal nimani qarshi qo‘yishi mumkin? Albatta, birinchi navbatda barcha tomonidan e’tirof etilgan o‘ziga xos iste’dodini, keyin qisqa muddatda erishgan g‘ayrioddiy natijalarini. Chunki shohmot tarixida hali hech kim uch yil ichida Tal erishgan natijalarga erishgan emas.
Tal Botvinnikning donoligiga, uzoqni ko‘rish salohiyatining chuqurligiga, o‘yinda mohirona dona surishiga tan bergani holda uning uslubida zaif tomonlar borligini ham ko‘rardi. U Botvinnikning qat’iy ravishda uzoqni ko‘zlab dona surishi, ba’zan qurbon bilan bog‘liq ajoyib kombinatsiyalarning oy ko‘rmasdan “o‘lishi”ga olib kelayotganini bilardi. Shuningdek, Tal Botvinnikning ayrim ijodiy qarashlarini o‘z nuqtai nazariga to‘g‘ri kelmagani uchun qabul qilolmasdi. Sababi, Botvinnik yuqorida keltirilgan fikrlarida ta’kidlaganday, vaziyat taqozosiga qarab yurish qilardi. Mixail Tal esa kurash mantig‘iga bo‘ysunardi. O‘z nuqtai nazari va ijodiy qarashi haqligiga ishongan Tal o‘yin uslubi jahon chempioniday kuchli raqib sinovidan ham muvaffaqiyatli o‘tishiga umid bog‘layotgandi.
Xullas, jahon toji uchun uchrashuvda nafaqat ikki yorqin shaxs, ikki ulkan iste’dod, balki bir-biriga qarshi ikki xil fe’l-atvor ham yuzma-yuz kelgandi. Biri o‘nlab yillardan buyon katta muvaffaqiyat bilan har doim ikki karra ikki to‘rt bo‘lishini isbotlayotgandi, ikkinchisi esa ikki karra ikki besh ham bo‘lishi mumkinligiga asosli dalillar keltirishga ulgurgandi.
Bir tomonda — mohir lashkarboshi, usta nazariyachi, shohmot taraqqiyotining ma’lum davriga o‘z nomini yozgan mumtoz uslub vakili. Ikkinchi tomonda — hujum suvoriysi, yo‘q joyda kombinatsiya boshlaydigan, ko‘hna aqida va qonunlarni yangilayotgan, mavjud qoidalarga emas, ko‘proq o‘ziga ishonadigan yorqin iste’dod.
Bir tomonda — texnika fanlari doktori, tuyg‘ularini, xatti-harakatini ifodalashda vazmin, har bir qadamini o‘ylab bosadigan, o‘z turmush tarziga qat’iy rioya etadigan jiddiy olim. Ikkinchi tomonda — jurnalist, bir necha yil ilgari ham estrada artisti bo‘lishni orzu qilib yurgan, hazil-huzulga moyil, serharakat, tili achchiq va o‘z navbatida har bir narsani ko‘ngliga oladigan kayfiyat kishisi.
Botvinnik tarafdorlari ham, Tal tarafdorlari ham uchrashuv taqdirini oxir-oqibat iroda hal qilishini bilishardi. Chunki kim raqibini o‘z o‘yin uslubida dona surishga majbur etsa, kurashni o‘zi xohlagan yo‘nalishga solsa, nihoyat kimning irodasi, ruhiy holati kuchli bo‘lsa o‘sha uchrashuvda ustunlikka erishishi ko‘pchilikka ayon edi. Bu uchrashuvda birinchi o‘yin natijasi muhim ahamiyat kasb etardi, negaki ular hali yuzma-yuz dona surmagandi.
To‘g‘ri, ko‘p yillar ilgari shunday uchrashuv bo‘lishiga oz qolgandi. Shohmot tarixchilari ham boshqa tarixchilar kabi biror voqea yuz bersa, bu taqdiri azalda belgilanganligini isbotlashga dalil axtarishadi. Chunonchi, shohmot solnomachilari maktab o‘quvchisi Misha Botvinnikning 1925 yilda Kapablanka seans o‘yinida ishtirok etib, uni yutganini ko‘p bor yozishgan. Tal ham bolalik yillarida Botvinnik bilan o‘ynagan bo‘lardi, agar u peshindan keyin mizg‘ib olishni yaxshi ko‘rmaganda!
Shunday, tasodifiy hol yuz bergandi. Botvinnik 1948 yilda jahon chempioni bo‘lgandan keyin dam olish uchun Rigaga borgandi. Misha chempionning qayerga joylashganini aniqlab, ota-onasidan u bilan dona surishishga olib borishni iltimos qildi. Bu gapni eshitib onasining rostakamiga xunobi oshdi, o‘g‘lining iltimosini hech qachon rad etmagan doktor Tal ham negadir onasi yonini oldi. Ammo mehribon topildi: bolakayni xolasi Botvinnik huzuriga yetakladi. Eshikni ayol kishi ochdi. Ayol shohmot taxtasi qo‘ltiqlab olgan bolakayni ko‘rishi bilan “vaziyat”ga darhol to‘g‘ri baho berdi: “Botvinnik uxlayapti”, deya tezgina eshikni yopdi. Xullas, birinchi uchrashuv roppa-rosa o‘n ikki yilga kechiktirildi…
Mana, 1960 yilning 15 marti yetib keldi, ular Pushkin nomli teatr sahnasida tayyorlangan joyga yuzma-yuz o‘tirishdi. Bir tomonda — umri davomida ko‘plab tashvishlarni boshdan kechirgan, manaman degan raqib va da’vogarlar bilan murosasiz kurashlarda toblangan qirq to‘qqiz yoshli vazmin Botvinnik, ikkinchi tomonda — taqdir erkalagan, yuqoriga ikki-uch zinani tashlab chopib chiqadigan yigirma to‘rt yoshli Tal.
Aytishlaricha, Botvinnik bo‘lg‘usi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida o‘yin davomida xayolini bo‘lmaslik uchun Talning fe’l-atvori, odati va yoqimsiz qiliqlarini ham diqqat bilan o‘rgangan. Aftidan, Botvinnik shunday ruhiy tayyorgarlikni zarur hisoblagan. Ammo Botvinnikning Talga qarshi biror dastak topishi qiyin bo‘ldi. Chunki Tal uchrashuvdan oldin olib borilgan muzokaralarda chempion qo‘ygan har qanday shartni hech bir e’tirozsiz qabul qildi. Shunga qaramay Tal muayyan odam, shaxs, qolaversa, shohmotchi sifatida uning g‘ashini keltirmasligiga ishonish qiyin edi.
Olim, faoliyati, fikr-mulohazasi, tafakkuri ilm kishisiga xos Botvinnikni Talning har bir muvaffaqiyatidan keyin yangragan olqishlar g‘ashini keltirishini tushunish mumkin. Talga qo‘yilgan “Qora qoplon”, “Riga raketasi” kabi nomlar, gipnoz, Benkoning qora ko‘zoynagi, Talga haddan ziyod omad kulib boqishiga bog‘liq gap-so‘zlar va boshqa mish-mishlar Botvinnikda istehzoli kulgi uyg‘otardi.
Mamlakat birinchiligida g‘olib chiqqandan keyin 17 yil o‘tib jahon chempioni bo‘lgan odamning Talning hozirgi mavqeiga, ya’ni mamlakat chempioni unvonini qo‘lga kiritgandan so‘ng ikki yil ichida toj uchun uchrashuvga yetib kelganiga ishonqiramay qarashi tabiiy hol. Biroq Botvinnik Alyoxin bilan muzokaralarni Kapablanka, Eyve, Reshevskiy, Fayn kuchga to‘lgan, Keres g‘ayratiga sig‘mayotgan vaqtda olib borgandi. Talga esa “tseytnot”ga tushgan Keres, Botvinnik bilan uchta uchrashuvda toliqqan Smislov, hali o‘z imkoniyatiga ishonch hosil qilmagan Petrosyan duch keldi. Botvinnikning ellikni qoralayotgani ham Talning baxti!
O‘z vaqtida Botvinnik mas’uliyatli musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rishning teran tizimini ishlab chiqqandi, Tal esa bu narsaga e’tibor bermasdi. Botvinnik Talning operatsiya bo‘lgandan keyin bir oy o‘tmasdan da’vogarlar musobaqasiga borishini, chekishini, salomatligini tiklashiga e’tibor bermasligini, quvnoq davralarda kechgacha qolib ketishini juda yumshoq aytganda – yengiltaklik, katta shohmotchilarga yot illat hisoblardi.
Jahon chempioniga eng alam qilayotgani, yosh da’vogar uning uchun muqaddas hisoblangan shohmotda mantiq, uyg‘unlik va tafakkur tantanasi mujassam, qadimiy sehrli o‘yinda tasodiflarga o‘rin yo‘q, bir yurish ikkinchisini keltirib chiqaradi degan aqidalariga tajovuz etayotgandi.
Mavjud vaziyatni to‘g‘ri baholagan V.Baturinskiy “Botvinnikning shohmot ijodi” uch tomlik kitobi muqaddimasiga shunday so‘zlarni yozgandi: “Botvinnik va Bronshteyn, Botvinnik va Smislovning o‘zlariga xos uslublari bir-biridan qanchalik farq qilmasin, ularni ko‘p jihatlar birlashtirardi, jumladan, o‘yinlarda yuzaga kelgan vaziyatlarni tarixan qaror topgan va hayot sinovlaridan o‘tgan nuqtai nazar bilan baholashardi. Tal esa aynan shunday qarashga barham berdi”.
Shunday qilib, “barham beruvchi” iborasini ham ishlatdik. Endi o‘zingiz xulosa chiqarib olavering: Mamlakat shohmot maktabining peshqadami, jumlai jahonda katta obro‘ga ega Botvinnik “barham beruvchi” Talni hurmatlab-e’zozlashi mumkinmidi?
Chamamda, biz voqealardan o‘zib ketdik. Hozircha bizni Pushkin nomli teatr sahnasi chorlayapti.
Da’vogarlar musobaqasi tugashi bilan Tal radiomuxbirning 28 ta savoliga bergan javobida toj uchun bo‘ladigan uchrashuvning birinchi o‘yinida shoh oldidagi piyodani ikki qadam surishini ta’kidlagandi. Tal o‘z so‘zining ustidan chiqdi. Botvinnik ham shoh oldi piyodasini surdi, ammo bir qadam. Demak, frantsuzcha himoya. Bu debyut Botvinnikka ko‘plab shukuhli g‘alabalar keltirgan, faqat Smislov bilan kechgan uchrashuvning ikkinchi o‘yinida makkorlik qilib ko‘nglini dog‘lagan. Albatta, Tal Botvinnik shu debyutni tanlagan vaqtidayoq, uning qaysidir yurish tagiga mina qo‘yganini va qachondir portlashini bilardi.
Haqiqatan ham ko‘p o‘tmay Botvinnikning keskin yo‘nalishda bir-ikkita piyodani qurbon qilishga tayyorligi ayonlashdi. Bu ruhiy jihatdan Talni kurashga chorlash edi. Go‘yo chempion raqibiga xayolan shunday dedi: “Sen kombinatsiyani qotirib tashlayman deb mag‘rurlanib yuribsan, o‘ylayapsanki men keskin yo‘nalishlarni chetlab o‘tishga harakat qilaman, bilib qo‘y, men sening uslubingdan cho‘chimayman, sen bilan o‘zingning quroling bilan olishaman”.
Tal chaqiriqni qabul qildi, farzini qoralar qarorgohiga kirib borib, shoh tomondagi ikki piyodasini yo‘qotdi. Bu qimmatga tushdi: oq shoh rokirovkadan mahrum bo‘lib, markazda daydib qoldi.
O‘n birinchi yurishda mina portladi: Botvinnik filini o‘yinga chiqarib, unga oq shohga suiqasd qilish vazifasini yukladi. Yurish makkorona bo‘lib, o‘z asoratlarini qoldirardi. Tal “shoh” beruvchi javob yurishini qildi. Botvinnik shunday yo‘nalishni tanladiki, bu kishti-qoyim bilan durang qilish imkonini berardi. Boshqacha aytganda, u keskinlikka olib keluvchi shohni ortga chekintirish yo‘nalishidan voz kechdi.
Agar Tal kishti-qoyimga o‘tsa, o‘zining ruhiy jihatdan yengilganini tan olgan bo‘lardi, buning ustiga uchrashuv boshida kutilmagan natijaga intilishday niyati chippakka chiqardi. Tal bu yo‘nalishdan voz kechib, otini o‘yinga kiritdi, o‘yinning bunday tarzda davom etishini kutmagan Botvinnik yarim soatcha o‘yga cho‘mdi.
O‘yinning davomi qiziqarli kechdi. O‘ta murakkab va chigal vaziyatda Tal har doimgiday topqirligini ko‘rsatdi va Botvinnik 32-yurishdayoq taslim bo‘ldi. Bu uning ruhiy zarbasi ish bermaganidan, Talning quroli bilan kurasha olmasligidan darak edi.
Dastlabki o‘yindagi g‘alaba butun uchrashuv natijasiga ta’sir ko‘rsatdi. Birinchi kundanoq “raqibim hisobda oldinda” degan yuk o‘z og‘irligini Botvinnikning yelkasiga tashladi. Bu yuk har bir o‘yindan keyin og‘irlashib bordi, hatto Botvinnik hisobni tenglashtira olmadi. U hech qachon bunday ahvolga tushmagandi. Bundan tashqari, birinchi o‘yinda tili kuygan Botvinnik keyinchalik keskinlikka olib boruvchi yurishlardan, tavakkal yo‘nalishlardan o‘zini tiydi, natijada imkoniyati chegaralanib qoldi (Botvinnik ichki sezgiga asoslangan o‘yin uslubini tan oldi. U keyinchalik uchinchi o‘yinga yozgan sharhida shunday yozgandi: “Tal bilan o‘ynayotgan vaqtingda bunday vaziyatlarni ko‘zdan kechirish fursatni boy berish bilan barobar. Aslida, mavjud vaziyat noqulaydir, uning uchun baribir qulay”).
Kurash endigina boshlangandi. Keyingi to‘rtta o‘yin durang bilan yakunlandi. Garchi Tal hisobda oldinda borayotgan bo‘lsa ham bu o‘yinlarda tashabbusni o‘z qo‘liga ololmadi. Ustiga-ustak, shohmot dengizining mag‘rur qaroqchisi katta yo‘lda ehtiyotkor raqibining izidan suzdi.
Agar Botvinnik mag‘lubiyat alamini totmaganida, musobaqaning bunday kechayotganidan mamnun bo‘lsa arzirdi. Chunki u sarkash raqibini bir qadar jilovlashga muvaffaq bo‘lgandi. Chempion istehkomini shu qadar mustahkamlardiki, Talning o‘z qurolini qo‘llashga imkoniyati qolmasdi. Ammo keyingi to‘rtta o‘yinda Botvinnik ustunlikka ham erisha olmadi, faqat mustahkam himoya bilan cheklandi. Chamasi Botvinnik hech bir tavakkalsiz uchrashuv taqdirini o‘z foydasiga hal qilmoqchi edi, ammo bu usul o‘yinni har qadamda o‘zgartirishga tayyor turadigan Talga nisbatan yaroqsiz edi. Botvinnikning qat’iy harakat qilmayotganidan foydalangan Tal har safar qopqondan sirg‘alib chiqib ketishga ulgurardi. Xullas, Botvinnikning iskanjani ketma-ket bo‘shashtirib yuborgani, ustunlikni mantiqiy yakuniga yetkazmagani uning nishonni to‘g‘ri ko‘zlay olmayotganidan darakmidi? Bu savolga keyingi o‘yinlar javob beradi.
To‘rtta o‘yin Tal uchun og‘ir kechdi, u chempionning og‘ir qo‘lini his qildi. Uchrashuv oldidan quvnoq va dilkash Tal yigirma to‘rt kun davomida bir odam qarshisida o‘tirib o‘ynashdan cho‘chigandi, buning ustiga raqibi jiddiy, diqqat-e’tibori bir maqsadga yo‘naltirilgan, vaqti-vaqti bilan tund qiyofada o‘tirishini bilardi. U da’vogarlar musobaqasida bitta raqib bilan to‘rt marta o‘ynash og‘irligini ta’kidlagandi. Bundan oddiy musobaqalarda o‘ynash yaxshiroq! Chunki yurishni qilgandan keyin sahnada sayr etishing, boshqa taxtalardagi vaziyatlarga ko‘z tashlashing, kim bilandir hazillashishing mumkin.
Bunday uchrashuvda hazillashadigan odamning o‘zi yo‘q va Tal hazillashadigan holatda emasdi. Dastlab, o‘yin paytida asir tushgan odamday azob chekdi. To‘rtinchi o‘yinga kelib o‘ziga xos to‘siqni yengdi va uning uchun og‘ir karvon jarayon odatiy holga aylandi.
Musobaqa ob-havosiga ko‘nikayotgan Tal baribir o‘zini vaziyat o‘yini qafasida sezardi. U oltinchi o‘yin oldidan Koblentsdan so‘radi:
— Meni qancha vaqtgacha “cho‘kka tushgan holatda” ushlamoqchisizlar?
Ko‘plab soddadil muxlislar har bir o‘yinda Talning chiroyli kombinatsiyalarini ko‘ramiz deb o‘ylashgandi, uning yarqiroq quroli yana ko‘zlarini quvnatishini kutishayotgandi. Oltinchi o‘yinda qafasdan qutulgan, ozodlikka erishgan Tal ot qurboni bilan bog‘liq chiroyli kombinatsiyani ishlatib, o‘zini ham, muxlislarini ham xushnud etdi.
Bu kombinatsiyani keyin rosa chaynashdi. Sokin xonalarda o‘tirib Tal kombinatsiyasining noto‘g‘riligini isbotlagan sharhchilar rosa zaharini sochishdi. Hatto uchrashuv tugagandan keyin ham bu kombinatsiya to‘g‘risidagi bahslar davom etdi. Lekin hamon ko‘pchilik sharhchilar qaysarlik bilan “Tal bu kombinatsiyasi bilan Botvinnik oldiga katta muammo qo‘yganini, u bu muammoni bir kundan keyin emas, o‘sha lahzada yechishi lozimligini” tan olgilari kelmasdi.
Tal bu yurishni qilar ekan, uning to‘g‘riligiga ishongandi. Keyinchalik u: “Yuzaga kelgan mazkur vaziyatda keskinlikka olib kelgan ot qurboni, eng to‘g‘ri qaror edi”, — deb yozgandi. O‘sha kezda Tal shohmot nuqtai nazarlaridan tashqari vaqt tangligiga tushgan Botvinnikning chigal vaziyatni bafurja tahlil etishga fursati yetmasligini ham hisobga olgandi. Shu bois Talning o‘ziga xos yurishi g‘ayritabiiy kuchga ega bo‘ldi. Ha, yana kurash mantig‘i vaziyat taqozosidan ustun ekanligini namoyish etdi. Chindan ham Botvinnik chalkash yo‘llarda yanglishdi va o‘yinni og‘ir ahvolda kechiktirdi.
Bu Talga xos ruhiyatga ta’sir etuvchi kombinatsiya edi. Unda Botvinnikning bunday o‘yin uslubiga bardoshi yetmasligi yaqqol ko‘zga tashlandi. Mag‘lubiyat alamini unuta olmagan Botvinnik keyingi o‘yinda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi va yana yutqazdi. Go‘yo uchrashuv taqdiri hal bo‘lgandi.
Aynan shundan keyin Talning o‘yinidan putur ketganini tushunish qiyin emas. Axir, ishonish qiyin bo‘lgan holat yuzaga keldi: raqibdan uch ochko o‘zib ketildi. Biz bilamizki, shunday hollarda, ya’ni kurash taqdiri hal bo‘lgan kezlarda Talni ilhom tark etadi. U shunday holatni da’vogarlar musobaqasida ham boshidan kechirgandi. Bu hol yana takrorlandi. Ustiga-ustak, u Botvinnik hali qurolini tashlamaganini va o‘z xohishi bilan bunday qilmasligini ko‘z oldiga keltira olmasdi.
Ehtimol, keyingi o‘yinlarda hech bir tushunarsiz qarorlar qabul qilganini uning holati bilan izohlashimiz kerakdir. Sakkizinchi o‘yinda qaltis tajribani boshladi va jazosini oldi. To‘qqizinchi o‘yinda debyutdayoq Botvinnik istehkomiga tashlandi va qaqshatqich zarbaga duchor bo‘ldi. Xullas, o‘ninchi o‘yin oldidan katta ustunlik yo‘qqa chiqdi, hisob 5:4 gacha qisqardi. Buning ustiga, Talning ta’kidlashicha jahon chempioni to‘qqizinchi o‘yinni san’atkorona o‘tkazgan va amaliy jihatdan xatolikka yo‘l qo‘ymagan.
Ikki o‘yin yutqazgandan so‘ng Tal sergak tortdi. Bildiki, yana oldga intilishi, yana g‘alabalardan ruhlangan raqibini sindirishi kerak. “Menimcha, — deb yozgandi uchrashuvdan keyin Tal, — sakkizinchi va to‘qqizinchi o‘yinlardagi mag‘lubiyatlar ruhiy jihatdan berk ko‘chadan chiqishimga yordam berdi. Hisob 5:4 bo‘lgach, sustkashlik davri ortda qoldi, yana tengma-teng kurash boshlandi. Ammo men o‘z kuchimga qattiq ishonch hissini sezayotgandim”. O‘ninchi o‘yin durang bilan yakunlansa-da, Botvinnik mag‘lubiyatdan qutulish uchun bor kuchini sarfladi. O‘n birinchi o‘yinda esa Tal g‘alaba qozondi.
Birinchi va oltinchi o‘yinlar kabi o‘n birinchi o‘yin ham uchrashuvda muhim ahamiyat kasb etdi. Sababi, Botvinnik bu o‘yinda voqealar rivojini o‘zi xohlagan yo‘sinda davom ettira olmadi. Holbuki, bunga rosa urinib ko‘rdi! O‘yin boshdan-oyoq kuchlarni qulay joylarga joylashtirish bilan o‘tdi va raqib o‘zining reja bilan uzoqni ko‘zlab dona surish uslubida qurshovga olinib yakson qilindi.
O‘n birinchi o‘yin natijasi Botvinnikning g‘amgin o‘ylar surishiga olib keldi, chunki uning kelgusi rejalariga putur yetdi. Sababi dastlabki o‘n o‘yinda Botvinnik o‘z istehkomiga bekinib olib, qal’a devorini ko‘tarish va atrofidagi zovurlarni qazish bilan shug‘ullandi. Talning oldida ikkita yo‘l qolardi: yo sabr-bardosh bilan qal’ani qamalda ushlash, yo tavakkal qilib baland devor osha hujumga o‘tish. Ikkinchisi, shubhasiz, katta talafotlar berishni talab etardi.
Endi bu reja to‘liq muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Tal topqirlik ko‘rsatib, o‘z uslubining yashovchanligini namoyish qildi. Negaki, Botvinnikning donalarni joylashtirish usuliga ko‘nikkan Talda o‘yin paytida qamal qilish yoki hujumga o‘tish muammosi yo‘qoldi, endi u sharoitga qarab goh unisini, goh bunisini tanlardi. Birinchi va oltinchi o‘yinda Tal Botvinnikni ochiq maydonga olib chiqishga erishdi va suvoriycha epchil harakatlari, ketma-ket hujumlari evaziga g‘alaba qozongandi. O‘n birinchi o‘yinda Botvinnik qamalda ham o‘zini yaxshi his etmayotgani sezildi. Xullas, o‘n birinchi o‘yinda jahon chempioni o‘z quroli bilan yakson qilindi va uning taxti qimirlab qoldi.
O‘n ikkinchi o‘yinda tashabbus goh unga, goh bunga o‘tib turdi. Yetmish ikkitadan yurish qilishgach, tomonlar durangga kelishishdi. Keyingi o‘yinda esa atigi o‘n besh yurishdan keyin bitimga imzo chekildi. Tal oq donalarda o‘ynagani uchun bu natija muxlislarning hafsalasini pir qildi. Shu bois Tal qo‘shni eshikdan tashqariga chiqdi. Eshik oldida e’longa nazar tashladi. Unda spektakl nomi — “Uch daqiqalik suhbat” va kinoya so‘z — “Kimning xohishi o‘n besh yurishni belgiladi” deb yozilgandi.
Muxlislar musobaqada ikki ochko o‘zib ketgan Talning qolgan o‘yinlarda ham o‘z uslubida o‘ynashini istashayotgandi. To‘g‘ri, muxlislar keskin kurashlarni ko‘rishga kelishadi. Lekin bu safar muxlislarning istagi da’vogar xohishiga mos tushgandi. Chunki Tal “buyurtma” bo‘yicha durangga o‘ynashni bilmasdi (u keyinchalik ham bu san’atni o‘zlashtira olmadi). Shu bois Koblentsning Tal oldiga qo‘ygan “Tavakkalsiz, xotirjam o‘yna” degan vazifasi to‘g‘ri bo‘lsa ham qiyin, buning ustiga xavfli edi. Keyinchalik Talning o‘zi bu holatni shunday sharhlagandi: “Botvinnik bejiz bu usulni tanlamadi, qora donalar bilan durangga qarshilik bildirmayotganining boisi qachondir bitimlar me’damga tegadi va men xatarli sarguzashtimni boshlab yuboraman”.
Haqiqatan ham keyingi to‘rtta o‘yin durang bilan yakunlangach, Tal o‘zining tinkasi quriyotganini sezdi. Har doim suhbatijon Tal birdan kamgap, tund bo‘lib qoldi. Eng chigal vaziyatlarda ham pand bermagan asablari tang holatlarda bazo‘r bardosh berardi. “Juda qiyin, — deb yozgandi Tal, — har bir o‘yinda bir xil intilish bilan g‘alabaga o‘ynash, ammo belgilangan manzilga toshbaqa yurishda borish undan ham qiyin”.
Boshqacha aytganda, Tal qandaydir xavfli sarguzashtni boshlashga pishib yetilayotgandi. Nihoyat, o‘n yettinchi o‘yinda his-tuyg‘u junbushga keldi va o‘sha mashhur f2-f4 yurishi qilindi.
Levinfish ta’biri bilan aytganda, bu yurish o‘zini halokatga mahkum etish edi. Biz bilganimizday va Talning o‘zi ham ta’kidlaganday, u o‘sha kezda man etilgan ishga qo‘l urishni juda-juda istab qoldi. Tal bu yurishni qilar ekan, aniq hisob-kitoblarga emas, raqibi uchun kutilmagan hol va noqulaylik tug‘dirish mezoniga tayandi.
Xullas, kutilgan hodisa yuz berdi — Tal tavakkal hujumini boshladi va ikki piyodasini qurbon qildi. Aslida, Tal bu o‘yinga ham navbatdagi bitimga imzo chekish uchun kelgandi. O‘yin oldidan Koblents ketma-ket durang qilaverish foydali ekanligi to‘g‘risida yana bir karra eslatgandi, u bu usul Alyoxinning Kapablankaga qarshi o‘yinida, hatto Botvinnikning Smislov bilan bo‘lgan javob uchrashuvida ish berganini misol qilib keltirgandi.
Ammo kurash paytida Tal bilan ko‘p hollarda bo‘lib turganday, tavakkal qilish hissi uyg‘ondi va u o‘zini to‘xtata olmadi. Tal xayolan Koblentsdan kechirim so‘radi, uning barcha o‘gitlariga qo‘l siltadi-da, dubulg‘a niqobini yuziga tushirdi.
Uzoq vaqtgacha bu faollik, nihoyat jazosini topadiganday tuyuldi. Talning o‘ziga xos g‘alati yurishini kutayotgan Botvinnik niyatiga yetdi, u tezkor javob zarbalari bermasa ham raqibining hamlalarini daf etdi va moddiy ustunligini saqlab qoldi. Ammo (Tal o‘yinlarini sharhlayotgan vaqtda “ammo” so‘ziga urg‘u bermaslikning iloji yo‘q)… Ammo Botvinnik chigal kombinatsiya xavfini bartaraf etishga ko‘p vaqtini sarfladi va juda charchadi. U shunchalik charchagandiki, vaqt tangligida Talning ruxini qurbon qilib, oddiygina g‘alaba qozonishiga qarshilik ko‘rsata olmadi. Ruhiyatga bog‘liq hisob-kitob yana o‘zini oqladi.
O‘n sakkizinchi o‘yin durang bilan yakunlandi. Nihoyat, o‘n to‘qqizinchi o‘yinda Botvinnikning o‘zi keskin yo‘nalishni tanladi. Bu qaror umuman olganda to‘g‘ri edi, lekin ayni paytda uchrashuv taqdirini hal qilishni tezlashtirardi, xolos. Albatta, Tal ajoyib tarzda raqibini dog‘da qoldirdi va o‘yinni Botvinnikka hech qanday imkoniyat qolmagan vaziyatda kechiktirdi.
Amaliy jihatdan uchrashuv taqdiri hal bo‘lgandi. Yigirmanchi o‘yinda Botvinnik oxirgi marta g‘alaba qilish uchun urinib ko‘rdi, oxir-oqibat durang bilan kifoyalandi. Yigirma birinchi o‘yinda Botvinnik kurashga kirishmadi ham 17-yurishdayoq durang taklif qildi va Talni tabriklash uchun qo‘lini uzatdi.
Shunday qilib, Tal yirik hisobda (121/2:81/2) g‘alaba qozondi va bu hisob o‘yin natijasining tasodif emasligini yana bir karra isbotladi. U Botvinnik bilan uchrashuvda nafaqat o‘z ustunligini, balki bilim va mantiqqa suyangan holda ichki hissiyotga, topqirlikka asoslangan, albatta shohmot kurashi ruhiyatidan kelib chiqqan o‘z nuqtai nazarlarini himoya qildi, namoyish etdi.
Mixail Tal yigirma to‘rt yoshida shunday natijaga erishdiki, buni ko‘plab mashhur shohmotchilar orzu qilib o‘tgan. U shunday mashhur bo‘lib ketdiki, hali shohmot tarixida hech kim bunday hurmatga sazovor bo‘lmagandi. Minglab muxlislar uni teatr binosi oldida kutib turishardi. Minglab muxlislar uni Riga vokzalida kutib olishga chiqishdi va qo‘llarida ko‘targancha maydonga olib o‘tishdi. Maydonda yangi jahon chempioni sharafiga bag‘ishlangan yig‘in boshlandi. Hali da’vogarlar musobaqasi boshlanmasdan oldin Zagreb ko‘chalarida yurgan vaqtida kimdir uni quchoqlab, shunday hayqirgandi: “Sen dahosan!” Umri davomida ko‘plab voqealarga guvoh bo‘lgan shohmot faxriysi, sobiq jahon chempioni Maks Eyve ham Talning daho shohmotchi ekanligini bir necha marta ta’kidlagandi.
Tal mashhurligining sababi nafaqat sport natijalarida, balki hissiyotga bog‘liq o‘yin uslubida, jangovar dona surishida va o‘ziga xos tashqi qiyofasida ham edi. Chindan ham uning ayrim g‘alabalarida jodu, tilsimot borday tuyulardi. Hatto mumtoz uslub davomchisi Smislov ham yosh Tal tomirida “ikki xil iblislik qoni” oqqanini tan olgandi.
Kombinatsiyani o‘ylayotgan vaqtda Tal tez-tez o‘tkir nigohda raqiblariga qarab qo‘yardi, bu ularni bezovta qilardi. Ayrim shohmotchilar jiddiy tarzda Tal bilan o‘ynayotgan vaqtida qandaydir kuch yaxshi yurishni emas, yomon yurishni qilishga majbur etishini ta’kidlashardi. Bu o‘z-o‘zini yupatish, ya’ni Tal bilan o‘yinda qanday qilib yaxshi vaziyatdan yomon holatga tushib qolganiga sabab topishdan boshqa narsa emasdi, biroq ko‘pchilik muxlislar ularning tilsimlangani to‘g‘risidagi gaplariga ishonishardi.
Baribir ko‘pchilik odamlar ongida dunyoda g‘ayritabiiy kuchlar, aqlimiz yetmaydigan ta’sirlar mavjud degan eng oddiy tushunchalar yashaydi. Mayli, har bir narsaga shubha-gumon bilan qarovchi taniqli shohmotchilar fikriga quloq tutaylik, lekin biz devor ortidagi narsalarni ko‘ra oladigan odamlar (telepatiya) borligini ham unutmaylik. Axir, ko‘plab aqlga sig‘mas mo‘jizalar keyinchalik ilmiy jihatdan asoslangan.
Tal shohmotda ham ertaklarga ishonishga undadi. Uning bir-ikkita sipoh-piyoda kam holatda tajribali raqiblari ustidan g‘alaba qozongani o‘yinda shunday holatga tushgan shohmotchilarni ruhlantirib yubordi. Ilgari o‘yinda bitta sipoh emas, bitta piyodasini yo‘qotgan shohmotchining qarshilik ko‘rsatish qobiliyati susaygan bo‘lsa, endilikda Taldan o‘rnak olishib bunday vaziyatlarda ham uchrashuv taqdirini o‘zgartirish uchun keskin kurashga kirisha boshlashdi.
Chindan ham Talning isyonkor ruhi shohmot qoidalariga so‘zsiz amal qiluvchilarning o‘zligini yengib o‘tishiga yo‘l ochdi. Talning shohmotga quygan “yovvoyi qoni”ni nafaqat havaskorlarning, balki usta, grossmeysterlarning ijodiy o‘ylariga erk berdi, ayrim tushunchalardan, bir qolipdagi fikrlardan ozod qildi. Shu ma’noda Talning Botvinnik ustidan qozongan g‘alabasi shohmot olamida katta shov-shuvga sabab bo‘ldi, muhim ahamiyat kasb etdi. O‘z navbatida Botvinnikning mag‘lubiyatga uchrashi Talning kuchini va uning uslubi yashovchanligini tasdiqladi.
Bu shohmotda yangi davr boshlanganidan darakmidi? Albatta, yo‘q. Kechroq bo‘lsa ham ta’kidlashimiz lozim, ayrimlar o‘ylaganday Tal “barham beruvchi” emasdi. Axir havoda samolyotini o‘mbaloq oshirgan uchuvchi aerodinamika qonunlarini buzadimi? O‘ki ko‘pgina tushunchalarimizni o‘zgartirib yuborgan Eynshteynning nisbiylik nazariyasi, koinot qoidalariga zidmi? Tal shohmotda hurfikrli, boshqalardan o‘zgacharoq mulohaza yurituvchi edi, uning o‘yinlarining kuchliligi tabiiy qobiliyatidan tashqari, har bir sipohi va piyodasining foydalilik darajasini oshirganidan kelib chiqardi. Boshqalar hujum uyushtirishga to‘rt-besh sipohini jalb etsa, Talning shunday hujum uyushtirishiga ikki-uchta sipohi kifoya qilardi. U sipohlarining foydalilik darajasi oshishiga shohmot san’ati qoidalarini mensimagani uchun emas, aksincha, shu qoidalarga chuqur yondoshgani, uzoqni ko‘zlab ijodiy o‘zgartirishi tufayli erishardi.
Axir, Talning tashabbusni qo‘lga olish uchun ongli ravishda o‘z vaziyatini yomonlashtirishini faqat rasmiy jihatdan shohmot qoidalariga zid desa bo‘ladi. Lekin tan olishimiz zarur, shohmot kurashi qandaydir ikki raqib qarama-qarshiligi emas, balki ikki shaxsning, ikki fe’l-atvorning ham kurashidir. Shunday ekan, bu shaxslar kurashda ruhiy zarbalardan foydalanishga to‘la haqlidir. Biz bilamizki, kurash mantig‘i har doim ham vaziyat taqozosiga mos kelavermaydi.
Xullas, bizda Talning barham beruvchi emasligini tasdiqlovchi rad etib bo‘lmaydigan dalillar bor. Botvinnik javob uchrashuvidan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida, jumladan, shunday degandi:
— Bunda ikkilanish bo‘lishi mumkin emas — Tal ulkan qobiliyat egasi. Ochiq vaziyatlardagi kurashda unga teng keladigan raqib yo‘q. Tal yo‘nalishdagi yurishlarni tez va aniq hisoblaydi deyish kam, u bunday vaziyatlarda qanday o‘ynash nuqtai nazarini yaxshi biladi…
Jahon chempioni bo‘lgan Tal o‘zini baxtiyor sanashga haqli edi. 1960 yilning may oyida Talga hamma havas bilan boqardi, bu davr umrining bahori desak yanglishmaymiz. Qarindoshlari, do‘stlari, muxlislari uning hurmatini joyiga qo‘yishdi. Dunyoning turli burchaklaridan minglab tabriknomalar yog‘ildi, xorijiy davlatlardan takliflar keldi, muxlislar olqishiga ko‘mildi.
U mehnatiga yarasha munosib mukofotlandi. Uning o‘spirinlik davridan boshlab tajribali grossmeysterlar siquvlariga qanday dosh bergani yodingizdan chiqmagandir? O‘yinlarda qancha og‘ir ichki kechinmalarni boshdan kechirgandan keyingina bu bolakayga omad kulib boqqanini ham unutmagandirsiz? O‘tkir zehn va bukilmas iroda egasi bo‘lgan Botvinnikni yengib o‘tishday og‘ir sinovga ham duch keldi, axir.
O‘zingiz tasavvur qiling, u keyingi uch-to‘rt yil ichida qancha hayajonli damlarni, qancha ko‘ngilsizliklarni boshdan kechirdi, necha bor o‘yinlarda jar yoqasida ilinib turganiga qaramay, vaziyatni tenglashtirdi, necha bor tishini-tishiga qo‘yib oldidagi to‘siqlarni qat’iyat bilan yengib, o‘ziga yo‘l ochdi. Shunday ekan, u baxtli bo‘lishga haqli emasmi?
Ha, u baxtiyor edi! Lekin hozircha u Xalqaro shohmot federatsiyasi vitse-prezidenti Marsel Berman va musobaqa bosh hakami Gidson Shtalberg tomonidan bo‘yniga taqilgan gulchambarning bo‘yinturuqday zil-zambil yuki borligini bilmasdi.
Ehtimol, omad erkatoyini haddan ziyod siylab yubordi. Axir, peshqadamdan o‘tib ketish uchun intilgan paytda uning kuchi qaynab-toshardi-ku? Agar raqobatchilaridan o‘zib ketsa, har doim turg‘unlik davrini boshidan kechirardi.
Endi u barcha kuchli grossmeysterlardan o‘zib ketdi, shunday cho‘qqiga ko‘tarildiki undan yuksakka intilib bo‘lmaydi. Endi sarguzashtsevar qahramonimiz g‘ayratini yangi yerlarni ochishga emas, egallangan hududlarni saqlashga sarflashi lozim. Ruhiy jihatdan bu vazifa Tal uchun og‘irlik qilardi.
Qisqasi, ko‘p o‘tmay Tal zimmasiga olgan vazifasi zavq-shavqli emasligini tushundi, osoyishta baxt nasib etmas ekan. Ko‘pchilik ellikni qoralayotgan Botvinnik bunday qaqshatqich mag‘lubiyatdan keyin o‘z omadini boshqa sinab ko‘rmasa kerak deb o‘ylayotgandi, lekin u javob uchrashuvida o‘ynashini bildirdi (shunday keyin FIDE javob uchrashuvlarini bekor qildi). Demak, Tal — Botvinnik uchrashuvi o‘yinning yarmi, to‘g‘rirog‘i, birinchi yarmi bo‘lib chiqdi! Bu hammasini — debyutlarni ko‘rishni, jismoniy va ruhiy tayyorgarliklarni qaytadan boshlashni taqozo etardi. Xullas, uchrashuvdagi barcha o‘yinni ziyrak aql va o‘z-o‘zini tanqid ruhida qaytadan ko‘rib chiqish zarur edi. Buning ustiga, u nimaga tayanib Botvinnik javob uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rayotganini anglab yetishi kerak.
Xullas, Tal o‘zi erishgan muvaffaqiyatni himoya qilish zarurligini qanchalik tez o‘ylasa, shuncha yaxshi bo‘lardi. Keyingi voqealar rivoji ruhiy kurash ustasi farangi o‘zining muvaffaqiyatlari tantanalariga mahliyo bo‘lib juda qo‘pol, tuzatish mushkul xatoga yo‘l qo‘yganini ko‘rsatdi. U Botvinnikning qudratli kuchga ega ekanligini to‘g‘ri baholay olmagandi.

…VA MIS KARNAYLAR JARANGI

Bu yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan xato edi. Chunki Tal endi Botvinnikni yaxshi bilardi: sobiq jahon chempioni javob uchrashuviga qasd qildimi, demak u birinchi uchrashuvdagi har bir o‘yin, har bir yurishni tahlildan o‘tkazib, ikkinchi uchrashuvda g‘alaba qozonishimga imkoniyatim bor degan xulosaga kelgan. Botvinnikning shunday xulosaga kelishi ko‘p narsani anglatardi. Sababi o‘yinlarni tahlil qilish san’atida, biror vaziyatga “yaxshi” yoki “yomon” deya baho berishda Botvinnikka nafaqat Tal, balki jahondagi boshqa grossmeysterlar ham tenglasha olmasdi.
Kuzda Leyptsigda o‘tkazilgan XIV Olimpiada yangi jahon chempionini jiddiy ogohlantirishi lozim edi. Negaki, Botvinnik chiroyli o‘ynadi, buning ustiga tseytnotga tushmadi. Aftidan, Botvinnik javob uchrashuviga tayyorgarlikni tseytnotdan qutulishdan boshlaganga o‘xshardi.
Baribir Tal Leyptsigda jaranglagan ogohlantiruvchi qo‘ng‘iroqqa quloq tutmadi. Buning ustiga Koblents boshchiligidagi jonkuyarlarning javob uchrashuvi oson kechmasligi to‘g‘risidagi ogohlantirishlariga ham e’tibor bermadi. Evoh, shohmotdagi olov va suv imtihonidan dadil o‘tgan Tal, afsuski, qadimda Rimdagi g‘oliblarni mis karnay sadolari ostida sharaflash marosimiga o‘xshash davrdan bezarar o‘tib ketolmadi.
Biz bilamizki, birinchi uchrashuvning yopilish marosimida Xalqaro shohmot federatsiyasi vitse-prezidenti Marsel Berman so‘zga chiqqandi. U hayajonlanib, jahon chempioni unvoni shohmotchiga katta mas’uliyat yuklashi to‘g‘risida gapirgandi. O‘shanda Berman o‘z so‘zlarining Talga ta’sir qilishini va tegishli xulosa chiqarishini juda-juda istagandi.
Yangi jahon chempionining hamfikrlari ko‘p edi, ayniqsa yoshlar Tal siymosida ulkan iste’dod sohibini ko‘rishardi, ularga dadil o‘yinlari, shohmotdagi ko‘hna, to‘g‘rirog‘i, qotib qolgan aqidalarni o‘zgartirishga intilishi yoqardi. Muxlislar Talning o‘yin uslubiga, uning shohmotga sadoqatiga ishonishdi. Yana afsuslanishimiz kerak, Tal o‘z bayrog‘i ostiga to‘planganlar hurmati uchun bo‘lajak uchrashuvga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishi lozimligini tushunmadi.
U o‘ziga berilgan iste’dod oldida ham javobgarlikni to‘liq his qilmadi. Iste’dod ertakdagi Bukri toychoq kabi so‘ragan narsasini muhayyo qilaveradi deb o‘yladi. Tal iste’dodni ham asrash va tarbiyalash kerakligini xayoliga keltirmadi.
Endi xolisona o‘zimizdan so‘rab ko‘raylik: quvnoq va suhbatijon Tal zohidlarga o‘xshab hayot kechirib javob uchrashuviga tayyorgarlik ko‘ra olarmidi? Axir, Tal o‘zi xohlamagan vaqtda sayraydigan qushlar toifasiga kirmaydi. Lekin o‘z salomatligini, iste’dodini asrashi uchun, nihoyat, javob uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rishi uchun juda zohidlarga o‘xshab hayot kechirishi ham shart emasdi. Shu bois Tal muxlislari uni kechira olishmadi.
Javob uchrashuvidagi dastlabki taassurot shunday edi: go‘yo Tal o‘yin boshlanishini bugun bilganga o‘xshardi. U uchrashuv arafasida Stokgolmdagi oddiy musobaqada qatnashdi, keyin Pragada yosh shohmotchilarga qarshi dona surdi (ilgariroq va’da berib qo‘ygani uchun bu musobaqalardan bosh tortolmadi). Xullas, debyutlarni tayyorlashga, qayta ko‘rib chiqishga vaqti qolmadi.
To‘g‘ri, Tal birinchi uchrashuvga tayyorgarligiga to‘xtalib, shunday yozgandi: “Bunday uzoq davom etadigan uchrashuvlarda miyaning tiniq holatda bo‘lishi muhim ahamiyatga ega, aytaylik bu ikki jomadon debyut yangiliklari tayyorlab, charchab ko‘tarib kelishdan yaxshiroq”. Bahstalab dunyoqarash. Axir, uchrashuvga ham ikki jomadon debyut yangiligi, ham miyaning tiniq holatda kelgani yaxshiroq emasmi? Aynan shu dunyoqarashning to‘g‘riligini Botvinnik uchrashuv paytida isbotladi.
Yangi jahon chempionining dunyoqarashi birinchi uchrashuvda unchalik zarar yetkazmagandi, chunki oldin Tal bilan o‘ynamagan Botvinnik uning o‘yin uslubiga ko‘nika olmadi, javob uchrashuvida bunday munosabat ish bermasligi ayon edi. Chunki Botvinnik raqibi to‘g‘risida ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘lgandi, u bu ma’lumotlarni chig‘iriqdan, tahlildan o‘tkazgandi.
Ustiga-ustak, Talni uchrashuvga tiniq miya bilan keldi deb bo‘lmasdi. Sababi, u javob uchrashuvidan oldin birinchi uchrashuv to‘g‘risidagi kitobini yozib tugatdi. Kitobning hajmi katta — o‘n bosma toboqdan iborat edi. Muhimi, Tal hech narsadan foydalanmasdan yoddan aytib turib yozdirdi. Uning ajoyib xotirasi hamon pand bermasdi, lekin bu safar Tal xotirasini ham bir oz qiynab qo‘ydi.
Shohmot byulletenida raqiblarning javob uchrashuvi ochilish marosimida tushgan suratlarini yonma-yon e’lon qildi. Suratlarda Tal Botvinnikka nisbatan tashvishli, tund ko‘rinardi. Birinchi o‘yindayoq uning bekorga tundlashmagani ayon bo‘lib qoldi.
Qizig‘i, Botvinnik birinchi o‘yinning 16-yurishidayoq tavakkal yo‘nalishni tanladi, Tal esa sust yurish bilan javob qaytardi. Botvinnikning bu yurishi keskin kurashga chaqiriq edi, Tal esa chaqiriqni qabul qilmadi. Birinchi o‘yindayoq shunday bo‘lishi mumkinmidi?
Talning qat’iyatsizligi mag‘lubiyatga olib keldi. Ikkinchi o‘yinda ham Botvinnik qora donalar bilan yaxshi vaziyatga erishdi. Seytnotda (Tal ham tseytnotda edi) yanglishdi, kechiktirilgan o‘yin davom ettirilganda Tal g‘alaba g‘ozondi.
Uchinchi o‘yinda Tal raqibining chalg‘ituvchi yurishini to‘g‘ri baholay olmadi va qiyin vaziyatga tushdi. Botvinnik keyinchalik bu yurishni tayyorgarlik paytida ko‘rib chiqqanini, lekin uchrashuvda qo‘llashni xayoliga ham keltirmaganini yozgandi. Ha, Botvinnik Tal bilan kurashda chalg‘ituvchi yurishlarni qo‘llay boshladi. O‘yinning qolgan qismida ham Botvinnik chiroyli yurishlar qilib, Talga mag‘lub bo‘lganini tan oldirdi.
Hisob 2:1 bo‘ldi. Ana shu lahzadan boshlab Botvinnik tashabbusni o‘z tomoniga og‘dirdi. U raqibining qat’iyatsizligidan foydalanib, uchrashuv boshidayoq Talga qaqshatqich zarbalar berishga urindi va bunga erishdi.
To‘g‘ri, keyingi uchta o‘yin durang bilan yakunlandi, lekin Tal ikkitasida o‘yinni saqlab qolish uchun jon-jahdi bilan tirishdi, buning ustiga tseytnotda. Hamma narsa o‘zgardi — Tal hujum qilmayapti, himoyalanyapti, Tal raqibini tseytnotga tushirmayapti, o‘zi vaqt tangligidan qiynalyapti…
Ettinchi o‘yinda Tal xuddi uchinchi o‘yindagiday debyutdayoq qiyin vaziyatga tushdi va tor-mor keltirildi. Endi Botvinnik ikki ochko o‘zib ketdi.
Sakkizinchi o‘yin Talning mazkur uchrashuvdagi eng yaxshi o‘yini bo‘lib qoldi. Bu o‘yindan keyin Tal do‘stlariga shunday dedi:
— Endi hammasi joyida, o‘yinim chiqyapti!
Agar u keyingi uchta o‘yin qanday kechishini bilsaydi?..
Tal uchrashuvda to‘rt marta qoralar bilan o‘ynab, atigi yarim ochkoga ega bo‘lganini hisobga olib, to‘qqizinchi o‘yinda yangi yo‘nalishni tanladi va tezda… yutqiziq vaziyatga tushdi. U shundan keyin oltmish yurish davomida jon-jahdi bilan qarshilik ko‘rsatdi, lekin o‘yin mantiqiy yakuniga yetdi. O‘ninchi o‘yinda hisobni qisqartirishga shoshgan Tal shu qadar jimjimador dona surdiki, 10-yurishdayoq vaziyati yomonlashdi. Buning ustiga vaqt tangligiga tushdi va ketma-ket ikkinchi bor mag‘lubiyatga uchradi.
Jomadoniga debyut yangiliklarini g‘amlab qo‘ymagani Talga qimmatga tushdi, u oq donalar bilan o‘ynaganda ham himoyalanardi, san’atkorona topqirliklari qarshiligini uzaytirardi, xolos.
Uqubatli kunlar shu bilan tugamadi. Tal o‘n birinchi o‘yinda sodda vaziyatga olib keluvchi slavyancha himoyani tanladi. Bu debyutning tanlanishi iskanjaga olingan Talning tezroq durang qilib, bir oz nafasini rostlashini istayotganini ko‘rsatardi.
Tal nafasini rostlay olmadi. Keyinchalik Botvinnik Talning bu debyutni tanlashi ruhiy jihatdan noto‘g‘ri ekanligini ta’kidlagandi. Gap faqat Botvinnikning o‘n besh yillar ilgari bu debyut uchun maxsus yo‘nalish tanlab qo‘yganida emas, balki yuzaga keladigan vaziyatning raqibi o‘yin uslubiga mosligi va o‘ng‘ayligida edi. Qisqasi, Tal ixtiyoriy ravishda o‘zini sust himoyalanishga majbur etdi, albatta, bu yaxshilikka olib kelmadi. Botvinnik kichik vaziyat ustunligiga erishdi va Talga hech bir imkoniyat bermay asta-sekinlik bilan o‘yinni g‘alabagacha olib bordi.
Amaliy jihatdan uchrashuv taqdiri hal bo‘ldi, bunda faqat hisobning 71/2: 31/2 bo‘lganida emas, balki musobaqaning borishi endi Talning kurashda tub burilish yasash uchun o‘zida kuch topa olmasligini ko‘rsatayotgandi. Botvinnikning qat’iyatliligi, chigal vaziyatlarda sovuqqonlik bilan yechim topishi, birinchi uchrashuvdagiday murakkabliklardan hayiqmayotgani barchani hayron qoldirdi. O‘tgan uchrashuvda Botvinnik tseytnotdan qutulishning ilojini axtargan bo‘lsa, bu safar vaqt tangligi unga yordam berardi. Chunki yosh bo‘lishiga qaramay Tal vaqt tangligiga tushayotgandi, qizig‘i, qariya raqibi emas, u o‘yin oxirida charchab qolayotgandi…
Hali uchrashuv davom etayotgandi. Tal halokatning oldini ololmasa ham o‘z sha’nini saqlab qolishi mumkin edi. Nekbin qahramonimiz hali hammasi oldinda ekanligiga ishonayotganmidi? Bizningcha, hali ishonardi. Har holda, Tal hech kimga omadsizligidan shikoyat qilmayotgandi, chindan ham yutqiziq vaziyatga tushib qoldim deya biror kishiga iqror bo‘lmayotgandi.
Botvinnik esa o‘n birinchi o‘yindan keyin o‘zining uchrashuvda g‘olib chiqishiga shubha qilmayotgandi. Uning o‘n ikkinchi o‘yinda birinchi uchrashuvning ilk o‘yinida qo‘llangan frantsuzcha himoyani tanlaganini shu bilan izohlash mumkin. Endi Botvinnik hisob-kitobni o‘z o‘rniga qo‘yishni emas, balki raqibiga uning quroli bilan kurashishga tayyor ekanligini ko‘rsatishni istayotgandi. Lekin Tal murakkab va chigal vaziyatda Botvinnikni dog‘da qoldirdi. Bu bilan u uchrashuvda yiqilgan bo‘lsa ham hali yanchib tashlanmaganini isbotladi.
Keyingi o‘yindayoq Botvinnik yana bir ochkoni qo‘lga kiritdi, o‘n to‘rtinchi o‘yinda bitimga kelishib, o‘n beshinchi o‘yinda g‘alaba qozondi va oradagi farqni beshtaga yetkazdi — 10:5! Tal harchand qarshilik ko‘rsatmasin, Botvinnik shu farqni saqlagan holda uchrashuvni nihoyasiga yetkazdi — 13:8.
O‘ch olindi! Bu g‘alaba yaqqol bo‘lgani uchun katta taassurot qoldirdi. O‘z vaqtida Smislov ham Botvinnikning kuchini, o‘yinlarni tahlil qilish borasida tengsizligini, chempionlik maqsadi yo‘liga o‘zini batamom baxshida etish qobiliyatini baholay olmagandi, shu xatoni takrorlagan Tal ham shohmot san’atining barcha qoidalari bilan tor-mor etildi.
Tal Botvinnikdan farqli o‘laroq, javob uchrashuviga hech qanday kurash rejasisiz keldi, u musobaqaga nazariy, ruhiy, hatto vrachlar xulosasiga ko‘ra jismoniy jihatdan ham tayyor emasdi. Birinchi uchrashuvda to‘rt ochko farq bilan yutgan Tal javob uchrashuvida beshta farq bilan yutqazdi.
Birinchi o‘yindan keyinoq Talning javob uchrashuviga eski, buning ustiga ahamiyatini yo‘qotgan debyut tayyorgarliklari bilan kelgani ma’lum bo‘lgandi. U o‘yin boshida qiyinchilik bilan dona surdi, ko‘pchiligida muvaffaqiyatsiz. Birgina misol: Tal dastlabki o‘n olti o‘yinda qora donalar bilan o‘ynaganda, atigi yarim ochko jamg‘ardi. Hech aqlga sig‘maydi!
Muhim xatoliklardan biri, Talning kechiktirilgan o‘yinlar tahlilini qiyomiga yetkazmaganida bo‘ldi. Birgina yigirmanchi o‘yinni eslaylik, Botvinnikning o‘zi bu haqda yopilish marosimida shunday degandi: “Agar Tal shu o‘yinni yutgandami, uchrashuv qanday tugashini aytib bo‘lmasdi”.
Javob uchrashuvida Tal ilgarigiday yengil va tez o‘ynay olmadi. Shohmot soati hamisha uning yo‘ldoshi edi, bu safar soat ovozi Talni shoshishga, xato qilishga majbur etdi. Tal tseytnotda! Bu gap eshitgan quloqqa erish tuyuladi.
Xullas, javob uchrashuvida Talni tanib bo‘lmadi. Botvinnikning raqibini yengib, o‘z taxtiga qaytadan ko‘tarilishi hech kimda shubha uyg‘otmadi.
Nahotki Tal bir yil ichida kuch-bilimini, nozik kombinatsiyani ilg‘ash qobiliyatini yo‘qotdi, uzoq o‘ylaydigan bo‘lib qoldi? Albatta, yo‘q. Chunki bebaho sifat borki, busiz nafaqat shohmotda, balki boshqa ishda ham muvaffaqiyatga erishish mumkin emas: Tal jahon chempioni bo‘lgandan keyin o‘zining va raqibining kuchini tanqidiy baholash xususiyatini yo‘qotdi.
Biz bilamizki, Tal o‘ziga qattiq ishonardi, bu ishonch sodiq do‘stday unga yordam berardi. Ammo ketma-ket g‘alabalari uning xavfdan ogohlik sezgisini o‘tmaslashtirdi. Go‘yo Oy Yerga doim yorug‘ tomonini ko‘rsatib turganday, u omad menga kulib boqaveradi, men hamma narsaga qodirman degan xayolga borib qoldi.
Ba’zan Talni bitta torda o‘ynay oladigan skripkachiga o‘xshatishardi. Bunday holatda o‘ynash uchun fikrning bir joydaligi, sovuqqonlik, tez va aniq hisoblash xususiyatlari talab etiladi. Tal javob uchrashuvida torni hafsalasiz tortgani sababli, yo u zirilladi, yo uzildi. U o‘z o‘yiniga xos so‘qmoqlarda, ya’ni qurbonlar bilan bog‘liq yurishlarda ham yanglishdi.
Tal bilan o‘ynashning bitta xavfli tomoni bor edi. U o‘yin paytida raqibi oldiga jumboq ketidan jumboq qo‘yardi. Javob uchrashuvida Botvinnik Talning har bir o‘yinini osongina ilg‘ardi. Chunki Tal o‘z rejasini ruhiy ta’sirga emas, qaysar istaklari asosiga qurardi. Botvinnik Talning zaif jihatini tezda anglab, undan unumli foydalanardi. Rejasi puchga chiqayotganini ko‘rgan sayin Talning jahli chiqardi, hech narsani o‘ylamay o‘zini o‘tga urardi, sababi uni Botvinnikning oldindan tayyorlab qo‘ygan zarbasi kutardi.
Aslini olganda, Tal raqibi kuchini noto‘g‘ri baholagani va o‘z imkoniyatiga ortiqcha bino qo‘ygani sababli uchrashuvni boshlanmasdan avvalroq yutqazib bo‘lgandi.
Birinchi uchrashuvda Botvinnikning yordamchi-murabbiyi bo‘lgan Goldberg shunday yozgandi: “17-o‘yindan so‘ng Botvinnik kurashni to‘xtatdi. U o‘yinlarga javob uchrashuvida qanday yo‘nalishlarni qo‘llash mumkinligini rejalashtirish uchungina borardi”. Goldberg fikrini shunday davom ettiradi: “Javob uchrashuvi oldidan Tal Pragada bo‘ldi. Muxbirlarning ko‘plab savollari orasida shunday savol bor: “Javob uchrashuviga qanday debyutlarni tayyorlayapsiz?” Tal bu masalani yordamchi-murabbiyi A.Koblentsga yuklaganini aytgan.
Uchrashuvni o‘tkazish ham shart emasdi, u allaqachonoq Tal tomonidan yutqazib bo‘lingandi. Bu vaqtda Botvinnik o‘z o‘yin uslubini maromiga yetkazdi, yo‘l qo‘ygan xatolarini tahlildan o‘tkazib, tuzatish choralarini ko‘rdi, chidamlilik darajasini oshirdi. Tal esa tashvishsiz yurdi, javob uchrashuvini hech bir qurolsiz boshladi…”
O‘sha 17-o‘yindan keyin Golberg Koblentsga dedi:
— Nima ham qilardik… Javob uchrashuvida ko‘rishamiz!
Hammasi tamom bo‘lgach, muxbir Taldan mag‘lubiyatining asosiy sababini so‘radi. U shunday javob oldi:
— Botvinnikning qat’iyatliligi! Men hech qachon Botvinnik shunday qat’iy o‘ynay oladi deb o‘ylamagandim…
Hikmatlarda aytiladiki, iste’dodning to‘qson to‘qqiz foizi mehnat, bir foizi ilhom. Tal esa iste’dodning hammasi, ya’ni yuz foizi ham ilhom ekanligini isbotlashga urindi! U shohmot iste’dodi ham boshqalari kabi qurbon talab qilishini, egasi mas’uliyatni sezmasa, ishlamasdan yotib faqat foyda beraverishini kutsa, sohibidan yuz o‘girishini unutdi. Endi ma’lum bo‘ldiki, Bukri toychoqqa ham yem, ham suv berish kerak ekan.
Qisqasi, Tal Botvinnikka nafaqat taxta uzra, balki shaxs sifatidagi to‘qnashuvda ham yengildi. Fe’l-atvor, sabr-bardosh, raqib rejasini ilg‘ash, barcha-barchasida Botvinnik ustunlik qildi.
Baribir, juda katta fojia yuz berdi deb bo‘lmasdi. Axir, Botvinnikka taxtni topshirgan vaqtda Tal atigi yigirma besh yoshga to‘lgandi. Ro‘y bergan ishni achchiq, lekin kerakli saboq sifatida qabul qilish mumkin edi. Shu bois javob uchrashuvining yopilish marosimida Talga yaxshi tilaklar bildirildi. Jumladan, Botvinnik shunday dedi:
“Dastavval, aniqlik kiritaylik, Mixail Talning kuchi nimada? Birinchidan, Tal o‘ynayotgan vaqtda faol, kuchli amaliyotchi. Agar raqibi ehtiyotsizlik qilsa, Tal raqibining arzimas xatosidan ham unumli foydalanib o‘yinda burilish yasaydi. Albatta, xavotirga tushgan raqibi yangi xatolarga yo‘l qo‘yadi va o‘yin taqdiri hal bo‘lib qoladi.
Ikkinchidan, Tal sipohlarini kurash paytida san’atkorona boshqaradi, agar piyodalar sipohlar harakatini cheklamasa yoki halaqit bermasa. Bunda yo‘nalishlarning aniq hisob-kitobi muhim emas, chunki Tal shunday holatlarda qiyin reja to‘g‘riligini mudom his etadi. Menimcha, bu Tal iste’dodining eng kuchli jihati.
Tabiiyki, men shu jihatlarni hisobga olgan holda tayyorgarlik ko‘rishim yoki matematiklar tili bilan aytganda, har bir qadamimni shunga asosan rejalashtirishim kerak edi…
…O‘ylashimcha, Tal muvaffaqiyatsizligining asosiy sababi u o‘zining butun fikri-zikrini shu o‘yinga moslab rejalashtirmaganida. Tayyorgarlik ko‘rishning muhim omilligi — Tal uchun javob uchrashuvidan kelib chiqadigan asosiy xulosa bo‘lishi kerak.
Shunga qaramay tan olishimiz lozim, Talning shohmot olamida paydo bo‘lishining o‘zi muhim ahamiyatga ega. U raqiblarini yaxshi amaliyotchi va maxsus reja asosida tayyorgarlik ko‘rishga majbur etdi va majbur etaveradi. Aks holda unga qarshi o‘ynab bo‘lmaydi. Agar Talning o‘zi maxsus reja asosida tayyorgarlik ko‘rsa bormi, uni aslo yengib bo‘lmaydi…”
Bu so‘zlarda Tal mag‘lubiyatining asosiy sabablari — maxsus tayyorgarlik ko‘rmagani va har bir qadamini uchrashuvga moslab rejalashtirmagani alohida ta’kidlangan. Maslahat foydali, muhimi u Talga o‘rnak bo‘ladigan odam tomonidan aytilgandi. Botvinnik o‘z unvonini qaytarib olgach, Talning onasi unga shunday tabriknoma yo‘lladi: “Siz o‘zligingizga sodiq qoldingiz. Ajablanmadim, faqat hayratga tushdim. Agar mening kichik Misham katta Mixail izidan borsa o‘zimni baxtiyor sezardim…”
Javob uchrashuvi natijasi Talning muxlislarini ranjitdi, ammo bu mag‘lubiyat uning ichki hissiyotga asoslangan o‘yin uslubining muvaffaqiyatsizligi sifatida qabul qilinmadi. Tal shon-sharaf yukini ko‘tara olmadi. Yana ta’kidlaymiz: Talning o‘zi, uning uslubi emas.
Uchrashuvda kimdir g‘olib, kimdir mag‘lub! Demak, takrorlaymiz, hech bir fojia yuz bermadi. Lekin shohmot tarixi bu hodisaga boshqacha qaraydi. Agar noyob iste’dod egasi ruhiy sinovga dosh berolmasa, jahon chempionlari oldida turgan imtihonlardan qanday o‘tishini tasavvur qilavering. Shunisi qiziqki, shon-sharaf yukini ko‘tara olmaganlarni taqdir ikkinchi bor siylamagan.
Tal Botvinnikka javob uchrashuvini yutqazgach, xuddi Smislovga o‘xshab boshqacha bo‘lib qoldi, go‘yo uning ichidagi tirgak singandi. U sobiq jahon chempioni bo‘lgandan keyin ham ilgarigiday ilhom bilan o‘ynayotganday ko‘rinardi, buning ustiga fikri teranlashdi, uslubi mukammallashdi. Faqat Tal o‘ziga xos benihoya nekbinlik tuyg‘usini, hech bir narsadan hayiqmay, o‘zini o‘tga urish xususiyatini yo‘qotgandi. Afsuski, butunlay. Ammo shu nekbinliksiz, qaysarliksiz Talni Tal deb bo‘lmasdi-da. Xullas, “Riga raketkasi” o‘zining yuqori nuqtasiga ko‘tarilib, endi zaminga qaytib tushayotgandi.

UMID VA TAShVIShGA YO‘G‘RILGAN YILLAR

Tal javob uchrashuvidagi mag‘lubiyatini xotirjam qabul qildi. U hamma tushunib turgan narsani tan olgisi kelmasdi. Tal loqaydligi uchun munosib jazolandi. Chunki Tal qulog‘iga quyib olgan debyut tayyorlashga jiddiy e’tibor qaratgandan ko‘ra uchrashuvga tiniq miya bilan kelish kerak, degan nazariyaning bir pullik qimmati qolmadi, beshinchi soatdagi tseytnotga umid bog‘lash ham o‘zini oqlamadi. Buning ustiga, debyutda har bir yurishni uzoq o‘ylagani uchun beshinchi soatdagi keskinlikka uning o‘zi dosh bera olmadi.
Ehtimol, fe’l-atvori hazilga moyil bo‘lgani uchun Tal mag‘lubiyatdan ko‘pam tushkunlikka tushmadi. Negaki, nekbin Tal uchinchi uchrashuvda o‘ynash huquqini qo‘lga kiritishiga qattiq ishonardi. Endi u Botvinnikning maslahatlari haqida o‘ylamasligi mumkin emasdi. O‘sha kunlari gazetada bosilgan g‘olib Botvinnikning “Tahlil va yaratuvchanlik” degan maqolasidagi fikrlar Tal o‘ylariga alanga yoqdi.
Talning g‘amlarni ichiga yutishiga hazilga moyilligi ham yordam berdi. Undan yuzma-yuz suhbatlarda (Tal uyalganidan muxlislardan bekinmadi) birinchi va ikkinchi uchrashuvlardagi kurash bunchalik keskin farq qilishining sababini so‘rashardi. Shunday paytda Tal juda jiddiy tarzda birinchi uchrashuvda ular yashayotgan xona raqibi xonasi ro‘parasida bo‘lganini, har o‘yin oldidan Koblents neopalcha qo‘shiq kuylaganini, bu Botvinnikka salbiy ta’sir etganini aytgandi… Garchand ko‘ngilchan Koblents yoqimli kuylasa ham har safar Talning hazillarini kechirardi.
Endi biz Tal va Botvinnikning uchinchi to‘qnashuvi taqdiri azalga yozilmaganini yaxshi bilamiz. Lekin o‘sha Botvinnikning ulkan g‘alabasi sharaflanayotgan vaqtda, Tal shu safargina yengiltaklik qilganini, aslida kuch-bilimdonligini yo‘qotmaganini isbotlash ishtiyoqida yonardi.
Haqiqatan ham shunday bo‘ldi. Bu niyat o‘sha yilning kuzida Bledda o‘tkazilgan nufuzli musobaqada ro‘yobga chiqdi. Unda Keres, Petrosyan, Gellerdan tashqari Fisher, Gligorich, Naydorf, Olafsson, Ivkov, Portish, ya’ni dunyoning deyarli barcha kuchli shohmotchilari qatnashdi (Larsen o‘shanda “kuchlilar davrasi”ga kiritilmasdi).
Bledda Tal zavq-shavq bilan dona surdi. Sharhchilar uning o‘yin uslubi Botvinnik chig‘irig‘idan o‘tgach, qamrovi yanada kengayganligini ta’kidlashdi. Talning o‘zi ham Botvinnikdan ko‘p narsani, xususan kechiktirilgan o‘yinlarni qanday tahlil qilish kerakligini o‘rganganini tan olgandi. Shunga qaramay Tal o‘zligini saqlab qolgandi. Buni musobaqani har doimgiday mag‘lubiyat bilan boshlaganidan ham bilsa bo‘ladi. U ikkinchi turda asosiy raqibi Fisherga yutqazdi (birinchi turdagi Ivlov bilan o‘yini kechiktirilgandi). Mag‘lubiyatning alamli tomoni — Tal yozgan yurishini emas, beixtiyor boshqa donani surib yubordi. Debyutdagi shu oltinchi yurishdan keyin o‘yin amaliy jihatdan yutqiziq edi, biroq Tal uzoq vaqt qarshilik ko‘rsatdi.
Muvaffaqiyatsizlik Talni sindirmadi, u hech narsa bo‘lmaganday musobaqani davom ettirdi. O‘n uchinchi turda Fisherga yetib oldi, so‘ng o‘zib ketdi. Yakunda bir ochko ortda qoldirib, musobaqada g‘olib chiqdi.
Tal o‘z uslubida chiroyli o‘yin ko‘rsatib, muhim g‘alabaga erishgani alohida ta’kidlandi. Ikkinchi o‘rinni egallagan Fisherning o‘yini ham yaxshi taassurot qoldirdi, u shohmot mamlakatining to‘rt nafar yetakchi grossmeysteridan uch yarim ochko oldi. Rigalik shohmotchi xayolidan, endi Fisher bilan hisoblashish kerak, xavfli raqiblarimdan biri bo‘libdi, degan fikr o‘tdi. Biroq jahon chempionligi uchun kurashda Tal va Fisher bir-biriga to‘qnash kelishmadi. To‘g‘ri, ular Kyurasao orolida o‘tkazilgan da’vogarlar musobaqasida uchrashishdi. Lekin bu musobaqada na Tal, na Fisher asosiy da’vogar edi, so‘ng ularning yo‘li ajraldi….
1962 yil bahorida Karib dengizidagi go‘zal Kyurasao orolida uyushtirilgan da’vogarlar musobaqasida Tal yetakchi sifatida emas, oddiy qatnashchi sifatida ishtirok etdi deyishimiz mumkin. Musobaqaga bir necha oy qolganda Tal kasallikning kuchli xurujidan azob chekib yurdi, bu uning o‘yinlari saviyasini tushirib yubordi. Afsuski, shohmotda ham iste’dod, mahorat va tajriba kuchi besh soatlik kurashga emas, atigi uch soatga yetsa ahamiyati qolmas ekan.
Tal kasallikning birinchi xurujini 1961 yil oxirida Bokuda mamlakat chempionati tugagandan keyin (u musobaqada to‘rtinchi-beshinchi o‘rinlarni bo‘lashib olgandi) boshdan kechirgandi. U mehmonxonada ertalab qattiq xurujdan uyg‘ondi — xastalangan buyragi og‘riq berayotgandi. “Tez yordam”da shifoxonaga olib ketishdi, ikki kundan keyin Moskvaga uchdi, 1962 yilning fevralida xuruj chidab bo‘lmas darajadagi og‘riq berib takrorlandi.
Da’vogarlar musobaqasiga ikki oy qolganda, martning ilk kunlarida Talning buyragini operatsiya qilishdi. Shunga qaramay Talning qalbi nekbinlik tuyg‘usiga to‘la edi: birinchidan, ilgari operatsiyadan keyin da’vogarlar musobaqasida qatnashib yaxshi natijaga erishgandi; ikkinchidan, Gipslis bilan o‘tkazgan mashg‘ulot uchrashuvida muvaffaqiyatli dona surdi. To‘g‘ri, o‘yin tartibi vrachlar tavsiyasiga ko‘ra besh soatdan uch soatga qisqartirilgandi. Chunki o‘sha kezda Talning kuchi uch soatgagina yetardi, xolos.
U nekbin xayollar surganda, ikkinchi operatsiya birinchidan og‘ir o‘tganini va Villemstadning o‘ttiz darajali dim havosi Bledning shifobaxsh tog‘ havosi emasligini hisobga olmagandi.
Ziyrak odamlar Talga da’vogarlar musobaqasini o‘tkazib yuborishi to‘g‘risida maslahat berishdi. Ammo Talni har doimgiday aqlli maslahatga quloq solmagani uchun koyib bo‘lmaydi. Albatta, yana uch yil navbatda turgandan ko‘ra tayyor imkoniyatdan foydalangan yaxshi. Shu bois Tal omad kulib boqishiga ishonib tavakkal qildi. Afsuski, bu urinish omadsizlik keltirdi.
Holbuki, raqiblarining ko‘pchiligi avvalgi musobaqa qatnashchilari edi. Bu musobaqada Gligorich, Olafsson o‘rnini Geller, Korchnoy va Filip to‘ldirishgandi.
Birinchi turdayoq musobaqada Talning ishi yurishmasligi sezildi. Tal asabiy tarzda kechgan ilk o‘yinda Petrosyanga yutqazdi. U qora donalarda sipohlarni o‘yinga chiqarmasdan kombinatsiyani boshladi va bu Petrosyan tomonidan osongina bartaraf etildi. Baribir o‘yinni yutqiziq vaziyatda bo‘lsa ham kechiktirdi, biroq davom ettirilganda birinchi yurishdayoq xatoga yo‘l qo‘ydi. Endi o‘yinni saqlab qolish mumkin emasdi.
Ikkinchi o‘yinda Tal Keresga qarshi ajoyib kombinatsiya boshladi, lekin tseytnotga tushdi va ko‘ngilsiz mag‘lubiyat topdi. Uchinchi raqibi Benko edi. O‘tgan musobaqada Tal o‘zi durang qilishni xohlagani uchun unga yarim ochko tuhfa etgandi. Bu safar Benkoga ham yengildi. U dastlab sust himoyalandi, keyin o‘yinda tub burilish yasashga urindi, lekin har doim Taldan hayiqib turadigan Benko ham bu omonat urinishni yo‘qqa chiqardi. Nihoyat, to‘rtinchi turda Fisher bilan durang o‘ynab, dastlabki yarim ochkoni qo‘lga kiritdi. Beshinchi turda Filip ustidan g‘alaba qozondi. Biroq bu g‘alaba unga xursandchilik bag‘ishlamadi. Chunki tseytnotga tushib qolib, qo‘pol xatolikka yo‘l qo‘ydi, baxtiga raqibi undan unumli foydalanmadi. Keyin bitta durang va yana mag‘lubiyat.
Xullas, yetti imkoniyatdan ikki ochko to‘plagan Tal birinchi davrani oxirgi o‘rin bilan yakunladi.
Agar bitta raqobatchi Taldan ikki-uch ochko o‘zib ketsa ham hech narsani anglatmasdi. Hozir ular ko‘pchilik edi… Ustiga-ustak, raqiblari Talning “ochko ulashuvchi” vazifasini bajarmasligini, keyingi o‘yinlarda ochiqchasiga hujumga o‘tishini bilardi. Bunday paytlarda Talga qarshi qanday kurashish kerakligini esa, Botvinnik amalda ko‘rsatgandi.
Sakkizinchi turda Petrosyan qora donalar bilan frantsuzcha himoyaning amalda kam uchraydigan yo‘nalishini tanladi, bunda oqlar vaziyat ustunligiga erishsa-da, ziyrak o‘ynashi va kerak paytda chekinadigan yo‘lini chamalab qo‘yishi kerak. Tal chekinadigan holatda emas edi.
Albatta, u Petrosyanning ayyorona niyatini darhol fahmladi. Tal sevib qo‘llaydigan ruhiy qurol bu safar o‘ziga qaratilgandi. Tanlash huquqi qolmagandi: Petrosyan hammasini hisobga olgandi.
Sakkizinchi yurishdayoq Tal yarim soatcha o‘ylandi. Boshqa safar bo‘lsa qoralar himoya yo‘lini topsa ham Tal o‘zi uchun erkinlik beruvchi vaziyatga o‘tardi. Biz bilamizki, Talni durang qoniqtirmasdi, u atayin kuchsiz yurish qilish evaziga o‘yinni keskinlashtirdi.
Bu bizga tanish manzara! Ilgari Tal ko‘p bor shu yo‘l bilan raqiblarini chalg‘itishga muvaffaq bo‘lgan. Ammo bunday o‘yin uchun mustahkam asab va tiniq miya kerak. Talning hozirgi ahvolida bunday o‘ynash mutlaqo zararli edi. Hali bu hammasi emas. Agar avvallari to‘g‘ri yo‘ldan chetga og‘ish kutilmagani uchun yaxshi samara bergan bo‘lsa, endi Petrosyan Talning qayerdadir tavakkal qilishini poylab turgandi va shunday yurishga o‘zi undayotgandi. Petrosyan qarorining nozikligi shunda ediki, u piyodasini qurbon qilish evaziga Talni himoyalanishga majbur etdi, ayni paytda bu yumush unga yoqmasdi. Qo‘llangan ruhiy qurol bexato ishladi: Tal 20-yurishdayoq yengilganini tan oldi.
Keyingi turlarda ham Tal sho‘ng‘ishda davom etdi. Agar u birinchi davrada ikki ochko to‘plagan bo‘lsa, ikkinchi va uchinchi davralarda ikki yarimtadan ochko jamg‘ardi. Tal muntazam ravishda tseytnotga tushdi. O‘zi vaziyatlarni chigallashtirdi, ammo o‘zi keskinlikka dosh bera olmadi. Filip va Gellerga hujum qilib turgan vaziyatda yutqazdi, Keres bilan o‘yinda qator kuchli yurishlarni ko‘rmadi.
Uchinchi davradan keyin operatsiya asorati xuruj qildi, vrachlar yordami foyda bermadi, ular yotib davolanish lozimligini aytishdi, Tal ko‘pam e’tiroz bildirmay rozi bo‘ldi. Sababi uch peshqadam — Petrosyan, Keres, Geller undan bir xil — ikki yarimtadan ochko olgandi. Bordi-yu, u o‘yinni davom ettirsa, bu mutanosiblik buziladi. Tal o‘zining o‘yini qovushmayotgan paytda omadi kelib turgan hamkasblariga xalaqit berib qo‘ymaslikni lozim topdi. U to‘rtinchi davrada qatnashmasa ham Filip bilan bir xil ochko to‘plab, oxirgi o‘rindan joy oldi.
Talning Kyurasaodagi omadsizligi yuqorida sanab o‘tgan sabablar tufayli sodir bo‘lsa-da, ko‘pchilikda og‘ir taassurot qoldirdi. Hatto bitta sharhchi Talga kasallik o‘z yo‘liga, lekin sog‘lom odam uchun zarur bo‘lgan kun tartibi asosida yashashi lozimligini uqtirdi.
Rosti, Talning o‘zi ham hayron bo‘lib qoldi. Oldin javob uchrashuvi, endi Kyurasao. Olqish va qo‘l siqib tabriklashlarga o‘rganib qolgan muxlislar erkatoyi omadsizlar “nasiba”sini totib ko‘rdi. Uning muxlislar ishonchini qozonishga intilayotgani sir emasdi. Afsuski, Kyurasaoda boshlangan buyrak xuruji 1969 yilgacha vaqti-vaqti bilan tinchini buzdi, og‘riq zo‘rayganda o‘zini qo‘yishga joy topolmasdi, oxiri buyragini oldirib tashladi.
1962 yil kuzida Varnada o‘tkazilgan shohmot olimpiadasida Tal bir tekis o‘ynadi. U zaxira o‘yinchisi bo‘lgani uchun asosiy raqiblari sport ustalari edi. Tal erishgan yetti g‘alaba va olti durang yaxshi natija sifatida inobatga olindi. Shu bois Tal bir oydan keyin Yerevanda boshlanadigan XXX mamlakat chempionatini katta umidlar bilan kutdi.
V.Panov boshlanadigan chempionat haqida fikr yuritar ekan, jumladan, shunday yozgandi: “Musobaqa ijodiy va sport natijalariga oid ko‘plab muammolarni, shuningdek, birinchi navbatda “Tal tilsimoti”ni yechadi. Sobiq jahon chempioni Kyurasaoda o‘yiniga juda yomon ta’sir ko‘rsatgan kasallikdan forig‘ bo‘lganmikin?..”
Bu savolga Tal ikkilanishga asos qoldirmaydigan darajada javob berdi. Tal Yerevanda xuddi Kyurasaoda hech qanday omadsizlikni boshdan kechirmaganday, ayni kuchga to‘lgan vaqtidagiday yengil, chiroyli va dadil o‘ynadi. U g‘olibdan atigi yarim ochko ortda qolib, ikkinchi-uchinchi o‘rinlarni bo‘lashib oldi, “eng ko‘p g‘alabasi uchun” (o‘n bir g‘alaba, uchta mag‘lubiyat, beshta durang) maxsus sovrini bilan taqdirlandi va o‘yini to‘g‘risida qancha yaxshi tilaklarni eshitdi.
Kasallik uni unutganday edi, biroq xuruj Talni buroviga oldi. U buyragini operatsiya qildirish uchun ikkinchi bor shifoxonaga yotdi. Operatsiya xurujlardan xalos etishiga umid bog‘lagandi, chindan ham bir necha yil buyrak og‘rig‘ini sezmadi. Ammo ikkita operatsiya asoratini qoldirmasligi mumkinmidi? Ular asoratini qoldirardi, lekin Tal shifoxonada o‘tkazgan haftalarni, oylarni tezda unutardi. Umuman, Tal barcha ko‘ngilsizliklarni tezda unuta olardi, nekbinligi yana o‘z kuchiga, omad yana kulib boqishiga ishonishga undardi.
1963 yilning bahorida Botvinnik — Petrosyan uchrashuvi boshlandi. Taldan nufuzli sport gazetasi uchrashuv haqida sharhlar yozib turishini so‘radi. Bu vazifani birinchi marta bajarayotgandi. Jahon chempionligi uchun o‘ynashgina emas, u haqda yozish ham qiyin ekanligini o‘shanda his etdi.
Uchrashuv yakunini baholar ekan, Tal o‘zi uchun ikkita xulosa chiqardi. Petrosyan g‘alabasining asosiy zamiri — uchrashuvda o‘zligini yo‘qotmaganida. U javob uchrashuvida o‘zini u yoqdan bu yoqqa urganini esladi, o‘n birinchi o‘yinda o‘z uslubidan voz kechgani uchun qayta tazarru qildi. Musobaqaga tayyorgarlik ko‘rish muhim ekanligini yana bir karra tushundi! Ko‘rdiki, Petrosyan Botvinnikning istalgan debyutda o‘ynashiga, istalgan yo‘nalishni tanlashiga tayyor ekan. O‘zi bo‘lsa Botvinnikning Karo-Kann himoyasini tanlashini bilgani holda bu debyut uchun birorta ham yangi yo‘nalish tayyorlamagandi. Ha, Petrosyan uning xatosini takrorlamadi…
Bir yil o‘tib Tal yana jahon chempionligi uchun kurashga kirishdi. U Amsterdamda boshlanadigan mintaqalararo musobaqaga yo‘l oldi. Bundan oldin qator xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli qatnashdi. Kasallik bezovta qilmayotgandi, Kyurasaodagi omadsizlik unutilgandi.
Qisqasi, yosh sobiq jahon chempioni har doimgiday musobaqa yetakchisi vazifasini bajardi. Faqat u Gollandiyada o‘ziga xos bo‘lmagan uslubda o‘ynadi, Tal bir necha o‘yinda chiroyli hujum uyushtirganiga qaramay, barcha uning mulohazali, ehtiyotkor dona surayotganini darhol sezishdi. Afsuski, og‘ir so‘qmoqlardan hayiqmaydigan, o‘ziga sarguzasht izlaydigan Talni hech kim taniy olmadi. U yuzaga kelgan vaziyatlarni juda nozik va chuqur mulohaza bilan baholardi. Bu donolikka erishishi uchun javob uchrashuvi va Kyurasao achchiq saboqlaridan xulosa chiqardi va bir qadar o‘z o‘yin uslubidan voz kechdi.
Amsterdamda Tal umrida birinchi marta musobaqani mag‘lubiyatsiz yakunladi! U o‘n ikkinchi o‘ringacha egallaganlar bilan durang o‘ynadi, keyingi o‘rinlarni band qilganlarning barchasini (Rossettodan tashqari) yutdi (qanday aniq hisob-kitob!) Tal Amsterdamda usta amaliyotchi ekanligini ko‘rsatdi, u kerakli bo‘lgan birinchi-to‘rtinchi o‘rinlardan birini egalladi. Lekin duranglar qatorining kattaligi ko‘pchilikni ajablantirdi. Nima bo‘lganda ham, ya’ni — tik dovonlardan sekin yoki aylanib o‘tsa ham Tal da’vogarlar safiga qo‘shildi, bu uning minglab muxlislarini quvontirdi.
Xalqaro shohmot federatsiyasi bu vaqtga kelib da’vogarlar musobaqasini kuchli sakkizlikning yuzma-yuz uchrashuviga aylantirgandi. Qur’aga ko‘ra Tal nisbatan kuchsizroq — Larsen, Portish va Ivkov tomonga tushdi, ikkinchi tomondan Keres, Spasskiy, Geller va Smislov joy olishdi.
Tal — Portish uchrashuvi 1965 yilning yozida Bled shahrida bo‘lib o‘tdi. Musobaqa davomida Portish puxta uslubga ega bo‘lsa ham Talning o‘yin yo‘nalishini keskin o‘zgartirib yuboradigan yurishlariga tayyor emasligi ko‘rindi. Uchrashuvda Tal katta ustunlik bilan — 51/2:21/2 hisobida g‘alaba qozondi. Ammo o‘n kundan keyin Larsen bilan uchrashuvda Tal g‘alabaga qiyinchilik bilan erishdi.
Larsen ikki bor hisobda oldinga chiqdi — 1:0 va 3:2, Tal esa raqibiga yetib oluvchi vazifasini bajardi. To‘g‘ri, u yutqazishi bilan darhol g‘alabasi bilan javob qaytardi. E’tibor bering, Tal so‘nggi — o‘ninchi o‘yinda hisobda oldinga o‘tdi — 51/2: 41/2.
O‘sha paytlar Larsen jahonning kuchli shohmotchilari qatorida e’tirof etilmasdi. Uning mintaqalararo musobaqada birinchi-to‘rtinchi o‘rinlarni bo‘lishib olgani, hatto birinchi uchrashuvda Ivkovni katta ustunlik bilan yutgani ham tasodifday qabul qilingandi. Shu bois Talning kichik hisobdagi g‘alabasi kinoyali sharhlar tegirmoniga suv quydi. Ammo Larsenning keyingi musobaqalardagi muvaffaqiyatlari bu qarashlarga oydinlik kiritdi.
Talning finaldagi raqibi Boris Spasskiy esa qiyinroq dovonlardan muvaffaqiyatli o‘tdi. U ajoyib o‘yin ko‘rsatib, Keresni 6:4, Gellerni 51/2:21/2 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Holbuki, Spasskiy Talga o‘xshab yuzma-yuz uchrashuv tajribasiga ega emasdi, bu sohani Keres bilan o‘yindan boshlab o‘zlashtirishga kirishdi. Bu ikki yosh grossmeysterlarning oldingi o‘zaro o‘yinlariga nazar tashlasak, Spasskiy besh marta, Tal atigi bir marta g‘alaba qozonganini ko‘ramiz. Shu bois bo‘lajak Tal — Spasskiy uchrashuvi natijasini taxmin qilishga jazm etgan grossmeysterlarning barchasi g‘oliblikni Spasskiyga berishgandi.
Bu taxminlarning diqqatga sazovor joyi — eng tajribali grossmeysterlar Botvinnik, Eyve, Reshevskiy Talning raqibi salomatligi jihatidan ustunlikka erishishini ta’kidlagandi. Ular bu farazni aytishganda, ko‘proq o‘tgan da’vogarlar musobaqasida kasallik Talni qiynab qo‘yganini hisobga olishgandir. Buyrak kasalligi bu safar Talni tinch qo‘ydi. Ammo musobaqa arafasida vrachlar Talda o‘pka sili boshlanayotganini aniqlashdi.
Vrachlarning bu “yangiligi”ga ham Tal faylasufona yondoshdi. Umuman u boshiga tushgan kasalliklarga qutulib bo‘lmaydigan balo sifatida qarardi. Talni salomatligini asrashga e’tibor bermaganlikda ayblashdan osoni yo‘q. Agar u kasalliklarini davolatishga jiddiy e’tibor berganda, shohmotni bir chekkaga yig‘ishtirib qo‘yishi va vrachlarning doimiy mijoziga aylanishi kerak edi.
“Yangilik” unchalik tashvishlantirmasa ham uchrashuv oldidan davolanish uchun Yaltaga ketdi. Sanatoriya bosh vrachi Talga davolanish samarali bo‘lishi uchun bir oy davomida antibiotik qabul qilishi lozimligini uqtirdi. Oldidagi uchrashuvni o‘ylagani uchun Tal bu muolajaga to‘liq amal qildi. Uchrashuv davomida ham antibiotiklarni ichib turdi (dorilar miyasini tiniqlashtirmadi). Faqat uchrashuv tugagandan keyingina Tal yana taqdir uning ustidan kulganini bildi: bu safar vrachlarning xavotiri behuda ekan. Shundan keyin ham u uchrashuvdagi mag‘lubiyatining sababi antibiotiklar emasligiga, Spasskiy kuchliroq o‘ynaganiga ochiq iqror bo‘ldi.
Uchrashuv 1965 yilning noyabrida Tbilisida o‘tkazildi. Tal Tbilisini yaxshi ko‘rardi, uning bu shaharda do‘stlari va muxlislari ko‘p edi. Spasskiy bir necha shahardan Tbilisini tanlaganda xursand bo‘lgandi. Shuningdek, unga da’vogarlar musobaqasining finalida o‘ynash ham shodlik baxsh etayotgandi: bu Kyurasaodagi omadsizlikka nisbatan qaralganda ulkan muvaffaqiyat edi. Umuman, o‘sha yil unga omadli kelgandi (XXXII mamlakat chempionatida uchinchi o‘rinni olganini omadsizlik deb atash qiyin).
“Agar bir necha o‘yindan keyin hisobda tenglikni saqlab qolsam, — degandi Tal uchrashuv oldidan, — hammasi joyida bo‘ladi”. Xullas, “tuzalmas” nekbin o‘ziga ishonayotgandi. Hali u raqibi avvalgi ta’sirchan, injiqtabiat Spasskiy emasligini tushunib yetmagandi, afsuski, o‘zi ham avvalgi Tal emasdi. Sababi musobaqaning keskinligiga uning o‘zi dosh berolmadi.
Birinchi kuniyoq qora donalarni boshqargan Spasskiy ispancha o‘yinda Marshall hujumini tanlab, Talni hayron qoldirdi. Bu debyutda qoralar piyodani qurbon qilib, tashabbusga erishadi. O‘z murabbiyi Bondarevskiy bilan maslahatlashgan holda shu debyutni tanlagan Spasskiy nozik ruhiy yurish qilgandi. Endi Tal raqibiga tashabbusni berib, ortiqcha piyoda himoyasiga kirishishi kerak.
Oxir-oqibat, birinchi o‘yin durang bilan yakunlandi. Ikkinchi o‘yinda Spasskiy yanglishdi, oldin piyodasini, keyin o‘yinni yutqazdi. Uchinchi o‘yin oldidan Tal tushlikda yegan ovqati oshqozonini buzganini payqadi. Og‘riqqa chidab o‘yinni davom ettiraverdi, oddiy vaziyatda bir necha bor yanglishdi, tseytnotga tushdi va piyodasini berib qo‘ydi. Kechiktirilgan o‘yin davom ettirilganda Tal yana yanglishdi va Spasskiy aniq yurishlar qilib g‘alabasini rasmiylashtirdi.
Spasskiyga birovning aytishi shart emas, oxirgi o‘yinda Tal o‘zini o‘zi fosh etdi. Keyingi beshta o‘yin durang bilan yakunlandi. Chunki Spasskiy o‘yinni tezda soddalashtirdi va Tal vaziyat kurashiga kirishdi, o‘zining ishonchli kombinatsiya qurolini ishga tushira olmadi.
Marra yaqin — to‘rt o‘yin qoldi, hisobda tenglik, Tal shuni niyat qilgandi. Ammo yurishlarni cheklovchi Marshall hujumi yo‘nalishida birinchi bo‘lib u pand yedi. To‘qqizinchi o‘yinda Tal Marshall hujumi yo‘nalishidan chetga chiqdi va o‘zi orzu qilgan vaziyatga erishdi. Ma’lum bo‘lishicha, raqiblarga xavf bir xil tahdid solayotgan va ikki tomonda murakkab kurash borayotgan bu vaziyatda o‘ynashga Talning jismoniy quvvati ham, asabi ham dosh bermas ekan.
Bu muhim o‘yinda Spasskiy sovuqqonlik bilan dona surib Talning raqibim hal qiluvchi lahzada yanglishadi, degan ilinji asossiz ekanligini isbotladi. Spasskiy tashabbusni o‘z qo‘liga olib, oqlar shohiga hujum boshladi va o‘yinni yutuq holatda kechiktirdi.
Keyingi o‘yinda Spasskiy oq donalarni boshqarsa ham ochiqdan-ochiq vaziyatini mustahkamlashga kirishdi. U Tal tavakkal hujum qilishini yaxshi bilardi. Tal ham raqibi nimani kutayotganini tushunib turardi, lekin marra yaqinlashayotgani uchun durangga o‘ynay olmasdi va boshlaydigan hujumini tayyorlashga sabri chidamadi. Spasskiyning rejasi to‘g‘ri chiqdi. Qisqasi, Tal betartib ravishda oldga tashlandi va oldindan tayyorlangan qarshi zarbaga duchor bo‘ldi. Buning ustiga tseytnotga tushdi va qarshilik ko‘rsatmasdan yengilganini tan oldi.
Uchrashuvda oxirgi bo‘lgan o‘n birinchi o‘yinda Tal hujumkor vaziyatga erishdi. Spasskiy buni ham hisobga olgan ekan. U himoyalanish bilan birga qarshi zarbalar berdi, nihoyat hujum bartaraf etildi, bu vaqtgacha Tal sipohini qurbon qilib bo‘lgandi…
Ketma-ket uchta o‘yinda yutqazgan Tal uchrashuvni yirik hisobda boy berdi — 4:7. Spasskiy nozik ruhshunos chiqib qoldi. U Talni noqulay yo‘nalishda o‘ynashga majbur etdi, ketma-ket duranglar bilan sabr kosasini to‘ldirdi va raqibining his-hayajonga berilgan paytini kutdi. Aynan muhim o‘yinlarda Tal xohishiga zid ravishda Spasskiy qat’iyatli dona surdi…
Spasskiy bilan uchrashuv Talning ruhini tushirdi. Faqat uchrashuvni yutqazgani yoki yirik hisobda mag‘lubiyatga uchragani uchun emas. Bu uchrashuvda Tal o‘ziga shon-sharaf, jahon chempioni unvonini keltirgan o‘yin uslubini qo‘llashda qiyinchilik sezdi. Ma’lumki, arqon ustida o‘yin ko‘rsatadigan darbozning asablari mustahkam bo‘lishi kerak. Talning esa asablari bo‘shashib qolgandi. Go‘yo, u qat’iyatliligini yo‘qotgandi, qat’iyatsiz Tal esa ko‘pchilik sharhchilar ta’kidlaganday sochi siyrak Samsonga o‘xshardi.
— Men Tal — Spasskiy uchrashuvining to‘qqizinchi va o‘ninchi o‘yinlarini ko‘rib chiqqach, — deb yozgandi Botvinnik, — tushundimki, Tal hozir jahon chempionligi uchun o‘ynamagani ma’qul ekan. Javob uchrashuvidan keyin o‘tgan to‘rt yil ichida Tal o‘yin uslubining zaif jihatlari yanada yaqqol ko‘zga tashlanib qolibdi. Ehtimol, bu kamchiliklarni Talning o‘zi ham bilar, lekin ulardan xalos bo‘lmagani ko‘rinib turibdi…
Botvinnikning nimani nazarda tutayotganini uchrashuv oldidan aytgan quyidagi so‘zlaridan ham bilish mumkin: “Bu bir taraflama rivojlangan (Tal) va har taraflama rivojlangan (Spasskiy) shohmotchilar o‘rtasidagi musobaqa”. Ko‘rinib turibdiki, Botvinnik Talning o‘yin uslubi o‘zgarib qolganiga ishonmagan.
— Fikrim munozarali bo‘lsa ham aytaman, — degandi Petrosyan, — Tal Spasskiyga o‘yinni Larsen bilan o‘tkazgan uchrashuvdayoq yutqazgandi. Bu uchrashuvda Tal faqat o‘ninchi o‘yinda o‘ziga o‘xshadi…
Uchrashuv oldidan Eyve Talni unchalik tanqid qilmagandi. Jurnalistlar Eyvedan nima uchun Fisher Talni kuchli o‘n shohmotchi qatoriga kiritmaganini sharhlab berishini so‘rashdi. Eyve ajoyib tarzda javob qaytardi: “Men Talni daho shohmotchi hisoblayman. Daho bo‘lish degani, hammaga yoqish degani emas”.
Baribir, Eyve ham sobiq jahon chempionining yutqazishini aytgandi:
— Tal kuchli, lekin o‘ylashimcha, Spasskiy yutadi.
… Uchrashuvdan keyin Talning o‘pkasi xasta degan tashhis yolg‘onligi ma’lum bo‘ldi, ammo uning buyragi oldin ahyon-ahyonda, so‘ngra tez-tez qattiq xurujini boshladi. Bu xurujlar yo‘qolganday tuyulardi, qaytarilgan vaqtda buroviga olardi.
Talning muxlislari uning keyingi paytlarda o‘yinda tub burilish yasaydigan yurishlarni ko‘rmay qolayotganini afsus bilan ta’kidlashardi. Aslida ko‘p tarmoqli shohmotchining o‘yinni keskin o‘zgartirib yuboradigan biror yurishni ko‘rmay qolishi fojia emas. Lekin o‘yin uslubi keskinlikni yuzaga keltiradigan shunday yurishlarga asoslangan shohmotchi uchun bunday yurishlarni o‘z vaqtida amalga oshirishi muvaffaqiyati garovidir. Endi tasavvur qiling, Talning raqibini qorong‘u o‘rmonga olib kirishidan na foyda, agar o‘zi bu joyda yo‘lini chamalay olmasa?
Noyob iste’dod va yuqori saviyadagi o‘yini vaqti-vaqti bilan Talning muvaffaqiyatini ta’minlab turdi. 1966 yilda u Gavanada bo‘lib, navbatdagi shohmot olimpiadasida yaxshi qatnashdi, Ispaniyada uyushtirilgan xalqaro musobaqada birinchi o‘rinni egalladi, Xarkovda tashkil etilgan mamlakat chempionatida birinchi-ikkinchi o‘rinlarni bo‘lashib oldi. Ammo Ispaniyadagi musobaqa o‘rtahol, Xarkovdagi chempionatni nomigagina shunday atash mumkin edi. Unda yuzdan ortiq qatnashchi, hatto sport ustaligiga nomzodlar shveytsarcha tizimda bahslashdi.

Tal bitta muvaffaqiyati — 1967 yilda Moskvada o‘tkazilgan kuchli xalqaro musobaqada ikkinchi-beshinchi o‘rinlarni bo‘lashib olgani bilan faxrlansa arzirdi. Ammo u o‘n yetti o‘yindan atigi beshtasida g‘alaba qozondi, to‘qqiztasini durang qildi. Asosiysi, Tal Gligorich bilan o‘yinda tub burilish yasaydigan yurishni ko‘rmadi. Zaldagi muxlislar Talning sipohni yutib olishini kutib turishardi, kombinatsiya sehrgari esa bu yurishni sira payqamasdi.
U ruhiyatidagi o‘zgarishni bir yarim yildan keyin angladi. Tal 1968 yilning boshida Beverveykda o‘tkazilgan xalqaro musobaqada ikkinchi-to‘rtinchi o‘rinlarni bo‘lashib oldi. Go‘yo natija yomon emas, lekin u g‘olibdan uch ochko ortda qoldi va ayrim o‘yinlarda xatolikka yo‘l qo‘ydi. Bular uning kayfiyatini unchalik buzmadi. Uni tushkunlikka tushirgan narsa o‘zining shohmot o‘yinidan bezib qolganini fahmlagani bo‘ldi. Dastlabki o‘yinlarda Tal o‘n ikkinchi yurishdayoq bitimga imzo chekdi…
Eshitgan quloq ishonmaydi: kim bilan bo‘lsa ham tonggacha dona surishishga tayyor, shu o‘yin desa hamma narsani esdan chiqaradigan Tal shohmotdan zerikibdi. U Beverveykka navbatdagi buyrak xurujidan keyin toliqqan, shohmot musobaqasiga befarq holda kelgandi, ko‘proq salomatligidan shikoyat qilardi.
Shu davrda Talning o‘yin uslubi avvalgi ko‘tarinkilik ruhini va keskinligini yo‘qotganini ochiqdan-ochiq ayta boshlashdi. Chunonchi, Vlastimil Gort bir suhbatida hech bir kinoyasiz shunday deb qo‘ya qolgan: “Tal vaziyat uchun kurash uslubi tarafdori bo‘ldi”. Albatta, Gort Tal o‘yinlarining bir uchinigina ko‘rgandi. Lekin Tal shunday deyishlari uchun yetarli asos bergandi.
Toj da’vogarlari yuzma-yuz uchrashuvining navbatdagi bosqichi boshlandi. Tal 1968 yilning aprel oyida Svetozar Gligorich bilan o‘ynash uchun Belgradga uchib ketdi. Bu uchrashuvni Tal 51/2:31/2 hisobida yutgan bo‘lsa ham muxlislarini tashvishlantirdi. Chunki birinchi o‘yinni yutgan Gligorich oltinchi o‘yingacha hisobda oldinda bordi, yettinchi o‘yinda Tal tashabbusni o‘z qo‘liga oldi.
Mazkur uchrashuvda Tal umumustunlikka erishganiga qaramay, uning keskin o‘yin uslubi ish bermagani sharhchilar tomonidan qayd etildi. Hatto birinchi o‘yinda boshlagan kombinatsiyasi chippakka chiqib, yutqazdi. Talning o‘zi ham buni tan oldi: “Men o‘z o‘yinimdan qoniqmadim. Bu uchrashuv Talning qariyotganini ko‘rsatdi. U yosh Talga o‘xshab o‘ynamoqchi bo‘lganda (birinchi o‘yinda) o‘z qurolining zarbasidan quladi”.
…Amsterdamda o‘tgan shunday uchrashuvda Korchnoy Reshevskiyni yutgandi. Belgrad va Amsterdamdan toj da’vogarlarini olib qaytgan samolyotlar Sheremetevo aeroportiga oldinma-ketin qo‘ndi. Tal va Korchnoy mehmonxonaga bitta mashinada borishdi, yo‘lda bo‘lajak yarim final uchrashuvi shartlarini kelishib olishdi.
Musobaqa Moskvadagi Markaziy zobitlar saroyida iyun oyining oxirida boshlandi. Butun uchrashuv davomida — birinchi yurishdan so‘nggi yurishgacha raqiblar diqqat-e’tibori faqat o‘yinda bo‘ldi. Shubhasiz, o‘yinning borishiga Tal va Korchnoy o‘zaro uchrashuvlari natijalari o‘rtasidagi katta farq (to‘qqiz mag‘lubiyat, o‘n bir durang, atigi bitta g‘alaba) sezilarli ta’sir qildi.
Raqibi ustidan shunday katta ustunlikka ega bo‘lgan Korchnoy, aytaylik, Eyvening Talni daho hisoblayman degan fikriga kinoya bilan qarashga to‘la haqqi bor edi. Tal Korchnoyning shunday fikrlarni eshitganda kulimsirab qo‘yishini bilardi va hisobni qisqartirish uchun ochiqdan-ochiq hujumga o‘tardi, kutilgandek mag‘lubiyat ketidan mag‘lubiyatga uchrardi.
Xullas, Tal Korchnoyga qarshi o‘ynaganda ko‘targan o‘rog‘i toshga tegib sinayotgandi. Chunki Tal kombinatsiyada mahoratli bo‘lsa, Korchnoy yo‘nalishlardagi yurishlarni aniq hisoblashda, vaziyat ustunligini mantiqiy yakuniga yetkazishda, endshpilni o‘ynashda raqibiga nisbatan ustunlik qilardi. Talning o‘zi bir gal Korchnoy bilan o‘yinlaridagi nisbatni ajoyib tavsiflagandi: Bizning o‘rtamizdagi hisob teng — 5:5, ya’ni beshta durang va beshta mag‘lubiyat.
Bu uchrashuvning ruhiyatga bog‘liq jihatlarining hammasi Talga qarshi ekan, deya xulosa chiqarishga shoshilmang. O‘ziga mahliyo Korchnoy ham sobiq jahon chempioni Tal ustidan erishgan katta ustunligi, umuman chempionlikka da’vosi tasodif emasligini isbotlashi kerak edi. Qisqasi, ikkala raqib oldida ham ruhiy murakkablik bo‘lib, ular bu uchrashuvni faqat musobaqani davom ettirish uchun yutishni istashmayotgandi.
Bilimdonlar uchrashuvda Korchnoyning ustunlik qilishini e’tirof etishdi. Xususan, o‘sha vaqtdagi jahon chempioni Petrosyan uchrashuvdan keyin muxbirlarning savollariga bergan javobida Talning mag‘lubiyatga uchrashini oldindan bilganini aytgandi. Petrosyan bu bilan cheklanmasdan fikrini shunday davom ettirgandi: “Tal o‘z iste’dodini rivojlantirishning yuqori nuqtasidan ham, sport natijasi ko‘rsatishning cho‘qqisidan ham o‘tib bo‘ldi”.
Voqealar rivoji Petrosyanning haqligini ko‘rsatdi. Tal Korchnoyga yutqazgach, faqat ikki marta da’vogarlar musobaqasida qatnashdi: Keyingi yili Larsen bilan (navbatdagi mintaqalararo musobaqaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnashish huquqini qo‘lga kiritish uchun) va o‘n bir yil o‘tib Polugayevskiy bilan chorak final uchrashuvida. Ikkalasini ham bir xil yirik hisobda (21/2:51/2) yutqazdi, Polugayevskiy bilan uchrashuvda esa bitta ham o‘yinda g‘alaba qozona olmadi.
Menimcha, katta muvaffaqiyatsizliklarni boshlab bergan Korchnoy bilan uchrashuvda Tal umumiy hisobga qarshi o‘laroq (41/2:51/2) g‘alabaga yaqinroq edi. Sababi, Tal uchrashuvning birinchi qismida o‘ziga xos bo‘lmagan uslubda o‘ynadi. Keyinroq Koblents va Kirillovning yozishicha, “Talning asosiy shiori — uchrashuv boshida hech qanday “chetga chiquvchi” yurish qilmaslik, hech qanday shubhali hujum boshlamaslik. Izchil, mantiqan to‘g‘ri va puxta o‘ynash”.
Bu so‘zlarni Tal aytganmi? Biz yanglishmadikmi? Kechagi isyonkor shohmotchining asosiy shiori — izchil, mantiqan to‘g‘ri va puxta o‘ynash! Axir, bu kurashni yangi usulda olib borish emas, o‘ziga yot uslubda o‘ynash degani-ku! Puxta Tal, bu o‘txo‘r yo‘lbars bor deyish bilan barobar. Tabiatda o‘txo‘r yo‘lbars bo‘lmaganday, shohmotchilar ham o‘z o‘yin uslubini buyurtmaga ko‘ra o‘zgartira olishmaydi.
Botvinnik birinchi va ikkinchi uchrashuvda Talga qarshi har xil o‘ynadi, lekin ikkala holda ham Botvinnik uslubida dona surdi. Spasskiy 1965 yilda toj uchun kurash yo‘lida Keres, Geller va Talga qarshi har xil o‘ynadi, biroq har safar o‘z uslubiga sodiq qoldi.
Tal esa o‘ziga noqulay raqib bilan uchrashuvda boshqacha — metin istehkom qurib o‘ynamoqchi bo‘ldi, go‘yo yuziga temir niqob tortdi. Bu niqob avvaliga raqibini ajablantirdi, keyin o‘ziga xalaqit berdi. Dastlabki besh o‘yindan atigi bir yarim ochko to‘plagandan keyin Tal temir niqobini uloqtirdi va yengil nafas olib o‘z o‘yinini boshladi. U uchrashuvning ikkinchi yarmida ikki baravar ko‘proq ochko jamg‘ardi, afsuski bu umumiy g‘alabaga yetmadi…
Ha, Korchnoy uchrashuvning birinchi yarmida ikki ochko o‘zgandi va amaliy jihatdan g‘alabaga yaqinlashgandi. Shundan keyingina Tal o‘ziga yoqmayotgan tomoshasini tugatishdan boshqa iloji qolmadi.
— Oltinchi o‘yinda, — deb yozgandi Koblents va Kirillov, — qoralarning vaziyati ilmiy jihatdan munozarali edi. Lekin hamma tushunib turardi, Tal o‘yinni murakkablashtirishga, yanada chigallashtirishga intilayotgandi.
Agar Talning o‘yinlariga ilmiy jihatdan yondoshadigan bo‘lsak, bizga ularning ko‘pchiligi shubhali ko‘rinadi. Muhimi, u “asosiy shiori”dan voz kechdi, puxta Tal bo‘lolmadi va o‘zining qadrdon o‘yin uslubiga qaytdi. Endi u o‘zligiga sodiq qoldi, bu shunday asabiy o‘yinda Korchnoyga qator noqulayliklar tug‘dirdi. Tal tig‘iz tseytnotga tushsa ham (yigirma yurishga yetti daqiqacha qolgandi) raqibini chalg‘ita oldi va g‘alaba qozondi.
Keyingi uchta o‘yin durang bilan yakunlandi. Navbatdagi o‘ninchi o‘yin qiziqarli uchrashuvning eng qiziqarlisi bo‘ldi. Oq donalarni boshqargan Korchnoy vaziyat ustunligiga erishdi, asabiylashgani uchun aniq hujum rejasini tuza olmadi va tashabbus asta-sekin qoralarga o‘tdi. Shunday vaqt keldiki, Tal hujumni kuchaytirib, yutuq vaziyatga erishishi mumkin edi. “Men o‘rnimdan turishim va sahnada biroz aylanib nafas olish mashqlarini bajarishim kerak edi”, — deb eslagandi keyin Tal. Ammo asabini jilovlay olmagan Tal tez-tez bir-ikkita sust yurish qildi va ustunligini yo‘qotdi.
Bu uchrashuvdagi Talning mag‘lubiyati emas, uning o‘zini o‘zgartirishga intilishi, ya’ni ilgarigi hujumlar uslubida o‘ynay olish-olmasligini bilishga urinishi shohmot olamida katta taassurot qoldirdi.
Go‘yo Tal yoshligidagi o‘yin uslubidan voz kechdi, qadimiy o‘yinga “yovvoyi qon” quyib gunohga botganiga iqror bo‘ldi. Endi u tavba qilib, vaziyat o‘yinining o‘zgarmas qoidalari vazifasini bajarishga bel bog‘lagandi. Bu qaror uning ko‘plab muxlislari qalbida afsuslanish va achinish hissini uyg‘otdi.
Keyin u Larsen tomonidan tor-mor etildi. Larsen Talning birinchi o‘yinidagi bitta yurishini sharhlar ekan, hayratini shunday ifodalagandi: “Tal qat’iyatliligidan mahrum bo‘lganmi?” Shohmot mo‘jizakori, kombinatsiya sehrgariga ishonmay qo‘yishdimi?
— Qaysidir ma’noda Talning o‘yin uslubi “o‘zlashtirib” bo‘lindi. Endi uning keskin vaziyat hosil qilishi qiyinlashib qoldi, — deb yozgandi Panov Korchnoy bilan uchrashuvi oldidan va fikrini shunday davom ettirgandi: — Shubhasiz, Tal o‘ta irodaliligi, juda tavakkalchiligi, yorqin kombinatsion o‘yin uslubi bilan mutaxassis va muxlislar e’tiborini tortadi. U hujumga tashlanganda ikki tomon uchun keskin, xavfli vaziyat yuzaga keladi, bir qarashda sipoh qurboni shubhali ko‘rinadi, aqlga sig‘maydigan kombinatsiya boshlaydi, Tyutchev ta’biri bilan aytgandi, “faqat bunga ishonish mumkin”.
Esimda, Botvinnik bilan bo‘lgan birinchi uchrashuvning oltinchi o‘yinida Tal otini qurbon qildi, men yonimda o‘tirgan sport ustasi Aronindan so‘radim:
— Siz bu yerda biror narsani ko‘rayapsizmi?
— Yo‘q, — deya samimiy iqror bo‘ldi Aronin va kulib qo‘shib qo‘ydi: — Ammo men ishonaman!..
Talning 1970 yilgacha musobaqalarda qatnashuvi tarixi kasallik tarixi bilan bevosita bog‘liq. Buyrak xuruji tez-tez buroviga oladigan bo‘ldi. Ba’zan xuruj o‘yin paytida qo‘zg‘alardi, u sabr-bardosh qilib o‘yinni nihoyasiga yetkazardi. Shu bois 1969 yilda Talning o‘yini bo‘shashib ketdi. Buning asosiy sababini bilganlar ham “Tal tamom bo‘libdi” degan xayoldan o‘zini tiya olishmadi.
Almatida o‘tkazilgan mamlakat chempionatida Tal oltinchi-to‘qqizinchi o‘rinlarni bo‘lashdi. Bir necha o‘yinda o‘zi yoqtiradigan vaziyatga erishdi, ammo kombinatsiyani amalga oshirishda xatolikka yo‘l qo‘ydi. Tal asabiy dona surdi, tseytnotga tushdi, o‘z an’anasiga xilof ravishda oxirgi o‘yinlarda sur’atni tushirib yubordi.
1969 yilning mart oyida shohmot federatsiyasi mamlakatning kuchli shohmotchilari ro‘yxatini tuzib chiqdi. Ro‘yxat tuzishda shohmotchilarning keyingi yillardagi natijalari inobatga olingandi. Tal faxrli beshinchi o‘ringa qo‘yilgandi. Omadni qarangki, bu ro‘yxat Tal Gollandiyada Larsen bilan da’vogarlar musobaqasidagi uchinchi o‘rin egasini aniqlash uchun uchrashuv o‘tkazayotgan paytda e’lon qilindi.
Tal Larsenga aqlga sig‘maydigan hisobda yutqazdi — 21/2:51/2. Yana tseytnotga tushishlar, tushunib bo‘lmas xatolar, kombinatsiyada yanglishishlar takrorlandi.
Uni bundan ham kattaroq omadsizlik 1969 yilda Moskvada o‘tkazilgan mamlakat chempionatida (bir vaqtda mintaqaviy musobaqa ham edi) kutardi. Tal o‘n to‘rtinchi-o‘n beshinchi o‘rinlarni bo‘lashdi… Yigirma ikki o‘yinda atigi olti g‘alaba, to‘qqiz durang, yetti mag‘lubiyat. O‘shanda Tal o‘ttiz uch yoshda edi, undan yuqoriroq o‘rinni egallagan sport ustasi Juxovitskiy esa ellik uchga kirgandi…
Chempionat boshlanishiga bir oy qolganda Tal navbatdagi operatsiyaga yotmoqchi bo‘ldi: xuruj kuchaygandi, kasal buyragini oldirib tashlamoqchi edi. Larsen bilan uchrashuvdan keyin u kuchli xurujlardan qutulish maqsadida ikki marta shifoxonada yotib chiqdi. Shifoxonada davolanayotgan Talga Petrosyan — Spasskiy uchrashuvining o‘n to‘qqizinchi o‘yini yurishlarini telefon orqali aytib turishdi. Davolovchi vrachni taajjubga solib, Tal Spasskiyning yurishlarini oldindan aytardi.
— Eh, Misha, — dedi unga vrach, — agar siz kasal holda shunday o‘ynasangiz, salomat vaqtingizda qanday o‘ynardingiz?!
Tal g‘amgin kulimsiradi…
U operatsiyadan bosh tortdi, chempionat ham mintaqaviy musobaqa bo‘lgani uchun unda qatnashishni juda-juda istadi. Musobaqadan keyin unga hech narsa xalaqit bermadi. Kuzda Tbilisida operatsiyaga yotdi. Operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi. Yigirma kundan keyin Tbilisida boshlangan xalqaro musobaqa qatnashchisiga aylandi.
Endi xurujlar azobidan qutuldi, Tal o‘zini bardam sezdi (og‘ir operatsiyalarni boshdan kechirgan, buyragini oldirgan odam o‘zini qanday bardam sezishi mumkin?) U o‘zini yana ko‘rsatmoqchi, hayotini yangidan boshlamoqchi edi. Sog‘lom Talda — sog‘ aql! Bu hazil o‘xshatish uning kayfiyatini ifodalardi. Ammo o‘zining ilgarigi mavqeini qaytarish oson emasdi.
Bu davrda taniqli grossmeysterning obro‘siga putur yetdi, buni hamkasblarining shohmot saltanatida unga qanday mavqe ajratganidan ham bilsa bo‘ladi. Fisher, Spasskiy va Larsen so‘rovda Talni kuchli oltilikka kiritmadi. Shohmot “Oskar”ining nufuzli hay’ati esa kuchli o‘n olti grossmeyster orasidan Talga joy topa olmadi.
Hali bu holva ekan. 1969 yilning mart oyida Talni kuchli beshlikka kiritgan shohmot federatsiyasi uni keyingi yili noyabr oyida qadrdon Rigasida bo‘ladigan mamlakat chempionatida qatnashishiga ruxsat bermadi. Taldan ko‘ra yosh sport ustasini kiritishni afzal bilishdi. Operatsiyadan keyin Tal o‘rtahol musobaqalarni hisobga olmaganda faqat “Asr uchrashuvi”da Naydorfga qarshi o‘ynagandi deyish mumkin. Naydorf bilan 2:2 hisobining qayd etilishi hamon Talga ishonayotganlarning ham umidini so‘ndirdi. Shu bois Tal o‘zini musobaqada ko‘rsatmoqchi edi, afsuski, uni bu imkoniyatdan mahrum etishdi…

IKKINChI MO‘’JIZA

Kim biladi, balki Tal taqdirning adolatsiz hukmidan minnatdor bo‘lishi kerak? Chunki Talni Riga bandargohida hamon unga ishonayotgan haqiqiy muxlislari ko‘z o‘ngida kemadan tushirib yuborib, qalbini uzoq vaqt tuzalmaydigan qilib jarohatlashdi.
Bema’ni qarordan u xafa bo‘ldi deyish kam, taqdir tomonidan siylanib kelingan Tal umrida birinchi marta qattiq haqoratlanganini sezdi.
Hatto o‘rgatilgan ayiqning ham jig‘iga tegaverish mumkin emas. Bu oddiy haqiqatni uzoq yillar “jim” yurgan izzattalab Smislov shohmot olamiga eslatishga ulgurgandi. 1977 yilda Smislov Neva bo‘yida o‘tkazilgan kuchli tarkibli musobaqada faxrli uchinchi o‘rinni egalladi. Musobaqadan keyin u muxbirlarning savoliga, jumladan shunday javob bergandi:
— Keyingi paytda men haqimda gap ketsa, “faxriy”, “musobaqaning keksa qatnashchisi” kabi o‘xshatishlar ishlatishadi. Ochig‘ini aytsam, bu o‘xshatishlar mening kayfiyatimni ko‘tarmaydi.
Smislovga nisbatan ishlatilgan bu o‘xshatishlarning bir pulga qimmatligiga shohmot olami 1983 yilda, u 62 yoshida da’vogarlar musobaqasi finalida o‘ynagan vaqtda yana bir karra ishonch hosil qildi.
Tal xafagarchilikni jimgina boshdan kechirdi, endi uning g‘alaba qilishdan boshqa iloji qolmagandi. Ammo qanday? U Korchnoy bilan bo‘lgan uchrashuvdan keyin o‘z usulini o‘zgartirishi kerak emasligini to‘la tushunib yetdi. Shu bilan birga Tal endi ilgarigi uslubida o‘ynay olmasligini ham bilardi.
Bu faqat Tal uslubining o‘zlashtirilganidan emas (esingizdadir: Botvinnik javob uchrashuvida, Spasskiy da’vogarlar musobaqasida Talga tavakkal hujumlarini boshlashga imkoniyat qoldirmagandi). Endi asablari ilgaridagiday emasdi, murakkab operatsiyalardan keyin tani o‘zgargandi, ilgarigiday barcha yo‘nalishlardagi yurishlarni aniq hisoblay olmasdi, muhimi shuncha muvaffaqiyatsizliklardan keyin o‘ziga bo‘lgan ishonch tuyg‘usini ham ilgariday deb bo‘lmasdi.
To‘g‘ri, Tal bu omillarga qo‘l siltab “ilgarigiday”, ya’ni yoshlik yillaridagiday o‘ynayverishi, alohida o‘yinlarda chiroyli kombinatsiyalarni ko‘rsataverishi mumkin edi. Lekin bu holda u yuqori sport natijalarini ko‘zlamasdan erkin ijodkor “vazifa”sida qolib ketardi. Buning ustiga Riga chempionati vaqtida yuziga yopilgan eshik ovozi qulog‘i tagida uzoq vaqt jaranglab turdi. Shu bois “bir tomonlama rivojlangan shohmotchi” ko‘p qirralilikni o‘zlashtirishga kirishdi.
Ehtimol, Tal ko‘p narsani o‘rganishi shart emasdir, faqat o‘yin paytida shiddatini, hayajonini sal tiyishi kifoyadir? Axir, Petrosyan Talning 1957 yilda yaxshi o‘ynaganini ta’kidlagandi: hali u “noto‘g‘ri o‘yin” achchiq mevasini totmagandi, o‘z vaziyatini yomonlashtirish hisobiga bo‘lsa ham tashabbusga intilardi, hujumkor ko‘rinishdagi bu urinishda qandaydir bog‘liklar bor edi.
Xullas, musobaqalarda muvaffaqiyatsizlikka uchragan, kasallik va operatsiyalardan qiynalgan, federatsiya tomonidan ranjitilgan, muhimi raqiblarini talvasaga solgan uslubida endi jismoniy jihatdan o‘ynay olmasligini bilgan Tal ijodiy hayotini qaytadan boshlash arafasida turardi. Bir vaqtlar Spasskiy ta’kidlaganday: “Talni hech tushunib bo‘lmaydi”. Darhaqiqat, Talning hayoti hamma odamlarnikidan boshqacharoq kechardi. Hamma ulg‘ayganda yoshligidagi xatolarini takrorlamaslikka harakat qiladi, Tal esa ulg‘ayganda “yo‘l qo‘ygan” xatosini tushunib yana 1957 yildagi shiddatli, hujumkor va o‘z navbatida shohmot qoidalariga shak keltirmagan o‘yin uslubiga qaytishni istardi. U bu qaroridan qayta olmasdi.
Tal o‘zining “Sipohlar jonlanganda” kitobida hech qanday sabab bo‘lmaganda ham nima uchun o‘z uslubini buzmagan holda takomillashtirish lozimligini tushuntirib bergan:
“Menimcha, yoshlikda, kuch-quvvat qaynab turganda, hali salomatlik joyida vaqtda shohmot o‘ynash oson desam, hech kim e’tiroz bildirmasa kerak. Afsuski, har bir shohmotchi qaysidir yosh dovoniga yetgandan keyin uning sport natijalari pasaya boradi. Mantiqsizlikni qarang: o‘yin saviyasi qoladi, natija pasayadi.
O‘yinda har bir shohmotchi tangliklarni boshdan kechiradi. Beshinchi soatda toliqadi, o‘yinini kuchaytiruvchi yurishlarni oxirigacha hisoblay olmaydi…
Agar faxriy o‘z o‘yin uslubini o‘zgartirishga kirishsa, u buni asta-sekin va chuqur o‘ylab amalga oshiradi. Baribir, o‘zligini saqlab qolish tuyg‘usi qolaveradi. Ilgari shohmotchi boshni aylantiruvchi kombinatsiyadan endshpilni afzal ko‘rgan bo‘lsa, endi u har xil yo‘nalishlarni hisoblashga behuda vaqtini sarflamay, tezroq endshpilga o‘tishga harakat qiladi. Tajribasidan kelib chiqib, sipohlarini joylashtiradi, o‘ziga kerakli vaziyatga o‘tadi…”
Bu tavba-tazarrularni Tal o‘zligidan kelib chiqib yozgan. Faqat uning o‘yin uslubi boshqa grossmeysterlardan farqli o‘laroq, qirq-ellik yoshda emas, ertaroq o‘zgardi: uzoq kasallik va ketma-ket operatsiyalar uning ko‘p quvvatini oldi, o‘yin uslubi esa alpona salomatlik, temir asab va hamma yo‘nalishlarni aniq hisoblashni talab etardi. Endi o‘zligini saqlab qolish tuyg‘usiga erk berishning mavridi emasdi…
Talning ikkinchi mo‘jizasi boshlandi, go‘yo yangi grossmeyster bo‘lib qaytadan dunyoga keldi: u kombinatsiya qurolini qo‘ynida saqlagan holda ehtiyotkor dona surardi, albatta vaziyatning o‘z izmida bo‘lishiga e’tibor berardi va yutqazmasdi. Bu Talning yana bir tilsimotidir, faqat u ulg‘aygan, takomillashgan va amaliyotchi edi.
Amaliyotchi Tal! Ehtimol, juda puxta Tal? Bu gaplarga ishonsa bo‘ladimi? Mana sizga dalillar: 1971 yilning bahori, Tallindagi xalqaro musobaqa. Tal Keres bilan birinchi-ikkinchi o‘rinlarni bo‘lashib oldi. O‘sha yilning kuzi, o‘ttiz to‘qqizinchi mamlakat chempionati. Smislov bilan birga ikkinchi-uchinchi o‘rin (to‘qqiz g‘alaba, uchta mag‘lubiyat). Yil oxiri, Alyoxin xotirasiga bag‘ishlangan musobaqada Spasskiy bilan oltinchi-ettinchi o‘rinlarni band etdi (ikki mag‘lubiyat).
Xullas, Tal o‘yinini sezilarli ravishda kuchaytirdi va natijalarini yaxshiladi. Bu ertak oldi so‘zlari edi, xolos. Ertakning o‘zi 1972 yilning sentyabrida boshlandi. Suxumida o‘tkazilgan nufuzli xalqaro musobaqada Tal birinchi o‘rinni egalladi, yetti g‘alaba, sakkiz durang, bitta ham mag‘lubiyatga uchramadi. Ko‘p o‘tmay Skopleda o‘tgan XX olimpiadada to‘rtinchi taxtada o‘ynab ajoyib natija ko‘rsatdi: o‘n olti imkoniyatdan o‘n to‘rt ochko! (o‘n ikki g‘alaba, to‘rtta durang, yana mag‘lubiyat yo‘q!) Omadli yilning so‘ngida qirqinchi mamlakat chempionatida birinchi o‘rin: to‘qqiz g‘alaba, o‘n ikki durang , yana mag‘lubiyatsiz! 1973 yilning fevralida bo‘lgan grossmeysterlar musobaqasida yana birinchi o‘rin, yana mag‘lubiyat nimaligini bilmadi. Nihoyat, bir oy o‘tib Tallinda uyushtirilgan kuchli tarkibli xalqaro musobaqada 15 imkoniyatdan 12 ochko to‘plab g‘olib chiqdi — to‘qqiz g‘alaba, oltita durang (mag‘lubiyatga uchramaganini aytishning hojati qolmadi). Mazkur musobaqada Tal ikkinchi o‘rinni egallagan Polugayevskiydan bir yarim ochko, uchinchi pog‘onaga tizilishgan Balashov, Bronshteyn, Keres va Spasskiydan uch ochko o‘zib ketdi.
Matbuotda ta’kidlanganday, raqiblari ehtiyotkor dona surishgani uchun (Taldan yana cho‘chiy boshlashdi!) “vaziyat uchun o‘ynayotgan” Tal o‘z uslubini bir necha bor ajoyib tarzda qo‘lladi. Vaziyat uchun o‘ynaydigan Tal? Bu usulning Tal ijrosida qo‘llanishiga hali ko‘nikmaganmiz.
Uning ketma-ket beshinchi g‘alabasidan keyin Bronshteyn yozgandi: “Tal yana muxlislarini quvontirayapti. Sobiq jahon chempioni o‘z uslubini takomillashtirish ustida qattiq ishlagani sezilib turibdi, hozir u mahorat va topqirlikning yuksak namunasini ko‘rsatyapti (e’tibor bering, mahorat birinchi yozilyapti). Uning o‘yinlarida “eski” Talning uslubi bilan bir qatorda yangi xislat qunt-matonatning “zerikarli” vaziyatlardagi kichik ustunlikni ham mantiqiy yakuniga yetkazish xususiyati ko‘zga tashlanadi. Bu o‘zgarish Talga malhamday ta’sir qilibdi”.
1966 yilda Tal Petrosyan — Spasskiy uchrashuvi oldidan shunday degandi:
— Hozir ko‘pchilikning fikriga ko‘ra Petrosyan bitta qutbda, Tal esa ikkinchi qutbda turadi. Spasskiyga maza — u o‘rtada joylashgan. Haqiqatan ham ehtiyotkor Petrosyan rejalashtirilayotgan xavfni ham sezardi va oldindan chorasini ko‘rib qo‘yardi. Hayratlanarlisi, u Botvinnik bilan uchrashuvdan oldin rasmiy musobaqalarda 68 ta o‘yin o‘tkazib, atigi bittasida yutqazgandi.
Endi qutblarda nisbat bir oz o‘zgardi: Tal keyingi 83 o‘yinda atigi bir bor mag‘lubiyatga uchradi! Tal yangi o‘yin uslubiga shunchalik moslashdiki, uning tavakkal o‘yinlarini ta’na bilan eslaydigan bo‘lishdi. U o‘zining Spasskiy bilan Tallinda o‘tkazgan uchrashuvini sharhlar ekan, raqibining piyoda surishiga shunday izoh bergandi: “Tavakkal yurish, ehtiyotkorlik zarur edi”.
Talning kuchli grossmeyster sifatida uyg‘onishi, yana toj da’vogarlaridan biriga aylanishi, shohmot olamida katta qiziqish uyg‘otdi. Flor shunday yozgandi: “Mixail Talning yangi muvaffaqiyatlari kelgusida toj uchun qiziqarli uchrashuv bo‘lishidan darak berayapti. Bunday uchrashuvni faqat orzu qilish mumkin: Fisher — Tal”.
Germaniyada chiqadigan “Shax-Exo” jurnalida esa, “hozir shohmot havaskorlarining xayolida faqat Robert Fisher va Mixail Tal”, deya katta-katta harflar bilan yozishdi. O‘sha vaqtda jahon chempioni bo‘lgan Fisherning qanday mashhurlik cho‘qqisida yurganini yaxshi eslarsiz, Talning ham ketma-ket nufuzli musobaqalardagi muvaffaqiyati shohmot olamida shunday yaxshi taassurot uyg‘otgandi.
Muhimi, Talning takomillashgan usulida mazmundorlik ustunlik qilardi. Shu ma’noda talabchan Botvinnikning fikr-mulohazasini bilish ahamiyatlidir: “Men jahondagi millionlab shohmot muxlislari kabi o‘zimning sobiq raqibim Mixail Talning qayta kuchga to‘lganidan xursandman, u buni ketma-ket musobaqalardagi ajoyib g‘alabalari, asosiysi, mazmundor o‘yinlari bilan isbotlayapti”.
Menimcha, uning sharafiga aytilgan maqtovlarda — o‘yinlarining mazmundorligi qayta-qayta ta’kidlanishida Talga kinoya ham borday edi. Chunki Tal tashabbusga erishish uchun vaziyat qoidalarini buzmaydi deyish, badiiy aytganda, asov tulpor yaxщi bo‘lsa ham minib o‘rgatilgan otga aylanibdi deyish bilan barobar.
Har holda Tal muxbirlar bilan suhbatlashganda, gap uning “yangi” usuli haqida ketsa yo hazillashardi, yo noroziligini bildirardi. 1972 yil oxirida mamlakat chempioni bo‘lgandan keyin undan so‘rashdi:
— Ko‘plab gazetalar Talning qayta uyg‘ongani haqida yozishyapti…
— Men hali o‘zim haqimda yaxshiroq yozilgan ta’ziyani o‘qimaganman, qanday qilib qayta uyg‘onishim haqida gapiray… — deya xafa bo‘lib javob berdi u.
Tallindagi g‘alabasidan keyin so‘rashdi:
— Mutaxassislar, Sizning ilgari qurbonlar berib keskin o‘ynaganingizni, hozir vaziyatga qarab o‘ynashga qo‘shib olib borayotganingizni ta’kidlashayapti, bu bilim-tajribangiz oshganidanmi?
Bunday savollar Talga yoqmasdi:
— Bu yosh ulg‘ayishiga bog‘liq holat. Umuman olganda, men ilgari va hozirgi Talni bir vaqtda hech qachon ko‘rmaganman. Buning ustiga hammaga ma’lum, hozir raqiblar ilgarigiga nisbatan yomon o‘ynashmaydi.
Endi “Yunost” jurnalida bosilgan suhbatdan parcha:
“ — Yaqin-yaqingacha bo‘lgan muvaffaqiyatsizlaringizni nima bilan izohlaysiz?
— Bu achchiq xotiralar. Men o‘zimni yomon sezardim, yomon o‘ynardim — bo‘sh, o‘ylanmasdan. Sira o‘yinlarim qovushmasdi. Istardimki, bunga kasalligim sabab bo‘lgandir, boshqa sabab topolmayman.
— Nihoyat, o‘sha og‘riq bergan buyragingiz olib tashlangach…
— O‘zimni yaxshi his qilayapman. Jiddiy gapiradigan bo‘ldim, aqlim kirdi. Ehtimol, o‘sha Tbilisida olib tashlangan chap buyragim jasurroq bo‘lgan…”
Ko‘pchilikni hozirgi Tal ilgarigi Tal bilan qanday o‘ynagan bo‘lardi, degan savol qiziqtirardi. Bu savolga grossmeyster Balashov ma’nili javob bergan:
— Menimcha, oqlar bilan ilgarigi Tal, qoralar bilan hozirgi Tal yutardi.
Bronshteyn esa javob berishda ikkilanmadi:
— Hozirgi Tal g‘alaba qozonardi.
Quruq safsatadan iborat bu savolga hayotning o‘zi to‘g‘ri javob qaytardi. 1973 yilning yozida Neva bo‘yidagi shaharda navbatdagi jahon chempionatining mintaqalararo musobaqasi bo‘lib o‘tdi. “Musobaqa boshlanishidan oldin istalgan mutaxassisdan kim g‘olib bo‘lishi to‘g‘risida so‘ralganda, — deb yozgandi Larsen, — javob aniq edi: Mixail Tal!”
“Yangi”, Petrosyanday “engilmas” Tal musobaqaning dastlabki to‘rt turida yarim ochko jamg‘ardi. Mana shunaqa gaplar. U nafaqat kuchli Xyubnerga, balki musobaqa jadvalida oxirgi o‘rinlarni egallagan yosh sport ustalari filippinlik Torre, kubalik Estevesga ham yutqazdi. “Uchinchi turda Tal Estevesga qarshi juda bo‘sh o‘ynadi, qancha ajoyib yurishlarni ko‘rmadi. Tal bu o‘yinda men dona surmaganman desa ham bo‘ladi”, — deb yozgandi Larsen o‘sha maqolada.
Afsuski, u bu o‘yinda men dona surmaganman deb aytishining iloji yo‘q edi. Keyin Tal musobaqani mardona davom ettirdi, oxirgi sakkiz o‘yinda olti ochko to‘pladi, bu uni o‘ninchi o‘rindan sakkizinchiga ko‘tardi.
Fisherning asosiy raqibi sanalayotgan, “takomillashgan” Talga nima bo‘ldi? Nega kuchli xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli qatnashgan Tal mintaqalararo musobaqada omadsizlikka uchradi? Bronshteyn ta’kidlagan “takomillashgan” Talda mahorat va topqirlik mujassam ekanligiga hech kim shubhalanmayotgandi-ku. Menimcha, Tal Neva bo‘yidagi shaharda o‘tgan musobaqaga eski uslubidan to‘la voz kechgan, lekin yangi uslubini to‘liq o‘zlashtirmagan holda keldi. Undagi ko‘nikma norasmiy musobaqalargagina yetdi, rasmiy — mintaqalararo musobaqaga esa kamlik qildi.
“Yangilangan” Tal uch yildan keyin ham toj da’vogarlari qatoridan o‘rin ololmadi. Shveytsariyaning Bil shahrida bo‘lgan mintaqalararo musobaqada u yetti turdan keyin atigi uch ochko to‘plagandi — oltita durang, bitta mag‘lubiyat. Neva bo‘yidagi shaharda yuz bergan holat takrorlanadiganday ko‘rindi. Ammo Talning o‘yini qovushdi, ketma-ket g‘alaba qozondi, asosiy raqobatchilarini mag‘lubiyatga uchratgani uchun yakunda Petrosyan va Portish bilan ikkinchi-to‘rtinchi o‘rinlarni bo‘lashib oldi.
Bu uchlikdan qaysi biri ortiqcha ekanini aniqlash uchun musobaqa o‘tkazildi. Musobaqa avvalgi va hozirgi Tal o‘rtasidagi uyg‘unlik hali ko‘ngildagiday emasligini ko‘rsatdi. U Petrosyan bilan to‘rttala o‘yinni ham durang qildi, bitimlar yigirma yurishga yetmasdan imzolandi. Talning maqsadi Portish bilan chalg‘ituvchi va keskin vaziyatlarda dona surish bo‘ldi. Sababi, Portish shunday vaziyatlarda dadil o‘ynay olmaydi. Lekin bunday o‘ynash uchun yo avvalgi Tal, yoki uyg‘unlikka erishgan Tal bo‘lish kerak edi.
U rejani tuzganda yana bir omilni hisobga olmadi: ehtiyotkor Portish mintaqalararo musobaqada to‘rtta mag‘lubiyatga uchragandi, biroq eng ko‘p — to‘qqizta g‘alaba qozongandi (Talda oltita g‘alaba). Qisqasi, ikkinchi davrada Tal oqlarda o‘ynayotgan vaqtda yutqazdi, uni boshqa o‘yinlarda yengishga kuchi yetmadi. Xullas, yetti durang, bitta mag‘lubiyat, bitta ham g‘alaba yo‘q. Bunday o‘yin bilan jahon chempioni unvoniga da’vogarlik qilish mumkin emas.
Uzoq kutilgan uyg‘unlik, ya’ni Talning avvalgi topqirligi yo‘g‘rilgan vaziyatni chuqur anglashga asoslangan o‘yin uslubi 1979 yilga kelibgina to‘la shakllanib bo‘ldi. Tal qirq oltinchi mamlakat chempionatida mag‘lubiyatga uchramay Seshkovskiy bilan birinchi-ikkinchi o‘rinni bo‘lashib oldi. Keyin Monrealda o‘tkazilgan yulduzlar musobaqasida ham mag‘lubiyat nimaligini bilmay o‘sha vaqtdagi jahon chempioni Karpov bilan birinchi o‘rinda yonma-yon turdi. Shu musobaqada uchinchi o‘rinni band etgan Portish g‘oliblardan bir yarim ochko, to‘rtinchi pog‘onadan joy olgan Lyuboyevich uch ochko ortda qolgandi. Nihoyat, yigirma yillik tanaffusdan keyin qadrdon Rigasida navbatdagi mintaqalararo musobaqada qatnashib, yana mag‘lubiyatga uchramay birinchi o‘rinni egalladi. Tal 17 o‘yinning o‘n bittasida g‘alaba qozondi, oltitasini durang bilan yakunlab 14 ochko jamg‘ardi va ikkinchi pog‘onani band qilgan Polugayevskiydan ikki yarim ochko o‘zib ketdi!
Polugayevskiy “bu katta g‘alaba buyuk shohmotchiga shon-sharaf keltirdi”, deya baholadi. “Tal yuksak muvaffaqiyatga erishdi, — deb yozgandi Polugayevskiy, — agar uning o‘n bir yil davomida da’vogarlar orasida ko‘rinmaganini hisobga olsak, bu taqdir haziliday tuyuladi”.
Nihoyat, Tal o‘z uslubini to‘la ta’mirdan chiqarib, rasmiy-saralash musobaqasida chiroyli g‘alaba qozondi. Ammo “Taqdir hazili” hali tamom bo‘lmagan ekan.
Qur’aga ko‘ra Tal chorak final o‘yinida Polugayevskiy bilan uchrashdi. Uchrashuvdan keyin Polugayevskiy o‘z raqibiga samimiy tavsifnoma yozdi:
— Bagioda Anatoliy Karpov bilan ijodiy hamkorlik qilib o‘zini boyitgan bugungi Tal zinhor avvalgi Tal emas. U debyutni nozik va ayyorona boshlaydi, sidqidildan sipohlarini joy-joyiga qo‘yadi, topqirlik va sabr-matonat bilan himoyalanadi. His-tuyg‘ulariga erk berib yo‘nalishlarni tanlagan Tal keyingi paytda juda amaliyotchi bo‘lib ketdi. Hozir u o‘tgan ko‘prigini deyarli yoqmaydi, vaziyat ruhidan kelib chiqib o‘ynaydi”.
Ochig‘i, bu tavsifnomada “his-tuyg‘ularga erk berish” ifor taratmaydi. “Ammo, — deb yozadi keyinroq Polugayevskiy, — men Talning o‘yinlarini tahlil qilar ekanman, uning o‘yini har jihatdan yaxshi bo‘lmasin, baribir, hujumga intilishi ustun chiqadi, degan xulosaga keldim. Birinchi muhabbat unutilmaydi. Shu narsani tushundimki, Tal meni o‘z yo‘nalishimda “tuzoqqa” tushirishga harakat qiladi. O‘sha vaqtda…”
O‘sha vaqtda nima bo‘lganini yaxshi bilamiz. Umuman olganda, Polugayevskiy Talning omadi chopib turgan vaqtlarda ham unga noqulay raqib sanalardi. Debyut tayyorgarligi, vaziyatni baholash va uzoqni ko‘zlagan rejalar tuzishda Taldan ustunlik qilardi, yo‘nalishlarni hisoblashda raqibidan qolishmasdi. Shu bois Talning dadilligi, topqirligi, hujumkorligi o‘ziga xos bu grossmeyster qarshiligini sindirishga yetmasdi.
Ehtimol, yangi Tal Polugayevskiyga qarshi qanday tayyorgarlik ko‘rish kerakligini bilmasdi. U sitsiliancha himoyada bir-ikkita “yangi yurish” tayyorladi, xolos. Holbuki, Polugayevskiy bu debyutni o‘n yillab tahlil qilgan. Uchrashuvda Polugayevskiy tayyorlangan bu “yangi yurishlar”ni juda yaxshi bilishi ma’lum bo‘ldi. Buning ustiga, Polugayevskiy Talning qanday debyutni qo‘llashini oldindan topa oldi.
Tal dastlabki ikki o‘yinda mag‘lubiyatga uchragach, uchrashuv kimning foydasiga tugashi oydinlashib qoldi. Polugayevskiy o‘ziga qanchalik ishonganini yettinchi o‘yinda ko‘rsatdi. Bu o‘yinda keskinlik saqlanib turardi, Polugayevskiyning vaziyati bir ozgina yaxshiroq edi. Tal 27-yurishda durang taklif qildi. Polugayevskiy 4:2 hisobida borayotgani uchun u bitim imzolanishiga shubhalanmagandi, ammo Polugayevskiy taklifni rad etdi. Bunday javobni kutmagan Tal keyingi yurishdayoq yanglishdi va uchinchi bor yengildi. Uchrashuv 21/2:51/2 hisobida boy berildi — beshta durang, uchta mag‘lubiyat, bitta ham g‘alaba yo‘q.
Nima bo‘ldi? Uchta yirik musobaqada g‘alaba qozongandiku, Tal o‘z usulini takomiliga yetkazdi deyilgandiku, nega bunchalik bo‘sh o‘ynadi? Bu joyda bir gap bor.
N. Krogius Talning muvaffaqiyatsizligini izohlashga urindi: “Har doim ham raqibining ruhiy holatiga zimdan e’tibor bermaydi. O‘zi yaxshi ko‘radigan va xohishiga mos vaziyatlar yuzaga kelgan uslubida mahorat bilan o‘ynaydi, raqibini oxirigacha o‘rganmaydi…”
Qarang, Tal raqibini oxirigacha o‘rganmasmish. Yoshlik davrida ham bu ishni qotirardi! Lekin u bir narsani — raqibi uslubiga moslashishni o‘rgana olmadi. Spasskiy moslashishni bilardi, Tal moslashtirishni! Faqat kuch-quvvatga to‘lgan vaqtlarda…
Polugayevskiy ta’riflagan sifatlar (ular barcha yetuk grossmeysterga xos, lekin toj da’vogariga bular kam) Talda bo‘lishiga qaramay uning muvaffaqiyatsizligining asosiy sababi, menimcha, o‘ziga xos hujumkor zarbalarining yetishmaganidadir. Talning Polugayevskiydan yirik hisobda mag‘lubiyatga uchrashida taqdir hazilidan ko‘ra qandaydir zaruriyat bor, axir, u o‘n bir yildan buyon toj da’vogarlari orasida ko‘rinmagandi.
“Sipohlar jonlanganda” kitobida Tal shunday yozadi:
“Ortga nazar tashlab, Monrealdagi musobaqa qiziqarli o‘tgan ekan, degan xulosaga kelaman. Buni men Karpov bilan birga g‘olib bo‘lganim uchun ta’kidlayotganim yo‘q. Uzoq vaqtdan buyon shunday kuchli musobaqada o‘ynamagandim, yana hech narsani tortib olish shart emas. Ya’ni, natijaga e’tibor bermay, erkin o‘ynash mumkin”.
Ha, endi Tal faqat oddiy musobaqalarda hech narsaga qaramay erkin o‘ynay olardi, lekin saralash musobaqalarida emas. Saralash — bu Talning avvalgi uslubida murakkab yurishlarni dor ustida bajarish deganidir. Ulg‘aygan Talning asablari bunga dosh bermasdi…
Shu bois ishonchiga sodiq bo‘lolmagani uchun Taldan gina qilishimiz mumkinmi? O‘ shohmot uchrashuvlarida o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib kurashgani uchun unga ta’na qila olamizmi?
Uning boshqa iloji yo‘q edi. Hayotning o‘zi uni musobaqalar paytida sabr-bardosh bilan sipohlarini muhim xonalarga joylashtirishga, topqirlik bilan himoyalanishga, vaziyat taqozosiga qarab o‘ynashga o‘rgatdi. Lekin Tal qalban ilgarigiday bo‘lib qoldi, faqat jasurligi pinhon edi, hamon kurash mantig‘ini vaziyat taqozosidan ustun qo‘yardi.
1975 yilda, ya’ni bitta ham mag‘lubiyatga uchramay musobaqalarda tantanali ravishda g‘olib chiqqaniga ikki yil bo‘lganida fizika-matematikaga ixtisoslashgan “Kvant” jurnalida Talning qiziqarli fikri e’lon qilindi:
“Ayrimlar uchun shohmotdagi go‘zallik mantiq tantanasidir. Ularning fikricha, go‘zal o‘yin — bu har bir g‘ishti, unsuri joy-joyida bo‘lgan mutanosib bino. Garchand mening ham vaziyat ustunligi bo‘yicha yutgan o‘yinlarim ko‘p. Lekin menga ko‘proq mantiqqa zid, aqlga sig‘maydi, bema’ni deb qaralgan o‘yinlarimdagi g‘alabalar yoqadi. Bunday o‘yinlarda g‘oya uchun keskin kurash boradi, arzimas rejani amalga oshirish uchun “jang” qiziydi, bahs taqdirini esa katta to‘qnashuvlardan chetda turgan piyoda hal qiladi. Fikrimni matematiklar tili bilan aytsam, menga ko‘proq shohmot katetlari gipotenuzadan uzunroq bo‘lishi yoqadi” (Eslang: ikki karra ikki — besh!).
Nima bo‘lganda ham biz Talga ta’na qilmaganimiz ma’qul, chunki zamondosh kuchli grossmeysterlar uni na faqat shaxs sifatida, balki uning kurashga yondoshuvini, g‘alabaga erishish yo‘llarini, hujumkorlikning shohmotdagi cheksiz imkoniyatlariga ishonishini ham chuqur “o‘zlashtirishdi”. Xullas, raqibi bilan kurashgan Tal o‘ziga ham qarshi kurash olib borardi.
Yana Tal so‘zlarini keltiramiz: “Ko‘pgina qurbonlar aniq hisob-kitoblarni talab etmaydi. Bu qurbonning to‘g‘riligini bilish uchun yuzaga kelgan vaziyatga nazar tashlash kifoya”. Panov qo‘shimcha qilgandi: “Bu so‘zlar tagiga Chigorin ham, Alyoxin ham mamnuniyat bilan imzo chekardi”.
Men hech bir shubhalanmay ayta olaman, bu so‘zlar tagiga ko‘plab zamondosh grossmeyster va ustalarimiz ham mamnuniyat bilan o‘z imzolarini qo‘yishadi.

BIZ BOTVINNIKNING SO‘ZLARIGA IShONAMIZ

Talning zamonaviy shohmot rivojiga qo‘shgan hissasi haqida gapirar ekanmiz, uning bu qadimiy o‘yin olamiga mumtoz uslubning ikki namoyandasi — Mixail Botvinnik va Vasiliy Smislovning uzoq yillik kurashi ayni qizigan vaqtda kirib kelganini eslashimiz lozim. Bu shohmotning mumtoz asri bo‘lib, viqor, zakovat, aniqlik, aql bilan o‘ynash, xatoga yo‘l qo‘ymaslik tantana qilardi. Shohmot san’atining sukunat cho‘kkan saroyiga Tal shamol kabi izn so‘ramasdan kirdi va eshigini qarsillatib yopdi.
Uning ichki sezgiga asoslangan isyonkor o‘yini, ilojsiz holatlarga tushganda ham himoyalanishning cheksiz imkoniyatlari borligiga ishonishi, sipoh va piyodalarning hujumkorlik vazifalarini oshirishi, tashabbusga erishish uchun o‘z vaziyatini yomonlashtirish evaziga ham tavakkal qilishi — bularning hammasi shohmotning asosiy qoidalariga zid keladi demagan taqdirimizda ham ularning Tal tomonidan erkin, ijodkorona talqin etilishi edi.
Ilgari shohmot qonunlariga ko‘r-ko‘rona bo‘ysunganlar ham bugun Taldan ilhomlanib, uning o‘yin uslubiga moyillik bildirishyapti. Bu ijodiy ilhomning ro‘shnolikka chiqishining boshlanishidir. Aslida, ko‘proq erkinlik, kamroq aqidaparastlik yondoshuvi orqali qadimiy shohmotning zamonaviy muammolari yechimlari topiladi.
Tal shart-sharoitga qarab o‘yin uslubini ta’mirlamasin, tashqaridan qaraganda yangicha qarashlarga moyillik bildirmasin, u qalban avvalgiday shohmot dengizining qaroqchisi, sarguzashtsevari bo‘lib qoldi. Uning o‘yinlari yangi sarguzashtlarni istayotgan millionlab shohmot muxlislarini yana tilsimotlar oroliga yetakladi. Bunday sarguzashtlar juda ko‘p! Shu bois Talga qattiq talablar qo‘ymaylik, oldindan bilamiz, baribir ularni bajarmaydi. Yana oldin o‘zimizdan so‘rab ko‘raylik: unga qattiq talablar qo‘yishga haqqimiz bormi?
Esimda, Tal yigirma to‘rt yoshida chempion bo‘lgan vaqtda ko‘pchilik qatori men ham bu uzoqqa cho‘zilmasligini bilardim. Afsuski, shunday o‘ylaganlar bir narsani hisobga olishmagan: Tal o‘zga bog‘dan olma o‘g‘irlashni do‘ndiradi, lekin o‘z bog‘ini shaqildog‘ini o‘ynatib qo‘riqlashni uddalamaydi. Bunday zerikarli ish uning uchun emas.
Javob uchrashuvida Tal yirik hisobda mag‘lubiyatga uchraganda ko‘pchilik qatori men ham hayron qoldim, keyin Taldan va Tal uchun xafa bo‘ldim. Ko‘p yillar o‘tib o‘sha voqealarni eslar ekanman, o‘ylayman, bizning Tal chempion bo‘lgan kundan boshlab, undan fe’l-atvori o‘zgarishini, aqlga quloq solishini, ehtiyotkor dona surishini, mo‘ljalni aniq olishini talab qilganimiz adolatdanmi? Ha, u amaliyotchi ham, ehtiyotkor ham bo‘ldi, faqat qancha suzsa ham kemaga yetolmaydigan vaqtda.
Tabiat Talni yaratganda unga muxolifot yetakchisi vazifasini yuklagandi, u boshqa ishga yaramasdi. Agar Tal yoshligidan amaliyotchi, uzoqni ko‘zlab aql bilan o‘ynaydigan shohmotchi bo‘lganida hech qachon jahon chempioni unvoniga erishmasdi. Tal faqat tavakkal, aqlga sig‘maydigan, aniq hisobga tayanmagan yurishlar qilgani, muhimi, har doim dadil o‘ynagani uchun Smislov, Keres, Petrosyan, Spasskiy, Geller, Bronshteyn va boshqa taniqli grossmeysterlarni tez sur’atlar bilan ortda qoldirdi!
Talni javob uchrashuvida ruxsat etilgan chegaralarni hadeb buzgani uchun koyishadi. Ha, u kurash mantig‘iga xilof yo‘l tutdi va buning uchun jazolandi. Endi tasavvur qilaylik, agar Tal birinchi uchrashuvda vaziyatga qarab o‘ynaganda ikkinchi uchrashuvning o‘zi bo‘larmidi?
Talni salomatligini asramagani uchun koyishadi. Ammo Tal uslubida o‘ynagan shohmotchi: dadil, erkin, bitta sipohdan keyin ikkinchisini qurbon qilib, o‘z g‘oyalariga berilib, hujumdan lazzat tuyib dona surgan paytda sport kiyimida yurak urishini tekshirtirish uchun chopib bora oladimi?
Hamma qarama-qarshilik shundaki, Tal uslubi — ya’ni har bir o‘yinda butun asab tomirlarini ayamasdan tarang torttirib keskin dona surish shohmotchidan salomatlikni, juda katta jismoniy va ruhiy kuchni talab qiladi. Bu fe’l-atvorga ham bog‘liq, demak shunday o‘yin usulini tanlaganlarning o‘zi haqida, salomatligi haqida qayg‘urishi, turmush tarzi qoidalariga amal qilishi ehtimoldan uzoqdir.
Ming afsus, Tal o‘z salomatligini asrashga beparvo qaradi. Albatta, uning bu xususiyatidan o‘rnak olish kerak deb bo‘lmaydi. Ammo Talning eng og‘ir damlarda ham birovga jahl qilmagani, zahrini sochmagani, har doimgiday dilkash va quvnoq bo‘lib qolgani o‘rnak olishga arziydigan yaxshi sifat emasmi? Uchta og‘ir operatsiyani boshidan kechirgan Tal hech qachon og‘riqdan ingramadi, birovga kasalidan shikoyat qilmadi, har doimgiday mard va nekbin bo‘lib qoldi. Operatsiyadan oldin ham, keyin ham, hatto operatsiya vaqtida ham hazilkashligini tashlamadi.
Ha, shunday voqea ham bo‘lgan. Salo Flor yozgandi: “Tal narkoz ta’sirida operatsiya stolida uyquga ketayotgandi, birdan vrach yordamchisi so‘rab qoldi:
— Bemor, marhamat qilib aytsangiz, Botvinnik — Petrosyan uchrashuvi qanday yakunlanadi?
— Hozircha bilmayman, tirik qolsam javob berishga harakat qilaman, — dedi samimiy Tal”.
Talning bunday qiziq hangomalarini ko‘plab eslash mumkin. 1974 yilda Karpov — Korchnoy o‘rtasida da’vogarlarning final uchrashuvi borayotgandi, matbuot markazida o‘yin tahlilini o‘tkazgan grossmeyster Talga muhim mavzu bo‘yicha murojaat qildi:
— Misha, bugun men televideniyeda nimani aytishim mumkin?
Bu qo‘pol savolga Tal darhol luqma tashladi:
— Radioni tinglash kerakligini ayting! Radioda men chiqish qilaman…
Shohmot klubida ma’ruza o‘qiyotgan vaqtda Taldan Spasskiy bilan o‘zaro uchrashuvlaridagi nisbatni so‘rashdi (o‘shanda nisbat 2:9 edi).
— Men Spasskiy ustidan qozongan g‘alabalarim sonini bilaman! — deya javob berdi Tal.
Polugayevskiy bilan bo‘lgan uchrashuvdan keyin Tal ta’kidladi: “Endi men yarim Talman!”
Yana takrorlayman, Tal eng og‘ir sharoitlarda hazilkashligini qo‘ymadi. Xuruj paytida vrachlarning tez-tez chaqirilishi har xil mish-mishlarning tarqalishiga olib keldi. Bir muxlis Taldan jiddiy so‘radi: “Misha, ayting, siz chindan ham morfiychimisiz?” Tal unga shu zahoti javob qaytardi: “Nima deb o‘ylayapsiz, men chigorinchiman” (morfiy — ko‘knori degani, lekin Tal savolni hazilga burib: “Men amerikalik Morfi tarafdori emas, Chigorin shohmot maktabi vakiliman”, — deya javob berayapti).
Biz Taldan taxtda uzoq o‘tirmagani uchun ranjimasak bo‘ladi. Muhimi, Tal qadimiy shohmotni yashartirdi. Muhimi, Talning shohmot kurashiga bo‘lgan yangicha munosabati zamondoshlari oldiga ajib tilsimotlarni qo‘ydi. Bu tilsimotlarni yechish orqali ulardan ko‘pchiligi shohmot qoidalariga itoatkorlik bilan rioya qilishdan qutuldi, erkin ijod nafasini tuydi, eskicha bir xil fikrlash ta’siridan ozod bo‘ldi.
Ayrim musobaqalarda ranjitgan bo‘lsa ham sobiq jahon chempionini kechiraylik. Axir, u bizga qancha shodliklar baxshida etdi. O‘zi sevgan shohmotga qo‘shgan beqiyos hissasi hali to‘liq baholanmagan bo‘lsa ham biz Talga bu xizmati uchun o‘z minnatdorligimizni bildiraylik.
Endi men Tal muxlislarini qiziqtirib kelayotgan bir savolga to‘xtalsam bas: haqiqatan ham ilgarigi ko‘ngliga nima kelsa qiladigan Tal bilan keyingi uslubi takomillashgan, har tomonlama rivojlangan tajribali Tal o‘ynasa, qaysi biri g‘olib bo‘lardi? Biz Bronshteyn va Balashovning fikrlari bilan tanishmiz. Talning o‘zi ko‘p bor berilgan bu savolga “har xil” javob berardi: “Men u Talning tilka-porasini chiqarardim” yoki “Men uni yanchib tashlardim”.
Darvoqe, kunlardan bir kuni Botvinnikdan sobiq raqibining fikrlariga munosabatini so‘rashgandi. U ishonqiramay kulib dedi:
— E, yo‘q, Tal bu yerda shohmot muxlislarini chalg‘ityapti yoki chindan ham adashyapti. Xudoga shukur, men ilgarigi Talni juda yaxshi bilaman…
Biz ham Botvinnikning so‘zlariga shak keltirmaymiz!

Ruschadan Asror Mo‘minov tarjimasi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2004 yil, 5-6-sonlar