Bundan yetti yo sakkiz yil avval Parijda Klod Gyo ismli qashshoq bir ishchi bo‘lardi. U o‘zining ma’shuqasi va bitta bolasi bilan yashardi. Men haqiqatda bo‘lib o‘tgan voqeani yozyapmanki, mazkur voqea jarayoni kitobxonga uning ibratli mazmunini yaqqol namoyon etsin. Bu ishchi yigit aqlli, layoqatli, uddaburon odam bo‘lsa ham, ma’lumoti yo‘q edi, ammo tabiat uni o‘z fazilatlaridan benasib qilmagan edi; garchi u savodsiz bo‘lsa ham, fikrlash layoqati yaxshi edi. Qish kunlarining birida u ish topolmay bekorchi bo‘lib qoldi. Kulbasida na yeyishga noni, na yoqishga o‘tini qolgan edi. Er, xotin va bola ayoz va ochlikdan azob cheka boshlashdi. Shunda Klod o‘g‘irlik qildi. Uning nima o‘g‘irlaganini ham, qayerdan o‘g‘irlaganini ham aytolmayman. Faqat bilamanki, o‘sha o‘g‘irlikdan keyin xotini bilan bolasi uch kungacha qorinlari nonga to‘yib, issiq kulbada yashashdi, yigit esa besh yilga qamoqqa hukm qilindi.
Jazo muddatini o‘tash uchun uni Klervo Markaziy qamoqxonasiga jo‘natishdi. Klervo — bu surgungohga aylantirilgan ibodatxona, kameraga aylantirilgan rohiblar hujrasi, sazoyigohga aylantirilgan mehrob. Ayrim odamlar taraqqiyotni mana shu tarzda tushunadilar va shu zaylda uni amalga oshiradilar. Ular “taraqqiyot” so‘zini mana shunday ma’noda ifodalaydilar.
Keling, hikoyamni davom ettiray.
Qamoqda uni kechasiga kameraga qamashar, kunduz esa, turma ixtiyoridagi ustaxonaga olib borishardi. Lekin, aytib qo‘yishim kerak, men mahbuslarning ustaxonada ishlashlarini qoralamoqchi emasman.
Bir paytlar halol ishchi bo‘lgan, endilikda o‘g‘ri hisoblangan Klod Gyoning qiyofasidan salobat va ulug‘vorlik ufurib turardi. U yosh bo‘lishiga qaramay, halitdan peshonasi ajinlardan burushgan, tim qora sochlari orasida bir nechta oq tolalar paydo bo‘lgan edi, chiroyli qayrilma qoshlari ostidagi chuqur joylashgan ko‘zlari muteona ammo dadil boqardilar, uning burun kataklari keng, iyagi baquvvat, og‘zi nafratona chirt yumilgan. U xushro‘y yigit edi. Hali jamiyat uni ne ko‘yga solganini ko‘ramiz.
U kamsuxan, harakatlari kamtarona edi, uning vajohatida qandaydir dohiliy quvvat mavjud ediki, bu narsa atrofidagi odamlarni unga itoat etishga undardi. U doim o‘ychan yurar, garchi chehrasi jiddiy ko‘rinsa ham, aslo iztirobli emas edi. Holbuki u hayotda beadad iztiroblar chekkandi.
Klod Gyo hibs etilgan qamoqxonaning bosh noziri bu yerning mansabdor shaxsi bo‘lib, ayni paytda u ham nozir, ham ishboshi hisoblanardi — u mahbuslarga xuddi ishboshidek ish buyurarkan, qo‘llariga asbob-uskunalar tutqizar va bosh nozir sifatida ularning oyoqlariga kishan urib nazorat qilardi. Klervo qamoqxonasining bu bosh noziri qahri qattiq, zolimtabiat va shu bilan birga, kaltabin odamlar toifasidan bo‘lib, mahbuslarga o‘z hukmini o‘tkazishni yaxshi ko‘rar edi, lekin zarurat tug‘ilgan paytlarda, u o‘zini do‘lvor, oqko‘ngil odam qilib ko‘rsata olar, hatto hazil-huzulga, o‘yin-kulgiga ham moyillik bildirardi. Qattiqqo‘l bo‘lishdan ham ko‘ra ko‘proq qaysartabiat bo‘lgan bu odam hech kimning fikr-mulohaza yuritishiga yo‘l qo‘ymas, o‘zi ham mulohaza qilishni xush ko‘rmasdi. Ehtimol u oilada yaxshi er, mehribon ota hamdir, lekin bu har bir erkakning burchi, zinhor fazilati emas, qisqasi, uni yovuz odam deb ham, yaxshi odam deb ham bo‘lmasdi. U shunday toifa odamlar jumlasidan ediki, bundaylar na g‘amxo‘rlik qilishni, na mushfiqlikni biladi, bundaylarga hech qanday mulohaza, hech qanday og‘ir kechinma ta’sir etmaydi, bunday odamlar odatda yovuztabiat, ichi qora bo‘ladi, rahm-shafqat nimaligini bilmay nafrat o‘tida yonadilar — yonadilar-u, ammo isina olmaydilar, zero ularning qalbiga iliq, odamiy hissiyotlar begona. Bunday odamlarni bir tomoni yonayotgan bo‘lsa ham, ikkinchi tomoniga hech bir issiq o‘tmaydigan yog‘ochga o‘xshatish mumkin. Bu odamning tabiatida eng muhim va asosiy xususiyat — qat’iyatlik edi. U o‘zidagi mana shu qat’iylik xislatidan faxrlanar va doim o‘zini Napoleonga qiyos qilardi. Lekin bu faqat xomxayol edi. Shunga qaramay, bunday xomxayollar domiga ilingan, o‘jarlikni iroda kuchi deb, ma’lum masofadagi sham shu’lasini yulduz deb e’tirof etuvchilar oramizda hali ham topilib turadi. U bironta bema’ni fikrga, shu to‘g‘ri, deb yopishib olsa yoki o‘zi shunday bir bema’ni ish qilsa, uning xato qilayotganini isbotlash uchun qanchadan-qancha maqbul va odil dalillar keltirgan bo‘lishiga qaramay, u o‘z fikrida oyoq tirab turib olar va bu bilan o‘z fe’li qudratini namoyish qilmoqchi bo‘lardi. Bemulohaza o‘jarlik — shunday bir tentaklikki, u ahmoqlik bilan o‘pishib ko‘rishadi va bora-bora, muqarrar, shu ahmoqlik maqomiga yetishadi. Bunday o‘jarlik juda ko‘p narsalarga mubtalo qilishi mumkin. Filhaqiqat, mabodo biron jamoatchilikning yo biron-bir shaxsning boshiga og‘ir musibat yoxud falokat tushsa-yu biz bu falokat sababini bilish uchun uning oqibatlarini ko‘zdan kechirgudek bo‘lsak, deyarli hammavaqt o‘shal falokat o‘zining haq ekanligiga ko‘r-ko‘rona ishonuvchi qandaydir o‘ziga bino qo‘ygan, kalondimog‘ nokas va o‘lgudek qaysar odamning aybi bilan yuz berganining shohidi bo‘lamiz. O‘zining xohish-irodasini taqdir deb va o‘zini payg‘ambar deb hisoblovchi bunday notavon va haqir odamlar bu dunyoda hali ko‘p uchraydi.
Klervo Markaziy turmasi ustaxonasining bosh noziri mana shunday odamlardan edi.
Jamoatchilik kun-uzzukun aynan mana shunaqa chaqmoq toshni mahbuslarga urib uchqun chiqarish va olov oldirish bilan mashg‘ul bo‘ladi.
Bunday chaqmoq toshning metin toshga tinmay urilaverishidan hosil bo‘lgan uchqun ko‘pincha yong‘inlarni vujudga keltirardi.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, Klervoga hibs etilgan Klod Gyo qamoqxona qoshidagi ustaxonaga ishga tayinlangan va u ma’lum bir ish bilan ta’minlangan edi. Ustaxonaning bosh noziri Klod bilan yaqindan tanishib va bu ishchi yigitning qo‘lidan ish kelishini bilib, unga yaxshi muomala qila boshladi. Bir kuni yaxshi kayfiyatda bo‘lgan nozir Klod Gyoning g‘amga botib o‘tirganini va nuqul xotinim deb atagan ayolni hech tildan qo‘ymayotganini ko‘rib, unga taskin bermoqchi bo‘lganday gap orasida hazil aralash, hozir u sho‘rpeshona ayol fohisha bo‘lib ketgan, deb aytdi. Klod o‘zini bosib, bolam nima bo‘libdi, deb so‘radi vazminlik bilan. Lekin buni hech kim bilmasdi.
Oradan bir necha oy o‘tdi, Klod turma hayotiga ko‘nikib qoldi, endi u hech nima haqida o‘ylamayotganday, hech nimani eslolmayotganday bo‘lib ko‘rinardi. Uning tabiatiga xos bo‘lgan sovuq xotirjamlik yana uni jilovlab olgan edi.
Taxminan shu paytlarda Klod o‘z o‘rtoqlariga qandaydir alohida ta’sirini o‘tkaza boshladi. Go‘yoki mahbuslar o‘rtasida vujudga kelgan gung bitimga ko‘ra, — vaholanki nima sababdan bunday bitim tuzilganini hech kim, hattoki Klodning o‘zi ham bilmas edi, — mahbuslar unga maslahat sola, gapiga quloq osa boshladilar, unga qoyil qolib, taqlid qila boshladilarki, bu endi tahsin va tasannoning eng yuqori darajasi edi. Shuncha bebosh, itoatsiz odamlarni o‘ziga itoat ettirish behad sharafli ish edi, albatta. Holbuki, Klod bunaqa sharafga erishishni hatto xayoliga ham keltirmagan edi. Chamasi, bunday hukmronlikka sabab uning ko‘z qarashi bo‘lsa kerak. Har bir odamning ko‘zida doim uning tafakkuri aks etib turadi. Mabodo mutafakkir odam fikrlay olmaydigan omi kishilar davrasiga kirib qolsa, oradan birmuncha vaqt o‘tishi bilan barcha aqli noqis odamlar tiniq aql sohibi istiqboli sari astoydil va izzat-ehtirom ila intila boshlaydilar. Ha, shunday odamlar borki, ular o‘zga kishilar qalbini xuddi temirni o‘ziga tortgan magnit kabi jazb etadilar. Klod Gyo shunday magnitlardan edi.
Oradan uch oy vaqt o‘tar-o‘tmas Klod ustaxonaning qonuni, nizomi va qalbiga aylandi. Uning har bir so‘zi bu yerdagi mahbuslar uchun qonun edi. Ba’zida uning o‘zi ham: men kimman o‘zi, Qirolmanmi yo mahbusmanmi, deb hayron qolardi…
Bunday vaziyat oqibatida, jamiyatning barcha tabaqalari davrasida uchraguvchi hol sodir bo‘ldi: barcha mahbuslar tomonidan e’zozlanuvchi Klodni turma xodimlari yomon ko‘rib qolishdi. Hayotda o‘zi shunaqa bo‘ladi. Shon-shuhrat va nafrat hamisha yelkama-elka yuradi. Qullar mehri xojalar nafratini ikki hissa oshiradi.
Klod Gyo ko‘p ovqat yerdi. Uning oshqozoni shunday ediki, ikki kishi yeb to‘yadigan ovqat unga zo‘rg‘a yetardi.
Ilgari, Klod Gyo erkinlikda bo‘lganida, o‘z chordog‘ida o‘tirib olib, kun bo‘yi mehnat qilar va ishlab topgan puliga to‘rt qadoq non sotib olib, hammasini o‘zi yerdi. Qamoqxonada ham u kun bo‘yi ishlar, lekin qilgan xizmati uchun faqat bir yarim qadoq non bilan to‘rt untsiya, ya’ni 100 gr. tarj.) go‘sht olardi. Bu miqdor hech qachon oshirilmasdi. Shuning uchun Klod Gyo Klervo qamoqxonasida doimo ochlikda kun kechirardi.
U och edi, vassalom. Lekin bu haqda churq etib og‘iz ochmasdi. Zero, u zorlanishni yoqtirmasdi.
Kunlarning birida Klod o‘zining g‘aribona tushligini apir-shapir yeb bo‘lib, hammadan oldin ishga kirishdi — u ochlik azobini shu yo‘l bilan bosmoqchi bo‘lgandi. Bu asnoda qolgan mahbuslar chaqchaqlashib, ovqat tanovul qilishda davom etardilar. Shu payt birdan Klodning oldiga rangi zahil, nimjongina yosh bir mahbus keldi. Uning bir qo‘lida pichoq, ikkinchi qo‘lida hali tegilmagan ovqati bor edi. U Klodning ro‘parasiga turib olib, bir gap aytmoqchi bo‘lardiyu, lekin aytishga hech jur’at eta olmasdi. Bu mahbus yigitning qiyofasi ham, uning qo‘lidagi non bilan go‘sht ham — hammasi Klodning g‘ashini keltirdi.
— Nima kerak? — deb jahl bilan so‘radi Klod.
— Menga bir yaxshilik qil, — deb qo‘rqa-pisa iltimos qildi yigit.
— Nima deysan? — dedi Klod.
— Iltimos, ovqatimni men bilan baham ko‘r. Bu menga juda ko‘plik qiladi.
Klodning mag‘rur ko‘zlari yoshlandi. U pichoqni qo‘liga olib nonni teng ikki bo‘lakka bo‘ldi-da, bir bo‘lakni o‘ziga olib yeya boshladi.
— Rahmat, — dedi yosh mahbus. — Agar xo‘p desang, doim shunaqa bo‘lishamiz.
— Oting nima? — deb so‘radi Klod Gyo.
— Alben.
— Nega qamashgan seni?
— O‘g‘irlik qilganim uchun.
— Meni ham, — dedi Klod.
Shu paytdan boshlab ular har kuni ovqatni bo‘lashib yeya boshladilar.
Klod Gyo o‘ttiz olti yoshda edi, lekin ba’zida uni ellikka kirgan odam deb o‘ylash mumkin edi — u shunchalik jiddiy va salobatli edi. Alben yigirma yoshda bo‘lsa ham bu o‘g‘ri yigitning bolalarga xos soddadillik bilan boquvchi ko‘zlarini ko‘rgan odam uni, nari borsa, endi o‘n yettiga kirgan, deb aytardi. Klod bilan Alben qalin do‘st bo‘lib qolishdi; bu aka-uka o‘rtasidagi do‘stlikdan ham ko‘ra, ko‘proq ota bilan bola do‘stligiga o‘xshab ketardi. Zero, Alben hali deyarli bola, Klod esa — deyarli chol edi.
Ular bitta ustaxonada ishlashar, bitta kamerada yotishar, turma hovlisida birga sayr qilishar, ikkovining ham yeydigan noni bir xil edi. Ular bir-birlari uchun misoli suv bilan havo edi. Ko‘rinishdan, ular xushbaxt edilar.
Biz yuqorida ustaxona boshlig‘i haqida gapirib o‘tdik. Mahbuslar uni yomon ko‘rishardi, shunga ko‘ra, u mahbuslarni o‘ziga itoat ettirish maqsadida, ko‘pincha Klod Gyoga yuzlanib, undan yordam so‘rardi, sababki, Klod Gyoni barcha mahbuslar hurmat qilardilar. Qamoqxonada yetilib kelayotgan biron norozilik yo g‘alayonning oldini olishda Klod Gyoning kishi bilmas hukmronligi bir emas, bir necha marta nozirning rasmiy mansabiga katta dalda bo‘lgan edi. Darhaqiqat, mahbuslarning qahrini tizginlashda o‘n nafar jandarmdan ko‘ra Klod Gyoning atigi o‘n dona so‘zi ko‘proq naf keltirar edi. Klod turma noziriga tez-tez shunday xizmat ko‘rsatib turardi. Qarangki, buning oqibatida, nozir Klodni jinidan ortiq yomon ko‘rib qoldi. U bu mahbusga hasad qila boshladi. Uning qalbida Klodga nisbatan g‘oyatda teran, maxfiy va hech tark etib bo‘lmaydigan nafrat uyg‘ondi. Bu — qonuniy hukmdorning amaldagi hokimga, kuch hukmining ruh hukmiga nafrati edi.
Bunday nafratdan yovuzroq narsa bo‘lmaydi.
Lekin Klod Albenni jonidan ortiq yaxshi ko‘rar, shu bois bosh nozir haqida o‘ylamas ham edi.
Bir kuni ertalab soqchilar mahbuslarni juft-juft qilib saflab kameralardan ustaxonalarga olib ketishayotganda, bir soqchi Klod bilan yonma-yon borayotgan Albenni chaqirib olib, unga, seni bosh nozir so‘rayapti, deb aytdi.
— Nimaga chaqirishibdi seni? — ajablandi Klod.
— Bilmayman, — deb javob qildi Alben.
Soqchi uni o‘zi bilan olib ketdi.
Shu kuni ertalab Alben ustaxonaga kelmadi. Kunduzgi dam olish paytida Klod, Albenni hozir turma hovlisida ko‘raman, deb o‘yladi. Lekin Alben hovlida ham ko‘rinmadi. Hamma mahbuslar ustaxonaga qaytishdi, lekin yana Albendan darak bo‘lmadi. Kech kirdi. Mahbuslarni kamera-kameralariga tarqatishayotganda Klod ko‘zlari ola-zarak bo‘lib Albenni qidirdi, lekin u hech qayerda yo‘q edi. Chamasi, Klod shu kuni qattiq iztirob chekkan bo‘lsa kerak, hech qachon qilmagan ishni qildi — turma nozirlaridan biri bilan gaplashdi.
— Nima, Alben kasal bo‘lib qoldimi? — deb so‘radi u.
— Yo‘q, — deb javob qildi nozir.
— Bo‘lmasa, nega qaytib kelmadi? — dedi Klod.
— Uni boshqa bo‘limga o‘tkazishdi, — dedi beparvo ohangda soqchi.
Keyinchalik sudda guvohlik berganlar, soqchining bu gapini eshitgan Klodning yoniq sham ushlab turgan qo‘li qaltirab ketganini ko‘rganlarini aytishgandi. Shunday bo‘lsa ham, Klod juda xotirjam ohangda so‘radi:
— Bu buyruqni kim berdi?
— Janob D. — deb javob qildi nozir.
Ustaxona bosh nozirining ismi shunday edi.
Ertangi kun ham oldingi kun kabi Albensiz o‘tdi.
Kechqurun ishdan keyin bosh nozir janob D. har kungi odati bo‘yicha ustaxonalarni aylanib chiqa boshladi. Klod uning kelayotganini uzoqdan ko‘rib, dag‘al jundan to‘qilgan qalpog‘ini yechib, qo‘liga oldi va kulrang kamzuli — mash’um mahbuslik libosini yaxshilab tugmaladi, zero, turmada mahbus kamzulining hamma tugmalari jo-bajo qadalgani rahbariyatga nisbatan hurmat ma’nosini bildiradi. Klod boshyalang holda, o‘z o‘tirg‘ichi oldida bosh nozirning yaqin kelishini kuta boshladi. Nozir uning yonidan o‘tib ketdi.
— Janob bosh nozir! — deb murojaat qildi unga Klod.
Nozir yurishdan to‘xtab, Klod tomonga xiyol o‘girildi.
— Janob bosh nozir, — deya takrorladi Klod, — Albenni boshqa bo‘limga o‘tkazishganmish — shu rostmi?
— Ha, — dedi nozir.
— Afandim, — deb gapida davom etdi Klod, — men Albensiz yashay olmayman.
So‘ng yana qo‘shib qo‘ydi:
— Bilasiz, mening payogim o‘zimga yetmaydi, Alben o‘z nonini men bilan baham ko‘rar edi.
— Bu uning ishi, — dedi boshliq.
— Albenni bizning ustaxonamizga qaytarishning nahotki iloji bo‘lmasa?
— Iloji yo‘q. Bu hal qilingan.
— Kim hal qilgan?
— Men.
— Janob D. Bu masala mening taqdirimni hal qiladi. Bu yog‘i faqat sizga bog‘liq.
— Men hech qachon o‘z qarorimni o‘zgartirmayman.
— Afandim, men sizning oldingizda biron gunoh ish qilib qo‘ydimmi?
— Yo‘q.
— Bo‘lmasa, nega meni Albendan judo qilyapsiz? — deb so‘radi Klod.
— Shunga… — deb qisqagina javob qildi nozir.
U shu izohi bilan cheklanib, nari ketdi.
Klod hech qanday e’tiroz bildirmay, boshini xam qildi. Qafasdagi bechora sherni jonajon do‘sti — kuchukchadan judo qilgan edilar.
Bari bir, aytib o‘tish joizki, bu judolik oqibatida Klodning boshiga tushgan dardu hasrat uning g‘ayrioddiy va hatto iztirobli ishtahasini bo‘g‘a olmadi. Shu bilan birga, bu mahbusning fe’l-atvorida, zohiran hech qanday o‘zgarish yuz bermaganday edi. U mahbus o‘rtoqlaridan birontasi bilan ham Alben to‘g‘risida gaplashmadi. Faqat turma hovlisida bo‘ladigan sayr chog‘ida bir o‘zi yurar va doim qorni och bo‘lardi. Vassalom.
Bu orada Klodni yaxshi bilgan mahbuslar uning chehrasiga mahzunlik va tashvish buluti tobora ko‘proq qora ko‘lanka sola boshlaganini payqagan edilar. Lekin u hech qachon hozirdagichalik beozor bo‘lmagandi.
Ko‘pchilik mahbuslar o‘z payoklarini u bilan baham ko‘rishga ishtiyoq bildirdilar, lekin u doim jilmayib turib rad javobini berardi.
Bosh nozir o‘z qilmishini unga izohlab bergan kundan beri, Klod har kuni kechqurun juda g‘aroyib va alomat bir qiliq chiqardiki, bu qilig‘i g‘oyat jiddiy va salobatli bo‘lgan bu odamga sira qovushmasdi: nozir har kuni kechqurun, o‘z odati bo‘yicha, mahbuslarni aylanib chiqayotganida Klodning ish stoli yonidan o‘tarkan, u boshini ko‘tarib, janob D.ga qattiq tikilgancha, hasrat va g‘azab to‘la ovoz bilan, doim bir xilda:
— Alben masalasi nima bo‘ldi? — deb so‘rardiki, bu so‘rov zamirida ham iltijo, ham tahdid ma’nosi yotardi.
Boshliq, odatda, o‘zini eshitmaganga olar yoki yelkasini uchirib qo‘yish bilan cheklanardi.
U yelka uchirib yaxshi qilmayotgan edi, sababki, bu antiqa mojaroni kuzatib turgan barcha mahbuslar Klod Gyoning bir nimani ko‘zlayotganini aniq seza boshlagandilar. Butun turma ahli qaysarlik bilan qat’iy qaror o‘rtasida borayotgan bu kurashning qanday yakunlanishini qattiq tahlikaga tushib kutardi.
Bir marta mahbuslar Klodning nozirga aytgan quyidagi gaplarini eshitishdi:
— Menga qarang, afandim, o‘rtog‘imni yonimga qaytaring. Ishoning, juda oqilona ish qilgan bo‘lasiz. Unutmang, men sizni ogohlantirdim.
Yana bir marta, — bu yakshanba kuni bo‘lgan edi, — Klod turma hovlisida bir xarsangtosh ustida tirsaklarini tizzalariga tirab, boshini qo‘llariga qo‘ygancha uzoq vaqt qimir etmay o‘tirdi. Shunda Fayet degan bir mahbus uning ro‘parasiga kelib, tirjaygancha qichqirdi:
— Hoy Klod, nima qilib qoqqan qoziqday o‘tiribsan?
Shunda Klod asta bosh ko‘tarib, Fayet tomonga qaradi-da, ma’yus ohangda dedi:
— Hukm chiqaryapman.
Nihoyat, 1831 yil 25 oktyabr kuni kechqurun bosh nozir ustaxonalarni aylanib chiqayotgan paytda, Klod shu kuni ertalab yo‘lakdan topib olgan soat oynasini poshnasi bilan ezib chirsillatib sindirdi. Boshliq, nima bo‘ldi, deb so‘radi.
— Parvo qilmang, — dedi Klod, — bu men edim. Janob bosh nozir, o‘rtog‘imni yonimga qaytaring.
— Bu mumkin emas, — deb javob qildi u.
— Ammo u menga juda zarur, — dedi Klod pichirlab, lekin keskin ovoz bilan, so‘ng boshliqning yuziga tik qaragancha ilova qildi: — Yaxshilab o‘ylab ko‘ring. Bugun yigirma beshinchi oktyabr. Sizga to‘rtinchi noyabrgacha muhlat beraman.
Turma soqchisi janob D. ning e’tiborini Klodning tahdidiga qaratib, uni kartserga qamash kerak, deb aytdi.
— Kartserning hojati yo‘q, — nafratona istehzo bilan e’tiroz bildirdi bosh nozir, — bu xalq bilan yaxshi muomala qilishimiz kerak.
Ertasi kuni hamma mahbuslar turma hovlisining oftob tushgan yeriga to‘planishib, gangir-gungir gaplashib turishgan paytda Klod yolg‘iz o‘zi hovlining narigi chekkasida teran o‘yga tolib, u yoqdan-bu yoqqa yurardi; shunda uning oldiga Perno ismli mahbus yaqin keldi.
— Sen hadeb nimalarni o‘ylayapsan, Klod? Nega bunchalik g‘amginsan? — dedi u.
— Bizning oliyhimmat nozirimiz janob D. yaqinda bir falokatga uchramasaydi, deb qo‘rqaman,— dedi Klod.
25 oktyabrdan 4 noyabrgacha roppa-rosa o‘n kun bor. Klod Gyo shu o‘n kun mobaynida muttasil ravishda, Albensiz ahvolim kun sayin yomonlashayapti, deb janob D. ga qayta-qayta gapiraverdi.
Bu zorlanishlar nozirning joniga tegdi va u Klodni bir sutkaga kartserga qamatdi — Klodning iltimosi endi talabga o‘xshab ketayotgan edi. Xullas, Klod boshqa hech nimaga erisha olmadi.
To‘rtinchi noyabr kuni yetib keldi. Shu kuni ertalab Klod shunday xotirjam kayfiyatda uyg‘ondiki, janob D. ning buyrug‘i bilan Albendan ayrilgan kundan beri hech kim uni bunday xush kayfiyatda ko‘rmagan edi. U o‘rnidan turib, dastavval karavotining oyoq tomonida turgan odmigina yog‘och sandiqchasini kavlashga tushdi. Uning barcha g‘aribona bisoti shu sandiqchada edi. Klod u yerdan kichkinagina qaychi oldi. Bu qaychi va “Emil”ning1 bir jildi u sevgan ayoldan — bolasining onasidan, uning avvalgi baxtiyor oilasidan qolgan esdalik edi. Qaychi ham, kitob ham Klodga mutlaqo kerak emas edi. Qaychi faqat bichish-tikishni biladigan ayolga asqotishi, kitob — savodxon odam uchun kerak bo‘lishi mumkin edi. Klod esa tikishni ham, o‘qishni ham bilmasdi.
U ko‘hna monastirning ohak bilan oqlangan ravonidan o‘tib keta turib (qish faslida mahbuslar shu ravonda sayr qilardilar), derazaga o‘rnatilgan temir panjaraning yo‘g‘on chiviqlarini diqqat bilan kuzatayotgan Ferrari ismli mahbus oldiga yaqinlashdi. Klodning qo‘lida boyagi kichkina qaychi bor edi; u Ferrariga o‘sha qaychini ko‘rsatib, dedi:
— Men bugun kechqurun mana shu qaychi bilan panjarani kesaman.
Ferrari unga ishonqiramay kulib qo‘ydi, Klod ham kulib yubordi.
O‘sha kuni ertalab Klod astoydil tirishqoqlik bilan ishladi. Hech qachon uning qo‘llari bu qadar epchil va chaqqon bo‘lmagan edi. Bu harakatidan, u go‘yo olgan buyurtmasi — poxol shlyapani tushlikkacha to‘qib bitirishga jazm qilganday ko‘rinardi, bu shlyapani unga Trua shahrining diyonatli fuqarosi, Brese degan odam buyurgan va xizmat haqini oldindan to‘lab qo‘ygan edi.
Klod tushga yaqin bir nimani vaj qilib, bir qavat pastdagi duradgorlik ustaxonasiga tushdi.
Klod bu ustaxonaga juda kam kirardi, holbuki bu yerdagi mahbuslar ham uni yaxshi ko‘rishardi.
— Qaranglar, Klod keldi!
Uni o‘rab olishdi. Hamma suyunib ketdi.
Klod darhol butun ustaxonaga ko‘z yugurtirib chiqdi — nozirlardan hech kim yo‘q edi.
— Kim menga boltasini berib turadi? — deb so‘radi u.
— Nima qilasan? — deyishdi hayron bo‘lgan mahbuslar.
Klod javob qildi:
— Bugun kechqurun bosh nozirni o‘ldirmoqchiman.
Unga, o‘zing tanlab ol, deb bir nechta boltani ko‘rsatishdi. U o‘tkir qilib charxlangan eng kichkina boltachani tanlab oldi va uni kamzuli ostidan shimining lippasiga qistirdi-da, ustaxonadan chiqib ketdi. Bu payt duradgorlik ustaxonasida yigirma yettita mahbus ishlayotgan edi. Garchi Klod ulardan o‘zi jazm qilgan ish haqida hech kimga aytmaslikni iltimos qilmagan bo‘lsa ham, hech birlari bu haqda og‘iz ochmadi. Hattoki o‘zaro gaplashganlarida ham bu masalani tilga olishmadi. Har bir mahbus voqea yechimini sukut saqlab kutardi. Bu nihoyatda dahshatli, lekin ayni paytda haqqoniy va barcha uchun kunday ravshan bo‘lgan ish edi. Buning amalga oshishiga hech kim monelik qila olmas edi. Klodni ahdidan qaytarish ham, bu haqda chaquv qilish ham hech kimning qo‘lidan kelmasdi.
Oradan bir soat o‘tdi. Klod sayr chog‘ida nuqul homuza tortayotgan o‘n olti yoshli mahbus bola oldiga borib, unga o‘qish-yozishni o‘rganishni maslahat berdi. Xuddi shu asnoda boshqa mahbus — Fayet Klodga yaqin kelib so‘radi:
— Nima u kamzuling ichiga yashirib olganing?
Klod javob qildi:
— Bolta. Bugun kechqurun janob D. ni o‘ldirmoqchiman.
So‘ng o‘zi so‘radi:
— Nima, sezilyaptimi?
— Sal-pal, — deb javob qildi Fayet.
Ish kuni, odatdagidek, nihoyasiga yetdi. Kech soat yettida mahbuslarni o‘zlari ishlagan ustaxonalarga qamashdi; nozirlar har kungi odatlari bo‘yicha chiqib ketishdi, ular boshliq hamma ustaxonalarni aylanib chiqqanidan keyin qaytib kelishardi.
Klod Gyoni ham o‘rtoqlari bilan birga ustaxonaga qamab chiqib ketishdi.
Ana shundan keyin bu ustaxonada mutlaqo g‘ayrioddiy voqea — ham tahlikali, ham ulug‘vor, yagona va beqiyos voqea sodir bo‘ldi.
Keyinchalik, sud tergovida aniqlanishicha, o‘sha chog‘da bu ustaxonada o‘g‘rilik qilib qamalgan sakson ikkita mahbus bor edi: Klod ham shu hisobda edi.
Nozirlar chiqib ketishi bilan, Klod bir skameyka ustiga sakrab chiqdi va hammaga eshittirib, sizlarga bir gap aytmoqchiman, dedi. Odamlar sukutga tolishdi.
Shunda Klod baralla ovoz bilan bayonot berdi:
— Hammangiz yaxshi bilasiz, Alben mening inim edi. Bu yerda beradigan ovqatlari menga yetmaydi. Chetga ishlab topgan besh-olti chaqa pulimga ham non sotib olaman — shundayam qornim to‘ymaydi. Alben esa o‘z ulushini men bilan baham ko‘rardi. Dastlab meni boqqani uchun, keyinroq esa, meni yaxshi ko‘rgani uchun men ham uni yaxshi ko‘rib qolgandim. Bosh nozir janob D. bizni bir-birimizdan judo qildi. Bizning inoq bo‘lganimiz unga zarracha ham ziyon qilmasdi, lekin u ichi qora, yovuz odam boshqalarni azoblashdan huzur qiladi. Men unga juda ko‘p marta iltijo qilib, Albenni yonimga qaytarishni so‘radim. Hammangiz ko‘rdingiz, u iltijolarimga quloq solmadi. Men unga to to‘rtinchi noyabrgacha muhlat berdim. Shu gapim uchun u meni kartserga qamadi. Ana shu vaqt ichida men uni sud qilib, o‘limga mahkum etdim. Bugun to‘rtinchi noyabr. Ikki soatdan keyin u bizni ko‘zdan kechirgani shu yerda bo‘ladi. Bilib qo‘yinglar, men uni o‘ldiraman. Xo‘sh, sizlar nima deysizlar?
Hamma sukutda.
Shunda Klod yana gapira boshladi. Endi u shunday g‘ayritavsif fasohat bilan gapirdiki, bu xislat uning tabiatiga xos edi. U o‘zining qanday mudhish jinoyatga qo‘l urayotganini yaxshi tushunishini, ammo o‘zini haq deb hisoblayotganini bayon qildi. U o‘z nutqini tinglayotgan sakson bir nafar o‘g‘rini halol, insofli bo‘lishga da’vat etib, o‘zining tamomila umidsizlikka tushganini;
boshqa iloji qolmaganligidan o‘zi adolatli hukm chiqarishga majbur ekanligini;
turgan gapki, boshliqni o‘ldirgani uchun, o‘zi ham o‘lishi kerakligini lekin shunga qaramay, haqiqat yo‘lida jonini fido qilishga tayyor ekanligini;
u ikki oy muttasil mulohaza qilib, nihoyat, komil ishonch bilan shu qarorga kelganligini;
uning bunday ish tutishga da’vat etayotgan narsa aslo qasos tuyg‘usi emas, balki adolat talabi (bunga u qat’iy ishonadi) ekanligini, binobarin, agar xato qilayotgan bo‘lsa, o‘rtoqlari bu haqda dangal uning yuziga aytishlarini;
u o‘z dalillarini odilona mulohaza qilish layoqatiga ega bo‘lgan odamlar hukmiga ochiq-oydin havola qilayotganini;
u janob D.ni o‘ldirmoqchi ekanligini, ammo agar bunga biron kishi e’tiroz bildiradigan bo‘lsa, uning mulohazasini eshitishga tayyor ekanligini bayon qildi.
Klodning bu nutqiga javoban faqat bir kishining ovozi eshitildi.
Kimdir dedi:
— Bosh nozirni o‘ldirishdan oldin Klod oxirgi marta unga murojaat qilib, uni gapga ko‘ndirishga urinib ko‘rsin.
— To‘g‘ri fikr, — deb rozi bo‘ldi Klod, — men xuddi shunday qilaman.
Devordagi kattakon osma soat sakkiz marta zang chaldi. Bosh nozir roppa-rosa soat to‘qqizda kelishi kerak edi.
Bu g‘ayrioddiy kassatsiya sudi Klod chiqargan hukmni tasdiqlagandek bo‘lgani hamono, uning dili mutlaqo taskin topdi. U o‘zida qolgan jamiki faqirona kiyim-kechaklarni, mahbusligida olgan barcha lash-lushlarni stol ustiga yoyib qo‘ydi-da, Albendan keyin o‘zi xush ko‘rgan boshqa mahbuslarni bittama-bitta chaqirib, shu buyumlarini ularga bo‘lashib berdi. Faqat kichkina qaychini o‘zida olib qoldi.
Keyin hamma bilan bir-bir vidolashdi. Bu vidolashuvdan ko‘zyosh qilganlar ham bo‘ldi, lekin Klod ularga muloyim jilva qilardi.
Bu oxirgi soatning ayrim daqiqalarida Klod shu qadar xotirjam va hatto quvnoq kayfiyatda bo‘ldiki, ko‘pchilik o‘rtoqlari, keyinchalik hikoya qilib berishlaricha, shoyad, u o‘z niyatidan qaytsa, deb umid ham qilgan ekanlar. U hatto ustaxonani yoritib turgan shamlardan birini burun teshigi bilan puflab o‘chirib hazilkashlik ham qildi…
… U bir yosh mahbusning avzoiga e’tiborini qaratdi: uning rangi quv o‘chib, Kloddan ko‘z uzmay baqrayib qolgan va hozir yuz beradigan fojiani a’zoi-badani dag‘-dag‘ qaltirab, yurak hovuchlab kutardi.
— Bardam bo‘l, bolakay, — mehribonlik bilan dedi unga Klod, — bu atigi bir daqiqalik ish!
Klod o‘z narsalarini ulashib bo‘lib, hamma o‘rtoqlari bilan mahkam qo‘l siqishib, vidolashganidan keyin, ustaxonaning burchak-burchaklaridan eshitilayotgan hayajonli gaplarni bas qilishni va yana ishga kirishishni buyurdi. Hamma uning buyrug‘iga so‘zsiz itoat etdi.
Mazkur voqea yuz berayotgan ustaxona to‘g‘ri to‘rt burchakli uzun xona bo‘lib, derazalari ikkala uzun devorlarga o‘rnatilgan, uning ikki eshigi esa, bir-biriga qarama-qarshi tarafda edi. Dastgohlar derazalar yoqalab qator terilib turardi, o‘rindiqlar dastgohlar oldiga bir uchi devor tomonga qaratib qo‘yilgandi. Ikki qator tizilgan dastgohlar oralig‘ida ochiq joy bo‘lib, bu ikki eshikni bir-biriga ulovchi uzun yo‘lak vazifasini bajarardi. Ustaxonani ko‘zdan kechirish uchun kirgan bosh nozir mana shu uzun va torgina yo‘lakdan o‘tib ketishi kerak edi. Odatda, u janub tomondagi eshikdan kirar va ikki tarafda ishlayotgan ishchilarga nazar tashlab o‘tib, shimol yoqdagi eshikdan chiqib ketardi. Bu yo‘lni u doim hech yerda to‘xtamay tez bosib o‘tardi.
Klod o‘z o‘rniga borib ishga kirishdi.
Yurakni ezadigan kutish oni boshlandi. Mash’um payt yaqinlashib kelayotgan edi. Qo‘ng‘iroq jom chaldi.
— Soat chorak kam to‘qqiz, — dedi Klod.
U asta o‘rnidan turdi, ustaxona o‘rtasidagi tor yo‘ldan sekin-sekin yurib borib, kirish eshigiga yaqin turgan chap tomondagi dastgohga suyandi. Uning chehrasida xotirjamlik, hattoki xayrixohlik nishonasi aks etardi.
Soat to‘qqizga jom chalindi. Eshik ochilib, bosh nozir kirdi. Ustaxonada qabriston sukunati hukm surardi. Boshliq, o‘z odati bo‘yicha, yolg‘iz edi. Uning chehrasida har safargidek, quvnoq takabburlik, mag‘rurlik va beshafqatlik aks etardi; u kiraverishda chap tomonda, o‘ng qo‘lini cho‘ntagiga tiqib qimir etmay turgan Klodni payqamay, dastlabki dastgohlar yonidan nimanidir yoqtirmaganday, boshini sarak-sarak qilib, bir nimalar deb to‘ng‘illab tez yurib o‘tdi; u atrofga loqaydlik bilan nazar tashlarkan, bu yerdagi hamma mahbuslarning nigohi o‘ziga qaratilganini ham, hammani bitta mudhish fikr qamrab olganini ham payqamadi.
U birdan oyoq tovushini eshitib, shaxt orqasiga o‘girildi.
Klod eshik oldidan boshlab, boshliqning orqasidan jimgina izma-iz kelayotgan edi.
— Nima qilyapsan bu yerda? — dedi ajablangan nozir. — Nega sen o‘z o‘rningda emassan?
Turmada odam odamgarchilikdan chiqadi, u — bu yerda it, unga sen deydilar.
Klod Gyo boshliqning hurmatini o‘rniga qo‘yib, javob berdi:
— Janob bosh nozir, sizga aytadigan ikki og‘iz gapim bor edi.
— Yana nima gap?
— Alben haqida.
— Yanami? — dedi boshliq qahri qaynab.
— Ha, yana! — dedi Klod.
— Bundan chiqdi, — dedi boshliq yo‘lida davom etarkan, — bir sutka kartserda yotib chiqqaning kamlik qilibdi-da?
— Janob bosh nozir, o‘rtog‘imni yonimga qaytaring, — deb gapida davom etdi Klod nozirning orqasidan ergashib borarkan.
— Bu mumkin emas!
— Janob bosh nozir, — deb Klod shunday ayanchli ovoz bilan yolbora boshladiki, agar iblis eshitsa, uning ham ko‘ngli yumshab ketgan bo‘lardi, — o‘tinib so‘rayman sizdan, Albenni qaytarib bering menga. Ko‘rasiz, unda astoydil tirishib ishlayman. Siz erkin odamsiz, ahvolimni tushunmayapsiz, haqiqiy do‘st nimaligini bilmaysiz. Mening hech vaqoim yo‘q… Qamoqxonaning shu to‘rt devoridan boshqa. Siz hamma yerga borishingiz, xohlagan odamingiz bilan uchrashishingiz mumkin, mening esa hech kimim yo‘q shu Albendan boshqa. Iltimos, uni yonimga qaytaring. Faqat Alben tufayli mening qornim to‘q edi, buni o‘zingiz ham yaxshi bilasiz. Sizga bir og‘izgina: “mayli” deyish qiyinmi? Klod Gyo degan va Alben degan ikkita odam birgalikda bitta ustaxonada ishlashsa, sizga baribir emasmi. Buning nimasi qiyin? Janob bosh nozir, mehribonim janob D., rahm qiling, aziz avliyolar haqqi-hurmati, iltijo qilaman!
Klod hali hech qachon turma noziriga bu qadar ko‘p gapirmagan edi. Uning asab torlari tarang tortilganidan butkul tinkasi quridi va sukut saqlab, javobni kuta boshladi. Boshliq g‘ijinib, e’tiroz bildirdi:
— Bu mumkinmas. Senga aytganman. Gapni bas qil. Jonimga tegding.
Shunday deb, u shoshib turgani uchun qadamini ildamlatdi. Klod uning orqasidan ergashib boraverdi. Shu zaylda ikkovlari narigi eshik oldiga yaqin borib qolishdi; sakson bitta mahbus nafratini ichlariga yutgancha bularni kuzatar, gaplarini eshitib turardilar.
Klod boshliqning qo‘liga sekingina qo‘l uchini tekkizdi.
— Hech bo‘lmasa, bitta savolimga javob bering: qaysi gunohim uchun meni o‘limga mahkum etyapsiz? Nega bizni bir-birimizdan judo qildingiz? Nega?
— Senga buni aytganman, — dedi nozir, — shunga… — So‘ng Klodga orqa o‘girib, eshikning tutqichidan ushladi.
Bunday javobni eshitgan Klod bir qadam orqaga tisarildi. Sakson bitta odam uning cho‘ntakdan qo‘l chiqarganini, qo‘lida bolta borligini dahshatdan tosh qotib kuzatib turardi. Klod bolta ushlagan qo‘lini yuqoriga ko‘tardi va nozir chinqirib yuborishga ham ulgurmay, jon-jahd bilan uning faqat boshiga to boshchanog‘ini yong‘oqdek chaqib yubormaguncha zarb bilan uraverdi. Nozir chalqanchasiga yiqilarkan, Klod to‘rtinchi zarba bilan uning basharasini majaqlab tashladi. Lekin sirtiga otilib chiqqan g‘azab alangasini o‘chirish oson emas — Klod beshinchi zarba bilan uzala tushib yotgan nozirning sonini jarohatladi. U o‘lgan edi.
Shundan so‘ng Klod boltani otib yuborib:
— Endi navbat boshqasiga! — deb chinqirdi.
Boshqasi, deganda u o‘zini nazarda tutgan edi. U kamzulining cho‘ntagidan xotinining qaychisini chiqardi va, odamlar unga xalaqit qilishga ulgurmay, uni o‘z ko‘ksiga sanchdi. Qaychining tig‘i kalta, ko‘krakdagi yurak esa chuqur edi. U ko‘kragiga yigirma martacha ketma-ket qaychi sanchdi.
— Ey la’nati yurak, senga hech yetolmayapman! — deb hayqirdi Klod.
Nihoyat, u qora qoniga belangancha, hushidan ketib, o‘lik jasad ustiga yiqildi.
Bu ikkovidan qaysi biri qotil va qay biri qurbon edi?
Klod hushiga kelib, o‘zini kasalxona karavotida ko‘rdi. Uning hammayog‘i doka bilan o‘rab tashlangan, tepasida shafqat hamshiralari parvona edi. Hatto uni so‘roq qilgani kelgan tergovchi ham hamdardlik bilan dedi:
— Qalay his qilyapsiz o‘zingizni?
Klod juda ko‘p qon yo‘qotgan edi, lekin o‘z joniga qasd qilish uchun qaychi bilan qilgan jarohatlaridan birontasi ham uni mahv etolmadi. Ammo uning janob D. ga bergan zarbalaridan vujudga kelgan jarohatlar mahvkor jarohatlar edi.
Tergov boshlandi. Klervo turmasidagi ustaxonalar boshlig‘ini siz o‘ldirdingizmi, degan savolga Klod: ha, deb javob qildi. Undan: nega, deb so‘rashganda u: shunga, deb javob qaytardi.
Bu orada uning jarohatlari yiring bog‘lab, qon buzilishi oqibatida o‘lishiga bir bahya qoldi.
Noyabr, dekabr, yanvar va fevral oylari Klodni davolash va sudga hozirlik ko‘rish bilan o‘tdi. Vrachlar va sudyalar Klodning tepasida parvona bo‘ldilar. Birinchilari uning jarohatlarini davolash bilan ovora bo‘lsalar, ikkinchilari uning uchun jallod kundasini hozirlash bilan band edilar.
Gapni muxtasar qilaylik, 1832 yilning 16 martida tamomila sog‘aygan Klod Trua shahrining maslahatchilar sudiga ro‘para qilindi. Bu sud majlisida butun shahar ahli ishtirok etdi.
Klod sudda o‘zini juda yaxshi tutdi. U soqol-mo‘ylovini yaxshilab olgan va sud oldida boshyalang turardi. Egniga Klervo turmasi mahbuslarining kulrang matodan tikilgan ko‘rimsizgina libosini kiygandi.
Qirol prokurorining buyrug‘i bilan butun okrugdagi soldatlarni sud zaliga yig‘ib kelishdi “guvoh sifatida so‘zga chiquvchi mahbuslarni jilovlab turish uchun”, deb izohladi prokuror sud majlisi paytida. Guvohlarni so‘roq qilish boshlanganda hech kutilmagan qiyinchilik yuzaga keldi. 4 noyabr voqeasining shohidlaridan biron kishi ham guvohlik berishni xohlamadi. Rais, qattiq chora ko‘rilishini aytib, ularni qo‘rqitib ham ko‘rdi. Lekin uning gapi zarracha ham ta’sir qilmadi. Bu holni ko‘rgan Klod mahbuslarga yuzlanib, itoat etinglar, deb buyurdi. Shundan keyin guvohlarning tili biyron bo‘lib, hamma ko‘rganlarini gapirib bera boshlashdi.
Klod guvohlarning gaplarini zo‘r diqqat bilan eshitdi. Agar bironta guvoh sudlanuvchining aybini og‘irlashtiruvchi bitta-yarimta tafsilotni esidan chiqarib qo‘ysa yo uni atayin tilga olmasa, Klod darhol uning gapini tuzatardi.
Shunday paytlar ham bo‘ldiki, zalda hozir bo‘lgan ayollar yum-yum yig‘lashdi. Sud ijrochisi Albenni chaqirdi. Endi guvohlik navbati unga kelgandi. U behol qadam bosib, yig‘idan o‘pkasi to‘lib, entika-entika kirib keldi. Kira solib o‘zini Klodning quchog‘iga otdiki, hatto jandarmlar ham unga to‘sqinlik qilishga ulgurolmadilar. Klod uni bag‘riga bosib, yiqilib tushishdan ushlab qoldi va qirol prokuroriga jilmayib turib dedi:
— Mana o‘sha o‘z nonini boshqalar bilan baham ko‘ruvchi yovuz odam. — Shunday deb u Albenning qo‘lidan o‘pdi.
Odamlarning sudda guvohlik berishi tugaganidan keyin, qirol prokurori o‘rnidan turdi va o‘z nutqini quyidagi so‘zlar bilan boshladi:
— Janob sud maslahatchilari, agarda odil sud qarshingizda turgan mana bu eng ashaddiy jinoyatchini jazoga tortmas ekan, butun jamoatchilik to eng tub negizigacha hayratga tushadi… hokazo va hokazo.
Mazkur unutilmas “nodir” nutqdan keyin Klodning advokati so‘z oldi. Prokurorning nutqi bilan himoyachining so‘zi tinglovchilarning kayfiyatida shunday og‘ishuvlarni vujudga keltirdiki, odatda bu narsa jinoiy protsess deb nomlanuvchi tortishuv chog‘ida sodir bo‘lib turadigan hol edi.
Klod, hali hamma gap aytilmadi, degan qarorga keldi va o‘rnidan turib, g‘oyat ajib va hayratomuz nutq so‘zladi; shu sud majlisiga qatnashayotgan o‘tkir didli bir ziyoli kishi bunday nutqdan zo‘r hayajon va hayratga keldi.
Bu do‘lvor, savodsiz ishchi yigit qotilga emas, ko‘proq notiqqa o‘xshab ketardi. U sud oldida ochiq yuz, oydin chehra bilan dadil boqib turarkan, ovozini balandlatmay, ammo dil-dilidan chiqarib, qo‘llarini bir xilda, lekin salobat bilan harakat qildirgancha gapirdi. U hamma bo‘lgan voqeani, qanday yuz bergan bo‘lsa shundayligicha, lo‘nda qilib so‘zlar ekan, hech bir narsani bo‘rttirmadi ham, bo‘lgan biron ishni yashirmadi ham. U ayblovning to‘g‘ri ekanligini e’tirof etib, 296 nchi moddaga mardona tik qaragancha, boshini kundaga qo‘yishga rozi bo‘ldi va bu bilan butun jamoani qattiq hayajonga soldi; odamlar uning nutqidagi ayrim jumlalarni bir-birlarining quloqlariga pichirlab gapira boshladilar.
Zalda dam-badam pichir-pichir, g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovozlar ko‘tarilib turardi; Klod shunday paytlarda nafasini rostlab olib, butun jamoaga mag‘rurona nigoh tashlardi.
Lekin shunday daqiqalar ham bo‘ldiki, bu savodsiz ishchining so‘zlari xuddi yaxshi ma’lumot olgan zukko odamning nutqi singari nazokat va fasohat bilan yo‘g‘rildi. Ayni paytda u o‘zini kamtarin, sipo tutar, go‘yo tubsiz jar yoqalab borayotgan odamday so‘zida ehtiyot bo‘lar, sud ishining borishini diqqat bilan kuzatarkan sud ma’murlari bilan samimiy munosabatda bo‘lardi.
U faqat bir marta — qirol prokurorining, biz yuqorida tilga olib o‘tganimiz, nutqida, Klod Gyo ustaxonalar boshlig‘ini hech qanday sababsiz o‘ldirgan, zero, boshliq tomonidan unga nisbatan na zo‘rlik, na zug‘um o‘tkazilgan, degan so‘zlarini eshitganida o‘z g‘azabini tiyib turolmadi.
— Ie, qanaqasiga! — deb yubordi u birdan. — Hali uning tomonidan menga nisbatan hech qanday zug‘um o‘tkazilmabdimi? Ha, albatta, siz haqsiz, tushunaman niyatingizni. Agar menga bir mast odam bir musht tushirsa-yu men shu sababli uni o‘ldirib qo‘ysam, — “muruvvat” ko‘rsatib, meni katorgaga surgun qilardingiz, negaki mast odam tomonidan menga zug‘um qilingan. Illo ichkilik ichmagan, es-hushi joyida bo‘lgan odam to‘rt yil muttasil meni tahqirlasa, kamsitsa, to‘rt yil davomida har kun, har soat, har daqiqa sayin hech kutilmagan so‘zlar bilan haqorat qilsa mayli-a — to‘rt yil surunkasiga! Men o‘z ayolimni sevardim — shuni deb o‘g‘irlik qildim, — u ana shu ayol haqida har xil sassiq gaplar aytib, dilimni og‘ritdi; mening bolam bor edi, shu bolam deb o‘g‘irlik qilgandim — u bo‘lsa, bolam haqida bo‘lar-bo‘lmas gaplar aytib, meni iztirobga soldi; turmada beriladigan non menga kamlik qilardi, do‘stim o‘z ulushini men bilan baham ko‘ra boshladi, — lekin u meni do‘stimdan judo, nondan mahrum qildi. Men undan do‘stimni yonimga qaytarishni iltimos qilsam, u meni kartserga hibs etdi. Men u politsiya ayg‘oqchisini siz deb chaqirsam, u menga sen dedi. Men unga o‘z dardimni aytsam, u menga, jonga tegding, dedi. Ayting, nima qilishim kerak edi sizningcha? Ha, men uni o‘ldirdim. Ha, men yovuz maxluqman, chunki bu qotillik hech qanday sababsiz yuz berdi. Siz endi meni qatl etmoqchimisiz? Mayli, qatl etavering!
Men aminmanki, bu qudratli va haqqoniy dalil, faqat jismoniy ig‘vogina jinoyatchining aybini yumshatishi mumkin, degan tuzumning naqadar adolatsiz ekanligini ochiq-oydin fosh qilib tashladi. Holbuki, bizning qonun chiqaruvchi idoralarimiz axloqiy ig‘voning naqadar mash’um ayb ekanligiga e’tibor berishni hech o‘ylab ko‘rmaydilar.
Muzokara nihoyasida sudya aniq va lo‘nda xulosa chiqardi. Uning xulosasi quyidagicha bo‘ldi: “Uning butun umri qabohatdan iborat. Binobarin, u — ma’naviy majruh maxluq. O‘z hayotini fohisha bilan qovushishdan boshlagan, keyin o‘g‘irlik qilgan va nihoyat, odam o‘ldirgan”. Bularning hammasi haqiqat edi.
Sud maslahatchilari o‘z xonalariga chiqib ketishlari oldidan rais sudlanuvchidan, sudda qo‘yilgan so‘roqlar yuzasidan biron-bir aytadigan gaping bormi, deb so‘radi.
— Faqat ikki og‘iz, — deb javob qildi Klod. — Chunonchi, gap bunday. To‘g‘ri, men o‘g‘ri va qotilman, ha, men o‘g‘irlik qildim va odam o‘ldirdim. Lekin nima uchun o‘g‘irlik qildim? Nega odam o‘ldirdim? Sizlar, janob sud maslahatchilari, boshqa so‘rovlar qatoriga shu ikkita savolni ham qo‘yib ko‘ringlar.
O‘n besh daqiqalik muhokamadan keyin Shampan viloyatining janob sud maslahatchilari deb nomlanuvchi o‘n ikki nafar fuqarosi Klod Gyoni o‘lim jazosiga hukm qildi.
Turgan gapki, ayrim sud maslahatchilari sud jarayoni boshlangan chog‘dayoq sudlanuvchining quloqqa xunuk eshitiluvchi familiyasiga e’tibor qaratgan edilar1 va bu narsa ularga yomon ta’sir etgan edi.
Hukmni Klodga o‘qib eshittirishganda, u faqat ushbu so‘zlarni aytish bilan cheklandi:
— Juda soz. Lekin nima sababdan bu odam o‘g‘irlik qildi? Nega u odam o‘ldirdi? Mana shu ikkita savolga sud maslahatchilari baribir javob bermadilar.
Klod turmaga qaytib kelgach, bamaylixotir kechlik qildi va dedi:
— Mana, o‘ttiz olti yil umr kechirdim.
U shikoyat arizasi berishni xohlamadi. Lekin betob yotgan chog‘ida uni parvarish qilgan hamshiralardan biri yum-yum yig‘lab, ariza berishni iltijo qildi. Klod hamshiraga rahmi kelganidan bunga rozi bo‘ldi. Lekin u, aftidan, avvaliga ancha tixirlik qilgan bo‘lsa kerak, arizaga imzo chekkanida, ariza berish uchun qonun belgilagan uch kunlik muhlat o‘tib ketgan edi.
Klodning rozi bo‘lganidan suyunib ketgan shafqat hamshirasi unga besh frankli tanga sovg‘a qildi. Klod pulni olib, minnatdorchilik bildirdi.
Trua shahridagi barcha mahbuslar Klodni, uning arizasiga javob kelmasdan burun, qamoqdan qochirmoqchi bo‘lishdi, ular unga shunchalik sodiq edilar. Lekin Klod bu taklifni qat’iyan rad etdi.
Mahbuslar uning kamerasiga tuynukcha orqali juda ustalik bilan mix, temir chiviq va chelakning bandini tashladilar. Klod farosatli, uquvli odam bo‘lgani uchun, bu narsalardan birontasi bilan albatta oyog‘idagi kishanni arralay olishi mumkin edi. Lekin u chelak bandini ham, temir chiviqni ham, mixni ham turma xodimiga topshirdi.
Bir ming sakkiz yuz o‘ttiz ikkinchi yilning sakkizinchi iyunida, qotillik yuz bergan kunga yetti oy-u to‘rt kun bo‘lganida Klodning o‘z aybini yuvadigan payti yetib keldi.
Shu kuni ertalab soat yettida Klodning kamerasiga sud ijrochisi kirdi va uning bir soatlik umri qolganini e’lon qildi.
Klodning avf etish to‘g‘risidagi arizasi rad etilgandi.
— Hay, mayli, — dedi u beparvolik bilan. — Bugun kechasi juda yaxshi uxladim, kelasi tunda yana ham miriqib uxlarkanman.
Irodasi baquvvat odamlarning o‘lim oldidan aytgan so‘zlari benihoya ulkan salobat kasb etadi.
Kameraga ruhoniy ota, so‘ng jallod kirdi. Klod ruhoniyga ehtirom, jallodga royish ko‘rsatdi. U o‘z ruhi va jismini hech e’tirozsiz baxshida qilgandi.
U mudom ruhan tetik kayfiyatda bo‘ldi. Uning sochini ustara bilan olishayotganda, kameraning narigi burchagida turgan kimdir Trua shahrida vabo tarqalishi xavfi borligi haqida gapirib qoldi.
— Lekin endi meni, — dedi shunda Klod jilmayib, — hech qanday vabo qo‘rqitolmaydi.
U ruhoniy otaning kalimalarini diqqat bilan tinglarkan, ilgari hech kim u bilan din haqida suhbatlashmaganidan taassuf qildi.
Klodning iltimosiga ko‘ra, uning qaychisini o‘ziga qaytarib berishdi. Qaychining bitta tig‘i yo‘q edi — Klod o‘z joniga qasd qilgan paytda tig‘ sinib, uning ko‘kragida qolgan edi. U turma xizmatchisidan, qaychini Albenga berib qo‘yishni va qaychiga qo‘shib o‘zining bugungi shuvag‘asi — nonini ham unga berishni iltimos qildi.
U yana, qo‘lini bog‘layotganlardan, o‘zining oxirgi va yagona boyligi — shafqat hamshirasi sovg‘a qilgan besh frankli tangani o‘ng qo‘liga tutqazishlarini iltimos qildi.
Soat chorak kam sakkizda u odatda o‘limga mahkum etilganlarni kuzatib boruvchi tumshaygan shotirlar bilan turmadan chiqdi. U rangi quv o‘chib, yayov yurib borarkan, ruhoniy otaning qo‘lidagi xochdan ko‘zini hech uzmadi. Lekin u ruhan tetik, qadam tashlashi dadil edi.
Bozor kuni edi. Ko‘proq odamni guvohlikka da’vat etish uchun qatlni atayin shu kunga tayinlashgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, Frantsiyada hali yarimvahshiy qasabalar bor ekanki, u yerlarning jamoalari nafaqat odamlarni o‘ldirishar, shuningdek, odam o‘ldirganlarini aytib maqtanishar ham ekan.
Klod, hamon ko‘zini xochdan uzmagancha, taxta supaga shaxdam-shaxdam yurib chiqdi. U avval ruhoniy otani, keyin jallodni o‘pmoqchi bo‘ldi — bu bilan u birinchisiga minnatdorchilik bildirishni, ikkinchisini kechirishni niyat qilgan edi. Jallod, sud hisobotida bayon qilinishicha, astagina uni o‘zidan chetlatibdi. Jallodning yordamchisi uni mash’um mashinaga bog‘layotganida, Klod ruhoniy otaga, o‘ng qo‘limning siqimidagi besh frankni oling, deb ishora qildi va dedi:
— Qashshoqlar uchun.
Shu mahal shahar minorasidagi soat jom chalib, Klodning ovozini bosib ketdi. Ruhoniy ota, eshitmadim, deb javob qildi. Klod chalinayotgan jomlar orasidagi tanaffus paytini kutib turib, qisqagina takrorladi:
— Qashshoqlar uchun.
Soat sakkizinchi marta jom chalib ulgurmasdan bu pokdomon va dono bosh bo‘ynidan cho‘rt uzilib tushdi.
Bunday tomoshalar olomonga zo‘r ta’sir etadi. Maydon o‘rtasida turgan gilotina pichog‘idagi qon hali yuvilmay o‘sha kuniyoq bozorda savdo-sotiq bilan shug‘ullanuvchi odamlar yangi joriy etilgan qandaydir soliqqa qarshi isyon ko‘tarishdi va soliq yig‘uvchilardan birini o‘ldirib qo‘yishlariga sal qoldi.
Bizning qonunlarimiz xalqni ana shunday itoatkorlikka da’vat etadi.
Biz Klod Gyo tarixini mufassal bayon qilishni o‘z burchimiz deb hisobladik, zero, imonimiz komilki, bu tarix sahifalaridan olingan har qanday parcha ham XIX asrda yashayotgan xalqlarning buyuk muammolarini hal qiladigan kitob uchun muqaddima vazifasini o‘tashi mumkin.
Bu insonning ajoyib hayotini asosan ikkita bosqichga — tushkunlikka tushguncha bo‘lgan va undan keyingi davrga ajratish mumkin. Bundan ikkita masala kelib chiqadi: tarbiyalash haqidagi masala va jazoga tortish masalasi: bu ikki masaladan uchinchi masala — butun jamiyat taqdiri masalasi vujudga keladi.
Klod Gyo, tabiatan shubhasiz, ham jismonan, ham ma’nan barkamol inson edi. Xo‘sh, undagi shu ezgu fazilatlarni takomillashtirishga nima xalaqit qildi? Mana shu haqda o‘ylab ko‘ringlar.
Hali yechimi topilmagan bu g‘oyat buyuk muammo insoniyat hayotida zaruriy muvozanatni tiklash uchun xizmat qilishi mumkin: tabiat insonning inson bo‘lishi uchun qancha hissa qo‘shgan bo‘lsa, jamiyat ham shuncha ulushini qo‘shsin.
Siz Klod Gyoga nazar tashlang, hech shubha yo‘qki, u — o‘tkir aql va ajoyib qalb sohibi. Lekin taqdir uni qabohatli jamiyat davrasiga uloqtirgandiki, bunda u o‘g‘rilik qilishga majbur bo‘ldi, keyin o‘sha jamiyat uni manfur turmaga olib borib tiqdiki, bu yerda u qotillik qilishga majbur bo‘ldi.
Xo‘sh, aslida kim aybdor bunga?
Umi?
Yo bizlarmi?
Bugungi kunda barcha zakovat ahlining miyasini band etgan masalalar shu qadar muhim va dolzarbki, hademay ular bizga albatta ro‘para keladilar, ana unda biz u masalalardan aslo ko‘z yuma olmaymiz, binobarin, haqiqatga tik qarab, bizdan nimalar talab qilinishini hal qilishimizga to‘g‘ri keladi.
Ushbu satrlar muallifi mazkur savolga javob berishga urinib ko‘rmoqchi.
Shunday dalillarga duch kelarkansan, bu masalalarning naqadar oshig‘ich va dolzarb ekanligi haqida o‘ylarkansan, beixtiyor o‘zingga o‘zing, hamonki mansabdor ma’murlar shu masala to‘g‘risida o‘ylamayotgan ekanlar, unda nima haqda bosh qotirib yotibdilar, deb savol berasan.
Deputatlar palatalari har kuni g‘oyat muhim ishlar bilan band. Albatta, mehnat qilmay katta daromad topuvchilarni yo‘q qilish va davlat byudjetini ortiqcha xarajatlardan tozalash — bular juda jiddiy ish. Shuningdek, mening yaxshi vatanparvar sifatida o‘zim tanimagan va tanishni ham istamagan graf Lobau janoblarining eshiklari tagida qorovul bo‘lib turishim uchun yoxud mansabdor shaxslarning amri bilan mening zobitim bo‘lib qolgan baqqol qo‘shnimning xohishini bajarish uchun Marini maydonidan paradda marsh qilib o‘tish uchun menga soldat mundirini majburlab kiydiruvchi qonunlar joriy qilish ham muhim masala.
Ha, janob deputatlar va janob ministrlar, samarasiz bahslashish, maza-matrasiz har xil masalalar va mulohazalar bilan bosh qotirish sizlar uchun juda muhim. Masalan, eng og‘ir jinoyatchi hisoblanmish — XIX asr san’atini sudning qora kursisiga jalb qilib, o‘zingiz berayotgan savolingizning ma’nisiga tushunmay so‘roq qilishingiz siz uchun nihoyatda muhim vazifa; yaxshiyamki, u jinoyatchi savollaringizga javob berishni istamaydi va istamay to‘g‘ri qiladi; janob hukmdorlar va qonun chiqaruvchilar, hattoki chekka shahar hamda qishloqlarning o‘qituvchilarini taajjubda yelka qisishga majbur etuvchi mumtoz adabiyot konferentsiyalarini o‘tkazish bilan vaqt o‘tkazishingiz juda muhim masala; shuningdek, faqat zamonaviy drama yaqin qarindoshlarning jinsiy aloqa qilishi, erning xotinga, xotinning erga vafosizligi, padarkushlik, o‘z farzandini o‘ldirish, odamlarni zaharlash kabi eng mash’um illatlarni kashf etdi, deb jar solish va bu bilan, orangizda hech qachon na Fedra haqida, na Iokasta bilan Edip haqida, na Medeya yo Rodoguna2 to‘g‘risida hech nima eshitmaganingizni isbotlashingiz ham foydali ish; ha, siyosiy notiqlarimizning Kornel va Rasinning asarlarini chop qilish uchun byudjetdan mablag‘ ajratish masalasi yuzasidan uch kunlab, to ovozlari bo‘g‘ilib qolguncha mubohasa yuritishlari va shu adabiy tortishuv chog‘ida bir-birlariga so‘z bermay (xususan, frantsuz grammatikasiga xilof ravishda tilni buzib javrashlari) ham benihoya zarur masala.
Bularning hammasi muhim albatta, holbuki, bizning fikrimizcha, bajarilishi kerak bo‘lgan bulardan ham muhimroq ishlar bor.
Masalan, deputatlar palatasida muxolifat va ministrlik o‘rtasida tez-tez avj olib turadigan nokerak muzokaralar orasida kimdir o‘rnidan turib yoki minbarga chiqib, baralla ovoz bilan quyidagi gaplarni aytsa, deputatlar nima degan bo‘lardilar:
— Hey, bu yerga yig‘ilib olib, bo‘lar-bo‘lmas gaplar bilan boshni qotiruvchilar, jim bo‘linglar. Sizlar o‘zingizni muhim masalalar bilan mashg‘uldek qilib ko‘rsatmoqchisizlar. Lekin aslida hech unday emas! Eng muhim masala u gaplaringiz emas, balki ushbudir:
Bundan bir yilcha muqaddam odil sud Pame shahrida bir insonni qiymalab tashladi, kechagina Dijonda bir ayolning boshi tanasidan judo etildi, Parijda Sen-Jak qopqasi oldida odamlar maxfiy tarzda qatl etilmoqda.
Birinchi navbatda ana shu hech kechiktirib bo‘lmaydigan masalalar bilan shug‘ullanish lozim!
Ana undan keyin sizlar yana milliy gvardiya askarlarining mundiridagi tugmalar qanaqa rangda — oqmi yo sariqmi — bo‘lishi haqida ham qaysi so‘zdan: ishonch so‘zidanmi yo e’tiqod so‘zidanmi foydalanish maqbulroq ekanligi haqida bir-birlaringiz bilan bahslashaverishingiz mumkin.
Ey, markaziy o‘rindiqlarda o‘tirgan hamda zalning o‘ng va so‘l taraflaridan joy olgan janob deputatlar, xalqning iztirob chekayotganidan xabaringiz bormi?
Frantsiya respublika deb ataladimi yo monarxiya davlati deb yuritiladimi, xalq baribir azob chekaveradi — bu shubhasiz hol.
Xalq och va yupun. Qashshoqlik uni jinoyat sari yo‘llamoqda, fahsh botqog‘iga cho‘ktirmoqda. O‘g‘illarini qamoqxonalar, qizlarini fohishaxonalar tortib olayotgan xalqqa rahmingiz kelsin. Bizda mahbuslar ko‘payib ketdi, fohishalar ko‘payib ketdi.
Bu ommaviy tus olgan ikki illat, ikki balo nimani bildiradi?
Bu — jamiyat vujudiga yomon qon aralashganidan dalolat beradi.
Baski siz bemorning tepasiga konsilium o‘tkazgani yig‘ilgan ekansiz, dardini davolash bilan shug‘ullaning.
Siz u dardni davolashni bilmaysiz. Demak, uni oldin puxta o‘rganib olishingiz kerak. Siz chiqarayotgan qonunlar faqat vaqtincha yengillik tug‘diruvchi nayranglardir. Siz joriy qilgan nizomlarning yarmi — mutaassiblik, yarmi — lo‘ttibozlik.
Badanni kuydirib tamg‘a bosish — yangi yaraga tuz sepishdek azob. Bu o‘ta bema’ni jazo jinoyatchini umrbod jinoyat bilan oshno qilib qo‘yadi.
Surgun (qamoq) — bu yaramas malham; u avval yomon qonni so‘rib olib, keyin uni yana-da ko‘proq zaharlab badanga singdiradi.
O‘lim jazosi — vahshiyona qassoblik.
Shunga qaramay, tamg‘a bosish ham, surgun ishlari ham, o‘lim jazosi ham hanuz amalga oshirilmoqda. Sizlar tamg‘a bosish jazosini bekor qildingizlar, bu yog‘iga ham o‘z faoliyatingizda izchil bo‘ling — qolgan ikki jazoni ham bekor qiling.
Cho‘g‘dek qizdirilgan temir tamg‘a, surgun va gilotina — bular bitta mantiqiy xulosaning uchta tarkibiy qismidir.
Sizlar qizdirilgan temir tamg‘adan voz kechdingiz. Lekin ayting-chi, mahbusning oyog‘idagi kishanning va gilotina pichog‘ining ahamiyati kattaroqmi?
Sizlar jinoyat bilan jazo oralig‘idagi bosqichni ifodalovchi o‘zingizning almisoqdan qolgan va betuturuq gradatsiyangizni endi buzib tashlang va uni qayta ishlang, jazoning yangi tarkiblarini, qonunlarning yangi kodeksini yarating, yangicha turmalar barpo eting, yangi sudyalarni tayyorlang. Joriy etgan qonunlaringizni zamonaviy rasm-taomillar bilan uyg‘unlashtiring.
Frantsiyada har kuni juda ko‘p odamlarning kallalari uzilmoqda, janoblar. Hamonki, sizlar tejamkorlikka amal qilayotgan ekansiz, bu sohada ham qo‘llang o‘sha tejamkorligingizni.
Hamonki, sizlar ortiqcha narsalarni yo‘q qilish ishtiyoqida yonayotgan ekansiz, birinchi galda jallod lavozimini bekor qiling. Frantsiyadagi saksonta jallod oladigan maosh bilan maktab o‘quvchilaridan olti yuz kishini ta’minlash mumkin.
Xalq haqida o‘ylanglar. Bolalarni maktab bilan, kattalarni ish bilan ta’minlang.
Boshqa Yevropa mamlakatlariga qiyos qiladigan bo‘lsak, eng ko‘p savodsiz odamlar Frantsiyada — sizlar shuni bilasizlarmi? Shu yaxshimi? Shveytsariya savodxon, Belgiya savodxon, Daniya, Gretsiya, Irlandiya — o‘qish-yozishni biladi, lekin Frantsiya bilmaydi! Qanday sharmandalik!
Sizlar surgunga boring. U yerga surilganlarning hammasini yig‘ing. Qonundan tashqarida bo‘lgan o‘sha jabrdiydalarning har birini diqqat bilan kuzating. Ularning yuz tuzilishini o‘lchab, bosh chanog‘ini paypaslab ko‘ring. Ana shunda, siz u kimsalarning har qaysisi biron zoologik maxluqni eslatayotganini, inson zotining hayvonot olamidagi jonivorlar bilan omuxta bo‘lib ketganini ko‘rasiz. Ulardan biri silovsinni, ikkinchisi mushukni, yana biri maymunni eslatadi, ba’zilari qirg‘iyga yo chiyabo‘riga o‘xshab ketadilar. Bunday badbasharalikka, birinchi navbatda, turgan gapki, tabiat sabab, undan keyin — tarbiya.
Tabiat insonni yaratish chog‘ida uning tarhini yomon chizgan, tarbiya esa, tarhdagi nuqsonlarni tuzata olmadi. Sizlar shu haqda g‘amxo‘rlik qilinglar, xalqqa yaxshi tarbiya beringlar, uni ma’lumotli qilinglar. Bu nodon va johil kishilar ongini rivojlantirishga urining, ularni fikr yuritishga o‘rgating. Xalqning aql darajasini imkon boricha kamol toptiring.
Frantsiya savodini chiqargandan keyin uni yanada ma’rifatli qilishni davom ettiring. Yo‘qsa, xalq hayotida yana boshqacha ishkallik yuzaga kelishi mumkin. Shuni bilingki, g‘irt nodonlik yomon bilimdan afzalroqdir… Lekin bu o‘rinda men ba’zi izohlarni aytib o‘tmoqchiman.
Sizlar qancha harakat qilmang, olomonning, xalq ommasining — xullasi kalom, aksariyat odamlarning qismati, ularning hayoti hamisha, ozmi-ko‘pmi og‘ir, g‘amgin va ayanchlidir. Ko‘pchilik odamlarning peshonasiga umrbod og‘ir mehnat qilish bitilgan, hayotning jamiki mashaqqatlarini shu ko‘pchilik o‘z yelkasiga ortmoqlagan.
Qarang, qanday adolatsizlik! Hayotning barcha quvonchlari — boylar mulkiyu, jamiki badbaxtlik va qayg‘u-hasrat esa kambag‘allarga ato etilgan. Hayot torozusiga qo‘yilgan yuk mutlaqo teng emas. Torozining bir pallasi, shubhasiz, bosib ketaveradi va shu tufayli jamiyat hayotidagi tengsizlik tengsizligicha qolaveradi.
Lekin siz qashshoq odamning torozi pallasidagi saodatli kelajakka umid, mangu mas’udlik ishtiyoqi, jannat halovati kabi salmoqli qadoq toshlarni qo‘ying — shunda siz pallalar vaznini tenglashtirasiz. Ana unda kambag‘alning hissasi boyniki bilan barobar bo‘ladi.
Buni Iso masih bilgan.
Sizlar zulmatda hayot kechirayotgan zahmatkash, jabrdiyda xalqning qalbiga uning uchun hozirlab qo‘yilgan boshqa, saodatli dunyoga ishonch tuyg‘usini singdiring.
U taskin topib, sabr-bardosh bilan kuta boshlaydi. Umid kishini bardoshli qiladi.
Qishloqlarga injil urug‘ini soching. Har bir xonadonga Bibliya ulashingki, har bitta kitob va injil urug‘i sochilgan har qaysi dala hamjihat bo‘lib, mehnatkash odamning ma’naviy kamolotiga yordam bersin.
Butun masala xalqni ma’rifatli qilishga qaratilgan. Insonda juda ko‘p tug‘ma xayrli iste’dodlar mavjud. Bu iste’dodlar rivoj topib, yaxshi mahsul berishi uchun, siz odamga ezgu fazilatning naqadar munavvar va muborak ekanligini ko‘rsating.
Odam qotillik qildi, lekin agar unga yaxshi rahnamolik qilinganda, u jamiyatning foydali a’zosiga aylangan bo‘lardi.
Xalqning savodini chiqaring, uni tarbiyalang, ma’rifatli qiling, ongiga axloq-odob tushunchalarini singdiring, undagi mavjud layoqatni kerakli tomonga yo‘naltiring, ana unda odamlarning boshini kundada chopishingizga vaj qolmaydi.
Qodir Mirmuhamedov tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2003 yil, 2-son