Qariya Gluxov oltmish sakkiz yoshida kampiridan ayrildi. Kampirini dafn qilganidan so‘ng marosimlarini o‘tkazdi. Yig‘ladi, siqtadi. «Endi qanday yashayman-a?» So‘qqa bosh… Beva qolgan hamma qariyalar nima desa, u ham shunday derdi. Rostdan ham unga qiyin bo‘ldi, judayam qiyin, qayg‘uli, ammo u «endi qanday yashashi» haqida o‘ylab ko‘rmasdi. Achchiq va og‘ir hislar og‘ushida edi: tamom-vassalom. Oldinga nazar tashlamasdi.
Ammo vaqt o‘tib borardi, bir yildan so‘ng, rostdan ham qariyaga qiyin bo‘lib qoldi. Go‘yoki zerikib, sog‘inib qolganday… Yo‘q, rostdan kampirini qo‘msardi. Huvillagan katta uyda yolg‘izlikdan yovvoyilashib qolgandi. Uning o‘g‘li bor edi, kichigi (kattalarini urush domiga tortgandi), ammo u shaharda yashardi, u kam kelar, kelganda ham kartoshka, tuzlangan karam, bodring, bolalariga deb asal (qariya olti quti asalari boqardi) olgani, cho‘chqa yog‘i olib ketgani kelardi. Bu kamnamo kelishlar qariyaga yoqmas, qaytanga jahlini chiqarardi. Yo‘q, u cho‘chqa yog‘ini ham, asalu bodringni ham qizg‘anmasdi. Axir… farzandi farzandiday emas, shunchaki kelib-ketar kishiday ekanligidan xafa bo‘lar, alami kelib g‘amga cho‘kardi. U o‘g‘liga cho‘chqa yog‘i, karam… ilinar ekan, yaxshirog‘ini berishga urinardi. U gapirmas, ko‘ngli ozorlansa ham nolimasdi. Xo‘sh, Vanka nima desin? Nima yordam qila oladi? Balki, birga qo‘shilishib uf tortar, bir shishani ikkalasi yumalatishar. Va ketadi u jomadonini ko‘tarib, o‘zining shahar-mahariga, oilasi yoniga. Mana shunaqa.
Shu sababdan qariya uylanmoqchi bo‘ldi. Ha. Va kelinni ham mo‘ljallab qo‘ydi. 9 may – G‘alaba kuni edi. Har doimgiday urushda halok bo‘lganlarni yodga olish uchun butun qishloq qabristonga yig‘ildi. Qishloq kengashining vakili ro‘yxat bo‘yicha o‘qiy boshladi:
– Grebtsov Nikolay Mitrofanovich.
Gulyayev Ilya Vasilevich.
Gluxov Vasiliy Yemelyanovich.
Gluxov Stepan Yemelyanovich.
Gluxov Pavel Yemelyanovich.
Keyingi uchalasi – qariya Gluxovning o‘g‘illari edi. Har doim ro‘yxatni o‘qishganda qariya Gluxovni g‘am chulg‘ab olar, go‘yo tomog‘ini shafqatsiz kuchli barmoqlar qattiq siqar, havo yetmay, nafas olishi qiyin bo‘lib qolardi… U yerga qaragancha turar, yig‘lamas, ammo ko‘zlari hech narsani ko‘rmasdi. U shu holatda uzoq turardi. Qishloq kengashi vakili esa ro‘yxatni o‘qishdan to‘xtamasdi:
– Oparin Semyon Sergeevich.
Popov Ivan Sergeevich.
Popov Mixail Sergeevich.
Popov Vasiliy Ivanovich…
Qabristondagilar jimgina yig‘lardilar. Aynan jim, indamay ipak ro‘mollar uchiga, kaftlariga sekingina oh urishar, go‘yoki odamlar ushbu damda lozim bo‘lgan jimlikni buzib qo‘yishdan qo‘rqqanday, jim turardilar. Qariya endi sal bo‘shashib atrofga qaradi. Xayolidan har safargiday bir o‘y o‘tdi: «Qanchalab odamning yostig‘ini quritdi bu urush!» Xuddi shu yerda, odamlar orasida turgan kampir Otavinaga nazari tushdi. Bu yerda anchadan beri yashasa ham,
Otavina asli bu yerlik emasdi, Gluxov uni tanirdi.
Bu qayg‘uli ro‘yxatda Otavina kampirning hech kimi yo‘q bo‘lsa-da, u hamma bilan birgalikda jimgina yig‘lar va cho‘qinardi. Gluxov Xudoga ishonadiganlarni hurmat qilardi. Chunki ular quvg‘inga uchrasalar ham, ustilaridan kulishsalar ham… iymonli insonlar bo‘lganliklari uchun chidashar, bukilmas edilar.
U Otavinani zimdan kuzatdi. Kampir qirg‘iyburun, gavdali, hali kuchdan qolmagan, tomorqa yumushlarini bajarish, karam tuzlash, pechka yoqish, non yopish kabi ishlarni bemalol eplay olardi. Qariya «Hukumatning noni»ni – do‘kondagini yeya olmasdi. Va birdan xayoliga: «U ham yolg‘iz, o‘zi qiynalayotgan bo‘lsa kerak… shunday emasmi?» – degan fikr keldi.
Gluxov uyiga qaytgach, o‘g‘illari xotirasi uchun ichdi. Keyin astoydil o‘ylay boshladi: «Kampir o‘zining uyini sotsa-da, menikiga ko‘chib o‘tsa, yashagani. Pulini esa deylik, mayli o‘z nomiga, daftarchasiga qo‘ysin. Mayli, menikida yashayvrsin, har holda, uy bo‘sh turmaydi. Hech bo‘lmasa, odamga o‘xshab hammomga kirib, keyin betashvish yotardik. Stolga narsalarni qo‘yib «Emelyan, o‘tir», deydigan odam bo‘lardi. Uyda tiriklik nishonasi ko‘rinarmidi! Axir kimdir pechkaning yonida nimanidir daranglatsa, taomdan bug‘ ko‘tarilib tursa, boshqacha bo‘ladi-da. Yoki deylik, kechasi uyqung qochsa, sekin gaplashib yotsang… Deylik, masalan, xo‘jalik brigadirini bo‘ralatib so‘kish mumkin. To‘g‘ri, Otavina dindor, boshqacha so‘zlarni topsayam bo‘ladi, albatta, so‘kinish shart emasdir. O‘zi-ku, ishing orqaga qarab ketayotgan bo‘lsa, to‘ringdan go‘ring yaqin, yetar shuncha so‘kinganlaring. Yo‘q, u kelsa, rostdan ham hammasi yaxshi bo‘ladi. Gapni u yoqqa aylantirsam ham, bu yoqqa aylantirsam ham – uyga bir ayol kerak. Ayol – ayol-da!» Qariya shunday o‘ylardi. Hatto, hayajonlanib ham qo‘ydi. Shunday qilib yakshanba kunlarining birida, u Olga Sergeevna Malishevanikiga – u ham kampir, ammo Otavinadan yoshroq, kallai sahardan jo‘nadi. Mana shu Olga Sergeevnani qariya Gluxov, qachonlardir pinhona qattiq sevardi. O‘shanda, navqiron yigitlik davrida, chiroyli va quvnoq Olgani sevib qolgandi. Malishevlarnikiga sovchi yuborishni xayol qilib turgan bir pallada inqilob boshlanib qoldi. Qishloqda qandaydir bir epchil komissar paydo bo‘ldi-yu, ana-mana deguncha shu aqlligina Olganing boshini aylantirib, keyin o‘zi bilan olib qayoqqadir jo‘nab ketdi. Olib ketishga ketdi-yu, ammo o‘zi qayergadir g‘oyib bo‘ldi. Urushda o‘lgandir balki. Olga Sergeevna esa qishloqqa qaytib keldi va shundan buyon yolg‘iz yashab keladi. O‘shanda, yoshlik yillari, bir kuni Yemelyan Gluxov, garchi uylangan bo‘lsa-da, Olga Sergeevnani xonasiga qamab olib (u qishloq kengashida kotiba bo‘lib ishlardi) yurak dardini unga ochdi. Bundan Olga Sergeevnaning jahli chiqdi, yig‘ladi va o‘zining lochin komissaridan keyin biron-bir kimsani hech qachon yaqiniga yo‘latmaganini aytdi. Gluxov unga hech qanday yomon niyati yo‘qligini, shunchaki sevib qolganligini tushuntirmoqchi bo‘lgandi (shirakayf edi u). Sevib qolgan bo‘lsa, buning nimasi yomon? Olga Sergeevnaning battar jahli chiqib, barcha erkak zoti yig‘ilib, uning unutilmas komissari tirnog‘iga ham arzimasligini qayta-qayta takrorladi. Shunday qilib, u barchaga o‘zining komissarini pesh qilaverib boshqalarniyam cho‘chitib yubordi, natijada hech kim uning yaqiniga yo‘lamay qo‘ydi. Ammo ko‘p suvlar oqib o‘tdi, hammasi unutildi, o‘tdi-ketdi, bu ko‘hna zaminda endi ularnikiga o‘xshamagan, boshqacha muhabbat kuyi yangradi. Qariya
Gluxov va nafaqaxo‘r Olga Sergeevna g‘alati bir tarzda do‘stlashib qolishdi. Qariya yolg‘iz qo‘l ayolga xo‘jalik ishlarida yordamlashib, qishda qorini kurar, o‘tinini yorar, supurgisiga dastak qo‘yib, tomini tuzatib berardi. Birga o‘tirib suhbat qurishar, Malisheva stolga choraktalik qo‘yardi… Gluxov undan hamon ozroq cho‘chib turar, shu bois sho‘ro hukumatini maqtashga urinardi…
– Qara, qanday ajoyib hukumatimiz bor! Ilgari qanday edi: keksalar qarib-chirib qolsayam birov qayrilib qaramas, ular hech kimga kerak emasdi. Endi-chi – nafaqa olasan. «Nima uchun menga har oyda yigirma so‘m berishadi?» – deb so‘raging keladi. O‘z o‘g‘lim kelib qolsa, besh so‘m beradi, ba’zan esidan chiqadi shuyam. Hukumat esa – kanda qilmaydi, mana ol!.. Komissarlar esa o‘shanda buni bilishgan. Ular yorqin hayot uchun o‘z jonlarini qurbon qilishdi. Men, Olga Sergeevna, ularning yorqin xotirasini o‘rnimizdan turib yod etishni taklif qilaman.
Olga Sergeevna esa bundan norozi bo‘lganday dedi:
– O‘tir. Endi nimaga kerak? Endi kerakmas. Ayol endi u komissarni kamdan-kam yodga olar, kechalari uni nimadir «bosmoqchi»day bo‘layotganini gapirardi.
– Mana shundoq, bosadi-bosadi tamom, ajalim yetdimi, deb o‘ylayman…
– Qayeringni bosadi u? Ko‘ksingnimi?
– E-e, hamma joyimni. Mana shundoq keladi-da, mana shundoq ezi-ib, bo‘ldi, tamom, o‘ldim deb o‘ylayman. Keyin sekin qo‘yib yuboradi, na qo‘l, na oyog‘im qimirlaydi. Qayergadir suzi-ib ketayotganday bo‘laman. Suzaveraman, suzaveraman.
– Ha-a, – rahmi keldi Gluxovning. – Bu shunaqangi ishki, bir kunmas bir kun oxiri suzi-ib ketib qolishing mumkin.
Xotinini tuproqqa topshirganidan keyin qariya Gluxov endi Malishevanikiga
yanayam ko‘proq keladigan bo‘lib qolgandi. Xo‘jalik ishlariga qarashar, ko‘proq ayvonda birga o‘tirib asalli choy ichishni yaxshi ko‘rardi. Qariya yog‘och xurmachada asal ko‘tarib kelardi. Gaplashib o‘tirishardi.
– Kampiringni sog‘inasanmi? – qiziqib so‘rardi Malisheva. Gluxov nima deyishini bilmas, agar bilmasdan noo‘rinroq nimadir deb qo‘ysa, Malisheva uni uyaltirishidan qo‘rqardi. U ko‘pincha, garchi mulzam qilmasa ham, qariyaning yoshi yetmishni qoralayotgan bo‘lishiga qaramay, hamon uning gaplariga ko‘proq quloq solishi, u esa jimgina tinglashi lozimligini pisanda qilardi.
– Sog‘inasanmi?
– Shunday… – noaniq javob qilardi Gluxov. – Achinasan, albatta. Har holda, biz u bilan ellik yil birga yashagandik.
– Birgalikda yuz yil ham yashash mumkin… ma’ni bo‘ldimi?.. Fillar ikki yuz yil yashashadi, nima ma’no bor?
Gluxovning jahli chiqdi.
– Mening uchta o‘g‘lim urushda halok bo‘ldi! Sen esa menga bunaqa so‘zlarni aytasan…
– Men hech narsa deganim yo‘q, – sal yumshaydi Malisheva. – Ular Vatan deb halok bo‘lishgan.
– Sog‘inaman, albatta, – dedi sal dadillashib Gluxov. – Bechora men bilan qanday kunlarni boshidan o‘tkazmadi-ya!.. Chidardi. Yoshligimda sal ahmoqroq edim, qo‘polroq… Hammasiga chidardi, mehribon edi. Achinaman.
– Aqlini qarang, bularning aqlini, – uf tortdi Malisheva. – Tesha olib tarashlash kerak sizdaqalarni! Yana ikki yuz yil tarashlash lozim, shundagina sizlar odamga o‘xshasalaring kerak. Mana sen, u bilan ellik yil birga yashading. Xo‘sh, nima bo‘pti? Arzigulik hech narsa aytib berolmaysan. Mana, mening tomorqamda qichitqi o‘sadi… uyam o‘sayapti. Yonida esa qulupnay. Farqi bormi?
– Sen nimaga jahl qilyapsan o‘zi? – Tushunmasdi Gluxov
– Farqi bormi deyapman senga?
–Buzoqni takaga o‘xshatding…
– O‘xshatamanam! Chunki birov yonib yashaydi, boshqasi esa tutab. Kimdir o‘zgalarni o‘ylab, kimdir faqat o‘zini o‘ylab yashab o‘tadi. Ayg‘irlar.
– Hammayam komissar bo‘lavermaydi! – «ayg‘ir» degan so‘zdan xafa bo‘lib javob qaytardi Gluxov.
– Ellik yil birga yashabdilar, – masxara qildi Malisheva. – Xo‘sh, undan bir
haftagagina yetgulik ma’no-mazmun chiqadimi?
– Xudoga shukr, ma’no-mazmun yetarli bo‘lgan. Oshig‘i bilan.
– Ha, ko‘rinib turibdi! – Malisheva lablarini o‘rdaknikiday cho‘chchaytirdi. – Ayg‘irlar.
Gluxov nima bilandir uning jahlini chiqarayotganini his etar, ammo u nima ekanligini hech tushunmasdi. Lekin u, baribir, Malishevanikiga kelishni kanda qilmadi. Ba’zida mana shunaqa g‘ijillashib qolishar, ba’zan esa tinchgina xayrlashishardi. Qarabsizki, oqshomlar sezilmasdan o‘tib turardi.
Bu yakshanbada u Malishevanikiga quruq qo‘l bilan – bolta, arrasiz keldi. Gaplashgani keldi. Maslahatlashgani. Yordam so‘rab keldi.
– Sergeevna, men bir maslahat bilan keldim. Yordam bersang.
– Qanday hodisa sodir bo‘ldi? – sergak tortdi Malisheva. U maslahat berishni yoqtirardi.
– Sen Otavina kampirni bilasan-a?
– Xo‘sh?..
– O‘sha bilan bir gaplashib ko‘rsang, mening uyimga ko‘chib o‘tishga rozi bo‘larmikan. O‘zining uyini, mayli sotsin. Yoki bunday qilsa ham bo‘ladi: hozircha mayli, tambalab tashlasin, ko‘ramiz, agar yashab ketolsak, unda sotsin. Bekorga tavakkal qilishning nima keragi bor. Nima deb o‘ylaysan? U bilan gaplashishga o‘zimning jur’atim yetmaydi, sening esa qo‘lingdan keladi. Men uni xafa qilmayman… To‘rt oyoqda har qalay, oldingiday bo‘lmasa-da, mahkamroq turish osonroq bo‘ladi. Nima deb o‘ylaysan? – Gluxov o‘ziga xos bo‘lmagan tarzda ko‘p va tez bidirlardi, o‘zini noqulay sezardi. – O‘ylay- o‘ylay, shunday fikrga keldim. Yolg‘izlik jonga tegdi, jin ursin. Ungayam, menimcha, ancha yengil bo‘ladi. Nima deb o‘ylaysan?
Malisheva lol qotdi. Shunchalik hayratga tushdiki, dabdurusdan jo‘yali biror so‘z aytishga tili aylanmay qolgandi.
– Uylangilari keldimi?
– E, uylanish… bu… qanaqasiga uylanish bo‘lsin? Shundoq – ikkalamiz uchun ham yengil bo‘larmidi…
– Huquqiy jihatdan, bu baribir uylanish. Nega dumingni likillatasan?
Gluxov shoshib qoldi.
– Xo‘p, ana uylanish bo‘la qolsin. Nima, bu mumkin emasmi?
Malisheva diqqat bilan, qandaydir begonasirab, yashirin g‘animlik bilan qariyaga tikilib qaradi.
– U o‘zi rozimi? Ha, aytmoqchi, sen hali gaplashganing yo‘g‘-a, u bilan…
– U buni bilmaydi! Sendan shuni so‘rab keldim-da, gaplashib ko‘rsang bo‘larmidi.
Gaplashib ko‘r, ko‘ndir uni. U xudojo‘y kampir, bu gunoh deyishi ham mumkin. Bundoq o‘ylab ko‘rilsa, qanaqasiga gunoh bo‘lishi mumkin? Axir, men yolg‘izman, uyam yolg‘iz.
–Shaharda uning qizi bor.
– E, nima bo‘pti!.. Ana, shaharda mening ham o‘g‘lim bor. Ulardan hozir nima foyda. Bizlar esa qolgan umrimizni birga yashab o‘tardik deyman-da. Kim oldin o‘lsa, ko‘madigan odam bo‘lardi.
– Axir, sizlarning bolalaringiz bor-ku! – birdan asabiy ovozi yangradi Malishevaning. – Nimaga o‘zlaringni qozonlik sag‘irlarga o‘xshatasizlar?
Gluxovning uni o‘chdi. O‘z navbatida, u ham jahli chiqib Malishevaga diqqat bilan tikildi. Nima sababdan u buncha g‘azablanayapti? Nega muncha bo‘g‘iladi?
– Senga nima bo‘ldi, Sergeevna? – so‘radi u.
– Menga hech narsa bo‘lgani yo‘q. Sizlar-ku, turmush qurmoqchi bo‘layotgan. Yana nima bo‘ldi deb mendan so‘raysan? Menga hech narsa bo‘lgani yo‘q.
– Nimaga jahling chiqayapti?
– Hecham-da! Qarang, meni jahlim chiqarmish. Turmush qurasizlarmi? Otavina bilan gaplashib beraymi? Gaplashaman! – Endi Malisheva qilpanglab bidirlay boshladi. – Uni chaqiraman-da, gaplashaman, menga qiyin joyi yo‘q. Bilib beraman, rozimi yoki yo‘qmi? Kulishsa, siz masxarabozlarning ustingizdan kulishadi, menikidan emas.
– Qanaqasiga?
– Nima?
– Nega ustimizdan kulishadi?
– Nima, xursand bo‘lishadi, deb o‘ylovdingmi?
– Axir keksalar ham topishib, bir yostiqqa bosh qo‘yishadi-ku.
– Bo‘lishi mumkin, bo‘lishi mumkin. Bo‘pti, ertaga choshgohda kel… Men uni oldinroq chaqirib olaman-da, avval gaplashib ko‘raman, sen esa keyinroq, tush payti kelasan. Shunaqasi bo‘ladi. Xohlagancha topiladi! Sen bezovta bo‘lma, men gaplashaman. Albatta
gaplashaman!
Qariya Gluxov Malishevaning uyidan mujmal hissiyot bilan qaytdi. Ko‘ngli qandaydir tushunarsiz qitmirlikni sezganday bo‘ldi. Malisheva g‘alati kampir-da, Xudo haqqi. Nima uchundir hamisha jahli chiqib, asabiy bo‘lib yuradi. Hammani qaytadan yasab, yo‘lga solgisi keladi. Hammaga qanday yashashni o‘rgatmoqchi, hammaga qozilik qilmoqchi bo‘ladi. Qariya, hatto, birpas ikkilandi: qaytib borib, hech qanday yordami kerak emasligi, o‘zi bir balo qilib eplab, gaplashib olishini aytmoqchi ham bo‘ldi. Hatto, to‘xtab ancha turib qoldi. Oxiri yana qo‘l siltab: ey jin ursin, gaplashsa gaplasha qolsin, degan qarorga keldi. O‘zi, baribir, eplab gapira olmaydi. Jahli chiqsa chiqaversin, ishni bajarsa bo‘ldi-da. Ertasi kuni kampirlar – Malisheva va Otavinalarning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Otavina Malishevanikiga kelgach, birinchi navbatda, uyining burchagiga (cho‘qinish uchun sanam bor yoki yo‘qligiga) qaradi, qimtinibgina baxmal to‘shalgan divanning chekkasiga o‘tirdi. Hol-ahvol so‘rashdilar.
– Bilasanmi, seni nimaga chaqirdim, – darrov muddaoga o‘tdi Malisheva. – Qariya Gluxovni bilasan-a?
– Yemelyan Yegorichnimi? Albatta, bilaman. Uning uchta o‘g‘li halok bo‘lgan…
– O‘sha senga uylanmoqchi, – dedi Malisheva so‘zlari xuddi chuchvara tukkandek jimjimador ohangda. – Sen rozimisan?
– Yo tavba, yo tavba! – cho‘qindi Otavina. – Unga nima bo‘lgan o‘zi?!
– Nima bo‘pti? – hatto, qandaydir sho‘xchanlik bilan yasama ovozda davom etdi Malisheva. – Ikkalalaring ham yolg‘izsizlar… O‘ylab ko‘r, sen avval o‘ylab, keyin javob ber. U ham xuddi boshqa erkaklarga o‘xshab takaning o‘zi, ammo qolgan umringda yordami tegadi. O‘zing nima deb o‘ylaysan? Uyni, hozircha sotmay tursin, agar yashab ketolsak, keyinchalik sotib pulini omonat daftarchasiga qo‘yishi mumkin, deyapti. Nima deysan?
– Men nima deb aytishim mumkin? – Otavina rostdan ham nima deyishni bilmasdi. – Hamma o‘y-xayollar boshimdan uchdi-ketdi. Qanday qilib, xuddi tomdan tarasha tushgandek, birdaniga erga teg… – Otavina samimiy jilmaydi. – Bunaqada esdan og‘ib qolish ham hech gap emas. Kelin bo‘larkanman-da!
– Shunaqa, u ham kuyov bo‘ladi. Boshqalarga o‘xshagan.
– Shoshmasang-chi, Sergeevna, jim tur, sal-pal o‘zimga kelib olay.
– U hozir kelib qoladi. Javobingni eshitgani.
– Voy-bu! – Otavina o‘rnidan dast turib eshik tomonga qarab qo‘ydi. Yana qayta joyiga o‘tirdi. Mana senga jumboq!
– Qarab tursam, sen deyarli roziga o‘xshaysan.
Otavina kampir darrov jiddiy o‘ylanib, dedi:
– Men senga aytsam, Sergeevna, u, umuman olganda, yomon odam emas, ichmaydi, shakkoklik qilmaydi, deb eshitaman… Faqat… – Otavina sovchiga qaradi. – Hammasi shunaqa-yu, ammo bu… To‘g‘ri, qariyalar ba’zan o‘zaro kelishib yashashlari bor gap…
– Bor gap.
– Mabodo u kechalari tirg‘alib qolsa-chi?
Malishevaning bu gapdan, hatto, og‘zi ochilib qoldi.
– Qanaqasiga?
– Shunaqasiga-da? Bilasanmi, ular qanaqangi bo‘ladi! Avval boshdanoq men shuni xohlaymanki, u kechasi menga tegajog‘lik qilmasligi kerak. So‘kinmasligi kerak. Tamaki chekishi… Xo‘p, mayli bunisiga chidash mumkin, hamma erkak ham chekadi… buni taqiqlolmaysan…
– Demak, sen rozisan-a? – dedi hayratlanib Malisheva.
– E, otni qamchilaganday nega buncha shoshiltirasan? Demoqchimanki, unga qo‘yadigan shartlarim ko‘payib ketmayaptimikan. U mumkin emas, bu mumkin emas deyaversam… Qariya o‘ylab ko‘rib, aytmaydimi: «Unda nima mumkin?», deb. Shunda bu unashtiruv ham o‘z-o‘zidan barham topadi-qo‘yadi. – Otavina yana mayin jilmayib qo‘ydi. – Qara-ya, xayolingda yo‘q, tushingda yo‘q… Voy Xudoyim-ey, Xudoyim-ey. Xo‘p shunday bo‘lsa, nima bo‘ladi? Ana, mening Bulanixadagi qadrdon dugonamning, yoshlikda birga o‘sganmiz, xuddi shunday yoniga bir qariya kelibdi-da, u debdi, bu debdi, xullas, oxirida: «Kel, Kuzmovna, birga yashaymiz», debdi. Va yashashdi. To‘g‘ri, ikki yil avval chol qazo qilibdi… Dugonam esa uning uyida yashayapti. Yaxshi yashashdi, bilaman. Qancha deysanmi? Besh yilcha birga yashashdi. Uni hecham xafa qilgani yo‘q. Umrining oxirida odamlar esli-hushli bo‘lib qolishadi. Hozir esa qara… hozirgilarga qarasang… yo tavba, yo tavba! Qaraysan-u, biror nima deyolmaysan. O‘ylab ko‘rsam, men ham tinchgina, issiqqina joyda yashagim keladi… Uyim esa eskirib qolgan, qish o‘tganidan xursand bo‘lib yuribman, uyimni isitish juda qiyin. O‘tin yoqaverasan, yoqaverasan – foydasiz, issiq tirqishlardan chiqib ketaveradi.
– Nega qizingnikiga ketmaysan?
– Qanday qilib! O‘zlari katalakdek joyda arang yashayotgan bo‘lishsa. Yashagandim. Nevaralarim kichik paytda yashagandim. Qiynalib ketdim. Judayam qiynalgandim. Xudoga shukr, endi katta bo‘lib qolishdi, maktabga borishyapti. Menga hozirgi uyni sotib olib berishganda judayam sevindim. Bulanixadagi o‘z uyimni sotgandim-da. Qizim turmushga chiqqanda sotgandim. Mustahkam uy edi, yana yuz yil turardi. Nima qilayin, sotishga to‘g‘ri keldi. Ular kooperativ uy olishlari uchun pul kerak bo‘ldi, qayerdan olishardi? Kuyovim endi armiyadan kelgan, qizim esa texnikumni tugatgan payt edi. «Ona, uyni sotamiz, senga esa, agar biz bilan yashaging kelmay qolsa, keyinroq boshqa uy sotib olib beramiz», deyishdi. Shunday qilib, birga yashay boshladik, nevaralarimga qaradim, katta bo‘lishgach, endi kichkinagina bo‘lsa ham menga uy sotib olib beringlar, dedim. Shaharga ko‘nikolmadim, ko‘nglimga o‘tirmadi. Urinib-surinib mana shu kichkina uyga loyiq pul topishdi. Bulanixada uylar qimmat, bu yerda esa arzonroq ekan, mana shunday qilib men bu yerga kelib qoldim. Shunday qilib, agar… yomon bo‘lmasdiku-ya, qariganingda… issiqqina joyda yashasang. Shunisi tuzukmidi-ey.
Qariya Gluxov kampirlar gaplashayotganini bilsa ham natijasi qanday tugashini bilmasdi. U har ehtimolga qarshi yangi kamzulini kiydi, bir shisha qo‘lbola aroq, idishchada asal oldi va Malishevanikiga qarab yo‘lga tushdi.
Keldi… Salomlashdi. Nimagadir o‘ng‘aysizlangancha shisha va asal solingan idishchani stolga qo‘ydi. Tamaki xaltasini olish uchun cho‘ntagini kovlashtira boshladi.
– Sen shoshilma, shishani stolga qo‘yishga shoshilmay tur, – dedi Malisheva. – Hovliqma.
Qariyaning yuragi shuv etdi. Axir, u Otavina bilan birga yashashlariga qattiq umid qilayotgan, xayolan ko‘p narsalarni o‘ylab qo‘ygan edi, hammasi yaxshi ketayotgandi. Nima bo‘ldi ekan-a?
– Ikkalalaringni ham eshitib ko‘rdim. Albatta, qovushishlaring mumkin, bu shaxsiy ishlaring. Bu ishlaringdan odamlar esdan og‘ishadi. Lekin, hechqisi yo‘q. Ammo, baribir, so‘ramoqchiman: vijdon bormi o‘zi sizlarda, a? – Malsheva bu so‘zlarni qariya Gluxov va
Otavinaning yuziga tik qarab aytdi. Qandaydir tushuntirish qiyin bo‘lgan qahr bilan, yillar davomida yuragida yig‘ilib qolgan sirli og‘riqni namoyish qilganday qilib aytdi. Aytaverdi, aytaverdi, «vijdonini yo‘qotgan» kelin-kuyov esa qizarib-bo‘zarib, joylarida tipirchilab turaverishdi.
– Shu gapdan keyin sizlar qaysi yuz bilan yorug‘ dunyoda yurasizlar, a? Odamlar bir umr yolg‘iz yashashadi… Men, mana yigirma uch yoshimdan buyon yolg‘izman. Nima, menga sovchi qo‘yishmaganmi? Qo‘yishgan. Kechalari derazamni taqillatishmagan deb o‘ylaysizlarmi? Kelishgan, taqillatishgan. Mana sen, Gluxov, qishloq kengashiga kelib, sensiz yashay olmayman, deb aytmaganmisan? Kelganmisan? Qani gapir.
Gluxov yerga kirib ketguday bo‘lib o‘tirardi.
– Men ahmoqlik qilib… kayfim bor edi, – bo‘yniga oldi u. – Men sovchi yubormaganman. Bekordan-bekorga nega unday deysan? Men, haligidaqa.. o‘sha yillari, qachonlardir…
– Ahmoqlik qilgansan! Nima, endi aqlli bo‘lib qoldingmi? Yetmish yoshida uylangilari kelib qolibdi. Voy, dono-ey! Sen-chi, sen!.. Nima deding… «Qarayman, o‘ylab ko‘raman… issiqqinada yashasam». O‘rgildim sendaqa xudojo‘ydan. Senam o‘shalarga o‘xshaysan… Boshqalarga barmog‘ingni bigiz qilasan, gunoh deb. O‘zing esa… Yoshlarga qanaqasiga o‘rnak ko‘rsatayapsizlar! Bu haqida o‘ylab ko‘rdilaringmi? – Malisheva qoqsuyak barmoqlari bilan stolni taqillatdi. – Sizlar xalq oldidagi javobgarlikni o‘ylaysizlarmi? Yo‘q, o‘ylamaysiz, xudbinlar. Xalq o‘z kuchini ayamay ishlayapti, mehnat qilayapti, sizlar esa to‘y qilmoqchi bo‘lasizlar… odamlarni ichkilikka chorlamoqchisiz, yengiltak munosabatlarga o‘rgatasiz. Vijdonsizlar.
– Qanaqangi to‘y?! – baqirib yubordi Gluxov. Otavina esa gung bo‘lib qolgandi. – Shundoq, oddiygina turmush quramiz, bo‘ldi, tamom. Qanaqa to‘yni aytayapsan?
– Nima, xuddi… devor tagidagilar kabimi, bo‘lmasa? Tf-u-u! Hayvonlar.
– Hoy, sen!.. Bilasanmi? – Portladi qariya. – Bor-e, o‘sha… – qattiq so‘kindi chol. Onasini so‘kdi. Keyin eshikni qarsillatib yopdi-da, chiqib ketdi.
Uning ortidan izma-iz Otavina ham chiqdi. Xuddi birov quvlaganday otilib chiqishdi. Darvozadan chiqdilar-u, bir-birlariga qaramasdan, ikkalasi ikki tomonga qarab keta boshlashdi, aslida ayrilishga qadar yo‘llari bitta edi.
Qariya Gluxov qishloqni rosa aylanib uyiga keldi. So‘kinar va tupurardi, o‘zini qo‘ygani joy topolmasdi. Hatto, qizishganidan «Iflosni yoqib yuboraman», degan xayolga ham bordi. Malishevani yoqib yubormadi, albatta. Ammo endi unikiga qadam bosmadi. Mabodo uni ko‘cha-ko‘yda uchratib qolsa ham teskari burilib olar, salomlashmasdi.
Otavina esa shaharga borib, cherkovda tavba-tazarru qildi. Kampir juda ham iztirob chekdi, Malisheva bilan uchrashib qolishdan o‘zini olib qochardi.
Malisheva esa bu noyob sovchilik to‘g‘risida qishloqdagi bironta odamga ham og‘iz ochmadi. Gluxov ham, Otavina ham u hammaga aytib beradi, deb kutgandilar. Yo‘q, bunday bo‘lmadi.
Rus tilidan O‘roz Haydar tarjimasi