Etikdo‘z Valikov kigiz etik tikardi. U yangi kelgan qo‘shnisi Gerbenshikovani sudga berdi. Voqea bunday bo‘lgandi.
Alla Kuzminichna Grebenshikova yosh, xushro‘ygina, ammo nodon bu ayol bahor kunlarining birida, ustaning hammomi yonginasidagi joydan issiqxona uchun ariq olgandi. Hammomning orqa devori ularning hovlisi tomonida edi. Mayin tuproq va anchagina go‘ng tashib keltirdi. Chinakam dehqon ayol-da. Go‘ng yaxshilab qurishi uchun ustini yopib, kechasi bilan qizib qurishi uchun qoldirdi. Go‘ng esa kechasi bilan qattiq qizib, yonib ketdi.
Shunday qilib, tong otganda hammom yonib tugagandi. Bundan tashqari, yana eski bostirma, unga tutash o‘yinxona, tezaklar va shunga o‘xshash boshqa narsalar ham yonib ketgandi, chetan devor ham… Ammo, Yefim Valikov ko‘proq hammomga achinayotgan edi; yangigina hammom, uni qurganiga bir yil ham bo‘lmagandi, qishda kigiz etik bostirardi-da… Grebenshikova esa o‘zini nodonlikka solardi. Ko‘zini chirt yumib, sug‘urta agentini go‘ng o‘zidan-o‘zi qizib yonib ketganiga ishontirmoqchi bo‘ldi.
– O‘zidan-o‘zi yongan! – ta’kidlardi u Yefim taraf barmog‘ini niqtab. – Tushunayapsizmi? Bu o‘zidan-o‘zi yonish, oxiri agentning ham jahlini chiqarib yubordi.
– Sudga ber, Yefim, – dedi u. – Qarasam, u bu yerdagilarni ahmoqqa chiqarib qo‘ymoqchi.
Valikov sudga berdi. Ammo qishloqdoshlarining xat-yozuvga unchalar ham yaxshi munosabat bildiravermasliklarini bilgan Yefim ularga tushuntirishga urinardi.
– Agar u yaxshilikcha, yaxshi qo‘shniga o‘xshab aytsa, bu g‘avg‘oga nuqta qo‘yaman. Ammo, uning savodi juda oshib ketgan ekan!.. Hech kimni gapirtirmay qo‘ydi. O‘zidan-o‘zi yongan – tamom emish!
Grebenshikovaning eri hosilot safarda edi. U kelgach Yefim ikkalasi gaplashib olishdi.
– Nahotki, sudsiz kelishib olishning iloji bo‘lmasa? Hammom uchun tovon to‘lashimiz mumkin edi-ku…
– Sen, yaxshisi, u bilan o‘zing kelishib ol, balki uddasidan chiqarsan. Men kelisha olmadim. Bu sud menga… itga beshinchi oyoq qanchalik kerak bo‘lsa, shuncha kerak.
– Axir, u qasddan yoqmagan-ku.
– Kim qasddan yoqqan deb aytayapti? Nima uchun u odamlarni ahmoq qilmoqchi bo‘ladi? O‘zidan-o‘zi yonganmish…
– Umuman olganda, bu bo‘lib turadi-ku!
– Ha, bo‘lib turadi, qachonki yillar davomida go‘ngni shibbalab uyib qo‘ysang, chiriydi, qiziydi, keyin yonadi. Uniki esa bir kechada yonib ketibdi. Unaqasi bo‘lmaydi. Qadrli Vladimir Semyonich, bo‘lmaydi.
Vladimir Semyonich xotinidan cho‘chirdi va ishning sudga oshirilganligi unga ham ma’qul bo‘lgandi, gaplashadigan gap qolmagandi. Hammasi usiz ham hal bo‘layotgandi.
– O‘zlaring hal qilaveringlar.
– Hal qilamiz.
Mana, sayyor sud hay’ati og‘irroq boshqa bir hodisa tufayli tuman markazidan
chiqqan edi, bir yo‘la bu ishni ham ko‘rib chiqmoqchi bo‘ldilar. Sud qishloq kengashida bo‘lib o‘tdi. Yefim sudga xuddi qanoti hurpaygan tovuqday bo‘lib keldi, asabi buzilgan. Yodiga urush davrida yarador, nogironligi uchun armiyadan bo‘shatilgan payti, bir oyoqsiz, mast holda qo‘ltiqtayog‘i bilan xo‘jalik raisini urgani, ordenlari evaziga undan sog‘ oyog‘ini so‘ragani tushdi. O‘shanda uni osongina qamashlari mumkin edi, ammo Mitka Trifanov «ishni o‘zi to‘xtatdi», sudga bermadi-yu, lekin anchagacha «Efim, balki berish kerakmidi-a», – deb qo‘rqitib yurdi. «Ha, demak men, hozir bir insonni suvga cho‘ktirmoqchi bo‘lib chiqayapman, – deb o‘ylardi Yefim. – Boshimda shu g‘avg‘o bor ekan, jin ursin uni, yaxshi gap bilan ko‘nsa bo‘lardi-ku?» Keyin silliqgina Alla Kuzminichna sug‘urta agentiga «o‘zidan-o‘zi yonib» ketish nima ekanligini tushuntirayotganda Yefim tomonga ataylab qaramagani, go‘yoki unga buni tushuntirib o‘tirishning foydasi yo‘q, baribir, tushunmaydi deganday, nuqul sug‘urta agentiga qarab gapirganini esladi.
Efim ataylab yasama oyog‘ini kiymadi, qo‘ltiqtayoqda bordi, oyoqsizligi bilinib turishini istardi. Ordenlarini taqmadi, o‘shanda – armiyadan bo‘shab kelganda, qilgan to‘poloni ham yetarli bo‘lgandi.
«Boshqa tomondan olib qaraganda, duch kelgan har bitta odam yoqib ketaversa, oxir-oqibat u bu yorug‘ dunyoda yolg‘iz mana shu qo‘ltiqtayoq bilan qolib ketadi-ku. Hatto o‘zini ham, xuddi somonday yoqib yuborishlari mumkindir. Demak, shunday ekan, men haqman». Grebenshikova qishloq kengashiga undan oldin kelgan ekan, u Valikovga mag‘rur qarab qo‘ydi, hech narsa demadi, hatto salomlashmadi ham, teskari qarab oldi.
«Voy kuydirgi, kuydirgijon-ey! Xonimchaning salomlashgilari ham kelmayapti», – o‘zicha kulib qo‘ydi Yefim. Yo‘q, u xafa bo‘lmagandi, ammo xonimchaga shartta: «Bu yerda nimangga mag‘rurlanasan, jonginam?» – deb aytgisi kelib ketdi.
Yoqishga yoqib yuborib, yana burningni jiyirganing nimasi?
Sudya, charchagani bilinib turgan yoshroq kishi, ancha vaqt qog‘ozlarni titkilab o‘tirdi-da, boshini ko‘tarib Alla Kuzminichna va Yefimga qaradi.
– Gapiringlar…
Efim birinchi bo‘lib men gapirsam ma’qul bo‘lsa kerak deb o‘ylab, so‘z boshladi.
– Bilasizmi bu yerda nima gapligini, mana, bu «fuqarocha…»
– Sizlar xuddi bir-biringizga dushmanday – «fuqarocha»… Axir, qo‘shnisizlar-ku.
– Qo‘shnimiz, – shosha-pisha dedi Yefim. – E, menga bu da’volashish go‘yo itga beshinchi oyoq…
– Lekin, da’vo qilyapsiz.
– Axir, u bir tiyin ham berishni xohlamayapti-da! Hammomim esa yangigina edi, butun qishloq bunga guvoh.
– Bularning hammasi qanday sodir bo‘ldi, Alla Kuzminichna?
– Men issiqxona qurgandim va go‘ngni ozroq qizitdim.
– Uni yoqdingizmi?
– Ha, ammo u ozroq kuyib turgach, uning ustini suyuq go‘ng bilan bekitdim. Bilishimcha, u yaxshi kuyib bo‘lgandan keyin kechasi o‘zidan-o‘zi yonib ketgan bo‘lsa kerak.
– Qarang-a! – hayratlandi Yefim. – Hoy, agar bundoq qaralsa, men shu go‘ngning ichida tug‘ilganman! Esimni tanibmanki, men uni ag‘darganim-ag‘dargan, demakki, men uni umr bo‘yi o‘rgandim, bildim, to‘g‘rimi? Keyin siz esdan chiqarmang, biz har yili tezak yoqamiz. Men uni rosa u yoq-bu yoqqa ag‘darib ko‘rganman, go‘ng nima ekanligini bilaman…
– O‘rtoq Valikov, go‘ng o‘zidan-o‘zi yonib ketmaydi deb rad etayapti-ku. Uning tajribasida bunaqa hodisa yuz bermagan ekan… Xo‘sh, siz nima deysiz?
Sudya Alla Kuzminichnaga qarab boshini irg‘adi.
– Umuman, faqat shunga asoslanib bu dalilni rad etish mumkin emas. Axir o‘zingiz tushunasiz-ku, ilmiy mulohazalar bilan ham hisoblashish kerak, – davom etardi Alla Kuzminichna. Sudya esa hamon bosh irg‘ab o‘tirardi.
«Hozir meni ahmoq deb isbot qilishadi», – toqatsizlandi Yefim.
– Men tushunaman, o‘rtoq Valikovga moddiy zarar yetgan, ammo bundoq olib qaralsa, bunga mening aloqam yo‘q. Agar o‘ylab ko‘rilsa, yashin urganda ham hammom yonib ketishi mumkin edi-ku. Mening aybim shuki, o‘sha issiqxonani ularning hammomi yonida qurganim, chunki devorning bu tomoni bizning hovliga tutash, shu sababli bu yerda hech qanaqangi kriminal yo‘q.
Alla Kuzminichna sudga yaxshi tayyorgarlik ko‘rib kelgandi.
«Ordenlarimni taqsam bo‘larkan», – o‘ylardi Yefim.
– Men o‘rtoq Valikovga achinish bildira olaman, xolos, bor-yo‘g‘i qo‘limdan keladigani shu.
Sudya chekdi, rohatlanib chuqur tortdi va hech qanday urg‘u bermay oddiygina qilib:
– To‘lash kerak, Alla Kuzminichna, – dedi.
– Nima uchun? – Alla Kuzminichna o‘zini yo‘qotib qo‘ydi.
– Nima?
– Nima uchun to‘lashim kerak?
– Nima, rostdan ham sudlashmoqchimisiz? Uyat, Alla Kuzminichna…
Alla Kuzminichna qizarib ketdi.
– Nima, siz ham o‘zidan-o‘zi yonib ketganligini rad etmoqchimisiz?
– E, qanaqa o‘zidan-o‘zi yonish, jin ursin!
Oddiy o‘t qo‘yish. Qasddan emas, albatta, ammo o‘t qo‘yilgan. Sizga buni besh daqiqada isbotlab berishadi va siz noqulay ahvolga tushib qolasiz. Shuning uchun ham ikki qo‘shni odamlarga o‘xshab o‘zaro kelishinglar… Xo‘sh, Valikov, hammom o‘rtacha qancha turadi?
Efim ham o‘zini yo‘qotib qo‘ydi va minnatdor bo‘lganidan shoshilib, narxini ancha pasaytirib yubordi.
– E, umi, hammommi, yangi deb aytganimiz bilan, men uni qolgan-qutgan narsalardan qurgandim, terak, qayin qoldiqlari…
– Xo‘sh, qancha?
– Ikki yuz, ikki yuz ellik so‘m atrofida, shunday… Menga faqat yog‘och bo‘lsa bo‘lgani edi, o‘zim qurib olardim! Ularda xo‘jalikning yuk mashinasi bor, direktordan iltimos qilishsin… Nima, ularga yo‘q dermidi?
– Bundan tashqari yana nimalardir yongan-ku?
– Tezaklar, bostirma… Bostirmani ham o‘zim chiqindi qoldiqlardan qurib olardim.
– Ikki yuz ellik so‘m, – dedi qat’iy ohangda sudya. – Sizga maslahatim Alla Kuzminichna, yaxshilikcha to‘lang, sharmanda bo‘lmang.
Alla Kuzminichna sudyaga ham, Yefimga ham qaray olmay, jimgina o‘tirardi.
– Men hozir birdan ma, deb chiqarib bera olmayman-ku!..
«Eh, g‘urur, kapang kuygur g‘urur!» – Yefimning unga rahmi kelib ketdi va maslahat bergani shoshildi:
– Menga ularning pulini nima keragi bor? Siz hammom uchun ikki mashina yog‘och keltiring. Xo‘sh, men usta haqi uchun deganday… oltmish so‘mcha, yana yeb-ichish uchun deganday, yigirma so‘mcha… Sakson so‘m. Ikki mashina yog‘och uchun qancha to‘laysizlar… buni menga aloqasi yo‘q. Xohlasangiz tekinga olib keling, buning menga qizig‘i yo‘q. Aslini olgandayam, u sizlarga tekinga tushadi, sizlar yosh mutaxassislarsiz, bu ikki mashina yog‘ochni sizga davlat narxida xursand bo‘lib yozib berishadi. Bu menga esa…
– Rozimisiz? – so‘radi sudya Alla Kuzminichnadan.
– Men erim bilan maslahatlashaman, – dedi keskin Alla Kuzminichna. «U yigit sendaqa emas, bekorga qiyshanglab o‘tirmaydi».
Efim suddan xursand bo‘lib qaytardi. Sud qanday bo‘lib o‘tganini, sudya qanday tushunganini, u qanday qilib ishning ko‘zini bilib hal etganini va qanday qilib uning o‘zi – Yefim, barmog‘ini og‘ziga tiqib o‘tirmaganini kimgadir judayam gapirib bergisi kelayotgandi. Uygacha arang chidab, yetib keldi.
Efimning xotini Marya erining yuziga qarab, darrov hammasi yaxshilik bilan tugaganini tushundi. Yefim cho‘ntagidan bitta shishani dadillik bilan chiqardi-da, gapni boshladi:
– Hammasi joyida! Eh, sudyani to‘g‘ri kelganini qara!.. Mana kalla! Uning dumini birdaniga qayirib oldi. Uyalmaysizmi, dedi. Qanaqangi o‘zidan-o‘zi yonish? Yoqib yubordingmi, demak, to‘lashing kerak, dedi.
– Qarang-a!
– Sen nima deyapsan! Sudya unga shunaqangi shaytonni ko‘rsatib qo‘ydiki, ko‘zlarini qayerga yashirishni bilmay qoldi. «Siz, axir, ko‘rmayapsizmi, inson bir oyoqda»… Yefim birdan mast bo‘lib qolardi, gazak qilmasdi. Masalan, hozir u kerakli joyga shundoq yozib yuborsa bormi, teringga somon tiqishadi. Bilasanmi, uni oyog‘i qayerda? Moskva ostonasida qolgan oyog‘i, mana qayerda, sen u bilan sudlashasanmi? Agar u bir og‘iz aytsa, sen onangni ko‘rasan…
Marya Yefimning ancha-muncha ko‘pirtirayotganligini sezib turardi-yu, ammo, har qalay, hammom uchun tovon to‘lashga hukm qilinganini bildi.
– Voy Xudo, olamda adolatparvar odamlar ham bor ekan-ku!
– Frontchi. Uning ko‘zlaridan ma’lum. Eh sen, o‘qimagan kalla, vijdon bormi? Kimga qarshi bormoqchisan? Agar u, dey…
– Yetar, vaysaganing, – quvonchdan jahl qilgandek gapni bo‘ldi Marya. – Sen hozir quruq vaysamasdan borib o‘sha insonga biror kilo cho‘chqa yog‘i berib kelsang bo‘lardi. Uyiga borgach, bolalariga cho‘chqa yog‘idan yedirardi.
– Nima, ular cho‘chqa yog‘i ko‘rishmaganmi?
– Qayerdanam?! Do‘kondagisi bizniki bilan teng kelarmidi! Bor, go‘shtliroq joyidan kes-da, olib bor. Keyin rahmat ayt. Bilaman, rahmat ham aytmay, indamay tayog‘ingni to‘qillatib qaytavergansan. U inson qanday yaxshi ish qildi!
Efim ayol aqliga bo‘ysundi.
«Rostdan ham qara – inson shuncha harakat qilsa-yu, men cho‘chqaga o‘xshab xuddi…»
–U, albatta, men bilan ichmaydi, sabab u odamlar ko‘z o‘ngidagi kishi…
– Olib borsang-chi, cho‘chqa yog‘ini.
– Olib boraman! Unday odam uchun hech narsani qizg‘anmayman, balki unga ozroq pul ham berish kerakdir?.. Pulni olmaydi. Pul olsa, unga hayfsan e’lon qilishadi, cho‘chqa yog‘i esa – bu bor-yo‘g‘i bolalariga sovg‘a, xolos.
Efim qaznoqqa kirib, cho‘chqa yog‘ining go‘shtliroq, qalin joyidan bir bo‘lak kesib oldi. Xotinining topqirligidan quvondi. «Bunchalik esli bo‘lishmasa, qarg‘ish tekkurlar», deb o‘ylardi o‘zicha xotinlar haqida. Yefim cho‘chqa yog‘ini toza lattaga o‘rab oldi-da, tayog‘ini to‘qillatib yana qishloq kengashi tomonga ketdi. U ketib borarkan, o‘zicha xursand bo‘lardi, mana endi sudyaning ko‘nglini oladigan bo‘ldi. «Nima sababdan bu hayotda bo‘lmag‘ur narsalar ko‘p: bir kishi boshqa bir kishiga yaxshilik qilsa-yu, ikkinchisi bunga javob qaytarish o‘rniga ashqol-dashqolini yig‘ishtirib, chappa qaytib ketsa, nomini ham esdan chiqarsa. Axir, yaxshilikka biror-bir nima bilan javob qaytarishing kerak-ku. Bo‘lmasa-chi, odam bir yaxshilik qiladi, ikki qiladi, sen unga, hatto, biror og‘iz yaxshi gap aytmasang, albatta, shundan keyin unda kimgadir yaxshilik qilish istagi yo‘qoladi. Keyin niqobga o‘ranib yashash qiyin. Masalan, sen ham bor-da, birontasiga yaxshilik qil. Deylik, manovi qurg‘ur cho‘chqa yog‘i, achinmaysan-ku… ammo shuni berish kerakligi nimaga darrov yodingga kelmaydi».
Hozir Yefimga qanday qilib sudyaning yoniga hurmat bilan borib, farosatli kishi ekanligini ko‘rsatishni o‘ylash yoqimli edi.
U ochiq havoda ancha vaqt bo‘lganidan, kayfi ham tarqagandi: qanday tez mast bo‘lsa, shuncha tez kayfi ham tarqardi. Sudya hali-hamon qishloq kengashida edi, ketmoqchi bo‘lib turgandi.
– Bir daqiqaga, o‘rtoq sudya, – chaqirdi Yefim. – Yuring xonaga kiraylik… Mana bu yoqqa, bu yoqqa, bu yerda hech kim yo‘q ekan. Uygami?
Sudya charchaganday (bular nimadan buncha charchashadi? Nahotki sudyalik shunchalik qiyin bo‘lsa) unga qaradi.
– Bolalardan bormi?
– Mendami?
– Ha.
– Bor. Nima edi?
– Mana oling, ularga olib boring, qishloqniki. Go‘shtliroq joyidan tanlab kesib oldim, shaharliklar go‘shtlisini yaxshi ko‘rishadi. Biznikilarga jismoniy og‘ir mehnatdan keyin cho‘chqa yog‘ining to‘yimlirog‘i kerak, sizlarga esa unchamas, nimaga deng? – Yefim lattani yechishga urinar, ammo uddalay olmasdi, shoshilar, eshik tomonga qarab qo‘yardi. – Sizlarga mazaliroq joyi kerak… shunaqa. Nimaga buncha o‘rab tashlabdi-ya!
– Hoy, siz nima qilayapsiz?
– Cho‘chqa yog‘i, bolalaringizga oborasiz… – Sudya ham beixtiyor eshikka qarab qo‘ydi. Keyin Yefimga tikilib qoldi…
– Nima? – so‘radi u.
– Bolalaringizga degandim… oborasiz….
– Kerak emas, – dedi asta sudya.
– E, yo‘q, men buni sud tufayli emas, u o‘tib ketdi-ku. Men o‘ylagandimki, bolalarga oborish mumkin. Nima qilibdi. Bu, axir, pul emas-ku, men pul ham…
– Kerakmas deyapman! Chiq, bu yerdan! – Sudya shunday dedi-da, burilib chiqib ketdi. Yefim qo‘ltiqtayog‘iga suyangancha eshik oldida turib qolgandi, qo‘lida cho‘chqa yog‘i. U mana endi – kuragining osti og‘rigandan keyingina cho‘chqa yog‘ini olib kelmasligi kerakligini tushungandi. U nima qilishni bilmay, cho‘chqa yog‘iga qarab turardi.
Xonaga sudya bosh suqdi.
– Bu tomonga kelishayapti… Ket! Cho‘chqa yog‘ingni o‘rab ol, ko‘rib qolishmasin. Tezroq!
Faqat ko‘chaga chiqqandan keyingina Yefim nima qilishi kerakligiga aqli yetdi. «Boraman-da, Maryaning sochlarini yulaman – kuydirgi! »
Rus tilidan O‘roz Haydar tarjimasi