Vitka Borzenkov tuman markazidagi shaharcha bozoriga borib, cho‘chqa yog‘ini yuz ellik so‘mga pulladi (u uylanmoqchi, pul judayam zarur edi), vino sotiladigan do‘konchaga kirib, tomog‘ini ho‘lladi, bir-ikki stakan qizilidan urdi. Do‘konchadan chiqib, cheka boshladi…
Yoshgina bir qiz keldi-da, so‘radi:
– Yondirib olishga ruxsat ber.
Vitka unga chekayotgan papirosini uzatdi, o‘zi esa qiziqish bilan qizni tomosha qila boshladi – yoshgina, yuzi shishinqiragan, barmoqlari esa titrardi.
– Bosh og‘riqmi? – to‘g‘ridan-to‘g‘ri so‘radi Vitka.
– Ha, – qiz ham to‘g‘ri javob qaytardi «Belomor» papirosining tutunini maza qilib tortarkan.
– Bosh og‘rig‘ini qoldirish uchun esa hech vaqong yo‘q, – fikrini davom ettirdi Vitka o‘z bilganicha, ahvoli chatoq odamning holatini tushunishidan o‘zicha mamnun bo‘lib.
– Nima, senda bormi?
(U, bu qiz uning cho‘chqa yog‘i sotayotganida ataylab kuzatganini, bu yerda, do‘koncha yonida esa poylab turganini xayoliga ham keltira olmasdi).
– Yur ketdik, u yoq-bu yog‘ingni to‘g‘rilab ol. Qiz Vitkaga yoqib qolgandi, chiroyli, qaddi-qomati kelishgan… Uning ko‘pchigan yuzi va, ayniqsa, o‘zining pulsizligini ochiq tan olganligi uni hayajonga solib qo‘ygandi. Ochiqqina ekan. Ular do‘konchaga kirishdi… Vitka bir shisha vino va ikkita stakan oldi… O‘zi bir yarim stakan ichdi, qolganini bag‘rikenglik bilan qizga quyib berdi. Ular tashqariga chiqib cheka boshlashdi. Ikkalasining ham kayfi chog‘ edi.
– Shu yerda yashaysanmi?
– Huv anavi yerda, – ishora qildi qiz. – Rahmat, ancha yengil tortdim.
– Balki yana xohlarsan?
– Yomon bo‘lmasdi… Faqat bu yerda emas.
– Qayerda?
– Balki menikiga borarmiz, uyda hech kim yo‘q.
Vitkaning ko‘ksida yoqimli nimadir bir narsa g‘imirlaganday bo‘ldi. Hali erta edi, Vitka qishlog‘iga yetib olishi uchun avtobusda bir yarim soat yurishi kerak, hammasiga ulgurishi mumkin.
– U yerda mening dugonam ham bor, – so‘z qotdi qiz, Vitka qancha olish kerakligini chamalayotganda. Shundan so‘ng u ichkilikning bitta oqidan, ikkita qizilidan oldi.
– Gazakni bir amallarmiz, – degan qarorga keldi u. – Gazak topiladimi?
– Topamiz.
Bozordan xuddi eski qadrdonlarday chiqib ketishdi.
– Nimaga kelganding o‘zi?
– Cho‘chqa yog‘i sotdim… Uylanmoqchiman, shunga pul kerak…
–Rostdanmi?
– Ha, uylanaman. Bas, yetar shuncha ishlaganim.
Qiziq, Vitka qaylig‘iga nisbatan yaxshi ish qilmayotganini, hatto xayoliga ham keltirmasdi, aksincha, qandaydir notanish qiz bilan qayoqqadir ketayotganidan kayfiyati chog‘ edi, qaylig‘iga nisbatan bu qiz qiziqar-liroqday…
– Yaxshi qizmi?
– Senga nima desam bo‘ladi? Uyim-joyim deydigan. Yaxshi xotin bo‘ladi.
– Sevgi masalasi qanday?
– Nima desam ekan?… Oldingiday qandaydir qaynoq bir nima yo‘q yurakni o‘ynatadigan. Shunchaki… Qachondir uylanishim kerak-ku, axir!
– Yanglishib qolma tag‘in. Keyin yurasan pushaymon bo‘lib… Bog‘lanmagansan-ku itga o‘xshab.
Ular shu ruhda gaplashib, qizning uyiga yetib kelishdi (uni Rita deb atashardi).
Vitka qayerdan, qaysi jin ko‘chalardan yurib qizning uyiga yetib kelganini sezmadi ham.
Shunchaki uyga o‘xshagan uy ekan, eskigina, qoraygan, ammo yana yetmish yil tursa ham qilt etmaydigan. Xonalar (ular uchta edi) tozagina, pardalar ilingan, stolga dasturxon to‘shalgan, shinamgina.
Vitkaning kayfiyati yanayam ko‘tarildi. «Yaltir-yultir yarqiroq fa-la-lya», derdi u doimo hayot qandaydir xursandchilik va’da qilganda.
– Qani, dugonang qayerda?
– Men hozir uni chaqirib kelaman. O‘tirib turasanmi?
– O‘tiraman. Faqat tezroq, maylimi?
– Huv ana, radioni qo‘y, zerikib qolma. Men tez qaytaman.
Nega Vitka bu qiz bilan osongina yaxshi chiqishib ketdi? Tanishganlariga besh daqiqa ham bo‘lgani yo‘g‘-u, ammo… Eh, hayot! Qizning ko‘zlari g‘amgin, o‘ychan, aqlli edi. Vitka qizga goh achinar, goh uni bag‘riga bosib olgisi kelardi.
Rita ketdi. Vitka xonada u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi, radioni qo‘ymadi, radiosiz ham yuragi quvonchdan dukurlab urayotgandi.
Vitka keyin esladi: Ritaning dugonasi keldi – yoshi kattaroq, xunukroq, shirasi qochib, ezg‘ilab tashlangan, tulkiroq. Kela solib valaqlay ketdi, yo‘l-yo‘lakay qachonlardir tsirkda ishlaganmish, «rezin» bo‘lib. Keyin ichishdi… Vitka shu yerning o‘zidayoq Ritadan bo‘sa ola boshladi, dugonasi esa buni ma’qullaganday kulardi. Rita bo‘lsa nomigagina uni itarib qo‘liga urar, ammo o‘zi bo‘ynidan quchoqlab suykalardi.
«Mana buni hayot desa bo‘ladi!» Vitkaning kallasi qizigandan-qizirdi. «Mana kuydirguchi ofatijon. Men qanday zo‘rman». Keyin kayfi tarqalgach, Vitka hech narsani eslolmadi. Oqshom mahali qandaydir taxta devor tagida ko‘zini ochdi. O‘zining qayerdaligini, qanday hodisa yuz berganini ancha vaqtgacha anglolmadi… Kallasi g‘uvillar, ikki chakkasi lo‘qillab, xuddi yorilib ketguday bo‘lib og‘rirdi. Og‘zi qurib qolgan, ko‘ngli aynirdi.
Rita degan qizni arang esladi. Va tushundi: unga nimadir ichirishgan-u, mast qilishgan va, albatta, pulini o‘g‘irlashgan. Pul haqidagi o‘y xayolini tiniqlashtirdi. Bazo‘r o‘rnidan turdi-da, barcha cho‘ntaklarini kovlab chiqdi: ha, pul yo‘q edi. Vitka taxta devorga suyandi, u yoq-bu yoqqa qaradi. Yaqin o‘rtada Ritaning uyiga o‘xshash biror uy ko‘rinmasdi. Hammasi boshqa, umuman begona uylar edi. Vitkaning ko‘rinmaydiganroq joyda yashirin cho‘ntagi bo‘lib, unda o‘n so‘mlik bo‘lishi kerak edi. Pulni u har ehtimolga qarshi, deb bozordaligidayoq cho‘ntakka solib qo‘ygandi. Kovlashtirdi – o‘n so‘mlik joyida edi. Vitka tavakkal qilib birinchi odamni uchratgunga qadar yura boshladi. Qandaydir qariyadan avtobus bekatining qayerdaligini so‘radi. Uncha uzoq emas ekan: to‘g‘riga, keyin chapga, oraliq ko‘cha bo‘ylab o‘ng tomonga yurish kerak ekan. «Avtobus bekatining o‘zidan chiqasiz», – dedi qariya. Vitka yo‘lga tushdi. Avtobus bekatiga borguncha Vitkaning shaharlik ba’zi qalang‘ilarga nisbatan g‘azabi oshib, ularni shu darajada yomon ko‘rib borardiki, hatto bosh og‘rig‘i ham pasayib, yuragida o‘ch olish istagi paydo bo‘ldi.
– Mayli, mayli, – g‘o‘ldirardi u, – men sizlarga ko‘rsatib qo‘yaman…
U hali nima qilmoqchi ekanligini aniq bilmasdi, bilgani shu ediki, bu yaxshilik bilan tugamasdi.
Avtobus bekati yonidagi do‘koncha qorong‘i tushguncha ishlar, u yerda hamisha odamlar gavjum bo‘lardi. Vitka bir shisha qizilidan oldi-da, to‘g‘ridan-to‘g‘ri bir ko‘tarishda ichib tugatdi, shishani esa xiyobon tomon uloqtirdi… Yonida qandaydir kayfi bor kishi turardi.
Bittasi unga dedi:
– U yerda, axir odamlar bo‘lishi mumkin!
Vitka dengizchilar kamarini yechdi, bir uchini qo‘liga o‘radi, cho‘qmordek og‘ir to‘qasi bor tomonini bo‘sh qoldirdi. Bu uchalasi zap duch kelishgan edi-da, unga.
– Qani ular? – dedi hayratlanib Vitka. – Nahotki, odamzod bor bo‘lsa? Axir, bu bitliqi shahardayam odamlar yashaydimi?
Uchovlon bir-biriga qarab olishdi.
– Seningcha, bu yerdagilar kim bo‘lmasa?
– Qanjiqlar! Senlar ham odammisanlar?
Uchalasi unga, Vitka esa ularga qarab tashlandi. Bittasi boshiga tushgan og‘ir to‘qaning zarbidan darrov quladi, qolgan ikkalasi Vitkani tepishga harakat qilishar, qo‘llari bilan urmoqchi bo‘lishar, boshlarini esa ehtiyot qilishardi. Keyin ular: «Biznikilarni urishayapti!» – deb baqira boshlashdi.
Yana besh-olti kishi yugurib keldi… Vitka ham zarbalardan bebahra qolmayotgandi, kimdir orqadan kelib shisha bilan boshiga tushirdi, ammo shisha sirg‘anib tekkani uchun u oyoqda tik turib qoldi. Uning haqoratlangan qalbi taskin topganday bo‘ldi.
Hujum qilayotganlar so‘kinishar, to‘dalanishib ko‘proq bir-birlariga xalaqit berishar, chuvillashishardi. Vitka esa bundan foydalanib, ularni urardi. Shu payt militsiya xodimlari yetib kelishdi. Hammalari bir bo‘lib Vitkani do‘koncha bilan devor orasidagi burchakka qisib borishdi. Vitka hamon qulochkashlab urardi. Militsiya xodimlarini oldinga o‘tkazishdi, Vitka aqlini yeganday, militsiya xodimlaridan birining boshiga og‘ir to‘qa bilan tushirib qoldi. Vitkaning to‘qasi yana shunisi bilan dahshatli ediki, uning ichki qayrilgan yeriga qo‘rg‘oshin quyilgandi. Militsiya xodimi… Hamma oh-h… deb yubordi va orqaga tislandi. Vitka ish rasvo bo‘lganini tushundi, endi to‘g‘rilab bo‘lmaydigan hodisa yuz bergandi, kamarni tashladi… Vitkani vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga olib ketishdi.
Vitkaning onasi bu ko‘ngilsizlik haqida ertasi kuni eshitdi. Hudud inspektori ertalab uni chaqirib, o‘g‘li shaharda qandaydir to‘polonga aralashib qolganini aytdi.
– Voy, avliyo otaxonlarim-a! – qo‘rqib ketgandi ona. – Endi uni nima qilishadi?
– Qamoq. Aniq, qamoq. Militsiya xodimi jarohat olgan, shifoxonada yotibdi. Bunaqa ish uchun – faqat qamoq. Besh yilcha berishlari mumkin. Nima, u esini yeganmi?
– Avliyo otam, sen Xudoning farishtasi, – yalinardi ona, – yordam ber, biror yo‘lini top.
– E, sen nima deyapsan! Men qanday yordam beraman?
– U ichgan bo‘lsa kerak, ichgach aqldan ozadi…
– Axir, men hech narsa qilolmayman. Tushungin! U hozir VSXda, unga allaqachon ish ochgan bo‘lsalar kerak.
– Unda kim yordam berishi mumkin?
– Hech kim. Kim emish? Xo‘p, ana bo‘limga bor, nimalar bo‘lganini aniqla. Ammo u yerda ham… Ular ham nima qila olardi?
Vitkaning onasi – ozg‘in, oyog‘i chaqqon, pishiqqina ayol qishloqda tentirab yurardi.
Qishloq kengashining raisiga uchrashdi, u ham qo‘llarini yozib:
– Men qanday yordam qila olardim? Xo‘sh, tavsiyanoma yozib berishim mumkin, baribir, yozishimga to‘g‘ri keladi. Xo‘p, mayli, yaxshilab yozaman.
– Yoz, yoz, yaxshilab yoz, sen bizning aqlli boshchimizsan. U mastlikda qilgan bu ishni, sog‘ payti chivinga ham ozor bermaydi deb yoz…
– Axir, u yerda so‘rashmaydi-da, mast bo‘lganmi, mast bo‘lmaganmi, deb. Bilasanmi, sen nima qilasan: o‘sha militsiya xodimining yoniga bor, balki u unchalik qattiq urmagandir. Yana kim biladi deysan…
– Rahmat senga, farishtamizsan, voy, rahmatlar bo‘lsin senga.
– E, nima deyapsan, arzimaydi bu …
Vitkaning onasi tuman markazi tomon otildi. U beshta bola tuqqan, erta beva qolgandi (1942 yilda otasidan qora xat kelganida Vitka hali emizikli go‘dak edi). Uning katta o‘g‘li ham 1945 yilda urushda halok bo‘lgandi. Qizi esa 1946 yilda ochlikdan o‘lgan. Keyingi ikki o‘g‘li omon qoldi, hali yoshliklaridayoq FZU chaqirig‘iga ilinishdi, endi ular turli joylarda yashashardi. Vitkani onasi oxirgi kuchini sarflab katta qilgandi. Hamma narsasini sotdi, ammo o‘g‘lini ulg‘aytirdi.
Ajoyib, kirishimli, oqko‘ngil, baquvvat bo‘lib o‘sdi o‘g‘li.
Hammasi yaxshi edi-yu, ichsa ahmoqning ahmog‘i bo‘lib qolardi, xuddi otasiga o‘xshab. Joying jannatda bo‘lgur, u ham qishloqdagi birorta tepalashishdan chetda qolmasdi.
Ona bo‘limga aynan kecha bekatda ro‘y bergan hodisani muhokama qilishayotganda yetib keldi. Vitka militsiya xodimini boplab tushirgandi, u shifoxonada ekan. Vitkaning to‘qasidan zarar ko‘rgan ikkita piyonista ham bor edi. To‘qani qiziqish bilan tomosha qilishardi.
– Ablahning kallasiga kelganini qarang!.. O‘ylab ko‘rsang oddiy, kamardaka kamar. Biroq, to‘qasi naq cho‘qmorning o‘zi! Yaxshiyamki, qirrasi bilan tegmabdi…
Xuddi shu payt Vitkaning onasi kirib keldi… Bo‘sag‘adan o‘tgani hamon tiz cho‘kdi-yu, uvillab yig‘lab, yolvora boshladi:
– Voy, mening aziz farishtalarim, oh, siz mening aqlli boshliqqinalarim! Voy, sizlarning xafagarchiliklaringiz bosilsin iloyo, kechiringlar, unga qarg‘ish tekkanmi! Mast bo‘lganda u… Ichmagan payti u qo‘li ochiq, oxirgi ko‘ylagini ham yechib beradi, tug‘ilgandan beri sog‘ payti u hech kimga ozor bermagan.
– Sen, kechiringlar deysan. Axir, u uch kishini shifoxonaga tiqdi. Biri xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida. O‘zing o‘ylab ko‘r, qanday qilib mana shuncha qilg‘ilikdan keyin uni kechirish mumkin?
Ona qalbi farzandiga biror ko‘rgilik, g‘am soya solsa, zirqirab ketadi. O‘g‘lining aybini unga mantiqan aniq qilib tushuntirish befoyda edi…
– Aylanay, bolajonlarim! – yig‘lab yubordi u. – Ichganda har narsa bo‘lishi mumkin-ku! Mast bo‘lgandan keyin urishgandir… Rahmingiz kelsin unga!..
Onaga qarash og‘ir edi. Uning nolasida shunchalik alam, g‘am-qayg‘u zohir ediki, kishi o‘zini yo‘qotib qo‘yardi. Bu yerdagilarga rahmdillik begona bo‘lsa-da, hammasi o‘zini noqulay sezardi. Kimdir teskari o‘girilib oldi, kimdir cheka boshladi.
– Yolg‘iz o‘g‘lim. Menga qaraydigan ham, boqadigan ham shu. Yaqinda uylanmoqchi edi. Agar uni qamashsa, qizginaning holi ne kechadi? Qiz esa judayam oqko‘ngil. Binoyidek oilaning farzandi, esiz. U kutmaydi.
– U nima uchun shaharga kelgandi? – so‘radi boshliq.
– Bozorga cho‘chqa yog‘i sotgani keluvdi. Pul o‘lgur kerak-da, to‘y taraddudida edik.
– Unda hech qanaqa pul yo‘q ekan.
– Voy, Xudoyim! – Ona qo‘rqib ketdi. – Bo‘lmasa qayerda ular?
– Buni undan so‘rash kerak.
– Ha, o‘g‘irlashgan bo‘lsa kerak-da! O‘g‘irlashgan! Ha, o‘g‘ilginam-a, mana shu sababli tepalashgan bo‘lsa kerak-da, uning pulini o‘g‘irlashgan. O‘g‘rilar olib qo‘yishgan…
– O‘g‘rilar olishgan bo‘lsa, bunga bizning xodimimizning nima aloqasi bor, uni nima uchun urgan?
– E, qo‘li qichiganda to‘g‘ri kelib qolgan-da.
– Agar hamisha qo‘li qichiganlarga duch kelaversa, unda bo‘limda ishlaydigan odam qoladimi, o‘g‘lingiz dastidan. Judayam qiziqqon ekan, haddan tashqari. – Boshliq qat’iylashdi. – Bu ishlar uchun gunohidan kechib bo‘lmaydi, qonun bo‘yicha u o‘z jazosini oladi.
– Voy girgittonlarim, yaxshi odamlar, – yana yalina boshladi ona, – hech bo‘lmasa, menga, qari kampirga rahm qilinglar, men endi ro‘shnolik ko‘ra boshlagandim. U mehnatdan qochmaydigan yigit, uylansa yanayam quyilib qoladi. Mening ham nevara boqqim keladi…
– Gap bunda emas, onaxon, tushuning. Prokuror ham bor! Xo‘sh, biz uni qo‘yib yuborsak, nimaga asoslanib uni qo‘yib yubordinglar, deb bizdan so‘raydi-ku. Bizning haqqimiz yo‘q. Bunaqa huquq yo‘q bizda. Uning o‘rniga men o‘tirmayman-ku.
– Balki o‘sha xodimlaringni biror yo‘l bilan rozi qilish kerakdir? Menda gilamcha bor, o‘zim to‘qigandim! Hammasini unga atab qilayotgandim…
– Ey, u sendan hech narsa olmaydi! – Endi baqira boshladi boshliq. – Sen odamlarni noqulay ahvolga solib qo‘yma, azbaroyi… Axir bu jiyan-jiyan bilan janjallashib qolibdi, degani emas-ku!
– Endi men qayerga borayin, o‘g‘illarim? Sizlardan kattaroq kimlardir bordir yo yo‘qmi?
– Prokurorga uchrashib ko‘rsin, – o‘tirganlardan kimdir maslahat berdi.
– Melnikov, uni prokurorning oldiga kuzatib qo‘y, – dedi boshliq. Va yana onaga qarab o‘girildi-da, unga xuddi karga yoki umuman bir zehni past odamga tushuntirganday gapira boshladi: «Prokurorga bor, u bizdan yuqoriroq! Ish ham endi unga o‘tgan. U senga tushuntirsin: bizlar biror nima qila olamizmi, yo‘qmi? Seni hech kim aldayotgani yo‘q, tushungin». Onaxon Melnikov bilan birga prokurorga uchrashgani ketdi. Yo‘l bo‘yi ular gurunglashib borishdi.
– O‘g‘lim, nima, uni yomon urganmi?
Melnikov o‘ylagancha jim borardi.
– Agar sud qilishsa, unga necha yil berishadi?
Serjant jimgina qadamini tezlashtirdi.
Onaxon bu naynovning yonida hamon pildirab borar va uni suhbatga tortishga urinib, yuziga tikilardi.
– O‘g‘lim, menga tushuntirib bersang-chi, jim yurmay. Sening ham onang bordir, menimcha, bor. Sizlarga achinamiz-da, axir, shundayam achinamiz, mana, hozir gapirayapman-u, har bir so‘zga yuragimni qo‘shib berayapman. Unga ko‘p berishadimi?
Melnikov dud purkaganday mujmal javob qaytardi.
– Mana, masalan, qabrlarni bezashadi: chetini to‘siqlar bilan o‘rashadi, gulchambarlar qo‘yishadi. Bu nima, o‘lganlar uchun kerakmi? Bu tiriklar uchun kerak. O‘lganlarga endi baribir.
Onaxon shunday dahshatga tushdiki, to‘xtagan joyida esi og‘ayozdi.
– Nega bunday deysan?
– Ketdik, yur. Men buni shuning uchun aytayapmanki, albatta, sud qilishadi. Kechirishlari ham mumkin edi. Ichgan, pul o‘g‘irlashgan: insonni xafa qilishgan. Ammo, baribir, boshqalarga ibrat bo‘lsin deb sud qilishadi. Axir o‘zing aytayapsan-ku, mast bo‘lgan deb. Bu endi hisobga kirmaydi. Hech kim uni zo‘rlab ichirgani yo‘q, o‘zi ichgan. Bu boshqalarga dars bo‘ladi. U endi baribir qamaladi, boshqalar esa o‘ylab qolishadi. Bo‘lmasa, sizlarni hech qachon qayta tarbiyalab bo‘lmaydi.
Ona tushundi, manavi naynov ham uning o‘g‘liga qarshi fikrda, shu sababli gapirmay qo‘ydi.
Prokuror bir qarashda onaxonga ma’qul bo‘ldi – e’tiborli, muloyim. Onani diqqat bilan tingladi, u o‘g‘li Vitkani qanday yaxshi, oqko‘ngil ekanligi, sog‘ payti chivinga ham ozor bermasligi, o‘zi endi yolg‘iz qanday qilib kun kechirishi haqida uzundan-uzoq va chalkashtirib gapirdi. Uning qaylig‘i Vitkani kutmasligini, bunaqa qizlarni ko‘z ochib yumguncha boshqalar ilib ketishini, boyoqishning oqko‘ngil qizligini ham eslatib qo‘ydi.
Prokuror esa hamon uni diqqat bilan tinglar, barmoqlari bilan stolni chertib turardi… U gapni uzoqdan, salmoqlab boshladi:
– Mana sen, dehqonsan, oilada ko‘plashib voyaga yetgandirsizlar-a?
– O‘n oltita, otaginam. O‘n to‘rttasi tirik qolgan, ikkitasi hali murg‘akligidayoq o‘lib ketgan. Pavel o‘ldi, undan keyin yana bir o‘g‘il, uni ham Pavel deyishardi. Mana qara, o‘n oltita.
– Butun boshli kichik bir jamiyat. Boshliq – ota. To‘g‘rimi?
– Ha, otaginam, shunday. Otamizga quloq solardik.
– Mana ko‘rdingmi? – Prokuror onani o‘z gapidan tutdi. – Quloq solishardi! Xo‘sh, nima uchun! Bittasi to‘polon qilsa, ota to‘polonchini kamar bilan… Ota to‘polonchini qanday jazolayotganini aka yoki singil ko‘radi-da, o‘ylab qoladi: u ham to‘polon qilsinmi yoki yo‘q? Shunday qilib, katta oilada tartib ushlab turilgan. Faqat shu yo‘l bilan. Agar ota bittasini kechirsa, ikkinchisini kechirsa – oilada nima bo‘ladi? Buzilish. Men seni tushunaman, senga rahmim kelayapti…
Agar bilsang men ham achinaman, u yer kurort emas, hodisani hisobga olsak, u yoqqa o‘g‘ling bir yilga ketmaydi. Odamgarchilik yuzasidan hammasi tushunarli, ammo yuqori darajadagi tartiblar bor, bu yerda bizning kuchimiz yetmaydi. Sud qilganda qancha berishadi, bilmayman, buni sud hal qiladi.
Ona tushundiki, bu ham uning o‘g‘lini yoqtirmay qolgan. «O‘z odamlari uchun kuyunayapti».
– Otaginam, sendan yuqoriroqda ham birov bormi?
– Qanaqasiga? – darrov tushunmadi prokuror.
– Eng kattasi senmi yoki kattaroq kimdir yana bormi?
Prokuror, keyin o‘ziga noqulay bo‘ldi-yu, beixtiyor kulib yubordi.
– Bor, onaxon, bor. Ular ko‘p!
– Qayerda ekan ular?
– Qayerda?.. Xo‘sh, o‘lka tashkilotlari bor… Sen, nima, u yerga bormoqchimisan? Maslahat bermayman.
– Menga yaxshi odamlar aytishdi; eng yaxshisi hozir chiqarish kerak emish, hali sud bo‘lmasdan turib, keyin qiyin bo‘larkan.
– O‘sha yaxshi odamlarga aytginki, ular… yaxshi emas ekan. Ular chetdan turib qaragandagina yaxshi odamlar… Yaxshigina odamlar. Kim bunday maslahat berdi?
– Ha-a, aytishdi-da…
– Xo‘p mayli, boraqol. Bekorga pulingni sarflaganing qoladi. Natija baribir o‘sha-o‘sha bo‘ladi. Men senga tamoman rasmiy tarzda aytayapman: sud qilishadi. Sud qilmaslik mumkin emas, haqqimiz yo‘q. Va hech kim bu sudni bekor qilolmaydi. Onaning qalbi ozorlandi. U prokurordan xafa bo‘lgandi, shu sababli, oyog‘ida arang turgan bo‘lsa ham uning oldida gursillab yiqilmaslik va ovozini chiqarib yig‘lab yubormaslik uchun sir boy bermadi.
Uning oyoqlari chalkashib ketayotgandi.
– Hech bo‘lmasa, o‘g‘lim bilan uchrashuvga ruxsat berarsan…
– Buni iloji bor, – darrov rozi bo‘ldi prokuror. – Aytishlaricha, uning anchagina puli bo‘lgan ekan, shundaymi?
– Ha…
Prokuror qog‘ozga nimalarnidir yozib onaga uzatdi.
– Bo‘limga bor.
Militsiyaga yo‘lni onaning o‘zi topib bordi… Odamlardan surishtirdi. Ular yo‘l ko‘rsatishdi. Onaning ko‘z oldini tuman qoplab olgandek edi. U jimgina yig‘lar, ko‘z yoshlarini ro‘molining uchi bilan artar, ammo odatiga ko‘ra tez yurar, ba’zida yo‘lakchada chiqib qolgan taxtalarga qoqilib ketardi. Bilardiki shoshilishi, o‘g‘lini sud qilmaslaridan oldin ulgurishi kerak. Bo‘lmasa, keyin chiqarib olish qiyin bo‘ladi. U bunga ishonardi. U butun umri davomida hamisha yo‘l yurib, ko‘z yoshlarini ro‘molining uchi bilan artib, g‘am bilan mana shunday kurashgan edi. Uning yuragida yaxshi, oqko‘ngil odamlarga nisbatan yengib bo‘lmas ishonch yashardi: ular yordam qilishadi! Manavilar esa – mayli, o‘z odami uchun xafa bo‘lishibdi, qolganlar esa – nariroqdagilar, ular yordam berishadi.
Nahot yordam berishmasa?
U hammasini ularga gapirib beradi – yordamlarini ayashmaydi. Qizig‘i, ona biror marta ham o‘g‘lining jinoyat sodir etgani to‘g‘risida o‘ylamasdi. U bir narsani bilardiki: o‘g‘lining boshiga katta kulfat tushgan. Onadan boshqa kim ham uni bu kulfatdan qutqara olardi? Kim? Voy Xudoyim-ey, o‘sha o‘lka tashkilotlariga piyoda yurib bo‘lsa ham boradi, kechayu-kunduz yursa ham. O‘sha yaxshi odamlarni u, albatta, topadi.
– Xo‘sh? – so‘radi undan bo‘lim boshlig‘i.
– O‘lka tashkilotlariga borishimni aytdi, – yolg‘onladi ona. – Mana bu uchrashuv uchun. – U yozilgan qog‘ozni uzatdi.
Boshliq buni sezdirmaslikka harakat qilsa ham, birmuncha hayron bo‘ldi. Qog‘ozdagini o‘qidi. Ona uning hayron bo‘lganini sezdi va o‘yladi: «Ha», u ozroq yengil tortgandi.
– Melnikov, kuzatib qo‘y.
Ona ular ancha uzoq yo‘l yurishadi, oldida temir eshiklar ochiladi, o‘g‘lini u panjara ortida ko‘radi va o‘g‘li bilan pastdan turib, oyog‘ining uchiga ko‘tarilib olib gaplashadi… deb o‘ylagandi. Uning o‘g‘li esa shu yerda, pastda, yerto‘lada o‘tirardi. U yerdagi yo‘lakda boshi qirilgan erkaklar nimanidir o‘ynab o‘tirishardi. Ular onaga va serjantga qarab qolishdi. Ularning orasida Vitka yo‘q edi.
– Ha, onaxon, – so‘radi o‘ynab o‘tirganlardan yoshi ulug‘rog‘i, – sengayam o‘n besh kun berishdimi?
Kulishdilar.
Serjant onani yo‘lak bo‘ylab joylashgan bo‘lmalardan birining yoniga olib keldi va eshikni ochdi… Bo‘lma katta, taxta katlar esa enli edi. Vitka taxta katda yotardi… Melnikov kirganida o‘rnidan turmagan Vitka, uning ortidan onasini ko‘rib, sakrab o‘rnidan turib ketdi.
– Suhbatlashish uchun o‘n minut, – ogohlantirdi naynov. Va chiqib ketdi. Ona taxta kat chekkasiga o‘tirdi-da, ro‘molining uchi bilan shosha-pisha ko‘zlarini artdi.
– Qara-ya, yerni osti bo‘lsa ham, quruq, iliqqina ekan, – dedi ona.
Vitka jim edi, qo‘llari bilan tizzasini quchoqlab o‘tirardi. Eshikka qarardi. Bir kechada soqoli o‘sib, ko‘zlari kirtayib qolgandi, xuddi ataylabday. Unga qarash og‘ir edi. U xiyol titrar va bor kuchi bilan hech bo‘lmaganda shuni onasiga sezdirmaslikka urinardi.
– Ko‘rinib turibdi, pulingni o‘g‘irlashgan, shundaymi? – so‘radi onasi.
– Ha.
– Xo‘p, o‘g‘irlashgan bo‘lsa, sadqai sar edi o‘sha pullar, nima uchun shuni deb tepalashding? Pul bizni emas, biz uni topamiz-ku, bolam.
Vitka hech qachon, hech kimga qanday vaziyatda pulini olib qo‘yishganini aytmasdi, uyalardi. Ikkita iflos… og‘ir sharmandalik! Yana onasiga ham achinardi. U onasining har qanday qonunlarni bosib, yanchib bo‘lsa ham kelishini bilardi, u buni kutar va qo‘rqardi.
Onaning qalbi esa shu daqiqalarda butunlay boshqa bir holatda edi. U olamda sud, prokuror, militsiya, qamoq deganlari borligini butunlay unutgandi. Uning yonida bolasi, yordamga muhtoj, aybdorgina bolasi o‘tirardi… Bolasini kim tortib ololardi undan – o‘g‘liga faqat u, boshqa hech kim kerak emas, faqat u kerak?
– Bilmaysanmi uni… yomon urmabmanmi?
– Unchalikmas, to‘qaning tekis tomoni tegibdi… Ammo yotibdi, turgani yo‘q.
– Ekspertiza qilishgandir, albatta. Byulleten oladi… – Vitka onasiga qaradi, – yetti yilgacha to‘g‘rilaydilar.
– Yo muqaddas Avliyolar! – Onaning yuragi orqaga tortib ketdi. – Nega buncha ko‘p berishadi?
– Yetti yil!.. – Vitka taxta katdan sakrab turdi, bo‘lmada u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi. – Hammasi havoga uchib ketdi! Tamom, butun hayot ag‘dar-to‘ntar bo‘ladi endi! Bolasi qalbini qayg‘u toqatsiz ezayotganini onaning dono qalbi sezdi.
– Nima, seni sud qilib kesishdimi? – dedi ona o‘g‘liga o‘qrayib. – Darrov hayotim ag‘dar-to‘ntar deysan.
– Bu yerda boshqa nimani ham ko‘rarding? Hammasi ma’lum…
– Buni qaranglar, hammasi ma’lum emish! Sen avval hech bo‘lmasa so‘rasang bo‘lardi, men qayerlarda bo‘ldim, nimalarga erishdim?..
– Qayerda bo‘lding, – Vitka to‘xtab qoldi.
– Prokurorning oldiga bordim…
– Xo‘sh! U nima dedi?
– Xah, sen oldin nima dedi, deb so‘ra. U bo‘lsa darrov hayot tugadi emish… Nimaga buncha kuchsizsizlar… Hali hech vaqo bo‘lgani yo‘q-ku, uning bo‘lsa… kallasida nima bor, Xudo biladi.
– Xo‘p, prokuror nima dedi?
– Shuni… Hozircha u ich-etini yemay tursin, kallasidagi har xil bo‘lmag‘ur xayollarni chiqarib tashlasin, dedi…
Biz o‘zimiz bu yerda hech narsa qila olmaymiz, chunki haqqimiz yo‘q. Sen esa vaqtni yo‘qotmay, o‘lka tashkilotlariga bor. Agar bizlarga u yoqdan buyurishsa, biz xohlasak-xohlamasak uni qo‘yvoramiz. Shunda odamlarimiz oldida vijdonimiz pok bo‘ladi: sud qilmoqchi edik-ku, ammo bo‘lmadi, deymiz. Ular bu yerda hammasini o‘ylab qo‘yishgan. Men o‘zim ham unga achinaman. Ammo biz kichkina odamlarmiz. O‘lka tashkilotlariga bor, u yerdagilarga bo‘lgan hamma voqeani to‘liq tushuntir… dedi Senda qancha pul bor edi o‘zi?
– Yuz ellik.
– Voy, farishta otaxonlar! Qo‘llari isibdi…
Eshikdan naynov militsioner mo‘raladi.
– Tugatinglar.
– Hozir, hozir, – dedi shoshilib ona, – biz hammasini gaplashib bo‘ldik… Men hozir uyga boraman, Mishka Bichkov senga tavsiyanoma yozadi… yaxshilab yozaman degan.
– U yerda… haligi… jomadonimda har xil faxriy yorliqlar yotibdi, xizmatdan, har ehtimolga qarshi ularni ham ol.
– Qanaqa faxriy yorliqlar?
– O‘sha yerda ko‘rarsan. Balki, yordami tegar.
– Olaman. Keyin idoraga kiraman, u yerdan ham tavsiyanoma olaman… Quruq qo‘l bilan bormayman. Balki gilamchalarimni sotarman, Sergeevna olaman degandi?
– Nega?
– Axir o‘zim bilan pul olsam yaxshi-da, balki kimningdir og‘zini moylash kerakdir.
– Kerakmas. Qaytanga ishning pachavasini chiqarasan.
– Xo‘p, mayli, qarayman.
Militsioner yana eshikdan mo‘raladi.
– Vaqt bo‘ldi.
– Ketayapman, ketayapman, – dedi ona yana shoshilib. Eshik yopilgandan keyin, qo‘ynidan pishgan tuxum va jigar oldi:
– Ma, yeb ol. Sen judayam ko‘p o‘ylayverma, hali hammasi yaxshi bo‘ladi. Yaxshi odamlar yordam berishadi. Eng katta boshliqlar yaxshi odamlar bo‘lishadi, ular qo‘rqishmaydi. Bular esa qo‘rqishadi, hech kimdan qo‘rqmaydiganlar esa o‘zlariga-o‘zlari xo‘jayin. Men ularning oldiga kirishga-ku, kiraman. Sen o‘zingni qo‘lga ol-da, yaxshi narsalar haqida o‘yla. Xohla, Verka haqida… Verka ham juda ezilib kuymoqda. Eshitgan zahoti yugurib keldi.
– Xo‘sh?
– Qiynalyapti.
Vitkaning ko‘ngli qaylig‘i kuyganini eshitib ham negadir ilimasdi.
– Bilasanmi yana nima… – onasi shivirlab dedi. – Sen xayolan Xudoga sig‘ingin. Hechqisi yo‘q, sen cho‘qintirilgansan. Har tomondan o‘rab, harakat qilamiz. Men uydan ertaroq chiqaman-da, poyezd kelguncha yugurib borib Hazrat Nikolayga atab sham yoqib kelaman, undan ham sig‘inib so‘rayman. Hechqisi yo‘q, u mehr ko‘rsatadi. Otangning qora xatini ham olaman…
– Sen akalarimga… bu… hozircha xabar bermay tur.
– Xo‘p, xabar bermayman. Nimaga kerak ularning ko‘nglini ortiqcha bezovta qilib. Eng muhimi, sen hammasi tugadi, degan o‘yni kallangdan chiqar. Agar berishsayam, bir yil-yarim yil ko‘zdan xoli qilish uchun berishar. Lekin yetti yil emas. Agar kimga bir yil berishsa, qarabsanki, u yarim yildan keyin chiqib kelayapti, kim yaxshi ishlasa, uni ertaroq chiqarib yuborishadi. Balki, hali bir yil ham berishmas.
Militsioner xonaga kirib keldi-yu, endi qaytib chiqib ketmadi.
– Vaqt, vaqt…
– Ketdim. – Ona taxta katdan turdi, militsionerga yelka tomonini o‘girib burildi-da, o‘g‘lini tezgina cho‘qintirib, faqat lablari bilan shivirladi: Isoning o‘zi saqlasin seni.
Ona bo‘lmadan chiqdi. Yo‘lak bo‘ylab ketib borar ekan, yig‘idan ko‘zlari ko‘rmasdi. O‘g‘li Vitkaga achinardi, judayam achinardi. Bolang betob bo‘lib qolsa achinasan, bu yerda esa achinish boshqacharoq, bu yerda odamlardan yordam so‘rab yalinsang, teskari qarab olishadi, ko‘zingga qarasholmaydi. Ba’zan dahshatga tushasan. Ammo, ona harakat qilayotgandi.
Xayolan u allaqachon qishlog‘ida edi, birinchi navbatda qilinishi kerak bo‘lgan ishlarni mo‘ljallardi, jo‘nab ketishdan oldin eng avval kimning oldiga borishi va qanday qog‘ozlarni olishi kerakligini o‘ylardi. Tag‘in o‘sha «Oqko‘ngil odamlar, yaxshi odamlar»ning yordam berishiga bo‘lgan ishonch uni yana va yana olg‘a chorlar, hech qayerda taraddudga tushmas, hatto to‘yib yig‘lab olish ham, bu halokat bo‘lishi mumkinligini bilardi. U harakat qilardi.
Kun oqqandan keyin, soat uchlarda, u yana qishlog‘idan chiqib, o‘lka tashkilotlari tomon yo‘lga tushdi.
«Xudoyim, yordam ber! Otaxonlarim! – degan so‘zlar tilidan tushmasdi. – Shunday qilginki, o‘g‘limning xayoliga yomon fikrlar kelmasin, unga aql bersin. U ozroq hovliqmaroq, o‘ziga biron-bir narsa qilib qo‘ymasin», degan so‘zlar xayolida tinimsiz aylanardi.
Tun oqqanda, u poyezdga o‘tirib jo‘nab ketdi.
«Hechqisi yo‘q, mehribon odamlar yordam berishadi».
Yordam berishlariga ona ishonardi.
Rus tilidan O‘roz Haydar tarjimasi