Yakshanba kuni erta tongda Ivan Degyaterovnikiga qaynotasi, hali uncha qari bo‘lmagan, ayyoru xushmuomala Naum Krechetov keldi. Ivan qaynotasini yoqtirmas, Naum ham qiziga achinganidan Ivanga chidardi.
– Uxlayapsanmi? – tez gapirdi Naum. – Ehhe-e!.. Bunaqada butun bir podsholikni uxlab o‘tkazib yuborish mumkin. Salomatmisizlar?
– Men u yoqqa unchalik ham shoshayotganim yo‘q. Yugurmayman.
– Bekor qilasan. Qani tur-chi. Ketdik, o‘tinga borib kelamiz. Men brigadirdan ikkita arava so‘rab oldim. Albatta tekinga emas, he mayli, jin ursin uni, o‘tin kerak.
Ivan yonboshlab yotib o‘yladi… Keyin turib kiyina boshladi.
– Mana, nima uchun yoshlar shaharga ketib qolishayapti? Shuning uchunki, u yerda ishingni bajarib bo‘ldingmi – boraver, o‘ynab kul. Odamni dam olgani qo‘yishmaydi. Bu yer xuddi qarg‘ish tekkanday, na kechasi, na kunduzi va na yakshanbada tinchlik bor.
– Nima, o‘tinsiz o‘tirasanmi? – so‘radi Ivanning xotini Nyura. – Unga ot topib berishsa-yu, yana norozi bo‘lganini-chi.
– Men shaharda ham ishlash kerak ekan, deb eshitgandim, – dedi qaynotasi.
– Kerak. Men jon deb suv quvurini kovlagani borardim, zo‘r berib ishlab qo‘yardim-da, keyin g‘am- tashvish chekmasdim, suv va issiqlik tayyor.
– Bir tomonda mundoq olib qaralsa, albatta, yaxshi – issiq suv, ammo ikkinchi tarafdan, fojia, sen unda umuman uyqudan bosh ko‘tarmasliging mumkin. Ha, mayli, qani ketdik.
– Biror narsa yeb olasanmi? – so‘radi xotini. Ivan rad qildi. Xohish yo‘q.
– Bosh og‘rig‘imi? – Qiziqsindi Naum?
– Xuddi shunday, janob oliylari! –Ha-a-a. Mana shunaqa. Sen esa suv quvur deysan… Bo‘pti , ketdik.
Havo ochiq. Oftob charaqlab turar, qor yaraqlab ko‘zni olardi. O‘rmonda sokinlik, go‘yo orom olayotgandek. Yo‘l ancha uzoq – yigirma chaqirimcha yo‘l yurishlari kerak edi. Yaqinroqdan kesgani ruxsat etilmasdi. Naum oldinda borar, hamon jahl qilardi.
– Jin ursin uni! O‘tin uchun o‘rmondan o‘rmonga borsang.
Ivan chanada mudrab borar, bir zayldagi yurish uni go‘yo allalardi. So‘qmoqqa yetib kelib, ochiq soylikka tushishdi va toqqa ko‘tarila boshlashdi. U yerda yam-yashil o‘rmon yastanib yotardi.
Deyarli toqqa chiqayozib qolishyotgandi… Va, yo‘ldan unchalik uzoq bo‘lmagan yerda, ko‘rib qolishdi – beshta. O‘rmondan chiqib kutib turishardi. Bo‘rilar! Naum otini to‘xtatdi, astagina kelishtirib so‘kindi.
– Onangni seni… Kulrang ofatlar. Turishini qara.
Ivanning yosh, qo‘rqoq oti ortga tisarala boshladi, shotini bosib oldi. Ivan no‘xtani silkitib orqaga bura oldi. Ot xirillar, depsinar, shotidan oyog‘ini oshirib ololmasdi.
Bo‘rilar tog‘dan tusha boshlashdi. Naum otini avvalroq burib bo‘lgandi.
– Ha, nimaga turibsan, – deb qichqirdi.
Ivan chanadan sakrab tushdi, otni kuch bilan shotidan nari itarib yiqilib tushdi. Ot burilib turgan yugurib keta boshladi.
Naum esa allaqachon ilgarilab ketib bo‘lgandi.
– Talashayapti-ii! – hovliqib otni qamchilar va baqirardi.
Bo‘rilar kulrang qor uyumiday yo‘lni kesib tog‘dan tushib kelardi.
– Talashayapti-i-i! – Baqirardi Naum. “Nima u esdan og‘ib qoldimi? – beixtiyor o‘yladi Ivan, – Kim, kimni talayapti?” U qo‘rqib ketdi, qiziq; qo‘rquv ham bor edi, yonib qiziqish ham, qaynotasining qilig‘idan kulgusi ham kelardi. Ammo qiziqish tezda o‘tib ketdi. Endi kulgusi ham kelmayotgandi. Bo‘rilar chanadan yuz metrcha orqadagi yo‘lga chiqib,zanjir bo‘lib tizilishib, jadal quva boshlashgandilar. Ivan chananing old to‘sig‘idan mahkam ushlab olganicha bo‘rilardan ko‘zini uzmay kelayotgandi.
Oldinda gavdali, ko‘krakdor, tumshug‘i yapasqi bo‘ri kelardi. Endi faqat o‘n besh, yigirma metrlar chamasi masofa uni chanadan ajratib turardi. Ivanni bo‘rining ovcharka itga o‘xshamasligi hayron qoldirgandi. U ilgari bo‘rini bunchalik yaqindan ko‘rmagan va u ovcharkaga o‘xshash, ammo sal yirikroq bo‘ladi, deb o‘ylab yurardi. Hozir esa Ivan tushundi: bo‘ri, bu- bo‘ri, jondor. Eng qopag‘on itni ham oxirgi paytda nimadir to‘xtatishi mumkin: qo‘rquv, erkalash, yoki insonning keskin qichqirig‘i. Bu yapasqi tumshuqlini faqat o‘lim to‘xtata olardi. U irillamas, qo‘rqitmasdi… O‘ljasini quvardi. Uning do‘maloq sariq ko‘zlari tik va sovuqqon boqardi.
Ivan chanaga qaradi, – hech narsa, hatto oddiy cho‘p hpm yo‘q edi. Boltani ikkalasi ham qaynotasida. Faqat yonboshlash uchun bir ozgina pichan va qo‘ldagi qamchi bor edi.
– Talashayapti-i-i! – qichqirardi Naum. Ivanni chinakam qo‘rquv chulg‘adi.
Oldindagisi, to‘daboshi bo‘lsa kerak, chanani aylanib o‘ta boshladi, otni mo‘ljallab kelardi. U qandaydir ikki metrlar yaqin kelib qoldi… Ivan o‘rnidan yarim turdi-da, chap qo‘li bilan chananing to‘sig‘idan ushlab turib, qamchi bilan to‘daboshini qattiq urdi. U buni kutmagandi, tishlarini takillatib chetga qarab sakradi va tezligini yo‘qotdi. Orqadan bo‘ri galasi yetib keldi. To‘daning a’zolari uning atrofida chopib aylanishdi-da, to‘xtab qolishlar. U orqa oyoqlarida o‘tirdi, so‘yloqtishlari bilan goh u, goh bu bo‘rini turta boshladi… Yana turib oldinga qarab ketishdi va tezda chanaga yetib olishdi. Ivan tayyorlanib qulay paytni kuta boshladi …
To‘daboshini yana bir marta qamchi bilan tushirmoqchi edi, aAmmo u endi chanani olisroqdan aylanib o‘ta boshladi. Bo‘rilarning yana biri to‘dadan ajralib chiqdi. Ivan tishlarini qattiq qisdi, afti burishdi… “Tamom, o‘ldim”. Oldinga qaradi.
– To‘xta-a! – qichqirdi u. – Ota!.. Boltani ber!
Naum otni qamchilab ketardi. Orqaga qarab, bo‘rilar kuyovini qanday aylanib o‘tishayotganini ko‘rdi va tezda ortga burildi.
– Ota… biroz sekinlat! – Yana biroz sekinlat, deyapman senga yaramas!.
– Ularga bir nima uloqtir!.. -qichqirdi Naum.
To‘daboshi ot bilan tenglashib qolgan, unga tashlanish uchun qulay paytni kutayotgan edi, orqasidan chopib kelayotgan bo‘rilar ham ancha yaqinlashib qolganishdi ; sal ushlansang ular chanaga qarab sakrashadi-yu, tamom. Ivan bir siqim pichanni ularga qarab otdi, bo‘rilar bunga e’tibor ham berishmadi.
– Ota, yaramas, sekinlash… Boltani tashla!
Naum burilib qaradi.
– Vanka!.. Qara, tashlayman!
– Sen sekinlat!
– Qara, tashlayapman! – Naum boltani yo‘l chetiga uloqtirdi. Ivan mo‘ljalladi… chanadan sakrab tushib, boltani oldi.. Sakray turib u orqada kelayotgan uch bo‘rini cho‘chitib yubordi, ular chetga qochishdi, yugurishini sekinlatdi, hujumga shaylanishdi.
Ammo aynan o‘sha lahzada to‘daboshi oyoqlar ostidagi qattiq qatlamni sezib qoldi-yu, otga qarab sakradi, ot ho‘rkib chetga, qor uyumiga o‘zini urdi…
Chana ag‘darilib tushdi; shoti xomutni qayirib yubordi, otning tomog‘i qisilib qoldi. Ot xirillab, shoti qayishga o‘ralashib qoldi. O‘ljasiga yetib olgan bo‘ri sakrab otning ustiga kirdiyu, o‘tkir tirnoqlari bilan qornini yorib tashladi.
Qolgan uch bo‘ri ham o‘ljaga qarab otildi. Keyingi lahzalarda beshala bo‘ri ham hali dirillab turgan otning ichak-chavog‘ini oppoq qor ustida tortqilab yeyishar, irillashar, qizg‘ish ichaklardan esa hovur ko‘tarilib turardi, to‘daboshi bu orada do‘maloq sariq ko‘zlari bilan ikki marta Ivanga tikilib qaradi…
Hammasi shu darajada hayratlanarli, tez va oddiy yuz bergandiki go‘yo tushga o‘xshardi. Ivan qo‘lida bolta bilan beixtiyor bo‘rilarga tikilib turardi. To‘daboshi unga yana bir qarab qo‘ydi… Bu g‘olibona, bepisand qarash Ivanning g‘azabini qo‘zg‘adi.
U boltani baland ko‘tardi-da bor ovozi bilan baqirib bo‘rilar tomon otildi. Ular xohlamaygina bir necha qadam nariroq qochib borib qonli og‘izlarini yalab turishdi.
Buni shu darajada tirishib, berilib qilishardiki, boltali odamni ularga hech qanday qizig‘i yo‘qday. Ha, aytmoqchi, yetakchi diqqat bilan tik qarab turardi.
Ivan uni xayoliga kelgan eng yomon so‘zlar bilan so‘kdi. Boltani silkitib u tomon yurdi… To‘daboshi joyidan qimir etib ham qo‘ymadi.
Ivan ham to‘xtadi.
– Sizlar yutdilaring, – dedi u. –Yutdinglar, ablahlar. – U qishloq tomon yurib ketdi. Xomtalash bo‘layotgan otga qaramaslikka harakat qildi. Ammo chiday olmadi, burilib qaradi… Rahmi kelganidan yuragi siqildi, qaynotasiga nisbatan kuchli bir g‘azab, alam qo‘zg‘aldi. U yo‘ldan tez-tez yurib keta boshladi.
– Shoshmay tur sen!… Hali shoshmay tur sen sudraluvchi ilon.
Axir qutulib ketardik-ku, ot ham tirik qolardi. Olchoq!
Naum kuyovini burilishda kutib turgandi. U sherigi, sog‘-salomat ekanligini ko‘rib, astoydil quvonib ketdi.
– Tirikmisan? Xudoga shukur! – Naum, vijdonan aytganda, xavotirlanardi.
– Tirikman! – javob qaytardi Ivan. – Sen ham tirikmisan?
Naum kuyovining ovozidan g‘azabni sezdi. Har ehtimolga qarshi chana tomon bordi.
– Xo‘sh, u yerda nima bo‘layapti?
– Senga ta’zim yo‘llashayapti. Olchoq!
– Senga nima bo‘ldi? Nega hurayapsan?
– Men, hozir seni kaltaklayman, hurmayman.
Ivan chana tomon yura boshladi.
Naum otga qamchi bosdi.
– To‘xta! – baqirdi Ivan va chana ortidan quva boshladi. – To‘xta, iflos! Naum otga tinmay qamchin urardi. Endi boshqa quvlashmachoq boshlashgandi; odam odamni quvalab yugurardi.
– To‘xta, senga deyapman! – qichqirdi Ivan.
– Hovliqma! – baqirardi Naum, – nimaga qizishasan-a? Yo esingdan og‘ib qoldingmi? Mening nima aybim bor bu yerda?
– Aybing yo‘qmi? Biz ikkovlashsak qutulib qolgan bo‘lardik. Sen esa sotqinlik qilding!
– Axir qanday qutulardik?! U nima deganing?
– Sen sotding, ilon! Men senga ko‘rsatib qo‘yaman hozir. Mendan qochib qutulib bo‘psan, yaxshisi to‘xta. Bo‘lmasa, odamlarga hammasini aytib beraman… Yaxshichilikcha to‘xta!
– Olasan, to‘xtamayman, og‘zingni katta och! – Naum tinmay otni savalardi. – Yaxshisi maslahatimga quloq sol. To‘xta!
– Yaxshisi, maslahatimga quloq sol, to‘xta! –Ivanning nafasi qisila boshladi. – O‘zingga yaxshi bo‘ladi: bejab qo‘yamanu, hech kimga aytmayman.
– Sen iblisni, qip-yalang‘och holingda qarindoshlikka qo‘shgandik, sen esa menga bolta ko‘tardingmi? Uyat bormi senda yo yo‘qmi?
– Mana, hozir bejab qo‘yay, keyin uyat haqida gaplashamiz. To‘xta!
Ivan charchaganidan orqada qolib ketayotgandi. Keyin quvishni butunlay bas qildi. Odimlay boshladi.
– Baribir topaman, hech qayerga ketolmaysan! – u oxiri qaynotasining ortidan qichqirgancha qoldi. ..
Ivan uyida hech kimni uchratmadi, eshikka qulf osilgandi. U qulfni yulib olib tashlab, uyga kirdi. Shkafni qidirib ko‘rdi… Kecha yarim ichilgan aroq shishasini topib, stakanga quyib ichdi-da, qaynotasinikiga qarab ketdi.
Qaynotasining hovlisida chanadan chiqarilgan ot turardi.
– Uyida, – dedi Ivan qoniqish bilan eshikni turtib ko‘rarkan, – yopilmagan. U yopiq bo‘ladi deb o‘ylgandi. Ivan uyga kirdi… uni kutishayotgandi: – uyda xotini, qaynotasi va uchastka noziri o‘tirishgandi.
– Xo‘sh, Vanya, nima bo‘ldi?
– Shunday-yy… Ulguribsan-da, yugurib borishga? – so‘radi Ivan qaynotasiga qarab.
– Ulgurdim, ulgurdim.Tomoqni biroz moylab oldingmi?
– Ozroq moyladim… dadillik uchun.
Ivan stulchaga o‘tirdi.
– O‘zi, senga nima jin tegdi, Ivan? Esdan og‘ib qoldingmi yo? – Nyura o‘rnidan qo‘zg‘aldi. – Nima, sen…?
– Otangga bir dars o‘tib qo‘ymoqchi edim… Odam qanday bo‘lishi kerakligi haqida.
– Qo‘yaqol, Ivan, – gap boshladi nozir, – xo‘p, baxtsizlik yuz beribdi, ikkovlaring ham qo‘rqib ketgansizlar… kim ham o‘ylabdi bunday bo‘lishini? Tabiiy falokat.
– Birgalashsak osongina qutulgan bo‘lardik. Men esa ular bilan bir o‘zim olishdim…
– Men senga boltani tashladim-ku? Sen so‘rovding, men tashladim. Yana mendan nimani talab qilasan?
– Judayam ozgina narsani: odam bo‘lishingni. Sen esa olchoqsan.
Darsni esa men senga baribir beraman.
– O‘qituvchini qarang-a? Mishiqi…
– Suv yuqmas lochin… Hamma narsa tap-tayyor uyga buni kiritsang, yana do‘q urishini qara. Yana nimadandir norozilar: bu kishiga quvurda suv kerak emish.
– Axir gap bunda emas-ku, Naum, – dedi nozir. – Suv quvurning nima aloqasi bor?
– Qishloqda yomon!… Shahar yaxshi, – davom etdi Naum, – Unda nimaga bu yerga bostirib kelding. Noroziligingni ko‘rsatganimi? Odamlarni qo‘zg‘aganimi?
– Voy, yaramas-ey! -dedi Ivan hayrat bilan va o‘tirgan joyidan qo‘zg‘aldi.
Nozir ham o‘rnidan turdi.
– Qo‘yinglar! Ketdik Vanya…
– Bilasanmi, bunday to‘polonchilarni qayerga tiqishadi? – bo‘sh kelmasdi Naum.
– Bilaman! – javob berdi Ivan. – Boshi bilan muzning teshigiga Nozir Ivanning tirsagidan ushladi-da, tashqariga yetaklab olib chiqib ketdi. Ko‘chaga chiqqach to‘xtashdi. Chekishdi.
– Xo‘sh, shundan keyin ham iflos emasmi? – Hamon jahl bilan g‘ijinardi Ivan.
– Yanayenga qarab ot qo‘ymoqchi.
– E qo‘ysang-chi, uni?
– Men uning abjag‘ini chiqarishim kerak.
– Xo‘p, shu sassiq tezakni deb muddat ishlab olasan.
– Sen meni qayoqqa olib bormoqchisan?
– Yur, menikida yotib qolasan… Hovurdan tushasan. Bu ahvolda o‘zingga jabr qilasan, ilakishma bu ishga.
– Yo‘q, axir bu… nahot odam ham shunday bo‘lsa..?
– Mumkin emas, Ivan, kerak emas.
– Mushtlaring bilan hech narsani isbotlolmaysan.
Ular ko‘cha bo‘ylab, qishloq tomon ketishardi.
– O‘sha yoqda, nima, eplolmadingmi? – birdan so‘rab qoldi nozir.
– Yetolmadim! – dedi afsus bilan Ivan. – Quvib yetolmadim
– Mana, ko‘rdingmi? Endi kech, endi mumkin emas.
– Otga achinaman.
– Ha-a…
Jim bo‘lib qolishdi. Ancha payt jim yurishdi.
– Bilasanmi, sen meni qo‘yib yubor, – Ivan to‘xtadi. – Yakshanba bo‘lsa, men nima qilaman u yerda? Unga tegmayman, xavotirlanma.
– E, yo‘q, ketdik. Bo‘lmasa, keyin qutulaolmaysan. Senga achinganimdan aytayapman. Yuraver, shaxmat o‘ynaymiz… Shaxmat o‘ynaysanmi?
Ivan chekayotgan papiros qoldig‘ini qorga tuflab tashladi-da, yangisini olish uchun qo‘llarini cho‘ntagiga tiqdi.
– O‘ynayman.
Rus tilidan O‘roz Haydar tarjimasi