Qishloq temirchisi Fyodor Gray dramto‘garakda “sodda” odamlarni o‘ynardi.
U klub sahnasiga chiqqanida rangi oqarib, sekin gapirar, ovozini hatto birinchi qatorda o‘tirganlar ham yaxshi eshitolmasdi. Azbaroyi zo‘riqqanidan ko‘ylagi ostidagi mushaklari bo‘rtib turardi. Gap qotishdan oldin sherigiga uzoq tikilar, bu qarashida o‘ynalayotgan voqeaga shunday bir ishonch bor ediki, bundan tomoshabinlar zavqlanib, goho chapak bilan olqishlab ham qo‘yishardi.
Dramto‘garak rahbari hovliqma, yuziga sepkil toshgan, ko‘rimsizgina odam repetitsiyada Fyodorga baqirar, achchiq-chuchuk so‘zlar bilan uni qattiqroq gapirishga qistar edi. Fyodor bu zug‘umlarga zo‘rg‘a chidar, o‘z roli ustida ko‘proq o‘ylar edi… Sahnaga chiqishi bilan yana o‘sha holat takrorlanardi: Fyodor sekin gapirar va sheriklariga xo‘mrayib qarar edi. Rejissyor sahna ortidan turib labini tishlar va alam bilan pichirlardi:
— To‘nka… Galvars…
Fyodor rolni o‘ynab, sahnadan tushgach, rejissyor unga yopisha ketar, hurkitilgan g‘ozday g‘aqillashini qo‘ymasdi.
— Tiling bormi o‘zi? Qani ko‘rsat-chi!..Joyida turibdi-ku…
Fyodor jimgina quloq solgancha chetga o‘girilib olardi. U bu jikkakni yoqtirmas, shunday bo‘lsa-da, san’atni undan kamroq bilsam kerak deb o‘ylardi… Bariga chidab kelardi. Faqat bir gal o‘zini tutolmadi.
— Tiling bormi o‘zi?.. — odaticha tarxashlik qila boshladi rejissyor.
Fyodor uni yelkasidan tutib shunday bir silkidiki, rejissyorning ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketdi.
— Bundan keyin menga o‘shqirma, — dedi Fyodor va asta rejissyorni qo‘yib yubordi.
Rangi quv oqarib ketgan rejissyorning hadeganda tili kalimaga kelmadi.
— Birinchidan, men o‘shqirayotganim yo‘q, — dedi u tutilib-qaltirab. —Ikkinchidan, agar senga bu yer yoqmayotgan bo‘lsa ketishing mumkin. O‘rgildim sendaqa qahramondan…
— Qani, yana bir “g‘ing” deb ko‘r-chi, — Fyodor rejissyorga xuddi sahnadagi sherigiga qaraganday xo‘mrayib qo‘ydi.
U Fyodorning tikilishiga tob berolmay, yelkasini qisgancha jo‘nab qoldi. Shundan keyin rejissyor Fyodorga boshqa baqirmaydigan bo‘ldi.
— Qattiqroq, sal qattiqroq gapirishning iloji yo‘qmi? — iltimos qilardi u repetitsiyada temirchiga ehtiromli hayrat va qiziqish bilan tikilib.
Fyodor qattiqroq gapirishga urinardi.
Fyodorning otasi, Yemelyan Spiridonich bir kuni o‘g‘lini ko‘rgani klubga keldi. Ko‘rdi-yu, hech kimga hech nima demay qaytib ketdi. Uyda, kechki ovqat mahali o‘g‘liga muloyim tikilib, dedi:
— Yaxshi o‘ynarkansan.
Fyodor sal qizarindi.
— Pichoqqa yaraydigan pesalar yo‘q… mundoq miriqib o‘ynaydigan, — dedi u sekingina.
Sahnadan turib “qishloq xo‘jalik fanlari”, “shu dolzarb pallada”, “mohiyat-e’tibori bilan aytganda” kabi so‘zlarni tilga olish og‘ir edi. Ayniqsa, “atta-batta”, “qaqqa” kabi allambalolarni talaffuz qilish qiyingina emas, ko‘ngilni aynitadigan darajada bezor qilardi. Rejissyor esa “sodda” odamlar haqida gap ketganda, xuddi ana shunday “sodda” tilda gapirish kerak, deya oyoq tirab turib olardi.
— Axir sen sodda yigitsan! — hovliqib uqtira ketardi u, — sodda odamlar qanday gapirishini bilasanmi o‘zi?
Fyodor ana shunday “sodda” so‘zlardan birini aytishga jiddiy tayyorlanib turdi, so‘zni “yamlamay” aniq aytishga urindi, ammo xuddi shu so‘zga kelganda ming‘irlab qo‘ydiyu qizarib ketdi. O‘ziyam rosa xijolat bo‘ldi-da.
— To‘xtanglar! — chinqirdi rejissyor. — Men nima deyilganini eshitmay qoldim. So‘zni o‘rniga qo‘yib aytish kerak. Qani, oldik yana. Sal jonliroq!
— Eplolmayman, — dedi Fyodor.
— Nega eplolmaysan?
— Qandaydir ahmoqona so‘z… Kim shunaqa gapiradi?
— Mana axir, mana! Yopiray! — Rejissyor sakrab turib, pesani Fyodorning burniga tutdi. — Ko‘rdingmi? Sendan ko‘ra aqlliroq odam yozgandir. “Kim shunaqa gapiradi” emish… Axir bu badiiy obraz! Aktyor!
Fyodor ishi yurishmaganida jiddiy iztirob chekar, astoydil qayg‘urib, xomush bo‘lib qolar edi. Kunduzi ustaxonasida jonini jabborga berib ishlar, kechqurun tag‘in klubga repetitsiyaga kelar edi.
… Badiiy havaskorlarning tumanlararo ko‘rigiga tayyorlanishardi.
Rejissyor bo‘zchining mokisiday, sahnada zir yugurar, u yoki bu “badiiy obrazni” qanday ijro etish kerakligini o‘zi o‘ynab ko‘rsatardi.
— Unaqamas-da endi!.. Yo falak! — qichqirdi u Fyodorning yoniga chopib kelib. — Ishonmayman! Mana, qarab tur. — U kepkani ko‘ziga bostirib, qo‘llarini cho‘ntakka tiqdi va chapani bir yurish bilan “kolxoz raisining kabineti”ga kirdi. Yuzlari tund, anqov bir tus oldi.
— Bizga, ya’ni bizning qishlog‘imiz yoshlariga, Ivan Petrovich, klub kerak… A, labbay?
Atrofdagilar kulishib, rejissyorga havas bilan tikilishdi.Boplayapti!
Fyodor esa ko‘nglida sassiz bir g‘azab va ma’yuslik tuydi. Rejissyor ko‘rsatgan narsa, albatta, kulgili bo‘lishga kulgili-ya, ammo soxta edi. Fyodor buni aytolmay dog‘da.
Rejissyor esa odamlarni qoyil qoldirganidan mamnunligini yashirishga tirishib, ishbilarmonlik bilan pisanda qilardi:
— Taxminan ana shunday, taqsir. O‘zingcha qilib ko‘rishing ham mumkin. Menga taqlid qilish shart emas. Ammo menga umumiy manzara muhim. Tushundingmi?
Rejissyor bu ko‘rikda o‘zini ko‘rsatib qolishni xohlardi. O‘zining tumanida uni juda iste’dodli hisoblashardi.
Fyodor uning yengil-elpi rejissyorlik qiliqlarini ko‘rib, boshiga yaxshilab tushirgisi, umuman bu yerdan daf qilgisi kelardi. U baribir o‘z bilganidan qolmadi. Ikki marta rejissyorning o‘ziga tikilib turganini ko‘rib qoldi. U boshqa ishtirokchilarning o‘yinini kuzata turib, ularning e’tiborini Fyodorga jalb qilarkan, yasama bir iztirob ilan ko‘zlarini soqqa qildi va qo‘llarini ikki tomonga yoyib, go‘yo: “Ortiq nimayam qila olardim”, deganday bo‘ldi.
Fyodor tishlarini g‘ijirlatib, sabr-toqat qilar,o‘sha “ A, labbay!”ni aytar, ammo bunga hech kim kulmas edi.
Pesadagi voqealar rivoji davomida Fyodor ashaddiy byurokrat va sansalorchi kolxoz raisining oldiga kirib, undan qishloqqa klub qurib berishni talab qilishi lozim edi. Pesaning mahalliy muallifi “hayotiy bilim”ini namoyish etib, “A, labbay!”, “Atta-batta” kabi “xalq tili”ni qalashtirib tashlagandi. Fyodorning shirasiz, lanj tilda gapiradigan va oqibat ikki qo‘lini burniga tiqib qolgan qahramoni xokisor, yalinchoq bir kimsaga o‘xshardi. Fyodor rolini o‘ynayotgan o‘sha odamni yomon ko‘rib qoldi.
Nihoyat, ko‘rik bo‘ladigan serhayajon kun keldi. Klubda odam tirband. Oldingi qatorda hakamlar o‘tiribdi.
Rejissyor repetitsiya xonasida aktyorlarga iltijo qilardi:
— Lochinlarim, faqat hayajonlanmanglar! Hammasi yaxshi bo‘ladi… Mana ko‘rasiz: hammasi zo‘r bo‘ladi.
Fyodor bir chekkada, burchakka o‘tirvolib chekardi. Tomosha boshlanishidan oldin rejissyor oldiga keldi:
— Eski ginalarni unutamiz… O‘tinib so‘rayman: qattiqroq gapirish kerak. Boshqa hech nima kerakmas…
— Nari tur!.. — Fyodor sovuqqina zarda qildi. Insondagi bu qadar soxtalikka toqati qolmadi. Bu narsa battar jinini qo‘zg‘atardi.
Rejissyor unga hadiksirab qarab qo‘ydi va boshqalarning oldiga ketdi.Fyodor uning:
“Ortiq hech nima qilolmayman…” deganini eshitib qoldi.
Har gal sahnaga chiqqanida Fyodor o‘zini juda yomon his qilardi: xuddi kattakon bir o‘raga qulab tushayotganday bo‘lardi. Yuragining dukillashini ham eshitib turardi. Ko‘kragi qizib, zanjirday siqardi.
Bu safar ham eshikning orqasida “boshlandi” degan ishorani kutib turarkan, Fyodor ko‘kragi qiziy boshlaganini his qildi.
Eng so‘nggi lahzada u rejissyorning hayajondan bo‘g‘riqqan yuzini ko‘rib qoldi. Rejissyor lablari bilan ishora qilardi: “Qattiqroq”.
Hammasi mana shundan boshlandi. Fyodor birdan qandaydir g‘alati xotirjamlik bilan, dadil va bemalol qadam tashlab charog‘on sahnaga chiqib keldi.
Ro‘parasida tepakal byurokrat – rais o‘tirardi. Pesa bo‘yicha Fyodorning dastlabki luqmasi shunday edi: “Assalomu alaykum, Ivan Petrovich. Men haligi klub masalasida, hm-m… Bilasizmi, Ivan Petrovich, bizning qishlog‘imiz yoshlari…” Bunga javoban Ivan Petrovich telefon go‘shagini irg‘itib, baqirardi: “Klubim chiqib turibdi hozir! Bu yoqda ekish rasvo bo‘lyapti-ku…”
Fyodor raisning yoniga kelib, stulga o‘tirdi.
— Klub qachon bo‘ladi? — sekingina so‘radi.
Suflyor o‘z xonasidan zo‘r berib shipshirdi:
— “Assalomu alaykum, Ivan Petrovich! Assalomu alaykum. Ivan Petrovich! Men haligi…”
Fyodor bunga parvo qilmadi.
— Klub qachon bo‘ladi deb so‘rayapman? — sherigining ko‘ziga tik qarab, savolini takrorladi u : sherigi gangib qoldi.
— Qachon bo‘ladigan bo‘lsa, shunda bo‘ladi, — to‘ng‘illadi u. — Ko‘zim uchib turgani yo‘q klubga.
— Qanaqasiga ko‘zim uchib turgani yo‘q?!
— “Qanaqasiga, qanaqasiga”!.. Shunaqasiga. Nima, sen?.. Osmondan tushganmiding?! — Endi sherigi ham tavakkaliga ko‘chdi. — Osmon uzilib yerga tusharmidi, klubsiz yashasang?..
Fyodor baquvvat qo‘llarini raisning oldidagi qog‘ozlarga qo‘ydi.
— Klub bo‘ladimi yo yo‘qmi?
— Baqirma! Men ham bilaman baqirishni.
— “ Bizning komsomol majlisimiz qaror qildi…” — afsus bilan takrorladi suflyor.
— Gap bundoq, — Fyodor o‘rnidan turdi. — Agar bizni eskichasiga yashayveradi deb o‘ylasangiz, chuchvarani xom sanabsiz! Bunaqasi ketmaydi! — Fyodorning ovozi jarangdor va tiniq edi. — Shuni qulog‘ingizga qo‘rg‘oshinday quyib oling, rais. O‘zingiz chol-kampir pechkada ko‘knori xayol surib yotavering, bizga esa klub kerak. Biz shunga yarasha ish qilib qo‘ydik. Bizga hali kutubxona ham kerak. Qog‘ozlar bilan vaj-korson qilishni xo‘p o‘ylab topibsizlar. Bunaqa qog‘oz-pog‘ozlarni ko‘rishga ko‘zim yo‘q! Ammo ahmoqona yashashniyam xohlamayman!
Dami ichiga tushib qolgan suflyor, endi bu yog‘i nima bo‘larkin, deya baqrayib o‘tirardi.
Rejissyor esa sahna ortida bo‘laricha bo‘ldi.
— Namuncha kekirdagingni cho‘zib qolding sen, — rais Fyodorni sal hovuridan tushirib qo‘ymoqchi bo‘lar, ammo endi uni to‘xtatib bo‘lmas edi: u o‘zi ham sezmagan holda rais bilan “sen”lashib ketdi.
— Olashaqshaqqa o‘xshab shaqillashdan boshqasiga yaramaysan.Senga o‘xshagan almisoqdan qolganlar, tepsa-tebranmaslar bo‘lmaganda-ku hamma narsa allaqachon yo‘lga tushib ketardi-ya… Bir o‘zing kim bo‘psan – yakkamoxovsan! Yana noz-firoq qilganing ortiqcha. Qani, klub qurmay ko‘r-chi, naq joningni sug‘urib olarman! — Fyodor, o‘zini bosib olgan, qudratli va keskin edi. Xonada yurib turar, ko‘zlari g‘azabdan yonar edi. Shu holatida u ajoyib ko‘rinardi.
Zalda sukunat.
— So‘zlarim esingda tursin, agar klub qurishni boshlamasang, tumanga, undan-da yuqoriga, dunyoning u burchiga ham boraman, ammo seni mulla qilaman.Aytganimni qilmay ko‘r-chi.
— Qani, tezroq tuyog‘ingni shiqillatib qol! — tutoqdi rais.
— Klub bo‘ladimi yo yo‘qmi?
Rais nima qilishini bilmay bo‘g‘ilardi. U Fyodor bu yerdan aytganini qildirmasdan chiqmasligini bilardi.
— Men o‘ylab ko‘raman.
— Ertaga o‘ylarsan.Bo‘ladimi klub?
— Mayli.
— Nima, mayli?
— Klub bo‘ladi. Sen o‘zi, umuman, nima qilyapsan axir?.. — Rais yuragi siqilib atrofga javdiradi – rejissyorni qidirdi, o‘ziyam bu mojarodan biron nima tushunishni istardi.
Zalda kulgi ko‘tarildi.
— Mana bu endi boshqa gap. Doimo shunaqa degin. — Fyodor o‘rnidan turib, tashqariga chog‘landi. — Xayr. Klub uchun rahmat.
Zalda hamma qarsak chalib olqishladi.
Fyodor hech kimga e’tibor qilmay, aktyorlar xonasiga kirib kiyimlarini almashtira boshladi.
— Nima qilib qo‘yding o‘zi? — mung‘ayib so‘radi rejissyor.
— Nima bo‘pti? Sen aytganday bo‘lmadimi? Hechqisi yo‘q… Chidarsan. Chiqib tur –shimimni kiyvolay. Sendan tortinaman.
Fyodor kiyingach,xayr-ma’zur o‘rniga eshikni qattiq yopib, klubdan chiqdi.U san’at bilan endi aloqasini uzishga qaror qildi.
Uch kundan keyin ko‘rik natijasini e’lon qilishdi: o‘lkadagi yigirmata tuman badiiy havaskorlari orasida birinchi o‘rin temirchi Fyodor Grayga berilgandi.
— Khm… Ehtimol, yana boshqa Fyodor Gray degani ham bordir? — shubhalandi Fyodorning otasi.
— Yo‘q.Bir o‘zimman Fyodor Gray, — dedi sekingina Fyodor. — Bo‘lsa bordir yana… Bilmadim…
Rus tilidan Shodmon Otabek tarjimasi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 12-son