Vadim Muratxanov. Uyga qaytish (hikoya)

– Agar sen boshdan oyoq ta’tilingni o‘sha shumshuk urug‘laringga bag‘ishlashni niyat qilgan bo‘lsang, nima ham derdim… – deya yelkasini qisdi Valentina.
Temur xotinining bu gapini eshitib, birdan kayfiyati buzildi. U ichida Piter safariga qarshi dalillar hozirlab o‘tirgan edi, lekin ayni damda ularni o‘rtaga tashlasa bormi, bu hol tasodif bo‘lib, vaqtinchalik o‘chib turgan ko‘pdan-ko‘p qismli oilaviy mojaro alangasiga moy quyish bilan barobar kelardi.

Poyezd uch kecha-yu uch kunduz yurdi. Temur janub tomonga ketadigan yo‘lni bulutlar, lip-lip o‘tib turgan manzaralarga qarab kuzatmoqchi bo‘ldi. Oynaga qarab, ob-havoning beqarorligini bildi, vagon derazasi ortidagi manzara esa faqat oqshomdagina almashar edi. Onda-sonda uchrab turgan nimjon butalar, faqat jarliklar va jilg‘alar bo‘yida ko‘m-ko‘k bo‘lib yashnab turgan tol, jang‘il va caksovullar uni bundan o‘n bir yil ilgari qanday kuzatgan bo‘lsa, xuddi shunday loqayd qarshi olayotgan edi.

– Mana ko‘rasan, otam juda xursand bo‘ladilar, – dedi Temur yuqoridagi o‘rnidan osilib tusharkan. – Bir haftada senga hamma joylarni ko‘rsataman, butun shaharni aylanamiz.
– Uning nimasini ham aylanardik… – uf tortdi Valentina bodring to‘g‘rarkan.

O‘zi tug‘ilib-o‘sgan qadrdon ko‘chasi ko‘ziga ancha kichraygan va allaqanday yasama ko‘rindi. U asta qiyshayib qolgan taxta to‘siqlar va anchadan buyon ohak ko‘rmagan devorlar yoqalab ketdi. Yo‘lida uchragan kir-chir, qorayib ketgan bolalar salomiga negadir xotinining oldida xijolat tortib, unut bo‘lgan tilda: “Vaalaykum salom”, deya alik oldi.

Aftidan, hammasi joyida edi, biroq bu manzara ko‘ziga allaqanday xira tortganday ko‘rindi. Agar biror hovlining ko‘cha eshigi nim ochiq bo‘lsa, uning nigohi ilgarigiday olazarak bo‘lmadi: ko‘zi olis bolalik chog‘laridagi singari hovlidagi son-sanoqsiz buyumlar – arava-yu velosiped ramasi, plastmassa mashinka qismlari sochilib yotgan, dami chiqqan, bir yoni puchchayib qolgan rezina koptokka tushmadi, har joy-har joyi o‘ydim-chuqur asfalt yo‘ldan ketarkan, shundoqqina qarshisidagi devor hovlisiga tosh otganlari yodiga keldi.

Temur uylariga yaqinlasharkan, ko‘chalarida eski rusumdagi “Zaporoj” va “Moskvich”lar, do‘ppi, chopon kiygan odamlar ko‘pligidan ajab­landi. Ba’zilari beliga belbog‘ boylab olgandi. Bir odam o‘tirgan joyidan turdi, shunda Temur otasini tanidi.
– Telegrammani oldingmi? Barakalla, vaqtida yetib kelding. Samolyotda keldinglarmi? Oxirgi paytlar Xosiyat opangning mazasi bo‘lmay qoluvdi, boyoqish og‘ir dardga chalingan ekan… – otasi shunday derkan, uning yashil rangli ko‘zlariga to‘lgan yosh yumalab, oq oralagan, soqoli olinmagan yuziga oqib tusha boshladi.
Temur to‘planib turgan erkaklar bilan so‘rashdi-da, asta o‘tirg‘ichga cho‘kdi. Kimdir unga to‘rt buklangan do‘ppi uzatdi. Darvoza oldida to‘planganlar janozaga hozirlandi. Shu payt Temurning nazarida bu yerda yashagan vaqtlaridagi singari olam birdan kichraydi, go‘yo ana shu dunyo abadiyatni o‘ziga mixlab qo‘yganday osmonga ko‘tarib ochilgan kaftlariga sig‘di va yoppasiga aytilgan “Omin!” so‘zlariga itoat etib, issiq to‘lqin bilan yuzini siladi. Oradan birmuncha vaqt o‘tib, odamlar orasida mashina ana-mana kelib qoladi, go‘r bo‘lsa, hali qazilmapti, degan shivir-shivir qulog‘iga chalindi.
– Xotining ichkariga kirib, ayollarga qarashsin, – dedi otasi, Valentina indamay ichkariga yo‘naldi.

Temur hovlida aka-opalarini uchratdi. Ajablanarlisi, mana, oradan shuncha yil o‘tibdi-yu, ular ko‘ziga o‘sha-o‘sha, biroq jiddiylashganday ko‘rindi.
– Salom, Tima! Finalni ko‘rdingmi? – so‘radi Asqar. – Frantsuzlar braziliyaliklarni bopladi-ya.
U choy qaynatiladigan titan bak yonida cho‘kkalab o‘tirar, har qo‘zg‘alganida bak ostida yonib turgan g‘o‘lalarni qimirlatib yuborardi.
“Agar jim o‘tirib, qiyshayib ketgan temir qopqoqni gulduratgan alanga hayotiga nazar solsang, olov o‘choq ichida turib, vaqtni qanchalik sezdirmasdan yondirib yuborayotganining guvohi bo‘lasan…” Negadir uning xayoliga shunday o‘y keldi. Alanga g‘o‘laning silliq kesigini yalar, chekkalarini shaxd va g‘azab bilan cho‘qqa aylantirib borardi. Bunday daqiqalarda hovlida biror tantana yoki to‘y vajidan to‘plangan mehmonlar choy kutar, odamlar bug‘ purkagan bak atrofida o‘tirar, aksiga olganday, titan jim va harakatsiz ko‘rinardi. Faqat kattalarning: “Nima, haliyam choydan darak yo‘qmi?” degan so‘rog‘igina uni jonsiz holatidan chiqarganday bo‘lardi.
– O‘shanda sharikni topuvdinglarmi, ishqilib? – deb so‘radi Temur tennis, badminton koptokchalari, har xil o‘yinchoq askarchalar, mashinkalar uyumi, to‘g‘rirog‘i, mox bosib ketgan shifer yopilgan bu ashyolarning eski “qabriston”iga ishora qilib.
Asqar tilini taqillatdi, “yo‘q” ma’nosida bosh chayqadi.
– Timurchik, salom! – Sevara ayvon zinalaridan yugurgilab tushib keldi. – Ishlar qalay? Xotiningning rasmini olib keldingmi?
– Uning o‘zi keldi.
– Esingdami, men senga qo‘lda palov yeyishni o‘rgatganim? O‘shanda sen nega kaftimdan osh to‘kilib ketmayapti, deb hayron bo‘lganding.
Shu payt hovlining xotinlar yurgan tomonida Valentina ko‘rindi. U ham bu yerdagi boshqa ayollar singari boshiga ro‘mol o‘rab olgandi. Uning qo‘lida tog‘ora bilan choynak bor edi, xotinining dadil harakatlariga qaraganda, u qo‘lidagi narsalarini nima qilish kerakligini yaxshi bilardi.
Ko‘chadan yig‘i ovozlari eshitildi. Temur ta’ziya bildirgani yana bir guruh ayollar kelganini fahmladi. Oradan ikki daqiqa o‘tar-o‘tmas uch kampir, ko‘p o‘tirganidan bo‘lsa kerak, qiyshayib ketgan, yaltiroq, g‘ijim, qora mahsi kiygan oyoqlari bilan lapanglaganlaricha shoshilmay hovliga kirib kelishdi, ularning qo‘llarida dasturxonga o‘ralgan tog‘ora bor edi. Temur hozir ularga ro‘para kelsa, dimog‘ida nordon isni tuygan holda har birining shalvirab qolgan yonoqlaridan o‘pib qo‘yishi, o‘zbekchalab so‘rashishiga to‘g‘ri kelishi, bu buvilar esa “aylanay”, deya uni suyishini tasavvur qildi-yu, o‘zini “lip” etib uyga urdi.
Bu yerda, uzun xontaxta atrofida ammalari o‘tirardi. U ammalari bilan bir-bir kift tutganicha ko‘risharkan, ko‘zi Xosiyat opaga tushdi. Bir soniya dovdirab qolganday bo‘ldi, so‘ng unga ham kiftini tutdi.
– Xotiningga qoyil qoldim! – deya maqtadi Xosiyat opa. – Baraka topkur, yotsiramay birday yordam beryapti, urinyapti. O‘zbekdan farqi yo‘q, bir kelinday xizmat qilyapti. O‘tir, choy ich. Uyoqda onang qanday, yaxshi yuribdimi? Salom deb qo‘y. Biz uni unutmaganmiz, doim eslab turamiz. Mana, pochchang senga sovg‘a berib yubordilar, – u qo‘liga taxlog‘liq ko‘ylakni olib, unga uzatdi. – Ol, kiyib ko‘r.
Ko‘ylak unga kichik keldi, qattiq yoqa ostidagi yorlig‘i bo‘ynini tirnadi.
– Hechqisi yo‘q, xuddi o‘zingga atab tikilganday, kiysang, tashlaydi, – deya boshlarini irg‘adi ammalari.
Temur odob yuzasidan ammalari oldida besh daqiqalarcha o‘tirdi-da, so‘ng o‘rnidan turib, hovliga tushdi. Ancha narida, oshxonada qo‘llarida idish, xotinlar kuymalanib yurardi. Temur ular orasidan xotinini darrov ilg‘ab ololmadi. Otasi tashqarida o‘tirg‘ichlarni qayoqqa qo‘yish kerakligini ko‘rsatayotgan edi. U Temurga ko‘zi tushib, chaqirdi:
– Mashinani kutib olish kerak. Farrux bilan chiqinglar, bo‘lmasa, haydovchi mahallada adashib qoladi.
– Xosiyat opa uyoqda… – Temur boshlagan gapini qanday tugatishni bilmay, tutilib qoldi.
– U ichkari uyda, – Temurning gapini bo‘ldi otasi. – Hechqisi yo‘q, so‘ng akalaring bilan kirib vidolashib chiqasizlar.

– Nega doim, indamay tur, mahmadonalik qilma, shunda aqling kiradi, deyisharkan-a? – deya gap boshladi Farrux chorrahaga yetganlarida. – Ba’zan o‘zimcha o‘ylab qolaman: dunyo nega shunday yaralgan? Yashaysan-yashaysan, hamma ishlar o‘z o‘zanida ketayotganday bo‘ladi. Lekin mundoq boshingni qo‘yib, o‘ylab ko‘rsang, boshqacha, tag-zamini chuqur bo‘ladi!.. Aytishlaricha, hammasi koinot bilan bog‘liq emish, yuz bergan hodisalar birining ortidan biri zanjirday ulanib ketganmish. Ya’ni hech bir voqea o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi, ha, shunday. Yo‘q, aslida inson aqli bilan baribir haqiqatning tubiga yetib bo‘lmaydi. Mamardashvilini o‘qiganmisan? U yerda ozodlik haqida shunday… – U birmuncha muddat indamay qoldi. – Bizning muammomiz nimada, bilasanmi? Biz juda yuvosh, mo‘min-qobilmiz. Kattalar nima desa, shuni qilamiz. Axir, kishi o‘z aqli bilan ham ish qilishi kerak emasmi? Sen to‘g‘ri qilding, ketib, o‘zing uylanding. Qara, menga haliyam qiz qidirishyapti…
Shu payt mashina kelib qoldi, ular kim haydovchining oldida, kim kuzovga chiqishini ancha talashdilar. Farrux axiri yon berdi, kabinada sen o‘tiraqol, dedi Temurga.
Uyga qaytganlarida, Temur hovlida yurgan xotin-xalaj orasida Valentinani ko‘rmadi.
– Valya qani? – deya yurak yutib so‘radi u otasidan.
– Xotiningdan xavotir olma. Sen, yaxshisi, ukalaring bilan machitga bor, idish-tovoq, stollarni olib kelasizlar.
Temur mayyitning yuziga qarashga ulgurolmadi. U kelmasidanoq marhumani oppoq kafanga o‘rab bo‘lishgan ekan. Mayyitni mashinaga olib chiqayotganlarida, Temurga uning bosh tomoni tegdi. Shu dam Temurda kafanni ochib, mayyitni ko‘rish istagi paydo bo‘ldi. Ammo bir odim bosarkan, qulog‘iga mayyitning asta ingragan nidosi eshitilganday bo‘ldi, shu on ko‘nglidagi istak ham yo‘qoldi.
Taomilga ko‘ra, marhuma kun botgunga qadar dafn etildi. Oppoq “pilla” ehtiyotlab keng lahadga qo‘yildi. Shunda Temurning xayoliga bir fikr keldi: balki insonga tirikligida bunday ehtirom ko‘rsatilmas, lekin u omonatini topshirgach, boshqa dinlardan ko‘ra islom dini o‘tganlarning hurmatini joyiga qo‘yadi.
Oradan yarim soat o‘tar o‘tmas dafn etilgan joy o‘rnida do‘nglik paydo bo‘ldi, panjarasimon to‘siqqa arab yozuvida bitiklavha osildi.
So‘ng uyda yumush ko‘p bo‘ldi. Dasturxonga choy tashildi, palov tortildi, ta’ziyaga kelgan mehmonlar kuzatildi, stol-stul, idish-tovoqlar keltirilgan joyiga olib borib qo‘yildi. Temur shu kun ham, ertasiga ham xotini bilan ko‘risholmadi. U endi otasidan xotinini so‘rashga botinolmadi.

Uni vokzalga butun oila jam bo‘lib kuzatgani chiqdilar.
– Onangga salom ayt, – tayinladi Muqaddas kelinoyi.
– Keyingi safar surat esingdan chiqmasin, – Sevara jilmayganicha unga oq yo‘l tiladi.

Rus tilidan Ma’suma Ahmedova tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 11-son