Nimaga duchor bo‘lganini bilolmadi. “To‘xta!” dedilar, to‘xtadi. Ular politsiyachi edilar. Qo‘llarida to‘pponchalari bor edi. “Qo‘lingdagilarni yerga qo‘y…” dedilar, qo‘lidagi yelim xalta va yarmigacha ichilgan sharob shishasini yerga qo‘ydi. “Qo‘llaringni ko‘tar, qimirlama” dedilar, qo‘llarini ko‘tarib, qimirlamay kutib turdi. Yoniga kelishdi. Bittasi yelim xaltani titkiladi, boshqasi cho‘ntaklarini kavlashtirdi. “Pasportingni ko‘rsat” dedilar. Qo‘llarini tushirib, pasportini olib berdi. Pas-portni ko‘zdan kechirgach, “Shu” dedilar bir-birlariga qarab. Keyin “Biz bilan borishing kerak”, deyishdi. “Men og‘aynimnikiga ketayotuvdim” demoqchi bo‘ldi, lekin ayta olmadi. Ularga ergashdi. Mashinaga chiqdi. Politsiyachilardan biri yelim xalta bilan sharob shishasini ham olvolgandi. Shishaning og‘zi ochiq edi. “Tiqini yo‘qmi?” deb so‘radilar. “Yo‘q, tashlab yuborgandim” dedi. “Unday bo‘lsa, o‘zing ushlab, o‘tir, lekin aslo to‘ka ko‘rma”, dedilar yarimlagan shishani qo‘liga berib. Mashina qo‘zg‘aldi. Biroz o‘ziga kelib, es-hushini yig‘ishtirib olgach, so‘radi:
– Meni nega olib ketyapsizlar?
– Jim bo‘l, – dedilar.
Jim bo‘lmadi:
– Aybim nima? – dedi qat’iyat bilan.
– Jim bo‘l, markazga borganingda so‘raysan, – dedilar.
Jim bo‘ldi.
Og‘zini ochishga ham yo‘l qo‘ymasdan, eni bo‘yiga teng bo‘lgan kichkina xonaga qamadilar. Bu xona, xonadagi bittayu bitta kursi, temir krovat, chog‘roq stol, stol ustidagi lojuvard kuldon unga tanish edi. O‘tirdi, sigareta tutatdi. Sigaretani yarmigacha chekkach, o‘chirdi. O‘rnidan turdi, xona bo‘ylab odimlay boshladi.
Qiladigan ishi og‘ir edi. Ishdan keyin anchagina ichib olgandi. O‘zini horg‘in his qilardi. Kamzulini kursining ustiga otib, krovatga chalqancha yotib oldi. Politsiya ko‘rmagan, mahkamaga tushmagan, nazoratda tutilmagan odam emasdi. Aybi ne ekanini bilsa, ko‘ngli joyiga tushgan bo‘lardi.
Nimadir qilishi kerak. Oyoqqa qalqdi. Qulflangan eshikni taqillatdi. “Nima gap?” dedi eshik ustidagi radiokarnay. Ilk vaqtlardagi kabi emasdi, nemischani yaxshi bilardi.
– Meni nima uchun olib keldingizlar? – deb so‘radi.
– Kut, – dedi radiokarnay.
Biroz ranjigan ovozda:
– Qo‘yilgan aybni bilishga haqqim bor. Aybim nimaligini bilmoqchiman, – dedi jahl bilan.
– Kut, – dedi radiokarnay. – Hozir kayfing bor, kut…
Harqalay, shu yerda tunashi aniq bo‘ldi. Tishlarini g‘ijirlatdi. Siqilgan tishlari orasidan ona tilida so‘kindi.
Shu Germaniyaga ishga kelganidan beri boshi balodan chiqmaydi. Buni qarang… Bu yurtga kelmasidan oldin ichkilik neligini bilganmidi, qimorga yaqin yo‘laganmidi?!.. Neki yaramas odat bo‘lsa, shu yerda o‘rgandi. Shularning o‘zi bo‘lsa, qaniydi? Bulardan battarroqlari ham bor-da…
Sigareta tutatmoqchi bo‘ldi, voz kechdi. Avvaliga krovatning chekkasiga o‘tirdi, so‘ngra uzandi. Bu yerga kelganidan keyin orttirgan yomon odatlari holva, zotan bu odatlardan qimor, xotinbozlikni allaqachon tashlagan, qolganlarini ham, agar o‘zi istasa, bugunoq tashlashiga ishonchi komil, aslida, eng muhimi – boy bergan narsalari. Pul topish uchun bu yerlarga kelgan, pul ham topgandi… Ammo topganidan ko‘proq yo‘qotgandi… Pul topaman deb baxtini yo‘qotdi… Or-nomusini aytmaganda, puldan tashqari nimasi bo‘lsa, hammasini yo‘qotdi…
Ko‘zlarini yumdi. Yanada to‘g‘rirog‘i, ichkilik va horg‘inlik ta’sirida og‘irlashgan qovoqlari o‘z-o‘zidan yumildi. Ko‘zlari yumildi deguncha, xayoli uni o‘n to‘rt yil oldinga olib ketdi.
Cho‘rumda qurilayotgan “Merih” mehmonxonasining taxta qoliplarini qo‘porishayotgandi. Havo issiq edi. Terlab ketishgandi. Ishbayga kelishganlari uchun sahar mardondan tinmay ishlagan, xiyla charchagan edilar. “Biroz dam olaylik, Mamish” dedi yordamchisiga. O‘tirib, sigareta tutatdilar. Balanddan shaharni tomosha qilib, undan-bundan gaplashib o‘tirishardi. “Mamish, – dedi birdan, – anavi xaloyiqni ko‘ryapsanmi?”
Barmog‘i bilan hukumat binosi joylashgan ko‘chani ko‘rsatayotgandi. Mamish ko‘zlarini qisib, o‘sha tomonga tikildi va uymalashgan xaloyiqni ko‘rdi.
– Kimlar ular?
– Qo‘yaver, – dedi Mamish, – Ular chet elda ishlash uchun yozilayotgan odamlar. Ish va ishchi ta’minoti idorasi u yer.
Ko‘zlarini ochdi deguncha, o‘n to‘rt yil oldingi voqealar shundoqqina ko‘z oldiga keldi.
Germaniyada, politsiya mahkamasida, nazorat ostida o‘tiribdi. Bitta sigareta chekkudek vaqt ichida o‘sha uymalashgan xaloyiqni ko‘rmaganida yoki ko‘rsa-da, Mamishdan so‘ramaganida, balki shu pallada bu yerda o‘tirmagan bo‘lardi. “Merih” mehmonxonasining ustida o‘tirarkan, taqdiri besh daqiqa ichida o‘zgarib ketgandi. Birdaniga bu masalaga qiziqib qolgan, bir hafta so‘rab-surishtirib, bordi-keldisini bilib olgandi. Germaniya degani to‘q, farovon, jannatday mamlakat ekan. U yerda ishchilar devorlariga gulqog‘oz yopishtirilgan, issiq suvi bo‘lgan uylarda shohona yashar, par to‘shaklarda uxlar ekanlar. Ketganlar orasidan “yomon” degani chiqmadi. Lekin yozilgandan keyin darhol jo‘natishmas ekan. Navbati kelganlar jo‘nab ketardi. Yozilganlar shunchalik ko‘p ediki, olti oy, hatto bir yil navbat kutayotganlar bor edi. Har narsaning yo‘li topilganiday, bu yerda ham osongina va tezda jo‘nab ketishning iloji bor ekan. Er-xotin birga yozilishi darkor edi. Zero ayol ishchilar hech kuttirmasdan, nari borsa ikki oy ichida jo‘natilardi. Xotin u yerga borar-bormas, erini chaqirib olishi mumkin ekan. Shunday ekan, er-xotin birga yozilgani maqbul emasmi?! Xotin ikki oy oldin ketsa nima bo‘pti, qiyomat qoyim bo‘larmidi?..
Bu gaplarni Mamishga aytgan edi, ters javob berdi. “Aqldan ozdingmi, usta? – dedi Mamish. – Xotin deganni yot ellarga yolg‘iz jo‘natib bo‘larkanmi? Qolaversa, g‘urbatda senga pishirib qo‘yibdimi? Nima, ish yo‘qmi, shu yerda ham xohlaganingcha ish topiladi, ishlayver. Ajnabiylarning yuzi ham qursin, puli ham… Pul u yoqda tursin, oltin bersalar ham u yoqlarga ketmayman men…”
Ichida Mamishga “Kallavaram!” degandi. “Odam degani tuqqan joyida emas, to‘ygan joyida yashashi kerak. Yevropani ko‘ramiz, maza qilib yashaymiz, istaganimizcha yeb-ichamiz, mol-mulk topamiz, buning nimasi yomon? Bu kungacha o‘larday ishladik, ammo birimiz ikki bo‘lmadi. Ahmoq! Eshshakday ishlashdan boshqa nimani ham bilarding sen?”
Mamish haqida ana shunday deb o‘ylagandi. O‘zi bo‘lsa, ertasigayoq xotinini yetaklab, Ish va ishchi ta’minoti idorasiga olib bordi va uzundan-uzoq navbatga turdi. Gal kelib, ularni qayd etishayotgan chog‘da amaldor: “Janob, – dedi, – begoyimning navbati oldinroq kelishi mumkin. Bir o‘zini yuborasizmi?” “Yuboraman”, – dedi ishonch bilan. Ikki bola tuqqan bu xonimcha endi yo‘ldan ozarmidi? Agar salgina boshqacha oyoq olganini bilsa bas, sichqonning iniga yashirinmaydimi, topib asfalasofilinga jo‘natadi.
– Yozaver, afandim, yozaver, – dedi u. So‘ngra ichida: “Mening xotinim sen bilgan yengiloyoqlardan emas… Ishonmasam, shuncha yildan beri qo‘ynimda olib yotarmidim”, deb qo‘ydi.
Shuncha yildan, shuncha voqelardan keyin endi u haqiqatning yuziga tik boqadigan bo‘lgandi. Xato qilgan ekan. Mamishning ogohlantirishlariga quloq solmay xotinini yolg‘iz jo‘natgani, o‘zi kelib xotinining ahvolini, bu yerning vaziyatini o‘z ko‘zi bilan ko‘rganidan keyin ham yurtiga qaytmagani, bolalarini olib kelgani, guvohnoma va mashina olgani… xato ustiga xato bo‘lgandi. Endi bo‘lsa, bu xatolarning jazosini tortayotgan, iztiroblar ichida qolgan edi. Birovga dardini to‘kolmasdi.
Uxladi.
Qanchalik uxlaganini bilmaydi, qulog‘iga eshitilgan g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir tovushlardan uyg‘onib ketdi. Oldiniga tush ko‘rayapman shekilli, deb o‘yladi. Tush ko‘rmayotganini, uyg‘oq ekanini anglagach, ko‘zlarini ochdi. Xonaning eshigi ochiq va ostonada ikkita politsiyachi turar edi. Hayron bo‘ldi. “Mening uyimda politsiyachi nima qilib yuribdi?” deb o‘yladi. Atrofga alanglab, politsiya mahkamasida o‘tirganini tushundi. Ishdan charchab chiqqani, tramvayda bo‘sh o‘rindiq bo‘lmagani uchun oyoqda ketgani, xotini qovog‘idan qor yog‘ib kutib olgani, hamishagiday – hatto to‘shakda ham bo‘lganiday – javragani, janjal chiqargani, shundan keyin paltosini yelkasiga ilib, narigi ko‘chadagi tovuqchiga borgani, yarim tovuqni yerkan, bir shisha sharob otvolgani, italyan baqqoldan go‘sht konserva, non, sharob, meva, turshak olgani, bir daha narida yashaydigan yagona va abadiy do‘sti Mohirnikiga ketayotganida politsiyachilar tomonidan qo‘lga olingani, bu yerga olib kelingani kinofilm lentasiday ko‘z oldidan o‘tdi. Aybi yo‘qligini darhol esladi. Oxirgi marta yo‘l hodisasi sabab bo‘lib, guvohnomasini oldirgach, mashinasini ham sotib tinchigandi. Qahvaxonalarga bormas, qimor o‘ynamas, janjallashmasdi. Balki keyingi olti oy ichida bu mamlakatda ayb hisoblanishi mumkin bo‘lgan eng arzimagan ish ham qilmagandi. Mo‘minlarcha ertalab ishiga ketar, oqshom pallasi uyiga qaytardi. Agar uyida g‘avg‘o qo‘padigan bo‘lsa, indamay tashqariga chiqar, yegulik, ichimlik olib, Mohirnikiga ketardi. Politsiyachilar uning “Nega meni bu yerda tutib turibsizlar?” deyishiga imkon ham bermay:
– Bu yoqqa kel, – deyishdi.
– Qayoqqa? – deb so‘radi.
– So‘roqqa.
O‘rnidan turdi. Kamzulini kiydi. Sochlarini tartibga keltirdi, yon tomonga qiyshaygan galstugini to‘g‘riladi, chiqdi.
Tergov xonasida qonuniy huquqlari eslatildi. Tarjimon va advokat kerak-kerakmasligi so‘raldi.
– Kerakmas, – dedi.
Kim ekani aniqlandi. Qonuniy haqlari eslatilgani, advokat va tarjimon xohlash-xohlamasligi so‘ralgani, “Kerakmas” degan javobi bayonnomaga yozildi. Undan keyin xotini va qizi uning ustidan shikoyat qilgani aytilgani, bunga “Bo‘lishi mumkin” deb javob bergani yozildi.
(Zero, ancha oldin xotini bir marta doktordan “Badanida kaltak izlari bor” degan xulosa olgan, qizini guvoh ko‘rsatib, “Erim meni do‘pposlaydi” deb politsiyaga shikoyat qilgan edi. Shu boisdan hatto qamalishiga ham bir bahya qolgandi. O‘shandan keyin u xotiniga qo‘l ko‘tarmaydigan bo‘ldi. Baqirib-chaqirar, lekin aslo urmasdi. Chunki el-yurt orasida ikkinchi marta sharmanda bo‘lish yaxshi emasdi. Xotini g‘irt asossiz ravishda shikoyat qilgan bo‘lsa kerak. Hatto, xotin-qizlar huquqlari jamiyati a’zosi bo‘lgan o‘sha haromi doktor xotindan soxta hujjat olgan bo‘lishi ham mumkin. Xotinining haqiqatda kim ekanini faqat Germaniyaga kelganidan keyingina bildi. Undan har narsa kutsa bo‘ladi. Lekin hozir uning hech qanday aybi yo‘q. Shu boisdan osongina qutulib chiqishini bilar, xotirjam edi. “Bo‘lishi mumkin” degandi…)
Shikoyat mavzusi o‘qila boshladi deguncha, uning qattiq dahshatga tushgani, ko‘zlari olayib, qinidan chiqquday bo‘lgani, og‘zi lang ochilib qolgani, yuz-ko‘zi, hatto, butun a’zoyi-badanini ter bosgani, yuragi haddan tashqari gursillab ura boshlagani bayonnomaga yozilmadi. Faqat “Yo‘q… Yo‘q…Yo‘q… Bularning barchasi yolg‘on” deb baqirgani yozildi.
Shikoyat sud meditsinasi tomonidan tasdiqlangani aytilib, “Mast bo‘lganing uchun nima qilganingni o‘zing ham bilmagandirsan” deya, qilmagan gunohni bo‘yniga qo‘ymoqchi bo‘lishganida qachonlardan beri vayrona qalbi yana bir marta vayron bo‘lgani yozilmadi. Politsiyachilardan birining belidagi to‘pponchani tortib olib, o‘z chakkasidan otib, joniga qasd qilmoqni o‘ylagani ham yozilmadi. Bu xatti-harakati aybni e’tirof qilish bo‘lishini o‘ylab, tentaklikdan voz kechgani, o‘ziga-o‘zi: “Hech bo‘lmasa buning tuhmat ekanini isbotlaguncha yashashim kerak” degani bayonnomaga yozilmadi.
“Men savdoyi emasman. Men buzuq emasman… Yolg‘on!.. Hammasi yolg‘on!” deb hayqirgani, so‘ngra birdan yuragi xuruj qilib, yerga yiqilgani yozildi.
Bayonnoma kasalxonada yozib tamomlandi…
Turkchadan Boboxon Muhammad Sharif tarjimasi
“Kitob dunyosi” gazetasidan olindi.