Tunjar Jo‘jano‘g‘li. Brut yoxud Yuliy Sezarning qotili (tragikomediya)

IShTIROKChILAR:

MARK BRUT – Jumhuriyatchi senator
YuLIY SEZAR – Konsul
LONGIN KASSIY – Jumhuriyatchi senator
SERVILIY KASKA – Jumhuriyatchi senator
PORSIYa KATONA – Brutning xotini
SEVILIYa – Brutning onasi
LUSIY – Brutning bolasi
KALPURNIYa – Sezarning so‘nggi xotini
Sezarning tansoqchilari,
askarlar, fuqarolar.

Vaqt:
14 mart – Miloddan avvalgi 44-yil, kechasi,
15 mart – Miloddan avvalgi 44-yil, kunduz.

Voqea joyi – Rim

I

Kassiyning grimxonasi

Kassiyni o‘ynaydigan aktyor sahnada kiyimlarini yechib, o‘zi ijro etadigan obrazning kiyimlarini kiyadi va rolga tayyorgarlik ko‘radi. Grim qiladi. Sahnadagi katta oynada o‘zini obdan kuzatadi. Kiyimi va grimidan mamnun bo‘ladi. Shu kayfiyatda sahna ortidagilarni baland ovozda chaqiradi.
KASSIY. Tayyormisizlar?!
KASKA. Hozir!
KASSIY. Tezroq bo‘la qol.
KASKA. Hali vaqt bor. Tayyor bo‘lib qoldim.
KASSIY (Hazil aralash). Namuncha beg‘am bo‘lmasang. Men senator Kas­kaning qiyofasini ko‘rish ishtiyoqidaman. Ammo sen Kassiyga parvo ham qilmaysan.
Kaska qiyofasiga kirgan aktyor sahnada paydo bo‘ladi. Ular bir-birining qiyofalarini sinchkovlik bilan kuzatishadi.
KASKA. Xayrli tun, senator Kassiy.
KASSIY. Xayrli tun, senator Kaska.
KASKA. Hurmatli senator bu yerga kech kelganimga arziydigan tayyorgarlik ko‘ribmanmi?
KASSIY. Ha! Mening qiyofam-chi, yoqdimi?
KASKA. Bu qiyofangni senatorning salobatli xarakteri bilan uyg‘unlashtirsang mukammal bo‘ladi. Men negadir o‘zimni yaxshi his qilmayapman. Qo‘l-oyoqlarim bo‘shashib ketmoqda. Klassik qiyofada ilk marotaba sahnada rol ijro etish oson emas.
KASSIY. Ikkalamiz ham ancha tajribaga ega aktyorlarmiz. Bunga o‘xshash hayajonli onlarni ko‘p bor boshimizdan o‘tkazganmiz. Lekin tan olish lozim, meni hayajon bosmoqda. “Nega?” deb so‘rasang, ayta qolay. Bunday murakkab, serqirra qiyofani men ham ilk marotaba yaratmoqdaman. Senator Kassiy bilan mening xarakterim butunlay qarama-qarshi. Men suhbatlashishni yoqtiraman. Kassiy esa, aksincha, kamgap. Men mazza qilib, og‘zimni to‘ldirib qah-qah otishni yoqtiraman. Senator esa faqat kulimsirab, og‘zini ochmay kuladi. Ya’ni, mening ichki dunyom tashqarida, u esa hammasini ichida saqlaydi, pismiq.
KASKA. Bu muammolar men o‘ynaydigan obrazda ham bor. Menga aytgin-chi, men bilan Kaskaning biror o‘xshash joyi bormi? Kaska har bir ishni oldindan qachon, qay vaqtda amalga oshirishni biladi, tartib-intizomda juda qat’iy. Qarorlarga jiddiy qaraydigan jumhuriyatchi senator. Men esa umuman betayinman. Hatto elektr hisobini ham o‘z vaqtida to‘lay olmayman. Uchrashuvlarga ham kamdan-kam holda kechikmay yetib boraman. Xullas, farqli tomonlarimiz hisobsiz. Bularning barchasiga qaramay, rejissyorimiz bizlarni shu rollarga munosib ko‘rdi.
KASSIY. Rejissyorimiz bekorga har doim takrorlamaydi: “Haqiqiy aktyor turli qiyofalarga kirishga qodir bo‘lishi kerak” deb. Menimcha, u haq.
KASKA (Cho‘ntagidan telefonini chiqaradi). Allo!? Ha… Kaska liboslarini kiydim. Grim ham qildim. Ha, jonim, spektakl boshlanishini kutayapman. Yo‘q… Hali boshlangani yo‘q. Spektakl boshlangan bo‘lganida, men sen bilan telefonda gaplashib turolmasdim. Ba’zida gapirayotgan gaplaringga ahamiyat bermaysan, jonim. Yo‘q. Yolg‘iz emasman. Yonimda kim ham bo‘lardi… Kassiyni o‘ynaydigan sherigim bor… Tavba..! Kassiy erkak! Brutning xotinini o‘ynaydigan yosh aktrisa bu yerda yo‘q! U bilan birga o‘ynaydigan sahnamiz ham yo‘q! Nega bezovta bo‘lyapsan? Ayollarning grimxonalari alohida deb necha marta tushuntirdim. Qachon bu ahmoqona rashking tugaydi? Zo‘rg‘a yodlagan so‘zlarimni unutib, sahnada rasvo bo‘lishimni xohlayapsanmi? Bo‘ldi, qisqa qil! Menga omad tilab, bu bo‘lmag‘ur suhbatni tugat. Ey… Bilganingni qil! (Jahl bilan telefonni o‘chiradi.)
KASSIY. Xotiningmi?
KASKA. Boshqa kim ham bo‘lishi mumkin? Repetitsiyalarga ba’zan­ kelib turadi. Aslida uni repetitsiya emas, yangi kelgan yosh aktrisa qiziqtiradi. Ana shu yosh qizchadan meni rashk qiladi. Go‘yo bir-birimizga tikilib qolganimizga guvoh bo‘lganmish. Menga tuhmat qilib, nuqul azob bergani-bergan.
KASSIY. Menimcha, xotining haq. Senga uncha-muncha “pashshaxon”lar yaqinlasholmaydi, aksincha, qochishadi. Yaqinlashsa bormi, sen ularni omon qo‘ymaysan.
KASKA. Ja unchalik emas!
KASSIY. Bugungi ilk namoyishga kelmaydimi?
KASKA. Premeraga kelarmish! Bizni yolg‘on ijromizga toqati yo‘q ekan. Bir tomoshani ikki marta ko‘ra olmasmish.
KASSIY. Bo‘pti… Qo‘y bu gaplarni. Spektakldan oldin tinchlanib ol. Chuqur nafas olib, ichingda biroz ushlab tur. Keyin asta-sekin chiqar. Spektakl boshlanadigan vaqt yaqinlashib qoldi. O‘zingni xotirjam tut. Qani, menga ayt-chi, spektakldagi voqealar qachon yuz bergan.
KASKA. 44-yilning 14 marti. Kechasi boshlanib, 15 mart ertalab tugaydi.
KASSIY. Yaxshi. Ammo 44-yilga aniqlik kiritish kerak. Eramizdan avvalmi yoki keyin?
KASKA. Eramizdan avval.
Kaskaning cho‘ntagidagi telefon yana jiringlaydi. U telefonni olib kim ekanligiga qaraydi. Yuzi burishishidan ma’lum bo‘ladiki, yana xotini telefon qilayapti. Xohlamay telefonni qulog‘iga tutmoqchi bo‘ladi. Kassiy bunga qarshilik ko‘rsatishga harakat qiladi.
KASSIY. Eramizdan avval 44-yilda qo‘l telefoni bo‘lganmidi? Yo Tangrim! O‘chir shu telefoningni. Umuman yashirib qo‘y. O‘rtaga shayton aralashib, spektakl paytida jiringlab qolsa-chi? Hushyor bo‘lish kerak.
Kaska telefonni o‘chirib cho‘ntagiga soladi. Parda orqasidan tomosha zaliga qaraganday bo‘ladi.
KASSIY. Tomoshabinlar joylashib bo‘lishibdi. Hozir boshlaymiz. Spektaklni boshlamasak, tomoshabinlar qarsak chalishni boshlashadi. (Ikkinchi qo‘ng‘iroq yangraydi.)
KASKA. Endi yana kamida besh marta chuqur nafas olib, o‘zingni o‘yinga tayyorla. Bo‘laqol!
Kaska chiqadi, uchinchi qo‘ng‘iroq yangraydi. Stol ustidagi bir to‘p maktubni ko‘rib chiqmoqchi bo‘ladi, lekin chiroqchilarning ishorasi uning e’tiborini tortadi. Shu payt tomosha zalidan qarsaklar eshitiladi. Kaskaning sahnaga chiqishi kechikadi. Bundan Kassiy bezovta bo‘ladi. Nihoyat aktyorlar o‘z rollarini o‘ynay boshlaydi.
KASSIY. Qayerda qoldi bu odam? Shunchalik ham beparvo bo‘ladimi? Qani senator Kaska?!
KASKA (Hovliqib kirib keladi).Tashqaridagi qarsaklarni eshityapsanmi? Xuddi Rimdagi Amfiteatrning shovqini-ya… Yomg‘irdan Pompey teatriga yashiringanim uchun sizning yoningizga kech qolib keldim, hurmatli senator Kassiy.
KASSIY. Chaqmoq chaqsa-yu sellar kelsa, hatto arslonlar ko‘chalarda yurishsa ham bu ish amalga oshadi, Kaska. Chunki ertaga yuriladigan yo‘lning toshlarini bugundan terib chiqish lozim bo‘ladi. Albatta, kamchilik bo‘lib emas, aks holda natija biz xohlaganday bo‘lmaydi. Eng yomoni, biz chiqmoqchi bo‘lgan yo‘l bitta xatolik sabab falokatga olib borishi mumkin. Shaxsiy his-tuyg‘ular, xususiy muammolar chetda qolishi kerak.
KASKA. Umid qilamanki, bu shoshilinch tayyorgarlik natijaga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi. Bejizga aytishmasa kerak, shoshilinch ishga shayton oralar, deb.
KASSIY. Ishning shoshilinch joyi qolmadi. O‘q yoydan chiqdi. Hammasi reja asosida bo‘lishi kerak. Sen birinchi navbatda maktub­larni Brutning uyi bog‘chasiga olib borib tashla. Har doimgiday… Birov bilmasin. Unutma, Brut hali ham biz o‘ylagan ishga ochiqchasiga qo‘shilishiga qaror bergani yo‘q. Singlimga uylangan bo‘lishiga qaramay, menga ba’zan ishonmaydi. Brut bu maktublarni xalqdan kelganiga ishonch hosil qilsa, darhol kelib bizlarga qo‘shiladi. Chunki, Brut orqasida xalq madad bo‘lib turganiga inonsa, biz siyosatchilarga oson bo‘ladi. Biz tashkil qilgan maktublarning “mevasi” sifatida, u bizni bu kecha uyiga taklif etadi. Shunday emasmi?
KASKA. Faqat Brut hushyorlik qilayotgani yo‘q, sen ham nimagadir unga barcha rejalarni ochiq aytmayapsan.
KASSIY. To‘g‘ri. O‘zi sekin hammasini tushunib yetsin, o‘zi qaror berishini kutyapman. Aslida, u ham biz singari jumhuriyatchi, lekin u Sezar uchun jonini ham berishga tayyor. Hozircha. Shuning uchun bu maktublar juda muhim. Aynan mana shu maktublar Brutni Sezarga bo‘lgan xayrixohligini yo‘qqa chiqaradi. Tushundingmi, Kaska?
KASKA. Kassiy, ma’lumki, men o‘z vazifamni a’lo darajada bajar­yapman. Bundan keyin ham zimmamga tushgan barcha vazifalarni shunday bajaraman.(Maktublarni oladi.) Faqat yomg‘ir tinsin, bo‘lmasa maktub­lar ho‘l bo‘lib, o‘qib bo‘lmas ahvolga kelib qolishi mumkin. Eng muhimi, bu xatlarni uy bog‘chasiga shunday joylashtirish kerak bo‘ladiki, toki Brut maktublarni xalq qoldirib ketganiga ishonsin.
KASSIY. Ishimizni har tomonlama o‘ylab qilayotganing juda yaxshi.
KASKA. Biz Brutning uyiga borish uchun qachon va qayerda uchrashamiz?
KASSIY. To‘g‘ri mening uyimga kelasan. Tashqarida ko‘rishish rejamizga ziyon keltirishi mumkin. Biz uyda ko‘rishib, tunda, Rim ko‘chalariga sokinlik cho‘kkanida Brutning uyiga qarab yo‘l olamiz. Shunday qilsak, Brut barcha maktublarni o‘qib ulgurishiga imkoniyat yaratib bergan bo‘lamiz.
KASKA. Tushunarli, Kassiy. Faqat yuragimda qandaydir hadik bor. Aqlim joyida emas. Biroz qo‘rquv ham bordek.
KASSIY. Seni yaxshi tushunib turibman. Rosti, menda ham xavotir bor. Qo‘rquv insonga xos tuyg‘u. Birovning xayoliga ham kelmaydigan ishlarga kirishmoqdamiz. Albatta, oson emas. Sezardek odamni qatl qilishni rejalashtirish hatto xayolga ham kelmaydigan ish. (Og‘zidan chiqqan so‘zlardan o‘zi ham qo‘rqib ketadi.) Tamom! Boshqa bu haqda gap­lashmaylik. Devorning ham qulog‘i bor deyishadi… Qani boraqol, endi.
KASKA. Boshladik, Kassiy.
Ikki senator xuddi og‘ir judolikka uchraydigandek bir-biriga quchoq ochib xayrlashadi. Kaska maktub to‘la xaltani olib, asta tashqariga chiqadi.

II

Brutning uyi

Brut rolini ijro etayotgan aktyor tayyorgarlik ko‘rmoqda. Kiyimlarini tuzata boshlaydi. Stol tortmasidan bir maska olib kiyadi. Bu maska teatr dunyosiga tanish bo‘lgan kulgi va yig‘i aks etgan qiyofadir. Oynaga qarab maska yarashganidan xursand bo‘ladi.
BRUT (Tomoshabinlarga). Men bu spektaklda senator Brut rolini o‘ynayman. Tashqarida afishani ko‘rgandirsizlar. Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, tomoshaning nomi aynan Brut so‘zi bilan boshlangan. “Brut yoxud Yuliy Sezarning qotili”. Qisqasi, Brut – spektaklning bosh qahramoni. Men shu kungacha teatrda faqat ikkinchi darajali rollarni o‘ynab kelganman. Brut roli men uchun sharafli va mas’uliyatlidir. Shu obraz menga katta imkoniyatlar eshigini ochadi va men bundan unumli foydalanishim kerak. Xayolimga har xil bo‘lmag‘ur fikrlar kelmoqda. Sezarning iborasi bilan aytganda, “Sen ham Brutmi?”. Xoinlikka chorlovchi Brut obrazi uchun yangicha talqin topa olarmikanman? Brut jumhuriyatchi senator… Shuncha ezmalik yetar, ishga kirishaylik. Tomosha qilinglar. So‘ng rolim muvaffaqiyatli chiqdimi-yo‘qmi, sizlar baho berasizlar. (Sahnaga Portsiya chiqib keladi. Portsiya Brut gapirayotganda qotib turadi. Brut tomoshabinlarga gapiradi.) Bu ayol mening xotinim Portsiya. Kassiyning singlisi. Teatrimizga aynan mana shu rol uchun taklif etildi. Bu aktrisa o‘zining jozibasi va “mahorati” bilan teatrimizda uzoq qolmasa kerak. Tez orada bu spektakldagi Portsiya rolini ko‘rgan kino rejissyorlar yoki reklamachilar uni ilib ketishsa ajabmas.
Sahnadagi chiroqlar o‘zgarib, shamol va momaqaldiroq tovushi ostida tarixiy sahnaga o‘tiladi. Yomg‘ir ovozi asta tina boshlaydi. Portsiya harakatsiz holatdan jonlanadi va Brutning orqasidan kelib quchoqlaydi. Brut o‘z xayollariga cho‘mib turgani uchun bu kutilmagan harakatdan cho‘chib tushadi.
BRUT. Oh!
PORSIYa. Rimning eng kelishgan, navqiron senatori. Mening Brutim.
BRUT. Qo‘rqitib yubording, Portsiya! Yuragim yorilib ketay, dedi. Yomg‘ir ham tindi, ko‘chalarni to‘ldirib oqayotgan suvlar to‘xtadi. Quloq sol… Atrof jim-jit… Sukunat.
PORSIYa. Insonni bezovta qiladigan oqshom.
BRUT. To‘g‘ri, bugun boshqacha bir kechani o‘tkazyapmiz.
PORSIYa. Kun bo‘yi seni o‘yladim Brut. Senday turmush o‘rtog‘im borligidan xursandman. Barchaning hurmatiga sazovor, ko‘p kitob o‘qiydigan, faylasuf, birovni xafa qilmaydigan umr yo‘ldoshim borligi mening baxtim. Men juda ham sevadigan insonning bitta kamchiligi shundaki, u mendan ko‘ra Rimni ko‘proq sevadi. (Kulishadi.)
BRUT. Sen ham xuddi shundaysan. Sevgi va hurmatga sazovorsan. Boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan insonsan. Har qanday tadbirda o‘zini qanday tutishni, munosib kiyinishni, faqat kerakli so‘zlarni gapirishni yaxshi bilasan. Yaqin safdoshim, do‘stim Kassiyning singlisi bo‘lishing ham munosabatlarimizga o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi. Xullas, kamchiliklardan yiroqsan, go‘zalim.
PORSIYa (Kuladi). Har doim ham bunday “tarbiyali” bo‘lish qo‘limdan kelmasligini yaxshi bilasan.
BRUT. Bilaman… Chunki o‘zimda ham kamchilik yo‘q emas. Lutsiy shu atrofdami?
PORSIYa. Lutsiyda nima ishing bor?
BRUT. Mehmonlar kelishini bila turib, nega u uyda emas? Sen ko‘rmadingmi uni?
PORSIYa. Bog‘chada daraxtlarning tagidagi nimalarnidir yig‘ish­tirayotgandi.
BRUT. Men unga eshikning oldida turib keladigan ikki do‘stimni kutib olishini aytgandim.
PORSIYa. Kim ekan u ikki do‘sting?
BRUT. Ikkisi ham senator. Akang Kassiy bilan Kaska.
PORSIYa. Men bir oydan beri akam bilan ko‘rishganim yo‘q… Lekin ­nimagadir meni emas, seni ko‘rgani kelyapti? Sizlar senatda ko‘­rish­ganlaring yetmaydimi? Endi uyni ham ishxonaga aylan­tir­moq­chimisan? Balkim, bir nimalarni rejalashtirayotgandirsizlar?
BRUT. Boya aytdim-ku, juda hayajonli kecha bo‘ladi, deb.
PORSIYa. Meni sog‘inmadingmi?
BRUT. Bu nima deganing? Seni qanchalar sevishimni bilasan-ku.
PORSIYa. Unda nega mendan o‘zingni olib qochyapsan?
BRUT. Juda muhim ishimiz bor.
PORSIYa. Har kuni muhim ish chiqadi.
BRUT. Hayot shunday, jonim…
PORSIYa. Qanaqa muhim ish ekan mendan sir tutadigan?
BRUT. Bunday savollar bilan meni bezovta qilma.
PORSIYa. Bu nima deganing? Men seni xotiningman, hammasini bilishim shart.
BRUT. Bo‘ldi, bu mavzuni tugatdik.
PORSIYa. Yoki… Xayolingda boshqa ayol ham bormi?
BRUT. Nimalar deyapsan?
PORSIYa. O‘zingni bilmaslikka olma. Savolimga javob ber. Hayoting­da boshqa ayol bormi?
BRUT (O‘ylanib). Jonim, senday chiroyli va jozibali boshqa ayol bormi Rimda? Gapirsang-chi? Agar sendan go‘zal ayol bo‘lganida, shunday savol berishga haqqing bo‘lardi.
PORSIYa (Bu gaplar unga yoqadi. Muloyim bo‘lib). Gaplaringda jon bor. Bu fikrlaring menga yoqib tushdi. Brut, sen ayollarning ichki dunyosini yaxshi bilasan. Mening haqiqiy bahomni va qadrimni bilganing uchun ham aynan seni tanlaganman.
BRUT. Unday bo‘lsa boshqa bunday bo‘lmag‘ur savollarni berma?
PORSIYa. Xolam nuqul bir narsani ta’kidlardilar: “Ering Brut seni juda sevadi. Faqat shuni esingdan chiqarma. Qo‘shnining tovug‘i har doim g‘oz bo‘lib ko‘rinar ekan…”
BRUT. Bunday fikrlar bilan uzoqqa borolmaysan, Portsiya.
PORSIYa. Atrofingga yaxshilab nazar sol. Begona ayollarga ilakishib yurmaydigan erkakni Rimda topish mushkul. Hech bir erkakka ishonib bo‘lmaydi, chunki xiyonat qilish ularning… ba’zi birlarining qoniga singib ketgan.
Eshikdan xursand holda Lutsiy kirib keladi. Qo‘lidagi patnisni sekin o‘rtadagi stolga qo‘ymoqchi bo‘ladi.
BRUT. Nima, meva olib keldingmi?
LUSIY. Ha afandim… Bu “mevalar” xuddi maxsus belgilangan yerlarga sochib tashlanganday… Eng muhimi, shunday dahshatli yomg‘irda bir-ikkitasini hisobga olmasak, boshqalari namlanmabdi ham. Bularni yig‘ib olish oson bo‘lmadi. Agar to‘g‘ri sanagan bo‘lsam, yigirma ikkita ekan. So‘nggi bir haftada bog‘dan yig‘ib olingan xatlarni bir yerga yig‘sak, katta kitob bo‘lishi mumkin.
Savatdagi xatlarni o‘rtadagi stolga yoyib tashlaydi va chiqmoqchi bo‘ladi. Uni birdan Brut to‘xtatadi.
BRUT. To‘xta! Shoshilma. Aytadigan gapim bor.
LUSIY. Eshitaman.
BRUT (Portsiyaga past ovozda). Meni ranjitma, Portsiya. Mehmonlarim ketganidan keyin, bu masalalarni gaplashib olamiz. Uchrashuv uzoq davom etmaydi.(Quloqlariga pichirlaydi.) Bu kecha sen xohlaganday bo‘ladi.
PORSIYa. Yaxshi, sevgilim. Kelishingni kutaman. Yana bitta gapim bor, faqat jahling chiqmasin. Ba’zan sensiz qolib ketaman deb, xavotirga tushaman. Shuning uchun rashk qilaman. Agar seni yo‘qotsam, yashay olmayman, Brut.
BRUT. Xavotir olma, hozircha o‘lish niyatim yo‘q. Ammo… oxir-oqibat hammamiz o‘lamiz.
PORSIYa. Xo‘p… Do‘stlaringni mehmon qilish uchun kerak bo‘lamanmi?
BRUT. Yo‘q, jonim. Bor-yo‘g‘i sharob va meva tanovul qilamiz. Bizga Lutsiy hamrohlik qiladi.
LUSIY. Hammasi tayyor bo‘ldi, afandim. Sharob yigirma yillik, maxsus joyda saqlangan. Mevalarning eng sarasi hozir uzib olib kelindi.
BRUT. Tashakkur, Lutsiy.
PORSIYa. Sizlarga yaxshi kayfiyat tilayman, sevgilim. Akamga salomlarimni ayt. Imkonini topib bizlar bilan ham ko‘rishsin. Davlat ishlari tugamaydi.
BRUT. Aytaman.
PORSIYa (Chiqarkan Lutsiyga qarab). Men ichkarida bo‘laman, agar biror narsa kerak bo‘lsa, xabarim bo‘lsin, Lutsiy.
LUSIY. Xo‘p bo‘ladi!
Portsiya chiqadi. Brut patnisdan bitta maktubni olib Lutsiyga beradi.
BRUT. Qani mana buni o‘qi-chi, Lutsiy. Faqat shoshilmasdan.
LUSIY (Maktubni o‘qiydi). Hurmatli senatorim, Brut. Bu satrlarni, qalbimdan kelgan so‘zlarimni samimiyat ila yozayapman. Meni tushunib, fikrlarimni qo‘llab-quvvatlashingizga ishonaman. Chunki siz aqlli, uzoqni ko‘ra oladigan insonsiz. Xalqimizning, ayniqsa, kambag‘al va o‘rtahol oilalarni farovon yashashi uchun olib borayotgan ishlaringizni yaxshi bilamiz. Adolatli senator ekanligingizga shubha yo‘q. Mening kimligimni bilmoqchi bo‘lsangiz, men oddiy hunarmandman. Siz bizlarni har tomonlama himoyangizga olganingiz, muammolarimizni ijobiy hal qilishingizni e’tirof etamiz. Barcha hunarmandlar sizni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirgan holda maktubimni tugataman. Cheksiz hurmat va ehtirom ila bir yurtdoshingiz.
BRUT. Keyingi maktubni o‘qishing mumkin.
LUSIY. Xo‘p bo‘ladi, afandim. (Maktubni olib o‘qiy boshlaydi.) “Muhtaram Mark Brut… Satrlarimni o‘tmishdagi bir noxush voqeani eslashdan boshlaganim uchun uzr so‘rayman. Dunyo go‘zali onangiz va hurmatli otangiz tillarda doston bo‘lgulik baxtli yashaganini siz ham yaxshi xotirlaysiz. Rimda barchaga namuna bo‘ladigan oila edi… Toki… Sezar jangdan navbatdagi g‘alabasi bilan qaytib kelgunicha. Bu zafarni nishonlash uchun taklif qilingan Rimning eng hurmatli insonlari orasida otangiz ham bor edi. Bu ziyofat tong otgunga qadar davom etdi. Ertalabgacha Sezarning zafariga ofarinlar aytilib, to‘xtovsiz sharoblar ichildi… Ertalab otangiz uyga qaytib kelganida siz onangiz bilan birga uni qarshiladingiz. Otangiz sarxush edi. Nuqul “Sezar buyuk odam… buyuk askar, u hayot ekan, hech kim Rimga yomon ko‘z bilan qaray olmaydi…”, derdi. Keyin, siz otangizni yotog‘iga olib kirib qo‘ydingiz. O‘zingiz ham xonangizga kirib, dam olmoqchi bo‘lib turganingizda, birdan otangiz yotgan xonadan onangizning qo‘rqinchli hayqirig‘i eshitildi. Borib ne ko‘z bilan ko‘ringki, otangiz vafot etgandi”. (Jim bo‘ladi.)
BRUT. Nima bo‘ldi? Nega jim bo‘lib qolding, Lutsiy? Bu voqeani bilamiz. Davom et.
LUSIY (O‘qishda davom etadi). “Ertasi kun Sezar uyingizga kelib, ta’ziya bildirdi. Otangizning janozasi eng yuqori talablarda bajarildi. Ammo, Sezar sizlarnikiga kelib turishda davom etdi. Oradan biroz vaqt o‘tib, onangiz Sezar bilan birga yashay boshladi. Bu gaplarni yozishga majburman, hurmatli Brut. Qolaversa, bu voqealarni siz mendan ham yaxshi bilasiz… Ammo, bu yaqinlik, uzoq davom etmadi. Rahmsiz Sezar onangizni tashlab, boshqa ma’shuqalari bilan maishat qilishda davom etadi”. (Maktubni o‘qishdan to‘xtaydi.)
BRUT. Lutsiy, maktubni o‘qib tugat.
LUSIY. “Muhtaram senatorim. Sizga yaxshi tanish bo‘lgan bu hikoyani yana bir marta xotirangizda yangilashga majbur bo‘lganim uchun uzr so‘rayman. Ammo siz bilmagan ba’zi bir holatlarni bildirmoqchiman. Otangizning o‘limi sababini hakimlar “zaharlanish”dan degan ekan. Go‘yo yemak zaharlangan emish. Sizga savol shuki, hurmatli Brut, agar haqiqatan ham yemak zaharlangan bo‘lsa, nega boshqalar shu taomlardan tanovul qilishsa-da, zaharlanmadilar?! Sezarning chiroyli ayollarga bo‘lgan ehtirosini siz ham yaxshi bilasiz. Qolaversa, Sezar otangizning o‘limidan oldin ham onangizni yoqtirgani sir emas. Shuni ham unutmangki, hurmatli Brut, Sezar o‘z maqsadiga erishish uchun har tomonlama o‘ylangan reja bilan ish ko‘radi. Men bu haqiqatni bilishingizni va adolatli bo‘lishingizni xohlardim. Hurmat bilan rimlik bir fuqaro. (Bir muddat sassiz qolishadi.) Afandim, keyingi maktubni o‘qishda davom etaymi?
BRUT. Qo‘yaver… Tashakkur. Men o‘zim qolganlarini ko‘rib chiqaman.
Lutsiy tashqariga chiqadi. Brut tashvishlanadi. Sahna chiroqlari o‘chib-yorug‘lashadi. Sahna voqealari hozirgi zamonga o‘tadi. Brut aktyor sifatida tomoshabinlarga murojaat qiladi.
BRUT. Bu nima degani? O‘ylashga, fikrlashga majbur qiladigan savollar berildi. Xuddi Hamlet singari faylasuflarcha fikrlashga to‘g‘ri keladi. Dunyoning eng buyuk dramaturgi Shekspir “Yuliy Sezar”ni yozarkan, bu voqealarga e’tibor bermasligi mumkinmidi? Yoki bu voqealarni undan bir yil so‘ng yozilgan “Hamlet” tragediyasi uchun asos qilib saqlab qo‘ydimi?
Sahna chiroqlari o‘chib, yana yorishadi va tarixiy spektakl voqealari to‘xtagan joyidan davom etadi. Brut maktublarni o‘qiydi. Bezovta bo‘ladi. Tashqari eshigi ochilib, Lutsiy ko‘rinadi. Brutning onasi Seviliya kirib keladi.
SEVILIYa. Xayrli kech, Lutsiy.
LUSIY. Xayrli kech, xonim afandim.
SEVILIYa. O‘g‘lim uydami?
LUSIY. Ha, xonim afandim, marhamat.
SEVILIYa. Yo‘q. Ichkariga kirib kelganimni ayt. Agar band bo‘lmasa, oldiga kiraman. Aks holda, Portsiyaning yonida kutib turaman.
LUSIY. Xo‘p bo‘ladi. (Ichkariga kiradi). Afandim.
BRUT (O‘rnidan turadi). Kelishdimi?
LUSIY.. Yo‘q, afandim. Onangiz Seviliya xonim, keldilar.
BRUT. Onammi?
LUSIY. Agar band bo‘lsa, Portsiyaning yonida kutib turaman, dedilar.
BRUT (Lutsiyni kutmasdan, o‘zi tezda eshikni ochadi). Keling, onajon. (Onasini o‘padi). Xush keldingiz.
SEVILIYa. Xayrli oqshom, Brut.
LUSIY. Xonim afandi biron amringiz bormi?
SEVILIYa. Yo‘q, tashakkur.
BRUT. Mehmonlar kelishsa, xabarini bergin. Onajonim begona emas.
LUSIY. Xo‘p bo‘ladi, afandim. (Chiqadi.)
SEVILIYa. Mehmonlaring kimlar, Brut?
BRUT. Ikki senator.
SEVILIYa. Qiziqib qoldim. Kimlar ekan?
BRUT. Kassiy va Kaska…
SEVILIYa. Ha, shu Kassiy, qayinbirodaring. Sezar uni hecham yoqtirmasdi. Pastkash va ishonchsiz derdi. Kassiy Sezarga har doim hasad qilib kelgan. Hatto Sezarga nafrat bilan qarashini ham bilaman. Ammo, Sezar daho… Kaska… Kaskaning ham hukmdorlikka ishtiyoqi baland.
BRUT. Kassiy aqlli… Nima qilishini yaxshi biladi, onajon.
SEVILIYa. Sen har vaqt haqsan. Kech bo‘lib qoldi. Qanday muhim ish ekanki, tunda kelishayapti…
BRUT. Mana, siz ham kech bo‘lishiga qaramay kelibsiz.
SEVILIYa. Bu yer o‘g‘limning uyi… Xohlagan paytda kelishim mumkin. Shunday emasmi?
BRUT. Shubhangiz bormi onajon? Men sizni butunlay biznikida qolishingizni xohlagan edim, lekin o‘zingiz rad etdingiz.
SEVILIYa. Bir uyda ikki buyruq beruvchi bo‘lmaydi. Alohida yashaganimiz yaxshi. Nega tunda yig‘ilayapsizlar, aytmading.
BRUT. Ertaga bo‘ladigan saylov xususida kelishib olmoqchimiz. Qili­nadigan ishlarni belgilab olamiz.
SEVILIYa. Tunda, maxfiy yig‘ilish shartmi?
BRUT. Shart bo‘lib qoldi, onajon. Ha, aytganday, sizni shunday kuchli yomg‘ir yog‘ayotganiga qaramay, bu yerga kelishingizga nima sabab bo‘ldi?
SEVILIYa. Mening bu yerga kelishimga hech qanday havo qarshilik qila olmaydi. Bir haftadan beri g‘alati tushlar ko‘rayapman. Otang tushimda nuqul: “Brut ogoh bo‘lsin! Xato ishlarga kirishmasin!”, deb asabiylashadi. Brut, mendan hech narsani yashirma. Sezarni sevmasligingni va hatto, undan nafratlanishingni bilaman, o‘g‘lim. Seni tushunaman, undan intiqomingni olmoqchisan. Meni tashlab ketganiga sabr qilolmaysan. Lekin, ogoh bo‘l. Sezarni hech kim menchalik bilmaydi. U juda xavfli… Rahmsiz…
BRUT. Xotirjam bo‘ling. Sezar menga ishonadi. Aksincha, u meni hurmat qiladi va yaxshi ko‘radi, deb biladi. Nafaqat Sezar, balki boshqalar ham meni, sadoqatli do‘sti deb biladi. Chunki men haqiqatni – nafratimni ichimga ko‘mganman. Tushuntira oldimi? (Maktublar orasidan otasining o‘limi haqidagisini tanlab oladi.) Mana bu maktubni o‘qing.
SEVILIYa (maktubni o‘qiydi). Buni kim, nima niyatda yozgan bo‘lishi mumkin?
BRUT. Siz nima deb o‘ylaysiz?
SEVILIYa. Ma’lumki, buni yozgan kimsa, sening Sezarga bo‘lgan naf­ratingni yana ham kuchaytirishni xohlagan. Ochiqchasiga, u seni gij-gijlamoqda. Brut, xabaring bor, otang o‘limidan oldin og‘ir kasal edi. Biroz yursa nafasi bo‘g‘ilib, yo‘tal tutib qolardi. Nahot bu holatlarni xotirlamasang? O‘sha fojia yuz bergan kuni, ortig‘i bilan sharob ichgan ekan. Shundan vafot etdi. Uning vafotida birovlarni ayblama. Mana bu maktubda yozilgan gaplarda haqiqat yo‘q. Seni yolg‘onlar bilan Sezarga qarshi raqib qilishlarini qalbim sezgandi.
BRUT. Nega bunchalik o‘zingizni haq deb bilasiz, ona. Fol ochishni mashq qilyapsizmi?
SEVILIYa (aktrisa qiyofasiga kirib, avansahnaga o‘tib tomoshabinlarga murojaat qiladi). Yozuvchilar – ajoyib insonlar. Asarlaridagi qahramonlarning xarakterlari fe’l-atvorini asosan o‘zlaridan, ba’zi hollarda esa tanishlaridan kelib chiqib yozishadi. Jujen o‘g‘li ham mening rolimni o‘zining boshidan o‘tgan voqealardan kelib chiqib yozgan bo‘lsa kerak. Bir paytlar yozuvchimiz ishsiz, pulsiz edi. Boshqa shaharda o‘qiyotgan qiziga pul yuborib turishi kerak edi. Kechasi bilan uxlay olmay, ertalabgacha yotoqda u yoqdan bu yoqqa ag‘anab chiqardi. Ertalab boshqa shaharda yashaydigan onasi, unga pul yuboribdi. Telefondagi suhbatda “Qayerdan bildingiz pulsiz qolganimni, onajon?” degan savoliga onasi shunday javob beribdi: “Onalar o‘g‘illarini har zamon his qilishadi”.
BRUT (sahnadagi tarixiy voqea davom etadi). Ona, sizdan so‘radim. Nega o‘zingizni haq deb bilasiz?
SEVILIYa. Onalar hamisha haq…
BRUT. Xotirjam bo‘ling… Biron bir tahlikali harakat qilmayman.
SEVILIYa. Brut… Sezar juda ham kuchli. Uni qo‘llab-quvvatlaydigan legioni, askarlari bor. U qattiqqo‘l, shafqatsiz… Maslahatim – Sezar bilan aloqalaringni buzma, aksincha, yana ham yaxshilashga harakat qil. Tushundingmi?
BRUT. Tushundim… Ogohlantirganingiz uchun tashakkur. Bu kecha shu yerda qolasizmi?
SEVILIYa. Bilasan-ku, men faqat o‘z o‘rnimda uxlay olaman. O‘zi shu kunlarda biroz charchaganman, uyqusizman. Men seni ogohlantirdim. Endi ko‘nglim to‘ldi. Men boray.
BRUT. Portsiya bilan ko‘rishmaysizmi?
SEVILIYa. Yana kelarman. Portsiyaga salomlarimni aytib qo‘y. Xayrli kech, o‘g‘lim.
BRUT. Yaxshi boring.
SEVILIYa. Aytganlarimni unutma, o‘g‘lim.
BRUT. Unutmayman, ona.
Seviliya chiqadi. Brut uni kuzatib qo‘yadi. Kassiy va Kaska kirib keladi.
LUSIY. Xush keldingiz, afandim.
KASSIY. Xush ko‘rdik.
KASKA. Xush ko‘rdik.
LUSIY. Marhamat, buyuring, afandilar.
BRUT. Xush keldingiz, do‘stlarim.
KASSIY. Xush ko‘rdik, do‘stim.
KASKA. Xush ko‘rdik, Brut.
KASSIY. Biroz ushlanib qoldik. Ko‘chalar sokin bo‘lishini kutdik.
BRUT. Yaxshi qildingiz. Marhamat o‘tiringlar. Otamdan meros qolgan, yigirma yillik sharobim bor. Eng yaqin do‘stlar uchun olib qo‘ygandim. Sizlarga nasib etibdi.
KASKA. Sharob ayni muddao bo‘lardi.
KASSIY. Asablarimiz joyiga tushadi.
BRUT. Esimdan chiqmasdan aytib qo‘yay, Kassiy. Portsiyaning sizlarga salomlari bor. Davlat ishlarini bir chetga qo‘yib, ziyofat qilaylik, deydi.
KASSIY. Rost aytibdi. Tezroq ishimizni tugatib, maishatni boshlaylik.
BRUT. Juda yaxshi. Ishimizni bitirib, birato‘la qutlaymiz. (Lutsiyga) Qani, mahoratingni ko‘rsat.
LUSIY. Amringizdaman, afandim. (Chiqadi.)
BRUT. Gapni nimadan boshlashni bilmay qoldim.
KASSIY. Shoshiladigan joyimiz yo‘q. Biroz sharobdan ichaylik, keyin gaplashaveramiz.
KASKA. Hech kim xalaqit bermaydigan xonaga o‘tsak.
KASSIY. To‘g‘ri. Kelishib oladigan masala o‘ta maxfiy.
BRUT. Hammasi tayyor.
Lutsiy qo‘lida katta padnisni ko‘tarib kirib keladi. Olib kelgan ichimlik va yeguliklarni stolning ustiga qo‘yadi. Sharobning katta shishasini zo‘rg‘a ochadi. Avval o‘zi sinov uchun sharobdan quyib sekin ichadi.
LUSIY. Yoqimli ishtaha…
BRUT. Tashakkur, Lutsiy.
Lutsiy boshqalarga ham sharobdan quyib beradi. Brutning ishorasi bilan ularga ta’zim qilib chiqadi. Qolganlar sharob ichib, maishatini boshlashadi.
BRUT. Rejalarimiz amalga oshishi uchun ichamiz. (Ichishadi.)
KASSIY. Bunchalar ajoyib sharobni ilk bor ichyapman desam, mubolag‘a bo‘lmaydi, Brut.
KASKA. Men ham ayni shu fikrdaman. Haqiqatan ham sharobning ajoyib mazasi bor ekan.
BRUT. Osh bo‘lsin, do‘stlar.
KASKA. Xohlasangiz, yaqinda guvohi bo‘lganim – bir voqeani gapirib bermoqchiman.
BRUT. Marhamat, senator Kaska.
KASKA. Ikki kun oldin bozor maydonidan o‘tib ketayotgandim. Bilasizlar, o‘sha yerda bitta kahvaxona bor. U yerda chamasi yetti-sakkiz kishi, mart oyi bo‘lishiga qaramay, tashqarida quyoshda isinib o‘tirishardi. Men ham sekin kelib ularning yonidagi stolga joylashdim. Xohlamasdan ularning qizg‘in suhbatlariga guvoh bo‘ldim. Siz haqingizda gapirishayotgandi, hurmatli do‘stim. “Brut mukammal bir inson” deyishayotgandi. Ular meni sezishmadi. Men ularni birinchi marta ko‘rishim, notanish insonlar edi.
BRUT. Tashakkur do‘stim. Bunday gaplarni eshitish, albatta, kuvonch baxsh etadi. Juda ko‘p insonlardan maktublar ham olyapman. So‘nggi haftada kelgan maktublarning soni ikki yuztadan ko‘proq. Bugunning o‘zida yigirma ikkita maktub oldim. Agar adashmasam…
Kaska bilan Kassiy o‘zaro sirli qarab qo‘yadi.
KASSIY. Brut, seni xalqimiz juda yaxshi ko‘rishini bilaman. Sen bilan hammamiz g‘ururlanamiz.
BRUT. Qiziq, bugun bog‘imizga tashlab ketilgan maktublar kimlardan ekan? Shunchalik maqtovlarga yo‘g‘rilgan satrlarning mualliflari kimlar bo‘lishi mumkin? Imzo? Bir vatandosh… Rimlik bir fuqaro. Yana imzo… savdogar… xalqdan biri… do‘konchi… Ahamiyat berdingizmi, bironta ham ism yo‘q. Bu g‘alati emasmi? Sizlarni bu ismsizlik shubhalantirmaydimi, do‘stlar?
KASSIY (Xavotirga tushib). Tushunmadim.
BRUT. Tushunmaydigan biron narsa yo‘q. Bu degani ommani, xalqni jiddiy olmaslik kerak. Agar maqtovlarni yozib, o‘z nomini yozmagan bo‘lsa, bilingki, demak, qandaydir qo‘rquv bor. Bu omma, Rim xalqi, ularni kim boshqarsa, o‘shanga tobe bo‘lishga moyil. Yoki shunday ko‘rinishni xohlashadi. Bu holat, sizningcha g‘alati emasmi? Eng yomoni, bu insonlar, agar foydasini ko‘rishsa, haqsizlikka, adolatsizlikka ham ko‘z yumishadi.
KASSIY. Ya’ni, biron noqonuniy ish yuz bersa, surishtiruv talab qilinmaydi, shundaymi?
BRUT. Shunday! Axir o‘z ishlaridan, yashash tarzidan, huzur-halovatidan ajralishni hech kim xohlamaydi.
KASKA. Ya’ni aytmoqchisizki, olomon yuqoridagilar nima desa, shunga bo‘ysunadi, shundaymi?
BRUT. Yo‘q, unchalik emas. Ba’zan, xalq qo‘zg‘alsa, uni to‘xtatib bo‘l­maydi. Ularga uch tanga berilishini aytsangiz, har qanday to‘polonga qodir bo‘ladi. Omma deganimiz, ya’ni, fuqarolarni yaxshi yashashi uchun barcha muammo va to‘siqlar hal etilishiga ishontirilsa bo‘ldi, ular har qanday qo‘zg‘alonga tayyor bo‘ladi. Ularning tushunchalari, falsafasi juda oddiy – qo‘llaridagi bir qush, daraxtdagi ikki qushdan ko‘ra yaxshi. Ya’ni, och qornim – tinch qulog‘im. Bir so‘z bilan aytganda, bu xatdagi maqtovlar meni zarracha qiziqtirmaydi.
KASSIY. Lekin fuqarolar orasida Rimning haqiqiy jonkuyarlari bor. Uning istiqboli uchun har qanday mujodalaga, to‘qnashuvga kirishga, hatto qurbon bo‘lishga ham tayyorlari bor. Yoki men xato so‘zlayapmanmi?
BRUT. Albatta, haqiqiy vatanparvarlar topiladi. Lekin ular juda kamchilikni tashkil etadi. Shunga qaramay, shu “ozchilik” o‘z harakatlari bilan g‘olib chiqsa, “ko‘pchilik” ularni tan olib, qo‘llab-quvvatlaydi… Kelinglar, biz o‘z ishimizni hal etaylik. Ertaga biz va Rim uchun muhim kun bo‘ladi. Saylovda Sezar mag‘lub bo‘ladi. Biz jumhuriyatchilar nima qilishimizni aniq belgilab olishimiz kerak. Kassiy bu borada qilinadigan ishlar bo‘yicha aniq bir rejamiz bormi?
KASSIY. Ha, bor!
BRUT. Nega mening bundan xabarim yo‘q?
KASSIY. Brut do‘stim, hozir hammasini yana bir marta kelishib olamiz. Sezarni senga bo‘lgan hurmati boshqalarni biroz shoshiltirib qo‘ydi. Lekin hammamiz sen biz tomonda bo‘lishingni xohlaymiz.
BRUT. Hammamiz deganing kimlar?
KASSIY. Oltmish uch senator – jumhuriyatchi birodarlarimiz. Yana bitta biz bilan hamfikr senator bor. Faqat u qarib qolgan va biroz xas­ta. U ham oxirigacha yonimizda turishini bildirdi.
BRUT. Bu juda yaxshi xabar. Qanday qilib ular bu ishga rozi bo‘lishdi?
KASSIY. Brut, sening xabaring bor, senat hay’ati Sezarga taqdim etilgan martaba va unvonni berish uchun Vena yaqinidagi lagerga safar uyushtirishgan edi. O‘shanda Sezar qanday yo‘l tutgandi? Yuksak maqomdagi senatorlar hay’atini hurmatsizlarcha o‘tirgan o‘rnida qarshi oldi. Bu holat barcha senatorlarni g‘azabga keltirdi. “Sezar hozirdan kibrga berilib, shunday hurmatsizlik qilsa, saylovlarda g‘olib chiqqandan keyin o‘zini qanday tutadi?”, deb xavotirga tushishdi. Shundan so‘ng senatorlar saylovda Sezarga qarshi ovoz beradigan bo‘ldi.
BRUT. Lekin bu yetarli emas. Sezar hokimiyatni osonlikcha berib qo‘ymaydi.
KASSIY. To‘g‘ri, bu yetarli emas. Asl niyatimizni sen rejamizga qo‘shilishga rozi bo‘lganingdan keyin aytamiz.
BRUT (Kulimsirab). Xo‘sh… Men rozi bo‘ldimmi?
KASSIY. Biz shuni bilish uchun keldik. Xo‘sh, biz bilan birga bo‘lishga rozimisan, Brut?
BRUT. Agar biz bugun, shu yerda bir qarorga kelsak, yuqorida aytilgan barcha senatorlar bizga qo‘shiladimi?
KASSIY. Shubhasiz!
BRUT (Chiroqlar o‘chib-yonadi. Brut aktyorga aylanib, tomoshabinlarga murojaat qiladi). Qayinbirodarim bo‘lishiga qaramay, menga oxirigacha ishonmayapti. Agar bu ishda biron bir xato ketsa, yana meni aybdor qilishdan toymaydi. Lekin, men bu vaziyatdan unumli foydalanishim kerak. (Chiroqlar yana o‘zgarib, aktyor Brutga aylanadi.) Ochiq gaplashaylik. Avvalo shuni e’tirof etishimiz kerakki, Sezar – buyuk inson. Qahramon!O‘ziga ishongan jasur qo‘mondon. Yana bir qator yutuqlari bor. Lekin uning kamchiliklari, zaif tomonlari ham mavjud. Kibri, o‘ziga o‘ta yuqori baho berishi, ayollarga bo‘lgan xushomadi unga ziyon keltirishi mumkin. Ammo, bu nuqsonlari u bilan kurashish uchun yetarli emas. Qisqa qilib aytganda, uni jiddiy ayblash uchun bizda hech qanday asos yo‘q.
KASSIY (Brutning bu so‘zlaridan Kassiy umidsizlikka tushib qoladi). Unday bo‘lsa, endi nima qilamiz? Qanday qilib haq ekanligimizni isbot qilamiz?!
BRUT. Do‘stlar, yaxshilab o‘ylab ko‘raylik. Agar, bordiyu ertaga saylovlarda Sezar g‘olib chiqsa, nima bo‘ladi? U faqat g‘olib bo‘lib taxtga o‘tirmaydi!
KASSIY. Tushunmadim?
BRUT. Taxtga o‘tirdi degani, uning og‘zidan chiqqan har qanday fikr qonunga aylanadi, har qanday xohishi amalga oshadi, degani. Boshqacha aytganda, u diktatorga aylanadi. Mutlaq hokimiyat har qanday muloyim, rahmdil insonni ham zolimga aylantiradi. Katta kuchga ega bo‘ladi. Bu siyosiy jarayondagi eng katta xavf – Sezar umrining oxirigacha iqtidorda, hokimiyatda qoladi… Shundaymi?
KASSIY. Biz ham shunday fikrdamiz, Brut.
KASKA. Eng xavflisi, Rim xalqi asta-sekin uning talablariga ko‘nikib, Sezarning buyruqlarni hech qanday qarshiliksiz bajarishga kirishadi. Bu Rim Respublikasining tugashi demakdir.
BRUT. Ha… Men Sezarni yaxshi ko‘raman do‘stlar, lekin Rimni undan ko‘proq yaxshi ko‘raman!
KASSIY. Ya’ni?!
BRUT. Ya’ni, boshqa yo‘l yo‘q. Men bitta odamning og‘zidan chiqqan buyruqlarga bo‘ysunib yasholmayman. Rim ko‘pchilikning fikri bilan boshqarilishi kerak. Bu Respublikaning asosiy va bosh qonuni.
KASSIY. Men ham shu fikrdaman!
KASKA. Xo‘sh, agar hammamiz bir fikrda ekanmiz, nima qarorga kelamiz?
BRUT. Sezarning diktator bo‘lishiga, yakka hokimlikka qarshi kurash­mog‘imiz lozim.
KASSIY. Ertaga senatda bo‘lib o‘tadigan saylovda qarshi chiqa olamizmi? Bu mumkinmi, Brut?
KASKA. Albatta, bu mumkin emas. Uning tarafdorlari ko‘p. Senatorlarning ko‘p qismi unga yaxshi ko‘rinib, o‘zlarining muammolarini hal qilish niyatida Sezarga ovoz berishadi.
KASSIY. Nima qilishimiz kerak, Brut?
BRUT (Biroz o‘ylanib). O‘ldirilishi kerak! Ha, Sezar o‘ldiriladi!
KASSIY. Bu fikr hozirgacha hech yerda ochiq aytilmagan edi, lekin ko‘plab jumhuriyatchi senatorlarning xayollarida aylanib yurgandi. Bu juda to‘g‘ri fikr. Biz hammamiz sen bilan birgamiz! Reja qachon amalga oshiriladi?
BRUT. Shu ondan ertangi saylovgacha bo‘lgan vaqt ichida o‘ldirilishi kerak. Chunki saylovgacha bu ishni amalga oshirmasak, u taxtga o‘tirganidan keyin, unga yaqinlashishning imkoni bo‘lmaydi.
KASSIY. Bu qanday yuz beradi, Brut?
BRUT. Bunday vaziyatlarda eng maqbul, sinalgan yo‘l – bu zaharlash! Lekin buning uchun na vaqtimiz yetarli, na imkoniyatimiz bor. Oldimizda yagona yo‘l qolmoqda – xanjar ila suiqasd.
KASKA. Kim bu ishni bajarishi mumkin?!
BRUT. Bunday jiddiy va mas’uliyatli ishni bir kishining zimmasiga yuklab bo‘lmaydi. Sezarning mohir jangchi ekanini unutmanglar. Qolaversa, yonida qo‘riqchilari ham bor. Xavotir olma, bu ishni senga topshirmaymiz.
KASSIY. Ko‘pchilik bo‘lib hujum qilamizmi?
BRUT. Ha, to‘da bo‘lib harakat qilishimiz kerak. Bir xanjardan qutilib qolsa, boshqasi o‘z ishini qilishi kerak. Bu jarayonda, o‘sha keksa senatordan boshqa hamma ishtirok etsin. Jumhuriyat, hurlikka faqat xanjar, qurol bilan erishish mumkin.
KASSIY. Bu rejani qayerda amalga oshiramiz?
KASKA. Va qachon?
BRUT. Hammaga ma’lum, tongda Sezar odatiga ko‘ra, ochiq havoda aylanishga chiqadi. Mana shu sayr vaqti rejamizni amalga oshirish uchun eng qulay paytdir. Eng asosiy masala suiqasdda ishtirok etuvchilarning bir joyga yashirinib, payt poylashidan iborat. Bu ishni boshqarish sening zimmangda, Kaska.
KASKA. Bu yerdan chiqishim bilan hammani ogohlantiraman. Xotirjam bo‘ling. Har birining qo‘ynida xanjari tayyor turgan bo‘ladi.
KASSIY. Brut, ba’zi birodarlarimiz ertalabki sayrda ishtirok etishadi. Men ham ba’zan ishtirok etaman. Bu safar tong otishidan avvalroq boqqa kiraverishda ko‘rishamiz.
KASKA. Biznikilarning hammasi kelishilgan yerda to‘planadi.
BRUT. Juda yaxshi. Sezar kelishidan oldin biznikilar belgilangan joyda tayyor bo‘lib turishsin. Ma’lumki, Sezar qo‘riqchilardan oldinda boradi. Burilishda, yonimizdan o‘tishi bilan hammamiz birdaniga hamla qilamiz. Ikki daqiqada hammasi tugaydi…
KASSIY. Juda yaxshi o‘ylanibdi. Tabriklayman.
KASKA. Shunday qilib diktatordan qutilamiz.
BRUT. Qo‘shimcha fikringiz bormi?
KASSIY. Yo‘q. Hammasi yaxshi o‘ylangan.
KASKA. Biz emas, endi xanjarlarimiz gapirsin.
BRUT. Unday bo‘lsa, endi rejani amalga oshirishga kirishamiz.
KASSIY. To‘g‘ri. Bugun uxlash yo‘q. Birozdan keyin tong ota boshlaydi.
KASKA. Mening hali qiladigan ishlarim ko‘p.
Kassiy va Kaska xayrlashib chiqishadi. Brut sharob va idishlarni olib, Portsiyaning xonasiga o‘tadi.
PORSIYa (Qo‘liga sharob to‘la idishni olib). Brut sening borliging uchun.
BRUT. Rejalarimiz amalga oshishi uchun.
Ular qadahlarini ko‘taradi. Sahna qorong‘ilashadi.

III

Rim. Sayr xiyoboni

Tong otmoqda. Atrofda sokinlik. Brut tomoshabinlar orasidan sekin sahna tomon keladi. Yuzida maska bor. Xiyobonning bir chetidan Kaskaning boshi ko‘rinadi. Kaska Brutning kelganini ko‘rib, harakatga tushadi. Yashiringan senatorlarga nimalarnidir uqtirib, asta Brutga yaqinlashadi.
BRUT. Xayrli tong, Kaska.
KASKA. Xayrli tong, Brut.
BRUT. Ahvollar qalay?
KASKA. Biznikilar kelishilgan joyda kutyaptilar.
BRUT. Hamma keldimi?
KASKA. Ha. Faqat keksa senatordan tashqari barcha shu yerda.
BRUT. Kassiy qayerda?
KASKA. Senatorlar bilan birga. Ularni xotirjam qilib, to‘qnashuvga tayyorlamoqda. Bu senatorlarning orasida faqat ikkitasi jang maydonida ishtirok etgan, xolos. Qolganlari xanjarni ishlatishni ham yaxshi bilmaydi.
Quyosh ko‘rina boshlaydi. Brut Kaska bilan suhbatini davom ettirib, Sezarning kelish yo‘lini kuzatadi.
BRUT. Sezar yaqinlashmoqda. Uni ko‘rishing bilan o‘z joyingni egalla. Men uni shu yerda qarshilab, sekin sizlar tomonga boshlab boraman. Tayyor bo‘lib turinglar, birdaniga tashlanasizlar. Biron bir xato bo‘lmasligi kerak.
KASKA. Ko‘p yasha, Brut. Sen bor joyda hammasi yaxshi bo‘ladi.
BRUT. Tashakkur, Kaska. (Birdan Sezarni ko‘rib qoladi.) Ana, u kelmoqda, o‘z oyoqlari bilan o‘limiga qarab kelmoqda. Boshida toji… Ishonch va g‘urur ila odim tashlamoqda. Birozdan so‘ng bu qiyofadan asar ham qolmaydi. Bu tojni ko‘tarib turgan bosh ham tanasidan judo bo‘ladi.
Uzoqdan Sezarning kelishini kuzatib turgan Kaska, uning atrofida birga kelayotgan kishilarning harakatlaridan g‘ashlanadi.
KASKA. Ertalabdan nima haqida gaplashishyapti bular?
BRUT. Xalqning talablari tugamaydi. Biri bolasini qamoqdan chiqarishni so‘rasa, boshqasi surgundagi erini qaytib kelishiga izn berilishi uchun yolvoradi. Balki birontasi ish topish dardidadir. Yaqinlashganda o‘z joyingga borib, boshqalar bilan tayyor bo‘lib tur. Men Sezarni sizlarning pistirmangizga boshlab boraman.
Sezar va yonidagilar yaqinlashib kelarkan, birdaniga chaqmoq urganday Sezar o‘zini yerga tashlab, tipirchilay ketadi.
BRUT. Ey voh! Tutqanog‘i tutib qoldi.
KASKA. Endi nima qilamiz?!
Sezarning yonidagilar shoshib qolib, unga yordam berishga harakat qilishadi. Sezarni titroq bosib, og‘zidan ko‘pik kela boshlaydi. Qo‘riqchilar uni mahkam tutishga urinadi.
BRUT (Kaskaga).Tangringga duo qil, shu ketishda qaytib kelmasin. Qo‘limiz ham qonga bo‘yalmasdi.
KASKA. Sezarning og‘zidan ko‘pik kelib, yerda tipirchilab yotishini hech ko‘rmagan ekanman.
BRUT. Bu holat birozdan keyin o‘tib ketadi. Kutishdan boshqa chora yo‘q.
KASKA.Cho‘zib o‘tirmasdan, pistirmadagilarni chaqirib, shu yerning o‘zida Sezarni bo‘g‘izlab qo‘ya qolsak-chi?
BRUT. Aqling joyidami? Bu olomon ichida Sezarni sevadiganlar, fidoyilar bor. Bularning ko‘z o‘ngida o‘ldira olmaymiz. Tarixda qotil bo‘lib qolamiz. Aqlingni yig‘ib ol, Kaska. Men hozir uning yoniga boraman. Unga yordam berganday bo‘laman. O‘ziga kelganda qayg‘urganimni, unga yordam berganimni ko‘radi. Hozir biz xohlaganday bo‘lmaydi. U odatdagiday uyga borib dam olishi kerak bo‘ladi.
KASKA. Ya’ni?
BRUT. Borib odamlarimizga tushuntir, tarqalishsin. Lekin bizdan keyingi xabarlarni kutishsin.
KASKA. Vaqt juda kam qoldi. Tushdan keyin senatda saylov boshlanadi. Nima qilamiz?
BRUT. Hech umidsizlanma. Nima bo‘lganda ham bu ish saylovgacha bitadi. Bor Kassiyga yetkaz, birozdan keyin Rimning eng katta xiyobonda ko‘rishamiz. Bexosdan ko‘rishib qolganday bo‘lamiz. O‘sha yerda nima qilishimizni kelishib olamiz. Tushunarlimi?
KASKA. Tushunarli, Brut. Ko‘rishguncha…
BRUT. Ko‘rishguncha…
Kaska senatorlar yashirinib turgan tomonga qaytadi. Brut esa Sezar tomonga shoshib ketadi. Sezarga yordamlashadi. Sezar o‘ziga kelib, tojini qidiradi. Uni topib boshiga kiyadi.
BRUT. Shifosini bersin, ulug‘ Sezar.
SEZAR. Tashakkur, do‘stim Brut. Dushmanlar sevinmasin, do‘stlar qayg‘urmasin, menga hech narsa bo‘lgani yo‘q. Yaxshiman.
BRUT. Shubhasiz. Faqat uyga borib biroz dam olishingiz kerak. Tushdan keyin qiladigan ancha ishlarimiz bor.
SEZAR. To‘g‘ri uyga borishim kerak. Faqat dam olish uchun emas, balki saylovdan so‘ng gapiriladigan g‘oliblik nutqini yozish uchun.
Sahnaga qorong‘ilik tushadi.

IV

Rim. Katta bog‘

Kassiy va Kaska qarama-qarshi tomonlardan kelib, bog‘ darvozasi orqasida ko‘rishadilar. Birozdan keyin bu yerga Brut ham yetib keladi.
BRUT. Kutib qolmadingizmi?
KASSIY. Yo‘q.
KASKA. Biz ham endi keldik.
KASSIY. Shu tomonga yuramizmi?
BRUT. Kerak emas. Ortiqcha e’tiborni tortmaylik. Shu yerda gaplashaylik. Ishimizning oxiriga keldik. Cho‘zib o‘tirmay, endigi ishlarni tezroq kelishib olaylik.
KASKA. Xo‘sh… Nima qilishimiz kerak?
BRUT. Avval bo‘lib o‘tgan voqealar bilan sizlarni tanishtiray. Sezarni uyigacha kuzatib qo‘ydim. Men, har vaqt uning yonida ekanligimni aytdim. Uning menga bo‘lgan ishonchi yana ham ortdi. “Men har doim senga ishonib kelganman…” dedi. Xayrlashar ekanmiz, u meni ichkariga da’vat etdi. Men “Tushlikkacha sizni oldingizga kelaman va birgalikda senatga boramiz”, dedim. U ham rozi bo‘ldi. “Agar birga senatga kirib kelsak, muxolifatdagi senatorlar ham kimga ovoz berishni yaxshilab o‘ylab ko‘rishga majbur bo‘ladi”, dedim. U esa “Juda aqllisan”, dedi. Tushunyapsizlarmi?
KASSIY. Juda yaxshi bo‘libdi.
KASKA. Sizga qoyil, Brut.
BRUT. Endi gaplarimga diqqat bilan quloq solinglar.
KASSIY. Marhamat. Aytavering.
BRUT. Men hozir aytganimday, Sezarni uyidan olib, Senatga birga boraman. Yo‘limizdagi Pompey teatriga yetib kelganimizda, omma ichidan bir kishi kelib Sezarga xat uzatadi.
KASKA. Xatda nima yozilgan bo‘ladi?
BRUT. Go‘yo, fuqarolardan biri o‘z muammosini hal etish uchun murojaat qilgan bo‘ladi. Aslida xatning matni muhim emas. (Yonidan bir xatni olib Kaskaga uzatadi.) Mana bu xatni yaxshilab saqlab qo‘y. Biron bir ishonarli odam topib, Sezar teatrning oldiga kelganda, unga berishini uqtir. Tushundingmi?
KASKA. Sezar xatni olmasa-chi?
BRUT. Unday bo‘lsa, xatni men olaman. Sezarga teatrga kirib, aktyorlar bilan ko‘rishishni taklif etaman. Sezar teatrchilar bilan yaxshi aloqada bo‘lishi kerakligini biladi. Ularni o‘ziga qarshi bo‘lib qolishini hecham xohlamaydi. Sen esa oldingiday, barcha jumhuriyatchi senatorlarni teatr binosining ichida hamla qilishga tayyor qilib qo‘yasan. Sezar ichkariga kirishi bilan hamma unga tashlanadi. Shu bilan hammasi nihoyasiga yetadi.
KASKA. Yaxshi. Lekin teatrga kirmasa-chi?
BRUT. Kiradi. Hozir aytdim-ku, aktyorlar bilan munosabati yomonlashishini xohlamaydi. Sen mening aytganlarimni qil. Faqat shuni eslab qol – meni teatrning oldida ko‘rishing bilan, “hammasi joyida” degan ma’noda o‘ng qo‘lingni ko‘tarib qo‘y. Men ham senga javoban qo‘limni ko‘taraman. Keyin ko‘zdan g‘oyib bo‘lasan. Tushunarlimi?
KASKA. Qanday qilib ko‘zdan g‘oyib bo‘laman?
BRUT. Ichkariga kirib ketasan. Buni nimasini tushunmading?
KASKA. Tushundim, Brut.
KASSIY. Sezarning yonida har doim qo‘riqchi askar bo‘ladi.
BRUT. Agar askar ichkariga kirishga oshiqsa, u ham o‘z intihosini topadi.
KASSIY. Lekin askarlar juda kuchli.
KASKA. Unday bo‘lsa, avval qo‘mondon bo‘lgan senatorga askarlar bilan shug‘ullanishni topshiramiz.
BRUT. Yaxshi, Kassiy sen ichkarida turib bu ishlarni boshqarasan.
KASSIY. Ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin. Demak, men ham oldindan teatrning ichiga joylashib olaman.
BRUT. Hammasi tushunarlimi? Savollar bormi?
KASKA. Men hammasini tushundim.
KASSIY. Bo‘lmasa men senatorlarni bu mudhish jarayonga tayyorlay. Biroq, meni qiynayotgan bir masala bor. Agar, bordi-yu, ishlar biz o‘ylaganchalik ketmay, Sezar tirik qolsa, unda nima bo‘ladi, Brut?
BRUT. Nima xalaqit berishi mumkin?
KASSIY. Bordi-yu, uydan chiqmasa-chi?
BRUT. Chiqishi aniq. Bunday fursatni qo‘ldan chiqarmaydi. Hozir u senatdagi nutqini yozmoqda.
KASKA. Boshqa yo‘ldan ketsa-chi?
BRUT. Men hammasini o‘ylab qo‘yganman. Har qanday sharoitda ham u bugun qatl qilinadi.
KASKA. Men bunga ishonaman.
KASSIY. Men ham.
BRUT. Omadimizni bersin. Qani boshladik.
Bir-birlariga qo‘l tashlashib, tarqalishadi. Sahna qorong‘ilashadi.

V

Yuliy Sezarning uyi

Sezar stol ustida nutq yozish bilan ovora. Kalpurniya sassiz kirib kelib, uning yoniga o‘tiradi. Sezarning yozishini biroz kuzatib ehtiyotkorlik bilan uni suhbatga tortadi.
KALPURNIYa. Bezovta qilmayapmanmi, Sezar?
SEZAR. Yo‘q, Kalpurniya… ishlarimni tugatdim.
KALPURNIYa. Balki ko‘nglingiz ichimlik istar.
SEZAR. Yo‘q. Tashakkur… Brut kelganda icharmiz.
KALPURNIYa. Yaxshi. O‘zingizni qanday his qilyapsiz, meni Sezarim?
SEZAR. Qanday bo‘lsin? Mendan baxtli inson bu dunyoda topilmasa kerak. Bugun qirol bo‘lishim e’lon qilinadi. Yana menga nima kerak. Bugun bu xabardan do‘stlarim xursand, dushmanlarim esa xafa bo‘lishadi. Mana bu qog‘ozda ertadan qanday muhim ishlarni amalga oshirim kerak­ligi rejasini tuzib chiqdim. Ilk qiladigan ishim, menga sodiq insonlarni mukofotlash. Birinchi bo‘lib dunyoga kelishimga sababchi bo‘lgan hakimni mukofotlayman.
KALPURNIYa. Juda yaxshi o‘ylabsiz, Sezarim. Men shunday buyuk turmush o‘rtog‘im borligidan faxrlanaman.
SEZAR. Aytganimday, mukofotlash borasida bag‘rim keng, lekin dushmanlarni jazolashni ham yaxshi bilaman. Galani yakson etdim. G‘alabamiz uchun ziyofat boshlanganida birdan qo‘shiq yangradi. Bu qo‘shiqni aytayotgan askarlar – “Sezar Galani zabt etdi, lekin o‘zi Nikomedga mag‘lub bo‘ldi…” deb takrorlashardi. Meni haqorat qilgan bu kimsalarni kechira olmayman. Nega jimsan, Kalpurniya?
KALPURNIYa. Nima to‘g‘riligini o‘zingiz bilasiz, mening Sezarim.
SEZAR. Hayotimda juda ko‘p qiyinchiliklarga uchradim. Insonlarning farqiga boraman.
KALPURNIYa. Aynan mana shu qiyinchiliklarni yengib, shunday martabaga erishganingiz uchun ham xalqimiz va men siz bilan faxrlanaman.
SEZAR. Bir paytlar advokat bo‘lib xizmat qilgan chog‘larimda meni o‘zlarining foydasiga ishlatmoqchi bo‘lishardi. Lekin men har doim haqiqat, adolat va qonun talablaridan tashqariga chiqmadim. Hozir ham aynan shunday, qonun nima desa, shuni bajarish tarafdoriman.
Eshikdan ichkariga Brut kirib keladi.
BRUT. Aybga buyurmaysiz Sezar, ruxsatsiz ichkariga kirib kelganim uchun.
SEZAR. Brut sen uchun ruxsat shart emas. Do‘stim uchun eshiklarim har doim ochiq.
KALPURNIYa. Sizga ham choy olib kelay.
BRUT. Tashakkur, xonim afandi. Vaqtni o‘tkazmay chiqishimiz kerak. Saylov boshlanishidan oldin senatga yetib borishimiz kerak bo‘ladi. Bu juda ham muhim. Sezarim, agar dam olgan bo‘lsangiz ijozatingiz bilan yo‘lga chiqishimiz kerakligini eslatmoqchi edim.
SEZAR. Men ijod qilarkanman, dam olaman, Brut. Senatdagi nutqimni tayyorladim.
BRUT. Ehtimol, yana biroz dam olarsiz? Bugun ishimiz ko‘p bo‘ladi.
KALPURNIYa. Siz ham borasizmi, Sezarim?
SEZAR. Mensiz senat yig‘ilishi bo‘lishi mumkin emas. Bu kunni anchadan beri kutaman. Bugun men uchun bayram. Axir shunchalar shijoat bilan yozgan nutqimni Brutga berib qo‘ymayman-ku, Kalpurniya? Bugun men va Rim uchun juda muhim kun. Bu tarixiy kunni borligicha his etishni xohlayman. Shunday emasmi, do‘stim Brut?
BRUT. Shubhasiz shunday, buyuk Sezar! Hammasi siz xohlaganingizday bo‘ladi, afandim!
SEZAR (Senatga borishga tayyorlanadi). Eshitishimga qaraganda, jumhuriyatchi senatorlar harbiy lagerimda ularni o‘rnimda o‘tirib qarshi olganimdan norozi bo‘lib, menga qarshi ovoz bermoqchi emishlar. Shu gaplar rostmi, Brut?
BRUT. Shunga o‘xshagan gaplar mening ham qulog‘imga yetib keldi.
SEZAR. Men jumhuriyatchilarni tik turib qarshi olmaganimning sababi oyoqlarimda og‘riq borligi va bundan qattiq afsusda ekanligimni yetkazishlarini so‘ragan edim. Yoki ularga mening uzrim yetib bormadimi, Brut?
BRUT. Yetib bordi, afandim. Lekin bir-ikkita qaysar jumhuriyatchilar uchrashuvdan keyin sizning hech narsa bo‘lmaganday, bemalol turib uyga ketganingizni gapirishayotgandi.
SEZAR. O‘sha senatorlarning ismlarini menga ayta olasanmi, Brut?! Ularni ham mukofotlamoqchiman.
BRUT. Bu holga jiddiy qaramaganingiz ma’qul, buyuk Sezar. Zotan, ular ham aytganlaridan pushaymonlar.
KALPURNIYa. Senatga bormoqchimisiz, Sezarim. Bugun tashqariga chiqmasangiz yaxshi bo‘lardi.
SEZAR. Nega endi?!
BRUT. Ko‘nglim notinch, yaxshisi bugun tashqariga chiqmaganingiz ma’qul. Chunki fol ochganimda, Sezar uchun bugun – 15 mart kuni tashqarida xavf borligiga ishoratlar ko‘rdim…
SEZAR. To‘g‘ri bugun ertalab men uchun xavfli bo‘ldi. Kutilmaganda tutqanog‘im tutib qoldi. Hammasi o‘tib ketdi. Mana ko‘ryapsan, kasalimdan asar ham qolmadi. Endi senatga borib men uchun baxtli kunni yashamoqchiman. Seni tushunib turibman. Menga suiqasd qilishlaridan qo‘rqyapsan. Bunga o‘xshagan gaplar menga ham yetib keldi. Lekin bu asossiz gaplar senatorlar va mening oramga nizo solish uchun qilingan. Hatto bu munofiqlarning ro‘yxatida Brutning ham ismi borligiga qanday ishonay, Kalpurniya? Men bu ro‘yxatdagilardan Brut, faqat sening qayinbirodaring Kassiydan qo‘rqaman. Chunki u ko‘proq eshitib, kamroq gapiradi. Ichida nima borligini bildirmaydi. Soxta kulimsiraydi.
BRUT. Kassiy aqlli. U Sezarga qarshi chiqish – bu mahv qilish ekanini yaxshi biladi. U sizga bo‘ysunadi, sizni hurmat qiladi.
SEZAR. Ya’ni, sen aytmoqchisanki, bu ro‘yxatda qo‘rqqulik odam yo‘q.
BRUT. Shunday.
BRUT. Unday bo‘lsa, mardlarcha ularning qarshisiga chiqishim lozim. Qo‘rquvdan har kuni o‘lgandan ko‘ra, bir marta rostmana o‘lgan yaxshiroq, shunday emasmi, Brut? Qani, yur do‘stim, mening bayramimga ketdik!
KALPURNIYa. Brut sizning do‘stingiz. Bundan ko‘nglim to‘q. Kecha tushimda bir to‘da odamlar Sezarga tashlanganini ko‘rdim. Qo‘rquvdan uyg‘onib ketdim va tonggacha uxlay olmadim.
BRUT. Tushlarning teskarisi bo‘ladi, deyishadi. Demak, o‘nlarcha senator Sezarni g‘alaba bilan olqishlashadi. Agar Sezar senatga bormasa, ishlar teskarisiga ketishi mumkin.
SEZAR. Aqllisan, Brut. Bekorga seni do‘stim demayman.
KALPURNIYa (Yig‘i aralash Sezarning ketishiga qarshilik qilmoqchi bo‘ladi). Yolvoraman, ketma Sezar! Qalbimga quloq sol, u meni hali hech qachon aldamagan! Senga qarshi tuzoq bor!
SEZAR (Xotinini tinchlantiradi). Bo‘ldi endi, folga ishonib, shunday kunda men bu yerda o‘tira olmayman.
Sezar va Brut chiqadi.

VI

Rim. Pompey teatri oldi

Teatrning asosiy eshiklari oldida Kassiy va Kaska asabiylashib kutishmoqda. Kaskaning yonida Sezarga xatni beradigan “xalq vakili” ham kutib turibdi. Biroz vaqt o‘tib, tomoshabinlar zalidan Brut va Sezar yonlarida ikki qo‘riqchi bilan kela boshlaydi. Kaska xatni Sezarga beradigan fuqaroni undaydi. Kassiy teatrning ichkarisiga kiradi. Shu payt Kaska Brutga qarab kelishilganiday o‘ng qo‘lini ko‘tarib, “hammasi joyida” ishorasini qiladi. Brut ham qo‘lini ko‘tarib qo‘yadi. Kaska xotirjam tortib ichkariga kiradi. Birozdan keyin Kaska teatr eshigidan ehtiyotkorlik bilan boshini chiqarib mo‘ralaydi. “Xalq vakili” Sezar yurib kelayotgan yo‘lda tiz cho‘kadi.
FUQARO. Buyuk Sezar…
BRUT. Nima bo‘ldi?!
FUQARO. Mana bu xatni Sezarga bermoqchiman.
BRUT (Go‘yo fuqaroni uzoqlashtirmoqchi bo‘lganday). Bu yerda nima yozilgan? Yoki biror muhim sir yozilganmi?
FUQARO. Juda ham muhim xabar. Bu xatda buyuk Sezar bilishi shart bo‘lgan xabar bor… Juda muhim…
BRUT. Menga ber. Yetkazaman.
SEZAR. Qo‘yib yubor, Brut. (Fuqaroga) Qani ber-chi.
Askar xatni fuqaroning qo‘lidan olib, Sezarga uzatadi.
FUQARO. Buyuk Sezar bu xabarni hoziroq o‘qing. Men fuqarolik burchimni bajarmoqdaman. Bilishingiz kerak bo‘lgan zarur xabarni hoziroq o‘qing. Keyin mendan minnatdor bo‘lasiz.
SEZAR. Sen nima deysan, Brut.
BRUT (Ovozini pasaytirib). Menimcha, bu xatni zudlik bilan o‘qishingiz kerak. Agar xohlasangiz, qarshimizdagi teatrga kirib, xotirjam o‘qib olasiz. Qolaversa, teatr oldidan o‘tib, aktyorlardan xabar olmasangiz, ular xafa bo‘lishadi. Sizni teatrchilarga bo‘lgan e’tiboringizni ular yaxshi bilishadi. Jamiyatda teatrchilarning o‘rni muhimligini o‘zingiz ko‘p bor takrorlagansiz, afandim.
SEZAR. Senatga kech qolmaymizmi?
BRUT. Vaqtimiz bor. Bor-yo‘g‘i o‘n-o‘n besh daqiqa vaqt ketadi, xolos. Nazarimda, haqiqatan ham siz bilishingiz kerak bo‘lgan muhim xabar bordek, bu xatda.
SEZAR. Shunday deb o‘ylasanmi, Brut. Yaxshi… Bo‘lmasam bu fuqaroni ham yonimizga olaylik, balki unga beradigan savollarimiz paydo bo‘lar. Qani yur, do‘stim Brut…
Oldinda Sezar, keyin Brut va fuqaro, ularning ortidan esa ikki askar teatr eshigiga yaqinlashadilar. Birinchi bo‘lib Sezar eshikdan ichkariga kiradi. Eshikning orasida Kaska qo‘lida xanjari bilan Sezarga hamla qilgani ko‘rinadi. Yaralangan Sezar dahshat ichida hayqiradi. Kassiy ham xanjarini Sezarning ko‘kragiga uradi. Brut ham xanjarini qo‘liga oladi. Har tomondan xanjarlar Sezarga uriladi. Sezar o‘zini himoya qilmoqchi bo‘ladi, so‘nggi zarbani orqadan Brut uradi. Sezar orqaga o‘girilib Brut qo‘lidagi xanjarni ko‘rib, bor kuchini yig‘ib, dahshat ichida hayqiradi.
SEZAR. Sen hammi, Brut!
BRUT. Ha! Sen bunday o‘limga loyiq eding!
Xanjarlar zarbasidan holsizlangan Sezar yiqilib jon beradi. Kas­ka, Kassiy va Brut qo‘llarida qonga bo‘yalgan xanjarlar bilan teatr eshigidan tashqariga chiqadi. Bu orada dahshatli qotillikni ko‘rgan askarlar qochib ketishgan edi. Kaska qonli xanjarni yuqoriga ko‘tarib tomoshabinlar zaliga, go‘yo rimliklarga murojaat qilganday hayqiradi.
KASKA. Rimliklar! Zolimning ishi bitdi! Uning jonsiz jasadi ichkarida yotibdi!
KASSIY. Tangrining o‘rnini egallamoqchi bo‘lganning qismati o‘lim!
BRUT (sahna oldiga kelib). Ogoh bo‘lmoq lozim. Kurash davom etaveradi. Chunki, yana yangi Sezarlar dunyoga kelishi mumkin. Hushyor bo‘ling! Unutmangki, daraxtning qurti o‘z tanasi ichida yashaydi.

PARDA

Turk tilidan Oybek Veysal o‘g‘li tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 5-son