Tomas Ouen. Ular qayta topishdilar (hikoya)

Fantastika, u qanchalar fantastik bo‘lmasin, oydek ravshandir.
Aniqrog‘i, tabiiydir.
Lui Vaks

U tomoshatalab to‘da orasidan zo‘rg‘a sirg‘alib chiqib, o‘ziga qarab shoshib kelayotganlarga epchil chap bergancha qadamini tezlatdi. Regentlik ko‘chasidan pastga yugurgudek bo‘lib tushdi. Qumdagi Bibi Maryam cherkovini aylanib o‘tib o‘ngga – Imperator ayol xiyoboni tomon burildi. San’at tepaligiga osongina chiqib, Qirol maydonidagi qizil chiroqda to‘xtab turgan avtomobillar orasidan amallab o‘tdi-da (voqea Bryusselda, markaziy vokzal yaqinida sodir bo‘lyapti), falokat joyiga arang yetib bordi: uning jasadini tez yordam mashinasiga solayotgan edilar.
Ko‘prik tomondan oppoq sharpa ko‘rina boshlagandi. Politsiyachilar bekorchi tomoshabinlarni tarqatishga tushdi. Uni urib yuborgan qizil yuk mashinasini yo‘lning qatnov qismiga xalaqit bermasligi uchun bir chetga olib qo‘ygan edilar. Sarosimaga tushgan haydovchi mashina g‘aladonini titkilab hujjatini qidirardi. Odamlar voqea tafsilotlarini aniqlash bilan ovora, tarqalishga shoshilmasdi. Yomon ish bo‘ldi-da!..
Va birdan u Mari-Kristinni tanib qoldi. Qiz hecham o‘zgarmagandi. Yoshligida qanday bo‘lsa, o‘shanday. U asfaltdagi oq chiziqlarga o‘ychan tikilib turardi. Qattiq hayajonda ekani sezilardi. Friderik unga yaqinlashdi. Qiz uni darrov tanidi va peshvoz otildi.
– Friderik! Ana syurpriz!
Qizning moviy ko‘zlarida shodlik uchqunladi. Friderik bu uchqunlarni hamon esdan chiqarmagandi!
– Nima bo‘lganini ko‘rdingmi? Bir yigit yuk mashinasi tagida qolib ketibdi. Bechora mushukchadek yanchilibdi!
Mushukcha… “Mushukcham!” Bir paytlar qiz uni tez-tez ana shunday erkalardi. Friderik jilmaydi.
Mari-Kristin uni shodon quchib, tortqilay boshladi.
– Qayerga ketayotuvding?
– Uyga.
– Shoshyapsanmi?
– Yo‘q… endi shoshmayapman.
– Ajoyib! Oying urishmaydimi?
Ikkovi ham bir narsani eslab kulib yuborishdi.
– Haq rost, – dedi u, – undan xuddi olovdan qo‘rqqandek qo‘rqardim.
– Endi hech nimadan qo‘rqmasang ham bo‘ladi.
– Albatta, endi qo‘rqadigan narsam qolmadi.
Qiz uning qo‘lidan tutib, shodon qiyqirgancha ergashtirib ketdi.
– Yur, qahva ichamiz, gaplashamiz…
Friderik hamyoni yo‘qligini sezib qoldi, afti burishdi.
– Nima, umuman puling yo‘qmi?
U bosh irg‘adi:
– Ishlarim chatoq!
– Xuddi anavi mashina tagida qolgan yigitnikidekmi?
– Xuddi o‘shandek.
G‘alati bo‘ldi-ku!
G‘aroyib uchrashuvdan ikkisining ham ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilib, qiya ko‘chalardan shahar joylashgan tepalikning etagiga tushishdi. Qiz do‘kon oldida to‘xtab, rang-barang archa o‘yinchoqlarini tomosha qila boshladi. Peshoynaning ichkarisida zarhal romga solingan qadimgi toshoyna turardi, unda ikkovining gulgun chehrasi akslandi. Friderik o‘zini taniyolmay qoldi va hatto yuzlarini paypaslab ham ko‘rdi – rostdan ham o‘zimi bu?
Ajinlari yozilgan va yuzi xuddi yosh bolanikidek nafisu yumshoq bo‘lib qolgandi – xuddi oradan o‘ttiz yil sira o‘tmagandek!
Ammo bu o‘zgarish endi uni ajablantirmasdi. Yoshlik qaytdi, bu yog‘iga hammasi boshqacha bo‘ladi: o‘tmish endi yo‘q, bugun esa abadiy.
Va bu mo‘jiza butkul tabiiy.
Ular har bir peshoyna qarshisida to‘xtay-to‘xtay ilgarilashdi – o‘zlarining sohir ahvollaridan lazzatlanib to‘ymasdilar. Katta qahvaxonaga ko‘zlari tushdi, ichkari kirib ayvonga o‘tirishdi. Xizmatchi ularning stoliga yaqinlashishini sabr bilan uzoq kutishdi.
Ofitsiant indamay stolni arta boshladi, xuddi ularni payqamagandek. Friderik va Mari-Kristin unga so‘z qotishdi – eshitmadi. Biroq bu hol dilbar uchrashuv tarovatiga zarra soya solmadi.
– O‘zingdan gapir, nimalar bilan mashg‘ulsan? – so‘radi Mari-Kristin.
Yigit hayoti haqida muxtasar so‘zlab berdi. O‘tmish xotiralari kutilmaganda yodidan o‘chib borardi… Endi bularning bari Friderik uchun puch, arzimas va omonat tuyilardi. U faqat o‘n yil avval olamdan o‘tgan Mari-Kristinning qo‘llaridan ushlab turganiga va o‘zining bir soat oldin boshqa bir olamga o‘tganiga ishonardi xolos. Ikkovi reallik bilan u dunyoni ajratib turadigan o‘sha sirli hadni bosib o‘tgandilar; mana shuning uchun ham atrofdagilar ularni payqamay qo‘yishgandi. Boshqalar uchun ko‘rinmas bo‘lib qolganlarini tushundilar va bir ayol bilan erkakning “Ana bo‘sh joy!” – deya ularning stoli tomon yurganini ko‘rib bunga ishonch hosil qildilar.
Friderik va Mari-Kristin o‘rinlaridan turib, qahvaxonani tark etishdi. Sayr davom etardi. Qiz yana gap ochdi:
– Seni kutgandim. O‘lganimdan keyin nimalar qildim, qayerlarda bo‘ldim – bilmayman. Ammo o‘sha sho‘rlik yigitning jasadi atrofiga to‘plangan tomoshabinlar orasida paydo bo‘lishim bilan hozir seni uchratishimni his qildim. Qizil yuk mashinasi ko‘ringanda angladimki, bu – qismat…
U bir zum o‘yga cho‘mib jim qoldi, keyin birdaniga qichqirib yubordi:
– Friderik, o‘sha senmiding?
Qiz uning yuzlarini ohista, jur’atsizgina siladi, go‘yoki yigitga nimadir xavf solayotgandek. Joni og‘rimayaptimikan deb xavotirlandi. Minglab shirin so‘zlarni shivirlab erkaladi.
Yonlarida hamma narsaga beparvo odamlar o‘tishardi. Atrofda olomon guvillardi – xaloyiq ishdan chiqib uyiga shoshardi, ular esa quchoqlashib bir joyda qotib turaverishdi. Bularning bari go‘zal, aql bovar qilmas darajada ajoyib va nima desangiz deng-u, haqiqiy edi.
Oshiqlar boshlari oqqan tomonga yurib o‘tmishni xotirlarkanlar, baxtiyor va o‘zlaridan boshqa hamma narsadan ozod-hur edilar, favqulodda bir yengillik og‘ushida ketib borardilar.
Ko‘chalar bora-bora qiyofasini o‘zgartirdi. Binolarning qat’iy me’moriy shakllari yumshadi, aniq chiziqlar xiralashdi, chaplashdi. Tumanga o‘rangan uylar bora-bora yo‘qoldi. Ikkisi charx urib, chirpirak aylanib, bir-birlariga tovushsiz urila-urila umuman g‘oyib bo‘ldilar.
Shahar yo‘qoldi, cheksiz tekislik paydo bo‘ldi. Daraxtlar ularning ko‘z o‘ngida ro‘yoga do‘ndi, yengil sabo ta’sirida to‘kilib qumtepaga aylandi. Oyoq ostidagi zamin matodek hilpirab qoldi. “Dunyo bo‘ylab 80 kun” spektaklida to‘lqinlarni shu tarzda ko‘rsatishgandi. Spektaklni ular yoshlikda birga tomosha qilishgandi. Bu xotira qalblarini mehr va baxtga to‘ldirdi. Shamol qattiqroq esa boshladi. To‘kilgan yaproqlaru quruq o‘t-o‘lanni uchirib ketdi.
Endi faqat ikkovigagina tegishli borliqda nimadir sodir bo‘ladigandek edi. Quyosh ufqqa yaqinlashdi, unga nomigagina tegishi bilan musaffo osmonda go‘yo minglab yangi quyoshlar charaqlab ketgandek bo‘ldi.
Olamning go‘zalligi ularga xotirjamlik va huzur bag‘ishladi. Boladek quvongan oshiqlar qo‘l ushlashib yal-yal yonib turgan ufq tomon chopib ketishdi. O‘z yengilligidan ruhlangancha ikkisi juda tez chopib borishardi, bamisli oyoqlari ostidan zamin sirg‘alib o‘tib borayotgandek edi.
Engillashib bora-bora axiyri butunlay vaznsiz bo‘lib qolishdi. Kulishar, qo‘llarini silkitishar, baxt va shamol qanotida xushnud parvoz qilishardi.
– Biz yashaymiz! – qichqirdi Friderik.
– Biz hayotmiz! – qiyqirdi Mari-Kristin.
Zum o‘tmay ikkisi havoga tez ko‘tarilib, xuddi Shagal asarlaridagi oshiqlar kabi ucha boshlashdi va minglab quyoshlar tomon uchib ketishdi.

Rus tilidan Shahnoza Soatova tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 1-son