Tomas Mann. Hammamiz boradigan manzil (hikoya)

Qabristonga olib boradigan yo‘l shundoqqina katta yo‘l yoqasidan o‘tgandi. Yo‘lning narigi betidan turarjoylar boshlanar, yangi qurilishlar davom etar, ularning ayrimlarida odamlar ishlashardi. Shundan so‘nggina dalalar boshlanar edi. Yarmigagina tosh yotqizilgan katta yo‘l yoqasida buralib-buralib ketgan, sershox, serbutoq azim qora qayinlar o‘sib yotardi. Qabristonga olib boradigan yo‘l ustiga yengilgina shag‘al to‘shalgan, emin-erkin yursa bo‘ladi. O‘rtada esa usti maysa va dala chechaklari bilan qoplangan, torgina qabriston cho‘zilib ketgan edi.
Bahor edi, yoz ham yaqinlashib qolgan. Olam charog‘on, Egam yaratgan moviy osmon uzra kichik-kichik, aylana shaklidagi qordek oppoq bulutchalar to‘dasi osilib turgandek go‘yo. Daraxtlarda qushlar chug‘urlaydi, dalalar tarafdan mayin shabada esadi.
Katta yo‘lda qishloq tomondan shaharga qarab arava ketib borar, g‘ildiraklari dam yo‘lning tosh yotqizilgan, dam tosh yotqizilmagan qismlarini bosib o‘tardi. Aravakash oyoqlarini arava shotisining ikki tarafiga osiltirgan ko‘yi, bilinar-bilinmas ming‘irlab borardi. Uning ortida muk tushib olganicha yo‘lga termilib kelayotgan sariq kuchukchayam bor edi. Kuchukchaga gap yo‘q, tilloga teng, unga qaragan odamning ko‘ngli yorishardi. Biroq hozir gap bu haqda emas, shuning uchun yana mavzuga qaytamiz. Yo‘ldan bir guruh askarlar o‘tib borishardi. Ular yaqin oradagi kazarmadan bo‘lib, baravar qadam tashlashar, barining dimog‘i chog‘, ashula aytib borishardi. Shahardan qishloqqa qarab kelayotgan yana bir arava egasi mudrab borar, biroq uning kuchukchasi yo‘q edi, shuning uchun u haqda to‘xtalib o‘tirishning ham qizig‘i yo‘q, deb o‘ylayman. Yo‘l bo‘ylab biri novcha bo‘yli, birining beli bukchayganroq ikki hunarmand yigit ham kelishardi. Ular yalangoyoq, etiklarini yelkalariga osvolishgan. Yigitlar mudroq aravakashga hazilnamo bir nimalar deb qichqirib, yo‘llarida davom etishdi. Katta yo‘lda harakat shu zaylda hech bir qiyinchiliksiz davom etardi.
Qabriston yo‘lida esa faqat bir odam ketib borardi. Qaddi dol, qora hassaga suyangan ko‘yi sekin qadam tashlaydi. Bu odamni Piypzam, Lobgot Piypzam deb chaqirishardi. U o‘zi uchun suyukli insonlarning mozorini ziyorat etishga borayotganidanmi, qora kiyingan, boshida ezilgan, g‘adir-budur tsilindr qalpoq, egnida ohori to‘kilgan kamzul, tor va kalta shim kiyib olgan edi. Qo‘lidagi mayin teridan tikilgan qo‘lqop, duch kelgan joyda ishlatilaverganidanmi, oqarib ketgan. Uning uzun, quruqshagan bo‘yni qaytarma yoqadan cho‘zilib chiqib turar, yoqa ham bo‘yinga mos, qo‘pol va dag‘al edi. U qabristonga yana qancha qolganini bilish uchunmi, ahyon-ahyonda boshini ko‘tarib qarab qarab qo‘yar, shunda g‘amnok, aftodahol yuz-ko‘ziga nazari tushgan odam uni xotirasida uzoq saqlab qolardi. Bu kimsaning soqoli silliq tarashlangan, yuzi dokadek oppoq edi. Ichiga botgan oqsuyak yonoqlari o‘rtasidan qip-qizil, tugunakdek burni dikkayib turar, oppoq, so‘lg‘in chehrasiga allaqanday g‘alati manzara bag‘ishlar, go‘yoki uni karnaval niqobiga o‘xshatish mumkin edi. Lekin buni qo‘yaturaylik… Qalin pastki labini mahkam tishlagan ko‘yi yuqoriga qaragan mahalda oq oralagan qora qoshlari qalpog‘iga tekkudek ko‘tarilar, shunda uning mungli ko‘zlari naqadar so‘nik va g‘am-g‘ussaga botganini ko‘rish mumkin edi. Qisqasi, uning yuz-ko‘z ifodasi shunday ediki, xayrixohlik bildirmaslikning iloji yo‘q edi. Lobgot Piypzam dilgir qiyofada qabriston tomon asta odimlab borar, bu esa ushbu ajoyib choshgohga unchalik o‘tirishmasdi. Lekin uning botiniy dunyosiga birrov razm solgan odam, buning sabablari bisyor ekaniga amin bo‘lishi turgan gap edi. U anchayin siqilgan edi, tushungandirsiz? Sizlarga o‘xshagan quvnoq odamlar buni tushuntirishi amrimahol… biroz baxtsiz, omadsiz deymizmi… agar rostini aytadigan bo‘lsam, oz-moz emas, anchagina, hech bir mubolag‘asiz uning ishlari yurishmay qolgan, o‘ta qashshoqlik, yo‘qsillik jonidan o‘tib ketgandi. Birinchidan, u ichardi. Qolaversa, bu beva, yetim kimsadan butun olam yuz o‘girgan, uni suyaydigan bir yaqini yo‘q edi bu yorug‘ dunyoda. Asal surilgan shirin kulchadekkina xotinini ham Xudo unga ko‘p ko‘rdi. Yarim yil burun ko‘zi yoriganida uchinchi farzand o‘lik tug‘ildi. Qolgan ikki bolasi ham o‘lib ketdi, birinchisi bo‘g‘ma kasaldan, ikkinchisi esa, aniq bir narsa deyish qiyin, yetishmovchilikdan o‘lgan bo‘lsa kerak, hoynahoy. Bu ham yetmagandek, tez orada ish joyidan ham mahrum bo‘ldi. Bu Piypzamdan ham kuchliroq bo‘lgan ehtiros bilan bog‘liq edi.
U avvaliga biroz qarshilik ko‘rsatib borgan bo‘lsa-da, biroq bora-bora, o‘z ko‘nglining quliga aylandi. Xotin, bola-chaqasiz, boshpana va tirgaksiz, yaqin kishilarisiz yer yuzida shumshayib yakka-yolg‘iz qolgach, borgan sari yo‘qsillik, illat, dard undan ustun kelib, ruhiy qarshiligini sindira boshlagan. U sug‘urta shirkatida nusxa ko‘chiruvchi bo‘lib ishlar va oyiga to‘qson marka maosh olardi. Ittifoqo, kunlarning birida g‘ayrishuuriy holatda xatoga yo‘l qo‘yadi va takroriy ogohlantirishlardan so‘ng, ishonchni yo‘qotganlikda ayblanib, ishdan bo‘shatiladi. Albatta, bu voqea uning halokat sari yuztuban ketishiga bevosita sabab bo‘lmaganligi aniq. Sizlar yaxshi bilsangiz kerak, inson boshiga tushgan baxtsizlik, omadsizlik uning qadr-qimmatini ham oyoqosti qiladi. Har holda bu gaplarni ham eshitib, bilib qo‘ygan yaxshi. Buning yana bir g‘alati va dahshatli tomoni shundaki, insonning o‘zini o‘zi aybsizligiga ishontirishga bo‘lgan urinishlari besamar ketadi. Ko‘p hollarda u baxtsizligi uchun o‘z-o‘zidan nafratlana boshlaydi. O‘zidan nafratlanish va dard ikki yorti bir butun bo‘lib, bir-biri bilan o‘zaro aloqaga kirishdimi, bu – dahshat. Piypzam bilan ham xuddi shunday bo‘lgan, chamamda. U dastlab ichaverdi, o‘ziga qaramay qo‘ydi. Bora-bora o‘zini unuta boshladi, chunki barcha ezgu niyatlarining doimiy ravishda sarobga aylanib, chippakka chiqaverishi uning o‘z-o‘ziga bo‘lgan ishonchini so‘ndirib borardi. Uyida, kiyimjavon oldida bir zamonlar sarg‘imtir suyuqlik solingan shisha turguvchi edi. U shunday bir zararli ichimlik ediki, ehtiyot yuzasidan uning nomini ham tilga olib o‘tirmaymiz. Lobgot Piypzam esa, javon oldida kerak bo‘lsa, yotib olardi. Bundan-ku, allaqachonlar og‘zi kuygan edi. Biroq o‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas… Bu gaplarni sizlarga aytib o‘tirishning ham hojati yo‘q edi, lekin shunday bo‘lsa-da, kimgadir qachondir saboq bo‘lsa ham ajabmas.
Xullas, u qo‘lida qora aso tutganicha, qabriston yo‘lidan asta borardi. Mayin shabada dimog‘iga urilar, biroq u buni sezmas edi. Bechora, qoshlari dikkaygan, bu yorug‘ olamga ma’yus va mahzun, faqirona nigoh bilan boqardi. Shu payt, to‘satdan qulog‘iga nimadir eshitilgandek bo‘ldi. Olisdan yengil sas shitob bilan yaqinlashib kelardi. U ortiga o‘girilib, joyida turib qoldi… Velosiped ekan. Tez yelayotganidan g‘ildiraklari shag‘al to‘shalgan yerda shitirlab kelardi. Piypzam yo‘lning o‘rtasida qoqqan qoziqdek turganidanmi, yaqin kelib, sekinladi.
Velosipedda yoshgina yigitcha o‘tirar, uning beg‘am sayyohlardan farqi yo‘q edi hisob. Eh, Xudoyim-ey, uni bu dunyoning ulug‘lari-yu kazo-kazolari qatoriga qo‘shib bo‘lmas, bunga uning o‘zi ham sira da’vogarlik qilmayotgandi! Ulovi ham o‘rtamiyona, narxi ikki yuz marka, qaysi bir fabrikadan chiqqan, o‘ziga yarashibgina turardi. Shahardan shundoqqina minib chiqib kelayotgan joyi ekan, bola faqirning. Egnida gulli ko‘ylak, ustidan kulrang kurtka kiyvolgan, oyog‘ida sportcha boshmoq, boshida esa chapani qalpoq, uning ostidan bir tutam oq-sariq soch mang­layiga tushib turardi. To‘q moviy ko‘zlari chaqnab, hayotdek jo‘shardi. Qo‘ng‘iroq ovozi yangradi. Bunga javoban Piypzam turgan joyidan yarim qarich ham jilmay, hayotni kiprik qoqmay kuzata boshladi.
Yigitcha unga zarda bilan bir qarab qo‘ydi-da, yonidan o‘tib ketdi. Shunda Piypzam ham oldinga qarab yukindi va Hayotga yaqinlashib, sekingina po‘ng‘illadi:
– Raqami to‘qqiz ming yetti yuz yetti.
U lablarini qimtib oldinga tikilarkan, Hayotning o‘ziga hayron bo‘lib qarab turganini sezdi. O‘smir ortiga o‘girilib, egarning qoshini bir qo‘li bilan tutib turardi.
– Nima dedingiz?
– Raqami to‘qqiz ming yetti yuz yetti, – takrorladi Piypzam. – O, hech nima. Siz haqingizda tegishli joyga xabar berishimga to‘g‘ri keladi.
– Siz… men haqimda xabar berasiz? – so‘radi Hayot va yana qayta burilib oldi-da, rulni sekin boshqara boshladi.
– Albatta, – dedi Piypzam undan besh-olti qadam ortda kelarkan.
– Nima uchun? – Hayot to‘xtab, ulovidan tushdi. Uning yuz ifodasida kutish alomati zuhur edi.
– Sababini o‘zingiz juda yaxshi bilasiz.
– Yo‘q, bilmayman.
– Siz sababini bilishingiz kerak.
– Lekin men bilmayman, – dedi Hayot, – va bu meni mutlaqo qiziq­tirmaydi.
U shunday deb, velosipediga minishga shaylandi.
– Siz haqingizda tegishli joyga xabar beraman, chunki velosipedingizni tashqarida – katta yo‘lda haydash o‘rniga, bu yerda – qabriston yo‘lida minib yuribsiz, – dedi Piypzam.
– Janob! – dedi Hayot g‘azabnok kulimsib. – Bu yerdagi son-sanoqsiz velosiped izlarini ko‘rib turibsiz-ku… Bu yo‘ldan har kim yurishi mumkin.
– Menga baribir, – e’tiroz bildirdi Piypzam. – Men siz ha­qin­gizda tegishli joyga yetkazaman.
– Ey, menga desa, ko‘nglingizga siqqanini qiling! – o‘shqirdi Hayot va uloviga o‘tirdi. Mo‘ljaldan sal adashib, oyog‘i birrov yerga tegib ketganidan uyalib ham o‘tirmadi. Egarga joylashib oldi-da, qiziqqon bir holatda olg‘a intildi.
– Agar yana bu yerdan – qabriston yo‘lidan yuradigan bo‘lsangiz, men siz haqingizda, albatta, tegishli joyga xabar beraman, – Piypzam endi baland ovozda gapira boshladi. Biroq bu gaplarga Hayot parvo ham qilmadi, chunki u tezlikni oshira boshlagandi. Shu paytda agar Lobgot Piypzamning afti-angorini ko‘rganingizda bormi, dahshatdan qotib qolardingiz. Lablari shu qadar qattiq qimtilgandiki, yuz-ko‘zlari, burun va qoshlari xuddi joyidan qo‘zg‘alib ketgandek edi go‘yo… Kutilmaganda u oldinga yukindi. Aql bovar qilmaydigan g‘ayriinsoniy talvasa bilan oradagi qisqa masofani bosib o‘tdi-da, egar xaltachasiga tarmashdi. Buni tashqaridan ko‘rgan kishi, yo bu odam achchiq ustida velosipedni to‘xtatmoqchi yoxud o‘zini shatakka oldirib, ochiq havoda biroz sayr qilmoqchi, shekilli, degan bo‘lmag‘ur xayolga borishi turgan gap edi… Biroq g‘ildiraklar ushbu favqulodda kuchga bas kelolmay, to‘xtadi. Velosiped bir tomonga og‘ib, yonboshlab qoldi.
Endi Hayot ham qo‘pollashdi. U bir oyog‘ida turganicha, o‘ng qo‘lini havoda o‘ynatdi-da, janob Piypzamning ko‘ksiga bir tushirdi. Bechora zarbaning kuchidan bir necha odim nariga gandiraklab ketdi. Hayotning ovozi endi do‘q ohangida yangradi:
– Ichib olibsiz-da, oshna! Bilib qo‘ying, agar yana shu noma’­qul­chilikni qilib, meni to‘xtatadigan bo‘lsangiz, o‘zingizdan ko‘ring, kulingizni ko‘kka sovuraman. Suyaklaringizni mayda-mayda qilib tashlayman, tushunarlimi?
U shunday deb, Piypzamga orqa o‘girdi-da, qalpog‘ini darg‘azab bir harakat bilan boshiga bostirdi. Velosipedga minishga tutindi. Biroq avvalgidek, bu gal ham mo‘ljaldan adashdi. Nihoyat, u egarga yaxshilab o‘tirib oldi-da, joyidan yo‘rtib, zum o‘tmay Piypzamdan ancha uzoqlashib ketdi.
Piypzam harsillab, og‘ir nafas olgancha Hayot ortidan tek qarab turardi. Hayot esa g‘izillab, yo‘lida ravon yelib borardi. Shunda Piypzam to‘satdan baqirib, so‘kina boshladi. Uning ovozi qandaydir g‘alati, g‘ayriinsoniy edi.
– Bu yo‘ldan yurmang deyapman! – o‘shqirardi u. – To‘xtang dedim! Hov tashqaridan yuring, qabriston yo‘lidan emas, eshityapsizmi, tushing, hoziroq tushing velosipeddan! Ustingizdan arz qilaman! Eh, Xudoyim, qani endi pastga tushganingda edi, ablah, sen la’nati bachchani etigim bilan afti-basharangga qarab tepgan bo‘lardim…
Bunaqasi ilgari sira bo‘lmagan. Qabriston yo‘lida bir odam turvolib, bo‘ralab so‘kinar, dam turgan joyida sakrar, dam o‘yinga tushar, dam jinniga o‘xshab, masxarabozlik qilardi. U hunarini hadeganda bas qilavermadi. Velosiped allaqachon ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan, Piypzam esa, hamon joyida depsinib turardi.
– To‘xtatinglar! To‘xtatinglar uni! U qabriston yo‘lida yuribdi! Ushlanglar bu la’nati beboshni! Eh attang… qo‘limga tushganingdami, sen befarosat itni, sen betayin tentakni, sen o‘qimagan nodonni, sen olifta satangni… teringni boplab shilib olgan bo‘lardim… Tush! Hoziroq tush dedim! U yaramasning aqlini kirgizib qo‘yadigan bormi-yo‘qmi?.. Sayr qilib yurganmish-a? Kelib-kelib, qabriston yo‘lida-ya? Voy muttaham-ey! Voy befarosat-ey! La’nati maymuncha-ey! Ko‘zlari to‘q ko‘k edi, shundaymi? Yana nimaydi? Ko‘zlaringni shaytongina o‘yib olsa bo‘lmasmidi sen o‘qimagan nodonning!..
Piypzam endi kurakda turmaydigan so‘zlar bilan so‘kinishga o‘tdi. U g‘azabdan ko‘karib ketgan, borgan sayin quturardi… Uning ovozini eshitib, savatcha ko‘tarib olgan va it yetaklagan bir nechta bolalar katta yo‘ldan o‘tib kelishdi. Ular o‘z havoniga baqir-chaqir qilayotgan kishi atrofida uymalashib, uning g‘azabdan bujmaygan afti-angoriga qiziqsinib qaray boshladilar. Yo‘lning narigi tarafida – qurilishda ishlayotgan, endigina tushlikka chiqqan ishchilar, g‘isht teruvchi ayollar ham yetib kelishdi. Piypzam g‘azabdan o‘zini qo‘yarga joy topolmas, ahvoli tobora yomonlashib borardi. U mushtlarini dam osmonga, dam to‘rt tarafga do‘laytib silkitar, tizzalarini bukar, oyoqlarini dam oldinga, dam yuqoriga qaratib siltar, shuning barobarida so‘kinishdan ham bir zum to‘xtamas, shuncha so‘z va iboralar unga qayoqdanam quyilib kelayotganiga aql bovar qilmasdi. Uning qiyofasi qo‘rqinchli tus olgan, tsilindr qalpog‘i gardaniga tushib, ko‘ylagining tang‘ilgan ko‘krak qismi nimchasidan chiqib, osilib turardi.
– Kelaqolinglar, hammalaring kelaveringlar! – ovozining boricha bo‘kirardi u. – Faqat sizlar emas, boshqalar ham – qalpoq kiygan to‘q ko‘k ko‘zlilar ham kelsin! Men sizlarga bor haqiqatni aytmoqchiman, ya’nikim siz – betayin muttahamlar bir umr Xudodan qo‘rqib yashashlaring lozim!.. Nima, tishlaringning oqini ko‘rsatayapsizlarmi? Yelka qisayapsizlarmi?.. Men ichaman – to‘g‘ri… ichaman! Hatto to‘yib ichaman, kerak bo‘lsa! Bu nima degani? O‘lmasak hali ko‘ramiz! Sen, qalang‘i-qasang‘ilar, shoshmay turinglar, hali shunday kun keladiki, har birimiz bilan Yaratganning o‘zi hisob-kitob qiladi… Eh, siz – beayb yaramaslar, bilsangiz edi, osmonu falakka chiqib… Uning odilligi oldida bu dunyo nima bo‘pti!.. Yaratganning o‘zi sizlarni, avlod-ajdodingizni do‘zax azobiga mahkum etgusidir…
Uning atrofida endi ancha odam to‘plangan, biri kular, boshqa birovining esa, ensasi qotardi. Qurilishda ishlayotgan ishchilar va g‘isht teruvchi ayollar ham ko‘pchilik edi. Yo‘l bo‘yida to‘xtagan bir izvoshchi ham qo‘lida qamchi bilan tushib keldi. Yana bir odam kelib, Piypzamning qo‘llarini siltab ko‘rdi, kor qilmadi. Yo‘ldan o‘tib borayotgan bir guruh askarlar bu tarafga bo‘yinlarini cho‘zib, kulib qarab qo‘yishdi. Bolalar bilan kelgan it ham unga yaqinlashib, old panjasini yerga tirab, dumini qisganicha, vovilladi. Shunda to‘satdan Lobgot Piypzam bor kuchi bilan baqirib yubordi:
– Pastga tush, hoziroq tush deyman, o‘qimagan nodon!
Shunday deb, bir qo‘li bilan keng yarim doira chizganicha, “gup” etib yerga quladi. U tildan qolgan, yerda bir uyum bo‘lib yotar, ezilgan tsilindr qalpog‘i sal nariga uchib tushgandi. Ikkita g‘isht teruvchi usta qimirlamay qolgan Piypzam ustiga engashib, bir-biri bilan nimalarnidir gaplashishdi. So‘ng ulardan biri zudlik bilan qayoqqadir otlandi. Qolganlar esa yana yerda behush yotgan odam bilan mashg‘ul bo‘lishdi. Kimdir bochkadan suv olib, yuziga sepdi, yana kimdir kaftiga shishadagi aroqdan tomizib, uning ikki chakkasini ishqalay boshladi. Biroq bu sa’y-harakatlardan biror naf bo‘lmadi.
Shu tariqa oradan hayal vaqt o‘tdi. Nihoyat, yo‘l tarafdan g‘ildiraklar tovushi eshitildi. Katta yo‘l yoqasiga ikkita chiroyli ot qo‘shilgan, ikki yonboshiga katta qizil xoch surati ishlangan sanitar arava kelib to‘xtadi. Undan bejirim libos kiygan ikki kishi sakrab tushdi-da, biri arava ortiga o‘tib, surma karavotni olishga tutindi, sherigi esa, qabriston yo‘liga hatladi, to‘planib turgan olomon orasini yorib o‘tib, bir kishi yordamida janob Piypzamni aravaga olib chiqdi. Uni karavotga yotqizishdi, pechga solingan nondek ichkariga joylashtirilgach, ustidan sharaq-shuruq eshik yopildi. Bu yumushlarning bari g‘oyat aniqlik bilan, go‘yoki tomoshaxonadagidek, bir zumda ado etildi.
Shundan so‘ng ular Lobgot Piypzamni aravada olib ketishdi.

Nemis tilidan Mirzaali Akbarov tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 6-son