Tomas Hardi. Uch musofir (hikoya)

Ba’zi janubiy va janubi-g‘arbiy grafliklarga qarashli bo‘lgan, ariqlarini o‘t, cho‘l butalari bosib ketgan bo‘r tepaliklar, avom tilida “tizma tog‘lar” yoki “yaylovlar”dan iborat bo‘lgan bu balandliklar asrlar davomida o‘zgarmay, o‘sha keng maydonni egallab yotgan Angliya dalasining ozgina yerlarini band etgandi, xolos. Agar unda-bunda bitta-yarimta uyga ko‘zingiz tushsa, bilingki, u ham bironta cho‘pon-cho‘liqniki bo‘lib chiqadi.
Bundan ellik yil burun xuddi shunday tepaliklardan birida o‘shanday bir uy bor edi, balki, o‘sha uy hozir ham turgan bo‘lsa, ajabmas. Graflik tasarrufidagi bu yerlar markazdan besh milgina narida bo‘lsa ham ovloqqina joy edi. Shaharning yaqinligi bu yerga deyarli sezilmasdi. Qor, yomg‘ir tinimsiz yog‘adigan kunlari, tumanli, namgarchilik oylarida besh mil o‘nqir-cho‘nqir yo‘lni bosib o‘tishning o‘zi bo‘lmasdi. Bordi-yu, bu yerlarni Timon yoki Navuxodonosordek* darveshlar o‘zlariga makon qilib olsalar bormi, o‘zlarini mutlaqo tanho sezishi aniq edi; tanholikning bir oz xo‘mraygan havaskorlari bo‘lmish shoir, faylasuf, rassom va boshqa “o‘ylaganlari hikmatu so‘ylaganlari go‘zallik” bo‘lgan shaxslarga bu yerlar hatto kun ochiq paytlarda ham yoqishi dargumon edi.
Ovloqdagi bu uylar odatda biron-bir qadimgi tuproq devorlardan yoki tuproq qo‘rg‘ondan, bir to‘da daraxtlaru, hech bo‘lmaganda buta devorlarning qoldiqlaridan pana qilish maqsadida qurilardi. Lekin, bu uyni himoya qilish to‘g‘risida negadir hech kim bosh qotirmagandi. Shunday qilib, bu uy balo-qazolar domiga qarovsiz tashlab qo‘yilgan va tobora sharti ketib, parti qolmoqda edi. Chetdagi bu uyni “Hayer Krousteyrs”* deb atashardi. Uyning bu yerga qurilishiga shu yaqin oradagi ikki so‘qmoqning to‘g‘ri burchak shaklida kesishgani sabab bo‘lgandi, hozir o‘sha burchak va u joylashgan yerga hademay besh yuz yil bo‘ladi. To‘g‘ri, bu yerlarda bir shamol tursa, juda qattiq esardi, bir yomg‘ir yog‘sa chelaklab quyardi, lekin, qishining o‘zgaruvchan havosi, pastda yashovchilarning aytishlariga qaraganda, unchalik ham vahimali bo‘lmasdi. Zaxi jarning zaxidek jon-joningdan o‘tib ketmasdi, sovuqlarini ham unchalik deb bo‘lmasdi. Uyni ijaraga olganlar cho‘pon oilasi bunday sharoitda kasaldan boshi chiqmasa kerak deb o‘ylab, hamdardlik bildirishganlarida, ular, umuman olganda, avvalgi, qo‘shni vodiyning daryosi sohilidagi shinamgina uyda yashaganlaridan ko‘ra, harholda bu yerda “bo‘g‘ilib qolishu, namgarchilikdan kamroq aziyat” chekishlarini aytar edilar.
182… yil 28 martga o‘tar kechasi xuddi o‘shanday hamdardlik bildirishga arziydigan tunlardan biri bo‘lgandi. Kuchli qiyalama yomg‘ir Senlak va Kres2 urushidagi jangchilarning uzun nayzalari kabi tepalik yonbag‘irlariga, devorlaru, buta g‘ovlarga zarb bilan kelib urilardi. Boshpanasiz qolgan qo‘y va mollar shamolga orqa o‘girib olardi, tikanli butalarning nozik shoxlariga mahkam yopishib olishga uringan qushlarning hurpayib, tepaga ko‘tarilgan dumlari bamisoli bo‘rondan teskari o‘girilib qolgan shamsiyani eslatardi. Uyning yon sirti butunlay ivib bo‘lgandi, ustiga-ustak shamol ham tomdan oqib tushayotgan yomg‘ir suvini yana shu tomonga qarab itqitardi. Har holda cho‘pon qachondir hamdardlikka muhtoj bo‘lgandir, lekin, aslo shu bugungi kechada emas. Negaki, bu “quvnoqqina qishloq odami” ikkinchi qizini cho‘qintirishi munosabati bilan yoziladigan dasturxonga ancha-muncha odamni taklif qilib qo‘ygandi.
Mehmonlar yomg‘irdan avvalroq kelib, uyning eng shinam va katta xonasiga joylashib olishgandi.
Agar kimdir voqealarga boy bo‘lgan bu kechaga soat sakkizlarda kirib kelganida, albatta, bunday ob-havoda bundan shinamroq, bundan qulayroq boshpanani topish amri maholligi haqida gapirishi turgan gap edi. Kaminning ustiga cho‘ponning ishlatilaverib, siy-qalanib ketgan juda ko‘p tayoqlari bezak qilib ilib qo‘yilgandi, boz ustiga gajaksimon ilgakli bu xilma-xil tayoqlar – eng qadimgi nusxasidan tortib, oilaviy bibliyadagi patriarxal rasmlarda uchraydiganlarigacha va so‘nggi qo‘y yarmarkasida katta muvaffaqiyat qozongan yangilarining bu yerda borligi xonadon sohibining kasb-korini bildirib turardi. Faqat yakshanba kunlari, bayram, oilaviy tantanalardagina ishlatiladigan, ustini qoplagan yog‘idan ko‘ra bir oz yo‘g‘onroq pilikli bir nechta sham xonani yoritib turardi. Shamlar butun xonaga qo‘yib chiqilgandi va ikkitasi kamin tokchasida turardi. Shamlar bu yerga bekorga qo‘yilmagandi, faqat mehmonlar kelishi munosabati bilan qo‘yilardi, xolos.
Kamin to‘ridagi o‘tin, uning oldirog‘ida esa maydalangan shox-shabbalar xuddi “ovsarning kulgusini eslatgandek” chasir-chusir qilib yonardi.
Xonaga o‘n to‘qqizta odam yig‘ilgandi. Och rangdagi har xil ko‘ylak kiygan besh nafar ayol devor yonidagi oromkursida o‘tirardi; qizlarning tortinchoqlaridan tortib, sho‘x-shaddodlarigacha bari deraza tokchasiga joylashib olishgandi; to‘rtta erkak, shu jumladan, buta devor ekish, uni parvarishlash bilan shug‘ullanuvchi Charli Jeyk, cherkov qo‘shiqchisi Ilija Nyu, qo‘shni sut fermasining egasi – cho‘ponning qaynotasi Jon Pitcher esa uzun sandiq ustiga chiqib olib, yalpayib o‘tirib olishgandi; burchakda, oshxona jovoni yoniga joylashib olgan qiz bilan yigit qizarib-bo‘zarib, bir umrlik ahd-paymon haqida bitim tuzishardi; yaqinda unashib qo‘yilgan elliklardagi qari bo‘ydoq bo‘lsa, qallig‘ini qo‘ldan chiqarishdan qo‘rqib, uning izidan qolmay u yoqdan-bu yoqqa pitirlab ko‘chib yurardi. Mehmonlar har qanaqa odob-axloq qoidalarini bir chetga yig‘ishtirib qo‘yib, xursandchilik qilishardi. O‘zaro hurmatga bo‘lgan mustahkam ishonch bu odamlarda o‘zlarini mutlaqo erkin tutishlariga imkoniyat tug‘dirardi. Viqor bilan chinakam vazminlikni namoyon etib, jamoat orasida odob saqlash ularning ko‘plariga odat bo‘lib qolgandi, chunki mashhurlikka intilish, o‘z ustida ishlash, odatdan tashqari bo‘lgan biron nimaga qo‘l urishga esa ularda xohish yo‘q edi, buning sababi bizning kunlarimizda bunday istak odamlarni shodlikdan, olijanoblikdan qisib qo‘yardi, ijtimoiy zinapoyalarning eng yuqorisida va eng pastida turuvchilar bundan mustasno edilar.
Cho‘pon Fennel qo‘shni vodiydagi sut fermasi xo‘jayinining qiziga uylanib, boyib ketgandi, oila qurgandan so‘ng esa ko‘payishlarini nazarda tutib, qiz ham quruq kelmay, o‘zi bilan ellik giney olib kelgandi. Oilaviy bayramni yaxshi o‘tkazish maqsadida bu tejamkor ayol mehmonlarni kutib olish taraddudida yelib-yugurib, ko‘p ovora bo‘ldi. Agar mehmonlar shunday suhbatlashib o‘tirishsa yaxshiku-ya; lekin, oromkursiga yoki sandiqcha ustiga yalpayib yotib olishsa bormi, ana unda erkaklarning nafsi hakalak otib, ichishni qo‘msab qolishini ko‘rasiz, uyni ham yutib yuboray deyishadi. Raqs kechasi boshqacha qulaylikka ega; lekin ishkal tomoni ham borki, u kechani yo‘qqa chiqarishi mumkin – dasturxondagi “yaxshi ichimliklar” qolib, “noz-ne’matlarga” qiron kelish ehtimoli bor, ehtirosli harakatlar bilan ishtahalari ochilib ketib, butun boshli omborni ham ship-shiydon qilishlari hech gap emas. Cho‘pon Fennelning xotini miyasini qotirib, eng qulay yo‘lini topdi-da, bir qarorga keldi, bir oz o‘yin-kulgi bo‘ladi, so‘ng bir oz suhbat, yana bir oz qo‘shiq, lekin, minba’d bularning birontasiga mukkadan ketishlariga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. O‘ylab qo‘ygan rejalarini hech kimga bildirmay, ichida pinhon saqlardi, chunki erining hotamtoylik qilib, bor noz-ne’matni to‘kib tashlashidan o‘lgudek xavotirda edi.
O‘sha yerlik o‘n ikki yoshli skripkachi bola jigi va rili – raqs kuyini ishtiyoq bilan dadil chalardi. Uning barmoqlari hali kichkina bo‘lganidan yuqori pardalarga chiqolmasdi, yuqori pardalarga yetishi uchun esa qo‘lini zo‘r berib qayiltirardi va yana pastki pardalar tomon siljitardi, shu bois kuy ham bir oz zaifroq yangrardi. Soat yettilarga borib, yosh yigitning skripkasi yurakni tig‘lagandek chi-yillab yubordi, cherkov qo‘shiqchisi Ilija Nyu sevgan musiqa asbobi serpentni ehtiyotdan o‘zi bilan olib kelgandi, serpent o‘zining yo‘g‘on ovozi bilan skripkaga jo‘r bo‘ldi. Shu zahoti hamma raqsga tushib ketdi, missis Fennel birinchi raqs o‘n besh daqiqadan oshmasligini musiqachilardan ohista iltimos qildi.
Lekin Ilija va skripkachi bola ziyofatdagi o‘z rollaridan mag‘rurlanib, uy bekasining iltimosini ham yoddan chiqarib yuborgandilar. Bundan tashqari, raqqoslardan biri qandaydir o‘n yetti yoshli Oliver Jaylz o‘ttiz uch yoshli och malla xonimchani sevib qolib, musiqachilardan holdan toygunlaricha chalishlarini iltimos qildi-da, uyalmay-netmay yangi pul qistirdi. Missis Fennel mehmonlarning terlab-pishib ketgan yuzlarini ko‘rdi-yu, xonaning boshqa tomoniga o‘tdi-da, skripkachining tirsagiga turtdi va serpentning og‘zini yopmoqchi bo‘ldi. Musiqachilar bunga e’tibor ham bermadilar. Missis Fennel mehmondo‘st mezbon sifatida obro‘sini saqlash uchun endi hech nimani o‘zgartirolmasligiga aqli yetib, chetga chiqib qo‘ya qoldi. Raqs qizigandan qizidi, berilib ketgan mehmonlar bir burchakda tinchgina turgan soatni ham tepib, shovqin-suron ko‘tarib, oyoqlarini yerga urib, bamisoli sayyoralar o‘z o‘qi atrofida aylangandek, xonada goh oldinga, goh orqaga, bir yaqinlashib, bir uzoqlashib, soat millari tsiferblatni bir aylanib chiqquncha rosa o‘ynadilar.
Cho‘pon Fennelning uyida bazmi jamshid bo‘layotgan bir mahalda uning devori orqasida, tunda ziyofatning tugashiga bahona bo‘ladigan bir voqea sodir bo‘ldi. Avjiga mingan jazavadan missis Fennelning fig‘oni falakka chiqib turgan bir paytda shahar tomondan kelaverishda qandaydir bir musofir yolg‘iz o‘zi Hayer Krousteyrs tepaligiga chiqib kela boshladi. Bu kimsa chala-yarim o‘t bosib ketgan cho‘pon uyining yonginasidan o‘tuvchi so‘qmoqdan yomg‘ir ostida bir daqiqa ham to‘xtamay yurib borardi.
To‘lin oy yaqinlashardi; yomg‘irli bulutlar osmonni bir tekisda qoplab olgan bo‘lsa-da, atrof kaftdagidek ko‘rinib turardi. Yo‘lovchining tik va egiluvchan qomatini g‘ira-shira yorug‘da ham ko‘rsa bo‘lardi, qadam bosishi dadil bo‘lsa-da, chaqqon-chaqqon harakat qilish yoshidan o‘tib qolgani bilinib turardi, biroq kerak bo‘lganida hali tez yurishga ham qodir edi. Ko‘rinishidan, qirqlar atrofida desa bo‘lardi. Uning bo‘yi aslida besh futu sakkiz-to‘qqiz dyuym atrofida bo‘lsa-da, lekin armiyaga oluvchilar yoki odamni bir ko‘rishda aytib beruvchilar yo‘lovchini qotmadan kelgani uchun ham novcha ko‘rinishini darrov payqashardi.
U bir tekisda, borar joyining tayini yo‘q odamdek ehtiyotkorlik bilan asta qadam tashlardi; u qora syurtuk yoki biron-bir qora kiyim kiymasa-da, uni o‘sha shahar bichimidagi qora ko‘ylak kiyuvchilar to-ifasiga mansubligini bilsa bo‘lardi. To‘g‘ri, u faqat paxmoq kiyim kiyardi, etigiga ham qalpoqli mix urilgandi, lekin, haqiqatan ham u paxmoq ko‘ylakli, etigiga qalpoqli mix qoqilgan va loy kechib yurishga o‘rganib qolgan dehqonga o‘xshab qadam bosmasdi.
U cho‘ponning hovlisiga yaqinlashganida, yomg‘ir kuchaydi, yo‘q, yaxshisi, shiddat bilan sharillab quyib yubordi desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Katta bo‘lmagan qo‘rg‘onning eng chetidagi imoratlar shamol va yomg‘irdan sal bo‘lsa-da, uni pana qilib turardi, yo‘lovchi shu yerda to‘xtashga qaror qildi. Cho‘ponning barcha xo‘jalik binolaridan ko‘ra ko‘proq tashlandiq cho‘chqaxonasi tez ko‘zga tashlanardi, molxona to‘sib qo‘yilmagan kichik bog‘ning ko‘rinib turadigan yeriga qurilgandi: bu joylarda xo‘jalik binolarini uyning orqasiga yashirish odat emasdi. Tomdagi nam shiferning xira tusi yo‘lovchining e’tiborini tortdi. U so‘qmoqdan burildi-da, o‘zini molxona ayvonchasi panasiga oldi.
Shu asnoda uy tomondan shamolning zo‘ridan kuchayib borayotgan yomg‘irning shovqin-suroniga jo‘r bo‘lib, serpentning yo‘g‘on va skripkaning uncha baland bo‘lmagan ovozi quloqqa chalindi, yomg‘ir esa chimzorni, ayniqsa, polizdagi karam barglarini ayamay savalardi, so‘qmoq tomondan g‘ira-shirada arang ko‘zga chalinayotgan asalari uyalariga bamisoli nog‘ora qoqqandek kelib urilardi, uy devori tagiga qator terilgan kostryulka va chelaklarga esa tomdan tushayotgan suv sharillab quyilardi. Tepalikdagi boshqa qo‘rg‘onchalar kabi Hayer Krousteyrs tepaligida ham suv tanqisligidan xo‘jalik yuritish mushkul bo‘lib qolgandi, shu bois ham har bir tomchi yomg‘ir suvidan unumli foydalanish maqsadida uydagi bor idish-tovoqlarni suv omboriga aylantirib olishgandi. Qurg‘oqchilik paytlarida esa uy bekalari kir, idish-tovoq yuvishlari uchun o‘z uddaburonliklarini namoyon etib, suvni qanchalik tejaganliklari haqida qiziq-qiziq voqealarni so‘zlab berish mumkin edi. Kuzda suvga taqchillik bo‘lmasdi, lekin barakali qo‘r-qut to‘plash uchun ko‘kdan tushgan rizq-ro‘zni yig‘ib olmasa bo‘lmasdi.
Nihoyat serpentning ovozi o‘chib, uy jim-jit bo‘ldi-qoldi. Xayolga botgan yo‘lovchi to‘satdan cho‘kkan jimlikdan hushyor tortdi va oxiri bir to‘xtamga kelib, cho‘chqaxonadan chiqdi-da, yo‘lakdan uy tomonga qarab yurdi. Yo‘lovchi uyga yaqinlashgach, avval yapaloq toshga cho‘kkaladi, so‘ng oldida turgan idishlardan biriga engashib, yutoqib suv icha boshladi. Chanqog‘i bosilgach, qaddini rostladi va eshikni taqillatgani qo‘lini ko‘tardi, lekin taqillatmay eshikka tikilib qoldi. Taxtaning quyoshdan qoraygan sirtida e’tiborni tortuvchi biron nima yo‘q edi, – lekin, yo‘lovchi, bu eshik orqasida qanday sir yashiringan ekan, va uyga kirsa, nima sodir bo‘lishi haqida o‘ylab, chamasi, xayolan uy ichiga kirmoqchi bo‘lgandi.
U ikkilanib, atrofga alangladi. Atrofda hech zog‘ yo‘q edi. U turgan bog‘ yo‘lakchasi tepalikdan shilliq qurtning iziday yaltirab, qiyalab tushgandi; quduqcha tepasidagi ayvonchasi (aytarli doim qurib yotardi), quduqning qopqog‘i, bog‘ eshigining tepasidagi xari – bir xilda nam va yaltiroq bo‘lib, xuddi lak bilan bo‘yalgandek tovlanib turardi, uzoqda pastda, vodiyda keng yoyilib ketgan oq rang daryoning yaylovlarga toshib chiqqanidan dalolat berardi. Undan ham narida, sharillab yog‘ayotgan yomg‘irlar osha o‘tib, tumanlar orasidan chiroqlari miltillab ko‘rinib turgan shahardan – graflik markazidan, balki sayyoh yo‘lga otlangandir. U tomonlarda tiriklikdan asar ham yo‘q edi, yo‘lovchining bunday qarorga kelishiga balki ana shu turtki bo‘lgandir: u eshikni taqillatdi.
Uydagi o‘yin-kulgi va musiqa ovozlari maza-bemaza gap-so‘zlar bilan qorishib ketgandi. Buta devor ustasi hammaga jo‘r bo‘lib qo‘shiq aytishni taklif qilgandi, lekin unga hech kim quloq solmadi, boz ustiga xuddi shu paytda qandaydir yangilikdan ogoh etib, eshik taqilladi.
– Kiravering! – darrov javob berdi cho‘pon.
Lo‘kidon shaqillab tepaga ko‘tarildi-da, tun qorong‘usidan chiqib kelgan bizning yo‘lovchi ostonadagi to‘shamaga qadam qo‘ydi. Cho‘pon o‘rnidan turib, o‘ziga yaqin turgan ikkita shamning so‘xtasini tozaladi va kirgan kishiga yuzlandi.
 Bu notanish kimsaning bug‘doymag‘izligi va xushbichimligi shamlar yorug‘ida yanada yaqqolroq ko‘rindi. Yo‘lovchi ko‘zigacha bostirib kiygan shlyapasini darrov yecha qolmadi, shunday bo‘lsa-da, u katta-katta ko‘zlarini yashirolmadi, va dadil, oshkora nigohi bilan xonaga yashin tezligida ko‘z yugurtirdi. Aftidan ko‘rganlaridan ko‘ngli to‘ldi shekilli, yo‘lovchi sochlari hurpaygan boshidan shlyapasini oldi-da, shirali, yo‘g‘on ovozda dedi:
– Do‘stlarim, agar ijozat etsangiz, kirib, bir oz nafasimni rostlab olsam; tashqarida yomg‘ir chelaklab quyayapti.
– Kiring, kiravering, og‘ayni, ismingizni ham bilmayman, – deya javob berdi cho‘pon. – Zap vaqtida keldingiz-da: bu yerda biz bir xursandchilikni nishonlash uchun yig‘ilgandik… to‘g‘risini aytsam, bunday voqealar bahona yilda bir marotaba bo‘lsa ham ko‘rishib tursak, yomon bo‘lmasdi-da.
– Lekin, yilda bir ko‘rishsak ham ko‘rishaylik, ko‘rishmasak ham ko‘rishaylik, – bir ayol so‘zni ilib ketdi. – Bola qancha erta dunyoga kelsa, shuncha yaxshi, – bu g‘avg‘odan shuncha erta qutulganing qoladi.
– Qanaqa xursandchilikni ustidan chiqdim o‘zi? – so‘radi musofir.
– Ayolning eson-omon ko‘z yoriganiyu, bolani cho‘qintirish marosimi, – javob berdi cho‘pon.
Notanish kimsa bunday marosimlar tez-tez bo‘ladimi yo kam-kam bo‘ladimi, ishqilib, bo‘lib tursin deya tilak bildirdi, mezbon esa qo‘li bilan finjonga ishora qildi, u ham darhol finjonni qo‘liga oldi. Bu xonadon ostonasini hatlab o‘tgunga qadar uning ich-etini shubha-gumonlar kemirib turgan bo‘lsa-da, endi u o‘zini mutlaqo beg‘am odamdek samimiy tutmoqda edi.
– Qop-qorong‘i tunda tepalikka tirmashib chiqishga kimning ko‘zi uchib turgan ekan-a? – deb og‘zidan chiqib ketdi ellik yoshli qari bo‘ydoqning.
– To‘g‘ri, sohib, juda kech kirib keldim!.. Xonim, ijozat bersangiz, kamin oldida o‘tirsam, yomg‘ir urgan tomonim shalabbo bo‘lib ketdi.
Missis Fennel rozi bo‘lib, chaqirilmagan mehmon uchun joy ajratib berdi, musofir kaminning soyaboni tagidagi bir burchakka qo‘yilgan kursiga cho‘kdi-da, o‘zini xuddi o‘z uyidagidek his etib, qo‘l-oyog‘ini olovga tutdi.
– Ha, etigimning ham og‘zi ochilib qolibdi, – dedi musofir uyalib o‘tirmay, cho‘ponning xotini uning etigiga qarab qo‘yganini payqab, – ust-boshim ham unchalik emas. So‘nggi paytlar tang ahvolda qolganimdan egnimga nima to‘g‘ri kelsa ilib ketaverayapman. Uyim-ga eson-omon yetib olsam bo‘lgani, o‘zim bop bironta ish kiyimi topib kiyarman.
– Siz shu yerlikmisiz? – so‘radi uy bekasi.
– Unchalik emas… men dengizdan sal narida, shimolroqdanman.
– To‘g‘ri topibman. Men ham o‘sha yerdanman. Shevangizdan hamyurt ekanimizni bilgandim.
– Men haqimda eshitmagan bo‘lsangiz kerak, – shoshib dedi u. – Axir, men sizdan ancha kattaman-ku, xonim.
Uning tilyog‘lamaligi uy bekasiga yoqib tushdi va u o‘sha zahoti so‘roqni to‘xtatdi-qo‘ydi.
– Bundan ham maza qilishim uchun yana bir nima yetishmay turibdi-da, –dedi musofir. – Tamaki yetishmayapti, tamaki; afsus, barini chekib bo‘pman.
– Trubkangni ol bu yoqqa, to‘ldirib beray, – dedi cho‘pon.
– Bir yo‘la trubkangizni ham berib turasiz-da, unda.
– Chekadigan odamda ham trubka bo‘lmaydimi?
– Qayerdadir tushirib qo‘yibman, shekilli.
Cho‘pon yangi sopol trubkani to‘ldirdi-da, unga uzatdi.
–Tamakidoningni bu yoqqa ber-chi; ahvoling shunchalik tang ekan, uni ham bir yo‘la to‘ldirib beraqolay.
Musofir cho‘ntaklarini kavlay ketdi.
– Nima, u ham tushib qolibdimi? – deb so‘radi cho‘pon hayron bo‘lib.
– Shunaqaga o‘xshayapti, – dedi musofir xijolat tortib.– Mana bu qog‘ozga ozroq solib beraqoling.
U trubkani shamdan tutata turib, havoni shunday kuch bilan ichiga tortdiki, hatto yonayotgan olov ham trubkaning ichiga kirib, ko‘rinmay qoldi, so‘ng qaytib kelib yana burchakka o‘tirdi-da, hech kim bilan gaplashishga hushi yo‘qligini namoyish etib, issiqqa tutib turgan nam oyoqlaridan ko‘tarilayotgan yengil bug‘ga tikilib o‘tiraverdi.
Bu vaqt ichida mehmonlar musofirga deyarli e’tibor ham berishmadi; ular musiqachilar bilan keyingi raqs uchun bo‘ladigan kuyning muhokamasi bilan band edilar. Bu masalani hal qilib bo‘lib, endi o‘rinlaridan turishayotgan ham ediki, eshik taqillab qoldi.
Olov yonida o‘tirgan odam eshik taqillagani hamon, shu tobdagi harakatlari xuddi hayoti mazmuniga aylanib qolgandek, kosovni oldi-da, jon-jahdi bilan cho‘g‘ni titkilay ketdi, cho‘pon esa har doimgidek: “Kiravering!”dedi xotirjam tusda. Oradan bir daqiqa o‘tgach, boshqa bir musofir ostonaga to‘shalgan yumshoq poxolga oyog‘ini qo‘ydi. Bu odamni ham hech kim tanimadi.
Bunisi anovidan butunlay boshqacha edi – u ko‘rinishdan oddiy, ko‘p dunyo kezgan, quvnoq, dilkash odamga o‘xshardi. U birinchi musofirdan chamasi bir necha yosh katta bo‘lib – sochlariga oq oralagan, qoshlari dikkaygan, chakka soqollari kalta qilib kuzalgandi. To‘la, lo‘ppi yuzli bo‘lsa-da, baribir, irodali ekani bilinib turardi. Yuzining burni atrofidagi qizil dog‘lar uning aroqqa ruju qo‘yganini bildirardi. U to‘q jigarrang ro‘dapo paltosining oldini keng ochib olgandi, ichidan kulrang kostyum kiygan bo‘lib, uning soat cho‘ntagi ustidagi zanjirda yagona bezak – allaqanday unniqqan ma’dandan yasalgan katta-katta to‘g‘alar osilib turardi. Qattiqqina klyonkali shlyapasining kambar soyabonidan yomg‘ir tomchilarini silkita turib:
– Azizlarim, yomg‘ir tinguncha meni panohingizga olsangiz, bo‘lmasa, Kesterbrijga yetib olgunimcha ivib qolaman, – dedi.
– Bemalol, tortinmay kiravering, janob, – birinchi musofirga nisbatan yuzakiroq iltifot ko‘rsatib dedi cho‘pon.
Cho‘pon Fennel o‘zi ziqna odam emasdi, lekin uyining xonalari kichikroq bo‘lib, bo‘sh kursilar yetishmasdi, yasan-tusan qilib olgan ayollar va qizlar oldida, ivib, shalabbosi chiqib ketgan mehmonning tashrifi mezbonga uncha yoqmadi.
Ikkinchi musofir paltosini kibr bilan yechdi-da, hech bir takallufsiz, shlyapasini shiftning to‘siniga qoqilgan mixga ildi va bir-ikki qadam tashlab, stolga kelib o‘tirdi. Stol bundan avvalroq raqsga joy ajratish maqsadida chetga surib qo‘yilganidan kaminga shunchalik yaqin kelib qolgandiki, olov yoniga joylashib olgan musofir bemalol tirsagini unga tirab o‘tirardi; shu taxlit ikki musofir yonma-yon o‘tirib qoldi. Ular tanishish maqsadida bosh irg‘ab qo‘yishdi, birinchi musofir uy egasining meros qolgan finjonini – chetlari eshik ostonasi kabi yedirilib ketgan (bari joyi rostonga ravona bo‘lgan qanchadan-qancha ajdodlarning tashnaligini qondirgan) bo‘rtma devorlariga zarhal harflar bilan “Mensiz dunyo ham yoqimsiz” deb yozilgan katta sopol idishni yangi mehmonga uzatdi.
Ikkinchi musofir jon-jon deb finjonni labiga tekkizdi-da, bir qultum ichdi, keyin yana bir qultum va yana va yana… birinchi musofir xuddi o‘z uyidagidek xo‘jayinlik qilib, boshqasini mehmon qilayotganidan ensasi qotib turgan uy bekasining rangi oqarib ketdi.
– Shunday bo‘lishini bilgandim! – nafsini qondirib bo‘lgan ikkinchi musofir mamnun bo‘lib cho‘ponga murojaat qilib dedi. – Sizning bog‘ingizdan o‘tayotganimda asalari uyalariga ko‘zim tushdi, o‘zimga-o‘zim: “Qayerda asalari bo‘lsa, o‘sha yerda asal bo‘ladi, asal bor joyda esa albatta asal sharob bo‘ladi”, dedim. Lekin bu yoshimda bunday asl asaldan totaman deb hech o‘ylamovdim.
U yana finjonni og‘ziga olib bordi-da, shunchalik uzoq simirdiki, finjon uning og‘zi ustida to‘nkarilib qoldi.
– Sizga manzur bo‘lganidan xursandman, – dedi cho‘pon xushmuomalalik bilan.
– Bu asal sharobimiz juda siz maqtaganchalik emas, – yerto‘lasini maqtagani unga qimmatga tushishini sezgan missis Fennel sovuqqonlik bilan javob berdi. – Uni tayyorlash ham oson ish emas… balki bu ish bilan endi boshqa shug‘ullanmasmiz. Asalning o‘zi ham qimmat turadi, uni shunday sotsa ham bo‘laveradi, biz esa asalli suv yoki qaynatilgan mumdan tayyorlangan oddiy sharob bilan ham kun ko‘raveramiz.
– Yo‘g‘-ey, bo‘lmagan gap! Bunga jur’atingiz yetmaydi! – o‘pkalagandek xitob qildi kulrang kostyumli va uchinchi marta finjonni olib, oxirigacha simirdi-da, bo‘shatib stolga qo‘ydi. – Men asalni o‘lgudek yaxshi ko‘raman, ayniqsa, uzoq saqlanib yetilgan asal bo‘lsa; ochlikka chidayman, yakshanba kunlari cherkovdan, begim kunlari esa sadaqadan voz kechishga ham tayyorman, faqat o‘sha sharobdan ichsam bo‘lgani.
– Xo-xo-xo! – kamin oldida halidan beri mum tishlab, huzur qilib chekib o‘tirgan musofir yonidagi qo‘shnisining hozirjavobligiga qoyil qolgandek birdan qah-qah otib kulib yubordi.
Shuni aytish joizki, u davrdagi uzoq saqlanib yetilgan asal sharobi asl yosh asalari to‘dasidan – o‘zi oqib tushadigan asaldan tayyorlangan bo‘lib, to‘rt funt asalga teng qilib suv quyiladi va ichiga tuxum oqi, dolchin, zanjabil, qalampirmunchoq, muskat yong‘og‘i, razmarin moyi solib aralashtiriladi, xamirturush bilan oshirilib, achitiladi, idishlarga solinib, yerto‘laga saqlash uchun qo‘yiladi, – bunday asal sharobni ichganingda kuchli tuyuladi, lekin aslida u bundan ham kuchli bo‘ladi. Oradan bir necha daqiqa o‘tar-o‘tmay sharobning kayfidan kul rang kostyumli musofir nimchasi tugmalarini yechdi, oyoqlarini cho‘zib, kursiga shunday yalpayib o‘tirib oldiki, hatto o‘tirganlarning ham e’tiborini tortmay qo‘ymadi.
– Gap bunday, – yana so‘zida davom etib dedi u, – avval aytganimdek, men Kesterbrijga ketayapman; nima bo‘lmasin u yerga yetib olishim kerak. Agar yomg‘irning dastidan bu yerga kirmaganimda, allaqachon manzilimga yetib olgan bo‘lardim, lekin, baribir, sizlar bilan tanishganimdan afsusda emasman.
– Siz Kesterbrijda yashaysizmi? – so‘radi cho‘pon.
– Hozircha yo‘q; lekin ko‘chib borib yashash niyatim bor.
– U yerda nima ish qilmoqchisiz?
– He-yo‘q, – gapga aralashdi cho‘ponning xotini. –Nahotki ko‘rmayotgan bo‘lsang, bu jentlmen boy odamga o‘xshaydi, ishning unga nima keragi bor?
Kulrang kiyimli musofir nima deb javob berishini bilmay o‘ylanib qoldi, biroq ko‘p o‘tmayoq, e’tiroz bildirib dedi:
– Xonim, meni boy odamga chiqarib qo‘yishingiz unchalik to‘g‘ri bo‘lmas. Men ishlayman va ishlashga majburman. Basharti Kesterbrijga tun yarmida yetib borganimda ham istasam-istamasam tonggi soat sakkizda ish joyimda bo‘lishim shart. Jazirama bo‘ladimi, do‘l yog‘adimi, dovul turadimi, ocharchilik bostirib keladimi, urush boshlanib qoladimi, osmon uzilib yerga tushadimi – nima bo‘lmasin, baribir, men ertaga bo‘ladigan ishimni bajarishim zarur.
– Voy, sho‘ring qurg‘ur-ey! Demak, tashqaridan qaraganda boy odamga o‘xshab ko‘rinsangiz ham aslida bizdan ham kambag‘alroq ekansiz-da? – dedi cho‘ponning xotini.
– Rizqim shuning orqasidan kelsa, men nima ham qila olardim, do‘stlarim. Ha, ishim shunaqa, kambag‘allikning bunga sira aloqasi yo‘q… Xullas, jo‘naydigan vaqtim bo‘ldi, izzatim borida tuyog‘imni shiqillatib qolay, yo‘qsa yana ko‘chada qolib ketaman. – Lekin, shunday deb ham musofir joyidan qo‘zg‘almay gapida davom etaverdi: – Ketar jafosiga, tanishganimiz uchun qittak-qittak olsak bo‘lardi-yu, finjon ham bo‘shab qolibdi-da.
– Mana, sizga kuchsizroq asal sharobli finjon, – manzirat qildi missis Fennel. – Biz uni nazarimizga ilmaymiz, aslida u ham asalari mo‘mining birinchi quyqasidan eritilib tayyorlanadi.
– Kerak emas, – bepisand ohangda javob berdi musofir. –Agar men siz aytayotgan ikkinchi nav sharobdan ichadigan bo‘lsam, avvalgi sharobni haqoratlagan bo‘laman.
– Albatta, bo‘lmasam-chi, – deb gapga qo‘shildi Fennel. – Axir biz har kun tug‘ilib, har kuni ko‘payishmaymiz-ku, shunday bo‘lgach, men hoziroq borib, sirqitib-sirqitib bo‘lsa-da, finjonni sharobga to‘ldirib olib kelaman.
U zinapoya tagidagi bochkacha turgan qaznoqqa yo‘l oldi. Xotini unga ergashdi.
– Nega uning nog‘orasiga o‘ynayapsan? – ta’na qildi xotini ular ikkovi qolishganida. – U, o‘nta odamni to‘ydiradigan finjonni oxirigacha ichib bo‘ldi, endi, kuchsizroq asal sharobiga qiyo ham boqmaydi, yana kuchlirog‘ini talab qilaveradi! Ustiga-ustak, hali uning qanaqa odamligini hech kim bilmaydi. Boshqalarni bilmadim-u, lekin u menga sira yoqmayapti.
– Xotinjon, axir u bizning mehmonimiz; boz ustiga havo ham chatoq bo‘lsa, bu yoqda cho‘qintirish marosimi… Uni qo‘yaver! Asal sharobning bir piyolasi bilan boyib ham, kambag‘al ham bo‘lib qolmaymiz… Qayg‘urma, vaqti-soati kelib, yana tutatib asalarilarni haydaymiz-da, bundan ham ko‘proq asal olamiz.
– Ha, mayli… faqat shunday yaxshi kunlarimiz haqqi-hurmati, roziman, – dedi cho‘ponning xotini ma’yus asal idishga boqarkan. – Bu odam kim, nima ish qiladi, osmondan tushdimi, yerdan chiqdimi, qayerdan paydo bo‘lib qoldi? Uyimizga bostirib kirib, o‘zicha mehmon bo‘lib olishga uni nima haqqi bor o‘zi…
– Bilmadim, o‘zidan yana bir so‘rab ko‘ray-chi.
Bu safar missis Fennel kulrang kostyumli musofirga finjonni oxirigacha bo‘shatishga qo‘ymay, balo-qazoning oldini oldi. Uy bekasi unga sharobni kichikroq piyolaga quydi-da, finjonni har ehtimolga qarshi uzoqroqqa surib qo‘ydi. Musofir bir ko‘tarishda, piyoladagini paqqos urdi, so‘ng cho‘pon undan nima ish bilan shug‘ullanishini yana so‘radi.
U javobdan o‘zini olib qochgandi, olov yonidagi musofir birdan, kutilmagan samimiylik bilan:
– Men esa hunarimni odamlardan sir tutmayman… men charxsozman, – dedi.
– Bizning tomonlarda bu juda serdaromad ish, – luqma soldi cho‘pon.
– Qanday hunarim borligini odamlarning o‘zi fahmlay olganda edi, men ham uni sir tutmagan bo‘lardim, – dedi kulrang kiyimdagi musofir.
– Kim qanday hunar egasi ekanini uning qo‘llari aytib turadi, – dedi buta devor ustasi Charli Jeyk o‘z qo‘llariga ishora qilib. – Mana, masalan, mening qo‘llarim bamisoli igna to‘g‘naydigan yostiqqa o‘xshab qolgan.
Kamin oldida o‘tirgan musofir beixtiyor o‘zini panaga oldi-da, yana trubkasini tutatib, olovdan ko‘zini uzmay o‘tiraverdi. Anavinisi esa buta devor ustasining so‘zini ilib ketdi:
– Gapingiz to‘g‘ri; hunarimning g‘aroyibligi ham shundaki, u o‘z muhrini menda emas, aksincha, mijozlarimda qoldiradi!
Bironta odam bu so‘zlarning mag‘zini chaqishga urinib ham ko‘rmadi, cho‘ponning xotini mehmonlarga yana qo‘shiq aytishni taklif etdi. Biroq yana o‘sha vaj-korsonlaru bahonalar: mehmonlardan biri ovozim bo‘g‘ilgan desa, ikkinchisi qo‘shiq so‘zlarini unutganman deb turib oldi. Stol yonidagi musofir azbaroyi zavqi jo‘shganidan, mayli, birinchi bo‘lib o‘zim boshlab bera qolay deb, uy bekasini noqulay ahvoldan qutqardi. So‘ng boshmaldog‘ini nimchasining o‘miziga tiqdi-da, yaltillab turgan cho‘pon tayoqlarining tutqichlariga bir ko‘z tashlab olib tayyorgarliksiz, aytiladigan qo‘shiqqa shu tutqichlar ilhom bergandek, ashulasini boshlab yubordi:

Kamyob hunar sohibiman,
Eh cho‘ponlar-xokisorlar!
Ishlagan sari ishlaging kelar!
Mijozlarni bog‘laymanu, osmonu falakka ko‘taraman.
O‘sha, yetib bo‘lmas tomonlarga!

U qo‘shiq bandini tugatganida, xonaga sukunat cho‘kkandi; odamlar jim o‘tirishardi… Ijrochi qayrilib, hammaga: “Jo‘r!”— deb xitob qilganida, faqat olov yonida o‘tirgan kishi unga javoban oxirgi satrlarga yo‘g‘on, ammo yoqimli ohangda jo‘r bo‘ldi:

O‘sha, yetib bo‘lmas tomonlarga!

Sut fermasining xo‘jayini Oliver Jaylz, cherkov qo‘shiqchisi Jon Pitcher, ellik yoshli kuyov, devor tagida o‘tirgan hali ona suti og‘zidan ketmagan qizlar va boshqa mehmonlar qovoqlarini uyib o‘yga cho‘mgandilar. Cho‘pon xayolchan yerga boqdi, xotini esa shubhadan xoli bo‘lmagan qo‘shiqchiga sinovchan nigoh bilan tikildi: musofir qaysidir qadimgi qo‘shiqni eslab qoldimi yoki boshini ham qotirib o‘tirmay, aynan shu fursatga bag‘ishlab yangisini to‘qib qo‘ya qoldimi, bu yog‘ini Xudo biladi. Xuddi Valtasarlar ziyofatida* bo‘lib o‘tgan voqeani eslatuvchi bu iqror to‘la so‘zlarning noaniq va tushunarsiz ishoralaridan, birinchi musofirdan tashqari, cho‘ponning barcha mehmonlari xijolatdan hang-mang bo‘lib qolishdi. Musofirning o‘zi bamaylixotir: “Ikkinchi bandini ham boshlab yuboraver, oshna!”—dedi-yu, trubkasini yana tutatishga tushdi.
Qo‘shiqchi asal sharobdan og‘zini to‘ldirib bir ho‘pladi-da, tomog‘ini ho‘llab olib, qo‘shnisining iltimosiga ko‘ra, qo‘shiqning ikkinchi bandini kuylay ketdi:

Menikidek oddiy qurol topilmas,
Eh, cho‘ponlar-xokisorlar!
Qurolimga qaramang, zarurat yo‘q:
Ustunu xariga arqonni mosladim men,
Bo‘ldi, tamom; osilishning g‘amini yema.

Cho‘pon Fennel atrofga alangladi. Musofirning qo‘shig‘i uning savoliga javob edi, endi bunga cho‘ponning shubhasi qolmagandi. Mehmonlar ich-ichlaridan otilib chiqayotgan hayqiriqni jilovlashga urinib, sapchib tushdilar. Ellik yoshlik odamga unashtirilgan ayol hushidan ketib, yiqilishiga oz qolganida, birdan qallig‘ining uddaburonlik qilib, uni ko‘tarib olishiga qurbi yetmasligini vaqtida angladi-da, o‘zini qo‘lga olib, qaddini rostladi va titrab-qaqshab joyida qimirlamay o‘tiraverdi.
“Voy, demak, bu o‘sha… – xona to‘ridan turib pichirlashishdi odamlar vahimali vazifani egallab turgan allakim haqida. – Demak, u shu niyatda shaharga otlangan ekan-da!.. Kesterbrij turmasida ertaga… anavi qo‘y o‘g‘irlagan odamni osmoqchilar, biz u haqda eshitgandik… kambag‘al bir soatsoz, Shotsfordda yashagan… ishsiz… Uning ismi Timoti Samers… Oilasi ochlikdan sillasi qurib, o‘lar holatga kelib qolgandi, shuning uchun ham Shotsfordni tark etib, o‘zini qaroqchilikka urgan, qo‘yni ham kuppa-kunduzi, fermerning, xotinining, ularning ishchilarining, umuman, hammaning ko‘z o‘ngida o‘g‘irlab ketgandi. Bu esa ( odamlar ajal quroli hunarining ustasi tomonga ishora qildilar)… u shu bois ham uzoqlardan bu yerga kelgan; ular yashayotgan graflikdan ish topish amri mahol, bu yerdan darrov ish ham topila qolgan – jallodimiz o‘lgan-ku; u endi o‘sha turma devori oldidagi uyda yashaydi”.
Kulrang kiyimdagi kishi elas-elas eshitilayotgan pichir-pichirlarga e’tibor qilmay, tomog‘ini yana bir ho‘llab oldi. Davradagi odamlardan ko‘ra ko‘proq uning barcha dilkashliklariga olov yonida o‘tirgan qo‘shnisigina iltifot ko‘rsatayotganini payqadi-da, ulfatijon bo‘lmagan bu odamga o‘z qadahini uzatdi, u esa o‘zinikini – unga. Ular qadahlarni cho‘qishtirishdi, qolganlar qo‘shiqchining har bir harakatini ko‘z uzmay kuzatib turishardi. Qo‘shiqchi uchinchi bandni aytish uchun endi og‘iz juftlagan ham ediki, eshik taqillab qoldi. Eshik bu gal kuchsizroq va jur’atsizroq taqilladi.
Hammaning esxonasi chiqib ketdi; cho‘pon hadiksirab eshikka qaradi va qo‘rqib ketgan xotinining ta’nali nigohidan o‘zini olib qochdi-da, uchinchi marta ham muloyimlik bilan: “Kiravering!” dedi.
Eshik asta ochilib, ostonada yangi mehmon paydo bo‘ldi. Ungacha kelgan musofirdek, uni ham hech kim tanimadi. Bo‘y-basti ixchamgina, nimjon, rangpar yuzli bu odam egniga qoramtir gazlamadan binoyidek kostyum kiyib olgandi.
– Aytolmaysizmi, shaharga qanday borsam bo‘ladi… – gap boshladi u, qayerga kelib qolganini bilish maqsadida xonaga ko‘z yugurtirarkan va nigohi kulrang kostyumli odamda to‘xtadi.
Bu, zavqi jo‘shib ketgan qo‘shiqchining qo‘shiqni endi oxiriga yetkazmoqchi bo‘lib turgan bir paytda va musofirning borligini ham payqamay, barcha shivir-shivir, savol-javoblar ovozini o‘chirib, uchinchi bandni bor kuchi bilan:

Ertaga men ishlayman,
Eh, cho‘ponlar-xokisorlar.
Kuylolmayman ertaga:
Qo‘y so‘yildi axir, azamatni ushlashdi oxir,
Do‘zaxda yondirma, xudoyim!

deya kuylab tugatganida ro‘y berdi.
Olov yonida o‘tirgan musofir qoyil qoldi-da, shiddat bilan qo‘shiqchi sharafiga qadah ko‘tardi, javoban u ham qadah ko‘targandi, asal sharob chayqalib, olovga to‘kildi.

 Do‘zaxda yondirma, xudoyim!

yana yo‘g‘on ovozda jo‘r bo‘ldi.
Uchinchi musofir qoqqan qoziqdek hamon eshik tagida turardi. Musofirning bezrayib turib qolganini payqab qolgan mehmonlar endi unga diqqat bilan razm sola boshladilar. Uning vahimadan talvasaga tushganini ko‘rib, mehmonlar hayratdan yoqa ushlashdi: uchinchi musofirning tizzalari dag‘-dag‘ titrardi, qo‘llari esa shunday qattiq qaltirardiki, hatto u tutib turgan lo‘kidonning zirillagani ham aniq eshitilib turardi, lablari oppoq oqarib, lang ochilib qolgandi, xona o‘rtasiga qarab qolgan ko‘zlarini esa quturgan jalloddan uzmasdi. Yana bir lahza o‘tar-o‘tmas, u eshikni tars yopdi-da, orqasiga qaramay ura qochib qoldi.
– Bu endi kim bo‘ldi ekan? – dedi cho‘pon.
Odamlar kutilmagan holdan hali o‘zlariga kelmay turib, uchinchi musofirning mana bu qilig‘i o‘lganning ustiga tepkan bo‘lganidan hech narsani tushunolmay jim qoldilar. Ular o‘z davralariga qo‘shilib qolgan bu kasofat jentlmendan beixtiyor uzoqlasha boshladilar, ba’zi mehmonlar uni hatto iblis deb tan olishga ham tayyor edilar; mana, poldagi bo‘sh qolgan joy uni mehmonlardan ajratdi-qo‘ydi va u xonaning o‘rtasida bir o‘zi qo‘qqayib turib qoldi…
 
 “Circulus cujus centrum diabolus”*

Xonada yigirma kishidan ko‘proq odam bo‘lsa-da, suv quygandek jim-jit edi, hatto deraza eshigiga urilgan yomg‘ir ham, dudburon orqali tasodifan olovga kelib tushayotgan yomg‘ir tomchilari ovozi ham, bir burchakda o‘tirib olgan birinchi musofirning uzun sopol trubkani bir maromda tortib, puflab chiqarayotgan tovushi ham shundoq eshitilib turardi.
Bu sukunat qo‘qqisdan buzildi. Graflikning markaziy shahri joylashgan tomondan to‘pning otilgan ovozi eshitildi.
– Menga la’natlar bo‘lsin! – baqirdi qo‘shiqchi joyidan sakrab turarkan.
– Bu nima?.. Nima bo‘ldi o‘zi? – har tomondan savollar yog‘ila boshladi.
– Mahbus turmadan qochibdi… mana nima bo‘ldi!
Hamma birdan sergak tortdi. Yana o‘q otildi, lekin bu safar hech kim g‘ing demadi, faqat olov yonidagi kishi tilga kirdi:
– Menga bir necha bor bu graflikda otishma bo‘lib turishi haqida aytishgandi, lekin o‘zim biron marta ham eshitmagandim.
– Nahotki men o‘z o‘ljamni qo‘ldan chiqargan bo‘lsam? – ming‘irladi kulrang kostyumdagisi.
– Undan boshqa yana kim bo‘lardi! – og‘zidan chiqib ketdi cho‘ponning.—Biz uni ko‘rdik. Boya o‘z oyog‘i bilan kirib, sizni ko‘rib, qo‘shig‘ingizni eshitdi-da, dag‘-dag‘ titrab qoldi.
– Uning tishlari takirlab, nafasi ham bo‘g‘ildi, – dedi sut fermasining xo‘jayini.
– Yuragi ham qinidan chiqib ketay dedi-yov, – gap qotdi Oliver Jaylz.
– Xuddi uni o‘qqa tutgandek tiraqaylab qochdi, –dedi Charli Jeyk.
– Ha, ha, xuddi shunday bo‘ldi… tishlari takirladi, yuragi qinidan chiqayozdi, uni xuddi o‘qqa tutgandek orqasiga qaramay qochdi, – shoshilmay xulosa qildi olov yonidagi kishi.
– Men hech nimani sezganim yo‘q, – dedi bir vaqt jallod.
– U nimadan bunchalik qo‘rqib ketdi ekan, ura qochib qoldi deb biz boshimizni qotirib o‘tiribmiz, – dedi xirillagan ovozda devor yonida o‘tirgan ayollardan biri! – Mana endi hammasi tushunarli!
To‘plarning bir maromda ketma-ket otilayotgan bo‘g‘iq va vahimali ovozi hamon tinmayotgandi, odamlar endi uning chin ekaniga ishonishdi. Kulrang kiyimdagi yovuz jentlmen qaddini rostladi.
– Orangizda konstebl bormi? – dedi chaynalgannamo tusda u. – Agar bo‘lsa, qani, bu yoqqa chiqsin.
Ellik yoshlik kuyov titrab-qaqshab, devordan nari ketdi, uning qallig‘i esa yuzini stul suyanchig‘iga qo‘ygancha uvvos solib yig‘ladi.
– Qasamyod qilgan konstebl senmisan?
– Ha, ser.
– Zudlik bilan o‘zingga yordamchi top-da, jinoyatchining ketidan tush va uni topib bu yerga olib kel. U hali uzoqqa ketib ulgurmagan bo‘lishi kerak.
– Xo‘p bo‘ladi, ser, xo‘p bo‘ladi… faqat asoimni olib kelsam bo‘lgani. Uyga hoziroq g‘izillab boraman-da, tezda uni olib kelaman, so‘ng hammamiz birga jo‘naymiz.
– Shu tobda asoga balo bormi! Ungacha qochoq juftakni rostlab qoladi-ku!
– Asosiz bo‘larkanmi? Asosiz hech nima qilolmayman… hech bo‘lmasa sen gapir, Uilyam, yoki sen, Jon, yo sen biron nima degin, Charli Jeyk, bunga haqqim bormi, yo‘qmi o‘zi? Bu mumkin emas; axir asoda qirol toji, bir tomonida sher, ikkinchi tomonida yakkashoxning sariq rangdagi oltin suvi yugurtirilgan rasmlari bor-ku, axir; kimni qo‘lga olib, kimga tayoq o‘qtaladigan, gumburlatib tushirib qoladigan bo‘lsam, ana o‘shanda bari qonuniy bo‘ladi. Asosiz odamlarni tutishni xayolimga ham keltirolmayman… kim qilsa qilaversin, men bunday qilolmayman! Qonun odamga kuch bag‘ishlaydi, usiz bunday ishlarga jur’atim yetmaydi, ba’zan shunday ham bo‘ladiki, men emas, menga qo‘l ko‘tarishlari mumkin.
– Yetar! Mening o‘zim qirolning xizmatidagi odamman, senga buyruq berishga haqqim bor, – uning so‘zini bo‘lib dedi kulrang ki-yimli mustabid. – Endi esa hammangiz tayyor turinglar… Fonuslaringiz bormi?
– Ha… aytgancha, fonuslaringiz bormi?.. Bormi deyapman? – uni ma’qulladi konstebl.
– Hamma ishga yaroqlimi o‘zi…
– Hamma erkaklar ishga yaroqlimi… ha… hammangizmi! – takrorladi konstebl:
– … o‘zingiz bilan qoruvli, yo‘g‘on tayoq va panshaxalarni olvolinglar…
– Qonun nomi bilan buyuraman!.. Tayoq va panshaxalarni qo‘lingizga oling-da, olg‘a! Hokimiyat buyrug‘iga itoat etib, ularning ketidan quving!
Odamlarni shu yo‘l bilan uning ketidan quvishga majbur etishdi. Dalillar noaniq bo‘lsa ham, lekin ancha ishonarli edi, shu bois cho‘ponning mehmonlariga buni isbot qilib berishga hojat qolmagandi, ular guvoh bo‘ldilarmi, tamom, uchinchi musofirning ketidan quvishdan bosh tortsalar, ishtirokchi sifatida ayblashlari turgan gap, – bunday baland-past adirlikdan hali bir necha yuz yarddan ko‘p yo‘l bosib ulgurmagan bo‘lishi kerak.
Cho‘ponda fonus har doimgidek doim serob bo‘lardi, ularni shosha-pisha yondirdilar; so‘ng devor uchun suqib qo‘yilgan tayoqlarni sug‘urib oldilar-da, eshikka qarab yopirildilar va ancha bosilib qolgan yomg‘ir ostida tepalikning cho‘qqisi bo‘ylab shahardan teskari tomonga keta boshladilar.
Yaqinda cho‘qintirilgan, uyning ikkinchi qavatida yotgan chaqaloq yig‘lay boshladi; uni yoki shovqin-suron bezovta qildi, yoki bo‘lmasa, yaqinda bo‘lib o‘tgan cho‘qintirish marosimi tushiga kirganidan yig‘lay boshlagandi. Bolaning achchiq yig‘isi polning teshigidan o‘tib, birinchi qavatga eshitildi, pastdagi ayollar uni tinchlantirish uchun yuqoriga chiqishga bahona topilganidan xursand, birin-sirin tezda o‘rinlaridan tura boshladilar, – oxirgi yarim soat ichida bo‘lib o‘tgan voqealar ularni butunlay gangitib qo‘ygandi. Shunday qilib, oradan ikki-uch daqiqa o‘tar-o‘tmas birinchi qavat bo‘shadi-qoldi. Lekin bu uzoqqa cho‘zilmadi. Oyoq tovushlari tinmayoq, uyning ular ketgan tomondagi muyulishidan kimdir paydo bo‘ldi. U eshikdan mo‘ralab qaradi-da, uyda hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, shoshmay xonaga kirdi. Bu odam, o‘sha, butun oqshom uyning bir burchagida o‘tirib, hamma bilan birga chiqib ketgan musofir edi. Musofirning uyga qaytib kelish sababi ham darhol ma’lum bo‘ldi: u avval o‘tirgan joyiga yaqinlashdi, aftidan kamin ustidagi unutib qoldirgan bir to‘g‘ram nonni oldi. Ichilmay qolib ketgan finjondagi sharobdan o‘ziga yarim piyola quydi va tik turgan joyida ochofatlik bilan non yeb, sharob icha boshladi. U hali yeb-ichib ulgurmasidanoq to‘satdan, xuddi shunday ohistalik bilan boshqa bir kishi – kulrang kiyimdagi uning hamtovog‘i kirib keldi.
– O‘, siz ham shu yerdamisiz? – dedi u tabassum bilan. – Men bo‘lsam, siz ham qochoqni qidirib ketgan bo‘lsangiz kerak deb o‘ylovdim.
Uning nimaga qaytib kelgani ham darrovoq ma’lum bo‘ldi: u och ko‘zlari bilan asl sharobga to‘la, o‘zi zoriqib kutgan o‘sha finjonni izlay ketdi.
– Men sizni butunlay ketgan bo‘lsangiz kerak deb o‘ylovdim, – dedi birinchi musofir tiqilib qolib, non chaynashda davom etarkan.
– Men fikrimdan qaytdim; mensiz ham eplashadi deb o‘ylayman, – ishonch ohangida suhbatdoshiga tushuntira ketdi, – tunni aytmaysizmi, tunni, bundan battari bo‘lmaydi. Jinoyatchining ketidan quvib yurish mening ishim emas, bunga hukumat bosh qotirsin.
– Haqiqatdan ko‘z yumib bo‘lmaydi! Men ham fikrimdan qaytdim, mensiz ham bir amallashar.
– Men ovloq yerlarda tog‘ma-tog‘, jarma-jar izg‘ib yurib, suyaklarini sindirib oladigan ahmoq emasman.
– Gap o‘rtamizda qolsin-u, mening ham ko‘zim uchib turgani yo‘q.
– Cho‘ponlar o‘rganib qolishgan… – Laqmalik ham shunchalik bo‘ladimi! Ularni bir pasda chuv tushirish mumkin. Mana ko‘rasiz, men jonimni koyitib ham o‘tirmayman, uni shundoq ham tong otmasdanoq huzurimga boshlab kelishadi.
– Uni busiz ham qo‘lga olishadi; g‘am yeyishning hojati yo‘q.
– To‘g‘ri, rost aytasiz. Mening Kesterbrijga jo‘naydigan vaqtim bo‘ldi; bunday uzoq yo‘l bosib, manzilga yetib olishimga ko‘zim yetmay turibdi. Siz ham o‘sha tomonlargami?
– Afsuski, yo‘q! Men uyga borishim kerak, anavi yoqqa (u boshi bilan qandaydir o‘ng tomonni ishora qildi); men ham sizga o‘xshab boradigan joyimgacha qanday yetib olarkinman deb xavotirdaman.
Kulrang kiyimli finjonni oxirigacha ichib bo‘ldi-da, yo‘lakda bir-birlari bilan do‘stona qo‘l siqishib xayrlashishdi va ikkovlari ikki tomonga ajralishdi.
Bu vaqt ichida qidiruv guruhi tog‘ning aynan shu qismidagi tik tepalik cho‘qqisidan hamon yo‘l bosib borar edilar, mana, oxiri, balandlikning chekkasiga ham yetib kelishdi. Odamlar yo‘lga chiqishdan avval ish rejasi tuzib olishni xayollariga ham keltirmagandilar, endi yonlarida ajal qurolining ustasi yo‘qligida o‘zlaricha biron-bir tadbir o‘ylab topishga ojizlik qilardilar. Ular har tarafdan tapur-tupur tirmashib tusha boshlagandilar, shunda, bir necha odamlar to‘satdan, bu bo‘r tepaliklarda izg‘ib, yo‘ldan adashgan barcha tunkezarlarni tutish uchun tabiatning o‘zi qo‘ygan tuzoqqa tushib qoldilar. Ular oyoqlari ostida “nayza” borligini, boshqacha aytganda qiyalikni qurshab olib, u yer-bu yerdan cho‘qqayib chiqib turgan bo‘r chaqmoqtoshlarini sezmadilar va ehtiyotsizliklari tufayli shag‘al uyumlariga qoqildilar-da, munkib pastga quladilar, qo‘llaridagi fonus otilib ketib, vodiyning eng chuqur yeriga borib tushdi-da, to‘nkarilib o‘sha yerda yonib qolaverdi.
Hammaning yana bir yerga to‘planganidan foydalangan cho‘pon, u joylarni boshqalardan ko‘ra yaxshiroq biladigan yo‘lboshchi sifatida ularni aylanma yo‘llar orqali boshlab ketdi. Fonus ko‘zlarni qamashtirib, foydadan ko‘ra ziyoni ko‘proq tegardi, ustiga-ustak, bunday qulay fursatdan qochoq ham foydalanib qolishi mumkin edi, eng yaxshisi chiroqni o‘chirib, jim bo‘lish edi. O‘t bosib yotgan, tikonli butazordan iborat bunday zax chuqurlik har qanday qochoq uchun ham ajabtovur pana bo‘la olardi. Guruh hamma yerni ag‘dar-to‘ntar qilib, hech bir ish chiqarolmagach, ro‘paradagi tepalikka ko‘tarildi. Shu yerning o‘zida tarqalib, va yana maslahatlashib olish uchun vaqti-vaqti bilan tag‘in shu yerda uchrashib turishga kelishib olishdi. Ikkinchi marta ular, bundan ellik yillar burun osmondan uchib o‘tgan qandaydir qush tashlab ketgan urug‘dan unib chiqqan va hozirda bu tepalikda bir o‘zi qaqqayib turgan shumtol daraxti tagida uchrashdilar. Shu vaqt daraxtdan sal narida, ko‘m-ko‘k osmon ostida aynan ular qidirgan o‘sha odam xuddi shu daraxtning bir shoxidek so‘ppayib turardi. Guruh ohista unga yaqinlashdi.
– Hayotmi yoki mamot?! – serrayib turgan odamga do‘q qilib dedi konstebl.
– Siz ham juda oldingiz-da! – shivirladi unga Jon Pitcher. – Bunday gaplar bizga yarashmaydi. Bunaqa so‘zlar anavinga o‘xshagan takasaltanglarga yarashadi, biz faqat qonunga bo‘ysunamiz.
– Ha, yaxshi, bo‘pti! – alam qilgandek dedi konstebl. – Men ham biron nima deyishim kerak-ku, axir! Kerakmi, yo‘qmi? Shunday topshiriqni senga ham yuklab qo‘yib, yelkangni tog‘ bosgandek bosib yotsa, ko‘rardim, o‘shanda sening og‘zingdan qanday so‘zlar chiqib ketarkin!.. Jinoyatchi, xudo haqqi… qirol hokimiyati haqqi taslim bo‘l, demoqchi edim!
Daraxt tagidagi kimsa uni ta’qib etib kelganlarni ko‘rdi-da, zo‘ravonlikka o‘tmaslaridan burun o‘zi ohista yurib, ularga peshvoz chiqdi. Bu, haqiqatan ham o‘sha, cho‘ponning uyiga kirib, titrab-qaqshab turgan ushoqqina “uchinchi musofir” edi. Hozir u ancha o‘ziga kelib qolgandi.
– Obbo, sayyohatchilar-ey, – dedi u bamaylixotir, – sizlar kimga gapiryapsizlar o‘zi? Mengami?
– Kimga bo‘lardi, senga-da! Sen darhol taslim bo‘lishing kerak! – amrona dedi konstebl. – Biz seni Kesterbrij turmasida o‘tirishdan bosh tortganlikda ayblab, hibsga olamiz, endi u yerda o‘zingni yaxshi tutib, ertaga dorga osishlarini kutishing kerak… Hamsoyalar, o‘z burchingizni bajaring-da, jinoyatchini ushlang!
Ayblovni eshitib bo‘lgan bu odam, aftidan, nimanidir anglab yetdi-da, tayoqlar bilan uni har tarafdan o‘rab olib, yana cho‘ponning uyiga qaytarib olib ketishga shay turgan ta’qibchilarga hammani hayron qoldirib g‘alati bir rozilik bilan churq etmay o‘zini topshirdi.
Ular uyga yetib kelishganida soat o‘n bir bo‘lgandi. Ochiq eshikdan tushgan chiroq shu’lasi tashqarini yoritib turardi. Uydan erkaklar ovozi eshitilganidan tushundilarki, ular daydib yurganlarida bu yerda qandaydir yangi voqea sodir bo‘lgan. Uyga kirib, ular Kester-brij turmasining ikki nazoratchisini va hamma taniydigan, qo‘shni yer egasi bo‘lgan sud raisini ko‘rdilar; aftidan, qochish haqidagi xabar butun atrofga tarqab bo‘lgandi.
– Jentlmenlar, – ularga murojaat qildi konstebl, – men qochog‘ingizni tutdim – albatta tavakkal qilib, xatarni zimmamga olmasdan ilojim yo‘q edi, ammo barchamiz o‘z burchimizni bajarishga majburmiz! Jinoyatchi, davlat ishlarida tajribalari bo‘lmasa-da, lekin menga yordamlari tekkan mehnatga layoqatli kishilar davrasida turibdi. Yigitlar, mahbusni ularning yonlariga yaqinroq olib boringlar.
Uchinchi musofirni sham yonib turgan stol yoniga olib kelishdi.
– Bu kim o‘zi? – so‘radi nazoratchilardan biri.
– Bu o‘sha, – javob berdi konstebl.
– Hech ham u emas-da, – e’tiroz bildirdi ikkinchi turma nazoratchisi, birinchisi esa uning so‘zini tasdiqladi.
– Qanaqasiga u emas? – bahslasha ketdi konstebl.—Xo‘p, u emas ekan, nega bo‘lmasa qonun vakilining qo‘shig‘ini eshitib, bunchalik esxonasi chiqib ketdi?
Konstebl jallod qo‘shiq aytib turgan paytda uyga kirib kelgan uchinchi musofir o‘zini juda g‘alati tutgani haqida gapirib berdi.
– Hech nimani tushunolmayapman, – dedi sovuqqonlik bilan turma nazoratchisi. – Men bir narsani aniq aytishim mumkinki, o‘limga mahkum etilgan bu emas. Unisi esa bu odamga mutlaqo o‘xshamaydi; u baland bo‘yli, qotmadan kelgan, ko‘zi va sochlari qop-qora, kelishgan, ovozi shunday mayin, muloyim ediki, uni bir eshitgan odam umrbod esidan chiqarmasdi.
– Yigitlar… axir bu o‘sha olov yonida o‘tirgan odam-ku!
– Qanaqasiga?.. Nima deyapsan o‘zi?.. – bu vaqtda chetroqda turib cho‘pon bilan suhbatlashib turgan sudya ularning oldiga keldi-da, surishtira ketdi. – Xo‘sh, bundan chiqdi, qochoqni shu choqqacha tutolmabsizlar-da, a?
– Bilasizmi, ser, – tushuntirdi konstebl. – Bu, o‘sha odamning aynan o‘zi, – bunga imonim komil, bu o‘sha; biroq, bu, biz qidirayotgan odam emas. Chunki, bizga kerak bo‘lgan odam, u biz qidirgan o‘sha odam emas ekan, agar siz mening oddiy gaplarimga tushunayotgan bo‘lsangiz, ser; bizga kerak bo‘lgan odam esa bu, anavi, olov yonida o‘tirgan kishi ekan.
– Buncha chalkash-chulkash bo‘lmasa! Boshi-ketini bilib bo‘lmaydi-ya! – dedi sudya. – Zudlik bilan o‘sha, bizga keragini qidirishga tushing.
Shu payt asirning o‘zi birinchi marta tilga kirdi. Shu paytgacha u pinagini ham buzmay o‘tirdi, faqat anavi olov yonida o‘tirgan kishi haqida gap ochilgandagina uning tinchi buzildi.
– Ser, – dedi u sudya tomon bir qadam tashlab, – meni deb ovora bo‘lishingiz shart emas. Endi o‘zim sizga barini aytib beraman. Men hech bir yomon ish qilganim yo‘q: mening aybim shundaki, o‘limga mahkum etilgan odam akam bo‘ladi… Bugun tongda o‘zim yashab turgan Shotsforddan chiqdim-da, Kesterbrijga yayov akam bilan vidolashish uchun yo‘l oldim. Yo‘lda qorong‘iga qolib ketib, bir oz nafasimni rostlash va yo‘lni so‘rab-surishtirish uchun bu yerga kirgandim. Eshikni ochib, kimni ko‘rdim deng?.. O‘z akamni! Endi u bilan Kesterbrijning o‘limga mahkum etilganlar kamerasida uchrashsam kerak deb o‘ylab, umidimni uzib qo‘ygandim. U bir burchakka tiqilib olgandi, yonida esa unga suqilib, yo‘lini to‘sib olib jonini oluvchi jallod o‘tirardi va o‘zini sezdirmaslik uchun unga jo‘r bo‘layotgan qurbonidan gumon qilmay, bu haqda qo‘shiq kuylardi. Akam: “Ishqilib aytib qo‘yma; mening hayotim shunga bog‘liq” deya iltijoli nigoh bilan boqqanini darrov tushundim. Meni shunday vahima bosdiki, oyog‘imda arang turardim, nima qilayotganimni o‘zim ham bilmay, shartta chiqib ketdim-da, ura qochdim.
Bu odam shunday bir ohangda gapirdi, uning yuz ifodasi ham allaqanday o‘zgacha ediki, uning so‘zlariga ishonmay bo‘lmasdi, bu esa atrofdagilarda boshqacha taassurot qoldirdi
– Akangizning hozir qayerda ekanini bilasizmi? – so‘radi sudya.
– Yo‘q. Men, mana shu eshikni yopib chiqib ketganimdan beri uni ko‘rmadim.
– Bunga men guvohlik berishim mumkin, – tasdiqladi konstebl, – axir, bu odam o‘sha paytlardan beri dunyoning bu chekkasida bo‘lgan bo‘lsa, unisi u chekkasida edi.
– Qiziq, qayerga ketgan bo‘lishi mumkin?..
– U soatsoz, ser.
– Charxsozman degandi-ku… voy firibgar-ey! – dedi konstebl.
– O‘shanda o‘zim ham bu qo‘llar charxsoz uchun juda oppoqlik qilmasmikan deb o‘ylovdim-a!
– Gap bunday, menimcha, boyoqishni ushlab turishdan naf yo‘q; bu bilan hech nimaga erisholmaymiz, – dedi sudya. – Tushunarlimi, yaxshisi akasini qidirib topinglar.
Bu kichkina musofirni tezda ozod etishdi; biroq bundan uning ko‘ngli taskin topmadi, o‘zidan ko‘ra ko‘proq yaxshi ko‘radigan o‘sha odam haqidagi xavotirlariga na sudya, na konstebl barham berisholdi. U ozod etilib, yo‘lga chiqqanida, ancha qorong‘i tushib qolgandi, qidiruvni davom ettirish esa befoyda edi, shu bois uni ertaga qoldirishgandi.
Ertasi kuni bu tadbirkor soatsozni qidiruv ishlari yana boshlanib ketdi, bunga butun aholi ham jalb etilib, ishlar jadal sur’atlarda olib borildi – hech bo‘lmaganda shunday tuyulardi. Chiqarilgan shafqatsiz hukm sodir etilgan noo‘rin xatti-harakatga munosib emasligi bois qochoqqa rahmi kelgan qishloq ahlining ko‘pchiligi butunlay u tomonda edi. Undagi o‘zgacha vazminlik, jasorat, cho‘ponning ziyofatida jallod bilan yuzma-yuz turib qilgan dadil suhbati, – bunga barcha odamlar qoyil qolgandilar. Ular o‘rmonu dalayu yo‘llarni izg‘ib, hamma yerni ostin-ustun qilganlari, o‘z pichanxonalarida va saroylarida astoydil tintuv o‘tkazganlari rostmi o‘zi, bunisi bizga qorong‘iligicha qolayapti. Katta savdo yo‘lidan uzoqdagi u yoki bu tashlandiq, o‘t bosib ketgan yo‘lda kimdir qandaydir sirli notanishni ko‘rgani haqida bot-bot mish-mishlar tarqalib turardi; o‘sha shubhali yoqlarga qidiruvchilar yetib borganlarida hech bir zog‘ topilmasdi. Kunlar, haftalar shu taxlit biron-bir yangiliksiz o‘tib boraverdi.
Shunday qilib, olov yonida o‘tirib olib, yo‘g‘on ovozda gapirayotgan o‘sha odamni yana turmaga tiqishning iloji bo‘lmadi. Ba’zilar uni okeanning nari yog‘iga o‘tib ketgan deyishsa, boshqalar, yo‘q, u shaharning odamlar dengiziga g‘arq bo‘lgan deya og‘izga urishardi. Har holda kulrang kostyumli jentlmenga o‘zining Kesterbrijdagi vazifasini bajarish nasib etmadi; yana unga tepalikdagi yolg‘izoyoq uyda ulfatchilik qilishga bir soatgina vaqt ajratadigan dilkash ulfat ham boshqa topilmadi.
Cho‘pon Fennel va uning tejamkor xotinining do‘ppaygan qabri allaqachonlar ko‘m-ko‘k maysalar bilan qoplangandi; cho‘qintirish munosabati bilan ularning uylarida xursandchilik qilgan mehmonlarning deyarli bari birin-sirin mezbonning ketidan u dunyoga ravona bo‘lishgandi; o‘shanda, barcha mehmonlar muborakbod qilgani to‘plangan, qiz chaqaloq esa hozirda ayollik bahorini bosib o‘tib, mo‘tabar momo yoshida… Lekin, Hayer Krousteyrs atroflarida kunlardan-bir kun cho‘ponning uyiga tunda ketma-ket kirib kelgan uchta musofir haqida hali hanuz ikir-chikirigacha hikoya qilishni xush ko‘rishardi.

Rus tilidan Dildora Aliyeva tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 3-son.
_______________
* Timon Afinalik – Shekspirning shu nomdagi fojiasi qahramoni – hayotining so‘nggi kunlarini uzlatda o‘tkazgan. Novuxodonosor – Assuriya va Bobil shohi (604-501 yy. Eski era), rivoyat qilinishicha, u jonivorga aylanib, bir necha yil o‘rmonda yashagan emish.
* So‘zma-so‘z: “Yuqori qarg‘a o‘rmonchasi” degani (ingl.).
* S ye n l a k – janubi-sharqiy Angliya tepaligi, 1060 y. uning yonginasida fotih Vilgelm inglizlar ustidan g‘alaba qozongan.
* K r ye s – Shimoliy Frantsiyadagi qishloq, 1346 yil inglizlar frantsuzlar ustidan g‘alaba qozongan joy.
* Tavrotda aytilishicha, Bobil shohi Valtasar bir kuni mehmonlarni ziyofatga chaqirgan va ziyofat paytida zalning devorida Bobilning halokatini bashorat qiluvchi otashin so‘zlari paydo bo‘lgan.
* “Qoq o‘rtasida iblis turgan aylana” (lot.).