Adabiyot nazariyasidan dars bergan Agan Nikiforovich Sidorovning maslahatlaridan:
…Adabiyot — har kim kirib, to‘yib ketaveradigan to‘yxona emas. Shuhrat taqsimlaydigan tavanxona ham emas. Tabiat ato etgan chinakam iste’dodingga qo‘shimcha atroflicha biliming, aql-farosating, odamzod uchun qimmatli ezgu niyating, pok vijdoning bo‘lsagina “Adabiyot” deb atalmish muhtasham qasrning darvozasiga yaqinlashishingda ma’ni bor. Unutma: bu dargohning to‘rida Gomer, Dante, Umar Xayyom, Navoiy, Shekspir, Mahtumquli, Gyote, Pushkin, Balzak, Lev Tolstoy, Berdaqdek siymolar o‘tirishibdi. Ular adabiyot dargohiga qabul qiladimi — yo‘qmi, hamma gap mana shunda!
“Adabiyot” deb atalmish qasrga kirishni sidqidildan istasang, qo‘lingdagi shamga mahliyo bo‘lavermay, o‘zing uchun bu dargohdan munosib o‘rin qoldirishing kerak. Poygakroqdan o‘rin topsang ham mayli, muhimi hech kim ko‘kragingdan itarib: “o‘rning yo‘q” demasa bas! Mabodo bir muddat tashqariga chiqqudek bo‘lsang, o‘rning bo‘shab-huvillab qolgani boshqalarga sezilib turishi ham kerak.
Buning uchun senda ikki narsa: avvalo, bilim, qolaversa, hayotiy tajriba yetishmaydi.
…Hayotning boshqa jabhalarida birovga birov suyanchiq bo‘lishi mumkin. Adabiyotda senga hech kim tirgovich bo‘lolmaydi. Yozuvchilikka hech kim hech kimni o‘rgatolmaydi. Birovning senga ijirg‘anib qaramay, astoydil xayrixoh bo‘lishi uchun, avvalo, o‘zingda mustahkam poydevor yaratishing shart!..
“Qani o‘sha poydevor?”
“Endi men nima qilaman?”
Kamchiligim ko‘p deb qo‘rqma, boshqalardan kichkinaman deb o‘ksinma, tez ulguray deb shoshqaloqlik qilma, lekin xotirjamlikka ham berilma! Yodingda tut: sen yashayotgan asr nechog‘li favqulodda serg‘alva, suronli bo‘lmasin, avvalgi asrlarning davomi, xolos.
O‘zing tug‘ilgan ovulda turiboq butkul insoniyat taqdirini o‘ylash, kishilik jamiyati tarixi, uning kelajagi haqida qayg‘urish mumkin.
Men kichkinagina bir xalq vakiliman, hammadan yuksakroq cho‘qqiga intilishning nima keragi bor, dema. Hamma xalqlarning erki o‘zida. Biroq hech bir xalq o‘z holicha rivojlanmaydi. Adabiyot ham yaxlit bir organizm: uning kichigi yo‘q.
Inson orzulari shu qadar benihoyaki, goho ular o‘z sohibini yerda qoldirib, cheksiz koinotga parvoz etishi mumkin. Ezgu orzu yo‘lida astoydil intilgan niyati xolis odam ertadir-kechdir murod-maqsadiga yetishi muqarrar.
Ona yurtingga, ona xalqingga qanday ko‘z bilan qarash kerak — eng muhimi mana shu! Buyuk yozuvchilarning sezgirligi, intuitsiyasi, noyob iste’dodi, butun qudrati, avvalo, shunda bo‘lsa kerakki, ular juz’iy bir voqeada butun jamiyat ahamiyatiga molik mohiyatni ko‘ra oladi.
Gomerni o‘qiganda qadimgi dunyoning afsonaviy manzaralari, Danteni o‘qiganda O‘rta asrlarning badiiy tafakkur ufqlari, Umar Hayyom, Navoiyni o‘qiganda muazzam Sharq donishmandligi, Lev Tolstoyni o‘qiganda XIX asrda favqulodda junbishga kelgan Rossiya, Mixail Sholoxovni o‘qiganda inqilob davrining butun murakkabligi ko‘z oldingda ro‘y-rost namoyon bo‘ladi.
Nima uchun shunday?
Dunyo faqat ikki qutbdan: yaxshi bilan yomondangina iborat emas. Muhimi — yomonni yomondan, yaxshini yaxshidan farqlay olish. Bu ish har xil vositayu bo‘yoqlarnigina emas, avvalo, po‘latdek mustahkam iroda, qat’iy mantiqni talab qiladi.
Klassik adabiyotni o‘qimay, bilmay turib, yozuvchi bo‘lishga intilish hech bir ustaxonani ko‘rmay mohir duradgor bo‘lishni xayol qilish bilan teng.
…Sharq odamlarining badiiy idrok psixologiyasini ham yaxshi bilgan bu o‘qituvchining nasihatlariga amal qilmaslik, nazarimda, men uchun kechirilmas gunohdek edi. Endi bu ustozning o‘zini yaxshiroq o‘rganay, degan qarorga kelib to‘xtadim.
* * *
Qanchalik ko‘p o‘qib, jahon adabiyoti ummoniga teranroq sho‘ng‘iganim sayin rus adabiyoti menga tobora qadrdonlashib boraverdi. Bu adabiyot men uchun eng teran ummon, eng yuksak cho‘qqi bo‘lib ko‘rinaverdi. O‘zim o‘qigan kitoblardagi rus kishilarining eng a’lo xarakterlarida mehribon Agan Sidorovni topgandek bo‘ldim.
Buyuk rus yozuvchilaridan Uspenskiyning ko‘proq statistikaga, Korolenkoning publitsistikaga moyilligi, Lev Tolstoyning avvalboshdan falsafa va tarixga mustahkam tayangani, Turgenevning davrga xos siyosat, zamon oqimiga hamohang asarlar yozgani xususida ko‘p lektsiyalar tinglasam-da, ularning ayrim asarlarini sinchiklab o‘qish natijasida shuni fahmladimki, bu san’atkorlarning hech birini lektsiyada aytilgan ayrim o‘ziga xosliklar bilangina cheklab qo‘yish mumkin emas ekan. Boshqacha aytganda, ularning biriga xos xususiyatlarni ikkinchisida, uchinchisida… ham topish mumkin ekan.
Lev Tolstoy ijodi xususidagi behisob qarashlar orasida, ayniqsa, bir fikr menga manzur bo‘ldi: Tolstoyning buyukligi adabiyot uchun nimadir qilganidagina emas, bepoyon Rossiyani qudratli ko‘zguga aylantirib, Rossiyaning o‘zini o‘ziga va butun dunyoga har tomonlama ko‘rsata olganida. Nazarimda, bu g‘oyat teran ma’noli fikr edi!
Nima uchun Lev Tolstoy o‘z zamonasi uchungina emas, bizning davrimiz uchun ham ijodiy novatorlikning timsoli bo‘lib xizmat qiladi?
Adabiyotdagi novatorlik eski bino o‘rnida tiklangan yangi binoning o‘ziga xosligidek narsa emas. Nazarimda, Lev Tolstoyga xos novatorlikning muhim belgisi — hayotni, odamlar qismatini, xarakterlarni butun murakkabligi bilan bevosita yoritganida, batafsil tasvir va tahlil etganida, ularni oshirmay yo kamaytirmay aynan ko‘rsata olganidadir.
Lev Tolstoyni yaqinroqdan taniganim sayin yuragimni vahima bosaverdi. Adabiyot yo‘lida dastlabki qadamini qo‘yayotgan menday boshlovchi ijodkor uchun san’atkordek bo‘lish u yoqda tursin, u yaratgan asarlarni o‘qib-o‘zlashtirishning o‘zi mushkul tuyuldi. Agar har bir xalqning adabiyotini uning shahodatnomasi deb bilsak, Lev Tolstoy buyuk Rossiyaninggina emas, insoniyat yilnomasida XIX asrning betakror shahodatnomasi bo‘lib qoladi. Sportchilar tili bilan aytganda, Lev Tolstoy so‘z san’atining eng yuksak cho‘qqisiga ko‘tarila olgan alpinistdir.
Xalqidan o‘rganmagan yozuvchi — bemaqsad tentiragan kema. Bunday kemalar adabiyot ummonida, afsuski, oz emas. Ammo Lev Tolstoyni xalqdan o‘rganish va xalqning ruhiy chanqog‘ini qondirishning bemisl namunasini ko‘rsatgan buyuk tolib va buyuk ustoz deyish mumkin. Adabiyot tarixi undan olamshumulroq yozuvchini hali bilmaydi.
* * *
…Bilish jarayonining cheki-chegarasi yo‘q, ammo bilimning chegarasi bor. Odamning bilimi, ma’naviy-madaniy saviyasi uning har bir ishi, xatti-harakati, gap-so‘zida ayon ko‘rinib turadi. Shu tashqi alomatlar orqaliyoq boshqa odamni bila oladigan kishi, bir so‘z bilan aytganda, mutafakkirdir.
Quyosh charaqlab turganida uning qadri bilinavermagandek, adabiyot tarixida ham chinakam mutafakkirni tushunib yetmaslik hollari uchrab turadi. Tushungan taqdirda ham mutafakkirni mutafakkir deb mardona e’tirof etgan odam xususida o‘zini ham buyuklikka daxldor ko‘rsatmoqchi, deb o‘ylash hollari yo‘q emas. Odamni bunday manmanlikda ayblashdan avval har bir davr va uning mahsuli bo‘lmish har bir shaxsga xolisona sergak nazar, ochiq ko‘z bilan qarash malakasini hosil qilish bizni ko‘pdan-ko‘p anglashilmovchiliklardan xalos qilgan bo‘lur edi.
Nechog‘li buyuk bo‘lmasin, har bir yozuvchi, avvalo, tirik jon, o‘z zamonasining vakili.
Odam mehnati bilan odam. U dunyoni o‘ziga xos idrok etish yo‘lidagi muttasil intilishi, betakror ruhiy olami tufayligina odam!
Rus adabiyotining har bir klassigi botiniy to‘lqinlari bor teran ummonga o‘xshaydi. Bu ummonlarda cho‘kib ketish ham mumkin, keng quloch yozib emin-erkin suzish ham mumkin.
Fyodor Dostoyevskiy yaratgan ummon shu qadar teranki, uning har bir asari bilan tanishganingizda, dam yorug‘likda turib qorong‘ulikka qarayotganday, dam zulmat iskanjasidan xalos bo‘lish uchun olis-olislarda miltiragan xira shu’laga talpinayotgandek bo‘ladi kishi! Nazaringda, shu shu’laning naryog‘ida mangu farog‘at o‘lkasi yastanib yotgandek. Takror-takror o‘qiganingiz sari xayolingizni asir etgan manzaralar tobora kengayib, joziba kasb etib, oydinlashib boraveradi. San’atning bosh maqsadi — odamdan odam qidirib topishdir, degan mutafakkir yozuvchi har bir qahramonida odam bolasining nechog‘li muammoligini ko‘rsatibgina qolmay, bu muammoni har bir asarida betakror tarzda yechganiga amin bo‘laverasiz.
* * *
…Gogol asar yozayotganida o‘z quvvai hofizasiga ishonmay, tasvirlanayotgan voqealarga doir tafsilotlarni boshqa odamlardan, do‘st-birodarlaridan so‘rab-surishtirarkan. Mabodo, kim bilandir tortishib qolsa, bahs paytida munosib so‘z topolmay, tezda taslim bo‘larkan. Lekin ertasiga o‘sha bahsni kelgan joyidan davom ettirishni istab qolarkan. Bu odatdan dastlab xabar topganimda Gogolni o‘zimga qiyoslab, o‘zimning ba’zi odatlarimdan faxrlanganlarim hamon yodimda.
Buyuk rus adabiyoti bilan yaqinroqdan tanishish tufayli uning to‘rt burjida qad ko‘targan biri-biridan mahobatliroq, baquvvatroq to‘rt chinor ko‘z oldimda namoyon bo‘ldi: Pushkin, Lev Tolstoy, Fyodor Dostoyevskiy, Mixail Sholoxov. Bu chinorlarning har biri o‘zicha, biri ikkinchisiga daxlsiz tarzda yashnab turgan bo‘lsalar-da, aslida ularning ildizlari rus zaminining tub-tubida o‘zaro tutashib-chatishib ketgan. Bugungi kunda jahon adabiyoti bo‘stonidagi har bir nihol bu chinorlarga havaslanib bo‘y cho‘zadi.
Mazkur to‘rt san’atkor ijodiga doir tadqiqotlar hozir shu qadar behisobki, hatto, nazarimda, ular qalamiga mansub har bir jumla tahlil etilgandek. Biroq hech bir tanqidiy-ilmiy asar bu buyuk mutafakkir san’atkorlar merosining mohiyatiga yetib borolgani yo‘q. Hali-veri yetib borishi ham amrimahol. Bu san’atkorlar bilan tillashmay turib, ijod maydoniga qadam qo‘yish — eshkaksiz qayiqda ummonga chiqish bilan barobar.
Ba’zi qalamkash do‘stlarim o‘z intervyularida Pushkin yo Tolstoy, Dostoyevskiy yo Sholoxov nomini ustoz sifatida tilga oladilar. Buyuk san’atkorlarni ustoz deb bilish yaxshi. Biroq unutmaslik kerakki, ustozdan o‘zmagan shogird emas. Binobarin, ustozining nomiga dog‘ tushirib qo‘yishdan ehtiyot bo‘lmoq, oqibatini o‘ylab maqtanmoq zarurdek ko‘rinadi menga.
* * *
Ko‘z qo‘rqoq, xayol botir… Garchi ko‘p o‘qiganim sayin qo‘rqoqlashayotgan bo‘lsam-da, shoirlik orzusidan ko‘ngil uzmadim. Bilim yurtida yozgan “Tilagim” nomli she’rimni qayta ishlab, yana redaktsiyaga yubordim. Oradan ko‘p o‘tmay, 1951 yilning yozida Nukusdagi markaziy bog‘da joylashgan kutubxonada gazeta-jurnallarni varaqlab o‘tirib, respublika yoshlar gazetasida “Tilagim” degan she’rga ko‘zim tushib qoldi. Bundoq zehn solib qarasam, mening she’rim! Kutilmaganda yuragimni tars yorgudek bu quvonchimni baham ko‘rish uchun yon-verimga qarayman. Aksiga olib biron tanishim uchrasa-chi! Kutubxonachi ayolga: “Manovi mening she’rim!” deyishdan o‘zimni bazo‘r to‘xtatib qoldim.
— Maqtanish yigit kishining ishi emas, — deb ogohlantirardi onam.
Nima bo‘lsa-bo‘lsin, o‘sha gazetani yashirincha qo‘ynimga tiqib, bironta tanishim uchrab qolarmikin, degan umidda bog‘ oralab ketayotgan edim, qarasam, naqd darvoza oldidan ovulimizning Ko‘cha biyi o‘tib boryapti. Quvonchim ichimga sig‘may, salom bergan zahoti qo‘liga gazetani tutqazdim. Ichki sahifani ochib ko‘rgunicha sabrim chidamay, gazetani yozib, familiyam bilan she’rimni barmog‘im bilan nuqib ko‘rsatdim. Ko‘z yugurtirib chiqquniga qadar o‘z kelajagimni qanday tasavvur qilishimni ham aytib ulgurdim. Go‘yo gaplarimni quvvatlayotganday bosh qimirlatib turgan Ko‘cha biyi bir payt menga miyig‘ida kulib qaradi:
— Haliyam shoir bo‘lish fikridan voz kechmadingmi?
— Ie, nega voz kecharkanman? — dedim hafsalam pir bo‘lib.
U andak sukut saqlab turdi-yu, tag‘in savolga tutdi:
— Bu deganimki, shoirlar haqidagi latifani haligacha eshitmadingmi?
— Institutga kelganimdan beri o‘zimizning qoraqalpoq shoirlaridan boshqa Pushkin, Gyote… degan shoirlarning kitoblarini o‘qib yuribman. Jahon adabiyotining ulkan namoyandasi Lev Tolstoyni ham oz-moz bilaman. Biroq shu paytgacha hech biri haqida latifa eshitmadim, — deb noiloj iqror bo‘ldim.
— Men ularingni aytayotganim yo‘q. O‘zimizning qoraqalpoq shoirlari haqidagi bir latifani so‘rab turibman, — dedi Ko‘cha biyi.
— Yo‘q, eshitmadim. Xo‘sh, qanaqa latifa ekan bu?! — deb so‘radim astoydil taajjublanib.
Ko‘cha biyining aytgani: Urush yillarida mahalliy hokimiyat qoraqalpoq shoirlaridan iborat maxsus bir komanda tuzmoqchi bo‘libdi. Shoirlar o‘ta-ketgan vatanparvar xalqmasmi, hammalari: “Yaxshi! Zo‘r!” deb bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashibdi. Aytilgan vaqtda harbiy komissariat oldiga yig‘ilishibdi. Ularni bo‘y-bo‘yi bilan safga tizib:
— Qani, “birinchi, ikkinchi…” deb sananglar-chi! — deyishgan ekan, har bir shoir o‘ziga navbat kelganida “birinchi”, “birinchi” deyaveribdi. Komandir bular tushunmayapti shekilli, deb sanashdan maqsad kimning nechanchi ekanini emas, nechta odam yig‘ilganini aniqlash ekanini aytib bo‘lgach, tag‘in:
— Qani, qayta boshdan “Men birinchi”, “Men ikkinchi”, “Men uchinchi” deb hisob bo‘yicha sananglar-chi! — deb buyuribdi.
Shoirlar yana avvalgidek:
— “Men birinchi”, “Men birinchi”, “Men birinchi” deyaverishibdi. Shunday qilib, desang, qoraqalpoq shoirlarining hech qaysisi ikkinchi bo‘lishni istamagani sababli ulardan komanda tuzilmay, har biri boshqa-boshqa komandaga qo‘shilib urushga ketgan ekan.
…Ko‘cha biyi, o‘zining favqulodda ishtiyoq bilan ilhomlanib aytgan bu latifasi go‘yo butun shaharni kuldirayotgandek, ko‘krak kerib g‘oz turardi. Yashirish ne hojat, qattiq alamim keldi.
— Bu latifani faqat shoirlarga emas, hammaga nisbatan aytsa bo‘laveradi, — dedim andak jahl bilan. — Bu dunyoda birinchi bo‘lishni kim istamaydi?! Masalan, tsexdagi ishchi birinchi bo‘lishga intilmaydimi? Intiladi. Kolxozda brigadir birinchi bo‘lishga harakat qilmaydimi? Harakat qiladi. Boshqa kasbdagilar ham shunday. Butun-butun rayonlar, oblastlar, respublikalar-chi? Hammalari ham birinchi bo‘lishni xohlaydi. Chunki har bir odamning ko‘nglida: “Men birinchi bo‘lishim kerak”, degan yaxshi niyat bo‘ladi. Masalan, mana, men ham birinchi bo‘lgim keladi. Aytaylik, siz ham Ko‘cha biylarining orasida birinchi bo‘lishni xohlaysiz. Bilsangiz, bu nuqson emas, fazilat. Yaxshi niyat — yarim davlat, deb bejiz aytishmaydi-ku, axir. Aslida bu hayot talabi!..
Ko‘cha biyi mening qizishib uqtirishlarimdan mamnun bo‘lib:
— Gap shoirlar haqida ketayotgani uchun aytdim-qo‘ydim-da! — dedi o‘zini oqlamoqchidek.
— Shoirlarning quroli — so‘z! — dedim yana bo‘sh kelishni istamay. — Bilasiz, ko‘pincha bir so‘z bir necha ma’noni anglatadi. Men sizga hozir “Yomonsiz” desam, o‘ylanib qolasiz. Sababi shu birgina so‘z bilan sizni tuproqqa qorishtirish ham, ko‘kka ko‘tarish ham mumkin. Shoirlarning so‘z tizishi g‘isht terishdek oson emas. Usta shogirdga: “o‘ishtni qiyshiq qo‘yibsan-ku”, deb tanbeh bersa, u xafa bo‘lmaydi-ku, to‘g‘rimi? Shoirlarning o‘zaro talashib-tortishishlariga ham shunday ko‘z bilan xolisona qarash kerak. Ular bir-birini ko‘pincha matbuot orqali tanqid qiladi. Ayrim so‘zlarni noo‘rin qo‘llab, ba’zi fikrlarni chalkashtirganini aytadi. Bu bir-birini kamsitgani emas, aksincha, bir-biriga o‘rgatib, xatolarni tuzatishga chaqirgani.
— Shoirlar bir-birlarining kamchiliklarini matbuotda yozib chiqquncha yuzma-yuz turib ayta qolsa bo‘lmasmikin? — deb so‘radi Ko‘cha biyi andak yuvvosh tortib.
— Shunday qilsayam bo‘laveradi. Biroq gap allaqachon chop etilgan asar haqida ketadi-da. Asar matbuotda e’lon qilindimi, unga muallif javobgar bo‘lsa-da, endi ko‘pchilikning mulkiga aylanadi. Ko‘pchilikning mulkidagi kamchiliklar yana matbuotda ko‘pchilikka ochiq-oshkor aytilishi kerak, — dedim.
— Aytmoqchi, shoirga qalam haqini qanday to‘lasharkin? — deb so‘radi u dabdurustdan o‘zgarib.
— Hozircha olib ko‘rmadim-u, biroq bir shoir tanishim har satriga o‘n so‘mdan (1961 yildan beri — bir so‘mdan) pul olganini, bu eng kam narx ekanini aytgan edi, — dedim.
— Eng ko‘pi qancha ekan? — deb so‘radi u.
— Har satriga yigirma so‘mgacha (hozir — ikki so‘mgacha) to‘laydi, deyishadi.
— Kuniga nechchi satr yozsa bo‘ladi? Sen, masalan, manovi yigirma satr she’ringni qancha vaqtda yozding?
— Bir kechada, — dedim jo‘rttaga.
Ko‘cha biyi kutilmaganda o‘zgarib:
— Yursang-chi, ovqatlanaylik, — deya taklif qilib qoldi. Iltifotiga ko‘nglim bo‘y bermay, istab-istamay turganimni sezdi, shekilli:
— Katta shoir bo‘lib, boyib ketganingda qaytararsan. Hozircha talabaning bir to‘ygani — chala boyiganimi. Yur, mening hisobimdan restoranga kiramiz, — deb qistalang qilaverdi.
Noiloj (bajonidil) rozi bo‘ldim.
Restoranda quloqlarni qomatga keltirar darajada orkestr sadolari yangrayotgan ekan. Ko‘cha biyi joylashibroq o‘tirgach, bir muzikantni oldiga chaqirib, qo‘liga o‘ttiz so‘m berdi va bizlar ovqatlanib bo‘lgunimizcha chalmay turishlarini iltimos qildi. Cholg‘uvchi lom-mim demay ortiga burilib ketdi-yu, bir ozdan so‘ng yana qoshimizga kelib, Ko‘cha biyiga oltmish so‘m uzatdi. Ko‘cha biyining yuzi duvva qizardi, biroq pulni olmadi.
Orkestr muzikasini davom ettirdi.
— Ko‘rdingmi, muzikachilar qanchalik madaniyatsiz, — deb po‘ng‘illadi Ko‘cha biyi.
Shu orada turkmancha kuy chalinib qoldi.
— Turkmanlar muzika bobida bizdan ortda qolib ketgan, — dedi u ijirg‘anib. — Eshityapsanmi, yoqimsiz-a?
— Sizga qaysi xalqning kuylari yoqadi o‘zi? — deb savoliga chap berish uchun o‘smoqchiladim men.
— Zo‘r kuylar qoraqalpoqlarda-da! — dedi u jo‘jaxo‘rozlardek ko‘krak kerib.
Men o‘zimning musiqa bobidagi qarashlarimni bayon qilib, aksincha, bizning bastakorlarimiz ortda sudralib qolayotganini aytmoqchi, ular bastalagan kuylar zo‘r bo‘lganida boshqa yurtlarda ham ijro etilmasmidi, demoqchi edim… Ko‘cha biyi hisob-kitob uchun ofitsiantka ayolni chaqirib qoldi.
Tashqariga chiqdik. O‘tmish adabiyoti klassigiga o‘rnatilgan haykalning naqd boshida o‘tirgan qarg‘ani menga ko‘rsatib:
— Shuyam yodgorlik bo‘libdi-yu! — dedi masxaraomuz kulib. — Bu armonli dunyoda o‘zidan mangulik xotira qoldirishni istovchilar juda ko‘p ekan-da, a? Men, masalan, o‘zimga haykal o‘rnatishlarini hecham istamasdim. Manavinday boshimga qarg‘a o‘tiradigan bo‘lsa, haykalning nima keragi bor? Sen ham shoirlikni havas qilganingda vaqti kelib o‘zingga haykal o‘rnatishlaridan umidvor bo‘lsang kerak-da?!
Men unga javob bermay, haykalning boshiga qo‘nib turgan qarg‘ani hurkitib yubordim-da, shahar tashqarisiga chiqadigan avtobuslar bekati tomon yurdim.
— Shoir klassikka aylanishi uchun uning kamchiliklaridan bexabar hamma tanish-bilishlari o‘lib ketishi kerak, — bilag‘onlik bilan dedi Ko‘cha biyi ortimdan ergashib kelar ekan. So‘ng tag‘in meni savolga tutdi:
— Qani, ayt-chi, she’r emas, oddiy so‘z bilan yozganlarga qalam haqini qanday to‘lashadi?
— Bilmasam. Har qalay, hajmiga, harflar soniga qarab aniqlashadi, deyishadi. Masalan, qirq mingta harf bir bosma taboq bo‘larkan, — javob berdim indamaslik odobdan bo‘lmas, deb o‘ylab.
— Demak, harflarni ko‘paytiraverish kerak ekan- da! Bunaqa ekan, sen oddiy so‘z bilan yozishga o‘tsang bo‘larkan.
— Nasriy asar yozishni uddalay olishimga hozircha shubham bor, — ochig‘ini tan oldim.
— O‘ylaringni she’riy yo‘l bilan yozish osonmi yo qora so‘z bilanmi? — deya yana o‘smoqchiladi u.
— Bir xil polvonlarning o‘ng qo‘li kuchliroq, bir xillari, aksincha, chapaqay bo‘ladi. To‘g‘ri, shunday polvonlar ham borki, ularga o‘ng-chapi barobar. Yozuvchilar ham shunaqa: kimdir she’rga, kimdir nasrga usta, — dedim.
— Ie, unda Yo‘lmirza Oymirzayev adabiyotda o‘ngi-chapi barobar polvon ekan-da! — deya u yana meni masxaralab kula boshladi. — Demak, sen ham Yo‘lmirza Oymirzayev bo‘lmoqchi ekansan-da, a?
— Mening Gyote yo Pushkin, Balzak yo Tolstoy, Xeminguey yo Sholoxovdek bo‘lgim keladi, — dedim masxaraomuz kulgidan og‘rinib.
— Bunday qayoqdagi notanish odamlarga ergashib o‘zingni pastga urma, — dedi u endi menga sidqidildan joni achiyotgan mehribon aka qiyofasiga kirib.
Avtovokzalda Ko‘cha biyi chiqishi kerak bo‘lgan avtobus hali yo‘q ekan.
— Shu paytgacha ovulimizdan shoir chiqmagan edi, — deya gapni gapga ulab ketdi u. — Bundan keyin senga maslahat berishga ham jiddiyroq tayyorlanish kerakka o‘xshab qoldi. Hozircha bir-ikkita yengil-elpi maslahatimni aytib tursam maylimi?
— Maslahat tosh emas, ko‘taraversa bo‘ladi, — dedim men.
Ko‘cha biyining maslahatlaridan:
Bu dunyoni yolg‘onchi deydilar. Yolg‘onchini esa, faqat yolg‘onchi yenga oladi.
Odamning nodonligini ko‘ra-bila turib, unga maslahat beraverma, vaqti kelib o‘zining xatosi uchun ham seni ayblaydi.
Ko‘pchilikning ishi uchun aybdor sanalsang xafa bo‘lma, o‘zingni bardam tut. Yashin ham, avvalo, mevali daraxtga tushadi.
Yolg‘iz chopganida yugurik ko‘ringan otni maqtashdan ehtiyot bo‘l! Yugurik ot ko‘pkarida ma’lum bo‘ladi.
Yukni nor ko‘taradi. Qatorda noring bo‘lsin, biroq boshqalarning yukini ko‘tarishdan hech qachon bo‘yin tovlama.
O‘zingda boshqalarni, boshqalarda o‘zingni ko‘r. Biroq o‘zingnimas, o‘zgalarni ko‘proq avayla. Pichoqni avval o‘zingga ur, og‘rimasa do‘stingga ur, degan xalq maqoli bejiz aytilmagan.
Xafa bo‘lsang, sababini o‘zingdan axtar. Xursand bo‘lsang, sababini boshqalardan axtar…
Qoraqalpoqchadan Rahimjon Otayev tarjimasi.