Tetsuo Miura. O‘n besh yoshligim (hikoya)

Bir vaqtlar men o‘lim oldidan vidolashuv maktubini yozgan edim. Aslida, jonimga qasd qilish niyati yo‘q edi. Faqat meni o‘ldirishlari mumkin, degan fikr tinchlik bermasdi.
Umuman olganda, sal-pal mubolag‘a qilyapman. Men uni o‘zim bilib-bilmay, ruhiy tushkunlik paytida hech kutilmaganda narigi dunyoga jo‘natishadi, deb qo‘rqqanimdan yozganman. Shunda o‘n besh yoshga to‘lgan edim.
Bir kuni tongga yaqin dahshatli gumbur-gumburdan uyg‘onib ketdim. “Er qimirlayapti”, deb o‘yladim men, o‘rnimdan turib derazani ochdim. Shundoq ko‘z oldimda osmonda yaltiroq qora shayton quloqni bitiradigan darajada chinqirib, shiddat bilan uchib kelmoqda edi. Ko‘z ochib-yumgunimcha u yaqinimizdagi baland uy orqasida g‘oyib bo‘ldi, biqinidagi oppoq yulduzlarni arang payqay oldim. Tungi kimonomni mahkam ushlab derazaga chiqdim, tunuka ustidan emaklab o‘tib, devor yoniga keldim va bog‘chaga sakrab tushib, o‘zimni bombadan panaga urdim. U yer juda qorong‘i edi, hech narsani ko‘rmay, chuqurga dumalab tushdim va devorga boshim bilan urildim.
O‘zimga kelib, darhol chuqurdan chiqib, uyimiz tomon qarab qichqirdim: “Havo hujumi! Qochinglar!” Ovozim boricha baqirdim, deb o‘yladim o‘zimcha. Ammo tomog‘imdan hech qanday tovush chiqmadi. Bu urush tamom bo‘lishidan bir oy oldin bo‘lgan edi. Shu paytlar men ikkinchi qavatda chordoqda turar va dengiz aviatsiyasining kichik zobiti bo‘lish uchun zo‘r berib tayyorgarlik ko‘rmoqda edim.
Men kirmoqchi bo‘lgan uchuvchilar maktabi Ichki Yapon dengizidagi kichik orollardan birida joylashgan edi. Men bu orolchani hech qachon ko‘rgan emasman, ammo u ikki marta tushimga kirgan. Tog‘da oqlangan kazarma yaltirab turar , tomi ustida shoyi bayroq shamolda hilpirar edi. To‘g‘rirog‘i, mening hayolimda tushimdagilar bilan o‘ngimda bir martagina ko‘rganim aerodromdagi manzaralar qorishib ketgandi. Men ana shu maktabda o‘qishni xohlardim. “Dengiz uchuvchisi bo‘laman – deb hayol surardim, – o‘ylab o‘tirmasdan kichkina samolyotimni to‘g‘ri dushman kemasining dudburoniga uraman”.
Men o‘lishga tayyorlanar edim. Dastlab hamma qatori o‘lmoqchi bo‘ldim, ammo yaxshilab o‘ylaganimdan keyin, bizga ta’lim berishganidek, munosib o‘lish kerak, degan to‘xtamga keldim. Halokat damlari yaqinlashmoqda, yuragimda qonim jo‘sh uradi. Men o‘limdan qo‘rqmaydigan bo‘ldim. Kechalari to‘shakda ko‘zlarimni yumib yotar ekanman, qanday o‘lishimni tasavvur qilardim. Bular yorqin manzaralar bo‘lib, vujudimni hayajonga solar, ruhim tantana qilar edi.
Bulutlar ichidan chiqib, dushman kemasiga hujum qilaman. Tuman. Yorug‘lik. Moviy dengiz. Qamish yopilgan qayiq. O‘yinchoq kema. Shiddatli shamol. Nurlar jozibasi. Oppoq gullar. Tutun ustuni. Qulog‘imda sirenaning uvillashi. U kuchayib boradi. Kema. Oq tutun. Qora tutun. Vulqonning halqumi. Olov girdobi. Yorqin alanga. Ana shu daqiqada yumilgan kipriklarim ustiga pag‘a-pag‘a oppoq qor uchqunlari qo‘ngandek bo‘ladi. Ular olchaning gulkosachalariga o‘xshaydi. Kulga o‘xshaydi. Va albatta, vujudimdan qo‘shiq otilib chiqadi: “Dengizga qaragin, murdalar suzar” bu qo‘shiqni ichimda kuylar ekanman, har safar yig‘lar edim va qushday yengil tortib, tinch uxlardim.
Urush tamon bo‘lishi arafasida so‘nggi bir oy ichida dengiz aviatsiyasi shahrimizga tinimsiz hujum qilib turdi. Keyin xavf-xatar bizdan uzoqlashganini seza boshladik.
Shaharning g‘arbiy chekkasida harbiy aerodrom joylashgan edi. Qarama-qarshi tarafida laxtak-laxtak sholizorlar orqasida harbiy zavod ishlab turar edi. Chamasi, barcha hujumlar ularga qaratilgandi. Dengiz tomonidan katta tezlikda uchib kelgan dengiz bombardimonchilari zavod hududiga bomba tashlar, so‘ng shahar ustidan pastlab o‘tib keskin burilar va yana tsexlarga qarab uchar edi.
Ular huddi o‘pkasini to‘ldirib nafas olayotganga o‘xshab, shahar ustida katta doira yasab, ikki-uch marta aylangandan keyin qaytib ketardi. Shahar osmoni ular uchun go‘yo dam olish maskani bo‘lib qolgan edi. Ba’zan samolyotlar g‘oyib bo‘lgandan keyin shahar ustiga avtomat to‘plarning snaryadlaridan bo‘shagan yaltiroq gilzalari yog‘ilardi. Hayriyatki ular hech kimga ziyon-zahmat yetkazmadi.
O‘n kun o‘tdi, yonimizdagi baland imorat tomidan ko‘rinib turadigan zavodning yarmi vayron bo‘lganini hisobga olmaganda shaharda katta talafot yuz bermadi. Ayni zamonda samolyotlar turadigan bino g‘alvirdek ilma-teshik bo‘lib ketgani haqida ko‘p gapirishardi. Yana bir hodisa menga juda dahshatli tuyuldi, buni bir ishchi aytib bergan edi: bombardimon paytida zavoddagi katta tsisterna yorilib, sulfat kislotasi bombaxona to‘sig‘idan oshib o‘tgan va bu yerga yashiringan kishilardan yigirmatasi bir zumda nom-nishonsiz yo‘q bo‘lib ketgan.
Har holda atrofimda yashaydigan odamlar sog‘-omon, lekin bu vahimali tuyulardi. Qandaydir quvnoq ruh hukm surardi. Barcha odamlar yuraklarni tog‘dek bosib yotgan dardni yo‘qotishga o‘zicha harakat qilardi. Ko‘pchilik esa o‘z qismatiga shukur qilib yashashga moyil. Ular tomlarning tepasiga yoki baland daraxtlar ustiga chiqib olib, qo‘ni-qo‘shnilariga shaharga yomg‘irdek yog‘ayotgan snaryadlar hosil qilgan manzaralarni tinmay og‘iz ko‘pirtirib so‘zlardi.
Men hujum payti xonamdan jilmaslikka ahd qildim. Agar ba’zilar o‘ta qiziqqonligi yoki tomoshaga ishqibozligi tufayli ofat bilan o‘ynashgan bo‘lsa, kamina o‘lishga ishtiyoqim zo‘rligidan hamma narsaga tupurgan edim. Dastlab, kutilmagan holatlardan chalg‘idim, so‘ngroq havo hujumiga qarshi mudofaa kuchayib, tashabbusni qo‘lga olgach, vahimali hujumlardan qo‘rqmaydigan bo‘ldim. Dushman samolyotlari, odatda, ertalab uchib kelar, gohida kunbotarda paydo bo‘lib qolardi. Sirenalar uvillab, havo hujumidan ogohlantirardi. Biz bo‘shashmasdan: “Kelib qolishdi!” – deb sakrab turardik-da, duch kelgan tomonga tarqalib ketardik. Kimdir pana joyga, kimdir baland temir-beton uyning yerto‘lasiga yugurib qolar, men g‘ijirlab turadigan zinapoyalardan ikkinchi qavatdagi xonamga yugurib chiqardim. To‘g‘risini aytsam, xonamni bombapanaga aylantirib olgandim. Tokcha bilan devordagi shkaf orasini ikkita bordon bilan to‘sib, fusuma orqasiga ikki tabaqali kitob javonini surib qo‘ygandim, o‘rtada o‘zim o‘tadigan tor yo‘lak qolgan. Shunday qilib, boshim ustida tatami, yonboshimda taxta meni himoya qilar, devor shkafining osti ayvon tagidagi yerto‘laga o‘xshab ketardi. Bu yerga kichkina stol, stol chirog‘i o‘rnatib, yana bir qancha buyumlarni taxlab, xohlaganimcha ishlashim mumkin bo‘lgan uya yasab oldim. Inglizcha kitoblarni o‘qir, handasa masalalari ustida bosh qotirar, hujum mahali ovozim boricha qichqirib, harbiy qo‘shiqlarni aytar, taxtaga musht tushirardim.
Shu kuni ham odatdagidek havo hujumi bo‘ldi. Bog‘ burchagidagi salqin joyda qurigan isago guli urug‘larini kaftimda o‘ynatib o‘tirar edim. Nogoh havo hujumidan xabar beruvchi sirena uvillab qoldi. Odatdagi hujumlardan biri boshlandi. Havo issiq. Ikkinchi qavatga ko‘tarilishdan oldin yuqoriga qaradim, baland binoga ko‘zim tushdi. Uning qavatlari silliq kesilib, ustma-ust taxlangan chaqmoq qandlarga o‘xshab turar, yaltirab ko‘zni qamashtirardi. “Shu tomonga borsam-chi?” – deb o‘yladim. Keyin o‘zimcha shivirladim: “Hozir boraman”. Orqa eshikdan chiqib, ana shu baland uyga qarab yugurdim. Kallamga boyagi fikr qay go‘rdan keldi o‘zi, hayronman. Oxirgi paytlarda bino yerto‘lasida bizga yaqin uylardagi aholi yig‘ilmoqda, degan gap tarqaldi. Sababi, u yer boshqa pana joylarga qaraganda salqin hamda xavfsizroq edi. Uyga kirishim bilanoq buni his qildim, yerto‘ladan ovozlar eshitilar – chamasi, o‘ttiztacha odam kelgandi.
Ostonada qo‘shnimizning qizchasi Kaokoni uchratdim, u aftini burishtirdi:
– Nihoyat, siz ham keldingiz-a!
– Havo issiqligi uchun.
Qorong‘i yo‘lakdagi zinapoya pog‘onasiga o‘tirdim.
– Sizni javonga bekinadi deyishadi. Shu gap rostmi?
Savolning javobiga indamay, jilmayib qo‘ydim, xolos. Ancha vaqt ikkovimiz ham churq etmadik.
Har safar yer silkinganda yerto‘ladagi havo ham tebrangandek tuyulardi. Osmonda aylanayotgan dushman samolyotlarining motori qo‘ng‘izlar g‘o‘ng‘illashini eslatadi. Ba’zan it uvillashiga ham o‘xshaydi. Shiftdan usti-boshimizga qum to‘kildi. Kaoko men tomonga surilib, qo‘limni qattiq ushlab oldi. U bombardimon tamom bo‘lguncha meni quchoqlab o‘tirdi. Shovqin-suron tindi. O‘rnimdan turdim. Kaokoning qo‘llari yelkamdan pastga sirg‘alib tushib, barmoqlarim ustida to‘xtadi.
– Urush tugasaydi… – dedi u pastdan menga tikilib.
– Oho, – qo‘limni tortib oldim, chunki ungacha o‘lishim tayin.
Erto‘ladan chiqib, sekin quyosh nuri tushayotgan uyimizga qarab yurdim, oftobdan boshim aylanib ketdi. Quduq oldida qo‘llarimni yuvayotganimda qo‘shnimiz Gen-san paydo bo‘ldi.
– Baribir tushdi-ku! – dedi u menga tirg‘alib. – Pana joyda o‘tirgan edim, birdan portlab qoldi-ku! Ana, mo‘ljalga urdi deb o‘yladim! Yaxshiyamki, sog‘-omonsan.
Bir stakan suv ichdim.
– Snaryadmikin… deb qo‘rqdim, – davom etdi Gen-san.
Men unga tikildim.
U bilan gaplashishni yoqtirmasdim, uyimga qarab ketdim. Gen-san esa izimdan ergashdi. “Muncha menga yopishib oldi?” – o‘ylardim dilimda. U ellik yoshlarni qoralab qolgan, guruch do‘konida ish yurituvchi bo‘lib ishlardi. Kap-katta kishini qanday qilib do‘stlarim qatoriga qo‘shmaman, axir? Uyga kirishimdan oldin orqamga o‘girildim – har ikkimiz bir-birimizga sinovchan tikildik.
– O‘zingni ehtiyot qil, – dedi u. – Qachon va qayerda o‘lishingni Xudo biladi. Qochgin deyishdimi – tamom, qochishing kerak. Joningni saqlab qol.
Gen-san har bir so‘zni aytganda boshini qimirlatib qo‘yardi. U nasihatini tamomlab, orqa eshikdan chiqib ketdi. “Kim o‘zi bu?” – yana o‘yga cho‘mdim va esankiragan holda zinadan ko‘tarildim.
To‘siqni surib, shift o‘rnida bir bo‘lak ko‘m-ko‘k matoni ko‘rgandek bo‘ldim. Sinchiklab qarasam, osmon ekanligini angladim. Go‘yo chetlari yirtilgan, aylanasi bir metr keladigan moviy osmon parchasi. Ikkita to‘rtburchak taxta tuynuk yonida nochor osilib turibdi. Poldagi to‘shamaning usti mayda snaryadlar bilan to‘lib ketgandi. Nazarimda, bosiq qichqirdim, aslida, bu qichqiriq emas, ichimdan chiqqan nafasim edi, uni hayratga tushishimdan oldin chiqargandim. Tashqaridan biron kishini chaqiray deb deraza oldiga keldim va nogoh qo‘lim romga sanchib qo‘yilgan yo‘g‘on, ignasimon yaltiroq ma’dan bo‘lagi – snaryad parchasiga tegdi. Ko‘kragimdan g‘amgin bir nido otilib chiqqandek bo‘ldi. “Gen-san!” deb qichqirib yubordim men. Xonani to‘ldirib turgan o‘lim havosidan bo‘g‘ilib, harakatsiz qotib qoldim.
Gen-san haq ekan. Shubhasiz, bu o‘zi otar zambarakning snaryadi edi. U tunukani teshib o‘tib, shift taxtalarini parchalab tashlagandi. Hamma yoq son-sanoqsiz snaryad parchalariga to‘lib ketgan. Ular ustunlar, bordonlar, devorlar, patnislarga sanchilib, tomdagi tuynukdan o‘tayotgan quyosh nurida sovuq yaltirab turardi. Derazaga orqa o‘girganimcha, nafasimni ichimga yutib, nima hodisa ro‘y berganini bilayin deb jim turib qoldim. Keyin negadir oyoq uchida ohista yurib, tokcha yoniga bordim. Tokchaga tirab qo‘yilgan jovondan o‘tkir tirnoq izlariga o‘xshagan uchta chandiq ko‘rdim. Snaryad parchalaridan biri tokchadagi to‘siqni teshib o‘tayotganda tezligini yo‘qotgan, shekilli, men boshimga qo‘yadigan yostiq ustiga tushgan edi. Boshqa ikkita snaryad parchasi javonning yon devorlariga chuqur kirib borgandi. Men sovuq bomba parchasini qo‘limga oldim, keyin odatdagidek joyimga yonboshladim. “Har galgidek mana shu yerda qolganimda nima bo‘lardi?” – deb o‘yladim butun badanimdan chumolilar o‘rmalayotganini his qilgancha. Juda g‘alati hodisa edi! Snaryad qoldiqlarining to‘siqdagi izlariga qaraganda, bir bo‘lagi ko‘kragimning chap tomoniga sanchilishi, ikkinchisi o‘ng tomonini majaqlashi aniq edi. Uchinchisi, chamasi, chap yuzimni sixdek teshib o‘tib, tishimga qadalib qotib qolardi. Ancha vaqtgacha tushimda dahshatli manzaralarni ko‘rayotgandek o‘tirib qoldim.
Shu kuni men o‘z xonamga emas, baland binodagi yerto‘laga shunchaki borib qolgandim. Aftidan, snaryad ham mening xonamga mutlaqo tasodifan tushib qolgan, shekilli. Uchuvchi aynan shu uyda kelajakda qobiliyatli zobit bo‘ladigan bola yashayotgani haqida ma’lumot olib, nishonni shunga to‘g‘irlashi mumkin emas. Uchuvchi ham yosh bo‘lsa kerak. Balki, shu kuni birinchi marta uchgandir. Birinchi hujumdayoq mo‘ljalni aniq olganidan quvonib yuragi dukullab urib, hayajon ichida shahar ustidan xotirjam aylanib o‘tgan va hech shoshilmasdan o‘z kemasiga qo‘ngandir. Uni quvonch bilan kutib olishadi, og‘aynilari sharob tutishadi, tog‘dek uyulgan pishloq orasidan bir bo‘lagini olib, gazak qiladi, o‘zidan mamnun bo‘lib, tugmachani shunchaki bosib yuborganini eslaydi. Haqiqatan ham xuddi shunday bo‘lgan. O‘zimiz ham yuksak kayfiyat bilan sayrga chiqqanimizda yetti qavat osmondagi muhtasham qasrlarni orzu qilib, yo‘lda oyog‘imiz ostidagi toshlarni tepib o‘tamiz-ku!
Shunda birdan Kaokoni esladim. Bugun birinchi marta gavdasining og‘irligini va nafas olayotganda dimog‘imga urilgan ter hidini his qildim. O‘zimni qonga belangan, po‘lat snaryad bo‘laklari majaqlab tashlagan, tili osilib qolgancha Kaoko bilan sovuq devor o‘rtasida o‘tirganimni ko‘rgandek bo‘ldim.
Gen-san bilib gapirgan ekan – qachon va qayerda o‘lishing bir Xudoga ayon, o‘lim har doim shundoqqina yoningda og‘zini ochib tayyor turadi. Aftidan, men hali ham tasodif yoki favqulodda holat deb ataladigan sirli hodisalar mohiyatini anglab yetmaganga o‘xshayman. Falokat bilan kulfatlar har qanday to‘siqlarni chetlab o‘tib, hech kutilmaganda boshimizga yopirilaveradi. Bu kashfiyotimdan titrab ketdim. Ko‘zimning bir chekkasida tubsiz bo‘shliqni ko‘rdim, chog‘i. Yo‘q, o‘limdan qo‘rqmas edim. Meni foydasiz, samarasiz o‘lib ketish tashvishga solardi.
Kechasi vidolashuv maktubini yozdim. Uni qattiq hayajon ichida qog‘oz o‘ramiga qora siyohda yozdim.
“Otam, onam hamda menga g‘amxo‘rlik qilgan barcha yaqinlarimga, – deb boshladim. – Hozir tuturiqsiz gaplarni yozmoqchiman. It yoki mushukka o‘xshab behuda o‘lib ketishni istamayman. Bunday o‘limga toqatim yo‘q. Ammo seni qachon va qayerda o‘ldirishlarini bilmaysan. Shu tufayli mazkur vidolashuv maktubini yozdim. Sizlarga shularni aytishni xohladim”.
Qaysargina bola edim. Istagimni bajarmagan yaqinlarimni ko‘rishga toqatim yo‘q edi. Bolalikdan yorqin xotiralar bilan birga juda ko‘p erkinliklarim, o‘ziga xos qiliqlarim hayolimning bir chekkasida mustahkam o‘rnashib qolgan; yil o‘tgan sari ular ich-ichimga chuqur kirib bormoqda, yaqinda butun yuragimni egallab olsa kerak. Shuning uchun men, o‘zim orzu qilgandek, dengiz uchuvchisi bo‘lsam, qandaydir jasorat ko‘rsatib vatanim uchun jon fido etsam, jasadimga qo‘shilib barcha gunohlarim ham yo‘qolar, ota-onam oldida yuzim shuvut bo‘lishidan qutilar edim. Tan olamanki, vatan yo‘lida o‘lish orqali bu dunyoni tark etish men uchun ezgu orzuga aylanib qolgandi; faqat o‘lim orqali ruhim poklanadi deb o‘ylar edim, men.
Barcha bemaza qiliqlarimni batafsil ta’riflaganimdan keyin vidolashuv maktubini o‘limdan ko‘ra ikki karra og‘irroq bo‘lgan tavba-tazarrular bilan tugatdim. Xatni naychaga o‘xshab o‘rab, xatjildga joyladim. Xat tsilindr shakliga kirdi. Ustini oq doka bilan o‘rab, dokani tez yordam qutisidan oldim, stol ustiga qo‘ydim. Unda o‘z suyagimni ko‘rayotgandekman. O‘n besh yillik umrim mana shu o‘ram ichiga joylandi. Vujudim ipak qurti teshib chiqqanidan keyin ichi bo‘shab qoladigan pilla donasiga o‘xshab qoldi.
Derazalarni ochib, deraza raxiga o‘tirdim-da oyoqlarimni likillatib, hushtak chala boshladim. Sokin tun, yulduzlar hozir uchib kelib qo‘limga qo‘nadiganday tuyulardi.
Urush kutilmaganda tugadi.
Eshittirish tamom bo‘lgandan keyin kimdir qulog‘im ostida “Yutqazdik!” dedi. Men o‘girilib qaradim. Orqamda keksa dorixonachi turardi. U qattiq yumilgan ko‘zlarini sekin ochib, yuzimga tik qaradi. Men xijolat tortib jilmayishga urindim. Qariya menga e’tibor bermay, uzoqlarga tikilib turib, juda sekin “Yaponiya yutqazdi!” deb takrorladi. U huddi sekin nafas olayotgandek gapirdi, ammo hech kim kutmagan bu so‘zlar meni karaxt qilib qo‘ydi. Go‘yo katta muz bo‘lagi ko‘ksimga kelib urilganday. O‘zimni qo‘lga olib qariyaga bosh silkib qo‘ydim-da, do‘kondan jimgina chiqib, birdaniga tinchib qolgan ko‘cha bo‘ylab kuchim boricha uyimizga qarab chopib ketdim.
Uyga kirmasdan orqa hovlidagi zaytun daraxti tagiga bordim. Uning qalin butoqlari yerga quyuq soya solgan edi. Daraxt tanasiga suyanib, tizzamni quchoqlab o‘tirdim. Ombor ustida beg‘ubor osmon ko‘rinib turardi. “Naqadar tiniq!” – deb o‘yladim va sekin shivirladim: “Yaponiya yutqazdi…” Chumolilar yana yelkamdan o‘rmalab o‘tdi. Bu so‘zlar meni dov­diratib qo‘ydi. Shu paytgacha buni hech kim o‘ylamagandi.
Yutqazdik. Demak, urush tugapti-da? Buni tan olish uchun qancha vaqt kerak? Anglab yetganimdan keyin kaltafahmligim meni hayratga soldi. Ko‘zimni uzib, atrofimdagi tovushlarga e’tibor berdim. Quloqni bitiradigan darajadagi sukunat nimani anglatadi? Kechagi kungacha hamma narsa boshqacha edi. “Kecha va bugun. Kecha bugun”, – shivirladim o‘zimcha.
“Nima bo‘lganda ham men o‘lmay qoldim. Endi meni hech kim o‘ldirmaydi. Sababi, urush tugadi-da. Bundan keyin nima bo‘ladi? – shosha-pisha xayolimdan o‘tkazib, gangib qoldim. Modomiki, o‘lmas ekanman, yashashdan boshqa iloj yo‘q. Yana qancha yillik umrim bor, kim bilsin? Faqat o‘n yil bo‘lmasa kerak! Tasavvurimda yerdan osmonga ko‘tarilib ketayotibman. Bunchalik uzoq yashayman deb o‘ylamagandim. Hammamiz uzoq umr ko‘rishni uyat hisoblaganmiz. Bolaning hayoti olcha guliga o‘xshaydi, umri qisqa, deb o‘rgatishgan edi. Shunga ko‘ra, biz ikki-uch yil ichida o‘lib ketishga ishonganmiz.
Hayotning o‘n yili! Jomadondan vidolashuv maktubini oldim – u bombapananing bir burchagiga yashirib qo‘yilgan edi. Uni kechki ovqat pishirilayotgan o‘choq ichidagi olovga tashladim. Ko‘tarilgan tutunga qaradim, qalbim oppoq qog‘ozdek toza bo‘ldi. O‘lim uzoq-uzoqlarga g‘oyib bo‘ldi. Endi nima uchun yashashim noma’lum. Kechagi kungacha o‘tagan hayotim xuddi tushdek bo‘lib qoldi. Men o‘limni ham, vidolashuv maktubini ham unutdim. Kaoko ham meni unutgan bo‘lsa kerak. Hayotimning o‘n besh yili tagi tushub ketgan bochkadagi suvdek oqib ketdi. Endi uni qaytarib bo‘lmaydi. Kutilmaganda oldimda ochilgan chek-chegarasi, qirg‘oq-kanorasi yo‘q kenglikda o‘ylab-netib o‘tirmay suzishdan boshqa ilojim qolmadi.
Bizning shaharga ham istilochi askarlar kirib keldi, men darhol ularga qiziqib qoldim.
Bir yil o‘tgach, ko‘klam oyida amakimlarnikiga ko‘chib bordim. Urushdan keyingi alg‘ov-dalg‘ovlar ichida otamning ishlari yurishmay qoldi, oilamiz ma’lum muddat ichida yaqinimizdagi bir qishloqda evakuatsiyada yashashga majbur bo‘ldi.
Shahar markazida amakimning do‘koni bor edi. Unda asosan gazmollar sotilardi. Urush yillarida bu uch qavatli magazin binosi musodara qilinib, yog‘ochdan yasama samolyotlar ishlab chiqariladigan korxonaga aylantirilgan edi. Urushdan keyin u istilochi askarlar ixtiyoriga o‘tdi. Amakim magazinni qayta ochishga urinib ko‘rdi, ammo uddalay olmadi. Do‘kon binosi tanib bo‘lmaydigan darajada o‘zgarib ketdi. Uni naridan-beri ta’mirlashib, askarlarning ko‘ngilochar uyiga aylantirishdi. Birinchi qavatida pivoxona, ikkinchi qavatida o‘tinxona ochildi.
Men turadigan xona do‘kon orqasidagi istiqomat uyining ikkinchi qavatida edi. Avval bu yerda amakivachcham yashagan. U urush tugashidan bir yil avval halok bo‘lib, xotini Mami ikkita jajji o‘g‘ilchasi bilan qolgan edi. “P” simon shaklli tor yo‘lak ko‘rinib turardi. Esimda bor, bolaligimda bu yo‘lakka kattagina tosh ko‘tarib kirganimda amakivachcham meni qattiq koyigan edi. Hozir bu yo‘lak oppoq chiqindi qog‘oz bo‘laklariga to‘lib ketgan, ular moxlar orasida, qurigan irmoq o‘zanida va daraxt butoqlarida ham osilib yotardi. Derazaning o‘ng tomoni, ilgari oshxona bo‘lgan joydan mayin musiqa sadolari eshitilib turardi. Harbiy marshlar ruhida tarbiyalanganim uchun bunday kuylar qulog‘imga yot edi. Uni eshitishim bilan ko‘nglim bo‘shashib ketar, qo‘lim ishga bormas, barmoqlarimni jag‘imga tiragancha jim o‘tirib qolar edim.
Amakimnikiga kelganimdan uch kun o‘tgach, ko‘ngilsiz bir hodisa ro‘y berdi. Qandaydir amerika askari orqa eshikdan sezdirmay omborga kirgani ma’lum bo‘ldi. Bir kundan keyin kechqurun bu holat takrorlandi, bunisiga men ham guvoh bo‘ldim.
Shu kuni kechqurun stulda xayol surib o‘tirgan edim, nogoh yo‘lakda og‘ir narsa devorga urildi, keyin shunday ovoz yana ikki marta takrorlandi, ma’dan buyum g‘ijirladi, og‘ir qadam tashlab, ilma-teshik polni g‘archillatib kimdir yurdi. Sokin musiqa ovozi kuchaydi, yashaydigan uyimiz bilan do‘kon musodara qilingandan beri ochilmaydigan qilib yopib qo‘yilgan edi. Hayrat ichida o‘rnimdan turdim. Yo‘lakdagi qadam tovushlari asta-sekin yaqinlashib, eshigim tagida to‘xtadi va bir daqiqadan keyin eshik sekin ochildi.
Kutilmaganda yo‘g‘on askar bilan yuzma-yuz turib qoldim. Biz hayrat ichida bir-birimizga tikildik. Uning belida oddiy M.R. to‘pponchasi osilib turardi, bo‘ynida oddiy bo‘yinbog‘, to‘qqizil yuziga qaraganda, bu M.R. men bilgan amerika askarlari orasidagi uchiga chiqqan aroqxo‘rlardan bo‘lsa kerak. Yuz bichimi ham esdan chiqmaydigan, a’zoyi badani qirg‘iy burni atrofida bir to‘da bo‘lib turardi.
– Sizga nima kerak? – savol berdim.
U cho‘ntak elektr fonarida engidagi M.R. deb yozilgan bog‘ichni qo‘pollik bilan ko‘rsatdi, so‘ng nimalarnidir g‘o‘ng‘illab, eshikni yopdi va shoshilmasdan qadam tashlagancha nari ketdi. Atrofni aroqning badbo‘y hidi tutdi. “G‘irt mast ekan!” – deb o‘yladim.
Ertasi kuni tushdan keyin beva Mami ikkimiz keksa tarjimon tanishimizni olib, uchinchi qavatga joylashgan harbiy politsiya shtabiga ko‘tarildik. Biz M.R. ning bezorilarcha xatti-harakatlari haqida qism komandiriga shikoyat qilmoqchi edik. Men tungi hodisaning guvohi sifatida bordim.
Shtabga kirishimiz bilanoq kechagi bezbet amerikalikka ko‘zim tushdi. U xona to‘ridagi eng katta stulda o‘tirar va chamasi, qandaydir hujjatlarni o‘rganish bilan mashg‘ul edi. Undagi xotirjamlik menga yoqmadi. Bizni to‘g‘ri uning stoli oldiga olib borishdi.
– Kapitan! – murojaat qildi tarjimon. So‘ng bizga o‘girilib: – Bu kishi qism komandiri bo‘ladi, – dedi. Mening sal bo‘lmasa ichim o‘tib ketayozdi.
Kapitan boshini ko‘tarib beva Mamiga ko‘z qisib qo‘ydi, so‘ng nigohi menga qadaldi. Biz kechagidan ham ko‘proq hayratlanib, bir-birimizga tikilib qoldik. U qoshlarini ko‘tarib, qat’iyat bilan oromkursi suyanchig‘iga o‘zini tashlab faqat men tushunadigan ohangda “Hello, bebi!” – dedi. Kunning yorug‘ida endi yoshi ancha katta ko‘rindi. U kulimsiragancha tegishli choralar ko‘ramiz deb va’da berar va menga qarab ko‘zini qisib: “Okey! Okey!” deyishdan to‘xtamas edi.
Shtabdan qaytar ekanmiz, ikkinchi qavat zinasida Sigega o‘xshab ketadigan ayolni uchratdik.
Sige yetti yoshga to‘lganimdan beri bizning uyimizda xizmat qilardi. U baland bo‘yli, kelishgan ayol bo‘lib, men uni har doim “Novcha!” deb chaqirar, jahlim chiqqanida esa “Tulki!” deb yuborar edim, chunki yuzi cho‘zinchoq bo‘lib, ko‘zining burchaklari yuqoriga tortilgan edi.
Ayolning bir qo‘li to‘q-qizil ko‘ylagi etagida, ikkinchisi zina qanotlarida yuqoriga ko‘tarilib bormoqda edi. Oramiz ikki-uch metr qolganda u nigohini menga qaratdi va hayratlanib to‘xtadi. Men esa yalang‘och yelkasi va yarqiroq ko‘ylagiga mahliyo bo‘lib, cho‘zinchoq yuziga yaxshi e’tibor bermadim. Bir necha pog‘ona pastga tushganimdan keyin bunday yuzni qayerdadir ko‘rganim esimga tushdi va birdan hushyor tortdim: u Sigening yuziga o‘xshar edi! Ammo Sige bu yerda bunday vaqtda yurishi mumkin emas. Men o‘girilib qaradim. Yaltiroq to‘q-qizil ko‘ylak etagi shtab eshigida bir hilpirab g‘oyib bo‘ldi.
Albatta, men bu ayolni juda tez unutib yuborishim mumkin edi – shu paytda u meni unchalik qiziqtirmagandi. Ba’zi vaqtlarda uning yuzidagi hayrat ifodasini eslaganimda hayron qolaman, xayolimga ming xil o‘ylar keladi. Ammo uni yana bir bor ko‘rish istagim yo‘q.
Havo ochiq kunlardan birida o‘z xonamda ochiq deraza oldida kitob o‘qib o‘tirgan edim. Kutilmaganda xona ichiga bir oppoq tuguncha uchib kirdi. U bordon ustiga tushib oltin va kumush rangidagi bir necha bo‘lakka bo‘linib, har tomonga sochilib ketdi. Hayratim oshib derazadan qaradim va qarama-qarshi uyning derazasi oldida turgan ayolni ko‘rdim, oramizdagi masofa nari borsa o‘n metr kelar, faqat o‘rtadagi kichik bog‘cha bizni ajratib turar edi. Oramiz juda yaqin bo‘lgani uchun uning yuzidagi kulgichlarini ham aniq ko‘rdim. “Ha, bu Sigening o‘zi!” – deb o‘yladim. Ammo bu boshqa ayol edi. Uni zinopoyada ko‘rganim yodimda. Ayol menga qo‘lini ko‘tarib, silkitdi. Imo-ishora bilan xonamning ichkarisi va boshimning yuqorisini ko‘rsatdi, kallasini bir yonga egdi, so‘ng ohista jilmayib, moviy parda orqasiga g‘oyib bo‘ldi.
Hayratim oshgandan-oshib, xonamga sochilib ketgan oltin va kumush parchalarini yig‘ishtirib oldim. Ulardan biri uzunchoq shaklda bo‘lib, nafis oq qog‘ozga o‘ralgan edi. Qog‘ozni ochdim, unda ayollar dastxati bilan quyidagilar yozilgandi:
“Siz o‘qiyapsizmi? Kecha sizni ko‘rib juda hayron qoldim. Qalbim nafis tuyg‘ularga to‘ldi. Derazangiz aynan mening ro‘paramda ekan. Endi har kuni sizni ko‘ra olaman. Bugungi “Bomba” siz uchun choy sovg‘asi. Nana”.
Nana, chamasi, bu uning raqs zali uchun tanlagan ismi bo‘lsa kerak. Demak, bu ayol aynan Sigening o‘zi. Shularni o‘ylaganimdan keyin yuragimga iliqlik kirdi. Sigeni ko‘rmaganimga o‘n yil bo‘lgan edi. “Odam qanday mo‘jizalarga duch kelmaydi?” – deb shirin xayollarga berildim. O‘tmish xotiralariga sho‘ng‘ib, o‘zim bilmagan holda zarhal qog‘olarga o‘ralgan shirinliklarni bitta ham qoldirmay og‘zimga solib, yeb bitirdim.
Qorong‘i tushganda Nana derazani ochdi va kelishib olgandek hushtak chaldi. Shunda men ham derazani ochdim. Nana boshini bir yonga engashtirib, mayin jilmaydi. Ko‘zlarimiz to‘qnashdi. U yana ochiq ko‘ylagini kiygandi. U orqasiga o‘girilganda taralgan sochlari yelkasidan pastga osilib tushganini ko‘rdim. “Bo‘ynini ko‘rsatmaslik uchun shunday qilgan”, sababini darhol angladim, Sigening bo‘ynida chipqondan qolgan qizg‘ish iz bor edi. Botayotgan quyosh nurlarida Nana beqiyos go‘zal ko‘rinar edi. Maftun bo‘lib unga boqar va ko‘zlarimni uza olmasdim, shunda qandaydir xavotir meni qamrab oldi. Butun fikru zikrimni ishga solganimga qaramay, u bir zamonlar sochlarini tang‘ib, oddiy mompe kiygan, o‘choqdagi olovni puflab yondirayotgan Sige ekaniga ishongim kelmasdi.
Ikki hafta shunday o‘tdi. Nana bilan uchrashganimda g‘alati hayajon ichida qolardim. Ba’zan men yo‘lakdagi kichkina derazani qiya ochib, Nanani yashirincha kuzatardim, u qoshlarini chimirib, katta ochilgan, ammo hayot nishonasi sezilmayotgan derazamga hayron tikilib qolardi. Ba’zi paytlarda Nananing hushtaklariga javob bermasdan o‘zimni chetga olib, u qo‘llarini ko‘ksiga qovushtirib, biroz egilgan ko‘yi derazaga suyanib, men tomonga umidvor tikilayotganini sezib tursam-da, derazani katta ochib, unga ko‘rinmaslikka harakat qilar edim.
Nihoyat, bir kuni kechqurun vaqt allamahal bo‘lganda men shayton vasvasasiga uchib, qaltis ishga qo‘l urdim. Nana xonasidagi chiroqni yoqqanini ko‘rib, derazani ochdim-da, sekingina xonamdan chiqdim, yo‘lakdan o‘g‘rilarga o‘xshab o‘tib, yaqinginada amerika harbiy politsiyasi kapitani sindirgan eshik tutqichini ushladim. O‘zim kutganimdek, u ovoz chiqarmay ochildi va ko‘z o‘ngimda qorong‘i oshxona namoyon bo‘ldi. O‘zimning surbetligimdan xavotir olib huddi birov meni shu tomonga chaqirayotgandek, oynadan tushayotgan g‘ira-shiralikdan foydalanib, to‘g‘ri Nananing xonasi tomon yurdim. Kafel yotqizilgan pol sovuq ekan. Yalang oyoqlarimning shipillashi oshxona ichida baralla eshitilardi.
Yorug‘lik tushib turgan eshik oldida to‘xtadim va ichkariga quloq solib, qo‘limni ko‘targancha bir muddat turib qoldim. Keyin uch marta taqillatdim.
– Come in! – ayol ovozi eshitildi.
Eshikni ohista ochdim. Yoqimli sigaret hidi dimog‘imga urildi. Avval oshxona bo‘lgan bu joy yaxshilab ta’mirlangandi. Oq xalat kiygan Nana stulda o‘tirib sochini tarardi.
– Jessimi? – so‘radi Nana orqasiga qaramasdan.
Men qo‘limni dukillab urayotgan yuragim ustiga qo‘yib, eshikka suyanib qoldim. Ko‘kragiga tushgan uzun sochlari uchini tarayotgan Nana ko‘z qiri bilan menga qaradi va azbaroyi sakrab o‘rnidan turganidan qo‘lidagi taroq taraqlab polga tushdi. Men tush ko‘rayotganday undan qo‘zimni uzmay qarab turardim.
– Anchadan beri ko‘rishmadik, Sige. – Unga qo‘l uzatdim, ammo qizning chiroyiga mahliyo bo‘lib, qo‘limni ortiq qimirlatolmay qoldim.
Nana jilmaydi.
– Xush kelibsiz, Osamu, – degancha u qo‘limni siqdi.
Boshqa ism bilan yuzlanyapti! Men zo‘r-bazo‘r iljaydim. Ismimni unutibdi, axir oradan o‘n yil o‘tgan-ku!
– Men Osamu emasman, adashding.
– Osama emasligingni bilaman. Ammo sen unga juda o‘xshaysan, – dedi Nana.
– Osama kim o‘zi?
– Ukam. Yagona tug‘ishganim, u ham frontda halok bo‘lgan. Ikki tomchi suvdek bir-biringizga o‘xshar ekansizlar.
Yuragimga o‘rnashib qolgan Sige siymosi birdaniga xiralashdi. Bo‘g‘ilib ketayotgandek bo‘ldim. Atrofimdagi hamma narsalar dabdurustdan qiyofasini o‘zgartirayotganga o‘xshardi. Mana, oldimda turgan, men Sige deb bilgan ayol ko‘z o‘ngimda qandaydir boshqa ayolga aylandi-qoldi.
– Demak, ukangizga o‘xshaganim uchungina xatingizda yaxshi munosabatlar haqida yozgan ekansiz-da? – so‘radim undan.
– Albatta-da.
Men divanga o‘zimni tashladim. Nana jomadondan qog‘oz xaltani olib kelgani o‘rnidan turdi.
– Mana ukamning fotosurati va oxirgi xati.
Banan daraxti ostida yigirma yoshga to‘lmagan, yozgi harbiy kiyim kiygan yigit uyalgandek kulimsirab turardi. Men o‘zimni ana shunday kiyimda necha martalab tasavvur qilgan edim! Uning katta ko‘zlari va g‘alati oppoq tishlari yuziga alohida joziba bag‘ishlagan, chamasi, u yaxshigina chiniqqan edi. Suratga qarar ekanman, ichimda o‘xshaydi, deb qo‘ydim.
– Menga o‘xshaydi, to‘g‘rimi?
– Hecham o‘xshamaydi, – gapni chalg‘itdim. Nana yayrab kuldi.
– Yo‘q, o‘xshaydi. U bilan ko‘p vaqt birga bo‘lganlar buni tasdiqlaydi.
U yozgan oxirgi maktubni ko‘rishga qiziqdim. Bunday xat ma’lum ma’noda vidolashuv maktubi hisoblanadi.
U qo‘ldan-qo‘lga o‘tgan ochiq xat ekan. Manziliga qarab ayolning ismi haqiqatan Nana ekanligini bildim. Unda Kyusyu orolidagi harbiy-dengiz bazalaridan birining muhri bor edi, aftidan, u janubiy frontning oldingi marrasidan jo‘natilgan bo‘lsa kerak.
“Aziz opajonim Nana! Hozir Yaponiyada havo juda ajoyib bo‘lsa kerak? Sog‘-omon yuribsanmi? Uch kun avval seni tushimda ko‘radim. Men somon shlyapa kiyib olganman, sen boshingga qizil ro‘mol o‘ragansan. Atrofimizda juda ko‘p sigirlar va qo‘ylar o‘tlab yurishibdi. Men erta bilan uchaman. Sog‘-salomat bo‘l. Ayni ertaga o‘n to‘qqiz yoshga to‘laman. Osamu”.
Maktubdagi osoyishta ruh meni hayratga soldi. U go‘yo quvnoq nonushta haqida gap ketayotgandek xushchaqchaq ohangda yozilgan edi. Men urush yillaridagi hayotimni esladim, yuragimga og‘riq kirdi. Qanchadan-qancha yosh yigitlar o‘limga mana shunday beg‘am, bog‘ sayriga ketayotgandek jo‘nagan edi-ku.
– Joningizga tekkuncha sizga uka bo‘lib qolaman, – dedim Nanaga tik qarab.
–Shundaymi? Juda xursandman.
Nana qo‘lini yelkamga tashlab bir necha marta silkitib qo‘ydi. Uning ko‘zlari yonardi. “Ketish kerak!” – o‘yladim men.
– Men sizni Sige debman, – tan oldim divandan turayotib.
– Kim u Sige?
– Xizmatchimiz. Qachonlardir uyimizda yashagan edi. Uzoqdan unga juda o‘xshaysiz, yaqindan esa undan ko‘ra chiroyliroqsiz.
Nana qah-qah urib – dedi:
– G‘alati! Ikkimiz ham bir-biriga o‘xshagan odamlarni eslabmiz.
Eshik tagida orqamga o‘girildim.
– Bilasizmi, Sigening bo‘ynida jarrohlik amalyotidan qolgan chandiq bor edi.
– Shundaymi? Qo‘ling bilan ushlab ko‘rmaguncha u yo‘qligiga ishonmaydiganga o‘xshaysan?
Nana kulimsirab qo‘limdan ushladi-da, uni sochlari orasiga tiqdi. Qo‘lim olmadek oppoq bo‘yniga tushdi, yuzidan allaqanday hushbo‘y hid kelardi. Nananing ingichka bo‘yni nihoyatda silliq edi.
– Xo‘sh qanday? Chandiq bormi?
Qo‘limni olmasdan yuziga qarab jilmaydim. Lablarini ko‘rmadim, peshonamga issiq narsa kelib tegdi.
– Xayrli tun, – dedim men.
Yalang oyoqlarimni shipillatib, qorong‘i oshxonaga o‘tdim. Dahlizga olib boradigan eshik tagiga yetib keldim. Qadam tashlar ekanman: “U Sige emas! U Sige emas!” deb pichirlardim.
Nana har kecha tushimga kirar edi. Ba’zan kun bo‘yi uni o‘ylaydigan bo‘ldim. Sabrim tugab, uch marta hech kimga sezdirmay xonasiga kirib bordim. Nana menga xayolchan tikilib o‘tirdi, ukasi haqida gapirdi, xayrlashayotganimizda eshik oldida peshonamdan o‘pdi.
Xonasiga to‘rtinchi marta kirganimda nihyatda mast edi. Ko‘zi to‘la yosh bo‘lishiga qaramasdan ovozining boricha hoholab kuldi, qo‘lidagi bo‘sh viski shishasini aylantirib har xil baland-past gaplarni aytdi.
– Shunday yashagandan ko‘ra o‘lganim yaxshi! – keyin qo‘shimcha qilib, – senga raqs tushishini o‘rgataman, – dedi va yuzimni ko‘ksiga bosib birga aylana boshladi.
Ketishga chog‘langan paytimda eshik taqilladi. Nana toshdek qotib qoldi, so‘ng xonaga tez ko‘z yugurtirdi va qo‘rquv ichida ko‘zini menga tikib, qaltiroq tovushda taklif qildi!
– Come in!
Eshik ochilib, xonaga beso‘naqay M.R. kapitani kirdi.
– Jessi! – sekin hitob qildi Nana.
– O! – meni ko‘rib hayratda qolgan kapitan bo‘kirib yubordi, biz uchinchi marta to‘qnash keldik. – Bu yerga qanday kelib qolding? – keskin so‘radi u.
– Siz oyog‘ingiz bilan tepib sindirgan eshikdan kirdim, – tez javob berdim men.
Uning qoshlari chimirildi, hayratdan ko‘zlari pirpiray boshladi. Nana nimadir demoqchi edi, unga sovuq nigoh tashlab – Jim bo‘l! – deb bo‘kirdi. So‘ng qo‘lini orqasiga qilib keskin buyruq berdi: – Yo‘qol bu yerdan!
Men Nanaga qaradim. U derazaga yuzini o‘girib turardi.
– Jessining aytganini qil! – dedi Nana qat’iyat bilan.
– Xayr! – dedimu chiqib ketdim.
– Ikkinchi qorangni ko‘rsatma! – orqamdan qichqirdi Jessi.
– Albatta, qaytib qadam bosmayman, – dedim men o‘girilib va tez yurib xonadan chiqdim.
Eshikni yopib, yo‘lakda devorga suyangancha ancha vaqt turib qoldim. Keyin xonamga qaytib, derazadan qaradim. Nananing xonasi qorong‘i edi. Endi bu derazadan qaramaganim bo‘lsin” – dedim ichimda. Nananing kasriga tunni beorom o‘tkazdim. Dastlab hech narsaga aqlim yetmadi. Keyin sekin-asta nima bo‘lganiga aqlim yeta boshladi. Uzil-kesil gapning tagiga yetganimdan keyin yuragimda chidab bo‘lmaydigan og‘riq his qildim.
Kunni jazirama quyosh tagida terlab-pishib stadionda o‘tkazdim. Kechqurun shahar chekkasidagi do‘kondan arzon shirinliklar va chang bosgan mevalardan sotib olib, bog‘ ichiga kirdim, o‘zimga o‘xshagan bebosh ulfatlarga qo‘shilib bir finjondan sharbat ichdik, yer tepinib, ovozimiz boricha qichqirib, harbiy qo‘shiqlardan kuyladik. Ana shunday tarzda Yaponiya urushda yutqazgani uchun noroziligimizni bildirdik.
Yoz boshlandi. Bir kuni ertalab qornim qattiq og‘rib qoldi. Ichim qon aralash surilib, ko‘z o‘ngim qorong‘ilashib ketdi. Qora terga botdim. Kimdir qornimga kaltak tiqib burayotgandek edi. Qandaydir yomon ko‘ngilsizlik bo‘lishini oldindan sezadigan odatim bor. Tanish shifokor huzuriga zo‘r-bazo‘r sudralib borib, qanday kasalga chalinganimni eshitganimda aslo hayron qolmadim. Qarindoshlarim, amakimning ahvolini hisobga olib, meni shahar kasalxonalaridan biriga yashirincha joylashtirishdi.
Shu yerda, iflos bir xonada yozning eng issiq oylarini o‘tkazdim. Bu men uchun o‘ziga xos xaloskorlik vazifasini bajardi. Kasallikdan boshqa hech narsa xayolimga kelmadi. Boshqa hamma tashvishlarni unutdim. Hatto Nana esimga tushganida qusib yuboray dedim.
Bir kuni, endi tuzala boshlagan kezlarim edi, keksa enaga yordamida o‘rnimdan turib, xojatxonaga bordim. Shunda bosh tomonimga o‘rnatilgan oynada kimningdir aksini ko‘rdim. “Yo xudo! Kim bo‘ldi bu? Qanday ayanchli kimsa!” – deb o‘yladim. Yuzlari ichiga botib, ko‘zlari kosasidan chiqib ketguday bo‘lib ketibdi. Sinchiklab qarab, bu nusxa o‘zim ekanimni angladim. Butunlay o‘zgarib ketgan yuzimga g‘amgin nazar soldim. Oyna qayergadir g‘oyib bo‘ldi, hushimni yo‘qotdim. Qancha vaqt behush qolganimni bilmayman, faqat o‘zimga kelganimda qo‘llarimni yozib polda yotgan ekanman, yonimda keksa enaga nima qilishini bilmay karaxt bo‘lib turardi. O‘rnimdan turgach, haroratimni o‘lchay deb darajani oldim. Uni ushlagan barmoqlarim qaltirar edi, qizil chiziqcha bo‘lsa yuqoriga qarab jadal siljiyotganini ko‘rdim. Uni pastga silkita boshladim. Enaga qancha ko‘tarildi deb so‘radi, ammo men javob berolmadim. Miya tomirlari torayib qolgan bo‘lsa kerak, dedi kampir.
Boshim temirday qizigan va parishon holatda qop-qora shiftga tikilib yotardim – shiftga kichkina xira chiroq osilgandi. Qora shift odamni vahimaga soladigan darajadagi tezlikda yuqoriga ko‘tarilib kichkina chorburchak shaklga aylanar, so‘ng shiddat bilan pastga tushib, butun xonani egallab olardi. U tobora kattalashib borar, pastga siljiganda naq boshimni ustida osilib qolar edi… “O‘layapman!” – xayoldan o‘tkazdim men. Butun kasalligim davomida faqat shu kuni o‘limni esladim. Nahotki shunday o‘lib ketaversam? Kasal bo‘lib o‘lish?! Bu mutlaqo kutilmagan yangicha holat edi. Shunday bo‘lishi mumkinligini hatto tasavvur ham qilmagandim. Bundan battar o‘limni qidirib ham topolmaysan! Tomog‘imga qattiq bir narsa kelib tiqildi.
– Xolajon! Menga qalam bilan qog‘oz bering! – iltimos qildim.
Ne mashaqqat bilan qornimga ag‘darilib yotdim, bir parcha qog‘oz orqasiga amallab: “O‘lishni xohlamayman!” – deb yozdim.
Qalamni qattiq ushlab atrofga parishon ko‘z yugurtirdim. Nazarimda, bu so‘zlar nihoyatda tahqiromuz bo‘lib tuyuldi. Ammo hammasi yuragimdan quyilib chiqdi. Yana nimalarni qo‘shishim kerak? Silliq qalamni qattiqroq ushlab zo‘r-bazo‘r bir jumla qo‘shimcha qildim: “Tentak Nana”.
Hayron qolib shu ikki so‘zga tikildim. Bular nima? Hech narsa deya olmayman. Ko‘z oldim qorong‘ilashib, qalam qo‘limdan tushib ketdi, og‘irlashib ketayotgan boshimni yostiqqa qo‘ydim. O‘ylab ko‘rsam, urush tamom bo‘lgandan beri hayot va o‘lim tuyg‘usi doim almashib turgani uchun biron kun ham tinch, huzur-halovatda yashamapman. Men hayot daryosida oqib, atrofimdagilarni kuzatibman, xolos. Shunda hech kutilmaganda so‘nib borayotgan ongimda shiddatli o‘zgarish yuz berayotganini his qildim:
Men yashashni xohlayman!
Men yashayman!
Meni qutqaringlar!
Omadim kelib kasallikdan qutuldim.
Keyin oradan yetti yil o‘tdi. Bu yillar sharmandachilik bilan kechgan tavba-tazarru yillari edi. Ammo o‘shandan beri bironta ham vidolashuv xatini ko‘rganim ham, yozganim ham yo‘q.
Bu nihoyatda katta baxt edi!

Rus tilidan Ortiqboy Abdullayev tarjimasi

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 1-son