Teresa de la Parra. Karakaslik xonimning kundaligi

Boshimdan omadsizligu asabbuzarlikka to‘la ko‘p kunlar o‘tdi! Anchadan beri Venesuelaga borishni ko‘nglimga tugib qo‘ygandim, chunki qarindoshlarim va yurtimni juda sog‘indim. Ming afsuski, bu niyatim barbod bo‘ldi. To‘satdan yuzaga kelgan muammo meni yo‘ldan qaytardi. Pasportim venesuelalik ekanimni tasdiqlasa-da, uni qalbaki deb gumon qilishdi.
O‘zi, amerikaliklar boshqalarga shubha bilan qaraydi. Surishtirib ko‘rsam, ular meni rus deb o‘ylashibdi. Ularga Karakasda tug‘ilganimni, shu yerda ulg‘ayganimni tushuntiraverib charchadim, lekin haqligimni isbotlay olmadim. Amerikada rus bo‘lish juda qiyin ekan…
Yordam so‘rab konsullikka murojaat qildim. Menga kerak odam – konsul janoblari sharpaning o‘zi. Hech tutqich bermaydi. Borsam, nuqul eshigi yopiq, uning kelishini kutaverib toqatim toq bo‘ldi.
Kunlar o‘tdi, Venesuelaga qarab suzadigan kema yo‘lga chiqdi. G‘azabimni ichimga yutib uni ortidan kuzatib qoldim-da, so‘ng “bor-e”, deb zarda bilan qo‘l siltadim va menda Yaponiyaga sayohat qilish fikri tug‘ildi.
Erim Mark bankda ishlaydi. U bilan Yaponiyaga borish haqida gap­lashib ko‘rdim, u rozi bo‘ldi, shu yo‘l bilan birato‘la o‘zining shaxsiy ishlarini ham bitirib olar ekan.
Turli afsonalarda “Mikado” nomi bilan mashhur bo‘lgan, uzoq Sharqdagi Yapon orollari geyshalar va samuraylar vatani sanaladi.
Sayohat kuni yaqinlashar, men esa Yokogama, Shanxay va Xarbinda o‘tadigan maroqli kunlarim haqida xayol surardim. Osiyoliklarning mehmondo‘st ekani, mazali taomlari haqida ko‘p eshitgandim. Sayohatgacha kunlar bir yo‘sinda o‘tib borar, bo‘sh vaqtda do‘kon aylanib turardim. Ba’zida stolga tirsagimni qo‘ygancha xayol surib, Yaponiya va Xitoy xaritasini ko‘z oldimga keltirardim.
Soat o‘n yarim. Nyu-Yorkning bahoriy yoqimli va iliq kunlaridan biri. Biz nihoyat yo‘lga chiqdik. Tabiatning o‘zi bizga oq yo‘l tilayotgandek havo ochiq, yam-yashil daraxtlar barq urib, quyosh nuridan bahra olyapti. Kayfiyatim chog‘, hayotimning shirin lahzalari o‘tgan jonajon uyim bilan vaqtinchalik xayrlashdim.
Vokzalga yetib keldik, sayohatdagi sheriklarimiz bilan bir joyda yig‘ildik. Guruhimiz, asosan, bank xizmatchilaridan iborat, ular orasida eng jonbozi va sayohat tashkilotchisi – erim Mark. Safimizda bank boshqaruvchisi o‘rinbosari, stenograf, Manilaga ketayotgan bank vakili, Goldmanlar oilasi va Yokogamaga ish yuzasidan borayotgan er-xotinlar ham bor edi. Ularning besh-olti yoshli, malla sochli yoqimtoy farzandi bor ekan. Kichkintoy hammaning yuzida quvonch uyg‘otar, kulgisi bilan hammani o‘ziga qaratardi.
Poyezdga chiqdik. Biz joylashgan vagon juda shinam va keng ekan. Vagonda stolchalar va ikki divan bor, divanlar yig‘ilib karavotga aylanar ekan. Vannaxona yaqin, ikkita vagon narida umumiy oshxona bor.
Poyezd derazasidan bosh chiqardimu, uzoqdan uyimizni ko‘rib, erimga: “Mark, qarang, Brodveydagi uyimiz ko‘rinyapti!” deb qichqirdim.
Poyezd derazasidan o‘rmonlar, tog‘lar, ko‘llar, sharsharalar, daryolar ko‘rinardi – atrofni kuzatgan kishi zavqlanib charchamasdi.
Poyezd Chikago shahriga keldi. Biz ikki kunga “Auditorium” mehmonxonasiga joylashdik. Chikagodagi hayot meni hayratga soldi. Shahar tashqi ko‘rinishi va tuzilishi jihatidan Nyu-Yorkka o‘xshab ketardi. Odamlar qayergadir shoshadi, mashinalar tinmay harakatda, hamma yerda tutun… Shaharda qad ko‘targan osmono‘par binolar va gurkirab rivojlanayotgan sanoat belgilari – turli zavodlarning shovqini va uzluksiz ishlashi… Ikki kunda shahar shovqini meni holdan toydirdi. Poyezdga chiqdik, shahardan uzoqlashgan sari uning tinib-tinchimas zavodlari asta-sekin ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi, tabiat izmida o‘zimni ancha baxtiyor his qildim. Sahrolarni kesib o‘tib, Nyu-Meksikoga yetib keldik.
Nyu-Meksikodan o‘tayotib iqlim o‘zgarganiga guvoh bo‘ldik: bu yerning tabiati butunlay boshqacha, mayin shabada esar, ahyon-ahyonda yam-yashil o‘tloqlar ko‘rinar, ba’zi yerlarda bug‘doysimon maysalar shamolda mavjlanadi; uzoqdan qor bilan qoplangan tog‘ cho‘qqilari ko‘zga tashlanadi. Poyezd pastlik tomon yelib borardi. Tuman ichida faqat cho‘qqisi ko‘rinayotgan so‘ngan vulqonlar bor edi. “Lyano Estakado” deb ataluvchi ulkan biyobon qum va ora-sira pastqam qoyalar bilan qoplangan.
Men jajji Goldman bilan poyezd derazasidan atrofni kuzatar ekanman, bunday ovloq joylarda ham odamlar qo‘nim topganidan hayratlandim, bolakayga jo‘r bo‘lib, ularga salom tariqasida shodon qo‘l silkitib baqirdik. Bu yerlik hindu bolalar bizni ko‘rib qichqirishdi. Ular oddiy bichimdagi, ola-bula kiyimlariga turli xil taqinchoqlar osib olishgan. Bu hindularning kiyimi men bilgan guaxiralik hindularning milliy libosiga o‘xshamas ekan.
Poyezd ilgarilagan sari asta-sekin turarjoylar ko‘paya boshladi. Mustamlaka davrida ispanlar tomonidan qurilgan yashash joylari, eski monastir, cherkov, qal’a xarobalari ko‘rinayapti. Bu yerlarga o‘tmishda qanchadan-qancha bosqinchilar bostirib kelganlar, shu jumladan, mashhur konkistador Ernan Kortes ham shu yerda halok bo‘lgan.
Poyezdda ancha yurib, nihoyat, Los-Anjeles shahriga yetdik. Yarim tropik iqlimli shahar atrofi bog‘lar bilan o‘ralgan, bu yerlarda butun AQShga mashhur shirin mevalar yetishtiriladi. Ayniqsa, Pasadena dahasi juda maftunkor bo‘lib, bu yerda shahardagi puldor odamlar yashar ekan. Apelsinzorlar va alvon gullar yonida hashamatli uylar qad ko‘tarib turibdi. Mashhur Bush familiyali pivo qiroli ham shu yerda yashar ekan. Shahardagi ko‘priklar, hovuzlar, haykallar, hayvonot bog‘i shaharga ko‘rk bag‘ishlab turibdi. Zamonaviy shahar mana shunday bo‘lishi kerak emasmi? Yaxshiyamki, shaharning diqqatga sazovor joylarini ko‘rishga hali vaqtimiz bor. Xiyobondagi apelsinzorlarda sayr etayotib, Godelyadagi “Sagrado Korason” monastirida o‘tkazgan yoqimli damlarim, kollej o‘quvchisi bo‘lgan paytimda yomg‘irda jiqqa ho‘l bo‘lib yerga tushayotgan apelsin gullari tagida yugurganlarim esimga tushdi.
Los-Anjelesda biz “Aleksandriya” mehmonxonasiga joylashdik. Mehmonxona restoranining ikkinchi xonasida ovqatlandik, birinchi xonadagi stollarda boy odamlar o‘zlarini ko‘z-ko‘z qilib o‘tirishardi.
Los-Anjelesdan San-Frantsiskoga yo‘l oldik. Atrofga mahliyo bo‘lib, vaqt qanchalik tez o‘tganini sezmay qolibman. Poyezd baland toqqa ko‘tarilganda, bepoyon okean qarshisidagi bir nechta jarlik ko‘rindi, so‘ng poyezd tog‘ yonbag‘ridagi egri-bugri yo‘llar bo‘ylab goh chapga, goh o‘ngga yurdi.
Axiyri poyezd San-Frantsiskoga yetib keldi. Biz sohil yaqinidagi mehmonxonaga joylashdik, San-Frantsisko ko‘rfazi shundoq yonimizda edi. Balkondan sohil bo‘ylab cho‘zilgan plyaj, “Golden Geyt” xiyoboni, sal nariroqda San Frantsisk nomidagi ispan qal’asi ko‘rinardi. San Frantsisk nomi keyinchalik faqat qal’ani emas, balki butun shaharni anglatadigan bo‘ldi, bugun qal’a harbiy maktabga aylantirilgan.
1902 yilda yuz bergan zilzila oqibatida ko‘p odamlar halok bo‘lgan, shahar esa xarobaga aylangan. Zilzila yetkazgan talafot juda katta bo‘lgan, ammo odamlarning yuksak matonati va metin irodasi tufayli shahar tez sur’atda yana tiklanadi. Qisqa muddatda turarjoylar, gumbazli imoratlar quriladi, minoralar qad rostlaydi.
Balkonda o‘tirvolib bo‘sh vaqtimda yondaftarchamga ko‘rgan-bilganlarimni qayd eta boshladim. Navbatdagi sayohat oldidan bizni qanday sarguzashtlar kutayotganini rosa bilgim kelardi. Endi sayohatimiz kemada davom etadi. Kema bizni bepoyon va sir-asrorga to‘la ummon bo‘ylab qayerlarga olib boradi, ufq ortida bizni qanday g‘aroyibotlar kutib turibdi, bunisi menga noma’lum edi…
Bu shunchaki tasodifmi, bilmayman, bandargohdagi sayohatga chiqadigan kemamizning nomi “Venesuela” ekan. Kema juda keng va ulkan edi, yo‘lovchilar soni ham shunga yarasha bo‘lsa kerak. Bugun peshindan keyin kemaga chiqamiz. U boshqa kemalardan machtasi bilan ajralib turibdi. “Venesuela hammasidan go‘zal!” dedim ichimda vatan tuyg‘usi jo‘sh urib.
Kemada suzish qanday ajoyib! Unda o‘tgan zavqli va shodon kunlarim hech qachon esimdan chiqmasa kerak. Kema ulkan ummonda viqor bilan, baland to‘lqinlar osha baliqdek yengil suzib borardi. Ko‘pchilikni xavotirga soladigan dengiz kasali meni mutlaqo o‘ylantirmasdi, chunki do‘stlar davrasida vaqtim juda xush o‘tardi. Bortda turvolib kemani oldinga chorlagandek “Olg‘a, olg‘a!” deya baqirardik. Kema “Pasifik Meyl Ko” shirkatiga tegishli bo‘lib, yigirma ming tonna yuk ko‘tarar ekan. “El Ekuador”, “El Kolumbiya” kabi yirik kemalar qatorida San-Frantsisko, Gonolulu, Gon-Kong, Yokogama, Kobe, Shanxay, Manila va boshqa shaharlarga suzar ekan. Unda yo‘lovchilar yaxshi dam olishi va vaqtini xush o‘tkazishi uchun nimaiki darkor bo‘lsa – mazali taomlar bilan siylaydigan restoranu davrani qizdiradigan orkestr va musiqachilar, raqs zallari, basseyn, xullas, hammasi muhayyo.
Yo‘lovchilar dunyoning turli chekkasidan kelgan, ular orasida amerikaliklar, inglizlar, shvedlar, yaponlar, belgiyaliklar, xitoylar va ruslar ham bor. Bortdagi ruslar, bilishimcha, rus imperiyasining sharqiy chegarasidan panoh topishga ketayotibdi. Biz ko‘proq belgiyalik­lar va ruslar bilan yaqin aloqada bo‘ldik; ular orasida ziyoli kishilar, taniqli artistlar, jamiyatda baland mavqega ega shaxslar bor.
Kemadagi sayohatning yettinchi kunida Gavayi orollari poytaxti Gonoluluga keldik. Yozuv stolida shoshib-pishib xat yozarkanman, tashqaridagi shovqindan xayolimni bir yerga jamlay olmasdim. Arqon va zanjirlarning g‘ijirlashi, yuk tushiruvchi ishchilarning shovqini, o‘z molini maqtayotgan sotuvchilarning jarangdor ovozi qulog‘imni qomatga keltiryapti, buning ustiga, sheriklarim yonimga qayta-qayta kelaverib bezor qilishdi, ular joyimda qimirlamay o‘tirganimdan ajablanib, tashqariga chorlashardi. “Missis Bunimovich, nega haliyam kemada o‘tiribsiz?”, “Bunimovich xonim, hamma qirg‘oqda sayr qilib yuribdi, siz nega shu ahmoqona xatingizni yozib o‘tiribsiz?” derdi.
Ruchkani stolga qo‘ydim va kayutadan tashqariga chiqdim. Erim meni tashqarida kutib oldi, shaharni o‘z ko‘zim bilan ko‘rish uchun qirg‘oqqa chiqdim.
Gavayi orollarining so‘lim tabiati, jaydari mevalari va turli-tuman o‘simlik olami, vulqonli, baland tog‘larini ko‘rib, rosa zavqlandim. Uyimizdagi grammofonda ko‘p bora eshitganim, o‘zida ham mumtoz, ham dunyoviy ohangni jamlagan kuy Gavayi orollariga bag‘ishlangan bo‘lsa kerak. Menimcha, dunyodagi barcha nafis va ohangdor kuylar mana shunday maftunkor go‘shalardan ilhom olib bastalansa, ajab emas.
Gavayi – iqlimi iliq va yumshoq ko‘plab orollardan iborat. Ilgari o‘zim yashagan Karakasning ob-havosiga o‘xshatdim. Gonolulu shahri atrofida shakarqamish jo‘yaklari, baland bukare daraxtlari soyasidagi qahva plantatsiyalari, ananas, mango, papayyazorlar, passiflora gullari ochilib turibdi.
Bu orollarda yashovchi elat – qoramag‘iz polineziyaliklar. O‘tmishda mahalliy qabila boshliqlari oddiy odamlardan ko‘ra ba’zi bir ustunliklarga ega bo‘lishgan, misol uchun, ular o‘tmishda “lomi-lomi” degan sirli massajdan foydalanganlar. Lomi-lomi – qadimiy massaj turlaridan biri bo‘lib, oddiy odamlarning u bilan shug‘ullanishi taqiqlangan. Massaj juda murakkab, ammo sog‘liqqa rosa foydali, shu bois hozirgi kunda bu massaj usuli butun Gavayi bo‘ylab ommalashib ketgan.
Gonolulu va uning atrofini aylanar ekanmiz, ta’tilga kelgan amerikalik boyvachchalarning dabdabali villalariga ko‘zimiz tushdi. Baland vulqonga chiqib atrofga nazar tashladik: tevarakda ananaszorlar, mangozorlar cho‘zilib ketgan. Gavayida yashaydigan odamlarning ko‘ngli ochiq, ularda tabaqaga ajratish yo‘q, barcha teng ko‘riladi, sayyohlarni ham xuddi gavayilikdek iliq kutib olishadi.
Orol bo‘ylab maroqli sayohatdan so‘ng biz yana kemaga qaytdik va yo‘lda davom etdik.
Kemada bayram bo‘ldi. Bu shodiyona kemaning meridian chizig‘idan 18000 o‘tgani munosabati bilan uyushtirilgan ekan; ziyofat, raqs, kontsert avjida. Ayniqsa, maskaradli raqs kechasi zavqu shavqqa to‘la bo‘ldi. Amerikaliklar bu o‘yinda ancha faol qatnashishdi. Ular xuddi mana shunday tomosha bo‘lishini oldindan bilgandek, chemodanlarida maskarad liboslarini o‘zlari bilan olib kelishgan ekan. Amerikada yashasam-da, vatandoshlarimning kutilmagan g‘ayratidan hayratga tushdim, ilgari buni sezmagan ekanman.
Avval maskaradda qatnashuvchilar to‘siqdan birma-bir o‘tishi e’lon qilindi, so‘ng har bir ishtirokchi antiqa kiyimini kiyib, ommani hayron qoldira boshladi. Chiqishlar gulduros qarsak va baland hayqiriqlar bilan qarshi olinardi. Qatnashchilar pijama, shippak, shapka, cho‘milish kiyimlari, shuningdek, popukli va juldur kiyimlarda chiqishardi. Ayniqsa, menga egniga ayollar libosi va boshiga parik kiygan erkaklarning chiqishi juda yoqdi, ularni ko‘rib, rosa kuldik.
Bayram tonggacha davom etdi. Charchab xonamga qaytdim va dam oldim. Hayotimda bunday ajoyib tun juda kam bo‘lgan.
Keyin esa kemada xayrlashuv ziyofati uyushtirildi. Manzilga tezroq yetib olishga intizor bo‘lsam-da, yaqinda kemani tark etishimdan biroz xafa edim. Kechqurun okeanning toza havosidan to‘yib nafas olib, to‘lin oyga tikilib o‘tirish qanday yoqimli! Yo‘lovchilar bir-birlari bilan hayotlarida sodir bo‘lgan qiziq voqealar va urush haqida gaplashardilar.
Ikki kundan so‘ng “Venesuela” bilan xayrlashib, Yaponiya tomon yo‘l oldik.
Yokogama – Yaponiyaning yirik port shaharlaridan biri. Biz “Grand” mehmonxonasiga joylashdik. Mehmonxona binosi katta, o‘zi ozoda ekan, hamma qulaylik bor, sizga aytsam, u Nyu-Yorkning manaman degan mehmonxonalaridan qolishmas ekan. Kuniga o‘ttiz dollar to‘lasak-da, u bunga arziydi. Yuqori qavatdagi xona derazasidan tashqariga qarab, yaponlarning osmono‘par binolariga ko‘zim tushdi, ular bu bilan o‘zlarining nimalarga qodir ekanini ko‘rsatmoqchidek go‘yo.
Meni shaharsozlik tamaddunidan ko‘ra, tabiati, tarixiy obidalari, aholining e’tiqodi va urf-odatlari ko‘proq qiziqtirardi. Katta bog‘ mehmonxonani o‘rab olgan, bog‘ yonida bir tekis qurilgan yapon uylari cho‘zilgan. Mehmonxonadan nariroqda ko‘rfazning ajib manzaralari ko‘zni quvontiradi.
Shahar shunchalik maftunkorki, tepadan qaraganda xuddi “qo‘g‘irchoq shahar”ga o‘xshaydi. Past bo‘yli yaponlarning bejirimgina kimonoda soyabon tutib yurishlari, poyabzalini taqillatib u yoqdan-bu yoqqa o‘tishlarini tomosha qilib o‘tirdim. Nariroqda – yo‘llari toza va ravon ko‘chalarda mandarin, apelsin, qarag‘ay daraxtlari bo‘y cho‘zgan.
Yaponlarning qadam bosishi ko‘zimga g‘alati tuyuldi: xuddi betob odamnikiga o‘xshaydi – qisqa va chumoliday mayda qadamlar. Ammo yaponlarning tasavvurida biz beso‘naqay, qo‘polmiz. Ikki millat odami bo‘lishimizga qaramay, oramizdagi shuncha farq bor. Bularni taqqoslash menga juda qiziqarli bo‘ldi.
Yaponlarning bir jihati meni biroz ranjitdi. Ularning chet ellik­larga nisbatan salbiy munosabati turli vaziyatlarda diqqatimni torta boshladi. Agar ular biror g‘arblik bilan biron masalada tortishib qolsa, mehmon deb ayab o‘tirishmaydi.
Yaponlarda g‘arb liboslari asta-sekin urf bo‘layotganiga qaramay, kimono kiyganlar ko‘pchilikni tashkil qilar ekan. Uning yenglari keng, turli bezaklar solingan, belida belbog‘i bor. Kimono yaponlarning egnida shamoldagi bayroqday hilpiraydi.
Yaponlarning o‘ziga xos jihati – ularning bizga qarab zaharxanda jilmayishi. Bu qiliqlaridan bizni yoqtirmayotgani ko‘rinib turadi. Ular bir vaqtning o‘zida bizdan ham nafratlanishadi, ham yaxshi ko‘rishadi. Bizni yomon ko‘rishlarini yashirib, bizdan ustun ekanlik­larini ko‘rsatmoqchi bo‘lishadi. Yaponlar qalbidagi dard-hasratni boshqalarga bildirmaslikka urinishadi, birov ularning qayg‘usini bilaturib nega xafaligini so‘rasa, ular o‘zlarini xo‘rlangandek his qilishadi. Agar ona o‘g‘lining o‘limiga aza tutib yig‘layotgan bo‘lsa-yu, eshikdan biron begona kishi kirib qolsa, u yig‘isini darrov yashiradi.
Yaponlarda sabr-toqat, vatanparvarlik va jasorat qadrlanadi. G‘arb mamlakatlarining mustamlakachilik siyosati, ularning taraqqiyotiga qarab intilish yaponlarni ruslarga qarshi urush e’lon qilishga majbur etgan. Urushdagi g‘alabadan so‘ng yaponlar o‘zlarining qudratli xalq ekanini, yuksak tamaddunga egaligini G‘arbga ko‘rsatib qo‘ydi. Lekin yaponlarga past nazar bilan qarash kayfiyati yo‘qolmadi, shuning uchun ham ular chet elliklarga nisbatan sovuq munosabatda bo‘lishadi.
Men Yaponiyada qadimdan katta nufuz va hokimiyatga ega bo‘lgan oqsuyak harbiylar – samuraylar haqida ko‘p eshitdim. Samuraylar bilan boshqa harbiylar orasida bo‘lib o‘tgan to‘qnashuvlar to‘g‘risida ham hikoya qilib berishdi. Samuraylar, yapon askarlari qatori, ruslarga qarshi urushda katta qahramonliklar ko‘rsatishgan. Shunga qaramay, imperator ularga ochlik, dahshatli azob-uqubatlarni ravo ko‘rdi, ular hozir o‘tmishdagi katta nufuzdan allaqachon mahrum bo‘lgan va achchiq qismatga tan bergan nochor harbiylardir.
Yaponlarning irodasi, jangovar ruhi, sog‘lom va baquvvat jismi “Jiyu-jitsu” – yapon yakka kurashida namoyon bo‘ladi. Bu yakka kurash turida jangovar mashqlar bilan birga odam tanasining tuzilishi sinchik­lab o‘rganilarkan, agar jiyu-jitsu jangchisi barmoqlari bilan kuchli zarba bersa, raqibini narigi dunyoga ravona qilishi mumkin ekan.
Yaponiyada nikoh ko‘pincha ikki yosh o‘rtasida tuzilmaydi. Bunga ota-onalar mas’ul. Ba’zi hollarda qiz yoki o‘g‘il besh-etti yoshga kirganida ota-onalar o‘zaro kelishib, unashtirib qo‘yishadi. Erlar o‘z istagiga ko‘ra, geyshalar va boshqa yengiltak ayollar bilan qovoqxonalarda ko‘ngilxushlik qilishlari mumkin, bu ayb sanalmaydi; ularning xotinlari buni nojo‘ya ish yoki odobsizlik belgisi deb bilmaydilar.
Yokogamadan Tokioga yo‘l oldik. Mashinada sheriklarim bilan gurunglashib Tokiogacha keldik. Bu yoqqa kelguncha ko‘p yo‘l yurdik, issiq havodan biroz qiynaldik, aksiga olib, yo‘lda mashina ham buzilib qolsa bo‘ladimi.
Tokio – yapon imperiyasi poytaxti, Yaponiyaning eng gavjum va mutaraqqiy shahri, u yerda imperator saroyi joylashgan. Tokioning tarixi juda uzun. Ilgari u “Edo” deb nomlangan. Dastlab qal’a bo‘lgan, keyinchalik syogun Tokugava davrida atrofida uylar qurilib, shaharga aylangan. Tokioni kesib Sumida daryosi oqib o‘tadi, uning to‘lib mavj­lanayotgan tiniq suvlari ustiga ko‘priklar qurilgan.
Tokioda diqqatga sazovor joylar ko‘p ekan. Biz avval imperator, so‘ng Mikado saroyiga bordik; Yaponiyadagi eng katta Budda haykali oyoqlari ostida rasmga tushdik, restoranda ovqatlandik, do‘kon aylandik. Biz ovqatlangan restoran juda shinam ekan, uning hamma jihozlari yangi, tozalikka qat’iyan rioya qilinar ekan.
Sharqona restoran yoki oshxonalar – diqqatga sazovor joylar. U yerda biz o‘tirishga o‘rgangan stol-stul yo‘q; mehmonlar polga o‘tiradi, choy ichishlari uchun yostiqchalar, ovqat tanovul qilishlari uchun pastak xontaxtalar qo‘yilgan.
Tokioda ham Yokogamadagidek G‘arb tamadduni deyarli hamma yerda hukmron; ko‘chalarda simyog‘ochlar va ular orqali tortilgan simlar mavjud. G‘arb uslubidagi zamonaviy binolar katta masofani egallab, deyarli ko‘hna imperator saroyi yonigacha cho‘zilib ketgan. Shaharda elektrda yuradigan tramvaylar, avtomashinalarning qatnashi milliy transport turi – rikshalarni bekor qoldirgan, chunki ularning xizmatidan kam yo‘lovchi foydalanadi, shu sabab ularga o‘tmish sarqiti sifatida qaraladi. Men rikshachilarning ahvoliga juda achindim.
Tokiodagi sayohatimizda davramizga bir qiz qo‘shildi, u Xarbingacha biz bilan birga bo‘lar ekan. Qizning shaxsiyati meni juda qiziqtirib qo‘ydi. U bo‘sh vaqtlarida ko‘p sayohat qilar, yoshligiga qaramay ancha zukko, gapga chechan, dunyoqarashi keng, ruslar olib borayotgan siyosat va butun Yevropaning hozirgi holati haqida chuqur ma’lumotga ega, bir necha xorijiy tilda bemalol so‘zlasha olar ekan.
Men qiz bilan mehmonxonada tanishib qoldim, u doim yonimizda, zukkoligi bilan hammamizni lol qoldiradi, bilmaydigan narsasi yo‘q.
Sayohat davomida qayoqqa qaramang, do‘st orttirish uchun bahona bisyor. Garchi do‘stlik vaqtinchalik bo‘lsa-da, vaqtni chog‘ o‘tkazish uchun qulay imkoniyat. Shu bilan birga, bunday do‘stlarga hamma gapni aytib ham bo‘lmaydi. Erim Mark esa sal odamoviroq, duch kelgan odam bilan gaplashib ketavermaydi. Men, aksincha, odam tanlamayman, tanishtirishlarini ham kutib o‘tirmasdan, gaplashib ketaveraman.
Mark o‘z ishlarini bitirish uchun ko‘chaga chiqib ketdi, ko‘cha aylanib juda charchaganim uchun men mehmonxonada qoldim. Xonamda zerikib, mehmonxona saloniga tushdim va kelgan-ketganlar bilan u yoq-bu yoqdan gurunglashdim.
Mark qaytib kelganida, sheriklarim bilan sayyohatga ketayotgan edim. Ularni Markka tanishtirdim. Ulardan biri iqtidorli musavvir ekan, birpasda portretimni chizib berdi. Mark suratni ko‘rib xursand bo‘ldi.
Sayohat davomida ko‘hna yapon qasrini tomosha qildik. Erim Yaponiya tarixiga juda qiziqadi, unga bu tarixiy obida manzur bo‘ldi.
Mark bizning “zukko” rus qizimiz bilan siyosat va bolsheviklar harakati haqida tortishib charchamaydi. Men rus tilini o‘rganmoqchi bo‘ldim. Bu til ancha murakkab ekan. Rus alifbosini o‘rganaman deb rosa bosh qotirdim; bechora jajji bolalar qanday qilib bu murakkab harflarni yod olishadi? Rus grammatikasi ham qiyin ekan, bizning tilimizga o‘xshash tomoni juda kam, ayniqsa, ot turlanishining qiyinligini aytmaysizmi…

* * *

Iyun oyining o‘rtasida Goldmanlar va boshqa sheriklarimiz bilan xayrlashib, Yokogamadan poyezdga chiqdik. Biz boradigan joy endi Kioto – Yaponiyaning qadimgi poytaxti.
Bu gal oldingi safardagidek har birimiz alohida emas, yaponlar bilan birga ketdik.
Vagonga kirganimizda dimog‘imizga o‘tkir hid urildi, bu upa va brilyantin qorishmasining isi edi; bashang kiyingan, sochlari yaltiroq yapon qizlari sumkasidan qutichasini chiqarib, yuziga upa surtardi. Ularning murakkab soch turmagi, tinmay yelpinishi diqqatimni tortdi, qizlar ham qisiq ko‘zlari bilan bizga muloyim tikilishardi. Yo‘lovchilar tushlikka yegulik olishlari uchun poyezd bir bekatda to‘xtaganda derazadan vagon ichiga quyosh nuri tushdi, boyagi qizlar quyosh nuridan vahimaga tushib, yuzlarini yelpig‘ich bilan yopib olishdi, biri o‘rnidan turib, poyezd pardasini yopib qo‘ydi. Yaponlar vokzaldagi ovqatlarni tanovul qilishmas ekan, soat o‘n ikki bo‘lishi bilan yog‘och qutilarini olib, ichidagi guruchni tayoqchalar yordamida yeya boshlashdi. Yigirma soat deganda manzilga yetib keldik; poyezd nihoyat so‘nggi bekat – Kiotoga kelib to‘xtadi.
Kioto milodiy 794 yildan 1869 yilga qadar poytaxt va imperatorning bosh qarorgohi bo‘lgan. Shahar yapon madaniyati o‘choqlaridan biri, qadimiy yodgorliklarga boy. Uning nomi “poytaxt” yoki “tinchlik shahri” degan ma’noni anglatar ekan; bu yerdan ko‘plab qudratli yapon qo‘mondonlari – syogunlar yetishib chiqqan. Shaharni hammayoqdan to‘lib-toshib oqayotgan anhorlar o‘rab olgan, yam-yashil daraxtlar aksi tiniq suvda ko‘rinib turardi, qo‘y podasiday yig‘ilib olgan kichik-kichik oq uylar xuddi sopoldan yasalgandek. Butun Kiotoda bahor nafasi ufurib turibdi. Rang-barang gullar ochilgan. Sharillab oqayotgan suv bog‘larni sug‘orib, yam-yashil yo‘sinzorlarda oq zumraddek yaltirab, bir xil shakl­dagi uylarga joziba bag‘ishlaydi.
Yaponlar soyabonlarini yopib, yog‘och poyabzallarini “taq-tuq” qilib aylanib yurishibdi. Shaharliklarning aksariyati ish bilan band, ba’zilar Kiotodagi an’anaviy ipak to‘qish fabrikalarida, boshqalar sopol idishlarga bezak beradigan ustaxonalarda ishlaydi. G‘arbda hozir yapon hunarmandlik san’ati buyumlariga qiziqish juda kuchli.
Kiotoni ko‘hna Rimga qiyoslasa mubolag‘a bo‘lmaydi; u ma’budlar va dindorlar shahri, ming yillik tarixga ega ibodatxonalar yaponlar uchun juda muqaddas sanaladi. Biz ham ibodatxonalarga kirib ko‘rdik, u yerga an’ana bo‘yicha oyoqyalang kirdik, ruhoniylarning aytishicha, pok qalb bilan ostona hatlagan insonga Budda madadkor ekan.
Bir necha kundan so‘ng qadrdon Kioto bilan xayrlashishga to‘g‘ri keldi, yana poyezdga chiqdik va Kobega otlandik.
Kobe shahri Yaponiyaning muhim bandargoh shaharlaridan biri ekan. Ammo bu yerda diqqatga sazovor tarixiy joylar kam. O‘n kun davomida shahar hayotini yaqindan kuzatdik.
Kobedagi tub aholi bilan do‘stlasholmasam-da, bu yerda o‘tgan kunlarim men uchun unutilmas damlar bo‘ldi. An’anaviy yapon choyxonalaridan birida yapon madaniyatiga bag‘ishlangan kechada qatnashdik. Egnimizga gulli, ipakdan to‘qilgan kimono kiyib, sozandalar bilan raqsga tushdik. O‘yin payti oyog‘imizdagi yog‘och poyabzal ovozi quloqni qomatga keltirardi. Birozdan so‘ng har tomondan ofitsiantlar yopirilib kelib, har bir mehmonga xontaxta qo‘ydi. Biz xontaxta qarshisida cho‘kkalagancha, sahnada mungli musiqaga monand o‘ynayotgan raqqosalarning nafis harakatlariga mahliyo bo‘lib o‘tirdik. Dasturxonga yapon oshxonasining tansiq taomlari qo‘yildi. Yaponlarda qoshiq vazifasini o‘taydigan tayoqchalarni qanday ushlashni bilmay rosa qiynaldim, mazali taomlardan tatib ko‘rishga sabrim chidamayapti. Inson uchun oddiy ish bo‘lgan ovqat tanovul qilish ham shunchalik mushkul bo‘ladimi? Agar bola bo‘lganimda edi, hech uyalmay, ovqatni qo‘l bilan yegan bo‘lardim… Ziyofat oxirida ko‘k choy ichdik, oqsuyaklar sakesidan tatib ko‘rdik, sake bu yerda xuddi bizdagi shampan vinosidek ko‘p ichilar ekan, qaynoq sake butun badanimizni qizdirib yubordi.
Yaponchasiga qadah ko‘tarish menga zerikarli va yoqimsiz tuyuldi; to‘ldirilgan qadahdagi sakeni avval bir juftlik, tubida qolganini boshqa juftlik ichadi, agar yana qolgan bo‘lsa, qadah uchinchi juftlikka uzatiladi va shunday davom etaveradi. Boshqalardan qolgan sakeni ichmaslik uchun birinchi qadahni o‘zim ko‘tardim; oxirgi qadahdan so‘ng ziyofat tugadi.
Kobeda yapon milliy teatr tomoshasiga bordik. Zerikarli musiqa, yerda chordona qurib o‘tiraverish juda noqulay bo‘ldi; hech narsani tushunmaganimiz uchun tomosha qiziqish uyg‘otmadi. Oxirgi marta yurtimda bo‘lgan “Sariq tunuka” deb nomlangan namoyish menda chuqur taassurot qoldirgandi. O‘shanda aktyor Gerrero-Mendosa xitoylik qahramon obraziga shunchalik qoyilmaqom kirgan ediki, tomoshabinlar o‘rtasida uzoq vaqt turli bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan edi.
Nihoyat, Kobeda o‘tgan o‘n kun nihoyasiga yetdi, endi paraxodda Nagasaki va yana bir necha orollardan o‘tib, so‘ng Xitoyga suzib ketamiz.
Kyusyu va Sikoku o‘rtasidagi Bungo bo‘g‘ozidan o‘tdik, bu bo‘g‘oz Yapon dengizini Tinch okeani bilan bog‘lab turadi. Bungo bo‘g‘ozi dunyodagi eng go‘zal tabiat manzaralaridan biri bo‘lsa kerak, uni tomosha qilib rosa zavqlandik. Biz ko‘rgan yuzlab kichik-kichik orolchalar arxipelaglarni tashkil qiladi, suv shunchalik shaffof, ko‘m-ko‘kki, o‘tayotib afsonaviy dengiz mavjudotlari – suv parilari yashaydigan billur saroy ustidan suzayotgandek bo‘ldik.
Orollardan biriga kelganimizda, boya bizni zavqlantirgan betakror manzaraning mutlaqo teskarisiga guvoh bo‘ldik. Qorin to‘ydirish uchun yerga tushdik. Bu orolda asosan baliqchilar yashar ekan, ularning aft-angori kir-chir, tashqi ko‘rinishi ayanchli ahvolda, egnida juldur kiyim. Esayotgan shamol dimog‘imizga qo‘lansa hidni urardi, shuning uchun burnimizni dastro‘mol bilan yopib oldik.
Kemaga qaytib, dengizdagi sayohatimizni davom ettirdik. Ufqqa yetganimizda suv rangi moviydan kulrang tusga kira boshladi, suv xuddi loyqalangan daryoga o‘xshardi. Buning sababi – biz Sariq dengiz havzasiga kirgan ekanmiz. Dengiz bo‘ylab g‘arb tomonga suzib, Xitoyning bandargoh shahri – Shanxayga yetib keldik.
Shanxayni sanoati rivojlanayotgan shaharlar sirasiga kiritsa bo‘ladi. Xitoy hududida joylashganiga qaramay, u yerga ko‘plab ingliz va frantsuzlar ko‘chib kelgan ekan. Inglizlar mavzesida joylashgan keng xiyo­bonlar, nozik did bilan qurilgan katta uylar, hashamatli binolar menga juda yoqdi. O‘zim Amerikada yashaganim uchunmi, ularga yaqinligimni his qildim. Birgalashib restoranga bordik, shahar aylandik, spektakl tomosha qildik, xullas, Shanxayda o‘tgan kunlarim menda iliq taassurot qoldirdi.
Shanxaydan kemaga chiqib, Sariq dengizning qizg‘ish-kulrang havzasidan o‘tdik va koreys ko‘rfazida joylashgan Liaodong yarim oroliga yetib keldik. Keyin Szindao port shahriga yo‘l oldik va bu yerga kelganimizdan rosa xursand bo‘ldik. Chunki Szindaoda diqqatga sazovor joylar juda ko‘p ekan.
1897 yili olmon imperiyasi Szindaoni Xitoydan ijaraga olgan. Olmonlar shahar rejasini qaytadan ko‘rib chiqishgan, ko‘chalar, uylar, korxona, zavodlar barpo etishgan. Olmon me’morlari qurgan binolar, keng, ozoda ko‘chalar, xiyobonlar shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turibdi. Yevropada 1914 yili urush boshlangach, olmonlar harbiy kuchini shu urushga qaratadi, yaponlar esa bu imkoniyatdan foydalanib, Szindaoni qamal qiladi. Shahar mustahkam devor bilan o‘ralganiga qaramay, qurol-yarog‘ yetishmasligi, yapon qo‘shiniga nisbatan askarlari kamligi sabab olmonlar taslim bo‘ladi va Szindao yaponlar qo‘liga o‘tadi.
Bu yerdagi qonli jang maydoni, shiddatli kurash va shafqatsiz azob-uqubat guvohi bo‘lgan mudofaa inshootini ko‘rishga bordik. Ochig‘ini aytsam, ko‘rganlarim menda achinish hissini uyg‘otdi, ko‘z oldimda bu yerda jon bergan askarlarning dahshatli qiyofalari paydo bo‘ldi.
Mudofaa inshooti huvillab yotibdi, elektr yoritgichlar yo‘q, hammayoqni zulmat qoplagan. Uning yer tagida joylashgan qismiga quyosh nuri tushmaydi. Shuning uchun biz chiroq ko‘targan yo‘lboshlovchiga ergashdik, izma-iz tor yo‘lak bo‘ylab yurdik, chiroqning xira nuri yo‘limizni zo‘rg‘a yoritayapti. Devorlari zax, ayrim yerlarda suv to‘planib qolgan, suv kechganimizda u to‘pig‘imizgacha chiqardi. Yo‘laklarda adashib qolmaslik uchun devorga olmon tilida manzillar nomi yozilgan, kasalxona, shoshilinch tibbiy yordam, jarrohlik xonalari yo‘nalishi ko‘rsatilgan. Devorlarda o‘lim onlari yaqinlashgan askarlarning achchiq qismatini, og‘ir dardini, hayot bilan vidolashuv onlarini muhrlagan xira yozuvlar ham bor. Mark gugurt yoqib, olmoncha yozuvlarni tarjima qilar, men esa uning aytganlarini achinib eshitardim. Yozuvlardan birini yondaftarchamga ko‘chirib oldim, u yerda shunday deyilgan: “Dushman soni bizdan ancha ko‘p. Ikki yuz minglik qo‘shinga qarshi uch yuz kishi nima qila oladi? Shunga qaramay, biz aslo taslim bo‘lmaymiz. O‘lsak ham, jasorat bilan, vatan uchun jon beramiz. Sha’nimizga dog‘ tushmasin. Yashasin ona-Vatan!”
Zulmatdagi o‘lim oldi bitiklari, buzg‘unchiliklar, xunrezliklar – hammasiga odamzodning mol-dunyoga o‘chligi sabab, urush oqibatida qanchadan-qancha begunoh odamlar yashash imkoniyatidan mahrum bo‘lgan…
Qalbimni larzaga solgan bitiklardan ta’sirlanib o‘zimga-o‘zim “Buzg‘unchilikning sababi nima? Ona tabiat bizni faqat mehr-shafqat ko‘rsatishga, hayot go‘zalligidan zavqlanishga o‘rgatadi-ku, nega biz butunlay teskarisini qilamiz, nega odam o‘ldiramiz, bunchalik nafrat qayerdan paydo bo‘ladi?” deya savol berdim.
Szindaodan chiqib Dalyanga yo‘l oldik. Yo‘lda Port-Artur bandargohiga ko‘zimiz tushdi. Bandargoh yaqinida rus-yapon urushi bo‘lib o‘tgan. Shiddatli jangda yaponlar ruslar ustidan g‘alaba qozongan. Mark va yonimizdagi ruslar uni uzoqdan ma’yuslik bilan kuzatishardi, urush oqibatida yaponlar katta hududiy va harbiy ustunlikka erishgan.
Dalyanda poyezdga chiqib Xarbinga yo‘l oldik. Yo‘lda ko‘plab qishloqlar, shaharlarni ko‘rdik, u yerda yashovchi aholini osoyishta va horg‘in kayfiyatda kuzatib ketdik.
Xitoyliklarning kundalik hayotidan ba’zida hayron bo‘lardim, ba’zida esa kulgim qistardi. Masalan, sartaroshlarning sartaroshxonada emas, ochiq havoda soch olishi g‘alati. Xitoyliklar sochga katta e’tibor qaratarkan, boylar uch-to‘rt kun, o‘rta qatlamdagi kishilar sakkiz-o‘n besh kunda, kambag‘allar esa har oy sartarosh xizmatidan foydalanadi. Ko‘chada sochini o‘rdirayotgan bolaga ko‘zim tushdi, bechora bola jimgina o‘tirib, sochini o‘rib bo‘lishlarini sabr bilan kutardi, chunki did bilan o‘rilgan soch xitoyliklarda go‘zallik belgisi ekan.
Ancha yo‘l bosib, nihoyat, Xarbinga keldik. Markning bank tashkil etish niyati amalga oshib, tanish-bilishlari bilan biznes aloqalarini yo‘lga qo‘ymaguncha shu yerda bo‘lamiz. Nyu-Yorkka qaytadigan paytimiz ham yaqinlashib qoldi. Xarbin me’moriy jihatdan rus shaharlarini eslatadi. Shaharda ruslar ham ko‘p. Narx-navoning qimmatligidan hayron qoldim. Qiyinchilik bilan ijaraga kichkina va chiroyli uy topdik, uy bog‘ va gulzor bilan o‘ralgan ekan.
Shaharda rus inqilobidan qochib kelgan boylar ko‘p. Inqilob ularning mol-dunyosiga va turmush tarziga deyarli ta’sir ko‘rsatmagan. Barchasi dabdabali uylarda yashaydi, pullari ko‘p. Kamtarona shaharning qimmatlashishiga shu boyvachchalar sabab bo‘lsa kerak, bu ham yetmagandek ular o‘zlari bilan musiqachi-yu raqqosalar, turli artistlarni ham boshlab kelishgan. Tunda teatr va kabarelar odamlarga to‘la, qiziqarli tomoshalar, spektakllar va kontsertlar tong otguncha davom etadi.
Markning Moskva, Sankt-Peturburg va Vilnyusdan kelgan do‘stlari shu yerda ekan. Ularning barchasi yirik bankirlar. Sankt-Peterburg, Vilnyus va boshqa shaharlarda xususiy banklari bor.
Ammo erim ularga o‘xshab, bo‘ron tinishini kutib pusib o‘tirmasdi. U yangi imkoniyatlarni izlaydigan, omadsizlikdan cho‘chimaydigan odamlar toifasidan edi.

* * *

Ruslar erim bilan Rossiyada sodir bo‘lgan qirg‘inbarot inqilob haqida suhbatlashishardi; Rossiyaning rus-yapon urushidagi mag‘lubiyati, G‘arb bilan keskin munosabati, uning jo‘g‘rofiy yakkalanib qolishi va raqiblari tomonidan har tomondan siquvga olinishi, sanoatning oqsashi, harbiy jihatdan zaiflik, inqilobdan va urushdan ko‘rgan katta talafot suhbatning asosiy mavzusi edi. Ular tuhmatga qolib o‘z vatanini tark etishga majbur bo‘lganini alam bilan esga olishardi.
Mark hamma gaplarni jimgina eshitar, men esa erimning ko‘zlarida bir necha oydan beri uni qiynayotgan og‘riqni ko‘rdim. Bu og‘riqda xunrezlik markaziga aylangan yurtni sog‘inish, vatandoshlarining dunyoning to‘rt tomoniga sochilib ketishi, ular to‘xtaydigan oxirgi bekatning yo‘qligi, yurtining noma’lum qismati haqida kuyinish aks etgandi.

Ispan tilidan Abror Umarov tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 11-son