IShTIROK ETUVChILAR:
E r.
X o t i n.
S u g‘ u r t a a g ye n t i.
Q o‘ sh n i q i z.
Baxtli hayot kechiruvchi er-xotin xonadonida mo‘jazgina bir xona. Hammayoq chinniday ozoda, sarishta. Xona o‘rtasida stol, stol yonida s u g‘ u r t a a g ye n t i o‘tiripti, u uy egasi — Erga sug‘urta hujjatini uzatadi.
A g ye n t. Marhamat, afandim, mana bu yeriga imzo cheksangiz bo‘ldi… Mening ruchkamni olaqoling — bu baxt keltiradi.
E r. (Hujjatga ko‘z yugurtirib chiqadi.) Demak, agar men… xudo ko‘rsatmasin, qazo qilsam, xotinim shirkatingizdan ikki ming funt pul oladi, to‘g‘rimi?
A g ye n t. Juda to‘g‘ri… O‘sha zahoti… ya’ni…
E r (so‘zini bo‘lib). Tushunarli… (Ruchkani qo‘liga olib imzo chekadi, so‘ng ruchkani stolga qo‘yadi va hujjatni agentga uzatadi.)
A g ye n t. (Hujjatni olarkan.) Tabriklayman!
E r. Nima bilan? Oldinroq o‘lishim bilanmi?
A g ye n t. Yo‘g‘-e… Xudo saqlasin… Sug‘urta hujjatiga imzo chekkaningiz bilan.
E r. Gap bunday… Men sizdan talab qilaman… Toki tirik ekanman, xotinim bu hujjat haqida hech nima bilmasligi kerak… Uning ko‘ngli judayam bo‘sh, asabi ham chatoq. Har narsaga dardi zo‘rayib, mazasi qochib qoladi. Xotinim, agar undan oldin mening o‘lib qolishim mumkinligini eshitib qolsa, o‘sha zahoti turgan yerida shamday qotib, soqov bo‘lib qoladi. Bunday judolikka u aslo chiday olmaydi! U doim: “Yo, Allohi karim, ishqilib oldin mening jonimni ol!” deb nuqul tavallo qilgani-qilgan. Bilasizmi, men ham ko‘p o‘ylayman bu haqda. Hatto xotinimdan ham ko‘proq o‘ylayman. Ishqilib xotinim orqamda qolsa, deyman. Mening birdan-bir orzuim shu.
A g ye n t. O, qanday nazokatli va malohatli inoqlik! Bunday xushbahra mehru muhabbat dunyoda kamdan-kam uchraydi.
E r. Shuning uchun ham xotinim hayotimni sug‘urta qildirganimni bilmasa yaxshi bo‘lardi. Tag‘in ko‘ngli buzilib, mendan xavotir olib yurmasin. Xudo ko‘rsatmasin, agar eshitib qolsa, halovatini yo‘qotadi-qo‘yadi sho‘rlik…
A g ye n t. Xotirjam bo‘ling! Biz xotiningizga hech nima aytmaymiz, to… (gapidan tutilib qoladi). Xullas, afandim, shartnoma tuzilganini sir saqlash bizning burchimiz.
E r. Yaxshiyam xotinim uyda yo‘q — yuqori qavatdagi qo‘shnimizning kasal yotgan qizidan xabar olgani chiqib ketuvdi. Maboda hozir tushib, sizni bu yerda ko‘rib qolsa, sug‘urta agenti ekanligingizni aytmang, xo‘pmi?
A g ye n t. Ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin, afandim.
E r. Butun umidim, avvalambor, Ollohdan, qolaversa, siz bilan sug‘urta shirkatidan, taqsirim. Mana nihoyat ko‘nglim taskin topdi: men olamdan o‘tgach, beva qolgan xotinim hech nimaga muhtoj bo‘lmay tinch va xotirjam kun kechiraveradi.
A g ye n t. Shartnomada bir modda bor: mabodo bevangiz… yo‘g‘-e, kechirasiz, umr yo‘ldoshingiz… sizdan oldin otni qamchilab, dorilbaqoga rixlat qilguday bo‘lsa, unda siz sug‘urta qildirgan omonatingizning hammasidan butkul mahrum bo‘lasiz…
E r. (Dahshatga tushib.) Yo‘q, yo‘q! Nimalar deyapsiz o‘zi? Xotinim oldin o‘lmaydi! Unda mening bu dunyoda yashashimdan nima foyda, jamg‘argan o‘sha omonatlarimni pishirib yeymanmi?
A g ye n t. Uzr! Afv eting, afandim! Men faqat shartnomadagi bir moddaga e’tiboringizni qaratmoqchi bo‘luvdim, xolos…
E r. Bas, taqsirim! Boshqa esimga solmang o‘sha badbaxt moddangizni!
A g ye n t. Kechirasiz, og‘zimdan chiqib ketdi. Yana bir bor uzr so‘rayman. Begoyim uzoq umr kechiradilar deb umid qilishga ijozat bergaysiz…
E r. Shuningdek, mening undan oldin o‘lishimga ham umid qilavering…
A g ye n t. Ha, oldin o‘lishingiz mumkin, unda sug‘urta puli zudlik bilan rafiqangizga beriladi. (Qog‘ozlarni sakvoyajga solib ketishga shaylanadi.)
E r. Darrov ketyapsizmi? Sizga qahva ham taklif qila olmadim. Afv etgaysiz, taqsirim. Bugun uy xodimamizning dam oladigan kuni edi. Er-xotin ikkovimiz qolganmiz. Aksiga yurib, xotinim ham yuqori qavatga, qo‘shninikiga chiqib ketgan edi… Darvoqe, buni sizga aytuvdim-a…
A g ye n t. Zinhor aziyat chekmasinlar.
E r. O‘tinaman, unutmang: xotinim hech nima bilmasligi kerak.
A g ye n t. Ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin, afandim. Sug‘urta qilingan narsani sug‘urib olib bo‘lmaydi.
Eshik ochilib x o t i n kiradi. U sakvoyaj ko‘targan agentni ko‘radi.
X o t i n. (Agentga.) Doktormisiz? Siz doktorsiz-a?
A g ye n t. (Taajjubda.) Menmi?
E r. (Shosha-pisha, agentga.) Xotinim… Bu mening xotinim.
X o t i n. Siz, albatta…
E r. (So‘zini bo‘lib.) Ha, bo‘lmasam-chi, doktor bu kishi…
X o t i n. Voy, nima bo‘ldi, doktor?
A g ye n t. (Qo‘lidagi sakvoyajiga qarab.) Doktor?
E r. (Agentga ko‘z qisib.) Ha, doktor bu kishi. Lekin sen xavotir olma, jonim. Doktor biznikiga kelmagan. Men soppa-sog‘man… Otdekman.
X o t i n. Voy, bo‘lmasam-chi. Doktor biznikiga adashib kirganlar. Kasal — qo‘shnimizning guldakkina qizi. U yarim soat burun do‘xtirxonaga qo‘ng‘iroq qilgan edi. U bizdan yuqori qavatda turadi.
E r. Boring, doktor, chiqaqoling bemorning oldiga…
A g ye n t. Yaxshi. Men ketdim. (Eshik tomon yuradi.)
X o t i n. Shoshmang, doktor… Bemor qizga doktor ekanligingizni zinhor ayta ko‘rmang. Sho‘rlikning ahvoli juda yomon. Agar doktorman, deb aytsangiz yoniga yaqin yo‘latmaydi. Yaxshisi, siz unga… unga o‘zingizni, masalan…
A g ye n t. Sug‘urta agentiman, hayotingizni sug‘urta qilgani keldim, deb aytaqolaman.
E r. (Agentga.) Balki boshqa biron kasbni aytganingiz ma’quldir?
X o t i n. Nima farqi bor? Mayli xohlagan kasblarini aytaversinlar. Eng muhimi, doktorligingiz haqida lom-mim demasangiz bo‘lgani, yo‘qsa…
A g ye n t. (Tezroq qochib qolmoqchi bo‘lib.) Yaxshi, aytaman.
X o t i n. Shoshmang, doktor, shoshmang. Bemor judayam tund, odamovi bo‘lib qolgan, hech kim bilan gaplashgisi kelmaydi, ko‘chaga ham ahyon-ahyonda bir chiqadi, lekin juda ko‘p mutolaa qiladi. Xonadonda ona-bola turishadi. Hech kim bilan bordi-keldi qilishmaydi. Faqat ba’zi-ba’zida men kirib turaman. Boyaqish onasi qizining ahvolini ko‘rib yum-yum yig‘lagani-yig‘lagan. Baxtsiz oila!
A g ye n t. Baxtsiz?
X o t i n. Ha, doktor. Ham baxtsiz, ham mudhish! Qizning dardi juda xatarli. Bir qaragan odamga tuppa-tuzuk, nozanday ko‘rinadi, lekin o‘zingizdan qolar gap yo‘q, aylanay: mol olasi sirtida, odam olasi ichida, deydilar-ku… Mana, chiqsangiz o‘zingiz ko‘rasiz — u biram dilbar, biram muloyim, biram o‘qimishli qizki… Shunga qaramay, yaqinda… bir ko‘ngilsiz voqea sodir bo‘layozdi, men sizga aytsam… Uy xodimasi oshxonada idish-tovoq yuvayotgan ekan… Birdan qiz qo‘lida pichoq bilan kirib kelibdiyu, ko‘zlaridan o‘t chaqnatib, uy xodimasini chavaqlamoqchi bo‘lganday, unga tashlanibdi. Ha, ha, ishonavering. Agar ustiga onasi kirib qolmaganda, kim bilsin, qanday falokat yuz berardi…
A g ye n t. La havlo va la quvvato, illo billo…
X o t i n. Buni nima deb atashadi tib ilmida?
A g ye n t. (Dovdirab.) Bunimi?.. Haligi… tib ilmida buni…
E r. (Shosha-pisha so‘zini bo‘lib.) Nima deb atashardi? Albatta buni asabiy, ruhiy iztirob deydilar-da.
X o t i n. (Eriga.) Siz jim turing. Doktorning o‘zlari aytsin. Xo‘sh, nima deysiz bu haqda, doktor?
A g ye n t. Bu dahshat.
X o t i n. Ayting-chi, bu dardning sababi nima? Uni qanday davolasa bo‘larkin?
A g ye n t. Menimcha… Bilasizmi, hozirgi paytda tibbiyot har qanday dardni davolashga qodir. Dorixonalarda olimlar tomonidan ixtiro qilingan yangi-yangi dori-darmonlar juda serob. Kun sayin ajoyib shifobaxsh dorilar kashf etilmoqda. Ayrim kasalliklar butkul barham topti. Odamlar, men sizga aytsam, uzoq umr kechira boshladilar. Bu hol sug‘urta shirkatlarini g‘oyatda ruhlantirib yuboryapti…
E r. (Pichirlab.) Taqsirim, sug‘urtaning nima daxli bor bunga?
X o t i n. (Agentga.) Ayting-chi, doktor, sho‘rlik qizning dardiga davo topsa bo‘larmikin?
E r. (Xotiniga.) Sen doktordan bemorga tashxis qo‘yishni talab qilyapsan, holbuki, u hali kasalni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgani ham yo‘q.
A g ye n t. Haq gapni aytdingiz. To bemorni o‘z ko‘zim bilan ko‘rmagunimcha biron nima deyolmayman.
X o t i n. Uzr, doktor. Ezmalik qilyapti, deb o‘ylamang meni. Gap shundaki, men egachimga — qizning onasiga achinaman. Sho‘rlik ona qizining dardiga ich-etini yeb adoyi tamom bo‘ldi. Bas, ortiq hech nima so‘ramayman sizdan. Boraqoling, sizni kutishyapti. Shoyad qadamingiz qutlug‘, qo‘lingiz yengil kelib, bemor dardidan forig‘ bo‘lsa.
A g ye n t. Inshoollo. Salomat qolinglar. (Eshik tomon yuradi.)
X o t i n. Shoshmang, doktor… Ehtiyot bo‘ling. Egachim bugun qizining xonasida to‘pponcha yotganini ko‘ripti.
A g ye n t. To‘pponcha?
X o t i n. Ha. Qiz bugun ko‘chaga chiqib ketib, to‘pponcha ko‘tarib kelganmish. Nima qilarkan uni, hayronman?
A g ye n t. (Shosha-pisha.) Xo‘p, xayr.
X o t i n. Sabr qiling, doktor. Bemorning xonadoni qayerdaligini bilasizmi?
A g ye n t. (Asabiylashib.) Yo‘q!
X o t i n. Unda, yuring, o‘zim sizni kuzatib qo‘yaman.
A g ye n t. (Dahshatda.) Yo‘q, yo‘q. Aslo aziyat chekmang. O‘zim topib olaman. Zinhor urintirmang o‘zingizni. Tashakkur.
E r. (Agentni qutqarish maqsadida.) Xotirjam bo‘l, jonim. Doktor o‘zi topib oladi. Qani, o‘tir, senga aytadigan gapim bor.
X o t i n. (Agentga.) Xonadon shundoqqina tepamizda… o‘ng tomonda.
A g ye n t. (Shosha-pisha.) Hoziroq g‘izillab tushaman… ya’ni masalan, g‘izillab chiqaman. Tashakkur! (Yugurib chiqib ketadi.)
X o t i n. (Eriga yaqinlashib). Qani, ayting, nima gapingiz bor edi?
E r. Nima?
X o t i n. Menga aytadigan gapingiz bor edi, shekilli?
E r. A!.. Esimda yo‘q… To‘g‘ri, senga bir nima demoqchiydim… Esimdan chiqdi.
X o t i n. Zarur gapmidi o‘zi?
E r. Hech eslolmayapman.
X o t i n. O‘zingiz to‘g‘ringizdami?
E r. Yo‘q.
X o t i n. Men to‘g‘rimdami?
E r. Yo‘q.
X o t i n. Unday bo‘lsa, nima qilamiz bosh qotirib? Siz bilan ikkovimizga daxli bo‘lmagan narsalarning biz uchun hech qizig‘i yo‘q.
E r. To‘g‘ri aytasan, jonginam. Ikkovimiz — butun bir olammiz. Ikki jismga jo bo‘lgan bir jonmiz. Biz bir-birimizsiz bir lahza ham kun kechira olmaymiz. Hamonki shunday ekan, men doim xavotirdaman.
X o t i n. Siz ham-a, jonim?
E r. Ha. Men doim, ishqilib hayotimizda biron falokat sodir bo‘lmasin-da, deb vahimaga tushganim-tushgan. Hatto kechalari uyqum qochib ketadi. Bordi-yu, olam hodis, sening dilingni bexosdan salgina ranjitib qo‘ysam, bunday iztirobga birinchi navbatda o‘zim chiday olmasdim.
X o t i n. Men ham, agar boshingizga, xudo ko‘rsatmasin, biron og‘ir tashvish tushsa, siz uchun jonimni fido qilishdan ham qaytmasdim.
E r. Yo‘q, mahbubam, men sening bunday fidoyiligingni qabul qilolmayman.
X o t i n. Voy, axir tanimiz boshqa-boshqa bo‘lgan bilan jonimiz bitta-ku! Siz ham, men ham bir-birimizsiz bir daqiqa ham yashay olmaymiz.
E r. Agar farzandlarimiz bo‘lganda edi, Latifa, sen ularning qalbida mangu yashagan bo‘larding.
X o t i n. Na chora, Alloh bizga farzand ato etmadi. Ammo yonimda sendek suyukli mahbubim bor, shuning o‘zi katta baxt men uchun.
E r. Men ham Allohga shukronalar aytaman, bag‘rimda sendek bebaho mahbubam borligi uchun.
X o t i n. Siz bilan mening jonim hayot rishtasi bilan bir-biriga mahkam bog‘langan, mehribonim. Maboda bittamizning kunimiz bitib, jonimiz uzilgudek bo‘lsa…
E r. Shu zahoti ikkinchimizning ham jonimiz uziladi.
X o t i n. Voy, qo‘ying, bas qilaylik bunaqa ko‘ngilsiz gaplarni. Boshim aylanib ko‘zim tinib ketdi. Allohi karimdan so‘raymanki, ishqilib bu dunyodan avval men ko‘z yumay…
E r. Xudo saqlasin.
X o t i n. Unday demang, aylanay, unday demang!
E r. Yo Parvardigori olam, jonimizni oladigan bo‘lsang, avval menikini ol.
X o t i n. Yo‘q, yo‘q, aslo unday deya ko‘rmang!
Eshik ochilib, xonaga o‘n sakkiz yoshlardagi bir q i z kiradi. U xushqad, xushchehra, bashang kiyingan, bamaylixotir kayfiyatda.
Q i z. Iloyo, iltijolaringizni Alloh inobatga olsin!
E r. (Hayajon bilan pichirlab.) Telba qiz-ku!
Q i z. (Cho‘ntagidan revolver chiqaradi.) Marhamat qilib, yonma-yon o‘tiringlar… Bir-biringizga yaqinroq… yanayam yaqinroq… Yaxshi. Endi aytadigan gapimni eshiting.
Qiz er bilan xotin o‘tirgan divanni nishonga oladi. Ular qo‘rqqanlaridan
tillari kalimaga kelmay, g‘ujanak bo‘lishib, dong qotib qolishadi.
Q i z. Avvalambor, ijozatingiz bilan o‘tirsam. (Stol yoniga o‘tiradi, endi u bilan er-xotin o‘rtasida stol bor.) Eshigingiz qiya ochiq ekan, kirib kelaverdim. Yaxshiyamki uyda o‘zingiz yolg‘iz ekansiz. Bu menga qo‘l keladi… Turgan gapki, bu tasodifiy tashrifim boisini bilishni istasangiz kerak, albatta?
Er-xotin, qo‘rqib ketganidan tovushsiz lablarini pirpiratadi.
Q i z. (Hamon xotirjam ohangda.) Buning boisi oddiygina. Men odam o‘ldirgani kirdim bu yerga. Hozir ikkovingizdan bittangizni otishim kerak.
X o t i n. Voy, Seham oy, qizim, nimalar deyapsan asti?
Q i z. (Muloyim ohangda.) Kechirasiz, opoqi… Men taassufdaman. Ammo niyatimni bajarishim shart.
X o t i n. (Yolboruvchi ohangda.) Seham oy!
Q i z. Shunday qilishim kerak. Ichki hissiyotlarim da’vatiga qarshilik qilishga ojizman.
X o t i n. (Titroq ovoz bilan.) Biz axir qo‘shnilaringmiz-ku, Seham. Onang bilan opa-singildekmiz. Sen ham o‘z qizimday bo‘lib qolgansan. Nahotki rahming kelmasa, nahotki yomonlikni ravo ko‘rsang bizga?
Q i z. Yo‘q, men sizlarga yomonlikni ravo ko‘rmoqchi emasman. Lekin ichimdagi qudratli da’vat mudom: “O‘ldir! O‘ldir! O‘ldir!..”, deb holi-jonimga qo‘ymayapti. Bu ehtirosli xohish mening izmimda emas.
X o t i n. (Yolboruvchi ohangda.) Esingni yig‘, Seham, xudo xayringni bersin.
Q i z. Nima qilayotganimni yaxshi bilaman, opoqi. Esimni yo‘qotganim yo‘q… hozircha.
X o t i n. Unda qanday qo‘ling boradi bu dahshatli jinoyatga?
E r. (Pichirlab.) Achchig‘ini chiqarma.
Q i z. Ha, bu dahshat. Lekin ilojim yo‘q! Men o‘zimni bu niyatimdan qaytarishga ko‘p urindim, astoydil qarshilik ko‘rsatdim, lekin yengildim bu kurashda. Endi men ichimdan otilib chiqayotgan o‘sha da’vatga itoat etishim kerak. Kimnidir albatta o‘ldirishim… o‘ldirishim… o‘ldirishim shart… Shundagina xumordan chiqaman-u… ko‘nglim taskin topadi…
E r. (Dag‘-dag‘ titrab.) Ikki og‘iz so‘z aytishga ruxsat eting, oyim qiz.
Q i z. Ayting.
E r. Siz ko‘p odobli qizsiz, yaxshi oila farzandisiz. Sizni zinada uchratganimda doimo salomingizga alik olardim. Esingizdami?
Q i z. Men sizni hozir ham hurmat qilaman.
E r. Shunga qaramay, bizni falokatga ro‘para qilmoqchimisiz?
Q i z. Yo‘q, albatta. Lekin shunday qilishga majburman, boshqa ilojim yo‘q. Men bugun, albatta, bironta odamni o‘ldirishim shart, yo‘qsa jinni bo‘lib qolaman. Men uchun yagona najot yo‘li — odam o‘ldirish.
E r. Sizga baribirmi… kimni o‘ldirish?
Q i z. Ha.
E r. Unday bo‘lsa, ko‘chaga chiqib ro‘para kelgan birinchi odamni otganingiz yaxshi emasmi?
Q i z. Men ham shuni o‘ylagan edim va aynan siz aytgandek ish tutmoqchi bo‘lgandim. Lekin yo‘lakdan o‘tib keta turib, eshigingiz qiya ochiq turganini ko‘rib qoldimu bu xonadonda ikkovingiz yolg‘iz turishingiz esimga tushdi.
X o t i n. Sho‘rimiz qursin!
Q i z. Buyam bo‘lsa mening baxtim. Agar ko‘chaga chiqib birontani otsam… qiy-chuv, to‘polon ko‘tarilib, tepamga olomon to‘planardi… unda qilmishim samarasidan huzurlana olmasdim.
E r. Siz odam o‘ldirib huzur qilmoqchimisiz hali?
Q i z. Bo‘lmasam-chi. Men: “Qotillik qilishga bunchalik hirs qo‘yishimning boisi ne?” deb o‘zimga o‘zim qayta-qayta savol berib ko‘rdim. Lekin har safar ichimdan chiqayotgan doxiliy ovoz: “Men o‘layotgan odamning nimalarni his qilishini, shu bilan birga, qotil dilida qanday tuyg‘u vujudga kelishini bilishni istayman”, — deb javob qildi menga. Shunisi ham borki, agar qotil o‘z qurbonini yaxshi bilsa, bu ish yanada yaxshiroq samara berar ekan. Shunga ko‘ra, sizlar mening qotillik hirsimni to‘la qondira olasiz, deb o‘ylayman… Mana, niyatimni sizlarga to‘la-to‘kis izohlab berdim. Endi o‘ldirmoqchi bo‘lganim odamga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman… Meni kechirasizlar… O‘zingiz hal qiling — qay biringizni otay?
Revolverni o‘qtaladi. Er bilan xotin bir-birining pinjiga kirib ketadi va go‘yo o‘zlarini himoya qilayotganday qo‘llarini oldinga cho‘zadilar.
X o t i n. (Faryod solib.) Seham!
E r. (Yolboruvchi ohangda.) Oyim qiz!
Q i z. Men faqat bittangizni o‘ldirishim kerak. Agar ikkovingizni otsam, ko‘zlagan niyatimga yetmay qolaman. Faqat bittangizni otishim kerak.
X o t i n. (Yig‘lab.) Seham! O‘rgilay Seham! Qayt bu niyatingdan. Men senga hech qachon yomonlik qilmagan edim. Biz sening do‘stlaringmiz, ko‘zday qo‘shnilaringmiz. Sen menga o‘z yaqinlarimdan ham yaqinroqsan. Onangga necha-necha marta aytgandim, qaniydi mening ham Sehamga o‘xshagan qizim bo‘lsa, deb! Senga doim havasim kelardi, aylanay. Nahotki qo‘ling borsa?..
Q i z. Men shunday qilishim shart!
E r. Nima yomonlik qilgan edik sizga, mademuazel? Bizdek begunoh, diyonatli odamlarga nechun buncha beshafqatsiz?
Q i z. Men beshafqat emasman. Bilaman, sizlar oqko‘ngil, diyonatli kishilarsiz. Lekin noilojman… Agar hozir bittangizni o‘ldirmasam dardim badtar xuruj qilib, o‘zim o‘lib qolishim mumkin.
X o t i n. Yo‘q, yo‘q, qizim, sen ham o‘lma, biz ham o‘lmaylik… Rahm qil bizga, Seham! Bilaman, sen juda rahmdil qizsan!
Q i z. Gapingiz to‘g‘ri, opoqi. Juda rahmdilman. Agar bironta sayoq mushukning zorlanib miyovlaganini eshitsam yig‘lab yuboraman.
X o t i n. Ishonaman, Seham. Oying aytgan edi buni. O‘zim ham bilaman, besh vaqt namozni kanda qilmaysan, ro‘zai ramazonni bir kunini ham qazo qildirmay tutasan… Eshitdim, farrosh xotinning yupun kiyingan bolasiga rahming kelib, ko‘ylak sovg‘a qilganmishsan?
E r. Onangiz sizga biz to‘g‘rimizda hech gapirmaganmilar, oyimqiz? Bizning nechog‘lik inoq yashashimiz, bir-birimizni qanchalik sevishimiz to‘g‘risida hech gapirmaganmilar?
Q i z. Gapirganlar, bundan xabarim bor.
E r. Shunga qaramay, shu kichik oilamizni barbod qilmoqchimisiz?
Q i z. Siz tushunmayapsiz, amaki! Tushuning axir, dilimning eng teran yeridan otilib chiqayotgan talabchan ovoz mendagi rahm-shafqatdan, mantiqiy mulohazadan, sizlarning barcha iltijolaringiz-u, ta’na-malomatlaringizdan qudratliroq. Bu dunyoning ishlari hozir meni zarracha ham qiziqtirmaydi. Men hozir na dardu alam, na shodu xurramlik haqida, na ezgulik va na yovuzlik to‘g‘risida o‘ylay olaman… Hozir mening birdan-bir vazifam — meni odam o‘ldirishga undayotgan da’vatga itoat etishdan iborat. U doxiliy da’vat nuqul: “Odam o‘ldir! Sen odam o‘ldirishing shart!” — deb hech holi-jonimga qo‘ymayapti.
E r. O‘sha da’vat… nima sababdan sizni bu qadar mudhish jinoyatga undayotganini aytmadimi?
Q i z. Yo‘q, u sababini aytmadi, u faqat buyuradi. Boshqa odamlar ham u yoki bu ishni bajarishga undovchi ana shunaqa ichki ovozni eshitishgan va nima qilayotganlarini tushunmagan holda u ovozga itoat etishgan. Gap shundaki, o‘sha ichimdan otilib chiqayotgan hokimona da’vat menga ham o‘zim tushunmagan ishni buyuryapti, ammo men ruhiy yengillik his qilishim uchun bu ovozga itoat etishim shart. Boshqa ilojim yo‘q… Endi, ijozatingiz bilan…
Revolverni o‘qtaladi. Er-xotin o‘zlarini himoya qilmoqchi bo‘layotganday qo‘llarini oldinga cho‘zishadi.
Q i z. Bas, yetar! Gap juda cho‘zilib ketdi. Ishga kirishaylik!
E r. (Yolboruvchi ohangda.) Bir daqiqa sabr qiling, oyimqiz, bir daqiqa.
Q i z. Sizni ogohlantirib qo‘yay: mulohazayu, iltijoyu, ko‘zyoshlardan foyda chiqmaydi. Ikkovingizdan bittangizni albatta otishim shart! Gapim qat’iy! Qay biringizni otay? Qay biringizni?
X o t i n. (Vahimada.) Qay birimizni?
Q i z. Ha, qay biringizni? O‘qni kimga uzay? Tez bo‘ling! Yo o‘zim tanlaymi qurbonni?
E r. (Titrab-qaqshab.) O… hali o‘zingiz tanlamoqchimisiz?
Q i z. (Er-xotinni diqqat bilan kuzatarkan.) Ha. O‘zim tanlashga majburman, lekin bu oson bo‘lmaydi. Chunki sizlar bir olmaning ikki pallasidek, bir-biringizga judayam o‘xshaysiz. Qanday qilib ikkovingizdan bittangizni tanlay? Ikkovingiz ham qilt etmay bir-biringizga yopishib o‘tiribsiz. Hatto qochishgayam urinmayapsiz… Bo‘ldi, tezroq tugatish kerak bu mashmashani, bo‘lmasa jinni bo‘lib qolaman… Ha-a… zimmamga juda qiyin vazifa yukladinglar. Ikkovingizdan bittangizni tanlash oson emas. Kimni otay axir?.. Qay biringizni? Sizning xotiningiznimi yo sizning eringiznimi?
X o t i n. (Piqillab yig‘lab.) Biz hozir o‘lamizmi? Nahotki kunimiz bitgan bo‘lsa? Shafqat qil bizga, Seham!
E r. Yo yaratgan egam, o‘zing bizni panohingga ol! Ajal eshik qoqmoqda. Bizga rahm qiling, oyimqiz!
Q i z. (Go‘yo o‘ziga-o‘zi gapirayotganday.) Ajal ostonada shay turipti, u yaqin, men uni yanada yaqinlashtirmoqchiman. Payt keldi, Seham! Botiniy sadoga quloq os… Men o‘ldirishim kerak… Kimni? Kimni? Tezroq hal qilishim, qurbonni tanlashim lozim. U kim? Qay biri?
Qiz birma-bir er va xotinga sinchkovlik bilan tikiladi. Ular qizning harakatini dahshat bilan kuzatadilar, lablari qo‘rquvdan pir-pir uchadi.
Q i z. (Qat’iy tarzda.) Siz, ey xotin!.. Chiqing oldinga!
X o t i n. (Dahshatda.) Men? Yo‘q, yo‘q, yo‘q!
Q i z. O‘lishni istamaysizmi?
X o t i n. Yo‘q. Men… xoh… xohlamayman… o‘l… o‘lishni.
Q i z. Bo‘lmasa, eringizni, otaman… (Erga.) Turing o‘rningizdan!
E r. (Qo‘rqqanidan dag‘-dag‘ titrab.) Men? Yo‘q, yo‘q, oyimqiz. Yo‘q!.. Men yashashim kerak… O‘tinaman sizdan… ijozat bering…
Q i z. Siz ham o‘lishni xohlamaysizmi?
E r. Yo‘q. O‘tinaman sizdan.
Q i z. Naqadar og‘ir vazifa. Bunaqada ish bitmaydi. Baribir, bittangiz o‘lishingiz kerak. Kim o‘ladi? Bir nima denglar axir!.. Otyapman… Tavakkal! (Yana revolverni o‘qtala boshlaydi.) Mayli, xotin o‘laqolsin!
X o t i n. (Yum-yum yig‘lab.) Yo‘q, yo‘q, Seham. Meni otma! Men yashashim kerak… Yashashim kerak… Nimagaki, men… men… men homiladorman.
Q i z. Rostdanmi? Homilangiz bormi? Nega buni oldinroq aytmadingiz? Allohga shukur qiling, homilangiz sizni shu oxirgi daqiqada o‘limdan asrab qoldi. Siz yashashingiz kerak, albatta… Bolangiz uchun yashashingiz kerak. Sizni va siz bilan birga bolangizni o‘ldirib qanday kechirilmas og‘ir gunohga botgan bo‘lar edim-a! Siz yashaysiz, opoqi. Bas, shunday ekan, unda eringiz o‘ladi.
E r. (Dag‘-dag‘ qaltirab.) Xudo xayringizni bersin, yaxshi qiz, meni o‘ldirmang, o‘ldirmang!
Q i z. (Nishonga ola boshlaydi.) Boshqa ilojim yo‘q. Xotiningiz yutdi: uning sababi uzrli ekan. Axir homilador xotiningiz o‘lib, siz tirik qolsangiz insofdan bo‘lmas!
E r. U homilador emas. Yolg‘on aytdi. Ont ichib aytaman, u yolg‘on gapirdi!
Q i z. Yolg‘on, deng? Bunga ishonchingiz komilmi?
E r. Ont ichaman: gapim rost. Doktorlar aniqlashgan uning bola ko‘rolmasligini.
X o t i n. (Eriga.) Yaramas!
Q i z. (Xotinga.) Hali siz yolg‘on gapiribsiz-da, jon saqlab qolish uchun?
X o t i n. Yo‘q, erim yolg‘on gapiryapti, jon saqlab qolish uchun.
Q i z. Darvoqe, endi esimga tushdi, oyim sizni bepusht deb aytgan edilar. Mana, yana meni mushkul ahvolga solib qo‘ydinglar. Nima qilish kerak? Tavakkal qilib otaversammikin? Shoyad o‘q qurbonini o‘zi topib olsa!
Mo‘ljalga ola boshlaydi. Er bilan xotin qo‘llari bilan yuzlarini qoplab ho‘ng-ho‘ng yig‘laydilar.
X o t i n. Yo‘q, yo‘q, otma meni!
E r. Otmang, oyim qiz! Shafqat qiling!
Q i z. Shoshmanglar-chi… (O‘ylanib qoladi.) Balki biringiz ikkinchingizga vafo qilib, uning yo‘lida jonini fido qilishga rozi bo‘larsiz?
Er ham, xotin ham churq etmaydi.
Q i z. (Qisqa pauzadan keyin.) Demak, fidoyilik qilish ishtiyoqi yo‘q sizlarda? Bo‘lmasa, gap bunday… Qur’a tashlasak nima deysiz? Mayli, qur’a hal qila qolsin taqdiringizni. Sizda bironta tanga pul topilar, afandim? Yaxshi… Endi tanganing bir tomonini siz tanlang, ikkinchi tomonini xotiningiz tanlasin. U stolga tushganida, yotgan tanganing ustki tomonini tanlagan tirik qoladi. Ostki tomonini tanlagan… o‘ladi.
Er cho‘ntagidan tanga chiqaradi.
E r. Gerbli tomoni meniki. (Tangani yuqori otmoqchi bo‘ladi.)
X o t i n. (Erining qo‘lidan ushlaydi.) Yo‘q. Otmang. Men sizga ishonmayman.
Qiya ochiq eshikdan sug‘urta agenti mo‘ralaydi.
A g ye n t. Kechirasizlar, avtoruchkamni unutib qoldiribman. Shu arzimagan matohni deb qaytib kelish, ehtimol odobdanmasdir. Ammo bu baxtli ruchka, hech yo‘qotgim kelmaydi uni.
X o t i n. (Agentga qichqiradi.) Doktor!.. Bizni qutqaring, doktor!
A g ye n t. Yuqori qavatdagi kasal deganingiz qiz soppa-sog‘ ekan.
X o t i n. (Agentga ko‘z qisib, pichirlab.) U qiz shu yerda.
Q i z. (Agentga revolver bilan ishora qilib.) Bu kishi doktormi? Doktor, mana bu muhtaram zotlarning yoniga o‘tiring. Gap qaytarmang.
A g ye n t. (Qo‘rqib.) Gap qaytarayotganim yo‘q. (O‘tiradi.)
Q i z. Ana, endi uchta bo‘ldinglar. Bu mening mushkulimni oson qiladi yoki beshbadtar og‘irlashtiradi. Harna bo‘lgandayam, qat’iy bir qarorga kelmoqchi emasman, qaror chiqarishni sizlarga havola qilaman.
A g ye n t. Qanaqa qaror ekan u?
Q i z. Uchovingizdan bittangiz hozir o‘lishingiz kerak.
A g ye n t. (Dahshatda.) La havlo va la quvvato illo billo!.. (Hammaga bir-bir ko‘z yugurtirib chiqadi.)
Q i z. Qimir etib qilgan harakatingiz ham jumboqni yechishimga imkon beradi va meni bu yerda bosh qotirib o‘tirishdan xalos etadi.
A g ye n t. (Shamdek qotib.) Men haykalman!
Q i z. Vaqtni cho‘zmanglar. Yana ogohlantirib qo‘yay: har bir qilgan harakatingiz dangal o‘q uzishimga bahona bo‘ladi.
X o t i n. (Qimir etmay o‘tirarkan, pichirlab.) Doktor, biron ilojini qilsangiz-chi…
A g ye n t. Iloj? Qani o‘sha iloj? Qayerda? Men o‘lgudek qo‘rqaman o‘lishdan.
X o t i n. (Yana pichirlab.) Nahotki biron ilojini topolmasangiz, doktor?
E r. (Baralla.) Hech qanday doktor emas bu kishi. Sug‘urta agenti u.
X o t i n. Ie, hali doktor emasmi bu odam?
A g ye n t. (Erga pichirlab.) Esingizdan chiqdimi, xotinim hech nima bilmasin devdingiz-ku.
E r. (Baralla.) Mayli, bilsin! Bilaversin! Endi sir saqlashning hojati qolmadi… hamonki agar men o‘lsam qayg‘urmas, dili ranjimas ekan…
X o t i n. (Eriga.) Xo‘sh, men o‘lsam siz qayg‘urasizmi, dilingiz ranjiydi-mi? Gapiring!
Q i z. (Qichqirib.) Tokaygacha meni kalaka qilmoqchi bo‘lasizlar? O‘ylamanglar, men jinni emasman. O‘z vazifamni yaxshi bilaman… Hisobdan ham adashmayman. Men faqat bittangizni otishim kerak. Nomzodni o‘zingiz tanlang! Sizlar uch kishisiz. Xuddi sudda bo‘lganidek, ko‘pchilikni qarorini kutyapman. Ikki kishi bir qarorga kelsa men uchun kifoya. Eshityapsizlarmi? Men ko‘pchilikning xohishini ijro etaman. Ikki kishi uchinchisini o‘limga hukm qilishi mumkin. Bir qarorga kelib o‘z hukmingizni chiqaring. Lekin imillamang, tez bo‘ling!
Er bilan xotin bir-biriga qarab qo‘yadi.
E r. Dono maslahat.
X o t i n. Adolatli hukm.
E r. (O‘zi bilan xotinini ko‘rsatib.) Biz ikkovimiz bir qarorga keldik.
X o t i n. Erim bilan men bir fikrdaman.
Q i z. Shunday bo‘lishi turgan gap edi. Demak qaroringiz… (Agentga ishora qiladi.)
E r v a x o t i n. (Baravar.) Ha, ha.
A g ye n t. (Baqirib.) Menga qarshi nima qarorga keldingiz?
Q i z. (Revolverini unga o‘qtalib). Siz o‘lishingiz kerak.
A g ye n t. (Qo‘llarini ko‘kka ko‘tarib yolboruvchi ohangda.) Mademuazel… Oyimqiz… Otmang… Otmay turing. Ikki og‘iz gapim bor. Ikki o… og‘iz.
Q i z. Nima demoqchisiz?
A g ye n t. (Nafasini rostlab olib.) O‘tinaman, menga izohlab bering: bu qanday qaror va qanday sud o‘zi? Men nima jinoyat qildim? Men faqir bir odamman, sug‘urta agentiman. Bu yerga o‘zgalar hayotini sug‘urta qilgani kelgan edim. Niyatim odamlarga faqat yaxshilik qilish bo‘lsayu, nega endi o‘lishim kerak? Gunohim nima?
Q i z. Butun voqeani sizga mufassal gapirib berishga vaqtim yo‘q. To‘g‘ri, sizda hech qanday gunoh yo‘q, siz faqir odamsiz, sug‘urta agentisiz…
A g ye n t. Yana, vafodor erman.
Q i z. Vafodor ersiz.
A g ye n t. Go‘dak bolalarimning otasiman.
Q i z. Go‘dak bolalarning otasisiz, oilangizning suyangan tog‘isiz… Siz hech qanday jinoyat qilmagansiz. Sizning hozir dabdurustdan o‘lib ketishingizga hech qanday sabab yo‘q. Siz menga hech qanday yomonlik ham qilmagansiz. Lekin, ming afsuski, men sizni o‘ldirishim kerak.
A g ye n t. Yo xalloq egam!
Q i z. (Revolverini o‘qtalib.) Yana aytadigan gapingiz bormi?
A g ye n t. (Qo‘llarini ko‘tarib.) Sabr qiling, mademuazel. Sabr qiling! Bir daqiqa, yana bir daqiqa sabr qiling.
Q i z. Yaxshi. Gapiring.
A g ye n t. Yaxshi qiz, faraz qiling, men ruchkamni olgani qaytib kelmadim. Unda nima qilgan bo‘lardingiz?
Q i z. Unda manavilardan birini otgan bo‘lardim.
A g ye n t. Bo‘lmasa, meni bu yerda yo‘q deb tasavvur qiling-u, o‘sha ko‘zlagan ishingizni amalga oshiravering.
Q i z. Lekin bu mumkin emas. Chunki siz bu yerdasiz va ko‘pchilik sizga qarshi ovoz berdi…
A g ye n t. Ko‘pchilik? Bu ayol o‘z baxtining nimada ekanligini bilmaydi hali. Bilganida, mening yonimni olib, eriga qarshi ovoz bergan bo‘lardi, nega desangiz, agar eri o‘lsa, u ikki ming funt pul olishi mumkin.
E r. Siz, taqsir, taqiqlangan usulni qo‘llayapsiz… Hamonki sir ochilgan ekan, unda xotinimning o‘limi foydaliroq-ku siz uchun. Chunki agar u o‘lsa, men sug‘urta qildirgan pulning hammasi sizning shirkatingiz ixtiyoriga o‘tadi. Siz esa, vositachilik qilganingiz uchun ma’lum miqdorda haq olasiz.
Q i z. (Chinqirib.) Bas qiling, bas! Oxiri bormi yo yo‘qmi bu mojarolarning? Men o‘z vazifamni ado etishim kerak. Ya’ni zudlik bilan odam o‘ldirishim kerak. Agent, turing o‘rningizdan!
A g ye n t. Oyimqiz, shafqat qiling. O‘tinib so‘rayman, meni o‘ldirishga bunchalik shoshilmang! Sabr qiling. Axir shafqat degan hissiyot sizga begona bo‘lmasa kerak, albatta?
Q i z. U hissiyot mening qalbimda uzoq vaqt hukmronlik qildi.
A g ye n t. Alloh-chi?
Q i z. Men Allohga doimo sig‘inib keldim.
A g ye n t. Siz muhabbat nimaligini bilasizmi?
Q i z. Muhabbat? Bu bilan nima demoqchisiz?
A g ye n t. Muhabbat… Muhabbat, mening tushunishimcha shunday narsaki, u odamzodning yashashi va hayot ma’nosini chaqishida eng faol ko‘makchidir. Men o‘z rafiqamni yoshgina qiz paytida birinchi marta ko‘rganimdayoq muhabbat nimaligini tushunganman. O‘shanda men, ko‘z oldimda yangi ajib bir dunyo paydo bo‘ldi, qo‘limning uchini tekkizsam, u dunyoda hamma narsa chamandek yashnab ketadi, hamma narsada hayot uyg‘onadi deb o‘ylagan edim. Muhabbat — bu hayot demakdir!
Q i z. Bas qiling safsata sotishni! Men hech qachon bunday xayolga bormaganman. Oyim ham mening bunday bema’ni hissiyotga berilishimga yo‘l qo‘ymaganlar. Bunaqa tuturuqsiz tantiqliklarga o‘rin yo‘q mening qalbimda, garchi yoshim o‘n sakkizga kirgan bo‘lsa ham. Onam meni doim bunday mash’um hissiyotlardan ogoh tutganlar.
A g ye n t. O! Bu qiz muhabbatni o‘ldiryapti, demakki hayotni o‘ldiryapti. Uning nafasidan o‘lim ufurmoqda!
Q i z. Bo‘ldi, ko‘p aljimang! Mening qalbimda nimalar bo‘layotganidan siz bexabarsiz. Qani, ayting-chi, kim o‘z sevgan kishisini astoydil qadrlay, ardoqlay oladi? Hech kim! Mana bu ko‘pchilikka ibrat bo‘la oluvchi er-xotinga bir qarang. Ko‘rgan odam, eriyam, xotiniyam mehr va oqibatda barchaga namuna bo‘ladigan odamlar, deb o‘ylaydi. Bunday ibratli odamlar haqida onamdan juda ko‘p gaplar eshitganman!..
X o t i n. Qayoqdan bilibman erimning meni bunaqa laqillatishini?
E r. Kim-kimni laqillatayotgani hali ma’lum emas.
Q i z. Na siz xotiningizga, na siz eringizga firib bergansiz. Bu haq gap. Lekin har biringiz o‘z-o‘zingizga bevafolik qilgansiz, chunki ikkovingiz ham o‘z qalbingizning teran tubiga, bamisli ummondek teran tubiga nazar tashlamagansiz. Vaholanki satxi tiniq bo‘lgan suv ostida qum va suv o‘tlari, o‘tkir qirrali xarsang toshlaru shamoldek yeluvchi turfa xil baliqlar, nafis marvaridlaru badbashara qisqichbaqalar bo‘lganidek, har bir odamning qalb tubi ham mana shunday dengiz tubini eslatadi… Bugun ertalab doktor menga shunday deb aytdi.
X o t i n. Ie, bugun ertalab sen doktorga boruvdingmi?
Q i z. Ha. Bugun men ajoyib bir psixiatr huzurida bo‘ldim. Unga meni odam o‘ldirishga da’vat etayotgan dohiliy ovoz haqida so‘zlab berdim.
X o t i n. U nima dedi?
Q i z. U menga qalbim ovoziga itoat etishimni maslahat berdi. Refleksni bo‘g‘ish, impulsga qarshilik ko‘rsatish yaxshi emas, o‘ldiring, dedi u…
A g ye n t. (Chinqirib.) Doktor sizga odam o‘ldirishni maslahat berdimi hali?
Q i z. Odam o‘ldirgan zahotingiz ruhingiz yengil tortadi, deb aytdi u. Keyin menga mana bu to‘pponchani berdi.
A g ye n t. Yo tavba! Doktor to‘pponcha tutqazib odam o‘ldirishni maslahat beribdi… Xuddi aspiringa retsept yozib berganday.
Q i z. U menga to‘pponcha tutqazarkan: bu haqiqiy retsept, faqat shu doridan shifo topishingiz mumkin, deb aytdi. Men shifokor maslahatiga beparvo qaray olmayman. Sizlar esa mening shifo topishimga ko‘maklashishingiz kerak! Shundan keyin, albatta, minnatdorchilik bildirardim sizlarga.
A g ye n t. Shundan keyin? Qachon? Qayerda? (Chinqiradi.) Meni asfalasofilinga jo‘natganingizdan keyinmi? Shoshmang! Otmang! Sabr qiling!
Q i z. Men juda ko‘p kutdim… Bu shifobaxsh dorini tezroq iste’mol qilishim kerak, shundagina ko‘nglim orom oladi.
A g ye n t. Dori iste’mol qilaman?
Q i z. Meni chalg‘itmasligingizni, rejamni buzmasligingizni lutfan o‘tinib so‘rayman sizdan.
A g ye n t. Yo Allohi karim! Narigi dunyoga ravona bo‘lmasimdan oldin esimni olib meni jinni qilib qo‘ya qolsang bo‘lmaydimi, bu kunimdan ko‘ra! Bu qiz mendan o‘zimni o‘qqa tutib berishimni “lutfan” iltimos qilyapti.
Q i z. Ha, iltimos, bir savob ish qiling: Qalbimga orom, jismimga shifo bag‘ishlang.
A g ye n t. (Chinqirib.) Mening hayotim, mening qonim hisobigami?
Q i z. Buning hech ajablanadigan yeri yo‘q. Qon — eng ajoyib shifobaxsh dori. Marhamat qilib, oldinga chiqing. Tag‘in o‘q behosdan anavilarga tegib ketmasin. Otaman…
A g ye n t. (O‘zini yo‘qotib.) Shafqat qiling! Go‘daklarimga rahmingiz kelsin! (Er-xotinga tashlanadi.)
E r. (Agentni itarib yuboradi). Qoching! Nari turing! Yopishmang menga!
A g ye n t. (Erni ikki qo‘li bilan mahkam quchoqlab oladi.) Hali sizmisiz meni haydaydigan? Yo‘q, ovora bo‘lasiz! Siz mening baxtsizligim sababchisisiz, hayotimga zominsiz…
E r. (O‘zini undan olib qochishga urinadi.) Qo‘yvoring meni! Nari turing!
A g ye n t. Yo‘-o‘q, ovora bo‘lasiz! O‘lsak birga o‘lamiz. Narigi dunyoga hamrohsiz jo‘naydigan anoyi yo‘q. Xo‘sh, gunohim nima o‘zi? Men bu yerga sizning hayotingizni sug‘urta qilgani kelgan edim, enda o‘z hayotimni sug‘urta qildirmay o‘lib ketaveramanmi?
E r. (Xotiniga.) Yordam bersang-chi menga!
X o t i n. Voy, qandoq yordam beraman? Ko‘ryapsiz-ku, kanaday yopishib oldi u sizga…
E r. Urinib ko‘r! Biron ilojini qil! Nega axir qoqqan qoziqday qaqqayib turibsan?
Uchovlari bir-birlariga yopishib oladilar. “Tortishmachoq” boshlanadi.
Q i z. (Ularni kuzatib turarkan.) O! Vaziyat yana mushkullashdi. Lekin men ortiq kuta olmayman. Nafasim qaytib ketyapti. Xuddi kimdir meni bo‘g‘ayotganga o‘xshaydi… Yo‘q, yo‘q! Tezroq ishga kirishishim kerak… Bo‘lmasa, bularning kasriga o‘zim o‘lib qolishim mumkin. Tavba! Endi bularni Azroilning o‘zi ham bir-biridan ajrata olmasa kerak. Ehtimol mushkulimni oson qiluvchi yo‘l aynan shundadir. Tavakkal qilib o‘q uzaman. Mayli, qurbonni o‘qning o‘zi tanlasin. Ko‘raylik-chi, kimning ajali yetgan ekan. Mana, nihoyat otaman… odam o‘ldiraman… (Qiz bu oxirgi so‘zlarini g‘ijinib turib gapiradi, ko‘zlaridan o‘t chaqnaydi. U bir-biriga yopishib olgan uchta odamga qarata o‘q uzadi, ular bir-birlarini har tomonga itarib yuboradilar.)
U ch o v l a r i. (Erga yiqilishadi.) Voy, o‘ldim!
Q i z. (Ular tepasiga borib.) Qay biringiz yaralandingiz?
X o t i n. (Yig‘lab.) Men… men o‘lyapman…
E r. Voy, jonimdan judo bo‘ldim.
A g ye n t. Bo‘ldi, ketdim narigi dunyoga!
Q i z. Bo‘lmagan gap! Bitta o‘q uch kishiga tegishi mumkin emas.. Hech bo‘lmaganda ikkitangiz soppa-sog‘siz. Turinglar, o‘q yegan odamni aniqlay.
Uchovlari hammayoqlarini paypaslab o‘rinlaridan turishadi.
Q i z. O‘q qani? Kimga tegdi?
E r. (O‘zini paypaslaydi, cho‘ntaklarini kavlaydi.) Tag‘in otgan o‘qini qidirtirgani ortiqcha!
Q i z. O‘qni qidirish kerak emas. Qonagan, yaralangan yeringizni toping!
X o t i n. (Peshonasining terini artarkan.) Shuncha vahimadan keyin qon qolarkanmi? Butun qonimiz qochib ketdi.
Agent stolda yotgan revolverni qo‘liga oladi. Uni aylantirib ko‘rib birdan chinqirib yuboradi.
A g ye n t. Bunda o‘q bo‘lishi mumkin emas. Piston bilan otiladigan o‘yinchoq to‘pponcha-ku bu!
Q i z. Rostdanmi?
A g ye n t. (Revolverni qizga uzatib.) Ha. Mana, o‘zingiz ko‘ring.
Q i z. Voy, doktor tushmagur-e… O‘ylab topganini qarang… Lekin harna bo‘lgandayam, dardim aridi, endi soppa-sog‘man. Go‘yo alog‘-chalog‘ tushlar tugab uyg‘ongandekman.
A g ye n t. Juda to‘g‘ri. Kechirasiz, oyimqiz, men tezroq borib, o‘z hayotimni sug‘urta qildirib qo‘ymoqchiman. (Avtoruchka va sakvoyajini olib, g‘izillab uydan chiqib ketadi.)
Q i z. (Er bilan xotinga.) Afv etinglar meni. Sizlarni ancha ranjitib qo‘ydim. Meni kechiringlar. Nima bo‘lgandayam, men sizlardan minnatdorman. Shu otilgan o‘qdan keyin ko‘nglim orom topti, garchi hech kimni o‘ldirmagan bo‘lsam ham.
U bosh irg‘ab uy egalari bilan xayrlashadi va eshik tomon yuradi; xotin boshini yerga eggancha, eriga qayrilib ham qaramay, o‘z xonasiga kirib ketadi.
E r. (Chiqib ketayotgan qiz orqasidan.) Siz bizning jismimizni emas, baxtimizni o‘ldirdingiz!
Qodir Mirmuhamedov tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2002 yil, 9-son