Onam o‘libdi. Men bu haqda ozodlikka chiqqan kunim eshitdim. Meni kutib, ko‘mish marosimini kechiktirishibdi. Hammalari: «Oxirgi nafasigacha seni esladi…» — deyishdi.
Shaharga, mening oldimga faqat otam bilan Amerikalik kelishgandi. Men soat to‘qqiz bo‘lishini kutib turdimda, keyin indamay so‘ridan kamzulimni oldim. Egnimga avvalgi yakshanbada uydan yuborishgan kraxmallangan qorday oppoq ko‘ylak kiyib olgandim. Ko‘ylakning qattiq yoqasi bo‘ynimni ezardi. Galstuk tugunini bir oz bo‘shatdim. Men mana shu holda boshliqning oldida namoyon bo‘ldim.
U mening qanday kirganligimni bilmay qoldi. Men ohista yo‘taldim, u qog‘ozlardan boshini ko‘tarib menga xuddi endigina ko‘rib turgandek ajablanib qaradi.
Men qo‘llarimni ko‘ksimga qo‘ygancha kutib turardim. Boshliq stul suyanchig‘iga yonboshlab, ko‘zoynagini yechdida, anchagacha qansharini ishqab o‘tirdi. Keyin shabko‘rlarga o‘xshab ko‘zini qisib yuzimga tikildi.
— Xo‘sh, Hasan, tugadimi?
— Tugadi, afandi, — deb javob berdim betoqatlik bilan u oyog‘imdan bu oyog‘imga og‘irligimni tashlagancha.
U yana ko‘zoynaginb taqib, xo‘rsindi.
— Mana, ko‘rdingmi, hammasi o‘tdi-ketdi. Ko‘z ochib yumishga ham ulgurmaysan, qarabsanki… — U gaplariga deyarli quloq solmayotganimni ko‘rib, tilini tishlab qoldi.
Oyna ortida ohista quyosh ko‘tarilib kelardi. Shu o‘tgan yillar davomida quyosh u yerda, ya’ni ozodlikda chiqib botgan edi, lekin men uni ko‘rmasdim. Hayotda quyoshni ko‘rishlik qanchalik muhimligini keyinchalik tushunib qoldim.
Men ko‘z uzmay ko‘chaga qarab turardim: oldin ot-arava o‘tdi, keyin shaldiragancha yuk mashinasi, undan keyin qandaydir odamlar o‘tishdi — erkaklarmi yoki ayollarmi ajratolmay qoldim.
— Shunday qilib, — dedi boshliq, — hamma hujjatlaring tayyor, ishonchim komilki, bundan bu yon.
Men boshimni burib unga qaradim. Soqol-mo‘ylovi taroshlangan, yonoqlari ko‘kimtir tusda, faqat iyagida bir nechta o‘jar tolalar tikkayib turardi.
Boshliq menga qo‘lini uzatdi. Men unga o‘zimnikini berdim. U stol ortidan turib, oldimga keldida, yelkamga qoqib qo‘ydi.
— Hayot yo‘li uzun. Sen hali yoshsan, sog‘liging joyida.
Men qog‘ozlarni hamda pasportni olib, ichki cho‘ntagimga solvoldimda, xayrlashdim.
U jilmayishga harakat qildi-yu, lekin negadir kulgisi soxta edi. U nimadandir ta’bi xira bo‘lgandi, lekin men buning aynan nimadanligini bilolmadim. Uning o‘zi oldinga o‘tib, menga eshikni ochib berdi.
— Oq yo‘l, Hasan!
Men javob bermay, koridorga chiqdim. Ortimdan eshik yopildi. Xayriddin shu yerda meni kutib o‘tirgan ekan.
— Senikilar pastda o‘tirishibdi. U jilmaydi, men ham.
Biz pillapoyadan pastga tusha boshladik, lekin bu gal men oldinda, nazoratchi esa orqada kelardi.
Otam bilan Amerikalik pastda yog‘och skameykada o‘tirishgan ekan. Meni ko‘rishlari bilanoq sakrab o‘rnilaridan turishdi. Amerikalik birinchi bo‘lib yugurib keldida, meni quchoqlab oldi. Uning yelkasi osha otamga qaradim. U negadir parishonhol bo‘lib, xuddi uchrashuvimizdan xursand emasday, g‘alati qarab turardi.
— Hammasi yaxshi bo‘lib ketadi, Sincho,— dedi Amerikalik.
Men mehr bilan uning yuzini silab qo‘ydim. U ham qandaydir g‘ayritabiiy, nimtabassumla jilmaydi. Men otamga yaqinlashdim. Men uning qo‘lini o‘pmoqchi bo‘lgandim, lekin u qo‘lini ko‘tarib yelkamga qo‘ydida, sikchkovlik bilan yuzimga tikilib qoldi. Ko‘zi qa’rida ojizlik, g‘am-anduh hamda nochorlikning xoinona ifodasi mangu o‘ralashib qolgandi. U xo‘rsindi, keyin tishlarini girih qilib jilmayishga urinib ko‘rdi-yu, lekin bari bir buning uddasidan chiqolmadi. Faqat xirillagancha:
— Hasan… — deya oldi xolos.
Men uning holatini tushunganday qo‘ltiqlab oldim va uchalamiz uzun yo‘lakni ortda qoldirib, hovliga chiqdik. Mo‘jazgina eshikni itarib, uchalamiz ham to‘xtab qoldik. U yerda, ochiq eshik ortida ko‘cha, undan narroqda esa bosh prospekt ko‘zga tashlanardi.
Yorqin nur ko‘zimga urildi. Bu nurga qarashga qurbim yetmay, ko‘zimni qisib oldim. Birdan og‘zim quruqshab qoldi. Yuragim xuddi bigiz sanchilgandek dukillab, butun tanam g‘ayritabiiy sirqirashidan larzaga keldi.
Amerikalik chetlandi-da:
— Qani, Sincho, yo‘l boshla! — dedi.
Men unga, keyin otamga qaradim. Dastlabki daqiqada qadam tashlashga qurbim yetmaydiganday bo‘lib tuyuldi. Otam muloyimgina yelkamga qoqib qo‘ydi.
— Qani, qadaming qutlug‘ bo‘lsin, Hasan, xudoning o‘zi yarlaqasin…
Birdan chidab bo‘lmas darajada chekkim kelib ketdi. Keyin burnim qichishib ketdi — agar hozir qo‘l tekkizsang, yig‘lab yuboradiganga o‘xshardim…
— Bo‘la qol, Hasan! Boshla, o‘g‘lim! — deya dalda berardi otam.
Nihoyat, ko‘z oldim yorishib, girih qilingan tishlarimni bo‘shatdim-da, qadam tashladim. Bor-yo‘g‘i o‘n qadamgina meni ozodlikdan ajratib turardi. Bir… Ikki… Uch… To‘rt… Besh… Olti… Tosh devorlar borgan sari ortga chekinmoqda edi. Yetti… Sakkiz… Qo‘lingda cho‘zsang, eshik tutqichini ushlashing mumkin. Men uki ushladim-da, o‘sha zahoti butun borlig‘imla temirning muzdayligini his qildim, Ko‘zimni qisgancha ostonadan hatlab o‘tdim: o‘n!..
— Ko‘zingni och, Sincho, —dedi Amerikalik.— Hammasi tugadi.
Men yon-atrofimga alangladim. Shundoqqina tumshug‘imning tagida ko‘cha cho‘zilgandi. Men quyoshni, uylarni, bosh prospektni ko‘rdim.
Otam sigareta uzatdi.
— Ma, chekib ola qol…
Men rad etmoqchi bo‘ldimu, lekin u olishga majbur qildi.
— Chek, chekaver, tortinib o‘tirma!
Qo‘lim xuddi begonanikidek, titrardi. Amerikalik gugurt chaqib tutgandi, men tutagib oldim. Tutunni ichimga chuqur tortgandim, tomirlarimdagi qon tezroq yugurganini sezdim. Qulog‘im shang‘illardi.
— Dengizni tomosha qilamizmi?—deb taklif qildi Amerikalik.
Biz indamay dengizga yo‘naldik.
Prospektning ikki tomonida uylar tizilgandi. Sariq rangga bo‘yalgan ikki qavatli uylardan birining balkonida yoshgina ayol gilam qoqmoqda edi. U shunaqangi yosh ediki, oq batist ro‘molidan shundoqqina nafosat ufurib turardi. Yog‘ochni qulochkashlagancha jon-jahdi bilan gilamni changdan forig‘ qilmoqda edi. Chang quyosh nurlarida oltinmisol jilolangancha balkondan yo‘lkaga uchib tushardi. Uyning oldida ikkita qizaloq koptok o‘ynashardi. Sal kattarog‘i kichigiga koptokni otdi. Qizaloq koptokni ushlolmadi, qo‘lidan dumalab ketib, sakrab-sakrab naq oyog‘im tagiga kelib qoldi. Qizaloq oldimga chopib keldi. Men egilib koptokni oldimda, qo‘limda bir oz ushlab turdim. Qizaloq qo‘lini cho‘zgancha miq etmay kutib turardi. Men unga koptogini indamay berdim, qizaloq shundan keyingina jilmaydi. Uning yuqoridagi tishlari yo‘q edi. Men uning boshini silamoqchi bo‘luvdim, lekin u xash-pash deguncha chopib ketib qolgandi.
Amerikalik meni qo‘ltiqlab oldi.
— Bu yerda ehtiyotroq bo‘lish kerak…
Shundoqqina tumshug‘imiz tagidan yengil havorang yo‘lli trolleybus o‘tib ketdi. Taksi o‘tdi. Yo‘l bo‘shagandan keyin, ko‘chaning narigi betiga o‘tib oldik.
— Ovqat yeging kelyaptimi, Sincho?—deb so‘radi Amerikalik.
— Yo‘q.
— Yaxshi.
Bir nechta do‘konchalarni hamda harbiy boshqarmaning sobiq binosini ortda qoldirib, hayratlangancha to‘xtab qolishdi. Avval bu yerda kazarmalar joylashgan bo‘lib, unga turarjoy hamda boqqollik do‘konlari tutashib ketgan edi. Endi bo‘lsa ularning hammasini buzib tashlashibdi: shundoqqina ko‘z oldingda ulkan maydon naq dengiz qirg‘og‘igacha cho‘zilib ketgandi.
— Anavini qara-ya, hammasini buzib tashlashibdi,—dedi Amerikalik.—Aytishlaricha, tez kunda qurilish ishlari boshlanib ketarkan.
Maydonda marshrut taksi va mikroavtobuslar tiqilib yotardi. Baqiriq-chaqiriqlar eshitilar, shofyorlar yo‘lovchilarni chaqirishardi. Maydonning tuprog‘i bilqillab yotganidan, qadam bosishing bilan chang to‘zoni olamni tutardi.
Dengizga yaqinlashgan saring uning hidi naq dimog‘ingni yoray derdi—unutilgan, o‘tkir, yurakni larzaga keltiruvchi, qaytarilmas, dengizning o‘zigagina xos hid. Dengizga yaqinlashgan saring, to‘lqinlarning shov-shuvi yanada yaqqolroq eshitiladi.
Men chuqur nafas oldim. Dengiz havosi hali-hozirgina dimoqni qichishtirayotgan chang hidini tozalab, tomog‘im ham ochildi.
Oldinda ketayotgan Amerikalik shundoqqina suvning oldida to‘xtadi. Biz unga yaqinlashib, yonma-yon turdik. Qirg‘oq yaqinidagi dengiz bo‘tana bo‘lib, uning yuzida har xil quyqindilar, axlatlar, iflosliklar qalqib turardi. Quchliroq to‘lqin kelib mazkur pardani parokanda qilgandagina ko‘kimtir dengiz suvini ko‘rish mumkin edi.
Biz qumga o‘tirib, oyog‘imizni uzatdik. Men papiros qoldig‘ini suvga itqitdim.
— Og‘aynilar qalay yurishipti?
— Senga ko‘zlari nigoron,— deb javob qildi Amerikalik.—Bu yoqqa kelishmoqchiydi, men ruxsat bermadim. Odamlar oldida uyalasan, deb aytdim. Balki, noto‘g‘ri qildimmikin-a?
— To‘g‘ri qilibsan, yashavor.
Biz chekib, indamay o‘tirardik. Otamga qaradim, nazarimda u yanada kichrayib ketganga o‘xshab tuyuldi. Soqollari oppoq oqarib ketibdi, yonog‘ini anchadan beri taroshlamaganidan qalin soqol bosib yotardi. U g‘ujanak bo‘lib o‘tirar va xuddi saqich chaynayotganday to‘xtovsiz chakagini qimirlatardi.
Amerikalik yo‘talib oldida, nimadir demoqchi bo‘ldi-yu, lekin shu zahoti yana jimib qoldi.
— Uyda ahvollar qalay?— deb so‘radim.
Otam ilkis men tomonga o‘girilib, shoshqich nazar tashladida, yana boshini o‘girib, dengizga tikilib qoldi. Keyin:
— Muzayyan eri bilan judayam kelishni xohlovdi,— dedi.— Lekin o‘g‘lini tobi bo‘lmay qoldn shekilli, kelolmadi…
— Xusom ishdami?
Otam yana asabiylasha boshladi, hatto titrog‘imni bildirib qo‘ymasin deganday, labini ham tishlab oldi.
— Yo‘q, u bugun mazasi bo‘lmay ishga bormadi.
Sigaretam o‘chib qoldi, men Amerikaliknikidan tutatib oldim.
— Hasan…— xuddi uzoqdan kelayotganday otamning bo‘g‘iq ovozi eshitildi.
Nazarimda, otam emas, boshqa odam gapirayotganga o‘xshardi. Men unga qaradim: u yon-atrofdagi narsalarga parvo qilmay yig‘lardi. Keyin yana bir bor: «Hasan— dedi-da, jimib qoldi.
Men Amerikalikka qaradim.
U o‘zini go‘yo hech narsa eshitmayotgandek tutib, kamoli diqqat bilan Baxribobo tomonga qarab o‘tirardi. U tomonda, Varengga boradigan yo‘lda avtobuslar, yuk mashinalari, taksilar ikki qator bo‘lib tizilishib borardi.
— Biz onangdan ajrab qoldik, Hasan,— dedi nihoyat yurak yutib otam.
Birdan qulog‘im bitib, inson ovozlarini eshitmay qoldim. Dengiz ko‘pchib baland ko‘tarildida, quloqni qomatga keltiruvchi qichqiriq bilan ustimga bostirib kela boshladi…
Bu to‘s-to‘polonning tinchishini kutib indamay o‘tirardim. Dengiz ortiga qaytib, shovqin-suron sokinlik bilan o‘rin almashdi…
— Qachon?—deb so‘radim.
Otam so‘lagini yutib, javob bermoqchi bo‘ldi-yu, lekin gapirolmadi.
— Kecha,— dedi otamning o‘rniga Amerikalik.— Agar kecha chiqqan bo‘lganingda, ulgurgan bo‘larding Atigi bir kunga kechikding, xudo o‘zing bandam degin.
Men o‘rnimdan turdim. Amerikalik ham ortimdan sakrab turdi. Otam esa o‘tirgan joyidan qimirlamadi.
— Ko‘mib bo‘ldinglarmi?
— Yo‘q, seni kutayotgandik.
— Yaxshi.
Men otamga engashdim.
— Turing, dada, ketamiz.
U boshini ko‘tarib bizga qaradi. Men unga qo‘limni uzatib, o‘rnidan turishiga yordamlashdim. U qushday yengil bo‘lib qolgandi.
— Men taksi olib kelaman,— dedi Amerikalik. U mashina yollagani ketdi, biz otam ikkalamiz qoldik. Nima deyishimni bilmay:
— Sigaretang o‘chib qolibdi,— dedim.
U sigaretasini labiga qistirgan joyidan olib, qaradi.
— Rostdanam o‘chib qolibdi…
— Tutatib olasanmi?
U sigaretaning kuygan tarafini ezib tashladi. Men gugurt chaqib, unga olov tutdim.
Ortida chang-to‘zon bulutini ergashtirgancha shundoq yonginamizda mashina to‘xtadi. Shofyorning yonida Amerikalik o‘tirardi.
— O‘tiringlar, ketdik.
Men otamga o‘tirishga yordamlashdimda, bor kuchim bilan mashina eshigini yopdim. Mashina o‘rnidan jildi. Biz maydon, qahramonlar xiyobonidan o‘tib Basmanga burildik, keyin qiyalikdan o‘tib Xamam ko‘chasidan keta boshladik. Yo‘l tog‘ yon bag‘ridan yuqorilab borardi.
Tonggi so‘limlik o‘rnini jazirama issiq egallay boshlagandi. Quyosh o‘t-o‘lanlarni kuydirib-qovjiratganidan ular sap-sariq tusga kirib bo‘lgandi, menga bu yil ularni ko‘m-ko‘kligida ko‘rish nasib qilmadi. Yalang‘och qoyalardagi yo‘sin qo‘ng‘ir tusga kirib qolgandi.
Biz Qizilchulliga kirib bordik. Bir necha vaqt tosh yo‘l temir yo‘l bilan yonma-yon ketgandi. Biz poyezd bilan yonma-yon ketib borardik. Keyin temir yo‘l bir tomonga burildida, parovoz keskin qichqirib bizdan uzoqlasha boshladi. Qarag‘aylar orasida quyoshda yarqirab Muzaffarbeyning pushtirang qasri ko‘rinardi. Uyning derazalari. lang ochiq bo‘lib, bog‘chadagi shiyponlar esa oq yasminlar orasida ko‘zga chalinardi.
Avtobus bekatiga yaqinlashdik. Bozorga burilishda shofyordan mashinani to‘xtatishni iltimos qildim.
— Shu yerda tushib, undan u yog‘iga yayov keta qolamiz. Otam kira haqini to‘lamoqchi bo‘lgandi, lekin
Amerikalik unamadi. Biz mashinadan tushdik. Shu yerdan, muyulishdan bozorchani, stantsiyani, Pepening qahvaxonasini yaqqol ko‘rib turardim. Hech narsa o‘zgarmabdi. Dorixonaning oldidagi yalanglik qanday bo‘lsa shundayligicha turardi. Avvalgidek sarg‘ish-ko‘k rangga bo‘yalgan boshqarmaning binosi ham o‘sha-o‘sha holda: qor-yomg‘ir ham, loy-tuproq ham, yozgi jazirama ham ta’sir qilmabdi.
Meni birinchi bo‘lib mashinachi Yoqub ko‘rib qoldi. U tikayotgan kamzulini tashlab, ustaxonasidan yugurib peshvoz chiqdi.
— Seni ko‘rganimdan xursandman, Sincho!
Biz quchoqlashib ko‘rishdik. Uning ko‘zlari jiqqa yosh. Hayajonlanganidan barmog‘idagi angishvonasini dam yechar, dam yana kiyardi.
— Qaytganing juda yaxshi bo‘ldi-da, Sincho! Biz bir-birimizning ko‘zimizga qaradik.
— Qaytdim…
— Senga xabar qilishdimi?
— Ha, aytishdi.
— Ko‘p kuyinaverma! Bu yerda sening aybing yo‘q. Hammasi ollo taoloning xohishiga bog‘liq…
— Ha, albatta… U xo‘rsindi.
— Uyga bora qol, men ham do‘konimni yopib ortingdan yetib boraman. Bolalarning hammasi o‘sha yerda, seni kutishyapti…
Bizning do‘konimiz yopiq edi. Shiftda go‘sht osiladigan ilmoqlar osilib turardi. Vitrina oynasiga pashshalar o‘tirib tashlagandi. To‘r bilan tortib qo‘yilgan eshikdan go‘shtning qo‘lansa hidi dimoqqa urildi. Otam qo‘limni qisdi.
— Ertaga ochaman. Endi sen kelding-ku, ertagayoq ochganim bo‘lsin…
U yonimda odimlagancha:
— Ertaga vaqtliroq turamanda,— deya gapida davom etdi,— qushxonaga borib, nimta olib kelaman.
Pepening qahvaxonasida doktor o‘tirgan ekan. U tezda menga peshvoz ko‘tarildi, uning ortidan Pepe ham chopib chiqdi.
— Voy! Sincho-ku! Voy… voy…
U shundan boshqa biror narsa deyishga chog‘i kelmas, faqat baland ovozda og‘zini katta ochib… «A-a-a-a!»— deyardi, xolos,
— Bandalik-da, qayg‘ungga hamdardman, Sincho, — dedi doktor.
— Rahmat, xudo basalomat qilsin.
— Uygami?
— Uyga.
— Men ham sizlar bilan boraman.
Biz hammamiz birgalikda — men, doktor, otam, Amerikalik, Pepe — bizning uyimiz tomon yo‘l oldik.
Hikoyat Mahmudova tarjimasi