Kuz, – dedi ohista ayol, – kuz… – Erkak javob bermay, yostiqni ikkala qo‘li bilan quchoqlagancha, muk tushib yotardi. – Osmonda turnalar… – dedi yana ayol. – Uchib ketishyapti… – Bir ozdan keyin yana qaytardi: – Uchib ketishyapti!
Ertalab, odatdagidek, shundaygina qirg‘oq yaqinidagi suvdan chiqib turgan xodalarga to‘r bog‘layotganida xuddi osmoni falakdan kimdir uni chaqirayotganday tuyulib, yuqoriga ikki marta ko‘z tashlagan edi. Osmonda sokin va unutilgan varraksimon turnalar galasi uchib borardi.
“Bulutlarni qara-ya,” – deb o‘ylagandi o‘shanda erkak.
Turnalarni uzoq vaqt diqqat bilan kuzatib qolganiga qaramay, keyin ular haqida o‘ylab ham o‘tirmadi, qayiqda turganicha xodachaga arqon o‘rayverdi.
– Har yili kuzda shu ahvol: uchib ketaverishadi, ketaverishadi, osmoni falak turnalarga to‘lib ketadi…
– Uxlasang-chi, – deya to‘ng‘illadi erkak, lekin o‘zi ayolning jim bo‘lishini sirayam istamasdi.
Charchab holdan toygan tanasini ayolning ovozi go‘yoki allalardi. Uning ovozi xuddi tushga o‘xshardi, faqat bunday tushni ko‘rmaysanu eshitasan, xolos. Ammo osmondan uchib o‘tayotgan turnalarni sezib yotardi.
To‘lqinlar qayiqni chayqatar, u esa oyog‘ini qayiqqa mahkam tiragancha xodaga arqon o‘rardi. Abo bobo qayiqning quyrug‘ida, labida miltirab turgan sigaretini o‘chib qolmasin, deya ikki qo‘li bilan shamoldan pana qilib o‘tirardi. Abo bobo to‘rlarni o‘ray olmaydi. Shunday ekan, dengizga chiqib nima qilarkin-a? Birov chiqqin demagan bo‘lsa?! Abo o‘lguday qaysar, undan osonlikcha qutulib bo‘psan, tixirlik qilib turib olgandan keyin, nima ham derding. Har holda, otang tengi odamga bir nima deb bo‘larmidi.
To‘satdan qayiq og‘ib ketib, go‘yo osmon ham qimirlab, hatto boshqacha – qizil tusga kirib qolganday tuyuldi. Bulutlar ham bulutlarga o‘xshamas, xuddi olachipor sigir podasi yalqovlik bilan o‘rmalab kelayotganga o‘xshardi.
“Qiziq, podaga osmonda pishirib qo‘yibdimi?” – ajablandi erkak.
Haqiqatanam poda qishloq bo‘ylab ketmoqda edi. Kechki g‘ira-shirada sigirlarning to‘shi xuddi qizil zarang bargi bilan yamalganga o‘xshardi. Sigirlar nog‘oraga o‘xshash oppoq yelinlarini tirsillatib, to‘ydan kelayotgan shirakayf nog‘orachilarga o‘xshab lapanglab, beso‘naqay qadam tashlashardi.
Mana, eshik ochildi-da, ko‘chaga bir ayol chiqdi. U xotinini darhol tanidi. Aytgancha, u vaqtda hali bu qiz uning xotini emas edi. U qizni faqat orqavorotdan tanirdi. Qiz boshini silkidi-da, kafti bilan ko‘zini quyoshdan to‘sgancha osmonga qaradi.
U birdan:
– Turnalar! – deya xitob qildi-da, baralla kulib yubordi.
Poda, otda o‘tirgan cho‘pon, tomlar ustida suzib yurgan tutun – hammasi birdan to‘xtab, qotib qoldi. Faqat sho‘x shaloladay mana shu kulgi borliqqa hukmronlik qilayotgandi. U ham asta-sekin yuqorilar, yuqorilagan sari shakli muayyan aniq tusga kirib borardi. U kulrang qorong‘ilikda avval noaniq, keyin esa borgan sari aniqroq va ravshanroq turnaga aylanib bordi, ha, uzoqlarga intilayotgan, kattakon qanotlarini baralla qoqqancha uchib ketayotgan turnaga aylanib qoldi.
Keyin birdan, o‘sha vaqtda, ha, ha, xuddi o‘sha vaqtda o‘zi u yerda bo‘lmaganligini his qildi. Unda qanday qilib bularning hammasini ko‘ra oldi ekan?
U qayerda edi?
– Qayerda? – deb so‘radi u ovoz chiqarib va ovozidan uyg‘onib ketdi-yu, o‘zi sezmagan holda mudrab ketganini payqadi.
– Qayerda, qayerdamish… – javob berdi xotini. – Mana shu yerda, tomorqamiz orqasidagi qiyoqzorda-da… – Aftidan, u nima haqdadir hikoya qilayotganga o‘xshardi.
Har doim shu ahvol. Uxlash oldidan xotini doim ohista nimalarnidir hikoya qilib berardi, u xuddi o‘z-o‘zi bilan gaplashayotganday, kun bo‘yi bo‘lib o‘tgan voqealarni bir boshdan muhokama qilayotganday bir maromda hikoya qilishni yaxshi ko‘rardi.
Erkak bo‘lsa yotgan joyida eshitib yotar va bu eshitayotganlarining hammasi tushga o‘xshar, faqat bu tushni eshitasanu ko‘rmaysan, xolos.
– U boshini qanoti ostiga yashirgancha, tik turgan holda uxlayotgandi… –deb hikoya qilardi xotini.
Ha-a. Sen haqsan, turnalar xuddi shu holatda uxlashadi, deb ta’kidlashga hushi kelmasa-da, xotini gapini to‘xtatib qo‘ymasligi uchun bir nima deyishi lozim edi.
– To‘g‘ri, – gapini davom ettirdi xotini, – ular tik turgancha uxlashadi… – dedi-da, jim bo‘ldi.
U xotinini uxlab qoldi shekilli, deb o‘ylovdiyamki, uning kulgisi eshitildi. U ajablandi-yu, lekin hech narsa demadi, faqat: “Nega kulyapsan?” deganday yelkasi bilan uni turtib qo‘ydi.
– Xuddi mendaqa, – kulgancha javob qildi u, – o‘lay agar, yolg‘on bo‘lsa.
U jilmaydi: “Yana o‘zinikini ma’qullaydi-ya, jinnivoy!..”
Bu uning qo‘lidan kelardi. Kun bo‘yi uy-ro‘zg‘or ishlari bilan band. Bir qarasang, yuzini quyoshdan berkitib, ro‘mol o‘rab olgancha tomorqada, bir qarasang, issiqdan yuzlari shirmoy nondek qip-qizarib o‘choq boshida ivirsib yuradi. Bir daqiqayam bo‘sh turganini ko‘rmaysiz, shunga qaramay, biror-bir ajoyibotni topmay qo‘ymaydi: goh chig‘anoq, goh hali hech kimga ma’lum bo‘lmagan nomsiz o‘t, goh shamol uchirib balkonga keltirib tashlagan qush pati va hokazolar. Ularni avaylab qo‘liga oladi-da, bir nuqtaga muloyim tikilgancha, jilmayib qo‘yadi. Nega bekordan-bekorga jilmayarkin, balki o‘zining xuddi manavi shamol uchirib keltirgan patday yengil-elpi o‘y-xayollariga bo‘lsa kerak-da!
Ucha bo‘lsa ertalabdan kechgacha dengizdan beri kelmaydi.
– Dengiz – mana bu boshqa gap – qolgan hammasi yolg‘on-yashiq, uydirma narsalar, – deydi Abo bobo va zo‘riqib yo‘taladi.
Boboning dengizning sho‘r suvida tirishib, quruqshab ketgan qo‘llari xuddi qisqichbaqaning panjalaridek doimo harakatda. Aboning kattakon, sepkilli qo‘llari, nursiz so‘niq, xuddi o‘rgimchak to‘ri bilan to‘silgandek harakatsiz ko‘zlarini ko‘rganda, Uchaga doim ertami-kechmi o‘zi ham xuddi mana shu shamol va sho‘r suv kemirib tashlagan bobo singari qayiq quyrug‘ida yoki machta oldida tirishib o‘tiradigandek tuyulardi.
– Butun dunyoda mening hech kimim yo‘q, – deb ta’kidladi Abo bobo. Agar Ucha shu paytda to‘rni tortsa, albatta hech vaqo chiqmasligini oldindan sezardi. “Jin urgur, afsungar!” – deya o‘zicha o‘ylardi-yu, lekin cholni ranjitib qo‘ymaslik uchun og‘iz ochib bir narsa demasdi.
– Hech kimning keragi ham yo‘q! – o‘zinikini ma’qullardi Abo.
Sira balkonda o‘tirgancha jilmayardi. Ucha uni dastlab yarmarkada ko‘rgandi, o‘shanda ham xuddi shunday jilmaygan edi. Uning qo‘lida xuddi parashyutga o‘xshash qizil shamsiya bor edi. Egnida oq ko‘ylak, oyog‘iga esa oq bosonojka kiyib olgandi. Mana shu olag‘ovurda – moylanmagan karuselning g‘irchillashi-yu, sotishga olib chiqilgan cho‘chqalarning chiyillashini sezmayotganga va ko‘rmayotganga o‘xshardi. Uning e’tiborini hattoki na peshtaxtalarga yoyib qo‘yilgan alvon rang gazlamalar, na yetilganidan yorilib ketgan tarvuzlar, na bir talay tomoshatalab odamlar o‘rab olgan cholg‘uchilar, na shahardan kelgan rassom tomonidan chizilgan tuman ko‘rsatkichlari taxtasi tortardi. Choy va tsitrus plantatsiyalari tasvirlangan rasmlarga ilg‘or ishchilarning dumaloq qilib qirqilgan suratlari yopishtirilgan edi. Natijada u suratkash Amberkining xolstiga o‘xshab qolgandi: dumaloq teshikchaga boshingni suqasan-da, keyin gruzincha choxa va arxaluka kiygan chavandoz tasvirlangan suratni qanddek qilib qo‘lga olasan.
– Kim u? – deb so‘radi Ucha og‘aynisidan.
Xuddi shu payt kalta katak shim kiyib bambuk hassa ushlagan pakana, baqaloq turist:
– Anavi qizni qaranglar! Unga bir qaranglar-a! – deb qichqirdi.
– Ha, birorta esini yeganlardandir-da, – dedi og‘aynisi.
– Qayoqdan bilasan?
– Qayoqdan deysanmi, xudoga shukur, es-hushim hali joyida.
– Balki uni tanirsan deb o‘ylovdim…
– Umrimda birinchi marta ko‘rib turibman.
Og‘aynisi bu qiz bilan tanish emasligini eshitgan Uchaning bosh-ko‘zi aylanib, butun boshli turistlar gruppasini – hammalari bir xil savat shlyapa kiyib olishgandi – rosayam yalinib-yolvorib vino sotiladigan yerto‘laga mehmon qilish uchun olib tushdi.
Mayxonachining qorni shunaqangi katta ediki, unga qaragan odam, kattakon ko‘za shundaygina peshtaxtada turibdi, deb o‘ylashi mumkin edi.
Mayxonachi shuncha ko‘p mayxo‘rlarni ko‘rib, miyig‘ida kulib qo‘ydi-da, ularni:
– Xvanchkara! Xvanchkara! – deb quvonib qarshi oldi.
Lekin baxtga qarshi, tsolikauri degan nordon vinodan boshqa hech qanday ichimligi yo‘q ekan.
Vinoni u tuzlagan bodringdan bo‘shagan bankaga quyib berdi. Bankani vinoga to‘ldirib, unga chaqalardan tashlashmasmikin deganday, bir oz qo‘lida ushlab turardi. Juda ko‘p vino ichishdi. Hammalari mast bo‘lib qolishdi. Uchaning ham birdan kayfi oshib qoldi. U pakana baqaloq kishini quchoqlagancha ashula ayta boshladi. Turistlar qo‘shiq so‘zlarini bilishmasa ham bajonu dil unga jo‘r bo‘lishdi.
U o‘zini judayam baxtiyor sezganidan, ko‘zidan birdan tirqirab yosh oqa boshladi. Ucha yig‘layotganini sezgan sari yanada qattiqroq qo‘shiq aytardi. Shu vaqt nimqorong‘i va salqin yerto‘laga tushiladigan zinada musiqachilarning qadimgi uslubida tikilgan keng, burmali shalvarlari ko‘rindi. Ular mayxonadagi qo‘shiqni eshitib, bu yerda qoyilmaqom ziyofat bo‘layotgan bo‘lsa kerak deb o‘ylab, pul ishlab olish maqsadida taklifsiz kirib kelishgan edi.
Rangin ro‘mollarning shamolda hilpirashi yanglig‘ surnayning serjilo sadolari yerto‘laga bostirib kirib bu nimqorong‘i maskanga g‘ayritabiiy quvnoqlik kasb etdiki, Ucha quyosh yarqirab turgan, labida xayolchan tabassum jilvalanayotgan, qizil shamsiyali qizning oldiga chiqmasa yuragi tars yorilib ketajagini tushundi.
Cholg‘uchilar bo‘m-bo‘sh maydonda lunjlarini shishirib surnaylarini chalardilar.
“Oh, bu dunyoda, – deb kuylardi cholg‘uchilardan biri, – oh, bu dunyoda… Sen o‘zing, quyoshday porlab turasan…”
Shundoqqina maydonchaga kiraverishda suratkash Amberki oyoqlarini oldinga tirab, tik turgan otni tinchitayotgan boshsiz chavandoz tasvirlangan rasmni qo‘ygan edi. Ucha chopib keldi-da, teshikchaga boshini suqib:
– Amberki, halok bo‘lyapman, og‘ayni, xonavayron bo‘lyapman! – deb baqirdi.
Keyin u otini dengizga qarab haydadi. Lekin baribir tuyoqlarning taq-tuqi ostida ham unga qo‘shiqning kuydirmajon va yurakni larzaga soluvchi so‘zlari eshitilib turardi: “Oh, bu dunyoda, oh, bu dunyoda!..”
Qirg‘oqda u otini qo‘yib yuborgandi, ot to‘lqinlardan cho‘chib orqa oyog‘ida tik turdi.
“Baliqchiga ot chikora?” – deganday yozg‘irdi dengiz.
U javob o‘rniga qo‘llarini beboshlarcha yoydi-da, yana kuylay boshladi:
“Oh, bu dunyoda, oh, bu dunyoda, yolg‘iz o‘zing quyoshday balqib turasan…”
Keyin o‘zini dengizga otdi-da, to‘lqinlarni kesib, xuddi undan avvalroq suvga tushgan odam ortidan quvayotganday, suzib ketdi. U jon achchig‘ida suzardi-yu, lekin hech qirg‘oqdan uzoqlasholmasdi. Cholg‘uchilar endi qirg‘oq bo‘yidagi qum tepalikda turgancha jon-jahdlari bilan chalishardi.
“Oh, bu dunyoda, – deb kuchining boricha baqirardi u, – oh, bu dunyoda…”
Keyin Sira ikkovlari suratkash Amberkining oldiga qaytib kelishdi. Amberki Sirani stulga o‘tqazdi, uni esa qizning yoniga turg‘azib, qo‘lini stul suyanchig‘iga qo‘yishga majbur qildi.
– Esda tutishingizni so‘rayman, bu axir to‘ydan esdalik!
O‘sha rasm haliyam devorda, ota-onasining surati yonida osig‘liq turibdi. Ular ham rasmga xuddi shu tarzda tushishgandi: onasi stulda o‘tiribdi, otasi esa yonida turibdi. Nahotki bu rasmni ham Amberki ishlagan bo‘lsa?
– Amberki yoshing nechada?
– Nima?
– Yoshing nechada deb so‘rayapman?
– So‘ramay qo‘ya qol.
– E qo‘ysang-chi!
Keyin hammasi odatdagidek davom etdi. Faqat endi u uyga shoshilardi: eshik tagida kutib turgan Sira, uni uzoqdan ko‘radi-yu, istiqboliga yuguradi. U bo‘lsa yon-veriga alanglaydi, xo‘p ajoyib xotini bor-da, eshik tagida kutib olib, istiqboliga yuguradi… deyishsa-ya, deb qo‘shnilardan uyaladi. O‘zi esa mamnun, mamnun ham gapmi – behad baxtiyor edi.
“Baxt deganlari mana shunaqa bo‘larkan. Inson uchun ko‘p narsa kerakmas, – deb o‘ylar va shu zahotiyoq o‘zini koyirdi: – Seningcha, bu kammi, tentak?” Yo‘q, bu kam emasdi-yu, lekin ko‘ngli yana nimalarnidir tusar, nimaligini o‘zi ham bilmas, yillar esa bir-birini quvib o‘tib borardi. Bir… ikki… uch… to‘rt… Vaqt juda tez o‘tardi. Bu balki, doim ertangi kunni kutganlari uchun, xuddi ertaga ular butun vujudlari bilan intilayotgan narsa ro‘y berishi lozimdek tuyulganidan bo‘lsa kerak. Erta, ertaga, ertaga… Bugungi kun hisobga olinmasdi, kun tezroq o‘ta qolsayu, tezroq qorong‘i tusha qolsa – har kuni shu ahvol. Bugun bo‘lib o‘tgan voqealar ertangi kunda ularni kutayotgan ajoyibot oldida bir pullik ham qimmatga ega emas. Ertaga… Lekin Siraning qandaydir boshqacha bo‘lib qolayotganini anchadan beri sezib yurardi. Uydan uni bo‘yniga arqon solib ham chiqarolmaysan, biror bir narsa bilan xursand ham qilolmaysan, hayratlantirolmaysan ham.
– Nima maqsadda yashayapmiz? – deb so‘radi u bir marta hayajondan bo‘g‘ilgan ovozda.
Bu savolni berguncha uning qancha azoblangani bilinib turardi. Ular qorong‘ilik qo‘ynida yotishardi. Tashqarida yomg‘ir yog‘ar, dengizning to‘lqinlanayotgani esa shundoqqina eshitilib turardi.
– Nima maqsadda deganing nimasi? – deb qayta so‘radi u, lekin Sira javob bermadi.
– Biz-chi, biz nima uchun ishlayapmiz? – uning titroq ovozida yig‘lamsirash sezilardi.
U tirsagiga tayangancha xotiniga qaradi:
– Esingni yeb qo‘ydingmi, nima balo?
Xotini adyolni boshiga burkab oldi.
Bundan ikki yil burun, odatdagidek dengizdan qaytayotganda, qirg‘oqda uni xushxabar bilan kutib olishdi – hatto uyiga yetib olishga ham qo‘yishmadi!
– Xotiningni aerodromda ko‘rishibdi, balki uchuvchilarning bitta-yarimtasi qarindosh chiqib qolar?
– Aerodromda? – deb hayron bo‘ldi u. – Aerodromda nima bor ekan unga?
Qishloqdan uch kilometr narida joylashgan aerodromda bitta vertolyot va ikkita daqqiyunusdan qolgan, zang bosib ketgan “kukuruznik” bo‘lib, bular parashyut sporti ishqibozlarining mahalliy klubi mulki hisoblanardi. Dabdalasi chiqib ketgan samolyotlarni ham o‘zlari tuzatib olishgandi. Mana shu qo‘lbola samolyotlarning vaqti kelganda yordami tegib turardi. Ikkita uchuvchi esa aerodromning o‘zida qurilgan yog‘och barakda turishardi. Ulardan biri keksaroq, ikkinchisi esa yoshgina yigit edi.
Sira rostdanam uyda yo‘q edi. U bunday bo‘lishini aqliga sig‘dirolmasdi, esini yeganday ko‘chaga otilib chiqdi-da, aerodromga tomon chopib ketdi. Yarim yo‘lga borib qolganda ortidan avtobus yetib oldi.
– Siraning oldiga shoshilyapsanmi? – deb so‘radi shofyor qo‘shnisi.
– Nima deyapsan? – u o‘zini hech narsa bilmaydiganday tutdi.
– Ucha, – shofyor ko‘zini chetga oldi.
– Nima?
– Men uni kechayam, o‘tgan kuni ham o‘sha yoqqa olib borib qo‘ydim.
– Nima bo‘pti?
– Hech narsa… Chekasanmi? – U papiros qutisini uzatdi.
– Kechayam… O‘tgan kuni ham…
– Xo‘sh, borsa boribdi-da, shungayam ota go‘ri qozixonami? – Endi bu gapni shofyor aytgandi.
– Menga qara…
– Ko‘p boshni qotirma, yigit!
– Nima deyapsan?
– Shunday, o‘zim…
Shundaygina aerodrom oldida bir uycha bo‘lib, unda ruhoniy turardi. Avtobusning oxirgi bekati xuddi shu uyning darvozasi oldida edi. Yo‘l bo‘yida katta anjir daraxti bor. Uning barglari changdan oqarib ko‘rinardi. Shundoqqina daraxt tagida uzun tosh taxta turibdi. Aftidan, biror-bir qabr toshi bo‘lsa kerak, lekin bu yerga qanday kelib qolganligini hech kim bilmaydi. Anjir soyasida parashyut sporti havaskorlari avtobus kutib o‘tirishardi.
Avtobus to‘xtadi.
– Tag‘in o‘zing bilasan, – deya xayrlashdi shofyor.
– Albatta.
– Hazilakam ish emas!
Ucha tez-tez yurib keta boshladi, lekin birdan to‘xtab orqasiga qaradi: shofyor kabinadan tushib daraxt ostidagi tosh taxtaga kelib o‘tirdi. Ucha orqasiga qaytdi, shofyor unga peshvoz turdi.
– Nega qaytding?
– Ketaver, – dedi Ucha, – kimni kutyapsan?
– Sizlarni kim uyga olib ketadi?
– Ketaver, – dedi u qat’iy, chunki tomoshatalab shofyor ish nima bilan tugashini kutmoqda edi-da!
– Marhamat, men o‘ylovdimki…
– Ketaver, deyapman!
Ucha avtobus ko‘zdan yo‘qolguncha daraxt ostida kutib turdi.
“Boshimda shundan boshqa g‘alva yo‘qmidi. Aerodromda unga pishirib qo‘yganakanmi?” Keyin u ruhoniyni ko‘rib qoldi. U satin ishton kiyib olgancha, ostonada gazeta o‘qib o‘tirardi. Paypoqsiz oyog‘iga orqasi yo‘q kalish kiyib olibdi.
Yaqinlashib kelayotgan oyoq tovushini eshitib, u chilvir bilan qulog‘iga qistirib olgan ko‘zoynagini oldi.
– Salom, – deb so‘rashdi Ucha.
– Sog‘ bo‘l, bo‘tam. – Ruhoniy ko‘zini qisib unga qaradi va boshini tebratdi. – Negadir seni taniyolmay turibman.
U hafsala bilan gazetani buklab, ko‘zoynagi bilan yoniga qo‘ydi.
Shu vaqt Ucha Sirani ko‘rib qoldi. U maydonning o‘rtasida, shamol uchirib ketmasin deya ro‘molining uchlarini engagi ostida ushlagancha samolyotlar turgan tomonga qarab turardi. Ucha ham o‘sha tomonga qaradi. Samolyot oldida odamlar uymalashib turishardi.
“Nega u yoqqa qarayotganikin?”
Uni ko‘rgan zahotiyoq darrov tushundi, xavotir oladigan hech narsa bo‘lmagandi, bo‘lishi ham mumkin emasdi, birdan yelkasidan tog‘ ag‘dirilgandek yengil tortib ketdi. Siradan, biror-bir ko‘ngilxiralikni kutishning o‘ziyoq tentaklik edi. Birdan Sira meni bu yerda ko‘rib qolsa, nima deb o‘ylashi mumkin deb, xijolat cheka boshladi.
Shundaylikka shundayku-ya, lekin boshqalarga xotini har kuni aerodromda nima qilishini qanday tushuntiradi?
“Bundan chiqdi, duch kelgan odamga hisob berishim kerak ekan-da? Xo‘p, mayli, boringki, xotinim shunday o‘zi, samolyotlarni tomosha qilib turganakan desa, unga ishonisharmikin? Yo‘q, ishonishmaydi. Axir Sirani ular bilishmaydi-ku”.
Endi Sira meni payqab qolmasaydi, deb joni halak bo‘la boshladi, shuning uchun ruhoniy bilan gaplashishni afzal ko‘rdi.
– Bu yoqqa chiq, bu yer salqinroq. – Ruhoniy bir oz surilib unga joy bo‘shatdi. – O‘tir.
U zinapoyaga ko‘tarilib, ruhoniyning yoniga o‘tirdi.
– Na uyqumda halovat bor, na miriqib dam olaman, – deb gap boshladi ruhoniy. – Mana shu aerodromni qurishgandan beri o‘zimni qayoqqa urishni bilmayman. Borib, menga ham parashyutdan sakrashga ruxsat beringlar deb so‘rasammikin. Parashyutni ochmayman-da, tamom vassalom! – O‘zining hazili o‘ziga yoqib ketdi shekilli, xotinchalish ovozda hingillab kuldi, – keyin gazetalarda, ruhoniy parashyutdan sakradi deb yozib chiqishadi. – U shosha-pisha cho‘qindi. – Ey poki parvardigor, odamlarga nima bo‘lgan o‘zi, ular osmondan nima qidirishadi, nimalarini yo‘qotishgan?
“Nima qilish kerak? – deb o‘ylardi Ucha. – Biror yoqqa olib ketsamikin. To‘rt devor ortida o‘tirgandek, dunyodan xabarsiz uyda o‘tirgani-o‘tirgan. Uning tabiati boshqalarnikiga o‘xshamagan bo‘lsa, nima qilay? Borib odamlarga, u sizlarga o‘xshagan emas, boshqacha desammikin?! Nima ham qila olardim? Hamma shunday yashaydi, Siraga boshqacha hayot yasab berolmayman-ku. Hamma narsadan voz kechsam – unda bizni kim boqadi? Agar xotinim bilan qo‘l ushlashib, dunyo kezib yursam, odamlar nima deydi, toshbo‘ron qilib yuborishar. Anavini qarang, shu jaziramada maydonda turishi nimasi. Qiziq, hozir nimalar haqda o‘ylayotganikin?”
– Hamma narsa o‘tib ketaveradi, hammasi, – ruhoniyning ovozi eshitilardi, – qaytmas bo‘lib ketadi… – u jim bo‘lib qoldi. – Muzdakkina suv bo‘lsaydi… Maza qilardik! – deb yana davom etdi ruhoniy.
– Buloq bu yerdan uzoqmi? – deb so‘radi Ucha.
– Huv anavi yerda, anjirning tagida.
– Suv olib kelaman.
– Ovora bo‘lib nima qilasan…
– Nimada olib kelay.
– Eshik oldida choynak turibdi…
Xona nimqorong‘i edi, oynalar qorong‘ilatilgan, shuningdek, xonadan qandaydir achimsiq hid anqirdi, odatda so‘qqabosh chollarning xonasida shunday hid bo‘ladi – yolg‘izlik hidi. Ko‘hna javon ustida Momo Havoning devorga tirab qo‘yilgan rasmi, rasm oldidagi loydan qilingan kichkina idishda sham yonib turardi. Xoch yonida Shota, Akakiy va Ilyalarning portretlari tasvirlangan judayam eski taqvim turardi.
Ucha biqini pachoqlangan ko‘k choynakni oldi-da, tashqariga chiqdi.
– Topdingmi? – deb so‘radi ruhoniy.
– Mana. – Ucha choynakni yuqoriga ko‘tardi.
– Ajabo. – Ruhoniy ko‘zoynagini taqqandan keyingina choynakka nazar tashladi, – uyimda bor narsalarning hammasi o‘z-o‘zidan qayoqqadir yo‘qolib ketgan, bo‘tam. Agar o‘g‘irlab ketsalar mayli edi-ya, yo‘q, o‘z-o‘zidan yo‘qolib qoladilar. Hatto buyumlar ham bezillab mendan qochib ketishyapti.
Ucha suv olib keldi. Chol uning qo‘lidan choynakni oldi-da, qopqog‘ini ochib, unga to‘ldirib suv quyib, xuddi qush misol mayda ho‘plam bilan, to‘xtab-to‘xtab icha boshladi. Keyin choynakni ikkala qo‘li bilan quchoqlab oldi-da, ko‘ksiga bosdi.
– Xudo xayringni bersin. – U ko‘zini yumdi. – Rahmat.
Shu ko‘yi uzoq vaqt o‘tirdi.
Samolyot uchdi-da, havoda ikki marta aylanib yana qo‘ndi. U yerda sirg‘alib ketayotganida odamlar ortidan yugurishdi. Samolyot shundoqqina Siraning yaqinida to‘xtadi. Ucha uning o‘zini orqaga tashlaganini ham yaqqol ko‘rdi. Keyin motorning shovqini ichidan uning kulgisi eshitildi. Unga shunday eshitildimi yoki u shuni kutayotganmidi: shu vaqtda u albatta kulishi lozimmidi.
Hamma samolyot oldiga yugurdi. Uchuvchi kabinadan zo‘r-bazo‘r chiqib oldi. Odamlar bir-biriga gal bermay gapirishar, kim nima deyotganini anglab bo‘lmasdi. Hamma quvnab qo‘l silkirdi. Keyin uchuvchi yana kabinaga o‘tirdi, bir ozdan so‘ng motor ovozi o‘chdi. Birdan atrofga shunday sokinlik cho‘kdiki, odamlar turgan joylarida qotib qoldilar. Hammasi suratga o‘xshab ketdi. Keyin yana g‘ala-g‘ovur boshlandi, uchuvchini kabinadan chiqarib olib, osmonga irg‘ita boshlashdi.
Birdan hammalari Siraga o‘girilishdi.
– Sira! – deya uni kimdir chaqirdi.
Sira sekin joyidan qo‘zg‘aldi – odamlar oldiga emas, aksincha – uning odamlardan tezroq nari ketishga shoshilayotgani sezilib turardi.
Lekin u bu yoqqa, ya’ni ruhoniy uyi tomonga ham emas, balki to‘g‘riga, yozgi maydon chegarasi bo‘ylab keta boshladi.
– Sira! Sira! – Endi uni bir necha ovoz baravariga chaqirardi.
– Bu yoqqa kel!
Sira qadamini tezlatgandan tezlatib, nuqul orqasiga qarardi. Hamma uning ortidan yura boshladi.
– Sira! Sira!
Xuddi tor ko‘chada qishloqi oyimqizni bir to‘da zumrashalar ta’qib qilayotgan misol hammalari uning ortidan borishdi. Lekin odamlar unga yomonlikni ravo ko‘rishmasdi, faqat qiz ularga qarab turganini ko‘rib qolishib yonlariga chaqirishdi, xolos.
Sira endi chopib borardi, boshqalar ham o‘zlari sezmagan holda uning ortidan chopa boshlashdi.
– To‘xtasang-chi, axir, Sira! Sira!
Eng keyinda orqasiga parashyut osib olgan uchuvchi sudralib borardi, parashyut sumkasini osib olganidanmi, ikki oyog‘ida tik turgan toshbaqaga o‘xshab qolgandi.
Ucha bularning hammasi haqiqatda bo‘lyaptimi yoki unga shunday tuyulyaptimi, hali anglab yetmayoq, o‘rnidan turdi-da, hammaning yo‘lini to‘sib yugura ketdi. Sira orqasiga o‘girilib qaradi-da, yanada tezroq chopib ketdi. Qizni ta’qib qilib kelayotganlar hansiragancha Uchaning oldiga yugurib kelishdi. Ucha ikkala qo‘lini keng yoyib, ularning yo‘lini to‘sdi.
– Sizlarga nima kerak, nima?
Hammalari nafaslari og‘zilariga tiqilgancha to‘xtadilar. Negadir ular Uchaning ko‘ziga tik qarolmay, bir-birlariga ma’noli qarab olishdi.
– Sizlardan so‘rayapman, undan nima istaysizlar?
Uchaning nazari bir necha tanish basharalarga tushdi. Xuddi o‘shalar uning qarashiga dosh berolmay yerga qarayotgandilar.
Nihoyat, uchuvchi ham yetib keldi.
– O‘zi nima gap? – deb so‘radi u va ajablangancha Uchaga qaradi.
Ucha ikkala qo‘li bilan uning ko‘kragidan ushladi-da, qattiq silkitdi:
– Nega xotin kishiga tirg‘ilyapsan? Nega?
Uchuvchi yelkalarini qisdi-da, uning qo‘liga urdi:
– Qo‘yvor!
Ularga yoshgina yigitcha yaqinlashdi:
– Hurmatli o‘rtoq, – deb murojaat qildi u Uchaga nihoyatda xushmuomalalik bilan, – axir bizda parashyut sporti havaskorlari klubi bor, shundaymi?
– Xo‘sh? – Ucha uchuvchini qo‘yib yubordi-da, yigitchaga o‘girildi.
U o‘taketgan ahmoqgarchilik qilayotganini sezib tursa-da, o‘zini qanday tutishini bilmay qolgandi.
Uchuvchi bir amallab parashyutni yechdi-da, uni yerga qo‘yib Uchaga yaqinlashdi va yelkasidan ushlab o‘ziga qaratdi.
– O‘zing bu yerda nimaga irg‘ishlayapsan?
– Irg‘ishlayapsan? – Ucha achchiq kulimsiradi. – Demak, men irg‘ishlayapman, shundaymi? – deya qulochkashlab uchuvchining yuziga tushirib qoldi.
U gandiraklab ketdi-yu, lekin yiqilmadi, oyog‘ida turib qoldi. Keyin Uchaga yaqinlashdi-da, to‘satdan iyagiga kalla qo‘ydi. Uchaning ko‘z oldi qorong‘ilashib ketdi. Keyingi musht qanshariga to‘g‘ri kelib – qon tirqirab ketdi.
Ko‘zini ochganda u yerda yotardi, haligi yigitcha esa ro‘molchasi bilan qonlarini artmoqda edi.
Keyin oldiga uchuvchi yaqinlashdi-da, boshini ko‘tardi va qo‘lini olmasdan xuddi qulog‘i tagida shivirladi:
– Kechir, bilmabman, do‘stim.
Ucha bir qo‘li bilan yerga tiralib o‘rnidan turdi-da, yurib ketdi.
“Bilmabman… Bilmabman… U nimani bilishi kerak edi? Bu yerda nimani bilish kerak? Nimani?”
Atrofda gilamdek moychechak o‘sib yotibdi. Moychechakdan boshqa hech narsa ko‘zga tashlanmasdi. U Siraga to‘qnash kelguncha juda uzoq tentirab yurdi. Xotini qo‘llarini boshi ostiga qo‘ygancha, osmonga tikilib yerda yotardi. U Siraning yoniga o‘tirdi va moychechak yulib olib, og‘ziga solib chaynay boshladi. Sira boshini ko‘tardi-da, uni hozir ko‘rib turgandek, g‘alati qarab qo‘ydi, so‘ng o‘rnidan turib, qo‘lini erining tizzasiga qo‘yib, yuzini uning qo‘liga ishqadi va ko‘zini unga tikib, jilmaydi. Uning ko‘zlari to‘la yosh edi:
– Bunday tentak xotinni boshingga urasanmi?
Dengiz qirg‘og‘ida to‘lqin to‘suvchi toshdan yasalgan g‘ovdan sal narida har xil taxtalardan yasalgan uycha bor edi. Uychada bir ayol baliq dudlayotgandi. Tovadagi baliqning o‘zi u yonboshidan bu yonboshiga ag‘darilardi. Baliqning ikkita kichkina oppoq ko‘zlari xuddi ikki bo‘lak bo‘rga o‘xshardi. Xona juda issiq edi. Ustiga tova qo‘yilgan kerosinkadan tutun chiqib turardi.
– Sen menga xotin bo‘lishing kerak edi, – derdi Ucha ayolga. – Esingdami, axir biz bir-birimizni sevardik-ku.
Ayol xandon tashlab kulardi.
– Seni ko‘pdan beri bilaman, – derdi Ucha va ayolning oqarib ketgan sochlariga ko‘zi tushib, yig‘idan o‘zini zo‘rg‘a tutib turardi.
Ayol kulgancha, pichoq ushlagan qo‘lining orqasi bilan peshonasiga tushgan sochlarini to‘g‘rilardi.
Uchani sovuq ter bosdi. U sevishini, bularning hammasi rostligini, uni aldamayotganini aytib baqirar, ishontirmoqchi bo‘lardi.
– Nahotki, hammasini unutgan bo‘lsang? – deb so‘radi u nihoyat tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib.
– Jim, – dedi ayol, – jim bo‘l.
– Biz judayam baxtli bo‘lgan bo‘lardik!
– Jim-m, – deb qaytardi u yana, – jim-m!
Endi ayol ikkala qo‘lini ko‘ksiga bosgancha, engagini pichoqning uchiga tirab turardi. Lablari mahkam qisilgan, xuddi biror yeri og‘riyotgandek yuzi burishib ketgan va u o‘zini ingrashdan zo‘rg‘a tutib turardi.
– Axir biror narsa desang-chi? – deb baqirdi Ucha.
Ayol unga qaradi-da, osoyishta ovozda:
– O‘zing kimsan va mendan nima istaysan? – dedi.
Shunda u bexosdan jilmaydi, qayoqqadir boshqa yoqqa qaragancha:
– Qaragin, qanday qarib ketdim, – dedi xijolat-la.
Endi bunga toqat qilolmadi, bunisi nihoyatda ortiqcha edi. U orqasiga o‘girildi-yu, yugurib chiqib ketdi. To‘siq ortida dengiz hayqirardi.
“Keyin biz ham izsiz yo‘qolamiz, bizdan ham nom-nishon qolmaydi”, degan Siraning ovozi eshitildi yoki dengiz uning ovozida gapiryaptimikin?
Uni motorning shovqini uyg‘otib yubordi.
– Qiziq, soat necha bo‘ldiykin? – u ko‘zini ochdi.
– Ehtimol, o‘n ikki bo‘lgandir.
– Shunday qilib tun ham o‘tadi…
– Yaxshisi… Uxlasang-chi.
U haliyam motor ovoziga quloq solib turardi. Aftidan, mashina ularning eshiklari oldida to‘xtaganga o‘xshardi. Yarim kechada uning shovqini har doimgidan ham yaqqolroq eshitilardi. Mashinadagilar ularni uyg‘otish uchun atigi taraqa-turuq qilishayotganga o‘xshardi.
– Kim bo‘ldi ekan-a, – dedi xotini.
– Kim biladi deysan. Uxla.
Eshik g‘ichirladi.
– Biznikiga kelishyapti! – dedi xotini.
– Kim?
– Bilmadim. – Xotini o‘rnidan tura boshladi.
– To‘xta. – U xotinining qo‘lini ushladi.
– Mehmonlar!
– O‘zim turaman.
U shimini kiydi, oyog‘i bilan timirskilab, shippagini topdi, chiroqni yoqib, eshikni ochdi.
Sira qorong‘ida eri kimnidir chaqirganini va unga qanday javob berishganini eshitib yotdi.
Birmuncha vaqt qimir etmay yotdi-da, keyin o‘rnidan turib, ko‘ylagining ustidan yelkasiga xalatini tashlab, eshikka yaqinlashdi.
“Har holda yarim kechada kim kelishi mumkin?”
U yopiq eshikka shunday tikilardiki, xuddi tashqarida nima bo‘layotganini ko‘ra oladigandek. Keyin balkonga chiqib, eriga yaqinlashdi va qo‘lini erining yelkasiga qo‘yib:
– U yerda kim bor? – deb shivirlab so‘radi.
– Uyga kir. – U xotiniga o‘girildi.
– U yerdagilar kimligini aytsang-chi?
Quduq laylagi g‘ijirlab ketdi.
– Xonaga kir, yomg‘ir yog‘yapti, – qaytardi u.
Sira endi yaqqol ko‘rdi: kimdir quduq oldida engashib turardi, aftidan, chelakni ko‘taryapti shekilli. Haqiqatda ham shunday ekan, suvni o‘zining chelagiga quyib olayotgan ekan.
– Sizlarni bezovta qildim-da, – u uy egalari tomon o‘girildi.
– Hechqisi yo‘q, shuyam bezovtalikmi, – deya e’tiroz bildirdi Ucha, xotinini eshik tomonga itargancha.
Chelak ko‘targan erkak juda yaqinga keldi.
– Rahmat! – Shundagina u Sirani ko‘rib qoldi. – Bezovta qilganimiz uchun kechiring, bekacha, mashinamizga suv kerak bo‘lib qoluvdi.
– Uyga kiringlar, – u oldinga bir qadam tashladi, – kiringlar, marhamat!
– Ovora bo‘lmang, shundog‘am anchagina tashvishga solib qo‘ydik.
– Kiringlar, yo‘lda charchagansizlar, bir oz dam olib ketasizlar.
– Ha, ha, kiringlar, – birdan esiga kelganday gapga qo‘shildi Ucha.
– Yo‘q, rahmat!
Erkak kishi birdan orqasiga o‘girilib, eshik tomon chopib ketdi. Balkonda turganlar hayron bo‘lgancha, bir-birlariga qarab qo‘ydilar: unga nima bo‘ldi? U o‘sha zahoti yana chopgancha qaytib keldi. Balkonga yaqinlashdi-da, pastdan nimanidir bexosdan irg‘itdi. Sira beixtiyor uloqtirilgan narsani ikkala qo‘li bilan ushlab oldi va qichqirib yubordi:
– Voy!
– Bu sizga! – deb baqirdi kishi. – Bizning o‘ljamiz!
U eshik tomon yurib ketdi.
– Katta rahmat!
Sira qo‘li bilan ho‘l turnani ko‘ksiga bosdi. Mashina allaqachon ketib bo‘lgandi, ular esa hamon balkonda turishardi.
Xonaga kirgach, Sira turnani ehtiyotkorlik bilan stolga qo‘ydi-da, garderobga o‘rnatilgan oyna oldida to‘xtab, qo‘llari bilan sochini siladi. Eri buni ko‘rarkan, yuragi orziqib ketdi.
Tomog‘iga bir narsa tiqilgandek bo‘lib, yig‘lab yuboray dedi. Bu to‘satdan paydo bo‘lgan qandaydir noaniq tuyg‘u edi.
Xotini uni oynada ko‘rib turganini bilardi, shuning uchun o‘zini qo‘lga olib, hatto jilmaydi va baland ovozda:
– Kiyin! – dedi.
– Nima? – deya unga o‘girildi xotini.
– Kiyin! – U nihoyat darajada hayajonlanganidan tupugini zo‘rg‘a yutdi. – Anavi oq ko‘ylagingni kiygin.
– Qaysi?
– Huv, anavi-chi…
U eri qanday ko‘ylak haqida gapirayotganini tushunishi kerak edi. Ucha uni to‘y kuni olib bergandi.
– Ucha?
– Kiy, deyapman-ku, axir.
Uchaning o‘zi ham kiyina boshladi.
– Ucha? – Sira eriga yaqinlashdi, – Ucha?
Eri shkafni ochdi-da, xotinining hamma ko‘ylaklarini oldi:
– Bunisimas, bunisi ham emas… Qani, u?
– Bilmayman. Axir men uni qachonlardan beri kiymayman-ku.
Lekin erining kayfiyati unga ham o‘tdi. Sira ham qidira boshladi, har qalay ayol emasmi, bu mashg‘ulot uni ancha alaxsitdi.
– Mana u, – dedi nihoyat, – topdim. – U ko‘ylakni egniga tutib ko‘rdi. – G‘ijimligini qara!
– Hechqisi yo‘q, – dedi Ucha, – kiyin, ketdik.
– Qayoqqa boramiz, esingni yeb qo‘ydingmi, nima balo.
– Qo‘yaver. Tezroq kiyin.
– Hech bo‘lmasa qayoqqa ketayotganimizni aytsang-chi!
– Kiyinganingdan keyin bilasan!
Qayoqqa borishlarini, umuman, yarim kechasi qayoqqa borish mumkinligini o‘zi ham bilmasdi.
– Mayli, – deya rozi bo‘ldi xotini va sekingina kulib qo‘ydi, – teskari qara, – xuddi oq ko‘ylak unga o‘sha – ilk bo‘sa haqida eslatganday bo‘ldi.
Ucha oynaga yaqinlashdi-da, chekdi. Derazadan evkaliptning soyasi ko‘rinib turardi.
Evkaliptlarning ortidan, pistirmada turgandek, sirli sokinlik og‘ushida dengiz turardi. Nazarida, qayoqqadir shoshilayotganga, kechikayotganga o‘xshardi. Agar hozirning o‘zida qayoqqa va negaligini eslolmasa, butunlay kechikishi turgan gap. Yuragi qinidan chiqib ketguday bo‘lib dukillardi, butun borlig‘i bilan u birdan vaqt oqimini sezdi. Na soat, na yil fasllari hech qachon bunday tuyg‘uni bermaydi, chunki bularning hammasi odatdagi hodisalar.
Beixtiyor o‘rganib qolgan narsang tosh qotadi, jilmaydi, toshga aylanadi, sen ham u bilan birga to‘xtab qolasan. Lekin ba’zan shunday onlar bo‘ladiki, vaqt naq yuragingda aks sado berib, o‘z ortidan majburan ergashtirayotganga o‘xshaydi.
Kun, soat, daqiqa, oy bilan qadam-baqadam biror-bir odam boroladimi, ya’ni mangulikka tomon birga-birga? Axir shuning o‘zi abadiylik-ku…
– Ucha! – deya ohista chaqirdi xotini.
U o‘girildi-da, undan ko‘zini ololmay uzoq tikilib qoldi.
Sira bir qo‘lini ko‘kragiga bosib ikkinchi qo‘li bilan etagini ushlagancha, hayron bo‘lib va uyalib, xuddi bu turgan o‘zimi yoki boshqa birovmi, ishonmaganday turardi.
Yomg‘ir deyarli tingandi-yu, lekin nomigagina yog‘ib turardi. Ucha uning yelkasiga plashini yopdi-da, ikkovi evkalipt oralab xiyobon bo‘ylab keta boshlashdi.
Yo‘lda ko‘lmaklar yiltirab turardi. Oy yirtiq-yamoq bulutlar hamrohligida evkaliptlar ortidan borayotganday. Dengiz uyqusida cho‘chib-cho‘chib qo‘yadi.
To‘satdan Sira uning qo‘lidan chiqib, yugurib ketdi… Keyin to‘xtab, tuflisini yechib qo‘liga olvoldi-da, yana yugurib ketdi.
– To‘xta! – deb qichqirdi Ucha.
Lekin xotini to‘xtamadiyam, orqasiga o‘girilmadiyam.
Turna uchib borardi. Uning yo‘lida, suv ichib hurpaygan bulutlar to‘sqinlik qilishardi. Pastda esa tuman qoplagan, hamma narsadan voz kechgan va befarq dengiz turardi. U uchib borarkan, hech narsani ko‘rmasdi. Ko‘rolmasdi ham, chunki yon-atrofini nuqul bulutlar qoplab olgandi-da. U bir narsani yaxshi bilardi – agar yashashni xohlasang, uchishing kerak, charchash nimaligini bilmay, to‘xtovsiz, cheksiz uchaverishi kerak. Unga hech kim yordam bermaydi, faqat uchib qutulishi mumkin. Va u shamol bilan birgalikda uchib borardi, chunki shamol vaqtning oqimi, kuchli miltillaydigan ariqcha, u mudom tebranib turuvchi suv sathida qanotlarini yoygancha nafas rostlab olar va shamol uni bepoyon dengiz uzra uzoq-uzoqlarga olib ketardi va yana kutilmaganda o‘sha jimjit, qop-qorong‘i va xavfli yo‘ldan orqasiga qaytarardi – cheki yo‘q, hisobsiz ravishda shunday davom etaveradi. Shamol charchash nimaligini bilarmikin? Shunday yashashni istar ekan, u ham charchash nimaligini bilmasligi lozim.
Rus tilidan Hikoyat Mahmudova tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 4-son