O‘sha kezlarda Li In Chu ikkovimiz bir universitet, bir fakultetda – iqtisodiyot fakultetida tahsil ko‘rardik. Ikkovimiz ham 1950 yilda tug‘ilganmiz. Nazarimda, bu hol ikkovimizning do‘stlashuvimizda alohida ahamiyatga ega bo‘lgandi. Gap shundaki, biz universitetga kirganda, Koreyada urush boshlangan, keyin birin-ketin boshqa voqealar ro‘y beraboshlagandi. Biz Ijtimoiy ilmlar tadqiqoti jamiyatiga a’zo edik. O‘z-o‘zidan ayonki, jamiyatimizda bahs-munozaralar qizib ketdi. Urushning borishi masalasiga kelsak, boshida Shimol hujum boshlagan choqda butun Koreya yarim oroli ko‘z ochib yumguncha bosib olinadigandek tuyulgandi. Ammo oradan biroz o‘tgach, Inchxonga BMT qo‘shinlari tushirildi va bir zumda vaziyat o‘zgardi. Jamiyatimizda marksist studentlar ko‘p edi. Ular sotsialistik mamlakatning bosqinchi bo‘lishi mumkin emasligiga astoydil ishonar edilar, biroq voqealar buni butunlay rad etmoqda edi. Shuning uchun munozaralar uzluksiz davom etardi.
Men Kommunistik yoshlar ittifoqining a’zosi edim. Lekin rahbariyat tomonidan bizga belgilab berilgan harakat dasturi ko‘nglimda shubha-gumonlar uyg‘otgan edi. Dasturda aytilishicha, go‘yo Janubiy Koreya Shimoliy Koreya hududiga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgan ekan, Shimol o‘z hududini himoya qilmoq uchun hujum boshlamoqqa majbur bo‘lgan emish. «Haqiqat ana shunaqa. Imperialistlar ig‘vosiga uchish kerak emas» deb men bizga yuqoridan yuboriladigan hujjatlarni g‘ayrat bilan tushuntirib berardim. Kezi kelganda shuni ham aytib qo‘yayki, avvalgi urush vaqtida ham yapon harbiylari o‘z xatti-harakatlarini xuddi shunaqa dalillar bilan oqlashga harakat qilishgan edi. Tashkilot a’zosi bo‘lganim uchun, men intizomga rioya qilishga majbur edim. Biz maxfiy ravishda hujjatlar tayyorlab, ularni tarqatish bilan shug‘ullanardik. Bu hujjatlarda AQSh qurolli kuchlari shtab boshliqlari Qo‘mitasi raisining Yaponiyada harbiy bazalar qurish zarurligi haqidagi gaplari bor edi. Rais bu yerga Yangi yil bayramini o‘tkazgani kelgan edi. Shuningdek, varaqalarda amerika marshali Makkarturning Yaponiya kompartiyasi rahbarlarini ta’qib ostiga olish to‘g‘risidagi buyrug‘i ham bor edi. Buyruq 3-mayda, hali urush boshlanganiga ikki oy to‘lmasdan chiqarilgan edi. Bularning bari Koreya Xalq Demokratik Respublikasiga qarshi agressiya tayyorlanayotganidan guvohlik beradigan hujjatlar edi. Bu to‘g‘rida men studentlarning mitinglarida juda ko‘p gapirar edim. Hadeb gapiraverganimdan bu gaplarning hammasi menga ayni haqiqat bo‘lib ko‘rina boshlagan edi.
Frontlarda goh u tomon, goh bu tomon muvaffaqiyatlarga erishib turipti. Shuning uchun Sovet Ittifoqi besh ulug‘ davlatning sulh konferentsiyasini o‘tkazishni taklif qildi. Bu – studentlar harakatining jonlanishiga turtki bo‘ldi. Biz taktikani o‘zgartirdik – urushni kim boshlagani to‘g‘risidagi bahslarni yig‘ishtirib qo‘yib, studentlarni yangi shiorlar tevaragida jipslashtirishga kirishdik. Bu shiorlarda mamlakatda demokratiya oyoqosti qilinayotgani, bu esa kompartiya Markaziy Komiteti a’zolarini ta’qib qilishda namoyon bo‘layotgani, ularga qarshi kurashmoq kerakligi aytilgan edi. Men bu faoliyatga boshim bilan sho‘ng‘ib ketdim, negaki, otam bilan jinday jig‘illashib qolgan edik. Yaponiya urushda mag‘lub bo‘lgandan so‘ng, otam Xitoydan qaytib keldi. U armiyada maxsus bo‘limlardan biriga boshchilik qilgan edi, shu sababdan unga davlat ishlarida mas’ul lavozimlarda xizmat qilish taqiqlab qo‘yilgan edi. Ammo otam istagan biznesi bilan shug‘ullanmog‘i mumkin edi. Butun umri davomida armiyada xizmat qilib o‘tgan zobitlar «Muqaddas Yamato davlati»ning, «Xudolar yurti»ning mag‘lubiyatidan butunlay o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishgandi. Ularning hayotdan hafsalalari pir bo‘lib, hech narsaga qo‘l urishga ishtiyoqlari qolmagan edi. Bunday sharoitda otam o‘zini suv ichidagi baliqdek his qilib, amerika harbiylari bilan hamkorlik qila boshladi, tutilgan yuk mashinalari bilan sadvo-sotiq qilishga va arzonlashtirilgan bahoda benzin sotishga hujjat oldi va mamlakatni iqtisodiy qayta tiklash haqidagi shiorlarni dastak qilib olib, har tomonga yelib yugura boshladi. Onam ham harbiy oilada tug‘ilib-o‘sgan, lekin shunday bo‘lsa-da, chaqqon, ishning ko‘zini biladigan otamning ketidan yetishib, yelib-yugurishga yaramadi. Otam esa xuddi onadan yangi tug‘ilganday sira tinim bilmay yugurib-elishda davom etardi. U uyda ancha zerikib qoldi, shekilli, chetdan o‘ziga bir jazman ham orttirib oldi. Aftidan, bu o‘sha paytdagi sharoitda mutlaqo tabiiy edi – odamning bemalol qorin to‘ydirishi ham amri mahol bo‘lib qolgandi. Urush esa bir necha million beva ayolni vujudga keltirdi. Ammo bu voqea mendan uzoqda, allaqayoqlarda emas, shundoqqina mening yonimda, mening xonadonimda ro‘y berdi. Men bu mavzuda falsafiy mulohazalar yurita olmas edim. O‘rta maktabda o‘qib yurganimda men Yaponiyaning davlat tizimi ilohiy ekaniga ishonar edim, otam bilan iftixor etardim. Biroq endilikda ahvol butunlay o‘zgarib ketgan, kayfiyatim ham yangilanib, eski qarashlardan asar ham qolmagandi – inqilobiy harakatda ishtirok etar ekanman, nima to‘g‘ri-yu, nima xato ekanini aniq bilib olishga harakat qilardim. Boshqa hech narsa ko‘nglimga taskin berolmasdi.
Hozirgina yangi davlat tuzilganini e’lon qilgan Xitoy Koreya frontiga ko‘ngillilar armiyasini jo‘natdi. Bu ham bizga o‘xshagan studentlarning ko‘nglini ko‘tardi. Biz besh ulug‘ davlatning sulh konferentsiyasini chaqirishlariga da’vat etib, bu da’vatnomaga imzolar to‘plashga qaror qildik va bu harakatni butun mamlakatga yoymoqchi bo‘ldik. Ijtimoiy fanlar sohasidagi tadqiqotlar jamiyati harakat dasturini belgiladi. Dasturga binoan tashkilotchilarni tanlab, ularni har xil joylarga jo‘natish kerak edi. Hozirga qadar majlislarda indamay o‘tirib, ko‘pchilikning fikriga qo‘shilib ketaveradigan Li Ik Chu bu gal hammani lol qoldirdi – u past, lekin qat’iy ovozda o‘zining qarshi ekanini bildirdi va hech qayoqqa bormasligini aytdi.
– Nima gap o‘zi, o‘rtoq Yamada? – dedi qahr bilan Yasui. U Jamiyatning raisi edi, ayni chog‘da universitetda kommunistik tashkilotning rahbarlaridan biri edi. U paytlarda Li Ik Chu Masuo Yamada degan yaponcha familiyada yurardi.
– Men qarshi bo‘lganim uchun bormayman deyayotganim yo‘q. Men kursimizning fikrini qo‘llab-quvvatlayman. Lekin, baribir, borolmayman.
Majlisimiz xonalardan birida o‘tmoqda edi. Bu xonani talabalarning o‘z-o‘zini boshqarish Kengashi universitet kattalari bilan talashib-tortishib yurib, zo‘rg‘a olgan edi. Xonani shiftida osilib turgan 40 vattlik bittagina lampochka yoritib turar, uning yorug‘ida stol ustida uyilib yotgan qo‘lbola plakatlar, varaqalar bosish uchun ishlatiladigan mashinkalar ko‘rinib turardi. Li Ik Chuning qovoq-tumshug‘i osilib ketgan. Ko‘nglida qandaydir alami borligi sezilib turardi. Unga gapirishni buyurishdi.
– Mening otam Kenjuda tug‘ilgan. Kenju Kemsan Pukto viloyatida joylashgan desam, sizlar, baribir, uni ko‘z oldilaringga keltira olmaysizlar. Koreyaga tinchlik kerak degan gapga qo‘shilaman. Men bunga tarafdorman. Koreya yarim orolida nimalar bo‘lyapti, o‘zi? Hozir ko‘pchilik yaponlar buni bilishni istaydi. Bu urushda esa allaqachon mening bir nechta qarindoshim halok bo‘ldi.
Ko‘tarila boshlagan olag‘ovurni bosmoqchi bo‘lib Li qo‘lini ko‘tardi. U yerdan-bu yerdan odamlarning «Xo‘sh, nima bo‘pti? Ularni nima uchun o‘ldirishdi?» degan gaplar eshitildi. Ammo Li dardini bayon eta borgani sayin uning gaplari ham bir tekis bo‘lib, ravonlasha bordi.
–Avval shimolliklar kelishib, jiyanimga kaftlarini ochib ko‘rsatishni buyurishipti. Uning kaftida qadoqlar yo‘q ekan. Shu sababdan «sen ishchilar sinfiga mansub emas ekansan» deb uni otib tashlashibdi.
Xonaga jimlik cho‘kdi. Lampochka yog‘dusida Lining turtib chiqqan iyagi va bo‘rtib turgan yanoqlari yanada aniqroq ko‘rindi. Uning tarang chehrasi hali ham juda g‘amgin va asabiy holatda edi.
– BMT qo‘shinlari kelishganda onamning tog‘asini adashib, dushman odami deb hisoblab otib tashlashgan. U oqsoqol bo‘lgan edi.
– Xo‘sh, nima bo‘pti? – dedi majlisga raislik qilayotgan odam jerkkansimon ohangda.
Xonada hatto tomoq qirishlar ham to‘xtagan edi. Yasui partiyada yuksak rutbali rahbarlardan biri edi. Aftidan, u istagan daqiqada har qanday xatoga zarba berishga tayyor edi. Bular menga juda og‘ir botdi – ruhiyatim juda tushib ketdi.
– Men bamaylixotirlik bilan imzolar yig‘a olmayman.
– Miyang rosa irib-chirib ketganga o‘xshaydi-ku! – deya xitob qildi Yasui baland ovozda go‘yo o‘ziga o‘zi dalda bermoqchi bo‘lganday. Lekin uni hech kim qo‘llamadi.
– Buning ustiga mafkuraviy xato qilyapsan, – Yasui o‘tirgan o‘rnidan sapchib turdi-da, oyoqlarini keng yozib, haykalday qotdi. – Imperialistik terror bilan sinfiy kurashni bir qatorga qo‘ymoq uchun odamning mafkuraviy saviyasi g‘oyatda past bo‘lishi kerak edi.
– Ehtimol. Gapingiz to‘g‘ri bo‘lsa bordir. Lekin siz umringizda biron marta o‘zingizni mening mamlakatim odamlari o‘rniga qo‘yib ko‘rganmisiz? Axir, ular ustlariga ikki tomondan yopirilib kelayotgan zalvarli mashinalar ostida majaqlanib ketyapti-ku! – Bu gal endi Li xotirjam boshini ko‘tardi-da, Yasuiga o‘qrayib qaradi.
–Mening baxtim shundaki. Burjua gumanizmi degan dardga chalingan emasman. – Yasui qo‘llarini ko‘ksiga qovushtirib, xuddi tuflab tashlagandek, shu so‘zlarni og‘zidan chiqarganda, Li asta o‘rnidan turib, xonadan chiqib ketdi.
Kimdir uni to‘xtatmoqchi bo‘lib talpindi, Lekin Yasui bunga yo‘l qo‘ymadi. Men nima qilishimni bilmay qoldim, indamay o‘tirishdan boshqa ilojim qolmagan edi. Yuragim siqilib, o‘zimni mag‘lub bo‘lgan odamday his qila boshladim. Li Ik Chuning gaplari kishini ishontirardi. Biroq nazariy jihatdan olib qaraganda Yasui ham haqday ko‘rinardi. Men uning bejirim yuziga tikilib qaradim– yuz ifodalarining tiniqligi va qirg‘iy burni ko‘zlaridan yog‘ib turgan sovuq qahrni jinday yumshatib turardi.
– Yamadu ehtirosga berilib ketdi, – dedi kimdir murosaga chaqirganday ohangda.
– Siz esa bu oldi-qochdi gaplarning hammasini u qayerdan olganini bilmay ham qoldingiz, shundaymi? – deb so‘radi Yasui. – Uning hamma qarindosh-urug‘lari janubda yashaydi. Biz siyosiy xushyorlikni zinhor-bazinhor esdan chiqarmasligimiz kerak.
Shu munozaradan bir necha oy o‘tib, Yaponiya kompartiyasi ikkiga ajralib ketdi, undan keyin ko‘p o‘tmay, Ijtimoiy fanlar sohasidagi tadqiqotlar jamiyatida ham ajralish yuz berdi. Men bu guruhlarning hech qaysisiga kirmadim va tabiiyki, o‘z-o‘zidan Kommunistik yoshlar ittifoqidan chiqib qoldim. Li bilan do‘stlashishimga esa, nazarimda, menga inqilobiy harakatning parchalanib ketishi qursatgan ta’sir sabab bo‘ldi. O‘zimning butun talabalik hayotimni o‘zgartirib chiqmasam bo‘lmay qoldi – ma’ruzalarga qatnash soatlarimni o‘zgartirdim, eshitgan ma’ruzalarimni pishiqlab, kitob ustida o‘tiradigan vaqtlarimni surdim, seminarlarga qatnay boshladim. Shunday bo‘ldiki, professor O ning ijtimoiy tafakkur tarixi bo‘yicha seminarida Li ham qatnasha boshladi. Bundan biroz oldinroq Keson degan koreys shaharida sulh bo‘yicha konferentsiya boshlandi va yozgi semestrdagi oxirgi seminarimiz tugagandan keyin biz Li bilan suhbatlashib qoldik. Uchinchi kursni tugatayotgan edik. Kelajakda qiladigan ishlarimiz to‘g‘risida bir to‘xtamga kelib olmog‘imiz kerak edi. Biz ikkovimiz ham garangsib qolgan edik va biron jo‘yali maslahat bera oladigan odamga muhtoj edik. Otamning izidan borishga unchalik ra’yim yo‘q edi. Men imkoni boricha universitetda tadqiqotchi lavozimida qolib ishlasam degandim. Ammo bu – ancha mashaqqatli yo‘l ekani avvalboshdanoq ma’lum edi – ilmiy xodim bo‘laman degan odam butun umri davomida har bir tiyinini sanab o‘tmog‘i kerak bo‘ladi. Boshqa sabab ham bor edi: so‘nggi ikki yil mobaynida men juda hafsala bilan g‘ayrat qilib o‘qidim. Lekin shunga qaramay, professor bo‘lmoq uchun menda yetari sifatlar bor ekaniga ishonch hosil qilolmadim.
– Ko‘p narsa tadqiqotlarning qay sohasini tanlashingga bog‘liq, – degan edi Li o‘shanda va turli ilmiy bo‘limlarda odam olish-olmaslik borasida vaziyat qanaqa ekanini menga tushuntirib berdi. Men unga hayron bo‘ldim – bu gaplarning hammasini qayoqdan bilaqoldiykin? Uning yuzida mehr balqib turardi. Ko‘nglimdan «qani endi, shunaqa bir mehribon do‘sting bo‘lsa» degan fikr o‘tdi. Aftidan, u menga turmush masalalarida sog‘lom fikrda ekanini namoyish qilmoqchi bo‘lgan ekan, bu bilan o‘zining ochiq yigit ekanini, negaki, inqilobiy g‘oyalarni uloqtirib tashlagach, har qanday ehtiyotkorlikni yig‘ishtirib qo‘yganini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan edi.
– Ehtimol, men bir o‘zim turishimga to‘g‘ri kelar, – deb u o‘zining hamma gapdan boxabarligini izohlamoqchi bo‘ldi.
O‘sha kuni men birinchi marta bilib oldim – Koreya yarim orolida yaponlar xo‘jayinlik qilgan kezlarda uning otasi rasmiy idoralarning ishonchini qozona olgan ekan va yapon banklaridan birining bo‘limiga boshliq bo‘lgan ekan.
– Menimcha, u vatandoshlarimizni bir emas, bir necha marta yaponlarga sotgan bo‘lsa kerak. Shuning uchun urushdan keyin otam Kenjuda qololmadi va Yaponiyaga ko‘chib ketdi. Mabodo, u birdan qaytib-netib qolsa, uni qatl etishadi. Besh yoshimdan men bir tanish yaponning qo‘lida tarbiyalandim. U jon-jahdi bilan meni yapon qilishga uringan edi. Negaki, koreys bo‘lish qiyin edi.
Li boshini ko‘tardi va endi gapini boshqacha ohangda davom ettirdi.
– Mana, endi koreys tilini o‘rganib yotibman, – dedi u menga qarab, jilmayib.
Nazarimda, o‘sha kuni menga umrimda birinchi marta «men tug‘ilgan mamlakat» degan iboraning ma’nosini tushuntirib berishganday bo‘ldi. Bu ibora kishida teran bir g‘ussa tug‘diradi, urushdan keyin «Shimoliy» va «Janubiy» deb ikkiga ajralib ketgan mamlakat esa bugunga qadar o‘sha ahvolda qolib kelmoqda. Men «Vatan» degan tushuncha nima ekanini anglaganimda. «davlat» degan tushuncha men uchun nechukdir g‘oyib bo‘ldi. Shunisi ham borki, bu voqea bevosita urushda Yaponiyaning mag‘lubiyati bilan bog‘liq bo‘ldi deya olmayman. Kommunistik yoshlar ittifoqiga a’zo bo‘lib yurgan kezlarimda «istiqlol» degan so‘zni ko‘p martalab takrorlaganman. Universitetda yana ayovsiz bahslar boshlanib ketdi. Bu bahslar, asosan, istiqbol haqida edi – qaysi biri ma’qul va olijanob? Boshqa mamlakatlar bilan ayirma qilib alohida sulh tuzganmi yoki boshqa hamma mamlakatlar bilan, shu jumladan, Sovet Ittifoqi va Xitoy bilan ham to‘la sulh to‘g‘risida bitimga kelgan ma’qulmi? Lekin bu gaplarning hech qaysisi meni tuzukroq qiziqtirgani ham yo‘k. Gap faqat mening talabalarning faoli bo‘lishni yig‘ishtirib qo‘yganimdagina emas edi, aftidan, mening qalbimdagi qay bir muhim murvat ishdan chiqqan edi.
– Ikkala mamlakat birlashmay turib, men Janubiy Koreyaga bormayman. Menimcha, bormasligim kerak.
Meni hayron qoldirgan joyi shu bo‘ldiki, Li bunaqa taqiqni o‘ziga o‘zi belgilagan edi. Bu taqiq Lining ongida. «Vatan» tushunchasi naqadar teran o‘rnashib olganidan dalolat berardi. Men Liga hatto jinday hasad bilan qaradim. O‘sha oqshomda men Liga o‘zimning oilaviy sharoitim to‘g‘risida va kechagi g‘oyalardan hafsalam pir bo‘lgani haqida, ta’bir joiz bo‘lsa, reallikdan yuz o‘girmoqchi ekanim haqida ham gapirib berdim.
– Xullas, sotsiologiya, tarix, ijtimoiy fikr deganlari menga to‘g‘ri kelmas ekan.
Men o‘zimning sarsonliklarim haqida gapirib berar ekanman, gapimning qaysi bir daqiqasidan uning fikrini so‘rayotganday ohangda gapira boshlaganimni anglardim.
– Umuman olganda, har xil yo‘nalishlar ko‘p – iqtisodiyot nazariyasi, yoki statistika deganday… – deb javob berdi Li. O‘z-o‘zidan ayonki, har nima bo‘lganda ham endilikda iqtisodiyot fani rivojlanadi. Lekin ochig‘ini aytish kerakki, bu fan menga uncha yoqmaydi.
Shunday bo‘lsa-da, keyinchalik men menejment professori bo‘lgan bo‘lsam, bunga uning yordamisiz erishdim – sharoit shunaqa bo‘lib qoldi – ilmiy rahbarim shuni maslahat berdi, ittifoqo, kafedrada assistentlik o‘rni bo‘shab qoldi va hokazo… Nazariy ilmlarga ishtiyoqi menikidan ko‘ra o‘n chandon kuchliroq bo‘lgan Li esa qo‘qqisdan otasi vafot qilib, u Yaponiyada barpo etgan uy-joylar bilan savdo-sotiq qiladigan kompaniyaga merosxo‘r bo‘ldi.
* * *
Universitetni tamomlaganimdan keyin men anchagacha u bilan ko‘rishganim yo‘q. Meni amaliyotchi-tadqiqotchi sifatida almashuv bo‘yicha AQShga jo‘natganlari vajidan Li bilan munosabatlarimiz uzilib qoldi. Li ham kompaniyani boshqarish ishlariga boshi bilan sho‘ng‘ib ketgan bo‘lsa ajab emas, negaki, u osmondan tushganday paydo bo‘lgan bu kompaniyani hech qanday tayyorgarliksiz gardaniga olishga majbur bo‘lgandi. Uning shahrimizga kelib, bir chekkasiga o‘rtahol odam sifatida o‘rnashib olganini, ko‘p xonadonli uylar qurib, uy-joy savdo-sotig‘i bilan shug‘ullanganini keyin bilib qoldim. Buni bilishimga ham uning o‘zi sabab bo‘ldi. Uning Li Sun Ken degan bo‘y yetgan qizi bor ekan. U bizning universitetimiz qoshidagi oliy toifadagi maktabga imtihonlar topshirmoqchi bo‘lipti. Bir kuni Li kutilmaganda universitetga mening oldimga kelib, bu yerda biror odam bilan tanishtirib qo‘yishimni so‘radi.
– Albatta, bajonu dil, – deb javob berdim men bu maktabning direktori va katta o‘qituvchisining basharalarini zo‘rg‘a ko‘z o‘ngimga keltirib. Men ularni universitetda ahyon-ahyonda uchratib qolardim. Garchi bu maktab bizning universitet tizimiga kirsa ham, uning ma’muriyatiga mening hech qanaqa aloqam yo‘q va men bu maktab xodimlari bilan deyarli uchrashmas edim.
– Menga yordam berasan deb o‘ylagan edim. Odatda, kerak paytda tanish oshna-og‘aynilar topilmay qoladi.
Li mening xonamda dag‘al stul ustida xijolat chekib o‘tirardi. U qo‘llarini tizzasiga qo‘yib olgan, ular bilan go‘yo bir nimalarni ezg‘ilayotganday o‘tirardi. Lining Ijtimoiy fanlar sohasidagi tadqiqotlar jamiyatiga a’zoligi paytidagi faolligini eslab, uning odob bilan suhbatlashib, sipo o‘tirishlariga hayron bo‘lib termulardim. Biz ko‘rishmagandan beri u ancha yumshab, xushmuomala bo‘lib qolgandi. Men esa ilmiy xodim sifatida ancha erkin tarzda hayot kechirar, universitetning kishini toliqtiruvchi ma’muriy ishlaridan uzoqroq yurishga tirishar, bo‘sh vaqtimning hammasini tadqiqotlarga, maqolalar yozishga bag‘ishlar edim.
– Shunaqa paytlarda bekor yurishga ko‘nikib, beparvo bo‘lganlaring pand berishi mumkinligini his qilar ekansan, – dedim men maktab masalasida unga chinakam yordam berishim qiyin ekanini ochiq tan olib.
– Sen sira o‘zgarmabsan, – deb javob berdi Li go‘yo o‘tgan kunlarimizni qo‘msayotganday ohangda. – Aytganday, Yasui nima qilib yuribdi?
Biz universitetni tugatayotgan kezlarda sobiq raisimiz kompartiya a’zolari bilan chinakam kommunist deb atalish huquqi uchun ayovsiz jang qilmoqda edi. Oxir-pirovardida, unga «revizionist» degan tavqi la’natni yopishtirishdi, u Yaponiya kompartiyasidan haydaldi, o‘zining chog‘roq bir guruhini tashkil qildi. Hozir bir guruh ekstremist talabalarga o‘zicha ma’naviy ustozdek bo‘lib olgan. Men bu tashkilotning nomini varaqalardan bilib olgandim – ularni ba’zan-ba’zan universitetda tarqatib turishardi.
– Ha, Yasui ancha o‘sibdi, – deb o‘zining unga qoyil qolganini bildirdi Li. Men yana bir bor, ko‘rishmaganimiz yigirma besh yil mobaynida, uning naqadar xotirjam va o‘ziga ishongan odamga aylanganini, tevarak-atrofidagilarga aniq va lo‘nda baholar bera olishini o‘zim uchun kashf qilganday bo‘ldim. Li tadbirkor edi. Ehtimol, u o‘zining yurak mayllariga xilof ravishda tadbirkor bo‘lgandir, lekin nima bo‘lganda ham xohlasa-xohlamasa qarashlari ancha kengayipti, fe’li yumshapti, o‘zidan farq qiladigan odamlarni ham tushunishga harakat qilib muomala qiladigan bo‘lib qolipti.
Suhbatimiz davomida men Bostonda turganimda Lidan olgan nikohga taklifnomani esladim. Esimda qolgani shu bo‘lganki, uning xotini ham Yaponiyada istiqomat qiladigan koreys ayoli edi.
– Men to‘yingga borolmadim – Amerikada turardim o‘shanda. Xotining koreys tilida gaplashadimi?
– Ha, u bolaligidan o‘rtoqlari bilan ona tilida gaplashgan. Hozir ham u koreyschani mendan ko‘ra yaxshiroq biladi, talaffuzi toza.
Uning gaplarini tinglab o‘tirib, chamalab ko‘rdim – Lining xotini undan o‘n yosh kichkina edi. Li unga uylanganda xotini 22 yoshda edi. Demak, urush tamom bo‘lgan yili u yetti yoshda bo‘lgan. Binobarin, u hozir iftixor bilan o‘zini koreys deb ataydigan odamlar avlodiga mansub. Holbuki, bugungi Yaponiyada o‘zini koreys deb atash hammavaqt ham oson kechmaydi. Yangi sharoitda unga ona tilini egallab olish unchalik qiyin bo‘lmagan bo‘lishi ham mumkin.
O‘sha kuni men Liga yana bir marta u bilan uchrashishga va’da berdim va maktab bilan bog‘liq ishlarni bartaraf qilmoq uchun bir hafta muhlat oldim. Baxtimga,maktabda mening sobiq shogirdim dars berar ekan, u meni direktor bilan uchrashtirib qo‘ydi. Men unga Li Sun Ken to‘g‘risidagi bir og‘iz iltimosimni aytdim. Meni yana bir bora xursand qilgan narsa shu bo‘ldiki, bizning universitetimizda ancha-muncha erkinlik bor edi, rasmiyatchilik yo‘q hisobda edi, odamlarni millatiga qarab ajratish degan narsa butkul yo‘q edi. Li qizining anketasini qoldirib ketgan edi, unga ko‘z yugurtirib chiqib, yana bir karra amin bo‘ldim: uning xotini chindan ham na urushni, na mustamlakachilik zulmini ko‘rgan avlodga mansub ekan. Uning ismi Yen Xi edi. Aftidan, Sun Ken ularning yolg‘iz farzandi edi. Men ishning natijalari haqida xabar qilganimda, Li juda xursand bo‘lib ketdi – nazarimda, u telefonning narigi uchida turib, xursandligidan menga to‘xtovsiz ta’zim bajo keltirardi. U meni ziyofat qilmoq niyatini bildirdi, lekin bu ziyofatni xalfana yo‘li bilan qilishga kelishib oldik, chunki ishimizga ko‘z tegmasin, dedik, negaki gap maktabni tugatish haqida emas, o‘qishga kirish to‘g‘risida bormoqda edi-da. Ziyofat o‘rnini Li tanladi – unga koreys restorani ma’qul bo‘lipti. Biz restoranga kirib, stol tegrasidan joy oldik. Iyun oxirlab qolgan, yomg‘ir mavsumi endigina boshlangan. Futyu shaharidagi bu restoran Koskokayto degan katta yo‘ldan biroz chetroqda edi. Darvozadan o‘tib, restoran oldidagi koreyscha uslubdagi kenggina hovliga kirilarkan, bizni olib kirishgan xona derazasidan esa bog‘ ko‘rinib turar, unda anvoyi gullar yashnab yotardi. Barglarida yomg‘ir tomchilari yaltirab turgan bu gullar hatto oqshom g‘ira-shirasida ham juda chiroyli ko‘rinardi. Li nafasi tiqilib. yugurib keldi, men unga telefonda aytgan gaplarimning hammasini takrorladim: agar qizing bizning universitetimizni tanlasa, u bu maktabni tugatgandan keyin o‘qishga kirishda muayyan imtiyozlarga ega bo‘ladi, dedim. Unga direktorning gapini ham aytdim – muallimlarning xizmatlari uchun beriladigan in’om masalasiga kelsak, – degan edi direktor, – buni xayolga ham keltira ko‘rmanglar – agar bunday qilinsa, sira keraksiz gap-so‘zlar paydo bo‘lishi mumkin deb uqdirgandi u. Shunday qilib, studentlar harakatida bir zamonlar birga ishtirok etgan ikki og‘ayni bolaning maktabga kirishi bahonasida yana uchrashdik. Uchrashib, zamonning naqadar o‘zgarib ketganini his qildik. Tamaddi qilishga boshlab urgurmasimizdan restoranga Lining xotini bilan qizi kirib kelib, biz bilan quyuq ko‘risha ketishdi. Yen Xi xonim garchi o‘rta bo‘yli ayol bo‘lsa-da, uning siyog‘idan juda shijoatli va qamrovi keng ekani sezilib turardi. U bilan tanishmasdan oldin negadir Lining xotini juda kamsuqum va xokisor ayol bo‘lishi kerak, uning butun quvvati ham ayni shu kamsuqumligida bo‘lmog‘i kerak deb o‘ylagandim.
– Mening erim ishidan boshqa hech narsani bilmaydi. Har xil bo‘lar-bo‘lmas iltimoslar bilan sizning ham rosa boshingizni qotirgandir. Ijozatingiz bilan qizimni tanishtiray. Sun Ken. Qani, o‘rningdan turib, tuzukroq ta’zim qil-chi!
Bu so‘zlarni bidirlab aytib bo‘lib, qo‘li bilan qizining boshini egmoqchiday harakat qildi. Qiz ham bunaqa muomalaga ko‘nikib qolgan ko‘rinadi. Jinday xijolat chekayotgan bo‘lsa-da, mening ko‘zlarimga tik qarab, qiz biroz boshini egdi-da, ismini aytdi: «Mening ismim Sun Ken». Qiz menga ma’qul bo‘ldi. U juda xushro‘y edi, birvarakayiga onasiga ham, otasiga ham o‘xshardi. Hammadan ko‘proq Lining o‘zi xursand edi – u uzluksiz ravishda kaftlarini qovushtirib, ta’zim bajo keltirardi.
– Juda yaxshi bo‘ldi-da… Hammasi juda soz bo‘ldi.
Men ona-bolani dasturxonga taklif qildim, ammo ular shu zahoti xayr-ma’zur qilishdi.
– Bugun o‘zlaring bemalol o‘tiraveringlar. Eski qadrdonlarsiz. Erkaklar yolg‘iz qolishsa, rosa yayrashadi. Mayli, xafa bo‘lmanglar.
– Men kula-kula aytib bersam, rosa hayron bo‘lsang kerak. – Li hamon xursandchilikdan chehrasi yorishib turardi, lekin endi o‘zini ancha bosib olib. xotirjam gapirardi. – Men, umuman, xafa bo‘lish nima ekanini bilmayman. Og‘ir paytlarda bu menga juda yordam beradi.
Oradan ko‘p o‘tmay, mendan mutaxassisligim menejment ilmining qaysi sohasidan ekanini so‘radi. «Boshqaruv sotsiologiyasi bo‘yicha mutaxassisman, – deb javob berdim. Ko‘pchilik tizimlar nazariyasi yoxud marketing nazariyasi kabi texnik muammolar bilan shug‘ullanishadi. Lekin men menejment sohasidagi ilmiy fikr tarixining tahsilini tanlab oldim. Avvallari bularning bari ancha past saviyada o‘rganib kelingan, ammo Yaponiya iqtisodiyoti hammaning diqqat-e’tiborini jalb qila boshlagandan beri meni xalqaro konferentsiyalarga tez-tez chaqirib turadigan bo‘lib qolishgan. «Yaponiyadagi boshqaruv tizimi» to‘g‘risida ma’ruzalar qilaman. Shunisi ham borki, men bu masalani qancha chuqur o‘rgansam, shuncha ko‘p qiyinchiliklarga duch kelyapman. Ba’zan shunday tuyuladiki, hatto so‘l harakatimizning mag‘lubiyati ham yaponlarning kollektiv ongining xususiyatlari bilan bog‘liq, bu xususiyatlarning mohiyatini anglash esa amri mahol.
Men Liga o‘zimning ilmiy qiziqishlarim to‘g‘risida ancha gapirib berdim. Keyin so‘radim:
– Sen ishlayotgan joyda nimalar bo‘lyapti? Odamlarga tahsil berish, bo‘linmalarni boshqarish masalasida nimalar qilyapsizlar?
O‘ylashimcha, u hamma ishlarini prezidentning yakka hokimlik printsipidan kelib chiqib uyushtirgan bo‘lsa kerak. So‘l harakatning sobiq namoyandalari diktator bo‘lib ketishadi, chunki ular Yasuiga o‘xshagan odamlardan ibrat olishadi.
– Men hech narsani o‘zgartirganim yo‘q. Hamma narsa qanday bo‘lsa, shundayligicha qoldirdim. Mening otam nima uchun uy-joy savdosi bilan shug‘ullanganini o‘zing bilasan-ku? – Li hamma gapni ochiq gapirmoqda edi. – Bizning ishimizda xodimlarning soni qancha kam bo‘lsa, shuncha yaxshi. Katta jamoalar kerak emas. Buning ustiga, Yaponiyada koreyslarni kamsitish davom etmoqda. Janubiy Koreya iqtisodiy jihatdan yanada baquvvatroq bo‘lib olgach, o‘shanda bizga ham boshqacha ko‘z bilan qaray boshlaydilar.
U birovlarning gapini gapirayotganini ma’lum qildi-da, Li Janubiy Koreyada hali eski urf-odatlar butunlay tugab bitgani yo‘q, dedi. Ko‘pgina tadbirkorlar kasaba uyushmalar faoliyatiga sarkash farzandlarning tentakliklariga qaragandek yoqtirmay qarashadi.
– Koshki edi senga o‘xshagan olimlar boshqaruv ilmidan Seulda dars bersa… Ko‘p yaxshi ish bo‘lardi-da…
– Yo‘q, yo‘q, bu gaping bo‘lmaydi, – dedim men shosha-pisha. Men Lining bizning harakatimizni tanqid qilganini esladim. Tinchlik haqidagi xitobnomamizga imzo yig‘moqchi bo‘lganimizda u bu ishimizga qo‘shilmagan edi. Shuni eslab, men uning o‘sha davrlardagi isyonkorlik sifatlarini izladim. Uning yoshligidagi o‘t-olovligidan hech narsa qolmaganiga sira ishongim kelmasdi. Bunga o‘zimning studentlik yillarim oldidagi mas’uliyat tuyg‘usi ham aralashib ketdi.
– Hozirgi diktatorlik tuzumi sharoitida hayot kechirayotgan Janubiy Koreyaga men sira ham qadam bosmayman. Erkinlik yo‘q joyda ilm-fan bemalol rivojlana olmaydi.
Uning basharasi bujmayib ketdi. U o‘tirgan stulidan turib, ikki qo‘li bilan stolga tayandi.
– Shu gaplarning hammasi sening og‘zingdan chiqyaptimi? – deb so‘radi u past ovozda.
Lekin men unga yon bermoqchi emas edim: biznesmen bo‘lsa nima, ishlari gurkirab yurishib turgan bo‘lsa nima, shunga tayanib, so‘z erkinligini rad etish mumkinmi?
Li bir necha muddat o‘z ehtiroslarini bosib, o‘zini qo‘lga olishga harakat qilgani sezilib turdi, keyin Janubiy Koreyada urush vaqtining hamma azob-uqubatlarini boshidan kechirgan xalq har qancha qiyin bo‘lmasin, o‘z yo‘lini tanlagani to‘g‘risida gapira boshladi.
– Albatta, erkinlik yaxshi narsa, ammo hech iloj qolmagandan keyin, aylanib o‘tishga majbur bo‘lasan, kishi.
– Bunchalik emasdir, – dedim o‘jarligim tutib. – Agar bunaqa ahvolga indamay ko‘nikib ketaverilsa, Yaponiyaning urushda mag‘lub bo‘lganidan oldingi ahvoli takror bo‘ladi-ku.
– Men Janubiy Koreya to‘g‘risida gapiryapman, – dedi qizishib, stolni mushtlagan holda. – 38-parallelda Shimolga qarshi turgan Janubiy Koreyani aytyapman.
– Sen bilan mening o‘rtamizdan chegara o‘tgan, – deb gapimni bermadim men. Shundoq dedim-u, nazarimda, bizni ajratib turgan oramizdagi stol ustidan chindan ham chegara chizig‘i tortib qo‘yilganday tuyuldi.
– Yaponlar ham baayni amerikaliklarning o‘zlari bo‘ldi-qo‘ydi. O‘zlaring nima desalaring hammasini adolatli va to‘g‘ri deb hisoblaysizlar. Xalqqa zulm qilish to‘g‘risida, diktatura haqida mensimay, bepisand gapirasizlar. Avvallari o‘zinglar aytib yurgan gaplarni ham unutib yuborganga o‘xshaysizlar.
Men xafa bo‘lgan Lining ko‘zlari juda ma’yus bo‘lib qolganini ko‘rib, birdan bo‘shashib qoldim.
– E-e, gap buyoqda degin… – deb g‘udrandim talmovsirab. Mening nazarimda u jon-jahdi bilan o‘zini o‘zi bir narsaga ishontirishga tirishmoqda edi. Har holda, men adashayotgan bo‘lishim mumkin edi. Lekin shundoq bo‘lsa-da. shunaqa fikrlar bilan o‘zimni o‘zim ovutishga harakat qildim.
– Ehtimol, sening o‘zing u yerlarga borib, muallimlik qilsang yaxshi bo‘larmidi? – deb taklif qildim men biroz qitmirlik bilan. – Sening amaliy ishda ham tajribang bor. Janubiy Koreya tushib qolgan vaziyatni ham yaxshi bilasan.
– O‘zim borishimning imkoni bo‘lganida, senga, ovora bo‘lib, shuncha baqirib-chaqirib o‘tirarmidim? – Endi Li ham murosa yo‘liga o‘ta boshlagan edi. – Mening otam yaponparast bir odam bo‘lganini senga gapirib bergandim, shekilli. – Li menga birdan xira tortgan ko‘zlarini tikdi. – Bizning yurtimizda Yaponiya imperiyasi hukmronlik qilgan kezlarda buning qanday ma’nosi bo‘lganini yaxshi bilasan-a?
Uning ko‘zlarida qahr va qayg‘u zuhur etdi. Lining otasi o‘zini bosib olgan, og‘ir odam edi. U oilasini juda qadrlardi. Lining otasi birov bilan mushtlashishdan oldin uni tushunishga, boshiga tushgan ishni anglashga harakat qilardi. Lekin yaponlarning mustamlakachi rasmiylari zulmidan ezilib yotgan vatandoshlari uning bu qilig‘ini qo‘rqoqlikka yo‘yishar, kurashmoqqa yuragi betlamaydigan irodasiz odam deb hisoblashardi. Yoshlik yillarida u otasini xoin deb hisoblardi. Shu bois undan yapon yasamoqchi bo‘lgani uchun otasiga nafrati qaynab toshardi. Ayon ko‘rinib turipti – yoshligimizda qay bir darajada bir-birimiznikiga yaqin tuyg‘ularni kechirgan ekanmiz.
– Istasam-istamasam otamdan meros qolgan ish bilan shug‘ullandim. Bu yo‘lda juda katta qiyinchiliklarni yengib o‘tishga to‘g‘ri keldi. Shu asnoda tushundimki, otam xalqiga shu tadbirkorlik yo‘lida xiyonat qilgan.
Xotiralar qa’riga sho‘ng‘ir ekan, Li tadbirkor odamning oldida ko‘pincha bir-biriga zid yo‘llardan birini tanlab olish zaruriyati ko‘ndalang bo‘lishini aytdi: sheriging oldida zimmangga olgan majburiyatlarni bajarish va shu bilan o‘z vatandoshlaring manfaatiga xiyonat qilish kerakmi-yo‘qmi? Xizmatchilaring to‘g‘risida qayg‘urish, oilangning g‘amini yeyish kerakmi yoki har qalay birinchi o‘ringa o‘z e’tiqodlaringga sodiq qolishni qo‘ygan ma’qulmi?
– Bularning barini o‘z tajribamda boshimdan kechirgandan keyin, otamni kechirsam bo‘lar ekan degan xulosaga keldim. Lekin, baribir, bu ishdan ko‘nglim taskin topgani yo‘q.
Lining gaplarini tinglab o‘tirib, men Vetnam urushi vaqtida universitetda uzluksiz davom etgan mazai matrasiz, befoyda munozaralarni esladim. Urush boshlanganda men endigina dotsentlikka o‘tgan edim. O‘shanda hukumat Qo‘shma Shtatlarni qo‘llab-quvvatlagan edi. Son-sanoqsiz majlislar o‘tkazilardi, lekin dissident nomini olishni istamagan ko‘pgina professorlar biror to‘xtamga kelolmay aro yo‘lda qolishgandi, studentlar orasida esa domlalarga ishonchsizlik soat sayin ortib bormoqda edi. Ayni shu paytlarda «ilm bilan shug‘ullanish har kimning o‘z ishi ekani», bu sohada qahramonlikka o‘rin yo‘qligi haqida safsatalar juda keng tarqalgan edi.
– Odamlarning bari ojiz. Biroq xalqning jig‘iga tegib, zaifligini unutadigan darajaga yetkazilsa, butun mamlakat barbod bo‘ladi.
Li bu gapini yaponlarning mustamlaka boshqaruvi o‘ta shafqatsiz ekanini o‘ylab turib aytgan bo‘lsa kerak.
– Sen Seul bilan Kenjuga qachon boraolasan? – deb so‘radim. Mening savolim uzoq davom etgan gurungimizning oxirida go‘yo shu oqshomga xotima yasaganday eshitildi
– Rostini aytsam, hozir ham boraversam bo‘ladi. Lekin men o‘zimga o‘zim buni man qilyapman. Otam bilan bog‘liq mojarolar allaqachon tarixga aylangan. Lekin men to mamlakat birlashmaguncha u tomonlarga bormay turishga ahd qildim.
Men bir narsani anglab lol qoldim – uning ziyofat boshlanishidagi qarashlari bilan hozirgi qarashlari bir-biridan tubdan farq qilardi. Li mendan Janubiy Koreyaga jo‘nab ketishni talab qilardi-yu, o‘zi bo‘lsa hali-beri u yerga borish niyatida emas edi. Aftidan, uning yuragi shikasta, qalbida dardi ko‘p edi buni esa anglamoqning imkoni yo‘q edi. Xullas, men uning xatti-harakatlaridan, fe’li-atvoridan ziddiyat izlashni bas qildim.
To‘satdan Li menga ayb ish qilib qo‘ygan odamning gunohkorona nigohi bilan qaradi va oldinga talpindi.
– Men Yaponiyaga besh yoshimda kelib qolgan edim, lekin hozir ham vatanim to‘g‘risida u-bu narsalar esimda qolgan. Masalan, o‘tini gurillatib, unda temirni qizdirib, bolg‘a bilan urib, unga shakl bergan temirchi esimda qolgan…
Li bir mahalliy fabrika ishchilarining oftobda qorayib ketgan badanlari to‘g‘risida gapirdi, u hali ularning badanlaridan quyilib turgan ter hidini unutmapti, oqish va ko‘kish lovillagan alangani, lag‘cha cho‘g‘ bo‘lib bilqillab yotgan po‘latni esidan chiqarmapti. Aftidan, bu uning Kenjudagi tug‘ilib o‘sgan uyidan uncha uzoq bo‘lmagan zavod edi.
– Yana maydonning o‘rtasidagi kattakon daraxtning tanasiga bog‘lab qo‘yilgan aravani eslayman. Unga karam ortilgan edi. It, – deb davom etdi Li, – pashshasini qo‘rib, dumini silkitardi. Otfobda karamning ko‘kish barglari yaltirab ko‘rinar, daraxtlardan ensiz yaproqlar uzilib, uchib tushardi.
Qo‘qqisdan hikoyasini to‘xtatib, qo‘llarini ikki yoniga yoydi:
– Ha-ya, men yana bitta narsani esladim. – Keyin u boshini chayqadi. – Ha, mayli… Buning uncha ahamiyati yo‘k.
Men nima uchundir Li yo‘l yoqasida yapon jandarmlari tomonidan kaltaklangan koreyslarni eslagan bo‘lsa kerak deb o‘yladim, lekin indamay qo‘yaqoldim.
Sun Ken imtihonlarni yaxshi topshirib, universitet qoshidagi maktabga kirib oldi. Uning paydo bo‘lishi bilan Li ikkimiz o‘rtamizdagi do‘stlik yana tiklandi. Aftidan, onasidan o‘tgan shekilli, Sun Ken ham ochiqqina, bir pastda odamga kirishib ketadigan qiz ekan. U bir zumda xotinim bilan til topishib ketdi. Otasining ruxsati bilan maktabdan qaytayotganda biznikiga tez-tez kirib o‘tadigan bo‘lib qoldi, ba’zan esa gaplari cho‘zilib ketsa, kechki ovqatga ham qolardi. Lining oilasi bilan ham borgan sari inoqlashib bordik va men uning qizining universitetga kirishi ustida tashvish cheka boshladim. Bu voqea Rojdestvo bayramida Sun Ken oxirgi sinfda o‘qiyotganda ro‘y berdi. Ikkala oila birgalikda quvnoq bir o‘tirish qildik. Unga ikkita o‘g‘limizni ham taklif qildik. Men ota sifatida bolalar imkoni boricha har xil mamlakatlardan kelgan odamlar bilan muloqotga kirishmoqlari va yoshlik chog‘laridanoq xorijiy odamlar bilan muomala qilishni o‘rganib bormoqlari lozim deb hisoblar edim. Ikkala o‘g‘lim ham universitetda o‘qir edi. Ularning biri savdo kompaniyasiga ishga kirishni orzu qilar, ikkinchisi esa sanoat fakultetiga o‘qishga kirgan bo‘lib, muhandis bo‘lib chiqmoqchi edi. Men ularning birontasi ham olim bo‘lishga intilmagani to‘g‘risida kinoyali pichinglar qilardim, axir, bu ishga tishlari o‘tmaydi-da! Otamning vafotidan keyin uning yerlarining bir qismi menga merosga qoldi. Men universitet professoriga munosib tarzda ancha to‘q va farovon turmush kechirmog‘im mumkin edi. Agar shu bo‘lmaganda mening biznesmen Lining oilasi bilan bordi-keldi qilib turishim ancha qiyin kechardi. Axir, ilmiy xodimning topgan-tutgani nima ham bo‘lardi, deysiz? Ikkala o‘g‘lim ham tinch zamonlarda tug‘ilib ulg‘ayishdi. Baxtimga, yoshlar tashkilotlarining Umumyapon kommunistik Federatsiyasining yashnagan davri o‘tgan kezlarda universitetga o‘qishga kirishdi. Ular Li bilan mening avlodimga mansub odamlardan farq qilaroq, ancha emin-erkin o‘sishdi, odamlar bilan ham juda bemalol iymanib, tortinib o‘tirmay muomala qilaverishardi. Ajnabiylar bilan muloqot masalasiga kelsak, mening avlodim ajnabiylar bilan muomala qilishda naqadar beso‘naqay bo‘lganiga yana bir marta ishonch hosil qildim. Biz ular bilan muomalada o‘zimizni juda jiddiy tutardik, jiddiylikning ham imomjinnisini chiqarib yuborardik. Hozirgi yoshlarning Sun Ken bilan birga ajnabiylarga nechog‘lik erkin muomala qilishlarini, ular bilan shodu xurram gaplashishlarini, har xil o‘yinlar o‘ynashlarini, kenja o‘g‘limning gitarasi jo‘rligida qo‘shiqlar aytishlarini ko‘rib, suyunganimdan terimga sig‘may ketaman. Kechki taomdan keyin uchta bola nimalarnidir pichirlashib gaplashishdi-da, kenja o‘g‘lim e’lon qildi:
– Endi biz Sun Kenning otasi va onasi uchun uchta koreys qo‘shig‘ini aytib beramiz.
Pianinoni katta o‘g‘lim chaladigan bo‘ldi. Sun Ken qo‘shiq aytishga chog‘landi.
– Qani, xo‘sh, hozir nima bo‘ladi? Ha, ana, ko‘ryapsizmi, ular allaqaysi kavakda repetitsiya qilib tayyorlanib olishgan, – deb ola-g‘ovur ko‘tarishdi kattalar shodonlik bilan.
–Avvaliga biz «Balzan qo‘shig‘i»ni ijro etamiz, – dedi Sun Ken. Lekin kutilmaganda uning onasining butunlay o‘zgargan tovushi eshitildi:
– Shoshmanglar!
Uning ohangidan hamma bir zumda indamay qoldi.
– Bu yaponlarga qarshi qo‘shiq. Shundan xabaringlar bormi?
Mening ikkala o‘g‘lim ham turgan joylarida taxta bo‘lib qolishdi, keyin sarosima ichida Yen Xiga qarashdi. Sun Ken lov etib yonib ketdi va ko‘zlarini madad izlayotgandek otasiga tikdi.
– Yen Xi, – deya ovoz berdi Li.
– Yo‘q, bu ishni oxiriga yetkazmasa bo‘lmaydi, – dedi Lining xotini va qo‘shiqning ma’nosini tushuntirib bera boshladi.
– Ikkinchi bandda kuz shamoli haqida kuylanadi. U gullarni tomiri bilan qo‘porib tashlaydi. Shamol deganda ular yapon jandarmlarini nazarda tutishgan. Axir, ular hech qanaqa bahona-yu sababsiz bizning vatandoshlarimizdan million kishini o‘ldirishgan. Uchinchi bandda «shimol shamoli, izg‘irin, qor» to‘g‘risida kuylanadi. Esladingizmi? Bu so‘zlar yana bir mojaro haqida – koreyslar yapon imperatori sharafiga «banzay» deb qichqirishdan bosh tortishgan edi. Mening bobom…
– Yen Xi! – deya o‘shqirdi Li avvalgidan ko‘ra qahrliroq ovozda. Shunday deb u xotinini to‘xtatmoqchi bo‘ldi.
– Yo‘q, bu juda muhim! – deb javob berdi xotini.
Oraga noqulay sukunat cho‘kishi mumkinligini his qilib men ham gapga aralashishga jahd qildim.
– Yen Xi xonim haq, chindan ham bu juda muhim. Yaponlar buni aniq anglab olmoqlari zarur. Lekin shundoq bo‘lsa-da, bizning xotirasizligimiz uchun ko‘p jihatdan Amerikaning okkupatsion armiyasi javobgar.
– Qanaqa okkupatsion armiya? – deb so‘radi Sun Ken. – E-e, tushunarli…
En Xi nochorlikdan boshini changallab oldi, mening o‘g‘illarim esa xuddi shuni kutib turishganday, hiringlab kulib yuborishdi. Li hayron bo‘lib, goh xotiniga, goh menga alanglab qarardi. Men unga dedim:
– Amerika okkupatsion armiyasi tarixiy tadqiqotlar o‘tkazishni taqiqlab qo‘ygandi. Marshal Makkartur bir narsadan qo‘rqardi – yaponlar o‘z tarixlarini bilib qolsalar, amerikaliklarni yomon ko‘rib qolishadi deb o‘ylardi. Lekin bu taqiq oqibatida Osiyodagi yapon agressiyasining tarixi ham soyada qolib ketdi. Mana, Sun Ken ham hatto «okkupatsion armiya» degan atamani bilmay o‘tiripti.
– Ha, tariximiz bizdan uzoqlashib ketdi, – deb Li menga qarab bosh irg‘adi. – Mana, biz hamma narsani oydinlashtirib ham oldik. Shundoq bo‘lgach, kelinglar, chin yurakdan…
– Yo‘q, yaxshisi, kelinglar, ichaylik… – deb men o‘rnimdan turdim.
– Yaponiya bilan Koreya o‘rtasidagi tinch, erkin munosabatlar uchun, manavi uchta yoshning porloq kelajagi uchun ko‘taraylik! – deb xitob qildim men biroz balandparvoz ohangda. Shu tarzda jinday xijolatpazlik bilan bo‘lsa-da, studentlik davridan qolgan bir-ikkita balandparvoz iboralarni ishga soldim.
Biz ichdik. Endi Li o‘rnidan turdi.
– Bugun mening kayfiyatim juda yaxshi. Shu yaxshi kayfiyat uchun qadah ko‘tarishlaringni taklif qilaman.
Sun Ken baland, jarangdor ovozda qo‘shiq boshladi. Men o‘tgan yili Nyu-Yorkda opera mavsumi ochilganda uloqni koreys xonanda ayol olib ketganini esladim. Yana bir mish-mish gap esimga tushdi – yaqinda Yaponiyaga butun dunyoga dong‘i ketgan bir skripkachi ayol kelgan ekan, qaysi bir orkestr uning Janubiy Koreyada tug‘ilganini pesh qilib, u bilan birga sahnaga chiqishdan bosh tortipti. Ehtimol, bu to‘g‘rida Li Yen Xiga o‘xshab aniq-ravshan qilib oshkora gapirmoq kerakdir, deb o‘yladim men taassuf bilan. Aftidan, bu ayolning ayni ana shunday fe’l-atvori bu kichkina millat vakillariga har qancha qiyinchiliklarga qaramasdan, ruhan tushkunlikka berilmay, qizi Sun Kenni samimiy inson qilib tarbiyalashga imkon bergan. Bir necha yil muqaddam Janubiy Koreyaga borishdan bo‘yin tovlaganim uchun Li bilan jiqillashib qolgan edik. Endi u yerda yangi konstitutsiya qabul qilishdi, prezident saylanadigan bo‘lib qoldi, sirasini aytganda, u yerga bormoqdan bo‘yin tovlash uchun menga ortiq bahona qolgani yo‘q edi. Jinday shirakayf holatda «Liga u yerga birga borib kelishni taklif qilsam nima bo‘larkin?» deb o‘yladim.
* * *
Ko‘p fursat o‘tmay, Janubiy Koreyaga borish imkoniyati ham tug‘ildi. Mening universitetim Seuldagi K. degan taniqli xususiy universitet bilan ilmiy hamkorlik to‘g‘risida bitim imzoladi. Kafedrada yapon professorlari paydo bo‘lsa, bunga studentlarning munosabati qanday bo‘larkin degan ma’noda ba’zi bir shubha-gumonlar ham bo‘ldi. Shuning uchun hozircha ilmiy xodimlar almashishdan boshlashga qaror qilindi va shu xodimlardan biri sifatida meni tanlashdi. Kimpxo aeroportida meni K. universitetining boshqaruv fakultetida xizmat qiladigan janob So kutib oldi.
–Janob Katsuxiko Uedamisiz? Men K. universitetidanman. Mening ismim So Pi Suk, – deb tanishtirdi u o‘zini kutib oluvchilarni izlab to‘rt tomonga alanglab turganimda.
Uning to‘ppa-to‘g‘ri mening oldimga kelganidan ajablanib, janob Sodan buning sirini so‘radim.
– Topdim-da, – deb javob berdi u. — U juda muloyim, xushmuomala odam ekan. Beixtiyor ko‘nglimda unga nisbatan xayrixohlik paydo bo‘ldi.
Biz darhol universitetga yo‘l oldik. U yerda mening sharafimga dasturxon yozilgan ekan. Meni tushlikka taklif qilingan professorlar bilan tanishtirishdi. Ularning ikkitasi bilan biz ilgari Tokioda ham uchrashgan edik. Qolgan professorlar xam yaponchani yaxshi bilishar ekan. Ularning gapiga ko‘ra, yapon tilini bilmay turib, Yaponiyani o‘rganish mumkin emas. Bu odamlarning fe’li-atvorida va gap-so‘zlarida hech qanaqa ginayu kekdan asar ham yo‘q edi – ular mustamlakachilik davrining azob-uqubatlarini tortmaganday ko‘rinardi. Ularning xatti-harakatlariga qaraganda, iqtisodiyotni tiklash usuli sifatida boshqaruvning yaponcha modeliga hammalari ham juda qiziqib qarar edilar. Tabiiyki, men menejment bo‘yicha mutaxassis bo‘lganim uchun, ularning savollariga javob bermog‘im kerak edi. So‘nggi paytlarda men bizning boshqaruv modelimizni nozamonaviyligi va qoloqligi uchun ko‘p tanqid qiladigan bo‘lib qolgandim. Shuning uchun zamirida Yaponiyaga nisbatan samimiy hurmat yotgan savollarga to‘g‘ri javob bermog‘im ancha mushkul edi.
– Tashqi sharoitning qulay kelib qolgani bizga qo‘l keldi, ko‘pgina baxtli tasodiflar jonimizga aro kirdi. Bundan keyin ham Yaponiyaning kuchli tomonlari bo‘ladimi-yo‘qmi, Yaponiya ularni namoyish qila oladimi-yo‘qmi – buni aytish qiyin, – deb javob berdim men, lekin mening so‘zlarim ularni qanoatlantirmadi.
– Yaponcha boshqaruv tizimiga bergan tahlilimizni to‘ldirsak, derdik. Buning uchun uni koreys olimlari qanday baholashlarini bilsak yaxshi bo‘lardi. – Men gaplarimning ohangini o‘zgartirdim. – Janubiy Koreya Osiyo an’analarini zamonaviy ratsionalizm bilan chambarchas qo‘shib yuborganki, biz uning bu sohadagi tajribasini ham bajonu dil o‘rganar edik.
– Hech qachon unuta olmayman, – deb davom etdim men. – Yaponiya o‘ttiz olti yil mobaynida Koreya ustidan mustamlaka zulmini yuritib keldi, unga juda katta zarar keltirdi, azob-uqubatlar chekishga majbur qildi. Garchi bu ishlarni bizning otalarimiz qilgan bo‘lsa-da, bu jinoyatlar to‘laligicha Yaponiyaning bo‘yniga tushadi.
Meni Janubiy Koreyaga borish uchun tanlaganlaridan beri bu gaplar to‘g‘risida juda ko‘p o‘yladim, ularni aytsammikin-yo‘qmi, deb ko‘p ikkilandim, nihoyat, Li Ik Chu bilan ham maslahatlashdim.
– Sen Seuldagi universitetda shunaqa dars bermoqchisanmi? Juda soz-da! Buni senga men o‘zim maslahat bergan edim, – deb xursand bo‘ldi u. – Hoynahoy, ko‘nglingda bor gaplarni ochiq aytsang, yomon bo‘lmas. Lekin demokratiya haqida, umuman, Yaponiya to‘g‘risida o‘zing gapirib yuradigan yoki o‘rtacha darajadagi ilg‘or ziyolilarga xos gaplarni unchalik gapiraverish ham kerak emas, – deb qo‘shib qo‘ydi u kinoya bilan – aftidan, bir vaqtlardagi bahsimiz esiga tushib ketdi, shekilli. Mening nutqimni eshitib. K. universitetining professorlari birdan jimib qolishdi. Endilikda men shu professorlar bilan birga tadqiqot ishlarini olib bormog‘im kerak edi. Keyin ular bu gaplarni tezroq unutmoqchi bo‘lganday, gapni boshqa tomonga burib yuborishdi.
– Sizga tayyorlab qo‘ygan kvartiramiz ma’qul bo‘ldimi, professor Ueda? Universitet hududida ham yotoq bor, lekin unga ko‘p ham yaxshi qarashmaydi.
Yaponiyada menga tushuntirganlariga ko‘ra, shaharda mehmonxonada tursam, haqini o‘zim to‘lamog‘im kerak bo‘lar edi, shuning uchun bu yerdagi hamkasabalarimdan menga to‘g‘ri keladigan biror turar joy topib berishni iltimos qilgandim. Nima bo‘lganda ham bu yerdagi hayotni yaqinroqdan o‘rganishim kerak-da!
Mening Janubiy Koreyadagi ilmiy ishlarim shu tarzda boshlandi. Men bu yerda har ikki oyda bir haftadan turib ketadigan bo‘ldim. Seullik hamkasabalarim bilan muloqotda bo‘lar ekanman, borgan sari o‘zimda ularning ta’siri ortib borayotganini his qildim. Ehtimol, Li bilan do‘stligimiz sabab bo‘ldimi yoki zamonning beqiyos evrilishlari tufaylimi, men o‘zim ham hayotimda bir chegaraga yaqinlab qolganga o‘xshayman. Esimda bor – yoshligimda garchi haqiqiy ishlab chiqarishda ishlamagan bo‘lsam-da, har xil yengil-ellpi maqolalarni sharillatib yozib tashlardim. Endi esa Janubiy Koreyadagi mehnat menda juda katta taassurot qoldirdi. Mamlakat ikkiga bo‘lingan edi, uning bir qismida sotsialistik davlat amal qilardi, bu hol tadqiqotchilar oldiga muntazam ravishda kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar qo‘yar edi. Natijada Junbiy Koreyada boshqaruv ilmi mafkuraning bir qismiga aylanib qolgandi. Xuddi shunga o‘xshagan muhit o‘tgan asrning ikkinchi yarmida Yaponiyada ham mavjud bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas. O‘shanda Yaponiyada zamonaviylashtirish jarayoni boshlangan edi, ilg‘or g‘arb ilmining yutuqlari universitetlarga yetib kela boshlagandi, u yerda mamlakatning mustaqilligi uchun kurashmoq zarurligi to‘g‘risida jiddiy gaplar boshlanib ketdi. Ana shunday ehtiroslar jo‘shqinligi K. universitetida ham yaqqol sezilib turardi. Ikki yil davomida Seulga kelib ketib yurib, bir nechta do‘st orttirdim. Ularning orasida meni Seulda birinchi kutib olgan So Pi Suk ham bor edi. U sira ikkilanib o‘tirmasdan osongina qilib, yaponning koreysdan nima bilan farq qilishini, koreyslar nimani qanday iste’mol qilishlarini, sovg‘a-salomlar almashayotganda nimalar o‘ylashlarini, er-xotinlar qanday janjallashishlarini menga gapirib berdi. U har qanday taqqoslarni cho‘chimay ishlataverardi. U Koreyada yashasa-da, chiqib kelishiga ko‘ra yapon edi (onasi – yapon bo‘lib, koreysga turmushga chiqqandi). Bunaqa taqqoslar haqida gapirar ekan, uning gaplarida g‘am-g‘ussadan asar ham sezilmas edi, u nima to‘g‘rida gapirmasin, xuddi ilmiy izlanishlarning natijasi haqida gapirayotganday juda xotirjam va bamaylixotir gapirar edi. Lekin mening taxminimcha, Soning turmushi ham u qadar shirin kechmagan – uning hayotini Lining Yaponiyadagi turmushining aynan aksi desa bo‘ladi.
Borgan sari mening universitetdan tashqaridagi do‘stlarimning ham saflari kengaya bordi. Ular, ayniqsa, jurnalistlar, noshirlar orasida ko‘p edi. Kunlardan birida – kuzda Seulning past-balandiga ancha ko‘nikib qolgan kezlarimda Tondemun bozoridagi ola-g‘ovur odamlar orasida Sun Kenni uchratib qoldim. Ehtimol, menga shunday tuyulgandir – har holda uning chehrasidan taajjub, quvonch va sarosimalik ifodalari lip-lip o‘tgandek bo‘ldi.
– Sun Ken! Li Sun Ken! – deya chaqirdim uni.
U xuddi onasiniki kabi nozik daxanli cho‘ziq yuzini yerga qaratdi.
– Men yozayotgan ishim uchun material yiqqani kelgan edim. Ishimni o‘quv yilining oxirigacha topshirmog‘im kerak. Sun Ken bu gaplarni juda tez bidirlab aytdi. Nazarimda, u nimadandir xijolat chekmoqda edi. Ikki yil avval u mening universitetimning filologiya fakultetiga muvaffaqiyat bilan kirib olgan edi. «Nimani tadqiq qilyapsan?» deb so‘ramoqchi bo‘ldim-u, o‘zimni tiyib qoldim va unga So Pi Kukni tanishtirdim.
– Agar qarshi bo‘lmasang, biroz gaplashaylik.
Xorijiy shaharda tanish odamimni ko‘rib qolganimdan juda xursand bo‘lib ketib, Soga imladim, u odamlarni tirsagi bilan turtib-itarib olomon orasidan yo‘l ochdi. Bu shu yerda – bozorning o‘zida ochilgan to‘rt o‘rinlik kafega kirdik. Sun Ken ishining mavzusiga yangi davrdagi Yaponiya bilan Koreya o‘rtasidagi munosabatlarni mavzu qilib tanlaganini aytdi. Uning aytishicha, Sun Kenni bu mavzuni olishga undagan narsa Basyoning «Yomg‘ir va shamol vaqtidagi sayohat» degan turkumga kirgan bir she’ri bo‘lipti.
Rassom koreysga ehtirom ila
Naradan keltirib sunishar qadah.
Ikkita kenja monax…
Men zavqlanib Sun Kenga qaradim. Uning ko‘zlari xuddi qo‘g‘irchoqnikidek yaltirab chaqnab turardi. Bu vaqt ichida Sun Ken balog‘atga yetgan go‘zal bir qizga aylanipti. O‘sha kunning o‘zida ikkinchi kursda o‘qiydigan bu qizdan men ancha-muncha g‘alati narsalarni bilib oldim. XVII-XIX asrlarda hali Yaponiya tashqi dunyo uchun yopiq bo‘lgan. Shunga qaramay, Yaponiyaning feodal hukumati Koreyadan kam deganda yigirma marta delegatsiya taklif qilgan ekan. Yaponlar Sharqiy Osiyo haqida axborot to‘plash borasida Gollandiya savdogarlarinikidan boshqa alohida yo‘l tutishga harakat qilishgan ekan. Ayni choqda ular o‘zga yurtlarning madaniy boyliklariga ham yetishish orzusida bo‘lganlar.
– Qiziq, o‘sha kezlarda yapon hukmdorlarining oliy rutbalik maslahatchisi Xakuseki Arai o‘z mamlakatining harbiy hukmdorini «qirol» deb atar ekan va bu bilan koreys podshosi Suk Chonga ham, Xitoyda hukmdorlik qilayotgan Sin sulolasiga ham haqiqiy hukmdor kim ekanini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lgan.
U bu gaplarni imtihonda professoriga javob berayotgan tolibadek gapirib berdi. Sun Kenning gaplariga qaraganda, u bu faktlarning hammasini «Shikastlangan qamish qissasi» degan asardan olgan. Men unga yana qoyil qoldim va beixtiyor shunday dedim: «Bularning hammasini qachon o‘qib ulgurding-a?» Uning serg‘ayratliligi menga Li Ik Chuning talabalik yillaridagi xarakatchanligini eslatdi.
– Qadimiy hujjatlarni qanday qilib o‘qiysan? Sen ingliz adabiyoti bo‘limiga kirgan eding, shekilli?
– Bir tarixchi oshnam bor. Men unga ingliz tilini o‘rgataman. Buning evaziga u menga yordam berib turadi. Men, albatta. ingliz bo‘limida o‘qiyman. Ammo amerikaliklar mendan tez-tez koreys madaniyati va tarixiga doir savollarni so‘rab turishadi.
Uning hikoyasini tinglar ekanman, Sun Ken menga allanechuk alohida bir tarzda yoqib ketdi. Biz go‘yo bir qarashdayoq bir-birimizni to‘la tushunib oladigandek edik.
– Kechqurun menikiga kel. O‘rtoqlaring bilan birga kelsang ham mayli. K. universitetida sening ishingga yordam berishi mumkin bo‘lgan tadqiqotchilar topilib qolsa ajab emas. Kel, buni janob Sodan iltimos qilamiz.
Uning chehrasi yorishib ketdi va Sun Ken anchadan beri aytmoqchi bo‘lib aytolmay turgan gapini aytdi:
– Faqat iltimos, amaki, mening bu yerga kelganimni dadamga aytmang. O‘tinib so‘rayman.
U kaftlarini juftlab, otasining do‘stidan ko‘zini uzmay, jovdirab qarab turardi, aftidan, iltimosi jinday odob doirasidan chiqqanini o‘zi ham sezgan edi, shekilli.
– Bo‘pti, bu to‘g‘rida og‘iz ochmayman. Sen amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazgani qishloqqa borganman, deb qo‘yaqolasan.
Bu orada uning Seulga kelish tafsilotlarini keyin surishtirib bilib olarman, degan fikr kechdi ko‘nglimdan.
– Kechqurun, albatta, kel, – deb eslatdim men.
Men janob Soga Sun Kenning otasi bilan meni nima bog‘lab turishi haqida gapirib berdim, keyin to‘satdan boshqa bir fikr xayolimga kelib qoldi – axir, anchadan beri seullik do‘stimga xizmatlarimni qildirib kelyapman-u, lekin buning evaziga biron tuhfa bermabman.
– Bugun oqshom bu qizni koreyscha taomlar bilan mehmon qilmoqchiman. Sen ham, albatta, kelgin.Qayerda yig‘ilsak ham mayli, faqat gurunglashib o‘tiradigan joy bo‘lsa bo‘ldi.
Xullas kalom, restoranni tanlash vazifasini janob Soning zimmasiga yukladim.
– Bilaman, dadam juda ham Koreyaga kelmoqchi. Shuning uchun ham unga bu yerga yolg‘iz o‘zim kelganimni aytishning ilojini qilolmadim.
Uning so‘zlari zamirida bugun bizning oramizda kamdan-kam uchraydigan noyob bir sifat – otasiga g‘amxo‘rlik tuyg‘usi yashirinib yotardi. «Do‘stim Lining qizi muncha yaxshi bo‘lmasa» deb o‘yladim men.
– Umuman olganda, – deb to‘ng‘illadim men, – otang izzattalabligini qo‘yib, bu yerga kelaversa ham bo‘lardi.
Men So Pi Sukka qizning otasi o‘z ixtiyori bilan vataniga kelishdan bosh tortayotganini aytib berdim – avvallari otasining Yaponiya imperiyasi bilan hamkorlik qilganidan xijolat tortardi, endi bo‘lsa, Koreyaning Shimoliy va Janubiy qismlarga bo‘linib ketganini vaj qilyapti.
– Mening avlodim to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsak, – dedi So, – biz yaponlar hukmronligidan aziyat chekkan emasmiz. Tarix biz uchun quruq so‘z emas, albatta, lekin o‘sha paytlarda nimalar sodir bo‘lganini ko‘p ham tushunavermaymiz. Masalan, men juda murakkab ahvolda edim, meni muttasil «yapon imperialist ayolining o‘g‘li» deb haqorat qilishardi. Ammo Koreya urushi vaqtida bundan ham beshbadtar ahvolga tushdim.
– Lekin, xar nima bo‘lganda ham Li… – dedim-u, damim ichimga tushib ketdi. Men «Li – vatanparvar» degan gapni aytishga tilim bormadi – bu ibora, nazarimda, juda noo‘rinday tuyuldi.
– Ha, menimcha, dadamni vatanparvar desa bo‘ladi, – dedi mening o‘rnimga Sun Ken sira xijolat chekmay. Sun Ken inglizcha vatanparvar so‘zini jo‘ngina yaponchaga ag‘darib qo‘yaqolgan edi, uni talaffuz etar ekan, yaponlar uchun bu so‘z alohida millatchilik mazmuniga ega ekanini xayoliga keltirgani yo‘q edi.
Men Sun Kenga, otang yaqin o‘rtalarda Koreyaga kelib ketishga bahona izlab yurgan bo‘lsa kerak, deb tushuntirdim. U haddan tashqari qattiq taqiqlarga juda uzoq vaqtdan beri rioya qilib keladi. Shuning uchun bu safardan u juda ko‘p narsalarni umid qilmoqda. Agar shu kutganlari sarob bo‘lib chiqsa, vatanidan izlagan narsasini topa olmasa, juda ham yomon bo‘ladi.
«Naqadar yaxshi-ya! – deb o‘yladim men, – hozir uchchovimiz o‘tirib, fikrlar va qarashlarimizni oshkora taqqoslamoqdamiz. Sun Ken yaqindagina yigirmaga to‘ldi, So qirqqa kirgan, men esa oltmishga yaqinlab qoldim». Men undan erga tegish-tegmaslikni o‘ylayapsanmi deb so‘ragan edim, amerikalikka o‘xshagan biror kishi bo‘lsa tegar edim, deb javob berdi. So buni eshitib, juda hayron bo‘ldi.
– Dadam va tabiiyki, onam ham kuyovlari koreys bo‘lishini orzu qilishyapti. Lekin menga katta xonadon bo‘lib yashash an’analari yoqmaydi. Axir, men Yaponiyada tarbiya ko‘rganman. Ingliz adabiyoti bo‘limida o‘qiyman, lekin rostini aytsam, amerika adabiyotiga qiziqaman. Lekin bu gaplarning hech qaysisi erga tegish masalasiga daxldor emas.
Men yana bir bora yoshlarni yaxshi tushunmasligimni his etdim: axir, Sun Ken o‘zining mayllari masalasida juda katta xatoga yo‘l qo‘yayotganga o‘xshaydi, negaki, har holda Yaponiya va Koreya munosabatlari tarixini o‘rganishga kirishgan. Va hamma muammo «vatan» tushunchasi bilan «tug‘ilgan mamlakat» tushunchasiga kelib taqaldi. Sun Ken uchun davlat shunchaki jo‘g‘rofiy tushuncha emas edi, u uning ich-ichida, yuragida yashaydigan allanechuk yengil bir narsa edi. Hech shak-shubha yo‘qki, shu jihatdan qaraganda, u ham yapon, ham koreys millatiga mansub edi. Agar o‘ylab ko‘rilsa, Sun Ken amerikalikka turmushga chiqishga intilishida batamom haq edi. Shunday bo‘lsa, u AQShning biror joyida xorijda yashovchi koreys ayolday umrguzaronlik qilishda davom eta oladi. Axir, ota-onasi unga shuni o‘rgatgan-da!
* * *
Li Ik Chuni Koreyaga olib kelish to‘g‘risida Sun Kenga bergan va’dam to‘rt yil o‘tgandan keyin amalga oshdi – unga Seul Olimpiadasining Tashkiliy qo‘mitasi tomonidan taklif jo‘natildi. Li Yaponiyada va Koreyada koreyslar obro‘yini ko‘tarishda katta xizmatlari singgan arboblardan biri sifatida tan olindi. Mening K. universitetida ishlaydigan do‘stimning Tashkiliy Qo‘mitada maslahatchi ekani ham juda qo‘l kelib qoldi. Bir kuni – hali Olimpiada boshlanishiga uch oy qolganda uyga ancha kech qaytdim. Xotinim Yen Xi ikki marta qo‘ng‘iroq qilganini aytdi.
– Bizga hukumatdan taklifnoma keldi, – deb xabar qilipti Lining xotini. – Nima qilsak ekan, professor Ueda biznikiga qo‘ng‘iroq qilsa yaxshi bo‘lardi. Har qancha kech bo‘lsa ham mayli.
– Men unga «juda yaxshi bo‘lipti-ku, albatta borish kerak» dedim. – Xotinim darhol gap nimada ekanini fahmlabdi – u menga bu gaplarni aytayotganda yuzida mamnuniyat tuyg‘usi zuhur etdi.
Men darhol Liga qo‘ng‘iroq qildim. Tasavvur qilaman – u hozir zo‘r hayajon ichida, baland ovozda xotini bilan bu masalani muhokama qilayotgan bo‘lishi kerak. Biz u bilan jinday bahslashib oldik, lekin mening Janubiy Koreya hukumatini noqulay ahvolga solib qo‘yish yaramasligi haqidagi gaplarim Liga hal qiluvchi dalil bo‘ldi, shekilli. Bir necha kundan keyin K. universitetning yordami bilan mening masalam ham hal bo‘ldi – men ham er-xotin Lilar bilan birga Olimpiadaning ochilish marosimida ishtirok etadigan bo‘ldim.
– Hozir men Janubga ketyapman. Qachonki, ko‘proq odamlar bemalol shimolga borib keladigan bo‘lganlarida, mamlakatning qo‘shilish masalasi o‘z-o‘zidan hal bo‘ladi.
Li bu fikrni ko‘p marta takrorladi, lekin har gal oldingi qarorida qolishini – Janub va Shimol uzil-kesil birlashmaguncha doimiy yashash uchun vataniga qaytmasligini ta’kidlardi.
– Xuddi shundoq bo‘ladi, bunga hech qanday shak-shubha yo‘q, – deb uning fikriga qo‘shilardim men. Men uning studentlik davridagi o‘jarligi kamaymaganini ko‘rib turardim. Ehtimolki. Bugun o‘sha o‘jarligi tadbirkorlik sohasida maqsad sari intilishida yordam bergan bo‘lsa, ajab emas. Biznesmenlarning fikrlash tarzidagi sarishtalikni o‘rganish boshqaruv ilmining tarixini tadqiq qilishimda mening eng sevimli mavzuim edi.
Li safarga chiqish arafasida turgan boladay chuqur hayajonda edi: uning ko‘p yillik orzusi ro‘yobga chiqishga yaqinlab qolgandi. Aksincha, Yen Xi xotirjam edi, u hatto koreyscha milliy kiyimlarni olib olsammi-olmasammi deb, Sun Ken bilan bahslashib ham oldi. Ular Yaponiyadagi tantanali marosimlar vaqtida an’anaviy liboslarni kiyishardi. Hozir o‘sha liboslar eskirib qolmadimikin degan andisha ularni hayajonga solmoqda edi. Sun Ken Janubiy Koreyaga borib kelgani va u yerda hozir qanaqa kiyimlar kiyishlarini bilishi haqidagi gap og‘zidan chiqib ketmasligi uchun kuchi bor qadar tirishmoqda edi.
Olimpiadaning ochilish kuni biz marosim bo‘ladigan joyga ertaroq keldik. Men juda sergak edim, hatto Seulning har doimdagidek bosiq va tinch ekani menga g‘alatiroq ham tuyuldi. Olimpiadaning ochilish vaqti yaqinlashgan sari guras-guras olomon harakatga keldi. Men unga qarab turib, Tokio Olimpiadasini esladim. Men uning ochilishiga katta o‘g‘lim bilan birga borgandim. O‘shanda u uch yoshda edi. Kiraverishda menga quloqqa tutadigan radiopriyemnik berishdi. Men uning murvatini buradim. Priyomnikdan Motsart kuylarining ohanglari yangradi, ular go‘yo mening asablarimga orom bermoq uchun yangrayotganday edi. Stadionning tashqi hovlisidan bir nechta havo shari osmonga parvoz qildi. Ular Janubiy Koreya bayrog‘ining ranglariga bo‘yalgan edi. Elektr tablo bilan bahaybat nog‘oralar orasida «Tinchlik daraxti»ning ramzi ko‘rindi.
– Sakson yillik tanaffusdan so‘ng biz yana xalqaro maydonga chiqdik, – dedi menga Li xotinining orqasidan engashib.
U bu so‘zlarini bir necha bor takrorladi. Li hisoblab chiqipti – Yaponiya mustamlakachilik hukmini o‘tkazgan zamonlardan beri ikkinchi jahon urushidan keyin o‘tgan davrni ham qo‘shsa, sakson yil bo‘lar ekan. Allaqayerda orqa tomonimizda qarsaklar yangradi. Mehmonlarga atalgan joyga turli davlatlarning rahbarlari kirib kelishmoqda edi. So‘ngra mushaklar otilib, salyutlar berildi, ekranda Xan daryosiga suzib kirayotgan bayramona tarzda bezatilgan kema tasviri paydo bo‘ldi. Kemada turli mamlakatlarning bayroqlari hilpirab turardi. Bu stadionning bezaklariga juda mos tushgan edi va Olimpiadani butun dunyo muborakbod qilayotganidan dalolat berar edi. Ayonki, Janubiy Koreyada yashaydigan odamlar shundoqqina yonlarida istiqomat qiladigan vatandoshlariga bularning barini ko‘z-ko‘z qilishmoqchi edi. Boshlari arslonlar va ajdaholarnikiga o‘xshagan kemalar shaklida yasalgan aravalar maydonga kirib keldi. Men Yen Xining ko‘zlariga qarab, unga bosh irg‘adim.
– Sun Ken ham shu yerda, allaqayda o‘tirgan bo‘lishi kerak, – dedi Yen Xi.
– Sun Ken qaysi bir amerikalik turistlar delegatsiyasini olib yuripti.
Li buni bilarmikin-yo‘qmi deb unga qaradim. Li o‘qtin-o‘qtin qandaydir quvonchli bir xitobni qichqirib aytardi. Kutilmaganda stadionni to‘ldirib o‘tirgan bolalar osmonga son-sanoqsiz oq va ko‘k havo sharlarini uchirishdi. Shu paytning o‘zida favvoralardan suv otilib chiqdi, o‘ng va so‘l tomonlardagi yo‘laklarda surnaychilar va nog‘orachilar paydo bo‘ldi. So Pi Kuk bu tomoshalarda Koreyaning yaratilishi to‘g‘risidagi rivoyatlar tajassum topganini aytib berdi. Mening xayolimdan urushda mag‘lubiyatga uchragan Yaponiya xalqaro yig‘inlarda o‘zining qahramonona o‘tmishi haqidagi rivoyat va afsonalardan shunchalik foydalana olmas edi-yov degan fikr o‘tdi. Avvaliga bizning miflarimiz, o‘zining mash’um rollarini o‘ynayotgan choqlarda biz urushning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik harakatida edik. Keyin esa okkupatsion armiyaning hushyor nigohini esdan chiqarmasdan yashashga harakat qildik. Bu orada odamlar o‘zlarining o‘tmishlarini unutib qo‘yishdi va hozir hatto o‘zlari xohlaganda ham tarixiy timsollarda hech narsani ifodalay olmas edilar. Stadiondagi tomoshani ko‘rib o‘tirib, fikrlarim asta-sekin Yaponiyaga ko‘chib o‘tganiga hayron bo‘ldim. Men kishibilmas tarzda Liga o‘qtin-o‘qtin nigoh tashlab o‘tirar edim. Uning yonoqlari qizarib ketgan, ko‘zlari chaqnar edi. Uning bunga haqi bor edi. Axir, u ellik yillik ayriliqdan so‘ng vataniga qaytgan edi-da!
Tezotar to‘plardan otilgan mushaklar mening fikrimni bo‘ldi. Tinchlik daraxti barg yozib yashnab ketdi. Markazda to‘satdan baland minora qad ko‘tardi – u Olimpiya oloviga atalgan edi. Osmondan yaltiroq to‘zon yog‘ila boshladi. To‘zon minoraning tepasidan tusha boshlagan edi. Li engashib, cho‘ntagidan dastro‘molini axtara boshladi. Men boshdan oyoq marosim muhitiga sho‘ng‘ib ketganimni his qildim. O‘zimni juda shoyista sezmoqda edim. Faqat bir narsadan xavotirda edim – haddan tashqari hayajonga tushgan Li bir bo‘lar-bo‘lmas narsani baqirib aytmasa go‘rga edi.
Sportchilarning kirib kelishidan darak berib, mis karnaylar chalindi. Raqqosa qizlarning qo‘lida ipak matolar hilpiradi – ular yashil, sariq, qora, qizil, havorang ranglarda bo‘lib, Olimpiya bayroqlarini eslatardi. Keyin yunon sportchilarining komandasi paydo bo‘ldi. Uning oldida studentlar Olimpiya harakatining va Janubiy Koreyaning bayroqlarini ko‘tarib borishardi. Men stadionni to‘ldirib o‘tirgan yuz mingdan ortiq tomoshabin yapon komandasini qanday kutib olarkin deb tashvishlana boshladim. Bu jarayonda Li o‘zini qanday tutarkin degan o‘y ham menga tinchlik bermasdi. Anchagina ko‘pchilikni tashkil qiluvchi yapon komandasi deyarlik marosimning oxirida paydo bo‘ldi. Avvaliga olachalpak qarsaklar eshitildi, ammo oradan ko‘p o‘tmay stadion tinchib qoldi. Atrofimga alanglab, bizdan ancha uzoq joyda okean qo‘ynidagi kichik orolchada o‘tirgan bir guruh odamlar Kunchiqar o‘lkasining bayrog‘ini silkitayotganini ko‘rdim. Undan keyin Tayvanning komandasi maydonga kirib keldi. Go‘yoki hozirgina stadionni qoplab turgan sukutni parchalab tashlamoqchi bo‘lganday guldiros qarsaklar va dalda beruvchi qiyqiriqlar yangradi. Nihoyat, marosim tugadi. U mojarolarsiz o‘tdi, yaponlarni tahqirlovchi hushtakbozlik ham bo‘lmadi. Prezident Olimpiadani ochiq deb e’lon qildi. U Olimpiadaning shiori «insoniyatning uyg‘unligi va taraqqiyoti» bo‘ladi deb ta’kidladi. Olimpiya olovini ko‘targan sportchilar paydo bo‘ldi. Mash’alani ko‘targan pahlavon yigit bilan birga uning yonida yugurib kelishayotgan qizlar to‘xtashdi. Ular to‘xtashgan maydoncha asta yuqoriga ko‘tarila boshladi. Maydoncha minora tepasigacha ko‘tarildi. Hoynahoy, bunaqa balandlikdan boshlar aylanib ketishi mumkin edi. Men Olimpiya olovi yonidagi maydonchadan hech kim qulab tushmasligini tilab, tavallo qila boshladim. Birdaniga shunaqa gumbirlagan ovoz eshitildiki, osmon chok-chokidan so‘kilib ketganday bo‘ldi. Reaktiv samolyotlar eskadrilyasi stadion ustidan pastlab uchib o‘tdi. Ularning ortida gazlardan hosil bo‘lgan besh rangdagi Olimpiya halqalari qoldi. Odamlar og‘izlari ochilib, qarab qolishdi. Ulardan yuqoriroqlarda osmonda bir qancha vertolet aylanib yurardi. Men ularni mabodo terrorchilar hujum qilib qolsa, shuni qaytargani uchib yuripti deb o‘ylagan edim, yo‘q, birpasdan keyin vertoletlardan allaqanday dumaloq narsalar tashlandi-da, ular ham osmonda rang-barang Olimpiya halqalarini hosil qildi. Keyin parashyutchilar vertoletlardan sakrashdi. Ular stadionda qo‘nishga yaqinlab qolishgandagina rangi-ro‘ylarini aniq ajratish mumkin bo‘lib qoldi.
–O-o-o-o! – deya zavqini yashira olmay xitob qilardi yonimda Li. Stadionning hamma minbarlaridan birvarakayiga kaptarlar parvoz qilganda ularni tomosha qilishga ortiq holim qolmagan edi. Marosim oxirlab qolgan edi. Men anglab yetdim – shu payt mobaynida ko‘nglimda bir savol tinmay g‘imirlab turgan ekan: «Vatan degani nadir?» Faqat bir narsa aniq edi – bu savolga qirq uch yil avval – Yaponiya urushda yutqazgan kezlarda javob bermoq kerak edi. Garchi men har kuni universitetda ma’ruza o‘qisam-da, ma’ruzamda davlatlar o‘rtasida savdo-sotiq to‘g‘risida, xorijda xususiy kompaniyalarning tarqalishi haqida gapirsam-da, Seuldagi marosim vaqtida hozirgina menga namoyon bo‘lgan «Vatan» tushunchasining loaqal bir qismini ham bilmagan ekanman. Bizda ko‘pgina xodimlarimiz to ularni xorijga xizmat safarlariga jo‘natmagunlaricha bu savolni xayollariga ham keltirmaydi. «Vatan» tushunchasi hamma uchun bo‘lmasa-da, loaqal men uchun hamisha g‘ayrishuuriy bir tushuncha sifatida yuragimning eng ovloq puchmoqlarida yashab kelgan. Sun Ken bu yerga turistlar bilan emas, o‘z oilasi bilan birga kelganda ko‘p yaxshi ish bo‘lardi. Aftidan, Li qizini o‘zi bilan birga olib kelishni istamagan, men esa unga shunday qilsa, ma’qul bo‘lishini tuzukroq uqdira olmagan ko‘rinaman. Ehtimol, u o‘zining sarosimaligini Sun Kenga ko‘rsatishni istamagandir. Ehtimol, Li boshqa narsadan qo‘rqqandir – yaxshi ko‘rgan va iftixor qiladigan mamlakati uning kutganiday bo‘lib chiqmasa, buni qiziga hech narsa deb izohlab berolmasligidan cho‘chigandir. Shuning uchun ham u avval bu yerga faqat xotini bilan kelishni istagandir – bu Li ko‘nikib qolgan odatdagi taqiqlardan biri bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas.
Marosimdan bir hafta o‘tgach, biz Pusanda uchrashdik. Men K. universitetidagi o‘z kabinetimga qaytdim, er-xotin Lilar o‘zlari tug‘ilib o‘sgan Kenju shahriga borishdi. Pusandan Yaponiyaga biz birga qaytishga ahdlashib qo‘ygandik. Mehmonxona xollida Li go‘yo biz ko‘p yillardan beri ko‘rishmagan qadrdonlarday meni quchoq ochib kutib oldi.
– Ueda-san, juda ham Yaponiyaga qaytgim kelib ketdi, – dedi u kutilmaganda. Uning tovushida yoshligida marksizm-leninizm to‘g‘risida, xalqaro vaziyat haqida gapirgandagi ohangdan nomu-nishon ham yo‘q edi. Men Kenjuda nimadir ro‘y berganini payqadim va Yen Xiga qaradim. U boshini quyi tushirdi. Keyin dabdurustdan yorildi:
– Menga qarang, bu odam – g‘irt devona. Safarimiz davomida biz juda ko‘p narsadan hadiksirab yurdik. Ammo hech narsa ro‘y bermadi. Hech narsa. Aksincha, Kenjuda bizni Sun Ken izlab topdi, biz qarindoshimiz bilan uchrashdik.
– Sun Ken deysizmi? Qarindoshlar bilan deysizmi? – hayron bo‘lib takrorladim men.
– Ha, shunaqa, – deb xotinining gapini tasdiqladi Li.
Ularning chalakam-chatti so‘zlaridan shuni tushundimki, ular Kenjuda Sun Kenni uchratib qolishipti. Sun Ken bir guruh sayohatchilarni Pulkukdagi buddaviylar ehromini tomosha qilishga olib kelgan ekan. Aftidan, onasi bilan qizi bu uchrashuvni oldindan rejalashtirib qo‘yishgan bo‘lishsa kerak. Qarindoshlarining ismi Yu Yen Xi ekan. U Lining otasiga uzoq qarindosh bo‘larkan. Bu odam o‘zining ko‘rimsizligi tufayli ikkinchi jahon urushi tugagandan keyin yaponlar bilan hamkorlik qilgan odamlarni ta’qib qilganlarida ham, Shimol Janubga bostirib kirgan kezlarda ham, keyin amerika qo‘shinlari qayta hujumga o‘tgan choqlarda ham omon qolgan. Uning gaplariga qaraganda, oilaviy rivoyatlardan unga Yaponiyaning qayeridadir ishlari juda yurishib ketgan amakisi borligi ma’lum ekan. Yu Yen Xi qarindoshi bilan uchrashmoqni o‘zi uchun sharaf deb bilishini aytdi. Li buni eshitib, g‘oyatda mutaassirlanipti. Kechqurun taom tepasida uchrashganlarida Li uning bolaligi to‘g‘risidagi hikoyasini eshitipti. Uning bolaligi Koreya urushi davriga to‘g‘ri kelgan ekan. Li odamlardan studentlik yillaridayoq eshitgan gaplarida mubolag‘a yo‘qligiga ishonch hosil qilipti. Urush tamom bo‘lgan yili Yu Yen Xan endi besh yoshga to‘lgan ekan. U yaponlarning mustamlaka yillaridagi hukmronligi to‘g‘risida deyarlik hech narsani eslab qolgan emas. Aftidan, bu odam Yaponiyada Lining boshiga tushgan qiyinchiliklarni yaxshi tushungan emas. U juda qizishib gapirar, gaplari ancha tumanli edi, qaysi gapi jiddiy-u, qaysi gapini shunchaki manzirat yuzasidan aytyapti – ajratib olish qiyin edi.
– Bizning mamlakatimiz bilan Yaponiya – bir-biriga qo‘shni. Modomiki, ular Osiyoda yetakchi o‘rin tutishar ekan, o‘zlarining do‘stona aloqalarini mustahkamlashlari kerak. Aminmanki, Yaponiyada ishlari yurishib ketgan amakim bu borada juda katta rol o‘ynaydi. Agar Li amakim bu yerda – Kenjuda biror ish boshlamoq niyatida ekan, ijozatingiz bilan bu ishda men ko‘maklashsam. Axir, biznes degani chegara bilmaydi-ku.
Uning so‘zlariga qaraganda Kenju qadimgi Xitoy poytaxti Sianga o‘xshaydi – unda ham qadimiy tarixiy yodgorliklari ko‘p. Biroq fursati kelib. bu shahar ham dunyo turistlarining mashhur markazlaridan biri bo‘lib qoladi. Agar hozir ko‘chmas mulk sohasiga sarmoya yotqizilsa, juda tez fursatda boyib ketish mumkin va «amakim, – dedi Yu Yen Xan, – bu yerlarga ayni shu maqsadda kelgan».
Li Sokkuram cho‘qqisiga ko‘tarildi, Kuyen sohilidagi qirol Mun Muning suv ostidagi maqbarasiga qaradi, Kenju tez rivojlanib kelayotgan sanoat markaziga yaqin yerda joylashgan ekaniga xaritaga qarab yana bir bor guvoh bo‘ldi. Bularning bari unda murakkab tuyg‘ular hosil qildi, u o‘z qarindoshining gaplari to‘g‘ri ekaniga yana bir marta ishonch hosil qildi. Janubiy Koreya hukumati xorijiy fuqarolarga hali yerga egalik qilishga va xo‘jalik hayotining ko‘pgina sohalarida ishtirok etishga ruxsat bergani yo‘q edi.
– Yuridik nuqtai nazardan men bu yerda xorij fuqarosi hisoblanaman.
Bularning barini Li menga Pusanda restoranning alohida xonasida o‘tirib, gapirib berdi. Pusan mol tilidan pishirilgan sho‘rvasi bilan shuhrat qozongan.
– Agar Yu Yen Xan bilan o‘rtamizda o‘tgan gap-so‘zlarga qaytadigan bo‘lsak, men tushunolmay qoldim –meni bu yerda kim deb qabul qilishyapti – vatandosh debmi yoki yapon debmi? E Ueda-san, sen nima deb o‘ylaysan – chindan ham tadbirkorlik chegara bilmaydimi? Boshqarish ilmi bu to‘g‘rida nima deydi?
– Sirasini aytganda, o‘ylab ko‘radigan bo‘lsak, bu yerda sening ahvoling o‘ziga yarasha ustunlikka ham ega, – deb javob berdim men.
Bularning barchasi meni ham tashvishlantirardi. Liga dalda bermoqchi bo‘lib, hammaga ma’lum gaplarni gapira boshladim.
– Umuman olganda, iqtisodiyot — baynalmilal hodisa. Hamma narsadan ko‘proq bu gap pulga taalluqli. So‘nggi paytlarda Yevropa Ittifoqiga kiradigan mamlakatlar o‘z valyutalaridan tashqari yana ekyu deb atalgan mushtarak valyutadan ham foydalana boshladilar. Negaki, shunday qilinsa, qulayroq. Mening nazarimda, hademay shunday kunlar ham keladiki, bir joyda mustahkam tomir yoymaslik har narsadan yaxshi bo‘lib qoladi.
Li mening gaplarimni to‘xtatmoqchi bo‘lganday oldinga talpinib, zalvorli qo‘llarini ko‘tardi.
– Ueda-san, men-chi? Men nima qilay endi? Men Kenjuga borib, u yerda odamlar bilan bir necha soat mobaynida gaplashdim. Negaki, men xotiramda o‘rnashib qolgan shaharni izlagan edim. Bir qancha yo‘llar u yerda tutashib ketadi va hammalari shaharning markaziy maydonida birlashadi. U yerda juda katta bir daraxt o‘sadi, hamma otini shu daraxtga bog‘laydi. Otlar pashshalarini qo‘rib, dumlarini qanday silkitganlari hali ham esimda. Qishda bu yerga aravalar keladi, ularning ustiga baland qilib karamlar ortilgan bo‘ladi. Bulardan tashqari yana temirchilar bor edi. Ular bolg‘alari bilan qizigan temirlarni urishganida, bilaklari, mushaklari tarang tortilib, yaltiraganlarini ko‘rganman. Ueda-san, men Koreyani o‘zimcha shunday tasavvur qilaman: azonlab erta tongda bu yerda, albatta, xo‘roz qichqirmog‘i kerak, sovuq qish tunlarida esa olis-olislardan itlarning vovillashlari quloqqa chalinib turmog‘i lozim.
Li kaftlarining chiziqlarida ko‘pdan yo‘qotgan narsalarini ko‘rmoqchi bo‘lganday, ularni ko‘tarib ko‘ziga olib bordi.
– Olimpiadada juda yaxshi bo‘ldi. Koreya birinchi darajali mamlakatlar safiga o‘tibdi. Bu ochiq-oydin ko‘rinib turipti. Biroq men nima qilmog‘im kerak? Men qayerda bo‘lmog‘im kerak?
– Sen biroz charchabsan, do‘stim.
En Xi har qachongidan ham nazokatliroq harakat bilan qo‘lini uning kaftlariga qo‘ydi. Lida bir vaqtlardagi navqiron yigitdan hech narsa qolmapti. U paytlarda Li nazariyachi hisoblanardi, har masalada bahsga kirishaverardi, tengqur talabalar ichida faqatgina marksizm-leninizmnigina emas, balki buddaviylik falsafasini ham juda chuqur bilishi bilan ajralib turardi. Uning butun yuzini iyagidan boshlab, qulog‘ini tagigacha chuqur ajinlar qoplagan edi, shuning uchun ko‘zlari, ayniqsa, g‘oyatda ma’nodor ko‘rinardi.
– Har nima deganingda ham, sen Koreyada birinchi marta bo‘lishing. Bu yerda yoshlargina o‘zini xuddi baliq suv ichida his qilgandek bemalol his qiladi. Mana, Sun Ken uch juft amerikalik er-xotinlar bilan birga kelipti – ingliz tilini qachon bunchalik o‘rgana qoldiykin bu zumrasha? Ajnabiylardan sira tap tortmaydi-ya! U amerikaliklarga qarab bir sayrab ketsa, ularning og‘zi ochilib qoladi-ya: mana, hozir biz Taxamun darvozasi oldida turibmiz, endi Chxonunka ko‘prigidan o‘tamiz, keyin Pokunke ko‘prigidan so‘ng buddaviy ehromlar dunyosiga borib qolamiz. Lekin har qancha aylantirsang ham, baribir, u — yapon qizi. Jo‘g‘rofiy nomlarni yaponchasiga talaffuz etadi. Shuning uchun ham bu yerda uning tiliga tushunaverishmaydi.
En Xi Lini odatdagi quvnoq kayfiyatiga qaytarishga harakat qilardi. Ammo dil-dilida u ham xoriganini his qilardi. Shuning uchun ham Yen Xi ayollarga xos nazokat bilan, go‘yo ehtirossizgina bir tarzda o‘z qizini yapon qizi deb atadi. Yana kim biladi, deysiz – ehtimolki, ona ham qizining fe’li-atvoridagi evrilishlarni payqagandir va u ham Yaponiya bilan Janubiy Koreya to‘g‘risida Sharqiy Osiyodagi bir-biriga yaqin qo‘shnilar to‘g‘risida gapirgandek xotirjam gapira boshlagandir. Aytgancha, hayotdagi har xil sharoitlarda matonatini yo‘qotmaydigan Li ayni xotini ko‘chmas mulk bilan sadvo-sotiq qiladigan kompaniyaning prezidenti lavozimida o‘rnashib qolganini nazardan soqit qilib bo‘lmaydi. Holbuki, mening nazarimda bu ish uning tabiatiga uncha mos kelmas edi. Aftidan, biz dasturxon tevaragida gurunglashib o‘tirar ekanmiz, Yen Xi mening yapon ekanimni paqqos unutib yubordi, shekilli, bemalol mulohaza yurita boshladi:
– Mohiyatan olganda, yaponlarni boshqalardan ajratib turadigan jihati shundaki, ularning mamlakati orollarda joylashgan. Shuning uchun ham ular xorijiy narsalarning hammasini rad etadilar – buni kamsitish deb atasa ham bo‘laveradi.
Shu yerga kelganda u birdan hushyor tortdi va tilini tishlab qoldi.
– Voy sho‘rim, janob Uedaning yapon ekanini paqqos unutib qo‘yibman-ku?
Xotinining gaplarini tinglab o‘tirib, Li biroz tinchidi shekilli, yo bo‘lmasa, mahalliy sharob unga yaxshi ta’sir ko‘rsatdimikan?
– Ertaga juda yaxshi bir safar bor-da, – dedim men. – Afsus, Yen Xi xonim biz bilan birga borolmaydilar.
Gap shundaki, ertasiga ertalab u ishini tugatgan Sun Ken bilan Yaponiyaga jo‘nab ketmoqchi edi. Men Li bilan yolg‘iz qolishimni o‘ylab, biroz tashvishda edim. Sayohatimiz uchun Janubiy Koreyadagi kema quruvchi kompaniyalardan biri vertolet berib turmoqchi edi. Men bu kompaniyaning boshqaruv masalalarida ilmiy maslahatchi sifatida har xil yumushlarini bajarib turar edim. Biz Li bilan birga janubga yo‘l olishga ahd qildik. Janubda, dengizda orollari ko‘p edi.
Ertasiga ertalab hammamiz Pusandagi osmono‘par imoratlardan birining tomiga joylashgan vertolet maydonchasiga yetib borganimizda men armiyada maxfiy tarzda kuchaytirilgan tayyorgarlik tartibi joriy qilinganini bildim. Dengiz tomonidan terroristlarning xuruj qilib qolishlari mumkinligi to‘g‘risida axborot olingan ekan. Terrorchilar Olimpiadaga qarshi qo‘poruvchilik ishlarini amalga oshirmoqlari mumkin ekan. Yuklarimizni tintib ko‘rishdi va Olimpiya o‘yinlari bilan bog‘liq odamlarga berilgan shaxsiy guvohnomalarimizni yana bir bora ko‘rsatishni talab qilishdi. Uchuvchiga uchishning oldindan belgilab qo‘yilgan yo‘nalishiga qattiq rioya qilish tayinlab qo‘yilgani ko‘rinib turardi. Ana shu g‘alvalarning hammasidan keyin biz osmondan Pusandan Cheju oroligacha bo‘lgan joylarni tomosha qildik. Bu joylar men kutgandan ham manzaraliroq ekan, milliy bog‘ esa Cholla Namdo viloyatining g‘arbiy chegaralarigacha cho‘zilib ketgan ekan. Kema quruvchi kompaniya o‘ziga qarashli yerlarda ijaraga beriladigan uylar va mehmonxonalar qurmoqchi ekan va bu ishni mening do‘stim Liga topshirmoqchi ekan. Li esa Yaponiyada ko‘chmas mulk sohasidagi ishlari bilan dovruq qozonib, ancha yaxshi obro‘ orttirgan edi. Biz vertolyotga chiqayotganimizda qo‘limizga xarita tutqazishdi, uning bir qancha joyi qizil qalam bilan belgilab qo‘yilgan edi. Aftidan, ular mehmonxonalar qurishga qulay deb hisoblangan joylar bo‘lsa kerak. Kema quruvchi kompaniya uyushtirgan tushlik vaqtida biznesning yangi shakllari bo‘yicha ijrochi direktor bizni ancha-muncha xijolatga soldi.
– Turizm uchun chegara yo‘q, bu soha bilan shug‘ullansa arziydi. Agar janob Liga o‘xshagan bir odam vataniga qaytishi to‘g‘risida ariza bersa, menimcha, uning arizasi qondiriladi.
Biz Pusanga qaytib keldik, kompaniya nomidan bizga hamrohlik qilgan yigit bilan mehmonxona oldida xayrlashdik. Shunda boyadan beri indamay kelayotgan Li dedi:
– Ueda-san, agar charchamagan bo‘lsang, menga yana biroz vaqtingni bersang. Yana bir bora tog‘ tepasidan turib, dengizni tomosha qilsam degandim.
Men hayron bo‘ldim. Li tushuntirdi.
– Bu yerdan Yaponiya qo‘rinib turarmikin-yo‘qmi – shuni bilmoqchi edim.
Uning qalbida ko‘p narsa o‘zgarib ketgandek ko‘rinardi. Men roziligimni bildirib, bosh irg‘adim, biz yana mehmonxonadan chiqib, yo‘lovchi kutib turgan taksiga o‘tirdik. G‘arbda quyosh dengizga botmoqda edi. Biz Xuentet adirida turibmiz, bu yerdan Pusan portining manzarasi yaqqol ko‘rinib turipti. Quyida Suyengan daryosi ko‘zga tashlanadi, olisda Naktongan dengizga quyilmoqda, ufqda esa biz kunduzi vertolyotda tomosha qilgan hududlar tepasida quyosh shu’lalari o‘ynardi.
– Yaponiya qaysi tomonda?
Li buni nechukdir hadiksirab, asta so‘radi va men xaritani ochib, Yaponiya to‘ppa-to‘g‘ri chap tomonda ekanini ko‘rsatdim. Agar dengiz bilan janubi-sharq tomonga borilsa, Yaponiyaning Susima oroliga borish mumkin. Bu orada men kecha oqshom chog‘i Li xotini Yen Xiga aytgan gapini esladim.
– Baayni Ueda-san bu yerda tug‘ilgan-u, men xorijdan kelgan odamdaymiz…
Yaponiya tomonidagi dengiz allaqachon to‘q binafsha rangga kirib bo‘lgan edi, botayotgan quyosh esa tobora pastlab borardi. Li yapon orollarining shakli-shamoyillarini izlay boshladi, shekilli. Kaftini peshonasiga qo‘yib, u goh sharqqa, goh Susima oroli tomoniga qarardi, men esa unga orqamni o‘girib olib, miriqib quyosh botishini tomosha qilmoqda edim. Dengizning sohil sari talpingan har bir mavjida quyosh shu’lasi aks etardi va son-sanoqsiz yaltiroq shu’lalar biz tomon yelib kelayotganday tuyulardi. Men Olimpiada stadionida ochilish marosimining oxirida besh xil rangga bo‘yalgan havo sharlarini qo‘llarida ko‘tarib olgan kichkina bolalar qor ko‘chkisiday yopirilib kelib, maydonni to‘ldirishganini esladim. Keyinchalik men universitet gazetasi uchun yozgan maqolamda bu manzarani shunday sharhlagan edim: «Deyarlik sakson yillik sinovlardan so‘ng Koreyaga yorug‘ kun keldi. Butun jahon hamjamiyatiga shunday davlat mavjud ekanini ko‘rsatib bergan hodisalarning birinchi qismi xotimasini topdi. Garchi bu davlat ko‘pdan beri qattiq iztiroblar chekib kelgan bo‘lsa-da, quyosh shu’lalari qo‘ynida yugurib yurgan bolalarning ovozlari birday jarangdor, tiniq va quvnoq edi».
Bu kechinmalar hali meni tark etib ulgurmasdan men qo‘qqisdan g‘aroyib bir narsani his qilganday bo‘ldim. Bu meni xushyor torttirdi – mening yonimda turgan Lining ko‘zlaridan yoshlari shashqator oqmoqda edi.
– Qaytish vaqti bo‘ldi, – dedim men Liga deyarlik shivirlab.
–Ko‘rinmayapti… Nima qilish kerak-a? – U mening shivirlaganimni go‘yo eshitmaganday, menga qaramadi ham, hatto qilt etgani ham yo‘q. U ko‘zini uzmay, dengizning olis tomonlariga tikilardi – uning nazarida o‘sha yoqlarda Yaponiya orollari bo‘lishi kerak edi.
Unga «ko‘rinmayotgan» narsa nima edi? Mening xotiramda Lining Koreyadagi urushga qarshi xitobnomaga imzo to‘plashdan bosh tortgan paytidagi chehrasi lipillab o‘tdi. Nazarimda, Li meni hozir nima uchundir qoralayotganday tuyuldi, men yana unga orqamni o‘girib oldim-da, o‘zimni butun borlig‘i bilan kun botishini tomosho qilayotganday qiyofaga soldim. Oltin tusli va kumush rangli mavjlar ancha kamayib qolgandi. Ular qora ufq tomon yelishar va ochiq turgan yelpug‘ichni eslatuvchi osmon bag‘riga singib ketayotganday tuyular edi. Li «Yaponiya ko‘rinmayapti. Vatan ko‘rinmayapti» deb tinmay pichirlardi. Uning so‘zlari biz ko‘zlab turgan manzaraga va yana allanimalarga taalluqli edi. Birdan qutichaning qopqog‘i shilq etib yopilganday bo‘ldi – dengizning rangi o‘zgardi va quyosh g‘oyib bo‘ldi.
– Qani, ketdik, – dedim men qat’iyroq ohangda va adirning poyiga asta tusha boshladim – u yerda bizni mashina kutib turardi.
Ozod Sharafiddinov tarjimasi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2003 yil, 12-son