Sulton Rayev. Malikaning ko‘z yoshi (drama)

Dramaning badiiyatini oshirish uchun xalq qo‘shiqlari, Barpi, Jenijukning asarlaridan, Kaliguladan hamda S.Jusuyevning “Qurbonjon dodxoh” she’riy romanidan foydalanildi – mualllif.

QATNAShUVChILAR:

Qurbonjon dodxoh
Ko‘lanka
Birinchi kampir
Ikkinchi kampir
Uchinchi kampir

Voqea xira yorug‘likda sodir bo‘ladi. Baland so‘rida uch kampir o‘tirishibdi. Uchalasi ham qop-qora kiyinib olishgan. Ular boshlarini yerga qo‘yib, qotib qolishgandek go‘yo. Asta-sekin ularning ustiga oq nur yog‘ila boshlaydi. Oq nur faqatgina qora kiyingan uch kampir savlatini yoritadi. Uchta kampirning savlati yoqqol ko‘ringandan keyin jonsiz tanalarga jon kirgandek bo‘ladi.
Ularning harakatiga mos dovul ovozlari eshitila boshlaydi. Dovulning ovozi asta-sekin kuchaya boradi va U ohista tiniq ovoz bilan bir xil ritmga tushadi. O‘rtadagi ayol balandroq dovul chaladi. Bu dovulning ovozi oldinda qandaydir xavfli narsa kutayotgandek taassurot uyg‘otadi – go‘yo bir yomon xabardan ogohlantirayapti. O‘rtada o‘tirgan kampir tayoqlarini ikki yoniga qo‘yib, tushunuksiz harakatlar bilan Xudoga sajda qilib, iltijo etayotgandek allaqanday tovushlar chiqaradi. Bu tovushlar kelajakdagi dahshatli voqeaning bashoratidek, badan titrab, sahnani tobora vahimali tovushlar egallab oladi.
Ikki kampirning osilgan xaltasi bor. Ular oq qumga to‘la. Ularning ikkalasi ham qimirlab, pastga tushadi. So‘rida kampir yolg‘iz qoladi. Ikki kampirning qo‘llarida uzun tayoq. Ular turli harakatlar ila tayoqlarni yerga kuch bilan urishadi. Ikkita uzun tayoq tikka sanchilib, o‘sha joyda ikkalasi o‘tirib qolishadi. So‘rida o‘tirgan kampir dovulini qattiq urib, dovul ovoziga mos qo‘shiq kuylay boshlaydi.

Birinchi kampir: – Yer yuzida behisht bor.
Ikkinchi kampir: – Lo iloha illalloh!

(Ikki kampir o‘zi o‘tirgan joyda orqasiga aylana qilib chiza boshlaydi.)

Birinchi kampir: – Yer yuzida koyish bor.
Ikkinchi kampir: – Lo iloha illalloh!
Birinchi kampir: – Yer yuzida rohat bor!
Ikkinchi kampir: – Lo iloha illalloh!
Birinchi kampir: – Yer yuzida ofat bor!
Ikkinchi kampir: – Lo iloha illalloh!
Birinchi kampir: – Yer yuzida hayot bor!
Ikkinchi kampir: – Lo iloha illalloh!
Birinchi kampir: – Yer yuzida o‘lim bor.
Ikkinchi kampir: – Lo iloha illalloh!
Birinchi kampir: – Yer yuzida quyosh bor!
Ikkinchi kampir: – Lo iloha illalloh!
Birinchi kampir: – Hammasini Yer bilar!
Ikki kampir: – Lo iloha illalloh!
Birinchi kampir: – Bir quvonib, yuz tutar…
Ikkinchi kampir: – Lo iloha illalloh!

“Lo iloha illalloh!” deb ohangga qo‘shilayotgan ikki kampir alohida aylana hosil qilishadi, ular orqalari bilan harakatlanib, bir qadam ortga chekinganda, so‘rida o‘tirgan kampir dovul chalishni sekinlashtiradi va bir qadam naridagi ikki kampir o‘rtasiga kelib turadi.
Birinchi kampir yelkasiga osilgan xaltadan qumni olib, boyagi: bir qadam ortdagi yerga to‘ka boshlaydi. Ikki kampir esa “Lo iloha illalloh!” degan kalimani qaytarib turadi.

Birinchi kampir:
Bir yelkamda qum yotar,
Bir yelkamda chim yotar.
Bir yelkamda gul yotar,
Bir yelkamda tosh yotar,
Bir yelkamda bosh yotar,
Bir yelkamda tun yotar.
Bir yelkamda kun yotar,
Ona yerning bag‘ri shu,
Ona yerning dardi shu.

Birinchi kampir xaltadagi oq qum bilan davraga borib qo‘shiladi. Yerga yotib, tinchib qoladi. Uchta tana yerda yotib, sas-sado chiqmay, jimib qoladi. Xonning so‘risi tomondan Qurbonjon dodxohning savlati ko‘rinadi. U qo‘liga qo‘bizni olib, chala boshlaydi.

Birinchi kampir: – Bu zaharli oq o‘tov oq tumorga o‘ralsin.

Birinchi kampir qo‘ynidan oq arqon chiqarib, bir uchini ikkinchi kampirga, bir uchini uchinchi kampirga bog‘laydi. Uch kampir uch tomonga qarab yig‘lashadi. Aylana ko‘rinishidagi o‘rtaga yurak ko‘rinishidagi oq tumor tortiladi. Qurbonjon dodxoh chalayotgan qo‘biz borgan sayin kuchayib, yanada qattiqroq mung torta boshlaydi.
Qurbonjon dodxoh so‘risining chap burchagidagi tun qo‘ynidan bir ko‘lanka chiqib keladi. Uning ham yelkasida xurjun bor. Xurjunning old tarafidagi ko‘zida ot va qo‘yning boshi ko‘rinib turadi. U ikki kampir sanchgan ikki tayoqning yoniga keladida, osmonga qarab, quturgandek kula boshaydi. Qurbonjon dodxohning qo‘bizi mung torta-torta, oxiri jimib qoladi. Ko‘lanka xurjundan ikki otning kallasini olib ikki kampir sanchib qo‘ygan tayoqlarning uchiga iladi-da, yana qitmirona kula boshlaydi.

Ko‘lanka: – Ey, jonivorey! Oy ko‘rdim, omon ko‘rdim!.. (Qitmirona kuladi.) Charaqlab chiqqan!.. Endi ko‘nglim tinch! Elga qashqir oralaydigan tun keldi… Qashqirning ko‘zini qashqir o‘yadigan kun keldi… Uch kunlik oyga qarang… Hozir chirt uzilib ketadigan ipga o‘xshaydi… Uch kampirning oyga tarmashganini-chi, ilashib oladigandek… Uch, uchdan keyin puch… Tayoq ko‘targan uch qarsoqchi… Uchta o‘lik… Hi, hi, hi… Uchoving birikib, janozang oshiga to‘yib ol… (Bir qadam oldinga bosishga urinadi. Cho‘chib ketadi. Yerga qaraydi). O‘rdaga kim tumor osdi? (Oyga qaraydi.) Joni chiqib, yangi chiqqan oyga tirmashayotgan uch maston kampir osib ketdimikan? (Enkayib tumorni oladi-da, xurjuniga soladi.) Mana endi ko‘rasanlar. Yuraklaringni burda-burda qilib, pichoq bilan nimtalab, kesilgan joylariga tuz sepaman. (Ko‘lanka o‘tovning o‘rtasiga kelib, xurjunning orqa ko‘zidagi soqqa (oshiq)larni qo‘li bilan paypaslab, tashqariga chiqaradi-da, o‘tovning o‘rtasiga qo‘yadi) Dodxohning urug‘i emish!.. Ko‘ramiz, kimning qaysi urug‘dan ekanini?.. Tanang yerga ko‘milmay, tortgani tuproq topilmay, mayiting xor bo‘lganda ko‘ramiz… Ha, ha, ha… (Ko‘lanka yelkasidagi xurjunni Qurbonjon dodxoh tomonga irg‘itadi, o‘tovning chekkasiga kelib, o‘tovning qoq o‘rtasidagi soqqalarni duch kelgan tomonga qarab ota boshlaydi.) Ha-a-a… H-a-a! Xonligingiz bitdek to‘kildimi? Mana ko‘rasizlar, hammangizni bitday ezib tashlayman.

Uch kampir: – Lo iloha illalloh! (Hammasi kalima qaytarib, archa yondirib, mis kosadagi isiriqni tutatadi.)

Ko‘lanka: – (Sahnaning o‘rtasiga o‘tirib olib, mamnuniyat bilan g‘ijirlanib, soqqalarni ura boshlaydi) – O‘, silliq soqqa, “chikka” tushgan ekansiz, “chikka tushdi” degani xon saroyining qulashi deganidir. Alimbekning “chikka” tushgan soqqasi senmisan? Mana senga! (Tayoq bilan urib, aylanadan chiqaradi.) Ko‘rar kuning shu bo‘lsin… Uyatsiz xotinga xon o‘rdasini boshqarishga izn berib, boshing
bosh, qolganlar qora tosh bo‘lib qoldimi? (Ko‘lanka siljib, yana bir soqqani uradi.)
– E-e-e-e!.. Olchi tushgan oq soqqa, Mirzafayoz sen bilanmi? Mana, niyatingga yetolmagur! Ha-a-a… (Tayoq bilan urib, soqqani aylanadan chiqaradi.) Ha-a-a, “po‘k” tushgan bo‘z soqqa… Sen Botirbek emasmisan? “Po‘k” tushganingcha qolaver, mana!

(Ko‘lanka bu soqqani ham aylanadan chiqaradi) E-e-e-e, e-e-e-e!.. Chikka tushgan katta qo‘chqor soqqasi, sen Qamchibekmisan? …shoshma, seni men qilichim bilan burdalab, nimta-nimta qiladigan kun uzoq emas… Hu, charaqlagan oyni ko‘rdingmi? Oyning o‘n beshi qorong‘i bo‘ladigan kunga oz qoldi… Juda oz qoldi… mana senga… (Ko‘lanka bor kuchi bilan soqqani uradi) Ha, ha-a-a… (Soqqa aylana chiziqdan chiqmay turib qoladi. Ko‘lanka bor kuchi bilan urgani uchun, soqqaga tegmay, qo‘llari qonab ketadi. U barmoqlaridagi qonni yalab, tutaqib, jahl otiga minadi.) Qonimni o‘zimga yalatdingmi? Sening ham qoningni yalaydigan kun keldi… (Ko‘lanka o‘rnidan shart turib, Qurbonjon dodxoh o‘tirgan so‘ri tarafdagi qorong‘ilikka singib ketadi.)

Ha, ha-a-a!

Sahnaning uch burchagida o‘tirgan kampir kosada turgan isiriqni tutatib, alqov ayta boshlaydi. Isiriq tutuni yuqoriga o‘rlaydi.

Birinchi kampir:
– Jonli bilan jonsizga
Orli bilan orsizga,
Issiq bilan sovuqqa,
Uzoqdagi muzlarga,
Hayvon bilan odamga,
Ola tusli zamonga,
O‘lim bilan hayotga,
Chinlik bilan yolg‘onga…

Birinchi kampir bu aytimni aytib o‘rtaga chiqmoqchi bo‘ladi. Biroq, oq chiziqqa borib, undan u yog‘iga o‘ta olmaydi. Chiziqdan naryog‘iga o‘ta olmay qiynalganlarini harakatlarida ko‘rsatib beradi. Bu yoqdagi ikki kampir birinchi kampirning alqoviga qo‘shilib, “Lo iloha illalloh”, deb turadi.

Ikkinchi kampir: (U ham o‘tov o‘rtasiga bormoqchi bo‘ladi. Oq chiziqqa borib, naryog‘iga o‘ta olmaydi.)

Qumlar bilan suvlarga,
Yaxshi bilan yomonga.
Sukut bilan shovqinga,
Halol bilan haromga,
Zulmat bilan yoruqqa,
Unutilmas tarixga,
Ona bo‘lar ulug‘ yer,
Ega bo‘lar suluv yer…

Berigi ikki kampir “Lo iloha illalloh!”, deb qaytarib turadi. Sahna isiriq tutuniga to‘lib ketadi. Boshiga oq salla kiygan jasur Qurbonjon dodxoh o‘rnidan turib, uchiga qo‘y va ot boshi ilingan tayoqdan o‘tib, sahnaning o‘rtasiga keladi. Sokinlik bilan Qur’on tilovat qilib, namoz o‘qiy boshlaydi. Nihoyat sajda qilish uchun yuzini yerga qo‘yganda, boshiga bir narsa urilganini sezadi. U bosh oshiq (soqqa) edi. Qurbonjon dodxoh fotiha o‘qib bo‘lib, qo‘liga soqqani oladi.

Qurbonjon:(Soqqani aylantirib qarab, og‘ir xo‘rsinadi.) Bu kimning soqqasi?.. Katta soqqa ekan… Bu boyagi qora qo‘chqorning soqqasi. Buni Qamchibekning soqqasi deyishadi…

Soqqani olib, o‘ziga yaqinlashatiradi-da, asta shivirlab, yerga tashlaydi. Soqqa yerga “po‘kka” tushadi. Qo‘rbonjon dodxohning yuzida o‘zgarish paydo bo‘ladi. Yana oshiqni yerga tashlaydi. Oshiq yana “po‘kka” tushadi. Qandaydir falokatni sezganday, ikki tomonga sersolib qaraydi. Hech qanday tovush eshitilmaydi. Olisolislardan qashqir ovozi keladi. Daqiqa sayin Qurbonjon dodxohni qo‘rquv chulg‘ab olayotgandek tuyuladi. Qashqirning ovozi tobora yaqinroqdan eshitila boshlaydi. Qurbonjon dodxoh tanasini vahima cho‘lg‘ab olayotgan bo‘lsa-da, g‘ayrati kelib, o‘ktam ovozda yuzlanadi:

– Ovozing o‘chgur Ko‘k Serek, yana keldingmi?! Ket, ket bu yerdan! Ket, deb aytayapman! Ket, o‘tovga yaqin yo‘lama! Ket!.. (Qurbonjon dodxoh bo‘ri ovozi kelayotgan tomonga quloq solib, jimib qoladi.) Kuning bitgur Ko‘k Serek, mana bu oshiq chiqqan katta Ko‘k qo‘chqorni ham qancha joyga sudrab borganing esimda. Ortingdan quvib borgandim… Qamchibek o‘g‘lonim, “Enajon, bu ham Ko‘k Serekka yem bo‘lmasdan oldin qozonga bosing. Bu dunyoda ikki yirtqich bor… Biri odam, biri qashqir”, deya hazillashgandi.
Keyin, yo‘lingni bergur tuyg‘unim, “Qashqirdan odamning farqi – biz hamisha bir-birimizni g‘ajishga tayyormiz”, degan… (Qurbonjon chuqur xo‘rsinib oladi.) O, jondan aziz sirtlonim, endi omon bo‘l… Sendan boshqa tayanishga tirgagim, sir aytishga sirdoshim qolmadi… Aytmoqchi, kecha kechasi tushimga Ko‘k Serek kiribdi… Ajalning o‘qiga uchragur Ko‘k qashqir, beshikda yotgan chaqaloqni olib qochibdi…
Barimiz ortidan izma-iz quvib ketdik… Uyg‘onsam, xayriyat, tushim ekan… Qara, endi esa Ko‘k Serek qulog‘imning tubiga kelib uliyotganday… (Qurbonjon yana jimib qoladi.) Tushimni qanday jo‘rashni ham bilmay qoldim.

Birinchi kampir: – Tush jo‘rovchi jo‘rasa, yaxshilikdan nishona,
Yo‘ling ochilib, ko‘p quvonch olib kelgusi senga.
Qurbonjon: – Yaxshilik butun elimizga bo‘lsin…
Ikkinchi kampir: – Ko‘rgan tushing, xosiyatsiz demagin sen,
Irimi bor, tushni yaxshilikka jo‘ragin.
Qurbonjon: – Boshim juda qotib qoldi…
Uchinchi kampir: – Tushni yaxshiga jo‘rang degan, Xudoyim. Bandalarin hech noumid qo‘ymagan…

Qurbonjon pichirlab kalima qaytarib turadi-da, bulutlar orasidan mo‘ralagan oy tomonga tikiladi. Oyga qarab, o‘ziga o‘zi gapirgandek bo‘ladi.

Qurbonjon: Oy yorug‘lik, charaqlab turganin qarang… O, Yaratgan Egam, bandangga yaxshiliklarni ravo ko‘r…

Qurbonjon dodxoh sahnaning oldi tomoniga kelib, sharillab oqib yotgan Oqburaning sohiliga kelganday, suvning oqishiga quloq tutadi. Suv sharillab oqib yotadi. Qurbonjon suvga yuzini chayib, bilaklarini yuvib, o‘zicha rohatlangandek bo‘ladi. Qayoqdandir qulog‘iga turnalarning “qur-qur” degan ovozi keladi. Go‘yo turna kelib qo‘liga qo‘ngandek harakatlar qiladi. Sahna yonida turgan uch kampir turnaga qo‘shilib, mayin ovozda aytim ayta boshlaydi.

Qurbonjon: – (Xayolga tolgan. Qo‘liga qo‘ngan qushni avaylab silaydi.)

Ko‘mko‘k
Turnalar
Ko‘kka
Ko‘milgan.
Ko‘rdingmi
Ko‘k kiyib,
Ko‘ringan
Ko‘k tusli
Qo‘lni o‘p
Ko‘proq…

Birinchi kampir:
Ko‘m ko‘k
Kapalak
Ko‘k bo‘lib,
Ko‘rgin deb
Ko‘rsatar
Ko‘ngilni
Ko‘tarib
Ko‘tarib
Ko‘ngilni
Ko‘k-qizil
Ko‘ylagin
Ko‘p qizga ko‘rsatar…

Ikkinchi kampir:
Oppoq
Oq qarag‘ay
Oqqan oy
Olsam deyman
Oq ko‘ngildan
Oldirmay oshga tosh
Oshga tosh
Oq ko‘ngildan
Otaning armoni
Oz emas armoni
Oz emas
Olamda har ishning…

Uchinchi kampir:
– Bek tovi,
Baland tov,
Ber yog‘i,
Billur zov,
Billurdan
Bu yog‘i,
Bekor-ku
Belgisiz
Bir bebosh
Bek siyoq,
Bek zovga
“Billur”deb
Bekorga
Bu nomni
Bermagan…

Qurbonjon dodxoh va kampirlar kulishadi. Qurbonjon dodxoh qo‘liga qo‘ngan turnalarni ko‘kka uchiradi. Ortidan entikib qarab qoladi.

Qurbonjon: – O, Yaratgan Egam, bandangni noumid qilma… U olis safarlarda yurgan polaponlarimdan… Qamchibegimdan yaxshi xabarlarni yetkazgin… Ko‘k turnalar… (Qurbonjon ko‘k turnalar uchgan tomonga qarab qoladi.)
Qurbonjon: – Ko‘kning ko‘rinishi boshqacha… Qaragin… Ne bo‘lsa ham Yaratgan Egam, bandalaringga yaxshiligingni ravo ko‘r… Osmondagi bulutlarga tikilib razm solsang… Elimizni bir narsadan ogohlantirayotganday…

Qurbonjon so‘ri tomonga qaraydi…
Uch kampir tayoqni qo‘liga olib, xuddi jun savayotganday harakatlar qiladi. Jun savayotgan kampirlarning xivchini tovushi tobora balandroq eshitila boshlaydi. Qurbonjon xuddi bir qo‘rqinchni sezganday ortiga “yalt” etib buriladi. Jun savayotgan kampirlarning tayog‘i junni emas, quruq yerni savayotganday taassurot uyg‘otadi.

Birinchi kampir:
Amal qilar bu dunyo,
Jamol ko‘rar u dunyo.
Kofirning joyi bu dunyo,
Oxiratin bermasa,
Azobning joyi u dunyo.
O‘g‘rining joyi bu dunyo,
To‘g‘rining joyi u dunyo,
Yomonninng joyi bu dunyo,
Yaxshining joyi u dunyo.

Ikkinchi kampir:
Zolimning joyi bu dunyo,
Olimning joyi u dunyo.
Kamtarning joyi u dunyo,
Betavfiqning joyi bu dunyo.
Sinov joyi bu dunyo,
Savob bilan xayirni
Bermoqning joyi bu dunyo.
Yaxshilik ajrin har banda
Qo‘rmoqning joyi u dunyo.

Uchinchi kampir:
Quvligi ko‘p quvlarning,
Quvlik joyi bu dunyo,
Do‘zax joyi u dunyo,
Oxiratda mo‘minlar,
Tag‘in azob ko‘rmasin,
Qazosi yetib o‘lganlar,
Qaytib azob ko‘rmasin.
Besh kunlik bu dunyoda,
Qazosi yetib bir kuni,
Yana azob ko‘rmasin.

Qurbonjon so‘riga borib o‘tiradi. Jun savayotgan kampirlar tayog‘ining ovozi balandroq eshitila boshlaydi. Qurbonjonning chap tarafida Ko‘lanka paydo bo‘ladi. U sahna o‘rtasiga turnaning o‘ligini irg‘itadi. Jun savayotgan kampirlar tayog‘ining sasi taqqa tinadi. Ko‘lanka sahnaga irg‘ishlab keladi. U birinchi kampir oldiga boradi. Qattiq cho‘chitib yuborish uchun hushtagini chala boshlaydi. Ko‘lanka ikkinchi, uchinchi kampirning oldiga boradi. Xuddi jin urganday talvasaga tushib, irg‘ishlay boshlaydi.

Ko‘lanka:
Sara boylar, sap boylar,
Qutlug‘ bo‘lsin shu uylar.
Qurit qilsin yangalar,
Quruq qolsin mechkaylar.
Botirlari ko‘p bo‘lsin,
Xotinlari ko‘p tug‘sin.
Haydab olsin dehqonlar,
Otib olsin merganlar,
Tanlab olsin karvonlar.
Tug‘ib olsin xotinlar.

(Ko‘lanka otning bosh suyagi ilingan tayoqni olib, o‘lgan otning bosh suyagini ot qilib minib olganday qilib irg‘ishlaydi. Talvasasi borgan sari kuchayadi).

Daladagi qo‘ng‘iroq,
Qal’adagi qo‘ng‘iroq,
Saltanatli qo‘ng‘iroq,
Sulton otli qo‘ng‘iroq
Qo‘ng‘iroq qo‘shig‘imiz.
Bugun kelar uyqumiz,
Sabil bo‘lsin uyqumiz.
Adir-adir yerlardan,
Ayg‘ir minib biz keldik.
Ayg‘irni to‘xtatolmay,
Ushbu uyga xush keldik…

Ko‘lanka ot qilib minib olgan uzun tayoqni “Ushbu uyga xush keldik” degandan so‘ng yerga sanchadi.

Ko‘lanka: – Ushbu uyga xush keldik!.. Ha, ha, ha… Teng tengi bilan, tezak qopi bilan… Tinchlik desa tishiga qadar qurollangan kofirga qayishganini qarang… Dodxoh urug‘i qalpoq kiygan qirg‘izni qirg‘in qilaverarmikan? Saroyiga o‘q tushib, omadiga cho‘g‘ tushib malikamning saltanati asta-sekin tugaydi… Qo‘tir ko‘ngli jomashov, qani endi meni xonning oq kigiziga solib, xon qilib ko‘tarishsa… Dodxoh urug‘ini ilonlarga tashlar edim… Ayri tilli ilonlar, vishillanglar. Vishillanglar!..

Kampirlar ilonday vishillaydi.

Bu dunyo shunday dunyo, dunyoga ega bo‘lish uchun kim nimalar qilmaydi deysiz? Ayamay, qo‘yday so‘yilgan kofirning suyagi tinch qo‘yarmidi?.. Qamchibekning qanjig‘ining sochini deb, jami qirg‘iz boshiga qora qirg‘in soladimi?.. Bir qanjiqning sochini deb… Ming odamning boshi ketsa… Qonsiragan ko‘nglim joyiga tushadimi? Yo‘q-q-q-q-q… ignani qopga solib bo‘lmaydi… Buning ortida Qamchibek.
Qamchibek turadi!.. Uning qitmir boshini kofirlarga sovg‘a qilsak qanday bo‘lar ekan? (Ko‘lanka qo‘liga qo‘yning boshini olib, ohista kuylay boshlaydi). O‘-o‘-o‘, qashqirlar, qani, qani, saroyga yaqinlashavering… Yaqinroq kelinglar, yaqinroq… Mana, mana… Qo‘ylarning boshi tayyor…
Bir chekkadan tortib g‘ajiyveringlar, og‘zingizdagi har bir tishdan qon oqsin… Qani, qani, qani, qashqirlar… Qo‘ylar tayyor g‘ajishga, tortqila! Tortqila! Bu urug‘ining kuni bitar mahallar keldi… Men senlarni urug‘ing yana ko‘karmasdan, toptab tashlayman… Hi, hi, hi… Xonlikning davri tugadi, elingning kuni bitib, boshi kundaga qo‘yiladigan payt keldi.

Ko‘lanka – Kulaman-da, malika… (Ko‘lanka yo‘l beradi. Qurbonjon dodxoh sahnaga qarab yurib keladi. Ko‘lanka Qurbonjon ortidan gap qiladi.) Sizlar bilan (tishlarini g‘ijirlatib) qilichimning tig‘i, nayzamning uchi ila gaplashaman…

Ko‘lanka ko‘rinmay, qorong‘ilikka singib ketadi. Ko‘lanka dovulni avvaliga sekin, keyin esa, jin urganday qattiqroq ura boshlaydi. Bu payt sahnaning qoq o‘rtasiga kelgan Qurbonjon qandaydir yomonlikni sezganday qattiq ingrab yuboradi.

Qurbonjon: – (Ko‘k turnaga ko‘zi tushib) – Qamchibekning qayerdaligini bilib kelar ko‘k qushim… (Qush o‘ligini olib) qaysi nomardning o‘qi senga sanchildi? Bu xavotirlar mening yuragimni adoyi tamom qildi…

Qorong‘ilikdan Ko‘lanka chiqib keladi-da, Qurbonjon dodxohga so‘z qotadi.

Ko‘lanka: – Malikam, ma’zur tutasiz.
Qurbonjon: – Uningni o‘chir! Sen ilon sovuq xabar aytasan, sezib turibman. Ayt, aytaringni!..
Ko‘lanka: – Faqirga boylik berma, xotinga biylik berma, deyishgan… Siz bilan gaplashish qiyin bo‘lib qoldi, malikam… Boshingiz tillodan bo‘lsa-da, baribir xotin kishisiz… “Oltin boshli xotindan… qurbaqa bo‘lsa ham er afzal”, deyishgan. Ko‘pdan buyon sizga barini ochiq aytib, dildan gaplashib olay, deb fursat izlab yuribman… Mana, endi kelibdi… Vaqti soati… Sabrim toshga aylanib, yorilib ketadi oxiri…
Qurbonjon: – Hadeb chaynalmasdan, dangal ayt!
Ko‘lanka: – Sabr qiling… sirkangiz suv ko‘tarmay qolibdi… Sizni tushunaman…Tushunaman, malikam… “Xotin”, degan gapimga g‘ashingiz kelganga o‘xshaydi… Oq salla boshingizda, shunday qora kunda elni yig‘ib, martabaga erishgan malikasiz… So‘zimning tuzi bo‘lmasa, parvo qilmaslik ixtiyoringiz… Biroq…
Qurbonjon: – Nima, biroq? Hali gaping tugamadimi?
Ko‘lanka: – O‘ladigan echkining ajali cho‘ponning tayog‘idan deyishgan… Ehtimol, meniki ham boldir, zahardir, tilimdandir… Biroq, bir chin gapni aytmasam, ko‘nglim xotirjam bo‘lmaydi…
Qurbonjon: – Xo‘sh… Ichingdagi ilon nima deydi? Odamlarga qiladigan yomonligining cheki bormi?.. Senga nima kerak o‘zi? Hiyla-nayranglaringni ko‘p ko‘rdik…
Ko‘lanka: – Rostini aytayinmi?.. Igna misol kichkina… Hech bir zarari yo‘q… O‘zingiz aytganday, gap kelganda ayab o‘tirgandan ne foyda? Eng avvalo, aytib qo‘yay, xonligingiz emas, xotinligingiz kulgimni qistatyapti… Xon qildik deb, necha erlarning boshi chumchuq kallasiday tanasidan judo qilindi… Xotin kishini Xudoyim masxara qilish uchun yaratganga o‘xshaydi… Rost, xalqingizni g‘ing ettirmay, itoatda ushlab turasiz… Bu sizning kuchliligingizdan emas, kaltafahmligingiz tufayli… El andisha qilib turadi… O‘sha andisha qilib turgan el ortida oq poshsho qo‘ygan Alimbekning, oq sutingni berib katta qilgan Abdullabek, Botirbek, Asanbek, Mamitbeklarning hayoti turibdi. Sizga bu xonlik shunchalik azizmi? Hiyla-nayranglaringni ko‘p ko‘rdik, deysiz. Hiylani men emas, siz o‘zingizga o‘zingiz qilayapsiz. Har bir odam o‘z taqdirini o‘zi yaratadi.
Qurbonjon: – Xo‘sh…
Ko‘lanka: – O, bu dunyoda hamma narsa abadiy bo‘lsa qani edi? Shuning uchun uni bevafo dunyo deyishadi. Qanchalik yopishmaylik, peshonasi sho‘r dunyo bu… Suyanib turadigan ustuni, ushlab qoladigan etagi yo‘q. Etagi yo‘q bu dunyoda hech narsa abadiy emas… Sezib turibman… Sezib… Boshingiz ko‘kda bo‘lsa-da, oyog‘ingiz yerda turibdi… Qurbonjon dodxoh… Qurbonjon dodxoh… Ayol boshi bilan yurt so‘ragan! Alimbekka tegib olib, xon saroyining malikasiga aylandingiz… Ovulning tayinsiz qizidan xon o‘rdasiga kelgach, o‘rdadan nomus ham, qut-baraka ham ketdi… Muhtaram Alimbek “O‘rdada aql beradigan ayolim bo‘ladi”, deb sizni nikohiga olgan kuni yanglishgan. Xonlikka xotin aralashgani, xonlikka shayton aralashdi degani… Xotinning o‘rni saroyda emas, o‘choq boshida… Xotinga ergashgan xondan xalqqa xayr bo‘lmaydi… Xotinni ulug‘lagan xon o‘ngmaydi… O‘-o‘, muhtaram Alimbek… Buni bilganda qani edi? Qani edi? Qo‘qonlik Alimqul otaliq degan yarim tunda Cho‘ton deganini xabarga jo‘natganda… Alimbekning boshiga qora kunlar kelganda ham, siz malikalikdan voz kechmadingiz… O‘shanda ham faqat o‘zingizni o‘yladingiz. Kofirlar bilan urushib, malham o‘rniga zahar ichib olib, o‘g‘lingiz Abdullabek oq kafanga o‘ralsada, bo‘yin egmadingiz… Bunda ham sir boy bermadingiz… Tavba qilar degan sayin o‘zingizdan ketdingiz, malikam. Sizni kundan kunga quturtirgan, kundan kunga bunday “g‘ayratingiz”ni oshirgan narsaning siri nimada?
Shuni bilasizmi, malikam? U sizning xonlikka erishish istagingiz… Botirbek, Asanbek, Mamitbeklarning oq-qoraning farqiga bormay, surgunga haydalganiga ham shu sabab… Siz saroyga kelib, o‘zingizni xonday tuta boshladingiz, malikam!
Siz xonlikka ko‘ngil qo‘yib, quv bosh bo‘lib oldingiz. Odamzotning ko‘zi moldunyoga to‘ymaydi, uni to‘ydiradigan birgina tuproq!
Qurbonjon: – Yetar!
Ko‘lanka: – Yetar… Ha-a-a, yetar!.. Yetar endi… Hamma narsa o‘z vaqti-soati bilan, malikam… Bugun sizning yig‘laydigan kuningiz… Bugun sizning sinadigan kuningiz… Yetar! (Ko‘lanka sahnadagi arqonni jin urganday tortadi. Arqon Qurbonjonning ikki oyog‘i orasiga tushib qoladi). Yetar! (Pauza) Mana bu ikki o‘ram soch kimniki, bilasizmi?..
Qurbonjon: – Bilmadim. (Qurbonjon qattiq cho‘chib ketadi. Qo‘lidagi xaltaga solingan soqqalar to‘kilib ketadi) Bu soch Qamchibegimning suyukli yori Asaljonning sochi-ku… Sochpopugidan tanib turibman…
Ko‘lanka: – Tanib turibsizmi?!. O‘sha sizning Asaljoningizning ikki o‘rim sochi deb olti kofirning boshi ketdi. Oltovining murdasini Oqpolvon ko‘zga ko‘rinmaydigan, quloq eshitmaydigan joyga yashirgani bilan kofirlar topib oldi… O‘g‘lingiz Oqpolvonning qo‘llari qonga bo‘yalgan…
Qurbonjon: – Yo piray, bu sovuq xabarni aytishga qanday tiling boryapti? Og‘zing qonga to‘lgur… Odam qiyofasidagi och yirtqich…
Ko‘lanka: – O‘z o‘g‘lingiz aybini menga yuklamang, malikam…. (Qurbonjon qamchisini qo‘liga oladi). Shuning uchun katta ketib, elni qirg‘in qilmasin… Undan ko‘ra ayol boshingiz bilan manavi qamchini bo‘yningizga solib, oq salla boshingizda, sallali boshni yerga egib, kechirim so‘rab, oqposhshoga yolvoring… Biror joyingiz kamayib qolmaydi…
Qurbonjon: – Sen shu gapni aytgani keldingmi? Tiling kesilgur… (Qurbonjon qamchi bilan qattiq uradi.)
Ko‘lanka: – (Qurbonjon qamchi bilan qattiq urgan joyni, siypalab, zil ketganini bildirmay…) Men oldingizga o‘g‘lingizning hayotini saqlab qolay deb kelgandim… U holda, malikam… Kerak joyga borib aytay… “Oloy malikasi” onalikni emas, malikalikni ma’qul ko‘rdi deb…
Qurbonjon: – To‘xtab turgin… Biroz shoshma…. Jonimdan bo‘lgan bolamning o‘limiga qanday rozi bo‘lay?
Ko‘lanka: – O‘-o‘-o‘-o‘! Balli! Malikam… Bu boshqa gap!.. Taqdir aytganigako‘nar ekansiz-ku… Mana tarozi siz tomon og‘a boshladi… Shuning o‘zi bir omad… Tarozining bor tomonida elingiz, bir tomonida o‘g‘lingiz… Haqiqiy ona ekaningiz endi bilindi… Onaga o‘g‘ildan aziz nima bor… “El! El! El!” deysiz… El oqar suvga o‘xshaydi… Birda ko‘payadi, birda ozayadi… Nima, ozaymagan el bormi? G‘orat bo‘lmagan yurt bormi? Qirilmagan el bormi? Elidan ayrilmagan yer bormi? Qirilgan el qayta tiklanadi, ozaygan el yana ko‘payadi, tarqalgan el yana birlashadi! …Undan ko‘ra o‘g‘lingizning, farzandingizning hayotini saqlab qoling… O‘g‘lim desangiz, elingizni unuting… Mana, qilich… Oloy, O‘sh, Andijonda xalq oyoqqa qalqqan… Qilichni qinga soling…
Qurbonjon: – Biroz shoshilma, sabr qil… Shoshiltirma… O‘-o‘-o‘, taqdirning qora sinovlari… Bir tomonda Qamchibegimni qo‘yib, bir tomonga elimni qo‘yaymi? (Ko‘lanka bergan qilichni qo‘liga olib) O‘g‘limdan qanday voz kechay… Qamchibegim, yolg‘izim… Jonimdan ortiq qo‘rganim… Yuragim qayg‘uga to‘lib ketdi… Seni deb qilichni qindan sug‘ursam bo‘lar… Seni deb Oqburaday ko‘zyoshimni oqizgim kelar… Qanchadan-qancha bolalar yig‘isi yolg‘iz bolam boshiga arzirmikan? Taqdiri azal Xudodan, sening hayoting qindan sug‘urilgan qilich emas, qarog‘im. Qilich ila o‘sha boshni alam bilan shartta kesib tashlash mumkin. Biroq, keyin gunohlarimizni Oqburaday oqqan qon bilan, ko‘zdan oqqan yosh bilan yuva olarmikanmiz? Butun boshli elni birgina o‘g‘limning boshiga almashib, gunohi azimga botishni istamayman. Dushmanning nomard o‘yinin qara, jonimdan bo‘lgan bolamni oraga qo‘yganini… O‘g‘limni desam, butun boshli elim qirilib ketadi…
Elim desam, Qamchibegim dorga osiladi… Bolamning yolg‘iz boshi deb, elimdan voz kecha olmayman. Onaning qalbi bir parcha et bo‘lsa-da, o‘n sakkiz ming olamni yondiradigan olovdir. Kuygan yurak yana kuyaveradi… Qarog‘im, sen mening yolg‘iz qolgan fazandimsan… Qirg‘iz elim yolg‘iz emas… eling bor ekan, sen o‘lmaysan, eling bor ekan noming o‘chmaydi. Buni eng avvalo sen tushun, o‘g‘lim. Qindan chiqqan qilich osonlikcha qaytib qinga kirmaydi…(Qurbonjon azob bila qilichni qinga soladi).
Ko‘lanka: – O‘-o‘-o‘-o‘, Qurbonjon! Sen o‘zi kimsan? O‘-o‘-o‘, Qurbonjon! Sen o‘zi onamisan yoki o‘gaymisan? Senga kiming kuchi yetadi? Sen kimsan o‘zi? Bu dunyoning bor azobi o‘z boshiga ortib olgan qora yermisan? Bu dunyoning oqiga ham qorasiga ham bir xil ko‘z bilan qaragan kunmisan? Armon bilan ko‘zi yoshga to‘la ulug‘ ko‘k osmonmisan?
O, taqdir, nechovlarning belini sindirgan, nechovning boshini yeb, hayotini ostin-ustun qilib tashlagan, bevafo, rahm-shafqatsiz taqdir, bu quv xotinning ham g‘ayratini oxiri sindirdingmi?
O, bevafo taqdir! Sen o‘zi kim uchun yaralgansan? Odam sen uchunmi yoki sen odam uchun? Bu dunyoga men hokim bo‘lishim kerak! (Ko‘lanka bor kuchi bilan qilichini sermab ilinib urgan ipni kesib tashlaydi.)
Qurbonjon: – Qamchibegim!.. (Qurbonjon qo‘liga qo‘bizini olib, qandaydir mung va azob bilan chala boshlaydi.Chalayotgan qo‘biz ovozi borgan sari kuchayib boradi. Olislardan Qamchibekning oq kafanga o‘ralgan mayiti ko‘rinadi. Mayit borgan sari Qurbonjonga yaqinlasha boshlaydi. Qurbonjon chalayotgan qo‘bizning mungli nolasi Qamchibekni tiriltirib yuborganday taassurot uyg‘otadi. Qurbonjon “Beshik qo‘shig‘i”ni ijro qilayotib Qamchibekni bag‘riga bosayin deydi, biroq endi Qamchibekni quchoqlamoqchi bo‘lganda u olislab ketaveradi.)

Birinchi kampir:
– Bu omonat dunyoda
Kimdir yurar zo‘r bo‘lib.
Kimdir yurar ko‘r bo‘lib,
Etaklatib, hassa olib.

Ikkinchi kampir:
– Kimdir yurar ko‘r bo‘lib,
Birov birovga es bo‘lib.
Birov mahov, pes bo‘lib,
Xudoyim o‘zi saqlasin.

Uchinchi kampir:
– Quruq tuhmat yopishib,
Tuhmat qurboni bo‘lmasin.
Hammasidan yomoni,
Farzand dog‘i ko‘rmasin.

Qurbonjon:
– Qamchibegim!.. (Qo‘shiq jaranglaydi).
Yarqirab yana yoz keldi,
Yoz emas, qora qish keldi.
Oydin ketib Qamchibek
Zulmat to‘la tun keldi.
O‘shda ko‘kda yurgandim,
Osmonlarda uchardim.
Biroq qayg‘uga botib,
Men ho‘ngrab yig‘ladim.
Yam-yashil o‘tloq, yer qani?
Ko‘rinar bugun yer qora.
Qora yerda so‘ppayib,
Qolib ketdim qorayib.
O‘g‘lim yonida turib,
Naylay, otashga soldim,
Qurbim yetmay asrashga,
Jahannam o‘tida yondim.
Baxtimni tugib sochishdi,
Toleim qumga qotishdi.
Yolg‘iz qolgan o‘g‘limni,
Ikki bor dorga osishdi…
Dodxohlik qilay, qanday,
Chorasiz, baland tog‘da?
O‘g‘lim qutqara olmay,
Dorga osilar chog‘da?
Tug‘ishgan dushman chiqdi,
Ravo ko‘rib qasdlikni.
G‘o‘ddaygan qora soqollar,
Dushmandek qildi pastlikni.
Qayg‘uda qolib bu boshim,
O‘tdi umrim, oqib ko‘z yoshim.
Quvradim yonib, o‘rtanib,
Xudoga yetsin nolishim.
Men xon bo‘ldim, tojsiz, taxtsiz…
Men jon bo‘ldim, baxtli baxtsiz…

Qurbonjon har qo‘shiq kuylagan sari zulmat sari borayotgandek tuyuladi.

Bu dunyoda yaxshi bo‘lmas yomonsiz,
Bu dunyoda yomon bo‘lmas yaxshisiz.
Hali yorug‘ kunlar kelishi aniq,
Har bandaning bordir azal o‘z yo‘li,
O‘z taqdiri, o‘z orzusi, qayg‘usi,
Yosh bo‘lami yoki keksa farqi yo‘q,
Tiriklikda ko‘zi to‘ymas, cheki yo‘q.
Ko‘kka qo‘lim yetsa-da, men o‘ksidim,
Shukr qildim, dunyosiga ters turdim.
Armon bilan o‘tkardim men o‘z umrim.
Bu dunyodan borar rizqim uzilib,
Taqdir kitobim ham endi yopilib.
Ilhaq qilmay, men borarman qoshiga,
Nargi dunyo eshigi ham ochilib.
Alimbetim, bolalarim, xayr-xo‘sh,
Menga hamdard jigarlarim, hay-xo‘sh.
Baringizdan men so‘rayman kechirim…
Alimbegim… Abdullabegim… Botirbegim… Mirzafayozim…
Mamitbegim… O‘g‘illarim… Qamchibegim…

Qurbonjon dodxoh qo‘shig‘ini yakunlab u ham Ko‘lanka kabi qora kiyimlarini kiya boshlaydi. Qora kiyingan Qubonjon sahna o‘rtasiga keladi.
Qurbonjon: – Bandasining borar joyi aniq… Men bugun olis safarga otlandim… Bu dunyoda ko‘rmaganim qolmadi… Endi oxirat safariga tayyorman. U dunyoda diydoriga zor bo‘lgan Alimbegimni, eli uchun boshini o‘limga tikkan Qamchibegimni sog‘indim…
Shuni unutma, Qamchibegim, har bir uyda bola kulgisi yangrayveradi, beshik boshida allalar aytilaveradi. Bizning ruhimiz o‘sha kulgida, o‘sha allalarda yashayveradi. Rizqi-nasibam uzilib, borar yerim ham ko‘rinib qoldi…
O‘h, ko‘krak ostidagi mushtday yurak qurg‘ur turnalardek uyasiga uchib ketmasdan nega kuymalanadi ekan?.. Hayotning qadrini faqat o‘lim onidagina anglaysan, o‘lim bahosi hayot bilan o‘lchanadi. Bu yolg‘onchi dunyodan chin dunyoga, oxiratga borganingda bilinadi kimliging… Xayr-xo‘sh elim, jannatday bir yurt qoldi, orin bermagan ulug‘ el qoldi.
Almatbegimning “Men ketsam, yurtga bosh bo‘lasan, jondan aziz elimni tarqatib yubormaysan, boshidan bir tola tukini to‘ktirmasdan asraysan”, degan o‘gitiga amal qildim.
Birov keladi, birov ketadi. Bu dunyoning mazmuni, uning yolg‘oni, chini aralash ekanligida… Ko‘z oldim qorong‘ilashib, tanam muzlab borayapti. Tanglayim qurib, vaqti-soatim tobora yaqinlashib qoldi… Alimbek… Abdullabek… Botirbek… Mamitbek… Asanbek… Mirzafayoz… Qamchibek…

Bu dunyo o‘tkinchi,
Bir kun o‘tib ketadir.
Vafosi yo‘q dunyoning,
Tubiga kim yetgandir?..

Qurbonjon monologin aytayotganda uch kampir sahna ichidan barcha oqliklarni uning oldiga to‘shaydi. Borgan sari oq g‘oyib bo‘lib, kichkina bir tepalik paydo bo‘ladi. Uch kampir ustidan qora libosni yechib, Qurbonjon dodxohning ustiga tashlaydi. Oqlik to‘shalgan joy Qurbonjon dodxoh yotgan yerga o‘xshab qoladi. Kampirlar dovullarini mayinlik bilan chala boshlaydi. Birinchi kampir qo‘ynida oq tumorli arqonni chiqaradi. Ular yurak ko‘rinishidagi uchburchak tumorday bo‘lib, juda ham olislarga, uzoq safarga otlanishadi. Dovulning mayin sadosi eshitilib turadi.

Birinchi kampir:
– Ketaringda dunyo,
To‘lib turgan oydaydir.
Kelaringda dunyo,
Yorug‘i yo‘q joydaydir…

TAMOM

Qirg‘iz tilidan Jabbor Eshonqul tarjimasi

«Sharq yulduzi» jurnali, 2024-yil 5-son