Noyabrning oxiriga borib birdan havoning avzoyi buzildi va qattiq sovuq turdi. Mitru ulkan buldozerning ustida serrayib turardi. Uning shalpang quloqlari, sovuqdan qip-qizarib ketgan aft-basharasi lavlagini eslatardi. Chiyillab shamol esardi. Mitruning labi azbaroyi yalayverganidan, ko‘p joyidan yorilib ketgandi, ko‘zlari esa quruqshaganidan allanechuk g‘alati chaqnardi. Yo‘l ishlarining tugashiga hali o‘n kun bor edi. Qo‘qqisdan bostirib kelgan bu sovuqni hammalari bir bo‘lib so‘ka ketdi.
Ataylab ular uchun ochilgan ixchamgina yemakxonada aft-angori shamoldan qovjiragan, ko‘pni ko‘rgan soqolli odamlaru hayotda hali murtiga ustara tegmagan bo‘z bolalar to‘planib turardi. Mayxo‘rlikdan badaniga yengilgina issiq yugurgandan so‘ng ularning barchasi uxlagani ketdi. Yog‘och uy unchalik issiq emasdi va isinish uchun ular bir-birlarining pinjlariga kirib uxlashlariga to‘g‘ri kelardi. Mitru turnu-severinlik Pompilike degan yigit bilan yonma-yon yotardi. Undan kelayotgan sarimsoqpiyozning hidiga toqat qilib bo‘lmasdi. O‘lasanmi, qolasanmi, uning ishi yo‘q, Pompilike sarimsoqpiyozdan voz kechishni sira istamasdi. “Bilasanmi, otaxon, busiz men shamollab qolishim mumkin – bu men uchun chanqoqni qondirgandek gap!” Mitru va Pompilike tengqur bo‘lib, ikkovlarining ham yoshi o‘n sakkizda edi.
Emakxonadan keyin yo‘lning narigi tomonida salobatli bino qad ko‘tarib turardi – bu imorat ular kelmasidan burun ham bor edi. U yerga atrofdagi qishloq kooperativchilarining devonxonalari joylashtirilgandi. Bir kuni baraklarga navbatchi bo‘lib qolgan Mitru ko‘mir olgani o‘sha yerga bordi: pechkani yoqay desa yonida gugurt yo‘q edi. U kirib borgan devonxonada bor-yo‘g‘i ikki nafar ayol o‘tirardi. Ulardan mallasoch, havorang mayin sviter kiygan biri o‘zini tutib olgan ayol edi. O‘sha Mitruning ko‘ziga katta va mehribon bo‘lib ko‘rinib ketdi. “Bu, anavi qoqsuyak Pompilikega o‘xshagan emas, bunaqasi bilan sovuqqotmasliging turgan gap”, – mutlaqo beg‘araz xayoldan o‘tkazdi Mitru. So‘ng xatosini anglab yetgach, qip-qizarib ketdi. Boshqasi esa dumaloq, bozillagan pechka oldida oyog‘ini isitib o‘tirardi. Qizning oyoqlariga ham dastavval Mitruning nigohi tushgandi va shu zahoti Pompilikening qadoq bosgan qo‘l va oyoqlarini esladi. Qiz hali ancha yosh bo‘lib, taxminan u bilan tengdosh edi, va u to‘satdan, kutilmaganda shunchaki so‘radi:
– Yalang oyoqda yurish sovuq bo‘lsa kerak?
– Yalangoyoq emasman, paypog‘im bor. Faqat u juda yupqa.
– Bunday yupqa paypoq sal-pal bo‘lsa ham sovuqdan saqlaydimi?
– Saqlaydi.
– Bu yerda, issiqda, isitishi shubhasiz, – dedi u nimagadir ma’yus tortib.
Shundan so‘ng Mitru bekor qolgan paytlari bu yerga kelishni odat qildi – churq etmay pechkaning oldida o‘tirib olardi-da, isinardi. Qiz mashinkada chiq-chiqlatib yozar va bir zayldagi ovozdan uni allaqanday g‘alati vazminlik chulg‘ab olardi: qiz go‘yo unga allanechuk sirli yoqimli so‘zlarni pichirlayotgandek bo‘ladi. Pechkaning chirsillashi unga o‘zgacha zavq bag‘ishlardi va u o‘zini uyida o‘tirgandek his etardi. Qiz va anavi o‘rta yoshdagisi unga o‘rganib, hattoki tushlik paytida uni kutib turadigan bo‘lib qolgandi. Bu yerda, olov yonida uning shamoldan qovjiragan, sovqotgan yuzi yumshab, yana bolalarga xos ma’sum ko‘rinish kasb etgandi. U polda indamay o‘tirar va savollarga qisqa-qisqa javob berardi – gapirishni istamayotgani uning yuz-ko‘zidan bilinib turardi. Mitru isinib, biroz o‘ziga kelgach, boshini ko‘tardi-da, qiz mashinkada qanday yozayotganiga razm soldi.
– Bu hunarni o‘rganish qiyin bo‘lgandir, a?
– Istasang, senga ham o‘rgataman.
– Boshqa qiladigan ishim yo‘qmi? Ha, mana buni yashash desa bo‘ladi! Pechka yonida o‘tirib olib – chiqillatsang bo‘ldi, pul o‘zi oqib kelaverar ekan-da. Yuzlaring nega bunday ekanini endi bildim.
– Qanday ekan yuzim?
– Misoli gul, – dedi-yu, aytgan so‘zidan Mitru o‘zi xijolat tortdi.
Qiz qip-qizarib ketdi va g‘azab bilan indamay mashinkasini chiqillatishda davom etdi. Yigit hatto qizning ismini ham bilmasdi, shunday bo‘lsa-da, u haqda o‘ylardi. Biroq u har kuni kunduzi soat birda devonxona eshigini kim uchun taqillatayotganini ham tushunmasdi – qizni debmi, yo uni vaqtichog‘ xur-xuri bilan mushukdek qarshi olayotgan dumaloq pechkani debmi. Nima bo‘lganda ham u tushki dam olish soatini sabrsizlik bilan kutardi.
Biroq bir safar, odatdagidek, tushlik vaqtida eshikni taqillatib, devonxonaga kirganida, qiz odatdagi joyi – pechkaning oldida ko‘rinmadi. Yigit hech nima so‘ramadi va o‘z joyiga borib o‘tirdi-da, isina boshladi. Yangi kelgan qiz ochiq chehra bilan unga jilmayib qo‘ydi. U ham hali yoshgina edi. Endi bu yerga kelish Mitruga nimagadir erish tuyulayotgandi.
– Anavinga nimadir bo‘ldimi? – so‘radi u oqshom payti Pompilikedan.
– Qaysi u, anavi?
– Anavi-da, pechka oldida o‘tirgani bor edi-ku, – zarda bilan dedi Mitru, qiz to‘g‘risida Pompilikega hech qachon gapirib bermaganini mutlaqo unutib.
– Qaysi pechka yonidagi? – hayron bo‘ldi Pompilike.
– Anavi-chi, mashinkada yozadigan? – takrorladi Mitru.
– E, anavimi! – mug‘ombirlik bilan dedi Pompilike.
– Oyog‘ini pechkada isitadigan-chi?
– Ha, bilaman, bilaman, – Pompilike o‘zini barini tushungandek qilib ko‘rsatdi.
– Bilasanmi, men har kuni u yerga borardim, – birdan dilini yoza ketdi Mitru. – Avvaliga men pechka uchun boryapman, deb o‘ylagandim. U yerdagi pechkadan ajoyib xurillagan ovoz chiqadi-da. Bilasanmi, kun bo‘yi sovuqda ishlayverganingdan keyin biroz issiqda turging ham kelib qolar ekan. Shu bois men u yerga pechka uchun boryapman, qiz esa shunchaki bahona bo‘lsa kerak deb o‘ylagandim. Uni pechkaning yoniga sovqotmasin deb o‘tqazib qo‘yishgandi. So‘ng qiz g‘oyib bo‘ldi, shunda men bahona qiz emas, pechka ekanini angladim. Jin ursin, nazarimda men u bilan bir xonada pechkasiz o‘tirishga ham tayyorman, shekilli! Qani, ayt-chi, Pompilike, endi men qanday yo‘l tutishim kerak? Bir kechada men isinib ham olarman, biroq ko‘ngil uchun buning o‘zi ozlik qilar ekan.
– Unda uni o‘g‘irlash kerak, – bidirladi Pompilike.
– Nima, uni o‘g‘irlab, yotog‘imizga olib kelishim kerakmi? Bir yo‘la sening oyoqlaringni ham isitib qo‘yishi uchun? – hasrat qildi Mitru.
– Xavotir olma, ikkovingiz mensiz ham isinib olaverasizlar! – qah-qah urib kuldi Pompilike.
– Kulgili nima gap bo‘ldi? Nima, meni isinish uchun unga uylanadi deb o‘ylaysanmi? Uning yuzlari qandayligini bilasanmi o‘zi? Misoli baxmal, misoli ipak, gul, mana, qanaqa.
– Kel bo‘lmasa, Mitru, uni izlaymiz.
– Kel, izlaymiz, Pompilike, – dedi Mitru va bu fikr xayoliga avvalroq kelmaganiga hayron bo‘ldi.
U hatto qizning qayerga ketganini ham so‘ramabdi-ya. O‘zini g‘irt ovsarlardek tutibdi.
Ertasiga Mitru devonxonaga kirib keldi, biroq u odatdagi yeri – pechka yoniga kelib o‘tirmadi. Havorang sviterdagi qizga savollarni qalashtirib tashladi.
– U senga biron nima deyishni lozim topmadi. Adel fahm-farosatli qiz, seni bezovta qilishni istamadi. Ishing og‘ir, senga rahmi keldi, – tushuntirdi ayol.
– Menga rahm qilishning hojati yo‘q edi, – qovog‘ini uydi Mitru, – kimdir yo‘l yotqizishi kerak-ku. Usiz bo‘lar ekanmi? Mana, hozir ham agar yo‘l bo‘lmasa, men uni qanday izlab topishim mumkin?
Bu fikr uning o‘zini ham hayratda qoldirdi. Chindan ham, qiz qayerdadir, yo‘l poyoniga yetgan yerda bo‘lishi kerak, va, ehtimol, u bu yo‘lni ataylab uning uchun yotqizgandir. U yo‘lni qizning oyog‘i tagiga poyondoz qilib to‘shadi va kunlardan-bir kun qiz sandiqchasini oldiyu yo‘l qayerda poyoniga yetsa, o‘sha yerga ravona bo‘ldi. Ehtimol, yigit bu yo‘lni qizni izlab topish uchun atayin o‘ziga yotqizgandir…
– Quloq sol, Pompilike, men uni izlagani jo‘nayman, – dedi u uxlashga yotishganda do‘stini ogohlantirib. – Mana, ko‘zimni yumishim bilan uni qayerdadir yo‘l yoqasida ko‘ryapman. Eh, sen nimani ham tushunarding! U tik turibdi va qo‘lini ko‘tardi. Yuk mashinalari esa tarillagancha uning yonidan to‘xtamay o‘tib ketyapti.
– Mabodo, to‘xtasa-chi? – e’tiroz bildirdi Pompilike. – Bilmagan narsang yo‘g‘-a!
Ertasi kun havo ilib, qirovlar erib ketdi. Daraxtlar esa qorayib ko‘rinardi. Ular shu qadar fayzsiz ediki, qirg‘oq ortidan ufq sari yastanib yotgan tekislik kabi ko‘zga arang chalinardi. Biroq nima bo‘lganda ham ko‘klam kirib kelgani aniq edi. Haydovchi bilan yonma-yon o‘tirgan Mitru: “Qara-ya, ayozli kunlar ham ortda qoldi!” – deya xayolidan o‘tkazdi. Yo‘l mashina poyida shunday to‘shalib yotardiki, go‘yo uni to‘ppa-to‘g‘ri haligi qizning qoshiga olib boradigandek…
Rus tilidan Dildorxon tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 12-son