Vokzalda uch ayoldan boshqa hech kim ko‘rinmasdi. Ularni cho‘l o‘rtasidagi shaharning ko‘chalariga, kutish zalining bir burchagiga chang-to‘zon tiqib qo‘ygandi. Temir ularga yaqinlashib, kassalarning qachon ochilishini so‘radi.
Atrofda saf tortgan qayrag‘ochlar davra qurib, jim o‘tirgan odamlarni eslatardi. Ortga chekingan sari daraxtzor qalinlashib, yaqin-oradagi o‘rmon bilan tutashib ketardi. Krandan sharillab oqayotgan suv o‘rindiqlar yaqinida katta ko‘lmak hosil qilgandi.
Temir qayrag‘ochlar panasidagi oshxona tarafga o‘tdi. Har gal yo‘lga tushishdan avval uning ancha bo‘sh vaqti bo‘lar, shu bois bu yerlarni aylanib, puxta o‘rganib olgandi. Sargardonlikda kechgan geologlarga xos hayot tarzi sabab bu yerlarni juda yoqtirib qolgan. Bu yerga issiqdan toliqqan odamlardan ikki-uch kishi kelib, soya-salqinda davra qurishardi.
Bu gal Temirning yuragi allanechuk ishonch va allanechuk samimiyat bilan tepmoqda edi. Yozda ertadan kechgacha rang-barang qoyalarda ming xil ifor ufurib turgan adirlarda, qidiruv va izlanishlardan horib charchagan kezlari bu yerlarga tez-tez kelib turardi. Ammo, ayni damdagi ruhiy sokinlik va vazminlik sababini bila olmadi. Buni o‘zicha loqaydlik deyishga-da tili bormadi…
Oshxonadan bir bokal muzdek pivo ichdi. Keyin yo‘l bo‘yi hamrohlik qilib kelayotgan kattakon safarxaltasini yelkasiga osib, qo‘zg‘aldi. Eshik oldida sharqirab turgan suvga yuvinib oldi.
Boya kutish zalida ko‘ringan ayollar ham endi daraxtlar soyasidan panoh topishgandi. Yigit ham ularning yonidan joy oldi. Chipta muammosi dilini g‘ash qildi. Baland bo‘yli, xushbichim ayol ancha kirishimli ekan, yigitni gapga soldi:
– Geologman, – o‘zini tanishtirdi yigit. – Kunimiz tog‘-toshlarda kechadi.
Ayol kulimsiradi. Yorqin, muloyim bir tebranish Temirning yuragini qalqitib yubordi. Yo‘q, bu tebranishga ayolning tabassumi sababchi emasdi. Uning yelkasi osha bir juft shahlo ko‘z unga qadalib turardi. Temir buni sezganida ko‘zlar ham uyalib, o‘zini chetga oldi.
Oraga sukut indi. Temir safarxaltasini tizzalari ustiga qo‘ydi. Uning ustidan qo‘llarini qovushtirib, peshonasini tiradi va cho‘lning bo‘z tuprog‘iga ma’nosiz termilib qoldi. Qarama-qarshi turgan o‘rindiqlar orasida vaqt ana shunday sas-sabarsiz kechardi. Kechki g‘ubor ko‘ngildagi gurung istagini quvib qolganga o‘xshardi. Yo‘l ustidan har kuni yuzlab odam o‘tib qaytadi. U yoq-bu yoqdan gap-gurung ketadi. Kimdir chipta yetishmasligidan, vaqtdan, issiqdan noliydi. Bu yerda ma’lum masofa qadar tanishlik, bir-birining safari, ishi, lavozimi haqidagi qiziqishlar hammaga tabiiydek tuyuladi. Umidsiz, maqsadsiz odamlar o‘z hayotidan, butun majlislarda ko‘p martalab muhokama qilingan hodisalardan so‘z ochardi.
Temir boshini quyi solib, o‘yga cho‘mdi. Yuragining daxlsiz nuqtasiga nimadir tegib o‘tgandek bo‘ldi. Faqat, bu shu qadar ojiz, tushunib bo‘lmaydigan bir his ediki, ma’nosini o‘zi ham bilmasdi.
U yosh juvon yonidan o‘tarkan, uchinchi hamrohi – qorachadan kelgan, yoshi kattaroq xotinning past ovozdagi pichir-pichiriga qiziqish bilan quloq tutdi. Qizga tikilib qolganidan xijolat bo‘lib, o‘zini tamomila chetga oldi. Qizning qo‘ng‘irtob sochlari yelkasidan pastga intilgan, bir tarafdan yuzni pardadek to‘sib olgandi.
Temir yana bir marotaba qizning qarashini istadi. Uning yuziga diqqat bilan tikilgisi keldi. Qiz ham xuddi uning istagini sezib turgandek, unga mamnuniyat bilan qarab oldi-yu, tizzasi ustida turgan moviy sumkasidan kitob chiqardi.
Temir zerikdimi, sumkasini ularning yoniga qo‘yib, avtobus bekatiga chiqdi. Baland daraxtlarning, ikki qavatli uylarning orasidan ko‘ringan samoni ufqqa botishga chog‘langan Quyoshning barkashdek yuzi egallab olgandi.
Dasht bo‘ylab kech kira boshlagandi. Havoda chivinlar qanot qoqa boshladi. Qilt etgan shabada esmaydi. Temir tog‘larda sokin oqshomlarning rang-barangligiga o‘rganib qolgandi. Tabiat sezilar-sezilmas navozishlari ila uni o‘zgartirib qo‘ygandi. Gohida ish bilan shaharga kelganida gavjum oqshomlarda ko‘chalarning alvon nurlari ostida kezarkan, tog‘ bag‘rida tikilgan chodirlarni, tog‘larda, qoyalarda ming xil rangda jilolanuvchi oqshomlar tarovatini, daralarni burkagan sirli qorong‘ilikni sog‘inardi.
Ayni paytda tog‘da qolgan hamrohlari chodirlarga kirib olishgan bo‘lsa kerak. U ana shu erkin, qayg‘usiz olamga mahliyo edi. Yangi joyga o‘tib, chodirlarni maysazorga, boshqa gullar orasiga o‘rnatgan chog‘ida ham atrof unga allaqanday qadrdon tuyulardi.
Bari bir borar manzili tayin — ishxonasidan berilgan bir xonali uy edi. Shunda yana o‘sha kengliklar qayg‘usi uni iskanjasiga olar, yana mo‘jaz qarorgohiga qulf urib, xushchaqchaq, hayotsevar hamrohlari safiga, o‘zi sevgan olam quchog‘iga oshiqardi. O‘z kelajagini ham boshqacha tasavvur qilolmasdi.
Kim bilsin, uni Zarifadan sovitgan, oralariga nifoq solgan narsa ham ana shu xususiyati bo‘lgandir? Talabalik yillarining totli sevgisi ham ularning yo‘llari ayrilgan joyda yakun topdi. Ha, hammasi institut sarhadlarida qolib ketgandi. Ha, u yerda, auditoriyada yonma-yon o‘tirib sirlashish, koridorlarda yonma-yon yurish qanchalar oson, naqadar go‘zal. U ana shu go‘zallikni tog‘lar qo‘yniga ko‘chirmoqchi edi. O‘rtoqlari unga ba’zan hazil qilishardi:
“Bu xonim geologga xotin bo‘la olarmikin? Bordi-yu, buloqdan suv tashishga to‘g‘ri kelsa, chelakning dastasi nozik barmoqlarga aziyat bermasmikin?”
Temir bu gaplar hazil ekaniga, Zarifaning qalbiga, aqliga ishonardi. Faqat o‘zi institutni tamomlaganidan ikki yil o‘tib, ishga tayinlanganida, gap faqat Zarifaning roziligiga kelib to‘xtaganda, ana shu umidlar birdan loyqalandi:
– Men o‘n besh yil tog‘-toshlarda sarson-sargardon bo‘lish uchun o‘qidimmi? Odamlarga kulgi bo‘lishni istamayman.
– Tumanda ham ishlasang bo‘ladi-ku?
– Yo‘q, shaharda ildiz otmasak bo‘lmaydi, sen ham bu fikringdan qayt.
– Bizning aspiranturamiz bu — tuproq-ku?
– Men umrimni tog‘-toshlarda chiritishni istamayman. Ota-onam nima deydi? Men u yoqda, ular bu yoqda!
O‘shanda yigit xiyol asabiylashdi:
– Men-chi? Menda ota-ona yo‘qmi? Ularga farzand kerakmasmi?
Xullas, kelisholmadilar. Temir baxtni boshqacha tasavvur qilgandi. Tong paytlari sumkasini yelkasiga osib, shabnamga belangan o‘tloqlarni kezarkan, beixtiyor kaftlari Zarifaning mayin barmoqlarini sog‘inardi. Uning nazarida, agar qiz bir martagina bu yerga kelib, bu baxmal kengliklarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rsa, sahar kezlari chodirlar ortida yastangan, olamga yoyilgan oppoq tuman, dengizni tomosha qilsa, sirli orollar kabi unda-bunda bosh ko‘tarib turgan qoyalarga ko‘zi tushsa, har tunda yulduzlar singari chor atrofdan taralayotgan shahar chiroqlariga ko‘z tashlasa va bu yerda olib borilayotgan izlanishlar, tadqiqotlar ahamiyatini anglab yetsa, ortga qaytmaydigandek, Temirning yonidan jilmaydigandek tuyulardi.
Zarifaning iddaosi esa bo‘lakcha edi:
– Shaharda qolgan dugonalarim uyli-joyli bo‘lib, kam-ko‘stini bitirgan paytda men darveshga o‘xshab kun kechirishni istamayman.
– Sen tezroq es-hushingni yig‘, – degandi Temir.
Endi o‘rtaga ingan sovuqlikni olib tashlash, Zarifa bilan ochiqchasiga gaplashib olish qaroriga kelgandi.
– Sumkangiz buncha og‘ir?
Bu ovozni ilk marta eshitib turardi. O‘girildi.
– Charchab qolmadingizmi?
Sumkasini olib kelgan qizning yuziga qarolmadi. Yosh juvon tarafga o‘girildi.
– Tez turib ketibsizlar, hali vaqt bor edi!
– Suv ichmoqchi edik!
Yigit ham ularning fikriga qo‘shildi.
– Singlimning aytishicha, sumkangiz ja og‘ir ekan, – kulimsiradi boyagi ayol. – Ichiga nima solgansiz?
Ular bir-biriga juda o‘xshashini Temir endi payqadi. “Opa-singil ekan-da” deya xayolidan o‘tkazdi va jilmaydi.
– Oltin-kumushga to‘ldirganman. Geologlarning boyligi shu!
Temir qizning ko‘zlarida allaqanday beg‘uborlik, bokiralikni ko‘rdi. Uning yuzi ham xuddi sutga chayilgandek oppoq, beg‘ubor edi. Beixtiyor o‘zining oftobda qoraygan, qo‘pol qiyofasi bilan unikini solishtirdi va darhol bu muqoyasadan voz kechdi. Uning miyasida boshqa fikr tug‘ilgandi: qizni Zarifa bilan yonma-yon qo‘ydi.
Nazarida bu ayollar unga anchadan beri tanishdek tuyuldi. Buning boshqa sababi ham bo‘lishi mumkin. Ehtimol, bu kimsasiz vokzalda ularning o‘zi bir erkak panohiga kirishni istagandirlar?
Shu fikrni tugatmagan ham ediki, yelkasiga bir qo‘l kelib tushdi. Ortida eski haydovchi tanishi turardi. Bir paytlar ularning brigadasi uchun u-bu narsa tashib yurardi. Quchoq ochib ko‘rishishdi.
– Temir, qachondan beri seni ko‘rmoqchi bo‘lib yurardim. Qarasam, yoningda ayollar bor ekan, chaqirsammi-yo‘qmi deb ikkilanib turuvdim.
Ular hol-ahvol so‘rashguncha ayollar chetda qarab turishardi.
– Uyim yaqin, olib boraymi?
– Yo‘q, rahmat, vaqt oz qolyapti. Hali chipta olganim yo‘q.
Maydonning bir chetiga chekindilar.
* * *
Poyezd stantsiyadan chiqdi. Yo‘lovchilar kupelarga joylashdi. Haydovchi “Bu yerdagilar hammasi tanishim bo‘ladi”, deb ularga bitta kupedan joy hozirlab bergandi. Bundan Temir ham xursand bo‘ldi. Chamasi yosh juvon ham bundan rozi edi:
– Qandoq yaxshi bo‘ldi-ya? O‘zimizam tuzukroq joy tegarmikin, deb turuvdik!
Temir oftobda qoraygan qo‘llarini poyezd darchasidan tashqariga chiqardi. Kechaning salqin havosi sovuq suvdek qo‘liga yoqimli tegar va butun badani bo‘ylab yoyilardi.
Qiz ham oynaga suyangancha xayolga tolgandi. U oynadan tashqariga tikilib turganmidi yo xayoli Temirdamidi, bilib bo‘lmasdi.
Shunda boyagi yosh juvon ularning koridorga chiqib turishini so‘rab, ikkovidan uzr so‘radi. Har qalay, ikki xotinning maxfiy gapi borga o‘xshaydi.
– Tasodifni qarang, o‘zingiz geolog, ismingiz Temir?
Qizning kutilmagan bu gapi yigitga yoqib tushdi.
– Oldindan bilishgan ekan-da!
Qiz jiddiylikni yo‘qotmadi.
– O‘zingizning ismingiz nima? – so‘radi Temir.
– Nurdon, – qizning taraddudsiz javobi yigitga yoqib tushdi.
– Ha, odamning ismi jismiga monand bo‘ladi, – bu so‘zlarni u beixtiyor aytib yubordi.
Yo‘l taassurotlari, kasb-kor mavzusidan chetga chiqmagan suhbatning qiz bilan bog‘liq tarafga og‘ishi yengilgina hayajon uyg‘otgandi. Temir ham allanechuk boshqacha bo‘lib qolgandi. G‘ildiraklar ustida, adog‘i ko‘rinmaydigan bu yo‘lda bir kechaning ayricha jozibasi yuz ko‘rsatardi. Temir bu doiradan chiqmas, chiqishni ham istamasdi. U odatda yo‘lda yakka-yolg‘iz ketishni, shu asnoda o‘tgan-ketgan hodisalarni tahlil qilib borishni yoqtirardi. Ammo, hozir yonida turgan qiz uning yolg‘izligiga xalal bermasa kerak.
Farqi shundaki, ayni paytda o‘ylayotganlarini tiliga ko‘chirar, Nurdon esa unga quloq osardi.
Bu baland bo‘yli, bug‘doyrang yigit Nurdonga boshqa bir dunyoning odamidek ko‘rinardi. Undan tuproq tarovati, tuproq tafti kelardi.
– Demak, o‘sha tog‘larga temiryo‘l ham boradi, dedingizmi?
– Hali go‘zal bir shahar bunyod etiladi, naq o‘rmon bag‘rida!
– Qanchalik baxtlisiz, shunday joyda yashaysiz!
– Istasangiz, sizam mehmonga keling.
– Mehmonga borsam, savol beraverib, tinkangizni quritaman-da?
– Masalan?
– Masalan, o‘rmonlarga, ulardagi jonzotlarga rahmingiz kelmaydimi, deyman?
Temir bu so‘zni jiddiy qabul qildi:
– Ma’danlarning zaxirasi qanchaligini bilasizmi?
– O‘rmon va undagi jonzotlar zaxirasini-chi? Mashinalar shovqini, portlashlar noyob jonivorlarni ham tum-taraqay qiladi-ku?
– Juda ichingiz achisa, borib, o‘zingiz qo‘riqlang!
Qiz avvaliga jimib qoldi, keyin so‘z boshladi:
– Men jiddiy gapirdim!
Shu payt uning opasi kupedan chiqib qoldi:
– Sizlarni kuttirib qo‘ydikmi? – Keyin kupe eshigini yopdi. – Bu ayol meni rosa hayron qoldirdi. Bugungi odamlarga o‘xshamaydi. Aytishicha, kechalari uxlamaskan, sirli mavjudotlar uning yoniga kelib, butun dunyoning sirlarini o‘rgatarmish.
– Kim o‘zi bu ayol? – qiziqsindi Temir.
– Qo‘shni qishloqdan, shaharga qizining oldiga ketayotgan ekan, bizga qo‘shilib qoldi.
Kupe og‘zida boyagi ayolning yumaloq yuzi, yonib turgan ko‘zlari ko‘rindi. Ko‘zlari chaqnar, ozg‘in yuzida uyatchan, shubhali tabassum porlardi. Qo‘lidagi stakanni xuddi yashirmoqchi bo‘lgandek ko‘ksiga siqib turardi. Stakan sut bilan to‘la edi. U katta opaga yuzlanib pichirladi:
– Chaqaloqni uyga tashlab keluvdim, endi azobini tortyapman.
U vagonning boshiga qarab ketdi.
Nurdon Temirning yuziga boqishga ham uyalardi.
* * *
– Sizlar bizdan ko‘ra yoshroqsizlar, – deya ularni tepa qavatga chiqarib yuborishdi. Ayol Temirdan uyalib, oq choyshabga burkanib olgandi. Uxlayaptimi-yo‘qmi, bilib bo‘lmasdi. Qizning opasi esa yuztuban yotardi. Sochlari so‘nggi modaga muvofiq yaproqsimon qilib o‘rilgandi. Osmonga qarab yotolmasdi. Nimanidir o‘ylab, asta qo‘zg‘aldi. Boyatdan beri bir gapirib o‘n kulsa-da, ko‘zlarida allanechuk sokinlik bor edi.
30–32 yoshli bu ayolning malohatli yuzida qayg‘u ko‘lanka tashlagandi. Unda Nurdonga nisbatan mehrdan ko‘ra do‘stona samimiyat barq urib turardi. Opa-singil orasida so‘zsiz, qarashsiz bir o‘xshashlik bor edi. Harakatlarida bir-biriga ishonch, erkinlikni ilg‘ash mumkin. Hali erta edi. Opa sukunatni buzdi:
– Bizning davramizda zerikib qolmadingizmi?
Temir avvallari bunday safarni xayoliga keltirsa ham, yuragi siqilguvchi edi. Hozir esa…
– Yo‘q, axir hamisha yo‘lda yurakka yaqin insonlar bilan hamroh bo‘lavermaydi odam. Nurdon bilan ham tanishib oldik.
– Siz u chizgan suratlarni bir ko‘rganingizda edi… Hozir u rassomlik bilim yurtida o‘qiydi.
Bu gap-so‘zlar Nurdonni g‘alati ahvolga soldi. U oiladagi kenja qiz edi. Juda o‘ychan, og‘ir-vazmin qiz edi. Opasi uni ona o‘rnida o‘stirib, voyaga yetkazgandi.
Bir gal, bolalik yillarida uylarining orqasidagi tepalikka chiqqandi. Shu choq momoqaldiroq gumburlab, chaqmoq osmonni qoq ikkiga bo‘lib yubordi. Ikki daryo o‘rtasidagi bu tepalik osmonning qornida osilib turardi, go‘yo! Nurdon ana shu manzarani aslidagidek chizishni istagandi. Xayolidagi hamma narsa chizishi lozim bo‘lgan suratga bog‘lanardi. Ko‘zi ranglardan to‘ymasdi. Onasi uning xayolida tuproq rangida, non rangida edi. Uning bug‘doyrang yuzida kun botar paytda tandir yo o‘choqdan chiqayotgan shu’la aks etardi.
Opa gapida davom etdi:
– Nurdon har doim nimaga bizning yerlarning suratini hech kim o‘xshatib chizolmagan, deb yurardi.
Temir indamadi: “Bilasanmi, onam nima deyapti? Nega o‘shanga buncha yopishib olgansan, deydi!” Bu Zarifaning ovozi edi.
– Oltin-kumush yiqqanman, desam, ishonmadingiz-a? Qarang, qo‘lida rang-barang toshlar chiqardi. – Kupening xira yorug‘ida ularning har biri ayricha ko‘rinardi. Temir uchun bu toshlarning har biri bir olam. Ular tuproq ostidan xabar uzatar, yuz xil fikr tug‘dirardi.
– Qarang, tabiat bularga qanday shakl va rang bergan? Manavi toshni “Vezuviyning ko‘z yoshlari” deb ataymiz. – U sumkasidan oppoq tosh chiqarib ko‘rsatdi.
Nurdon bolalarcha hayrat bilan toshni qo‘liga oldi, har tomonini aylantirib tomosha qildi.
– Oppoqligini qarang, xuddi qorga o‘xshaydi.
Temir esa turli ko‘rinishdagi toshlarni ko‘rsatib, maqtashdan charchamasdi:
– Qarang, ming yillar o‘tsa-da, ming ko‘ylarga tushsa-da, tosh o‘z rangini o‘zgartirmaydi, gullar, yaproqlar, maysalardan rang ketadi, toshlardan ketmaydi. – U kulimsirab qo‘shib qo‘ydi. – Biz ham shunaqamiz, har xil holatga kirsak ham, rangimiz o‘zgarmay qoladi.
Nurdon eshitib turardi. Uning nazarida bu yigitning qalbi xuddi sumkasidagi toshlar singari rang-barang orzularga to‘la edi. Bu toshlar guldek pok, oppoq…
Opasi g‘amxo‘rlik bilan dedi:
– Yuqori sovuq bo‘ladi, oynani yopinglar!
Tepadagilar ko‘nishmadi: salqin bo‘lib turgani yaxshi!
…Ikkovi ham yuztuban uzanib, atrofga yoyilgan kechaning quyuq nafosatini tomosha qilishardi. Har-har zamonda yo‘l chetidagi chiroqlar ularning yuzlarini yoritib o‘tardi.
Oynadan yulduzli osmonning etaklari, har zamonda qishloqlarning chiroqlari ko‘rinib qolardi. Bu nurlar esa yoz kechasining qorong‘iligini yanada quyuqlashtirardi. Pastda haligi xotinning qutida olib ketayotgan tovuqlari qaqaqladi. Temir g‘ildiraklarning tovushi sukunatni bir tekisda buzib turardi.
Kupe oynasi pastga tushirilgandi. Kupega yovshanlarning yoqimli hidi oqib kirdi. Sal o‘tib, Nurdon qunisha boshladi: sarin havo o‘zini ko‘rsatgandi. Temirning fikr-yodi unda edi. Qizning uyg‘oqligini his etib turar, har zamonda ichkariga tushib turadigan chiroq shu’lasi uning shahlo ko‘zlarini oshkor etib qo‘yardi. Temirning xayolida ularning boyagi suhbati qorong‘ilik va sukunat tilida davom etardi.
Qo‘lini uzatib, oynani ko‘tarmoqchi bo‘ldi. Bo‘lmadi. Buning uchun pastga tushish kerak ekan. Ammo, pastdagilar bezovta bo‘lishadi. Qalin pardaning Nurdon tarafdagi qismini tortib, o‘zi tarafidagi bilan birlashtirdi va shu taxlit tutib turdi. Qo‘yib yuborsa, sovuq shabada pardalarni ikki tarafga surib, kupega oqaveradi. Shu taxlit qancha turganini bilmaydi. Ammo, Nurdonning ham qo‘li shu yaqin orada ekanini sezib turardi. Qiz bilan o‘rtasidagi bu qadar yaqin masofa qandaydir bir sehrli sirdek edi.
Bu shuuriy suhbatda, o‘zi sezdirishni istamagan g‘amxo‘rlikda tasalli va saodat tuyg‘ularini his etardi. Balki bu tuyg‘ular Nurdonga ham begona emasdir, deb o‘ylardi yigit.
* * *
Ertalab vokzalga tushib, platformadan keta boshladilar. Ayol ortiga o‘girilib, xayrlashar payti “Ertalabgacha uxlolmay chiqdim”, dedi. Temirning kulgisi qistadi. “Bugun ham unga biror bir sirni o‘rgatib ketishgandir-da!” deya xayolidan o‘tkazdi.
Aslida chindan ham tuni bilan mijja qoqmay, hayajon va izohsiz yaqinlik ila tongni qarshi olganlar boshqalar edi. Ular jim edilar. Nurdonning ko‘zlarida qandaydir ilinj porlardi. Ortda qolgan tun qaytarilmas, totli va olis bir tushga aylangandi. Bu tush qizga qanday ta’sir ko‘rsatgani ma’lum emasdi. Tramvay yo‘liga kelib to‘xtashdi. Opa katta sumkani Temirning qo‘lidan oldi.
– Salomat bo‘ling, uka, sizni ancha ovora qildik!
U rozilik kutmayotgandi, kutilmaganda boshlangan va tutashgan bu yo‘ldoshlik kutilmaganda juda oddiy yakun topishi unga yoqmayotgandi. Qizga qaradi, Nurdon nimagadir andarmon bo‘lgan kabi boshqa tarafga nazar solardi.
Temir xiyobon tarafga burildi. Osmonga intilayotgan favvoralar yonidan jim o‘tdi. Xiyobon yo‘laklarida hech kim ko‘rinmasdi. Zarifa bilan ko‘rishishlari kerak. Ammo, o‘zi uchun allaqachon ma’lum bo‘lgan masalalar ustida yangitdan bosh qotirishni istamasdi. Qarshisida turgan kunning intihosi ham mana yo‘lakning oxiri singari bo‘m-bo‘sh ko‘rindi.
Yo‘lak chetiga terilgan g‘ishtlarning sarg‘ish rangini ilk bora ko‘rayotgandek edi. Beixtiyor joyida to‘xtab qoldi. Keyin ilkis ortiga qaytdi. Favvorani aylanib o‘tib, xiyobondan chiqdi. Keng ko‘chaga, maydonga ko‘z tashladi. Tungi hamrohlar buyuk shoirning haykali qarshisidagi bekatda turishardi. Uni ko‘rib qolishdi. Temir sekin chaqirdi:
– Nurdon!
Qiz taraddudlanib, u tarafga bir-ikki qadam bosdi.
– Esimdan chiqaribman, buni sizga sovg‘a qilmoqchi edim. – Temir sumkasidan oppoq tovlanib turgan toshni chiqardi. – Sizga yoqib qolgandi…
Ozarboyjon tilidan Rustam Jabborov tarjimasi