Sobir Rustamxonli. Qoyalar orasidagi qasam (hikoya)

Husanali ota ayvonga chiqishi bilan havoda o‘zgacha musaffolikni, qor bosgan dunyoda ajib bir tarovatni ko‘rdiki, ertaroq uyg‘onmagani uchun o‘z-o‘zini koyib ham qo‘ydi. Bunday paytda boshni yostiqqa burkab yotish yaramaydi. Qishloq tegrasini qurshab olgan, subhi sodiqda oppoq shu’la sochib, ko‘z qamashtirayotgan tog‘larga boqdi. To‘ng‘ib qolgan qorni g‘irchillatib, hovliga tushdi. Bir hafta tinim bilmay yoqqan qor ikki kun ilgari to‘xtagan.
Qor yukidan beli mayishib, shoxlari yerga qa­dar egilgan behilar oppoq chodirlarga o‘xshab turardi…
…Husanali ota yon-atrofga ko‘z tashlab, qorni­gacha qorga botib, onalarining ketidan ergashgancha kichkina tumshuqlari bilan sovuqdan sarg‘aygan o‘tlarni chimdiyotgan qo‘zilarni ko‘z oldiga keltirdi. Qo‘raning ochiq eshigidan kirayotib, ha­li uyquda yotganida o‘g‘li Muzaffar qo‘ylarni sug‘orish uchun soyga olib borganini tushundi va ichidan o‘g‘lini alqab qo‘ydi.
Kecha kechqurun oxurga bog‘lab qo‘yilgan tok­pilla dastalari allaqachon quruq chiviqqa ayla­nib ulgurgandi. Qo‘ylarning yemishi tugagani qariya­ning yodiga tushdi. O‘rmondan yemish keltirish uchun bundan qulay payt bo‘lmaydi.
Hovlining narigi burchagidan o‘g‘lining ovozi keldi.
– Choy-poyingni ichib bo‘ldingmi, bolam? Tur, ulovlarning egar-to‘qimini to‘g‘rila. Eruv bosh­lansa, o‘rmonga kirib bo‘lmaydi.
Muzaffar mayda-chuyda yegulik tugilgan tu­gunchani egar boshiga bog‘layotganida, ayvonda yupqa ko‘ylak kiyib olgan, oyoqyalang bolakay pesho­na­sidagi sochlarini tutamlab, ko‘zlari quyoshdan qa­masha-qamasha qichqirdi:
– Amati, menga quyoncha uslab kelashij-a?
Muzaffar kulimsirab, bosh chayqadi:
– Ana, Bo‘zdorga ayt, u mendan ko‘ra chaqqonroq, sening gapingga ham kiradi, – dedi otning at­rofida dumini likillatib yurgan ko‘ppakni ko‘r­satib.
Xurjunni yelkasiga tashlab, otni yetakladi. Or­qasidan Bo‘zdor ergashdi. Husanali ota esa hov­lidayoq, to‘nkaning ustidan bir sapchib, eshakning beliga o‘tirdi.
Nishablikdan jimgina enishdi. Soydan o‘til­gach, yo‘l yana tepaga o‘rlaydi. Hali oldinda qancha daralar bor, tepaliklar bor. Ikkinchi soydan keyin o‘rmon boshlanadi. Yo‘lak birdan tog‘lar bag‘ridagi metin eshikka o‘xshagan qator qoyalar ichiga suqiladi.
Muzaffar oti bilan oldinroqda ketardi. Gohida zora yon-atrofdan qorga botib qolgan kak­likmi, tustovuqmi chiqib qolar degan umidda, oldinda chopqillab borayotgan Bo‘zdorga “olakish” deb qo‘yardi. Orqadan kelayotgan Husanali ota­ning oyoqlari eshakning ikki yonidan osilib, tizza bo‘yi yoqqan qorda qo‘shaloq iz qoldirib borardi.
Muzaffar hozir otasi eski gapni qo‘zg‘ashini o‘ylab, ko‘ngli g‘ashlandi. Otasi ham qaysar o‘g‘­lini yo‘lga solish uchun qulay fursat kelganini al­la­qachon payqagan, ularning suhbatini o‘zlaridan bo‘lak hech kim eshitmasligi ayni muddao edi.
Qariyaning eski yarasi yangilanayotgan edi. Gapirmasa bo‘lmaydi. Lekin, bu mavzuda og‘iz ochi­lishi bilan Muzaffarning fig‘oni falakka chi­qadi. Muzaffar ham hozir boshlanajak dilgir suhbatdan qutulish yo‘llarini o‘ylab borardi. O‘zi shu gap chiqqanidan beri otasi bilan oralari buzilgan. Otasi yuz karralab bu xususda so‘z och­di, har gal o‘zi aytgandek, “tersligi tog‘alariga tortgan” o‘g‘li bitta gapida turib oldi: “Bo‘ladigan gap emas bu. Men juvonmarg ketgan akamning be­vasiga uylanolmayman”.
Qishloqda hamma Husanali otaning ishi chap­pasiga ketgani haqida gapirardi. Sho‘rlikka Yaratganing nima yozgani bor ekan-a?
Qaysi gunohlari uchun bechora buncha azob ko‘r­diykin?
Farzand dog‘i hazil emas. O‘n gulidan bir guli ochilmagan yigit edi. Samandar uylanganiga endi­gina uch-to‘rt oy bo‘lgandi. Xo‘jalikning suruvini haydovdan qaytarib kelayotganida selga yo‘liqdi. Podani o‘zaniga sig‘may oqayotgan soydan olib o‘tish bir kishi uchun og‘ir edi. Qo‘y-echkilarni bittalab yetaklab o‘tkazsa boshladi. Bir gal endi oyog‘ini narigi qirg‘oqqa qo‘yganida kuchliroq oqim beliga kelib urildi. Asov to‘lqinlar toshmi, kesakmi, to‘nkami — yo‘lidan nima chiqsa, barchasini xas-xashakdek chirpirak qilib borardi.
Samandar o‘zini o‘nglab olishga rosa urindi, ammo quturgan po‘rtana o‘z kuchini ko‘rsatdi. Ertasi kuni bir necha qishloq narida, suv sathi pasaygan joydan uning jasadini butalar orasidan topib kelishdi.
Muzaffar askarlikdan qaytganida akasini uyda ko‘rmadi. Motam yangilandi. Yigit uy-eshik­ka sig‘may qoldi. Nega unga shu paytga qadar aka­sining o‘limini aytmadilar ekan? Nega xat yozish­ganda bir chetiga qistirib o‘tishmadi? Akasi haqida lom-mim deyishmagan bo‘lsalar-da, jiyanli bo‘lganini yozishgan edi-ku.
Ertalab, amakisiga quyon tutib kelishni buyur­gan ham Samandarning Yodgori edi. Ehtimol, o‘tgan uch yil ichida ota-onaning dardi sovishi mumkin edi. Ammo, yosh kelinchakning har bir gapi, bo­lakayning yurish-turishi katta o‘g‘ilni esga so­laveradi.
Bir tarafdan quda tomonning harakatlari, bir­ga o‘tirib qolishsa, gapni aylantirib qizlariga burishlari, kelinchak ularnikiga boradigan bo‘lsa, haftalab olib qolishlari — hammasi Husanali otaga og‘ir botaverardi.
Xotini Savri xolaning yig‘layverib bitib qolgan ovozi boshqatdan ochilgandek go‘yo. Shomdan tonggacha ko‘ksini qiblaga ochib, yig‘lab chiqadi. Qani ovutib bo‘lsa? Uning ovozini qo‘shnisi Avaz ota ham eshitibdi. “Bu ayolning esi og‘ib qolgan-ov! – dedi kechki payt dasturxon boshida. – Kechalari bo‘ridek uvillab chiqadi. Ayb o‘zlarida. Shu qo‘y deb, suruv deb, bolalarini esini tanimay turib toqqa yuborishadi. Umri qo‘y-qo‘zining ke­tidan yugurish bilan o‘tadi. Bolalarni maktab­dan, tengdoshlaridan ayiradilar. Mana oqibati”.
Ammo, Samandardan keyin Husanali ota cho‘­ponlik tayog‘ini bir chetga irg‘itdi. Bahoru yozda suvini ichib, toza havosidan simirgan yaylov­laridan bir umr yuz burdi. Cho‘lquvarlik, qishni qishloqda, yozni yaylovda o‘tkazaverib, bolalaridan ham ancha uzoqlashib ketibdi.
Ko‘rganlar ularni ota-bola demaydi. Munosa­batlari quruq va sovuq. Shuning uchun Husanali ota hozir gapni qanday boshlashni ham bilmay turibdi.
Yuragining tub-tubidagi bir his unga ke­chayu kunduz tinchlik bermaydi. “Ayb o‘zingda. Teng­doshlari maktabga borganida, shaharga ketganida sen ularning yo‘lini to‘sding. Cho‘ponlikka mahkum etding. Men o‘qiganim yo‘q, mana, o‘lmadim-ku, de­ding. Sening umring o‘tib bo‘lgan, bularning hayoti endi boshlanayotganini o‘ylab ko‘rmading”.
Eng yomoni, Husanalining nazdida oldinda ot ustida xayol surib borayotgan o‘g‘li ham bor aybni undan ko‘rayotganga o‘xshardi.
– Ota-bobolarimiz bilib ish tutgan. O‘z o‘cho­g‘i­mizni o‘zimiz buzmaylik.
– Taqdir shuni ravo ko‘ribdi, ota…
– Sirtingga suv yuqtirmaysan-a? O‘rtada bo­la bo‘lmasa, menga ham zaril kelibdimi? O‘z jiga­ringning bolasi-ya? Kimning qo‘liga tushadi? Kimlarning minnatli nonini yeb katta bo‘ladi bola bechora? Sen nimani ham tushunarding? Ota-onasi bolamizni opketamiz, deb ikki oyog‘ini bir etikka tiqib olgan bo‘lsa!
– Opketsa opketaversin, bolani bermaymiz, o‘zimiz katta qilamiz.
– Onasi ko‘nadi deysanmi? Naq o‘zini osadi-ku! Onaning qarg‘ishi yomon bo‘ladi. Uvoli tutmasin bizni, deyman.
– Bolasi qayerda bo‘lsayam katta bo‘laveradi.
– O‘jarliging jonga tegdi.
– Ota, bunaqa bo‘lmag‘ur gapni yig‘ishtiring, deb necha marta aytdim. Odamlar nima deydi? Sharmanda bo‘lamiz-ku!
– Esingni yig‘ib ol, bola!
– Esim joyida. O‘l, desangiz o‘laman, lekin ga­pingizga ko‘nmayman. Siz aytgan zamonlar o‘tib ketgan.
– Zamon bilan necha pullik ishim bor? Men senga o‘z dardimni aytyapman. Bobolarimiz ham ikki pusht aylanishmagan. Tul qolgan yangalarini begona qo‘llarga berib qo‘yishni or bilishgan. Endi sen o‘zingcha dono bo‘p qoldingmi? Ota-buva­larning rasmu rusumi sizga botmay qoldimi? Shariatda ham, hukumatda ham bu ishga qarshilik yo‘q.
– Men bu qishloqda qololmayman, shaharga keta­man. Armiyada birga xizmat qilgan og‘aynilarim bor, yordam qilishadi, zavodda ishlayman.
– Qayerga borsang boraver, lekin akangning ayolini ham olib ketasan.
Tortisha-tortisha tepalikdan ham oshib bo‘lish­di. Muzaffar gapga ko‘nadiganga o‘xshamasdi. Otasi nimadir deyishga chog‘langanida, gapni Mu­zaffar ilib ketdi.
– Dada, Xudo haqqi, bunaqa bema’ni gaplarni yig‘ishtiring. Sizga itoatsizlik qilishga maj­burlamang.
– Ayb o‘zimdan o‘tdi, – dedi qariya bir oz jim­likdan keyin o‘ziga-o‘zi gapirganday, – hali shoshma, sen bilan boshqacha gaplashaman, it. Endi nima qilishni o‘zim bilaman.
Muzaffar beixtiyor ortiga o‘girildi. Qora­mag‘iz yuzlarini chaqnatib turgan o‘tkir nigohini otasiga qadadi. Lekin, otasi yerga qarab borardi.
To‘qayzorga kichik bir yo‘lak orqali kirilardi. Tajribasiz odam bu sirli yo‘lakni bir oy qidirsa ham topa olmasdi. Ikki tarafda samoga bo‘y cho‘zgan metin qoyalar devor singari bir tekisda saf tortgan, ularning birlashib ketishiga oz qolgan edi. Tepaga qaraganda osmon uzun va ingichka oraliqdan moviy yo‘lakchadek ko‘rinib turadi. Yo‘lakning yon tarafida, chuqur jarlik tubida hali sohiliga inson oyog‘i tegmagan, guvillab oqayotgan soy ko‘zga tashlanadi. Yo‘lak boshiga biror xarsang dumalab tushsa, uning og‘zi berkilib qolishi hech gap emas. Bu yerlarda mahalliy cho‘ponlar ko‘ch deb ataydigan qancha-qancha g‘orlar borki, ularning har birida bitta suruvni saqlash mumkin. Qoyalarning etagini changalzorlar, yam-yashil archazorlar, qo‘l yetmagan o‘tloqlar o‘rab olgan.
Qizilcha eng ko‘p o‘sadigan joyni Husanali ota o‘tgan safar ko‘z ostiga olib ketgandi. Qishda qizilchani qo‘ylarga ivitib bersa, yaxshi yemish bo‘ladi-da.
Yalanglikka chiqib olishgach, ot va eshakning belini yalang‘ochlab, qo‘yib yuborishdi. Muzaffar askarlik shinelini yechib, qo‘liga o‘roqni oldi. Qoyalar bag‘ridagi o‘rmon yo‘lagi, xuddi kamardek uzanib ketgan, bu “kamarga” past va balandda, u yer-bu yerda ko‘kargan boshqa daraxt va butalar ham qo‘shilib ketardi. Qizilcha hamma joyda, hatto boshi uzra egilgan qoyaning kun tushmagan yerida ham, toshlar orasida tasodifan yig‘ilib qolgan bir hovuch tuproqning ustida ham ildiz otaveradi. Muhimi, qishda ham uni sovuq urmaydi.
Qish oyoqlab qolgandi. Muzaffar qoyalar va jarliklardan qo‘rqmasdi. Otasining “Ko‘zingga qarab yur” deganini ham eshitmadi. Qulog‘i ostidan boyagi gaplar ketmasdi. Oyoqlarini jar labida osilib turgan butalarga tirab, metin devordan turtib chiqqan qorli xarsanglarni oralab il­garilab borardi. Kun qiyomga yetib, kungay qoya ostidagi kichkina so‘qmoqni yoritguncha ishladi, yerdan odam bo‘yi ko‘tarilib turgan qo‘ziquloq, qizilcha tuplarini sindirib tashidi, dastalab bog‘ladi.
Peshin mahali g‘or ichida eski o‘choq yonida o‘r­natilgan toshlar ustiga o‘tirib, ota-bola jim­gina tamaddi qilishdi. Muzaffarning ko‘zi bir nuqtaga ma’nosiz qadalgan edi. Xayol bilan og‘­zidagi luqmani esidan chiqargan edi, go‘yo. Otasi buni sezsa-da, indamadi.
Ertalabdan beri otga yuklanadigan yemishni tayyorlab bo‘lishgan edi. Nihoyat, Husanali gap boshladi:
– Xo‘sh, endi nima qilamiz?
– Balki narigi daraga o‘tarmiz?
– Yo‘q, u yerda hech narsa yo‘q. Pastda, anavi qoyaning to‘shida qizilcha mo‘l bo‘lishi kerak.
– U yerga tushib bo‘lmaydi.
– Na iloj? Balki arqon bilan tusharmiz?
Muzaffarning nazarida boshqa yo‘l yo‘q edi. O‘roqni belbog‘iga qistirib, taraddudlandi.
– To‘xta, – dedi otasi, – arqonning uchini manavi daraxtga bog‘lash kerak. Yaxshisi pastga o‘zim tu­shaman. Chunki arqonni tortib olishga mening ku­chim yetmaydi. Sen o‘zing tepadan arqonga bog‘langan novdalarni tortib olaverasan.
Husanali o‘roqni o‘g‘lidan olib, o‘zining bel­bog‘iga qistirdi. Arqonning uchini o‘zi ko‘r­satgan zirk tanasiga mahkam boqladi, ikkinchi uchini pastga tushirib yubordi. Bir oz o‘tgach, yana nimadir esiga tushib, arqonning uchini yi­g‘ib oldi-da, beliga bog‘ladi. Keyin arqonga yopish­ganicha, qoyaning tik, oynadek muzlab sirpanchiqqa aylangan devorlariga oyoq tirab, pastga ena boshladi. Bir ozdan so‘ng u ko‘zdan yo‘qoldi. Muzaffar faqat qo‘sh zirk daraxtining tanasiga osilib, pastga bo‘ylasagina, otasini ko‘ra olardi.
– Tort, – dedi bir ozdan keyin otasi. Ovoz qoyalarga urilib, aks sado berdi. – Bu yerda ikki-uchta otning yuki bor.
Muzaffar arqonni tortdi. Undan yam-yashil novdalarni bo‘shatib, yana pastga tushirdi. O‘zi ham egilib qaradi, otasi xirmonjoy kengligidagi tekis maydonchadagi qizilchalarni bir boshdan o‘rib borardi. Undan pastroqda tubsiz jarlik qorayib ko‘rinardi. Unga qaragan odamning yura­gi orqasiga tortib ketishi tayin edi. Ammo, yigitning nazarida shu jarlikdan yorug‘ bir yo‘l ochilgandek bo‘ldi. Ikki yil harbiy xiz­matni o‘tagan sohil bo‘yidagi kichkina qasaba, kazarmalar va uning yaqinidagi yopiq suv om­bo­rining qorovuli yashaydigan mo‘jazgina kulba ko‘z o‘ngida jonlandi. Uyning yonida ikki-uch tup tut va anjir o‘sib turardi. Uning soyasida ilondek buralib turgan ingichka ichakdan tiniq, muzdek suv favvoradek otilib turardi. Askarlar mashqlardan horib-charchagan, qizib ketgan paytlarda shu suvdan chanqog‘ini qondirgani ke­lishar, suv purkab yotgan ichakni yalang‘och to‘shlariga tutib, huzur qilishardi… Keyin… Muzaffar qorovulning derazasidan mudom uni ta’qib etib turadigan, muloyim tabassumli bir juft ma’­sum ko‘zni xotirladi. Ana shu sohir nigohlar ta’sirida u ikki yilning qanchalik sur’at bilan o‘tib ketganini sezmadi.
“Yo‘q, ketaman, bari bir ketaman, bu yerda qo­lolmayman!” Shu asnoda qulog‘i ostida otasining tahdidli gaplari jarangladi. “Hali sen bilan boshqacha gaplashaman, it!” Birdan Muzaffarning qoni to‘ng‘ib qoldi, boyagi xotiralaridan ham, qish kunlaridan ham, o‘zidan ham uyalib ketdi… Hozir yashil bog‘lamlarni ongsiz ravishda tortib chiqarar, arqonni bo‘shatib, tezlik bilan otasiga uzatardi…
– Tort, bu oxirgisi! – Otasining bu gapi uni sergak torttirdi. Arqonni bo‘shatib oldi, ammo pastga tushirmadi. Ulovlarni yo‘lga tayyorladi. Egar-to‘qimini sozladi. Shu choq otasi chaqirib qoldi:
– Qayerga yo‘qolding, hov bola? Arqonni tu­shirmaysanmi? Men qanday chiqaman bu yerdan? Muzlatib o‘ldirmoqchimisan?
Muzaffardan sado chiqmadi. U avval otning ayilini tortdi. Bu safar qariyaning ovozi yanayam chuqurroqdan eshitildi.
– Muzaffar, qaysi go‘rdasan?
Eshakning ayili mahkam tortildi.
– Muzaffar deyapman! Oting o‘chkur, qanisan?
Ovoz qoyalarga urilib, darani larzaga soldi. Muzaffar yo‘lak bo‘ylab ulovlarni ohista yetaklab borardi. Keyin, ehtiyotkorlik bilan zirklarga yaqinlashdi. Otasi jarlik labida umidsiz tepaga qarab turardi. Tushayotgan oqshomning sovug‘idanmi, tepaga ko‘p qarayverganidanmi, ko‘zlari qisilib, hatto yoshlangandek edi. Qoyatoshlar bag‘ridagi olachalpoq qor parchalari kabi uning qoramtir yuzlaridagi oq soqoli aniq ajralib turardi.
– Ha, nima deysiz. Sizni chiqarib olishga arqon yo‘q. Yukka qo‘shib, otning beliga bog‘lab yubordim.
– Jinni-pinni bo‘ldingmi? Meni arqonsiz qanday tortib olasan?
– Sizni chiqarib nima qilaman? Qolavering!
– Nima?! O‘ylab gapirayapsanmi?! Bu nimasi?!
– Gap bitta! Sizni chiqarib ololmayman. Qo‘lin­gizdan kelsa, o‘zingiz chiqavering. Sizga shuncha yalinib-yolvorganim yetar. To boyagi gapingizdan qaytmas ekansiz, chiqarib bo‘pman.
U shunday deya uzoqlashdi. To‘qayzordan chiqib oldi. Katta yo‘l boshlandi. Oqshom qahratonida o‘rmondagi sukunat quloqni teshgudek bo‘lardi. Muzaffar shu tariqa ancha yurganidan keyin ilk bor ortiga o‘girildi. Ichkaridan al­laqanday guldiragan ovoz eshitilardi. Unga ko‘p o‘tmay Bo‘zdorning ulishi ham qo‘shildi. It o‘z egasini tashlab ketmagandi.
Otasining jarlik labida tepaga boqib turgan umidsiz, yoshli ko‘zlarini eslab, ko‘ngli buzildi. Yana bir-ikki qadam hayvonlarning ortidan yurib, keyin eshakni yo‘l chetidagi butaga bog‘ladi. Ot­ning yukini tushirib, jilovni to‘qayzor tarafga burdi.
Husanali ota chaqiraverib charchagan, ovozi chiqmasdi. Bo‘zdor zirkning tagida turib, pastga qaragancha cho‘zib uvillar, dumini tinimsiz li­killatardi. Otning tuyoq dupurini eshitgan it ortiga burildi va Muzaffarni ko‘rib, u tomon o‘zini otdi.
Muzaffar qoyaning labiga kelib, pastga en­gashdi.
– Ota, meni yaxshi bilasiz, tishlagan yerimni uz­may qo‘ymayman. O‘zingiz menga shuni o‘rgatgansiz. Bugundan o‘sha gapni og‘zimga olmayman, deb qasam iching! Bo‘lmasa, akamning arvohi haqqi, sizni chiqazmayman.
Otasi boshini ko‘tarmadi:
– Padaringga la’nat! Bo‘pti, Xudo haqqi qasam ichaman! Arqonni tashla!
Muzaffar oriq, chuvakkina otasini muzlab qolgan qo‘llari bilan arqonni beliga qanday bog‘­layotganini ko‘rib turardi. Keyin qariya ohista tepaga ko‘tarila boshladi. O‘g‘li osonlikcha uni chiqarib oldi. Keyin otning jilovini otasiga tutqazdi-yu, o‘zi orqasiga qayrildi.

Ozarboyjon tilidan Rustam Jabborov tarjimasi