Siprian Ekvenzi. Yaylovlar qonuni (hikoya)

Er kishi o‘zi yoqtirgan har qanday ayolni olib qochishga haqli. Savannaning ko‘chmanchi chorvadorlari qonuni shunaqa. Qiz yoshmi yoki bo‘y yetib qolganmi, erlimi yo qariqizmi – buning ahamiyati yo‘q. Agar u sevib qolgan qizini uygacha olib kela oldimi – tamom, hammasi shu bilan tugaydi. Bordi-yu, yo‘lda qo‘lga tushib qolgudek bo‘lsa, yigitning sho‘ri quridi deyavering!
Hikoyamizda tasvirlangan voqealar bo‘lib o‘tgan o‘sha oqshomda bir kulba ichidan ikki kishining baland ovozda aytishayotgani quloqqa chalindi. Amina akasi Modio bilan san-manga borib qolgandi. Modio shiddat bilan Aminani itarib yubordi.
– Hoy aka! – chiyillab dedi Amina, o‘zini chaqqon chetga olib. – Oling qo‘lingizni!
Qiz og‘zini xiyol ochdi – ammo bu tabassum emasdi; uning g‘o‘ch siynalari shunday ko‘tarilib-tushar ediki, danak va kumush tangalardan qilingan munchoqlar joni borday qimirlar edi. U poxol kulba ustuniga yopishib, yiqilishdan o‘zini bazo‘r tutib qoldi.
– Menga qo‘lingizni tekkiza ko‘rmang!
– Ollohga qasam ichaman, – bo‘kirdi Modio. – Naq esingni kiritib qo‘yaman!
Qiz chaqnoq ko‘zlari bilan akasiga g‘azabli nigoh tashladi. Akasi tajovuzkorona egildi, mushaklari tarang tortildi, qo‘llari o‘ljasiga chovut solishga shay lochindek changaklandi.
– Hech qayoqqa bormaysan!
– Bekor aytibsiz! – qichqirdi qiz. – Bugun Yallanikida bo‘laman! Tegsam, o‘shanga tegaman!
– Jama nima bo‘ladi? Uni otamiz tanlaganlar! Senga deb Jama bergan qalin mollar nima bo‘ladi?
– Bu yog‘i bilan mening ishim yo‘q, – javob berdi qiz. – Sizlar meni… Voy! Qo‘yib yubor, iblis! Jinni-pinni bo‘lganmisan?
Akasining g‘adir-budur qo‘li kelib uning lablariga urildi. U singlisini ko‘tardi-da, tipirchilaganiga qaramay, o‘zining kulbasiga sudrab ketdi. Yalang oyog‘i bilan eshikni tepib ochdi-da, Aminani qoq yerga irg‘itdi. Pag‘a-pag‘a chang ko‘tarildi. Qiz yerga yuz-tuban yiqilganicha yotib qoldi, o‘kirib yig‘laganidan a’zoyi badani titrar edi. Uzun parishon sochlari yelkasi osha tushib, yerda chuvalib yotardi. Ko‘z yoshlaridan qizil upa surgan yuzlari jiqqa ho‘l bo‘lib ketdi. Amina hali juda yosh edi – o‘n gulidan bir guli ochilmagan bokira qiz…
– Yaramas! – Akasining ovozi qulog‘iga chalindi.
U akasining eshik lo‘kidonini surib qo‘yganini va og‘zidan bodi kirib, shodi chiqib so‘kinayotganini eshitib turardi. Oxiri uni o‘chib, akasi u yerdan ketdi.
Yuragini poralayotgan dardga malham bo‘lib, uning sevgilisiga ehtirosini bosadigandek, qiz ko‘z yoshlariga erk berdi. Ammo shu zahoti hali ham hech narsa yo‘qotilmaganini, hali ham umid borligini o‘ylab qoldi. Axir uni Yalladan hamishalikka ajratib bo‘larkanmi? U sevgilisi qoshiga bormasa bo‘lmaydi, boradi va hammasiga nuqta qo‘yadi!
Alam nafratga aylandi va ko‘ksi o‘t bo‘lib yona boshladi. Jama unga yoqmasa, buning uchun u aybdormi? Otasi avval Jamadan mollarni oldi va shundan keyin qiziga muddaosini aytdi. Jama esa bo‘g‘inlari o‘ynagan bir xotinchalish odam bo‘lib chiqdi. Shu ham erkak bo‘ldimi? U bo‘yra to‘qib, savannada mol boqa olarmidi! U shunaqangi quyonyurakki, sal qiyinchilikka duch kelsa, yosh bolalarday ho‘ngrab yuboradi. To‘g‘ri, qiyinchilikka har kim har xil chidaydi, ammo erkak zoti unday bo‘lmaydi-da… Unga erga tekkandan yerga tekkani yaxshi. Otasi uni Jamaga qo‘shqo‘llab topshirib yuboraveradi. Boshqa qizlarning qizi ustidan kulishlari bilan bir pullik ishi yo‘q: “Ering qalay endi, kun chiqquncha to‘shakdan bosh ko‘tarmaydimi? Yomg‘ir desa yuragi tars yorilib ketadimi? Vah-ha-ha! Shu ham er bo‘ldimi!”
Buning hammasiga Yallaning o‘zi aybdor. U nimagadir so‘zida turmadi. Va’da oddiygina edi – ular Jama kelinning qaliniga deb oxirgi ho‘kizlarni haydab kelishidan oldinroq otasining o‘tovidan qochishga kelishib olgan edilar. Yalla chiyabo‘rilar yaylov ortidan uvullay boshlaganda kulba oldiga kelib turishi kerak edi: xushtori hayqirgan doroua daraxti ostida kutib turganini Amina bilishi uchun o‘sha yerga yetib kelishi va jo‘jalarning qironini keltiradigan qirg‘iy qichqirig‘ida qichqirishi kerak edi.
Qiz bu qichqiriqni ko‘p kunlar kutdi. Chiyabo‘rilar toshlar orasida yashirinib turgan oqshom chog‘larida qiz sevgilisi haqida shirin xayollarga berilardi – ana u, baland bo‘y, keng yelkali, maydalab o‘rilgan sochlariga mis gardish kiydirilgan bo‘z yigit. Shunaqangi polvonki! U otasining podasidagi qaysar ho‘kizning belini bir urishda sindiradi, asov otning surobini to‘g‘rilab qo‘ya oladi! Shu bilan birga, u jilmayganida va uni qo‘lidan tutganida yigitning yuzlari shu qadar mayin va yumshoq ko‘rinib ketardiki, qo‘yavering… Qiz Yallaning keng o‘mroviga boshini qo‘ygancha uning tim-qora ko‘zlariga tikilib to‘ymasdi. Yigit qizning quloqlariga tegishni yaxshi ko‘rardi. Goho qizning bundan g‘ashi kelardi va shunda u Jamaga ketib qolaman deb do‘q qilardi. Yalla va Jama – bir-biridan osmon bilan yercha farq qilardi! Jama – qo‘rqoq! Tez-tez cho‘ldan quturib qo‘zg‘algan dovuldan kulbani qutqarib qola olarmidi? To‘satdan podaga hamla qilib qolgan yovvoyi itlar, chiyabo‘rilar, qoplonlar, arslonlarni haydab yubora olarmidi?
Shu ham erkakmi? To‘g‘ri, Aminaning eslashicha, uni Jamaning bo‘lajak xotini deb bilishardi. Besh yuz bosh mol. Ammo Amina sotilmaydi!
Oxiri bugun kechga yaqin Yalla qizning otasi guzarida paydo bo‘ldi. U sal naridagi doroua daraxti yonida to‘xtadi-da, qizni chaqirib, hushtak chaldi. Aminaning yuragi hapqirib ketdi. Hazilakam ishmi – u qadrdon go‘shasini butunlay tark etadi! Hech kim bilan xayrlashishi ham, ko‘z yoshi to‘kishi ham mumkin emas… U qarindosh-urug‘lari naq og‘zidan otib tashlaydigan odam bilan qochib ketayapti…
Cho‘l uzra o‘lik sukunat cho‘kkan. Amina ohista kulbadan mo‘raladi. Ko‘z oldida bepoyon cho‘l namoyon bo‘ldi. Bular hammasi endi u va Yallaniki – agar ularda jur’at yetishsa… Hamma-hammasi: salqin shamoldan egilib-egilib ketayotgan pakana daraxtlar ham, sharqirab oqqan daryolar ham, qoyalar ham, tikanli to‘qayzorlar ham – barchasi Amina va Yallani o‘zlari tomon chorlardi: kelinglar, bizga egalik qilinglar! U yerda ular o‘z qo‘ralariga ega bo‘lishadi va sigir-ho‘kizlarini boqishadi – birovlarnikini emas, o‘zlarinikini!
Yalla yana hushtak chaldi – bu gal kulrang qirg‘iyning betoqat va undovchan xirilloq qichqirig‘i bilan ovoz berdi.
Amina barcha ikkilanishlarini itqitib tashladi. U kulba ichidan yugurib chiqdi. O‘zi bilan hech narsani olmadi, hatto onasi sovg‘a qilgan yog‘och cho‘michni ham uyda qoldirdi… Shu zahoti uni akasi tutib qoldi! Akasi mudom yonginasida, daraxt ortida, yarim yovvoyi ko‘ppaklar galasi orasida yashirinib olishini xayoliga ham keltirmagandi. Ko‘ppaklarni Yallaga olkishlab, u Aminani tutdi-da, qayta kulba ichiga sudrab ketdi. Qiz uni timdalar, do‘q urar, qarg‘anar edi, akasi bo‘lsa nuqul kular edi… Erkin yaylovlar qonuni endi Yalla va Aminani himoya qilmayotgandi.
Mana, endi qiz – asira, kulbaga qamab qo‘yilgan. Ammo baribir ham u Yallani butunlay yo‘qotganiga zarracha ishonayotgani yo‘q edi. Bunday bo‘lishi zinhor mumkin emas! – Uning ham bir iloji bordir, axir! Jama qalinga atagan ho‘kizlarni oxirigacha haydab kelmasidan oldin Yalla qanday qilib bo‘lmasin, uni mana bu qamoqxonadan olib chiqib ketolsa va o‘zining kulbasiga olib borolsa, qanday yaxshi bo‘lardi, Yalla hali ham uni o‘ziga xotin qilib olishga ulgurardi – kuchlilarning qonuni bu. Hech kim erkin yaylovlar qonunini buza olmaydi. Buni barcha ko‘chmanchilar biladi, bu qonunni hamma hurmat qiladi… Faqat Yalla uning qayerdaligini qanday biladi? Ho‘kizlarini haydab, Jama qachon kelishini qanday biladi? Yo‘q, hammasi, hammasi tamom bo‘ldi!.. Aminaning ko‘zlaridan yana achchiq yosh duv to‘kildi.
– Oh, Yalla, Yallaginam! Kel, meni qutqar, Yalla! Men – senikiman, sen – mening erimsan!
Akasi devor ortidan qichqirib, agar tinchlanmasang, naq ko‘radiganingni ko‘rasan deb do‘q urmaguncha qiz o‘zini har tarafga urdi, qichqirdi, qo‘rqitdi. Ammo a’zoyi badani changga belanib, tikanlar kirib, vujudi olovdek yonib turganda qanday tinchlana olardi? Hoy ajal, tezroq kelsang-chi! Jamaga xotin bo‘lganimdan o‘lganim afzal!
Tashqaridan qulog‘iga chalinayotgan g‘ala-g‘ovurdan u angladiki, otlarga egar urishmoqda. Modiodan tashqari u yerda cho‘ldan qaytib kelgan og‘a-inilari ham bor edi. Ulardan biri uni qora chodraga o‘rab olish kerak, desa, boshqasi, bu udumimizga to‘g‘ri kelmaydi, oq chodra bo‘lishi kerak, dedi. Ularning topgan gaplarini qarang! To‘ng‘ich aka aytdiki, u kelin bilan bitta otda boradi, uni oldiga mingashtirib oladi. Modio uni qay tariqa ushlab qolganidan keyin ayniqsa hushyor bo‘lishmasa bo‘lmaydi. Oh, sho‘rlik aka-ukalar-a, bor-yo‘g‘i besh yuzta qoramol deb shuncha kuyib-pishishlarini-chi!
Bir vaqt aka-ukalarning ovozlari eshitilmay qolganini fahmlab qoldi qiz. Ularning vaysashlari, qo‘pol hazil-mutoyibalari kutilmaganda uzilgan edi. Cho‘l uzra dahshatli jimlik cho‘kdi. Mo‘jazgina kulba ichidagi havo og‘irlashib, dimiqib ketdi. Aminaning tomog‘i qichisha boshladi. Birdan sukunatni aka-ukalardan birining xirillagan qichqirig‘i buzdi:
– Yong‘in! Yong‘i-in! Hoy, suv keltiringlar, suv! Yonayapmiz!
Amina tipirchiladi. Uning mo‘jaz qamoqxonasi quyuq tutunga to‘lgandi. Nafas olish tobora qiyinlashib borardi, ko‘kragi yo‘taldan yorilib ketmoqda edi. Jon holatda uning bir kuchiga o‘n kuch qo‘shildi. U eshikni ura boshladi. Barcha tirqishlardan tutun ichkariga bo‘ralab kirmoqda edi. Tashqaridan hurkib ketgan mollarni ushlashga harakat qilgan erkaklarning qichqiriqlari va so‘kinishlari quloqqa chalinardi. Ularning ovozlari qizning qulog‘iga bosiq zarbalardek kelib urilardi. Nahotki aka-ukalar uni esdan chiqarib qo‘yishgan bo‘lsa? Qiz bo‘g‘ilardi. Nahotki, ular shu qadar bag‘ritosh bo‘lsa? Yoki rostdanam sigirlar ularga singillaridan azizroqmi?
Kuchli qo‘l eshikni lang ochib yubordi va past erkak ovozi amrona qichqirdi:
– Ortimdan yugur! Bu men, Yallaman!
Qizning yuragi shodlikdan o‘ynoqlab ketdi, ammo bo‘g‘ilishdan karaxt bo‘lib qolgan lablar biron tovush chiqarishdan ojiz edi. Kuchli qo‘l uning belidan quchib oldi va qizning oyoqlari yerdan uzildi. Uning sochlari tomga yopilgan quruq o‘t poyalariga ilashib qoldi. Mehribon erkak barmoqlari sochlarga yopishgan tikanaklarni avaylab terib tashladi. Qizga bular bari tushda bo‘layotgandek tuyulmoqda edi. O‘pkasiga yoqimli havo otilib kirdi. Alanganing sariq tillari osmonga o‘rlab, ko‘zni oluvchi olov ustuniga qo‘shilib ketmoqda edi. Qo‘li bilan o‘zini olovdan pana qilib, qiz akalarini ko‘rdi. Ular o‘zlarini bir kulbadan boshqasiga urar, bo‘yra, savatxalta, sutli xurmalarni eltar edilar. Yo‘q, bu endi tush emas edi. Hammasi – hatto ovozlar ham – o‘ng edi.
– Ana u! Akalar, tez bu yoqqa kelinglar! Tutinglar uni!
– Yalla, – dedi piq-piq yig‘lab Amina, – ular bizni quvib kelishayapti! Nima qilamiz endi?
– Quvishsa quvishaversin! Uyimgacha atigi besh mil. Bir quvlashmachoq o‘ynasak o‘ynabmiz-da!
Aminani qo‘lida ko‘tarib olgan Yalla butun qo‘radan yugurib o‘tdi-da, qizni o‘zining otiga mindirdi.
– Tezroq! – qichqirdi u qizning ortida o‘tirib, otni yeldirgancha. – Olg‘a!
Ot cho‘l ichiga otildi. Uning har bir odimi Aminaning a’zoyi badanini zirqiratib yubormoqda edi. Sochlari shamolda hilpirar edi. Orqadan esa charchash nimaligini bilmaydigan, chaqqon chavandozlar, boz ustiga singillarining o‘g‘irlanganidan g‘azabga mingan aka-ukalar ot solib kelar edi. Amina ularning otlari dupurini aniq-tiniq farqlay olardi. Ey Xudo, nima qilsa ekan-a?!
Vz-z-z!..
Bu yoy o‘qining ovozi edi. Fursat g‘animatda taslim bo‘lgan yaxshi!
– Oh, Yalla, to‘xtab, uy-uyimizga ketganimiz a’lo emasmi! Baribir ulardan qutulib bo‘lmaydi.
Yalla faqat qah-qah urib kulib yubordi, xolos va qiz momaqaldiroqdek erkak ovozini eshitib, o‘zini ahmoqday his etdi. U nimaga kulayapti? Ana-mana orqasidan kelib sanchiladigan, uni o‘lim talvasasiga solib, u g‘ujanak bo‘lib, yo‘taldan bo‘g‘ilib o‘ladigan joyga yiqitadigan kamon o‘qi ustidan kulayaptimi? Oh, jasoratli Yalla, sevgilim mening!
Ustidagi yuk og‘irligidan ot harsillay boshladi. Butalar birdan siyraklashdi, endi yo‘llari tik qoyalar orqali o‘tardi. Chavandozlardan qaysi biri epchilroq ekani endi juda bilinadi. Shu yerda uni o‘g‘irlagan yigit yo undan judo bo‘ladi, yoki abadiy o‘ziniki bo‘ladi. Qiz nafasini ichiga yutdi. A’zoyi badani chayon chaqqanday simillab og‘rirdi, lekin u oldinda qanday quvonch kutayotganini bilardi va bu unga matonat bag‘ishlardi.
Ular mingan otning chopishi tobora og‘irlashib va zo‘riqib bormoqda edi. Yallaning o‘zi ham har qancha kuchli bo‘lmasin, og‘riq va charchoqdan tishlarini g‘ichirlatar va tulporiga tinimsiz qamchi bosib, g‘azabnok niqtar edi.
– Iehuv-v-v! – na’ra tortardi u; shunda yuzidan to‘kilgan ter tomchilari Aminaning ko‘ziga kelib tushardi. – Iehuv-v-v!
Uzoqdan chiroq shu’lasini qiz birinchi bo‘lib ko‘rdi.
– Mening uyim, – dedi Yalla. – Mening yolg‘iz uyim.
– Bizning uyimiz!
Yigit yana qah-qah urib kuldi.
– Vz-z-z!..
Shunda Yalla birdan oh tortib yubordi.
– Oh, ularning o‘qi nishonga tegdi! Orqam!.. Ey Xudo, o‘zing saqla… O‘layapman…
U jumlani oxirigacha yetkizolmay, otdan yerga qulab tusha boshladi – zaharlangan o‘q tez ta’sir qiladi. Ta’qibchilar yaqinlashib kelardi va o‘qlar ular yonidan bot-bot vizillab uchib o‘tar edi.
– Agar men o‘lsam, kulbamga bor. Uyim ostonasidan hatlab o‘tsang, bas, ular senga qo‘lining uchini ham tekkiza olishmaydi. Bu… Qonun shunaqa…
Aminani dahshat chulg‘adi. U atrofga alangladi va chavandozlarning qorasini elas-elas ko‘ra boshladi, ular asta-sekin tiniqlashib borardi. Ular ichidan birinchi bo‘lib qiz to‘ng‘ich akasini tanidi. Yallaning butunlay madori qurigandi, u bazo‘r emaklab borardi, ammo Amina uni bor kuchi bilan olg‘a sudrardi. Afrika cho‘llarining qizi emasmi, u yosh, kuchli va jasur edi.
Yallaning majoli qolmadi. Biroq shu on ular podasidagi sigirlar hurkib, o‘zlarini olib qochdi. Qo‘ylar bezovtalanib ma’rardi. Tovuqlarni sergak torttirib, xo‘roz qichqirdi, tovuqlar quloqni qomatga keltirib, qaqag‘lay ketdi. Qochoqlar Yalla qo‘rasinining chegarasidan oshib o‘tishdi. Endi kulbagacha yetib olish qolgandi…
– To‘xta, la’nati o‘g‘ri!
Oshiq-ma’shuqlar qo‘ra va tovuqxonadan ham o‘tib olishdi. Shunda Amina bor kuchini to‘plab egildi-da, Yallani ko‘tardi, uni kulba ichiga itarib yubordi va uning ortidan o‘zi ham qoq yerga yiqildi.
Yigit birdaniga yengil nafas oldi.
– Xotinim! – ingranib dedi u. – Nihoyat sen men bilansan! Endi tezroq… o‘qni… Sen hali ham meni qutqarishing mumkin… Zaharga qarshi…
Aminaning akalari kulba oldiga yetib kelishdi.
– Hoy o‘g‘ri! Singlimizni qaytar bizga! – bo‘kirar edi ular.
– Hali men o‘g‘ri bo‘lib qolibmanmi? – istehzoli so‘radi yigit. – O‘g‘ri sizlar. To‘y otimni o‘g‘irladinglar!
– Bilib qo‘y, qalin moli to‘lamaguningcha otamiz rozi bo‘lmaydilar. Endi Jamaning qalin mollarini qaytarishimizga to‘g‘ri keladi.
– Bu yog‘i mening ishim! – qichqirdi ularga Yalla va Aminaga shivirlab dedi: – Voy,orqam! Tezroq zaharga qarshi malhamni…
Aka-ukalar otlarining boshini shiddat bilan orqaga burishdi-da, o‘zlarining qo‘rg‘onlari tomon yo‘rtdirib ketishdi.
Ulardan biri dedi:
– Baribir mana shu Yallaga qoyil qoldim. Haqiqiy erkak ekan. Qo‘rg‘onimizga o‘t qo‘ydi, singlimizni olib qochdi, boshqa kuyovga ataganimiz otni undan tortib olganimiz uchun bizni o‘g‘riga chiqardi! Nima ham derdik, yaylovlar qonuni bu! Yalla bizni boplab chuv tushirdi…

Rus tilidan Alimurod Tojiyev tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 3-son