O‘tgan oqshom mayxonalardan birida Lizani uchratib qoldim: oldida qandaydir omuxta ichimlik, astoydil bo‘yangan, yasangan-tusangan. Erkak oviga chiqqani va azbaroyi nochorlikdan ayni yo‘lga kirgani shundoqqina ko‘rinib turibdi.
– Ishlar qalay?- deb so‘radim.
– Bir nav.
Uning shlyapasi e’tiborimni tortdi. Shlyapaki, biror surbet o‘zining supurindi savatini nafarmon rangga buyab, ustiga “200 gulden” degan yorliqni yopishtirganu bunday hayosizlikka ahli olomonning tobini bilmoqchi bo‘lgandek taassurot qoldirardi.
– Yanning ishlari qalay? – deb so‘rashni davom ettirdim.
– Yan? Hali xabaringiz yo‘qmi, ajrashib ketganimizga uch oydan oshdi.
Hayron bo‘ldim. Atrof-javonibda nikohi o‘qilar-o‘qilmasdan darz ketgan ne bir oilalarni ko‘rgan edim. Biroq Liza bilan Yanning orasidan ola mushuk o‘tibdi, desa aslo ishonmasdim. Lizaning yoshi eridan katta. Buning ustiga, o‘n yilcha burun u kuyovini ota uyidan o‘marib ketgan, erkak zotining boshini aylantirish borasida ustasi farangki, maqtansa arziydi.
Yan esa taralla bedod uchun dunyoga kelgan qiltiriqqina, saddo-bayov bola edi. Nazarimda, Fitsjerald: “U ijro etish qo‘lidan kelmaydigan rolga mos grim qilgan aktyorni eslatadi”, deb yozganida aynan Yanga o‘xshaganlarni nazarda tutgan bo‘lsa kerak. U emin-erkin, sirli-sinoatli bir turmush egasi ediki, bunday kun kechirishga haddi ham, vaqti ham, boyligu sarmoyasi ham yetarli edi. Ayni paytda u rasman biror ishning boshini tutgan kishi bo‘lib ko‘rinish maqsadida, ba’zan-ba’zan san’at asarlari savdosi bilan ham sho‘g‘ullanib qo‘yardi.
– Yanning qanday odam bo‘lganini o‘zingiz bilasiz-ku, – dedi Liza marhum haqida gapirayotgandek o‘tgan zamonda so‘zlar ekan. – O‘ldim-kuydim kasaliga yo‘liqqan. Bugun bu qizga osilsa, ertasiga boshqa juvonga mahubbat izhor qilib ketaverardi. Men bechorani esa butunlay unutgan edi. Bunday betayin bilan yashashning o‘zi bo‘lmaydi. Boshida uning hurmacha qiliqlaridan o‘lar bo‘lsam o‘lib bo‘ldim. Keyin hammasiga qo‘l siltadimu e’tibor bermay qo‘ydim. Negaki, qayerga, kim bilan ketmasin hamisha yana oldimga qaytib kelardi-da. Yursa-yuribdi-da, bari bir hammasi joniga tegadi-ku, deb o‘ylardim. Lekin bir kuni…
Lizaning ko‘zlaridan chaqin chaqqanday bo‘ldi.
– Ha, ko‘p qiliqlarini ko‘rib ko‘rmaslikka, bilib bilmaslikka olardim. Biroq hamma narsaning, mening sabr-bardoshimning ham, haddi – hududi, chegarasi bor, – dedi ayol zardayu alam bilan.
– Albatta! – hamdardlik bilan gapni ilib ketdim men. Negaki, o‘n yillik sabr-toqat, mehr-oqibatdan keyin ayolni erining qanday nokasligi bunday ayanchli qadamni qo‘yishga majbur qilganini juda-juda bilgim kelayotgan edi.
– So‘nggi paytda, – deb o‘z hikoyasini davom ettirdi Liza, – u har hafta, har juma Gelderlandga boradigan va shanba kuni oqshom qaytadigan odat chiqardi. So‘rasam, xizmatchilik deb qo‘yardi… Qanaqa xizmatchilik ekanini bilamiz-ku… O‘sha yoqda yana birortasini to‘riga ilintirganini sezdim. Boshida bu meni unchalik ham tashvishga solgani yo‘q. Tajribamdan bilardimki, ikki-uch oydan keyin, yangi jazmani joniga tekkach, qilmishidan pushaymon yeb, yetim qo‘ziday oyog‘imga yana bosh urib keladi. Shunday qilib, bamaylixotir kutishga kirishdim. Lekin bu gal uning ishqiy sarguzashti kutilmaganda cho‘zila boshladi. Yarim yil o‘tdi. Sakkiz oy. Har juma vokzal qaydasan deb yo‘lga chiqib, har shanba uyga qaytadi. Har gal o‘z-o‘zidan mamnun, og‘zi qulog‘ida, yasharib ketgan. Ochig‘ini aytganda, tahlikaga tushib qoldim.
Liza oldidagi qadahdan bir qultim yutdi.
– U qanaqa parvoyi falak odamligini aytib o‘tirmay. Gelderlandda qaysi mehmonxonada tunashini osongina bilib oldim. Portfelidan mehmonxonaning to‘lov qog‘ozi chiqdi. Juma kunlarining birida, kunduzi, o‘sha yoqqa jo‘nadim. Yanni aqldan ozdirib qo‘ygan gelderlandlik o‘sha manjalaqini bi-ir ko‘rgim keldi. Lekin…
Ayolning ko‘zlari yana g‘azabdan yonib ketdi.
– Lekin u yerda ko‘rganim meni butunlay adoyi tamom qildi. To‘g‘ri advokatning oldiga bordim.
– Yan u yoqda nima qilib yurgan ekan? – vujudim quloqqa aylandi mening.
– Nima qilib yurgan ekan? Hech nima! Hech qanday jazman-pazmani yo‘q ekan.
Bilasizmi, har hafta u yoqqa nega borar ekan?
– Yo‘-o‘q! – deb ochig‘ini tan oldim men.
Liza butun g‘azabini tiliga chiqardi:
– Shunchaki, yolg‘iz o‘zi, xoli qolib, dam olish uchun borar ekan!
Ruschadan Qulman Ochilov tarjimasi.