Sher Muhammad Mari. Savdoyi (hikoya)

Tungi osmon timqora, olamning nurafshonligidan hanuz darak yo‘q, falakni to‘ldirib porlagan yulduzlar iztirobli yurakning ko‘z yoshlariga o‘xshaydi. Kxudo Bux qamoqxona tor bo‘lmasining bir burchagida o‘tiribdi. O‘zining go‘zal va beg‘ubor bolaligi, yoshlikdagi do‘stlarini eslaydi. Kichikroq, insonni yanchib tashlovchi bu bo‘lmada mahbus uchun qora chiroqdan boshqa bironta ham do‘st yo‘q. Qora chiroqning xira nurlari bo‘lma ichidagi tosh devorlardan o‘rmalab lipillarkan, tepaga o‘rlayotgan tamaki tutunining ingichka izi g‘ira-shira ko‘rinadi. Qora chiziqlar har bir yangi kelgan mahbusga qamoqxonaning g‘amgin hamda og‘ir sharoitidan hikoya qiladi. Ammo Kxudo Bux bularga e’tibor bermay, yoshligi haqidagi shirin xayollarga berilardi. O‘rnidan turib, qafasning temir panjaralarini quchoqlagancha o‘yga toladi. Uzoqdagi bulutlarga termulib, boy berilgan kunlarini axtaradi. Biroq vaqt o‘tishi bilan bu fikrlari haqiqiy emas, havoyi bo‘lib chiqar, yana temir panjaralar bilan dahanaki jangga kirishardi. Yigit falokatga yuz tutib, nechuk bolalik kunlari bunchalar tez o‘tib ketganidan sarosimada edi. Tengqurlari ila birga o‘ynagan o‘yinlari havoda g‘oyib bo‘ldi-qoldi, endi ularning lablari uzra ingichka murti sabza ura boshlagan.
Kxudo Bux o‘n to‘qqiz yoshda edi. Uzoqdagi tumanlar ichidan nimanidir izlar, agar orzular makonida bo‘lganida edi, kalavaning uchini topib, o‘tgan ishlarni fikr tarozisiga solib o‘tirmasdi. Bu borada shubhalanmasdi ham. Uni faqat bir narsa bezovta qilardi. Oldinlari Saddo bilan bolalikning beg‘ubor o‘yinlarini o‘ynardi. Lekin hozir o‘sha damlar qaytganda bu ishni qayta qilmasdi.
Kxudo Bux boshqa narsani ham eslardi. Saddoning qiziq fe’l-atvori bor edi. Kxudo Buxning yonidan o‘tayotganida hamisha siynasini ro‘molining cheti bilan yopar, baribir ro‘mol tagidan endigina bo‘rtib chiqqan ikkita olmadek siynasi bilinib turardi.
Endi qiz yolg‘iz sayr qiladi yoki bolalar bilan o‘ynaydi va qamoqxonaga qaytadi. Yigit shu onda Saddo uyiga kelib, birga o‘ynaylik, deb aytgani hamda qizning taklifini rad etganini afsus bilan esladi. Shu payt yigit o‘zini sirli bir kuch chulg‘ab olayotganini his etdi. Kxudo Bux oyoqlarini mahkam quchoqladi. Yuragi larzaga tushib, qafasdagi qushday tipirchiladi.
Bir kuni cho‘milgani daryo bo‘yiga borganida, Saddo ham sochig‘ini yuvgani kelgan ekan. O‘shanda qiz yurib kelgan so‘qmoq ko‘ziga xuddi porlab yonayotgan alangaga o‘xshab ketgandi. U hayajondan qaltirar va yuragi tez-tez urardi. Sochiga yog‘ surayotganida Saddo unga: “Kiyimlaringizni yuvib beray”, dedi iltimos ohangida. Qizning ovozi yigitning butun vujudini otashga solib, sal bo‘lmasa, o‘zini yo‘qotib qo‘yayozdi. Uni chaqmoq urganday bo‘ldi. Kxudo Bux kiyimlarini berish yo bermaslikni bilmay qoldi. Oxiri kiyimlarini kichik tosh ustiga qo‘ydi. Qiz boshini ko‘tarib, kiyimlarga nazar soldi va qizarib ketdi. “Nega ko‘zlariga qarolmayapman? Axir birga o‘ynardik-ku”, degan o‘y kechdi ko‘nglidan. Kxudo Bux unga titroq ovozda: “Saddo, nega oydin kechalarda o‘ynagani uyimga kelmaysan? Kunduzi-chi, nega ko‘rinmaysan? Uchrashganimizda nuqul ko‘zlaringni yerga tikyapsan. Nega?”, dedi.
Hatto shugina savolni berish Kxudo Bux uchun juda qiyin tuyuldi. Yuzida reza-reza terlar paydo bo‘lib, ikki tomchisi yerga dumaladi. Yigit Saddoga qaraganida, uning ham hayajondan titrayotganini payqadi. Kxudo Buxning sayohatchi poyezdi shu nuqtaga yetganida, ikki tomchi yosh temir panjaralarga tomdi.
– Mahbus, soat o‘n bir bo‘ldi. Nega eshik tagida turibsiz? Boring, uxlang! Kxudo Bux shu zaylda ancha paytgacha o‘ziga o‘zi gapirib turdi. Ko‘zlari tumanlar ortidan allanimalarni izlashga kirishdi. Ko‘z o‘ngida o‘tmishi kino tasmasidek gavdalandi. Ko‘rinmas qanotlarda sayohat qila-qila, Saddo va uning ont ichgan onlariga yetib keldi. U aniq esladi, qishning izg‘irinli tunida, yulduzlar va bulutlar guvohligi ostida qiz umrbod uniki bo‘lishini aytib, ont ichdi. Qiz qasamini bir zum ham unutmadi. Sharm-hayosiz, oqibatsiz jamiyatda, kunduzi quyosh nurida, sovuq qishning tunlari yoki sutday to‘lin oyli kechalarda ham so‘zida sobit edi. Taqdir esa Saddoning ustidan kuldi. Unga surbet boyni ro‘baro‘ qildi. Va nihoyat, u juda qo‘rqqan kun yetib keldi, mahbubasi katta boy, qishloq hokimi Muhammad Aliga unashtirildi. Qiz uchun naqd besh ming rupiya berdi. Biroq boy qizning chiroyli qomatinigina sotib olgandi, xolos. Qiz allaqachon yuragini, qalbini uning sevgisi otashida yongan sevgilisiga topshirib bo‘lgandi.
Kxudo Bux Muhammad Alining yoniga borib: “Siz xo‘jayinimsiz, qishloqdagi eng badavlat odamsiz…. Men ham sizga shuncha xizmat qildim, qancha ter to‘kdim, ammo hamisha sodiq qoldim. Bizga o‘z ota-onamizdeksiz. Shunday ekan, Saddoni sotib olmang, o‘tinib so‘rayman. Biz allaqachon yuraklarimiz, qalbimiz, hayotimizni ham bir-birimiz bilan almashib bo‘lganmiz. Juft yuragimizni ayirmaslikka, bedor qalblarimizni oyoqosti qilmaslikka so‘z bering”, dedi.
Ammo sohib shunday javob berdi: “Navqiron yigit, esingni yeganmisan? Sen nochor va kambag‘alsan. Saddodek qizga mos emassan. Jayron ko‘zlar, oppoq qo‘llar, mayin sochlar egasi bo‘lmish sohibjamol qiz hashamatli hamda dang‘illama hovlida yashashga munosib. Shuningdek, unga barcha xohish-istaklarini amalga oshira oladigan kuyov kerak. Menga ortiqcha gaplarni gapirib, boshimni qotirma.
U nozanin senday bir kambag‘alni boshiga uradimi? Unga naqd besh ming rupiya to‘laganman”.
Muhammad Ali bu so‘zlarni kula-kula aytdi. Bu suhbatdan keyin Kxudo Bux o‘zini kimsasiz zulmatga tushib ketgandek his etdi, go‘yoki yer uning oyoqlari tagidan sirg‘alayotganday tuyuldi. Uyiga qaytib keldi va ichkariga kirib, o‘zini gilamga otdi. Keksa, og‘zida tishlari qolmagan onasiga: “Saddonikiga boring, uni mendan tortib olmoqchilar”, – dedi ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lib.
Taqdirning achchiq sinoviga qaramay, u sipo va xotirjam edi, ammo yuragi olovdek yonardi. Ortiq o‘ylashga toqati qolmadi. Bir qarorga kelganday bo‘ldi… So‘ng rejalarini o‘ylashga ham holi yetmay, g‘ujanak bo‘lib uxlashga harakat qildi. Yarim tungacha ajriqqa ag‘anaganday behalovat yotdi. Keyin qo‘qqisdan uyg‘onib ketdi. To‘pponchasini olib, ko‘chaga otildi, lekin qayerga ketayotganini bilmasdi. Oyoqlari uni to‘g‘ri Saddonikiga olib bordi. Qizning hovlisini kesib o‘tdi-da, ko‘z ochib-yumguncha yotog‘i oldida paydo bo‘ldi. Saddo ro‘molini boshiga o‘rab, uxlab yotardi. U bir tekis nafas olardi. Biroq Kxudo Buxning og‘ir nafasi hamda qadam tovushlarini eshitib uyqusi o‘chdi. Sapchib turdi-da, o‘zini eshikka otdi. Kxudo Buxni tanigandan so‘ng qo‘rquvi bosildi. Ikki behalovat yurak bir-biri bilan uchrashdi. Ular bir-birlarining og‘ushiga otildi, bir jism, bir jonga aylandi, go‘yo ikki vujudda bitta yurak urayotganday. Sevinch va visol sururidan oshiqlarning ko‘zlaridan yomg‘ir misoli yosh tomchilardi. Saddo yig‘idan to‘xtashga urindi. Biroq uddasidan chiqolmadi. Ayanchli siniq ovozda: “Oh, azizim!”, dedi va ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Yana bir og‘iz juftlab, tutildi: “Oh, azizim Kxudo Bux!.. az…” – o‘zining ovozidan cho‘chib ketdi. Ko‘z yoshlari jilg‘adek oqa ketdi. Qiz “Bu dallol odamlar chirkin an’analarga bo‘ysunib, bizga shuni ravo ko‘rdi… Azizim, ular bizni pulning kuchi bilan ayirishdi. Lekin hayotimiz, yuragimiz va orzularimiz ularning boyligidan ustun! Muhammad Ali hech qachon qalbimga pulning kuchi bilan egalik qilolmaydi”, dedi.
Kxudo Bux uning so‘zlarini eshitib, orqasiga qayrildi. Hech narsa demasdan, qizning peshonasidan o‘pdi-da, tashqariga otildi. Uyiga kelib, onasi to‘qigan yupqa yopinchiqqa o‘randi. Onasining ajin bosgan yuziga boqib, o‘tmishning mashaqqatli og‘rig‘ini ko‘rganday bo‘ldi. Onasi unga: “Oh, o‘g‘lim! Ablah boyning manfur tizimi yuzlarimni ajinga, sochlarimni oqqa bo‘yadi”, deyayotganday edi.
Kxudo Bux bunga javoban: “Xuddi shu johil, qalbsiz odamlar Saddoni yig‘lashga va mendan ayirishga jazm etdi”, dedi. Onasining qonsiz yuzidagi ajinlari hamda Saddoning ko‘z yoshlari uchun o‘ch olmoqqa otlandi. To‘pponchasini o‘qlab, Muhammad Alining eshigi oldiga keldi. Eshikni taqillatdi, bir qancha vaqt o‘tib, boy ko‘rindi. Kxudo Bux hech nima demasdan to‘pponchasini uning peshonasiga tiradi. “Qars” etgan ovoz yangradi, so‘ng Muhammad Ali unsiz yerga yiqildi. Yiqilayotib og‘zidan birgina “Kx…” degan tovush chiqdi, xolos. Keyin u oxirat dunyosiga ravona bo‘ldi.
U esa kulgi aralash: “Men o‘ch oldim! Onamning ajin bosgan yuzi va Saddomning ko‘z-yoshlari uchun o‘ch oldim! Kambag‘al bolalarimizning yirtiq-yamog‘i uchun o‘ch oldim!”, deya qichqirardi. O‘q ovozidan uyg‘ongan qo‘shni ayollar va bolalar yugurib kelishdi. Qo‘shni qariya: “Oh, Kxudo! Nega bunday jinoyat qilding?”, deb so‘radi. “Jinoyat?” – hayratlanib javob qaytardi yigit. – “Men hech qanday jinoyat qilmadim. Agar jinoyat qanday bo‘lishini bilishni istasangiz, onamning oldiga borib, yuzidagi ajinlarga nazar soling. Sevgilimning shashqator ko‘z yoshlariga boqing. Ayollarning molday sotilishini tomosha qiling, mulkdorlarning qilmishlarini ko‘ring”.
Odamlar yigitning so‘zlarini eshitib, uni esidan og‘gan, deb o‘ylashdi. Jamoat sudida uning qo‘liga kishan solindi. Jirg‘aning a’zolari, ko‘r va kar tizimning vakillari ayblanuvchiga: “Siz Muhammad Alini o‘ldirdingizmi?”, deb so‘rashdi. “Ha, – deb aybini tan oldi yigit. – Men uni o‘ldirdim, lekin bir burda suyak uchun emas. Onamning ajin bosgan yuzi haqqi o‘ch oldim! Uni Saddo uchun, uning yorug‘ kelajagi uchun o‘ldirdim! Unutilmagan xotiralar uchun o‘ldirdim. Hammangiz uchun qasos oldim!”

Sudya o‘zining so‘nggi qarorni e’lon qildi: Kxudo Buxga o‘n ming rupiya qon puli, shuningdek, o‘n to‘rt yil qamoq jazosi belgilandi. Bugun shomda o‘n to‘rt yilning yarim tuni o‘tgandi, xolos. Shuni o‘ylab Kxudo Bux seskanib tushdi.
Shirin va dardli o‘ylar og‘ushida temir panjaralarga suyanib, uxlashga harakat qildi. U bamisoli yarador sherga o‘xshardi. A’zoyi badani zirqirab og‘rirdi. Ilojsiz, do‘sti – qorachiroqqa nazar soldi. Chiroq ham chiqayotgan tutundan o‘ch olardi. Lekin…
Nihoyat, sohir tong tashrif buyurib, xo‘rozlar kunduzgi yog‘duni sharaflayotgan paytda qamoqxona hayoti boshlandi. Mahbuslar cho‘milib, bo‘lmalaridan ibodat qilgani chiqishdi. Boshqa mahbuslar endi Kxudo Buxni yondosh bo‘lmadagi qo‘shni, deb bilishardi. Bux nogoh sug‘orish ishlari bo‘yicha aktsiya egasi Nur Muhammadni ko‘rib qoldi. Mahbuslar uning oldiga borib, qaysi aybi uchun bu yerga tushganini so‘rashdi. Nur Muhammad bo‘lgan voqeani so‘zlab berdi: “Bir kuni kunduzi, yerimga suv ochgani ariq qaziyotgandim, birdan Kxudo Buxning dalasidagi katta daraxtda nimadir osilib turganiga ko‘zim tushdi. O‘sha yoqqa yugurdim. Borib qarasam, bir odam osilib turibdi. Tezda pichog‘im bilan arqonni kesib, o‘sha odamni pastga tushirdim. Ayol kishi ekan, sinchiklab qarasam, qishlog‘imizdagi Saddoning o‘zi. O‘lgan bo‘lsa ham, lablarida nim tabassum o‘ynardi. Taram-taram sochlari maysadek mayin, katta ochilgan ko‘zlari uzoqdagi bir narsaga qadalgan edi. Yuragiga quloq tutdim, ismini aytib chaqirdim, qimirlatdim, yo‘q, javob bermadi. Boshidan ro‘molini yechib, tanasiga yopdim. Keyin uyga yo‘l oldim. Saddoning ota-onasiga bor haqiqatni aytdim, ularning faryodi ko‘kka yetdi. Shunday qilib, qizning o‘limida ayblanib, qamoqqa olindim”.
Bu gaplarni eshitgan Kxudo Bux o‘rnidan irg‘ib turdi, ayyuhannos solib, qamoqxona devoriga o‘zini urdi. Temir eshikni buzib, chiqib ketishga intilardi. Boshqa mahbuslar yigitni zo‘rg‘a ushlab qolishdi. Yigit ularning changalidan chiqishga harakat qilib: “Meni qo‘yib yuboringlar! Hayotim, umidim, yorug‘ dunyodagi topganim Saddo o‘lgan yerga boraman! Insonlar sotilmaydigan, uyatsiz va iymonsiz boylarning hukmi o‘tmaydigan yurtlarga boraman, qo‘yib yuboringlar!” – deb na’ra tortardi u.
Oxiri qamoqxona qorovuli kelib, Kxudo Buxning qo‘llarini bog‘lab qo‘ydi. Uni savdoyilikda ayblab, bir nechta dori yozib berdi. Shunday qilib, garang, gung va ko‘r tizim oshiqni aqldan ozdirdi.
O‘shandan buyon bu yerning odamlari Saddo ont ichib, o‘zini osgan Kxudo Bux dalasidagi katta daraxtni ziyorat qilishadi.

Ingliz tilidan Zilola Jalolova tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 3-son