Sergey Kondratev. Tasodifiy muvaffaqiyat (hajviya)

Mushtariyimiz Z.Agniyaning iltimosiga ko‘ra, bugun tahri­riyatimizga taniqli kinoaktrisa Yelena Premerova tashrif buyurdilar. Tomoshabinlar uni “Kambag‘al qiz” filmidagi kambag‘al qiz, “Birinchi go‘zal” filmida o‘ynagan birinchi go‘zal, “Dudochka va ko‘zacha” filmida yaratgan Glafira Fominichna Dudochka obrazlari orqali yaxshi biladilar.
– Yelena, siz kinoaktrisalikka uzoq, anchayin mashaqqatli yo‘lni bosib, roppa-rosa o‘n yetti yil deganda kelganingizni yaxshi bilamiz.
– Men bu yillar haqida afsuslanmayman. Ular menga kinodagi bo‘lg‘usi faoliyatim uchun ko‘p narsalarni berdi. Axir, men o‘sha o‘n yetti yil davomida tug‘ildim, bolalar bog‘chasida tarbiyalandim, hatto maktabni ham bitirishga ulgurdim…
– Ha, keyin sizning kinematografiyaga kirib kelishingiz qanday kechdi?
– O, hammasi baxtli tasodif tufayli. Rejissyor Zaklonov menga o‘zining yangi filmida bosh rolni o‘ynashni taklif qildi. Men bolaligimda bu taniqli rejissyorning filmlaridan ruhlanib yurardim.
– Chamasi, bunday yoqimli taklifni qanday qabul qilganingiz o‘quvchilar uchun qiziq.
– Bu men uchun mutlaqo kutilmaganda sodir bo‘ldi. Rejissyor taklifini oshxonada, nonushta paytida aytdi. Aytishni unutibman, Zaklonov – mening otam.
– Juda qiziq yangilik. Sizning birinchi rolingiz san’atshunoslar e’tiborini tortdi va matbuotda yuqori baholandi…
– O, bular ham tasodifiy. Kinoshunoslik fakulteti talabasi “Kino, bu – san’at” jurnali tahririyatiga amaliyot o‘tashga kelganda, muharrir unga men haqimda maqola tayyorlashni buyurdi.
– Chindan ham tasodif. Buni qanday izohlaysiz?
– Tasodifni qanday ham izohlab bo‘lardi? Faqat yana bitta tasodif: muharrir, kinoshunoslik fanlari nomzodi Agniya Petrovna Zaklonova – mening onam.
– Bu yerda sizning omadingiz chopibdi, amaliyotchi talaba aynan shu muharrirga to‘g‘ri kelibdi.
– Ha, albatta! Buning ustiga o‘sha talaba mening tug‘ishgan opam bo‘lib chiqishini kim tush ko‘ribdi, deysiz.
– Boshdan-oyoq tasodiflar. Ha, sizning so‘nggi filmingiz Quyi Volokushdagi festivalda birinchi o‘rinni olgani ham tasodifmi?
– Shubhasiz. Kutilmaganda hakamlar hay’ati tarkibiga bosh boshqarma xodimi Boris Sergeevich Premerovni kiritishdi, unga bizning filmimiz favqulodda yoqib qoldi…
– Boris Sergeevich bu…
– Ha, bu mening erim.
– Quyi Volokushda birinchi o‘ringa loyiq topilgan film Kannda hech vaqo ololmagani ham tasodifmi?
– Albatta, tasodif. Ammo baxtsiz tasodif. Keyingi paytlarda Boris Sergeevich delegatsiya tarkibiga qo‘shilmayapti.
– So‘nggi an’anaviy savol: yaqin kelajakda siz yana qanday baxtli tasodiflarni rejalashtirgansiz?
– Bugun-erta men mutlaqo kutilmaganda yangi filmga bosh rol uchun taklif qilinaman. Bunda meni butunlay hayron qoldirib, uch oylik qizim Alina va mushugimiz Murka suratga tushishi taqdimot kuni ma’lum bo‘ladi. Festivalning bosh mukofoti bilan taqdirlanishim haqidagi axborot ham men uchun kutilmagan yangilik. Samarali ijodim haqidagi monografiya nashrdan chiqqani haqidagi shov-shuv boshga qordek yog‘iladi.
– Rahmat, Yelena, sizning yorqin, betakror iste’dodingiz muxlislari barcha kutilmagan tasodiflarga e’tiborli bo‘lishadi.
– Darvoqe, men ham, o‘z navbatida, sizning gazetangizda nomim chiqishidek imkonni bergan baxtli tasodifdan minnatdorman.
– Ha, buyam tasodif-da, siz bilan bizning dala hovlilarimiz yonma-yon ekanini kim ham bilibdi!

Rus tilidan Habib Siddiq tarjimasi
«Jahon adabiyoti», 2016 yil, 12-son