Ketganni, (ayniqsa, o‘rnidan tushgan boshliqni) ortidan yomonlash – azaldan kelayotgan dastur. Shu kunlarda biz ham ana shu dasturga ko‘ra, avvalgi boshliqning boshiga it terisini qoplab, yomonlash bilan bandimiz. Hatto qonuniy beriladigan mehnat ta’tilimizniyam unga nimadir berib olganimizdan keyin yomonlaymiz-da! Ammo-lekin ishiga no‘noq bo‘lsayam, olishga qolganda o‘roq edi. Bilmadim, vazifasidan o‘zi ketdimi yoki “berganlar“ ag‘darishdimi, xullas, yaqinda u bilan “quyuq” xo‘shlashib, ortidan hovuchlab tuproq sochib qoldik.
Boshqasiga topilmasa-da, boshliqning o‘rniga odam darrov topiladi. Bizda ham shunday bo‘ldi. Yangi boshliqni ko‘rmasdan turib maqtash ham eskidan qolgan udum. Biz ham shunga amal qilib, maqtovning kiftini keltirib yotibmiz.
– Ajoyib yigit deyishadi!
– Pora nimaligini bilmaydigan, o‘ta halol emish!
– Birovlarga emas, mehnatiga suyanarmish!
– Ta’magirlikdan, birovning narsasidan hazar qilarmish!
– O‘zining og‘zi bormikan ishqilib? — dedim maqtovlardan g‘ashim kelib.
– Og‘izsiz ham odam bo‘larkanmi? — dedi katta buxgalterimiz Japash.
– Og‘zi bo‘lsa, yemay bo‘pti! — dedim kinoya bilan.– Avval kelsin-chi, keyin yemaganini ko‘rarmiz.
– Sen bola, hali kelmagan odamdan shubhalanishingni qo‘y, mabodo eshitib qolsa, esingni kirg‘azib qo‘ymasin!—dedi boshbuximiz Tung‘ishboy og‘a.
– Ha, ehtiyot bo‘lish kerak, boshliqni yomonlaganning boshi baloga qoladi, deb bekorga aytishmagan, – dedi Japash.
Xullas, ta’riflar tugamasidan yangi boshliq ham kelib qoldi. Nimasini aytasiz, rang ko‘r — hol so‘r, deganlariday rangi tuzukka o‘xshadi. Avvalgilarga o‘xshamagan, kamtar, hammamiz bilan oddiy odamday qo‘l berib, ko‘rishdi. Undan juda rozi bo‘lib, quvonib qoldik. Boshqa bo‘limlarni bilmadigu, boshliq hisobxonaga kun-kunaro kirib, chekishib, suhbatlashib o‘tiradi. Uning bu odatiga ko‘nikib ham ketdik.
Ana shunday suhbatlarning birida boshlig‘imizning ko‘zi g‘aznachimiz Aqanning qo‘lidagi tilla ruchkaga tushib:
– Qo‘lingizdagi ruchka juda noyob ekanmi? — dedi kulimsirab.
– Endi katta bir korxonaning g‘aznachisi bo‘lgandan keyin oddiy buyum ushlasak bo‘lmas ! — dedi Aqan o‘zini tushunmaganlikka olib.
Aqanning ruchkani ko‘zi qiymayotganidan g‘ashi kelgan bosh hisobchimiz Tung‘ishboy og‘a qulog‘igacha qizarib, “esing joyidami?!” deganday unga imo qildi. Endi chekinishning iloji qolmadi, orqada bosh hisobchi – oldinda boshliq, xullas, Aqanning miyasi ishlab ketdi U o‘rnidan turib, chap qo‘lini ko‘ksiga qo‘yganicha:
– Bu ruchka sizday boshliqqa munosib,faqat cheklarga imzo chekadigan ruchka, esdalik uchun olib qo‘ysinlar! — dedi ruchkani o‘ng qo‘llab unga uzatar ekan.
– Ruchkagina emas, egasi ham tillo ekan! — dedi Jakeng (boshliqning kamtarona ismlari shunday) g‘aznachining muruvvatidan mamnun bo‘lib.
O‘shandan beri Aqanning oyi o‘ngidan tug‘adigan bo‘ldi. Maqtov so‘zlar ham, mukofotlar ham unga berila boshladi.
– Yigitlar, soat necha bo‘ldi? — dedi Jakeng yana bir kuni suhbat paytida.
– Soat o‘n beshta kam bir bo‘pti, – dedi katta hisobchimiz Japash yon cho‘ntagidan soatini chiqarib. Uning buvasidan meros qolgan qo‘sh qopqoqlik, jiyagiga qimmatbaho toshlar qo‘yilgan, tilla zanjirli kumush soati bo‘lardi. Soatga Jakengning ko‘zi tushib:
– O‘ho‘, manov narsa buncha ajoyib?! — dedi zavqlanib.
– Buvamdan esdalik edi,–dedi Japash bo‘shashib.
– Juda antiqa soat ekan demoqchiman-da!
– Muzeydagilar ikki ming dollarga baholashganda bermovdim…
– Sendan buning qancha turishini so‘rayapmizmi?! — dedi Aqan ko‘zini qisib.
– Soating ikki ming dollar bo‘lsa, Jakengning ko‘ngillari o‘n ming dollar! – dedi bosh hisobchi Tung‘ishboy og‘a.
Japash qutulish yo‘lini topolmay, noiloj:
–Jake, soat yoqqan bo‘lsa, oling, u sizniki! – deb uni boshliqning qo‘liga tutqazdi.
Shu bilan Japash ham boshliq bilan qalinlashib, korxona hisobidan ikki bor chet elda safarda bo‘lib qaytdi, ishxonadan imtiyozli kredit olib, tog‘ etagidan dala hovli qurdi. Biz bilan mensimasdan, qo‘l uchida salomlashadigan odat chiqardi.
Rahbarni uyga qo‘noqqa chaqirish ham yaxshi udumlarimizdan biri hisoblanadi. Bu udumga ham hammamiz birdek amal qilib, boshliqni navbat bilan qo‘noqqa chaqirdik. Faqat jamoamizdagi To‘biqboy og‘adan sado chiqmadi.
– To‘bake, buningiz qalay bo‘ldi?—dedik biz.
– Ey, chiroqlarim-ey, senlar nimani bilasanlar, bizning uyda Jakeng qiziqadigan nima bor? Yangalaring beti qizillovgina, o‘shani ko‘rib, “To‘bake, manov yangamiz tuzuk ekan!” deb qolsa, unda men nima qilaman?!– deganida hammamiz qotib kulibmiz. Endilikda bizda “Jakengni ko‘zi tushdi” degan yangi atama paydo bo‘lgan. Yaxshi narsalarni u kishiga ko‘rsatmaslik paytida bo‘lamiz. Lekin, qancha tirishmaylik, Alish chet eldan olib kelgan ko‘zoynagidan, O‘rakang chustlik qadrdoni sovg‘a qilgan olmos tig‘li pichoqdan, Sag‘it otasidan qolgan qadimiy suyak do‘mbirasidan ajraldi. Bosh muhandisimiz qimmatbaho charm portfeli bilan, bosh texnologimiz bug‘u terisidan tikilgan fin po‘stini bilan xo‘shlashdi.
Bu yil kuzda yangi qunduz telpak olgan edim. Lekin Jakengning ko‘zi tushib qolmasin deb, qishni rangi uniqib ketgan eski telpakda o‘tkazib yuribman.
Qozoqchadan Mehmon Islomqulov tarjimasi