– Vo darig‘! Sog‘likda xo‘rlik yo‘q, deb shuni aytadilar-da! Bemor bo‘lib osh yegandan, sog‘ yurib, tosh yo‘ngan, to‘nka yorganga nima yetsin?! Qora soningni qirq o‘rab, burov solib burasa-da, “g‘ing” deb nolimagan Qiyqim eding, mana endi, chala bo‘g‘izlangan tuyaday bo‘zlab, dardingni kimga aytishni bilmay, yalpayib yotishing shu bo‘ldi!.. Uh, jonim-ey!
Qiyqimning yoshi ellikning u yog‘i, oltmishning bu yog‘ida. Beti chora tovoqday yum-yumaloq hamda qip-qizil. Ikki yelkasiga ikki odam o‘tirsa, bemalol ko‘taradigan quvvati bor. Lekin, yaqinlarining aytishiga qaraganda, yigirma yildan beri yerda yotgan ko‘ndalang cho‘pni egilib olgan banda emas. Buning sababi – dard. Yana uncha-muncha emas, umuman, tuzalmaydigan, dori ta’sir qilmaydigan surunkali dard. Albatta, davolangan, do‘xtirlarga qaratgan, lekin foydasi bo‘lmagan. Boshga tushganni ko‘z ko‘rar, deganlariday, shu alpozda nochoru notavon bo‘lib o‘tirganiga ham yigirma yildan oshibdi.
Bir kuni tumanga poytaxtdan o‘ta bilimdon shifokor kelipti, degan xabarni eshitgan Qiyqimning o‘g‘li mashina bilan borib, uni ovulga olib keldi. Poytaxtlik shifkor bemorni u yog‘idan-bu yog‘iga ag‘darib, tekshirib deganiday qarab chiqdi-da:
– Sizni, asosan, nima bezovta qiladi?–degan savolidan Qiy-qimning so‘z qopi yirtilib, dardini doston qilib, bir boshdan sanashga tushib ketdi.
– Meni, asosan, bezovta qiladigan dardning boshi sanchiq,–dedi Qiyqim inqillab.—Tong otib-otmasidan ana shu sanchiq ensa suyagimni teng ikkiga ajratib, yelkamdan to‘g‘ri teshib o‘tadi-da, bosh miyaning chapini zirillatib, orqa miyaga o‘tib, umurtqadan pastga oqi-i-ib tushib, belni zirillatib, undan keyin moy bo‘ksamni zir-qiratib, tos suyakni dirillatib, oshiq-ilik orqali boldirni burishtirib, kechga borib, tovonning o‘ng tomonini tirishtiri-i-ib, chiqib ketadi. Uh, voy jonim, ana, boshladi yana!
– Yopiray?! — dedi shifokor hayratga tushgan bir holatda. — Bularni qanday sezasiz?!
– Nega sezmayin?! O‘zimdan o‘tganni o‘zim sezmaymanmi?! Qo‘yningdan baqa yurib o‘tganday tanang muzlab, sanchiq yetgan joyini simillatib turgandan keyin sezasan-da! Voy, jonim, ana, boshlandi yana!
– Qani?! Sanchiq aynan shu tobda qayerga keldi?
– U hozir umurtqadan o‘rmalab o‘tib, boshi tos suyakka yaqinlashdi, dumi belda kelyapti. Uf jonim-ey! Ana!
– Unda bu sanchiq ilonday sudaraladigan bir nima ekan-da?
– Ha, xuddi shunday! Topding, alanayin! O‘zing ham bilar ekansan Dardingni dard bilganga so‘yla, deganlariday, odamlar seni bekorga maqtashmagan ekan. Uhh! Vah! Oh!
– Bundan boshqa hech qayeringiz sanchmaydimi?
– Chirog‘im-ov, sanchimaydimi deganing nimasi?! Bunday sanab chiqsam, yolg‘iz shu tanamda oltmish ikki dardim bor ekan! Shundan oltmish ikki tomirimga zahar tarqalgan. Hozir, mana shu, soppa-sog‘day o‘tirganimning o‘zida, boshda sanchiq, quloqda shang‘illash, tilda tirsak, bo‘ksada chipqon, yelkada zardob, belda bod, qorinda yel, buyrakda tosh, o‘tda suv, tomoqda shish, tishda qurt bor!
– Astafirillo, shuncha narsaga qanday chidab o‘tiribsiz?!—dedi shifokor chinakamiga cho‘chib.
– Chidamaganda qo‘limdan nima kelardi?! Dard bergan bir kun shifosiniyam berar, deb chidab o‘tiribman, aylanay.
– Ovqatga ishtaha qalay?
– Ishtahani yo‘qotganimga ancha bo‘ldi. Bir tovoq etni arang yeyman. Shundayam u halqumdan bir soat, qizilo‘ngachdan bir soatda o‘tib, oshqozonda yana palon soat yotib qoladi. Ana shundan keyin uni qo‘zg‘atish uchun ertadan qora kechgacha ko‘k choyni ko‘pkaridan cho‘llab qaytgan ay-g‘irday xo‘rillatib simiraman-da, o‘tiraman. Kunda shu ahvol. Kasalga asal ham bemaza tuyuladi, deb juda topib aytilgan ekan.
– Boshqa a’zolaringiz qalay? Qon bosimi, bo‘g‘in, yurak deganlariday…
– Eh, bolam-a! O‘zing bilib savol berding, kasalni yashirsang isitmasi oshkor qiladi, deganlar. Shunga yashirmasdan aytay bo‘lmasa… Uh, vah, o‘h! Miyam lo‘qillaydi, yuragim po‘qillaydi, boshim aylanadi, tilim boylanadi, yelkam tortadi, qon bosimim ortadi, qizilo‘ngachim burishadi, halqumim qurishadi, barmoqlarim dirillaydi, qovoqlarim pirillaydi, ichaklarim g‘urillaydi, tovushim xirillaydi, kaftim qichishadi, tovonim achishadi, oyog‘im oqsaydi, iligim qaqshaydi, tizza bostirmaydi, qorinda osh turmaydi… Uh jonim! Ana, boshlandi yana!
– Uyqu qalay, uyqu?
– Uyqu nochor. Birov basharamga shapaloq tortib yubormaguncha uyg‘onolmaydigan bo‘lganman. Shu uxlagancha naryoqqa ketvormasam deb qo‘rqaman, chirog‘im! Uf jonim!
– Ichki a’zolarning ishlashi bezovta qilmaydimi?
– Bezovta qilmay bo‘ladimi?! Qiladi. Taloqda jon, buyrakda qon yo‘q. Qon tomirlarim cho‘zilib, qatqorin shishgan, o‘n ikki barmoqli ichak kichraygan.
– Yo‘g‘-e?!
– Ha, so‘ragandan keyin, dardingni dard bilganga so‘yla, deganlariday, senga aytib turibman. Dard ko‘rmagan avliyoga sig‘inmas deydilar… Shunisigayam shukr, bundan ham battar bo‘lishi mumkin edi, o‘shandan asrasin.
Shuncha ko‘p dardga shifokor ham “qiziqib” ketdi shekilli, bemorga qo‘shimcha savollarni qatorlashtirib tashladi. Tashqaridan qaraganda bu yerda odam anatomiyasidan biri imtihon olib, biri unga javob berayotganga o‘xshab ketardi.
– Suyaklar qalay? Ilik, qovurg‘a, umurtqa deganlariday…
– Suyaklar chatoq. Mana, bo‘yin umurtqa, orqa umurtqa, ayniqsa, bel umurtqa bir-birlariga yaxshi ulanmagan. O‘zidan o‘zi qisirlab, g‘ichirlab, gohi-gohida, umuman qimirlatmay qo‘yadi. Keyin, o‘ng tomondagi to‘rtta, so‘ngdagi beshta qovurg‘am bir-birlariga tegib, g‘achir-g‘uchir qiladigan bo‘lgan. Aftidan, o‘rtadagi etni silga o‘xshagan bir nima yeb qo‘ygan. Ana, ana, boshlandi yana! Voy, jonim!
– Nima boshlandi, sanchiqmi?
– Shu-da, voy jonim-a, nayzadan battar sanchiladi-ya!
– Yana qayerlaringizda kamchiliklarni sezasiz?
– Butun tanamda kamchiliklarni sezaman. O‘pka, masalan, havoni yaxshi so‘rmaydi, so‘rgan havoni qaytib chiqarmaydi. Yurak ham qonni yaxshi haydamaydi. Ba’zan, besh o‘n daqiqa to‘xtab ham qoladi.
Shu yerda shifkor kulib yubordi.
– Kulma, chirog‘im. Dardliga kulib bo‘lmaydi. Aytmoqchi, chap qovug‘imda tuz, o‘ng qovug‘imda qum bor.
– Oqsoqol, o‘n besh-yigirma yildan beri shifokorlik qilib, sizdagida kompleks kasalni ko‘rmagan edim.
– O‘zimam sezdim, kasalimning unday-bunday xashakimas — noyobligini! Voy jonim, nimayam derdim, shunisigayam shukr, deyman-da!
Qiyqim dardining noyobligidan mamnun bo‘lganicha, to‘shakka ag‘darilib tushdi.
–Uh, jonim-a!
Qozoqchadan Mehmon Islomqulov tarjimasi