Seit Kenjeaxmetov. Do‘st axtarib (hajviya)

“Mening ushbu maktubimni o‘qiydigan yaxshi niyatli, hamiyatli odamlar, o‘qib o‘qimadim demanglar, men o‘zimga munosib do‘st axtarib yuribman. Do‘st bo‘lgandyam u menga betidan bet, etidan et kesib bermayoq qo‘ysin, (muzlatgichdan hozircha et uzilmay turibdi). Agar u chinakam do‘st bo‘laman desa, qovun polizidan handalak, uzumzoridan bir savat uzum, daromadidan shuvog‘a, chet eldan, dam olib qaytganida, mozor bosti berib tursa bas. Men o‘shalargayam qanoat qiladigan qozoqman.
Birinchi no‘mir do‘st, savdodan bo‘lsa derdim. Yana u bozorga direktor, soliq inspekitsiyasida inspektor bo‘lsayam mayliga. Haytovur, yordamga zor bo‘lib borganimda, qo‘l cho‘zishga yarab tursa, bas.
No‘mir ikkinchi do‘st, oliy ma’lumot sohasiga aloqador bo‘lsa yomon bo‘lmasdi. Yana u test markazida ishlasa nur ustiga a’lo nur bo‘lur edi. Ana shundaylar kelishsin, pojalusta, do‘st bo‘lishga tayyorman. Unday kerakli shaxslar bilan qadah urishtirib, do‘stning sadoqati haqida hikmatlar to‘qishga, falsafa so‘qib, alyor aytishga hamisha shayman.
No‘mir uchinchi do‘st, qassoblar va zapravkachilardan bo‘lsa, bosh ustiga. Undaylarga, umuman, yo‘q demayman, mehrimni darig‘ tutmayman. Ulardan atigi suyaksiz go‘shtu, solyarka aralashmagan toza benzin bo‘lsa kifoya, boshqa narsasiga zor emasman.
Bundan keyingi do‘stlarga no‘mir qo‘ymayman. Dushmaningni sirtida emas, ichida bo‘l, degan naqlga amal qilib, maishiy xizmat idoralari-yu, shifoxonalarda sog‘liqqa mas’ul o‘rtoqlarni ham do‘stlikka nomzod etishni ko‘ngilga tugib qo‘yganman. Har holda, u joylarga ham odamning ishi tushib turadi.
Hozirgi zamonda otgayam minmaysan, piyoda ham yurmaysan-mashinada yurasan. Endi, shu mashina deganlari buzilmasdan, sinmasdan hech iloji yo‘q ekan. Ikki oyoqli odam qoqilgani yetmaganday, ba’zan to‘rt g‘ildirakli bo‘la turib, mashinayam qoqilib, nimalargadir urilib, u yog‘i chatoq, bu yog‘i pachoq bo‘lib turganini aytmaysizmi! Texnikaning tizginini qo‘lida ushlab turgan, avtoservis degan joylarda kishnab yurgan do‘sting bo‘lsa, hech ortiqchalik qilmaydi. Unday qadrdonlarga bag‘rimni ochib, “Xush kelibsan!” deb quchishdan qochmayman.
Xo‘sh, hamma do‘stlar bir bo‘lib, papka qo‘ltiqlab yursak, xo‘jalik ishlarimizga kim balogardon bo‘lib, kim kvartiramizni ta’mirlab, kim san-texnikasini to‘g‘irlaydi? Shuning uchun, tog‘ orasida, daryo yoqasida yashaydigan cho‘pon-cho‘liqlardan, yevroremont qiladigan ustalardan, kran-quvurlarning teshigini yamab-yasqaydigan san-texniklardan yaqin tanish bo‘lgani ma’qul.
Odam – odam bilan, bug‘doy – somon bilan, deganlariday, yuqoridagi ro‘yxatda kasbi-korilari tilga olinmagan, ammo foydasi, ko‘magi tegadigan, qo‘lida quvvati yoki omborxonaning kaliti bo‘lgan o‘rtoqlar biz bilan do‘stlashamiz, deyishsa, marhamat. Xalqimizda, yuz do‘llaring bo‘lguncha, yuz do‘llardan to‘yona berishga qurbi yetadigan yuzta do‘sting bo‘lsin, degan naql foyda bo‘lgan. Shaxsan menga foydasi, soyasi tushmaydigan yuzta do‘stdan yuz so‘m afzal. Savdoda do‘stlik bo‘lmagani bilan do‘stlikda savdolashishga to‘g‘ri keladi. Hisobda adashadigan anqovlardan emasmiz, oltini olib, beshni beramiz.
Xo‘sh, faqat foydasi tegadigan do‘st axtaradigan o‘zingning qurbing nimaga yetadi, dersizlar? Biz endi arzonga uchadigan anqovlardan, yotib yeydigan yalqovlardan ham emasmiz. Surilganimda suyanch, turtilganimda tayanchlikka yarasangiz bas, do‘st bo‘lishni o‘rniga qo‘ymasam nomard ekansan deng! Tak shto, menga ishonch bildirib, iyak qoqqanlarning oshig‘i olchi tushishiga so‘z beraman. Kelinglar, do‘st bo‘laylik!”

Muallifdan:
Ushbu maktubni uyimizning pochta qutisidan topib oldim. Undagi ismni ko‘rsatmasdan, gaplarini o‘zgartmasdan, sizga yo‘llayapman.

Qozoqchadan Mehmon Islomqulov tarjimasi