Ultug‘anning boshiga og‘ir musibat tushdi, onasidan judo bo‘lgani yetmaganday, otasi ham qazo qildi. Yor-birodarlar ta’ziya bildirgani kela boshladilar. Motamning uchinchi kuni ham o‘tdi. Shundan so‘ng hassakashlar birin-sirin uy-uylariga tarqaldilar-da, eng yaqin jigarlar Ultug‘anni yonlariga o‘tqazishib yupatgan, tasalli bergan bo‘ldilar:
− Chirog‘im, Ultug‘an, buyog‘iga endi sabr bersin. O‘zingni qo‘lga ol. Otang ham, onang ham sendan rozi bo‘lib ketishdi. Baraka top, asl farzandlik qilding. Aslo kam bo‘lma. O‘g‘il boladan ham ziyoda oqibat ko‘rsatding.
Mana endi, Ultug‘an ikki xonali, motamsaro sukunat hukmron uyda yolg‘iz o‘zi qoldi. Uning xo‘rligi kelib, ko‘zlaridan duv-duv yosh oqa boshladi. Holbuki Ultug‘an ko‘zimda yosh qolmagan, deb o‘ylardi. Yo‘q, hali ko‘p ko‘z yoshi to‘kadiganga o‘xshaydi. Takdir qaysi gunohi uchun bunchalar jazolayapti uni? Aybi qiz bola bo‘lib tug‘ilganidami? Ultug‘an ota-onasini jonidan ortiq ko‘rsa-da, ularning ba’zi qiliqlaridan qattiq ranjirdi. Shunday donoyu oqila ota-onalari xurofot botqog‘iga botgandilar. Ular jaholat orqasida qiz ko‘rishni xohlashmagan, o‘g‘illik bo‘lishni istagandilar. Birdan-bir orzulari o‘g‘il o‘stirish edi. Ko‘p yillar tirnoqqa zor ona nihoyat homilador bo‘lgach, otaning boshi osmonga yetgan, ammo o‘g‘il emas, qiz tug‘ilgandi. Kelgusida o‘g‘il ko‘rish ilinji bilan qizga Ultug‘an ismi qo‘yilgandi.
Ota-onasining kasalvandliklari Ultug‘anni uyga ipsiz bog‘lab qo‘ygandi. Vaqt o‘tishi qalin paxsa devorni ham nuratgani kabi kun sayin ota-onaning sog‘liklari puturdan ketib borardi. Yolg‘iz Ultug‘angina ularning issiq-sovuqlariga qarab turishi kerak. Qiz boyaqish nolimasdi. Axir o‘nta o‘g‘il bolaning ham o‘rnini bosa olishga ahd qilgan shu Ultug‘an emasmidi?! Qiz ota-onasining dillaridagini bir ishora bilanoq darhol ilg‘ab olardi. U tongda bemorlarning dardi bilan uyg‘onib, tunda ularning dardi bilan yotardi.
Ultug‘an ota-onasini o‘ylab, kelgan sovchilarni ham qaytarib yuboraverdi. U har bir odamning manglayida bitilgani bo‘ladi, degan umidda vaqti kelib peshonasi yarqirashiga ishonardi…
Qani o‘sha peshonasining yarqirashi? Qachon baxti kuladi uning? Yoki chap berib ketganmikin tolei? Buyog‘i qariqiz bo‘lib qolgan hisob. Kimga ham kerak endi qariqiz?
Ultug‘an shunday mungli xayollar og‘ushida qancha vaqt o‘tirganini o‘zi ham sezmadi. Tashqarida esa hayot o‘z maromida davom etyapti, devor ortidan odamlarning ovozi eshitilyapti, ular qandaydir yumush bilan bandlar. Banogoh eshik g‘irchillab, Ultug‘an sergaklandi. Kimdir tapir-tupir ichkariga kirdi-da, dahlizda turib qoldi. Ultug‘an ta’ziya bildirgani kimdir keldi shekilli, degan xayolda ko‘z yoshini artdi-da, o‘rnidan turib, chiroq piligini ko‘tardi. Ammo kelgan odam bezovta qilmaslik uchun dahlizda turib qolgandek edi. Ultug‘an dahlizga chiqib, eshik bilan sandiq oralig‘ida yashirinib turgan baland bo‘yli odamni ko‘rib qoldi.
− Kim u? − so‘radi havotirlanib Ultug‘an.
− Ultug‘an, qo‘rqma, bu men… Maydonman, − dedi aybsingan ohangda baland bo‘yli odam.
− Ie, sizmisiz, nega bekinasiz bunaqa? Nima ishingiz bor edi? − ko‘ksiga tupurib qo‘ydi Ultug‘an.
− Ultug‘an, iltimos, sekinroq… Jim. Anavi o‘tib ketsin.
Shu payt hovlidan og‘zidan bodi kirib, shodi chiqayotgan ayolning shang‘illashi eshitildi. Bu Maydonning xotini Sandibala edi. Ovulda unga yetadigan shallaqi topilmasdi. Jodugar deb laqab qo‘yishgandi Sandibalaga.
− Ha, yergina yutgur! Qaysi go‘rga berkinding?! Chiq buyoqqa, qorang o‘chgur! Chiq dedim! − Hovlini boshiga ko‘tara boshladi Sandibala.
Maydonning qo‘rquvdan ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketdi. U shu tobda uch bukilib, sandiqning tagiga kirib ketishga ham tayyor edi.
− Ultug‘an, o‘tinib so‘rayman, mening bu yerdaligimni unga aytma, xudo xayringni bersin! − yalinib-yolvordi rangi quv o‘chgan Maydon.
Shu payt eshik qasirlab ochildi-yu, qo‘lida o‘qlog‘, sochlari to‘zigan Sandibala quyunday ichkariga otilib kirdi. Hang-mang Ultug‘an jonholatda Sandibalaning yo‘lini to‘sdi. Bu xonadondan yaqinginada o‘lik chiqqanini unutmagan Sandibala xiyol hovridan tushib, yig‘lay-yig‘lay xun bo‘lib ketgan Ultug‘anga ko‘zi tushgach, xijolat bo‘lib:
− Maydon senikiga kirmadimi? − deb so‘radi.
− Yo‘q, kirmadi! − javob qaytardi Ultug‘an bir oz ikkilanib.
Sandibala nima qilarini bilmay garangsib qoldi, so‘ng o‘ziga-o‘zi gapirayotgandek: “Ergina yutgur, qayoqqa gumdon bo‘ldiykin yaramas?!” deya vaysagancha tashqariga yo‘naldi. U ko‘chada ham ovozi boricha erini qarg‘ay-qarg‘ay keta boshladi.
− Xotiningiz ketdi, chiqing endi! − dedi Ultug‘an qochoqdan ensasi qotib.
Maydon yashiringan joyidan chiqarkan, sovuq ishshaydi:
− Bir o‘limdan qutqarib qolding-da meni, Ultug‘an! Sira esdan chiqarmayman bu qilgan yaxshiligingni. Ko‘rding-ku, o‘ldirib qo‘yishdan ham toymasdi u yosuman.
Maydonning ko‘zlari boyqushnikiga o‘xshab sovuq edi. U Ultug‘anga yaqinlashgandi, og‘zidan qo‘lansa aroq hidi anqidi. Kayfi taroq Maydon xotinini yomonlay boshladi, bundan Ultug‘anning g‘ashi keldi.
− Ko‘rgan kuningiz qursin! − deb yubordi u beixtiyor.
− Qanday bas kelib bo‘ladi unaqa shallaqiga? G‘alchaning o‘zginasi, na yaxshi gapga ko‘nadi, na yomon gapga. Uray desam, qo‘lim bormaydi, − nolidi Ultug‘anning gapini noto‘g‘ri tushungan Maydon.
Ultug‘an o‘z g‘ami bilan o‘zi bo‘lgani uchun hozir yuragiga hech narsa sig‘masdi.
− Boring, chiqib keting! − deya oldi u.
− Haydama, Ultug‘an! Yana bir oz haydama, − yolbordi Maydon.
Ultug‘anga endi bari bir edi, mast qochoq ketadimi-yo‘qmi, parvosiga kelmasdi. Ultug‘an eshikni yopgach, karovatga borib o‘tirdi-da, qo‘lini iyagiga tiragancha xayolga botdi. Ammo hozir uning avvalgi tushkunlik kayfiyati tarqab, o‘zini yolg‘iz his etmasdi. Faqat qattiq uyqu tortardi. Ma’raka kunlari toliqqani endi bilinmokda edi. Ultug‘an biror narsa tatib olishim kerak, degan xayolga borsa-da, ammo o‘rnidan turishga majoli yetmasdi. Nihoyat, u engil-boshini ham yechmay, o‘ringa kirdi-yu, dong qotib uxlab qoldi.
U uyg‘onganida tungi soat to‘rt edi. Shiftda xira chiroq hamon yonib turardi. Ultug‘anni yana yolg‘izlik dahshati qamrab oldi. U sukunatga diqqat bilan quloq tutdi. Hovlida xuddi Ultug‘anning yuragiga dalda bermoqchiday xo‘roz qichqirdi. Ultug‘an tirik mavjudot borligidan bir oz yengil tortdi. Banogoh u dahlizdan xurrak ovozi kelayotganini payqab qoldi. Ketma-ket kimdir yo‘taldi. Ultug‘an Maydonni esladi, u xotini Sandibaladan qo‘rqib, sandiqning ortiga yashirinayotgani yodiga tushib, miyig‘ida kulib qo‘ydi. “Bechora, xotinidan ham shunchalik qo‘rqadimi?! Uyiga borolmay, shu yerda yotib qolgan bo‘lsa kerak-da!”
Yolg‘iz emasligidan ko‘ngli taskin topgan Ultug‘an o‘rnidan turib, chiroqni o‘chirib qaytgach, deraza orqali tong yorishib kelayotganini tomosha qilib yotgan ko‘yi yana ko‘zi ilindi. Uyqu tushga ulandi… Ultug‘an zilol suvda cho‘milayotganmish. Ko‘lmi, daryomi bilib bo‘lmasmish. Suv iliq badanga xush yoqar, Ultug‘anni ko‘tarib ketayotganmish. Suzishni bilmagan Ultug‘an avvaliga bir oz qo‘rqib turdi, keyin esa suv sathida o‘zini momiqdek yengil his etayotganini sezib qoldi. Qo‘llari bilan tanasi kumushdek tovlanarmish.
Deraza tagida chumchuqning qattiq chirqillashi Ultug‘anni uyg‘otib yubordi. Kuyosh terak bo‘yi ko‘tarilib qolgandi. Ultug‘an o‘rnidan turib, kerishdi-da, ko‘ylagining g‘ijim bo‘lgan yerini tekislab, dahlizga chiqdi. Dahlizni qo‘lansa aroq hidi tutib ketgandi. Maydon ketib bo‘libdi. Ultug‘an aftini bujmaytirib, darhol eshik va derazalarni lang ochib tashladi, so‘ngra boshqa ishlarga unnab ketdi: sigirni sog‘ib, podaga qo‘shib keldi, samovarga olov tashladi. Avvallari unga yolg‘iz odamning hech qanday tashvishi yo‘qdek tuyulardi. Ultug‘an samovar oldida cho‘qqayib, ko‘rgan tushini esladi va qoramag‘iz qo‘llariga qarab turib, kulgisi qistadi. “Tavba, g‘alati tush-a!” deb qo‘ydi o‘ziga-o‘zi. Uning yolg‘izlikdan iborat dastlabki kunlari boshlangan edi. Ultug‘an o‘zini nima bilandir ovutishi kerak. Uch kundan keyin yana odamlar to‘planib, marhum otasining ma’rakasi o‘tkaziladi. U yugurib-elib, ma’rakaga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Ma’rakada odam ko‘p yig‘ildi. Kechqurun ovulga poda qaytayotgan vaqtda kelgan odamlar birin-sirin tarqaldilar. Ultug‘an uyda yana bir o‘zi qoldi. Yana tanholik azobi.
Ultug‘an bir-ikki kun yon qo‘shnisining o‘n yashar o‘g‘lini yonida olib yotdi. Bolakay shirinlikka o‘ch, o‘ziga yetguncha shum ekan. U Ultug‘andan qand-qurs so‘rar, ertak aytib berishni talab qilardi. Bolakay nihoyat nafsi qonib, keyin pish-pish uxlab qolardi.
Ultug‘an uning boshini silab, erkin nafas olishiga quloq solardi. Bolaning tushiga har xil o‘yinlar kirib, o‘zicha g‘uldirar, goh-goh oyoq-qo‘lini qimirlatib qo‘yardi. U birontaning ketidan quvar yoki o‘zi qochardi. Bolakaydan Ultug‘an allaqachon unutib yuborgan bolalarga xos chang va ter hidi anqirdi. Yana qandaydir notanish is ham bor. Bunday is hech qachon Ultug‘anning dimog‘iga urilmagan. “O‘shanda O‘roqqa tegsam, o‘g‘ilmi-qizim shu yoshda bo‘lardi”, deb qo‘ydi fikran Ultug‘an. U O‘roqni eslagan zahoti bir vaqtlardagi xotira yodiga tushdi. Ex, O‘roq, O‘roq! Shirin orzuga aylandi xolos u! Ultug‘anning ko‘z o‘ngida zabardast, baquvvat yigit gavdalandi. Kamgap edi O‘roq. U indamay o‘tirar, qiziq biron gap eshitsa, faqat miyig‘ida kulib qo‘yardi, xolos. Kulganda ham xuddi yo‘talgandek “ihi-ihi” deb qo‘yardi.
Ultug‘an O‘rokdan ilk bor maktub olganida juda hayratga tushdi. Maktubda yigit muhabbat izhor etgandi. Ultug‘an maktubning birinchi satrini o‘qiganidayoq buni O‘roqning o‘zi emas, balki do‘stlaridan biri yozganligini faxmladi.
“Azizlarning azizi, oltindan ham qimmat, kumushdan ham vazmin Ultug‘anga!” − deb yozilgandi. So‘ng ishq- muhabbat to‘la so‘zlar shunday topib yozilgandiki, O‘roqning bunday maktub yozolmasligiga kichkina bolaning ham aqli yetardi. Shunday bo‘lsa-da, Ultug‘an maktubni o‘qirkan, yuragi duk-duk urib ketdi. U bu sodda yigitni, garchi qolgan qizlar uni mayna qilishsa ham pinhona sevib qolgandi. Ultug‘an o‘sha kuni kechqurunoq javob maktubi yozib, o‘zining ham O‘roqqa ko‘ngli borligini sezdirdi. Shundan so‘ng ular uchrasha boshladilar, qo‘l ushlashib, jimgina ovulning ovloq joylarida sayr etadigan bo‘lib qoldilar. Qanday totli kunlar edi o‘sha kunlar! Oydin tunlar, yoqimli bahor, yoz oqshomlari… Kunlardan bir kuni Ultug‘an yigitga shunday dedi: “O‘roq, o‘zingga ma’lum, ota-onam keksayib qolishgan, ular kasalmand. Men ularni tashlab ketolmayman. Rozi bo‘lsang, kel, nikohdan o‘tamiz-da, biznikida yashay qolamiz, xo‘pmi?”
O‘sha kuni O‘roq qizning gapiga lom-mim deb javob qaytarmadi, shartta burilib, ketib qoldi. Shu-shu O‘roq bir haftagacha qorasini ko‘rsatmay yurdi. Keyin Ultug‘anga maktub yo‘lladi. O‘roq maktubni boshqa odamdan yozdirib olgani ko‘rinib turardi. “Quyonni qamish halok qiladi, yigitni esa nomus”. Maktub shunday so‘zlar bilan boshlangandi. Keyin O‘roqning nomidan u xuddi uy-joyi yo‘q, ko‘chada qolgan darbadarday ichkuyov bo‘lishni xohlamasligi aytilgandi. “Ichkuyovlik nomusidan o‘lganim yaxshiroq”, deyilgandi maktub so‘nggida.
Ultug‘an maktubni o‘qib chiqqach, o‘ksinib-o‘ksinib yig‘ladi-da, qog‘ozni mayda-mayda qilib yirtib tashladi. Shunday qilib, ilk muhabbat barham yedi. Ultug‘an alamini ichiga yutib, bu to‘g‘rida hech kimga churq etib og‘iz ochmadi. “Ilojim qancha, vaqti kelib, munosib odam topilib qolar”, deya o‘zini o‘zi yupatdi u.
Mana shu paytgacha o‘sha “munosib odam” topilmay kelayotir. Umr esa, oqar suvday g‘izillab o‘tib boryapti… O‘roq o‘sha yiliyoq uylanib oldi. Hozir oltita bolasi bor. Ultug‘an goho O‘roqqa duch kelib qoladi. O‘roq kolxoz fermasida mudir. Ultug‘an uning yoniga borib, suhbatlashishni juda-juda istaydi-yu, ammo sira yuragi dov bermaydi…
Ultug‘an qanchalik o‘zini yupatmasin, bari bir yolg‘izlik suyak-suyagidan o‘tib borardi. Kunduzlari baharnav, biror ermak topiladi, ammo qosh qoraydi deguncha, Ultug‘anning ko‘ngliga g‘ulg‘ula tusha boshlardi. Ko‘ziga uyqu ilina qolmas, tiq etgan tovushdan ham cho‘chib tushar, tinimsiz xayol surgani-surgandi. Mana, bugun Ultug‘an endi o‘ringa yotmoqchi bo‘lib turgan ham ediki, dupir-dupir qadam tovushi eshitilib, kimdir eshikni ochdi. Ultug‘an dahlizga otilib chiqib, kayfi baland, bazo‘r oyoqda turgan Maydonni ko‘rdi.
− Bu qanaqasi, nega tunda uyimga bostirib kirasiz? Nima kerak sizga? − jerkib so‘radi Ultug‘an.
Maydon miq etmay, ishshayib turaverdi.
− Chiqing bu yerdan! Qorangizni ko‘rmay uyimda! Qani, jo‘nang!
Maydon qoqqan qozikday joyidan qimirlamadi. Kamoli g‘azabi qo‘zigan Ultug‘an devordagi osig‘liq qamchini olib, Maydonning gardaniga tushira ketdi:
− Mana bo‘lmasa, mana bo‘lmasa, basharang qursin seni!
Maydon qamchi zarbiga ham dosh berib, hamon qimirlamay turaverdi. U bo‘ynini yelkalari orasiga qisib olgandi.
− Odam ham shunaqa shilqim, surbet bo‘ladimi-a?! Chiq dedim uyimdan, xudo hayringni bersin! − yolvorishga o‘tgan Ultug‘an noiloj qamchinni nari uloqtirib yubordi. Maydon bo‘lsa, shartta yerga g‘ujanak bo‘lib o‘tirdi-da, ho‘ngrab yig‘lay boshladi. Ultug‘anning Maydonga rahmi kelib ketdi. “Tavba, oilasi, bola-chaqasi bo‘lsa ham mendan battar baxtsiz odam ekan-da bu!” degan fikr kechdi uning xayolidan.
Maydon keng kafti bilan go‘yo ko‘z yoshini sidirib tashlamoqchi bo‘lganday, yuzlarini artdi-da, so‘ng ketishga chog‘lanib turdi.
− Yarim kechada qayoqqa borasan? Mayli, shu yerda tunay qol, − dedi picha jahlidan tushgan Ultug‘an. Keyin u ichkaridan ko‘rpa bilan yostiq olib chiqqach, dahlizda Maydonga joy solib bera turib:
− Buguncha yot, lekin barvaqt turib ketgin, yana bitta-yarimta qorangni ko‘rib qolmasin, − dedi.
Ultug‘an bu oqshom birinchi bor xotirjam uxladi. U tunda qo‘rquv nimaligini bilmay tong ottirdi.
Ultug‘anning dilidan Maydon oxiri xotini bilan ajrashib, menikiga boshpana so‘rab kelib qoladi-yov, degan fikr tez-tez kechadigan bo‘lib qolgandi. Darhaqiqat, uch-to‘rt kun o‘tgach, Ultug‘an kechki taomdan so‘ng mayda-chuyda yumushlarini bitkazarkan, endi o‘ringa yotmoqchi bo‘lib turgandi, shu payt Maydon kirib keldi. U ko‘p ichganmi yoki qattiq yig‘laganmi, ko‘zlari qip-qizil edi. Yo‘q, ichmagan ekan. Kayfi yo‘qligi shundoqqina sezilib turibdi.
− Kechir meni, Ultug‘an… uzr… Hoynahoy, kelganimga jahling chiqayotgan bo‘lsa kerak. Qandoq qilay axir?.. Bo‘lak boradigan joyim bo‘lmasa, − dedi shikasta ovozda Maydon.
− Kel, o‘tir, − taklif etdi Ultug‘an suyunganini bazo‘r bosib. So‘ngra shartta borib derazani yopdi.
− Choy ichasanmi?
Maydon indamay bosh silkib qo‘ydi. “Tavba, xuddi yig‘layverib, xun bo‘lib ketgan bolaga o‘xshaydi-ya”, deya xayolidan o‘tkazdi Ultug‘an. Maydon keltirilgan choyni xo‘rillatib icha boshladi. Oxiri nafsi qondi shekilli, piyolani nari surib qo‘yib, xona devorini ko‘zdan kechirarkan, nigohi beixtiyor devordagi osig‘liq ayol suratiga tushdi. Ayol Ultug‘anning onasi edi.
− Onang ajoyib ayol edi, joyida tinch yotsin. Ovqatlarini mazza qilib yerdim. Esizgina… E, gap ovqatda emas… − dedi Maydon xayolga tolib.
Bu gapdan ko‘ngli buzilgan Ultug‘an yig‘lab yubordi. Maydon ham ko‘ziga quyilib kelgan yoshni artdi. Ular bir-birlariga tasalli berib, dardlashdilar. Ultug‘an o‘zining yolg‘izligidan noliy boshladi. Maydon bo‘lsa, ota-onasining xohishi bilan Sandibalaga uylanib, turmushi azobda o‘tayotganini aytdi. Ular o‘zaro hasratlasha-hasratlasha tong ottirdilar. Shu kundan boshlab Maydon Ultug‘annikiga kunda keladigan odat chiqardi. U Ultug‘anning yoniga kayfsiz, mutlaq hushyor keladigan bo‘lib qolgandi. Ikki omadi chopmagan bechoralar kabi ularning sira suhbatlari adog‘ bo‘lmasdi.
Kunlardan bir kuni Maydon chiqib ketgach, Ultug‘anning miyasiga bexosdan: “Maydon ajoyib, mo‘min-ma’qul, yuvosh-a! Unga ko‘ngil qo‘yib qolmasamiydi…” − degan fikr urildi. Ultug‘an Maydon haqida tez-tez o‘ylaydigan bo‘lib qoldi. Xo‘sh, Maydon-chi, u yoqtirarmikin Ultug‘anni? Aslini aytganda, ular o‘rtasidagi munosabatini faqat do‘stlikkina deb bo‘lmasdi.
Bir kuni ular odatdagidek, yarim tungacha gaplashib o‘tirishdi. Oxiri Maydon kutilmaganda:
− Ultug‘an, men seni yaxshi ko‘rib qoldim, − deb qoldi. Avvaliga u bu gapni tortinibroq aytdi, keyin dadil izhor etdi dil rozini: − Sen men uchun jonimdan ham ortiqsan!
Ultug‘anning a’zoyi badani jimirlab ketdi, u bir og‘iz gapirishga ham madori yetmay, Maydonning qo‘lini olib yuziga bosdi. Ultug‘anning yuzi lov-lov yonar, boshi aylanardi. Maydon qiz tomon yaqinlashib, ikkinchi qo‘li bilan uni bag‘riga tortdi-da, yuzidan bo‘sa oldi. Dam o‘tmayoq bu ikki jismga o‘t ilashdi…
− Maydon… keragi yo‘q… yo‘q… yo‘q… to‘xta… − yolvorardi Ultug‘an hansirab.
− Ultug‘an, bebahoyim, joni-jahonim… − deyardi Maydon ham yuragi qinidan chiqqudek bo‘lib.
Qiz qarshilik qilmay yigitning quchog‘ida to‘lg‘anar, Maydon entikkan ko‘yi Ultug‘anni erkalarkan, uning yonoqlari, lablari, peshonasi va ko‘zlaridan ketma-ket bo‘sa olardi…
Maydon ikki kecha Ultug‘annikida qolib ketdi. Sevishganlar hamma narsani unutib, faqat bir-birlari haqida o‘ylardilar. Ularni intiq, uzoq kutilgan baxtli visol sarxush etgan, biror kimsa ta’qibi ham, ta’na toshlari otishi ham parvolariga kelmasdi. Ular qorong‘i xonada bir-birlarining og‘ushlariga kirib yotar ekanlar, barcha uchrashuvlari va oralarida bo‘lib o‘tgan gaplarni eslashar, ba’zi noshudliklari, pirovardida bundayin bir tan-bir jon bo‘lib ketishlarini bilmaganliklarini shivirlashardilar. Birinchi kundayoq jiddiy suhbatlashib olsalar, jahl ustida ora ochiq bo‘lar, umrbod yuz ko‘rmas bo‘lib ketishlari mumkin edi. Hozir, mana, taqdir ularni birlashtirdi. Maydon anchadan buyon Ultug‘anga oshiq bo‘lib yurganini tan oldi.
Ikkinchi kuni tunda ular ishrat gashtini surib, olam tashvishini unutib yotgan paytlarida, nogahon eshik qattiq taraklay boshladi. Eshikni ketma-ket taraqlatayotgan Maydonning xotini Sandibala edi.
− Ultug‘an, hoy Ultug‘an! Eshikni och, manjalaqi! − deya ovozining boricha shang‘illardi Sandibala eshikning turumini buzgudek bo‘lib.
O‘zlaridan bo‘lak hamma narsani unutishgan Maydon bilan Ultug‘an qo‘rqib ketib, taxtadek qotib qoldilar.
Eshik hamon tinmay taraqlardi. Sandibala endi eshikni temir bilan urayotgan edi.
− Nima qilish kerak? Eshikni ochsammikin? − vahima bilan so‘radi Ultug‘an.
− Jim… Ovozingni chiqarma…
Sandibala eshikni taqillatishidan natija chiqmagach, deraza tomonga o‘tdi, − u Ultug‘anning go‘riga g‘isht qalab, og‘ziga kelgan yomon so‘zlar bilan uni haqorat qila ketdi. Sandibalaning tili kilichdek o‘tkir va zahar edi. Ultug‘anni odam zoti chidab turolmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilardi u. Ultug‘anni umri bino bo‘lib hech kim bunday haqorat qilmagandi. Sandibalaning gapiga ishongan odam bu dunyoda Ultug‘andek buzuq ayol yo‘q deb o‘ylardi. Ultug‘an otasining o‘lganiga hali hech qancha vaqt bo‘lmay, bo‘sh-bayov erkaklarni yo‘ldan urayotgan fohisha emish!
Sandibalaning har bir haqoratli so‘zidan Ultug‘an xuddi qattiq qamchi zarbi yeganday bir seskanib tushardi. Sandibala esa hamon vaysashdan to‘xtamasdi:
− Eshityapsanmi, hoy, g‘ar… Qani, erimni qo‘yningdan chiqarib yubor hoziroq! Bo‘lmasa, oynalaringni chil-chil qilib tashlayman! Eshityapsanmi? Hali qarab tur, ko‘radiganingni ko‘rasan, xotinchalish Maydon! Boshingga it kunini solmasam, otimni boshqa qo‘yaman!
Ultug‘an bilan Maydon churq etmayotganlaridan battar g‘azabi qo‘zigan Sandibala derazani ochishga urina boshladi. Qo‘rquvdan, nohaq haqoratdan dir-dir titrayotgan Ultug‘anning qulog‘iga deraza oynalarining sharaqlab singan ovozi eshitildi. Ultug‘an bilan Maydon o‘rinlaridan sapchib turdilar-da, bir-birlarini turtib-surtib, qorong‘ida har yoqda sochilib yotgan kiyimlarini topib, apil-tapil kiyina boshladilar.
− Mana, mana, senlarga! − jazavasi tutgan Sandibala oyna siniqlarini jahl bilan ichkariga itqita boshladi.
Nihoyat, Sandibalaning hansirab nafas olishi, oyna siniqlarining oyog‘i ostida qarsillashi yaqqol eshitila boshladi.
− E-ha, senlarga bu ham kamlik qilyaptimi? Mana bo‘lmasa!.. − deya Sandibala qolgan deraza oynalarini ham sindira boshladi. U hamma oynalarni sindirib bo‘lgach, boshini derazadan ichkariga tiqdi-da:
− Ana endi istaganlaringcha yalab-yulqashib yotaveringlar, benomuslar! − deya o‘z yo‘liga ketdi.
Sandibalaning qadam tovushi uzoqlashdi, ko‘chani boshiga ko‘tarayotgan ovoz o‘chib, atrofga jimlik cho‘kdi. Muzdek shamol deraza ko‘zlaridagi pardalarni yelpitardi.
Maydon bilan Ultug‘an bo‘lib o‘tgan mojarodan so‘ng ancha paytgacha dovdirab, o‘zlariga kelolmay qoldilar. Nihoyat, sergak tortgan Maydon ketishga shaylangan edi, Ultug‘an unga mahkam yopishib oldi:
− Hech qayoqqa ketmaysan! Seni qo‘yib yubormayman! − dedi u yig‘i aralash.
Maydon ketish niyatidan qaytib, turgan joyida tek qotdi. Oshiq-ma’shuqlarning hozir chiroq yoqsa dillari yorishmasdi. Tog‘ tomondan salqin shabada esa boshladi. Ultug‘an qo‘l uzatib adyol oldi-da, uni o‘zi bilan Maydonning yelkasiga tashladi.
Asta-sekin tong yorishib, xonadagi narsalar ko‘zga tashlana boshladi. Maydon bilan Ultug‘an bir-birlariga tikildilar; ularning yuzlari xorg‘in tus olgan, ko‘zlari ich-ichiga tushib ketgandi. Maydon Ultug‘anning yelkasidan quchdi.
− Bugun ovulda rosa shov-shuv bo‘ladi-da. Odamlarning ko‘ziga qanday qarayman endi? Uyat! Qanday sharmandagarchilik! − shivirladi Ultug‘an qo‘llari bilan yuzini berkitib yig‘larkan.
− Qo‘y, yig‘lama, − iltijo qildi Maydon.
− Xo‘p, yig‘lamayman. Meni tashlab ketmaysanmi, Maydon? − so‘radi Ultug‘an umidsiz ohangda.
− Yo‘q, hech qayerga ketmayman.
− Aldayapsan, ketib qolasan, sezib turibman!
− Jonim, aytdim-ku senga, ketmayman deb! Yotib bir oz damingni ol.
Shundan so‘ng Maydon ishga ketdi.
Uyda yolg‘iz qolgan Ultug‘an o‘zini chalg‘itishga harakat qila boshladi. Tong g‘ira-shirasida sigirni sog‘di- da, o‘zi podaga qo‘shilib ketar deb ko‘chaga haydab chiqargach, nonushta ham qilmay shartta o‘rniga qaytib yotib oldi.
Choshgoh payti eshik taqilladi, ammo Ultug‘an o‘zini eshitmaslikka solib, yanada qattiqroq burkanib yotaverdi. Eshik taqillatgan odam singan oyna parchalarini g‘ichir-g‘ichir bosgan ko‘yi yaqinlashib, deraza ko‘zidan ichkariga bosh suqdi:
− Xoy, uyda birorta odam bormi o‘zi?
Ultug‘an keksa oynachini tanib, boshini ko‘tardi.
− Ex-xa, shu yerda ekansan-ku! − dedi oynachi. − Meni oynalaringni solishga yuborishdi. Kim bunday chil-chil sindirdi oynalarni? − So‘ngra u qandaydir qo‘shiqni xirgoyi qilib, ishga kirishib ketdi. Ultug‘an bo‘lsa, hammayog‘idan tamaki hidi anqiyotgan Ivan oynachidan uni kim jo‘natganini ham so‘ramadi. Endi unga hech narsaning qizig‘i yo‘q, o‘zi holi bo‘lsa bas edi.
Keksa Ivan amaki ishni bitirib, uydan chiqib ketdi. Ultug‘anning xiyol ko‘ngli aynir, eti uvishib, boshi tars yorilgudek og‘rir, to‘yib-to‘yib yig‘lagisi kelardi. “Kasal bo‘lib qolmadimmikan? − deb qo‘ydi ichida u. − Maydon qaytib kelarmikin yoki butunlay ketib qoldimikin?”
Quyosh botib, qosh qoraya boshladi. Nihoyat, zimiston qorong‘ilik cho‘kdi. O‘rinda yotgan Ultug‘an qimirlagisi kelmas, bosh og‘rig‘i battar kuchaygan edi. U peshonasini mahkam bog‘lab, yana o‘ringa cho‘zilarkan, miyasiga nuqul: “Keladimi yoki yo‘qmi?” degan savol urilar va shu zahoti: “Yo‘q, kelmaydi!” javobi yangraganday bo‘lib, qattiq xo‘rligi kelardi.
Ultug‘an garchi sergak yotgan bo‘lsa-da, negadir dahliz eshigi ochilganini sezmadi. Tuyqus qadam tovushi eshitildi-yu, chiroq yoqildi. Ultug‘anning tepasida Maydon turardi.
− Nega kelding? Nega? Ket! Hoziroq ket! − qichqirdi Ultug‘an va shartta o‘rnidan turib, yigitning bo‘yniga maxhkam yopishdi. Ayni damda Maydon ma’shuqasining og‘ushidan qutulib chiqishi amrimahol edi.
− Yo‘q, yo‘q, Maydon. Hech qayerga ketmaysan, hech qayoqqa qo‘yib yubormayman seni!
Maydon Ultug‘anning asab torlari taranglashib ketganini tushundi. Nihoyat, u Ultug‘anni qo‘lida ko‘tarib, o‘rniga olib borib yotqizdi… Ishrat nash’asidan sarxush sevishganlar hamma narsani unutishgan, yutoqib bir-birlariga talpinardilar…
Tunda ular tag‘in Sandibalaning baqir-chaqiridan uyg‘onib ketishdi, es-xushlarini yig‘ib olishga ulgurmayoq oyna sharaqlab sindi-da, xonaga tosh yog‘ila boshladi. Maydon o‘rnidan sakrab turib, ko‘chaga otildi. Oradan bir daqiqa o‘tgach, Ultug‘anning qulog‘iga:
− Voy-y-voy-y, qutqaringlar! O‘ldirib qo‘yadi! − degan Sandibalaning faryodi eshitildi. Birpasda hammayoqni tapir-tupur odamlarning shovqin-suroni, itlarning hurishi bosib ketdi. Bu shovqin-suron qanday tez boshlangan bo‘lsa, yana shu kabi tez tindi. Lekin Maydon Ultug‘anning yoniga qaytib kirmadi. Ayol tong otguncha mijja qoqmay chiqdi. Uning janjal nima bilan tugaganiga aqli yetmasdi. Balki Maydon Sandibala bilan yarashib ketgandir? Axir aytishadi-ku, “er-xotinning urishi − doka ro‘molning qurishi” deb. Nahotki Maydon endi bir umr qaytib kelmaydigan bo‘lib ketgan bo‘lsa? Ultug‘an iztirobli o‘y-fikrlardan o‘zini chalg‘itish maqsadida o‘rnidan turib, uy ishlariga unnadi. Uyni supurdi-sidirdi, toshlarni, singan oynalarni tashqariga olib chiqib tashladi.
Ertalab kolxoz idorasidan pochtachi keldi. Rais chaqirtirganini eshitgan Ultug‘anning yuragi orqasiga tortib ketdi. U idoradagi odamlar oldida izza bo‘lishni sira-sira istamasdi. Begona odamlarga qanday qilib Maydonni yoqtirishini aytadi.
− Bormayman! − jahl bilan javob qaytardi Ultug‘an pochtachiga.
Keksa pochtachi bir narsa demoqchi bo‘lib labini juftladi-yu, lekin Ultug‘anning hozirgi vajohatidan unga hech qanday so‘z ta’sir qilmasligini ko‘rgach, tashqariga yo‘naldi. U ostona hatlayotib, loqaydgina:
− Hozir militsiya keluvdi… Maydonni rayonga olib ketishdi, − dedi.
− Nima uchun? − kapalagi uchib so‘radi Ultug‘an.
Pochtachi “o‘zing bilsang kerak” deganday ko‘zlarini katta-katta ochib Ultug‘anga qararkan, izoh berishga o‘tdi:
− Tunda xotinini kaltaklabdi. Uning hammayog‘i momataloq bo‘lib ketibdi. Maydonni qamashsa kerak. Tavba, nega uradi, a? Hozir xotinlarni uradigan zamonmi, axir…
Pochtachi gapini oxiriga yetkizmay, qo‘l siltab chiqib ketdi. Bu xabar Ultug‘anni dahshatga soldi U o‘zini qo‘yarga joy topolmay uy ichida uyoqdan-buyoqqa yurar ekan, dam-badam o‘ziga-o‘zi: “Nobud bo‘ldi, nobud bo‘ldi”, − derdi. U tuyqus negadir tashqariga yugurib chiqdi-da, yana qaytib ichkariga kirdi. So‘ng u samovar qaynayotganini eslab, undagi olovni o‘chirdi. Hozir choy ichishga balo bormi? Qayoqqadir borib, kimdandir yordam so‘rash kerak. Xo‘sh, kimdan so‘rash kerak o‘sha yordamni? Maydonga kim ham yordam berardi deysiz?..
Bundan bir oy muqaddam Ultug‘andan: “Senga Maydon yoqadimi?” deb so‘rasalar, hoynahoy u: “Voy, turqi qursin, uning nimasi yoqsin? Naynov, beso‘naqay, qachon qarasang, ichgani-ichgan, yurish-turishining tayini yo‘q, ko‘zi o‘lgan qo‘yning ko‘ziga o‘xshaydi”, − deb javob qaytargan bo‘lardi. Hozir esa, Maydon Ultug‘an uchun eng aziz, eng qadrli, undan yaxshi inson yo‘q edi.
Ultug‘an apil-tapil otlandi-da, bir tugun yegulik bilan avtobusda rayon markaziga yo‘l oldi. Benzin hidi anqiyotgan avtobusning ichi hammomdek issiq, dim, yo‘lovchilar qaro terga botib ketishgandi. Ammo Ultug‘an buni sezmasdi. U yo‘l bo‘yi Maydonni qanday qilib qutqarish rejasini tuzib borardi. U militsiyaxonaga yetgach: “Maydonni qo‘yib yuboringlar, unda hech qanday gunoh yo‘q, hamma ayb menda, meni qamanglar!” deb aytadi. U to‘ppa-to‘g‘ri militsiya boshlig‘ining oldiga kiradi-da, hammasini bir boshdan gapirib beradi. Qanday qilib yolg‘iz o‘zi qolganini va Maydon bilan qanday topishganini ochiq aytadi. U Maydonni qo‘yib yubormagunlaricha militsiya boshlig‘ining huzurida yig‘lab o‘tiraveradi. Maydonning o‘rniga uni qamab qo‘ya qolsinlar. Jinoyat sodir bo‘lsa, kimdir jazolanmay qolmaydi.
Ultug‘an avtobusdan tushgach, odamlardan militsiya binosi qayerdaligini bilib oldi. Yozning jazirama issig‘i asfaltni bilqillatib yuborgandi. Tuflining tagi xuddi pashsha shiraga yopishganday asfaltga chip-chip yopishib qoladi. Havo nihoyatda issiq va dim. Negadir Ultug‘anning ko‘ngli ayniy boshladi. O‘zini g‘alati xis etdi. “Nima balo, bo‘yimda bo‘lib qolganmikan?” degan o‘y miyasiga yashindek urildi. U homilador ayollar o‘zlarini qanday xis etishlarini eshitgandi. “Yo tavba, nahotki bo‘yimda bo‘lib qolgan bo‘lsa?” Ultug‘an vaqt o‘tib ketayotganini sezib, qadamini yanada jadallatdi. Boshdan uning ishi yurishmadi. Militsiyaga qoq tush payti yetib keldi. Boshliq qayergadir ketgan ekan. Ultug‘anni qorachadan kelgan, ko‘zlari chaqnoq yosh navbatchi yigit kutib oldi. Ayol Maydonning oldiga kelganligini eshitgach, militsiya yigit birdan tusini o‘zgartirib:
− Sen unga kim bo‘lasan? Hoynahoy xotinidirsan? − dedi sensirashga o‘tib.
Ultug‘an o‘zini kim deb aytishni bilmay, dovdirab qoldi, na “ha”, na “yo‘q” deyishga tili aylanmasdi. Ammo bu yerda indamay turishning iloji yo‘q edi. Ultug‘an sezilar-sezilmas bosh qimirlatganday bo‘ldi. Ammo navbatchi yigit Ultug‘anning ishorasini “ha” degan ma’noda tushundi.
− Xo‘sh, demak… − cho‘zib dedi u. − Demak, eringni ko‘rmoqchisan, shundaymi?
− Ha, − eshitilar-eshitilmas javob qaytardi Ultug‘an.
Militsioner yo‘talib qo‘ydi-da:
− Qamokda saqlanadigan fuqarolar bilan uchrashish qat’iyan man etiladi, − dedi rasmiy ohangda.
− Yo‘q, yo‘q, men boshlig‘ingiz bilan gaplashmoqchiman. Unga bor gapni aytib bermoqchiman. Maydonda ayb yo‘q!
− Hoy xotin, boshliqning boshini qotirma! Sensiz ham ishi boshidan oshib yotibdi. Siz xotinlarga tekkan kasal shu: eringiz g‘iring desa, “voy urdi, voy so‘kdi!” deb shikoyat qilasizlar, keyin, “u aybdor emas”, deb obidiyda qilasizlar. Nima, militsiya sizlarga o‘yinchoqmi?
− Axir u meni urgan emas!..
− Bo‘lsa bordir. Bo‘pti, ovulingga ketaver. O‘n besh sutkadan keyin o‘z oyog‘i bilan yoningga kirib boradi, − dedi militsioner shartta, so‘ng gap tamom deganday taxta to‘siq ortiga o‘tib ketdi.
Ultug‘an tashqariga chiqdi-da, zinapoyaga o‘tirib, bo‘lim boshlig‘ining qaytishini kuta boshladi; nihoyat, tushlik ham tugadi, oradan bir-ikki soat vaqt o‘tdi, lekin militsiya boshlig‘idan hamon darak yo‘q edi. U har bir pogon takkan militsionerga, “siz boshliqmisiz?” degan savolni berardi, lekin ular kulib: “Yo‘q, hali boshliq bo‘lganimizcha yo‘q”, − deb javob qaytarishardi. Nihoyat, navbatchi yigit derazadan boshini chiqarib baqirdi:
− Hoy xotin, boshliqni bekorga kutib o‘tiribsan. O‘rtoq mayor viloyat markaziga ketgan. Ikki kundan keyin keladi, undan oldin kelmaydi. Gapimga ishonmaysanmi? Mana, hozir uning o‘zi qo‘ng‘iroq qildi.
Militsioner Ultug‘anning ishonmayotganligini sezib, uzun simli telefon trubkasini derazadan chiqarib ko‘rsatdi.
− Mana, hozir gaplashdim!
Ultug‘an hech bir natija chiqarolmay, horib-charchab, kechki avtobus bilan ovulga qaytib keldi.
Yarim tunda Ultug‘anning nazarida kimdir derazani asta, ehtiyotkorlik bilan chertayotgandek tuyuldi. Ultug‘an shartta o‘rnidan qo‘zg‘alib, karavotda o‘tirib oldi-da, diqqat bilan qorong‘ilikka tikildi. Uning yuragi xapriqib, duk-duk ura boshladi. Xona ichi suv quygandek jimjit. “Tushimda shunday tuyulgandir”, hafsalasi pir bo‘lib o‘yladi Ultug‘an. Ayni shu daqiqada deraza oynasi yana ehtiyotkorlik bilan chertildi.
− Ultug‘an, bu menman…
Ultug‘an o‘qday otilib borib eshikni ochgani va Maydonning bag‘riga tashlanganini o‘zi ham sezmay qoldi. U Maydonni quchgancha ostonada turaverdi. Kimdir ko‘rib qolishidan ham istihola qilmasdi hozir Ultug‘an.
− Shoshma, Ultug‘an. Uyga kiraylik. Hammayog‘im chang, kir-chir. Yo‘lda iflos bo‘lib ketdim, − dedi xijolatda Maydon.
− Kir-chir, chang deysanmi? Bo‘lsa bo‘lar! Qo‘yaver! Qo‘yaver!..
Ultug‘an Maydonning yuz-ko‘zidan, bo‘ynidan cho‘lp-cho‘lp o‘pardi.
− Kir-chir bo‘lsang ham bari bir seni o‘paveraman! Bilasanmi, seni shundayam sog‘inib ketdimki! Seni o‘ylayverib, jinni bo‘layozdim!..
Nihoyat, ular dahlizga kirishib, ancha vaqt bir-birlaridan ajralolmay turdilar.
Uy ortidagi saroyda xo‘roz qanot yozib qichqirdi…
− Ultug‘an, qo‘yib yubor, yuvinib olay!
− Hozir, hozir suv isitib yuboraman. Seni o‘zim cho‘miltirib qo‘yaman.
Ultug‘aning oyog‘i olti, qo‘li yetti bo‘lib ishga kirishib ketdi. U zumda qozonning ostiga o‘t yoqib, suv isitdi. So‘ng Maydonning qarshilik qilishiga va uyalishiga qaramay uni yechintirdi-da, xuddi to‘ng‘ich boladek cho‘miltira boshladi.
− Bechoraginam, ilgariyam semiz emas eding-ku, lekin hozir qovurg‘alaring sanalib qolibdi-ya! − derdi sochiq bilan Maydonni artar ekan.
Maydon endi qarshilik qilmay, itoatgo‘ylik bilan jimgina turardi. Ultug‘an unga otasidan qolgan ko‘ylak va shimini kiydirib qo‘ydi-da, Maydonning kir-chir kiyimlarini yuvishga tutindi. U kir yuvaturib, dam-badam Maydonga qarab-qarab qo‘yardi. Maydon ham Ultug‘andan ko‘z uzmas, uning har bir harakatini kuzatib o‘tirardi. Maydonning sochi taqir qilib oldirilgan, yuzi chakak-chakak bo‘lib ketgandi. Faqat uning ko‘zlari maftunkor, yoshlarga xos porlab boqardi.
− Yotib, bir oz damingni ol, − dedi Ultug‘an.
− Kutib turaman, birga yotamiz.
− Qanday kelding?
− Yayov kelaverdim.
− Yo tavba, rayondan shu yergacha piyoda keldingmi? − vahima bilan so‘radi Ultug‘an.
− Kechqurun qo‘yib yuborishdi. Oxirgi avtobus ketib qolgan ekan. Qarasam, ertalabgacha kutish foydasiz, ustiga-ustak, yonimda sariq chaqa ham yo‘q edi. Shuning uchun ham yayov kelaverdim.
− Qorning ham ochib ketgandir?
− Sal-pal.
Ultug‘an kirlarni apil-tapil yuvib bo‘lgach, samovarga o‘t tashlab, dasturxon yozdi. Bor yeguliklarni dasturxon ustiga to‘kib tashladi. Bu gal Ultug‘anga damlagan choy juda totli tuyuldi: ular uzoq vaqt suhbatlashib o‘tirib, choy ichdilar. Ertalabga yaqin Ultug‘an sigirni sog‘di-da, ko‘chaga qo‘yib yubordi. So‘ng eshikni tashqaridan qulflab, uyga derazadan oshib tushdi.
− Meni uyda yo‘q, qayoqqadir ketgan deb o‘ylashsin. Bo‘lmasa, tinchlik berishmaydi, − deb tushuntirdi u hayron bo‘lib turgan Maydonga.
Shundan so‘ng ular ancha vaqt visol lazzatini sura-sura, oxiri uxlab qolishdi, tungi soat o‘n ikkilarga yaqin uy oldiga otliq odam kelgandagina ko‘z ochishdi.
Otliq eshik oldida bir-ikki aylandi, Ultug‘an Sog‘inboyning ovozini tanidi.
− Hoy, xola, Ultug‘an qayerga ketgan? − deb so‘radi u qo‘shni kampirdan.
− Kim biladi deysan? Ertalabdan buyon eshik qulf, − javob qaytardi kampir.
− Yana rayonga ketgan bo‘lsa kerak! − g‘uldiradi brigadir, so‘ng o‘ziga-o‘zi javob qaytardi: − Rostdanam rayonga ketganga o‘xshaydi. Tavba, u butunlay esini yo‘qotib qo‘yibdi, − dedi-da, otini yo‘rttirib ketdi.
Ultug‘an bilan Maydon qo‘shni kampir hamda brigadirni boplab laqillatganlaridan miriqib kuldilar. So‘ng bir-birlarining pinjlariga kirgan ko‘yi tag‘in uyquga ketdilar. Navbatdagi bu uchrashuvning oqibati nimaga olib kelishini ular mutlaqo xayollariga ham keltirmas edilar.
− Qamoqxonada qiynalgandirsan-a? − so‘radi o‘rinlaridan turishgach Ultug‘an.
− Nimasini aytasan. Birinchi tuniyoq o‘zimni o‘ldirgim keldi. So‘ri ostidan bir tig‘ topib oldim-da, yashirib qo‘ydim. Hamma uxlaganda tomirimni kesib tashlashga qaror qildim. Bunday sharmandagarchilikdan o‘lganim yaxshi-da axir!
− Og‘zingdan shamol uchirsin, bunday dema!..
− Hammasi orqada qoldi, Ultug‘an. Seni o‘ylab, tig‘ni tashlab yubordim. Ultug‘an, o‘lishga haqqim yo‘q. Chunki dunyoda sen borsan, sevgilim! Boshingga kulfat tushgandagina dunyoda eng aziz inson kim ekanligini tushunar ekansan.
Bu uzun va baxtli kun shu alfozda o‘tdi. Tunda ovul uxlab, ko‘chada hech zog‘ qolmaganda Ultug‘an derazadan oshib, tashqariga chiqdi-da, eshik qulfini ochdi va uy-ro‘zg‘or ishlariga unnab ketdi: sigirini sog‘di, ariqdan suv olib keldi. Maydon ham tinch turmay unga yordamlashdi; o‘tin yorib, erkaklar qiladigan ishni bajardi. Ertalab Ultug‘an eshikni yana qulflab qo‘ydi, ular yana odamlar ko‘zidan yashirinib oldilar.
Bu kun ham ular uchun uzun va baxtli bo‘lib tuyuldi. Oshiq-ma’shuqlar orom olishar, uyg‘onib, bir-birlarini suyishar, visol sururidan toliqib yana uxlab qolardilar. Uy tashqarisida odamlar g‘ovur-g‘uvur qilishar, buzoqlar ma’rar, xo‘rozlar qichqirishardi. Ko‘chadan tinmay ot mingan odamlar dupir-dupir o‘tishardi. Xullas, tashqarida hayot o‘z maromida davom etar, Ultug‘an bilan Maydon esa bu hayotdan uzoqda edilar.
Ikkinchi kuni tunda Maydon bilan Ultug‘an uydan chiqib, qo‘l ushlagancha ovul ortidagi dashtda sayr eta boshladilar. Ular qirov bosgan va issiq badanlariga xush yoquvchi ko‘kat ustida o‘tirib, kelajak haqida reja tuza boshladilar.
− Yaxshisi, bu yerdan bosh olib ketsak durust bo‘larmidi? − dedi Maydon. − Shahardagi stantsiyada ishga kiraman, xohlasang, sen ham ishlaysan, ishlashni xohlamasang, uy bekasi bo‘lasan. Birgalikda umrguzaronlik qilamiz. Qo‘l uchida kun ko‘rsak ham nolimayman. Bizga ko‘p narsaning keragi yo‘q.
− To‘g‘ri aytasan, bizga ko‘p narsaning keragi yo‘q, − tasdiqladi Ultug‘an. − Ovqat qilib, sening ishdan qaytishingni kutish men uchun katta baxt, Maydon.
− Shunday bo‘ladi, Ultug‘an.
− Maydon…
− Nima deysan, jonim?
− Men, bilasanmi… Senga nima desam ekan… nazarimda, bo‘yimda bo‘lib qolganga o‘xshaydi.
− Rostmi? Buni shunday orziqib kutgan edimki… Endi biz umuman ajralishmaymiz. Endi biz bir umr bir-birimizga bog‘liqmiz!.. Ie, judayam sovqotib ketibsan-ku!
− Yur uyga, Maydon, − haqiqatan ham Ultug‘an sovqotib junjikdi.
Sharq tarafdan tong yorishib kelmoqda edi. Qorong‘ilik asta-sekin g‘arb tomon chekinib, dasht yorishib borardi. Yon-atrof g‘ira-shira bo‘lib qolgandi. Bedanalar “bit-bildiq, bit-bildiq” deb sayray boshladi.
Uchinchi kun avvalgilariga qaraganda uzoqroq cho‘zilganday bo‘ldi. Vaqt go‘yo to‘xtab qolgandek edi. Ular birinchi kundagi sog‘inch-muhabbat hislarini qondirgan va uyquga to‘ygan edilar, shuning uchun endi uxlamay, shunchaki yonboshlab suhbatlashishar, goh-goh xona ichida uyoqdan-buyoqqa yurishar edi. Yo bo‘lmasa, darpardani qiya ochib, ko‘chaga mo‘ralashar, ko‘rgan-bilganlari haqida so‘zlardilar.
− Maydon, qara, qo‘shnimizning g‘ozi uloqni quvlab yuribdi, − kulib Maydonni yoniga chaqirdi Ultug‘an.
− Ultug‘an, Sog‘inboy o‘tib ketdi. Hoynahoy, seni qidirib kelgandir, eshik qulflog‘ligini ko‘rib, hafsalasi pir bo‘ladi endi, − hazillashdi Maydon.
− Seniyam Sandibala qidirayotgan bo‘lsa kerak. Erginasi qayoqqa g‘oyib bo‘lganini bilmay, boshi qotayotgandir, − hazilga hazil bilan javob qaytardi Ultug‘an va darhol hazilim og‘ip botmadimikan, deya hushyor tortdi.
Maydon xafa bo‘lmagandi, u beparvolik bilan:
− Qidirsa, qidiraversin. Topib bo‘pti meni! − dedi.
Oradan bir-ikki soat vaqt o‘tdi. Ultug‘an xo‘rsinib xayol surarkan:
− Qachongacha odamlardan berkinib yuramiz? Bir kunmas bir kun kimdir bizni ko‘rib qoladi, − dedi.
Ular nigohlari to‘qnash kelishidan qo‘rqqanday ko‘zlarini yerga tikdilar: ertami-kechmi, bari bir, rohatda o‘tayotgan bu kunlari nihoyasiga yetishini tushunganlari uchun kayfiyatlari buzilgandi.
− Maydon, nechta bolang bor? − so‘radi Ultug‘an nihoyat.
− To‘rtta. Bolalarim o‘nta bo‘lgandayam uyga qaytib bormayman! − qizishib javob qaytardi Maydon.
− Ketishni xohlasang ham men seni chiqarib yubormayman! − xitob qildi Ultug‘an, − Sandibalaning bolalari bilan necha pullik ishim bor? Sen menikisan, ha, ha, yolg‘iz menikisan!
Shundan so‘ng ular oqshom bo‘lishini orziqib kuta boshladilar. Oshiq-ma’shuqlar yana dashtga chiqib, xuddi kechagidek qo‘l ushlashgan holda sayr etishni intiq bo‘lib kutar edilar. Baxtga qarshi, kechga tomon osmonni qora bulut qopladi. Momaqaldiroq gumburlab, chaqmoq chaqdi va sharros yomg‘ir quyib, niyatlarini chippakka chiqardi.
Yog‘ingarchilik Ultug‘an bilan Maydonning yuraklarini siqib, zeriktira boshladi. Ular ma’yus, jim o‘tirardilar. Goh-gohida bir-birlariga luqma tashlab qo‘yardilar xolos.
Tushdan keyin bulutlar orasidan charaqlab quyosh chiqdi. Ovul quyosh nurlariga g‘arq bo‘ldi. Kayfiyati yaxshilangan Ultug‘an suyuklisiga murojaat etdi:
− Maydon, yur, tashqariga chiqamiz. Dashtni qara, qanday ajoyib! Uyda o‘tirish jonga tegib ketdi.
− Bizni ko‘rib qolishlari mumkin, − ogohlantirdi Maydon.
− Juda yaxshi. Ko‘rishsa nima qipti?
− Ultug‘an, o‘zing chiqib aylanib kela qol. Men shu yerda o‘tira turaman.
− Zerikib qolmaysanmi?
− Yo‘q, faqat eshikni tashqaridan qulflab ket.
− Bo‘pti, unda odamlar nima ish qilishayotganini bir ko‘rib kelay. Qayerda eding, deb so‘rasalar, shaharga borib keldim deyman.
Ultug‘an ko‘chaga chiqdi. Borliq uning ko‘ziga go‘zal bo‘lib ko‘rindi. Yomg‘ir chor-atrofni yashnatib yuborgandi. Osmon ham beg‘ubor. Ultug‘anning ko‘ziga uzoqdagi tog‘ cho‘qqilari go‘yo tiniq, sehrli oq marmardek yaraqlab ko‘rina boshladi.
Ultug‘an o‘zini bu bepoyonlikni umrida birinchi bor ko‘rib turgandek his etdi.
Atrofdagi kenglik va erkinlik Ultug‘anni tamoman o‘ziga rom etib, ruhida qandaydir yengillik paydo qilarkan, u istagan joyiga borishi haqidagi fikrdan yayrardi. U ko‘chada bemalol yurishni juda-juda sog‘inib qolgandi. Ultug‘an to‘g‘ri magazinga yo‘l oldi. U ko‘chadagi o‘tkinchilar kuzatayotganini payqab, qaddini rostladi-da, qadamini ildamlatdi.
Magazinda odam siyrak: ikki molboqar yigit bilan bir necha bolalar bor edi, xolos. Qorachadan kelgan kulcha yuzli bir bola sotuvchiga ikkita bo‘sh shishani uzatib:
− Mana bularni olib, menga shirinlik bering, − dedi.
− Shishangni olmayman. Hali yoshsan. Bor, onang kelib topshirsin, − ko‘nmadi sotuvchi ayol.
− Onam kasal yotibdi, ola qoling, − bo‘sh kelmadi bola.
− Ola qolmaysanmi? Buncha tarang qilmasang?! − gapga aralashdi yigitlardan biri.
− Tarang qilayotganim yo‘q. Bolalardan shisha olish mumkin emas… Hay, mayli, bu safar ola qolay. Ammo keyingi gal shisha ko‘tarib kelganingni ko‘rmay, bolakay, bari bir olmayman, − dedi sotuvchi, so‘ng shishalarni qaytara turib bolalarga bir qisim shirinlik uzatdi.
− Uyimizda boshqa shisha yo‘q, − dedi quvongan bola va o‘rtoqlari bilan tashqariga yugurib chiqib ketdi.
− Ajoyib bola ekan! Kimning o‘g‘li? − so‘radi Ultug‘an havasi kelib.
− Ie, tanimaysanmi, Maydonning o‘g‘li-ku?! − beparvolik bilan javob qaytardi sotuvchi va dabdurustdan hushyor tortib, jim qoldi.
Bu gap Ultug‘anga bir tarsaki tushirgandek bo‘ldi. Uning yuziga qon tepib, yuragi qattiq urib ketdi-da, jadal tashqariga chiqarkan, nariroq borgach, nafasini rostlash uchun to‘xtadi.
Yaqinda turgan boyagi bolalar shirinlikni bo‘lishayotgan edilar.
Ultug‘an ularga qarab qoldi. Qaysi biri Maydonning o‘g‘liykin? E, anavinisi bo‘lsa kerak! Shirinlikni bo‘lishayotgani.
− Hoy bola! Menga qara! Isming nima? − so‘radi Ultug‘an hayajonlanib.
− Saylan, − javob qaytardi bolakay beparvo.
− Onang rostdanam kasalmi?
− Ha, rost. Bugun doktor keldi. Onamning yuragi kasalmish.
Bolalar shirinlikni bo‘lishib olgach, ko‘cha bo‘ylab yugurib ketdilar. Saylan hammadan oldinda yugurib borardi. Ultug‘an turgan yerida taxtadek qotib qoldi. Hozirgina uni qamrab olgan xush kayfiyat, ruhiy yengillikdan asar ham qolmagandi. Uning yelkasini nimadir bosib turardi. “Yo‘q, yo‘q, unday bo‘lmasa kerak. Hammasi baravariga yomonlik bilan tugashi mumkin emas-ku! Bola sotuvchining rahmini keltirish uchun shunday deb aytdi, menga ham sir boy bermadi, chunki u meni magazinda ko‘rdi”, − o‘yladi Ultug‘an va beixtiyor Maydonning uyi tomon burildi. U hoziroq Sandibalani ko‘rishi shart! Bolaning gapi noto‘g‘riligiga ishonishi kerak!
Bu uyni Maydon bundan to‘rt yil muqaddam brigadir bo‘lib ishlab yurganida qurgan edi. Katta-katta to‘rtta xona. Oldiga uzun qilib ayvon solingan. Ayvonda o‘n yoshlar chamasi, sochlari patila-patila bir qizcha tog‘orada kir yuvmoqda. Ultug‘an bu Maydonning to‘ng‘ich qizi ekanini fahmladi. “Burni bilan og‘zi Sandibalaga, ko‘zlari esa Maydonimning ko‘zlariga o‘xshab ketar ekan”, − dedi Ultug‘an rashk olovida qovrilib. Qizaloq yuvgan ko‘ylagini siqdi-da, ayvonning panjarasiga osib qo‘ydi.
− Hoy, qiz, onang uydami? − so‘radi Ultug‘an muloyim ovozda.
Qizcha Ultug‘an tomonga o‘girildi-yu, rangi gezarib ketdi. Uning bo‘yi cho‘zilib qolgandi. Aftidan hamma gapdan xabari borga o‘xshaydi, o‘yladi Ultug‘an va qiz oldida o‘zini haqiqatan ham aybdor bilib, noqulay his etdi.
− Onam uxlayaptilar. Ularni uyg‘otish mumkin emas, kasallar, − dedi qiz noxush ohangda.
Dili og‘rigan Ultug‘an ayvonga ko‘z yugurtirdi. Ochiq turgan eshikdan xonaning bir chekkasi ko‘zga tashlanib turardi. Ayvon bilan uy ichi ivirsiq, supirilmagan, u yer-bu yerda bolalarning kiyimi sochilib yotardi. Stol ustida yuvilmagan idish-tovoq qalashib yotibdi. Polni chirk bosgan. Qizcha polni yuvishga yuvibdi-yu, lekin chala-chulpa.
Ultug‘an Sandibalaning kasalligiga, uyi shunchalik iflos bo‘lib ketganligiga o‘zini sababchi deb bildi. Ich-ichidan bir narsa uzilib ketganday bo‘ldi. Qizcha bo‘lsa, go‘yo chaqirilmagan mehmonni unutgandek kir yuvishda davom etardi. Ultug‘an nima kutayotganini o‘zi ham bilmay joyida turaverdi.
Shu tob yosh bolaning yig‘lagan ovozi eshitildi. Qizcha Ultug‘anning yonidan ho‘l qo‘lini peshbandiga artgancha yugurib o‘tib ketdi va bir ozdan so‘ng uni kimdir koyiy boshladi:
− Qayoqlarda sanqib yuribsan? Aytgandim-ku, yig‘latmay bir oz o‘ynatib tur, deb!
Ultug‘an kir yuvayotgan qizdan yoshroq qizcha aravada o‘tirgan bolakayni sayr qildirib yurganini ko‘rib qoldi-da, shartta orqasiga burilib, uyi tomon jadal yurib ketdi. U bamisoli chopib borar, tez yurganidan nafasi bo‘g‘ziga tiqilayotgandi. Nihoyat, eshikdan ichkariga kirarkan:
− Maydon! Hoy, Maydon? Hoziroq uyingga bor! − dedi halloslab.
− Tinchlikmi? Nima bo‘ldi? − so‘radi Maydon dahlizdan chiqa turib. U shim bilan maykada edi.
− Hoziroq kiyin!
Maydon hech narsaga tushunmay, yelkasini qisib qo‘ydi-da, ko‘ylak kiyish uchun ichkariga kirib ketdi. Ultug‘an devorga suyanib qoldi.
− Nima bo‘ldi o‘zi? Rangingda rang qolmabdi-ku! − ichkaridan turib so‘radi Maydon.
− Uyingga borib kel.
− U yerda nima qilaman? − dedi ko‘ylagini kiyib chiqqan Maydon hang-mang bo‘lib.
− Borsang ko‘rasan… Maydon, men uchun borib, u yerdagi ahvolni ko‘rib kel. Men hech qayoqqa ketmayman. Shu yerda bo‘laman. Maydon, o‘tinaman, yo‘q dema. Keyin qaytib kelasan.
Maydon nimadir demoqchi bo‘ldi-yu, lekin boshini xam qilgancha uzoq vaqt churq etmay turib qoldi. Ultug‘an o‘z gapida qat’iy turib oldi. Ultug‘an aytganini qildirmay qo‘ymasligiga aqli yetgan Maydon ma’yus qiyofada:
− Yaxshi, boraman. Ammo bilib qo‘y, ertagayoq yoningga qaytib kelaman. Sensiz hayotning menga qizig‘i yo‘q, − dedi.
− Rahmat, Maydon… Ketishingdan avval meni bir o‘pib ket! Endi bora qol, azizim…
Ultug‘an derazadan Maydonning boshini xam qilgancha ko‘chaga chiqib ketayogganini kuzatib turardi, uning barvasta gavdasi qanchalar qadrli bo‘lib qolgandi…
Maydon ertasi kuni va’dasiga ko‘ra Ultug‘anning uyi tomon yo‘l oldi, lekin avval yo‘l-yo‘lakay kolxoz raisi bilan gaplashib olmoqchi bo‘lib idora tomon yurdi. Idorada odam ko‘p edi. Kolxozchilar to‘planishib, nimanidir qizg‘in muhokama qilib turardilar. Ular Maydonni ko‘rgach, jim bo‘lib qolishdi. Ammo shu payt odamlar orasidan o‘tib unga peshvoz chiqqan Sog‘inboy:
− Maydon, Ultug‘an ketib qoldi. Qayerga ketganini hech kim bilmaydi… − dedi.
Maydon Sog‘inboyning gapini oxirigacha eshitmadi, u quloqlariga ishonmay Ultug‘anning uyi tomon yugurib ketdi. Ultug‘an haqiqatan ham uyda yo‘q, eshik va derazalar lang ochiq, hovli kimsasiz edi.
Maydonning oyoq-qo‘li bo‘shashib, ostonada o‘tirib qoldi. Shu ondayoq u Ultug‘andan ayrilib qolganini his etdi. Ammo Maydon bir narsaga sira tushuna olmas va o‘ziga-o‘zi: “Nega? Nima uchun Ultug‘an bunday qildi?” deya savol berar, dunyo ko‘ziga tor ko‘rinib ketgandi.
Rus tilidan Nazira Jo‘rayeva tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 10-son