Nogahon darvoza taqillab, ota-bolaning suhbati bo‘lindi. «Kim bo‘ldiykin?» Muzaffar otasiga bir nigoh tashladi-yu, o‘rnidan sakrab turib, darvoza tomon yurdi. Yo‘lak qorongi bo‘lgani uchun chiroqni yoqib, darvozani ochdi va ostonada turgan un zavodi ombor mudiri — Xo‘ja Sayfiddinovni tanib qoldi. Unga salom berishga og‘iz juftlagan edi, u o‘zi gapga tushib ketdi:
— E, e… qachon keldingiz, ukajon? Sizni ham ko‘radigan kun bor ekan-ku? Tan-joningiz sog‘mi? Ishlar?.. Eshitishimcha, Dushanbeda kattakon domla emishsiz… Yaxshi, xo‘b yaxshi. Do‘stlar qatori bizning ham boshimiz osmonga yetdi.
Muzaffar uni uyga taklif qildi.
— Yo‘q, ukajon, vaqtim ziq. Dadangizga zarur gapim bor edi. Agar uyda bo‘lsalar, Xo‘ja amakim sizni chaqirayaptilar, desangiz.
— Kiring, dadam uydalar, gurunglashasizlar…
Bir zumlik ikkilanishdan so‘ng qishloq odamlari kattaog‘izu badavlatligidan Xo‘jamast deb laqab olgan Sayfiddinov:
— Hay, ichkarida gaplashsam qaytangga yaxshi, — deya Muzaffarning ortidan hovliga qadam qo‘ydi.
Nasim amaki mehmonni ochiq chehra bilan kutib olib, to‘rga o‘tqazdi. Salom-alikdan keyin piyolada choy uzatarkan so‘radi:
— Qaysi shamol uchirdi, Xo‘jaboy? Bizning kulbai vayronaga ham qadam ranjida qilarkansiz-da?
— Turmush taqozosi, aka… Sizni bir ko‘rib o‘tay, dedim…
Jimib qolishdi.
Muzaffar ham sukutga cho‘mdi.
Nasim amaki moshguruch soqolini silab, ayvon chetiga ko‘z tashladi.
Sayfiddinov choyi allaqachon sovib bo‘lgan piyolani uyalinqirab zo‘r-bazo‘r labiga eltardi.
— Gapiring, Xo‘jaboy, — dedi nihoyat Nasim amaki sukutga barham berib.
Muzaffar dadasining ovozidan cho‘chib tushib, mehmonga sinchkov nazar tashladi.
— Gapimni eshitmoqchi bo‘lsangiz, aka, — dedi Sayfiddinov dadillanib, — aytaman. Gap shuki, kamomad topishdi. Agar yordam qilmasangiz, naq kapam kuyadi.
— Kelib-kelib, mo‘ysafid odamdan yordam so‘raysizmi? Menda ortiqcha pul qaydan bo‘lsin?!
Nasim amaki istehzo ohangida gapirganini Sayfiddinov yo tushunmadi, yo…
— Ancha-muncha odamga uchradim, aka, berishmadi. Oxiri uzoq bosh qotirib, sizdan bo‘lak hech kim dardimga davo bo‘lmasligiga aqlim yetdi.
— Bu gaplarni qo‘ya turing, — dedi Nasim amaki va sal o‘ychan holda so‘radi. — Qancha kerak o‘zi?
— Ikki ming… Yelkamga oftob tegishi bilanoq qaytaraman.
— Ikki ming dedingizmi? — takror so‘radi Nasim amaki peshonasini silab. — Xo‘p, qani dasturxonga qarang-chi.
Muzaffar qorongi boqqa tikilarkan, o‘sha yili ham xuddi bugungidek dilkash edi, degan o‘yga bordi. Qorin to‘yib ovqat yemog‘u yoqimli shabada esib turganda chalqancha yotib musaffo osmonning sohir yulduzlarini tomosha qilmoq qayda deysiz — ocharchilik!
Sayfiddinovning tashrifi urush yillari bilan bog‘liq voqealarni bir-bir yodiga tushirdi.
«Mana, falakning gardishi yana aylanib keldi, — deya dilidan o‘tkazdi u. — Ming qo‘yli boyning ishi bir qo‘yliga tushibdi, deb bejiz aytilmagan ekan. Agar o‘sha voqea oldinroq esimga tushganda, uni darvozaga yo‘latmasdim. Nahotki, dadam unutgan bo‘lsalar?..» Muzaffar o‘shanda sakkiz yashar bolakay edi…
Dadasining egnida askarlik libosi, oyog‘ida etik, yenglari shimarilgan, kiftida kattakon ketmon — dadil qadam tashlardi.
Muzaffar uzum pishig‘igacha kallai sahardan shomga qadar Bog‘iboloda bo‘lardi. U dadasining chaqqon harakatlarini havas bilan kuzatardi… To‘rt-besh yildan beri qarovsiz yotgan zarang yerni ag‘darganida yuzidagi ter tomchilari quyosh taftida xuddi marvariddek tovlanardi.
«Hah! Hah! Ha-ah!», deya ketmon choparkan, dunyoda dadasidan baquvvatroq odam yo‘qdek edi. Shunda tabiatan kamgap dadasi bir lahza bo‘lsa-da, tin olib, tashnaligini qondirsin uchun buloqdan ko‘zada suv tashib turardi.
Muzaffar dadasining qanday o‘t o‘rishini hanuz yaxshi eslaydi! O‘roq bir tekis sado chiqarib, nari-beri borib kelar, hayal o‘tmay yonida o‘t uyumi hosil bo‘lar edi. Muzaffar o‘roqning yaltiroq dastasidan ko‘z uzolmasdi…
Otasi uydan yirtiq sholcha, ko‘rpa-to‘shak va qozon-tovoq keltirib, tepalikka qurgan chaylasiga ko‘chib kirdi.
Muzaffar har kuni uylaridan xabar olib, qaytishda non yoki issiq ovqat ko‘tarib kelardi. Ba’zan dadasi suv taraganida, yagana yo xomtok qilganida, chayladan chiqmay, bog‘ni qo‘riqlab o‘tirardi.
Kunlarning birida onasini negadir g‘amgin holda ko‘rdi: ko‘zlari qizarib shishgan — uzoq yig‘lagan edi chog‘i.
— Ha, oyi? — dedi Muzaffar ajablanib.
— Muzaffarjon, bolaginam, nuridiydam! — onasi uni quchoqlab, yuz-ko‘zlaridan o‘pdi. — Dadang yaxshimilar? Nima qilayaptilar?
— Xomtok…
— Nega o‘zlari kelmadilar?
— Ishlari ko‘p, oyi. Sen borib kel, dedilar… Biron yegulik oborishim kerak.
— Onang joningga sadaqa, uyda hech vaqo yo‘q-ku?
— Unda, men ketdim.
— Boraqol, o‘g‘lim, dadangga yordam ber. Aytginki, vaqt topib, bir kelib ketsinlar.
Muzaffar onasining bu holatidan ezilib, istar-istamas Bog‘ibologa ravona bo‘ldi.
Kechqurun ota-o‘g‘il ikkovlon uyga qaytishdi. Och qolganidan dam-badam Muzaffarning ko‘ngli behuzur bo‘lardi. Bugun tuz totigani yo‘q. Kuniga bir siqim arpayu uzum yeb, toychoqdek dikonglab yurardi. Oyisi nima sababdan non bermadi? Axir, bir yil muqaddam: «Urush tugab, dadang eson-omon qaytsa, hech qachon och qolmaysan», demaganmidi! Mana, dadasi sihat-salomat qaytib keldi, ammo non qani?!
Kichkina Muzaffar supa labida ana shunday xayollar og‘ushida xomush o‘tirardi.
Banogoh, ichkaridan onasining yigisi qulog‘iga chalindi; ovoz uzoqdan kelayotgandek edi.
Saldan keyin dadasining ovozi eshitildi:
— Kolxozning ahvoli biznikidan a’lo emas. Sabr qilsang, hammasi o‘rniga tushadi…
Osmonu zaminni qorong‘ulik chulg‘ab olgandek edi. Dadasi Muzaffarning qo‘lidan ushlab, ko‘chaga otildi. Uning boshi egik, xayoli parishon edi. Og‘ir-og‘ir qadam tashlarkan, goho o‘g‘lining kichkina qo‘lchalarini silab-silab qo‘yardi.
Oqshom Muzaffar dadasiga diqqat bilan tikilib, u o‘zini ancha oldirib qo‘yganini sezdi. Soqoli o‘sgan, chehrasi tund, lablari yorilib ketgan. Paydor, kuchli qo‘llari oftobda kuyib, po‘st tashlabdi. Kafti va tirnoqlari ostini yara-chaqa bosibdi. Askarlik kiyimlari o‘ngib-eskiribdi. Ko‘ylagining orqasi achimtir terdan sho‘ra bosgan…
Bir payt ro‘paradan eshitilgan «Assalomu alaykum!» degan ovoz ota-bolani hushiga keltirdi: bir necha qadam narida un zavodining ombor mudiri Xo‘jamast turardi. Yuzi kalishning ichiga o‘xshash qip-qizil Xo‘jamast tamaki tutunidan sarg‘aygan tishlarini ko‘rsatib iljaydi:
— Salomatmisiz, aka? Kelganingizga uch-to‘rt oy bo‘libdi-yu, bundoq jamolingizni ko‘rsatmaysiz-a.
Xo‘jamast va Muzaffarning dadasi quchoq ochib ko‘rishdilar.
— Xudoga shukur… Qimirlab yuribmiz.
— Tirikchilik qalay?
— Bir nav, ukajon… urushning kasriga uch-to‘rt yil och qoladiganga o‘xshaymiz.
— Agar biron masalada tanqislik sezsangiz, bemalol aytavering. Qo‘ldan kelgancha yordamlashaman.
Hamon Muzaffarning yodida — o‘shanda dadasi bir lahza ikkilanib turdi-da, so‘ng:
— Bir xalta bug‘doy topib bersang, koshkiydi, — dedi.
— Aslo aziyat chekmang, aka. Bug‘doy ham gap bo‘ptimi? Ertalab jiyanni uyga yuboring. O‘zingiz bilasiz, otliqqa ham topilmaydi. Lekin sizga… bir ilojini qilarmiz.
— Iloyim baraka top, ukajon!
Xo‘jamast pastga, ular yuqoriga qarab ketishdi. Endi otaning kayfiyati bo‘lakcha, jilmayib qadam tashlardi.
O‘sha kecha Muzaffar chaylada uxladi; dadasi azongacha qariyb bir gektar bog‘ni sug‘ordi.
Peshin chog‘i Muzaffar choy qaynatdi.
Ota uydan keltirgan tugunni ochdi. Unda turshak va ozgina qurut bor edi. Yaxshi kayfiyat bilan choy ichdilar. Keyin ota o‘g‘lining boshini silab qo‘yib, yana bog‘ ichiga sho‘ng‘ib ketdi.
Nomozshom mahali uyga qaytgach, dadasi qo‘shnining eshagini so‘rab oldi.
— Xo‘ja amakining hovlisini bilasan-a, o‘g‘lim! — so‘radi Muzaffardan.
— Ha-a…
— Unda, mana bu eshakni minib, tezda o‘sha yerga borasan.
Muzaffar Sayfiddinovning hovlisiga yaqinlashgach, eshakdan tushib darvozaga bog‘ladi-da, qo‘rqa-pisa ichkariga mo‘raladi.
Hovli sahniga gilam to‘shalib, ustiga bug‘doy to‘kilgan — uni shamollatishardi… Muzaffar bir muddat qarab turdi. Buning kirganini hech kim payqamadi. Sayfiddinov engashgan ko‘yi xotini bilan bug‘doy boshoqlarini ajratardi.
Muzaffar yaqinroq borib, salom berdi.
Sayfiddinov cho‘chib tushdi, orqasiga qarab, bolani ko‘rgach:
— E, senmisan? Qani kel, — dedi-da, o‘rnidan turib so‘rashdi. — Qoping qani?
Muzaffar orqasiga qaytib, xurjundagi qopni olib keldida, qo‘shqo‘llab Sayfiddinovga uzatdi.
— Necha so‘m keltirding?
— Pul olib kelmadim.
— Nega?
Sayfiddinov bir zum o‘ylanib turgach, qahr aralash qopni qaytarib berdi:
— Bunaqasi ketmaydi. Borib dadangga ayt: to‘rt yuzu ellik so‘m bersa, davlat omboridan bir xalta un topib beraman. Xo‘pmi? Amakim shunday dedilar, degin… Tekin bera olmayman. Nahotki, shunga o‘zining aqli yetmasa.
Kichkina Muzaffar: «Xo‘p», deya darvoza yoqqa yurgan edi, bexosdan yanganing shangillagani qulog‘iga kirdi:
— Bu qanday bezbetlik! Cho‘ntagida hemiri yo‘g‘u, uyalmay-netmay odamlarning uyiga qop ko‘tarib kelishadi-ya! Ko‘ngillari bug‘doy non tusab qolibdi-da…
Dadasi Muzaffarni darvoza oldida kutib oldi.
— Ha, o‘g‘lim, quruq qaytibsan?
— To‘rt yuz ellik so‘m bersangiz, ertagayoq ombordan bir xalta un topib berarkan.
— Shunday deb aytdimi-a?
— Ha. O‘zi hovli o‘rtasida bug‘doy tozalayotgan ekan… — Ota siniqqina kulimsiradi, o‘g‘lini eshak ustidan dast ko‘tarib oldi-yu, quchog‘iga mahkam bosdi.
Ana o‘shanda Muzaffarning dadasi urushdan qaytganidan beri ilk marta ovozini baralla qo‘yib, ho‘ngrab yig‘lagan edi.
* * *
— Muzaffar, ho‘, Muzaffar!
Nasim amakining nidosidan Muzaffar o‘ziga keldi.
— Ichkaridan «labbay» degan ingichka tovush eshitildi.
— O‘sha to‘yga atalgan pullarni bu yoqqa olib chiq.
Ona tugunchani xomush holda ko‘tarib Nasim amakiga berdi va poygakka o‘tirdi.
Nasim amaki tugunchadagi pullarni sanashga tushdi.
Muzaffar Sayfiddinovga razm soldi. Uning karaxt yuzlariga qon yugurgan, qisiq ko‘k ko‘zlari sho‘xchan o‘ynar edi.
— Mana, Xo‘jaboy — bori shu. Bir ming olti yuz so‘m. Jiyaningizning nikoh to‘yiga yiqqan edik, — Nasim amaki pulni Sayfiddinovga uzatdi. — Ertaga bozor, sigirni sotishga ulgursam, tag‘in to‘rt yuz so‘m topib beraman.
— Iloyim, biringiz mingga ko‘paysin. Meni ham xudo qo‘llasinu, bel bog‘lab xizmatingizda bo‘lay.
Sayfiddinov pulni cho‘ntagiga tiqib, sarosimada o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Nasim amaki kalishini oyog‘iga ilib, kuzatishga shoshildi.
Muzaffar bilan onasi qimirlashmadi.
— Xayr, ukajon! Xayr, yanga!
Xo‘jamast oldinda, Nasim amaki uning orqasidan yurishdi.
Dadasi qaytib kelgach, Muzaffar uni savolga tutdi.
— Nima, dada, esingizdan chiqdimi? Axir, u bir vaqtlar sizni yarim xalta bug‘doyga alishmagan.
— Odamdan yaxshilik qoladi…
— Xo‘sh, nega pul berdingiz? Nega oyog‘ingni hovlidan uz, deb aytmadingiz? Yana sigirni ham sotmoqchi bo‘layapsiz…
— O‘zingni bos, bolam! Birov yomonlik qilganda ham yaxshilik bilan qaytargan ma’qul. Turmush… Senga nima deyin? Hali ko‘p narsani anglab yetmaysan, o‘g‘lim. Otangning qotiliga onangni ber, deyishadi. Ko‘p asabiylashmay choydan uzat, chanqadim.
— Yo‘q, dada. Men bunday kimsalarga yaxshilikni ravo ko‘rmayman. Axir, u o‘g‘ri-ku! O‘g‘ri bo‘lmaganda, omboridan kamomad chiqarmidi?
— Odamning yuzi issiq, deydi lar.
— Balo yuziga ursin! Jinoyat qildimi — jazosini tortsin. Siz bugun qo‘llasangiz, suvdan quruq chiqib, ertaga qing‘irligini davom ettiradi. Nokas topsa mansab bedavo bo‘lur, ilon kuchga to‘lsa ajdaho bo‘lur, deb bekor aytishmagan, axir.
Muzaffar katta ishga jazm etganday darvozaga yugurdi.
— Qayoqqa? — dedi dadasi xavotirga tushib.
— Xo‘jamastning uyiga, dada… Peshona teri bilan topgan pulimiz bir la’natining qora yuzini oqlashini istamayman! — qat’iy javob berdi o‘g‘il.
Nasim amaki darvoza tomonga qarab qo‘ydi. Lekin… o‘rnidan qo‘zg‘alib, Muzaffarni yo‘ldan qaytarishga majoli qolmagan edi.
Tojik tilidan Baxtiyor Omon tarjimasi
«Guliston» jurnali, 1990 yil, 7-son