I
Faqat shu yerda, to‘lqinlar yetib kelmaydigan sohilda Bobbi o‘zini bexatar sezar edi. “Bor, suv ko‘paymasidan burun chig‘anoqlaringni o‘ynab ol, men shu atrofda bo‘laman, – derdi opasi unga, – anavi piyonista serjant Mak Koy kelib, dengizning chuqur joyiga tortib ketmasin yana…” Nimasini aytasiz, Bobbi uning shu qilig‘ini yoqtirmasdi. Bolalarni komiga tortib ketadigan vahimali dengiz El-Morro qal’asining shundoqqina devorlari ortida suron solgudek shovullardi. “Dengiz, dengiz, hoy, dengiz, qirg‘og‘ingdan toshmagin. Bobbining yuragiga solmagaysan g‘ulg‘ula, to‘lqinlarga o‘zing bosh – bu tomonga yo‘lama”. Umuman, Bobbining sho‘r suvni shimirib, nafasi tiqilib suzishni o‘rgangisi kelmaydi. Yo‘q, bu bahona emas, mutlaqo! Undan ko‘ra qayiqda suzib yoki ularning ko‘zidan nariroqda yolg‘iz o‘zi qumqo‘rg‘on qurib, qaroqchi-qaroqchi o‘ynab yurganiga nima yetsin… Ha, haqiqiy kungurador devorlari va boshqa g‘aroyib jihatlari bilan ko‘zni yashnatuvchi qo‘rg‘on: soqchilar, zambaraklar uchun tiklangan minoralari hamda qal’ani gir aylana o‘rab olgan zovurlari bilan. Chig‘anoqlar serob, yetadi hammasiga. U hatto shoxlardan osma ko‘prik qurdi. Mo‘jazgina qal’a, u, “multik”larda ko‘rganidek, bir ko‘zini bog‘lab olgan, shopmo‘ylov, ajalning qora yalovini baland ko‘targan qaroqchilarning yaqinroq kelishini kutib, jangga tayyor turibdi… Qulog‘iga hatto burg‘uning da’vatkor sadosi va nog‘oralarning jangovor do‘pir-do‘piri eshitilgandek bo‘ladi… “Ular yaqinlashib kelmoqda, ana ular”, biroq nogahon Bobbining yodiga o‘zi qaroqchilar sardori ekanligi tushadi. U qo‘lidagi qilichni boshi uzra baland tutib: “Olg‘a! O‘t oching!” – deya hayqiradi. Eng yomoni, bunga javoban qal’a tomondan “Gumb! Gumb!” degan zambarak sadolari kelmaydi. O‘tgan shanbada Bobbi birga o‘ynagan matros do‘stining mardona na’rasi eshitilmaydi. Shu sabablimi, hozir u qaroqchi lashkari bilan nima qilishni bilmaydi.
– Lyusi! Lyusi! Opajon, Sidni chaqiring!
– Kimni?.. Ha, anavinimi! – opasi hazar qilgandek burnini jiyiradi.
– O‘sha, men bilan qaroqchi-qaroqchi o‘ynagan bor-u, habash matros.
– Men uni ko‘rmadim. U kelmasa kerak.
II
Hadeb ukasining ko‘ngliga qarayverishdan Lyusi Lavingning ko‘ngli ozadi. Umuman olganda o‘zi nima gunoh qilibdiki, uni o‘ziga dum qilib yuborishaveradi – tushunmaydi. Nuqul dugonalari bilan aylanib kelishga otlandi deguncha onasi paydo bo‘ladi: “Lyusi, Bobbi ham sen bilan borsin, xo‘pmi?” Kim bilsin, balki onasi Lyusini haliyam yosh, bola o‘ynatib yurishni yaxshi ko‘radi, deb o‘ylar?! Yoki begona yigitlar shilqimlik qilib, tinchlik bermaydi, degan xavotirga borar?! Ko‘pincha: “Qizim, qadamingda matros va soldatlar gandiraklab yuradigan orolga bir o‘zingni yuborishga qo‘rqaman”, – deb bekorga gapirmas.
Rost, bu yerlarda, ayniqsa, orolning narigi boshida, El-Morro yaqinida dengizchilar achib yotibdi, ular kurrai zaminning olis mintaqalarida olib borilayotgan urushga tayyorlashardi. Zamin ham, dengiz ham, osmon bilan havo ham o‘sha “shunqorlar”ga xizmat qiladi. Ular o‘zlariga tegishli ixcham, saranjom-sarishta uylarda yashaydi. Bu yigitchalar uchun kinoteatr, qovoqxonalar, o‘yin maydonlari hamda boshqa turli-tuman qulayliklar muhayyo edi. Eng shinam plyajlar, musaffo suv ularning bahri-dilini ochishga mahtal. Bular go‘yo ularning vaqtinchalik huzur-halovati uchun yaratilgandek. Ularning yarimyalang‘och bo‘lib olib, to‘lqinlar va quyoshning qaynoq nurlari ostida kun bo‘yi motorli qayiqlarida shitob bilan suzib yurishlarini ko‘rsangiz edi! Nimasini aytasiz, jang maydonida yovqurliklari va bardoshlari susaymasligi uchun shunday sharoit yaratib berishgandir ularga. Bechoralar! Aloha, jang qilgani Osiyo mamlakatlaridan biriga jo‘nab ketishadi. Bitta bomba portlasa, tamom, alvido, do‘stginam! Shu vajdan imkon borida ko‘ngilxushlik qilib olish – g‘animat. Ungacha ko‘ngillari tusaganini qilishadi: g‘arra-sharra yeb-ichishlar, maishat… Buning uchun yashik-yashik viskilar, bochkalab pivo… har shanba kunlari ular birga o‘ynab-kulishlari uchun nozanin qizlar tashrifi…
Lyusi bir qancha qizlar bilan birga yuradi, ularning munosabati faqat yaqinligi uchun emas, o‘zlariga yarasha sirdoshligi va ishqiy sarguzashtlari tufayli mustahkam. Ular har hafta, albatta, orolga borishar, allamahalgacha o‘sha yerda ko‘ngilxushlik qilib yurishar, ba’zan ayrimlarining me’yorni unutib qo‘ygan paytlari ham bo‘lardi. Ularning kollejida mashg‘ulotlar ingliz tilida olib borilar, hatto ma’muriyat o‘sha yerda xizmat qiluvchi qizlardan alohida guruhlar tuzgan bo‘lib, ularga “waxs” deb nom qo‘yishgandi.
Har bir guruh ittifoqdosh mamlakatlarning nomi bilan atalardi – u yerda, asosan, amerikalik qiz-juvonlar tahsil olar, biroq kollejga “mehribon qo‘shnilar” sifatida lotin amerikalik oqtanli qizlar ham qabul qilinardi. Boshqa “rang-tusdagilar”ning bu yerda o‘qishi umuman mumkin emasdi. To‘g‘risini aytganda, shunday qilishgani ma’qul – janjal-to‘pol kamroq, tinchgina, qiziltanlilarning esa o‘z maktabi bor, xullas, olam guliston.
Lyusi ich-ichida o‘zlarining davrasi eng yaxshisi ekanini sezardi. To‘g‘ri-da, dugonalarining hammasi xushchaqchaq, beozor qizlar. Ular ham shanba kuni tushga yaqin orolga kelishardi. Sohilda esa o‘lja poylagan baliqchi qushlar singari matroslar to‘da-to‘da bo‘lib ularni kutib olishardi. Oradan ko‘p ham o‘tmasdi va ularning har biri o‘zi yoqtirgan qiz bilan birga, ba’zilari qo‘l ushlashib, ba’zilari qo‘ltiqlashib, ko‘ngillari tusagan yoqqa tezgina ravona bo‘lishardi. Bir xillari tomog‘ini ho‘llab olish va raqs tushish uchun qahvaxonaga yo‘l olishardi. Boshqalari kelishgan, mushakdor badanlarini ko‘z-ko‘z qilib, tramplindan sakrash, delfindek dengizda epchil va o‘ktam suzish yoki motorli qayiqda sayr qilishni xush ko‘rishardi, lekin ayrim tortinchoqlari salqin daraxtzor qo‘ynida yolg‘iz qolishni ixtiyor etishardi. Ertaga qonli urush girdobiga g‘arq bo‘lishga mahkumlar uchun bu sokin onlardagi qaynoq og‘ushlar va totli bo‘salar naqadar hayotbaxsh!
Lyusining dugonalari orasida bironta matros bilan “kukulashib” yurmagani topilmasdi. Ular har qanday uyat-andishani yig‘ishtirib qo‘yib, sha’nlariga nomunosib ravishda vaqtichog‘lik qilib yurishar, yolg‘iz Lyusigina bundan mustasno edi. Tentak qiz, bu uchrashuvlarga mudom Bobbini ergashtirib kelar, oqibat uning oldida emin-erkin, yayrab yurishdan o‘zi istihola qilar, uyalardi. Shu tufayli ma’nosi mavhum ishoralar, dumi xurjunda gaplar bilan kifoyalanishiga to‘g‘ri kelardi. Bo‘lmasa, o‘sha totli bo‘salarga qanoat qilmay, jilovini anchayin bo‘sh qo‘yib yuborgan qizlarni ham bilardi.
Lyusi xayolini o‘g‘irlagan o‘sha sarg‘ish sochli, nihoyatda kelishgan doktorni avvalgi shanba kuni ilk bor ko‘rdi, ko‘rdi-yu, hushi boshidan uchdi. Afsus! Dengizchi bo‘lishiga qaramay u o‘ta kamgap, vazmin yigit edi. U qal’ada doim kitob ko‘tarib yurardi. Harqalay, o‘sha doktor bir safar uni qayiqda sayr qildirdi, hatto oydin kechada allaqaysi shoirning sevgi haqidagi she’rlarini o‘qib berdi. Biroq bunaqa paytda doim dilingni xira qiladigan kimsa topilmasa, o‘rniga tushmaydi. Sid tushmagur! Yer yutsin o‘sha habashni! Tavba, buni qarangki, doktor Bennidek odam bir tasqara, qorayaloq yunga bilan qalin do‘st tutinsa! Sid dam u yerda, dam bu yerda, kimdir chaqirib qolsa, tamom, o‘sha zahoti tilini osiltirib yetib keladi. Nimasini aytasiz, o‘sha kunlari – Lyusi Benni Vilyams o‘qib berayotgan ishqiy dostonlarni mahliyo bo‘lib tinglab yurgan kezlar Sid ertayu kech uning yonidan ketmasa deng. Qizning nazarida, Bennining ovozida ehtiroslar mavj urardi-yu, ammo bu o‘tkinchi tuyg‘uga berilish natijasi edi. Axir, ko‘ngliga chindanam shunday his oralagan yigit qiz yoniga oshiqish o‘rniga hozir o‘sha xarsangtoshda kitobini o‘qib o‘tirarmidi?! Qizlik g‘ururi yigitni axtarib borishiga yo‘l qo‘ymadi, uning kelishini kutdi. Mabodo, Sid kelib qolsa, Bobbi bilan birga o‘ynashiga ruxsat bergan bo‘lardi. Bu dovdir qayerda qoldiykan?
Bobbi qal’aga hujum qilishning turli yo‘llarini o‘ylab ko‘rar, biroq qat’iy qarorga kelish uchun unga himoyachi habashlar otryadi sardori Sid yetishmas edi. Shu sababdan ayni paytda hujum boshlay olmasdi. Bir hafta avval, xuddi shunday shanba kuni, Sid qal’aning narigi tarafida himoyada turib, Bobbi bu yoqda uni o‘qqa tuta turib, qiyqirishib, kulgidan yorilguday bo‘lib o‘ynashgan edi-ya! Ammo Sid qayergadir gumdon bo‘ldi, mana endi Bobbi minoralari nurab tushayotgan nochor, buning ustiga foydasiz qal’asi oldida yolg‘iz o‘zi o‘tiribdi.
III
Ayni chog‘da Sid, El-Morrodagi baraklardan birida terlab-pishib, orolga hujum qilish chog‘ida komandosga kerak bo‘lib qoladigan miltiqlar, pulemyotlar, mayoqlarni yiltillatib tozalab o‘tirardi. Qizlarning vaqtini chog‘ qilish uchun uyushtiriladigan mashqlarni serjant Mak Koy o‘ylab topgan. Bazmu jamshid avjida bo‘ladi: ichkilik deganini to‘kib tashlashadi, o‘yin-kulgi, raqs. Komandos o‘q uzib El-Morroga bostirib borayotganda bu o‘yinlaridan zavqlanmagan kimsa topilmasa kerak. Pulemyotlar otishma chog‘idagidek tarillatib otilgan, jangchilar “ura”lab qiyqirgan. Buni yigitlarning o‘zi qo‘mondondan iltimos qilishdi, chunki ular eng yangi, zamonaviy usulda o‘qitilmasin, bitta o‘q uzmay jang sirlarini o‘rganishdan bezib qolishgan edi. Bunaqa o‘yinchoqlar jonlariga tegib ketgan. Bekor yurish, faoliyatsizlikdan yuraklari qon bo‘lar, o‘zlarini go‘yo tayyorgarlik ko‘rayotgandek ko‘rsatishdan ma’no yo‘qligini juda yaxshi tushunishardi. Ular rostakam patronlardan foydalanibgina jang ruhini his qilish mumkin, deya o‘ylashardi. Sid pulemyot o‘qdonlarini to‘ldirdi. U mashg‘ulotda qatnashmasa ham, harbiy trevoga e’lon qilinganda qanchalar zavqlanishini o‘ylab orziqardi. Havo haddan tashqari isidi. U terga botdi. Hali projektorlarni tozalashi kerak, so‘ngra tez yordam ko‘rsatish bo‘limi joylashgan qo‘shni binoga borib u yerni tozalaydi. Karavotlarni ko‘zdan kechiradi, doktor Uilyams uchun asbob-uskunalarni tayyorlaydi, negaki, yaradorlar kelishi ehtimoli bor. Kechasi rostakam o‘qlar otiladi… har narsa bo‘lishi mumkin. Projektorlar ortiqcha tashvish bo‘ldi-da. Nima bo‘lgan taqdirda ham shuncha ishni bitta o‘ziga yuklab, shunga majbur qilish uchiga chiqqan adolatsizlikdan boshqa narsa emas. Modomiki, habash birodarimiz faqat kartoshka archishu miltiq tozalashga yarar ekan, peshonasiga yozilgani shu ekan-da! Uning yodiga boshqa bir mashhurroq habash shoirning “Men ham amerikalikman”, degan misralari tushdi.
Sid matroslarning oppoq kiyimi ham, hatto o‘lim ham ikki irq odamlarini tenglashtirolmasligi va bu haqdagi bid’atlarga chek qo‘yolmasligini yaxshi tushunardi. Bir paytlar universitetda o‘qiyotganida master darajasiga ko‘tarilolmagani yodiga tushsa, talabalik yillarini qo‘msab ketadi. Sid o‘sha davrni abadulabad yo‘qotganman, deb hisoblaydi. O‘shanda u san’at, adabiyot olamida yashar, uning uchun nazm dengizida javohir izlashdan ko‘ra ortiqroq baxt yo‘q edi go‘yo. Endilikda u Vatanni deb kitoblar dunyosini tark etdi, oliyjanob, jo‘shqin hissiyotlarga berilib, malay, qarol, grum bo‘lishga ham ko‘ndi. Biroq, u o‘zini oddiy matros emas, bamisli admiraldek his qiladi, bu dunyoning do‘kaylari orasida yurgani bilan, ozodlik uchun kurashayotgan ulug‘ mamlakatning chin farzandiman, deb o‘ylaydi! Taqdir! Kim uni oldindan aytib beroladi? Yaxshiyamki, do‘sti Benni Vilyams bor ekan, bu kitobsevar yigit uni o‘ziga yordamchi qilib olishga urinyapti. Kasalxonada u loaqal kitob o‘qishi, tibbiyotdan biron nima o‘rganishi mumkin… Issiqni qarang!.. Ko‘ylagini yechadi… Qattiq charchadi. Projektorlarni artib-tozalash oson ish emas ekan. Yana bir qanchasi turibdi, ularni ham yaltiratib qo‘yishi kerak. Serjant Mak Koy itdan battar – iblis, uning qoratanlilarni ko‘rarga ko‘zi yo‘q, Sid tirnoqcha ayb ish qilib qo‘ysa – tamom, kechirmaydi, ayniqsa, hozir, Benni bilan do‘stlashib yurgani uchun uni battar yomon ko‘radi. Sidni xo‘rlash uchun doim tirnoq ostidan kir qidirib yuradi, doktor yoniga tushsa-ku, ko‘karib ketadi. Mana bitta misol: shanba kuni tushdan keyin u bo‘sh edi, aksiga olib ish qaynagan, bosh qashishga vaqt yo‘q. Boshqalar bunaqa paytda dam oladi, dengizni tomosha qiladi. “Poyonsiz dengiz shovqin solganda, halovat kiradi qalbimga cheksiz. Qirg‘oq sen uchun kishan – qismating habash qismatidek og‘irmu…” Biroq ayni paytda Sid sarg‘ish sochli yosh do‘sti – Bobbining yoniga borolmasdan qiynalyapti. Bolalik insonning musaffo davri, uni o‘yin-kulgi, mehr-muhabbat, erka qiliqlardan boshqasi qiziqtirmaydi, u millat, irq ajratish nimaligini bilmaydi. Shu sababli bola ham Mak Koyni yoqtirmaydi, buning ustiga dengizning chuqur joyiga itarib yuborgani-chi. It! Itdan battar! Boyoqish Bobbi, bir o‘zi do‘stidan uzoqda qiynaladigan bo‘ldi. “Qiynama o‘zingni shunqorginam, Sid oqtanlilardan qutulgan zahoti seni izlab topadi”.
IV
– Lyusi! Lyusi! Nega Sid kelmayapti? Zerikib ketdim. Ko‘rib turibsan-ku, usiz bir o‘zim qaroqchilik qilolmayman.
Lekin Lyusi bolalarning xarxashasiga quloq soladigan anoyi emas. Shundoq ham ko‘ngli cho‘kib o‘tiribdi. Uning dugonalari yigitlari bilan qo‘l ushlashib sayr qilib yurishibdi yoki bo‘lmasa qayiqda suzishyapti, ba’zilari cho‘milishyapti. Suv ko‘paygan kezlari qumloqqa kelgan odamning bahri-dili ochiladi, qirg‘oqqa urilayotgan bahaybat to‘lqinlar qa’riga sho‘ng‘ib, suv yuziga qalqib chiqqach, zavqlanib qiyqirish – naqadar huzurbaxsh! Ey, xudoyim! Bunchalik maftunkor bo‘lmasa dengiz! Tumshug‘ini to‘lqinlar o‘rkachida hosil bo‘lgan ko‘piklarga botirib, yurakni larzaga solgancha qiyqirayotgan baliqchi qushlar yoki tumshug‘i ostida to‘ymas meshkopi bor badnafs saqoqushlar-chi! Unga faqat dengiz tipratikanlari bilan suzgichlari nashtardek sanchiluvchi yapaloq baliqlar yoqmasdi, o‘sha ignalari kirsa bormi, og‘rig‘iga chidayolmaysan. Ularga ro‘para bo‘lishdan xudoning o‘zi asrasin, o‘ylasang eting junjikib ketadi-ya! Yaxshisi, chayqalayotgan to‘lqinlar uzra chalqancha yotgan afzal. Birdan to‘lqin kelib senga o‘zini urib qolsami, og‘zi-burningga suv kirib, o‘takang yorilgancha: “Benni, yordam ber, cho‘kayapman”, deb dod solasan. Mehribon va g‘amxo‘r doktor bamisli qahramondek uni ko‘tarib, suvdan olib chiqadi. Keyin uzoq o‘padi. Benni uni qaynoq bo‘salarga ko‘mib tashlaydi. Nima keragi bor bunday xomxayollarning? Hech qachon amalga oshmaganidan keyin? Na qomatiga chippa yopishgan “Jansen” cho‘milish kiyimi, na boshidagi qirmizi durra, na tirnoqlari bo‘yalgan chiroyli oyoqlari yordam beroladi unga. Hammasi befoyda! Uning shirin xayollari orzuligicha qoladi. Lyusi ukasining ko‘ngliga qarab, mana shu yerda zerikib o‘tirishga mahkum. Alvido, ushalmagan orzular! O‘zini allakim deb biladigan doktor Benni Vilyams esa unga qayrilib ham qaramaydi.
V
Benni Vilyams doktorligidan tashqari yana tabiatni sevadi, shuningdek, adabiyot muhibi, she’riyat uning joni-dili. U Shekspir asarlarini yaxshi ko‘radi, kitobini doim o‘zi bilan olib yuradi. Shekspirning besh-oltita sonetini yoddan biladi va hamisha takrorlagani-takrorlagan. O‘z yurtida o‘qiyotganida u soatlab kitob mutolaa qilar va she’rlar yozardi. Urush bu havas va muhabbatiga chek qo‘ydi. Uni ko‘nikkan va ko‘ngliga moydek yoqqan muhit, osoyishta hayot va kitoblar olamidan mahrum etish tajovuz emasmi? Urush haqida fikr yuritar ekan, uni g‘ayriinsoniy fojia, deb hisoblar edi. Kimga kerak u? Bu savollariga hech kim javob berolmasligiga u lol qolardi. Begunoh odamlarning daryo-daryo to‘kilgan qoni, xonavayron bo‘lganlarning mash’um taqdiri, olam-olam umidlarning chippakka chiqishi – shumi maqsad! Xayriyatki, uni frontga yuborishmadi, ro‘yxatlarga olishdi, jo‘naydigan kunni belgilashdi, lekin oxir-oqibat u mana shu orolga kelib qoldi. Bu go‘zal diyor unga inson bolasi mahrum etilgan, to‘g‘rirog‘i, boy berilgan jannat haqidagi rivoyatlarni eslatardi. U aql bovar qilmaydigan sirlarni bag‘riga yashirgan dengiz, qanotlari erkin va osuda tebranib parvoz qiladigan baliqchi qushlar, shakl-shamoyili bir-biriga o‘xshamagan baliqlarni ko‘rib hayratlanar, shular tufayli ko‘nglida o‘ychan baxtiyorlik nashidasi mavj ura boshlar, buni u kimga aytishni bilmas, borgan sari oshuftalikmi, shaydolikmi tobora kuchayib borardi. Odamzodni bir hamlada yutib yuborishga qodir shiddatkor va yebto‘ymas akulalargina tabiatini xira qilardi. U cho‘milish kiyimini kiyib bo‘lgach, dengizga tushishga shoshilmas, balki qayiqda eshkak eshib sayr qilish yoki sohilda qumda yotib she’r o‘qishni lozim topardi. Ko‘pik qoplagan qumda chig‘anoqlar izlab oyoqyalang yurishni gasht deb bilardi. Ba’zan-ba’zan nafis chinnidan yasalgan ichi pushtirang bahaybat chig‘anoqlar uchrab qolganda yosh boladek suyunib ketar edi. Uni qulog‘iga tutib dengiz shovullashi va olis ummonning taskinbaxsh ohanglarini tinglab, tabiatning mo‘jizakor ijodiga tahsinlar o‘qirdi. Gohida esa xilvat, kimsasiz yerlarga borib, daraxtlar soyasida qushlarning sho‘xchan chug‘ur-chug‘urlariga quloq solib o‘tirardi. Borliq sir-asrorini anglash va go‘zallikka tashnaligi evaziga ajru mukofot tariqasida ato etilgan boy tasavvur, teran his qila bilish va lazzatlana olish qobiliyatiga itoat etgan holda shu orolda umrbod yolg‘iz, darveshona hayot kechirishni xohlab qolardi. Matroslar bilan muloqot, ular bilan birga yashash uning na ma’naviy, na ruhiy ehtiyojini qondira olardi. Pastkash va o‘ziga bino qo‘ygan bu toifa odamlar shamollarda sovrilgan xazon uyumini eslatar, ular o‘ta dumbul va istiqbolda o‘zlarini kutayotgan fojialar haqida zarracha qayg‘urish tugul, bu haqda o‘ylamas va bilmas edilar. U avji tugallanish arafasida qolib ketgan asarlari, tibbiyot muammolariga bag‘ishlangan kitobi – sevimli mashg‘ulotlari haqida ichi achishib o‘ylardi. U o‘zini bamisli ildizi bilan sug‘urib tashlangan va taqdir biyobonlarida quriyozgan daraxtga o‘xshatar edi. Kecha-yu kunduz o‘zini istiqbolda o‘tkir nayzalar va ajal o‘tini purkayotgan to‘plar kutayotgan sarhadlarga yuborishlari haqida o‘ylardi. Uning uchun bu olamda Shekspir bilan Siddan o‘zga qadrdoni yo‘q edi. Ayniqsa, u Sidni, ehtimol, dunyoqarashlarida uyg‘unlik borligi uchunmi, astoydil yaxshi ko‘rardi. Shu sababli ham uni serjant zulmidan asrashni o‘zining burchi, deb hisoblardi. Sidning bilim doirasini hisobga olmagan taqdirda ham, unga topshirilayotgan og‘ir vazifalar inson sha’nini tahqirlashdan boshqa narsa emasdi. U habash o‘rtog‘i bilan adabiyot va san’at mavzusida suhbatlashishni yaxshi ko‘rardi. Ular oy yorug‘ida sayr qilishni xush ko‘rishar, to inson taqdiri, borliq va olam haqidagi dekartona shubha-gumonlarga berilmagunga qadar dengizning rango-rang tovlanishidan sel bo‘lib yurishardi.
VI
Lyusi shitob bilan uchib borayotgan motor tovushini eshitar, shamolda sochlari to‘zib shodumon qiyqirgancha, dengizda sayr qilib yurgan dugonalariga hasad bilan tikilardi. Suv tobora ko‘payib borardi. Quyosh yelkalarni obdon qizdirmoqda edi. Pastlab uchayotgan samolyotning gurullagani eshitildi. Lyusi hamon ukasi bilan g‘amgin o‘tirardi. Benni Vilyamsni uning ahvoli zarracha qiziqtirmaydi. U mag‘rur, hech narsani ko‘rmayotgandek yoki bilmaydigandek o‘zini ovsarlikka soladi. Avvalgi shanba hammasi o‘zgacha edi, ular qayiqda yonma-yon o‘tirib eshkak eshishar, yam-yashil dengizning tiniq suvida o‘ynoqlab suzayotgan baliqlarni tomosha qilishdan charchamas edilar. Ayni paytda Bobbi Sid bilan o‘ynab o‘tirardi. U hatto Bobbini xo‘rozqand bilan ham mehmon qildi, shekilli. Bo‘lmasa-chi, habash bo‘lsa ham biron nimada nafi tegmay iloji yo‘q. Keyin esa, ikkovi qayiqning ortida, jarlik chetida oyoqlarini suvga solib o‘tirishar ekan, entikishar va bir-birlariga termilishar edi. Naqadar totli lahzalar edi! Ular endi o‘pisha boshlagan paytda, ko‘z yoshlarini oqizib Bobbi kelib qoldi, aftidan, serjant Sidni yana qal’aga biror ish bilan yuborgan bo‘lsa kerak. Galvars ukasi esa o‘zining tashvishida zorlanishini qo‘ymaydi: “Opajon, bir o‘zim qo‘rqayapman!” Lyusi, tabiiyki, Siddan jahli chiqib, uning sha’niga noloyiq gaplar aytdi, beting qursin, qora tappi, deb qarg‘adi. Bennining ahvolini ko‘rsangiz edi shu tobda. Bu gaplar noo‘rin, kaltabinlik, dedi. Qiz ham qizishib, bir-ikkitani qo‘ndirdi. Shu tariqa bir zumda oralaridan qora mushuk o‘tdi. Lyusi ukasini yetaklab, doktordan arazlagancha qumloq sohildan nari ketdi… To‘g‘ri, filmlardagidek sevishganlar o‘rtasida bunaqa kelishmovchiliklar bo‘lib turadi, lekin bir zumda yarashib, ikki yurakning ehtiroslarga berilishi dillarni naqadar orziqtiradi. Biroq Benni tumshayib olgancha, u tomonga qarashni ham istamaydi. Yaramas qiz!
VII
Bobbining yuragi siqiladi. Quyosh yelkalarini qizdiradi. Terisiga yopishib qolgan qum g‘ashiga tegadi. U o‘rnidan turib, hammayog‘ini qoqadi, qum donalaridan xalos bo‘lish uchun bir-ikki sakrab qo‘yadi. Oyog‘i ostiga chig‘anoqlar sinig‘i, mayda toshlar to‘kiladi. Biroz yengil tortadi. Suv tomchilariga to‘yingan muzdek shamol sochlarini to‘zg‘itib esadi, terlagan bo‘yni, quloqlarining orqasiga urilishi xush yoqadi. Shu choq motorli katerning gurillagani eshitiladi, u dengizga, sirti oppoq ko‘piklanib qirg‘oq sari bostirib kelayotgan to‘lqinlarga tikiladi. Uzoqda, xuddi Bobbining tungi stolidagi jajjigina yelkanli kemaga o‘xshagan kema ko‘zga chalinadi. Agar Lyusi shoshirmaganida uni o‘zi bilan olib kelgan bo‘lardi, esidan chiqibdi. U shunaqa ko‘p eshkakli qayiqchada suzishni juda-juda xohlardi, yana Sid boshqarib yurgan bo‘lsa! Eshkaklarni eshaveradi, eshaveradi. Nimasi u? Qayiqda bir nechta bola suzib kelmoqda edi. Ha, bular ertadan-kechgacha qumloqda oyoqyalang yuradigan, juldurvoqi bolalar. Ular qaroqchi-qaroqchi o‘ynagani kelishyapti. Bir-birlariga imo-ishoralar qilib sohilga tushishdi. Nega hammasi tushmadiykan? Qayiqda kelganlar xayrlashib, yana eshkaklarni qo‘lga olishdi. Qayiq ortga qaytdi. Nega unaqa qilishdiykan? Bobbi sira tushunmadi. Bolalar ho‘l qumni bosib, yaqinlashar ekan, yog‘och qilichlarini qindan sug‘urishdi, Bobbi qumdan bino qilgan qal’a bilan chig‘anoqlar ustiga o‘g‘rincha bostirib kela boshlashdi. Hamla qilishmoqchimi?.. Attang, Sid yonida bo‘lganida edi! Bobbi qo‘rqdi, lekin shunga qaramay o‘yinlari unga yoqa boshladi. Tashvish chekadigan yeri yo‘q-ku. Qolaversa, o‘zi ham ularga o‘xshagan bukaner bo‘lsa? Ular yaqinroq kelganda, u nogahon: “O‘t och! O‘t och!” deb buyuradi-yu, qaroqchilar tumtaraqay bo‘lib qochishadi. Talafot chekishganiga qaramay: “Bu dovyurak bola ekan! Hech kimdan yordam kutib o‘tirmay o‘zini himoya qila oladi. Uni kapitan qilib olamiz o‘zimizga!..” – deyishadi. Lekin ular Bobbi o‘tirgan yerga qayrilib ham qaramay naridan o‘tib ketishdi. El-Morroga bo‘lsa kerak! Modomiki, ular qaroqchi ekan, demak, Korsar qabridagi xazinani axtargani kelishyapti. Bobbi qal’adagi tepalikka o‘rnatilgan bahaybat butga qaradi, o‘sha tomonda projektor nuri porlardi. Bolalar devorga tirmashib chiqa boshlashdi. O‘, qaniydi ular o‘yinlariga Bobbini ham qo‘shishsa! U to‘lqinlanadi va oyog‘i ostidagi qumdan bino etgan qal’asiga tikilib qoladi. Nima keragi bor buning?
– Lyusi, buni qara! Dengiz qaroqchilari! Ular bilan o‘ynagim kelyapti! Yur, o‘sha yoqqa!
Lyusi shu bahonada Benni yoniga yaqin borish va u bilan yarashib olish mumkinligini sezdi.
– Bo‘pti, Bobbi! Yur tezroq, boramiz!
U qo‘lini bolaga uzatadi va ular ko‘hna toshzinalardan chiqa boshlashadi. Serbar pog‘onalar vaqti-vaqti bilan ko‘tariladigan suv ostida qolib, har qadamda do‘ngliklar va uchi o‘tkir toshlar oyoqqa botardi.
– Voy, oyog‘im, boshqa yurolmayman, – deb zorlandi Bobbi.
Lyusi uni opichlab oldi, lekin bolaning og‘irligidan bukchayib qoldi. U yuqoriga endi qanaqa qilib chiqishni bilmay dovdirab turardi. Garchi ahvoli vahima ko‘taradigan darajada bo‘lmasa-da, Bennining e’tiborini o‘ziga jalb etish uchun bundan foydalanib qolish mumkin. Imkoniyatni qo‘ldan boy bergisi kelmaydi. U jon talvasasida chinqira boshlaydi. Uning bu hiylasi samarasiz qolmaydi: Benni yordamga oshiqadi, qarabsizki, hammasi kinolardagidek hal bo‘ladi.
Doktor Vilyams avval bolani ko‘tarib oladi. So‘ng Lyusiga yordam bergani qo‘lini uzatadi, odatda, tiyrak, qo‘l-oyog‘i chaqqon qiz birdan qiliq chiqaradi:
– Bir qadam ham bosolmayman, – deydi u zorlanib, – oyog‘imni kesib oldim. Og‘riyapti juda.
Ancha urinishlardan so‘ng Benni qo‘lida ko‘tarib bo‘lsa ham qizni yuqoriga olib chiqadi. Omadi bor ekan, chunki Lyusi yengilgina edi. U Lyusini xarsangga o‘tqazib qo‘yib, tovonlarini ko‘zdan kechirib chiqdi. U haddan ziyod hayajonlanardi, lekin, asosiysi, endi yarashib ketishadi.
Qaroqchilar maydonchada u yoqdan-bu yoqqa izg‘ishar, hushtak chalishar, imo-ishoralar qilib chinqirishar, “Qix! Qix!” deb go‘yo o‘q uzishar va hatto qo‘llarida ko‘tarib olgan tayoqlari go‘yoki qilichdek, jangga kirishardi. Bobbi ularga havas-la boqardi.
– Lyusi, ularga borib qo‘shilsam maylimi?
– Bor, boraqol, Bobbi, o‘shalar bilan o‘ynay qol, – deydi Lyusi ukasidan qutulib Benni bilan yolg‘iz qolganiga suyunarkan (naqadar shirin lahzalar!).
– Ular yuqoriga chiqib ketishyapti, – deya ogohlantirdi Bobbi.
– Judayam yaxshi. Bor, o‘shalar bilan chiqaver, meni tinch qo‘ysang bo‘lgani.
Bennining yoniga borgan Lyusi bir nimadan norozidek tumshayadi, boya unga bir qarab qo‘yishni lozim topmadi-yu! Intiqom tuyg‘usi yuragini o‘rtamayotgan bo‘lsa ham u gina qilishni qo‘ymasdi. Lyusi yana jarohatlangan oyog‘ini eslab zorlandi. Cho‘kka tushib olgan Benni uning oyoqlarini mehribonlik bilan siladi va shu tariqa Lyusi intizorlik bilan kutgan farog‘atli onlar boshlandi.
VIII
Bolalar yoniga yaqinlashib borgan sari Bobbining yuragi orqaga tortardi. Ular bilan judayam o‘ynagisi kelardi-yu, lekin yuragi dov bermasdi. Nima bo‘lgan taqdirda ham, mana o‘zlari payqab qolishdi. Birpasda uni o‘rab olishdi. “Sen kimsan?” – “Men kapitanman”, – deb javob qildi zaifgina ovozda Bobbi, uning ovozini eshitib, ular xoxolab kulishadi, lekin xuddi yangi o‘yinchoq topib olishgandek xursand ham bo‘lib qo‘yishdi. Tekin tomosha topildi ularga. Hammalari uning kelganidan og‘zi qulog‘ida. “Qoyil, to‘g‘ri, sen kapitansan!” – ularning o‘yinlari yanayam jonlanadigan bo‘ldi.
Lyusi bilan Benni bir-birining pinjiga suqilishib suhbat qurishadi. Chetdan qaragan odamga ikkovi ham bir-birini yeru ko‘kka ishonmayotgandek tuyuladi. Lablarida xohish-istakning hurkakkina ifodasi parpiraydi. Lyusining xuddi bir nimani iltijo qilib so‘rashga chog‘langandek suzilgan ko‘zlari intizorlikdan yumilib ketadi. Qumloqda, ulardan pastroqda cho‘milishga kelganlar oftobda toblanib yotishgani chatoq bo‘ldi-da! Ko‘rib qolishlari mumkin. Benni juda uyatchan, asti botinolmaydi. Biron ko‘zdan xoliroq yermi, g‘or-pormi yoki toshlar orasida xilvatroq joyda bo‘lishgandami… Daf’atan Lyusining xayoliga Benniga baliq ovlash uchun o‘zi qo‘ygan to‘rlarni ko‘rsatish fikri keldi.
– Sening kondagi – suv osti qoyalaridagi tosh shamdonlarga ko‘zing tushdimi?
Tevarak-atrofda Benni bilmaydigan xilvat go‘shalar qolmagan edi, biroq u o‘zini soddalikka soldi.
– Qayerda deding?
– Qoyatoshlar ortida…
– O‘sha yoqqa olib bormaysanmi meni?
– Bajonidil! Shunaqa zo‘r joy! Ko‘rsang, qotib qolasan!
Lyusi tushuntirgan yerga borib, ular baliqlarni tomosha qilishdi, shamdonlarni eslatuvchi tosh o‘ngirlarni ko‘zdan kechirishdi, oyoqlarini suvga osiltirib o‘tirishdi, shu vaqt ichida bo‘salardan ularning tili kalimaga kelmay qolardi.
IX
Bobbi bilan o‘ynash qaroqchilarning joniga tegdi, ulardan biri El-Morroga hujum vaqti yetdi, deb e’lon qildi.
Hammalari jo‘r bo‘lib: “Olg‘a! Zabt etishga tayyormiz!” – deya qichqirishdi va yuqoriga o‘rlay boshlashdi.
Bobbi ularga ergashdi. Buni ko‘rib qaroqchilar:
– Ortimizdan yurma! – deb qichqirishdi unga.
– Sizlar bilan o‘ynagim kelyapti…
– Afsuski, seni u yerga olib borolmaymiz. Qayt orqangga! Qayt!
– Qaytmayman!
– Senga aytyapmiz, qol. Agar senga biron nima bo‘lsa, biz javob bermaymiz.
Hammalari birdan yugurishga tushishdi. Bobbi ancha orqada ularning izidan kelaverdi. Bu shumtakalar toshbut yonida bir nafas to‘xtashdi, xolos, so‘ng yana yuqoriga ko‘tarilib ketaverishdi. Birdan Bobbi ularni ko‘zdan yo‘qotib qo‘ydi, lekin yugurishdan to‘xtamadi. U avvaliga orqada qolib ketdim, deb o‘yladi. Qandoq qilib bo‘lmasin yetib olishi kerak. U butalarga, toshlarga osilib, yuqorilab boraverdi. Nihoyat, tepalik cho‘qqisi ko‘rindi, biroq bolalar hamon yugurishdan to‘xtashmasdi. Ular endi El-Morroning orqa tomonidagi suv osti qoyatoshlariga sirpanib tusha boshlashdi. Bu yerlardan yuraverib, o‘rganib qolishgani uchun qiynalishmasdi. Bobbi holdan toydi va oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmayotganini payqadi. Bir amallab buta shoxlari va lianalarning gajagidan ushlab ilgarilardi. Oyoqlari toyib, o‘zini o‘nglolmay yiqiladi va tuproq hamda qurigan yaproq ustidan ancha yergacha dumalab boradi. Bir amallab o‘rnidan turadi, picha nafasini rostlab o‘tirib oladi. Chaqirtikanak kirgan barmog‘i achishadi. Bolalar uni ko‘rishmaydi, biroq Bobbi buta shoxlari oralab ularni kuzatib turadi. Qaroqchi bolalar qoyatosh ustida gulxan yoqishadi. Bu irg‘ishlashlari, bu qichqiriq va yugur-yugurlari bois ular yaqinda Bobbi ko‘rgan filmdagi chinakam korsarlarga o‘xshashadi. Ulardan biri toshdan-toshga sakrab, suv ostidan chiqib turgan qoyatosh bo‘ylab borib bir do‘nglikka chiqadi va barmoqlarini durbin qilib atrofni ko‘zdan kechiradi. So‘ng qo‘lini silkib boshqalarga hech kim yo‘q, degandek ishora qiladi. Zum o‘tmay yanayam yuqoriga chiqib, yana, faqat bu safar bir juft barmog‘ini og‘ziga tiqib chiyillatib hushtak chaladi. Bolalar shodiyona qiyqiriq bilan javob qaytarishadi. Shu payt qayiq paydo bo‘ladi: boyagi orqalariga qaytib ketgan qaroqchilar. Ular go‘yo xazinani qo‘lga tushirib, kemaning kelishi sharafiga gulxan atrofida irg‘ishlagancha kutayotgan sheriklarini olib ketmoqchi. Bahaybat kema, turgan gapki, qirg‘oqqa yaqin kelolmaydi, oqibat har kim o‘zicha kemaga borish yo‘lini axtaradi. Kimdir toshlar uzra, kimdir esa suvda suzgancha bormoqchi bo‘ladi. Nihoyat, birin-sirin hammalari kemaga chiqib olishadi va xazina ortilgan kemada ortga ravona bo‘lishadi.
Bu shodu xurram jo‘nab ketish Bobbining o‘ksigan yuragini tirnaydi. Pastga tushayotganida ham u qaroqchilar hayotining shodiyona suronlarini uzoqroq ko‘rib qolish umidida to‘xtab, kemaga termilib qolar, xayolan o‘sha tomonga talpinar, qayerda va qay ahvolda turganini esdan chiqarib qo‘yar edi. Ammo, afsuski, kema qirg‘oqdan uzoqlashib borar, kapitan tomog‘ini yirtgudek: “To‘xtanglar!” – deya baqirardi. Bunaqa shovqin-suronda uning ovozi eshitiladi deysizmi?! Bobbi yo‘lida davom etadi. Qoqilib-suqilib, oxiri sohilga yetib keladi. Lekin bu urinishidan foyda yo‘q, chunki qaroqchilar allaqachon o‘zlari nom qo‘yib olgan Ezgu Umidlar burnidan o‘tishyapti. Ko‘ngli o‘ksigan Bobbi endi ularni qaytarishdan umid yo‘qligini tushunadi. O‘rtoqlari uni kimsasiz orolda tashlab ketishdi, endi esa, u kinolarda ko‘p ko‘rganidek, bolalarni o‘tda pishirib yeydigan qiziltanli vahshiylar yoki odamxo‘rlar paydo bo‘ladi. Ular bolalarni tutib kelib, qaynab turgan qozonga tashlashadi yoki olovda pishirishadi, o‘zlari esa vahshiylarcha qiyqirib, irg‘ishlab gulxan tevaragida raqsga tushishadi. Bobbining yuragi dukillab ura boshlaydi, tomog‘iga bir nima tiqilgandek bo‘ladi va bu ranjigan kapitanning ko‘zlariga yosh quyiladi.
Qosh qorayadi. Tumshug‘i yirik, katta-katta qanotli vahshiy qushlar qoyalar uzra qag‘illab aylanishardi. Bobbini vahm bosadi. U qaroqchi bo‘lishni xohlamaydi, opasining oldiga borgisi keladi.
– Lyusi! Lyusi!
Unga hech kim yordam berolmaydi. Bobbi yuragiga qo‘rquv solayotgan chakalakzor orasidan o‘tib, yuqoriga ko‘tarila boshlaydi. Noliydi, diydiyo qiladi. Oyoqlari toyib ketadi, lekin buta shoxidan ushlab qoladi. Yiqiladi, bir amallab o‘rnidan turadi, bir-ikki qadam bosmay yana yiqiladi, biroq sudralib bo‘lsa ham olg‘a yuradi. Yiqilganda qayrilib ketgan qo‘li og‘riydi. “Oh, my Lucy, my Lucy!” O‘tkir ignali shoxlar go‘yo uni ushlab qolmoqchidek qo‘yib yubormaydi. Ularning changalidan ming bir azob bilan yulqinib chiqib ham yengil tortmaydi, ya’ni ulardan qutulolmaydi, qattiq simdek tikanlar tirnagan qontalash bilaklari og‘riydi. Ko‘z yoshlaridan yuzi shishib ketgan Bobbi mashaqqat chekib bo‘lsa ham tikka qoyani oshib o‘tadi. Oyog‘i ostida bir necha tosh ko‘chib pastga gumburlab tushadi. Qayoqqa qarama, to‘rt tomondan har xil dahshatli ilonlar sudralib chiqadi, uzun tillarini chiqarib vishillaydi. “Lyusi! Lyusi!” Qo‘li achishib og‘riydi, bu ham yetmagandek oyog‘iga nimadir botadi. Qorong‘i tushib qolgan. Vahimali qushlar shoxdan-shoxga sakrab yuradi. Yaxshiyamki, Bobbi tepaga chiqib oldi. Bu yerdan qumloq kaftdek ko‘rinadi. O‘zi qurgan qo‘rg‘on turganmikan? Eh, to‘lqinlarni qara. Suv haliyam ko‘tarilyapti. Opasi: “… suv ko‘tarilguncha”, deb ogohlantirgan edi-ya! Bobbi burilishgacha borib birdan to‘xtab qoladi. Oldinda – yo‘l chekkasida but shu’lalanib turardi. Sidning: “Bu yerda allazamonlar qaroqchilardan biri dafn etilgan”, – degan gapi esiga tushadi. Eh, xudoyim-ey, endi Bobbining ularni ko‘rgisi ham kelmasdi. U: “Lyusi! Lyusi!” degancha, orqa-oldiga qaramay qochishga tushdi.
X
Sidning joni chiqardi. U projektorlarni tozalab, yaltiratib qo‘ydi, lazaretni tartibga soldi, o‘ziga topshirilgan topshiriqlarni bajardi. Lekin hech qayoqqa ketmay o‘tiribdi. Derazadan Benni bilan qo‘ltiqlashib olgan Lyusi Lavingni ko‘rdi. Qoyalar ortida nimalar bo‘lganini u taxminan fahmladi. Bobbiga biron nima bo‘lmadimikan? Nega ular bilan birga emas? Sid beliga qadar yalang‘och ahvolda maydonchaga chiqib bordi. Bola u yerda ham yo‘q. Unga biron nima bo‘lmaganmikan? Falokat yuz bergan bo‘lmasin-da, ishqilib! To‘lqinlar suron solib qirg‘oqqa uriladi. Suvga tushib ketmagandir, qumloq tarafdan g‘alati shovqin eshitildi. U o‘sha tomonga qaradi. “My God!” Odamlar nega shovqin solishyapti? Ha, matroslar-ku, qizlar ham bor, shekilli, mashg‘ulot o‘tkazgani kelishgan bo‘lsa kerak. Ajabo, ular bir nimani ko‘tarib olganga o‘xshaydi, vajohatlari ham boshqacha. Shu payt: “Doktorni chaqiringlar!” degan ovozlar eshitildi. Sid xavotirga tushdi. Asabiylashib oldinga chiqib oldi. Odamlar eski zinapoyadan chiqib borishardi, har doimgidek mast Mak Koy uni itarib yubordi:
– Bu yerda sen nima qilyapsan, qora tappi? Yugur, bor, doktorni tez chaqirib kel! – deya o‘shqirdi.
Lekin Sid unga ahamiyat ham bermadi. U yosh do‘stining jasadini ko‘rmoqchi bo‘lardi, xolos. U la’nati serjant tepkisidan qochaman, deb olomon orasiga kirib ketdi. Ularga qo‘shilib yuqoriga chiqib oldi, bu yerdan hamma narsa ochiq-ravshan ko‘rinadi. Sid yengil tortadi. Xayriyat, Bobbi emas ekan.
Kimdir apil-tapil voqeani gapirib berardi:
– Bu matrosga nayzabaliq hamla qildi. Tezroq ignalarni badanidan olib tashlash kerak.
Jarohatlangan matros ingrardi: “Yo xudoyim, o‘zing madad ber!” Uning tovonida ham sanchilgan baliq ignasi osilib turardi. Sid igna kirganda qanaqa og‘riq berishini biladi, biroq, ayni paytda, bu Bobbi emas, boshqa odam ekanidan quvonib irg‘ishlaydi. U yoniga serjant kelayotganini sezib, bir sakrab tashqariga chiqib oladi va Benni bilan Lyusi o‘tirgan toshlar ortiga yuguradi. Ilgari u Bobbini ko‘rgan-ko‘rmaganligi haqida Lyusidan so‘rashga botinolmasdi, chunki qiz o‘zini yoqtirmasligini bilardi. Lekin eng yomoni, ayting-ayting, Benni bilan o‘pishayotgani ustidan chiqmasin-da. Ammo…
XI
Lyusi Bennining quchog‘ida erkalanib, ko‘zlarini yumib o‘tirganida shovqin-suron ko‘targancha la’nati habash tepalarida paydo bo‘ldi.
– Doktor, tezroq borar ekansiz, falokat yuz berdi!
Benni sapchib o‘rnidan turdi-da, sochlarini tuzatib, shosha-pisha lazaretga qarab yugurdi, yo‘lda ketayotganda negadir Lyusining oydek chehrasi, dudoqlari ko‘z oldiga keldi-yu, hali uzr so‘rab qo‘yish lozimligini his qildi.
Uning ortidan kelayotgan Sid Bobbini eslab, birdan to‘xtaydi. Nima qilish kerak? Opasidan so‘rash uning xayoliga ham kelmadi, chunki o‘ziga bo‘lgan munosabati qanaqa ekanini biladi, ayniqsa, hozir, tepasiga bostirib borganidan keyin, zahrini kimga sochishni bilmay o‘tiribdi.
“Beti qursin o‘sha qorayaloqning!” deb la’natlardi uni Lyusi. Uni shunchalik yomon ko‘rib qolgandiki, asti qo‘yaverasiz. Nomini eshitsa, o‘rnidan turib ketadi. Voy, bezbet-ey! Adabini berib qo‘ymasami?! O‘zidan ko‘rsin, taviya, qo‘tir jomashov!
Nogahon ukasi yodiga tushdi: “Bobbi qayerda qoldi? Qorong‘i bo‘lsa… Qayerda u? Ha, qaroqchilar ortidan ketgandi, – dedi u o‘zini yupatib. – Lekin tog‘da adashib qolgan bo‘lsa-ya! – Bu xayolidan o‘zi ham qo‘rqib ketdi. – My God! Tog‘da hammayoq ilon-ku!”
– Bobbi! Bobbi!
U shosha-pisha ketayotganda daraxt ortida berkinib turgan Sid birdan yo‘lini to‘sib chiqdi va mehribonlik bilan so‘radi:
– Nima bo‘ldi senga?
Lyusi sapchib tushdi, qo‘rqqanidan qichqirib yuborayozdi. “Negr”, deb o‘yladi. Zimziyo qorong‘ilikda yo‘lini to‘sib chiqqanidan xavotirga tushdi. Onasining: “Negrlardan ehtiyot bo‘l, qizlarni zo‘rlab, keyin toshbo‘ron qilishadi”, degan vahimali gapi shu onda esiga tushsa bo‘ladimi?! Biroq Bobbi ilonlar makonida bo‘lsa kerak. Onasiga nima deydi? “Ukamni…” Yo‘q, yo‘q, bo‘lmagan gap, ular odamxo‘r emas… lekin o‘ldirib yuborishlari mumkin-ku, axir…
– Yugur! Bobbi toqqa ketgan.
Sidning tog‘ bag‘ridan yuqorilab ketayotganini ko‘rib, Lyusi yengil tortdi. O‘zi esa lazaret tomon yugurdi.
Lyusi sarosima ichida lazaretga yetib keldi. Sochlarini tuzatib, nafasini rostlash uchun to‘xtadi. Sidning qanday bo‘lmasin, ukasini topishiga ishonchi komil. Qayerda bo‘lishi mumkin? U odamlar orasidan doktorni izladi. Operatsiya qilyapti, deyishdi unga. Uning ko‘ngli sira joyiga tushmasdi. Qizlarning mast-alast dengizchilar bilan shovqin-suron solayotgani ham uni zarracha qiziqtirmasdi. Bobbiga biron kor-hol bo‘lsa, oyimga nima deyman?
Ayrim dengizchilar mashg‘ulotni boshlab yuborishgandi. Projektorlarni o‘rnatishgan, pulemyotlarni sozlab qo‘yishgan. Hammalari hujum boshlashga buyruq kutishardi. Shu payt serjant Mak Koyning xirillagan ovozi yangraydi:
– Hamma joy-joyiga!
XII
Bobbi g‘ira-shira qorong‘ilik qo‘ynida yugurib borar, xayolidan o‘lik qaroqchi ketmasdi. Shunchalik vahimaga tushganidan plyajga olib boradigan yo‘ldan adashdi. “Lyusi! Lyusi!” U yiqiladi, yana turadi. Ko‘z yoshlari tumandek to‘sib, hech narsani ko‘rmay qoladi, tusmollab oldinga yuradi, qoqiladi, suqiladi, lekin to‘xtamaslikka harakat qiladi. Hammayoqda mitti cho‘g‘lar milt-milt nur sochadi. Bular ko‘rshapalaklar ekani yodiga tushar, lekin shunda ham xotirjam bo‘lmas, balki ayni lahzalarda yuragini qamragan qo‘rquv hissini kuchaytirardi. Ularni yomon ko‘radi. Allaqanday qichqirgan ovozlar, hushtaklar. Nihoyat, katta yo‘lga chiqib olgan paytda, oqish va boshsiz bahaybat arvohga ro‘para bo‘ladi. U Bobbining ustiga bostirib kela boshlaydi. Bobbi dod solgancha tepalik yonbag‘ridan pastga qarab yuguradi. “Lyusi! Lyusi!”
U o‘zini ta’qib etib kelayotgan arvohning so‘nik ovozini eshitadi:
– To‘xta! To‘xta, deyapman, Bobbi… Bobbi… Bobbi!
Uning zaif badani butalarning qattiq tikanlari botayotganini ham sezmaydi. U o‘mbaloq oshib, turib, vahima ichida shoxlar oralab pastlikka g‘izillab tushib borardi. Murdaning qadam tovushlari, xuddi tobutdan chiqayotgandek mudhish harsillashi tobora yaqinlashib kelardi:
– Boob-bi! Boobb-bi!
Matroslarning oqish, dag‘al ko‘ylagi hamda kechasi, qorong‘ilik qo‘ynida ko‘rinmay qoladigan o‘zining afti-angoridan Bobbining o‘takasi yorilganini Sid tushundi va xavfli hududga kirib ketishidan avvalroq unga yetib olmoqchi bo‘ldi. Sid projektor yoqilganidan ana-mana rostakam o‘qlarning yomg‘irdek yog‘ilishini fahmladi. Mashg‘ulot boshlangan edi. Nima bo‘lishini hech kim oldindan aytib berolmaydi. Faqat bu yerdan tezroq ketish zarur. Nima bo‘lgan taqdirda ham. Jang qilayotgan buyuk saltanatning matrosi o‘zini qurbon qilishi shart. Birinchi galda bolani saqlab qolish lozim. Sid bolaga yetib olish uchun yanayam tez yugura boshladi va “Booob-bi! Boooob-bi!” deya dam-badam chaqira boshladi.
XIII
Lyusi qal’a tarafdan ko‘z uzmaydi. Sira o‘zini bosolmaydi, asabiylashadi, tinmay titraydi. Habash bola bilan allaqachon kelishi kerak edi. Buncha qolib ketishdi? Endi nima qildi? “Yordam! Yordam beringlar!!!”
Uning yoniga serjant Mak Koy yugurib keladi.
– Yordam beringlar! Yordamga!
– Nima bo‘ldi? – deb qichqiradi serjant.
Boshqa dengizchilar xayrixohlik bildirib, ularni qurshab olishdi.
Lyusi telbalarcha chinqiradi:
– Negr! Yuguring! U meni zo‘rlamoqchi bo‘lgandi. Endi ukamni tutib, o‘ldirib qo‘yadi. Ana, tepada! U quturgan, telba!
– Kim? Sidmi? – deb so‘raydi serjant. – Itvachcha! O‘zim ham shunday deb o‘ylardim-a. Yigitlar, shaylaning! El-Morroni o‘rab olish kerak! Gir aylanasiga! Projektorlarni ko‘paytiringlar!
Matroslar mastlik sharorasida “itvachcha”ni qo‘lga olishga ketadilar. Shu daf’a bolaning dodlagani va “Boooob-bi! Boooob-bi!” deya bo‘kirgan na’ra eshitiladi.
– Tezroq projektor keltiring bu yerga, tezroq! – deb o‘shqiradi serjant.
Projektorlarning kuchli nurlari butalar oralab yugurib kelayotgan bola bilan uning ortidan quvib kelayotgan kimsani yoritadi.
– Tayyorlaning! U qurollangan bo‘lishi mumkin. O‘q uzsa, o‘t oching!
Hamma yerga yotib olgandi.
XIV
Bemorni operatsiya qilgan Benni Vilyams qo‘lida igna bilan quvnoq kayfiyatda chiqib keladi, biroq chiroqlar shu’lasini ko‘rib mashg‘ulotni boshlab yuborishibdi, degan xayolda buning foydasi yo‘qligini tushunib ignani otib yuboradi-da:
– Boshlandimi? – deb so‘raydi.
Lyusi Laving jazava ichida ho‘ngrab yig‘lagancha uning bo‘yniga osiladi.
– Nima bo‘ldi senga, Lyusi?
Uning tili kalimaga kelmaydi. Qaqshayotgan asablar bilan o‘krab-o‘krab to‘kayotgan ko‘z yoshlari bunga mone’lik qiladi. Benni ko‘ngilsiz hodisa yuz berganini fahmlaydi. U qizning yelkalaridan ushlab qattiq silkitadi, so‘ng o‘ziga keltirmoqchi bo‘lib bir-ikki tarsaki uradi. Lyusiga bu ta’sir qilmaydi.
– Menga qara, nima bo‘ldi?!
Nihoyat, u javob beradi. Benni nima gapligini tushunadi-da, shoshib qoladi.
– Serjant! Serjant!
Xuddi shu paytda chakalakzor ichidan dod solib Bobbi chiqib keladi. Uning ortidan halloslab yugurganidan afti qiyshayib ketgan Sid paydo bo‘ladi. Sid chindanam qo‘rqinchli ko‘rinardi. “U bolani o‘ldirib qo‘yadi”, deb o‘ylashardi dengizchilar.
Pulemyotning tarillagani eshitiladi.
Benni jon-jahdi bilan qo‘l silkib, baqirgancha yuguradi.
– Shoshmanglar! To‘xtanglar!
Jimlik cho‘kadi, yolg‘iz dengizning shovullashi eshitiladi, xolos. To‘lqinlar qirg‘oqqa shiddat bilan uriladi.
Nogahon o‘qlar yomg‘iriga duch kelgan Sid birdan qoqilgandek muk tushib yiqiladi. Uning miyasidan: “Bolakay xavf-xatardan qutulib qoldi”, degan fikr yalt etib o‘tgandir, ehtimol. Endi negr oqtanli bolani o‘limdan saqlab qoldi, deb hamma uni yaxshi ko‘rib yuradi. Lekin nega bola yerga yotib oldi? Shumtaka-ey. U mug‘ombir qaroqchilar o‘yini davom etayapti, deb o‘ylagan, shekilli. “Yo‘q, Bobbi, bu yerdan ketish kerak, tezroq. Harbiy mashg‘ulot boshlanibdi”. U bolaning yoniga keladi. Uni ko‘taradi. “Bo‘ldi endi, o‘tyurak qaroqchi, ko‘zingni och, bo‘lmasa hamma seni charchab uxlab qolibdi, deydi, men ham”. Sid barmoqlari – qurol va kartoshka tozalayverib, qadoq bosib, dag‘allashib ketgan shoirning barmoqlari orasidan iliqqina, yopishqoq nimadir oqib tushayotganini sezmaydi. “Anovi she’r esingdami? Unda nima deyilardi? “I am American too” . Oyoqlari beixtiyor chalishib ketadi. Yosh pardasi ko‘zlarini qoplaydi. Qulog‘iga bolani saqlab qolgani uchun uni sharaflayotgandek dengiz shovqini chalinadi. Uning fahmiga qadrdon va sadoqatli do‘stining bolani qo‘lidan olib, yig‘lamsiragan ko‘yi:
– Bechora Bobbi! U halok bo‘ldi! – degani yetib kelmaydi.
Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 11-son