Rey Bredberi. Raketa (hikoya)

1

Anchadan beri Fiorello Bodoni zim-ziyo samoga parvoz qilgan raketalar ovozidan kechalarini bedor o‘tkazadi. Shirin tushlar og‘ushida yotgan sevimli rafiqasini uyg‘otmay, sekin tashqariga chiqadi-yu bir necha soniyaga bo‘lsa ham, daryo bo‘yidagi kichik uydan taralayotgan ovqat hididan ozod bo‘lgisi keladi. Shu bir lahzalik sukutda u o‘zini erkin qo‘yib, fazoga ko‘tarilishni, raketalarga ergashishni juda-juda xohlaydi.
Hozir ham bir muddat havodagi uchqunlarni tomosha qilgancha serrayib turib qoldi. Ana, raketalarning biri Marsga, biri Veneraga, yana biri esa Saturn tomonga qarab yo‘l olmoqda.
– Ha, Bodoni, nima gap?
Bu ovozdan uning xayollari bo‘lindi. Sutdek oppoq kechada sokin daryo bo‘yida bir chol ham raketalarni tomosha qilib o‘tirardi.
– Bramante, sizmisiz?
– Har tunda tashqariga chiqasan-a, Bodoni, – chol boshini qimirlatib so‘radi.
– Ha, faqat toza havo uchun.
– Shunaqami? Men esa raketalarni o‘zimdan ham ortiq ko‘raman, – deya so‘zlay ketdi Bramante. – Bu ish­tiyoq bolaligimda boshlangan, sakson yil oldin. U paytda hali bir yoshga ham to‘lmagandim.
– Men baribir koinotga uchaman, – Bodoni xayolidagini dangal aytdi-qo‘ydi.
– Yo‘q, – keskin inkor qildi chol. – Sen hech qachon ucholmaysan. Bu – boylarning dunyosi. – U o‘ychan qiyo­fa­da davom etdi: – Bolaligimda olovli shiorlarni ko‘rganman: «Kelajak dunyosi! Fan, qulaylik va hammasi uchun yangi imkoniyatlar!» Ha, sakson yil-a! Kelajak esa endi boshlanyapti. Biz raketada uchamizmi? Yo‘q, biz ham ota-bobolarimizga o‘xshab, kulbalarda yashab o‘tib ketamiz.
– Balki o‘g‘illarim uchar, – dedi Bodoni shashtidan tushgisi kelmay.
– Buning ham iloji yo‘q! Bu faqat puldorlarning orzusi.
Bodoni o‘yga cho‘mdi:
– Olti yil ichida uchishga asqotar deb, 3000 dollar yig‘ib qo‘ygandim. Bir oydan beri tinchim yo‘q. Bugun esa qarorim qat’iy. Biz, albatta, Marsga uchamiz!
– Tentak! – kinoyali kuldi Bramante. – Kim uchadi? Senmi? Agar ketsang, xotining seni yomon ko‘rib qoladi. Oilangdan ajrab qolasan. Xotining bu yoqda ich-etini yeb o‘tishini xohlaysanmi?
– Yo‘q, yo‘q!
– Bolalaring-chi? Ularning xotirasida Mars­ga uchib ketgan ota muhrlanib qolmaydimi? Qanday bema’ni orzu. Farzandlaring butun umr raketani o‘ylab yurishadi, tunlari uxlasholmaydi. Ularni ham o‘zingga o‘xshab notinch qilmoqchimisan? Ogohlantirib qo‘yay, bu maqsadingdan qayt. Ularga kambag‘alligingni bildirib qo‘yma. Osmondagi yulduzlarga qarab orzu qilishdan ko‘ra, hayotga real boqishni o‘rgan.
– Lekin…
– Faraz qil, o‘rningga xotining uchdi. O‘zingni qanday his qilasan? Go‘yoki u hamma narsani ko‘rdiyu sen esa yo‘q. Bu senga yoqadimi? Yo‘q, Bodoni. Yaxshisi, o‘zingga kerakli bo‘lgan mashinani sotib ol va orzularingni kasbing bilan bog‘lab, tirikchiligingni qilaver.
Chol jimib qoldi. Chamasi, u raketani o‘ylab, sokin daryoga orzulari bilan g‘arq bo‘ldi.
– Xayrli tun, – jimlikni Bodonining ovozi buzdi.
– Yaxshi yotib tur, – dedi ikkinchi ovoz.

2

Kumush rangli toster (non qotiradigan mexanizm)da chiyillayotgan ikki bo‘lak non Bodonini uxlashga qo‘ymasdi. O‘zi shundog‘am kechasi bilan mijja qoq­qani yo‘q. Bu ham yetmagandek, bolalari uyni boshiga ko‘tarayozdi. Hammayoq qiy-chuv. Ota nigohini bir nuqtaga qadagancha cholning gaplarini esladi. U to‘g‘ri aytgandi: samoga uchib nima ham qilardi? Unda ter to‘kib, shuncha pulni nima uchun yig‘di?
– Fiorello, nonushta tayyor, – rafiqasi Mariya uning xayolini bo‘ldi.
– Ishtaham yo‘q, – dedi Bodoni.
Bolalar yana shovqin ko‘tarishdi. Uch o‘g‘il o‘yinchoq raketani talashishyapti. Ikki qiz zsa Mars, Venera va Neptunda yashovchi o‘zga sayyoraliklar – 12 barmoqli hamda uch ko‘zli sariq manekenlarni tashish bilan ovora.
– Venera raketasini ko‘rdim, – deya hayqirdi Paolo.
– U uchib ketdi, vu-u-ushsh! – vishilladi Antonello.
– Bolalar! – qichqirdi Bodoni quloqlarini qo‘l­lari bilan berkitib. Hamma jim bo‘lib qoldi. Chunki ularga otasi kamdan-kam baqirardi. – Hamma eshitsin! – dedi u diqqatini jamlab. – Menda Marsga uchish uchun faqat bir kishiga yetadigan pul bor.
Hamma qiyqirib yubordi.
– Eshitdinglarmi? Faqat bir kishi uchun. Lekin kim?
– Men, men, men! – shovqin solishdi bolalar.
– Sen, – dedi Mariya eriga qarab.
– Yo‘q, sen, – javob qaytardi Bodoni.
Oraga sukunat cho‘kdi. Bolalar ham jimib qolishdi.
– Lorenzo borsin, u to‘ng‘ichimiz.
– Balki Miriamna uchar, chunki qiz bola.
– Nimalar ko‘rishingni tasavvur qilyapsanmi? – Mariyaning eriga qadalgan ko‘zlari qandaydir begonadek tuyuldi va ovozi ham titrab chiqdi: – Baliqsimon meteoritlar, koinot, oy. U tomonga qaytib kela oladigan odamgina borishi kerak. Shuning uchun sen bor.
– Bema’nilik! Sen ham uchishing mumkin, – Bodonining ovozi keskin eshitildi. Yana o‘sha jimjitlik. – Topdim! – deya baqirib yubordi u va supurgini olib, har xil o‘lchamda cho‘plar sindirdi.
– Eng kichkina cho‘p kimniki bo‘lsa, o‘sha boradi, – u mushti orasiga cho‘plarni qo‘ydi: – Tanlanglar!
Galma-galdan hamma cho‘p torta boshladi:
– Uzun cho‘p!
– Uzun…
– Mengayam uzun.
Bolalarning navbati tugadi. Ikkita cho‘p qoldi. Bodoni yuragida yana og‘riq sezdi.
– Endi Mariyaning navbati.
Mariya ham tortdi – kichkina cho‘p.
– Eh! – xo‘rsindi Lorenzo. – Oyim Marsga boradi.
Bodoni kulishga harakat qildi:
– Tabriklaymiz! Bugun senga chipta sotib olaman.
– Shoshma, Fiorello…
– Keyingi hafta parvoz qilasan.
Mariya zo‘rma-zo‘raki kulayotgan, ammo juda ham g‘amgin qora ko‘zlarga achinib ketdi. Cho‘pni eriga qay­tarib berdi:
– Men Marsga borolmayman.
– Nimaga?
– Farzand kutyapman.
– Nima?!
Xotini nigohini chetga oldi:
– Shu holimda sayohatga borolmayman.
Bodoni hayron qoldi:
– Rostdanmi?!
– Qur’ani qaytadan tashla.
– Nega oldinroq aytmading?
– Yodimdan ko‘tarilibdi.
– Mariya, Mariya, – deya pichirladi u suyuklisining yuzini silab. Keyin bolalarga qaradi: – Qani, boshidan boshlaymiz.
Paolo darrov kichkina cho‘pni tortib oldi:
– Men Marsga boraman! – xursandligidan gir aylandi. – Rahmat, dada!
Boshqalarning unga hasadi keldi:
– U yer sassiq bo‘ladi, Paolo.
Paolo raqsdan to‘xtab, hammaga bir-bir qarab chiqdi:
– Endi borsam bo‘ladimi?
– Ha.
– Qaytib kelganimda ham meni yaxshi ko‘ra­siz­lar­mi?
– Albatta.
Paolo qo‘lidagi cho‘pga achinish bilan tikildi. Ke­yin boshini sarak-sarak qilib, cho‘pni uloqtirdi:
– Yo‘q, borolmayman. Maktab boshlanyapti. Qayta tortinglar.
Biroq hech kim tortmadi. Yana sukunat o‘z hukmini o‘tkaza boshladi.
– Demak, hech kim bormaydi, – dedi Lorenzo.
– Qanday yaxshi! – jilmaydi Mariya.
Bodoni esa o‘yga toldi:
– Bramante to‘g‘ri aytibdi.

3

Nonushta sovib qolibdi. Fiorello Bodoni o‘z us­taxonasida ish bilan mashg‘ul: metalni kesib, eritar va maxsus idishlarga quyardi. Asbobu uskunalar anchadan beri ishlatilmagani uchun eskirgan. Ustaga yangilari darkor edi.
Tushga yaqin bir kishi ustaxonaga kirib keldi:
– Hoy, Bodoni! Senga bir metall obkeldim.
– Nima ekan, janob Metyus?
– Raketa kemasi. Nima, senga kerakmasmidi?
– Yo‘q, kerak. – Bodoni u bilan qo‘l berib so‘rashdi.
– Albatta, bu bir ko‘chirma xolos, – dedi Metyus. – Raketa rejasi tuzilayotganda uni oldin alyuminiydan yasab olishadi-ku. Uni eritsang, ancha-muncha foyda qilishing mumkin. Narxiga 2000 dollar bersang bo‘ladi.
Bodoni qo‘l siltadi:
– Menda pul yo‘q.
– Kechirasan, puling bor deb o‘ylagandim. Adashmasam, bu haqda sen bilan gaplashgandik.
– Menga yangi jihoz kerak. Shuning uchun pul yig‘ib qo‘yganman.
– Xo‘sh, xo‘sh…
– Agar raketangizni sotib olsam, uni eritish uchun pul yetmay qoladi. Chunki alyuminiy erituvchi dastgohim o‘tgan hafta buzilib qoldi.
– Rostdanmi?..
– Shunday ekan, uni sotib olishdan ham foyda yo‘q.
– Tushunarli.
Bodoni ko‘zlarini yumdi-yu, yana o‘sha orzulariga ro‘baro‘ keldi. Ko‘zini ochib, janob Metyusga mug‘om­bi­ro­na qaradi:
– Hazillashdim. Bankdan pulimni olib, sizga beraman.
– Lekin raketani eritolmasang…
– Olib keling, – gapni qisqa qildi Bodoni.
– Mayli. Sen nima desang, shu. Bugun kechqurun bo‘ladimi?
– Bugunmi? Ha, mayli. Raketali bo‘lishni juda-juda xohlayman.

4

Oymoma yorug‘ida kumush rangli raketa viqor bilan tik turibdi. Bodoni ancha vaqtgacha undan ko‘zini uzmadi. Termulgani sari shu matohga mehri ortaverdi. Nihoyat, uni erkalamoqchi bo‘lib, mahkam quchib oldi. Ichidagi bor dardini aytmoqchidek mungli nigoh tashladi.
– Sen endi menikisan, – dedi g‘amgin ohangda. – Garchi o‘t olib, ucholmasang-da, 50 yil o‘tib, zanglab ket­sang ham, sen menikisan.
U jonsiz raketadan sado chiqmasa-da, eshikni ochib, ichkariga kirarkan, yuziga nim tabassum yugurdi:
– Bugun sen bilan tunayman.
Shunday deb, uchuvchilar o‘rindig‘iga o‘tirdi. Tut­qichni ushlab, ko‘zlarini yumdiyu og‘zini ochmay g‘o‘n­g‘illay boshladi. G‘o‘ng‘illash kuchayib borgani sari barcha alamlari ichidan chiqib ketayotganday bo‘ldi. Oxiri titrab ketdi. Kema bir silkindi. Bodoni oldinga otilib tushdi. Hamma yoq jim-jitmidi yo quloqlari eshitmay qoldimi, buni o‘zi ham anglolmadi. Ko‘zlari chaqnab, nafas olishi qiyinlashdi. U yana g‘o‘ng‘illashda davom etdi. Bu safar tovushi juda asabiy eshitildi.
– Qani, uch! – nihoyat u chinqirib yubordi.
Qayerdadir chaqmoq chaqqanday bo‘ldi, yermi yoki kemami, qattiq silkindi.
– Ana, Oy! Meteorit! – uning ko‘z oldi qoron­g‘i­lashdi. Yana sukunat, tag‘in o‘sha alamli hayqiriq keldi: – Mars! Ha, bu Mars!..
U o‘lardek charchadi, kallasi og‘irlashdi. Bemajolgina o‘rindiqqa o‘tirdi. Qimirlashga holi yo‘q. Shu taxlitda picha o‘tirgach, asta ko‘zini ochdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, o‘zi hali ham raketa qarshisida qoqqan qoziqdek tik turibdi. Yonidagi mayda metallarga bir qur razm soldi. Shu payt o‘zini o‘zi yomon ko‘rib ketdi. Qoni qaynab, duch kelgan narsani tepa boshladi:
– Uch dedim, haromi!
Kema esa jim.
– Senga ko‘rsatib qo‘yaman hali, – baqirib yubordi Bodoni…
Osmonda yulduzlar miltirardi, atrof sokin. Oymoma tarqatayotgan shu’la esa butun zaminni oydinlikka burkayotgandek edi go‘yo.
Holsizlangan Bodoni ustaxonasidagi mashina mo­torining chiyildoq tovushidan o‘ziga keldi. Hovli ham kunduzgiday yop-yorug‘, raketa kumush rangda tovlanardi. Uyidan taralib turgan chiroq nuri Bodoniniig jig‘iga tegdi. Yana alamidan baqirdi:
– Uchishni o‘rgataman senga!
U nur tushib turgan uyi tomon asabiylashib qadam tashladi. Yurgani sari negadir kulgisi qistardi. Uyning orqa eshigi oldiga yetganda o‘zini bosib, chuqur xo‘rsindi va xotinini chaqirdi:
– Mariya, narsalaringni yig‘ishtir, Marsga ketamiz!
Ichkaridan hayrat to‘la ovozlar kela boshladi:
– Nima?!
– Yo‘g‘-e?!
– Rostdanmi?!
Hamma uzun-qisqa bo‘lib, hovliga yig‘ildi. Ular qarshisida turgan raketaga mahliyo bo‘lib qolishgandi. Sekin-asta raketaning maketligi ayon bo‘ldi. Mariya Bodoniga yuzlandi:
– Nima qilib qo‘yding? Pullarimizni shunga sovurdingmi? U axir uchmaydi-ku!
– Uchadi, – dedi Bodoni qat’iy turib.
– Kema falon pul turadi. Senda shuncha pul bormi?
– Biz mana shu raketada uchamiz. Endi hamma uy­ga. Bir-ikki joyga qo‘ng‘iroq qilishim kerak. Ertaga jo‘naymiz. Faqat hech kimga aytmanglar, bu sir. Tushunarlimi?
Bolalar raketadan uzoqlashishni istamagandek uyga kirib ketishdi. Otasi derazadan mo‘ralab turgan umidvor chehralarni ko‘rib, ko‘ngli bo‘shab ketdi. Mariya esa joyidan qimirlamay:
– Sen oilamizni barbod qilmoqchisan, – dedi. – Pullarimiz shu arzimagan temir-tersak uchun yig‘il­ganmidi?!
– Menga ishon.
Mariya indamay ters burilib ketdi.
– Ey Xudo, o‘zing qo‘lla! – Bodoni shunday deb ishga kirishdi.

5

Yarim tun deganda yuk mashinalari yetib keldi, yuklar tushirildi. Hisob-kitoblardan charchagan Bodoni bir jilmayib, yana ishga bel bog‘ladi. Nimalarnidir qirqdi, yopishtirdi, iloji boricha shovqin ko‘tarmaslikka urindi. Nihoyat raketaga to‘qqizta eski avtomobil motorini qo‘ydi va yashirin mehnati bilinib qolmasligi uchun u yerni yopib tashladi.
Tongga yaqin oshxonaga xursand kayfiyatda kirib keldi:
– Mariya, nonushta tayyormi?
Xotini indamadi…
Kech kirgach, endigina uyqudan turgan Bodoni bolalarini chaqirdi:
– Bolalar, vaqt bo‘ldi, ketamiz!
Hech qanday sado chiqmadi.
– Ularni shkafga qamab qo‘ydim, – dedi Mariya.
– Nimalar deyapsan?!
– Sen bu raketangda ularni o‘ldirmoqchisan. Arzimagan 2000 dollar uchun qanday raketa sotib olish mumkin?! Faqat eng yomonini.
– Menga qara, Mariya, – Bodoni vaziyatni tushun­tirmoqchi bo‘ldi.
– Buning portlab ketadi! Qolaversa, sen uchuvchi ham emassan.
– Buning ahamiyati yo‘q, – erning jahli chiqdi. – Men bu kemada ucha olaman. Chunki uni tuzatdim.
– Aqldan ozibsan, – Mariya boshqa qarshilik qilolmadi.
– Shkafning kaliti qayerda?
– Mana, – deya xotini qo‘lidagi kalitni ko‘rsatdi.
Bodoni kalitni oldi.
– Ularni o‘ldirasan! – ojiz ovoz keldi uning ortidan.
– Yo‘q!
– Ha, buni sezib turibman!
Bodoni rafiqasining qarshisiga keldi:
– Sen ham biz bilan ketasan.
– Yo‘q, men shu yerda qolaman.
– Mayli, keyin hammasini tushunib olasan.
U sevgilisiga qarab, bir jilmaydi-da, borib shkafni ochdi.
– Qani, bolalar! Dadangiz bilan boringlar!
– Xayr, oyi. Ko‘rishguncha! – deya javob qay­ta­rish­­di bolalar.
Mariya esa ularni oshxona derazasidan turib, kuzatib qoldi.
Raketa eshigi oldiga yetishgach, ota farzandlariga yuzlandi:
– Bolalarim, bu tezkor raketa, faqat qisqa vaqt­gagina ucha oladi. U yoqdan qaytgach, sizlar maktabga, men esa o‘z ishimga ketaman, – asta eshikni ochdiyu bir nima esdan chiqqanday yana mo‘ltiragan ko‘zlarga qaradi: – Yana bir martalik safarga yaraydi, xolos. Boshqa ucholmaydi. Bu hayotingizdagi birinchi va so‘nggi sayohat bo‘ladi. Shuning uchun ko‘zlaringizni kattaroq ochinglar.
– Xo‘p, dada!
– Vujudingiz quloqqa aylansin. Raketa isini hid­langlar. His qiling va eslab qoling. Keyin nimalar bo‘lganini aytib berasizlar.
– Xo‘p bo‘ladi! – hamma birvarakayiga javob berdi.
Kema ichi to‘xtab qolgan soatdek jim-jit edi. “Jajji uchuvchilar” xavfsizlik kamarlarini ta­qish­gach, havo probkasining pishillagan ovozi eshitildi.
– Hamma tayyormi?
– Tayyor!!!
– Unda ketdik!
Bodoni barcha tugmalarni harakatga keltirdi. Ra­keta o‘t olib, qattiq silkindi. Bolalar o‘zlarida yo‘q xursand. Belidan charm xaltaga solingan kichkina “uchuvchilar” o‘tirgan joyida raqsga tusha ketishdi. Birozdan so‘ng esa qiy-chuv qilishga tushishdi:
– Biz uchyapmiz! Qara, uchyapmiz!
– Ana, oymoma ko‘rindi! Haqiqatan, oy ko‘rindi, uchib yurgan meteoritlar paydo bo‘ldi.
Bolalar toqat qilolmay, raketa darchasidan fazoga boqishdi:
– Ana, Yer! Ana, Mars!
Bodoni tsiferblat yordamida tashqarida olov hosil qildi. Shu payt «mitti fazogirlar» xuddi pilla ichidagi kapalakka o‘xshab, havoda muallaq qolishdi.
– Yaxshi, – pichirladi Bodoni.
U kuzatuv xonasida turib, uzoq vaqt bolakaylarni tomosha qildi. Keyin havo probkasining eshigi yoniga keldi. Eshikni ochib, hovliga chiqib ketmoqchi bo‘ldi. Lekin o‘ylab qoldi: shirin orzularini yo‘qqa chiqarsinmi? Xursandchilikning beliga tepsinmi? Yo‘q. Bodonining yuziga tabassum yugurdi. Bularning bari ustaxona o‘rtasidagi uydirma-ku! Hech narsasi o‘zgarmagan – o‘sha ustaxona, o‘sha darvoza, daryo bo‘yidagi o‘sha kichkina uy, chirog‘i yoniq oshxona. Daryo ham odatdagi dengiziga quyilib turibdi. Hammasi o‘sha-o‘sha.
Birdan uning ko‘zi Mariyaga tushdi. Oshxona derazasidan ularni kuzatib turardi. U suyukli rafiqasiga qarab, qo‘l silkidi. Mariya buni yo ko‘rdi, yo ko‘rmadi. Balki u ham qo‘lini ko‘targandir, jilmayib ham qo‘y­gandir.
Quyosh jilmayib chiqqan paytda Bodoni kema markaziga qaytdi. Jimjitlik – hamma uxlab qolibdi. U og‘ir tin oldi. O‘rindiqqa o‘tirib, belidan kamar o‘tkazdi va sekin ko‘zlarini yumdi. Ichida chin dildan duo qildi: «Iloyim, shu olti kun ichida kashfiyotimga putur yetmasin. Fazo harakatda bo‘lsin, Mars va uning yo‘ldoshlari ham aylanaversin. Bu rangin dunyoning aybi ochilib qolmasin. Uchala tomon ham omon bo‘lsin. Yashirin ko‘zgu va ekranlar siri fosh bo‘lmasin. Fazo vaqti bilan shu olti kun tezroq o‘tsin»…
U ko‘zini ochdi. Qizil Mars kemaga yaqinlashib qolibdi. Bolalar shovqin ko‘tarishdi. Ota Marsga yaqinroqdan nazar soldi. Hech qanday nuqson sezmagach, ko‘ngli taskin topdi.
“Ettinchi kuni” kechga yaqin raketa silkinishdan to‘xtadi.
– Uyga keldik! – dedi Bodoni.
Bolalar eshikdan otilib chiqib, oshxona tomon yugurib ketishdi. Dunyoda ulardan baxtli inson yo‘q edi. Balki ular haqiqatni bilishgandir. Ehtimol dadasining «sehrli sayohat»ini payqashgandir. Agar shunday bo‘lsa ham, endi hech narsa deyishmaydi. Ularning boshi osmonda.
– Sizlarga ovqat tayyorlab turibman, – deya Mariya ularga peshvoz chiqdi.
– Oyi, oyi, siz ham borishingiz kerak! Marsni, meteoritni, hamma narsani ko‘rardingiz.
– Xo‘p, xo‘p.
Yotar paytda uch o‘g‘il va ikki qiz mehribon otasining qoshiga to‘planishdi.
– Dada, biz sizga rahmat aytmoqchimiz.
– Hechqisi yo‘q. Arzimaydi.
– Biz buni hech qachon unutmaymiz. Hech qachon!

6

Tun yarmidan og‘ganda Bodoni asta ko‘zlarini ochdi. O‘ziga anchadan beri tikilib turgan nigohni sezgandi. Uzoq vaqt bir-biriga termulib yotishgach, oxiri Mariya uning yuzi va peshonasidan o‘pdi.
– Bu nima uchun? – so‘radi Bodoni shivirlab.
– Sen dunyodagi eng yaxshi otasan.
– Nima uchun?
– Buni o‘zim ko‘rdim.
– Tushunarli.
Mariya yonboshlab yotdi va erining qo‘llarini ushlagancha ko‘zlarini yumdi:
– Bu sayohat senga yoqdimi?
– Ha.
– Balki meni ham biror kun olib chiqarsan. Nima deding?
– O‘ylab ko‘ramiz.
– Rahmat. Yaxshi tushlar ko‘r.
– Sen ham yaxshi dam ol, – dedi Fiorello Bodoni sokin tin olib.

Ingliz tilidan Bobur NABI tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 6-son