Rey Bredberi. Armageddon (hikoya)

Hech kim o‘lishni istamaydi, hech kim uni kutmaydi. Shunchaki, nimadir yaxshi ishlamay qoladi, raketa yonboshiga ag‘dariladi yoki ro‘paradan asteroid shiddat-la keladi, qo‘llaring bilan yuzlaringni berkitib olishdan boshqa ilojing qolmaydi, qarabsanki, atrof zimiston, motor hamon oldinga surib ketayapti, tirik qolay deb urinasan, biroq chorang qanchalik!
U parchalanib ketgan raketa bo‘laklari ichida o‘tirganicha, bir zum tek qoldi…
Zimiston. Tushunib bo‘lmaydigan og‘riq, alahlash. U hushidan ketgani yo‘q.
– Isming? – so‘radi g‘oyibona ovozlar.
– Seyl, – dedi u ko‘ngli aynib, ichi ag‘darilib ketayotgandek bo‘lsa ham. – Leonard Seyl.
– Kimsan?! – baqirdi ovozlar.
– Kosmonavt! – baqirdi u ham tanho, qorog‘ilikda.
– Xush kelibsan, – deyishdi ovozlar, – xush, xush…
Ovozlar tindi.
U o‘rnidan turdi, raketa parchalari uvadasi chiqib ketgan kiyim singari oyog‘i ostiga to‘kildi.
Quyosh chiqib, tong yorishdi.
Seyl shlyuzning torgina tuynugidan boshini chiqarib, nafas olib ko‘rdi. Omadni qarang, omadni! Havo nafas olishga yaroqli ekan! Oziq-ovqat ikki oyga yetadi. Zo‘r! Zo‘r bo‘ldi! “Buyog‘i ham zo‘r! – dedi u raketa parchalaridan biriga barmog‘ini nuqib. – Mo‘jizalar mo‘jizasi!”
Radioapparatlar shikastlanmabdi. U apparatlar kalitini ishga soldi:
“787-asteroidga yiqildim. Seyl. Yordam yuboringlar. Seyl. Yordam yuboringlar.”
Javob ham tezda kela qoldi: “Allo, Seyl. Marsoportdan Adams gapiryapti. “Logarifm” qutqaruv kemasini yuborayapmiz.
787-asteroidga olti kundan keyin yetib boradi. Chidab tur.”
Seyl xursand bo‘lganidan o‘ynab yuboray dedi. Ishlari oppa-oson kechdi. Falokatga uchradi, lekin tirik qoldi, oziq-ovqati yetarli. Yordam so‘rab xabar yubordi. Yordam albatta keladi! La-la-la! U chapak chalib yubordi.
Quyosh ko‘tarilib, kun isidi. O‘lim uni chetlab o‘tdi. Olti kun degani nima bo‘pti, bir pasda o‘tadi-ketadi. Yeydi-ichadi, uxlaydi. U atrofga qarab qo‘ydi, havfli hayvonlar yo‘q, kislorod yetarli. Yana nima kerak! No‘xat bilan pishirilgan go‘shtmi? Shu zahoti havoni yoqimli is tutib ketgandek bo‘ldi.
Nonushta qilib, sigareta tutatdi, chuqur tortib, asta chiqardi. Rohatlanib, boshini chayqab qo‘ydi. Bu – qanday hayot bo‘ldiykin-a! Bir joyi tirnalmapti-ya! Omadi bor ekan. Judayam omadi keldi!
Boshi qalqib ketdi. Uxlash kerak. Ha, bu boshqa gap. Ovqatdan keyin ozgina mizg‘ib olish qanday yaxshi! Vaqt masalasi bemalol. Ana shunday bekorchiligu faylasuflikka boy bo‘lgan uzundan uzoq olti kuni bor. Uxlash kerak.
U o‘tirgan joyida cho‘zildi, boshini qo‘liga tirab, ko‘zlarini yumdi. Shu choq uning jismini telbalik egallab oldi.
“Uxla, uxla, o-o-o uxla, – shivirladi ovozlar. – A-a-a, uxla, ux-la.”
U ko‘zini ochdi. Ovozlar tindi. Hamma narsa joyiga tushdi. Seskanib ketdi, joyiga yaxshiroq o‘rnashvolib, ko‘zlarini qattiqroq yumdi.
– Eeeeeeee, – kuyladi uzoq-uzoqdagi ovozlar.
– Aaaaaaaa, – shivirladi ovozlar.
– Uxla, uxla, uxla, uxla, – allaladi ovozlar.
– O‘l,o‘l, o‘l, o‘l, – xirgoyi qildi ovozlar.
– Oooooooo! – qichqirdi ovozlar.
– Zmmmmmmm , – g‘ing‘illadi arilar miyasining ichida.
U turib o‘tirdi, boshini silkitdi, quloqlarini qo‘llari bilan berkitdi. Ko‘zlarini qisib, pachag‘i chiqqan kemasiga qarab qo‘ydi. Ana, qattiq metall, bilinib turibdi. Barmoqlarining uchi bilan ostidagi xarsangtoshni paypaslab ko‘rdi. Zangori osmon gumbazidagi, isitib turgan Quyoshni ham ko‘rayapti.
– Qani, osmonga qarab yotib ko‘ray-chi, – dedi o‘zicha va yana yotdi. Qulog‘i ostida soati chiqillayapti, tomirlarida jo‘shqin qon urib turibdi.
– Uxla, uxla, uxla, uxla , – ashulasini boshladi ovozlar.
– Ooooooox, – intizor bo‘ldi ovozlar.
– Aaaaaaax, – kuyladi ovozlar.
– O‘l, o‘l, o‘l, o‘l,. Uxla, uxla, o‘l, o‘l, uxla, o‘l, uxla! Ooxx, Aaxx, Eeeeeeee! – aralashib ketdi ovozlar.
Quloqlarida qon bo‘rondek g‘uvilladi.
– Meniki, meniki! – dedi bir ovoz. – Meniki, meniki, u meniki!
– Yo‘q, meniki, meniki, u meniki! – dedi boshqa ovoz. – U meniki, meniki!
– Yo‘q, bizniki, bizniki! – jo‘r bo‘ldi o‘nlab ovoz. – Bizniki, bizniki, u bizniki!
Uning barmoqlari changak bo‘lib, yuz mushaklari tortishib qoldi, qovoqlari ucha boshladi.
“Xayriyat, xayriyat, – ashula boshladi baland ovoz. – Uzoq-uzoq intizorlik. Tamom, tamom. Xayriyat, tamom, tamom.”
U xuddi suv osti dunyosida yotgandek. Yashil qo‘shiqlar, yashil sharpalar, yashil vaqt. Ovozlar biqillab, dengiz tubiga cho‘kadi. Uzoq-uzoqlarda tovushlar xori tushunib bo‘lmaydigan xonish qiladi. Leonard Seyl jon talvasasida tipirchilay boshladi. “Meniki, meniki! – qichqirdi baland ovoz.” “Yo‘q, meniki, meniki!” – chinqirdi boshqasi. “Bizniki, bizniki!” – guvilladi xor.
Temirning taraqlashi, qilichlar jarangi, to‘qnashuv, jang, kurash, urush, hammasi birdaniga portlab, uning miya qatig‘i minglab tomchilarga parchalanib ketgandek.
“Eeeeeeee!”
U quloqni qomatga keltirar darajada o‘kirgancha, o‘rnidan turib ketdi. Ko‘z o‘ngida hammayoq erib, oqib tushayotgandek. G‘oyibdan ovoz keldi: “Men ratalarlik Tilleman! Mag‘rur Tille! Qonli mozor tepaligi va o‘lim do‘mbirasining Tillesi! Ratalarlik Tille! Odamlar qotili!” Keyin boshqa ovoz ulab ketdi: “Men vendillolik Iorrman! Donishmand Iorr! G‘ayridinlarni qiruvchi!”
“Biz jangchilarmiz, – kuyladi xor. – Biz po‘lat, biz jangchi, biz oqib turgan qirmizi qon, to‘kilayotgan alvon qon, Quyoshda tutayotgan qora qon.”
Leonard Seyl, ustiga og‘ir yuk ortilgandek gandiraklab ketdi.
“Yo‘qollaring! – baqirdi u. – O‘z holimga qo‘ylaring, Xudo haqqi, o‘z holimga!”
– Iiiiiiii, – temirni temirga ishqalagandek, chiyillab so‘ndi ovoz.
Jimjitlik.
U qaro terga botib, qattiq bezgak tutganidan oyog‘ida zo‘rg‘a turardi. “Jinni bo‘lib qoldim, – deb o‘yladi. Muqarrar esim og‘ib qoldi. Birdaniga telba bo‘lib qoldim.”
U oziq-ovqat solingan qopchani yirtib, kimyoviy paketni chiqardi. Bir daqiqadan so‘ng issiq kofe tayyor bo‘ldi. Entikib-entikib xo‘pladi. A’zoyi-badanida qaltiroq turdi, og‘zini kappa-kappa ochib, havo yutindi.
Mundo-oq, aqlni peshlab ko‘raylik-chi, dedi u o‘ziga, kofe og‘zini kuydirgandan keyin yerga og‘ir o‘tirarkan. Mening ajdodimda, keyingi ikki yuz yil ichida hech kim aqldan ozmagan. Hamma soppa-sog‘, aqli-hushi joyida vazmin odam bo‘lgan, demak, o‘zimni jinni bo‘lib qoldim, deyishga hech qanday asos yo‘q. Esankiradimmi? Esankiraganim yo‘q! Meni olti kundan keyin qutqarib olishadi. Xavf-xatar bo‘lmagandan keyin, zarbadan lat yeyish haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Nimadan esankirarkanman?! Oddiy asteroid. Yiqilgan joyim ham oddiy, aqldan ozishga hech qanday sabab yo‘q. Men sog‘man!
– Iii? – dedi uning ko‘kragi ichida ingichka, g‘iychillagan ovoz. Aks sado. So‘nib boruvchi aks sado.
– Ha! – baqirdi u mushtini mushtiga urib. – Men sog‘man!
– Xa-xa-xa-xa-a-a, – qayerdadir pasaydi kulgi.
U shartta o‘girildi, “O‘chir ovozingni!” – deb bo‘kirdi.
– Biz hech narsa demadik, – deyishdi tog‘lar.
– Biz gapirmadik, – dedi osmon.
– Biz indamay turibmiz, – deyishdi raketa parchalari.
– Ha, ha, bo‘pti, – dedi u ishonqiramay. – Tushunib turibman, siz emas.
Tevarakda hamma narsa odatiy tarzda kechayapti. Toshlar asta-sekin qiziyapti, osmon esa keng va ko‘mko‘k. U barmoqlariga qarab, qop-qora tuklarining har birida quyosh qizdirib, jimillaganini ko‘rdi. Chang bosgan boshmoqlariga qaradiyu, hayoliga to‘satdan kelgan fikrdan quvonib ketdi. Men uxlamayman, dedi u o‘ziga. Bosinqiraganimdan keyin nima qilaman, uxlab?
Yo‘li topildi.
U kun tartibini tuzib chiqdi. Mana, hozir soat roppa-rosa to‘qqiz. Har kuni to‘qqizdan o‘n ikkigacha asteroidni o‘rganadi, keyin sariq qalam bilan hamma ko‘rgan-bilganlarini yondaftariga yozadi. So‘ngra bir banka sardinni ochib, qalin sariyog‘ surtilgan  non bilan yeb oladi. O‘n ikki yarimdan boshlab to‘rtgacha “Urush va tinchlik”dan to‘qqiztadan bob o‘qiydi. U kitobni raketa parchalari orasidan topib, ko‘zga ko‘rinarli joyga qo‘ydi. Unda Tomas Eliotning she’rlar kitobi ham bor. Bu juda ajoyib! Kechki ovqat – besh yarimda, oltidan to o‘ngacha Yerdan beriladigan radioeshittirishlarni: qiziqchilarning xunukdan xunuk hazillariyu, tovushi sovuq ashulachining xonishini, so‘nggi axborotni tinglaydi. Yarim kechada esa, Birlashgan millatlarning gimni bilan eshittirishlar tugaydi.
Keyin-chi? Uning ruhi tushib ketdi.
– Tong otguncha qarta o‘ynab chiqaman, – o‘yladi o‘zicha. – O‘tirvoli-ib, qora kofe ichib, tong otguncha g‘irrom qilmay o‘ynayman.
– Xo-xo, – dedi o‘zicha.
– Nima deding? – so‘radi o‘zi o‘zidan.
– Men “Xo-xo” dedim, – javob qildi o‘zi.
– Ertami-kechmi bari bir, uxlab qolasan, – dedi o‘zi.
– Bir ko‘zimniyam yummayman!
– Yolg‘onchi! – gap qaytardi u, o‘zi bilan o‘zi gaplashganidan zavqlanib.
– Tilyog‘lamasan, – e’tiroz qildi o‘ziga.
– Men hech narsadan qo‘rqmayman! Tundan ham, uyqudan ham!
– Juda qiziq-ku, – kesatdi o‘zi.
U o‘zini yomon seza boshladi. Uyqusi keldi. Uxlab qolishdan qanchalik qo‘rqsa, shunchalik yotgisi, g‘ujanak bo‘lvolib, ko‘zlarini yumgisi kelaverdi.
– Hamma qulayliklar bilan-a? – kesatdi uning tili zahar “suhbatdoshi”.
– Mana, ko‘rasan, hozir o‘ynab yurib, qoyalarni, geologik belgilarni tomosha qilaman, tirik yurish qanchalik yaxshiligi haqida o‘ylayman, – dedi o‘zi.
– O, xudoyim-ey! – chinqirdi “suhbatdoshi” – Uilyam Saroyan bo‘b ket-e!… Bor, shundayoq bo‘lsin, bir kun bo‘lar, bir kecha bo‘lar, undan keyingi tunda nima bo‘ladi? Yana undan keyin-chi? Shu-uncha vaqt, ketma-ket olti tunni bedor o‘tkaza olasanmi? Qutqaruvchi kema kelgunicha-ya? Sabring chidaydimi, kuching yetadimi?
Hech qanday javob bo‘lmadi.
– Nimadan qo‘rqayapsan?
– Bilmayman. Tovushlar, ovozlar… nimaligini bilmayman.
– Ularning senga hech qanaqa ziyoni tegmaydi, shunday emasmi?
– Tegishi mumkin. Baribir ular bilan to‘qnashishga to‘g‘ri keladi…
– Bunga zarurat bormikin? O‘zingni qo‘lga ol, qariya! Tishingni tishingga qo‘y. Shunda u alvastilar qochib ketishadi.
U qattiq yerda o‘tirar, o‘zini yig‘lamoqdan beri his qilmoqda edi. Xuddi umri tugab, yangi, hali notanish bir dunyoga kirib borayotgandek. Bu, goho odamni aldab qo‘yadigan mana shunaqa iliq, quyoshli kunda sodir bo‘layapti-ya!
– Baliq tutib yoki gul terib, sevganingni quchib yoki boshqa bir mashg‘ulot bilan dilxushlik qiladigan shunday ajoyib kunda seni nima kutayapti?
– O‘lim!
– Yo‘g‘-e.
– O‘lim! – qattiq turdi u so‘zida.
U fikrlari chalkashganidan charchab, ko‘zlarini yumib, yotib qoldi. Yaxshi, o‘yladi o‘zicha, agar sen o‘lim bo‘lsang, kela qol, meni ol. Bir ko‘rib qo‘yay-chi, bu nima lo‘ttivozlik ekan.
Shunda unga o‘lim yaqinlashdi.
– Eeeeeeee, – dedi ovoz.
– Buni eshitdim, – dedi Leonard Seyl. – Yana nima gaping bor?
– Aaaaaaax, – cho‘zildi ovoz.
– Bu ham yangilik emas, – javob qaytardi Leonard Seyl asabiylashib. Uning a’zoyi-badani muzlab, afti-basharasi qo‘rqinchli burishib ketdi.
– Men ratalarlik Tilleman, odamlar qotili!
– Men vendillolik Iorrman, g‘ayridinlarni qiruvchi!
– Bu qanday sayyora bo‘ldi, o‘zi? – so‘radi Leonard Seyl, dahshatni yengishga harakat qilib.
– Qachonlardir u qudratli edi, – javob berdi ratalarlik Tille.
– Qachonlardir jang maydoni, – qo‘shildi vendillolik Iorr.
– Endi bo‘lsa, o‘lik, – davom etdi Tille.
– Endi, sukunat, – dedi Iorr.
– Biroq, mana, sen kelding, – dedi Tille.
– Bizga yana hayot bergani, – qo‘shildi Iorr.
– Sizlar o‘lib ketgansiz, – e’tiroz qildi jon talvasasida tipirchilayotgan Leonard Seyl. – Sizlar hech nima, shunchaki… shamol.
– Bizlar sen tufayli yashaymiz. Va sen tufayli jang qilamiz.
– Mana, gap qayoqda ekan, – o‘yladi Leonard Seyl. – Men jang maydoni bo‘lishim kerak, shundaymi? Sizlar do‘stmisizlar?
– Dushman! – baqirdi Iorr.
– Ashaddiy dushman! – qichqirdi Tille.
Leonard jon azobida jilmaydi, ahvoli chatoqlashdi, “Qancha vaqt kutdinglar?” – dedi qiynalib.
– Vaqt, o‘zi, qancha cho‘ziladi?
– O‘n ming yilmi?
– Ehtimol.
– O‘n million yilmi?
– Balki. Sizlar kim? – dedi Leonard. – Fikrmi, ruhmi, sharpami?
– Hammasi! Undan ham ko‘proq!
– Aqlmi?
– Xuddi shunday!
– Qanday qilib yashab qoldinglar?
– Eeeeeeee, – kuylab yubordi xor uzoq-uzoqda.
– Aaaaaaax, – kuyladi boshqa lashkar jangni kutib.
– Qachonlardir bu sayyora mahsuldor, boy zamin bo‘lgan. Unda ikki xalq, ikki buyuk millat yashagan. Ularning teppasida ikkita qudratli odam turardi: men – Iorr va ana u – o‘zini Tille, deb tanishtirgan. Sayyoramiz inqirozga uchradi, yo‘qlikka yuz tutdi. Xalqlar va lashkarlar besh ming yilga cho‘zilgan urush tufayli holdan toydi. Biz uzoq yashadik, uzoq sevdik, sevildik, rosa yeb-ichdik, uxladik, juda ko‘p janglar qildik. Sayyoramiz o‘lgandan so‘ng jismimiz qurishib, qoq bo‘lib ketdi, faqat birmuncha vaqt o‘tgandan keyingina fan tirik qolishimizga yordam berdi.
– Tirik qolishga? – hayron bo‘ldi Leonard Seyl. – Jismingizdan hech narsa qolmagan-ku!
– Aqlimiz bor, ahmoq, aqlimiz! Aql bo‘lmasa, tan nimaga kerak?
– Tansiz aql nima qilib berardi? – kulib yubordi Leonard Seyl. – Bu yerdan sizlarni men topdim, to‘g‘rimi? Men topdim!
– Shunday! – dedi keskin ovoz. – Tan yoki aqlning yolg‘iz o‘zi bilan hech nima qilib bo‘lmaydi. Ammo, o‘lmay qolish – bu, tirik qolish demakdir, mayli ongsiz bo‘lsa ham. Fan yordamida, mo‘jiza bilan xalqlarimiz tirik qoldi.
– Aqlning o‘zi xolos – his-tuyg‘usiz, ko‘zi, qulog‘i yo‘q, hech narsani sezmaydigan, bilmaydigan.
– Ha, hech narsasi yo‘q! Biz uzoq vaqt, shu kunga qadar yo‘qlik edik.
– Endi, men paydo bo‘ldim, – o‘yladi Leonard Seyl.
– Sen, – dedi ovoz, – bizning aqlimizga jismoniy qobiq bo‘lgani kelding. Bizning orzu qilganimiz ana shunaqa tan edi.
– Axir, men atigi bittaman-ku! – dilidan o‘tkazdi Seyl.
– Shunday bo‘lsa ham bizga keraksan.
– Men – erkin shaxsman! Sizlarning xatti-harakatlaringizdan nafratlanaman!
– Bizning bostirib kirishimizdan achchiqlanayapti. Eshitdingmi, Iorr? U g‘azablanayapti.
– Go‘yo g‘azablanishga haqqi bordek!
– Ehtiyot bo‘linglar, – ogohlantirdi Seyl, – ko‘zimni ochib yuborsam, yo‘q bo‘lib qolasizlar, sharpalar! Uyg‘onib kulingizni ko‘kka sovuraman!
– Bari bir, ertami-kechmi uxlashing kerak! – qichqirdi Iorr. – O‘shanda biz mana shu joyda, tepangda kutib turgan bo‘lamiz. Kutamiz! Seni kutamiz!
– Sizlarga nima kerak?
– Tan. Jism. Hissiyot.
– Axir, bir o‘zim qaysi biringlarga tatiyman?
– Biz, bir-birimiz bilan kurashamiz!
Qizdirilgan ombur chekkasini qisgandek bo‘ldi, nazarida, ikkala miya yarimsharlari orasiga mix qoqib tashlashdi. Endi, hamma narsa butun dahshati bilan oydinlashdi. Qo‘rqinchli, dabdabali. Jismi ular uchun borliq dunyo. Uning hayolot dunyosi, miyasi, bosh suyagi ikki lagerga bo‘lingan, biri – Iorrniki, ikkinchisi – Tilleniki. Ular bundan foydalanishadi.
Loladek qizargan osmon – miya gumbazi ichida bayroqlar hilpirab ketdi, bronza qalqonlarda quyosh yaraqladi. Turqi sovuq vahshiylar g‘imirlab, karnay, qilich-qalqonlar to‘lqini aro yugurib ketishdi.
– Eeeeeeee!
– Aaaaaaax!
– Mmmmmmmm…
Kichkinagina, ko‘z ilg‘amas maydonchada o‘n ming odam to‘qnashdi. O‘n ming odam ko‘z soqqasining yaltiroq ichki sirtida yugurib ketdi.
O‘n ming nayza uning bosh suyakalari orasida chivilladi. Yasatilgan o‘n ming zambarakdan o‘q otildi. O‘n ming ovoz uning quloqlarida g‘uvilladi. Endi uning tanasi har yonga tortqilanib, burdalanib tashlanayotgandek titrar va dumalar, chinqirar va buralib-buralib to‘lg‘onardi, bosh suyagi esa portlab, parcha-parcha bo‘lib ketayotgandek. G‘o‘ng‘illagan, qichqirgan, o‘kirgan ovozlar boshi ichida biri-biriga qo‘shilib ketdi. Qo‘shin ketidan qo‘shin uning aqli uzra, bosh suyagining qit’alari aro, vena tomirlarining jarlarida, arteriyalarining do‘ngliklarida qadam tashlardi, hazinlik daryolarida suzardi, bir-biriga urilgan qilichlar quyoshda yaraqlardi. Leonard Seylga muhtoj bo‘lgan va undan foydalanayotgan ellik ming iroda bir-biriga chirmashdi, biri ikkinchisini chopib tashlashga oshiqdi: gumburlash, jarang-jurung, qon, aqldan ozish, dahshatli to‘qnashuv.
U o‘kirganicha, o‘rnidan turib, yalanglik tomon yugurib ketdi. O‘zini to‘xtatolmay yugurdi. Keyin o‘tirdiyu ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Ko‘kragida og‘riq paydo bo‘lgunicha yig‘ladi. Ovunolmasdan uzoq yig‘ladi. Ko‘z yoshlari yuzlaridan oqib, titrab-qaqshab qolgan, holsiz qo‘llariga tomdi.
– Ey, Xudoyim, ey, xudoyim, o‘zing madad ber, – deb takrorlardi u.
Tevarak atrof yana odatdagi ahvolga qaytdi.
Kun ikkinchi yarmiga o‘tgan, soat to‘rtlar, quyosh qoyalarni qizdiradi. Biroz vaqtdan so‘ng, u qulupnay qiyomi aralashtirib, churrak non tayyorladi. Keyin hech narsani o‘ylamaslikka tirishganidan, qo‘liga tekkan qiyom yuqini, beixtiyor, ko‘ylagiga surkadi. Jilla qursa, endi atrofimda kimlar borligini bilaman-ku, o‘yladi o‘zicha.
 Ey, Xudoyim, bu qanday dunyo bo‘ldi! Bir qarashda beozor ko‘rinadiyu, aslida esa, naq jahannamning o‘zi! Yaxshiyamki, mengacha bu yerda hech kim bo‘lmapti. Balki, kimlardir bo‘lgandur? – U boshi zing‘illab og‘riganidan chayqab qo‘ydi. – Kim bo‘lsa ham, mendan oldin bu yerda falokatga uchragan odamlarga rahmim keladi. Haqiqatdan ham yiqilgan bo‘lsa!… Issiq quyosh, baquvvat qoyalar, yomonlikdan hech qanday darak yo‘q. Go‘zal dunyo! Ko‘zingni yumib, unutguningga qadar. Keyin-chi? Keyin qaro tun, ovozlar, aqldan ozish, unsiz qadamlar bilav tepangga keladigan o‘lim. Nima bo‘lgandayam, hozir ahvolim yaxshi, – dedi u mag‘rurona. – Mana, ko‘r! – deb qo‘llarini oldinga cho‘zdi. Yuksak irodaga bo‘ysungan qo‘llar endi titramayapgan edi. – Kim bu yerda hokimligini men senga ko‘rsatib qo‘yaman! – deb, u gunohsiz osmonga do‘q qildi. – Bu men! – Va, ko‘kragiga musht urib qo‘ydi.
Fikr shuncha uzoq yashashi mumkinligidan hayron qolasan, kishi! Sayyoraning bir qarashda beozor, aslida esa, zaharli havosida o‘lim, fitna orzulari bilan yashagan fikrlar, ehtimol, million yillardan buyon biror tirik zotni kutib yotgan, “Qani endi, bu tan uning yovuz niyatlarini amalga oshirishda jismonan xizmat qilsa!”
Hozir u o‘zini yaxshi his qilayotganida bu gaplarning bari kulgili tuyuladi. Olti sutka uyqusiz turib bersam bo‘ldi, deb o‘ylardi o‘zicha. O‘shanda bular meni qiynay olmaydi. Men uyg‘oqmanmi, demak men ho‘jayinman! Aqldan ozgan lashkarboshilaru na’ra tortgan tentaklar galasi, qilich-qalqon ko‘targanlar, hammasidan o‘zim kuchliman!
Biroq, chiday olarmikinman? – gumonsiradi u. – Olti kecha-ya! Uxlamasdan yurib chiqish! Yo‘q, uxlamayman! Kofe bor, dorilar, kitoblar, qartalar bor. Ammo, men hozirning o‘zidayoq charchaganman, juda charchaganman. Chiday olarmikinman?
Bo‘lmasa-chi? Unda, to‘pponcham doim tayyor. Qiziq, bu ahmoq shahanshohlar chiqib oladigan sahnga qarab o‘q otsam nima bo‘larkin? O‘sha ularning butun dunyosi bo‘lgan sahnga! Yo‘q! Sen, Leonard Seyl, juda kichkina sahnsan, ular esa, sendan ham mayda aktyorlar.
Orqavarotdan o‘q otsa, dekoratsiyalar, parda, tomosha zallarini buzib tashlasa, nima bo‘larkin? Sahnani, unga chiqib olgan anavi maxluqlarni, yo‘lda uchraganlarni, hammasini yo‘q qilish kerak!
Oldin Marsoportga yana bir xabar berganim yaxshi. Qutqaruv kemasini oldinroq yuborishning iloji bo‘lsa, balki chidab turarman. Har holda, ularni, ko‘rinishidan beozor, aslida esa dahshat va vahshiy safsatalar makoni bo‘lgan bu sayyora to‘g‘risida ogohlantirib qo‘yish kerak.
U bir muncha vaqt tishlarini g‘ijirlatib, apparat kalitini tiqillatib turdi. Radio miq etmadi. Yordam so‘rab, xabar yuborishga yubordi, javobini ham oldi, endi bo‘lsa, bu apparatning tovushi chiqmayapti.
“Kunim masxaraga qoldi-ku, – o‘yladi u. – Reja tuzishdan boshqa iloj yo‘q, shekilli?”
Shunday qildi ham. Qo‘liga sariq qalamini olib, olti kunga haloskorlik rejasini tuzdi. “Shu kecha, – deb yozdi u, – “Urush va tinchlik”dan yana olti bob o‘qib chiqish. Tongda, soat to‘rtda achchiq qora kofe ichish. O‘n besh minutdan keyin qarta bilan o‘n partiya o‘yin. Shu bilan vaqt olti yarimga borib qoladi, u yog‘iga yana qora kofe. Soat yettida Yerdan beriladigan tonggi eshittirishlarni tinglash… apparat ishlasa. Ishlarmikin?”
U apparatni yana bir bor tekshirib ko‘rdi. Yana jimlik.
“Xo‘p, – yozishda davom etdi u, – yettidan sakkizgacha bilgan hamma qo‘shiqlarimni aytib, o‘zimni o‘zim ovutish. Sakkizdan to‘qqizgacha Elen King haqida o‘ylash. Elenni eslash. Yo‘q, Elen haqida hoziroq o‘ylash kerak.”
Shu joyga kelganda, so‘zlarning tagiga chizib qo‘ydi.
Keyingi kunlarni minutma-minut yozib chiqdi. Dori-darmonlar xaltasini ko‘zdan kechirib, uyquni qochiradiganlaridan topdi. Olti kun, soat oralatib ichsa ham yetadi. Endi, o‘ziga ishonch hosil qildi. “Salomatligingiz uchun Iorr, Tille!” U tugmacha doridan bittasini tili ustiga qo‘yib, issiq qora kofe bilan yutib yubordi.
Shunday qilib, rejadagi ishlar ketma-ket kelaverdi. Avval Tolstoy, keyin Balzak, romli djin, kofe, tugmacha dori, sayr. Yana Tolstoy, yana Balzak, romli djin, ketidan qarta. Birinchi kun ketidan ikkinchisi ham shunday o‘tdi, uchinchisi keldi, uni ham amallab o‘tkazdi.
To‘rtinchi kun u qoya soyasida sulayib yotarkan, xayolini nima bilandir band qilib uyg‘oq yotish uchun minggacha sanadi. Avvaliga beshtaliklar bilan, keyin o‘ntaliklar bilan qayta-qayta sanayverdi. Ko‘zlari shu qadar charchadiki, tez-tez sovuq suv bilan yuvib turmasa bo‘lmay qoldi, boshi og‘riganidan tars yorilib ketadigandek, kitob o‘qishni-ku, allaqachon yig‘ishtirib qo‘ygan. Shunchalik holdan toydiki, yurishga ham majoli kelmay qoldi. Dorilarni ichaverib, miyasi karaxt bo‘ldi. Tashqaridan ko‘rgan odam uning ochiq turgan ko‘zlarini hisobga olmasa, mumdan yasalgan haykal, deydi. Nazarida, o‘sha ochiq turgan ko‘zlari shishaga, tili zanglab ketgan nayzaning uchiga o‘xshaydi, barmoqlaridan go‘yo qalin junlar o‘sib chiqqanu, har biri ignaga aylanib qolgan.
U soat millariga qaradi. Ana, bir sekund kamaydi, o‘yladi o‘zicha. Ikki sekund, uch sekund, to‘rt, besh, o‘n, o‘ttiz sekund, bir minut.
Endi, kutish butun bir soatga kamaydi. O, kema, manzilga tezroq kela qol!
U sekingina, ojiz kulib qo‘ydi.
Shu onda hamma narsaga qo‘l siltab, uxlab qolsa nima bo‘larkin? Uxlash, uxlash, balki orzu qilish. Butun dunyo – bir sahn. Tengsiz kurashni boy berib, yengilsa nima bo‘ladi?
– Iiiiiiii! – temirnning g‘iychillagan, quloqlarni teshib yuborgudek dahshatli ovozi.
U seskanib ketdi, qurib-qaqshab qolgan og‘zida tilini qimirlatib qo‘ydi.
Iorr bilan Tille yana azaliy nizolarini boshlashadi, Leonard Seyl esa, aqldan ozadi. Yengib chiqqan tomon jinni bo‘lib qaltirayotgan, xaxolab kulayotgan mana shu, yovvoyi tananing qoldig‘iga ega bo‘ladi. Uni, balki o‘n yil, balki yigirma yil butun sayyora bo‘ylab sargardon qiladi, o‘zi esa, uning ichiga bemalol joylashib olib, hukm chiqaraveradi, mahobatli bir imo bilan qatlga jo‘nataveradi, keyin, ko‘zga ko‘rinmas raqqosalarning ruhi bilan bazm quradi. Leonard Seylning o‘zini, undan nima qoladigan bo‘lsa, qayoqdagi bir maxfiy g‘orga oborib tashlaydi. G‘orda u qurtlar va qirg‘in urug‘lari bijg‘ib yotgan, qadimiy yovvoyi fikrlar bilan to‘la yigirma yilni o‘tkazadi. Qutqaruv kemasi kelib uni topolmaydi. Seylni, uning miyasiga joylashib olgan g‘olib lashkar qayergadir, biror qoyaning yorig‘iga berkitib qo‘yadi. O‘shanda u makon bo‘lib qoladi va qandaydir Iorr yoki Tille uning ichida o‘tirib, o‘zining jirkanch rejalarini amalga oshirishni o‘ylaydi.
Bu fikrlar uni tamom qilayozdi.
Yigirma yil aqldan ozib yurish, yigirma yil azob-uqubat, o‘zing istamagan ishni qilish. Shuncha yil urush bo‘roni, ko‘ngil ozishi, qaltirash…
Uning boshi tizzasiga tushib ketdi, qovoqlari g‘irchillagandek ochildiyu, yumshoqqina yopildi, holdan toygan quloq pardalari bemador gupilladi.
– Uxla, uxla, uxla, – qo‘shig‘ini boshladi uzoq-uzoqdagi ovozlar.
– Sizlarga… sizlarga taklifim bor, – o‘yladi Leonard Seyl. – Hoy, Iorr, sen ham – Tille, eshitinglar! Iorr, Tille, ikkoving! Iorr, sen meni dushanba, chorshanba, juma kunlari egallaysan. Tille, sen esa, – shanba, yakshanba, seshanba kunlari. Payshanba – menga dam olish kuni. Bo‘ptimi?
– Eeeeeeee, – kuyladi dengiz to‘lqinlari uning miyasi ichida.
– Oooooooh, – muloyim xonish qildi uzoqdagi ovozlar.
– Nima dedinglar? Kelishdikmi Iorr, Tille?
– Yo‘q! – dedi bir ovoz.
– Yo‘q! – dedi boshqasi.
– Ochko‘zlar! Ikkoving ochko‘z! – baqirdi Seyl yig‘lamoqdan beri bo‘lib. – Qirg‘in kelsin, senlarga!
U Iorr bo‘ldi. Qo‘llarida qimmatbaho uzuklar yaraqladi. Raketa yoniga kelib, bir qo‘lini oldinga cho‘zgancha, ko‘zi so‘qir lashkarga yo‘l qo‘rsatdi. Ha, u Iorr edi, qimmatbaho toshlar bilan bezangan o‘sha qadimiy lashkarboshi!
Yana, u Tille ham edi, ayollar arzandasi, itlar qotili!
Uning qo‘li, beixtiyor, beliga osig‘liq to‘pponcha qiniga bordi. Uyqudagi qo‘l to‘pponchani chiqardi, tepaga ko‘tarildi, to‘pponcha nishonni mo‘ljalga oldi.
Tille va Iorrning armiyalari jangga kirdi.
To‘pponcha otdi.
O‘q Seylning peshonasini yalab o‘tib, uyg‘otib yubordi. U qurshovdan chiqdi. Keyingi olti soat davomida uxlamadi. Buning foydasi yo‘qligiga u endi ishonch hosil qildi. Yarasini yuvib, bog‘ladi. Mo‘ljal xato ketganiga achindi, azoblardan qutulgan bo‘lardi. Osmonga qarab qo‘ydi. Yana ikki kun! Ikki kun-a! Tezroq kela qolsang-chi, kema!
Uyqusizlikdan u garang bo‘lib qoldi. Foydasi yo‘q. Endi u aniq alahlayotgan edi. To‘pponchani qo‘liga oldi, qo‘ydi, yana oldi, chekkasiga tiradi, tepkini bosmoqchi bo‘ldiyu, o‘ylab qoldi va osmonga bir qarab qo‘ydi.
Kech kirdi. O‘qimoqchi bo‘lib, qo‘liga kitob oldi-yu, shu zahoti uloqtirib tashladi, yirtib-yirtib, yoqib yubordi. Nima bilandir shug‘ullanish kerak-da!
“Charchadim… Bir soatdan keyin…, – deb o‘ziga o‘zi ahd qildi. – Hech narsa bo‘lmasa, o‘zimni o‘zim o‘ldiraman. Albatta. Bu gal qaltiramayman.”
To‘pponchani tayyor qilib, yoniga qo‘ydi. O‘lgudek qiynalgan bo‘lsa ham, xotirjam bo‘lib qoldi. Shu bilan qutuladi.
Osmonda alanga ko‘rindi!
Bu shunchalik kutilmaganda bo‘ldiki, u hatto yig‘lab yubordi.
“Raketa! – baqirdi u o‘rnidan turarkan, – Raketa!” – Ko‘zlarini ishqalab, raketa ko‘ringan tomonga qarab yugurib ketdi.
Alanga borgan sari yaqinlashib, kattalashib, pastga tushaverdi.
U oldinga munkayib ketarkan, to‘pponchasini, cho‘ntaklaridagi narsalarni uloqtirib, jon holatda qo‘llarini silkitardi.
“Ko‘rdilaringmi, Iorr, Tille! Yovvoyilar, vahshiylar, men sizlarga bardosh berdim! Men yengdim!”
U qoyalarga, osmonga, o‘z qo‘llariga bir-bir qarab chiqib, zaharxanda kulib qo‘ydi.
Raketa qo‘ndi. Leonard Seyl, qachon eshik ochilar ekan, deb chayqalgancha turib qoldi.
– Alvido Iorr, alvido Tille! – Tantanavor qichqirdi u, ko‘zlari yonib iljayarkan.
– Eeeeeeee, – uzoqlarga yoyilib, tinib qoldi o‘kirik.
– Aaaaaaah, – deganicha ovozlar o‘chib qoldi.
Raketa shlyuzi ochilib, ikki kishi sakrab tushdi.
– Seyl sizmi? – dedi ulardan biri. – Biz ASDN kompaniyasining o‘n uchinchi korablidanmiz. Siz yuborgan SOS signalini eshitib, yordamga oshiqdik. Marsoportdan esa, kema indinga keladi. Biroz dam olsak, degan niyatimiz ham bor. Tunab qolishga bop joylar ekan, keyin sizni olib, uchib ketamiz.
– Yo‘q! – dedi Seyl, afti dahshatli bujmayib. – Tunash mumkin emas!
U boshqa bir so‘z ham aytolmasdan, shilq etib yiqildi.
– Tez! – kelganlardan birining tovushi tumanli quyun ichidan qulog‘iga chalindi. – Ozgina suyuq ozuqa bilan uyqu dori ber. Unga ovqat va dori kerak.
– Dam olish kerakmas! – baqirdi Seyl jonholatda.
– Alahlayapti, – shivirladi kelganlardan biri.
– Uxlash mumkinma-as! – dodladi Seyl.
– Sekin, sekin, hozir, – dedi tepasidagi odam muloyim.
Seylning qo‘liga igna sanchildi. U oyoq-qo‘llarini tipirchilatdi.
– Uxlash kerakmas! Ketayli-ik! – dahshatli qichqirdi u. – Ketayli-ik!
– Alahlayapti, – dedi kelgan odam. – Qattiq zarb bilan yiqilgan.
– Uyqu dori kerakmaaaaas! – cho‘zi-ib qichqirdi Seyl. Dori uning badaniga tarqab ulgurgan edi.
“Eeeeeeee”, – qo‘shig‘ini boshladi qadimiy shamollar.
“Aaaaaaaah”, – kuyladi dengizlar.
– Uyqu dori kerakmaaa-as, mumkinmas uxlash… iltimos, kerakma-as, kerakmas! – baqirdi Seyl o‘rnidan turishga intilib. – Sizlar… bil… maysizlar…
– Xotirjam bo‘l, qariya, sen xavf-xatardan xolisan, tinchlan.
Leonard Seyl uxlab qoldi. Ikki kishi tepasida qarab turishardi, qarashgani sari Seylning yuzi o‘zgarmoqda. U uyqusida ingradi, yig‘ladi, bo‘kirdi, yuzi esa beto‘xtov o‘zgarayapti. Bu yuz – donishmand, gunohkor, yovuz ruh, ajdaho, zulmat, nur, bir kishi, ming kishi, lashkar, bo‘shliq… hamma hammasi!
U uyqusida tirishdi.
– Eeeeeeee! – o‘kirib yubordi, birdaniga og‘zini ochib, keyin – Iiiiiiii! – deb chiyilladi.
– Unga nima bo‘lgan? – dedi “haloskorlar”dan biri.
– Bilmasam. Uyqu doridan yana ozgina yuboraymi?
– Ha, yana bir ulush. Asabi chatoqlashgan. Ko‘p uxlashi kerak.
Ular Seylning qo‘liga yana igna sanchishdi. Seyl ingrab, og‘zi ko‘pirib, tipirchiladi va… birdaniga, o‘lib qoldi.
Tepasidagi ikki kishi nima qilishini bilmay, turib qoldi.
– Dahshat! – dedi biri. – Buni nima deb tushunish kerak?
– Qattiq zarb yegan. Bechora. Chatoq bo‘ldi. – Ular Seylning yuzini yopib qo‘yishdi. – Shunaqa yuzni umringda ko‘rganmisan?
– Mutlaqo telba!
– Yolg‘izlik, zarba…
– Ha. Tavba, bu qanday nigoh? Hech kimga ko‘rgulik qilmasin.
– Falokatni qara, bizni kutgan, yetib keldik, bari bir, o‘ldi-qoldi.
Ular atrofni qarab chiqishdi.
– Nima qilamiz? Tunaymizmi?
– Ha, faqat, kemadan tashqarida.
– Albatta. Avval uni ko‘mamiz.
– Bo‘lmasam-chi!
– Keyin ochiq havoda uxlayveramiz. Bo‘ptimi? Manavi la’nati kemada ikki hafta uchaverib, ochiq havoda uxlashni sog‘inib qoldim.
– Kel, bunday qilaylik: men unga mos joy qidiraman, sen esa, ovqat tayyorlaysan. Kelishdikmi?
– Kelishdik.
– Bugun miriqib uxlaylik.
– Mazza qilamiz!
Ular go‘r qazishdi, janoza o‘qishdi. Keyin indamasdan qora kofe ichishdi. Sayyoraning toza havosidan to‘yib-to‘yib nafas olishdi, ajoyib osmonda charaqlab turgan go‘zal yulduzlarni tomosha qilishdi, “Qanday tun-a!” deyishdi yotishga tayyorlanib.
– Yaxshi tushlar ko‘rib chiq, – dedi biri yonboshlar ekan.
– Sen ham, – dedi ikkinchisi.
Ular uxlab qolishdi.
___________________
*Armageddon – xristian rivoyatlariga ko‘ra, butun Yer yuzi podshohlarining qiyomat-qoim jangi sodir bo‘ladigan joy. Shimoliy Falastindagi tog‘ning yahudiycha nomini eslatadi. U yerlarda juda qadim zamonlarda ham katta urushlar bo‘lgan ekan. Xristian-yahudocha izohlarga qaraganda, “Isroil tog‘lari” degan ibora ham ana shu tog‘ bilan bog‘liq. Xristianlarning nazarida, dajjol Goganing qo‘shinlari Armageddon tog‘i yaqinida yakson qilinadi.

“Sharq yulduzi”, 1998 yil, iyun.
 Ruschadan Qudrat Do‘stmuhammad tarjimasi