Ohudek kelishgan ayol zinadan shoshib tushdi, atrofida o‘tlar o‘sib yotgan yo‘lkada to‘xtab ro‘molini bog‘ladi va o‘zini jiddiy qiyofaga soldi. Uning besh daqiqa ilgarigi quvnoqligidan asar ham qolmagan edi.
Bino ayvonida klub mudiri Vano Abakelia ko‘rindi va uni chaqirdi:
– Fotima, bir daqiqaga qaragin. Ayol xuddi jinoyat ustida qo‘lga tushgandek qotib qoldi. Bir muddat bezovta bo‘lib hushyor tortgan ohudek jim turib qoldi. Keyin orqasiga qarab yura boshladi, lekin zinadan ko‘tarilmadi.
Pastda turib hazin ovoz bilan so‘radi:
– Nima, Vano?
– So‘rash esimdan chiqibdi, bu haqda ering biladimi?
– Biladi.
– Nima deyapti?
– Nima deyishi kerak?
– Xudo haqqi, meni noqulay ahvolga solib qo‘yma! Uning qanaqa rashkchi, qiziqqon ekanligini o‘zing yaxshi bilasan-ku. Shaliko Vatsadzeni hamma biladi.
– Nima, undan qo‘rqasanmi?
– Gap qo‘rqishdamas, – dedi klub mudiri ovoziga jiddiy tus berib. – Asossiz shubhalanib, xafa bo‘lmasin deyapmanda. Aytaylik, mening rafiqamni kontsertda chiqishi, masalan, menga yoqmasligi mumkin, o‘zing bilasan, har kimning o‘z ta’bi bor.
– Bundan xavotir olma. Boshida u qarshilik ko‘rsatdi. Ko‘zining paxtasini chiqarib baqirdi. Men ham o‘z so‘zimda turib oldim, keyin biroz yon bosdi.
– Demak, ertaga sakkizda. Kelishganimizdek.
– Xo‘p.
– Bolalaringni kim bilan qoldirasan?
Klub mudirining so‘zlaridan ezmalik yoki gapni ataylab cho‘zish xohishi bilinib turardi. Bo‘lmasa Fotima Vatsadzening bolalariga kim qarashining unga nima aloqasi bor.
– Qaynonam olib qoladi. Mayli, bir marotaba bo‘lsa ham nabiralari bilan o‘tirib tursin. Men to‘qqiz yil uydan ko‘chaga chiqmadim.
– Kichkina necha yoshda?
– Hali yoshiga to‘lgani yo‘q.
– Buni qara-ya, hali kichkina ekan, – klub mudiri jiddiy tortdi.
– Soat yettida emizib uxlataman. Kattalari to‘polon qilib uyg‘otib yuborishmasa bo‘ldi.
– Hali emizasanmi?
– Bo‘lmasa-chi, kattalarini uch yoshgacha ajratolmaganman. Umuman tinkamni quritib tashlashardi. Qaynonamning gapiga qaraganda ularning nasli shunaqa emish.
– Xo‘p, mayli, ertagacha. – Vano Abakelia eshikka yo‘naldi.
– Xayr.
– Rostini aytsam, Shalikoning ruxsat berganiga ham unchalik ishonmayapman.
– Nimalar deyapsan! Axir uning ruxsatisiz kontsertda chiqishga botina olarmidim.
Vano Abakelia yana birpas turib qoldi.
– Mana, sen bolalarimni qaynonamda qoldiraman, deyapsan, nima u kontsertga kelishni xohlamaydimi?
– Ey Xudoyimey, gapingni qara. Qaynotam vafot etganiga yigirma yil bo‘libdiki, haligacha motam kiyimini yechmagan. Faqat qora kiyinib yuradi.
– Demak, kelishdik, ertagacha!
Fotima Vatsadze klub mudirining shunchaki bekorchilikdan ezmalanib vaysaganini tushundi. U ko‘chaga chiqib, tekis yo‘lka bo‘ylab mag‘rur, ozgina o‘ziga bino qo‘ygansimon qiyofada ketib borardi. O‘ziga qadalgan nigohlarga e’tibor bermas, kelishgan qomatini ko‘z-ko‘z qilayotgandek qadam tashlardi.
“Balki ahmoqlik qilayotgandirman, – o‘ylardi u. – Axir odamlar uyida shuncha churvaqasi turganda kontsertda chiqishga balo bormi, demaydimi. Axir to‘rtta bolani onasisan-a. Ig‘vogarlarning g‘iybatidan xudo asrasin, ishqilib. Kimdir Shalikoning jig‘iga tegib qo‘yishi mumkin. Shundoq ham qiziqqon odam. Ana unda ko‘rasan, hayoting hayot bo‘lmay qolishi mumkin”. Fotima o‘zi bilan o‘zi bu borada ko‘p bahslashib mulohaza qildi. Kontsertda chiqish taklifini ko‘p marotaba rad etmoqchi bo‘ldi. Lekin qalbining tubidagi san’atga bo‘lgan muhabbat bunga yo‘l qo‘ymadi. Bu san’atga xizmat qilish va muvaffaqiyatga erishishning jozibador istagimi yoki xudo bergan iste’dodning ichki hayqirig‘imi o‘zi ham bilmasdi. U onalik baxti bilangina emas, balki o‘zining ehtirosli qo‘shiqlari bilan qalb so‘zlarini izhor qilishni istardi…
Fotima to‘qqiz yil avval madaniyat-oqartuv bilim yurtini tamomladi. O‘sha yili turmushga chiqdi. Uning hammaga yoqadigan xudo bergan ovozi, o‘z ijro uslubi va san’atda o‘ziga xos yo‘li bor edi. Bilim yurti o‘qituvchilarining Fotimadan umidlari katta edi. U o‘zini ba’zan tushida estradaga mos uzun kiyimda “Orera” guruhining ijrochilari davrasida ko‘rardi. Murlan Mikushadze uni gitara chalishga o‘rgatdi va shaharda tantanalarga bag‘ishlab o‘tkaziladigan kechalarda chiqishlar qila boshladi.
Fotimani hamma bilardi. Uning zo‘r iste’dodi bilan birgalikda sahnada o‘zini og‘ir-vazmin tutishiga va beqiyos go‘zalligiga havas bilan qarashardi. Fotimaning to‘satdan turmushga chiqishi odamlarga kutilmagan hodisa sifatida ta’sir qildi. U haqda har xil gap-so‘zlar, g‘iybatlar ko‘payib, har kim bu holni o‘zicha talqin qilardi. Kimdir uni o‘g‘irlab ketishgan va bir joyga qamab qo‘yib hech qayoqqa chiqarishmayapti desa, boshqa birov dugonasi bir joyga aldab oborib qimorbozlarga topshirgan, degan sovuq mish-mishlarni aytardi. El og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi. Lekin bir narsa aniq edi. U odamlarning mehrini qozonib bo‘lgan, Kutaisi o‘zining noyob javohirini yo‘qotishni istamasdi. Oxiri kimdir Fotima o‘zining ixtiyori bilan Okribilik Shaliko Vatsadzega turmushga chiqibdi, san’atni tashlabdi, o‘g‘il ko‘ribdi, hozir oilasi bilan ovora emish, degan gapni topib keldi. Bu haqiqat edi. Fotima o‘zining ijodiy yo‘nalishining bunchalik tez barham topishini xayoliga ham keltirmagan edi. Uning qattiqqo‘l eri to‘ydan keyin uchinchi kuniyoq: kontsertlarsiz ham kunimiz o‘tadi, har xil filarmoniyalarni ko‘rishga ko‘zim yo‘q, uyda menga filarmoniya xonandasi emas, xotin kerak. Bu kontsertlarga bormaymiz, deganim emas. Endi sening kontserting uy, oila, bola-chaqa, gap tamom, vassalom, – dedi.
Fotima hech narsa qila olmadi. U iste’dodi havoga sovurilib ketayotganiga achinar, chin dildan qayg‘urardi. Lekin ichidagini tashiga chiqarmasdi. Ona bo‘lgandan keyin bu istaklar asta so‘na boshladi. Yillar o‘tdi. Devorda osig‘liq gitaraga e’tibor ham bermay qo‘ydi.
To‘qqiz yil to‘qqiz kunday o‘tib ketdi, Fotima Vatsadzelar oilasiga to‘rtta o‘g‘il tug‘ib berdi. To‘rtta hayot, to‘rtta quvonch. Shu o‘tgan to‘qqiz yil Fotimaning hayotidagi eng go‘zal onlar bo‘ldi. Uning uchun bir-biridan shirin, jondan aziz farzandlari xuddi kichkina farishtalardek edi. Ularning tili chiqayotgandagi birinchi so‘zlari, birinchi atak chechaklari, onasiga talpingan qo‘lchalari – bularning hammasi Fotimaga taqdirning in’omi bo‘lib, bolalari uchun hamma narsaga tayyor edi.
Mana bir necha kundirki, uni g‘alati tuyg‘ular qamrab olgan. Tinchini yo‘qotdi. Yana sahnalarda qo‘shiq aytgisi keldi, olqishlarni sog‘indi. “Agar bir umr uyda o‘tiradigan bo‘lsam iste’dodning, diplomning menga nima keragi bor” deb o‘ylardi. U qayerdadir Lolita Torresning ham to‘rtta o‘g‘li borligini, lekin u san’atni tashlamaganligini o‘qib qolgan edi. “Nega bunchalik baxtsiz bo‘lmasam, bir marotaba sahnada qo‘shiq aytsam nima qilibdi? Axir men bironta yomon ish qilmayapman-ku. Balki iste’dodimni tiriklay yerga ko‘mayotgandirman. Bunga nima haqqim bor?”
Fotima shu masalada eri bilan kelisholmay qoldi, lekin baribir ko‘ndirdi. Ertaga qishloq xo‘jalik mehnatkashlarining hosilni yig‘ishtirib olganlariga bag‘ishlab katta kontsert beriladi. Uzoq tanaffusdan so‘ng xalq Fotimaning ovozini yana eshitadi. Uning xohishiga ko‘ra Vano Abakelia dasturga – “Sitsinateli”, “Lo‘li romansi” va “Ave Maria” qo‘shiqlarini kiritdi.
* * *
Kontsert avjiga chiqqan mahali edi. Mamaladzening pantomimalaridan xalq junbishga keldi, qarsaklar zarbidan go‘yoki tom qulab tushay dedi. Hatto bu pantomimani (boshqa qiziqchilar ijrosida) ko‘p marotabalab ko‘rgan bo‘lishiga qaramay Fotima ham rosa kuldi. U parda orqasidan asta “parter”ga qaradi. Shaliko uchinchi qatorda o‘tirardi. Fotimaga tishini tishiga qo‘yib jahlini zo‘rg‘a bosib o‘tirgandek tuyuldi. Kulmaydi ham, qarsak ham chalmaydi.
“Nima ham qila olaman jonim Shaliko. Axir to‘qqiz yilda bir marotaba injiqligimni ko‘tarsang ko‘taribsanda. Ozgina chida. Men senga to‘rtta jonimizdan aziz bo‘lgan farzandlarimizni katta qilib berayapman. Sen menga hamma narsadan azizsan, men butun borlig‘im bilan senikiman-ku. Nega buncha qovog‘ingni solib olding? Xavotirlanma, seni hech qachon sharmanda qilmayman. Tushungin, men san’at uchun tug‘ilganman. Xudo bergan ite’dodni yerga ko‘mish, axir bu katta gunoh-ku. Onda-sonda, yiliga bir-ikki marotaba shunaqa kontsertlarda chiqib tursam bo‘ldi. Ozgina taskin topaman, jonginam. Iltimos, qovog‘ingni solma. Ozgina kulgin, o‘tinaman”.
Endigi navbatda Deisadze va Kavtaradzelar “Kartul” raqsiga tushadilar, undan keyin Vaja Alxazashvili “Bakuri”ni o‘qiydi, mening ham navbatim kelib qoldi.
I-ya gitaraga nima bo‘ldi? Fotima uni yo‘lakka olib chiqib sozlay boshladi, uchinchi simi pand berayotgan edi. Gitaraning sim bog‘langan “qulog‘”i zanglagan, simni yaxshi ushlamayotganligi bilinib turardi. “Nahotki endi xalqqa manzur bo‘la oladigan darajada kuylay olmasam? Yo‘q, amallayman. Axir ularning “Ave Mariya” va “Lo‘li romansi”ni birinchi eshitishlari emas-ku. Bu yerga haqiqiy san’atni sevadigan odamlar yig‘ilgan, axir. Mayli, qo‘ldan kelganicha urinib ko‘raman, qarsak chalmasalar ham roziman…
Qo‘shiq aytayotganimda kimdir hushtak chalib yuborsa-chi?
Ana dahshat!.. Kim ham botina olardi. Juda bo‘lmaganda Shalikodan cho‘chib ham chalmaydi.
Vaja sahnaga chiqib bir yo‘talib oldi-da ta’sirchan, baland ovoz bilan: “Ey, Elizbar, nazar sol, nimalar bo‘layapti hozir Egoda” deyishi bilan zalning bir chekkasidan bexosdan chaqaloqning yig‘isi eshitilib qoldi. So‘z ustasi jim bo‘ldi. Chaqaloq yig‘isi odamlarning kulgisiga sabab bo‘lgan edi.
Fotima parda orqasidan sekin mo‘ralab qaradi. Gvaramadzelarning chaqalog‘i ekan. Layloning qaynonasi jahl bilan labini qimtib, chaqaloqni amallab tinchlantirishga harakat qilar, lekin kontsertni tashlab ketish niyati yo‘qligi aniq edi.
“Qanaqa odamlar bular, axir kontsertga ham chaqaloqni ko‘tarib keladimi”, – xayolidan o‘tkazdi Fotima.
Ko‘rib qo‘ygin, Elizbar
Hamma yoqda ur,suron.
Dushmanning bosqinidan,
Vayron bo‘ldi har tomon.
Vaja she’rning bir bandini aytib ulgurmagan ediki, chaqaloq yana big‘illashini boshladi. So‘z ustasi yana jimib qoldi. Parda orqasiga jahl bilan tikildi. Uning boshlovchiga qarashida: zalda tartib o‘rnatib qo‘ygin, bo‘lmasa hozir zalni tashlab chiqib ketaman, o‘sha lo‘ttiboz raqqoslaring-u bachkana masxarabozlaring bilan qolaverasan, degan mazmun bor edi.
Fotima o‘zining nomini eshitishi bilan tanasidan chumoli o‘rmalaganday bo‘ldi. U yuragi bilan hozir nimadir ro‘y berishini his qildi. Qarasa, Obakelia unga yalingansimon qarab turibdi.
– Fotima, qutqar. Yordam ber!
– Sahnaga chiqaymi?
– Ozgina suraman. Ko‘ryapsanmi. Hammasining rasvosi chiqayapti. Seni Babalikashvilining sport etyudlari chiqishidan keyin e’lon qilaman.
– Mayli, shundoq bo‘lgani durust…
Fotima koridor orqali yugurib zalga kirdi. Layloning qaynonasi qo‘lidan chaqaloqni olib uning yoniga o‘tirdi. Ro‘molini pana qilib, chaqaloqqa ko‘kragini berdi. Hech qanaqa ovuntirishlar kor qilmagan kichkina Gvaramadze birpasda jim bo‘lib qoldi.
“Jamoat tartibini buzuvchi kichkina bezori” tinchidi. Kontsert davom etdi.
Fotima ikki marotaba uni ko‘kragidan ajratmoqchi bo‘ldi, lekin chaqaloq yana big‘illay boshladi. “Nahotki bugun biron marotaba ham emizmagan bo‘lsa” xayolidan o‘tdi Fotimaning. Odamlar yana norozi qiyofada Fotimaga tikildilar.
“Buncha sho‘rpeshona bo‘lmasam…
Babakashvili og‘ir polvon toshlar bilan o‘yin ko‘rsatib bo‘lganida Fotimani hayajon bosdi. “Hozir meni chaqirishadi, gitarani qayerga qo‘ydim”. U chaqaloqni ehtiyotlik bilan ko‘kragidan sekin ajratdi. Endigina o‘rnidan turishga chog‘langan edi, kuchga to‘lgan Gvaramadzelarning avlodi yana hamma yoqni boshiga ko‘tardi.
– Fotima, qayoqqa ketayapsan, bolani ovut, savobli ish qil, – orqasidan kimningdir norozi chaqirig‘i eshitildi.
Kontsert oxirlab qolgan edi. Zalda miriqib ma’naviy zavq olayotgan tomoshabinlar orasida parishon holda bir ayol o‘tirardi. Fotima Gvaramadzelarning o‘jar chaqalog‘ini ko‘kragiga bosib dastro‘molchasi bilan ko‘z yoshlarini artardi.
Ko‘z yoshlari esa quyilib kelardi.
Hamidullo Ismat tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 4-son