Rashod Nuri Guntekin. Ishq maktublari (hikoya)

Rasim bir oqshom chog‘i maktabdan uyga qaytganida dars stoli uzra turgan xatjildga ko‘zi tushdi. Uning ichidagi gulqog‘ozga shunday satrlar yozilgandi: “Rasim bey, men xushsuvrat yosh qizaloqman va sizni juda yaxshi ko‘raman. Yashirmayman, go‘zalligim aqlni shoshiradi, qanchadan qancha yigitlarni chiroyim bilan maftun etganim ham rost. Ayni paytda dunyodagi birdan-bir istagim sizning umr yo‘ldoshingiz va seviklingiz bo‘lmoq. Faqat, yoshlarimiz kichik-da, birga bo‘lishimiz uchun hali biroz erta. Hozircha sizga kimligimni ochiqlamayman, maktublaringizni esa (…) maniziliga jo‘natishingiz mumkin. To‘g‘risi, otam juda jahldor odam, ko‘chaga chiqishga izn bermaydi. Balki biror kun ko‘risha olarmiz, tag‘in bilmadim… O‘zimni hozirdanoq suyukligingiz va ayolingiz kabi ko‘ryapman. Uyda yolg‘izlikdan juda bezib ketdim, bilingki, maktublaringiz men uchun tasalli bo‘ladi”.
Maktubni o‘qib tugatar ekan o‘n olti yoshga endi qadam qo‘ygan Rasimning qalbiga bir otash tushdi, maktub sohibasini telbalarcha seva boshladi. O‘sha kun kinoteatrga borishi kerak edi, hatto undan ham voz kechdi. Ertadan xonasiga borib suyuklisiga uzundan-uzun xat yozdi. Uni pochta qutisiga tashlaganidan so‘ng o‘zini go‘yo o‘n yoshga ulg‘aygandek his qildi.
Qizning ismi Badia edi. U Rasimning maktublariga darrov javob yo‘llar, mabodo oshiq yigit maktub jo‘natishni kechiktirguday bo‘lsa qiz g‘azablanar va shunday yozardi: “Sizni juda yaxshi ko‘raman, bilasizmi shuni, a? Axir nega darhol javob yozmayapsiz? Kamiga xatlaringiz juda qisqa, biroz ko‘proq yozing, azizim. Tag‘in bir iltimos, maktublaringizni biroz o‘qishli, og‘zi-burnini joy-joyiga qo‘yib yozsangiz yanada soz bo‘lardi…”
Yosh oshiq har kun ertadan xonasiga qamalab, sevgilisiga yoqish umidida qog‘oz qoralar, kitob kabi uzun maktublar yozardi. Ha, Badia juda ajoyib qiz edi, ba’zida ajoyib savollar bilan unga yuzlanardi: “Xo‘sh, to‘yimizdan keyin asal oyi uchun Italiyaga boramizmi yoki Shvetsiyaga? Bu ikki mamlakat haqida o‘zi fikringiz qanday? Xalqi qanday yashaydi, nima ish qiladi? U yerga qanday borishimiz mumkin?” yoki “Oxirgi kunlarda qaysi shoirlarni o‘qidingiz? O‘zi umuman, qanday she’rlarni yaxshi ko‘rasiz? Istardimki, menga ham bildiring, men ham ulardan bahramand bo‘lmoqchiman…”
Rasim bo‘lajak rafiqasi oldida uyalib qolmaslik ilinjida geografiya va adabiyotga doir kitoblarni varaqlar, u aytganidek savodli bo‘lish uchun uzunkun harakat qilardi.
Badia so‘nggi yuborgan bir maktubida unga shunday nolidi: “Siz bilan ko‘rishishni istagandim. O‘tgan kun maktab ko‘chasi boshida kelishingizni kutdim. Axir menday ko‘rkam qizning sevgilisisiz, biroq ba’zida buni unutib qo‘yasiz, ochig‘i, o‘shanda juda aftoda kiyingandingiz. Ust-boshingiz, poyabzalingiz loy edi, o‘yinqaroq yosh bolalarga o‘xshardingiz xuddi. Buni ko‘rgach yoningizga borgim kelmadi…”
Rasim bu so‘zlarni o‘qirkan uyatdan ikki yanog‘i lov-lov yondi, o‘zini o‘zi koyidi. O‘sha kundan so‘ng o‘ziga yaxshi qarab, ayricha e’tibor bilan kiyina boshladi.
Badia bir safar uning maktabdan chiqib, uyga kelmayotgani, kechgacha ko‘chada sang‘ishidan shikoyat qildi. Yigitcha “Ajabo, buni qayerdan bildi ekan, a? Yo qizlar orqasidan meni kuzatayotganmikan”, deb o‘yladi.
Rasim qayta-qayta shunday yozardi: “Dunyoda sendan boshqa qizga ko‘ngil bermayman!”
Bir kuni oqshom mahali Rasimning onasi Nadima xonim eri Ahmet beyni g‘amgin alfozda qarshi oldi.
– Oh, azizim, nima bo‘ldi deb so‘ramay qo‘yaqoling, – dedi yuzini tirishtirib. – O‘g‘limizga Badia ismli bir qiz oshiqi-beqaror bo‘lib qolibdi. Bugun Rasimning xonasini tartibga keltirayotgandim, maktublarini topib oldim. Qaramaysizmi, o‘g‘limizni boy beryapmiz, bir chora topsangizchi axir!
Ahmet bey ayoli so‘zlariga munosabat bildirmadi, aksincha kulib, g‘o‘ldiragan ovozda:
– Xavotirlanma, azizam, – dedi. – O‘g‘limizga ishq maktublarini kamina yozyapti. Bilasan, so‘nggi paytlar rosa gapga kirmaydigan bo‘lib borayotgandi. Savodini-ku aytmay turatur. Nihoyat shu yo‘lni o‘ylab topdim. Ishonaver, Rasim bu xatlar soyasida bu yil maktabni a’loga bitkazadi, keyingi sinfga ham o‘tib oladi. Ochig‘i, o‘zimam to‘g‘ri yozishni shunday o‘rganganman.

Turk tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi