Gospitaldan chiqib, mashina tomon yurdi. Eskigina “06 Jiguli”sini sakson oltinchi yilda, sho‘ro zamonida muhandis bo‘lib ishlab yurgan kezlarda, zavodda navbatda turib olgandi.
Old eshikni ochib, “taksi” deb yozilgan peshlavhani oldi-da, mashina tomiga o‘rnatdi.
Shifoxonaga jarroh bilan ko‘rishish uchun kelgandi. O‘rtancha qizini operatsiya qilish kerak. Qaysi do‘xtir bilan gaplashmasin, og‘zidan uch yuz dollarning isi keladi. Harbiy jarrohlarning biri eski bir og‘aynisini tanishtirib qo‘ydi. “Ham ishining ustasi, ham ko‘zi to‘q odam” deya tavsif ham berdi.
Gapi chin chiqdi. Yuz ellikka ko‘ndi. Yana yordamchilariga ellik dollarcha xarjlasa — ish bitdi hisob. Yuz ellik “ko‘ki”ni nari-beri qilib topdi. Do‘xtirlar operatsiya qilmasa bo‘lmasligini aytishgach, bola-chaqasining rizqini qiyib bo‘lsa-da, shuncha pul yig‘ib qo‘ygandi. Yana ellikni qayerdan topsa bo‘larkin?
Undan-bundan qarz-qavola qilarman, deb o‘yladi. “Zamonasiga o‘t tushsin, birovga og‘iz ochishga ham beting chidamaydi. Puli borda himmat yo‘q, himmati borda pul”.
Metroning “Narimonov” bekatiga yetgan paytda oilasidan birrov xabar olib o‘tgisi ham keldi. Ammo, har doim odam olib ketadigan bekatda boshqa mashina yo‘qligini ko‘rib, fikridan qaytdi. Yetti yildirki, bu bekat uning ishxonasiga aylangan. O‘n yetti yil ishlagan, hatto davlat mukofotlarini ham olgan zavod bora-bora quvvati kamayib, yopilib ketdi. Yetti-sakkiz oy u yer-bu yerdan ish qidirdi. Harakatlari zoye ketgach, butun umidini mashinaga tikdi. Qo‘shnisi Islomning maslahati bilan kirakashlik qilishga o‘tdi. Islom bir paytlar dong‘i ketgan madaniy mollar bazasida ishlagan. Topish-tutishi yaxshiydi. Qo‘ni-qo‘shni so‘ragan narsani ombordan o‘z narxiga keltirib berardi. Baza yopilgach, Islom tijoratga qo‘l urib ko‘rdi, ishi ters ketib, katta ziyon ko‘rgach, qulog‘igacha qarzga botdi. Amallab qarzlaridan qutulgach, non pulini mashina ketidan topa boshlagandi.
Oldiniga Islomning taklifini qaytardi. Keyin rozi bo‘lishdan boshqa iloji qolmadi. Boshida yomon uyaldi. Ba’zida mashinaga tanish-bilishlari, sobiq hamkasblari chiqib qolardi. Pul olish noqulay. Bora-bora ko‘nikdi. Bekatdan yangi “hamkasblar” — yangi do‘stlar orttirdi. Ular orasida hukumat xodimlari, do‘xtirlar, muhandislar bor edi.
Mashinaning oynasi chertilgach, xayoli bo‘lindi. Ajnabiylar ekan. Biri pakana va semiz erkak, ikkinchisi o‘rta bo‘yli ozg‘in ayol. Qo‘llarida bir nechta to‘la xalta bor edi. “Pliz, pliz” degancha orqa eshikni ochdi. Xotin amallab shahar tomon borishlarini tushuntirdi. Mashina metro qarshisidan burilib, Moskva dahasi tomon uchib ketdi. Ko‘zgudan erkakning lunjlari tinimsiz silkinayotganini ko‘rdi. “Bular ovqatni yaxshi yeyishadi”, o‘yladi u. Xaltadan chiqarayotganida ko‘rdiki, kavshayotgan xo‘ragi paxlava ekan. Aslida bu amrikon paxlavani chaynamay yutayotgandi.
Yaqinda tiklangan past binolarni aylanib o‘tib, ayol ko‘rsatgan baland, chiroyli imorat yonida mashinasini to‘xtatdi. Ayol oldindan tayyorlab turgan bitta o‘n ming manatlikni uzatib, “sax oll” (sog‘ bo‘l) dedi. Tushib, eshikni ochdi. Erkakni jag‘i haliyam tinmasdi. Xaltalarni qo‘ltig‘iga arang joylab, eshikdan chiqdi. Er-xotin “senk yu” degancha yangi bino taraf ketdilar. Mashinani o‘z uyi tomonga burdi.
Chog‘roqqina hovlida yashashardi. Otasi o‘sha zamonlarda, o‘g‘li endi uylangan kezlari mol-qo‘yini sotib, sho‘roning yetti ming rubliga olib bergandi. Ichma-ich ikki xonasi, torgina oshxonasi, bitta mashina arang sig‘adigan maydonchasi bor edi. Hovlining bir kunjida o‘zi kichkina bir hammom, bir xolijoy qurib oldi. Zavodda necha yil navbatda turdi. Bir xonali uy berar bo‘lishgandi, nozlandi. Uch bolam bilan bitta katakka qanday sig‘aman, dedi. Ozroq chidasam, uch xonali uy olaman, deb yurdi. U bo‘ldi-bu bo‘ldi, hukumat o‘zgarib, zavod ham yopildi. Endi “o‘l” deydi o‘ziga o‘zi. O‘sha payt bir xonali uyga bo‘lsa ham ilinib qolardi-da, harna!
Eshigiga yetib, signal berdi. Xotini darvozani ochdi. Odatda peshin mahallar mashinasini hovliga kiritmasdi. Hozir bir oz tamaddi qilib, birpas mizg‘ib olgisi keldi. Xotini darvozani yopdi. Ikki ko‘zini eridan uzmasdi.
Xotiniga harbiy do‘xtirning gapini aytib berdi. Sal chiroyi ochildi ayolning. Oshxonada yeganini yeb, orqa yotoqqa o‘tdi. Xonaning derazasi qo‘shnining hovlisiga ochilardi. Qozon-tovoqning taq-tuqi, suvning shirillashi uxlagani qo‘ymasdi. Ammo, bu gal nechukdir hammayoq jimjit. Xotini qo‘shnilarni ogohlantirgan ko‘rinadi.
Xotini avvallari zavod bog‘chasida tarbiyachilik qilardi. Sho‘ro davrida bog‘chada ham siyosiy kitoblar bo‘lardi. Hukumat ag‘darilgach, kimdir Erondan keltirgan kirillcha alifbodagi kitoblardan to‘rt-beshtasini bog‘chaga hadya qilgandi. Zavod tugab, bog‘chaning eshigiga qulf tushdi. Xotini bog‘chadagi o‘sha kitoblardan bitta-ikkitasini uyga olib keldi.
Xotinining soatlab kitob o‘qib o‘tirishi unga g‘alati tuyulardi. Ayol tez-tez Qur’ondan, Muhammad payg‘ambarning hayotidan gapirib qolardi. Uning kofirlarga beriladigan azoblar haqidagi afsonalari erkakning yuragiga vahima solardi. Shunday paytda xotinining sepsandig‘iga to‘rt buklab yashirib qo‘ygan firqa pattasi yodiga tushardi. O‘n ikki yil qo‘mfirqa a’zosi bo‘ldi. Har oy maoshidan badal to‘lab turdi. Ular 20 yanvarda Bokuga qo‘shin kiritib, tinch aholini qonga botirgan payti firqa pattani yirtib otgisi keldi. Yana fikridan qaytdi. U ayb firqada emas, Gorbachyovda deb bilardi. Shuning uchun firqa pattasini saqlab qo‘ydi.
Kun kelib Yeltsin firqa faoliyatnini to‘xtatish to‘g‘risida qaror chiqardi. O‘shandayam pattani tashlamadi. U o‘sha zamonlarning ortga qaytishiga ishonardi. Shunday katta mamlakatning jimgina yo‘qolib ketishiga ishonmasdi.
Avvallari xotinining dinga qiziqishini ham o‘tkinchi sanardi. Lekin uyidagi diniy kitoblar soni orta bordi. Xotini uyda ham boshiga ro‘mol o‘rab yurishga o‘tdi. Qo‘shni xotin-xalaj ham tez-tez uning uyiga kirib-chiqib turardi. Kun sayin begona ayollar ham uyiga serqatnov bo‘lib qoldi.
Kunlarning birida xotini bir qiziq gap aytdi. Ayoli tushida oq sallali bir nuroniy cholni ko‘ribdi. Unga chol jimirlab turgan oltin kosada nimadir ichiribdi. Ertalab turib, u o‘zida g‘alati alomatlarni seza boshlabdi.
Xotinidagi bu o‘zgarishlarni ishsizlik, pulsizlik va kambag‘allikdan bildi. Xotinini bir-ikki yaxshilab urishib berdi. Uyga begonalarni umuman kiritmaslikni aytdi.
Bir kun Islom uni bir piyola choyga chaqirdi. U Mashhadga borib kelgach, ichishni tashlagan, ancha bosilib qolgan, kaltagina soqol ham qo‘yib, masjidga qatnay boshlagandi. Islom undan bor gapni eshitib, uni tinchlantirdi. Har bandaga bunday karomat nasib etavermaydi, dedi. Uyingga ilinj bilan kelgan ayollarni noumid qaytarma, mayli, xotining ularning hojatini chiqarsin, savob bo‘ladi, dedi. Islom uning o‘zini ham yo‘lga solar bo‘ldi. “Ichishni tashla, hajga borib kel, firqa pattangni yo‘qot, u uyda bunday nojoiz narsalarni saqlash harom”, dedi.
Boshida Islomning gaplariga uncha e’tibor qilmadi. Keyin xotinining g‘ayrioddiy xislatlariga o‘zi ham ishona boshladi. Bir kuni ayol o‘rtancha qizining kasal bo‘lishi haqida tush ko‘rganini aytdi. Ikki haftadan keyin rostdan ham qizini do‘xtirga ko‘rsatar bo‘ldi. Qizcha kundan-kun ozib borar, hech narsa yemasdi. Do‘xtirlar uning bitta buyragi ishdan chiqqani, shoshilinch chora ko‘rish lozimligini aytishdi. Shundan, u xotinining yangi xislatiga ishondi, hatto unga bir oz qo‘rquv bilan qaray boshladi.
…Ko‘zini ochgan paytda xotini burchakdagi qutining ichidan nimanidir qidirardi.
– Moshoolloh. Yaxshi yotib turdingizmi?
Soat beshga yaqinlashib borardi. Yuz-qo‘lini yuvib, uyga qaytdi. Stol ustida bir stakan choy va sariq tusli ayollar sumkasi turardi.
– Bu nimaydi, xotin?
– Qizlaringiz moshinning ichidan topibdi.
– Ochib ko‘rdinglarmi?
– Ochishgan ekan, qo‘llaridan olib qo‘ydim, yopib shu yerga opkeb qo‘ydim.
Sumkaning og‘zini ochdi-da ichidagilarni birma-bir stol ustiga qo‘ya boshladi. Ayol tik turgancha uning harakatlarini qiziqish bilan kuzatardi. Qizlari ham eshik oldida bo‘yinlarini cho‘zgancha otalari tomon bo‘ylashib turardi. O‘rtanchi qizning yuziga tabassum yugurdi. Taroq, kredit chiptasi va… o‘n yetti dona beli sinmagan yuztalik dollar, ikkita ellik mingtalik, bir dasta o‘n ming va mingtalik manatlar.
Eng avval ko‘z oldiga ajnabiy erkakning lo‘qillab turgan jag‘lari keldi.
– Boya moshinimga er-xotin amrikonlar minuvdi. O‘shalarniki bo‘lsa kerak. Uylarini bilaman.
Qizlar eshik og‘zidan ketdilar. Xotini stakanni qo‘liga oldi.
– Sovib qopti. Boshqa opkelaman, – dedi.
Radiodan so‘nggi xabarlar o‘qilardi. Bokuga Qorabog‘ armanilari kelganmish, ertaga 11 sentyabr kuni ketisharkan. Qorabog‘ Ozodlik tashkiloti vakillari norozilik namoyishi o‘tkazibdilar va hokazo…
Choyni ichib, sumkani oldi-da, uydan chiqdi. Darvozani ochib, mashinaga o‘tirdi. Hovlidan chiqarkan, xotiniga darvozani yopishni tayinladi. Xotini darvozaning bir tavaqasini yoparkan, eri eshitadigan tovushda “ulardan yorug‘lik chiqadiganga o‘xshamaydi”, deya pichirladi. Xotinining muz kabi sovuq so‘zlari boyagina ichiga oqib kirgan iliqlik uzra yoyildi. O‘sha iliqlik nimaligini endi tushundi. Hozirgina u boyagi semiz kishining xotini uni ko‘rishi bilan quvonib ketadi, o‘n yettita yuztalikning hech bo‘lmasa bittasini karmonidan chiqarib, suyunchi deya qo‘limga tutqazadi, ertagayoq harbiy do‘xtir bilan hisob-kitob qilaman, deb turgandi. Xotinining bu gapidan keyin yuragiga g‘ashlik oraladi.
Mashinani metro yaqinidagi bekatga qo‘ydi. Yana uchta mashina turardi. Haydovchilar yo‘lovchi kutayotganda mashinaning ichi qizib ketmasin uchun eshiklarni ochib, o‘zlari daraxt soyasida gaplashib o‘tirardilar. Akif bilan “do‘xtir” uni ko‘rishgani hamono oyoqqa qalqdilar.
– Ikkita amrikon, kim bilsin, seni qidirib kelishdi-yov. Vizitka ham tashlab ketishdi. Yonida tilmochi ham boriydi. O‘zlarining aytishicha, qizil Jiguliga o‘tirishgan ekan, xotinning sumkasi moshinda qop ketibdi, shopirning senikiday qop-qora mo‘ylovi borakan. O‘sha sen bo‘sang kerak-da? O‘v, so‘mkasida biror narsa bor ekanmi, o‘zi?
Endi javobga og‘iz juftlaganida “do‘xtir” tilga kirdi:
– Be, bo‘lmasa, shuncha yo‘lga ovora bo‘lib kelarmidi? Ular mayda-chuyda narsalarga o‘zini urintirib o‘tirmaydi, hey! Kamida mingta “ko‘ki”dan bordir-ov? Oborib bersang, indamay yuz dollarini senga ilinishadi. Hey, akasi jonidan, bitta ziyofatga tushding-a?
– Mingdan ko‘p, moshinimda turibdi. O‘zi oborib bermoqchi bo‘p turuvdim.
Akif tashrifnomani uzatdi.
– Manzilni bilaman, – dedi, lekin vizitkani oldi. Inglizcha bitiklarga tishi o‘tmadi. Faqat “Jim” deganini o‘qiy oldi, xolos. Yorliq orqasida sxema chizilgan, yashaydigan uyining 11-qavatiga belgi qo‘yilgandi.
– Yana haq bermay qochib qolmagin-a?
Ulardan osonlikcha qutulib bo‘lmasligini bilardi, shuning uchun:
– Xotirjam bo‘llaring, yuzta cho‘zsa, haq berish mendan, – dedi.
Mashinani Baksovet tomon haydadi. Mana, boyagi binoga ham yetib keldi. Temir panjarali bino eshigiga yaqinlashib, vizitkani ko‘rsatdi. Qora kiyingan, qotma qorovul ko‘z uchida vizitkaga qarab, joyiga qaytdi. Kim bilandir telefonda gaplashib, “o‘n birinchi qavatga chiqasan, kutishyapti seni”, dedi. Mashinadan sumkani olib, liftga kirdi.
Dahlizdagi ikki eshikning biri qiya ochiq turardi. Ichkaridan ovoz kelardi. Egilib, ochiq eshikdan mo‘raladi. Boyagi semiz erkak uni ko‘rgan zahoti “pliz, pliz” degancha, quchog‘idagi paxmoq ko‘ppakni siypalay-siypalay dahlizning orqa tarafiga o‘tdi. Jimlik cho‘kdi. Ko‘p o‘tmay erkak kirib ketgan xonadan boyagi xotin chiqib, unga yaqinlashdi. Sumkani olib ochdi, ichiga ko‘z yugurtirdi. Keyin karmonni ochib, dollarlarni sanadi. “To‘g‘ri”, dedi va qo‘lidagi shaqildoq pullarni silkitdi:
– Bunga Jim i-it olmoqchi, bilasan? – dedi chuchmal talaffuzda.
Keyin pullarni sumkaning ichiga solib, qo‘lini cho‘zdi:
– Sog‘ bo‘l, dju-uda xursanman.
Semiz erkak yana quchog‘idagi itini yalab-yulqab, tirjayganicha bu xonaga o‘tib ketdi. Yo‘l-yo‘lakay nimanidir kavshab borardi.
Hafsalasi pir bo‘lib, ayolning qoqsuyak qo‘llarni siqib qo‘ydi-da, tashqari chiqdi. Lift tugmasini bosdi. Ko‘z oldiga avval xotini, keyin qizining kasalvand chehrasi keldi. Keyin daraxt soyasida gurunglashib o‘tirgan shopir og‘aynilarini yodga oldi. “Keltirib bermasam bo‘larkan, o‘yladi o‘zicha, mening mashinamda qolib ketganini hech kim isbotlay olmasdi-ku?” Keyin xayoliga paqqos urilgan bu fikrdan o‘zi uyalib ketdi.
Eshik ochilishi bilan qarshisidan chiqqan kichik bir laycha akillagancha uning oyog‘iga yopishdi. Kapalagi uchdi. Laychaning ipidan ushlab olgan yoshgina yigit istehzo bilan “qo‘rqma, indamaydi”, deb qo‘ydi. Eshik og‘zida yangi Jip turardi. Ochiq havodan bir to‘yib nafas oldi-da, mashinaga o‘tirdi.
“Bu yulg‘ichlardan bizga naf yo‘q”. Anchadan beri siyosiy gurunglarga qo‘shilib qolsa, sho‘ro davrini, o‘rislarni maqtab ketardi. Amriqoning neftimizni ayovsiz talayotgani, faqat o‘z manfaatlarini o‘ylayotgani haqida tinimsiz gapirar, fikrini isbotlash uchun qator misollar ham keltirardi. Hozir umrida ilk bor unga ro‘para kelgan amrikonlarning bu muomalasi ular haqidagi tasavvurlarini yana ham tiniqlatdi. Oshnalari bilan dardlashib, yuragini bo‘shatgisi keldi. Metro yaqinida, qadrdon daraxt yonida to‘xtadi.
Bari suyunib qarshi oldi. Akif so‘radi:
– Ishlar qalay, jigar? Biror nima undirdingmi?
– Ha, – dedi, – yuzta berishdi.
– O, yaxshigina eriydigan bo‘psan-ku? – bu gapni “do‘xtir” aytdi.
– Moshinni qo‘yib kelsam, maylimi?
– Nima, biz bilan senam otmoqchimisan, – so‘radi Akif.
Mashinani darvoza og‘zida qoldirdi. Ichkariga kiritgisi kelmadi. Eshikdayoq xotini “Qalay bo‘ldi?” deya so‘radi.
– Sening aytganing bo‘ldi.
Poyabzalini yechib, yotoqxonaga o‘tdi. Sandiqni ochib, qizining operatsiyasi uchun yig‘ib qo‘ygan pullar orasidan o‘nta o‘n mingtalikni olib, cho‘ntagiga soldi. Yana sandiqning og‘zini yaxshilab bekitdi.
Tuflisini kiyayotganida xotini so‘radi:
– Yo‘l bo‘lsin?
– Kechroq qaytsam kerak. Jo‘ralar bilan o‘tirishimiz bor edi.
Xotinining yuzida norozilik alomati zuhurlandi.
Akif eshik olida turardi. Mashinasiga borib o‘tirdi.
– Moshiningni qo‘yib ketmoqchiyding-ku?
– Men ichmayman, do‘xtir bilan olasanlar.
Har doim o‘tiradigan kafega kelishdi. Tashqaridagi stollar bo‘sh edi. Joylashib, kabob buyurishdi. O‘n daqiqa o‘tmay, “do‘xtir” ham keldi. Voqif aslida bolalar shifokori edi. Laqabi o‘shandan qolgan. Tibbiyot oliygohini bitirgan. Bir-ikki yil ishlagach, tushum kam, deya o‘zini savdoga urgan, Islomga o‘xshab, ziyon ko‘rgach, shu kasbni tanlagandi.
Akif esa, tarix fakultetini bitirib, ancha vaqt akademiyada ishlagan, hatto ilmiy ishi ham himoyaga tayyor edi. Sho‘ro qulagach, “bor-e” dedi-yu, mashinaga o‘tirib, kirakashlikka o‘tdi. Besh yildirki, to‘rtta g‘ildirakning ketidan oila tebratadi.
Birinchi qadahni uning, oilasining va kasal qizining sog‘lig‘i uchun oldilar.
Keyin Akif va “do‘xtir”ning sog‘ligi uchun qadah ko‘tardilar. Shisha oxirlab qolgan edi. O‘zi ichmasa-da, qadahso‘z aytgisi keldi:
– Shu qadahni o‘z sihatimiz, o‘z xalqimizning sog‘lig‘i uchun oling. Men har doim bu amrikonlarning bizga bir chaqalik nafi yo‘qligini aytardim. Bugun yana bir bor amin bo‘ldim. Kim bo‘lmasin, yo‘q joydan topilib kelgan bir ming yetti yuz dollarining yuzidan kechardi-ku? Ammo ular bir chervon ham bermadi. Ular menga otasidan qarzdor odamga qaragandek qaradi. O‘ris bo‘lsa berardi, nemis bo‘lsa berardi, – u bir oz peshonasini qashib, qo‘shib qo‘ydi: – boringki, armani bo‘lsayam, berardi. Bu … amirkon bermadi.
Do‘xtir bilan Akif joylarida bir-biriga qaragancha qotib qolishdi. Keyin baravariga dasturxon ustidagi sovigan quyruq va lo‘lakaboblarga tikilishdi. U esa hamon gapida davom etardi:
– Ajablanmang, og‘aynilar! Men bu ziyofatni so‘zimning rostligiga amin bo‘lganim uchun beryapman. Nasib bo‘lsa, bolamni bir amallab operatsiya qildiraman. Shu paytga qadar o‘sha tullak amrikonlardan hech bo‘lmasa bittasi bilan yuzma-yuz kelishni istagandim. Mana, ko‘rdim. Va hammasiga ishondim. Ular guldek bir mamlakatni tag-tugi bilan yo‘qotdilar. Ichimizga nifoq soldilar. Ishsiz, kuchsiz qoldirdilar. Hozir ham bizni talab yotishibdi. Neftimizni suv tekinga olib ketishyapti. Bizni esa odam o‘rnida ko‘rishmaydi… Sarson, bitta aroq…
Akif nimadir demoqqa chog‘langandi, ulgurmadi:
– Ichaman, quy, bugun to‘ygunimcha ichaman.
…Kafedan chiqishganda soat birga yaqinlashgan edi. Akif avval uni, keyin do‘xtirni eltib qo‘yishi kerak edi. Darvozaning oldida to‘xtadilar. U yo‘l-yo‘lakay boyagi mavzuda gapirib keldi. Akif zo‘rg‘a uni gapidan to‘xtatib, mashinadan tushirdi.
– Moshiningni o‘zim ichkari kiritib qo‘yaymi? – so‘radi Akif darvoza oldida turgan mashinaga imo qilib.
E’tiroz bildirdi. Cho‘ntaklarni paypaslab, kalitni qidirdi. Topolmay, ichkari kirdi. Xotini shovqindan uyg‘onib, hovliga chiqqan edi.
– M… mo-oshin-n-ni…qo‘yave-er, q-qop k-ketav-versin tashq-qarida-a, o‘-o‘lmaydi-i-i!
Xotini mashina tashqarida qolmasin, o‘tgan bor, qaytgan bor, deb aytmoqchi bo‘ldi. Keyingi paytlarda mashinalarning old oynaklari, g‘ildiraklarini o‘g‘irlab ketish hollari ko‘paygan. Uning ichkariga kira solib, kiyim-piyimi bilan o‘zini yotoqqa urganini ko‘rib, indamadi.
– Xafa bo‘lmang, hali hammasi yaxshi bo‘ladi, – dedi xotini unga yuzlanib. U esa allaqachon tarashadek qotgan edi.
Sahar payti miyasida turgan qattiq og‘riqdan uyg‘onib ketdi. Xotini uning qarshisida to‘shak ustiga o‘tirib olgandi.
– Yomon tush ko‘ribman, katta-katta binolar yonib, kultepaga aylanayotganmish.
– Moshinga qarab qo‘ydingmi?
– Joyida turibdi.
– Qizing qalay?
– Yaxshi. Lekin… ko‘nglim nimanidir sezyapti. Baraka topgur, shu zahri zaqqumni ichmang!
– Bo‘pti, endi ichmaganim bo‘lsin. Ertadan machitga boraman. Tavba qildim, – deya boshini yostiqqa burkadi.
Ozarboyjon tilidan Rustam Jabborov tarjimasi