Rabindranat Tagor. Skelet (hikoya)

Biz, uch bola yotib yurgan uyning yonidagi xona devoriga odam skeleti osib qo‘yilgan edi.
Kechasi uning suyaklarini shamol shiqillatsa, kunduzi biz shiqillatardik. U vaqtda biz panditimiz  bilan «Megxnadning halokati»ni  o‘qir edik. Kenbel maktabining bir studenti bo‘lsa, bizga osteologiyadan  dars berardi. Murabbiyimiz bizni qanday qilib bo‘lsa ham ko‘proq fanlardan xabardor qilishga intilar edi. Uning orzusi nechog‘lik ro‘yobga chiqqanini bizni bilgan kishilarga hikoya qilish ortiqcha, boshqalarga esa, yaxshisi, bu sir bo‘lib qola qolsin.
Shundan beri ko‘p vaqt o‘tdi. Skelet xonadan g‘oyib bo‘ldi, osteologiya ham xotiramizdan ko‘tarilib ketgan.
Lekin yaqinda, qandaydir bir munosabat bilan bir vaqtlar biz o‘sha studentning darsini tinglagan uyda mehmonlar yig‘ilib qoldi-yu, menga qachonlardir skelet osig‘liq turadigan xonada uxlashga to‘g‘ri keldi. Men xiyla vaqt-gacha uxlolmay, butxona minorasidagi katta soat milining urishiga quloq solib, dam u yonboshimga, dam bu yonboshimga ag‘darilib uzoq yotdim.
Uyning bir burchida chiroq yonib turardi. Birdan lip-lip etdi-da, o‘chib qoldi. Shuni ham aytib qo‘yay, bizning uyimiz bunyodga kelgandan beri unda bir qancha baxtsiz hodisalar ro‘y bergan edi. Binobarin, tabiiyki mening o‘chgan chiroq haqidagi o‘ylarim shu topdayoq inson hayotining bebaqoligi xususidagi tafakkurga o‘tib ketdi. Men beixtiyor o‘yga toldim: yarim kechaning cheksiz zulmatida mana bu chiroq shu’lasining bexosdan g‘oyib bo‘lgani singari, hayotda ham kechayu kunduz, kishi jonining mayda-mayda uchqunlari ham vaqti-bevaqt so‘nib turadi.
O‘zim ham sezmay, bir vaqtlar shu uyga osilgan skelet haqidagi o‘ylarga o‘tib ketdim. Xayolimda, u kimniki edi ekan, deb turganda, to‘satdan birov mening chodirim oldida timiskilanib, qorong‘ida qo‘li bilan devorni siypalab, bir narsa axtarganday tuyuldi. Kimningdir nafas olishi, oyoq sharpasi eshitildi. Bularning bari bezovta, hayajonlangan o‘ylarim samarasi ekanini bilardim, albatta. Sharpa esa, chakka tomirlarimning urishidan boshqa narsa emas edi.
Shunga qaramay, men dahshatga tushdim. Bu sababsiz qo‘rquvdan qutulish uchun:
—    Kim bu? — deb so‘radim.
Sharpa karavotimga yaqinlashgach, qotib qoldi-da, ovoz eshitildi:
—    Bu men, mening skeletim qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi, uni qidirib yuribman.
O‘z tasavvurimda bunyodga kelgan bu mavjudotdan qo‘rqishning hojati yo‘q deb o‘yladim, shuning uchun o‘zimni bosib, beparvoroq ovoz bilan, biroq ko‘rpani ustimga torta turib, yana so‘radim:
—    Ha, hozir xuddi shunday ishning xonasi! U skelet senga nima uchun kerak bo‘lib qoldi?
—    Bu qanday behuda savol? — Nazarimda u chodirimning yonginasida turib gapirar edi. — U suyaklar mening yuragimga qalqon edi, axir! U chog‘larda men yosh va sohibjamol qiz edim! Sen mening skeletimga nazar solishni xohlarmiding?
—    Ha, sening istaging tabiiy, —javob berdim men, — mayli, sen qidir, men bir oz mizg‘ib olishga urinib ko‘ray.
—    Sen yolg‘iz ekansan nazarimda, — deb davom etdi sharpa. — Unday bo‘lsa, men bir daqiqa o‘tiray-da, ikkimiz andak gaplashaylik. Dastlabki o‘ttiz besh yil davomida men mana shunday o‘tirib, odamlar bilan tez-tez gaplashib turardim. So‘nggi o‘ttiz besh yilda esa, qabristonda izg‘igan shamoldek fazolarda aylanib yuraman. Hozir sening yoningda birpas o‘tirib, yana inson tilida bir oz gaplashay.
Allakimning chodirim yoniga o‘tirganini sezdim. Noiloj bir ahvolga tushib qolganimni anglab, butun kuchimni yig‘dim-da, imkon boricha beparvolik bilan:
—    Juda soz. Biror qiziq voqea to‘g‘risida so‘zlashaylik, bo‘lmasa, — dedim.
—    Agar sen eng g‘aroyib bir hangomani eshitmoqchi bo‘lsang, hayotim haqida hikoya qilib beray.
Butxona soati kechasi ikkiga zang urdi.
—    Men yosh va tirik chog‘imda, faqat bir kishidan, o‘z erimdan o‘limdan qo‘rqqanday qo‘rqardim. O‘zimni qarmoqqa ilingan baliqday his etardim. Nazarimda, tamom begona bir odam meni bolalikning osoyishta va shinam olamidan yulib olganu uning qo‘lidan qutulishning iloji yo‘qday tuyulardi. To‘ydan so‘ng ikki oy o‘tgach, erim o‘ldi. Qarindosh-urug‘lar, yor-do‘stlar mening shum taqdirimga qop-qora qaqshab yig‘ladilar. Qaynotam yuzimga uzoq tikilib turib, oxiri qaynonamga bunday dedi: «Shastrlarda mana shu qizimiz singari badbaxtlik keltiruvchi xotinlar haqida rivoyatlar bor». Bularning barini men yaxshi xotirlayman. Sen eshityapsanmi o‘zi? Hikoyam yoqyaptimi?
—    Juda yoqyapti, — deb javob berdim. — Boshlanishi g‘oyat qiziq ekan.
—    Unday bo‘lsa, quloq sol. Men xursand bo‘lib otamning uyiga qaytib keldim. Vaqt o‘tib borardi. Garchi odamlar mendan yashirishga urinsalar ham, menga o‘xshash sohibjamol qizni qidirib topish amrimahol ekanini o‘zim juda yaxshi bilardim. Sen nima deb o‘ylaysan?
—    Shunday bo‘lishi mumkin, biroq men seni aslo ko‘rgan emasman.
—    Ko‘rganing yo‘q! Mening skeletimni-chi? Ha-ha-ha! Men tegishyapman! Bir vaqtlar bu ko‘z kosalarida timqora shahlo ko‘zlar chaqnaganini, lolarang lablarda o‘ynagan nozik tabassumning hozirgi bu yalang‘och tishlarning mudhish tirjayishiga aslo o‘xshamaganini senga ne yo‘sinda isbot qilsam ekan? Senga nimalarni tavsif qilay: latofat  va nazokatnimi, husnu jamolimnimi, sarv qomatimnimi, kelishgan, nozik, miqqi, xushbichim a’zoyi badanimnimi? Hozir bu tavsiflar senga g‘ayritabiiy tuyu-ladi, bu esa mening g‘azabimni keltiradi. Holbuki o‘sha zamonning mana-man degan doktorlari ham mening skeletim osteologiyani o‘rganish uchun bir vosita bo‘lib qolishini tasayvur etolmas edilar. Bir doktorning eng yaqin do‘sti bilan suhbatida meni, nozik va xushbo‘y chechak, deb atagani hamon esimda. Boshqacha aytganda, hamma insonlar osteologiya va anatomiyani o‘rganish uchun vosita bo‘lishi mumkin, faqat mengina latif chechakka o‘xshardim. Aytchi, chechaklarning ham skeleti bo‘ladimi?
Men yurgan chog‘da gavdamning har bir harakatida go‘zallik nuri porloq brilliant singari tovlanib turganini sezardim. Men qo‘llarimga tez-tez va uzoq-uzoq tikilib qolardim. Bu qo‘llar shu qadar nozik ediki, dunyoda eng mag‘rur odamning ham qalbini rom qila olardi. Subhadra ham qomatini mag‘rur ko‘tarib, o‘zining zafar duldulida Arjuna  bilan yonma-yon o‘tirib hayratda qolgan uch olam uzra parvoz etarkan, ehtimol, uning kafti lolarang nafis, momiq qoilarida nozik barmoqlari alanganing tili kabi yonib turgandir.
Mening behayo, yalang‘och, ko‘hna skeletim, balki senda noto‘g‘ri tasavvur qoldirgandir, lekin afsuski, bu yanglish fikrni rad etish uchun menda hech qanday dalil yo‘q. Shu sababli mening uchun jahonda eng manfur narsa — sensan. Ko‘z o‘ngingda o‘n olti yashar sohibjamol tannoz bir qiz boiib qad ko‘tarsamu seni uzoq vaqtga uyqudan mahrum qilsam! Yana istagim shuki, har qanday osteologiyani barbod etib, sening boshingdan ham uning asarini qo‘ymay quvib chiqarsam deyman.
— Agar latif badaning hozir ham bo‘lganda, unga qasamyod qilib aytar edimki, boshimda u fanning yuqi ham qolmagan, — dedim men. — Jozibali, barkamol yoshlikdagi husn-jamoling esa kecha zulmatida ham olmos kabi porlab turibdi. Bu haqda ortiq gapirishning hojati yo‘q!
—    Mening dugonam yo‘q edi, — davom etdi u, — akam uylanmaslikka ahd qilgan, binobarin, ichkarida o‘zim tanho yashardim. Yolg‘izlikda bog‘dagi bir daraxt soyasida o‘tirib, butun olam menga oshiqi shaydo, yulduzlar ham faqat menga nigoh tashlaydi, shamol ham mening hasratimda nolish qiladi, sabzalar esa, agar hushi bo‘lganda, mening oyog‘im tegishi bilan hushini ham yo‘qotardi, deb o‘ylar edim. Ko‘katlarning poymol bo‘lib yerga qapishgan novdalari nazarimda, oyog‘im ostida sas-sadosiz yotgan butun dunyoning yigit-yalanglariday tuyulardi.
Akamning do‘sti Shoshishekxor meditsina kolledjini bitirgach, bizning uy doktori bo‘lib qoldi. Men uni ilgari ham darparda orqali tez-tez ko‘rib turardim. Akam juda g‘alati odam bo‘lib, hayotga doimo cho‘chibroq qarardi. Dunyo unga juda murakkab tuyular va u borgan sari undan uzoqlashib, oqibat go‘shanishin bo‘lib qolgandi. Shoshishekxor uning yagona do‘sti bo‘lib, men doim ko‘rib yurgan yigit ham faqat shu edi. Oqshomlari bog‘da o‘zimni shoh taxtida o‘tirganday his etganimda, oyog‘im ostida yotgan butun dunyo yigitlari Shoshishekxor siymosida namoyon bo‘la boshladilar. — Sen tinglayapsanmi? — deb menga murojaat qildi sharpa. — Sen nima xayol surib qolding?
Men og‘ir so‘lish olib:
—    Men Shoshishekxor bo‘lib tug‘ilsam, ehtimol yaxshiroq bo‘lardi, — deb javob berdim.
—    Avval hikoyani oxirigacha eshit. Bir yomg‘irli kunda meni bezgak tutdi. Doktor ko‘rgani keldi. Biz birinchi daf’a bunday yaqin turib ko‘rishdik.
Men derazaga qarab yotgan edim, shuning uchun kechki shafaq oqargan yuzimga arg‘uvon nurlarini sepib turardi. Doktor xonaga kirib, mening yuzimga qaragach, fikran o‘zimni doktorning o‘rniga qo‘yib, o‘zimga chetdan nazar soldim. Yuzim kechki shafaq nurida so‘lib qolgan kichkina nozik chechakka o‘xshar, gajaklarim peshonamga tushib turar, hayo bilan yarim yumilgan shahlo ko‘zlarim dilbar yuzga soya solardi…
Doktor xijolat ichida, ohistagina akamga mening tomirimni ko‘rish kerakligini aytdi.
Men ko‘rpaning tagidan momiqday qo‘llarimni chiqardimu: «Qimmatbaho bilaguzuklar taqsam qanday yaxshi bo‘lardi», — deb o‘yladim ichimda.
Doktorning bemor qo‘lini bunday o‘ng‘aysizlik bilan ushlaganini men hargiz ko‘rgan emasdim. Barmoqlari tomirni qidirarkan, tinmay qaltirardi. U menda isitma borligini sezdi, men esa, uning yurak urishini sezdim. Ishonmaysanmi.
—    Ishonmaslik uchun hech qanday dalilim yo‘q, — dedim men. — Buning ustiga, kishining tomiri hamisha har xil urib turadi.
—    Men bir necha daf’a og‘rib tuzalgandan so‘ng, payqadimki, dunyoda oqshomlari meni kutuvchi yoshlarning miqdori ancha kamayib, olamim deyarli bo‘m-bo‘sh bo‘lib qolgan edi. Nihoyat, unda doktor bilan bemor qoldi, xolos.
Oqshomlari men yashirincha za’faron liboslar kiyardim, sochlarimning uchiga jasmin gulini taqib, chiroyli turmaklab qo‘yardim, qo‘limga ko‘zgu tutib, bog‘da uzoq-uzoq o‘tirib qolardim. Nega bunday qilardim? O‘z-o‘ziga bino qo‘yish, hadeb o‘z aksingga termilish zeriktirmaydimi? Yo‘q! Husnimga tikilgan men o‘zim emas edim, axir. Men yolg‘iz o‘tirardim-u, lekin biz ikkov edik. Men goho doktor bo‘lib olardim-da, o‘zimga termilib, maftun bo‘lardim, o‘zimni sevib erkalardim, biroq goho qalbimdan ma’yus oqshom shamolining tug‘yoniday bir «oh» uzilib chiqardi.
Shundan beri men sira yolg‘iz bo‘lgan emasman. Sayr etganimda, yerga qarab qadamlarimni kuzataman, pan-jalarimning tushishiga razm solaman, bu oyoq olishim doktorga manzur bo‘larmikan, deb o‘ylayman. Qiyom paytida, tashqarida jazirama issiq bo‘lib, atrofda sukunat hukm surganda, havoda parvoz etgan kalxat ovozi-yu, bizning hovli yonidan o‘tgan o‘yinchoqfurushning o‘z matolarini ta’rif qilib qichqirgani eshitilardi. Ana shunda, men ko‘katlar ustida ro‘yja solib yastanib yotardim.
Yalang‘och bilaklar yengillik bilan yumshoq yostiq ustiga tashalanar, nazarimda kimdir bu bilaklarning latifligiga mahliyo bo‘lib, ohista ko‘tarib, oppoq kaftlarimdan o‘par, so‘ngra sas-sadosiz uzoqlashardi. Agar men o‘z hikoyamni shu bilan tugatsam, sen nima der eding?
—    Mayli, — dedim men, — lekin oxiri yo‘q, tunning qolganini sarf etib, hikoyani o‘zim tugallashim lozim bo‘ladi.
—    U holda, — dedi sharpa, — bu, tishlari irjayib turgan skelet haqidagi qo‘rqinchli hikoya bo‘lmay qolardi. Davomini eshit! Bir oz tajriba ortdirgandan so‘ng doktor bizning uyning pastki qavatida shifoxona ochdi. Men quvnoq suhbat va hazil-mutoyibalar orasida undan har xil dori va zaharlarning xususiyati, odamning nimadan tez va yengilroq o‘lishi haqida so‘rab qo‘yardim. Gap doktorning sevgan mavzulariga borib taqalganda, u sergap bo‘lib ketardi. Shunday suhbatlar meni o‘limdan qo‘rqmaslikka, o‘limni qandaydir o‘zimga yaqin bir narsaday tasavvur qilishga o‘rgatdi. Olamda men uchun sevgi bilan o‘limgi-na mavjudday tuyulardi. Mening hikoyam tamom boia yozdi, ozgina qoldi.
—    Hademay tong ham yorishadi, — dedim men asta.
—    Oradan birmuncha vaqt o‘tgach, doktor babuning nimadandir tashvish tortib, o‘z hayajonlarini mendan yashirishga urinayotganini sezib qoldim. Kunlardan bir kun qarasam, u juda hafsala bilan kiyinib akamdan izvosh olib, kechasi qayoqqadir jo‘nadi.
Men ortiq toqat qilolmay, akamning oldiga bordim. Har xil mayda-chuyda gapni gapirib bo‘lgach: «Aytganday, doktor babu izvoshda qayoqqa ketdi?» — deb so‘radim. Akam qisqa qilib javob berdi:
—    O‘lgani.
—    Boimag‘ur gapni gapirmang, — dedim men.
—    Uylangani ketdi, — deb tushuntirdi akam.
—    Nahotki! — deb qichqirib yubordim-u, qah-qah urib kula boshladim. Keyincha bilsam, doktor bu nikoh sharofeti bilan o‘n ikki ming rupiya qalin olarkan. «Ammo bu yangilikni sir tutib, nega u meni haqorat qildi? — deb o‘ylardim. — Axir, men uning oyoqlariga yiqilib, mabodo shunga o‘xshash biror voqea ro‘y bergan taqdirda o‘zimni halok etaman deb hech qachon aytmagan edim!». Yo‘q, erkaklarga ishonib bo‘lmaydi. Men bu dunyoda faqat bir erkakni tanirdim-u, lekin shunda ham hamma erkaklarning nimadan iborat ekanini tezdan payqab oldim.
Kechga yaqin, kasallarni ko‘rib bo‘lgach, doktor uyga qaytib keldi. Men xandon urib, unga murojaat qildim: «Doktor janoblari, to‘ylar muborak?» Mening quvnoq-ligimni ko‘rib, doktor esankirab qoldi. Men esa yana so‘radim. «Nahotki hech qanday muzika bo‘lmasa?»
Shoshishekxor og‘ir nafas oldi:
—    Nazaringizda to‘y shunaqa quvonchli narsami?
Uning javobini eshitib, men yana kuldim. Bunaqasini sira eshitgan emasdim.
—    Yo‘q, bu yaxshi emas, men nag‘ma-navoni, yorug‘likni sevaman, — dedim.
Oxiri akam urf-odatga muvofiq o‘yin-kulgi, tantana qilish haqida farmon berib mendan qutuldi.
Men kunbo‘yi, uyga kelin kelsa nima qilaman, deb xayolga botib yurdim.
—    Doktor janoblari, siz yana bemorlarning tomirini ko‘rasizmi? — deb so‘radim. — Ha-ha! Qasamyod etamanki, odamlarning, ayniqsa erkaklarning yuragida nima borligini sira bilib bo‘lmaydi. — Mening so‘zlarim doktorning qalbini o‘qday teshib o‘tdi.
To‘y yarim kechadan so‘ng bo‘lishi kerak edi. Kechqurun doktor akam bilan tomda o‘tirib, odatdagidek mayxo‘rlik qilishdi. Hademay oy qalqdi.
Men ularning yoniga keldim-u:
—    Doktor janoblari, xotiringizdan ko‘tarildi, shekilli, siz jo‘nashingiz kerak, — dedim kulib.
Bu o‘rinda yana bir narsani eslatib o‘tish kerak.
Ayvonga chiqishdan oldin men yashirincha aptekaga kirib, jindak poroshok oldimda, uning bir qismini bilintirmay doktorning stakaniga soldim. Bu poroshokni ichgan odam o‘ladi, deb uning o‘zidan eshitgan edim. Doktor stakandagi mayni bir ko‘tarishda sipqarib, o‘rnidan turdi va menga xira nazar tashlab, qaltiragan ovoz bilan sekingina:
— Men ketdim, — dedi.
Mana naylardan ham sado chiqdi. Men banoras soriysi kiyib, bisotimdagi hamma qimmatbaho liboslarim bilan o‘zimga oro berdim. Farqlarimni qizil rangda bo‘yab, bog‘dagi azim bir daraxt ostida o‘zimga joy soldim.
Dilbar bir kecha. To‘lin oy olamni sutdek yoritgan. Janub shabadasi uxlagan olamning horg‘inligini tarqatib, fazolarda parvoz etmoqda, bog‘da jasmin gulning xushbo‘y hidi anqidi, uzoqda nay sadolari tinib, oy nuri xiralashganda, daraxtlar, osmon va men tug‘ilib o‘sgan uy zulmat dengizida sarob kabi suzib, erib ketganda, ko‘zlarimni yumib, tabassum qildim. Men lablarimda arang sezilib turgan bu nafis tabassumni odamlar kelib ko‘rishlarini istardim. Men bu tabassumni mangulik zulmatdan iborat o‘z nikoh xonamga olib ketmoqchi edim. Hayhot, qani bu nikoh xonasi? Qani mening kelinlik zeb-ziynatlarim?
Men shaqirlagan ovozni eshitib uyg‘onganimda, tepamda uch bolaning osteologiya o‘qiyotganini ko‘rdim. Bir vaqtlar quvonch bilan qayg‘u hislari qaynagan, yoshlik gulining nafis yaproqlari ochilgan joyni hozir muallim tayoqcha bilan ko‘rsatib suyaklaming nomlarini atamoqda edi.
Mening lablarimda g‘unchaday ochilgan so‘nggi tabassumning biror izini payqadingmi? Xo‘sh, hikoya senga ma’qulmi?
— Juda ajoyib hikoya ekan, —javob berdim men.
Shu mahal qarg‘alarning birinchi qag‘illashi eshitildi.
—Sen hanuz shu yerdamisan? — deb so‘radim.
Javob bo‘lmadi. Tongning ilk nuri derazadan kirib kelmoqda edi.
1891

To‘xtasin Jalolov tarjimasi