Qalen Sidiqova. Gurung (hikoya)

Qishning chillasi. Ayoz bobo yuz-qo‘lni chimchilaydi. Eshikda og‘zingdan to‘kilgan tupuging yerga tushmaydi. Ikki-uch kun biror joyga chiqmadim. Osmonu falak bir maromda elak qoqadi. Tashqaridan kuzatgan kishi qishloqdagilarning bugungi holatini chumolining turmushiga qiyoslashi mumkin. Qish kuzda kelgan yo‘lbarsday o‘z hukmini o‘tkazayotir. Tabiat to‘lg‘oq tutgan onaday kiprigini qoqmaydi. Bu voha o‘ziga xos turfa rang. Xayol tushmagur allaqayoqlarga yetaklaydi.. Ayozda «sovuq yeb qolishdi-da..» Qiziq, «tuproq ham sovuq yeydimi». Tirik chog‘imizda barchamiz ham ne ko‘ylarga tushmaymiz! Ertangi kunimizga goh umidli, goho noumid boqib, tirikchilik tegirmonida tortilamiz. Alal-oqibat, muzday tuproq so‘lqillab urib turgan yuragimizni ko‘mib qo‘yishini esimizga olmaymiz.
Qishloqqa shoshilib, intiqlik bilan kirib borayotganimda qarovsiz qabristonlarga ko‘zim tushib, quvonchim birdan marvaridday sochilib ketadi. Ayozda muzday suvni kechib olganday cho‘chib ketaman. Bag‘rim eziladi. Bu yerda yotganlarning avlod-ajdodi kimlar? Bizning ota-bobolarimizmi yoki begona kishilarmi?
—Ey, bolam, nimaga qarab turibsan? — Mening o‘y-xayolimni to‘satdan kelib qolgan otamning tanish ovozi buzadi. Otamning savoliga javob bermaganimni uyga kelgach eslayman. Eh, nochor-nogiron bandalar. Tirik paytimizda og‘iz ko‘pirtirib «O‘rgilayin, ona yurtim» deb ko‘kragimizga urib maqtanamiz. Tashlandiq qabristonlarni biroz bo‘lsa-da tartibga keltirishni esa o‘ylab qo‘ymaymiz. Ularning ko‘pchilik qismi haydov yerlarga qo‘shilib ketgan. Har joy —har joyda yotgan traktorlarning so‘qalarini aytmaysizmi?
Talabalik ta’tili. Kun issiq. Jilg‘a tarafdan sayg‘oqlab kelgan mollar qabristondan salqin joy izlab, shu yerga tezaklaydi. Bu yerni avvalgiday qo‘riqlaydigan odamning o‘zi yo‘q. Qabriston atroflari sigir va qo‘ylarning tappi, qumaloqlari bilan to‘lib, tikanzorga aylangan. Echki bilan uloqlar yodgorliklarga suykalaverib yog‘lama qilib yuborgan. Quvray bilan beor erman yelvizakda behol tebranadi. Shu yerda yotgan marhumlar go‘yo menga mung‘ayib, iltijo bilan boqayotganday..
Kun ortidan tun, umrlar suvday oqib o‘tmoqda. Ana Jumg‘al tog‘lari ko‘zga elas-elas tashlanadi. Saraton. Ovulda odatdagiday tirikchilik tashvishi. Uyda men, sutga to‘yib uxlab yotgan Qoracho‘tirning yalqov mushugi. Bitta qulog‘i kesilgan. Urfimizda yo‘q, begona ko‘rinish.. Tashqarida, hovlining etagida onam teri oshlayotir. To‘qsonga borib qolgan otam, odatdagiday, mo‘ylabini chiyraltirib, shudi ketib, budi qolgan etigini moylash bilan band. Esi-hushi joyida. Eshikka chiqib, otamni gapga chalg‘itmoqchi bo‘laman:
— Ota, — deyman va mast-alastlikka ruju qo‘ygan elim, elatim to‘g‘risida so‘zlab, maslahat so‘ramoqchi bo‘laman. U kishi ixlos bilan tamakini nayaki qilib tutunini burqsitgan ko‘yi boshini irg‘ab: «Ona qizim, to‘g‘ri aytasan..» deb ma’qullab qo‘yadi.
— Dunyoyi-dun deganlari shunday, qozonda bo‘lsa, cho‘michga chiqarkan. «O‘rnida bor o‘nglanar, o‘rnida yo‘q daf bo‘lar» deganlariday. Qabriston ham ertayu-kech elning ko‘z-qarog‘ida bo‘lishi kerak.
—    Gul ekib qo‘ysa bo‘lmaydimi, — gapimni tugatmasdan turib otam fikrimni davom ettirib ketdi.
—    Bolam-ey, bolam, «gul ekilsa, marhumlar qayta tirilib kelarmidi?» Sen gulni aytasan. Papka talashgan «otga minarlar» hech bo‘lmaganda qabristonlarning atrofini yaxshilab to‘sib, muhofaza qilishga yaramagandan keyin, bo‘yog‘i nima bo‘lardi? Ular xalqning nonini «tuya» qilish bilan band. Ilgarilari epi yo‘qqa yo‘rg‘a mingazib, «rejani bajar, sut, go‘sht, jun beringlar» deb baqir-chaqir qilishardi. Hozir esa fikri-o‘yimiz bir nuqtaga qaratilgan. «Qanday qilsak, boy bo‘lamiz?» Mana senga, bozor iqtisodining qirg‘izcha falsafasi. Qolgani bilan kimning nima ishi bor, — oqsoqol bir soniya o‘ylanib qoldi.
—    Men ko‘z yumsam, sizlarning biror bir xotira o‘rnatishinglarni ham Yaratganning o‘zi biladi, — dedi otam hafagazak ohangda.
—    Hammang o‘qiymiz deysanlar. Bu yerdagi qora kampir, sariq chollar qanday yumush bilan band ekanligini birortang aniq bilmaysan. Yilda bir marta kelishingdan nima foyda?.. Noming o‘chgur urush… Umrim hazon bo‘ldi.
Otam jangda daraksiz ketgan ukasini eslab ushkurib qo‘yadi…
— Ota, siz hali ko‘p yashaysiz, — deyman ko‘nglini ko‘tarmoqchi bo‘lib. — Undan ko‘ra, oqsoqollar to‘planib, hech bo‘lmasa, azada aroq ichmaylik deb aytsangizlar yaxshi bo‘larmidi? Millatimiz ruhiyatiga sira yopishmaydigan yangi urflar ko‘payib ketdi, — demoqchi bo‘laman gapni aylantirib.
— Obbo, qizim-ey, o‘ttizga chiqsang ham bolalarday o‘ylar ekansan. Oddiy to‘yni olaylik, kim oshdiga musobaqa qilib, to‘y-to‘rkin qilish odatga aylandi. Bola-chaqalarining usti yupun, kitoblari yo‘q. Eng yomoni, o‘zaro mehr-oqibat yo‘qolib, uning o‘rnini, sen aytganday har xil begona udumlar egallamoqda. Marhum uydan chiqarilmay turib, uning qarindosh-urug‘lari mast-alast. Ta’ziya bildiramiz deb kelgan odam bittadan shishani qo‘ltiqlab keladi. Oxirgi vaqtlarda bittasi ozlik qilarkan deb, ikkitadan aroq ko‘tarib borish rusum bo‘ldi..
Biz besh-o‘nta oqsoqollar to‘y-to‘rkinni, dafn marosimlarini tartibga keltirish masalasi bo‘yicha ovuldoshlarni to‘plab kengash o‘tkazdik. Afsuski, bizni hech kim qo‘llamadi. «O‘lganning ziynatini ko‘mganda ko‘rsatishimiz kerak» deb oyoq tirab turib olishdi.
Otam biroz tin olib, so‘zida davom etdi:
— Xullas mol so‘yish, azadorning hisobidan rulon-rulon yirtish, tarqatishga chek qo‘yamiz, deb yomon otliq bo‘ldik. Bo‘tam, o‘zing bundoq o‘ylab ko‘r. O‘sha yirtilgan barxit bir kiyimlikdan bo‘lsa boshqa gap edi. Alam qilgani shuki, marhumning nomidan tarqatilgan yirtish bir parcha bo‘lib, u rumolcha vazifasini ham o‘tamaydi. Agar o‘shalar oshib-toshib yotgan bo‘lsa, matoning o‘rniga yetim-esirga, nochor oilalarga yordam bersin, o‘lik chiqqan xonadonni oyoqosti qilishdan qanday naf keladi? O‘monlik bilan yaxshilik hamisha yonma-yon yuradi. Besh panja teng emas, har kimning sharti har xil.
— Ota, ibratli ishni boshlabsizlar. Buni rahbarlarga yetkazish kerak.
— Gapingda jon bor. Cho‘chiganim, suvni loyqalatganlar — zamonaviy boyvachchalar, qizim! Ular birovning so‘zini sariq chaqaga olmay qo‘ygan.
— Hech bo‘lmaganda azada, o‘limda aroq ichishni to‘xtatish bo‘yicha sizga o‘xshagan qariyalar qattiqroq tursanglar bo‘lmaydimi! Axir, ovulda oqu qoradan xabardor mullalar bo‘lsa kerak.
— Rostini aytsam, hozircha qishlog‘imizda tuzukroq mullaning o‘zi yo‘q. Sen aytgan chala mullalar elning orasida obro‘-e’tiborini yo‘qotgan sobiq aroqxo‘rlar, alifni ko‘rsatsang, hatto kaltak deyishni bilmaydigan eski faollar. Ularning ortidan odamlar erchib bo‘pti..
— Oqsoqollar kengashi deganlari bo‘larmidi?
— Ilgarigi oqsoqollarning o‘rni boshqa edi. Hozir-chi, tamoman aksi. Yetmishga chiqqan qariya o‘n olti yoshli o‘smir bilan ariqning bo‘yida piyola urishtirib o‘tiradi-ku. «Mastdan jinni qochib qutilibdi» degan yangi naqlni eshitmagan ekansan. Mastlik ho‘l baloning o‘zi-ku! Mastlikning ortidan yuz berayotgan hodisalarni aytmaysanmi? O‘g‘rilik avj oldi. O‘sh-yalanglar qizlarni olib qochayapti. Ko‘p oilalarga darz ketmoqda. Hay degani Ajo, qo‘y degani xo‘ja yo‘q.
— Qishloqdagi yetakchilar qayoqqa qarayapti? Sudga berishmaydimi?
— Sudga, g‘isht qolipdan ko‘chgandan keyin arzlanib borishadi. Gap ana shunday noxush voqealarning oldini olishda. Bolam, zamon tamoman o‘zgardi. Ota-onasini kaltaklaydigan farzandlar paydo bo‘ldi. Xalqimizning «O‘shlikda bersin mehnatni, qariganda bersin davlatni» degan iboratomuz maqoli bor. Shuning uchun avvalo xolis niyat qil, o‘g‘il-qizingga o‘zing namuna bo‘l. Niyating yo‘ldoshing bo‘lgandagina maqsadingga erishasan.
Shu payt tashqaridan kenja ukam chopib kirib otamga yuzlandi:
— Ota, sizni tog‘alarim choy ichib ketsin, deb chaqirishyapti.
— Hamma gap tarbiyada, bo‘tam! Xo‘p men tog‘angnikiga boray. Sen onangga yordam ber.
Otam bilan bo‘lgan o‘sha suhbat ko‘pga qadar qalbimni o‘yqab yurdi. Ibrat, ishonch, yaxshi xulq-odobing bilan o‘zgalarga o‘rnak bo‘lish izsiz qolmasligi aniq.
Qizart tog‘laridan sharqirab kelayotgan suv ilonday to‘lg‘anib oqadi. Bayostonning tegirmonidan berida bir nechta qabristonlar bor. O‘sha yerdagi osma ko‘prikdan o‘tgan odamni vahima bosadi. Qizartning anhori tezob, jarlik esa tippa-tik bo‘lgani uchun tuproq yemirilib, qabristonlarga yetib kelgan. E’tibor berib qarasangiz, suvda oqarib yotgan marhumlarning bosh chanoqlari, suyaklari sizga qarab siljib kelayotganga o‘xshaydi. Ana shu suyaklar, bosh chanoqlar orasidan suzib chiqqan baliqlarni ko‘rganingda tomog‘ingga yong‘oqday nimadir tiqilib qolganga o‘xshaydi. Xuddi suv emas, suyaklari oqayotganday tuyuladi. Uxlasam ko‘zimga faqat shular ko‘rinadi. Bular balki bir kezlarda shu vohani dushmanlardan himoya qilgan pahlavonning boshi yoki o‘n gulidan bir guli ochilmagan bolakayning panjalaridir. Nima bo‘lganda ham insonning so‘nggi manzili tuproq ostida. Kaftimizdagi tuproqni duo o‘qib tashlashdan kutgan maqsadimiz marhumga u dunyoda osoyishtalik tilash emasmi?!
Ko‘rsichqon qabrning yonidan sakrab chiqib chor atrofni ziyrak kuzatadi. Yelinlarini arang ko‘tarib borayotgan sigirning orqa tuyog‘i jajji qabrga botib qoldi.. Odatda, norasidalar vafot etsa yodgorlik o‘rnatmaymiz, «uchib ketadi» deb. Shu asnoda bolakay bilan birga uning hech kimga aytib ulgurmagan sirlari, orzu-armonlari qo‘shib ko‘milganligini biz kattalar xayolimizga ham keltirmaymiz. Qaniydi, hech bo‘lmasa shu pokdomon, suqsurdek toza go‘daklarning mozori oyoq-osti bo‘lmasa…

Qirg‘izchadan Tursunboy Adashboyev o‘girdi.