Bor ekan, yo‘q ekan, bir juft eru xotin boshmoq bo‘lgan ekan. Bir poyining ismi Nikolya bo‘lib, u eri ekanu ikkinchi poyi Tina esa uning umr yo‘ldoshi ekan. Nafis, ipakdek mayin qog‘ozga o‘ralgan boshmoqlar bejirimgina qutida yashar ekanlar. O‘sha yerda ular o‘zlarini behad baxtiyor sezishar va hayotlari abadulabad shunday kechishiga shubha qilishmas ekan.
Biroq kunlardan bir kun sotuvchi ayol ularni qutidan olib kiyib ko‘ring, deb allaqanday xonimga beribdi. Xonim oyog‘iga kiyib, bor-yo‘g‘i bir necha qadam yuribdi-da, boshmoqlarning xuddi quyib qo‘ygandek loyiq ekanini ko‘rib:
– Mana shunisini olaman, – debdi.
– O‘rab beraymi? – so‘rabdi sotuvchi ayol.
– Shart emas, – debdi xonim, – shunday kiyib ketaveraman.
U pulini to‘lab, yangi boshmoqda ko‘chaga chiqibdi.
Shu tariqa Nikolya bilan Tina bir-birlarini ko‘rmay kun bo‘yi yurishibdi. Faqat qosh qorayganda ular qop-qorong‘i javonda uchrashibdilar.
– Tina, bu senmisan?
– Ha, bu menman, Nikolya.
– Qanday yaxshi! Seni boshqa ko‘rmayman, deb rosa qo‘rqqandim.
– Men ham. Sen qayerda eding?
– Menmi? O‘ng oyoqda.
– Men esa chap oyoqdaydim.
– Hammasini endi tushundim, – debdi Nikolya. – Har gal sen oldinga o‘tsang, men orqada qolganman, sen orqada bo‘lgan chog‘da esa men oldinda bo‘lganman. Shuning uchun biz bir-birimizni ko‘rolmaganmiz, shekilli.
– Nima qildik, endi har doim shunday bo‘ladimi? – so‘rabdi Tina.
– Afsuski, shunday.
– Ammo, azizim Nikolya, seni kun bo‘yi ko‘rmaslik dahshat-ku?! Men bunga aslo chidayolmayman.
– Shoshma, – debdi Nikolya, – men yo‘lini topdim. Quloq sol, men hamisha o‘ng oyoqda, sen esa chap oyoqda bo‘lasan, to‘g‘rimi? Xo‘sh, men har qadamda jinday sen tomonga sakrayman. Shunda bir-birimizni ko‘rish imkoni tug‘iladi. Kelishdikmi?
– Bo‘pti.
Nikolya xuddi shunday qilibdi.
Ertasiga boshmoqlarning egasi uzzukun o‘ng oyog‘ining uchi poshnasiga urilmasdan, to‘g‘ri, tinchgina yurolmabdi. Nuqul endi yuraman, deganda oyog‘i qayrilib ketarmish.
O‘takasi yorilgan xonim o‘sha kuniyoq shifokor qabuliga boribdi.
– Doktor, menga nima bo‘lganiga aqlim bovar qilmayapti. O‘zidan-o‘zi oyoqlarim chalishib ketyapti.
– Chalishib ketyapti? O‘zidan-o‘zi?
– Ha, doktor. Bir qadam qo‘yishim bilanoq o‘ng oyog‘im chap oyog‘imga tegib ketayapti, men yiqilib tushyapman.
– Ie, buning oldini olmasa bo‘lmaydi, – debdi shifokor. – Agar bundan keyin ham shunday bo‘laversa, o‘ng oyog‘ingizni kesib tashlashga to‘g‘ri keladi, xonim. Mana sizga retsept: shu bo‘yicha o‘n ming frankli dori olasiz. Ertaga keling. Ko‘rib qo‘yganim uchun esa ikki ming frank to‘laysiz.
O‘sha kuni kechqurun, kiyim javonida Tina Nikolyadan so‘rabdi:
– Shifokor nima deganini eshitdingmi?
– Eshitdim.
– Bu dahshat-ku! Mabodo, uning o‘ng oyog‘ini kesib tashlasalar bormi, u seni tashlab yuboradi, oqibat, bir-birimizdan judo bo‘lamiz.
– To‘xta, men topdim, – debdi Tina. – Men chap oyoqda bo‘lganim tufayli ertaga sen emas, men oz-moz o‘ng tomonga toyaman.
– Bo‘pti.
U shunday qilibdi ham: ertasiga kun bo‘yi chap oyog‘i o‘ng oyog‘ining poshnasiga urilaverib, har safar boyoqish xonim gup etib ag‘darilib tushaveribdi.
– Doktor, ahvolim tobora yomonlashyapti, shekilli. Endi chap oyog‘im o‘ng oyog‘imning poshnasiga ilashib qolyapti.
– Nimasini aytasiz, ahvolingiz yanayam og‘irlashibdi, – debdi shifokor. – Agar shunday davom etaversa, ikkala oyog‘ingizni kesib tashlashga to‘g‘ri keladi. Mana sizga retsept: yigirma ming frankli dori sotib olasiz. Ko‘rib qo‘yganim uchun esa uch ming frank to‘lang. Ertaga, albatta, keling!
Kechqurun Nikolya Tinadan so‘rabdi:
– Eshitdingmi?
– Eshitdim.
– Agar xonimning ikkala oyog‘ini kesib tashlasalar, holimiz nima kechadi?
– Bu haqda o‘ylasam, yuragim orqaga tortib ketyapti.
Ikkovi shifokorning gaplaridan vahimaga tushib, uxlolmay, xonimning dahlizda bedor yurganligidan tamom bexabar, qop-qorong‘i javonda rosa hasratlashibdi. Xonim javon yonidan o‘tayotganida bexos ularning gapini eshitib qolibdi-yu, juda farosatli ayol ekan, gap nimadaligini darrov fahmlabdi.
Xonim o‘sha zahoti o‘ttiz ming frank sarflab olgan dorilarini uloqtirib yuboribdi va ertasigayoq oqsochiga tushuntiribdi:
– Manavi boshmoqlarni ko‘ryapsizmi? Men endi buni kiymayman, ammo shunga qaramay, ularni tashlab yuborish niyatida ham emasman. Shuning uchun boshmoqlarni yaxshilab artib qo‘ying, doimo yaltirab turishi uchun mudom tozalab turing. Eng muhimi, ularni yonma-yon qo‘ying.
Uyda yolg‘iz qolgach, oqsoch kulibdi-da:
– Xonim esini yeb qo‘yibdi, – debdi, – odam ham shunday chiroyli boshmoqlarni kiymay asrab qo‘yarmishmi! Ikki haftalardan so‘ng unutib yuboradi, ana o‘shanda ularni olib ketaman.
Chindan ham oradan ikki hafta o‘tgach, oqsoch boshmoqlarni olib ketibdi. Ammo kiygan zahoti o‘z-o‘zidan qoqila boshlabdi. Bir kuni oqsoch kechki payt chiqindilarni tashlab kelgani orqa zinadan tushayotgan chog‘ida Nikolya bilan Tina bir-birlarini ko‘rgilari kelib kolibdi-yu, u ko‘z ochib-yumguncha ag‘darilib tushibdi.
“Boshmoqlar sehrli ekan, shekilli, – deb o‘ylabdi u. – Shuncha kiyganim yetar. Yaxshisi, bularni nogiron jiyanimga beraman”.
Kunlarning birida kechasi Tina Nikolyaga hasrat qilibdi:
– Mening poshnam yeyilaverib piyozning po‘stidek bo‘lib qoldi. Bu ketishda ado bo‘laman.
Chindanam bir hafta o‘tgach, uning poshnasi teshilibdi. Nogiron qiz yangi poyabzal sotib olib, Tina bilan Nikolyani chiqindi qutisiga tashlab yuboribdi.
– Endi nima qildik, – deb so‘rabdi Nikolya.
– Koshki bir umr ajralmaslikning iloji bo‘lsa!
– Menga yaqinroq kel, – debdi Nikolya, – bizni ajratib yubormasinlar, mening bog‘ichimni mahkam ushlab ol.
Ular shunday qilishibdi. Chiqindi mashinasiga ham birga ortilishibdi. Nihoyat bu mashina ularni eltib, chiqindixonaga to‘kibdi. To ularni bir qizcha bilan bola topib olmaguncha o‘sha yerda yotaveribdilar.
– Qara, qara, boshmoqlar. Ular bir-birlarining qo‘lidan ushlab yotishibdi! Bundan chiqdi ular juda yaqin do‘st ekan, – debdi qizcha.
– Unday bo‘lsa, – debdi bola, – ular juda yaqin do‘st bo‘lishsa, dunyoni birgalikda tomosha qilishsin.
Bola shunday debdi-yu, ularni patnisdek taxtachaga yonma-yon qo‘yib mixlabdi. Keyin esa taxtachani dengizga oqib boradigan anhorga qo‘yib yuboribdi. U tobora uzoqlashib suzib ketibdi, qizcha bo‘lsa ro‘molchasini silkitib, qichqiribdi:
– Xayr sizga, boshmoqlar! Oq yo‘l!
Garchi hayotdan bor umidlarini uzgan bo‘lsa ham, Tina bilan Nikolya vaqtichog‘lik bilan sayohat qilgani jo‘nab ketibdilar.
Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 6-son