Persi Bishi Shelli. Poeziya himoyasi

I qism

Aqliy faoliyatimizda mushohada va tasavvur ataluvchi ikki nuqtai nazar mavjud. Dastlabkisi yangisini keltirib chiqarmagan holda fikrlarning o‘zaro munosabatini o‘rganadi; ikkinchisi esa bu fikrlarni tafakkur nurlarida yoritib, turli unsurlardan har biri alohida yangi, yaxlit fikrlarni yuzaga keltiradi. Ularning biri – sintez, ya’ni tabiat va hayot hodisalariga umumiy munosabatni anglatsa; boshqasi analiz bo‘lib, voqea-hodisalar o‘rtasidagi aloqalarni oddiy munosabatlar tarzida tadqiq etadi, bunda fikrlar – alohida, tabiiy butunlikda emas, umumiy natijalar hosil qiluvchi aljabriy formulalar shaklida tahlil qilinadi. Mushohada – avvaldan ma’lum bo‘lgan o‘lchamlarni hisobdan o‘tkazish; tasavvur esa ularni alohida va umumiy, butun holda baholashdir. Mushohada farqlarni e’tiborga oladi, tasavvur esa hodisaning mavjud umumiy tomonlariga yoshdashadi. Mushohada tasavvurga nisbatan tanning ruhga, mohiyatning aks tasviriday, harakat sub’ektining quroli vositasi sifatida taalluqlidir.
Poeziyaga tasavvurlarning mujassamligi sifatida umumiy aniqlik kiritish mumkin; poeziya insoniyat tengdoshidir. Inson – bu soz, turli ichki va tashqi harakatlarning ta’siriga mubtalo, xuddi o‘zgaruvchan shamol Eola arfasiga urilib undan turfa ohanglar taratib turganiday. Ammo insonda, balki barcha tirik mavjudotlarda ham arfadan ko‘ra mukammalroq bir mo‘jiza borki, u nafaqat musiqa yaratadi, balki ohanglar va harakatlar tufayli paydo bo‘lgan ichki kechinmalar mutanosib­ligidagi uyg‘unlikni vujudga keltiradi. Agar arfa, mug‘anniy o‘z xonishini musiqaga moslaganday chertayotgan barmoqlar ta’sirida taralayotgan ohanglarning me’yorini o‘zi belgilay olganida edi, unda ham uyg‘unlik bo‘lardi. Butun olamni unutib, o‘zi yolg‘iz o‘yinga berilib ketgan bolakay beixtiyor shodligini ovoz va harakatlari bilan ifodalaydi; uning qiliqlari, xirgoyisining ohanglari qalbidagi yoqimli kechinmalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, bevosita aloqada bo‘ladi, tuyg‘ularini in’ikos ettiradi. Shamol to‘xtasa-da, arfa oniy lahza titrab, ohang taratib turganiday, bola ham ovoz va harakatlari bilan qalbida kechgan shodlik tuyg‘ularini aks-sado kabi uzoq davom ettirishni istaydi. Bolani hayratga solgan narsalarga nisbatan aytish mumkinki, bu – lazzat ifodasi, xuddi shu kabi, ammo oliy, yuksak hodisalar natijasi esa poeziya bo‘ladi.
Ibtidoiy (yoki odamzodning yovvoyi hayoti – insoniyatning bolalik davri) odam atrofidagi olam ta’sirida paydo bo‘lgan tuyg‘ularini shu tarzda ifodalagan; uning nutqi va harakatlarida, shuningdek, rasm solganida va voqea va hodisalar ta’sirida paydo bo‘lgan his-tuyg‘ularini aks ettirgan.
Taraqqiy etgan jamiyatda esa insonning shodlik va qayg‘u predmeti jamoadagi insonning o‘zi, uning qalb kechinmalari, qayg‘u va shodliklaridir; his-tuyg‘ularning yangi qatlamlari muvofiq ravishda yangi ifoda vositalarini yuzaga keltirib chiqaradi va ularni boyitadi; nutq, ishora va tasviriy san’at bir vaqtning o‘zida ham ifoda ham vosita – mo‘yqalam va kartina, toshyo‘nar va haykal, tor va ohang vazifalarini o‘taydi. Qayerdaki kamida ikki kishi bor ekan, unda ijtimoiy aloqalar, o‘ziga xos qonun-qoidalarga suyangan jamiyat yuzaga keladi. Bu jamiyat kelajagi xuddi o‘simliklar o‘z urug‘ida botin bo‘lganiday bugundan boshlanadi; tenglik, ziddiyat, tafovut, hamkorlik, qarama-qarshilik va o‘zaro bog‘liqlik umumlashib, yagona sababni yuzaga keltiradi va oqibatda ijtimoiy hodisa bo‘lgan inson erkini uyg‘otadi. Biz aynan o‘shalardan minnatdor bo‘lishimiz kerakki, kechinmalar orasida – yorqinlari, tuyg‘ular ichida – ezgulari, san’at ichra – go‘zallik, mushohadalar aro – haqiqat, insoniy munosabatlarda esa muhabbat bor. Shuning uchun ham ibtidoiy jamiyatdagi odamlar o‘z so‘zi va harakatlarida ma’lum tartibga bo‘ysunganlar, chunki har qanday ifoda o‘zining ibtidosida yaratilgan qonunlarga beixtiyor amal qiladi. Jamiyatning tub asoslarini ko‘rib chiqishni taqozo etadigan bu umumiy mulohazalarni qo‘ya turaylik-da, tasavvurning shakllarini anglash bilan chegaralanaylik.
Insoniyat tarixining ibtidosida odamlar ma’lum bir ohangga yoki uyg‘unlikka amal qilgan holda kuylaganlar, raqs tushganlar va narsalarning rasmini chizganlar. Bu uyg‘unlik raqs harakatlarida, qo‘shiq musiqasida, so‘zlar talaffuzida va olamning tasvirlanishida o‘ziga xosdir. Chunki turmush hodisalariga turli taqlidlarning tartibi va ohangi o‘zgacha bo‘lib, boshqasiga nisbatan kuchliroq va sofroq lazzat baxsh etgan; zamonaviy mualliflarimiz mazkur uyg‘unlikka yaqinlashish mahoratini did deb ataydilar. San’atning ilk davrida imkon qadar lazzat, huzur-xalovat beruvchi ohangga rioya etganlar; ammo ifodalardagi farqlar, iste’dod go‘zallikka yondashgan paytini hisobga olmaganda, anglar darajada u qadar aniq emas edi (chunki biz lazzatni uni paydo etuvchi sababga nisbatan ataymiz) – iste’dod go‘zallikka yondashganda esa unda xolislik birlamchidir. Kimgaki iste’dod berilgan bo‘lsa, tom ma’noda shoir deb atalgan; ularning qalbida tabiat va jamiyat ta’siri o‘ziga xos aks etgan va bu e’tirof etilishi hamda boshqalarga namoyon bo‘lishi asnosida lazzat ikki hissa ko‘paygan. Ularning tili jonli metaforalardan iborat edi yoki voqea-hodisalar o‘rtasida avvaldan ma’lum bo‘lmagan yangi munosabatlarni o‘rnatgan va bu topilmalarni imkon qadar saqlab qolgan holda, ifodalangan tovushlar yig‘indisi vaqt o‘tishi mobaynida tushunchaning kategoriyasiga yoki ma’lum bir ma’noni anglatuvchi so‘zga, keyinchalik yaxlit predmetning obrazini ifodalovchi tushunchaga aylangan; va yana yangi shoirlar chiqib, buzilgan his-tuyg‘ularning o‘zaro bir-birini eslatadigan birikma (assotsiatsiya)larini qayta tiklab borganlar, aks holda, yaratilgan so‘zlar unutilib, til boyib bormasdi, o‘lardi, insoniyat muloqotining yuksak manfaatlari uchun yaroqsiz bo‘lib qolaverardi. Buday munosabatlarga lord Bekon a’lo darajada ta’rif berib, ular “turli predmetlarda qolgan tabiat odimlarining izlari” ekanligini ta’kidlagan. So‘zlarni tanlash, anglash qobiliyatini u har qanday bilimlarning umumiy mohiyat manbai deb hisoblagan. Insoniyatning ilk tongida har bir muallif – g‘ayriixtiyoriy shoir, chunki tilning o‘zi poeziya edi; shoir bo‘lish esa, haqiqatni va go‘zallikni his eta bilishdir, boshqacha aytganda, birinchidan, borliq va idrok, ikkinchidan, idrok va ifoda o‘rtasidagi munosabatlarga daxldorlikdir. Har bir mustaqil til, agar u o‘z manbasiga yaqin ekan, mantiqsiz va betartib tarzdagi poemani namoyon etadi. So‘z boyligiga tartib berilishi, grammatika qoidalarini tatbiq etilishi keyingi vaqtlarda bajarilgan ishlardir; bu – poeziya tomonidan yaratilgan tilni shakllantirish, rasmiylashtirish, xolos.
Biroq shoirlar, ya’ni bu qat’iy tartibni tuzuvchilari va ifodalovchilari nafaqat til va musiqani, raqs va me’morchilikning, haykaltaroshlik va tasviriy san’atning ijodkorlaridir; ular – qonun ijodkorlari, jamiyat asoschilari, hunarlarni ixtiro qilgan va o‘z maktablarini bunyod etgan ustozlar, ma’lum ma’noda, din deb ataluvchi va qisman anglab yetiluvchi go‘zal va haqiqiy olamga yaqinlashuvchilardir. Hamma dinlar ma’joziy yoki ma’joziylikka moyildir, Yanusga o‘xshab ular ikki xil qiyofaga ega; soxta va chin tomonlari bor. Shoirlar turli mamlakatlar va davrlarda qonun yaratuvchilari yoki avliyolar deb atalgan; aslida, shoir tabiatan bu ikki vazifani ham o‘zida birlashtiradi. Atrofidagi borliqni qanday bo‘lsa, shundayligicha ko‘ra oladi yoki nafaqat u o‘zini boshqarishi lozim bo‘lgan qonunlarni anglaydi, balki kelajakni his etadi; uning fikrlari urug‘ misoli, keyingi davrlarda gullar ochadi va lazzatbaxsh mevalar beradi. Men shoirlarni to‘g‘ri ma’noda avliyolar deb aytmoqchimasman, ular kelajakni o‘zlari his qilganlariday ishonch bilan bashorat qilolmaydilar. Faqat xurofotchilar avliyolikni adabiyotning ramzi deb bilish o‘rniga, aksincha, adabiyotni avliyolikning ramzi, deb hisoblaydilar. Shoir mangulikka, yagonalikka, boqiylikka daxldordir: uning fik­ri uchun makon va zamon yoki son-sanoq ahamiyatsiz. Yuksak poeziyada grammatik shakl­lar, makon va zamon, joy va shaxslar har qanday yo‘qotishlarsiz boshqasiga almashtirilishi mumkin; Esxilning xorlari, Iova kitoblari, Dantening “Jannat”i kabi yoki haykaltaroshlar, musavvirlar va bastakorlarning asarlari yanada aniqroq ko‘rgazmali namuna bo‘lishi mumkin.
So‘z, rang, shakl, diniy va milliy urf-odatlar – bularning barchasi poeziyaning manbalari va materiallari hisoblanadi; ularni oqibatni sababning ma’nodoshi tarzida anglatguvchi nutqning tegishli shakli yordamida poeziya, deb atash mumkin. Lo‘ndasini aytganda, poeziya – bu o‘ziga xos bunyod etilgan, birinchi navbatda ritmik nutq bo‘lib, insonning ichki tabiatidagi hukmron ehtiyoj – qalb amridan tug‘iladi. U, shuningdek, tilning tabiatidan ham yuzaga keladi; bevosita bizning ichki his-tuyg‘ularimizni ifodalaydi, bo‘yoqlar, shakllar va harakatlarga nisbatan nafis va turfalikka qobil so‘z o‘zining yaratuvchisi ehtiyojlariga yaxshiroq bo‘ysunuvchan, moslashuvchandir. Chunki til tasavvur hukmi bilan yaralgan va butunisicha tafakkur hukmidadir, san’atning boshqa materiallari va vositalari bir-biri bilan bog‘langan ekan, so‘z fikr va ifoda o‘rtasida munosabat o‘rnatadi va ularni chegaralaydi. Birinchisi, yoki til ko‘zgu vazifasini o‘taydi, aks ettiradi, boshqasi – o‘sha nurni to‘sayotgan bulut, ammo u, baribir, tarqalib ketishga moyildir. Musiqachilar, haykaltaroshlar va musavvirlar – garchi ular katta iste’dod sohiblari bo‘lib, o‘z fikrlarini ifoda etish uchun so‘zni tanlagan shoirdan kam bo‘lmasalar-da, – gapning ochig‘i, shon-shuhrat bobida hech qachon shoirga teng bo‘lolmaganlar; shoir so‘zi bilan oddiy aytilgan gap teng bo‘lmaganiday ikki ijrochi qo‘lidagi arfa va gitaradan taralgan ohanglar ham o‘zgacha jaranglaydi. Faqatgina qonun va dinlarni yaratuvchilargina, toki ularning ta’limotlari yashar ekan, yanada dovrug‘ qozonib boraveradilar, faqat ulargina tor ma’nodagi shoirga nisbatan yuksakroqda turadilar; agar olomonning ularni erkalashlari, anglab-anglamay e’tiqod etishlari, shuningdek, ularning shoirlarniki kabi oliy huquqlari e’tiborga olinmasa, shubhasiz, yuqorida hech kim qolmaydi.
Shunday qilib, biz “poeziya” so‘zining mohiyatini poetik ibtidoning odatdagi va bir qadar takomillashgan san’at turlaridan ajratib oldik. Ammo uni yanada toraytirish, ya’ni ritmik va noritmik nutqqa ajratish, ularning farqlarini belgilash; odatdagi qabul etilgan nazm va nasr tafovutlari masalasini ko‘rib chiqish jiddiy ahamiyatga molik emas.
Fikrlarga o‘xshab, tovushlar ham ma’lum munosabatlarga kirishadilar, shu tariqa tasvirlanayotgan narsaga ko‘ra o‘zgacha tartib oladilar, bevosita fikrda ham shunday o‘zgarish yuzaga keladi. Shuning uchun she’riy nutq o‘lchovi, tovushlarning uyg‘unligi, almashinib kelishi bilan farqlanadi, aks holda, she’riyat bo‘la olmaydi va bu uning xuddi so‘zlar kabi idrok etilishi shartidir. Shuning uchun ham ularni tarjima qilish murakkab, shoir ijodini bir tildan boshqasiga olib o‘tish xuddi binafshaning asl rangi va bo‘yini bilish maqsadida qizib turgan qozonga solishdek gap. Holbuki, aslida, bu gulning urug‘ini ekib, yana avvalgiday undirish lozimdir, bo‘lmasa, u gullamaydi – Bobildagi qarg‘ishning oqibati shunday.
Shoirlar tilidagi ohanglar galma-galligi uyg‘unlikni, shuningdek, uning musiqa bilan bog‘liqligi o‘lchamlarni hosil qiladi, ya’ni nutq uyg‘unligining an’anaviy tizimini yuzaga keltiradi. Biroq poeziyaning qalbi bo‘lgan uyg‘unlikka erishish uchun shoir, albatta, o‘z ijodiy til uslubini an’anaviy shakllarga moslashtirishi shart emas. Albatta, bu shakllarning qulayligi e’tirof etilganligini e’tiborga olish kerak, ayniqsa, asarda shakl va harakat asosiy ahamiyatga ega bo‘lganda; ammo har bir buyuk shoir adabiyotga o‘z salaflarinikidan boshqacharoq, yangicha, o‘ziga xos she’riyat, o‘z she’r tuzilmalarini in’om etishi muqarrar. Shoirlar va nosirlarga ajratish qo‘pol yanglishish bo‘lganiday faylasuflar va shoirlarga ajratish ham haddan tashqari shoshqaloqlik bo‘lardi. Platon aslida, shoir edi, u yaratgan obrazlarning haqqoniyligini va naqadar yuksakligini tasavvur etish qiyin. U epos, drama va lirik she’riyatning an’anaviy o‘lchamlarini rad etib, shakl va harakatlarlardan qat’i nazar fikrlar uyg‘unligiga suyandi, ayni paytda, o‘zining nutqidagi turfa pauzalarni bo‘ysundirish uchun qandaydir ritm kashf etishga ham intilmadi. Sitseron uning kadentsiyalariga taqlid qilishga urindi, ammo aytarli muvaffaqiyatga erisholmadi. Lord Beekon ham shoir bo‘lgan. Uning uslubi oliyjanoblik va go‘zallikka xos bo‘lib, donishmandligi bilan ongimizni naqadar boyitgan bo‘lsa, asarlarining ohanglari ham shu qadarlik qalbimizni rom etgan; bu – tinglovchi idrokini kengaytirib, tobora uning chegaralaridan chiqib, izchil ravishda cheksiz olam sarhadlariga yetaklovchi musiqadir. Kimki tafakkur olamida to‘ntarish yasar ekan, albatta, u shoirdir, u nafaqat yangilik yaratgani uchun yoki uning so‘zlari obrazlar orqali haqiqiy hayotning mag‘zi bo‘lgan mohiyatni namoyon etganligi bilangina emas, balki u she’r­ning asosiy bosh unsuri – borliqning boqiy musiqasi aks sadosini anglagani, ya’ni uyg‘unlik va ritmik me’yorlar (o‘lchamlar) bilan yaratgani uchundir. O‘z asarlarida an’anaviy shakl va harakatlardan foydalangan buyuk shoirlar ham haqiqatni anglash va anglatishda an’anaviy o‘lchovlarni rad etgan shoirlardan hech kam emas. Shekspir, Dante va Milton, (birgina yangi davr mualliflarini keltirganimizda ham) ayni vaqtda, buyuk faylasuflardir.
Poema – bu mangu haqiqatlarni aks ettiruvchi hayot kartinasidir. Qissaning poemadan farqi shundaki, qissa sabab va oqibat, makon va zamon, vaziyatlardagi munosabatlarda yuzaga keladigan alohida-alohida dalillarning uzviy bog‘liqlikda ta’kidlanishidir; poemada esa harakatlar inson tabiatining o‘zgarmas ibtidosiga bo‘ysundirilgan, u ijodkor qanday o‘ylagan bo‘lsa, boshqa onglarda xuddi shunday aks etadi. Ularning birinchisi, keyinchalik takrorlanavermaydigan voqea-hodisalarni ma’lum bir makon va zamonda aks ettiradi; ikkinchisi, umumiy inson tabiatiga xos bo‘lgan, istalgan davrga daxldor motiv va harakatga o‘xshash kurtaklarni ifodalaydi. Vaqt sinovlari poetik unsurlardan xoli bo‘lgan qissaning qadri va go‘zalligini ayrim hollarda barbod qiladi, ammo Poeziyaning tarovatini yanada ochadi, undagi mangu haqiqatning yangi-yangi qirralarini namoyon etaveradi. Bejiz har qanday voqea tafsilotini tarix deb atamaydilar – chunki unda poeziyani yashirishga intiladilar. Ayrim dalillar asosidagi qissa – ko‘zgu, xolos, aniq va go‘zal tasvirlanishi lozim bo‘lgan narsani xiralashtiradi va noto‘g‘ri talqin qiladi. Poeziya – bu shunday ko‘zguki, noto‘g‘ri, voqelikni buzib talqin etganida ham hayratlanarli tarzda o‘ziga xos jonlantiradi.
Ba’zan asarning ayrim qismlarigina poetik bo‘lgani holda, u umumiy holatda poemaga muvofiq kelmasligi mumkin. Ba’zi hollarda hatto bir-biriga bog‘lanmagan bo‘limlar orasidagi ayrim ibratli ibora ham yaxlitlik namoyon qiladi va hatto alohida yagona so‘zda ham o‘lmas fikr jonlanishi mumkin. Barcha ulug‘ tarixchilar – Gerodot, Plutarx, Tit Liviy shoir bo‘lganlar* va ularning qissalarini yozish uchun tuzgan rejalari, ayniqsa, Tit Liviyda, tasavvurlarini jonlantirishga halal bergan, ular bu tobelikdan qutilib, qissago‘ylikni jonli timsollar bilan aralashtirgan holda ortig‘i bilan qoplaganlar.
Poeziya nima va shoirlar kimligiga aniqlik kiritib oldik, endi poeziyaning jamiyatga ta’sirini ko‘rib chiqamiz.
Poeziyaga doimiy ravishda lazzat hamrohdir; u kimgaki iltifot etsa, u lazzatbaxsh poeziyaga doxil, donishmandlikka moyil bo‘ladi. Insoniyatning bolalik chog‘ida shoirlar ham, tinglovchilar ham poeziyaning naqadar go‘zalligi, jozibaliligi haqida o‘zlari ham bilmas edilar va bu haqida hech kimga, o‘zlariga-da hisob bermasdilar, holbuki, poeziyaning harakatlarida tafakkur chegaralaridan chiqa oluvchi qandaydir, aql bovar qilmas uyg‘unlik mujassam; faqat kelajak avlodgina uning naqadar qudratli va ulug‘vorligining sabab-oqibatlarini butunisicha ko‘rishlari hamda baholay olishlari mumkin bo‘ladi. Hatto yangi davrda ham hech bir shoir hayotlik chog‘ida o‘zining chinakam shon-shuhrat cho‘qqisiga chiqolgan emas; chunki unga – barcha davrlar uchun bir xil bo‘lgan insonga, butunicha to‘laqonli baho beruvchi, hukm chiqarishga intiluvchi ma’naviy teng kuch bo‘lishi kerak; bu kuch esa Vaqt tomonidan, bir qancha avlodlar ichidan saralangan chinakam oqillar va daholar ichidan tanlab olinadi. Shoir bu – zulmatda qolib, chah-chah qilayotgan, o‘zining yolg‘izligini ajib ohanglari bilan ziynatlab, undan rohatlanayotgan bulbuldir; uni tinglaganlar mashshoqning ko‘z ilg‘amas kuyidan ta’sirlanib, sarxush bo‘ladilar; ular o‘zlari sababini bilmagan holda hayajonlanadilar va to‘lqinlanadilar. Gomer va uning zamondoshlari o‘z poemalarida navqiron Yunonistonni madh etganlar; ular o‘sha ijtimoiy hayotning bir qismiga aylanib, keyingi taraqqiyotga ustun kabi tayanch bo‘lganlar. Gomer o‘zining obrazlarida zamonasining orzu-niyatlarini mujassam etganligi, shubhasiz. Uning muxlislari Axilles, Gektor va Odissey kabi bo‘lish ishqida yonganligi ham haqiqat; o‘z hayratlari tufayli bu obrazlarga taqlid qilganlar, taqlid orqali o‘zlarini hayratga solgan obrazlarga tenglashganlar; uning o‘lmas asarlarida do‘stlik, Vatanga muhabbat va e’tiqod beqiyos tarovatiyu ulug‘vorligi bilan tarannum etilgan; bu qadar go‘zal va yuksak obrazlar, shubhasiz, muxlislarning ma’naviy olamini boyitgan va yuksaltirgan. Bu qahramonlar haqida gapiruvchilar ularning axloqiy kamolotdan uzoqligini va hozirda taqlid uchun ibrat namunasi bo‘la olmasliklarini aytib, bizga e’tiroz bildirishlari noo‘rin ekanligini ta’kidlaymiz. Zero, har bir davr uni ishtibohga solgan narsani ozmi-ko‘pmi ilohiylashtiradi: misol uchun Qasos yarim yovvoyi tarzda kechgan asrlar ta’zim qilgan, yukinib topingan muqaddas Sanam edi; O‘z-o‘zini aldash esa – noma’lum qahru g‘azab libosidagi Timsol bo‘lib, uning oldida har qanday hashamat, dabdaba yuztuban yiqilgan. Ammo shoir o‘z asarlarida zamondoshlarining qusurlariga ularning azaliy uyg‘unligini ochuvchi emas, vaqtinchalik yopguvchi liboslar sifatida qaraydi. Epos yoki drama qahramoni chiroyliroq libos maqbulligini bilsa ham, egniga qadimgi sovuti yoki zamonaviyroq mundirni, qalbiga tashlangan libosday kiyadi. Ichki qalb go‘zalligi tasodifiy liboslar bilan u qadar pinhon tutilmasligi kerakki, unga yashiringan ruh shu libos bilan, hatto uning kiyinish tarzida ham ishora bermasligi kerak. Ulug‘vor bo‘y-bast, latif harakatlar hatto yovvoyi va didsiz libosda ham o‘zini namoyon etaveradi. Buyuk shoirlar ichida o‘z fikr-maqsadlarini oshkora namoyish qiluvchilari kam uchraydi: aslida, libos, urf-odat va boshqa vositalar xuddi musiqa olamidagi quloqqa yoqimli tuyuladigan qo‘shimcha sadolarday, xolos.
Poeziyaning axloqsizligi to‘g‘risidagi barcha gaplar shu jihatdan yanglishki, bunda, avvalo, inson axloqini takomillashtirishga poeziyaning ta’siri masalasiga noto‘g‘ri yondashilmoqda. Etika – poeziya tomonidan yaratilgan qadriyatlarni tartibga soladi va natijada, oila, inson turmush tarzining eng yaxshi namunalarini tavsiya etadi; agar odamlar bir birlarini yomon ko‘rsalar, shubhalansalar, aldasalar, qoralasalar, jabr qilsalar, bu – namunali axloqiy nazariyalarning yetishmasligi yoki yo‘qligi oqibatida yuz bermaydi. Poeziya boshqa, ilohiy yo‘ldan boradi. U inson ongini uyg‘otib, hozirgacha noma’lum bo‘lgan minglab fikrlar uchun makon yaratadi, yanada boyitadi. Poeziya – olam go‘zalligini yopib turgan pardani ko‘taradi va bexabarlarga yangiliklarni namoyon etadi; u bayon etgan, hikoya qilgan narsalarini, avvalo, yaratadi; uning samoviy nurlari bilan yoritilgan barcha narsalar – timsollarni ko‘rgan yoki daxldor bo‘lgan qalblarda shukuhbaxsh farog‘at kabi fikr va hatti-harakatlar mujassam holatda xotirot bo‘lib qoladi. Sevgi – mana shu har qanday ahloqiylikning asl mohiyati; sevgi o‘z “men”idan chiqib boshqa bir shaxs yoki faoliyatning ongidagi go‘zallik bilan qo‘shilishdir. Odam haqiqiy mehribonga aylanishi uchun jonli tasavvurning sohibi bo‘lishi kerak; u o‘zini boshqa birovning yoki ko‘pchilikning o‘rniga qo‘yib ko‘rsin; shodlik va qayg‘ularini his eta olsin, o‘zgalar dardini o‘zinikiday seza bilsin. Tasavvur – axloqiy takomillashuvning maqbul quroliga aylanganidagina poeziya sababga ta’sir etib, natijaga erishadi. Poeziya yangi-yangi shodliklar bilan tasavvur doirasini kengaytiradi. Bu shodliklar yangi-yangi fikrlarni jalb etib, ongimizga joylashar ekan, yangi ma’naviy oziq bilan ta’minlanishga talpinadi. Poeziya insonning axloqiy qobiliyatini rivojlantirib, jismoniy mashqlar odam tanasini chiniqtirgani kabi qalbini chiniqtiradi. Shuning uchun shoir o‘z asarida butun olam va barcha zamonlarga hamda bir vaqtga mansublikni mujassamlashtirishi shart emas, balki uning zamoni va yurtiga xos yaxshi-yomon haqidagi tushunchalarini odatdagiday yozgani ma’qul. O‘z zimmasiga oqibatlar tahlili borasida kamroq vazifa olib, umumiy yondashsa, voqeaga munosabatini aniq bildirolmaydi, ya’ni vazifasini uddalay olmaydi, oqibatda o‘zini sababga daxldorlik imkoniyatidan mahrum qiladi. Gomer va boshqa buyuk shoirlar farqli ravishda maqsad yo‘lida yanglishmadilar va o‘z hukmidagidan ko‘ra cheksiz bo‘lgan hokimiyatni inkor etmadilar. Ijodiy iqtidori ulug‘, ammo u qadar kuchli bo‘lmaganlar, ayniqsa, Yevrpid, Lukan, Tasso, Spenser, odatda, o‘z oldlariga axloqiy vazifalar qo‘yganlar va bu maqsadlarini qayta-qayta ta’kidlaganlari sari she’rlarining ta’siri pasayib borgan.
Gomer va unga zamondosh ijodkorlar davridan so‘ng Afinada dramatik va lirik shoirlar zamoni keldi, bu vaqtda olamshumul boshqa san’at turlari: haykaltaroshlik, tasviriy san’at, musiqa, raqs, me’morchilik, falsafa va, shuning barobarida, ijtimoiy hayot taraqqiy etdi. Garchi Afina jamiyati bu davrda ko‘pgina noqisliklarga ega esa-da, Yevropaga xos urflar va jamiyatning g‘ayritabiiy tartiblariga ritsarlik va nasroniylik adabiyoti batamom barham berdi; boshqa hech bir zamonda bu qadar kuch-qudrat, go‘zallik, ezgulik ulug‘vorlik kasb etmagan. Suqrotning vafotigacha bo‘lgan yuzyillikdagiday so‘qir kuch va johil moddiyat bu qadar inson erkiga bo‘ysundirilmagan, go‘zallik va mohiyat bu qadar uyg‘unlashmagan edi. Hech bir tarixiy davr insonning ilohiy salohiyati, iqtidori ibtidosini bu davrdagidek yorqin mujassam etgan yodgorliklar qoldirgan emas. Poeziya, aynan shakllar va so‘zlarda, harakatlarda aks etgan poeziya boshqa javohirlarning namunalari orasida mangu o‘chmas yodgorlik tikladi. Bu davrda yozma adabiyot san’atning boshqa turlari bilan birgalikda mavjud edi va barchasi mushtarak o‘tgan yuzyillik zulmatini yoritdilar, ularning qay biri aks va qay biri nur manbai ekanligini aniqlash maqsadga muvofiqdir. Buning sabab va oqibatlarini biz birgina o‘zgarmas qiyoslar bilan muhokama qilishimiz mumkin: Poeziya doim insoniyat baxti va gullab-yashnashiga xizmat qiluvchi boshqa san’atlarga hamnafas bo‘lgan. O‘sha sabab va oqibatlarni farqlash uchun avvaldan shakllangan tamoyillarga murojaat qilish maqsadga muvofiqdir.
Biz ko‘rib chiqayotgan davrda Drama paydo bo‘ldi; keyingi davrlardagi biron-bir adibining asari Afina dramalari darajasiga yetishgan yoki undan o‘tgan bo‘lishi mumkindir, ammo hech qachon, shubhasiz, drama san’ati Afinadagiday o‘zining chinakam falsafasi va mohiyati, soddaligi va ulug‘vorligi bilan namoyon bo‘lmagan. Chunki afinaliklar nutq, harakat, musiqa, rang-tasvir, raqs va turli diniy udumlardan yagona maqsad – oliy g‘oyalar va qudrat namoyishi yo‘lida foydalanganlar. Har bir san’at turida iqtidorli san’atkorlar tomonidan beqiyos natijalarga erishildi va ular bir-birlarini to‘ldirgan holda buyuk uyg‘unlikni vujudga keltirdilar. Hozirgi zamon sahnasida shoir maqsadini ifodalash uchun bu vositalarning ayrimlarigina bir vaqtning o‘zida qo‘llanilmoqda. Bizda musiqa va raqssiz tragediyalar bor, musiqa va raqssiz esa ular ifodalashi lozim bo‘lgan oliy g‘oyalar mujassam etilmayotir; bularning barchasi dindan ayri holda va din esa sahnadan quvib solingan. Zamonaviy sahnamizdagi aktyor yuzidan niqobini olib tashladik, niqob o‘zgarmas bo‘lib, xarakter mohiyati va yuz ifodalarini birlashtiruvchi vosita edi; niqobsizlik qisman buyuk sahna ustasining yuz o‘zgarishlari bilan ijro etiluvchi monologlar uchungina qulaydir, xolos. Komediyaning tragediya bilan birlashuvidagi zamonaviy tamoyil, garchi ko‘p suiiste’molliklarga sabab bo‘layotgan bo‘lsa-da, shubhasiz, drama imkoniyatlarini kengaytirdi: ammo unda komediya “Qirol Lir”dagi kabi yuksak va keng qamrovli bo‘lishi kerak. Ehtimol, aynan shu tamoyil “Qirol Lir” ga “Shoh Edip”* yoki “Agamemnon”* dan yoki, ta’bir joiz bo‘lsa, ularni birlashtirgan trilogiyaga ustunlik maqomini berar; bunda poeziyaning botiniy kuchi mujassam bo‘lgan xorlar tarozining pallasini bosib tura olishi, shubhasiz. “Qirol Lir” bu musohabada g‘olib kelar ekan, uning muallifiga Yevropaning yangi davridagi drama falsafasini bilmasligi qanchalar chegara qo‘ymasin, uni hozirga qadar bo‘lgan drama san’atining eng yuksak namunasi deb baholash mumkin. Kalderon o‘zining “Autos” (Diniy drama (isp.)larida dramaga qo‘yilgan ayrim yuqori talablarni bajarmoqchi bo‘lgan, holbuki, bularga Sheks­pir e’tibor qilmagan edi: masalan, u dramani din bilan yaqinlashtiradi va ularni musiqa hamda raqs bilan birlashtiradi.
Ammo u yanada muhim bo‘lgan vazifani unutib qo‘yadiki, natijada yutishdan ko‘ra ko‘proq yutqazadi, sababi inson kechinmalarining jonli tasvirini doimiy bir xil va qat’iy belgilangan qoliplar – xurofiy natija-xulosalar bilan almashtirib qo‘yadi. Ammo biz mavzudan og‘ishib ketdik. “Poeziyaning to‘rt asri” muallifi ataydan, o‘zi bilgan holda dramaning hayot va axloqqa ta’siridan chetlab o‘tishga intiladi. Agar men ritsarni qalqonidagi tamg‘asidan tanib qoldimmi, bas, o‘z qalqonimga “Filoktet”,* “Agamemnon” yoki “Otello” deb yozib qo‘yish orqali uning bahodirona sofizmini sehrlab, xuddi ojiz ritsarning qo‘lidagi qilich yaraqlashidan afsungarlar va butparastlarning butun bir qo‘shinining ko‘zi qamashib qochgani kabi qochirishim mumkin. Teatr tomoshalari va axloqning yaxshilanuvi yoki yomonlashuvi o‘rtasidagi aloqa barcha tomonidan e’tirof etilgan: boshqacha aytganda Poeziyaning mavjudligi yoki yo‘qligi uning mukammal hamda umumiy darajasi kishilar xulq-atvori va odatlaridagi qusurlari yoki fazilatlariga bog‘liqligi ayon bo‘ladi. Teatr ta’siridagi axloqning tubanlashuvi teatrda poeziyaning tugaganidan boshlanadi; axloq tarixiga nazar tashlasak, birinchisining kuchayishi ikkinchisining halokati bilan bog‘liq ekanligiga guvoh bo‘lamiz, xuddi har qanday sabab va oqibat singari.
Afinada, boshqa joylardagi singari, takomiliga yetgan drama davrning axloqiy va intellektual ulug‘vorligiga hamohang bo‘lgan. Afina shoirlarining tragediyalarida* tomoshabinlar o‘zlarini xuddi ko‘zgudagiday yengil niqoblangan va oliy mukammallik hamda intilishlardan tashqari, hamma narsadan ozod holda, har biri uchun namunali, o‘zlari sevgan va shunday bo‘lishni xohlagan timsollarni ko‘ra olganlar. Tasavvurlari kengaygan, azob va kechinmalarga hamdardliklari kuchaygan, tomoshalar ularning idrok qobiliyatini oshirgan; achinish, dahshat, qayg‘u tomoshabinda ezgu tuyg‘ularni mustahkamlagan; bu ezgu tuyg‘ularning kuchayishidan so‘ng tomoshabin o‘zi bilan olib ketadigan oliyjanob sokinlik yuz bergan; odatiy hayotda ortiqcha harakatsiz ham o‘sha jinoyatning o‘zi ikki barobar qo‘rqinchliligini yo‘qotgan, ya’ni sahnada tabiatning kechirib bo‘lmas xatolari ko‘rsatilganidan keyin ular yuqimlilik kuchini yo‘qotgan; odamlar bundan saboq olganlar. Buyuk dramalarda voqealar kamdan-kam muhokama etiladi va ularga nafrat uyg‘otiladi, balki ular o‘z-o‘zini anglash va o‘z o‘zini hurmat qilishni o‘rgatadi. Na ko‘z, na inson aqli o‘zini bu tarzda ko‘zgudagiday ko‘rish imkoniyatini berolmaydi. Drama o‘zida poeziyani mujassamlashtirganda, serqirra ko‘zguga aylanadi va eng yorqin nurlarni jamlab, ularni inson tabiati bilan charxlaydi, go‘zallik va muhtashamlik baxsh etib bezaydi hamda parchalab olamga sochadi, bu nurlar qaysi qalbga tushsa u yana ko‘payib, nurlanib boraveradi.
Ammo jamiyat inqirozga yuz tutguday bo‘lsa, bu muvofiq ravishda dramada aks etmay qolmaydi. Bunday hollarda tragediya shaklan qadimiy buyuk durdonalarning hissiz taqlidiga aylanadi, san’atlar qorishuvidagi uyg‘unlikdan bebahra qolib, tashqi tomondan ham soxtalashib ketadi; yoki qo‘pol urinishlar bilan muallif axloqiy haqiqatlar sifatida ayrim aqidalarni tavsiya etadi, odatda bu muallif ham, tomoshabin ham yuqtirgan muayyan qusur va zaifliklarga nisbatan chiroyli niqoblangan xushomad qilishga urinishlardir. Birinchisiga, mumtoz va maishiy drama deb atalgan Adissonning “Katon”i namuna bo‘lishi mumkin; ikkinchisiga esa misollar shu qadar ko‘pki, nomlarini birma-bir ta’kidlash shart emas. Poeziyani bunday maqsadlarga bo‘ysundirish kerak emas, albatta. Poeziya bamisoli qinidan sug‘irilgan olovli qilich; u hatto solib qo‘yilishi lozim bo‘lgan qinni ham kuydirishi mumkin. Mana shuning uchun ta’kidlangan dramalarning aksariyati poeziyadan mosuvodir; ular tuyg‘u va kechinmalarni tasvirlashga da’vo qiladilar, ammo poetik tasavvursiz bularning barchasi – shahvoniy hirs va iddaolar yashiringan sarlavhalar, xolos. Bizning mamlakatda drama inqirozi Karl II zamoniga to‘g‘ri keladi, bu davrda poeziyaning barcha odatdagi turlarida ozodlik va ezgulik ustidan qirollik erishgan g‘alabalar madhiyabozligi avj olgandi. Birgina Milton o‘zi “nomunosib” bo‘lgan ushbu davrni yoritib turadi. Bunday pallalarda drama manfaat yo‘liga kiradi va unda poeziya barham topadi. Komediya o‘zining yuksak ommaviyligini yo‘qotadi; yumor qochirim, askiya bilan almashadi; kulgu shodlik bilan emas, zo‘rlik bilan uyg‘otiladi; quvnoqlik o‘rnini kinoya, shubha, zaharxanda egallaydi; biz endi kulmaymiz, jilmayib qo‘yamiz, xolos. Hayotning ilohiy go‘zalligi ustidan kufrona masxara qiluvchi badaxloqlik garchi harir to‘r ortiga berkingan va u qadar jirkanch bo‘lmasa-da, o‘ta qo‘pol tus oladi; ammo u shunday yirtqichga aylanadiki, axloqiy tubanlik uning xufya tarzda oziqlanmog‘i uchun muttasil ravishda yemak tashib turadi.
Turli poetik ifodalar mujassam dramada poeziyaning omma farovonligi bilan muvofiqligini kuzatish mumkin. Shubhasiz, dramaning gullab-yashnashi uchun hamisha yuksak taraqqiy etgan ijtimoiy hayot taqozo etiladi; bir paytlar gullab-yashnagan joyda dramaning tanazzulga yuz tutishi yoki barham topishi axloqning tubanlashuvi va jamiyatning jonli qalbini tutib turuvchi cho‘g‘ so‘nganligidan dalolat beradi. Ammo Makiavelli siyosiy tartiblar haqida aytganiday, agar dramani avvalgi to‘g‘ri yo‘liga soluvchi ijodkorlar paydo bo‘lsa, o‘sha hayotni qayta tiklash va yaratish mumkin. Ushbu fikr tom ma’noda Poeziyaga ham taalluqlidir. So‘z ijodkorligining barcha shakllarini nafaqat bunyod etish, balki qo‘llab-quvvatlash ham kerak; shoir o‘zining ilohiy tabiatiga sodiq qoladi: u ijodkor, shuning bilan birga, ilohiy taqdir sohibi hamdir.
Fuqarolar urushi, Osiyoning bosib olinishi, avval makedonlar, keyin rimliklar qozongan g‘alabalar Yunoniston ijodiy kuchlarining so‘nishiga sabab bo‘ldi. Sitsiliya va Misrning zolim podshohlari muruvvatidan panoh topgan bukolik shoirlari sharafli davrning so‘nggi vakillari bo‘ldilar. Ularning she’riyati odatdan tashqari ohangdor, gullar iforiga to‘la, ortiqcha shirindir; mazkur shoirlardan avval o‘tgan vakillarining she’riyati esa dalalardagi turfa gullarning bo‘ylarini jamlagan va bundan boshimiz aylanib qolmasligi uchun o‘zining tetiklantiruvchi nafasini qo‘shgan iyun shamoliday edi. Poeziyaning bukolik va erotik latofati haykaltaroshlik, musiqa va boshqa san’atlardagi, shuningdek, ijtimoiy hayotdagi urflar, axloqdagi nafosatga muvofiq keladi: aynan shular biz fikr yuritayotgan davrni ajratib turadi. Bunda uyg‘unlikning yetishmasligiga poetik ibtido, uning hech bir noto‘g‘ri qo‘llanishi sabab emas. Shunday tuyg‘u va kechinmalar ta’siriga sezuvchanlikni Gomer va Sofokl ijodida ham uchratamiz: birinchisida, ayniqsa, beqiyos jozibali hayajon va ehtiros mujassam. Bu ijodkorlarning o‘zlaridan keyingilardan ustunligi ularning asarlarida tashqi olamgina emas, balki insonning ichki dunyosiga xos kechinmalarning mavjudligi, ularning mukammalligi, har ikki dunyoning uyg‘unlashtira olganliklaridadir. Erotik shoirlarning zaifligi ularda nimalarning borligida emas, balki nimalarning yo‘qligidadir. O‘sha zamonning tubanlashuviga sababni ularning shoirligidan emas, balki yetarli darajada shoir bo‘la olmaganliklaridan izlash kerak. Agar bu inqiroz ularning kamchiligi sifatida aytilayotgan lazzatni idrok etishlari va tabiat go‘zalliklariga ehtiroslarini ham so‘ndirganda edi – unda batamom yovuzlik tantana qilgan bo‘lardi. Chunki jamiyat inqirozining yakuniy maqsadi har qanday yoqimli tuyg‘ularning barham topishidir: parchalanishning mohiyati ham aynan shundan iborat. U tasavvur yoki intellektdan, aniqrog‘i, negizdan boshlanadi va shol qiluvchi og‘uday tuyg‘ularga tarqaladi, hatto istak-xohishlarga o‘tadi va nihoyat, bazo‘r ongni ilitguvchi o‘lik, hissiz massaga aylanadi. Bunday vaziyat kelganda, poeziya odamzodning eng oxirida nobud bo‘lguvchi qobiliyatlariga murojaat qiladiki, uning ovozi bamisoli olamni tark etayotgan Astreyning* bir-bir bosayotgan qadam tovushlariday elas-elas eshitiladi. Poeziya odamlarga har doim ular istagan lazzatni bera oladi: u doim hayotning ziyosi bo‘lib, jaholat va zulmat zamonlarida ham barcha go‘zalliklarning, ezgulikning va borliqning manbai bo‘lib qolaveradi. Shubhasiz, Feokrit poemalari bilan faxrlanuvchi Sirokuz va Aleksandriyaning nozikta’b aholisi boshqalarchalik toshbag‘ir, shafqatsiz va ta’sirchan emasdilar. Poeziya g‘oyib bo‘lishidan oldin butun kishilik jamiyatining tanasiga singgib ketishi kerak: hozirgacha bu zanjirning muqaddas halqalari batamom uzilib ketgan emas, ular ko‘plab yuraklardan o‘tib, buyuk aqllarda nurlanadi va ular tufayli hayotni hamma tomondan birlashtiruvchi bo‘lib nur taratadi hamda bir vaqtning o‘zida jamiyatda kurtaklar qoldiradi. Bundan tashqari, bukolik va erotik she’riyat vakillarining o‘zlari murojaat qilgan kishilarga ta’sirlarini chetlab o‘tib bo‘lmaydi. Ularning o‘quvchilari mangu go‘zallikni ayrim parchalarinigina qabul qildilar. Nozikta’b o‘quvchilar va nisbatan omadli davrda tug‘ilganlar bu she’riyatda olam yaralgandan buyon barcha shoirlar ijodi bilan yaralgan yagona va buyuk aqlning o‘yidagi o‘sha buyuk poemaning parchalarini ko‘rishlari mumkin.
     Bu jarayonni (tsikl) garchi tor doirada bo‘lsa-da, Qadimgi Rim ham bosib o‘tgan, ammo unda jamiyat hayoti, menimcha, poetik ibtido bilan u qadar to‘lib-toshmagan edi. Rimliklar yunonlarni axloqda ham, tabiatni kuzatishda ham komillikka erishgan deb hisoblaydilar; zero, ular she’riyat, haykaltaroshlik, musiqa, me’morchilikda faqatgina o‘zlarining turmushlariga xos emas, balki butun dunyo uchun umumiy jihatlarga ega asarlar yaratdilar. Ta’kidlash kerakki, biz buni unchalik to‘liq bo‘lmagan ma’lumotlarga asoslanib aytayapmiz, aniqrog‘i, balki yetarli bo‘lmagan ma’lumotlar asosida, shu bois fikrimiz ham notugal bo‘lishi mumkin. Enniy,* Varron,* Pakuviy* va Aktsiy* – ularning har to‘rtovi ham katta shoirlar – biroq bizgacha yetib kelmagan. Lukretsiy* yuqori darajada iste’dod egasi bo‘lgan, Vergiliy juda ham yuksak. Ayniqsa, Vergiliy* asarlarida dunyoning hayratlanarli haqiqatlari nurli parda ortidagi nozik ifodalarda tasvirlangan. Liviy poeziyaga to‘lib toshgan. Biroq Goratsiy*, Katull* Ovidiy* va boshqalar – Vergiliyning o‘zga zamondoshlari inson va tabiatni yunon san’ati ko‘zgusida ko‘rganlar. Rimda davlat qurilishi va din Yunonistondagiga qaraganda kamroq poetikdir, xuddi soya jonli asosdan xira bo‘lganidek. Shuning uchun chinakam Rim poeziyasi siyosiy va maishiy turmush takomiliga ergashib borgan, zinhor ular bilan hamqadam, hamohanglikda yangramagan. Rimning asl poeziyasi fuqarolik qoidalarida (ijtimoiy qatlamlarida) yashab qoldi: chunki unga xos bo‘lgan go‘zallik, haqqoniylik va buyuklik, neki bo‘lsa, barchasini faqat shu jamiyat tartiblarining o‘zigina yaratdi. Kamillning* hayoti; Regullning* o‘limi; g‘olib gallarning tantanali qaytishini kutayotgan senatorlar; Kann yaqinidagi jangdan* keyin Gannibal bilan tinchlik shartnomasini tuzishni inkor qilgan Respub­likachilar – bularning birortasi ham manfaatdorlikning natijasi emas, balki voqealar tabiiy oqimining natijasi edi, xolos. Zero, ulardan manfaatdor bo‘lganlar o‘zlari yaratgan bu o‘lmas dramalarda bir vaqtning o‘zida ham muallif, ham aktyor edilar. Tasavvur bu jamiyatning go‘zalligini baayni o‘ziga muvofiq, o‘xshash va xos timsollarda yaratdi; uning natijasi – olamga hukmronlik, mukofoti – mangu shon-sharaf bo‘ldi. Bularning barchasi o‘sha poeziya, garchi quia carent vate sacro (Kun bermas shoir qismati (lot.) bo‘lsa-da, bularning barchasi Vaqt odamlarning xotirasiga muhrlagan poemalar tsiklining epizodlaridir. O‘tmish, bamisoli ilhomi jo‘shgan bir baxshi kabi, uni almashinib borayotgan avlodlar uchun mangu kuylayveradi.
Mana, nihoyat, antik e’tiqod va madaniyat o‘zining takomil bosqichini nihoyaladi. Agar nasroniylik va ritsarlik madaniyatini bunyod etganlarning oralarida o‘z shoirlari bo‘lmaganda va ular sarkardalarday fikr-tuyg‘ular qo‘shinini boshqarmaganda; fikr va harakat uchun o‘zlariga qadar noma’lum bo‘lgan namunalar yaratmaganlarida edi, dunyoni shak-shubhasiz, bo‘shliq va zulmat qoplagan bo‘lardi. Bu g‘oyalar tufayli yetkazilgan yovuzliklarni ko‘rib chiqish mening vazifamga kirmaydi; men yuqorida aytilganlar asosida yana bir bor ta’kidlaymanki, bularning barchasi uchun ular bag‘ridagi poeziya aybdor emas.
Ehtimol, Muso, Iova, Dovud, Sulaymon va Isxoq Payg‘ambarlarning* hayratlanarli poeziyasi Iso Payg‘ambar va uning shogirdlarida katta taassurot qoldirgandir. Bu g‘aroyib insonning biograflari tomonidan bizgacha yetib kelgan ayrim parchalar ham eng yorqin poeziya bilan to‘liq. Lekin uning ta’limoti tez orada soxtalashtirildi. Bir muddat vaqt o‘tgach, bu ta’limot olg‘a surgan g‘oyalar g‘alabasidan so‘ng, Platon inson ruhiy imkoniyatining uch toifasiga* aniqlik kiritdi va bu Yevropada qonun darajasiga ko‘tarilib, e’tiqodga aylandi. Va o‘shanda, e’tirof etish kerakki, “nur xiralashib”* va
… tumanli o‘rmonda qarg‘a
Uchar. Kunning ezgu kuchlari uxlar.
Ovga chiqar tun xizmatchilari.
E’tibor bering-a, dolg‘ali boshboshdoqlikning balchig‘i va qonidan qanday ajoyib uyg‘unlik tug‘ilgan! Xuddi dunyo kabi qayta tirilgan umid va zakovat oltin qanotlarini yozib, uchib chiqdi va zamonlar osmonida o‘zining parvozini davom ettirmoqda. Oddiy quloq bilan eshitib bo‘lmaydigan musiqaga quloq tuting, shunda uning bamisoli mangu ko‘rinmas shamol kabi bu tuganmas parvozga kuch va shiddat baxsh etishiga shohid bo‘lasiz.
Iso ta’limotida va mifologiyasida mujasam bo‘lgan poeziya va Rim imperiyasining kelt bosqinchilari turmush tarzi hamda g‘alabasi bilan hamohang paydo bo‘lgan poeziya og‘ir damlarni boshdan kechirdi va yangi axloq hamda g‘oyalar tizimini yuzaga keltirdi. O‘rta asr jaholatini nasroniylik ta’limoti va kelt qabilalari hukmronligi bilan izohlash nodonlik bo‘lar edi. Ulardagi barcha ahmoqona narsalar zulmkorlik va xurofotning kuchayishi oqibatida poeziya (poetik ibtido)ning barham topishi bilan yuzaga kelgan. Muhokama etish, o‘ta murakkab sabablarga ko‘ra, odamlar hissiz va izzattalab bo‘lib qolgan edilar; ularning irodasi zaiflashgan va ular shu irodaning quliga aylangan edilar; qo‘rquv, makkorlik, fahsh, shafqatsizlik va yolg‘on bu avlodga xos bo‘lib, ular orasida – na bir sahna asari, na bir haykal, na bir ijtimoiy hodisani bunyod etuvchi hech kim yo‘q edi. Bunday jamiyatning axloqiy og‘ishlarini zamonning qandaydir voqealariga bog‘lash noto‘g‘ri bo‘lardi, aksincha, ularni yo‘q qilishga kuchliroq ta’sir ko‘rsatuvchi voqealarni qo‘llab-quvvatlash, ma’qullash joiz. So‘zdan fikrni ajrata olmaydigan kishilarning peshonasi sho‘rligidan ana shu noqisliklarning ko‘pchiligi bizning umumqabul qilingan e’tiqodimizga ham singib ketgandir.
Poeziyaga nasroniylik va ritsarlik harakatlarining ta’siri faqatgina XI asrdan keyingina sezila boshladi. Tenglik tamoyili Platonning “Respublika” asarida nazariy qoida sifatida kashf etildi va qo‘llanildi, unga ko‘ra odamlarning umumiy mehnati, mahorati bilan yaratilgan barcha farovonlik va kuch-qudrat buyumlari, maqsad yo‘lidagi kurashlarining umumiy natijasi o‘rtada taqsimlanishi kerak. Bu qoidaning chegarasi har bir kishining aql-idroki yoki umum manfaatlaridan kelib chiqib hal qilinishi kerak, deb ta’kidlaydi Platon. Timey* va Pifagordan keyin izma-iz Platon insoniyatning o‘tmishi, buguni va kelajagini qamrab olgan axloqiy, intellektual tizim yaratdi, Iso Masih o‘z falsafiy ta’limotida bashariyat uchun muqaddas va boqiy haqiqatlarni kashf etdi: nasroniylik sof holatda qadimgi poeziya va donishmandlikka xos ekzoterik tamoyillarning ekzoterik ifodasiga aylandi. Janubning sillasi qurigan xalqlari bilan aralashib ketgan keltlar ularga o‘z mifologiyasi zamiridagi poeziyani va turmush tarzini, tajribalarini olib keldi. Barcha omillarning harakati va qarama-qarshiliklari oqibatida yagona natija yuzaga keldi; bundan biror millat yoki din boshqasi ustidan hech qachon g‘alaba qozonolmaydi va bu jarayonda o‘zi mahv etgan narsani biron qismini o‘zlashtirib olmasligi ham mumkin emas, degan xulosa chiqarish lozim. Shunday natijalar qatorida shaxsiy va xo‘jalik quldorchiligining barham topishi va ayollarning antik zamonlarga xos xo‘rlik kishanlaridan ozod bo‘lishini ta’kidlash mumkin.
Xususiy quldorlikka barham berilishi insoniyatning siyosat sohasida amalga oshiradigan buyuk umidlarining asosi bo‘ldi. Ayollarning ozodlikka chiqishi muhabbat lirikasini yuzaga keltirdi. Muhabbat e’tiqodga aylandi: uning timsolini mujassam etgan buyumlar doimo oshiqlar ko‘z o‘ngidan jilolandi. Go‘yoki Apollon va Ilhom parisi haykallari tirilib, o‘z hukmidagi olomon ichiga aralashib ketdi va shu tarzda yerda samo farzandlari paydo bo‘ldilar. Hayotning kundalik tashvishlari va oddiy tomoshalari g‘aroyib va ajoyib tus oldi; Eram xarobalaridan yangi jannat yaratildi. Bu yaratuvchanlikning o‘ziyoq poeziyadir, chunki uni shoirlar ijod etdilar, ularning quroli so‘z bo‘ldi: “Galeotto fu il libro, e chi lo scrisse” (Va kitob bizning Galeotga aylandi (ital.). Petrarkaning salaflari, Provantsal truverlar, ya’ni “kashfiyotchi”lar o‘z she’rlari orqali muhabbatning shirin azoblaridagi mujassam baxtning sehrli va sirli manbaini ochdilar. Ularni his etmaslik va betakror go‘zallikning bir qismiga aylanib ketmaslikning iloji yo‘q edi; bu muqaddas tuyg‘ular qalbda ko‘tarinkilik va nafosat uyg‘otib, odamlarga yanada oliyjanoblik va aql-idrok baxsh etishini isbotlash shart emas va ular xudkomlik zulmatidan yorug‘likka chiqdilar. Dante sevgi sirlarini Petrarkadan ham yaxshiroq tushunar edi. Uning “Vita Niova” (“Yangi hayot” (ital.)si pokiza tuyg‘ular va sof tilning bitmas-tuganmas manbaidir: bu asar muallif hayotining muhabbatga bag‘ishlagan yillari to‘g‘risidagi lirik qissadir. “Jannat” poemasida Beatrichening madhi, uning muhabbati va go‘zalligining tasviri tobora takomil topib borishi go‘yo sizni zinalar bo‘ylab arshi a’loga olib chiqadi – bularning barchasi yangi zamon poeziyasining noyob namunalaridir. Ayrim sinchkov tanqidchilar, ommadan farqli o‘laroq, poema qismlarining rivojiga ko‘ra o‘zgacha tartib beradilar: “Do‘zax”, “Arosat”, “Jannat”. Oxirgisi beshak, mangu muhabbat madhiyasidir. Antik olamda sevgi birgina Platon ijodida munosib kuychisini topgan bo‘lsa, yangi davrda bu mavzu bir guruh buyuk shoirlar jo‘rovozligida madh etildi: yangroq jo‘shqin qo‘shiqlar jamiyatning tub qatlamlarigacha yetib bordi va uning aks sadosi hozirga qadar yovuz qurol-aslahalarning betartib jarangi va xurofotning ingrashini bosib kelayotir. Ariosto, Shekspir, Spenser, Kalderon, Russo va yuzyilligimizning buyuk yozuvchilari har biri o‘z navbatida, muhabbatni ulug‘lab, yovuz kuchlar va hislar ustidan erishgan g‘alaba o‘ljalarini insoniyatga in’om etmoqdalar. Ikki jinsning haqiqiy munosabatlari endilikda to‘g‘ri talqin etilmoqda; agar zamonaviy Yevropaning ijtimoiy fikrida ikki jins notengligiga oid turli chalkash fikrlar xuddi tumanday tarqalib ketgan bo‘lsa, bu quvonchli hodisani biz ritsarlik qonuniylashtirgani va uni shoirlar targ‘ib qilganlarini e’tirof etmoqdan mamnunmiz.
Dante poeziyasini zamonlar ustidan tashlangan hamda davrimizni antik dunyo bilan birlashtiruvchi ko‘prik deb hisoblash mumkin. Dante va uning raqibi Milton iqrorlarini buzib ko‘rsatuvchi turli kuchlar va narsalar haqidagi tasavvurlar, bor-yo‘g‘i, niqob va yopinchiqlar xolos, ularning ichida bu buyuk shoirlar boqiylik tomon odimlayveradilar. Ularning shaxsiy e’tiqodi va xalq manfaatlari chegaralarini qanday anglaganliklarini farqlash mushkul, Dante har ehtimolga qarshi, Vergiliy justissimus unus (Adolatning chin namunasi (lot.) deb atagan Rifeyani jannatga olib borib qo‘yish bilan bu farqni butunisicha ko‘rsatmoqchi bo‘lgan, shuningdek, mukofot va jazolarni taqsimlashda eng injiq va bid’atchiligini namoyon etgan. Milton poemasida g‘aroyib, ammo tabiiy ziddiyatlarda ifodalanuvchi o‘sha asosiy tayanch bo‘lgan aqidalar falsafiy ravishda rad etiladi. “Yo‘qotilgan jannat”dagi Shayton obraziga kuch va ulug‘vorlik borasida hech narsa teng kelolmaydi. U yovuzlikni ifodalash uchun o‘ylab topilgan deyilsa, noto‘g‘ri bo‘lardi. Dushmanini azoblash uchun murosasiz hasad, sabri toshday makkorlik va kutilmagan nozik kashfiyotlarni o‘ylab topish – mana yovuzlik nima; bu yana qul uchun kechirsa bo‘ladigan, ammo xo‘ja uchun kechirib bo‘lmaydigan holdir; yengilganning mag‘lubiyatida nimaiki ezgulik bo‘lsa, mag‘lublik shu bilan yuviladi, g‘olibning zafari esa isnodi bilan murakkablashtiriladi. Miltonda Shayton shu qadar axloqiy jihatidan yuqori turadiki, o‘z yo‘lining to‘g‘riligiga ishonadi hamda bu maqsad yo‘lida mag‘lubiyat va azoblarga qaramay, chidam bilan kurashadi, hatto g‘alabaning ishonchli panohida turgan dushmaniga eng beshafqat qasosni yuboradi – uning pushaymon bo‘lishi va o‘jar dushmanligi uchun emas, balki yangi jazolarga giriftor qilish uchun atayin yangi xatti-harakatlar qilishga majbur etadi. Milton umum qabul qilgan e’tiqodni shu darajada buzadiki (agar buni buzish deb aytish mumkin bo‘lsa), u hatto o‘z Xudosiga ham Iblisga nisbatan axloqiy jihatdan ustunlik bermaydi. Axloqiylik borasida bunday to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘pol iltifotsizlik Milton dahosining isboti bo‘lib xizmat qiladi. U xuddi inson fe’l-atvorining qirralarini, lozim bo‘yoqlarni palitrada tayyorlaganday aralashtirib, o‘zining muhtasham polotnosida haqiqatning epik qonunlariga muvofiq tasvirlaydi yoki, aytish mumkinki, ko‘plab keyingi avlodlarni hayajonga soluvchi aql hamda ahloqiylik mushtarak mavjudot va tashqi olamni o‘zaro ta’sir qonunlari asosida yaratadi. “Ilohiy komediya” va “Yo‘qotilgan jannat” yangi davr mifologiyasini tizimlashtirdi; vaqt o‘tishi bilan xurofot ko‘payib borar ekan, kelajakda bu asarlardan talqinchi olimlar Yevropa dinlarini sof holatda o‘rganadilar, chunki ular butunlay unutilib ketmaydi, zero unga dahoning o‘chmas muhri bosilgan.
Gomer birinchi, Dante esa ikkinchi bo‘lib asarlarida o‘z davrining keyingi davrlarga muvofiq ravishda taraqqiyotini bilim, his-tuyg‘u, e’tiqod va ijtimoiy omillar bilan aniq va yorqin bog‘langan holda ifodalab berdilar. Chunki Lukretsiy tez uchar ruhining qanotlarini his-tuyg‘ular dunyosining yopishqoq ko‘lmaklariga botirib oldi; Vergiliy noo‘rin kamtarligidan buyukligiga nomunosib ravishda taqlidchi sifatida qolishni lozim topdi, holbuki, u ko‘chirgan narsalarini butunlay boshqatdan yaratishga muvaffaq bo‘lgandi; masxarabozlar to‘dasidan birortasi ham – na Apolloniy Radosskiy, na smirnalik Kvint Kalaber, na Nonniy, na Lukan, na Statsiy, na Klavdian, garchi ular shirinsuxan bo‘lsalar ham, epik haqiqatning talablariga javob berolmadilar. Uchinchi epik shoir Miltondir. Agar eposning eng oliy talablariga “Eneida” javob bermasa, bu talablarni “Darg‘azab Roland”, “Ozod etilgan Quddus”, “Farishtalar qirolichasi”* asarlari undan kam darajada oqlaydilar.
Dante va Milton – ikkisi ham antik olam e’tiqodlari zamiriga chuqur kirib borganlar; ularning poeziyasiga ko‘hna ruh shu darajada xos deb aytish mumkinki, buni Reformatsiyaga qadar Yevropa dinlarida uning shakli qay darajada saqlanib qolganligi bilan qiyoslasa bo‘ladi. Ularning birinchisi, Reformatsiyadan oldinga o‘tib ketgan bo‘lsa, ikkinchisi, u bilan izma-iz – bir vaqt oralig‘idagi masofada ergashib bordi. Aynan Dante dinning birinchi islohotchilaridan bo‘ldi, papa o‘zboshimchaliklarini fosh etishdan ko‘ra zaharxandaligi bilan Lyuter undan o‘zib ketganday ko‘rinadi. Dante Yevropada ilk bor ularga nisbatan zavq uyg‘otdi: u ohangsiz yovvoyi tartibsizlikdan tilni yaratdi, bu til o‘z holicha ham musiqa, ham nuktadonlik edi. U buyuk aql-idrokni ilm nuri bilan birlashtira oldi. U XIII asr Respublika Italiyasida zulmatga cho‘mgan dunyo uzra xuddi samoda jilvalangan yulduzlar chamanining Zuhrosi – tong yulduzi bo‘ldi; uning so‘zlari otashin, har biri olovli fikrning uchqunlariday, bu so‘zlarning ayrimlari garchi kul bilan qoplangandek tuyulsa-da, ammo bag‘rida cho‘g‘ yashirin, bu bir cho‘g‘dirki, unga yog‘ purkalsa bas, alangaga aylanadi. Yuksak poeziya tuganmas, besarhaddir: bu xuddi eman daraxtining birinchi mevasi, bo‘lajak nihollarning urug‘i, kurtaklaridir. So‘zlar ma’nosini qatma-qat ochar ekansan, uning tubiga yashiringan fikrning beqiyos go‘zalligiga hech qachon yetib borolmaysan. Buyuk poema donishmandlik va go‘zallik ummonining toshqin bir chashmasidirki, biron kishi yoki butun bir davr undan ilohiy obi-hayotni hovuchlarkan, o‘z tashnaligini qondiradi, ularning o‘rniga kelgan yangi avlodlar yangi-yangi fikrlarni anglaydilar, o‘zlari kutmagan va tasavvur qilmagan darajada lazzatlanadilar.
Dante, Petrarka, Bokkachchodan keyingi asr haykaltaroshlik, rangtasvir, musiqa va me’morchilikning tiklanish davri bo‘ldi. Choser* shu muqaddas olovdan o‘t oldi va ingliz adabiyoti italyan poydevori uzra qad rostladi.
Biroq biz Poeziyani himoya qilish borasidagi vazifamizdan chalg‘imaylik, ya’ni uning tanqidiy tarixini va jamiyatga ta’sirini tadqiq etib o‘tirmaylik. Bu borada birgina fikrni, ya’ni shoirlar o‘z davriga va undan keyingi zamonlarga ta’sir o‘tkaza olganlar, degan gapni aytish kifoya. Zero, mulohazalarni tasdiqlovchi ayrim namunalarni keltirsak, “Poeziyaning to‘rt asri” asari muallifiga* e’tiroz bildirgan bo‘lamiz.
U shoirlarning olimlar va mutafakkirlar oldida shuhratini kamsituvchi yangi dalillar keltiradi. E’tirof etadiki, tasavvur o‘yinlari ko‘proq lazzatbaxshdir, undan fikrlash foydaliroq. Bunday ajrimni qabul qilishdan oldin, avvalo, foyda deganda nima nazarda tutilayotganligini anglab olish zarurligini ta’kidlash lozim. Lazzat, huzur-halovat yoki ezgulik deb tirik jon ongli ravishda va qalb amri bilan intilayotgan narsaga, ya’ni maqsadga yetgach farog‘at va huzur tuyadigan hodisaga aytiladi. Lazzatning ikki bosqichi yoki tomoni bor, biri uzoq muddatli yoki umumiy, boshqasi qisqa va o‘tkinchi. Har ikkisiga ham vosita orqali erishilsa, foydali bo‘ladi. Ayniqsa, birinchisi har tomonlama foydali, ya’ni bizning muhabbatimizni mustahkamlaydigan va saqlaydigan, tasavvur olamimizni kengaytiradigan, tuyg‘ularimizga ruh beradigan barcha hodisalar foydalidir. Ammo “Poeziyaning to‘rt asri” muallifi “foyda” so‘zini tor ma’noda ishlatadi: go‘yoki “foyda” deganda xuddi bizning hayvoniy nafsimizni qondiradigan, hayotni xavfsiz qiladigan, nisbatan qo‘pol xurofotlarni bartaraf etuvchi va odamlarning shaxsiy manfaatini ta’minlovchi narsalarni anglashni nazarda tutadi.
Shubhasiz, foydani shunday qolipdagi chegaralangan tushunchalar doirasida idrok qiluvchilarning ham jamiyatda o‘rinlari bor. Ular shoirlar izidan boradilar va ta’sirchan she’rlarini kundalik faoliyatida foydalanish uchun daftarlariga ko‘chirib oladilar. Ular garchi oliy emas, tuban ehtiyojlar atrofida cheklanib qolgan bo‘lsalar-da, harakati mashaqqatli, zero ular makon va zamonni yaratadilar. Har narsaga shubha bilan qarovchilar (skeptik) qo‘pol xurofotni parchalasinlar, ammo odamlar qalbiga muhrlangan azaliy haqiqatni, ayrim frantsuz mualliflari yo‘l qo‘yganlariday, buzmasinlar. Mayli, mashina ixtirochisi, siyosiy iqtisodchi inson mehnatini osonlashtirsin, turmushni tartibga keltirsin, ammo ular o‘zlarining asosiy tamoyillarga bog‘liq bo‘lmagan faoliyat – ma’naviy olamga daxldor bo‘lgan tuyg‘ularga ta’sir etib, hozirgi Angliyadagiday, dabdaba bilan kambag‘allik o‘rtasidagi jarlikni chuqurlashtirishdan saqlansinlar. Ular hayotga Injildagi hikmatni tatbiq etmoqdalar: “Borga beraman, yo‘qdan yo‘ndiraman”.* Oqibatda boylar boyroq bo‘ladilar, kambag‘allar battar qashshoqlashadilar va bizning davlat otliq kemamiz boshboshdoqlik va istibdod o‘rtasida suzib yuraveradi. Manfaat yakka hokimligining ayanchli oqibatlari shunday.
Huzur-halovat, lazzat tushunchasiga yuksak ma’noda aniqlik kiritish qiyin, chunki bu harakat oldimizda bir qator paradokslarni keltirib chiqaradi. Masalan, inson tabiatidagi uyg‘unlikning allaqanday yetishmovchiligi oqibatida jismoniy azoblanganimizda ruhiy “men”imiz rohatlangan holatlar ham bo‘lib turadi. G‘am, tashvish, qo‘rquv va hatto ruhiy tushkunlik gohida farovonlik yaqinlashganidan darak beradi. Bizning fojialarni idrok etishimiz shunga asoslangan: fojia shuning uchun ham ruhlantiradiki, u dard zamiridagi lazzatni his etish imkonini beradi. Jozibali musiqaning botinidagi dardning manbai ham aynan shundadir. Dard-alam zamiridagi lazzat shunchaki lazzatdan yoqimliroq va kuchliroqdir.
“Ziyofatli uyda o‘tirgandan ko‘ra, o‘lik chiqqan uyda yig‘lagan yaxshiroq”, degan naqlning ham ma’nosi shu. Bu – lazzatning oliy darajasi, albatta, dard-qayg‘u bilan bog‘liq, degan fikrni anglatmaydi. Sevgi va do‘stlik shodligi, tabiatdan zavqlanish, poeziyadan lazzat olish, qolaversa, poetik ijod bilan mashg‘ullik bunday qurama tarkibga ehtiyoj sezmaydi.
Kishilarga oliy ma’nodagi lazzat baxsh etish – mana shu chinakam foydadir. Bu lazzatni baxsh etayotganlar va yaratayotganlar shoirlar yoki faylasuf shoirlardir.
Lokk, Yum, Gibbon, Russo (men bu yerda “Poeziyaning to‘rt asri” muallifining ta’rifiga amal qilyapmiz. Aslini olganda, Russo, avvalo, shoir edi, qolganlari esa hattoki Volter ham, bor yo‘g‘i, so‘zbozdir) va shogirdlarining mazlum, aldangan insoniyatni himoya qilish yo‘lidagi faoliyatlari minnatdorchilikka loyiq. Agar ular yorug‘ jahonda yashamaganlarida, jahon aqliy va axloqiy tomondan taraqqiyotning qaysidir bosqichida qolib ketishi mumkinligini anglash qiyin emas. Bir yoki ikki yuz yillikda mislsiz ko‘p axmoqona gaplar aytilardi, sanoqsiz erkaklar, ayollar, bolalar jaholatning otashida yonib kul bo‘lardilar. Bizning ispan inkvizatsiyasiga barham berilgani uchun quvonishimizga ham hojat qolmas edi. Ammo Dante, Petrarka, Bokkachcho, Choser, Shekspir, Kalderon, lordlar – Bekon va Miltonlar bo‘lmaganlarida; Rafael va Mikalendjelo yashamaganlarida; agar yunon adabiyotini o‘rganish yo‘lga qo‘yilmaganida; agar antik adabiyot o‘zining e’tiqodlari bilan nom-nishonsiz yo‘qolganida dunyoning ma’naviy-axloqiy manzarasini tasavvur qilishning imkoni bo‘lmasdi. Ushbu rag‘batlarsiz insoniyat tafakkuri na aniq fanlarni yaratishga, na ijod borasida bu kabi yanglish muhokamalarni tahlil qilish darajasiga erisholmas edi.
Bizda shu darajada ko‘p axloqiy, siyosiy va tarixiy haqiqatlar jamlandiki, ularni amaliyotga tatbiq etib ulgura olmayotirmiz; ilmiy va iqtisodiy ma’lumotlar ortig‘i bilan yig‘ilgan bo‘lsa-da, ulardan ishlab chiqarish tobora ko‘payib borayotgan mahsulotlarimizni to‘g‘ri taqsimlashda foydalana olmayotirmiz. Bu fanlarning aralash-quralash manfaatlari va dalil-isbotlari ostiga poeziya dafn etilgan. Bizda axloqda, boshqaruv ilmida va siyosiy iqtisodda yoki barchamiz hozir murosa qilayotgan holatlardan ko‘ra afzalroq va donoroq bilimlarni egallash borasida yetishmovchiliklar yo‘q. Maqoldagi qashshoq mushukday,* bizning “xohlayman” deyish istagimiz “qilolmayman”imizdan kuchsizroqdir. Bizga bilganlarimizni tasavvurda tiklab beradigan ijodiy qobiliyat yetishmaydi; bizda tasavvur qilgan narsalarimizni amalga oshirish uchun muruvvat taqchil; bizga hayot poeziyasi yetishmayotir; bizning hisob-kitoblarimiz, raqamlarimiz tasavvurlarimizdan o‘zib ketdi; biz hazm qilish darajamizdan ko‘ra ko‘proq yeb qo‘ydik. Insoniyatning atrofidagi olam ustidan hukmdorligini kengaytirayotgan fanlar rivoji ularda poetik ibtidoning yo‘qligi natijasida insonning ichki dunyosini toraytirib bormoqda; odam turli balolarni o‘ylab topib, o‘zi unga tobe, qul bo‘lib qolmoqda. Mexanik fanlarning taraqqiyoti yuz bermaganda ham har qanday idrokning asosi bo‘lgan ma’naviyat so‘nib borar ekan, kashfiyotlar natijasida yangi tartiblar bilan mehnat yengillashib, samaradorlik oshsa-da, insonlar notengligi kuchayib borishi shu bilan izohlanmaydimi? Agar shunday bo‘lmasa, qaysi sabablarga ko‘ra, kashfiyotlar Odam Atoning muammolarini yengillashtirish o‘rniga avvalgi qarg‘ishni kuchaytirmoqda? Bizning jamiyatda Xudo va Mammonlar* o‘rnini Poeziya va Boylik zamiridagi Xudkomlik egallamoqda.
Poetik ibtido ikki tomonlama ta’sir ko‘rsatadi: birinchidan, bilim, shodlik va qudratga xizmat qiladigan yangiliklar yaratadi, ikkinchidan, onglarda ularni anglanishiga undaydigan rag‘batni tug‘dirib, barchasini go‘zallik va ezgulik deb ataladigan ohang va tartibga bo‘ysundiradi. Manfaat va manmanlik avj olgan vaqtda moddiy farovonlik ortib, uni inson tabiatining ichki qonunlariga muvofiq o‘zlashtirib olish mushkullashada va bunday vaziyatda poeziya qanchalar zarur. Shunday paytlarda tana unga tiriklik baxsh etuvchi ruh uchun haddan tashqari bahaybatlik qiladi.
Poeziya chinakam ilohiy hodisadir. U ongning bepoyon kengliklari va bir vaqtning o‘zida markazidir: u goh barcha fanlarni qamrab oladi, goh har qanday fandan ko‘ra ishonchliroqdir. Tafakkurning barcha turlarida u bir vaqtning o‘zida ham ildiz, ham g‘unchadir; goh kutilmaganda paydo bo‘ladi va tarovati bilan dunyoga go‘zallik baxsh etadi; Poeziyani xazon qilganlarida meva ham, urug‘ ham bermaydi, shunda olam hayot daraxtining yangi mevasidan ham, ozig‘idan ham, yam-yashil novdalaridan ham mahrum bo‘ladi. Poeziya olamning maftunkor chehrasi, rangin dunyosidir. U biz uchun gulni ayon etguvchi ifor ham, rang ham; ayni paytda, tongning mangu go‘zalligi hamdir. Boyqush qanotli manfaatning jasorati yetmagan joylardan Poeziyadan boshqa kim olov olib kelar edi, hayotimiz davomida kim bizga ovunch, taskin bo‘la olardi, hayotimizdan so‘ng holimiz ne kechishini, nimaga umid qishni qanday bilardik, Ezgulik, Muhabbat, Vatanparvarlik, Do‘stlikni qanday anglardik, biz go‘zal dunyomizning maftunkorligini his qila olarmidik? Aql-idrokdan farqli ravishda poeziya faqat qobiliyatniki bo‘lmaydi va uni hech kim o‘zi xohlaganday tasarruf etolmaydi. Odam dabdurustdan: “Mana, men hozir boshlaymanu poema yozib tashlayman”, deya olmaydi. Buni buyuk shoirlar ham aytolmaydilar; chunki yaratuvchi ruh yallig‘lanib turgan cho‘g‘ga o‘xshaydi, unga oniy lahzada shamol kabi ko‘rinmas va o‘zgaruvchan alangalantiruvchi nafas kerak; poetik kuch xuddi gulning rangi kabi qalb ichra tug‘iladi, ochilguncha go‘zallashib boradi va keyin so‘lib qoladi; ammo bizning ongimiz uning paydo bo‘lishini oldindan seza olmaydi. Agar uning ta’sir kuchi davomli va boshlang‘ich sofligini saqlab qolganda edi, natijalar olamshumul bo‘lardi; ammo Shoir yozish uchun qo‘liga qalam tutgandayoq ilhom so‘na boshlaydi. She’riyatning olamga eng mashhur namunalari ham shoirning dastlabki ilhom onlarining soyalaridir, xolos. Men zamonamizning buyuk shoirlariga shunday savol berishni istardim: nahotki, eng yaxshi satrlar faqat mehnat va bilimninggina mevasi bo‘lsa? Tanqidchilar tavsiya etayotgan sabr-toqatli mehnat, aslida, ilhom onlarini qunt bilan kutish va cheklangan poetik kuch bilan yuzaga keltirilgan zarurat orqali chinakam ilhom lahzalari orasidagi vaqtni sun’iy ravishda to‘ldirishga bo‘lgan urinish, xolos. Holbuki, Milton ham “Yo‘qotilgan jannat”ni qismlarga ajratib qog‘ozga tushirgan bo‘lsa-da, avval uni to‘laligicha, bir butun holda his qilgandi. Miltonning aytishicha, ilhom unga “to‘qilmagan she’rlar”ni baxsh etdi; va bu “Darg‘azab Roland” asari ilk satrining ellik olti variantini misol qilib keltiruvchiga javob bo‘ladi. Shu tarzda yaratilgan poemalar poeziyaga qanchalar daxldor bo‘lsalar, mozaika ham rang-tasvirga shunday daxldordir. Poetik ijodning instinktiv va intuitiv xarakteri haykaltaroshlik va rangtasvirda yanada yaqqol seziladi; buyuk haykal yoki kartina ijodkor qo‘lida bamisli ona qornidagi homila kabi yetilib boradi; hatto yaratuvchi qo‘llarni boshqarayotgan aql ham ijod jarayoni qanday rivojlanayotganini va amalga oshirilganligini anglab yetolmaydi.
Poeziya – bu eng baxtiyor, eng omadli aql sohiblarining eng yaxshi va baxtli lahzalarining solnomasidir. Biz unda ma’lum va mashhur joylar hamda shaxslar bilan bog‘langan yoki ba’zan faqatgina bizning ichki dunyomizga bog‘liq fikr va tuyg‘ularning oniy jilvalarini ilg‘ab olamiz; bu jilvalar favqulodda holatda yuzaga keladi va bizning irodamizga bo‘ysunmagan ravishda nogahon g‘oyib bo‘ladi, biroq ular qalbimizni to‘lqinlantiradi hamda bizni so‘z bilan ifodalab bo‘lmas darajada zavqlantiradi: shunda ular qoldirgan istak-xohishlar, kechinmalarga shodlik qorishadi, chunki uning tabiati shunday. Qalbimizda go‘yoki oliy ibtido uyg‘onadi, ammo uning harakati dengiz uzra yelgan shamolday – uning izlari marjon to‘lqinlarda mavjlanib, sohil qumlariga to‘lqinsimon muhrini bosadi. Bunday qalb ko‘rinishlari aynan nozik did va jonli tasavvurga ega iste’dodlar taqdiriga xosdir; bunday qalb yuksak navolarga hamohang, har qanday razil istaklarga nisbatan murosasiz. Ruhning shu holati bilan sevgi, do‘stlik, ezgulik va vatanparvarlik mushtarak: u parvoz etar ekan, kishining shaxsiy manfaatlari, qiziqishlari koinot oldida atom zarrasiday bo‘lib qoladi. Shoirlar nafaqat nozik qalb sohiblari, balki shunday bo‘lishga mubtalodirlar, o‘z yaratganlarini samoviy ranglarga bo‘yay oladilar; ular bir so‘z, bir chizgi bilan qay bir sahna yoki kechinmaning sehrli torini chertib qo‘yishlari va kimdir, qachondir shunday tuyg‘uni tuyganini yodga solishlari, o‘tmishning so‘nggan va allaqachonlar unutilgan lahzalarini tiriltirishlari mumkin. Poeziya shu taxlit olam go‘zalliklari va ezguliklariga boqiylik ato qiladi; u samolarda qanotsiz parvoz qilayotgan oniy tuyg‘ularni, kimningdir qalbida mavjud, biroq keng olamga chiqa olmayotgan hissiyotlarni so‘zlarga va chizgilarga jo etib, ezgu va quvonchli xushxabar kabi olamga taratadi. Poeziya odamda ilohiylik zuhur etuvchi daqiqalarni halokatdan saqlab qoladi.
Poeziya butun borliqni qayta tiklaydi: go‘zallikni yanada jozibali qiladi, xunuklarga chiroy baxsh etadi. U hayrat va dahshatni, boqiylik va foniylikni, shodlik va qayg‘uni yaxlit-mushtarak qiladi; o‘zining yengil va nozik rishtasi bilan nimaki ayrim, alohida bo‘lsa, barchasini birlashtira oladi. U nimagaki tegib o‘tsa, uning mohiyatida yashayotgan ruhni namoyon etadi, jilolantiradi; uning jozibali olamiga kirgan har bir narsa, hodisa sehrli evrilishga, o‘zgarishga duchor bo‘ladi. Poeziyaning alkimyosi tiriklarni zaharlovchi og‘uni ham oltinga aylantira olishi mumkin; u borliq olam qiyofasida azaldan mavjud bo‘lgan, ko‘zlarimiz o‘rganib qolgan pardalarni yulib tashlaydi va biz borliqning yalang‘och uyqudagi go‘zaliga, boshqacha aytganda, uning qalbiga mahliyo bo‘lib qolamiz.
Hamma narsa qanday qabul qilinsa, har holda, qabul qiluvchi uchun, shundayligicha mavjuddir. “Ruh o‘ziga o‘zi makondir,* Samodan Do‘zaxni yaratar, Do‘zaxdan Samoni”. Ammo poeziya bizning kutilmagan turmush tashvishlariga band etgan jamiki qarg‘ishlarni yengib o‘tadi, u hamisha xayolimiz ichra hayot yaratadi. U bizni shunday olamga olib kiradiki, uning qoshida odatdagi hayotimiz o‘ta betartib va palapartish ko‘rinib ketadi. Biz poeziya yaratayotgan o‘zgacha olamni qabul qilar ekanmiz, uning bir qismini o‘zimiz bunyod etamiz: poeziya bizning ichki nigohimizni turmushimiz g‘aroyibotlariga parda tashlagan qoldiqlardan tozalab, soflaydi. O‘zimiz idrok etgan narsa-hodisalarni his etishga, bilgan narsalarimizni tasavvur qilishga undaydi. Takrorlanaverib o‘tmaslashib qolgan kechinmalarimizga barham berib, ongimizda yangi olam yaratadi. U Tassoning “Non merita nome di Cleatore se non Iddio ed il Poeta” (Xudo va shoirdan boshqa hech kim Yaratuvchi degan nomga loyiq emas (ital) degan biroz qaltis, ammo mohiyatan haq so‘zlarini oqlaydi.
Boshqalarga buyuk donishmandlikning shodlik, ezgulik va shon-sharaf xazinasini in’om etgan shoirning o‘zi ham baxtli, dono, a’lo va bir qadar sharaflangan odamlar qatorida bo‘lishi shart. Uning shon-sharafga daxldorligiga kelsak, shoir shuhrati bilan insonlar turmushining boshqa biron bunyodkori shuhrati tenglasha oladimi-yo‘qmi, buni Vaqt ko‘rsatadi. Birgina shoir ekanligi tufayli ham u dono, baxtli va a’lodir, bunga shubha yo‘q; buyuk shoirlar hamisha pokiza qalb sohiblari va donishmand bo‘lganlar, kechirgan hayotlarining eng sirli puchmoqlariga nazar tashlanganda ham odamlarning eng baxtlisi ular ekanliklari ayon bo‘ladi; kimki chinakam buyuk iste’dod sohibi bo‘lsa, bu qoidani tasdiqlaydi, inkor etmaydi. Bir lahza ko‘pchilik orasida tarqalgan muhokamalarga e’tibor qilamiz va o‘zimizni bir-biriga zid bo‘lgan ayblovchi, guvoh, qozi va hukm ijrochisi deb bilib, dalillarsiz va sud hukmisiz qaror qilamizki, ayrim “nomlari tillarda doston bo‘lgan” allomalar o‘z sha’niga nomunosib amallarni ham qilganlar. Masalan, Gomer mayxo‘r, Vergiliy yolg‘onchi, Goratsiy qo‘rqoq, Tasso telba, Bekon sudxo‘r, Rafael fohishaboz, Spenser shoir-laureat bo‘lgan. Traktatimizning bu qismida zamondosh shoirlarimizning nomlarini keltirishimiz noto‘g‘ri bo‘lardi, ammo biz yuqorida ta’kidlagan buyuklar avlodlar tomonidan to‘liq oqlanganlar. Ularning qilmishlari tortib ko‘rilgan va bu xoklaridan ham yengil chiqqan; garchi gunohlari alvon va qirmizi rangdan ham qizilroq esa-da – hozir ular oppoq, qorday beg‘ubor, barchani murosaga keltiruvchi va kafil bo‘lmish buyuk Vaqtning qoni bilan yuvilgan. Ahamiyat bersangiz, Poeziya va shoirlar haqida naqadar beo‘xshov bo‘hton, haqiqat va yolg‘on qorishmasidan iborat mish-mishlar tarqalgan: o‘ylab ko‘ring, ba’zan hayotda ko‘p narsalar, aslida, siz o‘ylagandek bo‘lib chiqmaydi yoki ularning asli haqida siz boshqacha fikrlagan bo‘lasiz. Bas, shunday ekan, o‘zingizga ham qarang va hech kimni muhokama qilmang, shunda o‘zingiz ham mish-mishlarga nishon bo‘lmaysiz.
Yuqorida ta’kidlaganimizday, poeziya mantiqdan shu bilan farqlanadiki, u bevosita aqlga bo‘ysunmasdir va yaratilishi bevosita ong va irodadan xolis. Tafakkur sohasida har qanday oqibat uchun zarur sharoit – sabab bo‘lishini tasdiqlash haddan tashqari soddalik bo‘lardi. Poetik tuyg‘ularning qo‘zg‘alishi bilan shoir ongidagi odatiy uyg‘unlik o‘ziga xos tabiati yoki uning boshqalarga ta’siriga muvofiq o‘zgarishini anglash qiyin emas. Ammo, aslida, muntazam bo‘lmagan qisqa-qisqa ilhom onlari oraliqlarida shoir odatdagi insonga aylanadi va boshqa odamlar doimiy uchraydigan borliq ta’siriga duchor bo‘ladi. Nozik qalbi, o‘zining va o‘zgalarning g‘am-alamlari, tashvishlari, shodliklariga o‘ta ta’sirchanligi bilan u boshqalarga qaraganda katta ehtiros bilan birinchisidan qochib ikkinchisiga intiladi. Shunda u hamma talpinayotgan shodlik yoki qochayotgan qayg‘uni e’tibordan qoldirsa, ikkalasini almashtirib qo‘ysa, mish-mishlarga nishon bo‘lishi aniq.
Biroq bunday yanglishuvlar har doim ham jinoyat emas va ta’kidlangan shoirlarda shafqatsizlik, hasad, qasos, makkorlik va boshqa kuchli yovuzliklar kuzatilmagan.
Haqiqat tantanasi uchun bu masalani qanday o‘ylagan bo‘lsam, shunday chizgilar tartibida joylashtirishni maqbul, deb hisobladim. Bu traktat munozarali javob shaklida yozilmagan bo‘lsa-da, agar o‘quvchi haqqoniy e’tirof etsa, “Poeziyaning to‘rt asri”dagi qarashlarga raddiya mujassamlashgan (har holda, birinchi qismida). Mazkur asar muallifi bo‘lgan olim va mutafakkirni aynan nima g‘azablantirganligini topish qiyin emas. Xuddi u kabi men ham xirillagan Kodrlarning zamonaviy “Tezeida”si* bilan g‘ururlanishga muhtoj emasman. Baviy va Meviy* chidab bo‘lmas yaratmalar edi va shundayligicha qoladi. Biroq agar tanqidchi bir vaqtning o‘zida faylasuf bo‘lsa, u aralashtirib yuborishdan ko‘ra, ko‘proq farqlay bilishi kerak, deb o‘ylayman.
Mulohazalarimning birinchi qismi Poeziyaning mohiyati va tamoyillariga tegishli; asarning chegaralangan hajmi imkon berganicha poeziyaning go‘zallik va uyg‘unlikning boshqa shakllari bilan umumiy manbaga egaligi, inson hayotining mazmunini ifodalashi haqidagi fikrlarga to‘xtaldim. Shubhasiz, ular oliy ma’nodagi Poeziyani anglatadi.
Mulohazalarimning ikkinchi qismida bu umumiy tamoyillarni hozirgi zamon poeziyasiga tatbiq etishga harakat qildim, shuningdek, kundalik hayotimiz va qarashlarimizni poeziyaga tatbiq etish va ularning poetik ibtidoga bo‘ysunishini asoslashga intildim. Chunki xalq irodasi o‘zining buyukligi va erkinligini namoyon etgan pallalarda ingliz adabiyoti har doim kuchli yuksalishni boshdan kechirgan, hozir ham yangi hayot arafasida turibdi. Bizning davrimizda zamonaviy ijodkorlarning izzat nafsini kamsitayotgan holatlar uchrab turganiga qaramay, davrimiz yuksak ma’naviy jasoratlar asri bo‘lib tarixda qolajak; biz fuqaro va e’tiqod ozodligi uchun xalq kurashi zamonidan so‘ng paydo bo‘lgan kurashchilardan yuqoriroq turuvchi shoirlar va mutafakkirlar orasida yashamoqdamiz. Poeziya ezgu o‘zgarishlar, yangi jamiyat qurish uchun kurashga uyg‘otishda buyuk xalqning eng sodiq darakchisi, safdoshi va yo‘ldoshidir. Bunday vaqtlarda inson va tabiat haqida yuksak olovli so‘zlarni aytishga idrokimiz, qobiliyatimiz yanada ortadi. Kimlarki bunday qudratga to‘lgan bo‘lsalar, ular albatta, kelgusi kunlar haqida bashorat qilguvchi ruh hukmidadirlar. Ammo undan bosh tortgan taqdirlarida ham o‘z qalblaridagi Hukmron tuyg‘ularga xizmat qilishga mahkumdirlar.
Davrimizning shon-shuhratga erishgan yozuvchilarining asarlarini o‘qish va ularning hayajonli so‘zlaridagi jo‘shqin hayotning ehtirosli ifodasidan hayratga tushmaslikning iloji yo‘q. Ular g‘ayritabiiy zukkolik bilan inson tabiatining barcha qirralarini hamda chuqurliklarini qamray va chamalay olmoqdalar, balki boshqalarga qaraganda ularda shunday kuch-qudrat paydo bo‘lganidan hayratda qolish kerakdir, zero bu nafaqat o‘zlarining ruhi, balki, ayni paytda, davrning ruhidir. Shoirlar aql bovar qilmaydigan ilhom fidoyilari; tobora yaqinlashib kelayotgan kelajakning bugunga tushayotgan soyasini aks ettirayotgan ko‘zgu; ular o‘zlari ham anglab yetolmaydigan ma’nolarni anglatguvchi kalom; ular bamisoli barchani jangga chorlagani holda chorlov ovozini o‘zlari eshitmayotgan burg‘u; ular shunday bir kuchdirlarki, boshqalarni harakatga keltirib, o‘zlari joyida mustahkam va qoyim qolguvchilardir.
Shoirlar – dunyoning e’tirof etilmagan qonunchi ijodkorlaridir.

Humoyun tarjimasi

Izohlar:
* Persi Bishi Shellining “Poeziya himoyasi” traktati 1821 yil mart oyida yozilgan.Ma’lumki, u davrda “Poeziya” deganda, bugungidek faqat she’riyat emas, balki badiiy adabiyotning har uchala turi tushunilgan.
*Gerodot, Plutarx, Tit Liviy shoir bo‘lganlar – an’anaviy ingliz poetikasida bunday munosabat F. Sidnining “Poeziya himoyasi” traktatidan boshlangan.
*“Shoh Edip” – Sofoklning Edip to‘g‘risidagi trilogiyasi birinchi qismi.
*“Agamemnon” – Esxilning “Oristeya” trilogiyasi birinchi qismi.
* “Filaktet” – Sofokl tragediyasi.
*Afina shoirlarining… – Esxil, Sofokl, Yevripid nazarda tutilmoqda.
*Astreya – oltin asrda boshqargan haqgo‘ylik ma’budasi Dikning taxallusi.
*Enniy, Kvint (239-169 yy. eramizdan avval) – rimlik shoir, dramaturg.
*Varron, Publiy Terentsiy – eramizdan avval I asrda yashagan rimlik shoir.
*Pakuviy (220-130 yy. e.a.) – Enniy shogirdi, rimlik shoir.
*Aktsiy (170-85 yy. e.a.) – rim fojianavisi, jangchi.
*Lukretsiy (94-55 yy. e.a) – rimlik shoir, donishmand.
*Publiy Vergiliy Maron (70-19? yy. e.a.) – rimlik shoir, “Bukolikalar”, “Georgikalar” va “Eneida” asarlarining muallifi.
*Kvint Goratsiy Flakk (65-8 yy. e.a.) – rimlik shoir.
*Katull Gay Valeriy (87-54 yy. e.a.) – rimlik lirik shoir.
*Publiy Ovidiy Nazon (43 y. e.a. – 18 y.) – rimlik shoir.
*Kamill Mark Furiy (eramizgacha bo‘lgan V asr oxiri – VI asr boshlari) – Rim sarkardasi, Rimni gallar bosqinidan himoya qilgan.
*Regul Mark Atiliy (eramizgacha bo‘lgan III asr). Rimlik sarkarda, I Punik urushi qatnashchisi. Karfagen ostonasida asirga tushgan va o‘ldirilgan.
* Kann yaqinidagi jangda – 216 yil karfagenlik sarkarda Gannibal Rim qo‘shinini yenggan.
*Muso, Iova, Dovud va Iso poeziyasi – “Payg‘ambarlar kitobi” nazarda tutilmoqda.
* … uch toifa … – donolik, mardlik va ishonch (Platon “Timey”).
* “…nur xiralashib…” – V. Shekspir. Makbet (III, 2).
*Timey – (IV asr e.a.) qadimgi yunon donishmandi.
*“Darg‘azab Roland” Ariosto, “Ozod bo‘lgan Quddus” Tasso, “Luiziada” Kamoens, “Farishtalar qirolichasi” Edmund Spenser asarlari.
*Choser, Jeffri (1340-1400 y.) – ingliz shoiri, F. Sidni yuqori boholagan.
*“Poeziyaning to‘rt asri” asarining muallifi – ingliz yozuvchisi T.L. Pikok.
*“Borga beraman, yo‘qdan yo‘ndiraman” – Injil, Matvey (XXV, 29).
*… maqoldagi qashshoq mushukday… – V. Shekspir. “Makbet” (1,7).
*Mammon – qadimgi suriya mifologiyasida manfaatparastlik tangrisi.
*“Ruh o‘zi o‘ziga makondir…” – Milton. “Yo‘qotilgan jannat” (1,254,5).
*Zamonaviy “Tezeida” – Yuvenal shoir va uning asarlariga barham berish uchun shunday bahoni o‘ylab topgan.
*Baviy va Meviy – Vergiliy va Goratsiy ustidan kulgan shoirlar.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 5-6-sonlar