Albert olti yillik qamoqdan so‘ng uyiga qaytdi. O‘sha musiqachilar ko‘chasi, 65-xonadon. Uning uyi odmi, biroq shinamgina edi. Tashqaridan qaraganda juda kichik va tor ko‘rinadi, ammo ichkari tarafdan hovli katta. Bu ko‘chadagilar baland va dabdabali uy qurishni yoqtirishmaydi. Shuning uchun ham bu yerdagi uylar bir-biridan past, kamtarona, yashayotgan xonadonlari ko‘ngillaridek sodda va tartibli. Albert ochiq darvozadan kirar ekan, hayajondan boshi aylanar, yuragi bezovta va tartibsiz urar edi.
Olti yil oz muddat emas. Yorug‘ hovli tomon qadam bosar ekan, Albertning ko‘zlaridan yosh chiqib ketdi. Qorong‘i kunlar, mahbuslikdagi oila sog‘inchi… Endi barchasi ortda qoldi, deya musaffo osmonga qaradi. Qaradi-yu, xayolidan qandaydir tizginsiz fikrlar o‘tardi. Vujud ozod, ammo qalb erksizdek edi. Hovli ichkarisida kichik hovuz yonida nimalarnidir yerga chizib o‘tirgan sakkiz yoshli bolakayni ko‘rib, baqirib yubordi.
– O‘g‘li-i-im, – ovoz bo‘g‘iq va past chiqdi.
Bu bolakay Udo edi. U erkak kishidan “O‘g‘lim” degan ovozni eshitmagan (qachonlardir eshitgan, biroq eslolmaydi). Udo hayron qoldi. Dadasining kelganini shu damda xayoliga sig‘dirolmasdi. Shuning uchun biroz jim turdi. So‘ng qo‘lidagilarni yerga tashladi-da, otasi tomon yugurdi. Albert hayajondan o‘g‘liga peshvoz chiqishga ulgurmadi ham. Shoshib kelgan bolakay otasining titroq oyoqlarini quchib oldi. Chunki u bu oyoqlarning tashrifiga juda intizor edi. Katta kattaligiga, kichik kichikligiga qaramasdan, yig‘lab shovqin soldilar. Ota-bolaning ovozidan Albertning kelganini mehmonni ko‘ngildagidek kutish uchun oshxonada taraddud ko‘rayotgan Albertning onasi Anika va rafiqasi Shadi ham sezdi. Ko‘z ko‘zga tushgach, kuchli hayajon qo‘zg‘aldi. Hamma yig‘ladi. Ayniqsa, Shadi hammadan ko‘proq obidiyda qildi. Chunki hayotning shafqatsiz charxpalagi shunday betinim, berahmlik bilan aylandiki, u sog‘inch atalmish ilgichi bilan Shadining yuragini ezi-i-ib, bir yerini tirnab o‘tdi. Ko‘z o‘ngida otasiz katta bo‘layotgan, kundan-kun ulg‘ayayotgan Udo va farzandi ko‘magiyu mehriga muhtojligi qaddini bukib qo‘ygan ona. Ha, bularning hammasini ilojsiz olti yil kuzatib o‘tirgan Shadi uchun og‘ir edi. Mana, o‘sha nurli kun keldi. Endi hayot yangidan boshlanadi. Faqat bugun Albert rosa charchagan. Ozib-to‘zib ketgan. Axir u olti yil qamoqda shohona yashamagan. Uning ozib ketishini tushunsa bo‘ladi. Ammo bugun kechqurun shohona ziyofat bo‘lishi tayin. Shunday ham bo‘ldi. Ziyofatga sevimli qo‘shnilar va yaqin qarindoshlar ham kelishgandi. Samimiy o‘tgan kechki mehmondorchilikdan so‘ng hamma yaxshi niyatlar bildirib uyiga tarqaldi. Albert o‘zining xonasiga kirib ketdi. Udo tamaddi yarmidayoq uxlab qolgan edi. Anika ham Udodan qolishmadi. Ha, endi qarilik. Shadi bo‘lsa mayin ovozda qo‘shiq aytardi. Go‘yoki tong yorishib sayroqi qushlar xonish qilayotgandek edi. Stol ustidagi vino qoldiqlarini bir idishga solar ekan, kayfiyati o‘zgarmaydi. Chehrasida nimtabassum. Bu tabassum xuddi Xudo tomonidan hadya etilgandek yuzida qotib qolgan edi. Dastlab shirinliklar, so‘ng yog‘li yeguliklar solingan idishlar yig‘ishtirilib, yuvildi. Hamma ish bajarilgach, stol ustiga oppoq mato tashlandi. Stullar stol tagiga kiritildi. Bir dunyo ish bir zumda ado bo‘ldi. O‘sha kayfiyat va o‘sha tabassum bilan Shadi Albert kirgan xonaga yuzlandi. Kirdi-yu, yuragi orqaga tortib ketdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinkim, Albert uxlab yotar, uning boshi ustida Shadiga butunlay notanish, yoqimsiz va badbo‘y tutun burqsirdi. Erning bunday loqaydligini aqliga sig‘dirolmagan ayolning bir lahzada o‘ylari chalkashdi. Mahbusning xotini deya iddaoli murojaatlar endi giyohvandning ayoli deya o‘zgaradi. Bu Shadining sog‘inch va muhabbatga to‘la qalbidagi umidlarini so‘ndirdi. Unga bir onda darz ketdi.
Ozishning ham, to‘zishning ham sababi bor ekan…
Nemis tilidan Dilobar Asliddin qizi tarjimasi
“Sharq yulduzi”, 2017 yil, 11-son