Orxan Pamuk. Deraza orti manzaralari (hikoya)

1

Hech narsani ko‘rib ham, tinglab ham bo‘lmasa, bu hayot emas, g‘irt jahannamning o‘zi. Bolaligimdan zerikish bilan qanday kurashib kelinganining guvohi bo‘lganman — radio tinglashgan, deraza ortidan ko‘chani kuzatishgan, u yoqdan-bu yoqqa o‘tayotgan yo‘lovchilarni, deraza qarshisidagi uylarni tomosha qilishgan. 1958 yillarda hali Turkiyada televizor ommalashmagan edi. Butunlay bo‘lmagan edi, deb bo‘lmaydi. “Bo‘lmagan” so‘zi ko‘proq Istanbul kinoteatrlarida “hali prokatga olib kelinmadi” degan so‘zlarga ohangdosh edi, xolos. Aslida, o‘sha turli Gollivud melodramalari to‘rt-besh yil oldin suratga olingan bo‘lib chiqardi.
Deraza ortidan kuzatish shu qadar odat tusiga kirgandiki, televizorlar paydo bo‘lganidan so‘ng ham odamlar derazadan turib, tashqarini kuzatishni tark etmaganlar. Otam, buvam va buvim televizordan ko‘z uzmay suhbatlashishar va ora-sira janjallashib ham olishardi. Bir-birlariga qaramay, go‘yo derazadan tashqarini kuzatib o‘tirishganday, nimani ko‘rishayotganini bir-birlariga aytib turishardi.
— Bu qish qor uzoq turib qoladi, — derdi xolam ertalabdan buyon ohista yog‘ayotgan qorni kuzatib.
— Bunisi holva. Sotuvchi yana Nishontoshi burchagida turib olibdi, — derdim men boshqa derazadan tramvay yo‘llarini kuzatarkanman.
Bozor kunlari amakim, xolam va bizning oila buvimnikida tushlik qilardik. Hammamiz bitta uyda, faqat biz bir necha qavat pastda yashardik. Dasturxon tuzatishlarini kutgancha deraza ortidan ko‘chani kuzatib turar ekanman, men o‘zimni tug‘ishganlarim, qarindosh-urug‘larim orasida shunday baxtli sezardimki, hatto katta stolni g‘ira-shira yoritib turgan xira billur qandillar ham ko‘zimga yarqirab ko‘rinardi. Buvimning oshxonasi hamisha nim yorug‘, boshqa xonalari ham xuddi shunday, balki bundan-da qorong‘iroq bo‘lardi. Bu balkim hech ochilmaydigan balkon eshiklariga osib tashlangan og‘ir darpardalardan to‘kilayotgan, sirg‘alib tushayotgan soyalardandir, balki dim xonalarda o‘tirib qolgan hidlardandir. Bu xonalar sadaf qadamali ko‘chma darpardalar, eski sandiqlar, katta-kichik stollar, ulkan dumsimon royal, uning ustidagi ramkaga solingan fotosuvratlar va bir uyum boshqa narsalarga to‘la. Tushlikdan so‘ng buvam oshxonaga yondosh xonalardan birida tamaki tutatardi.
— Menda futbol o‘yiniga chipta bor, lekin o‘zim borolmayman, — dedi u dabdurustdan. — Sizlarni o‘yinga otangiz olib bora qolsin.
— Dada, bizni futbolga olib boring, — iltimos qildi akam.
— Bolalar bir havo olib kelishsin, — dedi onam mehmonxonadan turib.
— O‘zing olib bor ularni, — dedi otam onamga.
— Men onamnikiga ketyapman, — e’tiroz bildirdi onam.
— Buvimnikiga bormayman, — dedi akam.
— Ana, mashinam, o‘shanda bora qol, — dedi shartta buvam.
— Ota, olib bora qoling, iltimos, — turib oldi akam.
Uzoq vaqt oraga g‘alati jimlik cho‘kdi. Mehmonxonada o‘tirganlarning bari otamning og‘zidan nima so‘z chiqarkin deb, qarab turishardi. Otam esa buni sezib:
— Mashinamni beraman, deyapsizmi? — deb so‘radi buvamdan.
Onam bizga katak-katak issiq paypoq va sviter kiygizayotgan paytda otam uzun dahlizda sigaret chekkancha u yoqdan-bu yoqqa borib kelardi. Buvamning och yashil rang mashinasi Tashviqiya masjidi yonida turardi. Otam ikkimizni mashinaga o‘tqazgach, motorni bir yoqishdayoq o‘t oldirdi.
Stadionda odam siyrak edi.
— Manovi chipta ikkoviga, — dedi otam chiptachiga. — Biri sakkiz, ikkinchisi o‘n bir yoshda.
Chiptachining o‘tkir nigohlaridan qochib, ichkariga kirdik. Ko‘p o‘rindiqlar bo‘sh ekan, darhol joy topib, o‘tirib oldik.
Jamoalar nam maydonga tushib kelishdi. Menga oppoq kalta ishtondagi futbolchilarning sovqotmaslik uchun maydonda sakrashlari yoqdi, ularni maroq bilan kuzatardim.
— Qara, Kyuchyuk Mehmetni ko‘rayapsanmi? — ulardan birini barmog‘i bilan ko‘rsatdi akam. — Uni yoshlar jamoasidan olishibdi.
— O‘zim ham bilaman, – dedim.
O‘yin boshlandi, nafasimizni ichimizga yutib, o‘yinni tomosha qila boshladik. Oradan bir necha daqiqa o‘tgach, mening ko‘zim o‘yinda-yu, xayolim boshqa tomonlarga ketib qoldi. Nega futbolchilarning kiyimlari bir xilda-yu, ismlari turlicha? Nazarimda, stadionda o‘yinchilar emas, ularning ismlari yugurib yurgandek edi. O‘yinchilarning ust-boshlari borgan sari ifloslanib borardi. Mening e’tiborimni asta-sekin suzib kelayotgan paroxodning trubasi tortdi. Paroxod Bosfor qo‘ltig‘idan suzib o‘tarkan, o‘yingoh minbarining ochiq joyidan yaqqol ko‘rinib turardi. Birinchi taym yakunlanguncha ham darvozaga to‘p ura olishmadi, tanaffus paytida non bilan no‘xat sotib oldik.
— Ota, men hammasini yeya olmayman, — dedim.
— Qolganini keyin yersan, — dedi u.
Tanaffusda biz ham xuddi boshqalardek isinishga urindik, oyog‘imizni oyog‘imizga ura boshladik. Uchalamiz ham qo‘limizni shimimizning cho‘ntagiga solib, futbol maydoniga orqa o‘girgancha, bosh-qa tomoshabinlarni kuzata boshladik. To‘satdan olomon orasida kimdir otamni chaqirib qoldi. Otam esa qo‘llarini qulog‘iga tutib, uning gaplarini eshitolmayotganiga ishora qildi.
— Borolmayman, — dedi u bizga ishora qilib, — bolalarim bilan birgaman.
Siyohrang sharfdagi odam atrofdagilarni nari-beri itarib biz tomonga oshiqdi.
— Bular sening bolalaringmi? — dedi u otam bilan quchoqlashib ko‘rishar ekan. — Ishongim kelmayapti, katta bo‘lib qolishibdi-ku!
Otam miyig‘ida kulib turardi.
— Qachon katta qilib ulgurding? — tinmay javrardi otamning tanishi bizga hayratlanib tikilarkan. — Maktabni bitiriboq uylanibsan-a?
— Ha, — dedi otam tanishining yuziga qaramay.
Ular gaplasha boshlashdi. Siyohrang sharfli kishi bizning kaftimizga bittadan amerika pistasidan tutqazdi. U ketgach, otam o‘rindiqqa o‘tirib, uzoq sukutga cho‘mdi.
Futbol jamoalari maydonga toza kiyimda yugurib chiqib kelishayotganda, otam:
— Uyga keta qolaylik. Sovuq tushib qoldi, — dedi.
— Men sovqotmayapman, — dedi akam.
— Yo‘q, sovuq-ku. Ali ham sovqotib qoladi. Qani, tura qolinglar.
O‘tirganlarning tizzalariga urila-urila, oyoqlarini bosa-bosa o‘yingohdan chiqib keta boshladik. Ko‘chaga chiqishimiz hamon hakamning hushtagi eshitildi. Ikkinchi taym boshlangan edi.
— Sovqotdingmi? — so‘radi akam mendan. — Nega otamga sovqotmadim, deb aytmading?
Akamning gapiga javob qaytarmadim.
— Ahmoq, — dedi u.
— Ikkinchi taymni uyda radiodan eshitasizlar, – dedi otam.
— Bu o‘yinni radioda berishmaydi, — javob qaytardi akam.
— Bo‘ldi, — dedi otam. – Uyga Taqsim orqali qaytamiz.
Biz indamay yo‘lda davom etdik. Otam mashinani Taqsim orqali haydadi. Taqsimdan o‘tgach, ot poygasiga ko‘zimiz tushdi. Pul tikkani otam mashinani bir chetda to‘xtatdi.
— Eshikni hech kimga ochmanglar. Men tezda qaytaman.
U mashinadan tushdi. Mashina eshigini kalit bilan qulflaguncha bo‘lmay, biz uni ichkaridan qulflab oldik. Lekin otam chiptachining oldiga emas, boshqa tarafga qarab yo‘l oldi. Ildam odimlab, xiyobonni kesib o‘tdi-da, allaqanday do‘konga kirib ketdi. Do‘kon derazasidan osib qo‘yilgan samolyotlar, kemalar, go‘zal manzarali katta-katta plakatlar ko‘rinib turardi.
— Otam qayerga ketayaptilar?
— Uyga borganimizdan keyin “Toq va juft” o‘yinini o‘ynaymiz, — dedi akam savolimga javoban.
Otam qaytib kelgach, akam tezlik bilan uzatish dastasini joyiga surib qo‘ydi.
Biz Nishontoshi maydoniga yetib keldik. Otam mashinani machit yoniga qo‘ydi va Olovuddin do‘koni yonidan o‘tib ketayotganimizda:
— Sizlarga biron narsa olib bermoqchiman, faqat anovi “Mash-hur” degan saqichdan olib bering, deb tiqilinch qilmanglar, — dedi u.
— Otajon, olib bering, — yalindik biz.
Otam Olovuddin do‘koniga kirib, biz xush ko‘radigan saqichdan har birimizga o‘n donadan olib chiqdi. Biz uyimiz yo‘lagiga kirgach, men besaranjom bo‘la boshladim. Lift ichida hojatga chiqqim kelib qolsa bo‘ladimi? Uyimizning ichi issiqqina edi. Oyim hali buvimnikidan qaytib kelmagan ekan. Biz otam olib bergan saqichlarni shosha-pisha ochib, qog‘ozlarini yerga tashlay boshladik. Saqichimning o‘ramidan Fevzi Chakmak Posho surati, boshqasidan Charli Chaplin va jangchi Xamit Kaplanning surati chiqdi. Gandi, Motsart va Sharl de Goll, ikkinchisidan Otaturkning tasviri, yana bittasidan Greta Garboning tasviri chiqdi, — bunday qistirmalar akamda yo‘q edi. Qo‘limda roppa-rosa 173 ta qistirmam bor, biroq hamma turkumlarni to‘plash uchun menga yana 27 ta turli qistirmalar kerak edi. Akamning qo‘liga marshal Fevzi Chakmak Posho aks ettirilgan to‘rtta qistirma, Otaturkning surati bor beshta qistirma, Edison suratli bitta qistirma tushib qoldi. Biz og‘zimizga bittadan saqich soldik-da, qistirmaning orqa tomoniga yozilgan so‘zlarni o‘qiy boshladik:
“Marshal Fevzi Chakmak (1876-1950), Ozodlik urushi bosh qo‘mondoni. “Mashhurlar” turkumidan 1000 ta turli qistirmali to‘plam yig‘ing va teridan yasalgan futbol to‘pini Mambo Shiker Chaklet Sanayi fabrikasi tomonidan tuhfa sifatida qabul qiling”.
Akam avvaldan yig‘ib kelayotgan qog‘ozli saqichdan chiqqan jami 165 rasmni qo‘lida g‘ijimlab:
— “Toq va juft” o‘yinini o‘ynaymizmi? — so‘radi u.
— Yo‘q, — dedim.
— Mening o‘n ikkita Fevzi Chakmakimga bitta Greta Garboni almashasanmi? Shunda senda roppa-rosa 184 ta bo‘ladi.
— Yo‘q, almashmayman, — javob qaytardim men.
— Senda Greta Garbodan ikkita-ku.
Men indamay turaverdim.
— Ertaga emlayotgan paytda yana yuragim tors yoriladi, deb yonimga yugurib kelmagin, xo‘pmi?
— Kelmayman ham.
Kechki ovqatni jimgina tanovul qildik. Hammamiz “Sport dunyosi” ko‘rsatuvini ko‘rib, o‘yin 2:2 bilan yakunlanganini eshitdik. Onam bizni uyquga yotqizish uchun xonamizga kirib keldi. Akam papkasini saranjomlayotgandi, men mehmonxonaga yugurib chiqib ketdim. Otam deraza yonida ko‘chaga qarab turardi.
— Ota, ertaga maktabga borgim kelmayapti.
— Nimalar deyapsan, o‘g‘lim?
— Ertaga bizni emlashmoqchi, — dedim men. — Xat yozib bering. Issig‘im chiqib, nafasim siqilib qoladi. Oyim biladilar.
Otam menga indamay qarab turardi. Men qog‘oz-qalam olib kelish uchun yugurib chiqib ketdim.
— Oyingning bundan xabari bormi? — so‘radi otam o‘yib, niho-yasiga yetkaza olmayotgan Kerkegorning kitobi ustiga muk tushib. — Maktabingga, albatta, borasan. Men seni emlamanglar, deb yozib beraman.
Otam xat yozib berdi. Xat siyohini puf-puflab quritdim-da, buklab cho‘ntagimga tiqdim. So‘ng xonamga kirib, xatni sumkamga solib qo‘ygach, karavotda sakray boshladim.
— Jinnilik qilma, — dedi onam. — Qani, yotib uxla.
2

Maktabda tanaffus payti juft-juft bo‘lib saflangancha butun sinf emlanish uchun oshxonaga tushdik. Birov yig‘lar, kimdir qo‘rquv bilan o‘z navbatini kutardi. Yod hididan yuragim g‘alati bo‘lib ketdi. Men safdan chiqib, zinapoya yonida turgan o‘qituvchining yoniga keldim.
— Nima bo‘ldi? – so‘radi o‘qituvchim.
Men cho‘ntagimdan otam yozib bergan xatni chiqarib, o‘qituvchimning qo‘liga tutqazdim. U aftini bujmaytirib, xatni o‘qidi.
— Sening otang doktor emas-ku, — dedi u. So‘ng birpas o‘ylanib turdi. — Bo‘pti, tepaga chiqib, 2-“a”da kutib tur.
2-“a” sinfida menga o‘xshash olti-ettita “sababli” bolalar bor edi. Ulardan birining butun diqqat-e’tibori derazada edi. Koridordan qichqiriq va yig‘i ovozlari eshitilar, semiz, ko‘zoynak taqqan navbatchi pista chaqqancha Kinovning kitobini mutolaa qilardi. Eshik ochilib, direktorning naynov yordamchisi Sayfibey kirib keldi.
— Sizlardan biringiz rostdan ham kasal bo‘lishingiz mumkin, — deya gap boshladi u. — Agar kimningdir haqiqatdan ham sababi uzrli bo‘lsa, unda emlamaslikka majburmiz. Tez orada o‘sib, ulg‘ayasiz. Ona-Vatan uchun xizmat qilasiz. Mustaqil hayotga yo‘l olasiz. Bugun kimda-kim emlashdan qochsa, kelgusida Vataniga munosib farzand bo‘lib yetisholmaydi. O‘g‘il bolalar uchun bu — uyat!
Oraga uzoq jimlik cho‘kdi. Men Otaturk portretiga tikilib turib, ko‘zimga yosh qalqdi. So‘ng hech narsa bo‘lmagandek sinf tomon qarab keta boshladik. Emlangan bolalardan qay birlari qo‘llarini avaylagancha, qay birlari ko‘zlarida yosh, aftlari og‘riqdan burishib, sinfxonaga kirib kela boshladilar.
— Uyi yaqinlarga ruxsat, ketaveringlar, — dedi o‘qituvchimiz. — Uyidan odam keluvchilar oxirgi qo‘ng‘iroqqacha o‘tiradilar. Bir-biringiz bilan urishmanglar, qo‘llaringizni ehtiyot qilinglar. Ertaga maktabga kelmanglar. O‘qish bo‘lmaydi.
Hamma sevinganidan qichqirib yubordi. Eshik tagida “emlanganlar” yenglarini shimarib, eshikbon Hilmiy afandiga qo‘llaridagi yod dog‘ini ko‘rsatardi.
Men qo‘limga sumkamni oldim-da, ko‘chaga otildim.
Qorabata go‘sht do‘konining oldida ot arava yo‘limni to‘sib turardi. Men arava yonidan sirg‘alib o‘tdim-da, ko‘cha oshib, yo‘lkachamga tushib oldim. Tayyor kiyimlar sotuvchisi Xayrining, gulfurush Solihning yonidan o‘qday uchib o‘tdim. Eshikni uyimizning eshikboni Nozim afandi ochdi.
— Nega maktabdan barvaqt kelding? — deb so‘radi u.
— Bizni maktabda emlashgan edi, shuning uchun barvaqt qo‘yib yuborishdi, — javob berdim men.
— Akang qani? Bir o‘zing qaytib keldingmi?
— Ha, tramvay yo‘lidan o‘zim o‘tdim. Ertaga o‘qishga bormas ekanmiz.
— Oying uyda emas, shekilli, — dedi u. — Buvingning yoniga chiqa qol.
— Uyimga boraman, — dedim men. — Mazam yo‘qroq. Iltimos, eshikni ochib bersangiz.
U devordan kalitni oldi va biz liftga chiqdik. Liftning ichi tutunga to‘lib ketibdi, ko‘zim yoshlandi. Nozim afandi eshigimizni ochib berdi.
— Ehtiyot bo‘l, elektr anjomlarini o‘ynama, tag‘in, — eshikni bekitdi-yu, so‘ng, eshikbon tashqariga chiqib ketdi.
Uyda hech kim yo‘qligini bilib tursam-da, bor ovozim bilan:
— Uyda kim bor? — deb qichqirdim.
Men sumkamni qo‘yib, akamning javonini ochdim-da, kino chiptalari yig‘indisini tomosha qila boshladim. Bularni u menga ko‘rsatmasdi-da. Futbol o‘yinlari bosilgan gazetalardan qirqib olib, daftariga yopishtirgan suratlarni tomosha qilishga berilib ketganimdan eshikka kalit solib ochayotganlarini payqamabman ham. Qo‘rqqanimdan qotib qoldim. Uyga kirib kelayotgan kimsaning qadam tovushidan onam emas, otam ekanligini payqadim. Men ehtiyotlik bilan chipta va daftarni akamning javoniga solib qo‘ydim. Otam yotoqxonaga kirib, shkaf eshigini ochib, uni ko‘zdan kechirdi.
— Shu yerdamisan? — dedi u.
— Yo‘q, Parijdaman, — dedim men maktabda bolalar beradigan javoblarga taqlid qilib. — Bugun sinfimizdagilarni emlashdi.
— Akang ko‘rinmaydimi? — so‘radi u. — Yaxshisi, xonangga bor-da, to‘polon qilmay o‘tir.
Men xonamga kirib, peshonamni deraza oynasiga tiragancha, tashqarini kuzata boshladim. Taraqlagan ovozdan otam shkafdan jomadonni olayotganini sezdim. Biroz vaqt o‘tib, u shkafdagi shim, sviter, ichki kiyimlari, ko‘ylak, paypoqlarini olayotganini payqadim. Ularni jomadonga solayotgan edi. Yuvinish xonasiga kirib chiqdi-da, so‘ng jomadonni shiqirlatib qulfladi.
— Bu yerda nima qilyapsan?
— Derazadan tashqariga qarayapman.
— Qani, yonimga kel-chi.
Otam yelkamdan quchdi, shu ko‘yi uzoq vaqt derazadan tashqariga qarab turdik. Qarshimizdagi uy o‘rtasida baland bo‘yli sarv daraxti bo‘lib, uchlari shamolda og‘ir chayqalardi. Men otamning qadrdon va aziz hidini tuydim.
— Men uzoqqa ketyapman, — dedi u meni o‘pib qo‘yarkan. — Onangga hech narsa dema. Keyin o‘zim aytaman.
— Samolyotda uchib ketasizmi?
— Ha, — deb javob berdi u. — Parijga uchaman. Hech kimga hech narsa dema.
Otam cho‘ntagidan katta tanga pul oldi-da, menga berdi.
— Hech kimga hech narsa dema, — dedi u yana betimdan o‘pib qo‘yarkan. Meni bu yerda ko‘rganingni hech kimga aytma.
Pulni darhol cho‘ntagimga solib qo‘ydim. Otam meni quchog‘idan chiqarib, jomadonini ko‘tarib oldi.
— Otajon, ketmang, — yalindim men. U yana meni quchib o‘pdi-da, chiqib ketdi.
Men deraza yoniga borib, uning ortidan qarab qoldim. Otam Olovuddin do‘koni tomon yo‘l oldi, yo‘lda kelayotgan taksini to‘xtatdi. Taksiga o‘tirishdan avval uyimiz tomon o‘girilib qaradi-da, menga qo‘lini silkidi. Men ham qo‘l silkitib qo‘ydim. Otam mashinaga o‘tirdi-da, ketdi.
Men bo‘m-bo‘sh ko‘chaga uzoq qarab qoldim. Bu orada bir tramvay, so‘ng ot qo‘shilgan suv aravasi o‘tdi.
Nozim afandini chaqirdim.
Uyga kirib kelarkan:
— Sen qo‘ng‘iroq qildingmi? Qo‘ng‘iroqni o‘ynama degandim-ku, — dedi u.
— Manavi ikki liraga, — dedim unga. — Olovuddin do‘koniga borib, menga “Mashhurlar” saqichidan olib kelib bering. Qaytimini qaytarib berarsiz.
— Pulni otang berdimi? — so‘radi u. — Qara, yana onang xafa bo‘lib yurmasin.
Men unga lom-lim demadim, u ketdi. Men uning ortidan kuzatib, Olovuddin do‘koniga kirishini tomosha qilib turdim. Oradan biroz vaqt o‘tgach, u do‘kondan chiqib keldi. Qarshimizdagi uydan chiqib kelgan o‘sha uyning eshikboniga duch kelib qoldi-yu, ikkalasi gaplasha ketdi.
Yonimga kelib, aytgan narsam bilan qaytimni qo‘limga tutqazdi. Men shoshilmasdan saqichning o‘ramini ocha boshladim. Yana marshal Fevzi Chakmakdan uchta qistirma, bitta — Otaturk, Lindberg, Leonardo da Vinchi, Qonun sulton Sulaymon, Cherchill, general Frankodan bittadan — bunaqasi menda yo‘q edi. Akamda bo‘lmagan 21-raqamli — Greta Garbo tasviri tushirilgan bitta qistirma. Shunday qilib, mendan 183 ta qistirma bor, futbol to‘piga ega bo‘lishim uchun yana 27 ta turli qistirma zarur.
Men birinchi bo‘lib, samolyotda Atlantika uzra uchib o‘tgan Lindberg tasviri tushirilgan qistirmani tomosha qilib o‘tirganimda, kalit tovushi eshitildi va eshik ochildi. Onam! Men tezda polda sochilib yotgan narsalarimni yig‘dim-da, ularni axlat qutisiga tashlab yubordim.
— Emlashgan edi, shuning uchun uyga barvaqt keldim, — dedim onamga. — Har xil kasalliklarga chalinmasligim uchun emlashdi.
— Akang qayerda?
— Ularning sinfini hali emlashmadi, — javob berdim onamga.
— Bizning sinfimizdagilarga javob berib yuborishdi. Yo‘ldan o‘zim o‘tib keldim.
— Hech qayering og‘rimayaptimi?
Indamadim. Oradan hayal o‘tmay, akam kirib keldi. Uning qo‘li og‘riyotgan edi. U karavotga yotdi, o‘ng qo‘lini avaylab, uyquga ketdi. Akam uyg‘onganda atrofga qorong‘ulik o‘z chodirini yopgan edi.
— Oyi, judayam og‘riyapti, — dedi u.
— Kechga borib, issig‘ing ham chiqishi mumkin, — dedi onam bosh-qa xonada oqliqlarni dazmollarkan. — Ali, sening ham qo‘ling og‘riyaptimi? Qimirlamay, jim yotsalaring og‘rimaydi.
Biz onamning aytganini qilib, jim yotdik. Akam biroz mizg‘ib olgach, sport haqidagi gazetani o‘qiy boshladi. So‘ng ikkinchi taymda qolmay, to‘rtta gol urilganini ko‘rolmay qolganimizga men aybdor ekanligimni aytdi.
— Nima, maydondan biz ketmaganimizda bu gollar darvozaga urilmagan bo‘larmidi? — bo‘sh kelmadim men.
— Nima?! — o‘shqirdi akam.
Akam yana uxlab qoldi. Uyqudan uyg‘onib, oltita Fevzi Chakmak suratiga to‘rtta — Otaturk va uchta Greta Garbo tasvirini almashtirib berishimni so‘radi. Men rozi bo‘lmadim.
— “Toq va juft” o‘yinini o‘ynaymizmi? — dedi akam.
— O‘ynasak, o‘ynayveramiz!
Bu o‘yinda kaftlaringga “Mashhurlar” turkumidagi qistirmalarni terib qo‘yasan. Ustimi-osti deb so‘raysan. U osti desa, sen pastdagi qistirmani sug‘urasan. Unga qaraysan, raqamini ko‘rasan. Masalan, 178-raqamli Rita Hayvort. Ustidagi qistirma esa — 8-raqamli Dante. Shunda pastdagi qistirmalar qo‘lingdan chiqib ketadi, sen o‘zing-da ko‘p bo‘lgan qistirmalardan birini sherigingga berasan. Kechgacha Fevzi Chakmak qistirmasi men bilan akam o‘rtasida rosa yugurdi.
Kechki ovqat paytida onam:
— Bittangiz yuqoridan xabar oling-chi, otangiz keldimi-yo‘qmi? — dedi.
Aka-uka yuqoriga ko‘tarildik. Buvim bilan buvam hordiq chiqarishmoqda edi, otam ko‘rinmasdi. Biz radiodan yangiliklarni eshitib, gazetada yoritilgan sport sahifasini o‘qib chiqdik. Buvim bilan buvam ovqatlangani o‘tirishganda, biz pastga tushdik.
— Qayoqqa yo‘qoldilaring? — so‘radi onam. — Harqalay, u yerda ovqatlanmagandirsizlar? Hozir sho‘rva suzib beraman. Otangiz qaytguncha bemalol ovqatlanib olinglar.
— Issiq non bormi? — deb so‘radi akam.
Onam bizning jimgina ovqat yeyishimizga qarab turardi. Boshini tutib, qulog‘ini ding qilishi, bizlarga ma’yus boqishidan lift yurmayotganmikan degan ma’no sezilib turardi. Biz ovqatlanib bo‘lgach, onam: “Yana suzib beraymi?” — deb ovqatli idish ichiga qarab qo‘ydi.
— Ovqat sovumasdan ichib olsammikan, — dedi u o‘ylanqirab. O‘rnidan turdi-da, Nishontoshi maydoniga qarayotgandek derazadan tash-qariga uzoq tikildi. Ancha paytgacha indamay pastga qarab turdi. Ortga o‘girilib, o‘ziga ham sho‘rvadan suzib ichdi. Biz aka-uka kechagi futbol o‘yinini muhokama qila ketdik.
— Sekin, — dedi onam. — Liftning ovozimi eshitilayotgan?
Biz bahsdan to‘xtab, diqqat bilan quloq tutdik. Bu liftning ovozi emas edi. Jimlikni tramvayning shovqini buzdi, stol va uning ustidagi suv to‘la grafin ham zirillar edi. Biz po‘rtaholni yeb bo‘lgan ham edikki, lift ovozi eshitildi. Ovoz tobora yaqinlashib kelardi. Lift bizning qavatda to‘xtamay, buvimlar tomon yuqorilab ketdi.
— Yuqoriga chiqib ketdi, — dedi onam.
Ovqatdan so‘ng onam:
— Likoblaringizni oshxonaga olib borib qo‘yinglar. Otangizniki joyida qolsin, — dedi.
Biz stol ustini yig‘ishtirib oldik. Otamiz uchun qo‘yilgan likob uzoq vaqt stol ustida qolib ketdi.
Onam politsiya idorasi ko‘rinib turadigan deraza yonida anchagacha turib qoldi. So‘ng qandaydir fikr boshiga kelib urilgandek otamga qo‘yilgan likob, qoshiq va sanchqilarni olib, oshxona tomon yo‘l oldi. Idishlarni yuvmasdan ham:
— Buvimizning oldiga chiqaman, — dedi u. – Urishmay o‘tiringlar.
Men akam bilan “toq va juft” o‘yinini o‘ynay boshladik.
— Juft, — dedim men.
Akam kaftidagi qistirmalardan birini chiqardi-da, menga ko‘rsatdi:
— Dunyodagi eng mashhur kurashchi — Ulkan Yusuf. 34-raqamli past-dagisiga qaradi. — Otaturk, 50-raqamli. Sen yutqazding, — dedi u. — Menga yana bitta qistirma ber.
Uzoq davom etgan o‘yinda faqat akam yutdi.
— Men boshqa o‘ynamayman, — dedim jahlim chiqib. — Onamning yoniga chiqaman.
— Onamning jahli chiqadi.
— Uyda bir o‘zing qolishga qo‘rqyapsanmi, quyonyurak?
Buvimning uyi har doimgidek ochiq ekan. Ular ovqatlanib bo‘lishgan, Bakir oshpaz idish-tovoqlarni yuvmoqda edi. Buvim bilan buvam bir-birlariga ro‘baro‘ o‘tirishardi. Onam esa Nishontoshi maydoni ko‘rinib turadigan deraza yonida turardi.
— Bu yoqqa kel, — dedi onam oynadan ko‘zini olmay. Men shu ondayoq xuddi men uchun tayyorlab qo‘yilgandek oyna bilan onam o‘rtasidagi bo‘shliqqa suqildim va onamga orqam bilan yopishib turib olib, ikkovlon Nishontoshi maydoniga diqqat bilan qaray boshladik. Onam qo‘lini boshimga qo‘yib, uzoq vaqt sochlarimdan siladi. — Otang choshgohda uyga kelibdi, sen uni ko‘ribsan, — shivirladi u.
— Ha, — dedim men.
— U kelib, jomadonini olib ketibdi. Nozim afandi aytdi.
— Ha.
— Qayerga ketayotganini senga aytdimi?
— Yo‘q, — javob berdim men. — Ular menga ikki yarim lira berdilar.
Tungi qorong‘ulik ichidan do‘konlar qorayib ko‘rinar, u yoqdan-bu yoqqa yurayotgan mashinalarning chiroqlari milt-milt qilardi. Chor-atrofda ma’yuslik hukmron edi: ko‘cha o‘rtasidagi yo‘l nozirining joyi bo‘m-bo‘sh, xiyobondagi toshlar, reklama taxtalaridagi harflar yomg‘irdan ho‘l bo‘lgan. Yana yomg‘ir yog‘a boshladi. Onam hamon sochimni silardi.
Buvim bilan buvam o‘rtasidagi doimo shang‘illab turadigan radio hozir miq etmay turardi, men qo‘rqib ketdim.
— Qizim, u yerda turma, — dedi buvim onamga. — Kelinglar, bu yoqqa o‘tiringlar.
Shu topda akam ham bizning yonimizga chiqib keldi.
— Oshxonaga kiringlar, — dedi buvim bizga. — Bakir, — chaqirdi u oshpazni. — Ularga koptok yasab ber, dahlizda o‘ynashadi.
Bakir idish-tovoqlarni yuvib bo‘lgan edi.
— Bu yoqqa kelinglar, — deb chaqirdi u bizlarni va buvimning oynavand gulxonaga aylangan balkonidan gazeta o‘ramlarini olib kelib, bizga qog‘ozdan koptok yasay boshladi. Koptok uning mushtumidek bo‘lgach, Bakir:
— Bo‘ldimi? — deb so‘radi bizdan.
— Sal kattaroq qiling, — iltimos qildi akam.
Bakir gazeta o‘ramlaridan koptok yasaguniga qadar qiya ochiq eshik oralig‘idan buvim bilan buvamning qarshisida o‘tirgan onamni kuzatdim. Bakir qutidan bog‘ich olib, gazetadan yasalgan koptokni chandib, o‘radi. Buklanmay qolgan yerlarini tekislash uchun koptok atrofini latta bilan ho‘lladi-da, qo‘li bilan yana bir ezg‘ilab qo‘ydi. Akamning sabri chidamay, koptokka qo‘lini tekkizib ko‘rardi.
— Buni qaranglar-a, — dedi u, — toshdek bo‘pti-ku.
— Bosib ko‘r-chi, — dedi Bakir.
Akam avaylabgina barmog‘i bilan ko‘rsatilgan joyni bosib ko‘rdi. Bakir chilvir bilan koptokni yana bir karra chandib, so‘ng bizga berdi. Biz koptokni urib, osmonga ota boshladik.
— Dahlizga chiqib o‘ynanglar, — dedi Bakir. — Bu yerda u-bu narsani sindirib qo‘yasizlar.
Men o‘zimni “Fonarbog‘cha”dagi Lefterdek tasavvur qildim va o‘yinga berilib ketdim. Eshikka gol uraman, deb bir necha marta akamning og‘rib turgan qo‘liga zarba berib yubordim. U ham meni tepib o‘tdi, ammo buni men sezmadim. Biz qora terga botdik, to‘p titkilanib ketdi. Men 5:3 hisobida yutayotgan edim. To‘p bilan yana akamning og‘riyotgan qo‘liga urib yubordim. U polga yotib oldi-da, yig‘lay boshladi.
— Og‘rig‘im o‘tsin, seni o‘ldiraman, — dedi u menga po‘pisa qilib.
U yutqazib qo‘yganidan alamzada edi. Men dahlizdan mehmonxonaga o‘tdim, buvim, onam va buvam kabinetga o‘tishgan edi. Buvim telefon raqamlarini aylantirib:
— Allo, allo, — dedi u onalarga xos erkalovchi ohangda. — Allo, bu “Eshilkoy” aeroportimi? Azizim, biz samolyotda Yevropaga uchib ketgan bir yo‘lovchi haqida so‘ramoqchi edik. — U otamning ismi sharifini aytdi. Qo‘li bilan telefon shnurini aylantirgancha birpas kutib turdi. — Menga sigareta olib kel, — dedi u buvamga. Buvam chiqib ketgandan so‘ng go‘shakni qulog‘idan oldi. — Qizginam, ayt-chi, —deya u onamga o‘girildi. — U boshqa bir ayolga ilakishib qolmaganmi? Biron narsa bilasanmi?
Onam nima deb javob berganini ilg‘ayolmadim. Buvim unga shunday tikildiki, go‘yo onam hech narsa demadi, buvim hech narsani eshitmadi. Keyin telefonda nimadir deyishdi. Buvimning jahli chiqdi.
— Bunday ma’lumotni berishmasakan, — dedi u qo‘lida sigareta va kuldon bilan buvimga yaqinlashayotgan buvamga.
Shu yerda buvam men ham borligimni ko‘rib qoldi, onam uning qarashini tushunib, qo‘limdan ushlagancha meni dahlizga yetaklab chiqdi. Qo‘lini yoqam ichiga tiqib, mening terlab ketganimni bildi, ammo achchig‘i chiqmadi.
— Oyi, qo‘lim og‘riyapti, — dedi akam.
— Hozir pastga tushamiz, sizlarni uxlataman.
Pastda, biz yashayotgan qavatda uchalamiz uzoq vaqt sukut saqlab o‘tirdik. O‘ringa yotishdan oldin men tungi kiyimda oshxonaga kirib, stakanda suv olib, mehmonxona bo‘lmasiga o‘tdim. Onam deraza yonida sigareta chekib turardi.
— Yalangoyoq yurma, sovqotasan, — dedi onam meni ko‘rib. — Akang yotdimi?
— Uxladi. Oyi, mening sizga aytadigan gapim bor.
Onam bilan deraza oralig‘iga suqulib olish uchun birpas kutib turdim. Onam ozgina surildi va men o‘sha iliq joyni egalladim.
— Otam Parijga ketdilar, — dedim men. — Bilasizmi, ular qaysi jomadonni oldilar?
Onam hech nima deb javob bermadi. Biz tungi sukunat ichida yomg‘irli ko‘chani uzoq kuzatdik.

3

Buvimning uyi Shishlidagi machitning ro‘parasida joylashgandi. Bu — tramvay deposining oldidagi so‘nggi bekat. Hozir bu yerdagi maydonni avtobus bekatlari, katta-katta reklama taxtalariga to‘lib-toshgan yirik do‘konlar bosib ketgan. Uning atrofida bahaybat ofis binolari qad ko‘tarib kelmoqda, ularda juda ko‘plab odamlar ishlaydi. Har kuni tushlik paytida ular yo‘laklarga to‘planadilar-da, chumolilarday u yoqdan-bu yoqqa yugurishadi. Bu — Istanbulning g‘arbiy qismida joylashgan chekka joylardan biri edi. Biz har gal sarv va tut daraxtlari ostidan yurib, onamizning qo‘lidan ushlab, uyimizdan o‘n besh daqiqalik masofada joylashgan keng, sokin, tosh terilgan maydon tomon o‘tib borar ekanmiz, o‘zimizni xuddi shahar chekkasiga kelib qolganday his etardik.
Buvim uyning to‘rtinchi qavatida yashardi. Uy beton va toshdan qurilgan, u tik qilib qo‘yilgan gugurt qutisini eslatardi. Uyning bir tomoni g‘arbiy, ya’ni shahar tomonga, ikkinchisi — sharqiy, ya’ni qirlarga, tutzorlarga qaragan. Buvim eri o‘lib, qizlarini turmushga bergandan so‘ng bu uyning bir xonasidagina yashay boshlagan. Xona shkaflar, stollar, stullar va pianino bilan to‘ldirib tashlangan edi. Unga ovqatni katta qizi pishirib berar, o‘zi olib kelar yoki haydovchidan berib yuborar edi. Buvim o‘ziga ovqat pishirish uchun uyidan ikki qavat pastdagi oshxonaga tushib o‘tirmasdi, boshqa xonalarga kirmas, ulardagi ipaksimon po‘panaklaru ikki enlik qalinlikdagi changni tozalamasdi, xuddi onasi singari yillar davomida hayhotday yog‘och uyda istiqomat qilib kelardi. Onasidan unga “yolg‘izlik” deb ataluvchi sirli kasallik yuqqan, – na xizmatkor, na xodima yollash uning fikri o‘yiga kelmasdi.
Biz buvimni ko‘rgani kelganimizda onam uzoq vaqt qo‘ng‘iroqni bosar, mushtlari bilan urib temir eshikni do‘pillatardi. Oxiri buvim Shishli machitiga qaragan ikkinchi qavatdagi derazaning temir tabaqasini ochar, balanddan pastga qarab, bizdan ovoz chiqarib chaqirishimizni so‘rardi. Keksalikdan xiralashgan ko‘zlariga ishonmasdi, shekilli-da.
— Eshik oldidan nari turinglar, buvilaring sizlarni ko‘rsin, — derdi oyim. Biz yo‘lakning o‘rtasiga borib turardik. Onam unga qo‘lini silkitardi va qichqirardi:
— Oyijon, men bolalarim bilan keldim, eshityapsizmi?
Shunda buviming yuzida tabassum paydo bo‘lardi. U bizni ko‘rganini, bilganini tushunardik. Buvim tezlik bilan deraza yonidan o‘zini ichkariga urardi, yostig‘ining tagidan katta kalitni olardi, uni gazetaning bir bo‘lagiga o‘rardi-da, yo‘lakka tashlardi. Biz akam bilan kim o‘zarga chopib, kalitga tashlanardik.
Hozir akam og‘rigan qo‘li bilan kalitga qarab yugurolmasdi, men kalitni yerdan oldim-da, onamga berdim. Onam kalitni bazo‘r aylantirdi. Oxiri temir eshik g‘iyqillab ochildi. Qorong‘ulikda dimog‘imizga islar, po‘panaklar, diqqinafaslik, faqirlik, keksalikning og‘ir nafasi urildi. Men bunday hidni boshqa hech joyda uchratmaganman. Eshik yonidagi kiyimilgichda bobomning mo‘ynali paltosi, bosh kiyimi osilib turar, pastda hamisha meni qo‘rqitib turadigan etiklari ko‘rinardi. Buvim bularning hammasini, uyga o‘g‘rilar kirib kelsa, uyda erkak kishi bor, deb o‘ylasin uchun qo‘yib qo‘ygan edi.
Biz yog‘och zinaning tepasida turgan buvimizni ko‘rdik. U qorong‘ilikda xuddi sharpaday qimirlamay turar, qo‘lida hassa, qirov bosgan derazadan tushib turgan xira nur uni g‘ira-shira yoritib turardi.
Zinapoyalarni g‘ichirlatib bitta-bitta bosgancha tepaga ko‘tarilarkanmiz, onam buvim bilan gaplashmayotgandi, odatda, onam doim u bilan:
— Nechuksiz, oyijon? Sizni sog‘indim. Tashqari juda sovuq, oyi-jon, — deb so‘rashardi.
Zinapoyaning yuqorisiga chiqqach, onam buvimni cho‘pillatib o‘pdi, yuzi va qo‘lidagi katta-katta xollariga e’tibor bergani yo‘q. Biz uning bitta tishli og‘ziga, osilgan jag‘iga va uzun tukli xoliga qo‘rqib qaradik. Xonaga kirib, onamning ikki tomonidan unga mahkam yopishib o‘tirib oldik. Buvim uzun tungi ko‘ylak va uzun jun nimchada edi. U shu kiyimda butun kunni o‘tkazardi, chunki doim to‘shakda yotar edi-da. Buvim bizga jilmayib qaradi va ko‘zlarida ayyorona kulgu o‘ynadi: “Qanday meni xursand qilinglar-a!”– deganday.
— Pechkangiz yomon isitarkan, — dedi onam. U qo‘liga otashkurakni olib, pechka ichidagi o‘tinlarni kovladi.
Buvim birpas kutib turdi.
— Qo‘y, shu pechkani. Yaxshisi, men bilan gaplashib o‘tir. Olamda nima gaplar?
— Hech gap yo‘q, — dedi onam yonimizga o‘rnashib o‘tirarkan.
— Hech gap yo‘qmi?
— Mutlaqo, oyijon.
Qisqa sukutdan so‘ng buvim so‘radi.
— Hech kimni ko‘rmadingmi, hech kim bilan gaplashmading hammi?
— Bularni bilasiz, oyijon, — dedi onam.
— Ey, Xudoyim-ey, nahotki bironta ham yangi gap bo‘lmasa?
O‘rtaga jimlik cho‘kdi.
— Buvijon, bizlarni emlashdi, — dedim men.
— Shunaqami?! — hayrat bilan dedi buvim moviy ko‘zlarini katta-katta ochib. — Og‘rimadimi?
— Mening qo‘lim og‘riyapti, — dedi akam.
— O‘h-o‘h-o‘h, — hamdardlik bildirdi buvim.
Yana o‘rtaga uzoq sukunat cho‘mdi. Biz akam bilan deraza oldiga keldik va olis-olislardagi qirlarga, tutlarga qaradik, tomorqalar ortidagi bo‘m-bo‘sh eski tovuqxonalarni kuzatdik.
– Shunday qilib, olam suv quyganday jim de, — dedi buvim onamga yalingansimon ohangda. — Qaynonangnikiga chiqib turarsan. Unikiga ham hech kim kelmayotgan ekanmi?
— Kecha peshinda Dilrabo xonim keldi, — dedi onam. — Ular ancha vaqtgacha qarta o‘ynab o‘tirishdi.
Xuddi kutganimizdek, buvim hayajonlanib, qiyqirib yubordi:
— U saroyda yashagan, axir!
Albatta, buvim bezaklari, ranglari o‘chib ketgan, biz gazeta va jurnallarda ko‘p o‘qigan Botu qasrini emas, balki Do‘lmabog‘cha saroyini nazarda tutayotgandi. Buvimning Dilrabo xonimga g‘ashi kelayotgani yo‘q edi. Bu xonim yosh paytida so‘nggi podshoh haramida kanizak bo‘lgan, keyinroq bir savdogarga turmushga chiqqan, gap bunda emas. Hamma gap — buvim uni do‘stlashishga, bilishga arzimaydigan odam deb hisoblardi, xolos. Uning g‘ashiga tekkan mana shu narsa edi. Men buni ko‘p yillar o‘tib tushundim. Ular gapni boshqa tomonga burishdi, bu mavzuda ham onam buvim bilan tinmay bahslashardi: buvim haftada bir marta eng qimmat va mashhur Abduxoliq afandining restoraniga borar, u yerda bir o‘zi ovqatlanar, keyin anchagacha taomlarning yaxshi emasligidan nolib o‘tirardi. Uchinchi o‘zgarmas mavzu to‘satdan berilgan savoldan ochilardi:
— Bolalar, buvingiz sizlarga ko‘kat-po‘kat beradimi?
Biz onam o‘rgatganday bir ovozdan:
— Yo‘q, bermaydilar, — derdik.
Odatdagidek, bir kun kimningdir tomorqasida ko‘m-ko‘k ko‘katlar ustiga “o‘tirib qo‘ygan” mushukni ko‘rib qolganini hikoya qila boshlardi. Endi bu ko‘katni kimdir oladi, qaysidir restoranda taomga qo‘shiladi, qaysidir odam uni tanovul qiladi-ku, deb yana eski ashulasini aytardi.
— Oyijon, — dedi onam, — bolalar zerikishdi, ular boshqa xonalarni ham ko‘rishmoqchi. Men ro‘paradagi xona eshigini ochib beraman.
Deraza osha bironta xonaga kirgan o‘g‘ri boshqasiga kirolmasin, deb buvim har bir xona eshigini qulflab qo‘yardi. Onam bizga katta va sovuq xonani ochib berdi. Derazasi tramvay yo‘liga qaragan bu xonada onam ham bir muddat biz bilan qolib, undagi oppoq mato qoplamali oromkursi va divanlarga, zanglay boshlagan va chang bosgan chiroqlarga, stol va sandiqlarga, gazetalar o‘ramiga, devorga tirab qo‘yilgan ayollar velosipedining egma ruliga qaradi. Biroq u har doimgiday sandiqning oldiga yugurib bormadi, u yerdan ki-yimlarni olib, chiqarib:
“Bolalar, qaranglar, oyingiz bolalikda kiygan kiyimlar! Xolangizning maktab fartug‘ini ko‘rasizmi? Onangizning bolalikdagi papkasini-chi?” — deya bizga hayajonlanib ko‘rsatib o‘tirmadi.
— Sovqotsangiz, kirarsizlar, — dedi onam va o‘zi chiqib ketdi.
Biz akam bilan deraza yoniga yugurib bordik va uy ro‘parasidagi machit, maydondagi tramvay bekatini kuzatdik. Keyin gazetalarni titkilab, bo‘lib o‘tgan futbol matchlari haqidagi xabarlarni o‘qidik.
— Zerikib ketdim, — dedim men. — “Juft va toq” o‘ynaymizmi?
— Yiqilgan kurashga to‘ymas, — dedi akam gazetadan bosh ko‘tarmay. — Men hozir bandman.
Kecha kechqurun va tushlikda ham o‘ynagan edik, omad faqat akamga kulib boqqan.
— Bir qo‘lgina o‘ynaylik!
— Bitta shartim bor. Yagar yana yutsam, menga ikkita qistirma berasan, agar sen yutsang, bitta olasan.
— Yo‘q.
— Unda o‘ynamayman, ko‘rayapsan-ku, gazeta o‘qiyapman.
U gazetani birpas biz yaqindagina “Melek” kinoteatrida ko‘rgan ingliz filmidagi izquvarga taqlid qilib, o‘qiyotganday ushlab turdi. Men derazadan tashqarini biroz tomosha qildim-da, akamning shartini qabul qildim. Cho‘ntagimdan bir siqim “Mashhurlar” qistirmasini chiqardim. O‘yin boshlandi. Avvaliga men yutdim. Keyin birvarakayiga o‘n yettita qistirmani yutqazib qo‘ydim.
— Men faqat yutqazayapman, — dedim men. — Agar biz eski qoidalar bilan o‘ynamasak, men boshqa o‘ynamayman.
— Yaxshi, — dedi akam hamon o‘sha filmdagi izquvarga taqlidona. — Unda men gazetamni o‘qiyman.
Men derazadan tashqarini yana biroz tomosha qildim. Diqqat bilan qo‘limda qolgan qistirmalarni sanadim — 121 ta. Kechagina, dadam ketayotganda ular 183 ta edi! Men kayfiyatimni buzgim kelmadi va akamning shartini qabul qildim.
Boshida men yutdim, keyin akam yuta boshladi. Akam yutib olgan qistirmalarini o‘zinikiga qo‘shib qo‘ydi. U mening achchig‘imni keltirmaslik uchun boshqa kulmadi.
— Agar istasang, boshqacha yo‘llar bilan ham o‘ynab ko‘ramiz, — dedi u. — Kim yutsa, bitta qistirma oladi. Men yutsam, sendagi qistirmalarni tanlab olaman. Menda ba’zi qistirmalar yo‘q, sen ularni menga hecham bermaysan.
Men rozi bo‘ldim. Ketma-ket uch marta yutqazdim, to o‘zimga kelgunimcha ikkita Greta Garbo, 21-raqam va qirol Farruxlardan bittasi, 78-raqam akamning qo‘liga o‘tdi, ammo bular unda busiz ham bor edi.
Men shularning barisini bir qo‘ldayoq yutib olishga qaror qildim. O‘yin qizib borardi, natijada qo‘limdan Eynshteyn, 63-raqam Mavlono,3-raqam Sarkis Nazaryan,100-raqamli “Mambo” qandolat korxonasining asoschisi, Kleopatra, 53 -raqamlar qo‘ldan ketdi. Bu qistirmalardan menda bir nusxadan bor edi, akamda esa mutlaqo yo‘q edi.
Bo‘g‘zimga yosh tiqildi. Yig‘lab yuborishdan qo‘rqib, deraza yoniga chopib bordim-da, ko‘chani tomosha qila boshladim. Besh daqiqa oldin hammasi ajoyib edi: bekatga yaqinlashib kelayotgan tramvay, xazonrezgi daraxtlar ortidan ko‘rinib turgan uylar, ko‘chaning bir chetida yotib olib, qashinayotgan it — zavqli ko‘rinayotgan edi! Agar vaqt to‘xtab, ot poygalaridagi kabi biz besh kvadrat ortga surilganimizda edi! Men o‘shanda hecham akam bilan toq-juft o‘ynamagan bo‘lar edim!
— Yana o‘ynaymizmi? — so‘radim akamdan peshonamni oynaga tiragancha.
— Yo‘q, men boshqa o‘ynamayman, sen yig‘lab yuborasan.
— Yig‘lamayman, Jevat, qasam ichaman, — dedim qattiq tovushda unga yaqinlashar ekanman. — Faqat boshidagi qoidalar bilan, o‘sha shartlar bo‘yicha o‘ynayman.
— Men gazeta o‘qimoqchiman.
— Yaxshi, — dedim men. Ketayotib, kamayib qolgan qistirmalarni chiylashtirib tashladim. — Faqat mening qoidalarim bo‘yicha. Ayt-chi, toqmi-juft?
— Faqat, yig‘lama. Yaxshi, juft.
Men yutdim, u menga Fevzi Chakmak tushirilgan qistirmani tutqazdi. Men olmadim.
— Iltimos, menga qirol Farrux, 78-raqamni qaytarib ber.
— Yo‘q, dedi u. — Biz bunga kelishmaganmiz.
Biz yana ikki qo‘l o‘ynadik, yana yutqazdim. Uchinchi qo‘lni o‘ynamasam yaxshi bo‘larkan! Napoleon, 49-raqamni berib qo‘ydim.
— Men boshqa o‘ynamayman, — dedi akam.
Men o‘tinib so‘radim. Yana ikki qo‘lni yutqazdim. U mendan qistirmalarni so‘ragan edi, qo‘limda borini berdim. Men Uist, 28-raqamli Jyul Vern, 82-raqamli Fotih Sulton Mexmet, 7-raqam qirolicha Elizabetta, 70-raqamli jurnalistlar — Jelyali Solihlar, 41-raqamli Volterlar, 42-raqam – men bularning hammasini ikki yarim oy ichida to‘plagandim. Ularning har biri haqida har kuni o‘ylardim, ularni shunaqangi avaylab-asrardimki, qo‘yavering. Ular hozir havoda uchib yurar, xonada bitta bo‘lib sochilib yotardi.
Butunlay boshqa joyda, butunlay boshqacha hayotda yashayotgan bo‘lganimda edi! Buvimning xonasiga kirmay, g‘irchillagan zinapoyadan bir-bir pastga tusha boshladim. Shu payt negadir joniga qasd qilgan sug‘urtachi qarindoshimiz xayolimga keldi. Eng pastki zinaga tushib, butunlay qorong‘ulikda qoldim. Orqaga qaytib, yuqoriga ko‘tarildim va buvimning eshigi yonidagi zinaga kelib o‘tirdim.
— Qaynonangning qo‘lidan hech narsa kelmaydi, — dedi buvim. — Bolalarni ulg‘aytirib, kutasan endi.
— Yana bir marta iltimos qilib so‘rayman, oyi, men bolalarim bilan shu yerga qaytmoqchiman.
— Sen bu chang bosgan, arvohlaru o‘g‘rixonada ikkita bolang bilan tura olmaysan, — dedi buvim.
— Oyijon, opalarim turmushga chiqib, bu yerdan ko‘chib ketishgandan so‘ng otamning oxirgi yillari uchalamiz qanday yaxshi turgandik!
— Go‘zalim Mebrura, sen o‘shanda kun bo‘yi otangning eski “Illyustrason”iga tikilib o‘tirarding.
— Men pastdagi katta pechkani yoqaman. Uy ikki kunda isib ketadi.
— O‘shanga turmushga chiqma, degandim-a, senga, — dedi buvim.
— Yana bitta ayol bo‘lsa, biz ikki kunning ichida hammayoqni chinniday qilib yuborardik, — dedi oyim.
— Bu uyga o‘g‘ri xizmatkorni kiritmayman, — qayirib tashladi buvim, — sen bu uydagi changlarni artib, tozalayman deguningcha yarim yil o‘tadi. Bu vaqt ichida sening betayin ering ham qaytib keladi.
— Shu gapingiz gapmi, ona? — so‘radi oyim.
— Mebrura, bebaho qizginam, ikkita bolang bilan bu yerga ko‘chib kelsang, nima bilan tirikchilik qilamiz?
— Oyijon, Bebekdagi uyimiz, hovlimizni sotaylik, bo‘lmasa musodaraga tushib qoladi, deb necha marta aytdim sizga.
— Men bunday qog‘ozlarga imzo ham chekmayman, kadastr idorasidagi iflos o‘g‘rilar bilan yuzma-yuz bo‘lmayman, yer yutsin hammasini!
— Oyijon unday demang. Biz opam bilan notariusni eshigingiz oldiga olib keldik-ku, — dedi oyim ovozini ko‘tarib.
— Men bu notariusga o‘lsam ham ishonmayman, — dedi buvim. — Uning yuzidan firibgarligi shundoq ko‘rinib turibdi. U notarius ham emasdir hali. Men bilan bunday ohangda gaplashma!
— Yaxshi, oyi. Boshqa bunday qilmayman, — dedi oyim. Keyin bizni chaqirdi: — Bolalar, bolalar! Bo‘linglar, ketamiz.
— To‘xta! Qayoqqa?! — so‘radi buvim. — Biz yaxshilab gaplashib ham olmadik.
— Siz bizning kelishimizni istamaysiz, oyi, — dedi onam shivirlagancha.
— Buni ol. Bolalaringga xo‘rozqand.
— Ular tushlikkacha shirinlik yeyishmaydi, — dedi onam va akam ikkalamizga ochib bergan xonaga kirdi. — Bu qistirmalarni kim sochib yubordi? Tezda terib olinglar-chi. Sen ham qarab turma, — dedi onam akamga.
Biz indamay qistirmalarni terib oldik. Onam eski qutilarni ochdi, bolalar kiyimi, shoyi parda, qog‘oz qutichalarga qaradi. Tikuv mashinasining ostidan ko‘tarilgan chang tomog‘imga tiqildi, ko‘zimga yosh to‘ldi, burnim qichishdi.
— Mebrura, qizginam, mana bu choynakni ol, uni yaxshi ko‘rasan, axir. U — seniki. Bobom uni onam uchun Shishli gubernatori bo‘lgan paytda Xitoydan keltirgan! Olaqol, iltimos.
— Men boshqa sizdan hech narsa olishni istamayman. Choynakni esa shkafga solib qo‘ying, sindirib qo‘yasiz, axir. Bolalar, buvingizning qo‘lidan o‘pinglar.
— Mebrura, qizginam, bechora onangdan achchiqlanma, — dedi buvim bizga qo‘lini uzatarkan. — Nima bo‘lganda ham, meni tashlab qo‘yma, kelib tur.
Biz zinapoyadan tez tushdik, temir eshikni yopdik, tashqariga chiqdik va quyoshning iliq nurlariga ko‘mildik, to‘yib-to‘yib toza havodan simirdik.
— Eshikni yaxshilab yoping! — balanddan turib qichqirdi buvim. — Mebrura, kelgusi haftada ham kel, maylimi?
Onam qo‘limizdan ushladi va biz yo‘lga tushdik. Biz yo‘tala-yo‘tala bekatda odamlar bilan birga tramvayni kutdik. Tramvay kelib to‘xtagan zahoti akam bilan kelishganimizday haydovchi ko‘rinib turadigan oldingi o‘rindiqqa o‘tirib oldik va “juft-toq” o‘yinini boshlab yubordik. Men quvonganimdan ketma-ket yutdimu shu yerning o‘zida yana yutqazib qo‘ydim. “Usmonbey” bekatida akam taklif qildi:
— O‘n beshta qistirmangni istagingga ko‘ra almashtiraman.
Men yana o‘ynay boshladim. Men o‘zimda yashirib qo‘ygan ikkita qistirmamdan boshqa hammasini yutqazdim. Onamning oldiga kelib o‘tirdim. Yig‘lamadim. Onam kabi derazadan lipillab o‘tayotgan g‘aro-yib, hech vaqosi qolmagan do‘konlar, nonvoyxona, guruch unidan kisel tayyorlaydigan sotuvchilar chodirlari, biz tez-tez tushib turadigan “Tan” kinoteatri, devorga suyanib turgan bolalar va arzon-garovga sotadigan kitobfurushlar, men doim qo‘rqib qaraydigan qaychili sartaroshlar, shu sartaroshlar yonida izg‘ib yuruvchi mahalla devonalari (bundaylar har bir mahallada uchraydi) — hammasini tomosha qilib borardim. “Harbiylar” bekatida tramvaydan tushdik. Akam juda xursand edi va bu meni aqldan ozdirayotgandi. Cho‘ntagimdan Lindberg tasviri tushirilgan qistirmalarni chiqardim. U bunday qistirmani birinchi marta ko‘rib turardi.
— 91-raqamli Lindberg, — hayratlanib o‘qidi akam. — Samolyotda Atlantikadan uchib o‘tgan. Qayerdan olding?
— Kecha meni emlashmadi, — dedim men. — Men uyga erta qaytdim va otam ketishi oldidan ko‘rib qoldim. Otam olib berdilar menga.
— Unda yarmi menga, — dedi akam. — Shunga kelishganmiz. Oxirgi o‘yindagi qistirmalarning hammasi meniki.
U qo‘limdan qistirmalarni olishga urindi, ammo ololmadi. Shunda u bilagimdan ushlab oldi-da, mahkam qisdi, ammo men uning oyog‘iga tepib yubordim. Biz olisha boshladik.
— Bas qilinglar! — qichqirdi oyim. — Bas qilinglar! Ko‘chaning o‘rtasida-ya!
Biz olishuvni to‘xtatdik. Yonimizdan galstukli erkak va qalpoqli ayol o‘tib borardi. Ko‘chada yoqalashayotganimizdan men yerga kirgudek bo‘lmoqda edim.
Akam ikki qadam yurdi-da, yerga o‘tirib qoldi.
— Voy-voy-voy, — dedi u oyog‘ini ushlab.
— Tur o‘rningdan, — shivirladi onam. — Tezroq tur. Hamma bizga qarayapti.
Akam turdi va butun og‘irligini bitta oyog‘iga solib, film qahramonlariday yura boshladi. Men bir tomondan, uning oyog‘i qattiq og‘riyotganiga achinsam-da, ikkinchi tomondan, uning qiynalayotganini ko‘rib, zavqlanardim. Biz bir muddat indamay ketdik, so‘ng akam menga dedi:
— Men senga uyda ko‘rsataman, — Keyin onamga: — Oyi, Alini emlashmabdi! – dedi.
— Yo‘q, meni emlashdi, oyi!
— Jim! — asta qichqirib dedi onam.
Biz uyga yaqinlashdik, faqat yo‘lni kesib o‘tish qoldi, xolos. Biz Machkadan kelayotgan tramvay o‘tib ketishini kutib turdik. Uning or-qasidan yuk mashinasi, keyin tutun burqsitib, Beshiktoshdan keladigan avtobus o‘tdi. Boshqa tomondan esa giatsint rangidagi “Desoto” ko‘chani kesib o‘tdi va ko‘zdan yo‘qoldi. Men shunda derazadan qarab turgan buvamni ko‘rdim. U bizni ko‘rmasdi, ilg‘amasdi ham, o‘tib ketayotgan mashinalarni kuzatardi, xolos. Men unga uzoq tikilib qoldim.
Yo‘l allaqachon bo‘shagan edi. Men onamga qayrilib qaradim, nima uchun bizni ko‘chaning narigi tomoniga olib o‘tmayotganiga tushunmasdim. Onam ovoz chiqarmay yig‘lardi…

Ruschadan Nazira Jo‘rayeva, Oygul Suyundiqova tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 5-son