Onore de Balzak. Chin sevgi (hikoya)

Xaloskorimiz Iso Masix tavalludidan boshlangan melodiy yil hisobi bo‘yicha o‘n uchinchi asrning boshlarida yoxud shunga yaqin bir paytda Parij shahrida ajib bir sevgi voqeasi sodir bo‘lganki, u butun shahar ahlini, shuningdek, qirol a’yonlarini ham behad hayratlantirgan. Din peshvolari, ruhoniy otalar esa ushbu voqeani bizga yodnoma sifatida yozib qoldirganlar; ularning bu ishda qanday xizmat ko‘rsatganlarini quyidagi satrlardan bilib olursiz.
Bayon qilayotgan voqeamiz qahramoni Tur shahri fuqarosi ekan. Avom xalq uni soddagina qilib “turlik” deb atagan, sababki, u bizning munavvar Turda tug‘ilgan va asl ismi Anso bo‘lgan. Ushbu saxovatli hamshaharimiz keksayib qolgan paytida o‘zi tug‘ilgan qadr-don Turga qaytib kelibdi va agar shaharning hamda abbatlikning* solnomalariga ishonsak, u Sen-Marten shahrining meri bo‘libdi, lekin Parijda yashagan paytida u mohir zargar bo‘lib dovruq qozongan ekan. Xullasi kalom, Anso navqiron yigitlik chog‘ida o‘zining o‘ta halol va diyonatli kimsa ekanligi va o‘zga ezgu fazilatlari sharofati tufayli Parij shahrining fuqarosi bo‘lgan ekan hamda qirol homiyligini sotib olib (u zamonda bunday homiylik pul turarkan), uning tabaasi bo‘libdi. Sen-Deni ko‘chasida Sen-Le cherkovi yonida Ansoning boj to‘lamay qurgan o‘z uyi bo‘lib, bu yerdagi ustaxonada u zo‘r mahorat bilan yasayotgan go‘zal taqinchoqlar, g‘aroyib buyumlar Parijning ko‘pchilik fuqarolarini bamisoli ohanrabodek o‘ziga tortar ekan. Usta Anso asli turlik bo‘lsa ham, boz ustiga, ikkita azamat yigitni bir cho‘qishda qochira oladigan kuch-qudratga ega bo‘lsa ham, axloqu odobda bag‘oyat ibratli, avliyosifat odam bo‘lgan. U turli xil ko‘ngilochar o‘yinxonalari serob bo‘lgan ulkan shaharda yashasa-da, hattoki ayni gulday ochilgan, qirchillama yigit chog‘ida ham, biron marta bo‘lsin Parijning ishratxona yo fohishaxonalariga qadam qo‘ymagan. Ko‘pchilikning aytishicha, ushbu fazilat Xudo tomonidan biz bandalariga ato etilgan insoniy ongni barkamol qilarkanki, faqat shundagina biz muqaddas dinimiz asrorlarining homiysi bo‘lmish imon-e’tiqodni to‘g‘ri idrok eta olar ekanmiz; binobarin, men zargarimizning axloqiy pokligi sababini chuqurroq anglab olmog‘imiz zarur, deb hisoblayman. Eng birinchi navbatda shunga e’tibor beringki, kitobxon, Anso Parijga piyoda yurib kelibdi, o‘sha zamondagi shahar fuqarolarining e’tirof etishicha, u Ayyub payg‘ambardan ham abgorroq ahvolda ekan va zumda “pov” etib yonib, “pis” etib o‘chadigan o‘zga turliklardan farqli o‘laroq, metin irodali odam bo‘lgan va sabr-matonatda o‘z g‘animidan qasos olishga chog‘langan rohibdan qolishmas ekan. U ustaga shogirdlik qilgan paytlarida astoydil tirishqoqlik bilan ishlagan; o‘zi usta bo‘lganidan keyin esa, mehnatsevarlik layoqatini o‘n chandon oshirgan, har doim va har jabhada o‘z kasbiga xos bo‘lgan yangi-yangi usullarni o‘rgangan, o‘zi ham eng antiqa usullarni kashf etgan va bu izlanishlari oqibatida ko‘p yangiliklarni ixtiro qilgan. Uyiga kechikib qaytayotgan o‘tkinchi odamlar, shahar ko‘chalarini nazorat qiluvchi tungi soqchilar yoki boshpanasi yo‘q sayoq odamlar har kuni tunda turlikning ustaxonasi derazasida chiroq yonib turganini, jo‘shqin g‘ayratli ustaning esa, ustaxona eshigini ichidan zanjirlab, ammo qulog‘ini ding qilgan holda o‘z shogirdi bilan birgalikda bolg‘achasini do‘qillatayotganini, nimanidir charxlayotganini, kesayotganini, qayrayotganini, egovlayotganini, yo‘nayotganini ko‘rganlar. Muhtojlik mehnatni vujudga keltiradi, mehnat oliy bilimni yaratadi, bilimdan esa boylik yuzaga keladi. Ey, chervonlarni shamolga sovuruvchi, Qobilning* ishratparast, maishatparast avlodlari, quloq soling! Hattoki nopok maishiy xohishlar ustamiz xayolini bezovta qilib, qalbini g‘ulg‘ulaga solgan paytlarda ham (odatda bu hol so‘qqabosh bandalarda ko‘proq uchrab turadi), dili pok odamlarni yo‘ldan ozdiruvchi shaytonni xochga cho‘qinib daf qilish imkoni bo‘lmagan taqdirda, turlik Anso gunoh ishga yetaklamoqchi bo‘lgan shum xayollarni bartaraf qilib, jon-jahd bilan bolg‘achasini to‘qillatgancha, oltin va kumushlardan eng nafis, bejirim, fusunkor buyumlar yasar va shu yo‘l bilan tomirlarida jo‘sh urayotgan qaynoq qonini tinchitar ekan. Buning ustiga, turlik Anso quvlik-shumlikni bilmaydigan eng soddadil odam bo‘lgan. Birinchi galda, u Xudodan, keyin o‘g‘rilardan, yana ham ko‘proq mansabdorlardan qo‘rqqan, lekin har turli mashaqqatlar, bezovtaliklar uni hammasidan ham ko‘proq vahimaga solgan. Qo‘li ikkita bo‘lsa ham, hech qachon bir paytda ikki ish bilan mashg‘ul bo‘lmagan. U doim xuddi nikohdan o‘tayotgan kelinchakdek tortinib, sipolik bilan gapirgan. Garchi ruhoniy otalar, harb ahli va o‘zga kazo-kazo zotlar uni donishmand odam deb hisoblashmasa ham, u o‘z ona tilini juda puxta bilgan va odamlar bilan hamsuhbat bo‘lishni yoqtirgan. Oradan vaqt o‘tib, usta bilan tobora yaqinroq muloqotda bo‘la boshlagan parijliklar unga qanday kun kechirmoq lozimligi haqida turfa xil saboqlar berganlar; chunonchi, hayotda mudom o‘zi tanlagan yo‘ldan borishni va birovlarning ishi uchun bosh qotirib, yo‘ldan adashmaslikni, ko‘rpaga qarab oyoq uzatishni, hech kimdan pul qarz so‘ramaslikni va hech kimga qarz bermaslikni, hamisha quloqni ding qilib, sergak bo‘lib yashashni, firibgarlarning yolg‘on gaplariga uchmaslikni, qanday ish bilan shug‘ullanayotgani haqida hech kimga og‘izdan gullab qo‘ymaslikni, bergan va’dasida qat’iy turishni, hattoki suvni ham bekorga isrof qilib to‘kmaslikni, pashsha singari befarosat bo‘lmaslikni, o‘z tashvishini odamlardan sir tutishni, hamyonini hech kimga ishonib berib qo‘ymaslikni, ko‘chada yurganida atrofga olazarak bo‘lib qaramaslikni va yasagan buyumlarini ularga sarflagan mehnatidan qimmatroqqa sotishni o‘rgatganlar. Mana shu hayotiy donishmandlik qoidalari uning o‘z foydasini ko‘zlab halol pul topishi uchun zaruriy tajriba orttirishiga imkon bergan. U ana shunday – hech bir kimsaning dilini zarracha og‘ritmay yashagan. Metr* Ansoning turmush tarzini kuzatgan ko‘pchilik odamlar: “Jin ursin, koshkiydi, uning o‘rnida men bo‘lsam! Buning uchun bir umr Parij ko‘chalarida loy kechib yurishga ham rozi bo‘lardim”, – der ekanlar. Lekin boshqa bir toifa odamlar ham borki, ular hatto Frantsiya qiroli bo‘lishga ham shaylar! Ey yigit, sen avvalo Xudodan o‘sha zargarniki singari qo‘l so‘ra o‘zingga; uning tomirlari bo‘rtib chiqqan, zabardast, seryung qo‘llari shu qadar chayir bo‘lgan ekanki, agar u mushtini tugsa, eng chapdast shogird, hatto ombir bilan ham u mushtni yoya olmas ekan. Aniqki, bunday azamat yigit ushlagan narsasini, agar xohlasa, hech ham changalidan chiqarmaydi. Turlik zargar hatto temirni ham tishlari bilan g‘ajib, chaynab yutib yubora olar, oshqozoni o‘sha temirni bemalol qabul qilar, ichaklari uni hazm qilib, chiqindisini, yo‘lda hech nimaga ziyon-zahmat yetkazmay, tashqariga chiqarib yuborarkan. Turlikning yelkasiga yer kurrasini ko‘tartirib qo‘ysalar ham qaddi bukilmasdi; qadim zamonda bir majusiy zotga shu vazifa yuklangan ekan, faqat Iso Masih dunyoga kelib, ul zotni bu yukdan ozod qilibdi. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, turlik yigit bir butun granitdan bir zarb bilan yo‘nib yaratilgan odamlardan edi; bunday odamlar ko‘p harakat va ovoragarchilik oqibatida yaratilgan shaxslardan afzal bo‘ladilar, unday shaxslarning ko‘p yerini yamab, tarashlab epaqaga keltiradilar va hamma yog‘i yirtiq-yamoq bu kimsalar hech nimaga yaramaydilar. Bir so‘z bilan aytganda, metr Anso naq po‘latday toblangan, sheryurak odam bo‘lib, ko‘zlarining nigohi misoli cho‘g‘ ediki, bu cho‘g‘ oltinni eritib yuborishi ham mumkin edi, agar temirchi o‘chog‘idagi olovning tafti yetarli darajada issiq bo‘lmasa; lekin ustaning nigohi hamma narsaning me’yorini biluvchi parvardigorning xohishiga ko‘ra, harir bir nam parda bilan to‘silgan ediki, aynan shu parda turlikning jo‘shqin hovurini bosib turardi, aks holda, u tevarak-atrofdagi hamma narsani kuydirib kulga aylantirishi mumkin edi. Qani, ayting-chi, yomon yigit ekanmi bizning turlik?
Ezgu fazilatlar sohibi bo‘lgan bu zargarimiz hayotini chuqurroq kuzatgan har bir inson shunday savol berishi aniq: “Nima uchun ustamiz chig‘anoq ichidagi shilliq qurt singari so‘qqabosh, axir undagi tabiat ato etgan nodir xislatlar har bir go‘zal ayol qalbini rom qilishi mumkin edi-ku?” Lekin kaltafahm tanqidchilar dunyoda muhabbat degan bebaho tuyg‘u borligini bilarmikinlar? Yo‘q, bilmaydilar albatta… Oshiq yigit qaygadir borishi, qayoqdandir qaytib kelishi, nimanidir eshitishi, kimnidir poylashi, goh sukut saqlashi, goh to‘lib-toshib gapirishi, ba’zan g‘unajak bo‘lib bukilishi yo qaddini g‘ozdek adl tutishi, goh terakdek o‘sib, goh giyohdek kichrayishi va butunlay ko‘rinmay ham qolishi, bironta musiqa asbobini ting‘illatib ma’shuqasining ko‘nglini ovlashi, tavba qilib, uzr so‘rashi, tupkanning tagiga ravona bo‘lishi, sevgilisining xohishi bilan, o‘lgan-tirilganiga qaramay, qayoqdandir yo‘q narsani yo‘ndirib kelishi, o‘g‘irda suvni tuyishi, tunda oyga termulib, chuqur-chuqur xo‘rsinishi, xonimining mushugi va kuchukchasini erkalashi, tanishlari bilan do‘st tutinishi, bod kasali bilan og‘rigan uning xolasini ko‘rgani kirib, hol-ahvol so‘rashi va bu kampirga: “O, ko‘rinishingiz juda yaxshi, hali siz bizlardan keyin ham yashaysiz!” – deb uning ko‘nglini ko‘tarishi; keyin esa, xonimining yaqin qarindoshlari nimalarni yoqtirishini so‘rab bilib olishi, hech kimning g‘ashiga tegmasligi, idishlardan birontasini sindirib qo‘ymasligi, osmondagi oyni olib tushib berishi, qayoqdagi tuturuqsiz gaplarni aytib ezmalik qilishi va safsata sotishi, hech tap tortmay, yonib turgan yong‘inni yorib, toshqin suvni kechib o‘tishi, hamda ma’shuqasi kiygan liboslardan maroqlanib: “Oh, qanday mo‘jizaviy bejirim libos!” yoki “Ah, madam, bu libos go‘zal jamolingizni yana ham ochib yuboribdi, azbaroyi xudo!” deyishi; keyin shu gapini yana ming xil taxlitda qaytarishi lozim. Bulardan tashqari, uning o‘zi ham xuddi saroy olifta yigitlari singari, yuz-ko‘zini bo‘yab, sochini silliq tarab, zebo kiyinib, beayov kinoyaviy hazillar qilishi, shaytoni lain boshiga solgan barcha musibatlarga yuzida jilva bilan bardosh berishi, qahru g‘azabini ichiga yutishi, o‘jar xulqini jilovlashi lozim. Mahbubasining onasini ham, xolasining qizini ham, uy xodimasini ham sovg‘a-salomlar bilan xushlashi, ertalabdan to qorong‘u kechgacha xushmuomala bo‘lib, ochiq chehra bilan yurishi, yo Tangrim ko‘rsatgan yo‘ldan borib murodga yetishi, yo shaytonning dumidan tutib jahannamga ketishi kerak. Axir bilasizlar-ku, ayol zotining ko‘nglini olish juda og‘ir vazifa, – dumini bir likillatadiyu ketadi-qoladi, – hatto aytmaydi ham nega sizdan xafa bo‘lganini. Va nihoyat, gapning po‘stkallasini aytadigan bo‘lsak, tangri xush kayfiyatda bo‘lgan chog‘ida yaratgan bir ma’suma xilqatni sevib qolgan yigit gapga chechanligi bilan uni o‘ziga rom qilishi, atrofida parvona bo‘lib, xuddi shoh Dovud singari musiqa kuylari ila sarmast qilishi, ming-minglab do‘zaxiy azoblarni boshidan kechirishi, bu xonimining sharafiga, Korinf* usulida yasalgan yuzlab hashamatli, jimjimador ustunlar tiklashi, lekin shunga qaramay, agar u o‘sha xilqatni bironta arzimas, nihoniy ishda ranjitib qo‘ygudek bo‘lsa, – holbuki, xonimning o‘zi ham nima istashini bilmaydi, va lekin o‘sha narsani bilishni oshiq yigitidan talab qiladi, – shu zahoti, xuddi moxovdan hazar qilgandek qochib ketadi. Xonim o‘zicha haq – hech nima qilolmaysan. Ba’zi bir erkaklar bunday holatda g‘amga botadilar, g‘azablanadilar va telba bo‘la boshlaydilarki, buni tasavvur qilish ham qiyin. Ayrim yigitlar shu choti ayri xotinni deb hatto o‘z jonlariga qasd qiladilar. Erkak kishi ana shu jihatlari bilan hayvondan farq qiladi, zero, hayvon hech qachon bebaxt sevgi tufayli jinni bo‘lmaydi. Mana sizga hayvonlarda qalb yo‘qligini bildiruvchi aniq dalil. Oshiq yigit eplay olmaydigan hunar bo‘lmasligi kerak dunyoda: u masxaraboz ham, askar ham, tovlamachi ham, hazilkash ham, ko‘zboyloqchi ham va yana qiziqchi, qirol, dangasa, rohib, laqma, mayxo‘r, firibgar, maqtanchoq, chaqimchi, safsataboz, tuturuqsiz, shilqim, pulni po‘choqday sovuruvchi, ovsar, devona bo‘la olishi kerak; Iso payg‘ambar bunday amallardan voz kechgan, donishmand kimsalar undan ibrat olib, ishq-muhabbatdan yuz o‘girmoqdalar. Bunday mash-g‘ulotga mukkasidan ketgan kalondimog‘ erkaklar birinchi navbatda vaqtlarini, jonlari va qonlarini ishq yo‘lida qurbon, dil rozlarini oshkor qilishga majbur bo‘ladilar, yuraklari, qalblari, fikr-xayollari haqida gapirmay qo‘yaqolaylik – ularga haddan ziyod o‘ch bo‘ladi xotin zoti. Ular bir-birlari bilan chakaklari tinmay valdirasharkan shunday deydilar: “Agar erkak butun borini menga baxshida qilmas ekan, demak, u menga hech nima bermadi, deb hisoblayman”. Yana shunaqangi badqovoq xonimlar bo‘ladiki, oshiq yigitlari ularning istaklarini o‘lib-tirilib, jonlarini jabborga berib bajargan bo‘lsalar ham, qovoqlaridan qor yog‘ib: “Bo Xudo, shuyam ish bo‘ptimi, muncha lallaymasa!” – deb burunlarini jiyiradilar. Sababki, bu beshafqat, kalondimog‘ xotinlar hech qachon hech nimaga qoniqmaydilar, doim nimanidir qo‘msaganlari-qo‘msagan… Bu qonun Parij shahrida bo‘lgan, bor va bundan keyin ham kuchini yo‘qotmaydi, zero, ayol zotidan bo‘lgan chaqaloqlarni cho‘qintirayotganlarida ularni faqat Parijdagina namakob suvda cho‘miltiradilar. Mana shuning uchun ham Parij ayollari tug‘ilgan kunlaridan boshlab mug‘ombir, shayton bo‘lib o‘sadilar.
Metr Anso esa o‘z ustaxonasidagi lovullab yonib turgan o‘chog‘ida kumush eritar, oltinga zarb qilar ekan, yasayotgan bu buyumida kishi ko‘zini qamashtirishga qodir bo‘lgan ohanjamali bezaklarni ishlab, muhabbatning afsonaviy naqshlarini aks ettirmoqchi bo‘lar, ammo buning uchun usta yuragining qo‘ri yetarli darajada alangalanmasdi, zero, u hech yerdan jonli nusxa topaolmayotgan edi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, bizga osmondan qovurilgan kakliklar yog‘ilib tushmaganiday, iffatli qizlar ham Parijda, hech narsadan hech narsa yo‘q, erkaklarning quchog‘iga tashlanmaydilar, hattoki ular qirol zargari bo‘lganlarida ham. Bizning turlik zargar esa, ilgari aytib o‘tganimizdek, nafaqat qirol zargari, yana o‘zga fazilat sohibi – axloqan pok inson edi. Lekin metr Anso, qimmatbaho buyumlar xarid qilgani do‘koniga kelgan oliynasab va boyvuchcha xonimlardagi saxiy tabiat ato etgan barcha latofatli, malohatli xislatlarni ko‘ra olmasdi. Do‘konga kelgan bu xonimlar sho‘x-sho‘x chaqchaqlashishar, xarid qilayotgan buyumlari narxini pasaytirmoqchi bo‘lib, zargarga hazil-huzul gap qotishar, xushomad qilib uni iydirmoqchi bo‘lishardi; ko‘pincha u uyiga qayta turib, shular haqida shoirona teran xayolga botar, o‘zini xuddi uyasi yo‘q kakku qushdek his qilardi. Shunda u o‘ziga-o‘zi bunday derdi: “Bas, endi uylanmasam bo‘lmaydi, xotin uyni supirib-sidiradi, ovqat pishiradi, kiyim-kechakni yamaydi, pokiza saqlaydi, sho‘x-sho‘x qo‘shiqlar aytadi, u mabodo biron-bir taqinchoqni yoqtirib qolsa, hamma eri bor xotinlar singari, menga tantiqlik qilib: “Voy, jonginam, manavini qara, biram chiroyli ekanmi?” – deydi. Bu gapni eshitgan qo‘shnilarim xotinimni darrov tanishadi va men haqimda: “Qanday baxtiyor-a, bu yigit!” – deyi-shadi ichlarida. Shunda zargar o‘zi orzu qilgan ishlarni xayolida birin-ketin amalga oshira boshlaydi: mana, u nikohdan o‘tib uylandi, suyukli xotinini bag‘riga bosib erkaladi, uni zeb-ziynatli liboslar bilan yasantirdi, unga tilla zanjir sovg‘a qildi, yostiqdoshining boshidan to oyog‘igacha – butun vujudini ardoqlab sevdi, o‘zining shaxsiy jamg‘armasini istisno qilganda, uyidagi jamiki ro‘zg‘or va xo‘jalik ishlari va ashyolarini xotinining ixtiyoriga topshirdi. U xotinini bolaxonadagi o‘z yotoqxonasiga joylashtiradi. Bu xonaning derazalari chiroyli, oynaband, yeriga sholcha to‘shalgan, devoriga gulqog‘ozlar yopishtirilgan; bu xonaga Anso ko‘rkam javon va atrofiga sariq rangli parda tortilgan oyoqlari jimjimador juda keng karavot olib chiqib qo‘yadi; chiroyli ko‘zgular sotib oladi… Zargarimiz o‘z uyi eshigiga yaqin kelib qolganida, tasavvuridagi xotinidan o‘ntacha farzand ko‘rgan edi. Evoh, xotin ham, bolalar ham g‘oyib bo‘lishdi bolg‘achaning to‘qillashidan; Anso esa, o‘zi ham sezmay, xayolida orziqib kutgan sharpalarni g‘oyat antiqa chizgilarda aks ettirar, ishqiy armonlarini esa, xaridor xonimlarning ko‘ngliga xush yoquvchi ajoyib suratlar bilan ifodalardi; xaridor xonimlar-ku, bu suratlar zamirida qancha xotin va nechta bola yashirinib yotganidan bexabar edilar. Usta zargarimiz o‘z iste’dodini qancha ko‘p kamolga yetkazgan sari, o‘zi butun dardini ichiga yutib shuncha ko‘proq yovvoyilashib borardi. O‘shanda agar Tangri shafqat qilmaganida, bu dunyodan u muhabbat lazzatidan bahramand bo‘lmay o‘tib ketgan bo‘lardi, vale boqiy dunyoda u albatta chin muhabbat mevasini tatib ko‘rgay. Yuksak fazilatlar sohibi bo‘lmish ulug‘ inson Aflotun shunday saboq beradi. Hayhot, biz bu qissamizga turli xil mulohazalarni tiqishtiraversak, uni ortiqcha chekinishlar, nokerak sharhlar bilan semirtirgan bo‘lamiz; odatda, imoni sayoz odamlar, bizdan o‘z ijodimizni aynan shunday chekinishlar, keraksiz sharhlar bilan bejashni talab qiladilar, xuddi qip-yalang‘och bo‘lib dingillab chopqillab yurishni xohlagan bolakayni yo‘rgaklab qo‘yishgandek. Iloyo, o‘sha safsataboz mahmadonalarga iblis o‘zining qizdirilgan panshaxasi bilan uchta huqna* qo‘ysin. Mana endi, hikoyamizni bemalol boshlasak bo‘ladi.
Metr Anso qirq bir yoshga qadam qo‘ygan paytida ajib bir voqeani boshidan kechirdi. Xushhavo kunlarning birida u Senaning so‘l sohilida uylanish haqida teran xayolga berilib sayr qilib yurarkan, Prichetnik dalasi deb atalgan va Sen-Jermen abbatligining (dorilfununning emas) mulki hisoblangan dalaga borib qolganini sezmay qoldi. Turlik usta sayr qilib yurib, bir maysazor o‘tloqda ko‘rdi o‘zini. Bu yerda u nihoyatda g‘aribona kiyingan bir qizni uchratdi; u qiz Ansoni shaharning aslzoda kishilaridan deb o‘ylab, unga ta’zim qildi va: “Xudo sizni o‘z panohida asrasin, monsenyor” – dedi. Uning qizlargagina xos bo‘lgan nazokatli ovozi shunday iltifotli saxovat bilan yangradiki, samoviy kuyni eslatuvchi bu nafis ovoz zargarni o‘ziga maftun qildiyu bu qizni u chin yurakdan sevib qoldi – o‘sha paytda hamma narsa, ayniqsa, mudom unga tinchlik bermayotgan “qachon uylanarkanman”, degan shirin orzu yo‘lini ravon, mushkulini oson qilgandi. Garchi u hozir shunday xayol og‘ushida bo‘lsa ham, baribir, qizning yonidan o‘tib nari ketdi va burilib orqasiga qaytishga yuragi jur’at etmadi, zero, belidagi kamarini yechib rohatlanishdan ko‘ra, shu kamaridan sirtmoq yasab o‘zini osishni afzal biluvchi iboli bokira qizdek tortinchoq edi u. Mana, nihoyat, metr Anso u qizdan kamon o‘qi uchib bora oladigan yergacha uzoqlashganida, o‘n yil burun zargarlar ustaxonasiga ishga qabul qilingan, keyin Parijning badavlat fuqarosi bo‘lib, foniy hayot yo‘lining yarmini bosib o‘tgan odam ayol kishining jamoliga nigoh tashlashga haqli emasmi axir, xususan, taxayyulidagi orzu-istaklari jo‘sh urib unga tinchlik bermayotgan chog‘da, deb juda to‘g‘ri va qat’iy qarorga keldi u. Mana, shartta orqasiga burilib, qiz turgan yerga qaytib bordi va jur’at etib uning yuziga qaradi… Qiz oriq sigirining bo‘yniga bog‘langan arqonni tortar, sigir esa, ariq bo‘yidagi o‘tlarni chimdib yeyish bilan ovora edi.
– Yaxshi qiz, – dedi Anso, – siz juda qashshoq bo‘lsangiz kerak, qarasam, hatto yakshanba kuni ham qo‘lingiz orom olmayapti. Nahotki, qamoqqa tushishdan qo‘rqmasangiz?
– Janobim, – dedi qiz ko‘zlarini yerga tikkancha, – nega qo‘rqarkanman, axir men abbatlikning mulkiman-ku. Muhtaram abbat hazratlari kechki ibodatdan keyin sigirni dalaga olib chiqib o‘tlatishimizga ruxsat berganlar.
– Bundan chiqdi, sigir sizning joningizdan ham aziz ekan-da?
– Gapingiz to‘g‘ri, janobim, bizni yedirib-ichiruvchi yagona boquvchimiz shu sigir.
– Sizni bunday abgor ahvolda ko‘rib hayron qolyapman! Kiyimingiz juldur-juldur… eskirib uvada bo‘lib ketgan, hatto yakshanba kuni ham dalada yalang oyoq yuribsiz, vaholanki, siz shunday bebaho xazinalar sohibasisizki, abbatlikka qarashli butun mulkni aylanib chiqqanda ham bunday boylikni topib bo‘lmaydi. Shahar yigitlari sizga muhabbat izhor qilgani orqangizdan ergashib, jig‘ingizga tegishayotgandir?
– Hecham, janobim. Axir men abbatlikning mulkiman-ku, – deb yana takrorladi qiz va chap qo‘liga taqilgan temir halqani zargarga ko‘rsatdi; bunaqa halqa dalada o‘tlab yurgan uy hayvonlari bo‘yniga osiladi, faqat qizning halqasida qo‘ng‘iroqcha yo‘q edi.
Dilbar qiz ustaga ko‘z tashladi, uning ko‘zlaridagi o‘kinch alomatini ko‘rib, Anso hayrat og‘ushida to‘xtab qoldi. Ma’lumki, eng kuchli ruhiy iztirob yurakdan yurakka ko‘z orqali yetib boradi.
– Bu nima? – deb so‘radi Anso halqaga qo‘lini tekkizib, – u hamma gapni qizning o‘zidan so‘rab bilmoqchi edi. Garchi bu halqadagi abbatlikning tug‘rosi ancha bo‘rtiq holda bo‘lsa ham, zargar uni ko‘zdan kechirishni istamadi.
– Janobim, men abbatlik mulki – qulning qiziman, shu sababli, menga uylangan har qanday odam, hatto u Parij fuqarosi bo‘lsa ham, qulga aylanadi. Ming urinsin, u joni va tani bilan abbatlikning mulki bo‘ladi-yu, mabodo o‘sha odam nikohdan o‘tmay turib men bilan qovushgudek bo‘lsa, o‘shanda ham bolalarimiz abbatlik mulki bo‘lib qoladilar. Shuning uchun ham hamma mendan yuz o‘girgay, men dalada yolg‘iz qolib ketgan bir jonivordek tashlandiq qizman. Hammadan ko‘proq menga alam qiladigani shuki, abbatlik piri buzurgi ko‘ngli xohlagan paytda meni o‘zimga o‘xshagan bironta qulga qo‘shib qo‘yadi. Hattoki hozirgidek juldurvoqi va badbashara bo‘lmaganimda ham, bordi-yu, biron kishi meni chin dildan sevib qolgudek bo‘lsa, baribir, u qo‘limdagi manavi halqani ko‘riboq darrov xuddi qora o‘latga yo‘liqishdan qo‘rqqanday, tiraqaylab qochib ketadi.
Shunday deb qiz yana sigirining arqonidan tortdi.
– Yoshingiz nechada? – so‘radi zargar.
– Bilmayman, janobim, lekin xo‘jayinimiz monsenyor piri buzurg buni yozib qo‘ygan.
Bunday shafqatsizlik qashshoqlikning achchiq azobini tortgan ustamizning rahmini keltirdi. U qiz bilan yonma-yon yurib borarkan, ikkovlari ham teran sukutga tolgan holda bir jilg‘a bo‘yiga yetdilar.
Zargar qizning chiroyli chehrasiga, uning sholg‘omdek qizarib ketgan qo‘llariga, ulug‘vor qaddi-qomatiga, uning changga botgan, go‘yo bibi Maryam haykali uchun tarashlangan oyoqlariga maroqlanib qarardi. Qizning qomati va jamolidagi bunday nafis, nozik belgilar uni o‘ziga maftun qilgan edi – Anso Parij shahrining hamda dehqon qizlarning himoyachisi avliyo ayol Jenevevaning tirik portreti qarshisida turgandek his qilardi o‘zini. Shuni bilingki, qalbi ham, niyatlari ham pok bo‘lgan ma’sum zargarimiz bu qizning maftunkorona iymanib, ko‘kragini dag‘al ro‘moli bilan yashirayotganini kuzatarkan, uning qordek oppoq siynasi latofatini aniq tasavvur qilardiki, g‘arq pishgan olmani ko‘rgan maktab bolasi havas bilan tamshanganidek, ustani ham ro‘mol panasidagi siynalar shunday o‘ziga rom qilgan edi.
Yana shuni ham aytib o‘tish joizki, zargarning ko‘ziga tashlangan bu qizdagi barcha jihatlar – bebaho xazina edi, rohiblarga tegishli bo‘lgan jamiki mulk singari. Bu qiz shunday noyob gul ediki, unga qo‘l uchini tekkizish qanchali qat’iy taqiqlangan bo‘lsa, Anso ham shunchalik intizor edi qaynoq sevgiga, yuragi esa hayajonlanganidan, “gurs-gurs” tepardi.
– Sigiringiz juda ham yaxshi ekan, – dedi u.
– Sut ichishni xohlaysizmi? – dedi dehqon qiz. – Bu yil may oyi issiq keldi, shaharga hali ancha uzoq.
Chindan ham, beg‘ubor osmonda qatra bulut ko‘rinmas, tevarak-atrof xuddi temirchining o‘txonasi yanglig‘ jazirama issiq edi. Hammayoqdan – yaproqlardan, ob-havodan, yigitu qizlardan, yoshlik ifori ufurib turardi. Hamma narsa ko‘kargan, gullagan, muattar hid taratardi. Qizning hech qanday maqsadni ko‘zlamay, soddadillik bilan qilgan taklifi (zero, qizning bu ikki og‘iz so‘zidagi g‘ayrita’rif jozibani, uning uyatchan nigohini tog‘-tog‘ oltinga ham topib bo‘lmasdi) ustaning yuragini eritib yubordi, shunda u bu qullikdagi qizni butun Parij poyiga bosh urib sajda qiladigan qirolicha qiyofasida ko‘rishni xohladi.
– E, yo‘q, azizam, menga sut emas, siz keraksiz, men sizni sotib olish uchun rozilik so‘ramoqchiman.
– Buning iloji yo‘q. Men to o‘la-o‘lgunimcha abbatlikning mulki bo‘lib yashasam kerak. Bizlar bu yerda juda ko‘p yillardan beri yashaymiz, bobolarimiz ham shu yerda yashagan, nevaralari ham shu yerda kun kechirurlar. Mening peshonamga ham, fazandlarim peshonasiga ham, baxtiqaro ajdodlarimga o‘xshab, abbatlik dargohida qul bo‘lib yashab dunyodan o‘tib ketish yozilgan, zero, piri buzurg hazratlarining o‘zi ham biz qullaridan nasl qolishini talab qiladi.
– Ie! – deb yubordi turlik. – Nahotki, bu maftunkor ko‘zlaringizga shaydo bo‘lgan bironta azamat, xuddi men qiroldan o‘z ozodligimni sotib olganimday, sizni ozodlikka chiqarish uchun pul to‘lashga jur’at etmagan bo‘lsa?
– Ozodlik juda qimmat turadi, shu sababdan, meni yoqtirib qolgan odamlar bir ko‘rinish beradilar-u, darrov qochib qoladilar.
– O‘z sevgan yigitingiz bilan bu yerdan biron uchqur arg‘umoqqa minib qochib ketish haqida hech o‘ylamadingizmi?
– O, janobim, agar meni tutib olishsa, darhol dorga osadilar, sevgan yorim, hatto u aslzoda bo‘lganida ham, butun yer-suvi, mol-mulkidan mosuvo bo‘ladi. Arzimayman men bunday katta fidoyilikka, bilingki, abbatlikning qo‘li juda uzun, bu dargohdan har qanday abjir odam ham qochib keta olmaydi. Men mana shu alfozda ming-ming riyozatlar chekib, Xudoga sig‘inib, yashab kelyapman, demak, peshonam sho‘r ekan.
– Otangiz nima ish qiladi?
– U abbatlikning tokzorida ishlaydi.
– Onangiz-chi?
– Onam kir yuvadi.
– Ismingiz nima sizning?
– Mening ismim yo‘q, muhtaram janobim. Otamni Eten deb cho‘qintirishgan, onamning ismi Etenna, men bo‘lsam kamtarin cho‘ringiz Tenettaman.
– Azizam mening! – dedi metr Anso. – Men umrimda hech qachon hech bir ayolni yoqtirmaganman, lekin sizni sevib qoldim, aminmanki, qalbingiz buyuk xazinalar maskanidir. Keyingi paytlarda men o‘zimga umr yo‘ldoshi tanlashga qat’iy ahd qilib yurgan edim; hamonki siz shu muborak damda ko‘z oldimda namoyon bo‘lgan ekansiz, buni men ilohiy dasturilamal deb bilaman. Agar mendan hazar qilmasangiz, iltimos, samimiy do‘stingiz deb biling meni.
Qiz yana ko‘zlarini yerga qadadi. Turlik zargar bu so‘zlarini qat’iy ishonch bilan sidqidildan gapirdiki, Tenettaning ko‘zlari g‘ilt-g‘ilt yosh bo‘ldi.
– Yo‘q, janob, – deb javob qildi u, – agar aytganingizga rozi bo‘lsam, umrbod g‘am-hasratda baxti qaro bo‘lib yashashingizga sababchi bo‘laman. Qashshoq cho‘ri qizga ikki og‘iz shirin so‘zning o‘zi kifoya.
– Siz, bo‘tam, kim bilan uchrashganingizni bilmaysiz hali!
Shundan so‘ng, turlik cho‘qinib olib, qo‘llarini qovushtirgancha dedi:
– Barcha zargarlarning homiysi avliyo Eluaga qasamyod qilib aytamanki, men oliy nav kumushdan g‘oyatda ko‘rkam ikkita tokcha yasab, ularni san’atim gullari bilan bezantiraman. Keyin bitta tokchani qimmatli zavjai muhtaramamni qullikdan ozod etgani uchun minnatdorchilik yuzasidan mo‘tabar sohibamiz bibi Maryamga bag‘ishlayman, bu yerda turgan qul qiz Tenettani ozodlikka chiqarishda qilgan harakatlarim samara berganida, yuqorida nomi zikr etilgan muqaddas himoyachimga, iltijolarimni qabul aylagani uchun, ikkinchi tokchani baxshida qilaman. Bundan tashqari, pok dilim haqqi astoydil qasam ichib aytamanki, bu ko‘zlagan ishimni ro‘yobga chiqarishda hech nimamni ayamayman va to umrimning oxirigacha tinchimayman. Bilaman, xudo iltijolarimni eshitadi… Siz-chi, jonginam? – dedi metr Anso qizga o‘girilib.
– Janobim, sigirim qochib ketdi, tutishga yordam bering! – dedi Tenetta yum-yum yig‘lab va do‘stining oyog‘iga bosh urib. – Sizni to o‘la-o‘lgunimcha sevaman, lekin keching ichgan qasamingizdan.
– Yuring, sigirni tutaylik, – deb javob qildi qizga metr Anso tiz cho‘kkan qizni ko‘tararkan, lekin hali uni o‘pishga yuragi betlamadi, garchi qizning ko‘ngli shuni xohlab turgan bo‘lsa ham.
– Endi sigirim qochib ketgani uchun meni kaltaklashadi, – dedi u.
Ana shunda bizning zargarimiz ishqiy kechinmalarga zarracha ham parvo qilmagan yaramas sigirning orqasidan quva ketdi. Oradan sal vaqt o‘tmay, turlik bu sarkash hayvonning shoxlaridan mahkam changallab oldi. Agar yana bir tixirlik qiladigan bo‘lsa, uni xuddi bir siqim poxoldek osmonga otishdan ham qaytmasdi.
– Yaxshi qoling, tasadduq. Agar shaharga borgudek bo‘lsangiz menikiga ham kiring – uyim avliyo Le cherkovining yonginasida. Ismim metr Anso. Men marhamatli qirolimizning zargariman. Siz kelasi yakshanba kuni shu dalada bo‘lishga so‘z bering; men albatta kelaman, momaqaldiroq gumburlab, jala quyib tursa ham.
– O, marhamatli xojam! Agar zarur bo‘lsa, chetan devordan ham oshib o‘taman. Men minnatdorchilik yuzasidan, sizdan hech nima talab qilmay, zarracha ham ziyon-zahmat yetkazmay, hattoki boqiy dunyodagi rohat-farog‘atli hayotimdan voz kechib bo‘lsa ham, sizniki bo‘lishdan qaytmasdim. Lekin ungacha men sizning haqqingizga parvardigorga astoydil tinmay ibodat qilgayman.
Shundan keyin qiz ustaning orqasidan kuzatarkan, turgan yerida xuddi metin ustundek qimirlamay turib qoldi. Usta esa asta-asta odim otib uzoqlashib borarkan, sohibjamol qizni yana bir marta ko‘rish uchun, o‘qtin-o‘qtin orqasiga o‘girilib qarardi. Metr Anso juda uzoqlashib ketib, axiri ko‘rinmay qolganida ham qiz hanuz turgan yeridan jilmadi, kech kirib qorong‘i tushganda ham teran xayolga berilib daladan ketmadi. U ne hol yuz berganini hech tushunmas, nahotki shularning hammasini tushimda ko‘rgan bo‘lsam, deb hayron bo‘lardi. U uyga yarim kechada yetib bordi va kech qaytgani uchun uni kaltaklashdi, lekin qiz kaltak zarbini hech his qilmadi.
Saxovatpesha Ansoning uyqusi qochib, ishtahasi bo‘g‘ildi, hatto ustaxonani yopib ishlamay qo‘ydi; U Tenettani shunday zo‘r ishtiyoq bilan sevib qolgan ediki, faqat shu qiz haqida o‘ylar, hamma yerda faqat uni ko‘rar va dunyodagi hamma narsa zargarga Tenetta bo‘lib ko‘rinardi. Ertasi kuni ertalab turlik Anso piri buzurg hazratlari bilan suhbatlashgani yuragini hovuchlab abbatlik sari yo‘l oldi. Lekin yo‘lda ketayotganida u, shoshqaloqlik qilmasligim, ehtiyotkorlik bilan ish ko‘rishim kerak, degan qarorga keldi-da, eng avval qirol a’yonlaridan birontasiga iltijo qilib, uning shafoatiga suyanmoqchi bo‘ldi va yana Parijga qaytdi – o‘sha paytda qirol saroyi Parijda edi. Zargarlar korxonasining taniqli ustasi bo‘lmish Ansoning el hurmatiga musharraf bo‘lganini, yasagan nafis va nodir buyumlari hamda o‘zining boadab muomalasi bilan butun shahar ahli hurmatini qozonganini yaxshi bilgan qirol saroyining bosh noziri bu oshiq yigitni o‘z himoyatiga olishga so‘z berdi. Anso bu mansabdorning iltimosiga ko‘ra, bundan sal oldinroq shirinliklar uchun mo‘ljallangan, hammayog‘i qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan bir tilla quticha – zargarlik san’ati mo‘jizasini yasab bergan edi. Bosh nozir bu qutichani saroy xonimlaridan biriga tuhfa qilgan edi. Mana, u metr Ansoga yo‘rg‘a otni, o‘zi uchun esa o‘zining otini egarlashni buyurdi va ikkovlari alhol abbatlik tomon yo‘l olishdi. Bu aslzoda a’yon endilikda to‘qson uch yoshga kirgan piri buzurg hazratlari Hugon de Senekterning qabuliga kirish uchun ijozat oldi va o‘z taqdirining qanday hal bo‘lishini hayajonlanib kutayotgan zargar bilan birgalikda zalga kirdi-da, piri buzurg Hugonga murojaat qilib dedi:
– Hazratim, oddiygina bir iltimos bilan kelgan edik, bir yaxshilik qilsangiz va shu iltimosimizni eshitishdan oldin uni bajarishga so‘z bersangiz.
Lekin abbat bosh chayqab qo‘yib, a’yonga bunday javob qildi:
– Agar shunday qilsam, cherkov nizomiga sodiqligimga xiyonat qilgan bo‘laman.
– Siz oldin gapimni eshiting, hazratim, – dedi aslzoda a’yon, – bizning mana bu saroy zargarimiz bir qizni sevib qolib, ishq alangasida yonmoqda; shunga ko‘ra, kamina siz hazratimdan o‘shal qizni ozodlikka chiqarishingizni iltimos qilaman, o‘zim esam, sizning har qanday istagingizni so‘zsiz bajarishga so‘z beraman.
– U qaysi qiz ekan? – so‘radi abbat ustadan.
– Uning ismi Tenetta, – dedi zargar tortinchoqlik bilan.
– Shunaqa deng! – dedi qariya Hugon jilmayib. – Qarmog‘imizga shunday baliq ilinibdi, demak, xo‘ragimiz chakki emas ekan-da. Va lekin bu – juda jiddiy masala, bir o‘zim hal qila olmayman uni.
– Gapingizning ma’nosini tushunib turibman, avliyo ota, – dedi a’yon qovoq solib.
– O, yaxshi yigit, – dedi piri buzurg, – u qiz qancha turishini bilasizmi?
Shunday deb, u kotibiga Tenettani bu yerga boshlab kelishni, lekin qizning husn-jamolini mehmonlarga bo‘rttirib ko‘rsatish uchun, uni yuvib-tarab yasantirishni buyurdi.
– Muhabbatingiz xavf ostida, – dedi aslzoda a’yon zargarni chekkaroqqa boshlab borib. – Voz kecha qoling bu niyatingizdan, axir siz xohlagan yeringizda, hatto qirol saroyida ham aslzoda kishilar nasabidan bo‘lgan va siz bilan turmush qurishga jon-jon deb rozi bo‘ladigan go‘zal, navnihol ayollarni uchratishingiz mumkin-ku. Qolaversa, qirolimizning o‘zi sizning dvoryanlardek yer-mulk sohibi bo‘lishingizga ko‘maklashajak, ana unda, avlodlaringiz ham, mavridi kelganda, akobir zotlar tabaasida bo‘lurlar. Nima, yangi olijanob kishilar avlodining asoschisi bo‘lishingizga oltinlaringiz yetmaydimi?
– Men bunday qilolmayman, – dedi Anso, – so‘z berganman.
– Unda, o‘sha dilbaringizni, nima qilib bo‘lsa ham sotib oling. Bilaman, rohib ahli pulni ko‘rsa hamma narsaga rozi bo‘ladi.
– Hazratim, – dedi usta yana piri buzurg qoshiga yaqin borib, – Sizga ushbu zamindagi bandalarga xudoning oliy marhamatini ulashish vakolati berilganki, ul ilohiy marhamat jamiki mazlum, baxti qaro kishilarga atalgandir va bu ilohiy marhamat bizning g‘am-hasratlarimizni bartaraf qilishga qodir bo‘lgan mislsiz rahm-shafqat xazinasidir. Men kunduzgi va tungi ibodatlarimda ezgu so‘zlar bilan mudom sizni xotirlagayman va sizning saxovatingiz tufayli o‘z baxtimga erishganimni hech qachon unutmasmen, agar siz yuqorida nomi zikr etilgan qizni qonuniy nikoh o‘qitib, menga turmushga berib, kaminaga saodat baxsh etishga va bizlardan dunyoga kelgan bolalarni o‘zingizning qullaringiz deb hisoblamaslikka rozi bo‘lsangiz. Bu qilgan yaxshiligingiz uchun men sizga hammayog‘i oltin bezaklar, qimmatbaho toshlar, qanotli farishtalar bilan bezatilgan, butun xristian olamida yakkayu yagona ajib ehsondon* yasab beraman. Hech yerda tengi yo‘q bu ehsondon ko‘zingizni quvontiradi va mehrobingiz shon-shuhratini olamga shunday yoyadiki, xudojo‘y shaharliklar ushbu abbatlikni ziyorat qilgani gala-gala bo‘lib kela boshlaydilar, hattoki o‘zga yurtli mashhur kishilar ham muhtasham ehsondonni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish ishtiyoqida dargohingizga ziyoratga keladilar.
– Bo‘tam, – deb javob qildi piri buzurg, – siz telba bo‘lib qolganga o‘xshaysiz! Hamonki siz bu qizni xotin qilib olmoqchi ekansiz, unda butun mol-davlatingiz ham, o‘zingiz ham abbatlik kapituli* mulkiga aylanursiz.
– Ha, hazratim, bu sho‘rpeshona qizga bo‘lgan muhabbatim telba qilib qo‘ydi meni. U qizning jismoniy kamolotidan ham ko‘ra ko‘proq, uning g‘aribona kun kechirishi va qalbi pok nasroniy qiz ekanligi ko‘proq rahmimni keltirdi. Lekin hammadan ko‘proq, – deb ko‘zlarida g‘ilt-g‘ilt yosh bilan gapini davom ettirdi turlik, – sizning badqahrligingiz meni hayratga solmoqdaki, bu haqda yuzingizga aytishga jur’at etdim, taqdirimni hal qilish sizning ixtiyoringizda ekanligini bilsam ham. Ha, hazratim, men qonunni bilaman. Qisqasi, agar mening mol-davlatim sizning mulkingizga, o‘zim sizning qulingizga aylanadigan bo‘lsam, agar uy-joyimdan, shahar fuqarosi huquqidan mahrum bo‘ladigan bo‘lsam, shunda ham men o‘z mehnatim va bilimim tufayli erishgan davlatimni o‘zimda saqlab qolaman, o‘sha davlatim mana bu yerdadir, – dedi u qo‘lini peshonasiga tekkizib. – Unga Xudodan va mening o‘zimdan boshqa hech bir zot egalik qila olmaydi. Binobarin, mening miyamda pinhona saqlanayotgan bo‘lg‘usi ijodiy ishlarimni sotib olishga butun abbatligingiz jamg‘argan pullar ham yetmaydi. Bizning hammamiz – mening jismim, mening xotinim, mening bolalarim sizniki bo‘ladi vale mening aqliy mulkimga egalik qilish uchun hech nima va hech kim, hattoki qiynoqlar ham sizga huquq berolmaydi, zero, men eng metin temirdan ham baquvvatroqman va azobim qancha zo‘raysa, men shuncha qanoatliroq bo‘laman.
Metr Anso gapini aytib bo‘ldi; bu asnoda piri buzurg bu arzgo‘yning oltin tangalarini abbatlik foydasiga o‘zlashtirish haqida o‘ylarkan, zargarning aytayotgan gaplariga uncha parvo qilmadi. Buni ko‘rgan Ansoning g‘azabi qaynab ketdi va jahl ustida emandan yasalgan ma’ruza minbariga bir musht tushirgan edi, u xuddi bolg‘adan zarb yegandek parcha-parcha bo‘lib ketdi.
– Mana, hazratim, yaqinda siz ana shu xizmatkorga ega bo‘lasiz va beqiyos nodir buyumlar yaratuvchi usta sizning qulingizga aylanadi.
– Bo‘tam, – javob qildi piri buzurg, – siz mening minbarimni parchaladingiz va dilimni nohaq og‘ritib yengiltaklik qildingiz. U qiz menga emas, abbatlikka tegishli. Men mo‘tabar monastirimiz qonun va udumlarini muhofaza qiluvchi sodiq xizmatkorman, xolos. Bu ayoldan ozod bolalar tug‘ilishiga rozilik berishimdan oldin, Parvardigorimning va abbatlikning roziligini olishim kerak. Holbuki, monastirimiz bu yerda qad ko‘targan paytdan va unda rohiblar, xizmatkor qullar paydo bo‘lgandan beri, id est* qadim-qadim zamondan beri hech qachon shahar fuqarosi qul dehqon ayolga uylanib, abbatlikning quliga aylanmagan. Shunga ko‘ra, qonunga amal qilish, itoat etish, ishonish lozim, faqat shundagina uning qudrati zaiflashmaydi va toptalib oyoq osti bo‘lmaydi, aks holda minglab falokatlar sodir bo‘lishi mumkin; sizning eng noyob, eng bebaho ehsondonlaringizdan ko‘ra davlatga va abbatlikka shu muhimroq; shuni bilingki, bizda har qanday qimmatbaho buyumlarni xarid qilishga ham yetadigan sarmoya bor va hech qanday tog‘-tog‘ xazinalar ham bizning udumlarimiz va qonunlarimizni o‘zgartira olmaydi. Kamina saroy nozirini shohidlikka da’vat etaman, zero, u o‘z amr-farmonlarining mudom buzilmay kuchda qolishi uchun kun uzzu kun kurashib kelayotgan qirol a’lo hazratlarining jamiki amallaridan boxabardir.
– Niyati menga so‘z bermaslik, – deb g‘o‘ldirab qo‘ydi saroy a’yoni.
Qonunlarni uncha chuqur idrok qila olmagan ustaning ko‘ngli cho‘kib ketdi. Shu mahal bu yerga Tenetta kirib keldi, u serg‘ayrat uy bekasi tomonidan rosa ishqalab tozalangan kumush lagandek chaqnab turardi: uning sochi chiroyli qilib taralgan, egniga oq jun ko‘ylak ki-yib, beliga havorang belbog‘ boylagan, oyog‘iga chiroyli tufli, oq paypoq kiygan edi – xullas, u malikalardek go‘zal va muomalada shunday xush mulozamat ediki, zargarimiz uni ko‘rib, hayratdan hushini yo‘qotayozdi, hatto saroy a’yoni ham, umrida hech qachon bunday barkamol go‘zallikni ko‘rmaganligini e’tirof etdi. Keyin, a’yon bu qizning nigohi sho‘rlik ustaga turli xil xavf tug‘dirishi mumkinligini o‘ylab, uni shosha-pisha shaharga olib ketdi va yo‘l-yo‘lakay, siz bu niyatingizni juda puxta o‘ylab ko‘rishingiz kerak, negaki, piri buzurg shahar boyonlari va aslzodalarini qarmoqqa ilintiruvchi bunday xo‘rakni hech qachon qo‘ldan chiqarmaydiganga o‘xshaydi, deb maslahat berdi. Ha, aytgani to‘g‘ri chiqdi, kapitul sho‘rpeshona oshiq yigitga o‘z qarorini bildirdi: “Agar Tenettaga uylansangiz, butun mol-davlatingizni, uyingizni abbatlik foydasiga topshirishingiz, o‘zingizni ham, ushbu nikohingizdan tug‘ilgan bolalaringizni ham qullar deb tan olishingizga to‘g‘ri keladi”. Lekin piri buzurg alohida marhamat ko‘rsatib, Ansoning uyidagi hamma boyliklar abbatlik mulki sifatida ro‘yxatga olinishi va maxsus majburiyatga ko‘ra, usta har yili uy solig‘ini to‘lab turishi sharti bilan, uyni Ansoga qoldirdi. Bundan tashqari, usta har yili bir hafta mobaynida, o‘zining qul ekanligini bildirish uchun monastirga qarashli xonalar biqinidagi katalakda kun kechirishi lozim edi. Hamma o‘tgan, ketgan, yo‘lida duch kelgan odamlardan rohiblarning naqadar o‘jar va sarkash ekanligi haqida eshitaverib, quloqlari qomatga kelgan usta abbatning o‘z ahdidan qaytmasligini tushundi va yuragi siqilib xunobi oshdi. Goh u abbatlikning to‘rt tomonidan o‘t qo‘yib yuborishga chog‘lanar, goh piri buzurgni biron xilvat yerga olib borib, to Tenettaga erk berish haqidagi hujjatga imzo chekmagunicha uni qiynamoqchi bo‘lar – xullas, miyasida ming xil afsonaviy xayollar tug‘ilar va zumda o‘chib ketardi. Nihoyat, u ikkilana-ikkilana, axiri qizni o‘g‘irlab, hech kimning qo‘li yetmaydigan uzoq va bexatar yerga olib qochib ketmoqchi bo‘ldi; shu qarorga kelib qochish tadorigini ko‘rishga kirisharkan, agar saltanat sarhadidan chetga chiqib ketsam, yor-do‘stlarim yoki qirol a’lo hazratlarining o‘zi rohiblarning tanobini tortib qo‘yishi qiyin bo‘lmaydi, deb mulohaza qila boshladi. Metr Anso o‘z g‘animini yaxshi bilmasdi! Lekin piri buzurgning qanday zolim ekanligini bilib oldi. Bir kuni u dalaga kelib, u yerda Tenettani uchratmadi, ma’lum bo‘lishicha, uni abbatlikda hibsda qo‘riqlab turishgan ekanki, endi uni ozod qilish uchun butun monastirni qamal qilish lozim bo‘lar edi. Shunda metr Anso faryod-la, chekib bunday beshafqatlikdan nola chekib, zorlanib g‘azablandi. Shaharning barcha erkak va ayollari bu voqea haqida duv-duv gap boshlab yuborishdi, oqibatda butun shaharda shunday kuchli shov-shuv ko‘tarildiki, qirolning o‘zi keksa piri buzurgni o‘z huzuriga chaqirib, undan qirol zargarining buyuk muhabbatiga nechun beparvo qarayotgani va ushbu amalda xristianlik rahm-shafqatini sevishganlardan nega darig‘ tutayotgani sababini so‘radi.
– Buning sababi bitta, onhazratlari, – deb javob qildi abbat, – gap shundaki, barcha qonunlar xuddi yagona sovutning zanjiridagi halqalar singari, bir-birlari bilan o‘zaro bog‘langan, agar bitta halqa uzilib ketgudek bo‘lsa, butun zanjir sochilib ketadi. Shuningdek, agar o‘shal qizimizni bizning roziligimizsiz, taomilga amal qilmay oladigan bo‘lsalar, oradan sal vaqt o‘tmay raiyatingiz boshingizdagi tojni ham tortib olishi, butun mamlakatda isyon ko‘tarib, o‘rmonlar, yo‘llar va boshqa joylardan olinadigan, xalqni ezuvchi bojlarni bekor qilishi mumkin.
Qirol tilini tiyib qoldi. Bu voqeaning qanday yakunlanishini hamma sabrsizlik bilan kutardi. Jamoaning bu musohabaga bo‘lgan qiziqishi shu qadar zo‘r ediki, ko‘pchilik zodagonlar, turlik zargar sevgilisidan voz kechadi, deb bir-birlari bilan bahs boylasha boshlashdi, xonimlar esa, buning aksi bo‘lishini xohlardilar. Anso qirolicha huzuriga borib, rohiblar unga sevgilisini ko‘rsatmay qo‘yishganini ko‘z yosh to‘kib arz qildi; qirolicha hazrati oliyalari bu qilg‘iliqni zolimlik va ablahlik deb hisobladi, bu haqda u piri buzurgga murojaat qildi, shundan keyin zargar har kuni abbatlik qabulxonasiga kirib turishga ruxsat oldi; Tenetta Anso bilan uchrashgani shu yerga, albatta, keksa bir rohib kuzatuvida kelardi. Kelganidayam har safar xuddi boyvuchcha xonimlardek hashamatli liboslarga bezanib kelardi. Bu sevishganlarning faqat ko‘rishishlari va suhbatlashishlariga ruxsat berilgan edi, ular hatto yashirincha biron marta o‘pisha olmasdilar ham, shunga qaramay, o‘rtalaridagi muhabbat uchquni toboro balandroq gurkirab alanga ola boshladi. Bir kuni Tenetta do‘stiga shunday dedi:
– Qimmatli janobim, men sizga o‘zimning hayotimni baxshida qilmoqchiman, shu yo‘l bilan sizni qullikdan ozod qilaman. Buning iloji shunday: men hamma gapni ipidan-ignasigacha so‘rab-surishtirib, abbatlik qonunlarini ustalik bilan chetlab o‘tish yo‘lini va men bilan qovushganingizdan keyin sizni o‘zingiz orzu qilgan saodatli kunlarga yetkazish ilojini topdim. Cherkov sudi sudyasi menga hamma gapni tushirtirdi: hamonki, siz qul bo‘lib tug‘ilmagan ekansiz, faqat qul qiz bilan nikohdan o‘tganingizdan keyin qulga aylanar ekansiz, sizni qulliqqa olib kelgan sabab barham topishi bilan siz ham ozod bo‘lasiz qullikdan. Shunga ko‘ra, agar siz meni, o‘zingiz aytganingizdek, joningizdan ortiq yaxshi ko‘rsangiz, butun mol-davlatingizni abbatlikka topshirib o‘z baxtimizni sotib oling va menga uylaning. Keyin mendan to to‘yguningizcha miriqib lazzatlanaverasiz, keyin men bolam tug‘ilishini kutmasdan, o‘zim o‘z jonimga qasd qilaman va siz yana ozod bo‘lasiz. Bu sizning qonuniy huquqingiz, bundan tashqari, qirol ham sizning yoningizni oladi, odamlarning aytishicha, uning sizga ixlosi balandmish. Qolaversa, Xudo meni kechiradi, bunga aniq ishonaman, zero, men o‘z hukmdorim va yostiqdoshimni ozodlikka chiqarish uchun o‘limimga rozi bo‘laman-da.
– Azizam Tenetta! – dedi Anso. – Bo‘ldi, gap tamom, men qul bo‘laman, sen yashayverasan, shunda baxtli hayotim to umrimning oxirigacha davom etgay. Sen yonimda bo‘larkansan, har qanday kishan ham menga og‘irlik qilmaydi. Bordi-yu, hamyonimda bir tanga ham pulim qolmadi deylik. Xo‘sh, nima bo‘pti shunga? Axir mening xazinam bor-ku – bu sening qalbing, yana mening bebaho baxtim-saodatim, rohat-farog‘atim, huzur-halovatim, ya’ni sening betimsol latofating mening bitmas-tuganmas boyligimdir. Men avliyo Eluaga sig‘inib undan shafoatini bizdan darig‘ tutmaslikni iltijo qilaman, u qanday mushkul ahvolda qolganimizni ko‘rib bizga shafqat qiladi va bizni har xil yovuzliklardan himoya qiladi – men bunga aminman. Demak, men hozir sud noziri huzuriga borib, unga kerakli hujjatlar, shartnomalarni tayyorlashni buyuraman. Hech bo‘lmaganda, hayotimning bebaho guli bo‘lmish sen durustgina kiyinasan, yaxshi uyda yashaysan va butun umr xodimalaring atrofingda parvona bo‘ladilar, xuddi qirolichaga xizmat qilganday, negaki, piri buzurg hazratlari daromadlarimning bir qismidan foydalanishimga rozilik berdi.
Tenetta ham yig‘lab, ham kulib, bunday baxtdan o‘zini chetga olib qochar va ozod odamning qul bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun o‘zi o‘lishni xohlardi, lekin metr Anso uning qulog‘iga shunday shirin so‘zlarni pichirlab aytib, agar Tenetta shunday qilsa, o‘zi ham uning orqasidan go‘rga kirishini aytib cho‘chitardi, shunda Tenetta, oldin muhabbat quvonchidan bahramand bo‘lay, keyin xohlagan paytimda o‘zimni o‘zim o‘ldiraolaman-ku, degan qarorga kelib, nikohdan o‘tishga rozi bo‘ldi. Turlik zargarning o‘z mahbubasini deb butun molu davlatidan va erkidan voz kechib qul bo‘lib yashashga rozilik bildirgani butun shaharga ovoza bo‘lganida odamlar bunday ajoyib erkakni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishni xohlab qoldilar. Saroy xonimlari esa usta bilan uzoqroq suhbatlashib turish uchungina, uning do‘konidan behisob tilla va kumush buyumlarni xarid qila boshladilar; Shaharning sohibjamol ayollari uzoq yillar davomida ustaning ular bilan muloqotda bo‘la olmagani hissasini chiqarmoq uchun, Ansoning ustaxonasiga gala-gala bo‘lib kelishardi. Illo, bu ayollarning ayrimlari husn-tarovatda Tenettaga teng kela olsalar ham, hech birida Tenettanikidek pokiza qalb yo‘q edi. Nihoyat, qullik va muhabbat davri yaqinlashib qolganini ko‘rgan Anso o‘zining hamma oltinlarini eritib undan shohona toj yasadi va uni o‘z ixtiyorida bo‘lgan marvarid va brilliantlar bilan bezadi, so‘ng yashirincha saroyga kelib, uni qirolichaga berarkan, shunday dedi:
– Hazrati oliyalari, o‘z boyligimni kimga ishonib qoldirishimni bilmayman – mana u. Ertaga uyimdagi hamma narsalar menga zarracha rahm qilmagan la’nati rohiblarning mulkiga aylanadi. Men faqat sizning shohona mehribonligingiz tufayli ma’shuqamning jamolini ko‘rish baxtiga muyassar bo‘lganim uchun ushbuni mening faqirona minnatdorchiligim deb bilgaysiz, zero, har qancha ko‘p pul ham yorimning bir lahzali nigohiga arzimaydi.
– Yaxshi gap bo‘ldi, oqko‘ngil odam, – dedi qirol. – Abbatlik ertami, kechmi, bir kun mendan yordam so‘rab keladi, ana o‘shanda albatta seni eslayman.
Tenettaning abbatlikda o‘tayotgan nikoh to‘yiga kelgan odamlarning son-sanog‘i yo‘q edi; qirolicha kelinbolaga bejirim nikoh libosi taqdim etdi, qirol esa, unga tilla sirg‘alarni har kuni taqib yurishiga ijozat berdi. Latofatda g‘ayrita’rif kelin-kuyov abbatlikdan chiqib, oldin Sen-Le cherkoviga, so‘ng endilikda qulga aylangan Ansoning uyiga yo‘l olishganida, o‘z uylari derazalari oldiga yig‘ilgan odamlar bu yangi turmush qurgan ikki baxtiyorni yaxshiroq ko‘rish uchun mash’alalar yoqib, ularning yo‘lini yoritishgandi. Ko‘chaning ikki chetida olomon, xuddi shaharga kirib kelayotgan qirolni qarshi olayotganday, zich terilib turardi. Sho‘rlik kuyov o‘zi uchun kumushdan quyib yasagan gardishni chap qo‘liga taqib olgandi – bu gardish uning endi Sen-Jermen abbatligiga qarashli mulk ekanligini bildirardi. Xo‘sh, nima bo‘pti shunga! Baribir, xalq yangi qulni, xuddi endi taxtga o‘tirayotgan yosh qirolni qutlaganday, “Shon-sharaf, shon-sharaf!” – deb hayqirardi va xalqning Tenetta haqida aytayotgan maqtov so‘zlarini, uning husn-latofati, sipoligiga tahsinlar aytilayotganini eshitib, sevinganidan boshi ko‘kka yetgan baxtiyor oshiq metr Anso ko‘chadagi odamlarga tinimsiz ravishda ta’zim qilardi. Mana, u o‘z uyi darvozasining yam-yashil novdalar va bo‘tako‘z gullardan to‘qilgan gulchambarlar bilan bezatilganini ko‘rdi. Butun mahallaning kazo-kazo fuqarolari metr Ansoni qutlash uchun yig‘ilgandilar, ular: “Siz hamisha oliyjanob inson bo‘lib qolaverasiz, abbatlikning xohishiga zid o‘laroq”, deyishardi. Gapimga ishoninglarki, ushbu nikoh kuni kelin bilan kuyov hayratomuz taassurotlarga bardosh berishda bir-birlaridan qolishmadilar. Bu borada er bir necha marta ustun kelgan bo‘lsa ham, uning suyukli xotini, zabardast dehqon qizlarga xos iqtidor bilan bu musobaqada erining yutuqlariga javob qaytardi… Ular dastlabki bir oyni huzur-halovatda, shod-hurramlik bilan o‘tkazdilarki, ularni birinchi topishgan kunlaridan boshlab cho‘p va xaslarni bitta-bittadan yig‘ib, o‘zlari uchun in yasay boshlagan kaptarlarga qiyos qilish mumkin edi. Tenetta o‘zining bu ko‘rkam uyidan va buyurtma bergani kelgan odamlardan mamnun edi, hamma xaridorlar misli daryoday oqib kelishar va ketayotganlarida uy bekasining husni-jamoliga mahliyo bo‘lib qaytishardi. Asal oyi tugaganidan keyin kunlarning birida, endilikda kapitulning mulkiga aylangan bu uyga kelin-kuyovning sohibi va egasi donishmand qariya, piri buzurg hazratlari Hugon zo‘r dabdaba va viqor bilan kirib keldi va dedi:
– Bo‘talarim, bugundan e’tiboran sizlar erkinsiz, hamma qarzlar va majburiyatlardan ozod qilindingiz. Yana sizlarga shuni aytmoqchimanki, qalblaringizni bir-biriga chambarchas bog‘lagan buyuk muhabbat meni eng birinchi daqiqalardan hayratga solgan edi. Ke-yin esa, abbatlikning huquqlari e’tirof etilgan zahoti, o‘zim oldin sizlarning Tangrimning amallariga bo‘lgan e’tiqodingizni sinab ko‘rib, keyin ikkovingizga bequsur saodat baxsh etmoqchi bo‘ldim. Bu berilgan ozodlik uchun hech qanday haq to‘lamaysizlar.
Piri buzurg shunday deb, er-xotinning yuziga asta shapatilab qo‘ydi, xushbaxt er va xotin tiz cho‘kishdi va sevinganlaridan yig‘lay boshlashdiki, buning hech ajablanadigan yeri yo‘q edi.
Metr Anso saxovatli piri buzurg Hugonning duoi xayri va ko‘rsatgan marhamati haqida qo‘shnilariga so‘zlab berdi, bu xushxabarni eshitgan butun mahalla ahli ko‘chaga otilib chiqdi. Keyin turlik zargar zo‘r ehtirom bilan piri buzurgning oti jilovidan ushlab to Byussi darvozasigacha kuzatib qo‘ydi. Zargar yo‘lga otlanayotganida bir xalta tanga olib olgan edi, u yo‘lda ketaturib ana shu xaltadagi tangalarni qashshoqlar va nogironlarga sochar ekan, derdi: “Bu Xudoning marhamati! Piri buzurg hazratlarini Tangrim o‘z panohida asrasin, hazrat Hugon omon bo‘lsinlar!”
Anso uyga qaytib kelib yor-do‘stlarini mehmon qildi. U nikoh to‘yini boshqatdan boshladi va bu to‘yda bir haftagacha ziyofat davom etdi. Bir tasavvur qilib ko‘ring: salmoqli o‘ljani yutib yuborish uchun endi og‘zini katta ochgan kapitul ikki qulga bunday mehribonlik ko‘rsatgan abbatga qattiq malomat qildi. Oradan bir yil o‘tganida qariya Hugonning biroz tobi qochib qoladi, ana shunda uning tavbasini qabul qilgani kelgan ruhoniy ota: “Sen kapitulning muqaddas huquqlariga va Xudoga hiyonat qilding, shuning uchun Samo seni jazoga mustahiq etmoqda”, – deydi.
– O‘shal odam haqidagi fikrimda agar yanglishmagan bo‘lsam, – deydi abbat ruhoniy otaga, – u bergan va’dasini unutmagay.
Chindan ham, metr Ansoning bir yil burun to‘yi bo‘lgan kun tasodifan ushbu kunga to‘g‘ri kelgan edi – shu payt rohib kirib, zargar kelganini va hojatbarori piri buzurgdan kirishga ijozat so‘rayotganini aytadi. Metr Anso piri buzurg yotgan zalga kiradi va yonidan zo‘r mahorat bilan yasalgan g‘oyatda mo‘jizavash ikkita sandiqcha chiqarib abbatga uzatadiki, butun xristian olamida bironta ham usta hanuzgacha go‘zallikda bu mo‘jiza darajasiga yeta oladigan hech bir durdona buyum yarata olmagan. Ikkala sandiqchada: “Sevgida sobit bo‘lishga qasamyod qilgan odamdan”, degan yozuv bor edi. Hammaga ayonki, bu ikki sandiqcha haligacha abbatlikning bosh mehrobida turadi va hamma ularni bebaho xazina deb hisoblaydi. Yana shuni ilova qilmoqchimiz: oshiq yigit Anso bu sandiqchalarni ijod qilish uchun bisotidagi butun boyligini sarfladi, lekin bu g‘oyat nafis va ajib sandiqchalar uning hamyonini quritish o‘rniga lim-lim qilib to‘ldirdilar, sababki, ular ustaning shon-shuhrati va daromadini yanada ko‘proq oshirishga xizmat qildi, buning natijasida, metr Anso o‘zi uchun dvoryanlik unvonini hamda juda katta yer-mulk sotib olishga muvaffaq bo‘ldi va Ansolar zotiga asos soldi – bu Turenda eng hurmatli familiya hisoblana boshladi.
Ushbu qissa, hayotda mushkul ahvolga tushgan chog‘larimizda muqarrar avliyolarga va Xudoga sig‘inish va muttasil sobitlik bilan yaxshilikka intilish kerak, deb saboq beradi bizga. Chin muhabbat hamma narsadan a’lodir – bu hikmat juda qadimgi ibora bo‘lsa ham, muallif uni shu o‘rinda eslashga jur’at etdi, chunki u muallif dilini bag‘oyat xushnud qiladi.

Ruschadan Qodir Mirmuhamedov tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2010 yil, 12-son.
___________________
* A b b a t l i k – o‘z xususiy yer-suvi, xo‘jaligiga ega bo‘lgan katoliklar monastri.
* Q o b i l – Odam alayhissalomning to‘ng‘ich o‘g‘li; u g‘ayirlik qilib o‘z ukasi Hobilni o‘ldirgan.
* M e t r – ustoz, murabbiy ma’nosini bildiruvchi bu so‘z odatda hurmatli kishilar ismi oldiga qo‘shib ham aytiladi (fr.)
* K o r i n f – Yunonistondagi qadimiy shahar, antik davrda u o‘zining muhtasham me’moriy binolari bilan dovrug‘ qozongan.
* H u q n a – klizma.
* E h s o n d o n (daronositsa) – monastir va cherkovlarda qayiqcha shaklidagi quti, unda zahiradagi muqaddas non va vino olib yuriladi; cho‘qintirilayotgan nasroniylarga shu non va vinodan beriladi.
* K a p i t u l – monastir ruhoniylari kengashi.
* id est – ya’ni (lot.)