U: “Juda ham o‘zgarib ketibsan”, demoqchi bo‘ldi-yu, lekin “Hech ham o‘zgarmabsan”, deb yuborganini o‘zi ham sezmay qoldi.
Ular bir-birlarini ko‘pdan buyon tanir edilar. Go‘yo ular hozir birinchi marotaba uchrashib qolganday edilar. Bu erkak yoshligida qarshisidagi ana shu shahlo ko‘zlarga, mayin sochlarga, cho‘chchaygan lablarga to‘yib-to‘yib qaramaganday edi. Hozir qarshisidagi sohibjamolning firoqida yonib, kechayu kunduz u haqida o‘ylamagandek.
Oyoqlari hali ham avvalgidek chiroyli… tuflisi ham… u doimo xuddi shunday xipcha tufli kiyib yurardi. Qani endi hozir ham tashqi ko‘rinishi o‘n ikki yil avval ko‘rganiday bo‘lsa!..
Aprel oyining oxirlari, kunbotar payt. Sochlari oqaribdi, yuziga ajin tushibdi. Qani endi, hozir bu ayolga yigirma yoshidagi oshiqi-beqaror bo‘lib yurgan paytidagidek qarolsa edi…
– Hech ham o‘zgarmabsan, – dedi erkak ayolning ko‘nglini ko‘tarib.
– Sen o‘zgaribsan, – dedi ayol erkakning ko‘zlariga tik boqib.
“Bu ayol yoshligida ham cho‘rtkesar, sharttaki edi. Har bir so‘zning og‘ir botish-botmasligini o‘ylamay, yuzingga shartta aytardi-qo‘yardi”. Lekin erkak esa mulohaza bilan gapirardi, dilidagi gapni tiliga chiqarib gapirmasdi. Ular yoshlikda uchrashib yurganlarida yigit qizning yuragida nima borligini bilolmadi. Nihoyat, ular ajralib ketdilar.
– Sen hamon o‘sha-o‘shasan, – dedi erkak ayolga jilmayib.
– Rostdanmi?
– Bilmayman, balki ko‘zimga shunday ko‘rinayotgandirsan…
“Bekorchi gaplarni qo‘ysang-chi!..” demoqchi bo‘ldi ayol. Ular bir-birlariga tikilib turardilar.
– Balki o‘tirarmiz? – taklif qildi erkak.
Kema qirg‘oqdan jo‘nab ketdi. Paluba osoyishta edi. Yoqimli shabada esmoqda.
Ayol yupun kiyingandi.
– Sovuq emasmi? – so‘radi erkak ayoldan.
– Yo‘q-yo‘q, sovuq emas! – javob qaytardi ayol.
“Menga g‘amxo‘rlik qilayapti, – o‘yladi ayol. – Qiziq, hali ham meni sevarmikin, a? Bo‘lmasam-chi, esidan chiqarmagani ko‘zidan ko‘rinib turibdi. O‘n ikki yil avval qanday sevgan bo‘lsa, hozir ham shunday sevadi”.
Ayol uni universitetda o‘qib yurganlarida qandayligini eslashga harakat qildi. Harchand urinmasin, baribir o‘sha damdagi uning qiyofasini sira eslay olmadi.
Yo‘q, ayol uni oldingi vaqtidagidek holatiga hecham o‘xshatolmadi. Faqatgina uning ayrim so‘zlari-yu, qiliqlarinigina eslay oldi, xolos. Yana, bir kuni xuddi shu bugungidek dengiz qirg‘og‘ida o‘tirganlarini, so‘ng mo‘jazgina qahvaxonaga kirganlarini esladi. Ular qahva ichdilar, qahva quyqumidan fol ochmoqchi bo‘lgandilar.
Yigit qizni chin yurakdan sevib qolgandi. Uning nazarida qiz ham yigitni sevib qolganday edi. O, yoshlik… o‘n sakkiz yashar inson o‘zi haqida avvaldan nimani ham ayta olardi. Yoshlik onlari hech qachon tugamaydigandek: o‘tirishlarga, o‘yingohlarga, kino va raqs kechalariga borishdan, o‘ynab-kulishdangina iboratga o‘xshab tuyulardi. Qayerdadir yigit qizni o‘zining tongday musaffo sevgisi ila kutib turardi. Qiz esa, xuddi yosh go‘dak kabi ko‘p o‘yinchoqlar yoniga kelayotgandek yigitning visoliga oshiqardi. Qiz hammavaqt uni intizorlik bilan kutishini istardi. Qachonki ko‘ngli tusagan paytda qiz ularni qoldirgan joyidan olishni xohlardi. Qiz bu o‘yinni insonlar bilan o‘ynardi. Agar insonning qalbini chil-chil sindirsang, bu yara hech qachon bitmaydi. Qiz esa, qanchadan-qancha yosh yuraklarni jarohatlab o‘ynardi. O‘sha paytda bu yigit bilan qahvaxonada o‘tirganidan tortib, to hozirgi kungacha bosib o‘tgan yo‘li unga g‘oyatda dahshatli ko‘rinib ketdi. U dabdurustdan seskanib ketdi-da, ustki kiyimining yoqasini ko‘tarib qo‘ydi.
– Sovqotayapsanmi, yur, pastga tusha qolaylik.
“Har doim meni o‘ylaydi… Tavba, bo‘lib o‘tgan ishlarni bilaturib ham sevadi…”
– Yo‘q, sovqotmayapman, – javob berdi ayol. – Yaxshisi, o‘zing haqingda gapir! Nima qilayapsan? Qayerda ishlayapsan?
Erkak unga sigareta tutdi. Lekin ayol uni rad etdi. Erkak ayoldan ruxsat so‘rab cheka boshladi.
“U har vaqt sigaretani shunday ushlardi, – o‘yladi ayol. – Jahlim chiqib, chekishni ham uddalay olmaysan, deb ta’na qilganim-qilgan edi. Hozir ham sigaretasi qo‘lidan tushib ketay-tushib ketay deb turibdi”.
– Senga nimani ham gapiray? – chuqur xo‘rsindi erkak. – Ishlayapman. Chet elga ishlagani ketgan edim. Istambulda bir necha yildan beri bo‘lganim yo‘q. Mana, kelganimga endi ikki oy bo‘ldi. Yaxshi joylashib oldik, birdan oldin, birdan keyin yashab yuribmiz.
Gapiradigan hech gap yo‘q! Ularning oxirgi uchrashuvlaridan keyin qanchadan-qancha suvlar oqib o‘tdi. U uylanib, ota ham bo‘ldi. Har doim biror narsani eslamoqchi bo‘lsang, ko‘z o‘ngingda, xotirangda saqlanib qolgan yoshlik kunlaring jonlanadi. Lekin qarshisidagi bu ayol bir vaqtlari qalbining to‘ridan joy olgan bo‘lib, uning eng yaqin, hech vaqt unutolmaydigan sevgilisi bo‘lib qolgandi.
Erkak gapida davom etdi:
– Ishlayapman… Yashash joyim ham yomon emas.
– Xotining, bolalaringning ahvoli qalay? – so‘radi ayol. Biroz sukutdan so‘ng:
– Baxtlimisan? – deb qo‘shib qo‘ydi.
Baxt! U o‘sha o‘tib ketgan qayg‘usiz kunlarda, shu mohipaykarning firoqida kuyib-yonib, uni intizorlik bilan kutgan vaqtlaridagina baxtli bo‘lgan edi. Endi-chi, baxt qayerda deysiz, uni qancha qidirmay hech qayerdan topib bo‘lmaydi. Ahyon-ahyonda nasib etadigan ba’zi xursandchiliklarni aytmasa, umri kundalik tashvishlar bilan o‘tmoqda.
Erkak uylanaman, bola-chaqa qilaman, xotinimni astoydil sevaman deb orzu qilgan kunlarini allaqachon unutgan edi. U uylangan ayol oddiygina. Unga tasodifan uylandi. Mabodo sevganiga uylanganida ham balki hayoti shunday kecharmidi? Odatda ko‘pincha shunday bo‘ladi-ku! Jahonda baxt borligi to‘g‘risida bosh qotirish bema’ni ish. Baxt yo‘q. Baxt deb atalgan narsa xomxayol, ushalmaydigan orzu.
– Baxtliman, albatta, – javob qaytardi erkak. – O‘zing-chi?
– Men ham baxtliman, – dedi-yu ayol miyig‘ida asta kulib qo‘ydi.
“Qayerdagi behuda gaplarni gapirayapman-a… – deb qo‘ydi ayol ichida. – Ikkimiz ham qayoqdagi bema’ni gaplarni gapirayapmiz”.
Qiziq, ular hozir bir-birlarini qanday qilib tanib qoldilar! Qorong‘ida dabdurustdan ko‘zlari ko‘zlariga to‘qnashib qoldi. O‘sha avvalgi o‘tkan kunlari beixtiyor eslariga tushdi. Ayol ho‘ngrab yubormaslik uchun yuzini chetga burdi.
Ko‘prik orqada qoldi. Boyo‘g‘lining qiyofasi xuddi ular kinoda ko‘rganlari Manxetten orolini eslatar edi. Erkak birinchi bo‘lib: “Qara, sening Manxettenning”, deb jimlikni buzdi. Ular yonlaridan tunellar, mehmonxonalar, ko‘rfazlar, uylar, kemalar, qayiqlar, tramvaylarning o‘tishiga aslo parvo qilmasdilar.
Ochig‘ini aytganda, bunaqa voqealar bo‘lib turadi. Vaqtning zudlik bilan o‘tib borayotganini hech kim sezmaydi. Ha, vaqt zumda o‘tadi-ketadi. Aslo uni to‘xtatib bo‘lmaydi. Sevgi, ishonch – bularning bari ortda qoladi…
Ularning bir-birlarini haddan ortiq sevgan kunlari har holda alohida ajralib turmog‘i lozim. Aytganday, qiz yigitni bir lahza bo‘lsa-da, sevganmidi? Ha, o‘sha paytda qiz: “Seni sevaman”, degandi. O‘sha ondagi hislarning yagona, haqiqiy his-tuyg‘ular ekanligini u shu lahzadagina tushundi.
Evoh, o‘sha damdagi baxt qo‘ldan chiqdi, ha, qo‘ldan chiqdi! Har bir istagan kishim meni sevib ardoqlaydi, men ham istagan kishimni seva olaman, deb o‘ylagan edi.
Erkak qo‘lidagi sigaretani to‘lqinlanib oqayotgan dengizga uloqtirib yubordi.
– Istambulni rosa sog‘indim-da, o‘zimam, – dedi erkak.
– Nimalarni eslading? – so‘radi ayol.
– Bosforni, kemalarni, Boyo‘g‘lidagi ko‘prikni, kinoteatrlarni esladim.
– Yana qayerlarni?
– Yaqin kishilarimni, albatta.
Gapirishga arziydigan gapi bo‘lmagan odamlarning suhbati bema’ni bo‘ladi. Qaytanga uchrashmaganlari ma’qul edi. Hech bo‘lmaganda bu uchrashuv haqida yurakni ezadigan o‘ylar bo‘lmasmidi? Ana shunda bir-birlari to‘g‘risidagi o‘sha eski xotiralar qalblarida umrbod saqlanib qolgan bo‘larmidi! Lekin bu tasodifiy uchrashuv ularning bir-birlariga bo‘lgan mehr-muhabbatini mahv etdi.
Ayol: “Nega menga uylanmading?” deb so‘rashga jazm eta olmadi. Bu haqda qanday so‘ray olardi ham. O‘zi uni mensimay ketdi-ku. O‘yinchoq kabi o‘ynadi-ku! Ular churq etmay, bir-birlariga termuldilar. Bu og‘ir uchrashuv edi. Oxiri erkak nima deyishni bilmay:
– Ko‘ylaging juda chiroyli ekan! Har doimgidek go‘zalsan, – dedi.
– Qo‘ysang-chi, azizim, axir bu eski ko‘ylagim-ku!
– Judayam chiroyli ekan, seni ochib yuboribdi.
Pastda kimdir bir qo‘shiqni xushtakda betinim xirgoyi qilardi. Bu xazon bo‘lgan sevgi haqidagi qo‘shiq edi:
Sevishganlarni hayot,
Bir-biridan qiladi judo.
Izlarini yuvar dengiz,
Bo‘lgandan so‘ng ular ayro.
Bu qo‘shiq so‘zlarini endi ularga nima qizig‘i bor? O‘sha vaqtda aytiladigan qo‘shiq butunlay boshqacha edi. Bu esa yangisi ekan. Boshqa kishilar shu xazon bo‘lgan sevgi haqidagi qo‘shiqni eshitib, qachonlardir o‘zlarining o‘tib ketgan yoshliklarini eslaydilar.
Uzoqda chag‘alay charx urib, qanotlarini keng yozib uchardi. Birozdan so‘ng hammayoqni qorong‘ulik chulg‘adi.
– Uyingga ketayapsanmi? – so‘radi erkak.
– Yo‘q, o‘rtog‘imnikiga kirib o‘tmoqchiman. Sen-chi?
– Mening zarur ishim bor…
Hammasi behuda gaplar, qalb so‘zlari emas!.. Bu so‘zlar soxta, ko‘ngil uchun aytilgan gaplar. Bu so‘zlar o‘z ma’nosini yo‘qotgan. Xuddi ular avvallari sevishmagandek edi. Faqat bir-birlarini sog‘inib, mehr bilan tikilishlaridangina buni uqib olish mumkin edi, xolos. Bu ko‘zlarda so‘ngan o‘tning uchqunlari asta-sekin yolqinlanardi.
“Uchrashmaganimiz ma’qul edi, – o‘yladi erkak. – Judayam o‘zgarib ketibdi. Bunday o‘zgarib ketishini sira xayolimga keltirmagandim. Qarib qolibdi, ozib ketibdi. Tavba, bu ko‘yga qanday tushdi ekan-a. Hayot naqadar beshafqat!”
Vaqt sevgan odamingning chehrasiga ham raxna solarkan. Balki ayolning ham xuddi shu so‘zlar xayolidan o‘tayotgan bo‘lsa ajab emas. Xuddi savdogarlarga o‘xshash bu semiz erkak qayerdan paydo bo‘ldi ekan! Qani, uning yoshlikdagi ko‘rkam, kelishgan qaddi-qomati?
Ikkisining ham ko‘ngli buzilib ketdi. Ular zumraddek to‘lqinlanib oqayotgan moviy dengizga tikilib o‘tirardilar.
– Bolangning yoshi nechada? – so‘rab qoldi ayol to‘satdan.
– Kattasi to‘rtda, kichigi esa bir yarim yashar.
– Bolang ikkitami? Qay birini ko‘proq yaxshi ko‘rasan?
Ayol oradagi og‘ir jimlikni buzish uchungina ushbu savolni bergandi. Erkak ayolning bergan savoliga javob bermay, miyig‘ida kulib qo‘ya qoldi…
“Qayoqdagi bo‘lmag‘ur gaplarni gapirayapman-a, – o‘yladi ayol. – Tezroq bandargohga yeta qolsak edi! Bu suhbatni davom ettirishning hojati yo‘q. O‘tgan ishlarni eslamaslik kerak, undan qochmoq lozim. Faqat yaqin orada tanishgan kishingnigina sevishing mumkin. Eski muhabbat, sevish-sevilishlar faqat xotiradagina saqlanishi kerak”.
Istambul oqshomi o‘zgacha edi. Qizg‘ish ufq. Timqora osmon. Chag‘alaylar. Kichik motorli qayiqlar. Yoqimli kuy. Quvnoq xandalar. Ilgari ham xuddi shunday bo‘lgan edi. Uzoq yillargacha bularning barchasi o‘z o‘rnida qoladi, lekin nimadir bir umrga qaytmas bo‘lib g‘oyib bo‘ladi. Bu nima o‘zi? Buni tushunish qiyin…
– Avtobusga shoshilayapman, – dedi ayol. – Ertaroq borishim kerak.
Ayol o‘rnidan turdi. Erkak uning ketayotganidan xursand bo‘lib o‘tirgan joyida qolaverdi. U xayolidan: “Ketgani yaxshi. Uning yoshlik paytlarini eslayman”, degan so‘zlarni o‘tkazdi.
– Xayr, omon bo‘l. Seni uchratganimdan g‘oyatda xursandman, – dedi erkak.
– Men ham. Xayr, yaxshi qol!
Uzoqdan ayolning yengil qadam tashlab, sochining ohista tebranib borishi xuddi yoshlikdagi yurishini eslatib yubordi. Ilk uchrashuv kunlarida ham u xuddi shunday yengil qadam tashlab uning istiqboliga kelgandi. Bir ko‘ngli uni chaqirmoqchi bo‘ldi, lekin tezda bu fikridan qaytdi.
“Qayoqdagi bo‘lmag‘ur gaplarni vaysab keldim-a! – o‘ylardi erkak. – Nimalar haqida so‘zlashni bilmadim. Tuzukroq gap ham aytolganim yo‘q”.
Uni uyda xotini, bolalari kutishardi. Issiq ovqat kutardi. Bu uning kundalik hayoti. Ayni haqiqat shu. Ertalab ishga, kechqurun oilasiga qaytadi. Ishdan xorib-charchab qaytib kelgach, uxlaydi. Sevgisiz kunlar… Uning hayoti shundan iborat. Agarda xotirasida hali ham ilk sevgisi saqlanayotgan bo‘lsa, bularning hammasi o‘z-o‘zidan unutilib ketishi muqarrar. Ushalmagan orzu haqida qayg‘urish behuda narsa. O‘tib ketgan yoshlik hech qachon qaytib kelmaydi. Inson hozirgi kun bilan yashamog‘i lozim.
Rus tilidan Nazira Jo‘rayeva tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 12-son