Shanba oqshomi Endi Donavan oltinchi mavzedagi uyiga kelib, yangi qo‘shnisi—yoshgina Konvey xonim bilan tanishdi. U odmigina qizg‘ish ko‘ylak kiyib olgan-di. Ikki hafta o‘tib, Endi yo‘lda tamaki tutatib ketarkan, orqasida ship-ship tovush eshitildi. O‘girilib qaradi-yu, ko‘zini uzolmay qoldi: Konvey xonim! Ko‘ylagi ham, shlyapasi ham qop-qora. U qadamini sekinlatib, qoramtir qo‘lqopini kiydi. Sochlari silliq taralib turmaklangan, chiroyli yuzlaridan nur yog‘ilardi.
— Fayzli oqshom, Konvey xonim,— dedi yigit.
— Juda-juda fayzli, janob Donavan,— dedi Konvey xonim xo‘rsinib.
— Men uning sizga qarindoshligiga ishonmayman. Judolik bo‘lganiga ham,— dedi Donavan.
— O‘lim haq,— dedi Konvey xonim kalovlanib.— To‘g‘ri, qarindoshimiz emas-u, ammo… Bilasizmi, men sizni dardimga sherik qilmoqchi emasman, janob Dona-van.
— Nimaga, Konvey xonim?!. Lekin, kechirasiz-u, hech kim sizga menchalik hamdard bo‘lolmaydi. Ruxsat etsangiz, bog‘ sayriga taklif qilsam.
— Rahmat, janob Donavan. Iltifotingizni qabul qilaman, agar hamrohingizning qalbi g‘am-hasratga limmo-limligini his qilsangiz, albatta.
Ular istirohat bog‘ining ochiq darvozasi tomon yo‘l olishdi. Xilvatroqdagi skameykaga kelib o‘tirishdi.
— U mening sevganim edi,— dedi Konvey xonim nafas rostlab.— Biz kelgusi bahor to‘y qilib, turmush qurmoqchi edik. Graf edi. Mol-davlati bois Italiya
bilan bog‘langandi. Uning ismi-sharifi graf Fernan-do Mazzini. Dadam Italiyaga qochib ketishimizga qarshilik qildi. Shunga qaramay, kelgusi bahor to‘y qilishimizga rozilik berdi. Fernando to‘y tadorigida Italiyaga ketgandi… Uch kun oldin kelgan maktubda aytilishicha, Fernando havo sharida baxtsiz tasodifga uchrab halok bo‘libdi… Suratini tumorimda asrab yuribman. Uni hech kimga ko‘rsatmaganman, lekin sizga ko‘rsataman, chunki sizning samimiy do‘stligingizga ishonaman.
Konvey xonim tumorini ochib, suratni ko‘rsatdi. Endi qiziqib unga uzoq termuldi.
— Buni u Italiyaga ketayotganida, kechasi taqdim etgandi.
— Konvey xonim, keyingi yakshanba Koneyda bo‘ladigan kechaga meni taklif etsangiz juda xursand bo‘lardim.
Bir oydan so‘ng ular boshlariga tushgan kulfatdan qo‘ni-qo‘shnilarni ogoh etdilar. Konvey xonim motam tutishda davom etdi.
Kunlarning birida kechqurun ikkovi yana shahar bog‘i-ning o‘sha xilvat joyida birga o‘tirib qolishdi. Janob Donavan. kun bo‘yi mavhum qayg‘u og‘ushida edi.
— Sizga nima bo‘ldi, Endi, bugun juda xafa ko‘rinasiz?
— Hech narsa, Maggi.
— Men sizni hech qachon bunday holatda ko‘rmaganman. Garovlashib aytamanki, siz boshqa qiz haqida o‘ylayapsiz. Uni sevarkansiz, nega yoniga bormaysiz?
— Keyin aytaman,— dedi Endi.— Lekin siz meni tushunmaysiz. Ayting-chi, Mayk Syullivan degan odam haqida eshitganmisiz? Hamma uni Katta Mayk Syulli-van deb chaqiradi.
— Yo‘q, eshitmaganman,— dedi Maggi xotirjam.— agar u sizni shu holga solgan bo‘lsa, eshitishni xohlamayman ham.
— Katta Mayk — mening do‘stim. Uni bugun ko‘rdim va ikki hafta ichida uylanishimni aytdim. «Endi,— dedi u,— menga taklimfnoma yubor, to‘yingga albatta kelaman». U aytganining ustidan chiqadigan yigit. Lekin, Maggi, Katta Maykning to‘yimizda qatnashganidan ko‘ra, bir qo‘limni kesib tashlaganim afzal. Shu bois bu oqshom kayfiyatim nosoz. Uning to‘yga kelmagani ma’qul. Buni siz so‘ramang, men aytmay.
— O,— dedi Maggi,— bu, menimcha, siyosatga bog‘liq masala bo‘lsa kerak?
— Maggi,— dedi Endi uning ko‘zlariga qarab,— siz uni… graf Mazzinini o‘ylaganchalik meni o‘ylaysizmi?
U ancha vaqt kutdi, biroq javob bo‘lmadi. To‘satdan qiz uning yelkasiga bosh qo‘yib yig‘lay boshladi.
— Endi,— deya shivirladi Maggi,— men sizni alda-gandim. Siz menga hech qachon uylanmaysiz, sevmaysiz ham. Lekin men sizga dardimni aytsam, Endi, graf degan gap yo‘q. Hayotimda hech qachon sevgan yigitim bo‘l-magan. Hamma qizlarning yigiti bor edi. Qizlar yigitlari haqida gaplashishardi va menga ular yanada ko‘proq sevadigandek tuyulardi. Nihoyat, Endi, bir suratkashdan shu rasmni sotib oldim, tumorimga soldim va graf haqidagi, uning o‘limi haqidagi hikoyamni to‘qidim. Va nihoyat, beva kabi qora kiydim. Hech kim yolg‘onchini sevmaydi, siz meni tashlab ketasiz.
U Endining qo‘lini qo‘yib yuborish o‘rniga mahkamroq ushladi va noz ila jilmayib qo‘ydi.
— Nahot ayrilamiz, Endi?
— Mana,— dedi Endi,— bor gapni aytdingiz, Maggi.
— Endi,— dedi Maggi erkalanib,— graf haqidagi hikoyaning hammasiga ishondingizmi?
— Yo‘g‘-e, unchalik emas,— dedi Endi sigaret qutisiga qo‘lini cho‘zib.— Tumor ichidagi surat — Katta Mayk Syullivaning surati-ku, axir!
Ingliz tilidan O‘roq Ravshanov tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 1991 yil, 6-son